Talabalarga grantlarni qayta taqsimlash bilan bogʻliq 5 muhim savolga javob
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-mart sanasida qabul qilingan 149-son “Oliy taʼlim tashkilotlarida talabalarga grantlarni taqdim etish va qayta taqsimlash tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga ko’ra, oliy taʼlim tashkilotlariga toʻlov-shartnoma asosida qabul qilingan talabalar keyingi oʻquv yilidan boshlab, oʻqishni davlat granti asosida davom ettirish imkoniyatiga ega boʻlishi mumkin.
Mazkur nizomga asosan, oʻzlashtirish koʻrsatkichi yuqori hamda ijtimoiy faol talabalar oʻrtasida taʼlim grantini qayta taqsimlash tartibi belgilandi
1. Taʼlim grantini qayta taqsimlashda ishtirok etuvchi talabalar qanday mezonlarga javob berishlari lozim?
Taʼlim grantini olish uchun tanlov jarayonlarida joriy oʻquv yilida “GPA”, yaʼni taʼlim dasturi boʻyicha oʻzlashtirish koʻrsatkichi 3.5 va undan yuqori boʻlgan barcha talabalar ishtirok eta oladi. Ushbu mezonga javob bera oladigan talabgorlar oliy taʼlim tashkilotining rasmiy veb-saytida onlayn roʻyxatdan oʻtgan holda tegishli hujjatlarni topshirishi mumkin. “GPA” koʻrsatkichi belgilangan balldan past boʻlgan talabalar bunda ishtirok eta olmaydi.
2. Taʼlim grantini taqsimlashda talabaning ijtimoiy faolligi ham inobatga olinadimi?
Ha, inobatga olinadi. Bunda talabaning GPA koʻrsatkichi va ijtimoiy faolligi uchun alohida ball beriladi hamda baholash boʻyicha tegishli komissiyalar tashkil etiladi. Talabaning akademik oʻzlashtirish koʻrsatkichi boʻyicha ballar tegishli GPA koʻrsatkichini “16” soniga koʻpaytirish yoʻli bilan aniqlanadi. Masalan, talabaning GPA koʻrsatkichi “5” boʻlsa, bunda talaba ushbu yoʻnalish boʻyicha maksimal 80 ball olishga muvaffaq boʻladi.
Talabaning ijtimoiy faolligi uning kitobxonlik madaniyati, “5 muhim tashabbus” doirasidagi toʻgaraklarda faol ishtiroki, talabaning darslarga toʻliq va kechikmasdan kelishi, volontyorlik va jamoat ishlaridagi faolligi singari belgilangan 11 ta mezon asosida baholanadi. Har bir mezon boʻyicha alohida ball beriladi. Bunda talaba maksimal 100 ballgacha toʻplashi mumkin.
3. Grantni qayta taqsimlash nechanchi kurslar uchun boshlab amal qiladi?
Mazkur nizom talablari ushbu nizom qabul qilingan oʻquv yilidan boshlab, talabalikka tavsiya etilganlar uchun amal qiladi. Yaʼni 2024-2025 oʻquv yilidagi I bosqich talabalari uchun, joriy yilning yoz oylarida tanlov tashkil etilib, ular uchun II bosqichdan grantlarni qayta taqsimlash boshlanadi.
4. Taʼlim grantini olish uchun hujjat topshirish qachon boshlanadi va natijalar qaysi vaqtda eʼlon qilinadi?
Talabalarning akademik oʻzlashtirish koʻrsatkichi hamda ijtimoiy faollikni aniqlash boʻyicha komissiyaga hujjat topshirish muddatlari oliy taʼlim tashkiloti tomonidan belgilanadi. Biroq, har yili 1-avgustga qadar talabgorni baholash natijalari maxsus komissiyaga taqdim etilishi hamda yakuniy natijalar, yaʼni taʼlim grantini oluvchi talabalar roʻyxati oliy taʼlim tashkilotining rasmiy veb-saytida har yili 25-avgustga qadar eʼlon qilinishi lozim.
5. Toʻliq boʻlmagan taʼlim granti ham mavjudmi?
Taʼlim granti soni ikkinchi va undan keyingi kurslar uchun taʼlim yoʻnalishi, taʼlim tili va kurslar kesimida talabalar sonidan kelib chiqib, oliy taʼlim tashkiloti rektori tomonidan toʻliq taʼlim granti hamda toʻliq boʻlmagan taʼlim grantiga ajratiladi. Bunda:
toʻliq taʼlim granti – taʼlim granti bazaviy sonining 50 foizidan kam boʻlmagan miqdorda;
toʻliq boʻlmagan taʼlim granti – taʼlim granti bazaviy sonining toʻliq taʼlim grantidan qolgan qismining ikki baravari miqdorida belgilanadi.
Grant turiga qarab imtiyozlar ham farqlanadi:
Toʻliq taʼlim grantida talabaning oʻqilish xarajati toʻliq davlat byudjetidan qoplab beriladi hamda umumiy tartibda stipendiya toʻlanadi.
Toʻliq boʻlmagan taʼlim grantida esa, toʻlov-kontrakt summasining 50 foizi davlat byudjetidan qoplab beriladi. Biroq, bunda stipendiya toʻlanmaydi.
Taʼlim granti bazaviy soni deganda oliy taʼlim tashkilotining tegishli taʼlim yoʻnalishiga kirish imtihonlari natijasiga koʻra, davlat granti asosida 1-kursga talabalikka tavsiya etilgan abiteriyentlar soniga teng grant oʻrni tushuniladi. Masalan, oliy taʼlim tashkilotining tegishli yoʻnalishiga 50 ta talaba davlat granti asosida qabul qilingan. Demak, bunda toʻliq taʼlim granti soni 25 tadan, toʻliq boʻlmagan taʼlim granti soni 50 tadan kam boʻlmasligi lozim.
Taʼlim grantlarining soni va oʻzaro nisbati taʼlim tashkilotlarining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinadi.