January 11

Guardian

Guardian [ Vasiy ]

3-Bob

Oradan bir necha kun o‘tdi. Uyda o‘rnatilgan "sovuq urush" hamon davom etardi. Heyon endi bu yerda o‘zini mehmondek emas, balki uyning haqiqiy bekasidek tuta boshladi. U Hyerinning har bir qadamini, har bir nigohini kuzatar va fursat poylab uning jarohatiga tuz sepishga urinardi.
Kechki choy ustida Heyon kutilmagan mavzuni boshladi. U qo‘lidagi nafis taklifnomani stol ustiga qo‘yarkan, ko‘zlarida ayyorona nigoh paydo boʻldi.
— Jimin bilasizmi ertaga shaharning eng nufuzli oilalari yig‘iladigan an’anaviy xayriya bazmi bo‘lib o‘tadi, — dedi u ovozini biroz balandlatib, Hyerinning e’tiborini tortish uchun. — Menimcha, bu gal bazmga Hyerinni ham olib borishimiz kerak.
Hyerin qo‘lidagi finjonni sekin stolga qo‘ydi. Jimin esa qoshlarini chimirib, Heyonga shubha bilan boqdi.
— Bazmga? Hyerin hali bunday davralarga tayyor emas, — dedi Jimin qat’iy ohangda.
— Jimin nega unday deysiz? Hyerin endi kichkina qizcha emas, u o‘n sakkizga kirdi. Germaniyaga ketishdan oldin biroz dunyo ko‘rishi, o‘zining ijtimoiy tabaqasiga mos insonlar bilan tanishishi kerak. Bilasanmi Hyerin u yerda sening yoshingdagi juda ko‘p muvaffaqiyatli, aqlli yigitlar bo‘ladi. Balki o‘zingga munosib, tengdosh biror hamroh toparsan? O‘zingdan ancha katta insonlarga, — u Jiminga bir nigoh tashlab davom etdi — bog‘lanib qolishdan ko‘ra, o‘z tengingni topish senga foydaliroq bo‘ladi.
Hyerin bu gap tagidagi pichingni darhol tushundi. Heyon ochiqchasiga uning Jiminga bo‘lgan tuyg‘ulari ustidan kulayotgan, unga "o‘rningni bil" degandek ishora qilayotgan edi. Qizning ichida g‘urur va alam to‘lqini ko‘tarildi.
— Men qarshiman, — dedi Jimin ovozini pastlatib. U Hyerinning javobini kutmay, masalani yopishga urindi. — U yerda faqatgina yaxshi insonlar boʻlmasligini barchamiz bilamiz . Hyerin uyda qolgani ma’qul.

- Jimin -

Hyerin Jiminning bu gapidan keyin uning ko‘zlariga tik qaradi. Ilgari u Jiminning har bir gapini qonun deb bilar edi, lekin hozirgi "himoya" unga xuddi tutqunlikdek tuyuldi. U Jiminning qarshisida turgan mana shu ayolga va o‘zini hali ham yosh bola deb hisoblayotgan Jiminga nimanidir isbotlamoqchi edi.
— Men boraman, — dedi Hyerin kutilmaganda.
Jimin Hyerinning ilk bor uning soʻzlariga qarshilik koʻrsatayotkani tufayli hayratdan qotib qoldi.
— Hyerin, bu shunchaki o‘yin-kulgi emas, u yerda...
— Men boraman dedim, — qiz uning gapini oxirigacha eshitmadi ham . — Heyon haq gapni aytdilar. Men ulg‘aydim. O‘z tengimni topishim, hayotimni yangitdan qurishni o‘rganishim kerak. Qolaversa, Germaniyaga ketishdan oldin bu shahar bilan xayrlashishning yaxshi yo‘li bu.
Heyonning yuzida g‘olibona tabassum yugurdi. U rejasining birinchi qismi amalga oshganidan mamnun edi. Jimin esa stol ustida mushtini mahkam tugdi. U qizni asrayman deb, uni o‘z qo‘llari bilan begona nigohlar topshirayotkandek xis qilardi. Ammo Hyerinning qat’iy nigohi qarshisida birinchi marta so‘zsiz qoldi.
— Juda soz! — dedi Heyon xursandligini yashirmay . — Unda ertaga senga eng go‘zal libosni tanlaymiz. Sen u yerda haqiqiy malikadek porlashing kerak. Hamma senga qarab, Jimin qanday go‘zal qizni voyaga yetkazganiga qoyil qolishsin.
Hyerin hech narsa demay o‘rnidan turdi va xonasiga yo‘l oldi. Uning yuragi hali ham qinidan chiqar darajada tez urardi. U ertangi bazm uning hayotida qandaydir o‘zgarish yasashini bilmasdi, lekin bir narsani aniq his qilar edi: ertadan boshlab u Jiminning "mitti malikasi" bo‘lishni butunlay to‘xtatadi.

