Dadzai Osamu. Olcha bargi va nay (hikoya)
| Кирилл ёзувидаги матн пастроқда
Har yili erta bahorda, olchalar gulini to‘kib, barg yozayotgan paytda shu voqea yodimga tushadi… — deb gap boshlardi kampir.
Bunga o‘ttiz besh yil bo‘ldi. Unda otam hali tirik edi. Biz uch kishi — otam, men va singlim birga yashardik. Onam esa bundan yetti yil avval olamdan o‘tgan, men o‘shanda endigina o‘n uch yoshga to‘lgan edim. Men o‘n sakkizga, singlim o‘n oltiga to‘lganda otam Yapon dengizining sohilida joylashgan Sirosita shahridagi o‘rta maktablardan biriga direktor qilib tayinlandi, biz o‘sha yog‘ga ko‘chib ketdik.
Shaharda bizbop uy hadeganda topilavermadi, noiloj, shahar chetida, shundoq tog‘ yonbag‘irida yolg‘iz qaqqayib turgan butxonaning ichkarisidan ikkita xonani ajratib, o‘sha yerda tura boshladik. Biz u yerda otamni Matsuega ishga o‘tkazgunlariga qadar olti yil yashadik.
O‘sha yili kuzda, yigirma to‘rt yoshga to‘lganimda Matsueda turmushga chiqdim. U paytlarda bu kech turmushga chiqish sanalardi. Men onamdan juda yosh ayrilgan edim. Otamning yumushi boshidan oshib yotgani sababli oila tashvishlari bilan uncha ishi yo‘q edi. Mensiz ro‘zg‘orimiz parokanda bo‘lib ketishi turgan gap edi. Shu vajdan ham men ularni yolg‘iz tashlab ketolmasdim, shuning uchun barcha kelgan sovchilarga rad javobini berishga majbur edim.
Loaqal singlimning sog‘lig‘i yaxshi bo‘lganida ham mayli edi. Afsuski, singlim tamomila mening aksim edi: u juda chiroyli, sochlari uzun bo‘lsa ham salomatligining mazasi yo‘q edi. Biz Sirositaga ko‘chib kelganimizdan so‘ng oradan bir yil o‘tgach, singlim dunyodan ko‘z yumdi. Men o‘shanda yigirma yoshda, u esa o‘n sakkizda edi. Men sizga xuddi o‘sha paytlar haqida so‘ylab bermoqchiman.
Singlim ko‘pdan beri kasal edi. U buyrak sili bilan og‘rigan ekan, kasalini aniqlashganda, vaqt o‘tgan edi, ikkala buyrak ham tamoman zararlanib, ishdan chiqibdi. Vrach otamga singlimning kasali og‘irligini, yuz kun ham umr ko‘rmasligini aytibdi. Oradan bir oy o‘tdi, ikki oy o‘tdi, belgilangan vaqt ham yaqinlasha boshladi, bizning esa jimgina kutishdan boshqa ilojimiz yo‘q edi.
Singlim bu darddan tamomila bexabar, o‘zida yo‘q xursand, hatto oxirgi paytlarda to‘shakdan turmagan bo‘lsa ham, qandaydir qo‘shiqlarni xirgoyi qilar, hazillashar va menga erkalanardi. Lekin mening es-hushim faqat bir narsada: qirq kunlardan so‘ng bularning hammasi barbod bo‘ladi… Ana shuni eslaganimda, tomog‘imga bir narsa tiqilib, etim junjikib ketardi.
Nazarimda, bunday og‘ir musibatga chidolmay jinni bo‘lib qoladigandek edim. Mart ketidan aprel va nihoyat, may ham yetib keldi, ammo hammasi avvalgidek davom etardi. Ammo o‘sha kunni — mayning o‘rtalaridagi qaysidir bir kun edi — aslo esimdan chiqarmayman.
Dalayu tog‘lar yashil maysalarga burkandi, kunlar isib, odamlar yengil kiyimlarga o‘ta boshladi. Ko‘m-ko‘k maysalar kishi bahridilini ochardi, qayoqqa qarama, tabiat uyg‘onib, o‘z sepini yoyishga taraddud ko‘rmoqda. Qo‘limni orqamga qilib, xiyol egilgancha, boshimda turli o‘y-xayollar bilan dalalarni kezib yurardim. Bo‘lmag‘ur xayollar miyamni chulg‘ab olgan, bu noxush fikrlar nafasimni ichiga tushirib, yuragimni siqar edi.
Shu payt ko‘pchigan tuproq qa’ridan, qayoqdandir, bamisoli do‘zaxning ichidan gum-gum degan suronli sado eshitildi, go‘yo chohi jahannamda bahaybat nog‘ora chalinmoqdayu bu sado o‘sha yoqdan kelayotganday edi. Nima gap bo‘layotganiga tushunolmay, o‘z-o‘zimga: «Nahotki aqldan ozayotgan bo‘lsam?», dedim-da, azbaroyi qo‘rqqanimdan turgan joyimda qotib qoldim, so‘ng bor ovozim bilan qichqirgancha maysalarga yuztuban yiqilib, ho‘ngrab yubordim. Meni qattiq qo‘rqitgan bu g‘alati tovushning nimaligini keyin bildim: u yapon flotiga qarashli harbiy kemalardan otilgan snaryadlarning ovozi ekan.
