Ҳикоялар
April 23, 2023

Gabriel Garsia Markes. Og‘riq tish

Кирилл ёзувидаги матн пастроқда

Dushanba tongi iliq va bulutli boshlandi. Hech qanday unvonga ega bo‘lmagan tish doktori Avrelio Eskovar barvaqt turdi, ish xonasining eshiklarini soat oltidayoq ochdi. U soxta tish qoplamasini shisha idishdan olib, bir uyum asboblari orasiga ko‘rinarliroq qilib joylab qo‘ydi. Doktor yoqasiz yo‘l-yo‘l ko‘ylak kiyib, bo‘yniga tillarang fartuk taqqan, shimini esa bog‘ich bilan boylab olgandi. Uning qaddi tik va qotmadan kelgan, nigohlari esa har bir masalaga qulog‘i og‘ir kishilar kabi tiyraklik bilan boqardi. U stol ustini saranjomlab, stulga o‘tirdi va qoplama tishni yaltiratishga kirishdi. Doktor beparvolik bilan tozalashga kirishgan, biroq bir maromda ishlar, oyoqlarini kerak bo‘lmasa ham likillatib o‘tirardi.

"Mikrofon ko‘targan ayol" YouTube kanali o‘qigan audiovarianti

Soat sakkizlarda u ishini to‘xtatib, deraza orqali osmonga tikildi. So‘ng qo‘shnisining uyidagi ariq labida ikki qushning suvga pishilib, oftobda toblanib o‘tirganiga guvoh bo‘ldi. U stuliga qaytar ekan, “tushlikkacha yomg‘ir yog‘sa kerak”, deb o‘yladi. Shu payt eshik ortidan 12 yashar o‘g‘lining baland ovozi eshitildi:

- Dada!

- Ha, nima gap?

- Mayor keldi, tishimni olib qo‘yadimi, deb so‘rayapti.

- Unga dadam uyda yo‘q, deb ayt.

Bu payt doktor tilla tishni tozalash bilan band edi. Uni avaylab barmoqlari orasiga joylashtirib, bir ko‘zini yarim qisgancha, ishiga sho‘ng‘igandi. O‘g‘li birozdan so‘ng otasining kichkina kutish zalida hozir bo‘ldi:

- Dada, u kishi sizning uydaligingizni bilarkan, ovozingizni eshitibdi.

Doktor ishini to‘xtatdi. Tishni avaylab joyiga qo‘ygach, javob berdi:

- Unda juda soz.

U yana ishiga kirishdi. Chala bitgan qoplamalarni solib qo‘yadigan karton qutisiga qo‘l cho‘zib, ulardan bittasini oldi.

- Dada!?

- Nima deysan? –dedi u ishidan bosh ko‘tarmay.

- Agar uni tishini olib tashlamasangiz, peshonangizdan otar ekan.

Doktor shoshmasdan tozalaydigan apparatini chetga surdi, stuldan turib, tortmasiga nazar tashladi. Bu yerda to‘pponcha bor edi.

- Yaxshi, unga ayt, kelib bemalol o‘q uzaversin.

U stulini g‘ildiratib, tortma yoniga olib keldi. Eshik ochilib, Mayorning gavdasi ko‘rindi. U chap lunjini ushlab olgan, o‘ng yuzi esa besh kunlik soqol tufayli tikanak bo‘lib ketgandi. Doktor tortmani barmoqlari bilan yopar ekan, xotirjam gap boshladi:

- O‘tiring.

- Xayrli tong, -dedi Mayor.

- Xayrli...

Doktor asboblarini bir qaynatib olgunicha, Mayor chakagini stolning burchagiga qattiq tirab, biroz og‘riqdan xalos bo‘lgandek sezdi. U juda sovuq nafas chiqarayotgandi. So‘ng atrofga nazar tashladi: xona juda odmi, bitta yog‘ochli stol-stul, dirillatadigan apparat, keramika to‘ldirilgan shisha idishdan iborat edi. Stulning qarshisiga esa darpardasi yelkadan baland bo‘lgan deraza o‘rnatilgandi. Doktor u tomon kelayotganini ko‘rgan Mayor oyog‘ini u tomon surib, og‘zini ochdi.

