Remain
"Senga talpinishim - o'z halokatim tomon tashlagan eng so'nggi va eng jozibali qadamim edi."
Daryo bo'yidagi o'sha qo'rqinchli oqshomdan keyin qanday qilib uyga qaytganimni bilmayman. Tizzalarim qaltirar, butun vujudimda qandaydir muzdek sovuqlik yugurardi. Uyga kirib, eshikni qulfladim-da, to'g'ri yerga cho'kkalandim. Taehyungning ko'zlaridagi o'sha yovvoyi g'azab, uning meni temir to'siqqa qisib, yuzimga qarab aytgan so'zlari... barchasi ko'z oldimda qayta-qayta aylanaverardi. Bu nima edi o'zi? Nega uning jaxli chiqdi va g'azab otiga mindi? Axir men shunchaki... qandaydir tasodifiy bir inson haqida gapirgandim xolos.
Ertasi kuni tushga yaqin eshigim taqilladi. Aniqrog'i, kimdir uni mushtlab ura boshladi. Bu faqat bir kishi bo'lishi mumkin edi.
Eshikni ochishim bilan Rei o'zining yorqin qizil paltosida, qo'lida ikkita katta qog'oz stakanda qahva ushlagancha xonaga bostirib kirdi.
β Qara, senga nima olib keldim! Sening sevimli karamelli makiatong! β dedi u baland ovozda, lekin yuzimga qarashi bilan tabassumi so'ndi. β Aera... yuzingga nima bo'ldi? Butun tun yig'lab chiqdingmi yana? O'sha Minjae iflosni deb bo'lsa, xozir borib uning...
β Minjae emas, β dedim men sekin, eshikni yopib. β Ovozimda mador yo'q edi. β Tae.
Rei qahvalarni stol ustiga qo'ydi-da, darhol yonimga kelib, yelkamdan qisdi.
β Taehyung? Nima qildi u? Kecha uchrashaman deganding-ku? U senga og'ir botadigan biror narsa dedimi?
Men chuqur xo'rsinib, divanga o'tirdim. Rei ham qarshimga joylashdi. Uning e'tiborli nigohlariga qarab turib, kecha sodir bo'lgan voqeani, o'sha ko'chadagi kelishkan yigit bilan to'qnashib ketganimni va buni Taehyungga aytib berganimda uning qanday mudhish tarzda o'zgarib qolganini, qo'lidagi qahva stakanini pachoqlab yuborib, meni qanday qilib to'siqqa qisib qo'yganini ipidan-ignasigacha aytib berdim. Gapirarkanman, qo'llarim beixtiyor qaltirardi.
β Rei... men uni tanimay qoldim, β dedim yig'lamsirab, yuzimni qo'llarim bilan yopib. β U shunchalik... qo'rqinchli ediki. O'n yil davomida uni hech qachon bunday holatda ko'rmagandim. Go'yo men eng katta jinoyatni qilgandek, menga shunday nafrat va g'azab bilan qaradi... Men senga aytgandim-ku, u mendan qochib yuribdi deb. O'ylashimcha, u chindan ham mendan, mening muammolarimdan charchagan.
Rei hech narsa demay, bir necha daqiqa jim o'tirdi. Xonada faqat devordagi soatning "chiq-chiq" ovozi eshitilardi. Men undan meni yupatishini, "ha, Taehyung biroz charchagan, o'tib ketadi. Sizlar axir ajralmas do'stsizlar" deyishini kutgandim. Ammo u kutilmaganda piqirlab kulib yubordi.
β Rei? β men unga tushunmay qaradim. β Nega kulyapsan? Men senga o'z eng yaqin do'stimni yo'qotayotganimni aytyapman, sen bo'lsang...
β Aera, sen chindan ham shunchalik ko'rmisan yoki o'zingni ahmoqlikka solyapsanmi? β Rei yuzidagi kulgini yig'ishtirib, menga jiddiy, hatto biroz asabiy qiyofada tikildi.