Zambaraklarning gulduragan dahshatli ovozi qirg‘oq bo‘yiga joylashgan Sirosita shahri ahlini ko‘pdan bezovta qilar va ularni dahshatga solardi. Es-hushim singlimda bo‘lgani uchun nima bo‘layotganiga tushunib yetolmasdim, tamomila gangib qolgan edim.
Nazarimda bu o‘q ovozlari va portlashlar qandaydir baxtsizlikning darakchisiday edi, go‘yo o‘sha jahannamdagi nog‘ora tovushiga o‘xshardi. Men yuztuban yotgancha uzoq yig‘ladim. Kun botgandan keyin o‘rnimdan turdim-da, behol butxonaga ketdim…
— Opajon! — deb chaqirib qoldi singlim. U juda ozib, quvvatsizlanib qolgan, aftidan, kuni bitib borayotganini o‘zi ham sezar edi. Har qalay, u avvalgiday men bilan hazillashmas, o‘ziga ortiqcha diqqat-e’tibor talab qilmasdi. Bularning hammasi meni yanada qattiqroq ezardi.
Ko‘ksimga bir narsa urilgandek bo‘lib, rangim dokadek oqarib ketganini sezdim.
— Qachon keldi? — deya qayta so‘radi u, chamasi, mening birdaniga oqarib ketganimga e’tibor bermagandek.
Bir amallab o‘zimni o‘ngladim-da:
— Yaqinda, sen uxlab yotganingda. Sen tushingda kulayotgan eding, men xatni asta yostig‘ing yoniga qo‘ydim. Nahotki sen hech narsani sezmagan bo‘lsang? — dedim.
— Yo‘q! — deya singlim kulib yubordi, kulgidan uning durdek oppoq tishlari yaraqlab, oqshom g‘ira-shirasi tusha boshlagan xonani yoritib yuborgandek bo‘ldi.
— Men buni o‘qib chiqdim. Qiziq! Tamomila menga notanish bir kishi yozibdi.
Bu qanaqasi, nahotki u xat yozgan odamni tanimasa?
Bu xat egasini men juda yaxshi tanirdim. Uning ismi M.T.Y. edi. Yo‘q, men uni hech qachon ko‘rgan emasman. Voqea bunday bo‘lgan edi: bundan bir necha kun burun singlimning javonini ochib, pastki tortmasidan yashil lenta bilan mahkam bog‘langan bir dasta xat topib oldim. Birovlarning xatini o‘qish odobdan emas, albatta, lekin men o‘zimni to‘xtatib turolmadim, lentani ochib, xatlarni o‘qishga tutindim.
Xatlar o‘ttiztacha bo‘lib, hammasiga bir xilda M.T.Y. deb imzo chekilgan edi. Jo‘natuvchining ismi ko‘rsatiladigan yerga esa qizlarning ismi yozilgan edi. Bularning hammasi singlimning eng yaqin dugonalari bo‘lib, shuning uchun biz — na otam, na men shu vaqtgacha singlimning yigit kishi bilan xat yozishib yurganini sezmagan edik.
M.T. juda tadbirli va ehtiyotkor ekan. U singlimning barcha dugonalari ism-familiyasini yaxshi bilar, har xatida navbat bilan ularning ismini qo‘yib xat jo‘natar edi. Ikki yoshning bunchalar jur’ati va botirligi meni hayratga solardi: agar qattiqqo‘l otam sezib qolsa nima bo‘ladi? Miyamga kelgan bu fikrdan qo‘rqib ketdim.
So‘ngra xatlarni yaxshilab taxladim-da, bir boshdan o‘qiy boshladim. Qandaydir shirin, orziqtiruvchi bir tuyg‘u vujudimni qamrab oldi. Men bu ikki yoshning bolalarcha sodda sevgisidan kulardim, nazarimda ro‘paramda yangi bir dunyo ochilgandek edi.
Ha, mening o‘sha paytda endigina yigirma yoshga to‘lganimni ham unutmang, mening ham o‘sha yoshdagi barcha qizlarda bo‘ladigandek, o‘zimga yarasha hech kimga ishonmaydigan yurak sirlarim bor edi. Men bir xatning ketidan ikkinchisini o‘qishda davom etdim, ular nazarimda go‘yo beg‘ubor, tiniq, tezoqar suvga o‘xshardi. Mana, nihoyat, oxirgi xatni qo‘limga oldim, maktub bultur kech kuzda yozilgan edi. Birdaniga bo‘g‘zimga bir narsa tiqilgandek bo‘ldiyu oyoqlarim bo‘shashib ketdi, shu darajada hayajonda edim.
