April 7

Abdulla Qodiriy. Yig‘indi gaplar (maqola)

| Кирилл ёзувидаги матн пастроқда

O‘qug‘uchilar bilan dardlashmaganimga qariyb bir yarim oy bo‘ldi.

— Qaysi burchakda uxlab qolding? — deb so‘rama, jiyan. Bu o‘lkada nima ko‘b ekan, uxlaydirg‘an burchak va unda o‘mpayib, to‘mpayib uxlag‘uchi menga o‘xshash ovsarlar! Men senga aytsam, o‘zbekning ishchisi, dehqoni, maorifi, madaniyati, iqtisodi, shaltay-baltayi, xullas, barchasi ham uxlaydi. Ammo o‘choqboshini [1] xoli topqan olaqarg‘alar [2] bo‘lsa, xo‘bam bilgan noma’qulchiligini qilayapti! Qilaversin, egasiga tovoq-qoshiq kerak bo‘lsa, axir bir kun qatron-patron qilib olar-ov, og‘ayni! Ish qilib o‘lmasdan bahorga chiqib olsaq bo‘pti… «O‘psa netar, yuvsa ketar», degan ekan ota-bobo.

Men shu dunyodagi odamzodning kuydi-pishtisini temirtakda qiynab o‘ldursam deyman:

— Yerlilashdirish! O‘zbeklashtirish! Falonchining vijdoniga kuydirgi chiqg‘anmi? O‘lib bo‘ldik-ku! (To‘ng‘iz qo‘psang yo‘q dedimmi!) Yaram yangilandi! Ko‘rchipqonimni kimning oldida yoray?! (Buvingni oldida yor!) Mahallamdan munchasi ishsiz, falonchasi och! (Och bo‘lsa kafanini hozirla!)

Ko‘chaga chiqsang, ko‘ringan kishidan eshitadirgan so‘zing shu. Qulog‘ingg‘a paxta tiqmasang, boshqa iloji yo‘q!

— Voy o‘sha kuydi-pishtini yig‘ib, terib Egam chaqirsin!

Hali-ku bu og‘zaki g‘ishg‘isha. Ammo kechagi kun gazetda Oxunboboyevdek [3] bitta sarkoringdan [4] ham fe’lim aynay yozdi. Hammadan ham buniki qiziq. Madanglik [5] maorif xodimchilari qurultoyida ma’ruza o‘qib nima deydi, deng:

— «Jumhuriyatimizda har 200 murassa’ [6] chaqirim yerga, yoxud har 4909 odamg‘a bitta maktab bor. Yoki o‘qish yoshida bo‘lg‘an bolalarning har (emas, xo‘tuk) 979 tasiga bir maktab to‘g‘ri keladir!» [7]

Ana bu miyasi achimaganning gapiga qarang endi! Xudog‘a shukr, qorning to‘q, qayg‘ung yo‘q, bas, tinchkina faroyizxonlik [8] qilmasdan oqsoqollig‘ingni qilaversang bo‘lmaydimi, usta Yo‘ldosh!

Tuzik, chaqirim-paqirimingga manim ham qarshilig‘im yo‘q. Rahmatlik bo‘boy: «Sakkiz chaqirim [9] bir tosh bo‘ladi, bir toshni yaxshi oting bo‘lsa bir soatda bosasan», deb aytar edi. Ikki yuz chaqiriming… hisobning kallasi minan 24 tosh bo‘lsa, haligidek oting chaman [10] bo‘lmasa, bir qo‘nib ertasiga tush chog‘ida arang yetib borasan. Uloving eshak bo‘lsa-ku, niyatni safarga qilib, ro‘zangni bahuzur yeyaver! [11]

Gap qayerda edi, hali… ha, aytkandek har besh ming odamg‘a bitta maktab yoxud 979 tagina uyida enasini zeriktirgan go‘dakka bittagina ermak to‘g‘risida edi.

Shu zamonadagi ba’zi odamlarg‘a ajab hayron qolaman. Bir ming bolag‘a bitta maktab bo‘lsa nima-yu, o‘n minggiga [12] bitta to‘g‘ri kelsa, sen bilan menga nima hasrat! Basharti muddao mirzaboshilarni ko‘paytirib, idoralarni yerlilashtirish bo‘lsa, azbaroyi Lenin va Marks uzatkan oyoqingni yig‘ma! [13] Ko‘chaga chiqsang har qadamda bitta mirzaboshi, hasratidan chang burqiydi: ish yo‘q, kuch yo‘q, o‘n to‘qquzta yerlilashkan idoradan hafta o‘tmay chirting-pirting qog‘ozini olibdir. Rostini aytsam, «Qul o‘lmas, rizqi kamimas» maqolini uncha-muncha odam to‘qib tashlamag‘an. Darhaqiqat, har besh mingiga bitta maktab bo‘lsa ham bechoralar yig‘lab, siqtab, yag‘iriga kul sepib, bir kunini ko‘rayapti. Buning ustiga kun sayin tappa-tappa kelib turg‘an beshik-belik va qadr, hurmatlik mehmonlarga ham sirrini bergani ma’lum emas [14]. Endi bir minggiga bitta maktab tushkan har besh mingning xo‘tuklari ham bir kunini ko‘rib ketar, deb o‘ylaymiz. Bitta-yarimtaning o‘chog‘iga kosov bo‘lar yoki otboqarmi, axlat qoqarmi, ishqilib bir balo bo‘lar-ku! Bas, menga qolsa, mundog‘ mayda gaplarning qayg‘usini chekish hech arzimaydir. [15]

Ensamni qotirg‘an gaplarning yana bittasi anovi kun bo‘lib kechkan madanglik maorif xodimchilarining qurultoyidir. To‘g‘risini aytkanda, ziyonlilarni foydalik qilish masalasidir. Lekin ashaddiy qahqahamga mujib bo‘lg‘an gap ham shunisi. O‘rtoq Akmalcha Cho‘lponboyning:

Ziyolimassen ziyonli xezlardan,

Upa-elik oludasi qizlardan.

Oxund bobo o‘g‘li kabi er kerak,

Boyonlardan oling‘usi yer kerak! –

degan she’ri bilan ziyonlilarining aftiga tufurgani holda yana nima uchundir imoni susayib, «Xezlar tavba-tazarru qilsa, firqaning quchog‘i ularga ochiq!» deb qo‘yadir.[16] Darhaqiqat, xezlardan bittasi tavba qilib, istig‘for[17] aytsa, Akmal jindak bu tavbaga ishonadimi, yo‘qmi, hozircha uning ichiga kirib chiqg‘an maxluq yo‘q.

Biroq bunga ishonar ekan, Akmalingga aytadirgan ikki og‘iz gapim bor: Senga misol berish uchun Shayx Sa’diyning hikmatiga va yo Kalilaning Dimnasiga [18] murojaat qilib o‘lturmayman. Misolni xudda naq mutakallimdan [19] eshit:

Men har kuni Xudog‘a to‘qquz martaba osiy bo‘lib, o‘n sakkiz martaba tavba va istig‘for aytaman. Isyonim [20] bepoyon bo‘lg‘anidek, istig‘forim hadsiz va lekin isyonsiz qolg‘an soatimga juda oz uchrarman! Bas, onglag‘ilkim, ey Akmal! Tavbaga bo‘yin bukkan banda, bandalarning eng yaramasidir, qulliq bunyod qilg‘an rasvo-rasvolarning yana ashaddiy rasvosidir. O‘z butunlig‘ini saqlay olmag‘an, boshqag‘a en bo‘laoladir, degan gapni hech bir kitobda uchratolmadim. Aytmakchimanki, tavbasi boshini yesin, sen bo‘lsang ishingdan qolma, otingni chuh, de! Haqiqat oldida bo‘yin egish tovbadir, o‘zgasi g‘ovg‘adir!

Shu oralardag‘i muhum hangamalarning yana bittasi «Milliy qo‘shinning firqa kanferensiyasi» deb arz qilsam, ehtimolki, hech kimning ko‘ngliga og‘ir kelmas.

Nafsilamir, qilay desa ishi, yotay desa og‘rig‘i yo‘q yigitlarimizni basharti muvofiq ko‘rilsa va gazarmalaringiz bo‘sh bo‘lib, ko‘ngillariga gap kelmasa, qo‘llarig‘a miltiq topilmag‘anda ham bitta-bitta ketmandasta berib, qo‘ruqchilikka qabul qilish chakki bo‘lmas, deb xayol qilurmiz. Yana ra’yi o‘zlarinikidir.

Yer islohoti munosabati bilan O‘zbekistonda boshqa islohotlar ham yasalar emish, deb eshitdim. Darhaqiqat, mamlakatda islohotga muhtoj masalalar ko‘bdir. Masalan, kattalarga aql va basirat [21] islohoti, muharrirlarga til va ma’no, shoirlarga ilhom va uslub (ma’no bo‘lmasa ham mayli), yoshlarg‘a axloq va kiyim, xotinlarga jabru zulm, domlalarg‘a din va salla, «Mushtum» yozishguchilarig‘a faqat shaxslarning yoqasiga yopisha berishlik va boshqa mavzular to‘g‘risida o‘ylab ham qaramaslik va hokazo islohotlarga nihoyat darajada ehtiyoj ko‘bdir. [22]

Ovsar.

«Mushtum», 1926-yil, 25 fevral, 2-son, 2–3-betlar.

[1] O‘choqboshi — hukumat.

[2] Olaqarg‘a — kelgindi.

[3] Yo‘ldosh Oxunboboyev — O‘zbekiston SSR MIK raisi.

[4] Sarkor — rahbar.

[5] Madanglik — madaniy.

[6] Murassa’ — qiymatli toshlar bilan bezalgan, ma’ruzachining so‘zida bu so‘z murabba (kvadrat) deb berilgan.

[7] Yo‘ldosh Oxunboboyevning ma’ruzasi «Qizil O‘zbekiston» gazetasining 1926-yil, 4 fevral, 29-sonida bosilgan.

[8] Faroyizxonlik — hisobdonlik.

[9] Chaqirim — 1,06 kilometrga teng uzunlik o‘lchovi.

[10] Chaman ot — qirchang‘i, sekin, yuradigan ot yoki eshak.

[11] Ma’lumki, safardagi odam ro‘za tutmaydi, ro‘zangni ochaver, bari bir yetib borolmaysan, demoqchi.

[12] Mirzaboshi — bu yerda: xizmatkor, malay ma’nosida.

[13] Oyoq yig‘maslik — yo‘ldan, niyatdan qaytmaslik.

[14] Bu yerda chet ellardan va markazdan kelayotgan mehmonlar nazarda tutilyapti.

[15] Davlat boshqaruv apparatini, umuman, Turkistonda «Milliy jumhuriyatlar» hayotini milliylashtirish, o‘zbeklashtirish idora xat-hujjat ishlarini o‘zbek tilida yuritish, deganda, barcha boshqaruv apparatini yerli aholi qo‘liga topshirish degan ma’no tushuniladi. 1919-yil 12-iyulda RKP(b) MK Turkiston respublikalarining xalq komissarlariga «Yerli aholini keng va mutanosib ravishda davlat faoliyatiga jalb etish zarurligi to‘g‘risida» jiddiy farmoyish bergan edi. RKP(b) MK bu masalani milliy jumhuriyatlar tuzilgandan so‘ng, chet ellik mehmonlar kelib milliy masalalar jumhuriyatlarda qanday hal etilayotganligini ko‘rib, bilib ketayotganlaridan so‘ng qayta ko‘rishga majbur bo‘ldi.

RKP(b) MK o‘zining 12-qurultoyida har bir jumxuriyatda idora ishlarini milliylashtirish masalasini qayta ko‘radi. 1924-yil 29-mart sonida «Zarafshon» gazetasining muxbiri «Mushtum», tanqiding o‘rinsiz» nomli maqolasida shunday deb yozib o‘tadi: «Hozirgi xo‘jalik ishlarimizning to‘qson foizini, balki ko‘pragi ovro‘polik o‘rtoqlarning qo‘lidadir. Shu vaqtgacha bularning oralarida sinfiy ayurma masalasi qo‘zg‘alganini ko‘rmaymiz. Balki ish nuqtayi nazaridan oddiy kishilar bir tarafda tursun, xo‘jayun va oqsuyaklar qo‘yulgandir. Chunki ular o‘zlarining mutaxassisliklari orqasida ko‘b vaqt zarar o‘rniga foyda ham bera olurlar…»

Xalq komissariati qoshida ochilgan yerlilashtirish komissiyasi joylardan sinfiy mansubiyati, ijtimoiy ahvolini tekshirib, o‘lka va viloyat idoralariga tajriba uchun ko‘plab kadrlarni yig‘ib jo‘natadilar. Lekin bu tadbir ham samarasiz qolayotgani; yuborilgan kadrlarning hech biri layoqat va iste’dodi e’tiborga olinmagani, boshqarma mudirligi faoliyatini o‘rganishga qo‘yilmay muxbirlik, kassirlik, qog‘oz tikish kabi eng oddiy ishlar bilan ovora bo‘lib yurganlari haqida muxbirlar gazeta maqolalarida yozib o‘tadilar. Bolsheviklarning bu tadbirlarini Georgiy Safarov «Mustamlaka inqilobi, Turkiston saboqlari» (1921 y.) nomli kitobida «Mustamlakachilarga yerli xalqdan chiqqan haqiqiy rahbar, o‘zlari bilan bir safda turadigan teng huquqli o‘rtoq kerak emas edi. Ularga tilmochlar va ijrochi mirshablar zarur edi», deb izohlab o‘tadi.

Oktyabr inqilobining o‘n yilligi munosabati bilan Maskovga borgan fransuz ishchi delegatsiyasining bir guruhi Turkistonga ham tashrif buyuradi va ular safarlari yakunida o‘z taassurotlari bilan deklaratsiya e’lon qiladilar. Shu deklaratsiya munosabati bilan 1928-yilda Parijda yashab turgan turkistonlik muhojir, vatanparvar Mustafo Cho‘qay o‘g‘li «Turkiston sho‘rolar hokimiyati davrida» nomli risolasini yozadi. Adib Abdulla Qodiriyning ushbu «Yig‘indi gaplar»» feletonida ko‘tarilgan ayni shu masalalarni Mustafo Cho‘qay o‘g‘li ham o‘z risolasida batafsil tahlil qilib o‘tadi.

[16] 1926 va 1927-yillarda Toshkentda O‘zbekiston madaniyat va ma’orif xodimlari qurultoyi bo‘lib o‘tadi. Bu qurultoyda bolsheviklarning mamlakatda o‘tkazayotgan bir necha xil kampaniyalaridan biri ziyolilar masalasi ko‘riladi. Unda ziyolilar ikkiga: proletar va eski ziyolilar guruhiga bo‘linadi. Eskilarga millatchi, panturkist yorliqlari osilib, ularga qarshi qattiq siyosiy hujum boshlanadi. Maxsus qarorlar qabul qilinib, eskilar san’at, adabiyot, matbuot ishlaridan, ayniqsa, rahbarlik lavozimlaridan chetlashtiriladi, ba’zilari ta’qib ostiga olinadi (arxivlarda bu ikki qurultoyga oid materiallar juda ko‘p). Kurultoyni Akmal Ikromov ma’ruza qilib ochadi, bu ma’ruza «Qizil O‘zbekiston» gazetasining 1926-yil 21 yanvar, 18-sonida bosilgan.

[17] Istig‘for — kechirim so‘rash, tavba qilmoq.

[18] «Kalila va Dimna» shahzodalarga ta’lim-tarbiya beruvchi, pand-nasihat uslubida yozilgan hindlarning «Panchatantra» kitobi. Bu yerda A. Ikromov shahzodalardek nazarda tutilyapti.

[19] Mutakallim — so‘zlovchi; notiq, o‘zimdan.

[20] Osiy, isyon — Allohning amrini bajarmaslik.

[21] Basirat — ko‘rish; ko‘zni ochish.

[22] Bu maqola bosilgach Qodiriy O‘zbekiston jinoyat qonunlari majmuasining «Aksilinqilobchi…», «Rahbar xodimlarni obro‘sizlantirish…» moddalari bilan qoralanadi, jinoiy ish qo‘zg‘atiladi, uch oylik so‘roq-tergovdan so‘ng O‘zbekiston Oliy Sudi Qodiriyni sudlaydi. Sudda Qodiriy o‘zini oqlab, uzrnamo ma’ruza so‘zlaydi.

1925-yil.


Абдулла Қодирий. Йиғинди гаплар (мақола)

Ўқуғучилар билан дардлашмаганимга қарийб бир ярим ой бўлди.

— Қайси бурчакда ухлаб қолдинг? — деб сўрама, жиян. Бу ўлкада нима кўб экан, ухлайдирған бурчак ва унда ўмпайиб, тўмпайиб ухлағучи менга ўхшаш овсарлар! Мен сенга айтсам, ўзбекнинг ишчиси, деҳқони, маорифи, маданияти, иқтисоди, шалтай-балтайи, хуллас, барчаси ҳам ухлайди. Аммо ўчоқбошини [1] холи топқан олақарғалар [2] бўлса, хўбам билган номаъқулчилигини қилаяпти! Қилаверсин, эгасига товоқ-қошиқ керак бўлса, ахир бир кун қатрон-патрон қилиб олар-ов, оғайни! Иш қилиб ўлмасдан баҳорга чиқиб олсақ бўпти… «Ўпса нетар, ювса кетар», деган экан ота-бобо.

Мен шу дунёдаги одамзоднинг куйди-пиштисини темиртакда қийнаб ўлдурсам дейман:

— Ерлилашдириш! Ўзбеклаштириш! Фалончининг виждонига куйдирги чиқғанми? Ўлиб бўлдик-ку! (Тўнғиз қўпсанг йўқ дедимми!) Ярам янгиланди! Кўрчипқонимни кимнинг олдида ёрай?! (Бувингни олдида ёр!) Маҳалламдан мунчаси ишсиз, фалончаси оч! (Оч бўлса кафанини ҳозирла!)

Кўчага чиқсанг, кўринган кишидан эшитадирган сўзинг шу. Қулоғингға пахта тиқмасанг, бошқа иложи йўқ!

— Вой ўша куйди-пиштини йиғиб, териб Эгам чақирсин!

Ҳали-ку бу оғзаки ғишғиша. Аммо кечаги кун газетда Охунбобоевдек [3] битта саркорингдан [4] ҳам феълим айнай ёзди. Ҳаммадан ҳам буники қизиқ. Маданглик [5] маориф ходимчилари қурултойида маъруза ўқиб нима дейди, денг:

— «Жумҳуриятимизда ҳар 200 мурассаъ [6] чақирим ерга, ёхуд ҳар 4909 одамға битта мактаб бор. Ёки ўқиш ёшида бўлған болаларнинг ҳар (эмас, хўтук) 979 тасига бир мактаб тўғри келадир!» [7]

Ана бу мияси ачимаганнинг гапига қаранг энди! Худоға шукр, қорнинг тўқ, қайғунг йўқ, бас, тинчкина фаройизхонлик [8] қилмасдан оқсоқоллиғингни қилаверсанг бўлмайдими, уста Йўлдош!

Тузик, чақирим-пақиримингга маним ҳам қаршилиғим йўқ. Раҳматлик бўбой: «Саккиз чақирим [9] бир тош бўлади, бир тошни яхши отинг бўлса бир соатда босасан», деб айтар эди. Икки юз чақириминг… ҳисобнинг калласи минан 24 тош бўлса, ҳалигидек отинг чаман [10] бўлмаса, бир қўниб эртасига туш чоғида аранг етиб борасан. Уловинг эшак бўлса-ку, ниятни сафарга қилиб, рўзангни баҳузур еявер! [11]

Гап қаерда эди, ҳали… ҳа, айткандек ҳар беш минг одамға битта мактаб ёхуд 979 тагина уйида энасини зериктирган гўдакка биттагина эрмак тўғрисида эди.

Шу замонадаги баъзи одамларға ажаб ҳайрон қоламан. Бир минг болаға битта мактаб бўлса нима-ю, ўн минггига [12] битта тўғри келса, сен билан менга нима ҳасрат! Башарти муддао мирзабошиларни кўпайтириб, идораларни ерлилаштириш бўлса, азбаройи Ленин ва Маркс узаткан оёқингни йиғма! [13] Кўчага чиқсанг ҳар қадамда битта мирзабоши, ҳасратидан чанг бурқийди: иш йўқ, куч йўқ, ўн тўққузта ерлилашкан идорадан ҳафта ўтмай чиртинг-пиртинг қоғозини олибдир. Ростини айтсам, «Қул ўлмас, ризқи камимас» мақолини унча-мунча одам тўқиб ташламаған. Дарҳақиқат, ҳар беш мингига битта мактаб бўлса ҳам бечоралар йиғлаб, сиқтаб, яғирига кул сепиб, бир кунини кўраяпти. Бунинг устига кун сайин таппа-таппа келиб турған бешик-белик ва қадр, ҳурматлик меҳмонларга ҳам сиррини бергани маълум эмас [14]. Энди бир минггига битта мактаб тушкан ҳар беш мингнинг хўтуклари ҳам бир кунини кўриб кетар, деб ўйлаймиз. Битта-яримтанинг ўчоғига косов бўлар ёки отбоқарми, ахлат қоқарми, ишқилиб бир бало бўлар-ку! Бас, менга қолса, мундоғ майда гапларнинг қайғусини чекиш ҳеч арзимайдир. [15]

Энсамни қотирған гапларнинг яна биттаси анови кун бўлиб кечкан маданглик маориф ходимчиларининг қурултойидир. Тўғрисини айтканда, зиёнлиларни фойдалик қилиш масаласидир. Лекин ашаддий қаҳқаҳамга мужиб бўлған гап ҳам шуниси. Ўртоқ Акмалча Чўлпонбойнинг:

Зиёлимассен зиёнли хезлардан,

Упа-элик олудаси қизлардан.

Охунд бобо ўғли каби эр керак,

Боёнлардан олинғуси ер керак! –

деган шеъри билан зиёнлиларининг афтига туфургани ҳолда яна нима учундир имони сусайиб, «Хезлар тавба-тазарру қилса, фирқанинг қучоғи уларга очиқ!» деб қўядир.[16] Дарҳақиқат, хезлардан биттаси тавба қилиб, истиғфор[17] айтса, Акмал жиндак бу тавбага ишонадими, йўқми, ҳозирча унинг ичига кириб чиқған махлуқ йўқ.

Бироқ бунга ишонар экан, Акмалингга айтадирган икки оғиз гапим бор: Сенга мисол бериш учун Шайх Саъдийнинг ҳикматига ва ё Калиланинг Димнасига [18] мурожаат қилиб ўлтурмайман. Мисолни худда нақ мутакаллимдан [19] эшит:

Мен ҳар куни Худоға тўққуз мартаба осий бўлиб, ўн саккиз мартаба тавба ва истиғфор айтаман. Исёним [20] бепоён бўлғанидек, истиғфорим ҳадсиз ва лекин исёнсиз қолған соатимга жуда оз учрарман! Бас, онглағилким, эй Акмал! Тавбага бўйин буккан банда, бандаларнинг энг ярамасидир, қуллиқ бунёд қилған расво-расволарнинг яна ашаддий расвосидир. Ўз бутунлиғини сақлай олмаған, бошқаға эн бўлаоладир, деган гапни ҳеч бир китобда учратолмадим. Айтмакчиманки, тавбаси бошини есин, сен бўлсанг ишингдан қолма, отингни чуҳ, де! Ҳақиқат олдида бўйин эгиш товбадир, ўзгаси ғовғадир!

Шу оралардағи муҳум ҳангамаларнинг яна биттаси «Миллий қўшиннинг фирқа канференсияси» деб арз қилсам, эҳтимолки, ҳеч кимнинг кўнглига оғир келмас.

Нафсиламир, қилай деса иши, ётай деса оғриғи йўқ йигитларимизни башарти мувофиқ кўрилса ва газармаларингиз бўш бўлиб, кўнгилларига гап келмаса, қўллариға милтиқ топилмағанда ҳам битта-битта кетмандаста бериб, қўруқчиликка қабул қилиш чакки бўлмас, деб хаёл қилурмиз. Яна раъйи ўзлариникидир.

Ер ислоҳоти муносабати билан Ўзбекистонда бошқа ислоҳотлар ҳам ясалар эмиш, деб эшитдим. Дарҳақиқат, мамлакатда ислоҳотга муҳтож масалалар кўбдир. Масалан, катталарга ақл ва басират [21] ислоҳоти, муҳаррирларга тил ва маъно, шоирларга илҳом ва услуб (маъно бўлмаса ҳам майли), ёшларға ахлоқ ва кийим, хотинларга жабру зулм, домлаларға дин ва салла, «Муштум» ёзишгучилариға фақат шахсларнинг ёқасига ёпиша беришлик ва бошқа мавзулар тўғрисида ўйлаб ҳам қарамаслик ва ҳоказо ислоҳотларга ниҳоят даражада эҳтиёж кўбдир. [22]

Овсар.

«Муштум», 1926 йил, 25 феврал, 2-сон, 2–3-бетлар.

[1] Ўчоқбоши — ҳукумат.

[2] Олақарға — келгинди.

[3] Йўлдош Охунбобоев — Ўзбекистон ССР МИК раиси.

[4] Саркор — раҳбар.

[5] Маданглик — маданий.

[6] Мурассаъ — қийматли тошлар билан безалган, маърузачининг сўзида бу сўз мурабба (квадрат) деб берилган.

[7] Йўлдош Охунбобоевнинг маърузаси «Қизил Ўзбекистон» газетасининг 1926 йил, 4 феврал, 29-сонида босилган.

[8] Фаройизхонлик — ҳисобдонлик.

[9] Чақирим — 1,06 километрга тенг узунлик ўлчови.

[10] Чаман от — қирчанғи, секин, юрадиган от ёки эшак.

[11] Маълумки, сафардаги одам рўза тутмайди, рўзангни очавер, бари бир етиб боролмайсан, демоқчи.

[12] Мирзабоши — бу ерда: хизматкор, малай маъносида.

[13] Оёқ йиғмаслик — йўлдан, ниятдан қайтмаслик.

[14] Бу ерда чет эллардан ва марказдан келаётган меҳмонлар назарда тутиляпти.

[15] Давлат бошқарув аппаратини, умуман, Туркистонда «Миллий жумҳуриятлар» ҳаётини миллийлаштириш, ўзбеклаштириш идора хат-ҳужжат ишларини ўзбек тилида юритиш, деганда, барча бошқарув аппаратини ерли аҳоли қўлига топшириш деган маъно тушунилади. 1919 йил 12 июлда РКП(б) МК Туркистон республикаларининг халқ комиссарларига «Ерли аҳолини кенг ва мутаносиб равишда давлат фаолиятига жалб этиш зарурлиги тўғрисида» жиддий фармойиш берган эди. РКП(б) МК бу масалани миллий жумҳуриятлар тузилгандан сўнг, чет эллик меҳмонлар келиб миллий масалалар жумҳуриятларда қандай ҳал этилаётганлигини кўриб, билиб кетаётганларидан сўнг қайта кўришга мажбур бўлди.

РКП(б) МК ўзининг 12-қурултойида ҳар бир жумхуриятда идора ишларини миллийлаштириш масаласини қайта кўради. 1924 йил 29 март сонида «Зарафшон» газетасининг мухбири «Муштум», танқидинг ўринсиз» номли мақоласида шундай деб ёзиб ўтади: «Ҳозирги хўжалик ишларимизнинг тўқсон фоизини, балки кўпраги оврўполик ўртоқларнинг қўлидадир. Шу вақтгача буларнинг ораларида синфий аюрма масаласи қўзғалганини кўрмаймиз. Балки иш нуқтаи назаридан оддий кишилар бир тарафда турсун, хўжаюн ва оқсуяклар қўюлгандир. Чунки улар ўзларининг мутахассисликлари орқасида кўб вақт зарар ўрнига фойда ҳам бера олурлар…»