β Nima demoqchisan?
β Erkak kishi, Aera. Erkak kishi o'zining shunchaki "do'sti" bo'lgan qiz ko'chada ko'rgan tasodifiy, kelishgan yigitni maqtagani uchun devorlarni mushtlab, jahl otiga minmaydi! U qo'lini kuydirib bo'lsa ham qahvani majaqlab tashlamaydi! Va eng asosiysi... β Rei menga yaqinroq egildi. β U qizni temir to'siqqa qisib, "ko'zingni boshqalarga suzma" deb rashkdan yonib baqirmaydi!
Mening yuragim gup etib urib ketdi. Miyamda nimalardir aylandi, lekin qat'iyan rad etish instinkti kuchliroq keldi.
β Yo'q! Bo'lishi mumkin emas, β deya bosh chayqadim asabiylashib. β Rei, biz Taehyung bilan o'n yildan beri bitta idishdan ovqat yeb, bitta partada o'tirib katta bo'lganmiz. Bizning o'rtamizda... unaqa narsa umuman yo'q! U meni singlisidek ko'radi.
β Singlisidek ko'radi? β Rei ko'zlarini osmonga qadadi. β Singlisi boshqa bir erkak haqida gapirsa, akalarning jaxli chiqishi mumkin ammo hech bo'lmaganda , surishtiradi, lekin asabbuzarlik bilan qizg'onmaydi! Aera... o'sha yomg'irli tunda nimadir bo'lgan. Men bunga ishonchim komil.
β O'sha tunda? β men yutindim. Xotiramdagi o'sha bo'shliq yana meni vahimaga sola boshladi. β Lekin men hech narsani eslay olmayman-ku. Uyga kelganim esimda yo'q.
Rei chuqur xo'rsindi. Uning nigohida qandaydir ikkilanish bor edi. U qo'lidagi qahvasini aralashtirib, o'ylanib qoldi.
β O'sha tunda... sening oldingga, chodirga kirmoqchi bo'lganimda, meni kimgadir urilib ketayozganimni aytgandim-ku? β dedi u sekin ovozda.
β Ha. Yo'lingni kimdir to'sdi deganding.
β Bu shunchaki "kimdir" emasdi, β Rei labini tishlari bilan qimtib davom etdi. Uning yuzida qandaydir o'zgacha ifoda milt etib o'tdi. β Bu Jungkook edi. Taehyungning eng yaqin do'sti. O'sha... Yoqimsiz,takabbur yigit.
β Jungkook? Nega u yerda yurgan ekan?
β Men ham shuni so'radim! Men ichkariga kirib seni olib ketmoqchi edim. Lekin u yo'limni to'sdi, Aera. U menga nima dedi bilasanmi? β Rei ko'zlarimning ichiga qarab, so'zlarga urg'u berdi. β "Agar hozir kirsang, yillar davomida kutilgan daqiqani rasvo qilasan. Ular hozir bir-biriga muhtoj" dedi.
Mening nafasim tiqilib qoldi. Yillar davomida kutilgan daqiqa?
β U sening oldingga... do'st sifatida kelmaganini Jungkook bilgan, Aera. Uning o'zi tan oldi buni. Men o'sha tunda seni do'stingga qoldirib ketdim, chunki Jungkookning ko'zlarida qandaydir g'alati ishonch bor edi. Endi esa, kechagi voqealarni eshitib, hamma narsa joyiga tushyapti. Taehyung seni sevadi, Aera. U senga jaxl qilib, o'sha yigitdan qizg'angani β uning senga bo'lgan tuyg'ularidan darak. Sen esa hali ham uning xatti-harakatlarini do'stlik deya oqlashga urinyapsan.
Xonada og'ir sukunat cho'kdi. Men Reining so'zlarini hazm qila olmasdim. Taehyung meni... sevadi? O'n yil? Qanday qilib? Nega men buni bilmayman? Yoki bilishni xohlamaganmanmi? Ich-ichimdan qandaydir qo'rquv aralash vahima o'rmalab kela boshladi. Agar bu chin bo'lsa... demak, men haqiqatan ham o'zimning eng qadrli do'stimni yo'qotgan edim. Biz endi hech qachon avvalgidek bo'la olmasdik.
