February 16

BOLALAR KONTENTINI RIVOJLANTIRISH MARKAZI TOMONIDAN O‘TKAZILGAN IJODIY TANLOVLAR

Markaz tomonidan 2025-yil 28-avgustdan 28-sentyabrga qadar bolalar va o‘smirlarda matematika, fizika, informatika, robototexnika kabi fanlarga qiziqishni uyg‘otish, ularni innovatsion sohalarga yo‘naltirish va kelajakdagi muvaffaqiyatlariga ilhom bag‘ishlash, ushbu fanlarning ahamiyatini jozibali va tushunarli tarzda yoritib beradigan badiiy film, chekka hududdagi bolalarni futbolga jalb etish, millat farzandlarida chempionlik ruhini uyg‘otish, bolalarga sportning birlashtiruvchi kuchini, maqsadga erishish yo‘lidagi sabot va intilishning ahamiyatini yetkazish, bu orqali bolalarni nafaqat sportda, balki hayotda ham katta yutuqlarga erishishga ilhomlantiradigan badiiy film, bolalarning psixologiyasi, o‘z-o‘ziga bo‘lgan ishonchi, bilim olish istagi, hayoti va sog‘lig‘iga bullingning salbiy ta’sirini ko‘rsatadigan, bolalarning o‘z o‘rnini topishida ko‘maklashish, bunday vaziyatlarning oldini olish va sog‘lom muhit yaratish bo‘yicha amaliy yechimlarni taklif etadigan badiiy film hamda bolalarga bojxona xodimlarining fidoyiligi, xizmat itlari bilan bog‘liq holatlar haqida tasavvur berish va ularda bojxona xodimi bo‘lishga qiziqish uyg‘otadigan badiiy film loyihalariga, shuningdek, raqamli texnologiyalar sohasida ilk startaplar yaratish, bolalarni innovatsiya, IT va zamonaviy texnologiyalar olamiga oshno etib, ularda ijodkorlik va tashabbuskorlikni rivojlantirishga xizmat qiladigan, sohaning ahamiyati haqida keng tushunchalar beradigan serial loyihasi va o‘smir yoshdagi qizlar duch keladigan muammolar va ularning yechimlarini hayotiy hamda ta’sirchan tarzda aks ettiradigan, qizlarning mustaqil qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantiradigan va turli qiyinchiliklarni qat’iyat hamda matonat bilan yengib o‘tishi keng yoritiladigan serial loyihasiga ijodiy tanlovlar e’lon qilindi.

Bundan tashqari, bolalarda harbiy-vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish, harbiy bo‘lish hamda Vatan himoyasiga ishtiyoq uyg‘otish (4 qism), zilzila, is gazi, yong‘in xavfsizligi va ochiq suv havzalarida cho‘milish kabi holatlarda to‘g‘ri harakat qilish qoidalarini bolalarga sodda va oson tilda tushuntirish (5 qism), suvdan oqilona foydalanish, tejamkorlik va suv zaxirasini asrash (1 qism) bolalarda ekologik madaniyatni shakllantirish, tabiat muhofazasi va mamlakatimizning tarixiy joylari bilan tanishtirish (10 qism) bolalar o‘rtasida huquqiy madaniyatni shakllantirish, ularga o‘z huquq va burchlarini anglatish, bolalar qonunbuzarligining oldini olish (5 qism) mavzularidagi musiqiy-animatsion kliplarga, bolalarga shaxsiy gigiyena, noto‘g‘ri ovqatlanish, kam harakatlilik, uyqu rejimi buzilishi kabi sog‘liqni saqlash bilan bog‘liq muammolar va tibbiy madaniyat haqida tushuncha berish (15 qism), qishloq xo‘jaligining turli yo‘nalishlari bilan bog‘liq voqealarni kulgili va ta’limiy tarzda tasvirlash (5 qism) bolalarning mahallada jamoat ishlaridagi ishtiroki, keksalar va mahalladoshlar bilan o‘zaro munosabatlarini aks ettirish (15 qism) bolalarga energiya resurslarini tejash, elektr tokidan to‘g‘ri foydalanish kabi ko‘nikmalarni o‘rgatish (5 qism) bolalarni milliy madaniyat, san’at, adabiyot, tarix va ma’naviy qadriyatlar ruhida tarbiyalash (20 qism) bolalarning kundalik hayotida uchraydigan voqealarni qiziqarli syujetlar orqali yumor bilan ochib berish (10 qism), sanoat obyektlari va attraksionlarda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ehtiyot bo‘lish haqida bolalarga tushuncha berish (5 qism) mavzularidagi hajviy kinojurnal loyihalariga, bugungi kun bolalarini jalb eta oladigan, milliy qadriyatlarimizni targ‘ib etuvchi milliy anime hamda bolalarda moliyaviy savodxonlik ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan raqamli o‘yin loyihalariga ijodiy tanlovlar e’lon qilindi.

2025-yilning 13-oktyabridan 13-noyabriga qadar “Yo‘l-Bars berar dars” nomli bolalarga yoʻl harakat qoidalarini oʻrgatuvchi ko‘p qismli multserial loyihasiga, 2025-yil 15-oktyabrdan 1-noyabrga qadar voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi dolzarb muammolarga bag‘ishlangan, ularning onlayn qimor o‘yinlari va psixotrop moddalar savdosiga aralashib qolishini oldini olishga qaratilgan serial loyihasiga, 2025-yil 16-oktyabrdan 1-noyabrga qadar “Ulug‘lar bolaligi” turkumi doirasidagi “Temurbek” tarixiy-badiiy filmiga, 2025-yil 18-oktyabrdan 3-noyabrga qadar “Ibn Sino” tarixiy-badiiy filmiga, 2025-yilning 22-oktyabridan 4-noyabriga qadar Zahiriddin Muhammad Boburning bolaligi haqidagi “Boburning bolaligi” tarixiy badiiy-publitsistik filmiga ijodiy tanlovlar e’lon qilindi. 2025-yilning 21-oktyabridan 3-noyabriga qadar esa bugungi kun bolalarini jalb eta oladigan, milliy qadriyatlarimizni targ‘ib etuvchi milliy anime loyihasiga qayta tanlov e’lon qilindi.

2025-yil 28-oktyabrdan 28-noyabrga qadar bolalar adabiyotining yangi namunalarini yaratish maqsadida “Bolalar uchun yozamiz”– ertak-romanlar, ertaklar va masallar yo‘nalishida ijodiy tanlovlarga e’lon berildi. 2025-yil 30-oktyabrdan 30-noyabrga qadar mualliflar jamoalari o‘rtasida maktabga tayyorlov guruhlari va boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun “Milliy madaniyat ensiklopediyasi” loyihasiga ijodiy tanlov, 2025-yil 10-noyabrdan 20-noyabrgacha voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi dolzarb muammolarga bag‘ishlangan, ularning onlayn qimor o‘yinlari va psixotrop moddalar savdosiga aralashib qolishini oldini olishga qaratilgan serial loyihasiga qayta tanlov e’lon qilindi.

2025-yil 18-noyabrdan 18-dekabrga qadar bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan “Millat bayrogʻi” nomli badiiy filmiga ijodiy tanlov, 2026-yil
6-yanvardan 17-yanvargacha bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan “Millat bayrogʻi” nomli badiiy filmga qayta ijodiy tanlov o‘tkazildi.

Shu yilning 9-fevral sanasidan 9-mart sanasiga qadar Alisher Navoiy dostonlari hamda boshqa mumtoz adiblar asarlari asosidagi to‘liq metrajli animasion film loyihasiga ijodiy tanlov bo‘lib o‘tadi.