August 7

Remain

"You have no idea how greedy I become when it comes to you, Aera"
Aera

"Senga talpinishim - o'z halokatim tomon tashlagan eng so'nggi va eng jozibali qadamim edi."

2-Bob

Derazadan yorug'lik tushib turgan bo'lsa-da, Aera o'zini hamon qorong'ulikda his etardi. Boshidagi og'riq xuddi yuzlab ignalar birdaniga sanchilayotgandek azobli edi. Qovoqlari shishib ketgani uchun ko'zini zo'rg'a ochdi. Tomog'i qaqrab qurigan, xonadagi havoga esa kechagi soju hidi o'rnashib qolgandi.
Aera kerishib o'rnidan qo'zg'aldi. Ustiga qalin ko'rpa yopilgan, egnida o'zining sevimli keng futbolkasi bor edi.
– Nimalar bo'ldi o'zi... – g'o'ldiradi u boshini ushlab.
Xotiralar ongi bo'ylab uzuq-yuluq kela boshladi. Qahvaxona. Minjaening gaplari.
"Tuyg'ularni boshqarib bo'lmaydi". Reining g'azabi. Ko'cha oshxonasi. Bir, ikki... beshta soju shishasi. Va keyin... qop-qora bo'shliq.
U uyga qanday keldi? Kiyimlarini kim almashtirdi? Aera qattiq yutingancha telefoniga qo'l cho'zdi. Ekranda Reidan kelgan o'nlab xabarlar turardi, ammo uning e'tiborini Taehyungdan kelgan bitta qisqa xabar tortdi:
*"Uyingga men olib kelib qo'ydim. Eshik kodingni o'zgartir, juda oson. Xafvli bo'lishi mumkin. Bugun dam ol."*
Aera chuqur xo'rsinib qo'ydi. Demak, Taehyung olib kelibdi. Doimgidek. Yuragida Minjae qoldirgan yara yana sanchgan bo'lsa-da, Taehyungdek do'sti borligidan taskin topdi. Ammo negadir ich-ichidan qandaydir g'ashlik unga tinchlik bermasdi. Kechagi tunni eslashga urindi. Taehyungning nam paltosiga osilib yig'laganini xira-shira esladi. Lekin undan keyin-chi? Nega lablarida qandaydir iliqlik qolgandek tuyulyapti?
– Ahmoq qiz, o'zingni butunlay yo'qotib qo'yibsan, – dedi u oynaga qarab. Yuzini muzdek suvga yuvar ekan, qalbini tirnayotgan og'riqdan qutulishni istardi, lekin bu ilojsiz edi. Minjae uni tark etdi. Yaxshiyamki, yonida doim tushunadigan, hech qachon uni tashlab ketmaydigan Taehyung bor.
Biroq, u o'ylagandek hamma narsa avvalgidek emasdi. O'sha tundan keyin ular o'rtasidagi ko'rinmas chegara buzilgandi: Aera hech narsani eslay olmaydigan bo'shliqda qolgan bo'lsa, Taehyung har bir soniyani azob bilan his qilib yashayotgan xotiralar iskanjasida edi.