Buni qarang, ikki yoshning sevgisi men o‘ylagandek shunchaki bir havas emas, balki ancha jiddiy tus olgan ekan. Xatlarni yoqib yubordim. Bu sirositalik bechora shoir M.T. bo‘lib, singlimning kasalligini bilgandan so‘ng u bilan aloqani uzishga qaror qilgan edi. Bunchalar berahm bo‘lmasa odamlar! «Bir-birimizni unutaylik», deb yozibdi yigit beparvo va loqayd.
Haqiqatan ham, u singlimni unutib yuborgani rostga o‘xshaydi, chunki ortiq xat yozmagan edi. Agar men shunday ketaversam, bechora go‘zal singlim yuragida bir dunyo dard-hasrat bilan olamdan ko‘z yumishi turgan gap edi. Hech kimga bildirmay bir ish qilmoqchi bo‘ldim. So‘ng bu sirni ko‘nglimda saqlashga qaror qildim.
Keyin esa singlimga yana ham qattiqroq rahmim keldi, har xil o‘ylar ichida qoldim; meni og‘ir, mudhish xayollar gangitib qo‘ygan edi; hayotim go‘yo do‘zaxning o‘zginasi edi, o‘sha paytda qanchalar azob chekkanimni faqat ayol zotigina his qilishi mumkin. Xuddi men o‘zim aldanib qolganday aziyat chekardim. Gapning sirasini aytganda, o‘zim ham sal g‘alatiroq edim o‘sha paytlarda.
— O‘qib bering-chi hech narsaga tushunmayapman. Nima gap o‘zi?
Hamma narsani bilib turib bilmaganga olishimdan noqulay ahvolga tushib qoldim.
— O‘qib beraymi? — dedim sekingina xatni olaturib.
Barmoqlarimning titrashi meni yanada xijolatga solardi. Axir xat mazmunini o‘qimay turib ham juda yaxshi bilardim, lekin nachora, endigina ko‘rib turgandek o‘qib berishdan boshqa ilojim yo‘q edi.
Ovozimni chiqarib o‘qiy boshladim:
— “Men sendan kechirim so‘rashim kerak. Shu kungacha zinhor yozmayman, deb keldim, chunki o‘z-o‘zimga ishonmas edim. Men bir bechora kambag‘alman, buni o‘zing ham yaxshi bilasan, buning ustiga, favqulodda bir salohiyatga ham ega emasman. Shuning uchun men o‘z taqdirimni sening taqdiring bilan bog‘lay olmayman. Bu gaplarning hammasini shunchaki chiroyli balandparvoz so‘zlar deb o‘ylama, ishonaver menga. Ojiz va bechoraligim o‘zimning ham jonimga tegdi, axir, muhabbatim yo‘lida quruq so‘zdan boshqa nima ham qila olardim?
Shu o‘tgan kunlar, hatto kechalari ham tushimda, doimo xayolimda sen bo‘lding. Biroq men o‘z hayotimni sening hayoting bilan bog‘lashim kerakmas. Ayni mana shu chidab bo‘lmaydigan o‘y ajralishimizga majbur qildi. Sen qanchalar baxtsiz bo‘lsang, mening ham senga bo‘lgan muhabbatim shunchalar kuchayib boradi, o‘rtamizdagi masofa shuncha qo‘l yetmas bo‘lib uzoqlashadi. Tushunyapsanmi? Men seni aldayotganim yo‘q, rost. Qalbimdagi burch va mas’uliyat hissi meni shunday qilishga majbur etmoqda. Mana endi bularning hammasi xato ekanini ko‘rib turibman. Xato ekan. Meni kechir! Senga xudbinlarning xudbini sifatida qarabman, sendan yuz o‘girmoqchi bo‘libman.
Bilasanmi, men nimani o‘ylar edim? Axir o‘zimiz bu dunyoda ojiz va yolg‘iz bo‘lsak, shundan boshqa ilojimiz ham yo‘q, xususan, men uchun munosib yashashning yo‘li — senga umrbod vafo qilmoqdir. Men buni chin ko‘ngildan aytyapman, ishonsang bo‘ladi. Insonning nimaga qurbi yetsa, iloji boricha shuni qilishga urinishi kerak ekan, buni men endi anglab yetdim.
Mayli, qilgan ishing arzimas bo‘lsin. Masalan, momaqaymoqdan guldasta yasab yorga taqdim etish — bu chinakam jasoratdir, haqiqiy er yigitning ishidir. Men endi seni tashlab qo‘ymayman. Har kuni she’rlar to‘qib, senga yuborib turaman. Har kuni uyingning yonida nay chalaman. Faqat sen uchun. Ertaga kechqurun soat oltida mening nayimdan sen uchun harbiy marsh yangraydi. Har holda nayni yaxshi chalaman-ku. Hozircha birdan bir qo‘limdan keladigani shu.
Ustimdan kulma. Kulsang ham mayliga. Tezroq tuzalsang bo‘lgani. Xudo ham bizning muhabbatimizni kuzatib turgandir. Men bunga ishonaman. Biz uning suygan bandasimiz — sen va men. Ajoyib er-xotin bo‘lamiz.
Odamlar gullarni oq rangda, deydi.
Nechun gullar qizil mening bog‘imda?
Men ijod qilyapman, ishlarim yomon emas. Ertagacha xayr. M.T.”
— Rahmat! — dedi singlim asta. — Xatni siz yozganingizni men yaxshi bilaman-ku, axir.
Uyalganimdan o‘zimni qo‘yarga joy topolmasdim. Sochlarimni bitta-bitta yulib, xatni mayda-mayda qilib tashlagim kelardi. Ehtimol shunday ahvolga tushgan odamni yer yorilmadi-yu, yerga kirib ketmadi, desalar kerak-da. Rost, bu xatni men yozgan edim. Men singlimning iztiroblariga loqayd qarab turolmasdim.
Shuning uchun M.T.ning yozuviga taqlid qilib qo‘limdan kelganicha she’r to‘qib, xat jo‘natib turmoqchi va har kuni kechqurun soat oltida yashirincha bog‘ga chiqib nay chalmoqchi bo‘lgan edim.
Sharmandalikdan lavlagim chiqib ketdi. Axir men o‘z xatimda bir balo qilib she’r ham to‘qigan edim-da.
— Xijolat bo‘lmang… — dedi singlim negadir jilmayib, hatto bir oz ko‘tarinki ruhda… — Yanglishmasam, ko‘k lenta bilan bog‘lab qo‘yilgan xatlarni o‘qiganga o‘xshaysiz, shundaymi? U yerda yozilgan gaplarning hammasi yolg‘on. Men butunlay yolg‘iz edim, shuning uchun o‘zimni ovutish maqsadida burnog‘i yil kuzdan boshlab o‘zimga-o‘zim xat bitib pochta qutisidan jo‘natib turdim.
Shuning uchun ham meni ovutishning hojati yo‘q. Yoshlik — shunday ajoyib va go‘zalki, men buni betob bo‘lganimdan keyin yana ham chuqurroq his qila boshladim. O‘z-o‘ziga xat yozish — bu pastkashlik, albatta. Uyat! Umuman, tentaklikning o‘zginasi. Agarda men birorta yigit bilan uchrashib turishga jur’at qilganimda edi! Sevgan yigitingning kuchli qo‘llari seni quchganda juda yoqimli bo‘lsa kerag-a?
Men birorta yigitni sevish u yoqda tursin, shu paytgacha biron-bir yigit bilan so‘zlashganim ham yo‘q. Menimcha, siz ham shunaqasiz. Biz o‘ta dono ekanmiz, hamma xatomiz ham ana shunda. O‘lim — eh, qanchalar jirkanch narsa! Eh, esiz mening qo‘llarim, barmoqlarim, sochlarim! Naqadar jirkanch!..
G‘am, qo‘rqinch, quvonch tuyg‘ulari — bari qo‘shilib qalbimni chulg‘ab oldi. Nimalar bo‘layotganiga aqlim bovar qilmasdi, yuzimni singlimning so‘lg‘in yuziga bosgancha ho‘ngrab yig‘lar edim. Shu payt, ha, ayni shu paytda qayerdandir mayin kuy eshitildi. Uning qanday kuy ekanligini anglab bo‘lmasdi, juda sekin eshitilardi, lekin bu nay ovozi ekaniga shubham yo‘q edi. Biz jimgina kuyga quloq soldik. Soatga qarasam, olti bo‘libdi. Bir-birimizni mahkam quchgancha qandaydir qo‘rquv ichra qimir etmay bu g‘alati ovozga quloq soldik, ovoz bog‘ ichidan — olchalar orasidan kelmoqda edi!
Xudo bor ekan! U barini ko‘rib turibdi! Men o‘sha daqiqada bunga yana bor ishondim.
Oradan ikki kun o‘tgach, singlim vafot etdi. Vrach singlimning yonida boshini quyi eggan ko‘yi uning nafas olishiga quloq tutardi. Chunki singlim sal avval goh sekin nafas olib turgan edi-da. Biroq men ajablanmadim. Nay ovozini aniq eshitganimga imonim komil edi. Balki men behuda ishongandirman, o‘sha kuyni bog‘da otam chaldimikan, degan o‘y ham xayolimga keldi. Axir hamma narsa bo‘lishi mumkin-ku! U ishdan qaytib kelgach, qo‘shni xonada bizning suhbatimizni eshitib, men bilan singlimga rahmi kelib, nay chalgan bo‘lsa-chi?
Ehtimol… Otam hayotligida o‘n besh yil davomida bu gapni so‘rashga yuzim chidamadi, so‘ng esa bu voqea taqdir taqozosi bilan ro‘y berganiga ishonch hosil qildim.
Ruschadan Shafoat Inog‘omova tarjimasi “Yoshlik” jurnali, 1983-yil, 10-son.
Дадзаи Осаму. Олча барги ва най (ҳикоя)
Ҳар йили эрта баҳорда, олчалар гулини тўкиб, барг ёзаётган пайтда шу воқеа ёдимга тушади… — деб гап бошларди кампир.
Бунга ўттиз беш йил бўлди. Унда отам ҳали тирик эди. Биз уч киши — отам, мен ва синглим бирга яшардик. Онам эса бундан етти йил аввал оламдан ўтган, мен ўшанда эндигина ўн уч ёшга тўлган эдим. Мен ўн саккизга, синглим ўн олтига тўлганда отам Япон денгизининг соҳилида жойлашган Сиросита шаҳридаги ўрта мактаблардан бирига директор қилиб тайинланди, биз ўша ёққа кўчиб кетдик.
Шаҳарда бизбоп уй ҳадеганда топилавермади, ноилож, шаҳар четида, шундоқ тоғ ёнбағирида ёлғиз қаққайиб турган бутхонанинг ичкарисидан иккита хонани ажратиб, ўша ерда тура бошладик. Биз у ерда отамни Мацуэга ишга ўтказгунларига қадар олти йил яшадик.
Ўша йили кузда, йигирма тўрт ёшга тўлганимда Мацуэда турмушга чиқдим. У пайтларда бу кеч турмушга чиқиш саналарди. Мен онамдан жуда ёш айрилган эдим. Отамнинг юмуши бошидан ошиб ётгани сабабли оила ташвишлари билан унча иши йўқ эди. Менсиз рўзғоримиз пароканда бўлиб кетиши турган гап эди. Шу важдан ҳам мен уларни ёлғиз ташлаб кетолмасдим, шунинг учун барча келган совчиларга рад жавобини беришга мажбур эдим.
Лоақал синглимнинг соғлиғи яхши бўлганида ҳам майли эди. Афсуски, синглим тамомила менинг аксим эди: у жуда чиройли, сочлари узун бўлса ҳам саломатлигининг мазаси йўқ эди. Биз Сироситага кўчиб келганимиздан сўнг орадан бир йил ўтгач, синглим дунёдан кўз юмди. Мен ўшанда йигирма ёшда, у эса ўн саккизда эди. Мен сизга худди ўша пайтлар ҳақида сўйлаб бермоқчиман.
Синглим кўпдан бери касал эди. У буйрак сили билан оғриган экан, касалини аниқлашганда, вақт ўтган эди, иккала буйрак ҳам тамоман зарарланиб, ишдан чиқибди. Врач отамга синглимнинг касали оғирлигини, юз кун ҳам умр кўрмаслигини айтибди. Орадан бир ой ўтди, икки ой ўтди, белгиланган вақт ҳам яқинлаша бошлади, бизнинг эса жимгина кутишдан бошқа иложимиз йўқ эди.
Синглим бу дарддан тамомила бехабар, ўзида йўқ хурсанд, ҳатто охирги пайтларда тўшакдан турмаган бўлса ҳам, қандайдир қўшиқларни хиргойи қилар, ҳазиллашар ва менга эркаланарди. Лекин менинг эс-ҳушим фақат бир нарсада: қирқ кунлардан сўнг буларнинг ҳаммаси барбод бўлади… Ана шуни эслаганимда, томоғимга бир нарса тиқилиб, этим жунжикиб кетарди.
Назаримда, бундай оғир мусибатга чидолмай жинни бўлиб қоладигандек эдим. Март кетидан апрель ва ниҳоят, май ҳам етиб келди, аммо ҳаммаси аввалгидек давом этарди. Аммо ўша кунни — майнинг ўрталаридаги қайсидир бир кун эди — асло эсимдан чиқармайман.
Далаю тоғлар яшил майсаларга бурканди, кунлар исиб, одамлар енгил кийимларга ўта бошлади. Кўм-кўк майсалар киши баҳридилини очарди, қаёққа қарама, табиат уйғониб, ўз сепини ёйишга тараддуд кўрмоқда. Қўлимни орқамга қилиб, хиёл эгилганча, бошимда турли ўй-хаёллар билан далаларни кезиб юрардим. Бўлмағур хаёллар миямни чулғаб олган, бу нохуш фикрлар нафасимни ичига тушириб, юрагимни сиқар эди.
Шу пайт кўпчиган тупроқ қаъридан, қаёқдандир, бамисоли дўзахнинг ичидан гум-гум деган суронли садо эшитилди, гўё чоҳи жаҳаннамда баҳайбат ноғора чалинмоқдаю бу садо ўша ёқдан келаётгандай эди. Нима гап бўлаётганига тушунолмай, ўз-ўзимга: «Наҳотки ақлдан озаётган бўлсам?», дедим-да, азбаройи қўрққанимдан турган жойимда қотиб қолдим, сўнг бор овозим билан қичқирганча майсаларга юзтубан йиқилиб, ҳўнграб юбордим. Мени қаттиқ қўрқитган бу ғалати товушнинг нималигини кейин билдим: у япон флотига қарашли ҳарбий кемалардан отилган снарядларнинг овози экан.