Seulning tungi hayoti eng qizg'in pallaga kirgan vaqt. Yopiq "Eclipse" klubining VIP xonalaridan birida musiqa bo'g'iq eshitilar, xonaning xira, qizg'ish chiroqlari o'zgacha sirli va tarang muhit yaratgandi.
Jungkook qora charmdan ishlangan qimmatbaho divanda yastanib o'tirar, bir qo'lida viski to'la qadahni sekin aylantirgancha, ro'parasidagi manzarani sovuqqonlik bilan kuzatardi.
Ro'parasida esa albatta Taehyung bor edi. Uning qora paltosi bir chetda g'ijimlanib yotar, oq ko'ylagining yuqori tugmalari asabiy yulqib ochilgan, qora galstugi bo'shatib qo'yilgandi. Taehyung ketma-ket uchinchi qadah viskini bir ko'tarishda ichdi-da, bo'sh qadahni shisha stolga shunchalik qattiq urib qo'ydiki, idish darz ketdi. Uning o'ng qo'li bo'g'imlaridagi ko'kargan, qon aralash jarohatlar β u yaqinda qaysidir jonsiz devordan alamini olganidan darak berardi.
Jungkook viskidan bir qultum ichdi va labiga keng tabassum yugurdi.
β Qaysidir bechora devorni qotili bo'ldingmi yoki senga o'n yil bardosh bergan o'sha do'stligingnimi? β dedi u past ovozda. Uning har bir so'zi Taehyungning ochiq yarasiga tuz sepish bilan teng edi.
β U... boshqa bir yigit haqida gapirdi - yigit xirrillaganicha tishlarini g'ijirlatdi. β Men uning yonida tursam ham, men u bilan gaplashayotgan bo'lsam ham... u ko'chada ko'rgan qandaydir notanish ahmoq haqida kulib gapirib berdi, tushunayapsanmi?!"Uning ovozi yoqimli edi, u mukammal edi" emish...
Taehyung qo'llari bilan yuzini tartibsiz ishqaladi. Uning ichida qaynayotgan vulqon endi portlab, butun vujudini yoqib yuborayotgandek edi.
β Men nima qilib qo'yganimni bilmay qoldim. O'zimni yo'qotib qo'ydim, β u boshini orqaga tashlab, chuqur, og'ir nafas oldi. β Meni undan yuz o'giryapti deb o'yladi. Uning yig'lamsiragan ko'zlarini ko'rib, hamma narsani to'g'rilashga, unga yonida ekanligimni, qochib ketmasligimni aytishga borgandim. Lekin u o'sha yigit haqida gap boshlaganida... miyamdagi oxirgi tormozlar ham uzilib ketdi. Men uni qanday qilib qo'rqitib yuborganimni o'zing ko'rganingda edi. U mendan vahimaga tushdi. Menga maxluqqa qaragandek qaradi.
Jungkook chuqur xo'rsindi. U qadahni stolga qo'ydi va biroz oldinga engashdi. Uning ko'zlaridagi beparvolik o'rnini endi jiddiy ogohlantirish egallagandi.
β Sen haqiqatan ham jinnisan, Taehyung, β dedi u so'zlariga urg'u berarkan. β Uning nima aybi bor? U sening ichingdagi yonayotgan bu kasalmand ehtirosni bilmaydi-ku. U seni o'zining himoyachisi, qadrdon do'sti deb biladi. Sen uning orangizda bo'lgan ish , so'ngra bu haqida lom-mim demay g'oyib bo'lding. U buni eslamaydi. Uning ko'zida sen sababsiz janjal ko'tarayotgan, telba do'stsan, xolos.