- Hyerin -

**

Shahar chetidagi shinamgina maktab yonida joylashgan rasm to‘garagi Hyerin uchun yagona tinchlana oladigan joyi edi. Bu yerda bo‘yoqlar hidi va mo‘yqalamlarning matoga ishqalanishi ostida u barcha og‘riqlarini unutar, bazan qalbidagilarni oq matoga ko‘chirardi. Uning eng yaqin sirdoshi Bona esa, Hyerinning har bir chizgan chizig‘i ortida qanday iztirob yashiringanini so‘zsiz tushunadigan yagona inson edi.
Bona doim quvnoq, har qanday vaziyatdan kulgi qidira oladigan qiz bo‘lsa-da, Hyerinning oxirgi paytlardagi holatidan jiddiy tashvishda edi.
— Yana o‘sha ranglar, Hyerin... — Bona dugonasining chizayotgan suratiga qarab xo‘rsindi. — Nega oxirgi paytlarda faqat sovuq ko‘k va to‘q binafsha ranglardan foydalanyapsan? Rasmingdan muzdek shamol esayotgandek go‘yo.
Hyerin qo‘lidagi mo‘yqalamni chetga qo‘yib, chuqur nafas oldi.
— Balki ichimda o‘sha shamol tinmayotgani uchundir, Bona. Bilasanmi... u qaytib keldi. Lekin yolg‘iz emas.
Bona ishlashdan to‘xtab, stulini dugonasiga yaqinroq surdi. U Jimin haqidagi butun haqiqatni — Hyerinning unga bo‘lgan yashirin sevgisidan tortib, o‘rtadagi amaki-jiyan munosabatlarigacha hammasini bilar edi.
— Boshqa ayol bilanmi? — Bona pichirlab so‘radi. Hyerin faqatgina bosh irg‘ab tasdiqladi. — Jin ursin! Axir u sening tuyg‘ularingni bilardi-ku. Bu senga qilingan ochiqchasiga xiyonat !
— U hech narsani bilmaydi deb o‘ylayman. Yoki o‘zini bilmaganga olyapti, — Hyerinning ko‘zlari yoshlandi. — Eng yomoni, u ayol ... u juda makkor. Menga xuddi mehribon opadek muomala qiladi, lekin nigohlarida nafratni ko‘raman. U meni uydan haydamoqchi emas, bunga aminman ammo u meni Jiminning qalbidan butunlay sug‘urib tashlamoqchi.
Bona dugonasining titrayotgan qo‘llaridan tutdi.
— Hyerin, Germaniyaga ketish haqidagi qaroring to‘g‘ri. Bu yerdagi muammolardan uzoqlashishing kerak. Lekin u bazm... oʻsha ayol seni taklif qilgani juda shubhali. U yerda seni kamsitish uchun biror tuzoq tayyorlamaganiga aminmisan?
— Balki shundaydir, — Hyerin qoʻliga qayta moʻyqalamni olib davom etdi . — Lekin men qochishdan juda charchadim. Agar u yerda mag‘lub bo‘lsam ham, mag‘rur turib mag‘lub bo‘laman. Jimin meni oxirgi marta "mitti qizcha" sifatida emas, balki o‘z yo‘lini tanlay olgan ayol sifatida ko‘rishini xohlayman.
— Baribir ehtiyot boʻlishing kerak dugonajon, — qiz xavotir bilan unga tikildi. — Boylar davrasidagi o‘yinlar sening toza qalbing uchun juda og‘irlik qiladi. Agar biror gap bo‘lsa, darhol menga qo‘ng‘iroq qil. Men o‘sha "taviya"ning sochini yulib olishga ham tayyorman!
Hyerin birinchi marta samimiy jilmaydi. Bonaning bu beg‘ubor qo‘polligi unga biroz kuch bergandek bo‘ldi.

- Hyerin -

**

Bazm o‘tkaziladigan bino oʻzgacha bezatilgan edi. Chiroqlarning yorqin nuri koʻzni qamashtirar, qimmatbaho atirlar hidi dimogʻga urilar, klassik musiqaning mayin sadosi esa quloqga yoqadigan darajada edi . Mashina eshigi ochilib, undan Hyerin tushganida, hattoki tajribali suratkashlar ham bir soniya to‘xtab qolishdi.
Qizning egnidagi tun kabi qora, nafis ipak libos uning oppoq terisini yanada yorqinroq ko‘rsatar, bo‘ynidagi o‘sha — Jimin sovg‘a qilgan kichik marjon esa chiroqlar nuri ostida porlardi. U endi mitti qizcha emas, balki barchaning e’tiborini tortuvchi, mag‘rur ayolga aylangan edi.