Замбаракларнинг гулдураган даҳшатли овози қирғоқ бўйига жойлашган Сиросита шаҳри аҳлини кўпдан безовта қилар ва уларни даҳшатга соларди. Эс-ҳушим синглимда бўлгани учун нима бўлаётганига тушуниб етолмасдим, тамомила гангиб қолган эдим.
Назаримда бу ўқ овозлари ва портлашлар қандайдир бахтсизликнинг даракчисидай эди, гўё ўша жаҳаннамдаги ноғора товушига ўхшарди. Мен юзтубан ётганча узоқ йиғладим. Кун ботгандан кейин ўрнимдан турдим-да, беҳол бутхонага кетдим…
— Опажон! — деб чақириб қолди синглим. У жуда озиб, қувватсизланиб қолган, афтидан, куни битиб бораётганини ўзи ҳам сезар эди. Ҳар қалай, у аввалгидай мен билан ҳазиллашмас, ўзига ортиқча диққат-эътибор талаб қилмасди. Буларнинг ҳаммаси мени янада қаттиқроқ эзарди.
Кўксимга бир нарса урилгандек бўлиб, рангим докадек оқариб кетганини сездим.
— Қачон келди? — дея қайта сўради у, чамаси, менинг бирданига оқариб кетганимга эътибор бермагандек.
Бир амаллаб ўзимни ўнгладим-да:
— Яқинда, сен ухлаб ётганингда. Сен тушингда кулаётган эдинг, мен хатни аста ёстиғинг ёнига қўйдим. Наҳотки сен ҳеч нарсани сезмаган бўлсанг? — дедим.
— Йўқ! — дея синглим кулиб юборди, кулгидан унинг дурдек оппоқ тишлари ярақлаб, оқшом ғира-шираси туша бошлаган хонани ёритиб юборгандек бўлди.
— Мен буни ўқиб чиқдим. Қизиқ! Тамомила менга нотаниш бир киши ёзибди.
Бу қанақаси, наҳотки у хат ёзган одамни танимаса?
Бу хат эгасини мен жуда яхши танирдим. Унинг исми М.Т.Я. эди. Йўқ, мен уни ҳеч қачон кўрган эмасман. Воқеа бундай бўлган эди: бундан бир неча кун бурун синглимнинг жавонини очиб, пастки тортмасидан яшил лента билан маҳкам боғланган бир даста хат топиб олдим. Бировларнинг хатини ўқиш одобдан эмас, албатта, лекин мен ўзимни тўхтатиб туролмадим, лентани очиб, хатларни ўқишга тутиндим.
Хатлар ўттизтача бўлиб, ҳаммасига бир хилда М.Т.Я. деб имзо чекилган эди. Жўнатувчининг исми кўрсатиладиган ерга эса қизларнинг исми ёзилган эди. Буларнинг ҳаммаси синглимнинг энг яқин дугоналари бўлиб, шунинг учун биз — на отам, на мен шу вақтгача синглимнинг йигит киши билан хат ёзишиб юрганини сезмаган эдик.
М.Т. жуда тадбирли ва эҳтиёткор экан. У синглимнинг барча дугоналари исм-фамилиясини яхши билар, ҳар хатида навбат билан уларнинг исмини қўйиб хат жўнатар эди. Икки ёшнинг бунчалар журъати ва ботирлиги мени ҳайратга соларди: агар қаттиққўл отам сезиб қолса нима бўлади? Миямга келган бу фикрдан қўрқиб кетдим.
Сўнгра хатларни яхшилаб тахладим-да, бир бошдан ўқий бошладим. Қандайдир ширин, орзиқтирувчи бир туйғу вужудимни қамраб олди. Мен бу икки ёшнинг болаларча содда севгисидан кулардим, назаримда рўпарамда янги бир дунё очилгандек эди.
Ҳа, менинг ўша пайтда эндигина йигирма ёшга тўлганимни ҳам унутманг, менинг ҳам ўша ёшдаги барча қизларда бўладигандек, ўзимга яраша ҳеч кимга ишонмайдиган юрак сирларим бор эди. Мен бир хатнинг кетидан иккинчисини ўқишда давом этдим, улар назаримда гўё беғубор, тиниқ, тезоқар сувга ўхшарди. Мана, ниҳоят, охирги хатни қўлимга олдим, мактуб бултур кеч кузда ёзилган эди. Бирданига бўғзимга бир нарса тиқилгандек бўлдию оёқларим бўшашиб кетди, шу даражада ҳаяжонда эдим.
