Haruki Murakami. Spagetti yili (hikoya)
| Кирилл ёзувидаги матн пастроқда
1971-yil spagetti yili boʻlgandi.
1971-yil tanovul qilishim uchun spagetti pishirdim, toʻgʻrirogʻi butun yil davomida spagetti pishirib kun oʻtkazdim. Qozon ustidan taraladigan bugʻ hovuri meni ruhlantirar, bundan quvonardim, pomidor sousining jizgʻanak boʻlib gurillaganidan zavqlanardim, kelajakka boʻlgan butun umidim shunga bogʻliqligini his qilardim.
Baxtga qarshi men yolgʻiz edim, spagettining oʻzim uchun pishirardim va yerdim. Ishonchim komilki, spagetti inson yolgʻiz tanovul qiladigan taomlardan biridir. Men doim spagettini choy, oddiy salatlar, aytaylik bodring salati bilan isteʼmol qilganman. Men bu yeguliklarni kerak vaqtda tayyorlash va pishirish uchun zaxirasi bilan oʻzim uchun olib qoʻyardim. Taom tayyor boʻlganda, men ularni ehtiyotkorlik bilan stol ustida joylashtirardim, sekin ovqatlanardim va bir vaqtning oʻzida gazeta varaqlardim. Odatda men kunlarimni yakshanbadan shanbagacha spagetti yeyish bilan oʻtkazardim. Keladigan yakshanbadan esa yangi spagetti haftaligi ochilardi.
Har safar bir tovoq spagetti oldida oʻtirganimda, ayniqsa, yomgʻirli kunlarda, allakim eshigimni taqqillatganday boʻlardi. Eshikni xayolan borib ochardim va qarshimda mehmonni koʻrardim – ammo har safar boshqa-boshqa mehmon. Ularni baʼzilarini umrimda koʻrmaganman, boshqalari esa tanishlarim boʻlardi. Darvoqe, bir marta menikiga maktab vaqtimda uchratgan ingichka toʻpiqli qiz kelganday boʻldi. U qandaydir tarzda amerikalik aktyor Uilyam Xolden va aktrisa Jenifer Jonslar bilan birga kelgandek edi. Toʻgʻrisini aytish kerakki, bu odamlar hech qachon menikiga kelishga ragʻbat koʻrsatmagan boʻlardilar. Lekin nega xotiralarim qatlaridagi bu odamlar taqqillatmasdan eshigim tagigacha kelishmoqda, keyin esa hech nima boʻlmagandek jimgina gʻoyib boʻlishmoqda.
Butun bahor, butun yoz, hatto butun kuz boʻyi men spagetti qaynatib, oʻzimdan allaqanday laʼnatni soqit qilishga intilardim. Yolgʻiz tashlab ketilgan qiz eski sevgi maktublarini hovuchlab uloqtirganidek, spagettilarni hovuchlab kastryulga solardim. Men oyoq osti qilingan vaqt soyalarini xuddi bir toʻplamda yigʻayotgandek, ulardan nemis ovcharkasini koʻrinishini yaratishga intilardim, uning gʻazablangan koʻpikli soʻlagiga tuz separdim. Keyin taymer noxush qoʻngʻirogʻini chalganda, men makaronlarni olish uchun xitoy tayoqchalari bilan qurollangan holda qozon ustiga borardim. Spagettidan koʻzimni uzolmasdim. Goʻyo agar men orqaga burilsam, ular kastryul chetidan bemalol sakrab oʻtib, tun qoʻyniga kirib gʻoyib boʻlishi mumkindek tuyulardi. Shuning uchun men koʻz uzmasdan ularni tovoqqa suzib olgunimcha, spagetti turlari haqida xirgoyi qilardim:
Men oʻzim tayyorlagan bu nomsiz achinarli spagettimni biroz tanovul qilgach, yarim isteʼmol qilingan qolgan qismini muzlatkichga tiqardim. 1971-yilda, mening qaynoq tugʻilgan qanchadan-qancha spagettilarim necha-necha bor shunday taqdirlarga zoyil qilindi.
Aytishim kerakki men 1971-yildagi oʻsha barcha spagettilar uchun qaygʻursam arziydi. Buni sabablari bor.
Oʻshanda 15:20 da men toʻshakda shiftga tikilib yotganimda, telefonim jiringlagandi. Men yotgan joydan qishki quyosh nuri koʻlmakda aks etib koʻrinib turardi. Dekabr oyining shu gʻira-shira yorugʻligida men nobud boʻlgan pashsha kabi oʻrnimda befarq choʻzilib yotardim. Telefonni baʼzur koʻtararkanman, avvaliga qoʻngʻiroq qilgan odamning ovozini tanimadim. Bu koʻproq havo qatlarida qolgan xotiraga oʻxshardi. Ammo tovush tobora qulogʻim ostidan aniqroq jaranglarkan, men telefondan gaplashayotganimni nihoyat tushundim. Hech qanday shubha boʻlishi mumkin emas. Yuz foiz havo toʻlqinlaridan kelayotgan va telefondan jaranglayotgan ayol ovozi edi bu! Toʻshakdan koʻtarilmagan kuyi, men uni eshitishga intildim. Bu oʻsha oʻn olti yoshida men maktabda koʻrgan keyin hayotimdan va xayolimdan gʻoyib boʻlgan qiz edi. U mening bir doʻstimning sobiq sevgilisi edi ilgari. Doʻstim va oʻsha toʻpigʻi ingichka gʻalati qizni nimalardir birlashtirgandi bir vaqtlar, keyin oʻsha nimalardir ularni ajratib yubordi. Tan olishim kerakki, ularni birlashtiruvchi rishtalarda men oʻzim istamagan holda, muayyan rol oʻynagandim.
— Sizni bezovta qilganim uchun juda afsusdaman, — dedi u, — lekin menga shuni aytishingiz kerak. Siz uni hozir qayerdaligini bilasizmi?
Men telefonga yuzlandim, uning simini butun uzunligi boʻylab pastga siljitdim. Albatta simlar apparatga ulangan turardi.
— Yoʻq, — qoʻrqinchli javob ovozimdan sitilib chiqdi.
Qizning ovozida tahdid bor edi. Men esa ular oʻrtasidagi bu xunuk voqealarga aralashishni ortiq istamasdim, tabiiyki, bu voqealarga meni qoʻshishlariga boshqa jim qarab turolmasdim.
— Hech kim menga uning qayerdaligini aytmaydi, — dedi u sovuq ohangda. – Hamma hech narsani bilmagandek tutadi. Lekin unga aytadigan muhim gapim bor. Iltimos, uni qayerdaligini ayting. Vaʼda beraman, unga buni siz aytganingizni aytmayman. U qayerda?
— Rostini aytsam, men uning qayerdaligi haqida hech qanday maʼlumotga ega emasman, — dedim unga. — Men uni anchadan beri koʻrmadim.
Ovozim birovnikiga oʻxshab chiqdi. Uni anchadan beri koʻrmaganim haqida rost gapirgandim, ammo uning telefon raqami va manzili bor edi. Yolgʻon gapirganimda ovozimda har doim nimadir roʻy beradi. Bu juda gʻalati va yoqimsiz narsa.
— Men uni haqiqatan ham qayerdaligini bilmayman, — deya qayta takrorladim. — U men bilan aloqani ancha vaqt oldin uzgan, yaqin-oʻrtada u bilan bir ogʻiz ham gaplashganim yoʻq.
— Qoʻysangizchi, — dedi. — Qani u shunday boʻlganida?! Agar shunday boʻlganida, u bu haqda avval hammaga jar solib aytib chiqqan boʻlar edi. Gap mustaqil tarzda bir qadam ham odim otolmaydigan yigit haqida ketmoqda axir.
U haq edi. Mening doʻstim, qiz aytayotgan toifalar sirasiga kirardi. Ammo men uni qayerdaligini aytmoqchi emas edim. Aks holda, u meni darhol topardi. Keyin hammasini bir boshdan u bilan muhokama qilishimga toʻgʻri kelardi. Men esa boshqalarni gapini eshitishdan charchaganman. Men xotiram tomorqasida katta goʻr qazib, tanishlarimning koʻmilishi kerak boʻlgan hamma gaplarini allaqachon oʻsha yerda koʻmib qoʻygandim. Endi esa bu lahadni ochishga va uni yana bemaʼni gaplar bilan toʻldirishga hech kimga ruxsat bermayman.
— Kechirasiz, lekin bu — haqiqat, — dedim unga.
— Siz meni yoqtirmaysiz, shundaymi? — soʻradi u birdan.
Nima deyishni bilmasdim. Men uni nimaga yomon koʻrishim kerak, chunki u bilan bogʻliq biron salbiy xotiraga ega emasdim. Qolaversa, agar biron kishi sizning xotirangizga yetarlicha muhrlanmagan boʻlsa, sizda yomon taassurot qoldirgani haqida biron narsa deya olmaysiz.
— Kechirasiz, — takrorladim men. – Lekin men hozir spagetti pishirayapman.
— Men spagetti pishirayotganimni nazarda tutdim, — unga yolgʻon gapirdim yana.
Aslida spagetti pishirmayotgandim. Men shunchaki oʻyinni davom ettirdim: xayoliy qozonga xayoliy suv quydim, gugurtni xayolan yondirdim.
Men bir hovuch xayoliy tuzni qaynoq suvga soldim, xayoliy spagetti tayoqchalarini tutgancha ehtiyotkorlik uni suv bilan aralashtirdim, sakkiz daqiqa qaynatish uchun xayoliy pishirish taymerini oʻrnatdim. Bu daqiqalarda qizga oʻzimni gapira olmaydigandek tutdim. Aks holda u hammasini sezib qolishi hech gap emas edi. Qiz ham ishimga xalaqit bermaslik uchun bir muddat jim boʻlib qolgandi.
— Men oʻzimni noqulay his qilayapman, lekin bilasiz, spagetti nozik masala, — dedim unga.
Qiz gapirmadi. Qoʻlimdagi telefon sukunat qoʻyniga choʻkdi.
— Menga keyinroq qayta qoʻngʻiroq qila olasizmi? — shoshib qoʻshib qoʻydim men.
— Chunki siz hozir spagettini qanday pishishini tomosha qilishingiz kerakmi? — soʻradi u.
— Siz ularni kimgadir pishirasizmi, yoki bu faqat oʻzingiz uchunmi?
— Men ularni yolgʻiz oʻzim yeyman, — dedim.
U uzoq vaqt nafasini ushlab turdi, soʻng sekin nafas chiqardi:
— Albatta, bu mening muammoim, — dedi u, — ular sizga tegishli emas, lekin men juda qiyin ahvoldaman. Nima qilishni ham bilmayman.
— Uzr, men sizga yordam bera olmayman, — dedim men.
— U mendan qarzdor, — oʻkindi qiz. — Men unga qarz bergandim. Men unga yordam berdim, u esa endi gʻoyib boʻldi.
Oʻrtamizda bir zum sukunat choʻkdi. Meni xayolimni yana spagetti tortdi.
— Kechirasiz, — dedim men, — axir men spagetti pishirayapman, bilasizmi…
— Xayr, — dedi soʻng. — Yoqimli ishtaha! Umid qilamanki, spagettingiz juda ajoyib chiqadi.
Telefonni goʻshakka qoʻyganimda poldagi yorugʻlik doirasi bir necha santimetrga siljigani nigohimni tortdi. Men oʻsha yorugʻlik hovuziga yotib, yana shiftga tikildim.
Qaynayotgan suvga abadiy choʻmilgan, lekin hech qachon pishirilmagan spagetti haqida oʻylash chindan ham achinarli, haddan tashqari achinarli. Men qizga yordam bermaganimdan juda afsusda edim. Axir uning sobiq sevgilisi har holda yoqimli ish qilmagandi. Qizning oʻksik ovoziga qaraganda, u haqiqatan ham muammoga duch kelgandi.
Men endi baʼzida oʻshandan keyin bu qizga nima boʻldi ekan, deb oʻylayman. Odatda oldimda issiq bugʻda pishirilgan spagetti turganida, men uni eslayman. Ehtimol u oʻshanda men bilan qoʻngʻiroqlashganidan soʻng allaqayoqlarga gʻoyib boʻlgandir?! Agar shunday boʻlgan boʻlsa, bunda qisman mening ham aybim bor.
Ammo, muhtaram kitobxon, siz mening ham pozitsiyamni toʻgʻri tushunishingiz kerak. Oʻsha vaqtlar men hech kim bilan yaqin muloqotda boʻlishni istamasdim. Shuning uchun men butun yil boʻyi spagettilarni jahannamga tayyorgarlik koʻrgandek tayyorlash bilan band boʻldim. Nemis ovcharkasi sigʻadigan oʻsha ulkan kostryulda faqat oʻzim uchun spagettilar pishirdim.
Italiya dalalarida durum semolina tillarang bugʻdoy boshoqlari toʻlqinlanmoqda.
Tasavvur qila olasizmi, agar italiyaliklar 1971-yilda eksport qilayotgan narsalari aslida yolgʻizlik ekanligini bilishsa, qanchalik hayratda qolgan boʻlishardi?
Rus tilidan Sherzod Komil Xalil tarjimasi
Харуки Мураками. Спагетти йили (ҳикоя)
1971 йил спагетти йили бўлганди.
1971 йил тановул қилишим учун спагетти пиширдим, тўғрироғи бутун йил давомида спагетти пишириб кун ўтказдим. Қозон устидан тараладиган буғ ҳовури мени руҳлантирар, бундан қувонардим, помидор соусининг жизғанак бўлиб гуриллаганидан завқланардим, келажакка бўлган бутун умидим шунга боғлиқлигини ҳис қилардим.
Аввало ошхона таймери ва овчарка солса ҳам сиғадиган катта алюмин кастрюль сотиб олдим, сўнг чет элликлар учун мўлжалланган барча супермаркетларни айланиб чиқдим ва у ердан жуда ғалати зираворлар сотиб олдим. Китоб дўконидан эса итальян макаронлари ҳақидаги овқат китобини қўлга киритдим. Яна ўнлаб помидорлар, ҳар хил турдаги спагеттилар ва одамзодга маълум бўлган ҳар қандай соусларни олавердим, ҳаммасини бирма-бир пишириб кўрдим. Ғира-шира қуйилган зайтун мойига аралаштириб пиширилган саримсоқ ва пиёз ҳамма нарсада ўзига хос ҳиди билан ўрнашиб қолди: пол, шифт, деворлар, кийим-кечакларим, китоблар, теннис ракеткаси, дисклар, эски ёзув дафтарларим бу ғалати ҳидни ўзида сингдириб олди. Эҳтимол қадимги Рим сув йўли қувурлари ўзида мана шундай ҳидларни тутиб қолган бўлса керак.
Бахтга қарши мен ёлғиз эдим, спагеттининг ўзим учун пиширардим ва ердим. Ишончим комилки, спагетти инсон ёлғиз тановул қиладиган таомлардан биридир. Мен доим спагеттини чой, оддий салатлар, айтайлик бодринг салати билан истеъмол қилганман. Мен бу егуликларни керак вақтда тайёрлаш ва пишириш учун захираси билан ўзим учун олиб қўярдим. Таом тайёр бўлганда, мен уларни эҳтиёткорлик билан стол устида жойлаштирардим, секин овқатланардим ва бир вақтнинг ўзида газета варақлардим. Одатда мен кунларимни якшанбадан шанбагача спагетти ейиш билан ўтказардим. Келадиган якшанбадан эса янги спагетти ҳафталиги очиларди.
