August 9

Ashfall

❀ 𝓕𝓸𝓻 𝓶𝔂 𝓞𝓴𝓼𝓾𝓷 ❀

3-Bob

Yomg‘ir suvi to‘lib toshgan tor ko‘chalardan chopib borarkan, Oksun nafasini rostlashga tobora qiynalardi. Uning somon kavushlari allaqachon qayerdadir tushib qolgan, yalangoyoq holda loy va bazan kechib yugurardi. Oldinda borayotgan yigitning qadamlari esa xuddi yerga tegmayotgandek yengil va tez edi.
Mash’alalar yorug‘i va soqchilarning qichqiriqlari tobora uzoqda qolgach, Jungkook kutilmaganda keskin burildi-da, Oksunni ko‘chaning burchagidagi tashlandiq, qari qarag‘ay daraxti ortidagi qorong‘u tirqishga tortdi. Ular yomg‘irdan panaroq, zax tortgan devor orasida to‘xtashdi.
Oksun tiz cho‘kkancha, chuqur-chuqur nafas olib, o‘pkasini havo bilan to‘ldirdi.
— Jin ursin... — deb g‘udrandi u, loy bo‘lgan oyoqlariga qarab. — Sen poytaxt qo‘mondoni emasmiding? Nega o‘z soqchilaringdan ko‘cha itidek qochyapmiz? O‘sha belingga osilgan qiliching bilan ularni yo‘ldan olib tashlasang bo‘lmaydimi?
Jungkook devorga suyanib, ko‘chaning boshini kuzatarkan, hatto nafas olishi ham tezlashmaganini ko‘rib Oksunning ensasi qotdi. Yigit nigohini qizga burdi.
— Ular mening odamlarim emas, — dedi yigit nigohini buzmay — Saroy soqchilarining kiyimini kiyib olgan yollanma qotillar.
Oksun hayratdan qoshlarini ko‘tardi.
— Qotillar? Bir dona giyoh uchun-a? Bu nima degan gap?
— Valiahd shahzodani zaharlagan odamlar sening qo‘lingdagi o‘sha giyohni poytaxtga kirmasligini xohlashyapti. Agar ular seni boya o‘sha kulbada topishganda edi, hozir yuz nyang haqida orzu qilib emas, o‘zingning qoningga belanib yotgan bo‘larding.
Bu so‘zlar Oksunning ustidan muzdek suv quygandek bo‘ldi. Demak, savdo u o‘ylagandan ko‘ra ancha xavfliroq edi. U saroy o‘yinlari haqida eshitgan, qashshoqlar bozorida doim qandaydir mish-mishlar yurardi, lekin endi bu o‘yinning qoq markazida o‘zi turganini anglab yetdi.
— Ajoyib! — dedi Oksun asabiy kulib. — Demak, men taxt talashayotgan telbalarning nishoniga aylandim. Yuz nyang kamlik qiladi, qo‘mondon. Narx oshdi. Ikki yuz nyang!

- Oksun -

Jungkook kutilmaganda Oksunga shunday yaqin kelib engashdiki, qiz uning ko‘zlaridagi qorachiqning naqadar jozibali ekanligining guvohi bo'ldi. Yigitning gavdasiga yoki ko'rinishga mutlaq teskari bo'lgan osmantus gulining isi qizning yuziga urildi.
— Sen pulni o‘lik holda ishlata olmaysan, yovvoyi, — deya lablari orasida pichirladi u. — Hozir faqat mening orqamdan ergashish orqaligina tirik qolishing mumkin. Shunday ekan, narxni sen emas, men belgilayman.
Oksun bo‘sh kelmadi, iyagini dadil ko‘tarib, uning ko‘zlariga tik qarab javob qildi:
— Mensiz esa sening shahzodang tonggacha yetib bormaydi. Shunday ekan, ikkimiz ham bir-birimizga muhtojmiz. Kekkayishni bas qilib, yo‘l boshla.
Jungkookning labi qiyiq tortdi. Bu jilmayish emasdi, ammo g‘azab ham emasdi. U qizning beadabligiga o‘rganib borayotganidan o‘zi ham hayron edi.

- Jungkook -

Ular shaharning shimoliy qismiga, Gyeongbokgung saroyining orqa devorlari tomon yetib kelishdi. Bu yerda baland, o‘tib bo‘lmas tosh devorlar qad rostlagan, har o‘n qadamda qurollangan soqchilar turardi.
Jungkook devor bo‘ylab oqib o‘tadigan asosiy suv oqova kanalining panjarasi oldida to‘xtadi.
U qilichining qini bilan zanglagan temir panjarani qattiq itardi. Panjara xirqillab, ichkariga qarab ochildi. Badbo‘y va loyqa suv hidi dimoqqa urildi.
— Kir, — deb ishora qildi Jungkook pastga qarab.
Oksun panjaraga, keyin yigitga ishonqsirab qaradi.
— Nima? Saroyga shu iflos teshikdan kiramizmi? — u kinoya bilan kulib yubordi. — Zodagonlar doim old eshikdan keladi deb o‘ylardim. Qo‘mondon bo‘la turib, kalamushlar yo‘lidan yurish... g‘ururingizga tegmaydimi?
— G‘urur qon to‘kilishining oldini ololmaydi, — deb so‘zini kesti Jungkook qat'iy oxangda. — Kirasanmi yoki seni shu yerda qotillarga qoldirib, giyohni o‘zim olib kiraymi?
Oksun xaltasini bag‘riga mahkamroq bosib, ko‘zlarini suzdi.
— Jin ursin seni... Mayli, shuni unutma, bu sassiq hid uchun alohida pul to‘laysan! — deya u qorong‘u kanal ichiga egilib kirdi.
Jungkook uning ortidan kirib, panjaraning yopilishini ta’minladi. Ular tizzagacha keladigan sovuq suvni kechib, saroyning ichki qismiga qarab yura boshlashdi. Zulmat ichida faqat ularning suv kechayotgan qadamlari va chuqur nafas olishlarigina eshitilardi.
> *"U juda o'jar yoki o'ta ketgan qaysar. "* o‘yladi Jungkook qizning qorong‘ulikda ham dadil ildamlayotganiga qarab. *"Ammo unda boshqa saroy xonimlarida yo'q bo'lgan bir narsa bor. Jasorat."*
>
Kanalning oxiriga yetganda, tepada yorug‘lik tushib turgan panjarali teshik ko‘rindi. Jungkook ehtiyotkorlik bilan panjarani ko‘tardi-da, avval o‘zi chiqib, keyin Oksunga qo‘lini uzatdi.
Qiz biroz ikkilanib turdi-da, uning katta va kuchli kaftiga o‘zining loyqa, ko‘karib biroz qadoq bo'lgan qo‘lini qo‘ydi. Yigit uni xuddi patni ko‘targandek yengillik bilan tortib oldi.
Ular saroyning orqa hovlisida, tabiblar xonasining orqa qismida edilar. Ammo xotirjamlikka hali erta edi. Uzoqdan saroy ichki soqchilarining oyoq tovushlari eshitildi.
— Xonaga kirishimiz kerak. Tezroq, — Jungkook Oksunni yelkasidan ushlab, yog‘och eshiklardan biri tomon itardi.
Ular ichkariga kirib ulgurmaslaridanoq, eshik oldida yuzi oqarib ketgan, qo‘lida qonli latta ushlagan saroy tabibi paydo bo‘ldi. Tabib Jungkookni ko‘rib yengil tortdi, ammo darhol tiz cho‘kdi.
— Qo‘mondon! Kechikdingiz... Shahzodaning tomirlari qorayib ketyapti. U zot... nafas olishdan to‘xtamoqda.
Jungkookning yuzida g'alati sovuq ifoda paydo bo'ldi . U indamay burilib, ortida hayrat bilan qotib qolgan Oksunga qaradi.
— Vaqting keldi. Hoxlayotkan pulingga arziydigan inson ekanligingni isbotla, — dedi u, ovozidagi barcha hissiyotlarni yashirishga urinib. — Yoki shu kecha ikkalamiz ham jallodning boltasiga ro‘baro‘ bo‘lamiz.

