March 14

Haynrix Byoll. Mening g‘amgin yuzim (hikoya)

| Кирилл ёзувидаги матн пастроқда

Portda turvolib, chag‘alaylarni kuzatayotganimda mening g‘amgin yuzim shu mavzeda navbatchilik qilayotgan mirshabning e’tiboriga tushibdi. Qushlarga mahliyo bo‘lib qolibman. Ular ozuqa ilinjida goh osmonga o‘qdek sapchib, goh pastga toshdek shuvillab tusharkan, harakatlari bekor ketardi. Port bo‘m-bo‘sh, qoramoy to‘kilib, yupqa, yashil parda qoplaganidan quyuq tuyulayotgan suvda har balo suzib yuribdi. Bironta paroxod ko‘rinmaydi, ko‘tarma kranlar zanglab yotibdi, omborlar tanazzulga yuz tutgan, hatto kalamushlar ham portning vayronalarida ko‘rinmaydi. Shunchalik jimjit edi, bu yer. Tashqi dunyo bilan aloqa uzilganiga ko‘p yillar bo‘lgan.

Men bitta chag‘alayni tanlab oldim-da, uchishini kuzatdim. Hurkovuch bu qush momaqaldiroqni sezgan qaldirg‘och singari, ko‘pinchi suvga yaqin uchadi, onda-sonda qiyqirib tepaga ko‘tariladi-da, sheriklariga qo‘shilib ketadi.

Agar shu payt menga, tila tilagingni, deyishsa, bir burda non so‘ragan bo‘lardim. Uni maydalab-maydalab suvga otardim-da, betartib uchayotgan qushlarga aniq yo‘nalish berib, quloqlarni qomatga keltirayotgan chikyillashlarni buzib yuborardim, non bo‘laklari va ushoqlari yordamida bu ayqash-uyqash harakatlaru ovozlarni go‘yo tarab-tarab, chiroyli qilib qo‘yardim. Biroq, o‘zim ham shu qushlar singari ochman, charchaganman, g‘amgin bo‘lsam-da, baxtiyorman. Bu yerda qo‘llarni bo‘m-bo‘sh cho‘ntakka tiqib, g‘amdan mast bo‘lgancha, chag‘alaylarni kuzatish shunchalik mazza edi-ki!

Qo‘qqisdan, yelkamga to‘ralarga xos qo‘l kelib tushdi va “Ortimdan yuring!” degan buyruqni eshitdim. Qo‘l yelkamni ezib, meni o‘ziga qaratmoqchi bo‘ldi. Men qayrilib qaramasdan qo‘lni yelkamdan silkitib tashladim-da, xotirjamgina “Esingiz joyidami?” dedim.

— Millatdosh, — dedi haligacha menga ko‘rinmay turgan odam, — ogohlantiraman!

— Menga qarang, janob!

— Qanaqa janob?! — qahr qildi odam. — Biz hammamiz millatdoshmiz!

U yonimga turvolib, qiyalab qaradi, men esa osmonda daydib yurgan nigohimni mirshabning “saxovatli” ko‘zlariga cho‘ktirishga majbur bo‘ldim. O‘n yillar davomida xizmat burchidan boshqa narsani tuymagan, buqadek keladigan bu odam o‘ta jiddiy edi.

— Nimaga asosan? — deya gap boshladim.

— Asoslar yetarli, — cho‘rt kesdi u. — G‘amgin yuzlaringiz.

Kulib yubordim.

— Kuladigan gap emas!

Uning qahri rostakam edi. Avvaliga, bu mirshab zerikkanidan menga tirkalyapti, deb o‘yladim, chunki ko‘ziga ro‘yxatdan o‘tmagan bironta fohisha, mast dengizchi yoki o‘g‘ri yoki harbiy qochoq tashlanmayaptiki, ushlavolsa! Endi, u hazillashmayotganiga, haqiqatda ham meni hibsga olmoqchi ekaniga ishonch hosil qildim.

— Ortimdan yuring!

— Nega endi? — so‘radim bosiqlik bilan.

Shunda chap bilagimni ingichka zanjir chirmab olganini sezib, “Oh, o‘ldim!” dedim ichimda. Charx urib uchayotgan chag‘alaylarga, go‘zal osmonga oxirgi marta qaradim va siltanib chiqib, o‘zimni suvga otmoqchi bo‘ldim. Yana panjaralar ortiga tashlanishdan yoki yollangan jallodlar qo‘li bilan bir xilvat yerda bo‘g‘ilib o‘lgandan ko‘ra, mana shu iflos suvda cho‘kib o‘lgan yaxshiroq tuyuldi menga. Biroq, mirshab zanjirni qattiq tortib, meni o‘ziga yaqinlashtirdi, qochish haqida o‘ylash bekor bo‘lib chiqdi.