Avrelio Eskovar mijozining yuziga chiroq tutdi. Zararlangan tishni ko‘zdan kechirgan doktor Mayorning jag‘ini kuchsiz zarb bilan yopdi.

- Anesteziyadan emas, -dedi so‘ng.

- Nima bo‘lgan ekan-a? –so‘radi Mayor.

- Jag‘ingiz yiring boylagan.

Mayor unga ko‘zlarini tikdi va “tushunarli”, deb jilmayishga urindi. Biroq doktor bu iltifotni javobsiz qoldirdi. U tozalangan asboblari orasidan kichkina tosni olib, ish stoliga qo‘ydi va shoshmasdan uning ichidan birjuft muzdek pinsetni chiqardi. Tupukdonni bemorning oyoqlari ostiga qo‘yib, qo‘lini chayish uchun o‘rnidan turdi. U barcha ishini go‘yo bu yerda hech kim yo‘qdek bajarardi. Biroq Mayor undan ko‘zlarini uzmasdi.

Mayorga azob berayotgan aʼzosi- pastki jag‘dagi aql tishi edi. Doktor oyoqlarini mustahkam joylashtirib olgach, issiq qisqich bilan og‘riq tishni sug‘urishga kirishdi. Mayor qo‘llari bilan stulga mahkam yopishib, oyoqlarini bor kuchi bilan juftlab olgan, buyragida esa qandaydir muzdek bo‘shliqni his qilayotgandi. Biroq miq etib ovoz chiqarmasdi. Doktor esa faqat bilaklarini qimirlatardi. So‘ng hech qanday g‘arazsiz, bejahl, qaytanga biroz mayinlik bilan dedi:

- Mana, hozir halok bo‘lgan yigirmata yigitimizning xunini to‘laysiz...

Mayor jag‘ suyagining g‘arch etganini eshitdi, azobdan ko‘zlari shashqator yoshga to‘ldi. Tishni tashqariga og‘zidan chiqarmaguncha nafas olmay qotib turdi. Nihoyat, ko‘z yoshlari orasidan og‘riq tishini ko‘rdi.

U dardiga begonadek, besh kecha iskanjaga olganini tan olmagandek turardi. Mayor tez-tez nafas olgancha tupukdonga tuflab, kitelining belbog‘ini bo‘shatdi.

Bo‘ynidagi ro‘molini yechib, shimining cho‘ntagiga soldi. Doktor unga toza sochiq uzatdi:

- Ko‘z yoshlaringizni artib oling.

Mayor artindi, uning azoyi badani dag‘-dag‘ titrardi. Doktor qo‘lini chayayotganda, Mayorning ko‘zi uvadalanib ketgan shipda to‘r yasagan o‘rgimchak va uning o‘ljasiga tushdi. Doktor qo‘lini artarkan, unga dedi:

- Uyga borib yoting. Tuzli suvda g‘arg‘ara qilishni ham unutmang.

Mayor o‘rnidan turdi, doktorga harbiylarcha chest berib xayrlashdi.

- To‘lov qog‘ozini yuborishni unutmang, -dedi Mayor eshikdan chiqar ekan.

- Sizgami yoki shahar ahliga?

Mayor unga qaramay, eshik ortidan pichirladi:

- Ming laʼnat bo‘lsin...