Bir daqiqa o‘tmay, Oksun aytgan narsalar muhayyo bo‘ldi. Qiz ho‘l sochlarini orqasiga yig‘ib boyladi-da, xaltasidan boyagi giyohni "Qizil Ajdarho Yalpizi"ni oldi. Tabiblar o‘simlikni ko‘rib, pichirlasha boshlashdi.
Oksun ularga parvo qilmay, pichog‘i bilan giyohning faqat tomir qismini ajratib oldi. Barglarini esa chetga surib qo‘ydi.
— O'ta ketgan axmoqgarchilik. Sen telbamisan?! — chidayolmay chinqirdi bosh tabib. — O‘simlikning kuchi uning bargida bo‘ladi! Tomiri esa sof zahar!
Oksun kumush idishga guruch arog‘ini quya turib, ko‘zlarini suzdi.
— Shuning uchun ham u haligacha o‘lim to'shagida yotibdi, ahmoq chol, — to‘ng‘illadi u. — Zahar — zaharni o‘ldiradi. Barglari bu o‘simlikning faqat himoyasi. Asl malham uning tomirida, lekin uni suv bilan pishirsangiz qonga aylanadi va odamni o‘ldiradi. Uni faqat kuchli suyuqlik uyg‘otishi mumkin.
U ildizlarni kumush idishda tez-tez eza boshladi. Xonani o‘tkir, bir oz achchiq va yalpizli hid qopladi. Kumush idishdagi suyuqlik to‘q qizil, qonga o‘xshash rangga kirdi. Oksun idishni qaynagan suv bug‘iga tutib, aralashmani biroz qizdirdi-da, shahzodaning yoniga keldi.
U shahzodaning og‘zini ehtiyotkorlik bilan ochib, tayyorlagan qizil suyuqlikni bir necha tomchidan tomiza boshladi.
Xonaga o‘lik sukunat cho‘kdi. Hamma, hatto doim xotirjam Jungkook ham nafasini ichiga yutib, shahzodaning yuziga tikilib turardi. Vaqt xuddi to'xtab qolgandek edi. Bir soniya. Ikki soniya. Hech qanday o‘zgarish yo‘q.
Kutilmaganda valiahd shahzodaning butun tanasi tirishib ketdi. Uning ko‘zlari qinidan chiqqudek ochilib, tomog‘idan xirqiragan ovoz keldi. Keyin u yon tomoniga ag‘darildi-da, og‘zidan qop-qora, badbo‘y qon tuflab yubordi. Qon oppoq ko‘rpalarni bulg‘adi.
— U shahzodani o‘ldirdi! Qotil! — dod soldi Bosh tabib. — Soqchilar! Uni ushlanglar!
Oksunning rangi biroz oqardi, ammo u joyidan jilmadi. Jungkook qilichini butunlay yalang‘ochlab, Oksunning oldini to‘sdi. Ammo uning ko‘zlarida ham qandaydir ikkilanish bor edi. *"Nahotki xato qilgan bo‘lsa?"*
— Shoshmang! — deb qichqirdi Oksun, nafasini rostlab. — Yuziga qaranglar!
Hamma karavotga yopirildi. Valiahd shahzoda charchagan holda yana yostiqqa yotdi, ammo uning bo‘yni va yuzidagi qora tomirlar asta-sekin yo‘qolib borardi. Yuziga qizillik yugurib, nafas olishi chuqur va maromiga tushgandi. O‘lim hidi xonadan chekingandek bo‘ldi.
Oksun chuqur xo‘rsinib, yerdagi xaltasini yelkasiga oldi-da, labida tabassum bilan Jungkookka qaradi.
— Menimcha, endi menga ikki yuz nyang qarzsan, saroy kuchugi , — dedi u, xotirjamlik bilan.
Jungkookning yuzidagi taranglik yo‘qoldi. Qilichini qayta qiniga solarkan, qizga g‘alati, iliqroq nigoh bilan qaradi.
— Senga meni bunday chaqirmasligingni aytgandim... — u gapini tugatishga ulgurmadi.
Xonaning eshiklari birdaniga gumburlab ochildi. Ostonada yuzida zarracha hayajon yo‘q, egnida to‘q ko‘k shoyi kiyim kiygan, sovuq va ayyor nigohli o‘rta yoshlardagi erkak — Saroy Bosh Vaziri, hamrohlari va qurollangan lashkarlar bilan turardi. Vazirning ko‘zlari avval Jungkookka, so‘ngra qora qon qusgan, ammo tiriklik nafasi ufirib turgan shahzodaga tushdi. Uning ko‘zlarida bir soniya o‘tib ketgan norozilik va g‘azabni faqat Jungkook hamda Oksun payqab qolishdi.
— Xonadagi barcha narsani tekshiring, — dedi Vazir soqchilarga qarata . — Qo‘mondon Jeon, siz esa bu ko‘cha qizi bilan saroyga ruxsatsiz bostirib kirganingiz uchun zindonga tushasiz. Ularni ushlanglar.
Oksunning qonidagi jangovar his yana qaynab chiqdi. Savdo endi tugadi deganda, o‘yin aslidagidan ancha kattaroq va iflosroq ekanligini endi tushunib yetgandi. U yonida turgan undan salkam ikki barobar kattaroq bo'lgan gavdali yigitga qaradi — ehtimol, bu kecha ularning ikkisi ham bir kema ichida edilar. Va bu kema hozir olov ichida yonayotgandi.

Author: Seo Aseo
For : Oksun