— Nega bunday qilyapsiz? — dedim takroran.

— Qonun bor: hamma baxtiyor bo‘lishi kerak.

— Men baxtiyorman! — hayqirib yubordim.

— G‘amgin yuzlaringiz aytib turibdi, — kesatdi mirshab va boshini chayqab qo‘ydi.

— Bu yangi qonun bo‘lsa kerak?

— E’lon qilinganidan buyon o‘ttiz olti soat o‘tdi. Siz esa, har qanday qonun matbuotda chiqqandan keyin yigirma to‘rt soat o‘tgach, kuchga kirishini bilishingiz kerak.

— Men bunaqa qonunni bilmayman.

— Qonunni bilmaslik jazodan xalos qilmaydi. U hamma ovozkarnaylardan eshittirildi, hamma gazetalarda bosildi, taraqqiyotning bunaqa vositalaridan foydalanmaydiganlar uchun esa, — deya mirshab menga nafrat bilan qarab qo‘ydi, — butun imperiya bo‘ylab varaqalar tarqatildi. Shuning uchun keyingi o‘ttiz olti soatni qayerlarda o‘tkazganingizni ham aniqlashga to‘g‘ri keladi.

U meni tezroq sudray ketdi. Shundagina egnimda palto yo‘qligini, sovuq ekanini sezibman, shundagina qornim ochlikdan g‘uldirayotganini eshitibman, shundan keyingina soqollarim o‘sib ketganini, yuvinmaganimni, juldurvoqi ekanimni, hamma millatdoshlar soqollarini qirtishlab, yuvinib-taranib yurishlari, baxtiyor va to‘q bo‘lishlari kerakligi haqida qonunlar borligini eslabman. Mirshab meni oldiga solib, turtib borardi, go‘yo men o‘g‘irlik qilib, qo‘lga tushgan qo‘riqchi tasqaramanu, endi shirin xayollar bilan qo‘qqayib turadigan poliz va tomorqalarni tark etishim kerak.

Ko‘chalarda odam ko‘rinmaydi, politsiya idorasi uzoq emas. Meni ozodlikdan mahrum qilishlari turgan gap, bunga bahonani bir pasda topadilar. Mirshab meni yoshligimdan qadrdon bo‘lib qolgan ko‘chalarda yetaklab borayotganidan dilgir bo‘ldim. Men bu yerlardan portdan qaytishda o‘tardim, ayqash-uyqash bo‘lsa-da, chiroyli, quyuq butalar bilan qoplangan bog‘larda, o‘t bosgan yo‘llarda shunchaki tentirardim. Afsus, bularning hammasi bo‘lib-bo‘lib tashlangan, o‘rilgan, qaychilangan, chorsi-chorsi bo‘laklarga ajratilib, sodiq fuqarolarning turli uyushmalari dushanba, chorshanba va shanba kunlari harbiy mashqlar o‘tkazishi uchun moslashtirilgan. Faqat, osmonu havo ilgari — yurak orzularga, shirin xayollarga to‘la vaqtlarda qanday bo‘lsa, shundayligicha qolgan.

Yo‘l-yo‘lakay ishqiy ermaklarga mo‘ljallangan ba’zi kazarmalar tepasiga, kimlardir chorshanba kunlari hirsiy zavq-shavq olishga navbati kelishini eslatib turadigan rasmiy nishon ilib qo‘yilganiga ko‘zim tushdi. Ba’zi qovoqxonalarga ichkilik nishonini ilib qo‘yish huquqi berilgan shekilli, ko‘ndalang tortilgan ikkita och jigarrang va bitta to‘q jigarrang tasmali davlat ramzi tushirilgan krujkalar ko‘zga tashlanadi. Bu kunda pivoxo‘rlik rohati nasib etganlarning rasmiy ro‘yxatiga kiritilgan millatdoshlarning yuragi shodlikka to‘lib-toshgani shubhasiz.

Ro‘paramizdan chiqib qoladigan o‘tkinchilarning yuzlarida g‘oyatda tirishqoqlik aks etadi, ulardan ufurib turgan g‘ayrat-shijoat mirshabga ko‘zlari tushgan zahoti yanada kuchayib, qadamlarini tezlatadilar, yuzlarida majburiyatni bajo keltirganlik ifodasi ko‘rinadi. Do‘konlardan chiqayotgan ayollar esa, ularga lozim bo‘lganidek, tevarak-atrofga baxtdan ko‘zlari chaqnab qarashga harakat qiladilar. Ayollar yaxshi ovqatlar bilan davlat xodimlarining kuch-quvvatini tiklashga da’vat etilgan uy bekasi bo‘lganlari uchun ham qonun, ular shod, quvnoq va tetik-bardam bo‘lishlarini talab qiladi.

Biroq, odamlar bizga ro‘para kelishdan o‘zlarini ustalik bilan olib qochardilar: ko‘chadagi jonzotning har qanday ko‘rinishi bizdan yigirma qadam naridayoq ko‘zdan g‘oyib bo‘lar, har kim yo‘lida birinchi uchragan do‘konga yoki muyulish ortiga o‘zini urib ketishga harakat qilardi, ayrimlar begona uylarga kirib ketib, eshik ortida qaltirab, bizning qadam tovushimiz tinguncha kutardi. Faqat, bir marta, biz chorrahani kesib o‘tgan daqiqada qariyaga ro‘para keldik. Uning ko‘kragida maktab o‘qituvchisining nishoni bor ekan. Qariya bizga duch kelishdan o‘zini obqocholmadi, beixtiyor, burchini bajarishdan boshqa iloji qolmadi: qoidaga muvofiq dastavval, itoatkorlik belgisi sifatida kaftini peshonasiga uch marta urib, mirshabga salom berdi, keyin, mening betimga uch marta tupurdi va bunday holatlarda aytilishi shart bo‘lgan “Iflos! Sotqin!” degan haqoratlarni aytdi. Tuflayotganda u mo‘ljalni aniq oldiyu, lekin isib ketganidan og‘zi qurib qolganmi, har holda, menga mayda tomchilar kelib tegdi. Men bo‘lsam, qonunga xilof qilib, tupukni yengim bilan, beixtiyor artibman. Buning uchun mirshab ketimga bir tepdi, ikki kuragim o‘rtasiga musht tushirdi va xotirjamlik bilan “Birinchi bosqich” deb tushuntirgan bo‘ldi. Ya’ni, politsiyaning har qanday mansabdori qo‘llaydigan eng birinchi va yengil jazo chorasi, demoqchi.

O‘qituvchi bizdan shosha-pisha uzoqlashdi. Boshqa o‘tkinchilar o‘z vaqtida burilib ketishga ulgurib qoldilar. Ishqiy kazarma oldida, shart bo‘lgan kechki sayrni bajarib yurgan, shishinqiragan ayol havo orqali menga o‘pich yubordi va men minnatdor jilmayish bilan javob qaytardim. Mirshab o‘zini bilmaganga soldi. U boshqa har qanday odamni jazolashi mumkin, lekin bunaqa ayollar o‘zboshimchalik qilishi taqiqlanmagan. Ko‘klarga ko‘tarib maqtalgan qonun bunday ayollarga taalluqli emas, chunki davlat xodimlarining ish qobiliyatini ko‘tarishda hech kim ularchalik yordam berolmaydi. Ammo, bunday imtiyozni davlat falsafasi fanining uch karra do‘xtiri Blyaygyot rasmiy, umummajburiy falsafa jurnalida qoralab chiqqan. Men bu haqda kechagina, poytaxtga kelayotib, bir dehqonning hovlisidagi hojatxonaga kirganimda, gazeta parchalaridan o‘quvdim. Qaysidir bir talaba, ehtimol, o‘sha dehqonning o‘g‘lidir, uch karra do‘xtirning mulohazalarini chuqur ma’noli so‘zlar bilan “sharhlab”, gazeta chetiga yozib tashlabdi.

Baxtimga, sirena tovushi uvillagan paytda biz politsiya mahkamasiga yetgan edik. Demak, bir necha daqiqadan so‘ng ko‘chalarga yuzida sokin baxt ufurib turadigan odamlar (ha, ha, aynan sokin baxt, chunki ish kunining oxirida baxtni jo‘shqin ifodalash ish og‘ir bo‘lganini anglatadi; shod-xurramlik esa, ish kunining boshlanishida hamroh bo‘lishi kerak) to‘lib ketadi va ularning har biri menga tuflab o‘tishi lozim. Shunday bo‘larmidi yo boshqacha, har holda, sirenaning uvlashi o‘n daqiqadan keyin ish kuni tugashini bildiradi, ishlovchilarning bari shu o‘n minut ichida hozirgi oliy hukmdorning “Baxt va sovun!” degan shioriga muvofiq yaxshilab yuvinishi talab etiladi.

