January 24, 2025

“Men Nuhning kemasi emasman axir...”

Adabiyotshunos Yashar Qosimov 60-yillar sheʼriyatiga bagʻishlangan tadqiqotida “adabiy qahramonlarning eng sezgiri, hayotdan adabiyotga koʻchgan, badiiy obrazga aylangan ilk adabiy zamondoshimiz ham lirik qahramondir”, deydi. Olim 60-yillar sheʼriyatga qadam qoʻygan navqiron avlod lirik qahramoni qaysi xislat va qirralari bilan yangilik qilganini tadqiq etadi.

Juda ajoyib taʼrif. Nasr ogʻirkarvonligi hisobiga sheʼrda adabiy zamondosh tez paydo boʻladi. Xuddi bir chaqmoq chaqnagani kabi oniy lahzada oʻtib ketadi. Ammo shuurda qoladi.

Har avlod oʻz davrining adabiyotini barpo qilarkan, ijodkorning insonga va ijtimoiy voqelikka munosabatidagi oʻziga xoslik muhim nuqta demakdir. Najmiddin Ermatovning “Turon sogʻinchi” sheʼriy toʻplamidagi sheʼrlar mutolaasi shunday xulosa beradiki, kitobdagi lirik qahramon insonga va ijtimoiy voqelikka samimiy jonkuyarlik, oʻzgacha hamdardlik bilan munosabatda boʻladi. Millatdoshiga bir doʻst, bir aka-yu bir uka kabi ruhan yaqinlashib, uni ruhlantirmoqchi boʻladi, baʼzan koyib, tanbeh, baʼzan esa taskin beradi, baʼzan xafa boʻladi. Qalbidagi ogʻriqlari bilakdan boʻrtib chiqqan tomir kabi koʻrinib turadi:

Odamlik siyohi oʻtirmas tanga,

Odamlik qolipi bu lahza jimday.

Vahshiy jondor kabi oʻkiraman va

Munis ohu yangligʻ yigʻlayman tinmay. (“Turon sogʻinchi”, -B.66)

Najmiddin Ermatov ijodini 9-10-yillardan beri kuzatib kelaman. Avval kam yozadiganday taassurot qoldirgan. Lekin oʻylashimcha, koʻp yozib, kam eʼlon qiladi. Oʻziga nisbatan talabchanligi, doimiy oʻqib oʻrganish bugungi yutuqlariga pillapoya boʻlgani shubhasiz. Avvallari lirik sheʼrlari koʻp edi, keyinchalik ijtimoiy mavzularda yoza boshladi, ijodida shiddatli ruh paydo boʻldi. Albatta, ijodkor evolyutsiyasi turgʻunlikda qolib ketmasligi, doim oʻsib, yangilanib, rivojlanib, rang-baranglashib borishi kerak.

Najmiddin Ermatovning tonggi shudringday sof, harir va nafis sheʼriyati bor. Unda tengqurlarimizda kam uchraydigan manzara lirikasini koʻramiz. Najmiddin qalbida togʻlarni olib yursa kerak. Bu togʻlar ichida olis Dehqonobodda oʻtgan goh baxtiyor, goh maʼsum bolaligi mujassam.

Maysalar oʻpichin shudringga sotib,

Saharlar yotganda tushlarga botib,

Qorongʻu kechani, molini haydab

Otam ketar edi tongni uygʻotib.

Tonggi qishloq manzarasi. Oddiy pastoral (Yevropada oʻrta asrlarda qishloq manzaralari ulugʻlanadigan, ilohiylashtiriladigan pastoral adabiyoti mavjud boʻlgan) adabiyot emas. Sheʼrda ham tabiat goʻzalligi, hayot shavqi bilan birga tirikchilik azoblari oʻrtasidagi kontrast bor. Shu parallellikni “baxt” deb atasa boʻlar. “Maysalarning shudringga oʻpich sotishi”, “saharlarning tush koʻrishi” kabi jonlantirishlar sheʼrga poetik goʻzallik bagʻishlagan. Shoir oʻzi tabiat goʻzalligini tasvirlayapti, ajoyib oʻxshatish va jonlantirish bilan goʻzallikning kvadratini taqdim etyapti. Keyingi bandni oʻqiymiz:

Osmonda soʻnardi yulduzlar bir-bir,

Hilol tun bagʻriga qoʻyar edi bosh.

Saharlab erinmay onam oʻt yoqqan

Tandirdan erinib chiqardi quyosh. (“Turon sogʻinchi”, -B.79)

Oy Dehqonobod sahnasini tark etyapti. Ota mollarni haydagancha tongni uygʻotib ketdi, ona non yopgan tandirdan quyosh chiqib kelyapti. Ajoyib peyzaj, sof manzara lirikasi. Bu manzara har birimizning bolaligimizni yodimizga soladi. Tanish manzaralarga shoir sanʼatkorona vizuallik bergan. Soʻz bilan chizilgan tasvirning esa taʼsiri kuchli boʻladi.

Shoir evolyutsiyasi haqida gapirdim. Avval sheʼrlarida ayrim ifoda usullari Abduvali Qutbiddin ohanglarini esga soladiganday tuyulardi. Albatta, taʼsir boʻlishi tabiiy. Ammo shoir ichida oʻzi baliqday erkin suza oladigan qadimiy ohanglarni topdi. Uzoqdan emas. Oʻz qalbida mulgib yotgan mudroq aytimlarni turtib uygʻotdi. Baxshiyona aytimlar shoirning sheʼriyatiga yanada joziba olib kirdi.

Bobom soʻzi oʻngligim,

Momom koʻzi mungligim,

Togʻlardan uloqdimu

Unutdimmi kimligim?..

Qirlar bagʻrida otar

Armonday toʻzib yotar,

Qoʻzi quvlagan bola

Tayogʻin ortga otar...

Shaharga kelib daydib,

Koʻrganimni koʻp aytib,

Kuyganimni xoʻp aytib,

Chol-kampirning shamdayin

Soʻnganin bir aytmadim. (“Turon sogʻinchi”, -B.137)

Najmiddin ijtimoiy ruhdagi sheʼrlarida arxaik soʻzlar, tarixiy ishoralar orqali obrazli fikrlashga, mushohadalarini ramziy tilda ifodalashga harakat qiladi. Bunda baʼzan tuygʻu va fikrni yalangʻoch beradi. Bu menga jang maydonida turgan askarning havoda qilich yalangʻochlashini eslatadi.

Kengliklarda tugʻilib, sheʼriyat kengliklari uzracharx urayotgan Boʻztoʻrgʻay, satrlarida dovyurak ruhni, millatsevarlikni ulugʻlovchi Koʻk boʻri kabi poetik obrazlari bilan oʻquvchiga ajoyib emotsional kayfiyat beradigan, mushohadaga chorlaydigan, vatanni sevishga chaqiradigan “Turon sogʻinchi” kitobi “Izlam” turkumini bezab turibdi. Kitob muallifiga yanada ijodiy barkamollik, omad va zafarlar tilayman. Bardavom boʻlsin!

👉 @xurshidabdurashid