June 12

The Ghost Writer

- The Ghost Writer -

Birinchi bob : Taklif
- Maya -
Monitor ekranidagi miltillab turgan o‘sha mitti chiziqcha ko‘zimga xuddi masxaralagandek ko‘rinadigan darajada uzoq vaqt o‘sha bo‘m-bo‘sh sahifaga tikilib o‘tirdim.
"Biror nima yoz, — derdi u go‘yo. — Nima bo‘lsa ham yoz. Axir ilgari bu ish qo‘lingdan kelardi-ku”.
Noutbukni yopdim.
Uydan ko‘chirilishim haqidagi ogohlantirish xati haligacha oshxona peshtaxtasi ustida, bundan to‘qqiz kun avval qoldirgan joyimda turardi. O‘shanda xatni ikki marta qayta-qayta o‘qigan, so‘ng uni juda ehtiyotkorlik bilan joyiga qo‘yib, hammomga kirgancha vanna chetiga o‘tirib yigirma daqiqa davomida hisob-kitob qilgandim. Hech qachon oxiri tugamaydigan hisob : to‘lanmagan ijara haqi, allaqachon sarflab bo‘lingan avans. Yangi kitob topshirilishiga olti hafta vaqt qoldi, ammo o‘rtada bitta ham so‘z yozilmagan. Muharririm esa menga ishonayotgandek ko‘rinishga ham ortiqcha kuch sarflamay qo‘ygan.
Yigirma yetti yoshdaman, lekin allaqachon yetarlicha qarishga ulgurdim.
Birinchi kitobim yigirma to‘rt yoshimda chop etilgan. “Xavfsiz bandargoh ” — beshta davlatga daxldor bo‘lgan, uchta oilaning yostig‘ini quritgan kontrabanda ishi haqidagi hujjatli detektiv janridagi kitob edi. O‘shanda mo‘jiza yuz berib, kitobni odamlar o‘qiy boshlagandi. Shunchaki emas, juda ko‘p odam o‘qigandi. Nashriyotdagilar o‘sha raqamlarni ko‘rib, men haqimda “kashfiyot”, “unutilmas asar” kabi balandparvoz so‘zlarni ishlatishgan. Aslida ularga ishonib xato qilganman, chunki bu kabi maqtovlar qanchalik tez berilsa, shunchalik oson qaytarib olinadigan narsalar uchun o‘ylab topilgan.
Ikkinchi kitobim esa birinchisining uchdan biricha ham sotilmadi.
Uchinchisi esa umuman bo‘lmaydi. Bu ketishda-ya? Iyun oyidan beri nomi shunchaki “Birinchi bob” deb turgan va besh oylik chinakam azob-uqubatlardan keyin ham ichidan birorta tayinli gap chiqmagan hujjat bilan-a?
Finjonda qolgan qahvaning oxirgisini quydim, uni isitib ham o‘tirmay, rakovina tepasida sovuqligicha ichib yubordim.

- Maya -

Telefonim jiringladi.
Viktor Halane yigirma ikki yoshimdan beri agentim edi. O‘tgan besh yil ichida men uni xuddi ob-havoni kuzatgandek o‘rganib olgandim — nima deyishidan emas, gapirishdan oldin necha soniya jim turishidan maqsadini bilardim. U ehtiyotkor odam edi. Har bir qadamini o‘ylab bosadigan, suhbatga kirishishdan avval uning muhitini belgilab oladiganlar xilidan.
O‘sha kuni ertalab uning ovozi juda samimiy eshitildi. Ataylab, o‘ylab qilingan samimiylik.
Bu esa u menga rad etishim aniq bo‘lgan biror narsani taklif qilmoqchiligidan dalolat berardi.
— Maya. — U bir oz jim qoldi. — Javob berishdan oldin gapimni oxirigacha eshitishingni xohlayman.
— Sizga ham salom, Viktor.
— Men jiddiy aytyapman. Gapimni bo‘lmay eshit. Hammasini.
Peshtaxtaga suyandim. Ko‘chirilish haqidagi xatga qaradim.
— Mayli, eshitaman.
U menga hammasini aytib berdi.
U o‘sha nomni — oddiy, deyarli pichirlab aytilgan ikki og‘iz so‘zni tilga olgan zahoti, xonadagi muhit birdan o‘zgardi. Bu kinolardagidek vahimali musiqa yangrab, chiroqlar o‘chib-yonishi kabi keskin yuz bermadi. Hammasi juda sokin edi. Xuddi yaqinlashayotganidan hali o‘zining ham xabari yo‘q bo‘ron oldidan havo harorati bir oz pasaygandek.
Dominic Cross.
Men bu nomni bilardim. Hammamiz bilardik — ayrim voqealar odamlarning xotirasiga ularni tushunganimiz uchun emas, balki umuman tushunolmaganimiz uchun muhrlanib qoladi-ku, bu ham xuddi shunday edi. Yakuni oxirigacha hal bo‘lmagan voqea.
O‘ttiz to‘rt yoshli yirik investitsiya kompaniyasi — Cross Capital rahbari. Uning nufuzi shu qadar keng ediki, moliyaviy jurnalistika sohasidagi to‘rtta do‘stim uning biznes imperiyasi xaritasini chizishga urinib, baribir oxiriga yetkaza olishmagandi. O‘z kuchi bilan oyoqqa turgan milliarder, garchi “oyoqqa turish” jarayoni boshqalar ko‘zidan yashirin bo‘lgan bo‘lsa-da. Dominik Kross o‘z parvozini shunday sirli tarzda amalga oshirgandiki, u shaxsiy hayotning daxlsizligi ham aslida ulkan hokimiyat ekanini yaxshi anglagandi.
Bundan yetti yil muqaddam uning xotini g‘oyib bo‘lgandi.

- Dominic Cross -

Ismi Selesta edi. Yigirma sakkiz yoshda. Kurator. Undan qolgan sanoqli suratlarda u qora sochli, doim kadrga sal teskari qarab turgan holatda muhrlangan, go‘yo kimdir uni ortidan chaqirgandek. Matbuot uni “tarkidunyochiroq” va “til topishish qiyin bo‘lgan ayol” deb ta’riflardi. Men bu kabi ta’riflarni ko‘p o‘qiganimdan ularning ortida nima turganini yaxshi bilardim — bu odamlar o‘zlari so‘z bilan ifodalab berolmaydigan, ichkarisiga kira olmagan ayollarga nisbatan ishlatadigan til edi.
U mart oyining seshanba kunlaridan birida g‘oyib bo‘lgandi.
O‘n to‘rt oy o‘tgach, Dominik hibsga olindi.
Sud qilindi. Va oqlandi.
O‘sha hukmdan keyin u biror marta ham ommaga ko‘rinish bermagan, gapirmagandi.
— U o‘z avtobiografiyasini yozmoqchi, — dedi Viktor. — Bor haqiqatni — nikohidan tortib, ayblovlar, sud jarayonigacha, xullas, hammasini. U buni boshqa bir yozuvchi uning nomidan yozishini xohlayapti. Unga ilgari ham bir necha bor shunday takliflar bilan chiqishgan ekan, lekin u rad etgan. — Yana bir bor jimlik. Bu safargisi qisqaroq, ammo ma'noli edi. — U seni so‘radi, Maya. Aynan seni. Ismingni aytib so‘radi.
Men indamadim.
— U sening ikkinchi kitobingni o‘qigan ekan. Advokatining xatida shunday gap bor... — Viktor qog‘ozlarni titkilab, o‘sha satrni qidira boshladi. — *“Aksariyat yozuvchilar shunchaki o‘zlarini ko‘rsatish uchun tirishadigan, ammo Maya ega bo‘lgan o‘sha o‘zgacha sinchkovlik va diqqat-e’tibor...”*
*O‘zgacha sinchkovlik va diqqat-e’tibor.*
Bu so‘zlarni xayolimda tahlil qildim. Ularda qandaydir aniqlik bor edi. Shunchaki quruq maqtovga o‘xshamasdi, aynan mana shu jihati uni eng ta’sirli xushomadga aylantirgandi.
— Qayerda ekan? — deb so‘radim.
— Uning mulkida. Shimoliy Kaliforniyada. Ish tugaguncha o‘sha yerda, uning hududida yashaysan. — Viktor xizmat haqini aytdi.
Qahva finjonini asta peshtaxtaga qo‘ydim.
— Uch-to‘rt oy, — davom etdi Viktor. — Hamma xarajatlar qoplanadi. Muallif sifatida sening isming ham chiqadi. — U raqamlar miyamga yaxshilab o‘rnashishi uchun bir oz jim qoldi, chunki Viktor jimlik kuchini hammadan yaxshi tushunardi. — Bu sening hozirgi barcha muammolaringni hal qiladi, Maya. Hammasini.
U ko‘chirilish haqidagi xatni nazarda tutayotgandi. Muharririm uchinchi kitob ustida ish ketmayotganini sekingina shama qilganida, men qaytarib bergan avans pulini nazarda tutayotgandi. Hayotimni men tanimaydigan darajaga keltirib qo‘ygan, o‘tgan o‘n sakkiz oylik “sal qoldi”, “deyarli” va “shunga yaqin” degan umidsiz urinishlarni nazarda tutayotgandi.
Uning haqligi g'ashimni keltirdi.
— U oqlangan edi-ku, — dedim men.
— Ha.
— Bu yoki u haqiqatan ham aybsizligini, yoki uning aybini isbotlay olishmaganini anglatadi.
— Oqlanish degani odatda shuni anglatadi, ha.
— Va u bu voqeani aynan hujjatli detektiv janrida yozadigan yozuvchi hikoya qilib berishini xohlayaptimi?
— U buni aynan *sen* yozishingni xohlayapti. Bu yerda farq bor chog‘i. — Viktorning ovozi bir parda yumshadi. — Nima demoqchi ekaningni bilaman. Bu sen qaytishni tasavvur qilgan loyiha emasligini ham bilaman. Lekin Maya — sen sakkiz oydan beri biror nima yozishga urunyapsan va hech narsa chiqmayapti. Balki muammo senda emasdir? Balki muammo sening doim xavfsiz narsalar haqida yozishga urinayotganingdadir? — U bir oz to‘xtaldi. — Bu safar xavfsiz bo‘lmaydi.
Yopiq noutbugim ichidagi ko'rsatkich hamon miltillayotgandi. Uni ko‘rmayotgan bo‘lsam-da, his qilib turardim.
— U haqida qo‘lingda nima bo‘lsa, hammasini menga jo‘nat, — dedim.
Viktor yengil tin oldi.
— Bir soat ichida pochtangda bo‘ladi.
— Va yana bir gap, Viktor, — ovozimni xotirjam saqlashga urindim. — Nima uchun aynan menligimni aytdimi? Boyagi maqtovni aytmayapman. Haqiqiy sababini.
Gushakdagi navbatdagi jimlik go‘yo aytiladigan gapning tahrirlanayotganidan darak berardi.
— U sening uning tarixini tushuna olishingni aytdi, — dedi Viktor ehtiyotkorlik bilan. — Hozirgi ijodkorlar ichida buni uddalay oladigan yagona yozuvchi sen emishsan.

*Hozirgi ijodkorlar ichida.* Hozirgi zamon. Aynan hozirgisi.
Go‘yo ilgari bu ro‘yxat uzunroq bo‘lgandek. Go‘yo bu tanlov allaqachon boshlangan-u, endi yakuniga yetgandek.
Men uni ortiqcha qistab o‘tirmadim. Viktor xayrlashib, go‘shakni qo‘ydi. Men esa kvartiramda ko‘chirilish xati, bo‘m-bo‘sh sahifa va Viktor aytgan o‘sha ulkan mablag‘ haqidagi o‘ylar bilan birga yolg‘iz qoldim. U pulni hali nima qilishni ham bilmasdim.
Yangi qahva damladim va noutbukni ochdim.
Uzluksiz olti soat o‘qidim.
Hammasini tezroq tugatish uchun dastlab matbuot xabarlaridan boshladim. Ma'lumotlar juda ko‘p edi — Selestaning g‘oyib bo‘lishidan tortib, hibsga olish va sud jarayonlarigacha bo‘lgan o‘n to‘rt oylik xabarlar. Bu voqeada matbuot oylar davomida chayqashi uchun kerakli barcha xialatlar bor edi: pul, go‘zallik, dom-darakshiz yo‘qolgan ayol va suratlarda xuddi Dominik Kross kabi sovuq va vahmali ko‘rinadigan erkak.
Chunki hech kim ochiq aytmaydigan, ammo hamma nazarda tutadigan bir haqiqat bor edi: uni xunuk qilib suratga olishning iloji yo‘q edi. Odamlar bilan tez til topishadigan, kameraga qanday qarashni biladigan erkaklarning husni emasdi bu. Bu butunlay boshqacha go‘zallik edi — u sizni o‘ziga chorlagani uchun emas, aksincha, chorlamagani uchun ham ikki marta qarashga majbur qiladigan qiyofa edi. Sud jarayonidagi har bir suratda tomoshabinlar uchun o‘zining aybsizligini isbotlashga urinishdan mutloq va qat’iy voz kechgan erkak aks etgandi.
Hakamlar hay’ati olti yoki o‘n ikki soat emas, aynan to‘qqiz soat maslahatlashgan. To‘qqiz soat — bu qaror osonlikcha qabul qilinmaganini, ammo shubha-gumonlarga ham o‘rin qolmaganini anglatardi.
Keyin men sud bayonnomalarini o‘rganishga o‘tdim.
Men ularni birinchi muharririm o‘rgatgandek o‘qidim: sekin, satrlar orasidagi yashirin ma’nolarni qidirib. *Nima* deyilgani emas, qanday, qachon va undan keyin nima bo‘lganiga e’tibor qaratdim. Ehtiyotkor bo‘lib qolgan joylarni qidirdim. Guvoh faqat berilgan savolga javob berib, uning atrofidagi gaplardan qochgan vaziyatlarni kuzatdim. Dominikning qisqa, nazorat qilingan va me'moriy aniqlik bilan berilgan ko‘rsatmalari faqatgina u tushuntirib bermagan bo‘shliqlardagina o‘z choklarini ochib qo‘ygandek edi.
U Selesta g‘oyib bo‘lganidan qirq sakkiz soat o‘tgachgina bu haqda xabar bergan.
Qoralovchi tomon aynan mana shu vaqt oralig‘iga qattiq yopishgandi. Yoqlovchilar esa buni shunchalik mahorat bilan to‘sishgandiki — Selestaning tez-tez sayohat qilib turishi va o‘sha kunlarda uyda bo‘lmasligi oddiy hol ekanligi haqidagi tushuntirish Dominik tomonidan bor-yo‘g‘i bir jumla bilan, ortiqcha izohlarsiz taqdim etilgandi. U buni allaqachon bir qarorga kelib bo‘lgan odamlar to‘la xonada o‘z dardu hasratini namoyish etishni istamagan, haqiqatning o‘zi yetarli deb hisoblagan insonning sovuqqonligi bilan gapirgandi.
Bu uning haqida nima degani ekanini bilmasdim.
Ammo buni tushunishga bo‘lgan urinishlarimni to‘xtata olmayotganimni his qildim.
Sud xabarlaridan so‘ng men eskiroq materiallarni titkilay boshladim — biznes profillari, ba'zi konferensiyalardagi suratlar, 2019-yilgi intervyu. O‘shanda u bor-yo‘g‘i to‘rtta iqtibos gap aytgan va suhbatni darhol yakunlagan edi. Uning bir gapi uchta alohida maqolada takrorlangandi: *“Men o‘zim omma e’tiboriga havola qilmagan narsalarni muhokama qilmayman”*. Buni hamma sovuqqonlik deb baholagandi. Men esa buni ko‘proq qat'iy hayotiy qoida deb qabul qildim.
Miyam faqat qahva hisobiga ishlayotgan, tadqiqotning so‘nggi sur’atida qayerga ketayotganimni ham bilmay, yana bir soat davomida sahifalarni varaqlab o‘tirganimda, birdan o‘sha suratga duch keldim.
U kichkinagina edi. San-Fransiskodagi jurnalistika va san’at xayriya kechasiga bag‘ishlangan, allaqachon faoliyatini tugatgan madaniy jurnalning olti yillik arxiv maqolasiga joylashtirilgandi. Bu men talabalik yillarimda tez-tez qatnashadigan tadbirlardan biri edi: o‘shanda kurtkamga matbuot ruxsatnomasini qistirib, cho‘ntagimda diktofon bilan o‘zimni go‘yo shu davraga tegishlidek ko‘rsatishga qattiq urinardim.

Suratda odamlar bilan liq to‘la xona aks etgandi. To‘q rangli liboslar, qimmatbaho chiroqlar, suratga tushishga odatlangan insonlarning sun’iy pozalari.
Va orqa fonda, o‘ng tomonda, kadrning sal chekkasida —
Bir erkak yolg‘iz turardi.
U davraga aralashmagan, hech kim bilan suhbatlashmayotgan edi. Shunchaki, o‘z o‘rnini ongli ravishda tanlagan odamning xotirjamligi bilan, ko‘rsatganidan ko‘ra ko‘proq narsani ko‘radigan insonning o‘zgacha aurasi bilan *shunchaki turardi*.
U to‘g‘ridan-to‘g‘ri kameraga qarab turardi.
O‘rnimdan sal oldinga surildim.
Suratni uning sifati buzilib, piksellari ko‘rinib ketguncha yaqinlashtirdim. Shunda ham qarab turaverdim, chunki o‘sha qirrali yuz tuzilishi, qora sochlar va sud zalidagi suratlarda ko‘rganim — o‘sha iyak tuzilishi yo Dominik Krossniki edi, yoki uning sokinlik xislatidan nusxa ko‘chirgan boshqa bir kimsaniki. Men esa bularning ikkita alohida narsa ekanligiga shubha qilardim.
Tadbir sanasini tekshirdim.
So‘ng ikkinchi kitobimning tashakkurnoma qismini ochdim.
Men u yerda tadbir tashkilotchilariga — *“San-Fransisko San'at va Jurnalistika Jamg'armasiga, tadqiqotning dastlabki bosqichida matbuotga yo‘l ochib berishgani uchun”* — o‘z minnatdorchiligimni bildirgan edim. Aynan o‘sha jamg‘arma. Aynan o‘sha har yilgi tadbir.
Aynan o‘sha yil.
Men ham osha xonada bo‘lganman. Yigirma bir yoshli, hali birorta kitobi chop etilmagan, tajribasidan ko‘ra ambitsiyalari ulkan bo‘lgan va albatta dunyoni larzaga keltiradigan biror narsa yozishiga qattiq ishongan oddiy bir talaba qiz edim.
Agar suratdagi odam Dominik Kross bo‘lsa, u o‘shanda yigirma sakkiz yoshda bo‘lgan.
Suratga uzoq vaqt tikilib qoldim.
*“U sening uning tarixini tushuna olishingni aytdi. Hozirgi ijodkorlar ichida buni uddalay oladigan yagona yozuvchi sen emishsan”.*
*Hozirgi ijodkorlar ichida.* Go‘yo bundan oldin ham hammasi ma'lum bo‘lgandek. Go‘yo bu sinov men hali tanilmasimdan avval boshlangandek.
Noutbukni yopdim. Qayta ochdim. Yana yopdim.
O‘rnimdan turib, deraza yoniga bordim va pastdagi ko‘chaga, noyabrning quyuq zulmatiga, mening his-tuyg‘ularim bilan umuman ishi bo‘lmagan shaharning odatiy harakatiga boqdim.
Ko‘chirilish haqidagi xat peshtaxta ustida turardi.
Avans puli sarflab bo‘lingan.
Sahifa esa bo‘m-bo‘sh edi.
Yetti yildan beri ommaga biror og‘iz so‘z aytmagan odam o‘z jimligidan bosh ko‘tarib, aynan *“uni”* so‘ragandi. Va mening miyamda tinmay aylanaotgan — tong nurlari derazadan mo‘ralab, baribir uxlay olmasligimni tan olgunimcha ko‘zimni yumishga qo‘ymaydigan yagona savol bor edi. Bu savol o‘sha yerga borish-bormasligim haqida emas edi.
Savol shunday edi: u meni o‘z tuzog‘iga tushirishdan oldin qancha vaqt davomida kuzatgan ekan?
Yotoqxonamga kirdim. Shkafning to‘ridan chamadonni chiqardim. Uni karavot ustiga ochiq holda tashladim.
Va kiyimlarni yig‘ishtira boshladim.

- Maya -

-1-