Politsiyaning beton xarsangni eslatadigan mahkamasi eshigini ikkita mirshab qo‘riqlayapti, men o‘tayotganda ular tayinlangan “tan jazosi chorasi”ni qo‘llab, qo‘ndoq bilan boshimga qattiq urishdi va to‘pponchani ko‘kragimga nuqishdi, chunki davlat chiqarib qo‘ygan birinchi raqamli qonunning preambulasida bunday deyilgan: “Politsiyaning har bir mansabdori o‘z lavozimiga yarasha ushlanganning (hibsga olingan odamni shunday atashadi) tanasida hujjatli iz qoldirishi kerak; jinoyatchini tutib olgan mansabdor bundan mustasno, chunki u tan jazosi berish imkoniyatlaridan so‘roq paytida foydalanish huquqiga ega.”

Qonunda yana bunday deyiladi: “Politsiyaning har bir mansabdori qonun oldida aybdor bo‘lgan har qanday odamni shaxsan o‘zi jazolashi mumkin va zarur. Jazo berishda navbat kutish shart emas, shunday navbat yuzaga kelish ehtimoli bor, xolos.”

Biz uzu-un, ikki tomonida ko‘plab, katta-katta derazalari bor, devorlari bo‘m-bo‘sh yo‘lakdan o‘tdik, oldimizda paydo bo‘lgan eshik o‘z-o‘zidan ochildi. Kiraverishdagi posbon biz haqimizda xabar berdi. Hamma baxtli, qonun oldida itoatkor va batartib, har kuni tayinlangan yarim kilo sovunni ko‘pirtirish bilan band bo‘laverganidan, ushlangan (hibsga olingan)ning paydo bo‘lishi bir voqea edi.

Biz kirib borgan yarim-yalang‘och xonada bitta yozuv stoli, telefoni bilan, va ikkita oromkursi bor, men xonaning o‘rtasida turishim kerak, mirshab dubulg‘asini yechib, o‘tirdi.

Boshlanishiga sukunat hukm surdi, hech nima bo‘lmadi. Doim shunaqa qilishadi, va bu — eng yomoni. Vaqt o‘tgan sayin yuzimda baxtsizlik alomatlari kuchayib borayotganini sezib turibman. Buning ustiga o‘lgudek charchaganman, ochman, halok bo‘lishim muqarrar.

Bir necha soniyadan keyin kichik tergovchining och jigarrang formasini kiygan, rangi o‘chgan, novcha bir odam kirib keldi va hech nima demasdan oromkursiga o‘tirdi-da, menga sinchiklab qaradi.

— Hunar?!

— Oddiy millatdosh.

— Tug‘ilgan yil?!

— Birinchi, birinchi,… yigirma birinchi yil.

— Mashg‘ulot?!

— Mahbus.

Tergovchi mirshab bilan ko‘z urishtirib olishdi.

— Qachon va qayerdan ozod etilgan?!

— Kecha, o‘n ikkinchi korpus, o‘n uchinchi kamera.

— Qayoqqa yo‘llangan?!

— Poytaxtga.

— Hujjat!

Cho‘ntagimdan ozodlik haqidagi guvohnomani chiqarib, tergovchiga uzatdim. U guvohnomani ko‘rsatmalarim yozilayotgan qalin, yashil qog‘ozga to‘g‘nab qo‘ydi.

— Nima uchun qamalgan?!

— Baxtiyor yuzim uchun.

Tergovchi va mirshab yana bir-biriga qarab olishdi.

— Aniqroq! — dedi tergovchi.

— Oliy hukmdor vafotining yilligi — umumiy motam kunida yuzim baxtiyor ekani mirshablar e’tiborini o‘ziga tortgan.

— Muddat?!

— Besh.

— Xulq?!

— Yomon.

— Aniqroq?!

— Xizmat burchlaridan bosh tortish.

— So‘roq tugadi.

Kichik tergovchi o‘rnidan turib keldi-da, bir musht urib, oldingi uchta tishimni sindirdi. Bu — men o‘ta xavfli jinoyatchi sifatida maxsus tamg‘alanishim kerakligini bildiradi. Bunaqa qattiq jazo chorasiga yo‘liqaman, deb o‘ylamagandim. Kichik tergovchi chiqib ketgandan keyin xonaga to‘q jigarrang forma kiygan barzangi tergovchi kirib keldi.

Tergovchi, katta tergovchi, sudya, bosh sudya, ora-chora meni tutib keltirgan mirshab, hammalari qonun ko‘zda tutgan jazolarni berishdi. Bir vaqtlar yuzim baxtli ko‘ringani uchun besh yilga qamalgan bo‘lsam, endi, g‘amgin yuzim uchun o‘n yilga hukm qilishdi.