Seul markazidagi arxitektura byurosida ish qizg'in edi. Chizmalar, kompyuter ekranlari, odamlar shovqini. Ammo alohida xonada o'tirgan Kim Taehyung bu shovqinlarni umuman eshitmasdi.
U chizmalarga tikilib o'tirsa-da, xayoli butunlay boshqa joyda edi. Ikki kundan beri deyarli uxlamadi. Ko'zini yumishi bilan, Aeraning yoshlangan, ehtirosga to'la ko'zlari, uning yuziga yaqin kelgan vaqtidagi qaynoq nafasi va... lablari ko'z oldiga kelardi.
Taehyung asabiylashib qo'lidagi qalamni sindirib yubordi.
Chuqur xo'rsinib, yuzini qo'llari bilan yopdi. Aeraning o'sha kutilmagan, ehtirosli harakati uning vujudiga o't qo'yib yuborgandi. O'n yil. O'n yil davomida u bu qizning yonida shunchaki do'st bo'lib yashadi. Uning har bir tabassumi boshqaga atalganiga chidadi, ko'z yoshini artib, o'z og'rig'ini ichiga yutdi. Lekin o'sha kecha hammasi o'zgardi.
Taehyung o'rnidan turib pastga qarab qoldi. Ichida ulkan qo'rquv bor edi. Aera eslaydimi? Yo'q, u juda mast edi, eslamaydi. Agar eslasa-chi? Undan uzoqlashib ketishidan qo'rqardi. Lekin Aeraning umuman eslamasligi, Taehyung uchun butun dunyoni ostin-ustun qilgan lahza, Aera uchun shunchaki unutilgan soniya ekanligi... Bu o'y Taehyungning nafasini bo'g'ardi.
Telefon jiringladi. Ekranda "Aera".
Taehyungning yuragi qinidan chiqqudek urardi. Telefonga qo'l cho'za olmadi. Besh soniya. O'n soniya.
Qo'ng'iroq to'xtadi. U hozir Aeraning ovozini eshitishga, ko'zlariga qarashga tayyor emasdi. Har safar unga qaraganida faqatgina o'sha tunni eslashi aniq edi.
Bir daqiqadan so'ng xabarnoma keldi:
*"Bandmisan? Tushlik qilamizmi? Senga kechagi qilgan xunrezliklarim uchun ovqat olib bermoqchi edim. Minjae haqida... ham gaplashib olmoqchi edim."*
Yigitning jag' suyaklari taranglashdi. Minjae. Aera yana o'sha ahmoq haqida gaplashmoqchi. Uning yuragi boshqasini deb og'rinyapti. Ularning bo'sasi esa... haqiqatan ham unutilgan.
Titrayotgan barmoqlari bilan javob yozdi:
*"Kechirasan, bugun ishlarim juda ko'p. Boshqa safar."*
Jo'natish tugmasini bosishi bilan, u telefonni chetga otib, sochini asabiylashib ortga taradi. Aerani shunday og'ir damida yolg'iz qoldirayotganidan o'zidan nafratlanar, ammo hozir uning yoniga borsa, tuyg'ularini jilovlay olmasligini bilardi.
Oradan to'rt kun o'tdi. Doim birga bo'ladigan ikki do'st uchun bu butun bir asrdek uzoq tuyuldi. Aera universitet kutubxonasida o'tirarkan, asabiylashib telefoniga qarardi. Jimjitlik.
– Nima bo'lyapti o'zi unga? – o'ylardi u qoshlarini chimirib.
Avvaliga uni rostdan band deb o'yladi. Ammo keyin javoblar sovuqlashdi: "Ha", "Yo'q", "Bandman". Ko'chada uzoqdan ko'rib qolib ismini aytib chaqirganida ham, Taehyung eshitmaganga olib, taksiga o'tirib ketib qolgandi. Bu endi tasodif emas, ochiqchasiga o'zini olib qochish edi.
Aeraning ichida ziddiyatlar isyon qilardi. Minjaedan ayrilib shundoq ham qon yig'layotganida, hayotidagi yagona suyanchig'i kutilmaganda undan yuz o'giryapti. Nega? Nima qilib qo'ydi u? Mast holatda og'ir gapirib yubordimikan? Aera shunchalik ojiz ediki, odamlar orasida ko'z yoshlarini zo'rg'a to'xtatib turardi. Javobsiz savollar qalbini kemirardi.
U shosha-pisha narsalarini yig'ishtirdi-da, tashqariga otildi.
Aera Taehyungning ofisi oldiga keldi va bino eshigi panasida kuta boshladi. Nihoyat, bir soatdan so'ng aylanma eshikdan Taehyung chiqib keldi. Ko'z ostida xira wora chiziqlar paydo bo'lgan aftidan bir encha kundan beri yaxshi uxlamayotkani ayon. Yonida hamkasbi bilan nimanidir gaplashayotgan bo'lsa-da, xayoli parishon edi.
Aera yo'lini to'sib, oldinga chiqdi.
– Taehyung!
Taehyungning qadamlari taqqa to'xtadi. Yuzi oqarib, ko'zlarida qochish istagi paydo bo'ldi. U Aerani bu yerda ko'rishni umuman kutmagandi.
– Men... men keyinroq boraman, – dedi u yonidagi hamkasbiga. Hamkasbi tushunarsiz qarab, ularni yolg'iz qoldirdi.
Ular bir necha soniya jim turishdi. Aera unga diqqat bilan tikilar, Taehyung esa ataylab ko'zini olib qochardi. Agar unga qarasa, yana o'sha kecha yodiga tushishini bilardi.