Ҳар сафар бир товоқ спагетти олдида ўтирганимда, айниқса, ёмғирли кунларда, аллаким эшигимни таққиллатгандай бўларди. Эшикни хаёлан бориб очардим ва қаршимда меҳмонни кўрардим – аммо ҳар сафар бошқа-бошқа меҳмон. Уларни баъзиларини умримда кўрмаганман, бошқалари эса танишларим бўларди. Дарвоқе, бир марта меникига мактаб вақтимда учратган ингичка тўпиқли қиз келгандай бўлди. У қандайдир тарзда америкалик актёр Уилям Холден ва актриса Женифер Жонслар билан бирга келгандек эди. Тўғрисини айтиш керакки, бу одамлар ҳеч қачон меникига келишга рағбат кўрсатмаган бўлардилар. Лекин нега хотираларим қатларидаги бу одамлар таққиллатмасдан эшигим тагигача келишмоқда, кейин эса ҳеч нима бўлмагандек жимгина ғойиб бўлишмоқда.
Бутун баҳор, бутун ёз, ҳатто бутун куз бўйи мен спагетти қайнатиб, ўзимдан аллақандай лаънатни соқит қилишга интилардим. Ёлғиз ташлаб кетилган қиз эски севги мактубларини ҳовучлаб улоқтирганидек, спагеттиларни ҳовучлаб кастрюлга солардим. Мен оёқ ости қилинган вақт сояларини худди бир тўпламда йиғаётгандек, улардан немис овчаркасини кўринишини яратишга интилардим, унинг ғазабланган кўпикли сўлагига туз сепардим. Кейин таймер нохуш қўнғироғини чалганда, мен макаронларни олиш учун хитой таёқчалари билан қуролланган ҳолда қозон устига борардим. Спагеттидан кўзимни узолмасдим. Гўё агар мен орқага бурилсам, улар кастрюль четидан бемалол сакраб ўтиб, тун қўйнига кириб ғойиб бўлиши мумкиндек туюларди. Шунинг учун мен кўз узмасдан уларни товоққа сузиб олгунимча, спагетти турлари ҳақида хиргойи қилардим:
Мен ўзим тайёрлаган бу номсиз ачинарли спагеттимни бироз тановул қилгач, ярим истеъмол қилинган қолган қисмини музлаткичга тиқардим. 1971 йилда, менинг қайноқ туғилган қанчадан-қанча спагеттиларим неча-неча бор шундай тақдирларга зойил қилинди.
Айтишим керакки мен 1971 йилдаги ўша барча спагеттилар учун қайғурсам арзийди. Буни сабаблари бор.
Ўшанда 15:20 да мен тўшакда шифтга тикилиб ётганимда, телефоним жиринглаганди. Мен ётган жойдан қишки қуёш нури кўлмакда акс этиб кўриниб турарди. Декабрь ойининг шу ғира-шира ёруғлигида мен нобуд бўлган пашша каби ўрнимда бефарқ чўзилиб ётардим. Телефонни баъзур кўтарарканман, аввалига қўнғироқ қилган одамнинг овозини танимадим. Бу кўпроқ ҳаво қатларида қолган хотирага ўхшарди. Аммо товуш тобора қулоғим остидан аниқроқ жарангларкан, мен телефондан гаплашаётганимни ниҳоят тушундим. Ҳеч қандай шубҳа бўлиши мумкин эмас. Юз фоиз ҳаво тўлқинларидан келаётган ва телефондан жаранглаётган аёл овози эди бу! Тўшакдан кўтарилмаган куйи, мен уни эшитишга интилдим. Бу ўша ўн олти ёшида мен мактабда кўрган кейин ҳаётимдан ва хаёлимдан ғойиб бўлган қиз эди. У менинг бир дўстимнинг собиқ севгилиси эди илгари. Дўстим ва ўша тўпиғи ингичка ғалати қизни нималардир бирлаштирганди бир вақтлар, кейин ўша нималардир уларни ажратиб юборди. Тан олишим керакки, уларни бирлаштирувчи ришталарда мен ўзим истамаган ҳолда, муайян роль ўйнагандим.