β Nima qilishim kerak edi?! β Taehyung stoldan sakrab turib ketdi. Uning asablari tamom bo'lgandi. β Unga aytishim kerakmidi? "Aera, o'sha tunda biz o'pishdik, aniqrog'i, sen mendan bo'sa olding va men o'n yildan beri seni sevaman" deyishim kerakmidi?! U Minjae degan ablahdan endigina ayrildi! Uning yaralari hali bitgani yo'q! Agar unga bu gaplarni aytsam, u mendan butunlay yuz o'giradi. Do'stligimiz ham tuproqqa qorishadi. Uni butunlay yo'qotishdan ko'ra, do'st bo'lib qolishni, indamay yonida turishni tanlagandim!
β Oh, qanday oliyjanoblik, β Jungkook istehzo bilan qarsak chalib qo'ydi. β Juda zo'r yashiribsan-ku hislaringni? "Indamay yonida turishni" bugun qanday qoyillatganingni o'zing aytib berding hozirgina. O'zingni aldayapsan, Tae. Sen boshqa unga oddiy do'st bo'la olmaysan. Bunga irodang yetmaydi. O'sha tun sening zanjirlaringni uzib tashlading.
Taehyung javob bermay, deraza oldiga keldi-da, peshonasini sovuq shishaga tirab turib qoldi. Jungkookning har bir gapi to'g'ri edi. U haqiqatni bilar, lekin tan olishni istamasdi.
β Sen bir narsani tushunmayapsan, Jungkook... β pichirladi Taehyung. Uning keng yelkalari titrab ketgandek bo'ldi. β Men u uchun har qanday qiyofaga kirishga tayyorman. Menga shunchaki uning yonida bo'lish, uning nafasini xis qilish yetarli. Lekin uni... u mening ko'z oldimda boshqasiga qarab jilmayishini ko'tarolmayman. Agar u kimgadir ketsa... o'zimni ham, u odamni ham yo'q qilishdan to'xtamayman. Men o'zimdan, ichimdagi bu daxshatli xudbinlikdan qo'rqyapman.
Jungkook sekin o'rnidan turdi va Taehyungning yoniga kelib, yelkasiga qo'lini qo'ydi.
β Unda unga haqiqatni ayt, β dedi Jungkook qat'iy ohangda. β U sendan qochib ketsa ham, qo'rqsa ham, baribir ayt. Yoki erkakchasiga tavakkal qil, hamma narsani ochib tashla va uni o'zingniki qil, yoki... uning hayotidan butunlay chiqib ket. Chunki hozirgi ahvolingda uni himoya qilmaysan, aksincha, o'zingning noo'rin rashking bilan uni yanada qattiq jarohatlaysan. Tanlov o'zingda.
Taehyungning peshonasi shishaga qattiqroq bosildi. U ko'zlarini chirt yumib oldi. Ko'z oldida Aeraning o'sha β qo'rquvga to'la, hayratlangan ko'zlari, va... bugun tilga olingan, uni yiqilishdan qutqarib qolgan o'sha notanish yigitning borligi olovdek aylanardi. Aera uning eng nozik nuqtasi edi. Uni qo'yib yuborish... bu uning uchun o'lim bilan teng. Lekin unga egalik qilish umidi β balki ikkisining ham halokati bo'lishi mumkin edi.
Seul ularning ustidan o'zining qorong'u hukmini o'qiyotgandek, ikki xil qutbda β ikki inson qalbida ishonch va shubha, sevgi va azobning yangi urug'lari allaqachon unib chiqishni boshlagan edi. Zanglagan qafas eshiklari ochilgan, endi hislarni qaytarib qamab qo'yishning hech qanday iloji qolmagandi.
"U seni sevadi."
Reining bu so'zlari kechadan beri miyamda xuddi soat strelkasi kabi tinimsiz, asabni egovlaydigan darajada bir maromda aylanardi. "U seni sevadi... U seni sevadi... U seni sevadi."