Umumiy baxtiyorlik va sovundek ko‘pirgan rohat-farog‘atga g‘arq bo‘lgan shu o‘n yildan o‘lmay qutulib olsam, yuzimda hech qanday ifodalar bo‘lmasligiga harakat qilaman.

1950.

Ruschadan Qudrat Do‘stmuhammad tarjimasi. “Sharq yulduzi” jurnali, 1999-yil, 6-son.


Ҳайнрих Бёлл. Менинг ғамгин юзим (ҳикоя)

Портда турволиб, чағалайларни кузатаётганимда менинг ғамгин юзим шу мавзеда навбатчилик қилаётган миршабнинг эътиборига тушибди. Қушларга маҳлиё бўлиб қолибман. Улар озуқа илинжида гоҳ осмонга ўқдек сапчиб, гоҳ пастга тошдек шувиллаб тушаркан, ҳаракатлари бекор кетарди. Порт бўм-бўш, қорамой тўкилиб, юпқа, яшил парда қоплаганидан қуюқ туюлаётган сувда ҳар бало сузиб юрибди. Биронта пароход кўринмайди, кўтарма кранлар занглаб ётибди, омборлар таназзулга юз тутган, ҳатто каламушлар ҳам портнинг вайроналарида кўринмайди. Шунчалик жимжит эди, бу ер. Ташқи дунё билан алоқа узилганига кўп йиллар бўлган.

Мен битта чағалайни танлаб олдим-да, учишини кузатдим. Ҳурковуч бу қуш момақалдироқни сезган қалдирғоч сингари, кўпинчи сувга яқин учади, онда-сонда қийқириб тепага кўтарилади-да, шерикларига қўшилиб кетади.

Агар шу пайт менга, тила тилагингни, дейишса, бир бурда нон сўраган бўлардим. Уни майдалаб-майдалаб сувга отардим-да, бетартиб учаётган қушларга аниқ йўналиш бериб, қулоқларни қоматга келтираётган чикйиллашларни бузиб юборардим, нон бўлаклари ва ушоқлари ёрдамида бу айқаш-уйқаш ҳаракатлару овозларни гўё тараб-тараб, чиройли қилиб қўярдим. Бироқ, ўзим ҳам шу қушлар сингари очман, чарчаганман, ғамгин бўлсам-да, бахтиёрман. Бу ерда қўлларни бўм-бўш чўнтакка тиқиб, ғамдан маст бўлганча, чағалайларни кузатиш шунчалик мазза эди-ки!

Қўққисдан, елкамга тўраларга хос қўл келиб тушди ва “Ортимдан юринг!” деган буйруқни эшитдим. Қўл елкамни эзиб, мени ўзига қаратмоқчи бўлди. Мен қайрилиб қарамасдан қўлни елкамдан силкитиб ташладим-да, хотиржамгина “Эсингиз жойидами?” дедим.

— Миллатдош, — деди ҳалигача менга кўринмай турган одам, — огоҳлантираман!

— Менга қаранг, жаноб!

— Қанақа жаноб?! — қаҳр қилди одам. — Биз ҳаммамиз миллатдошмиз!

У ёнимга турволиб, қиялаб қаради, мен эса осмонда дайдиб юрган нигоҳимни миршабнинг “саховатли” кўзларига чўктиришга мажбур бўлдим. Ўн йиллар давомида хизмат бурчидан бошқа нарсани туймаган, буқадек келадиган бу одам ўта жиддий эди.

— Нимага асосан? — дея гап бошладим.

— Асослар етарли, — чўрт кесди у. — Ғамгин юзларингиз.

Кулиб юбордим.

— Куладиган гап эмас!

Унинг қаҳри ростакам эди. Аввалига, бу миршаб зерикканидан менга тиркаляпти, деб ўйладим, чунки кўзига рўйхатдан ўтмаган биронта фоҳиша, маст денгизчи ёки ўғри ёки ҳарбий қочоқ ташланмаяптики, ушлаволса! Энди, у ҳазиллашмаётганига, ҳақиқатда ҳам мени ҳибсга олмоқчи эканига ишонч ҳосил қилдим.

— Ортимдан юринг!

— Нега энди? — сўрадим босиқлик билан.

Шунда чап билагимни ингичка занжир чирмаб олганини сезиб, “Оҳ, ўлдим!” дедим ичимда. Чарх уриб учаётган чағалайларга, гўзал осмонга охирги марта қарадим ва силтаниб чиқиб, ўзимни сувга отмоқчи бўлдим. Яна панжаралар ортига ташланишдан ёки ёлланган жаллодлар қўли билан бир хилват ерда бўғилиб ўлгандан кўра, мана шу ифлос сувда чўкиб ўлган яхшироқ туюлди менга. Бироқ, миршаб занжирни қаттиқ тортиб, мени ўзига яқинлаштирди, қочиш ҳақида ўйлаш бекор бўлиб чиқди.

— Нега бундай қиляпсиз? — дедим такроран.

— Қонун бор: ҳамма бахтиёр бўлиши керак.

— Мен бахтиёрман! — ҳайқириб юбордим.

— Ғамгин юзларингиз айтиб турибди, — кесатди миршаб ва бошини чайқаб қўйди.

— Бу янги қонун бўлса керак?

— Эълон қилинганидан буён ўттиз олти соат ўтди. Сиз эса, ҳар қандай қонун матбуотда чиққандан кейин йигирма тўрт соат ўтгач, кучга киришини билишингиз керак.

— Мен бунақа қонунни билмайман.

— Қонунни билмаслик жазодан халос қилмайди. У ҳамма овозкарнайлардан эшиттирилди, ҳамма газеталарда босилди, тараққиётнинг бунақа воситаларидан фойдаланмайдиганлар учун эса, — дея миршаб менга нафрат билан қараб қўйди, — бутун империя бўйлаб варақалар тарқатилди. Шунинг учун кейинги ўттиз олти соатни қаерларда ўтказганингизни ҳам аниқлашга тўғри келади.

У мени тезроқ судрай кетди. Шундагина эгнимда пальто йўқлигини, совуқ эканини сезибман, шундагина қорним очликдан ғулдираётганини эшитибман, шундан кейингина соқолларим ўсиб кетганини, ювинмаганимни, жулдурвоқи эканимни, ҳамма миллатдошлар соқолларини қиртишлаб, ювиниб-тараниб юришлари, бахтиёр ва тўқ бўлишлари кераклиги ҳақида қонунлар борлигини эслабман. Миршаб мени олдига солиб, туртиб борарди, гўё мен ўғирлик қилиб, қўлга тушган қўриқчи тасқараману, энди ширин хаёллар билан қўққайиб турадиган полиз ва томорқаларни тарк этишим керак.

Кўчаларда одам кўринмайди, полиция идораси узоқ эмас. Мени озодликдан маҳрум қилишлари турган гап, бунга баҳонани бир пасда топадилар. Миршаб мени ёшлигимдан қадрдон бўлиб қолган кўчаларда етаклаб бораётганидан дилгир бўлдим. Мен бу ерлардан портдан қайтишда ўтардим, айқаш-уйқаш бўлса-да, чиройли, қуюқ буталар билан қопланган боғларда, ўт босган йўлларда шунчаки тентирардим. Афсус, буларнинг ҳаммаси бўлиб-бўлиб ташланган, ўрилган, қайчиланган, чорси-чорси бўлакларга ажратилиб, содиқ фуқароларнинг турли уюшмалари душанба, чоршанба ва шанба кунлари ҳарбий машқлар ўтказиши учун мослаштирилган. Фақат, осмону ҳаво илгари — юрак орзуларга, ширин хаёлларга тўла вақтларда қандай бўлса, шундайлигича қолган.

Йўл-йўлакай ишқий эрмакларга мўлжалланган баъзи казармалар тепасига, кимлардир чоршанба кунлари ҳирсий завқ-шавқ олишга навбати келишини эслатиб турадиган расмий нишон илиб қўйилганига кўзим тушди. Баъзи қовоқхоналарга ичкилик нишонини илиб қўйиш ҳуқуқи берилган шекилли, кўндаланг тортилган иккита оч жигарранг ва битта тўқ жигарранг тасмали давлат рамзи туширилган кружкалар кўзга ташланади. Бу кунда пивохўрлик роҳати насиб этганларнинг расмий рўйхатига киритилган миллатдошларнинг юраги шодликка тўлиб-тошгани шубҳасиз.

Рўпарамиздан чиқиб қоладиган ўткинчиларнинг юзларида ғоятда тиришқоқлик акс этади, улардан уфуриб турган ғайрат-шижоат миршабга кўзлари тушган заҳоти янада кучайиб, қадамларини тезлатадилар, юзларида мажбуриятни бажо келтирганлик ифодаси кўринади. Дўконлардан чиқаётган аёллар эса, уларга лозим бўлганидек, теварак-атрофга бахтдан кўзлари чақнаб қарашга ҳаракат қиладилар. Аёллар яхши овқатлар билан давлат ходимларининг куч-қувватини тиклашга даъват этилган уй бекаси бўлганлари учун ҳам қонун, улар шод, қувноқ ва тетик-бардам бўлишларини талаб қилади.