- Hyerin -

Jimin qizning yonida borar ekan, uning nigohlari olovdek yonardi. Atrofdagi yigitlarning Hyeringa hayrat va ishtiyoq bilan boqayotgani uning sabr kosasini to‘ldirayotgan edi. U Hyerinning yalang yelkalarini berkitishni, uni bu yerdan darhol olib ketishni istardi . Shu vaqt Heyon uning qo‘lidan mahkam tutib, jilmaygancha odamlar bilan salomlashishni boshladi.
— Ko‘ryapsizmi, Jimin? — pichirladi Heyon uning qulog‘iga. — Hamma sizninh "jiyaningiz"ga mahliyo. Menimcha, bugun u yolg‘iz qaytmaydi.
Bazm boshida hammasi yaxshi kechayotgan edi. Hyerin bir necha nufuzli oilalarning farzandlari bilan tanishdi, san’at haqida suhbatlashdi. U o‘zini shunday tutardiki, go‘yo yillar davomida mana shunday davralarda yurgandek. Ammo uning ko‘zlari beixtiyor har daqiqada Jiminni izlar, uning Heyon bilan birga turishini ko‘rganida esa qalbi azoblanardi.
Heyon esa fursatni boy bermadi. U Hyerinning bir guruh yosh yigitlar bilan suhbatlashayotganini ko‘rib, o‘zining navbatdagi fitnasini ishga soldi. U bazm tashkilotchilaridan biri , biroz sarxusht va yengiltaklikda tanilgan bir boyvachcha yigitning yoniga bordi.
— Bilasanmi, — dedi Heyon unga hiyla yaqinlashib — hammaning koʻziga tashlagangan qora ko‘ylakdagi qiz Park Jiminning "asrandisi". U iqtidorli qiz lekin juda yovvoyi. Agar unga biroz qimmatbaho sovg‘a yoki e’tibor ko‘rsatsang, u rad etmaydi. Jimin uni Germaniyaga yubormoqchi, qizcha esa ketishdan oldin oxirgi marta "ko‘ngil xushlik" qilishni istayapti.
Yigitning ko‘zlari yondi. Kayfi tarqab ketgan yigit qizga endi oʻljasiga tashna hayvondek boqa boshladi.
Bir ozdan so‘ng, Hyerin zalning chetroq qismida yolg‘iz qolganida, boyagi yigit uning yo‘lini to‘sdi. U qizga juda yaqin kelib, qo‘lidagi sharob qadahini unga uzatdi.
— Demak, mitti rassomimiz Germaniyaga ketishdan oldin sarguzashtlar qidiryapti, shundaymi? — dedi yigit surbetlarcha jilmayib. — Jimin senga ozgina "erkinlik" beribdimi? Qancha so‘rasang beraman, faqat bugun kechani men bilan o‘tkazsang bas.
Hyerin nima bo‘layotganini tushunmay, orqaga tislanib qoldi.
— Nima deganingiz bu? O‘zingizni bosing!
— Ha, ha... o‘zingni ma’suma qilib ko‘rsatma, — yigit uning bilagidan mahkam tutib, o‘ziga tortdi. — Men hammasini bilaman. Senga pul kerakmi yoki shunchaki erkakmi?
Atrofdagilarning nigohi ularga qaratildi.Pichir-pichirlar boshlandi. Hyerinning ko‘zlariga yosh keldi, u o‘zini bu iflos tuhmat o‘rtasida juda chorasiz his qildi. U yigitning qo‘lidan chiqishga urinsada kuchi yetmasdi bu chiranishdan yigit kuch bilan uni yanada qattiqroq oʻziga tortardi.
— Qo‘yib yuboring! — deb baqirdi Hyerin.
Shu soniyada Jimin paydo bo‘ldi. Uning yuzidagi daxshatli ifoda faqatgina yigitni emas atrofni oʻrab turgan olomonni ham qoʻrqishga undadi.U yigitning qo‘lini Hyerinning bilagidan shunday siltab tashladiki, yigit muvozanatini yo‘qotib yerga yiqildi.
— Unga qo‘lingni tekkizishga qanday hadding sig‘di?! — Jiminning ovozi butun zalda yangradi.
— Nima? Axir Heyon ... — yigit duduqlanib gapira boshladi.
Jiminning nigohlari chetda "hayron" bo‘lib turgan Heyonga qaratildi. Heyon esa vaziyatdan chiqish uchun darxol suhbatga qoʻshildi.
— Nimalar bo‘lyapti? Men shunchaki Hyerin bilan salomlashib qo‘yishini aytgandim, uni bunday niyati borligini bilmagandim — dedi Heyon oʻzini aybsiz koʻrsatib.
Hyerin ortiq bu yerda qola olmasdi. Uning obro‘si, g‘ururi va barcha tuyg‘ulari toptalgan edi. U yig‘lagancha zalni tark etdi. Jimin uning ortidan yugurmoqchi bo‘ldi, lekin Heyon uning qo‘lidan ushlab to‘xtatdi:
— Jimin hozir ketsangiz atrofdagilar hamma boʻlgan voqea haqiqat deb o‘ylaydi! Qolishingiz kerak.
Jimin Heyonning qo‘lini kuch bilan qisganicha oʻzidan uzoqlashtirish uchun siltab tashladi.
— Agar unga biror gap bo‘lsa, seni o‘z qo‘llarim bilan yo‘q qilaman, Heyon ! Uyda qolgan narsalaringni yigʻ va qaytib koʻzimga koʻrinma !

3-Bob
Kim Yein