Халқ комиссариати қошида очилган ерлилаштириш комиссияси жойлардан синфий мансубияти, ижтимоий аҳволини текшириб, ўлка ва вилоят идораларига тажриба учун кўплаб кадрларни йиғиб жўнатадилар. Лекин бу тадбир ҳам самарасиз қолаётгани; юборилган кадрларнинг ҳеч бири лаёқат ва истеъдоди эътиборга олинмагани, бошқарма мудирлиги фаолиятини ўрганишга қўйилмай мухбирлик, кассирлик, қоғоз тикиш каби энг оддий ишлар билан овора бўлиб юрганлари ҳақида мухбирлар газета мақолаларида ёзиб ўтадилар. Болшевикларнинг бу тадбирларини Георгий Сафаров «Мустамлака инқилоби, Туркистон сабоқлари» (1921 й.) номли китобида «Мустамлакачиларга ерли халқдан чиққан ҳақиқий раҳбар, ўзлари билан бир сафда турадиган тенг ҳуқуқли ўртоқ керак эмас эди. Уларга тилмочлар ва ижрочи миршаблар зарур эди», деб изоҳлаб ўтади.

Октябр инқилобининг ўн йиллиги муносабати билан Масковга борган француз ишчи делегациясининг бир гуруҳи Туркистонга ҳам ташриф буюради ва улар сафарлари якунида ўз таассуротлари билан декларация эълон қиладилар. Шу декларация муносабати билан 1928 йилда Парижда яшаб турган туркистонлик муҳожир, ватанпарвар Мустафо Чўқай ўғли «Туркистон шўролар ҳокимияти даврида» номли рисоласини ёзади. Адиб Абдулла Қодирийнинг ушбу «Йиғинди гаплар»» фелетонида кўтарилган айни шу масалаларни Мустафо Чўқай ўғли ҳам ўз рисоласида батафсил таҳлил қилиб ўтади.

[16] 1926 ва 1927 йилларда Тошкентда Ўзбекистон маданият ва маъориф ходимлари қурултойи бўлиб ўтади. Бу қурултойда болшевикларнинг мамлакатда ўтказаётган бир неча хил кампанияларидан бири зиёлилар масаласи кўрилади. Унда зиёлилар иккига: пролетар ва эски зиёлилар гуруҳига бўлинади. Эскиларга миллатчи, пантуркист ёрлиқлари осилиб, уларга қарши қаттиқ сиёсий ҳужум бошланади. Махсус қарорлар қабул қилиниб, эскилар санъат, адабиёт, матбуот ишларидан, айниқса, раҳбарлик лавозимларидан четлаштирилади, баъзилари таъқиб остига олинади (архивларда бу икки қурултойга оид материаллар жуда кўп). Курултойни Акмал Икромов маъруза қилиб очади, бу маъруза «Қизил Ўзбекистон» газетасининг 1926 йил 21 январ, 18-сонида босилган.

[17] Истиғфор — кечирим сўраш, тавба қилмоқ.

[18] «Калила ва Димна» шаҳзодаларга таълим-тарбия берувчи, панд-насиҳат услубида ёзилган ҳиндларнинг «Панчатантра» китоби. Бу ерда А. Икромов шаҳзодалардек назарда тутиляпти.

[19] Мутакаллим — сўзловчи; нотиқ, ўзимдан.

[20] Осий, исён — Аллоҳнинг амрини бажармаслик.

[21] Басират — кўриш; кўзни очиш.

[22] Бу мақола босилгач Қодирий Ўзбекистон жиноят қонунлари мажмуасининг «Аксилинқилобчи…», «Раҳбар ходимларни обрўсизлантириш…» моддалари билан қораланади, жиноий иш қўзғатилади, уч ойлик сўроқ-терговдан сўнг Ўзбекистон Олий Суди Қодирийни судлайди. Судда Қодирий ўзини оқлаб, узрнамо маъруза сўзлайди.

1925 йил.