Qanday qilib? Nega men buni hech qachon sezmaganman? Yoki o'zimni ko'rmaslikka olganmanmi? O'n yil davomida Taehyung mening eng xavfsiz boshpanam, eng yaqin sirdoshim edi. Men unga eng xunuk yig'lashlarimni ham, eng ahmoqona xatolarimni ham uyalmasdan ko'rsata olardim, chunki u do'stim edi. Ammo endi... endi hamma narsa ostin-ustun bo'lib ketgandi.
Uyda ortiq qola olmasdim. To'rt devor meni ezib, havosizlikdan bo'g'ib qo'yayotgandi. O'zimni chalg'itishim, bu og'ir o'ylardan qutulishim kerak edi. Qora jinsimni va qalin, kulrang sviterimni kiydim-da, yelkamga sumkamni ilib ko'chaga chiqdim.
Shahar bugun biroz tinchroq edi. Yomg'ir tinib, o'rnini yoqimli, salqin shamol egallagan. Men odamlar gavjum ko'chalardan qochib, o'zimning sevimli, sokin joyim β Samcheongdongdagi eski, antiqa kitoblar va qahva sotiladigan kichkina, shinam kafega yo'l oldim. Bu joy tashqi dunyodan uzilib, o'z o'ylarimga g'arq bo'lish uchun eng mukammal makon edi.
Kafening eshigini ochishim bilan, dimog'imga qovurilgan qahva donalari va eski qog'ozning o'ziga xos, yoqimli hidi urildi. Ichkarida odam kam, burchakdagi grammofonda pashsha uchsa eshitiladigan darajada past, mayin jazz musiqasi yangrardi. Men odatiy joyim β deraza oldidagi yakkapag'a, qulay yog'och kresloga o'tib o'tirdim. Issiq yalpizli choy buyurtma qilib, sumkamdan "Raqamli Mudang" deb yozilgan qora muqovali daftarimni oldim.
Bu loyihani boshlaganimga ancha bo'lgan, ammo so'nggi voqealar sabab birorta ham so'z yozolmagandim. Qalamni qo'limda aylantirgancha, oppoq sahifaga tikilib qoldim. Xayolimni yig'ishga, qahramonlarimning his-tuyg'ulariga sho'ng'ishga harakat qilardim, ammo miyamdagi shovqin bunga yo'l qo'ymasdi. Qalamning uchi qog'ozga tegib, ma'nosiz chiziqlar torta boshladi.
Sukunat ichida shunday chuqur o'yga tolgandimki, yonimdagi bo'sh stulga kimdir kelib o'tirganini sezmay qolibman. Faqatgina qandaydir tanish, juda qimmatbaho atir va qora kofe ifori dimog'imga chalinganidagina sergak tortdim.
β Daftar sahifasini teshib yuborish β ijodiy inqirozni yengishning yangi usulimi, havaskor yozuvchi?
Bu ovoz... bu qalbga yoqadigan yoqimli ovoz yuragimni bir soniyaga to'xtatib qo'ygandek bo'ldi.
Men shosha-pisha boshimni ko'tardim. Yuzimda ajablanish va hayrat ifodasi qotib qoldi.
Ro'paramda, kichik yog'och stolning narigi tomonida β o'sha yigit o'tirardi. Hongdae ko'chasida men to'qnashib ketgan, tushlarimga kirgudek darajada chiroyli ko'zlar egasi. Bugun uning egnida rasmiy palto emas, balki qora bo'yinli sviter va to'q ko'k rangli, o'ziga juda yarashgan kashmir palto bor edi. U bir qo'lida keramik finjonda qahva tutgancha, ikkinchi qo'li bilan iyak tirab, menga qarab yengil jilmayib turardi. Uning o'sha jozibador kulgichi yana paydo bo'lgandi.
β S-siz? β men esankirab qoldim. Qanday qilib? Bu to'qqiz million aholisi bor Seulda bitta odam bilan ikki marta tasodifan uchrashish ehtimoli qancha o'zi?