–Nimalar qilayapsan o'zi? – dedi Aera nihoyat, yig'i aralash g'azab bilan. – Nega mendan qochyapsan?
– Men qochayotganim yo'q, – dedi Taehyung, sovuq ohangda gapirishga urinib. – Shunchaki... katta loyiha topshiryapmiz.
– Yolg'on gapirma! – Aera unga bir qadam yaqinlashdi. – O'n yil, Kim Taehyung. O'n yil davomida hech qachon ishni bahona qilib mendan qochmagansan. Imtihonlaring bo'lsa ham, tunlari uxlamasang ham bitta qo'ng'irog'im bilan yetib kelarding. Endi nima bo'ldi? O'sha tunda senga og'ir botadigan gap aytdimmi?
Taehyungning mushtlari tugildi. "Sen hech nima demading," deb qichqirgisi keldi uning ichidagi ovoz. "Sen shunchaki mendan bo'sa olding va butun dunyomni ostin-ustun qilib, endi o'zing hech narsani eslamayapsan!" Ammo u tilining uchida turgan haqiqatni yutib yubordi.
– Hech narsa demading, – dedi u jonsiz ovozda, hamon yerga qarab. – Shunchaki... biroz yolg'iz qolishni xohlayapman. Biz endi yosh bola emasmiz, Aera. Har kuni birga bo'lishimiz, har bir muammoni birga yechishimiz shart emas. Sening o'z hayoting bor, mening o'z hayotim.

Taehyung

Bu so'zlar Aeraning yuziga tarsaki bo'lib tushgandek bo'ldi. Minjaening "biz turli xil odamlarmiz" degan so'zlari endi Taehyungning gaplari bilan qorishib ketgandek tuyuldi. Uning hayotidagi eng katta suyanchig'i ham qulab tushayotgandi.
– O'z hayoting? – Aera pichirladi. Ko'zidan bir tomchi yosh sirg'alib tushdi. – Demak... senga ortiqcha yuk bo'lyapman. Minjae tashlab ketgani uchun senga yopishib olgan ojiz, yig'loqi qizga aylandimmi sening ko'zingda?
– Men unday demadim... – Taehyungning ovozi titrab ketdi. Aeraning yig'layotganini ko'rib, ich-ichidan parchalanardi. Beixtiyor uning yoshini artmoqchi bo'lib qo'l cho'zdi-yu, yarim yo'lda to'xtab, musht qilgancha yoniga tushirdi.
– Bo'ldi, gapirma. – Aera qat'iy harakat bilan yoshini artdi va bir qadam orqaga tislandi. – Tushundim, Taehyung. Meni eng ko'p kerak bo'lganingda yolg'iz tashlab ketyapsan. Judayam yaxshi.

Aera

Aera o'girildi-da, shiddatli qadamlar bilan undan uzoqlasha boshladi.
Taehyung qotib qolgandi. Butun vujudi "Ortidan yugur! Uning qo'llaridan tut ! Unga hammasini ayt!" deb qichqirardi. U oldinga intilib, qizning ismini aytib baqirmoqchi bo'ldi, lekin ovozi tomog'iga tiqilib qoldi. Aera uzoqlashib borar, Taehyung esa jimgina qarab qolishgagina qodir edi. Uning qalbida nafas olishga-da yo'l qo'ymaydigan darajada kuchli og'riq bor edi.
Atrofda odamlar o'tib qaytar, hamma o'z ishi bilan ovora edi. Ular orasidagi masofa endi metrlarda emas, balki aytilmagan so'zlar, qochqin nigohlar va unutilgan bo'saning tilsiz azobida o'lchanadigan cheksiz jarlikka aylanib ulgurgandi.