Бироқ, одамлар бизга рўпара келишдан ўзларини усталик билан олиб қочардилар: кўчадаги жонзотнинг ҳар қандай кўриниши биздан йигирма қадам наридаёқ кўздан ғойиб бўлар, ҳар ким йўлида биринчи учраган дўконга ёки муюлиш ортига ўзини уриб кетишга ҳаракат қиларди, айримлар бегона уйларга кириб кетиб, эшик ортида қалтираб, бизнинг қадам товушимиз тингунча кутарди. Фақат, бир марта, биз чорраҳани кесиб ўтган дақиқада қарияга рўпара келдик. Унинг кўкрагида мактаб ўқитувчисининг нишони бор экан. Қария бизга дуч келишдан ўзини обқочолмади, беихтиёр, бурчини бажаришдан бошқа иложи қолмади: қоидага мувофиқ даставвал, итоаткорлик белгиси сифатида кафтини пешонасига уч марта уриб, миршабга салом берди, кейин, менинг бетимга уч марта тупурди ва бундай ҳолатларда айтилиши шарт бўлган “Ифлос! Сотқин!” деган ҳақоратларни айтди. Туфлаётганда у мўлжални аниқ олдию, лекин исиб кетганидан оғзи қуриб қолганми, ҳар ҳолда, менга майда томчилар келиб тегди. Мен бўлсам, қонунга хилоф қилиб, тупукни енгим билан, беихтиёр артибман. Бунинг учун миршаб кетимга бир тепди, икки курагим ўртасига мушт туширди ва хотиржамлик билан “Биринчи босқич” деб тушунтирган бўлди. Яъни, полициянинг ҳар қандай мансабдори қўллайдиган энг биринчи ва енгил жазо чораси, демоқчи.

Ўқитувчи биздан шоша-пиша узоқлашди. Бошқа ўткинчилар ўз вақтида бурилиб кетишга улгуриб қолдилар. Ишқий казарма олдида, шарт бўлган кечки сайрни бажариб юрган, шишинқираган аёл ҳаво орқали менга ўпич юборди ва мен миннатдор жилмайиш билан жавоб қайтардим. Миршаб ўзини билмаганга солди. У бошқа ҳар қандай одамни жазолаши мумкин, лекин бунақа аёллар ўзбошимчалик қилиши тақиқланмаган. Кўкларга кўтариб мақталган қонун бундай аёлларга тааллуқли эмас, чунки давлат ходимларининг иш қобилиятини кўтаришда ҳеч ким уларчалик ёрдам беролмайди. Аммо, бундай имтиёзни давлат фалсафаси фанининг уч карра дўхтири Бляйгёт расмий, умуммажбурий фалсафа журналида қоралаб чиққан. Мен бу ҳақда кечагина, пойтахтга келаётиб, бир деҳқоннинг ҳовлисидаги ҳожатхонага кирганимда, газета парчаларидан ўқувдим. Қайсидир бир талаба, эҳтимол, ўша деҳқоннинг ўғлидир, уч карра дўхтирнинг мулоҳазаларини чуқур маъноли сўзлар билан “шарҳлаб”, газета четига ёзиб ташлабди.

Бахтимга, сирена товуши увиллаган пайтда биз полиция маҳкамасига етган эдик. Демак, бир неча дақиқадан сўнг кўчаларга юзида сокин бахт уфуриб турадиган одамлар (ҳа, ҳа, айнан сокин бахт, чунки иш кунининг охирида бахтни жўшқин ифодалаш иш оғир бўлганини англатади; шод-хуррамлик эса, иш кунининг бошланишида ҳамроҳ бўлиши керак) тўлиб кетади ва уларнинг ҳар бири менга туфлаб ўтиши лозим. Шундай бўлармиди ё бошқача, ҳар ҳолда, сиренанинг увлаши ўн дақиқадан кейин иш куни тугашини билдиради, ишловчиларнинг бари шу ўн минут ичида ҳозирги олий ҳукмдорнинг “Бахт ва совун!” деган шиорига мувофиқ яхшилаб ювиниши талаб этилади.