β Sizni yana yiqilishdan qutqarib qolishimga to'g'ri kelmasin deb, bu safar o'tirgan holatingizda yaqinlashishga qaror qildim, β dedi u xotirjam hazil bilan. Uning ko'zlarida qandaydir yorug' uchqun o'ynardi. β Bo'sh joy faqat shu yerda qolibdi. O'tirsam qarshilik qilmaysizmi?
Men shosha-pisha atrofga alangladim. Haqiqatan ham, men o'yga tolib o'tirgan vaqtimda kafe mijozlar bilan to'lib qolgan, yagona bo'sh joy mening ro'paramdagi kichik stul edi.
β Y-yo'q, marhamat... bemalol, β dedim qizarib ketganimni his qilib. Qalamni tezda daftar ustiga qo'ydim.
β Rahmat, β u qahvasini stolga qo'ydi-da, qulayroq joylashdi.
Uning o'tkir nigohlari yana mening daftarimga tushdi.
β Demak, "Raqamli Mudang" hali tugallanmadi? Yoki qahramonlaringiz sizni qiynab yubordimi?
Men beixtiyor jilmaydim. Uning gapirish ohangida shunday tabiiylik bor ediki, o'rtamizdagi noqulaylik qandaydir mo'jiza bilan tumandek tarqab keta boshladi.
β Qahramonlar emas... o'zimning xayollarim meni qiynab yubordi, desam to'g'riroq bo'ladi, β dedim ochig'ini aytib. Men kutilmaganda notanish insonga bunchalar oson javob berayotganimdan o'zim ham hayratda edim. β Ba'zan qog'ozga tushirmoqchi bo'lgan hislaringni o'zing ham to'liq tushunmaysan.
U diqqat bilan eshitib turarkan, qahvasidan bir ho'plam ichdi.
β Qiziq, β dedi u stakanini sekin pastga qo'yib. β Odatda insonlar nimanidir yozish orqali aynan o'zlari tushunmagan hislarni tartibga solishadi. Balki siz to'g'ri savolni emas, to'g'ri hisni qidirayotgandirsiz? Sizning qahramoningiz hozir nima qilyapti o'zi?
Bu oddiygina savol edi. Lekin u shunday samimiy qiziqish bilan so'radiki, yillar davomida ichimda yig'ilib qolgan ijodiy olamimni kimgadir ko'rsatish istagi ustun keldi. Taehyung mening yozishimni bilardi, lekin u hech qachon voqealar rivojiga bunchalik chuqur qiziqmasdi. Minjae esa "shunchaki vaqtni bekorga sarflash" deb masxara qilardi.
β U... kiberxaker, β deb boshladim sekin, ehtiyotkorlik bilan uning reaksiyasini kuzatib. β U raqamli olamda odamlarning sirlarini, kelajagini o'qiy oladi. Xuddi zamonaviy shaman β mudang kabi. Ammo eng katta siri shundaki, u hamma narsani ko'ra olsa-da, o'zining qalbidagi zulmatni yorita olmaydi. U insoniy his-tuyg'ulardan qochadi. Chunki tuyg'ular β bu uni zaiflashtiradigan yagona narsa.
Yigitning ko'zlarida qandaydir qiziqish paydo bo'ldi. U biroz oldinga, menga qarab engashdi. Uning bo'yidan taralayotgan o'sha xushbo'y ifor yana dimog'imga urildi.
β Juda kuchli konsepsiya, β dedi u past ovozda, so'zlarni dona-dona qilib. β Tuyg'ularni virus deb biladigan qahramon. Lekin eng katta fojia shundaki, virus allaqachon uning tizimiga kirib bo'lgan bo'ladi, shundaymi? U shunchaki buni tan olishni istamaydi. Chunki tan olsa... himoya devorlari qulab tushadi.
Mening nafasim tiqilib qoldi. U mening qahramonimning ruhiyatini, mening o'z g'oyamni o'zimdan ham yaxshiroq, atigi bir necha soniya ichida tahlil qilib tashlagandi.