-----
Aera pov :

O'sha kuni qanday qilib uyga yetib kelganimni ham eslay olmayman. Taehyungning "o'z hayoting bor, mening o'z hayotim" degan gaplari qulog'im ostida tinimsiz aylanardi. Minjaening xiyonati shundoq ham qalbimni majruh qilgan bo'lsa, Taehyungning befarqligi bu yaraga sepilgan tuzdek og'riqli edi.
Ikki kun uydan chiqmadim. Nihoyat, uchinchi kuni bu to'rt devor ichida aqldan ozishimni tushunib, qalin paltomni kiydim-da, maqsadsiz ko'chaga chiqdim.
Hongdae tumanining gavjum ko'chalarida hamma qayergadir shoshgan. Men esa o'z o'ylarimga g'arq bo'lgancha, atrofni sezmasdim. Xayolim faqat Taehyungda edi. Nega u birdaniga o'zgarib qoldi? Men unga qanday og'irlik qildim? Shu savollar girdobida chorrahadan o'tayotib, qizil chiroq yonganini ham, ro'paramdan kelayotgan odamni ham payqamabman.
Qattiq zarba.
Kimgadir shu qadar qattiq urildimki, muvozanatni yo'qotib orqaga yiqila boshladim. Sumkam yerga tushib, ichidagi narsalar sochilib ketdi.
– Ah! – deb yubordim ko'zimni chirt yumib.
Ammo yerga yiqilmadim. Kutilmaganda, kuchli qo'llar bilagimdan tutib qoldi.
– Yaxshimisiz? – degan yoqimli ovoz yangradi.
Ko'zimni ochdim-u, nafas olishdan to'xtab qoldim. Ro'paramda turgan yigit shunchalik kelishgan ediki, xayolimda "bundaylar faqat jurnallar muqovasida bo'lsa kerak" degan o'y yilt etib o'tdi. Baland bo'y, qora palto, mukammal taralgan sochlar va qop-qora, sirli nigoh.
Men uning ko'zlariga termilib, nima deyishni bilmay qotib qoldim.
– K-kechirasiz... – g'o'ldiradim o'zimni orqaga tortib. – Xayolim joyida emasdi.
Yigit jilmaydi. Uning chap yuzog'ida chuqur kulgich paydo bo'lib, jiddiy qiyofasini bir zumda yoritib yubordi.

Yigit

– Hechqisi yo'q, – dedi u va engashib, yerda yotgan narsalarimni yig'ishtira boshladi.
– Yo'q, yo'q, o'zim! – shosha-pisha cho'kkalandim. Ikkalamizning qo'limiz daftarim ustida to'qnashib ketdi. Tok urgandek qo'limni tortib oldim. Uning nigohi daftarimdagi yozuvga tushdi.
– "Raqamli Mudang"? – u daftar burchagidagi yozuvni o'qidi. Ovozidagi chuqurlik yuragimga aks-sado berdi. – Qiziqarli nom. Yozuvchimisiz?
– Men... yo'q, shunchaki... havaskor.
Daftarni shosha-pisha olib, sumkamga soldim. U o'rnidan turib ustini qoqib qo'ydi.
– Havaskorlar ba'zan eng zo'r asarlarni yaratishadi. Keyingi safar ehtiyot bo'ling, – u bir ko'zini hiyol qisib qo'ydi.
– Rahmat... va yana bir bor uzr, – dedim ta'zim qilib.
U yo'lida davom etdi. Men esa uning ortidan qarab qoldim. O'ziga ishongan dadil qadamlari, havoda qolgan atir ifori va o'sha sirli ko'zlar uzoq vaqtgacha xayolimdan ketmadi.