— Сизни безовта қилганим учун жуда афсусдаман, — деди у, — лекин менга шуни айтишингиз керак. Сиз уни ҳозир қаердалигини биласизми?
Мен телефонга юзландим, унинг симини бутун узунлиги бўйлаб пастга силжитдим. Албатта симлар аппаратга уланган турарди.
— Йўқ, — қўрқинчли жавоб овозимдан ситилиб чиқди.
Қизнинг овозида таҳдид бор эди. Мен эса улар ўртасидаги бу хунук воқеаларга аралашишни ортиқ истамасдим, табиийки, бу воқеаларга мени қўшишларига бошқа жим қараб туролмасдим.
— Ҳеч ким менга унинг қаердалигини айтмайди, — деди у совуқ оҳангда. – Ҳамма ҳеч нарсани билмагандек тутади. Лекин унга айтадиган муҳим гапим бор. Илтимос, уни қаердалигини айтинг. Ваъда бераман, унга буни сиз айтганингизни айтмайман. У қаерда?
— Ростини айтсам, мен унинг қаердалиги ҳақида ҳеч қандай маълумотга эга эмасман, — дедим унга. — Мен уни анчадан бери кўрмадим.
Овозим бировникига ўхшаб чиқди. Уни анчадан бери кўрмаганим ҳақида рост гапиргандим, аммо унинг телефон рақами ва манзили бор эди. Ёлғон гапирганимда овозимда ҳар доим нимадир рўй беради. Бу жуда ғалати ва ёқимсиз нарса.
— Мен уни ҳақиқатан ҳам қаердалигини билмайман, — дея қайта такрорладим. — У мен билан алоқани анча вақт олдин узган, яқин-ўртада у билан бир оғиз ҳам гаплашганим йўқ.
— Қўйсангизчи, — деди. — Қани у шундай бўлганида?! Агар шундай бўлганида, у бу ҳақда аввал ҳаммага жар солиб айтиб чиққан бўлар эди. Гап мустақил тарзда бир қадам ҳам одим отолмайдиган йигит ҳақида кетмоқда ахир.
У ҳақ эди. Менинг дўстим, қиз айтаётган тоифалар сирасига кирарди. Аммо мен уни қаердалигини айтмоқчи эмас эдим. Акс ҳолда, у мени дарҳол топарди. Кейин ҳаммасини бир бошдан у билан муҳокама қилишимга тўғри келарди. Мен эса бошқаларни гапини эшитишдан чарчаганман. Мен хотирам томорқасида катта гўр қазиб, танишларимнинг кўмилиши керак бўлган ҳамма гапларини аллақачон ўша ерда кўмиб қўйгандим. Энди эса бу лаҳадни очишга ва уни яна бемаъни гаплар билан тўлдиришга ҳеч кимга рухсат бермайман.
— Кечирасиз, лекин бу — ҳақиқат, — дедим унга.
— Сиз мени ёқтирмайсиз, шундайми? — сўради у бирдан.
Нима дейишни билмасдим. Мен уни нимага ёмон кўришим керак, чунки у билан боғлиқ бирон салбий хотирага эга эмасдим. Қолаверса, агар бирон киши сизнинг хотирангизга етарлича муҳрланмаган бўлса, сизда ёмон таассурот қолдиргани ҳақида бирон нарса дея олмайсиз.
— Кечирасиз, — такрорладим мен. – Лекин мен ҳозир спагетти пишираяпман.
— Мен спагетти пишираётганимни назарда тутдим, — унга ёлғон гапирдим яна.
Аслида спагетти пиширмаётгандим. Мен шунчаки ўйинни давом эттирдим: хаёлий қозонга хаёлий сув қуйдим, гугуртни хаёлан ёндирдим.