β Siz... siz buni qayerdan bildingiz? β dedim ko'zlarim katta-katta ochilib. β Men aynan shuni yozmoqchi edim.
U yengil kulib qo'ydi.
β Odamlarni kuzatishni yaxshi ko'raman, β dedi u oddiygina qilib. β Insonlar murakkab emas. Ular faqat o'zlarini murakkab qilib ko'rsatishni, qochishni yaxshi ko'radilar. Sizning qahramoningiz ham kimdandir yoki nimadandir qochyapti. Ehtimol... siz o'zingiz ham kimdandir qochish uchun shu yerda o'tirgandirsiz?
Uning bu so'zlari to'g'ri yuragimning markaziga kelib urildi. Men beixtiyor qalamni qattiqroq siqib oldim. Ko'zlarimni olib qochdim. O'zimni uning oldida xuddi shaffof oynadek his qildim.
β Men shunchaki... tinchlik qidirib kelgandim, β dedim ovozim titrab ketmasligi uchun o'zimni nazorat qilib. β Ba'zan senga eng yaqin bo'lgan insonlar, birdaniga eng qo'rqinchli insonga aylanib qolishi mumkin ekan. Ular senga umuman notanish yuzini ko'rsatganda, sen hamma narsadan shubhalana boshlaysan. O'z xotiralaringdan ham, hislaringdan ham.
Men nima deyayotganimni o'zim ham bilmasdim. Nega men kechagina ko'chada yiqilib tushganimda ushlab qolgan umuman notanish odamga bunchalar ochilib yorilyapman? Nega uning yonida o'zimni bu qadar erkin va... xavfsiz his qilyapman?
U mening qizarib, noqulay ahvolda qolganimni tushundi shekilli, qiyin mavzuni ehtiyotkorlik bilan chetlab o'tdi.
β Tinchlik qidirgan bo'lsangiz, demak to'g'ri joydasiz. Bu kafe Seulning yagona haqiqiy jimjit makonlaridan biri, β u tabassum bilan atrofga ko'z yugurtirdi, so'ngra yana menga qaradi. β Va xavotir olmang, men sizning o'sha "qo'rqinchli odamlar" ro'yxatingizga kirish niyatim yo'q. Garchi biz ikki marta taqdirning o'yiniga tushib qolgan bo'lsak ham.
β Taqdir o'yini? β men biroz yengil tortib, kulimsiradim.
β Ha. Birinchi marta to'qnashib ketganimizda siz meni moshinaga urib yuborishingizga bir baxya qolgandi. Ikkinchi marta bu kafe. Agar uchinchi marta yana kutilmaganda ko'rishib qolsak, siz menga bir finjon qahva olib berishingizga to'g'ri keladi. Kelishdikmi?
Uning ko'z qisib qilgan hazili shu qadar samimiy va yoqimli ediki, men oxirgi kunlarda ilk bor chin dildan, to'lib kulib yubordim. Kulgim ovozi kafe burchagida jaranglab ketdi. U ham menga qarab, ko'zlarida o'zgacha nur bilan jilmayib turardi. Uning qiyofasidan taralayotgan xotirjamlik va ishonch shunday kuchli ediki, o'zim bilmagan holda vujudimdagi barcha tarang torlar bo'shashib ketdi.
Biz qariyb bir soat suhbatlashdik. To'g'rirog'i, ko'proq u gapirdi, men esa tingladim. Uning arxitektura, san'at va mumtoz kitoblar haqidagi bilimi shunchalik keng ediki, har bir so'zi meni o'ziga rom qilardi. U menga o'zimni havaskor yoki ojiz qizdek emas, balki hurmatga loyiq, fikrlari qiziq insondek munosabatda bo'ldi. Men na Minjaening xudbinligini, na Taehyungning bo'g'uvchi, yondiruvchi bosimini his qildim. Bu uchrashuv yozning jaziramasida esgan salqin sabodek ruximga davo bo'layotgandi.