-----
Taehyung ofisidagi divanda chalqancha yotgancha, shiftga quruq tikilib turardi. Yana bir tunni mijja qoqmay o'tkazdi.
Aerani o'sha kuni yig'latib tashlab ketganidan beri uni vijdon azobi kemirardi. Unga eng ko'p kerak bo'lganida nima qildi? Ters o'girilib ketdi. Bitta bo'sani deb o'n yillik do'stlikni xavf ostiga qo'yishdan qo'rqdi.
"Ahmoq," - deb pichirladi u o'ziga. "G'irt ahmoqsan."
U Aeradan qochib qutula olmasligini, usiz yashay olmasligini tushunib yetdi. Aerani boshqa birovning yonida yig'laganini ko'rish – uning uchun do'zax. Demak, tuyg'ularini ichiga yutib, yana o'sha qadrdon "Tae-Tae" roliga qaytishi kerak. Faqat Aerani yo'qotmasa bo'ldi.
U telefonini olib, qaltiragan barmoqlari bilan xabar yozdi:
*"Kechqurun Xan daryosi bo'yidagi odatiy joyimizga kel. Gaplashib olishimiz kerak. Iltimos."*
Taehyung qafas eshigini yopdi. Qalbidagi hislarni yashirishga o'ziga so'z berdi. Ammo ba'zi hislarni qafasga qamab bo'lmasligini, ozgina turtki ularni yondirib yuboruvchi maxluqqa aylantirishini u hali bilmasdi.

Taehyung

----
Aera pov :

Qo'limda ikkita issiq qahva ushlagan ko'yi Xan daryosi bo'yida turgan tanish qomatga yaqinlashdim. Taehyungning yelkalari tushib ketgan, qiyofasi g'amgin edi.
– Keldingmi? – u qadam tovushlarimni eshitib ortiga o'girildi. Ko'zlari qizargan, charchagan bo'lsa-da, jilmayishga urindi.
Indamasdan qahvaning birini unga uzatdim. O'rtamizga og'ir sukunat cho'kdi. Avvallari soatlab valaqlashadigan yoki indamaygina o'tiradigan bizlar uchun bu havo juda tarang edi.
– O'sha kun uchun... kechir, – dedi u nigohini daryodan uzmay. – Asablarim charchagandi. Senga noo'rin gaplar aytdim. Men ahmoqman.
U qahva stakanini shunchalik qattiq siqardiki, plastik qopqoq g'ijimlanib qolgandi. Ovozidagi afsusni eshitib, ichimdagi g'azab birdan so'ndi.
– Boshqa hech qachon mendan qochib ketmaslikka va'da ber, – dedim yig'lamsirab. – Minjae ketdi. Agar sen ham yuz o'girsang... chiday olmayman, Tae. Senga yuk bo'lishni xohlamayman, faqat mendan uzoqlashma.
Taehyung menga o'girildi. Ko'zlarida qandaydir azob milt etib o'chdi. Meni quchoqlamoqchidek qo'llarini ko'tardi-yu, yana o'zini to'xtatib, cho'ntagiga soldi.
– Hech qachon, – dedi u xirillab. – Sendan yuz o'girmayman. Biz qanday bo'lsak shundayligimizcha qolamiz. Do'stlar.
"Do'stlar". Nega bu so'z qulog'imga bunchalik g'alati va sovuq eshitildi? Men yutindim-da, bosh irg'adim.
Vaziyatni yumshatish uchun yengilroq ohangda gapira boshladim:
– Aytgancha... bugun o'z hayotimni yashashga, uyda yig'lab o'tirmaslikka qaror qilib ko'chaga chiqqandim.
Taehyung qoshlarini chimirdi. – Yaxshi. Rei bilan birga chiqdingmi?
– Yo'q, o'zim. Lekin kutilmaganda... bir yigit bilan to'qnashib ketdim.
Taehyungning barmoqlari havoda harakatlanmay qotib qoldi.
– To'qnashib ketding?
– Ha. Yo'lga qaramay ketayotgan ekanman. Yiqilayotganimda ushlab qoldi. – Men o'sha sirli ko'zlar va chuqur kulgichni eslab jilmaydim. – Tae, ishonmaysan... umrimda bunday kelishgan odamni ko'rmaganman. Ko'chada shunday to'qnashib ketsang, odatda hamma qo'pollik qiladi-ku? U esa juda muloyim edi. Narsalarimni yig'ishga yordam berdi. Daftardagi yozuvimni ko'rib ustimdan kulmadi...
Men gapirarkanman, Taehyungning yuzidagi ifoda asta-sekin o'zgarib borayotganini sezmasdim. Uning ko'zlaridagi bo'ron endi qafas eshiklarini sindirib chiqayotgandi.
– ...U ketgandan keyin ham ancha vaqt qarab qoldim. Uning o'sha kulgichi...
– Bas qil, – degan ovoz butun tanamni junjiktirib yubordi.
Taqqa to'xtab, unga qaradim. Yuzi oqarib ketgan, nigohlari esa shunchalik qorong'ilashgandiki, xuddi meni yondirib yubormoqchidek edi.
– N-nima? – tushunmay so'radim men.
– Bas qil dedim! – baqirib yubordi u. Qo'lidagi stakan majag'lanib, issiq qahva yerga to'kila boshladi, ammo u buni sezmasdi ham.
Qo'rqib ketib orqaga tislandim. – Taehyung! Kuyib qolasan... nima bo'ldi senga?!
U birgina yirik qadam bilan odimlab oldimga keldi-da, bilagimdan shunday qattiq ushladiki, og'riqdan ingrab yubordim.
– Kim u?! – u yuzimga shunchalik yaqin keldiki, nafasini his qildim. Ovozida men umuman bilmaydigan telbalarcha rashk bor edi. – Nega unga bunchalar mahliyo bo'lib qolding, a?! Kimdir ko'chada ushlab qolib jilmayib qo'ysa, shu zahoti aql-hushingni yo'qotasanmi?!
– Tae... qo'yib yubor... og'riyapti... – changalidan chiqishga urindim, ammo u meni temir kishandek siqib turardi. Uning ko'zlarida men tanimaydigan mutlaqo begona inson bor edi.
– Sen o'zi qanday qizsan?! – so'zlari yuragimga nayzadek sanchildi. – Minjae tashlab ketganiga necha kun bo'ldi?! Endi esa qandaydir ko'chadan o'tgan tasodifiy kimsaga og'zingning tanobini tortib ta'rif beryapsanmi?!
– O'zingni bos! – g'azabim qo'rquvimni yengib, uning ko'ksiga mushtlab qattiq urdim. – Nega buncha asabiylashyapsan?! O'zing menga 'o'z hayotingni yasha' demaganmiding?! Men sening maslahatingga amal qilib, hamma narsani unutishga harakat qilyapman! Bunga aralashishga nima haqqing bor?!