Мен бир ҳовуч хаёлий тузни қайноқ сувга солдим, хаёлий спагетти таёқчаларини тутганча эҳтиёткорлик уни сув билан аралаштирдим, саккиз дақиқа қайнатиш учун хаёлий пишириш таймерини ўрнатдим. Бу дақиқаларда қизга ўзимни гапира олмайдигандек тутдим. Акс ҳолда у ҳаммасини сезиб қолиши ҳеч гап эмас эди. Қиз ҳам ишимга халақит бермаслик учун бир муддат жим бўлиб қолганди.
— Мен ўзимни ноқулай ҳис қилаяпман, лекин биласиз, спагетти нозик масала, — дедим унга.
Қиз гапирмади. Қўлимдаги телефон сукунат қўйнига чўкди.
— Менга кейинроқ қайта қўнғироқ қила оласизми? — шошиб қўшиб қўйдим мен.
— Чунки сиз ҳозир спагеттини қандай пишишини томоша қилишингиз керакми? — сўради у.
— Сиз уларни кимгадир пиширасизми, ёки бу фақат ўзингиз учунми?
— Мен уларни ёлғиз ўзим ейман, — дедим.
У узоқ вақт нафасини ушлаб турди, сўнг секин нафас чиқарди:
— Албатта, бу менинг муаммоим, — деди у, — улар сизга тегишли эмас, лекин мен жуда қийин аҳволдаман. Нима қилишни ҳам билмайман.
— Узр, мен сизга ёрдам бера олмайман, — дедим мен.
— У мендан қарздор, — ўкинди қиз. — Мен унга қарз бергандим. Мен унга ёрдам бердим, у эса энди ғойиб бўлди.
Ўртамизда бир зум сукунат чўкди. Мени хаёлимни яна спагетти тортди.
— Кечирасиз, — дедим мен, — ахир мен спагетти пишираяпман, биласизми…
— Хайр, — деди сўнг. — Ёқимли иштаҳа! Умид қиламанки, спагеттингиз жуда ажойиб чиқади.
Телефонни гўшакка қўйганимда полдаги ёруғлик доираси бир неча сантиметрга силжигани нигоҳимни тортди. Мен ўша ёруғлик ҳовузига ётиб, яна шифтга тикилдим.
Қайнаётган сувга абадий чўмилган, лекин ҳеч қачон пиширилмаган спагетти ҳақида ўйлаш чиндан ҳам ачинарли, ҳаддан ташқари ачинарли. Мен қизга ёрдам бермаганимдан жуда афсусда эдим. Ахир унинг собиқ севгилиси ҳар ҳолда ёқимли иш қилмаганди. Қизнинг ўксик овозига қараганда, у ҳақиқатан ҳам муаммога дуч келганди.
Мен энди баъзида ўшандан кейин бу қизга нима бўлди экан, деб ўйлайман. Одатда олдимда иссиқ буғда пиширилган спагетти турганида, мен уни эслайман. Эҳтимол у ўшанда мен билан қўнғироқлашганидан сўнг аллақаёқларга ғойиб бўлгандир?! Агар шундай бўлган бўлса, бунда қисман менинг ҳам айбим бор.
Аммо, муҳтарам китобхон, сиз менинг ҳам позициямни тўғри тушунишингиз керак. Ўша вақтлар мен ҳеч ким билан яқин мулоқотда бўлишни истамасдим. Шунинг учун мен бутун йил бўйи спагеттиларни жаҳаннамга тайёргарлик кўргандек тайёрлаш билан банд бўлдим. Немис овчаркаси сиғадиган ўша улкан кострюлда фақат ўзим учун спагеттилар пиширдим.
Италия далаларида durum semolina тилларанг буғдой бошоқлари тўлқинланмоқда.
Тасаввур қила оласизми, агар италияликлар 1971 йилда экспорт қилаётган нарсалари аслида ёлғизлик эканлигини билишса, қанчалик ҳайратда қолган бўлишарди?