Полициянинг бетон харсангни эслатадиган маҳкамаси эшигини иккита миршаб қўриқлаяпти, мен ўтаётганда улар тайинланган “тан жазоси чораси”ни қўллаб, қўндоқ билан бошимга қаттиқ уришди ва тўппончани кўкрагимга нуқишди, чунки давлат чиқариб қўйган биринчи рақамли қонуннинг преамбуласида бундай дейилган: “Полициянинг ҳар бир мансабдори ўз лавозимига яраша ушланганнинг (ҳибсга олинган одамни шундай аташади) танасида ҳужжатли из қолдириши керак; жиноятчини тутиб олган мансабдор бундан мустасно, чунки у тан жазоси бериш имкониятларидан сўроқ пайтида фойдаланиш ҳуқуқига эга.”

Қонунда яна бундай дейилади: “Полициянинг ҳар бир мансабдори қонун олдида айбдор бўлган ҳар қандай одамни шахсан ўзи жазолаши мумкин ва зарур. Жазо беришда навбат кутиш шарт эмас, шундай навбат юзага келиш эҳтимоли бор, холос.”

Биз узу-ун, икки томонида кўплаб, катта-катта деразалари бор, деворлари бўм-бўш йўлакдан ўтдик, олдимизда пайдо бўлган эшик ўз-ўзидан очилди. Кираверишдаги посбон биз ҳақимизда хабар берди. Ҳамма бахтли, қонун олдида итоаткор ва батартиб, ҳар куни тайинланган ярим кило совунни кўпиртириш билан банд бўлаверганидан, ушланган (ҳибсга олинган)нинг пайдо бўлиши бир воқеа эди.

Биз кириб борган ярим-яланғоч хонада битта ёзув столи, телефони билан, ва иккита оромкурси бор, мен хонанинг ўртасида туришим керак, миршаб дубулғасини ечиб, ўтирди.

Бошланишига сукунат ҳукм сурди, ҳеч нима бўлмади. Доим шунақа қилишади, ва бу — энг ёмони. Вақт ўтган сайин юзимда бахтсизлик аломатлари кучайиб бораётганини сезиб турибман. Бунинг устига ўлгудек чарчаганман, очман, ҳалок бўлишим муқаррар.

Бир неча сониядан кейин кичик терговчининг оч жигарранг формасини кийган, ранги ўчган, новча бир одам кириб келди ва ҳеч нима демасдан оромкурсига ўтирди-да, менга синчиклаб қаради.

— Ҳунар?!

— Оддий миллатдош.

— Туғилган йил?!

— Биринчи, биринчи,… йигирма биринчи йил.

— Машғулот?!

— Маҳбус.

Терговчи миршаб билан кўз уриштириб олишди.

— Қачон ва қаердан озод этилган?!

— Кеча, ўн иккинчи корпус, ўн учинчи камера.

— Қаёққа йўлланган?!

— Пойтахтга.

— Ҳужжат!

Чўнтагимдан озодлик ҳақидаги гувоҳномани чиқариб, терговчига узатдим. У гувоҳномани кўрсатмаларим ёзилаётган қалин, яшил қоғозга тўғнаб қўйди.

— Нима учун қамалган?!

— Бахтиёр юзим учун.

Терговчи ва миршаб яна бир-бирига қараб олишди.

— Аниқроқ! — деди терговчи.

— Олий ҳукмдор вафотининг йиллиги — умумий мотам кунида юзим бахтиёр экани миршаблар эътиборини ўзига тортган.

— Муддат?!

— Беш.

— Хулқ?!

— Ёмон.

— Аниқроқ?!

— Хизмат бурчларидан бош тортиш.

— Сўроқ тугади.

Кичик терговчи ўрнидан туриб келди-да, бир мушт уриб, олдинги учта тишимни синдирди. Бу — мен ўта хавфли жиноятчи сифатида махсус тамғаланишим кераклигини билдиради. Бунақа қаттиқ жазо чорасига йўлиқаман, деб ўйламагандим. Кичик терговчи чиқиб кетгандан кейин хонага тўқ жигарранг форма кийган барзанги терговчи кириб келди.

Терговчи, катта терговчи, судья, бош судья, ора-чора мени тутиб келтирган миршаб, ҳаммалари қонун кўзда тутган жазоларни беришди. Бир вақтлар юзим бахтли кўрингани учун беш йилга қамалган бўлсам, энди, ғамгин юзим учун ўн йилга ҳукм қилишди.

Умумий бахтиёрлик ва совундек кўпирган роҳат-фароғатга ғарқ бўлган шу ўн йилдан ўлмай қутулиб олсам, юзимда ҳеч қандай ифодалар бўлмаслигига ҳаракат қиламан.

1950.

Русчадан Қудрат Дўстмуҳаммад таржимаси. “Шарқ юлдузи” журнали, 1999 йил, 6-сон.