May 5, 2025

Toshkent davlat yuridik universiteti talabalari uchun yuridik ta’lim va fan sohasi fidoiylari bo‘lgan faxriy professorlar nomiga atab nomli stipendiyalar joriy etildi.

Stipendiyalar fakultetlar kesimida tartibda tashkil etiladi. Ommaviy huquq fakulteti talabalari uchun – yuridik fanlari doktori, professor, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, davlat arbobi Azizxo‘jayev Alisher Abbosovich nomiga bag‘ishlab Stipendiya tashkil etildi.

Stipendiyalar faxriy professor-o‘qituvchilarning yuridik fan va ta’limdagi faoliyat yo‘nalishlari va mutaxassisliklaridan kelib chiqqan holda ilm-fan rivoji, huquqiy davlat barpo etishdagi harakatlari, ibratli hayot yo‘li, ilmiy-madaniy merosini o‘rganish va targ‘ib qilishda faollik ko‘rsatayotgan, fanlarni yuqori natijalar bilan qayt etib kelayotgan, ijtimoiy faol va jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquqiy bilimlarini oshirishda munosib ishtirok etib kelayotgan Universitet talabalariga taqdim etiladi.

Stipendiyalar uchun o‘tkaziladigan tanlovga universitetning bakalavriat yo‘nalishi 2-3-bosqichida tahsil olayotgan talabalar oldingi o‘quv yilidagi natijalariga ko‘ra ishtirok etishlari mumkin.

Kimlar ishtrok eta olmqydi?

Davlat stipendiyalari, Prezident granti hamda universitet faoliyati bilan bog‘liq tarzda e’lon qilingan stipendiyalar (“Adliya vazirligi”, “Xadicha Sulaymonova), “G‘afur G‘ulom”, “Toshkent davlat yuridik universiteti”) hamda grantlar (“Adliya vazirligi”, “Toshkent davlat yuridik universiteti”)ni qo‘lga kiritgan talabalar ushbu stipendiya uchun o‘tkaziladigan tanlovda ishtirok eta olmaydi.

Bir talaba faqat bir marotaba ushbu stipendiyani qo‘lga kiritishi mumkin. Boshqa fakultetning talabalari boshqa fakultet talabalari uchun e’lon qilingan stipendiya tanlovida ishtirok eta olmaydi.

Stipendiya uchun tanlov o‘tkazish tartibi va muddatlari

Har yili 20-may sanasiga qadar talabalar stipendiyalar uchun o‘tkaziladigan tanlovda ishtirok etish uchun fakultet dekanatlaridan ro‘yxatdan o‘tadilar va tegishli hujjatlarini taqdim etadilar.

Azizxo‘jayev Alisher Abbosovich nomiga bag‘ishlab Stipendiya uchun o‘tkaziladigan tanlovda ishtirok etish uchun nomzodlar quyidagi minimal talablarni bajargan bo‘lishi talab etiladi:

- umumiy o‘zlashtirish ko‘rsatkichi oldingi o‘quv semestri davomida 80 va undan ortiq foizni tashkil etishi (bunda o‘rganilayotgan davrda nomzod fanlardan akademik qarzdor bo‘lmasligi lozim)

- fakultetlar kesimida stipendiyasiga davogarlik qilayotgan faxriy professorlarning ilm-fan rivoji, huquqiy davlat barpo etishdagi harakatlari, ibratli hayot yo‘li, ilmiy-madaniy merosiga oid kamida 1 ta ilmiy yoki ommabop maqola hamda huquqshunoslik yo‘nalishlari bo‘yicha kamida 2 ta ilmiy yoki ommabop maqola chop ettirganligi

- Universitetda belgilangan Ichki-tartib qoidalari hamda Odob-axloq kodeksiga rioya qilishi va namunali xulq-atvori (bunda o‘qish davrida nomzodga nisbatan universitet rektorining tegishli buyrug‘i bilan intizomiy chora qo‘llanilmagan bo‘lishi kerak)

Stipendiya uchun 2-bosqichli tanlov o‘tkaziladi.

Birinchi bosqich. Test sinovlarini bajarish bosqichi.

Test sinovlari har yili 30-may sanasiga qadar o‘tkaziladi. Test sinovlarida har bir fakultetdan eng yuqori natijaga erishgan 6 nafardan talabalar tanlovning keyingi bosqichiga ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi (ballar teng bo‘lib qolgan taqdirda ishtirokchilar soni oshishi mumkin).

Ikkinchi bosqich. Ishtirokchilarning ijtimoiy faolliklarini baholash sharti.

Ushbu bosqich har yili 10-iyun sanasiga qadar o‘tkaziladi.

Tanlov komissiyasi tomonidan stipendiyani ajratish masalasini ko‘rib chiqilayotganda (2-bosqich yakuniy natijalarini aniqlashda ishtirokchilarning imkoniyatlari teng kelib qolganda) to‘liq davlat taminotida bo‘lgan yetim, ota-onasi vafot etgan chin yetim, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan hamda 1 va 2-guruh nogironligi bo‘lgan nomzodlarga ustunlik berilishi mumkin.

Qo'shimcha ma'lumotlarni Dekanatdan batafsil olishingiz mumkin.