Буни қаранг, икки ёшнинг севгиси мен ўйлагандек шунчаки бир ҳавас эмас, балки анча жиддий тус олган экан. Хатларни ёқиб юбордим. Бу сироситалик бечора шоир М.Т. бўлиб, синглимнинг касаллигини билгандан сўнг у билан алоқани узишга қарор қилган эди. Бунчалар бераҳм бўлмаса одамлар! «Бир-биримизни унутайлик», деб ёзибди йигит бепарво ва лоқайд.
Ҳақиқатан ҳам, у синглимни унутиб юборгани ростга ўхшайди, чунки ортиқ хат ёзмаган эди. Агар мен шундай кетаверсам, бечора гўзал синглим юрагида бир дунё дард-ҳасрат билан оламдан кўз юмиши турган гап эди. Ҳеч кимга билдирмай бир иш қилмоқчи бўлдим. Сўнг бу сирни кўнглимда сақлашга қарор қилдим.
Кейин эса синглимга яна ҳам қаттиқроқ раҳмим келди, ҳар хил ўйлар ичида қолдим; мени оғир, мудҳиш хаёллар гангитиб қўйган эди; ҳаётим гўё дўзахнинг ўзгинаси эди, ўша пайтда қанчалар азоб чекканимни фақат аёл зотигина ҳис қилиши мумкин. Худди мен ўзим алданиб қолгандай азият чекардим. Гапнинг сирасини айтганда, ўзим ҳам сал ғалатироқ эдим ўша пайтларда.
— Ўқиб беринг-чи ҳеч нарсага тушунмаяпман. Нима гап ўзи?
Ҳамма нарсани билиб туриб билмаганга олишимдан ноқулай аҳволга тушиб қолдим.
— Ўқиб берайми? — дедим секингина хатни олатуриб.
Бармоқларимнинг титраши мени янада хижолатга соларди. Ахир хат мазмунини ўқимай туриб ҳам жуда яхши билардим, лекин начора, эндигина кўриб тургандек ўқиб беришдан бошқа иложим йўқ эди.
Овозимни чиқариб ўқий бошладим:
— «Мен сендан кечирим сўрашим керак. Шу кунгача зинҳор ёзмайман, деб келдим, чунки ўз-ўзимга ишонмас эдим. Мен бир бечора камбағалман, буни ўзинг ҳам яхши биласан, бунинг устига, фавқулодда бир салоҳиятга ҳам эга эмасман. Шунинг учун мен ўз тақдиримни сенинг тақдиринг билан боғлай олмайман. Бу гапларнинг ҳаммасини шунчаки чиройли баландпарвоз сўзлар деб ўйлама, ишонавер менга. Ожиз ва бечоралигим ўзимнинг ҳам жонимга тегди, ахир, муҳаббатим йўлида қуруқ сўздан бошқа нима ҳам қила олардим?
Шу ўтган кунлар, ҳатто кечалари ҳам тушимда, доимо хаёлимда сен бўлдинг. Бироқ мен ўз ҳаётимни сенинг ҳаётинг билан боғлашим керакмас. Айни мана шу чидаб бўлмайдиган ўй ажралишимизга мажбур қилди. Сен қанчалар бахтсиз бўлсанг, менинг ҳам сенга бўлган муҳаббатим шунчалар кучайиб боради, ўртамиздаги масофа шунча қўл етмас бўлиб узоқлашади. Тушуняпсанми? Мен сени алдаётганим йўқ, рост. Қалбимдаги бурч ва масъулият ҳисси мени шундай қилишга мажбур этмоқда. Мана энди буларнинг ҳаммаси хато эканини кўриб турибман. Хато экан. Мени кечир! Сенга худбинларнинг худбини сифатида қарабман, сендан юз ўгирмоқчи бўлибман.
Биласанми, мен нимани ўйлар эдим? Ахир ўзимиз бу дунёда ожиз ва ёлғиз бўлсак, шундан бошқа иложимиз ҳам йўқ, хусусан, мен учун муносиб яшашнинг йўли — сенга умрбод вафо қилмоқдир. Мен буни чин кўнгилдан айтяпман, ишонсанг бўлади. Инсоннинг нимага қурби етса, иложи борича шуни қилишга уриниши керак экан, буни мен энди англаб етдим.
Майли, қилган ишинг арзимас бўлсин. Масалан, момақаймоқдан гулдаста ясаб ёрга тақдим этиш — бу чинакам жасоратдир, ҳақиқий эр йигитнинг ишидир. Мен энди сени ташлаб қўймайман. Ҳар куни шеърлар тўқиб, сенга юбориб тураман. Ҳар куни уйингнинг ёнида най чаламан. Фақат сен учун. Эртага кечқурун соат олтида менинг найимдан сен учун ҳарбий марш янграйди. Ҳар ҳолда найни яхши чаламан-ку. Ҳозирча бирдан-бир қўлимдан келадигани шу.