Taehyung bir soniya qotib qoldi. So'ng ko'zlaridagi g'azab o'rnini g'alati ehtiros egalladi. U bilagimni qo'yib yubordi, lekin tislanish o'rniga ustimga bostirib keldi. Orqamga tislanib, to'siqqa taqalib qoldim. U ikki qo'li bilan men tayanib turgan to'siqni qisib, meni o'z qafasiga qamab qo'ydi. O'tkir nigohlari lablarimga, so'ng to'g'ri ko'zlarimga qadaldi.
– O'z hayotingni yasha dedim, – u har bir so'ziga urg'u berib pichirladi. Ovozida g'azab emas, minglab isyonkor hislar mujassam edi. – Lekin ko'chada ko'ringan har qanday yigitga tabassum qilib, ko'zingni suz degim yo'q! Sen... umuman hech narsani tushunmaysan, Aera. Hech narsani...
U shunday deya ko'zlarini mendan uzdi. Mushtlari temir to'siqqa shunday qattiq urildiki, jaranglab ketdi. U ichidagi olovni o'chirishga urinayotgandek chuqur nafas oldi. Menga oxirgi marta cheksiz og'riq va tushunarsiz azob bilan qaradi-da, ortiga o'girilib shiddat bilan uzoqlashdi.
Men esa to'siqqa suyangancha, titrayotgan qo'llarim bilan yuzimni to'sib qolaverdim. Miyamda faqat bitta fikr aylanardi: bu odam mening o'n yillik do'stim Taehyung emasdi. Bugun uning o'rnida mendan nimanidir o'lgudek qizg'anayotgan va ovsha narsaga ega bo'lish uchun har narsaga tayyor bo'lgan notanish yigit qoldirgan qo'rqinchli bo'shliq yotardi.