Vaqt qanday o'tganini sezmay qolibman. Deraza ortida osmon yana kulrang tusga kirib, mayda yomg'ir tomchilay boshlaganini ko'rganimdagina, soatimga qarab seskanib ketdim.
β Voy, men... men ketishim kerak ekan. Ancha ushlanib qolibman, β dedim shosha-pisha daftar va ruchkamni sumkamga solarkan.
U ham o'rnidan turdi. Uning baland bo'yi qarshisida men o'zimni shunchalar kichik his qildim.
β Sizga yo'l davomida hamroh bo'lmayotganim uchun uzr so'rayman. Lekin bu yerda yana ozgina ishim bor, β dedi u muloyimlik bilan. So'ng u o'z stolidagi qora, uzun soyabonni olib, menga uzatdi. β Tashqarida yomg'ir boshlandi. Buni oling. Kasal bo'lib qolmang, aks holda kitobingiz qahramoni zulmatda qolib ketadi.
β Yo'q, nima qilyapsiz, o'zingiz nima qilasiz? β men tortindim.
β Men mashinadaman, havotir olmang, β u soyabonni qat'iy ravishda mening qo'limga tutqazdi.
β Rahmat... β pichirladim men soyabonni ushlab qolib. Va kutilmaganda, shuncha vaqtdan beri ismini so'ramaganim yodimga tushib, xijolat tortdim. β Uzr, men sizning...
β Eunwoo, β dedi u kutilmaganda so'zimni bo'lib β Cha Eunwoo.
Men bir necha soniya uning yuziga qarab turib qoldim. Ism uning o'ziga shunchalar mos ediki, go'yo dunyoda unga boshqa ism to'g'ri kelmasdi.
β Yiye Aera, β dedim men ham sekin tabassum qilib.
β Yiye Aera, β u mening ismimni og'zida qaytarib ko'rdi. Uning tilida ismim qandaydir o'zgacha, juda chiroyli ohang kasb etgandek tuyuldi. β Uchinchi marta ko'rishguncha, Aera.
U xiyol bosh irg'ab qo'ydi.
Men unga oxirgi marta qarab, kafedan chiqib ketdim. Yomg'ir sersuv ko'chalarga urilayotgan bo'lsa-da. Jaehyun bergan soyabon ostida o'zimni butunlay xavfsiz his qilardim. Hongdaedagi qisqa to'qnashuv tasodif edi. Ammo bugungi uchrashuv, bizning uzoq davom etgan suhbatimiz, uning yuzidagi kulgich va jozibador ko'zlari... bu boshqa narsa edi.
Men yo'lda ketarkanman, qalbimning qa'rida allanecha kunlardan beri birinchi marta xotirjamlik va hatto ozgina quvonch uyg'onganini his qildim. Jaehyun menga kutilmagan, yangi bir dunyoning eshigini ochib yuborgandek edi. U mening barcha yaralarimdan bexabar, mening o'tmishimdagi azoblarimdan yiroq inson. Uning oldida men xohlagan odamim bo'la olardim.
Lekin bu hissiyot ortida boshqa bir daxshatli o'y soyadek ergashib kelardi. Agar Taehyung mening yuzimda boshqa yigit, aynan u yomon ko'rgan va telbalarcha qizg'ongan inson sabab tabassum paydo bo'lganini bilsa nima bo'ladi? Reining so'zlari yodimga tushdi: "Erkak kishi u uchun jahl otiga minmaydi... u seni sevadi."
Qo'limdagi qora soyabon tutqichini qattiqroq siqdim. Osmon qorong'ulashib, qora bulutlar shahar ustida yanada quyuqlashib borardi. Ich-ichimdan sezib turardim, bu xotirjamlik β kuchli bo'rondan oldingi sokinlikning o'zginasi edi. Va bu bo'ron boshlanganda, nafaqat men, balki bu uchburchakka tushib qolgan barchamiz olov ichida qolishimiz aniq edi.