Устимдан кулма. Кулсанг ҳам майлига. Тезроқ тузалсанг бўлгани. Худо ҳам бизнинг муҳаббатимизни кузатиб тургандир. Мен бунга ишонаман. Биз унинг суйган бандасимиз — сен ва мен. Ажойиб эр-хотин бўламиз.
Одамлар гулларни оқ рангда, дейди.
Нечун гуллар қизил менинг боғимда?
Мен ижод қиляпман, ишларим ёмон эмас. Эртагача хайр. М.Т.»
— Раҳмат! — деди синглим аста. — Хатни сиз ёзганингизни мен яхши биламан-ку, ахир.
Уялганимдан ўзимни қўярга жой тополмасдим. Сочларимни битта-битта юлиб, хатни майда-майда қилиб ташлагим келарди. Эҳтимол шундай аҳволга тушган одамни ер ёрилмади-ю, ерга кириб кетмади, десалар керак-да. Рост, бу хатни мен ёзган эдим. Мен синглимнинг изтиробларига лоқайд қараб туролмасдим.
Шунинг учун М.Т.нинг ёзувига тақлид қилиб қўлимдан келганича шеър тўқиб, хат жўнатиб турмоқчи ва ҳар куни кечқурун соат олтида яширинча боққа чиқиб най чалмоқчи бўлган эдим.
Шармандаликдан лавлагим чиқиб кетди. Ахир мен ўз хатимда бир бало қилиб шеър ҳам тўқиган эдим-да.
— Хижолат бўлманг… — деди синглим негадир жилмайиб, ҳатто бир оз кўтаринки руҳда… — Янглишмасам, кўк лента билан боғлаб қўйилган хатларни ўқиганга ўхшайсиз, шундайми? У ерда ёзилган гапларнинг ҳаммаси ёлғон. Мен бутунлай ёлғиз эдим, шунинг учун ўзимни овутиш мақсадида бурноғи йил куздан бошлаб ўзимга-ўзим хат битиб почта қутисидан жўнатиб турдим.
Шунинг учун ҳам мени овутишнинг ҳожати йўқ. Ёшлик — шундай ажойиб ва гўзалки, мен буни бетоб бўлганимдан кейин яна ҳам чуқурроқ ҳис қила бошладим. Ўз-ўзига хат ёзиш — бу пасткашлик, албатта. Уят! Умуман, тентакликнинг ўзгинаси. Агарда мен бирорта йигит билан учрашиб туришга журъат қилганимда эди! Севган йигитингнинг кучли қўллари сени қучганда жуда ёқимли бўлса кераг-а?
Мен бирорта йигитни севиш у ёқда турсин, шу пайтгача бирон-бир йигит билан сўзлашганим ҳам йўқ. Менимча, сиз ҳам шунақасиз. Биз ўта доно эканмиз, ҳамма хатомиз ҳам ана шунда. Ўлим — эҳ, қанчалар жирканч нарса! Эҳ, эсиз менинг қўлларим, бармоқларим, сочларим! Нақадар жирканч!..
Ғам, қўрқинч, қувонч туйғулари — бари қўшилиб қалбимни чулғаб олди. Нималар бўлаётганига ақлим бовар қилмасди, юзимни синглимнинг сўлғин юзига босганча ҳўнграб йиғлар эдим. Шу пайт, ҳа, айни шу пайтда қаердандир майин куй эшитилди. Унинг қандай куй эканлигини англаб бўлмасди, жуда секин эшитиларди, лекин бу най овози эканига шубҳам йўқ эди. Биз жимгина куйга қулоқ солдик. Соатга қарасам, олти бўлибди. Бир-биримизни маҳкам қучганча қандайдир қўрқув ичра қимир этмай бу ғалати овозга қулоқ солдик, овоз боғ ичидан — олчалар орасидан келмоқда эди!
Худо бор экан! У барини кўриб турибди! Мен ўша дақиқада бунга яна бор ишондим.
Орадан икки кун ўтгач, синглим вафот этди. Врач синглимнинг ёнида бошини қуйи эгган кўйи унинг нафас олишига қулоқ тутарди. Чунки синглим сал аввал гоҳ секин нафас олиб турган эди-да. Бироқ мен ажабланмадим. Най овозини аниқ эшитганимга имоним комил эди. Балки мен беҳуда ишонгандирман, ўша куйни боғда отам чалдимикан, деган ўй ҳам хаёлимга келди. Ахир ҳамма нарса бўлиши мумкин-ку! У ишдан қайтиб келгач, қўшни хонада бизнинг суҳбатимизни эшитиб, мен билан синглимга раҳми келиб, най чалган бўлса-чи?
Эҳтимол… Отам ҳаётлигида ўн беш йил давомида бу гапни сўрашга юзим чидамади, сўнг эса бу воқеа тақдир тақозоси билан рўй берганига ишонч ҳосил қилдим.
Русчадан Шафоат Иноғомова таржимаси “Ёшлик” журнали, 1983 йил, 10-сон.