Ingliz tilidan Nodirabegim Ibrohimova tarjimasi

* * *
Габриэл Гарсиа Маркеc. Оғриқ тиш

Душанба тонги илиқ ва булутли бошланди. Ҳеч қандай унвонга эга бўлмаган тиш доктори Аврелио Эсковар барвақт турди, иш хонасининг эшикларини соат олтидаёқ очди. У сохта тиш қопламасини шиша идишдан олиб, бир уюм асбоблари орасига кўринарлироқ қилиб жойлаб қўйди. Доктор ёқасиз йўл-йўл кўйлак кийиб, бўйнига тилларанг фартук таққан, шимини эса боғич билан бойлаб олганди. Унинг қадди тик ва қотмадан келган, нигоҳлари эса ҳар бир масалага қулоғи оғир кишилар каби тийраклик билан боқарди. У стол устини саранжомлаб, стулга ўтирди ва қоплама тишни ялтиратишга киришди. Доктор бепарволик билан тозалашга киришган, бироқ бир маромда ишлар, оёқларини керак бўлмаса ҳам ликиллатиб ўтирарди.

Соат саккизларда у ишини тўхтатиб, дераза орқали осмонга тикилди. Сўнг қўшнисининг уйидаги ариқ лабида икки қушнинг сувга пишилиб, офтобда тобланиб ўтирганига гувоҳ бўлди. У стулига қайтар экан, “тушликкача ёмғир ёғса керак”, деб ўйлади.  Шу пайт эшик ортидан 12 яшар ўғлининг баланд овози эшитилди:

- Дада!

- Ҳа, нима гап?

- Майор келди, тишимни олиб қўядими, деб сўраяпти.

- Унга дадам уйда йўқ, деб айт.

Бу пайт доктор тилла тишни тозалаш билан банд эди. Уни авайлаб бармоқлари орасига жойлаштириб, бир кўзини ярим қисганча, ишига шўнғиганди. Ўғли бироздан сўнг отасининг кичкина кутиш залида ҳозир бўлди:

- Дада, у киши сизнинг уйдалигингизни биларкан, овозингизни эшитибди.

Доктор ишини тўхтатди. Тишни авайлаб жойига қўйгач, жавоб берди:

- Унда жуда соз.

У яна ишига киришди. Чала битган қопламаларни солиб қўядиган картон қутисига қўл чўзиб, улардан биттасини олди.

- Дада!?

- Нима дейсан? –деди у ишидан бош кўтармай.

- Агар уни тишини олиб ташламасангиз, пешонангиздан отар экан.

Доктор шошмасдан тозалайдиган аппаратини четга сурди, стулдан туриб, тортмасига назар ташлади. Бу ерда тўппонча бор эди.

- Яхши, унга айт, келиб бемалол ўқ узаверсин.

У стулини ғилдиратиб, тортма ёнига олиб келди. Эшик очилиб, Майорнинг гавдаси кўринди. У чап лунжини ушлаб олган, ўнг юзи эса беш кунлик соқол туфайли тиканак бўлиб кетганди. Доктор тортмани бармоқлари билан ёпар экан, хотиржам гап бошлади:

- Ўтиринг.

- Хайрли тонг, -деди Майор.

- Хайрли...

Доктор асбобларини бир қайнатиб олгунича, Майор чакагини столнинг бурчагига қаттиқ тираб, бироз оғриқдан халос бўлгандек сезди. У жуда совуқ нафас чиқараётганди. Сўнг атрофга назар ташлади: хона жуда одми, битта ёғочли стол-стул, дириллатадиган аппарат, керамика тўлдирилган шиша идишдан иборат эди. Стулнинг қаршисига эса дарпардаси елкадан баланд бўлган дераза ўрнатилганди. Доктор у томон келаётганини кўрган Майор оёғини у томон суриб, оғзини очди.

Аврелио Эсковар мижозининг юзига чироқ тутди. Зарарланган тишни кўздан кечирган доктор Майорнинг жағини кучсиз зарб билан ёпди.

- Анестезиядан эмас, -деди сўнг.

- Нима бўлган экан-а? –сўради Майор.

- Жағингиз йиринг бойлаган.

Майор унга кўзларини тикди ва “тушунарли”, деб жилмайишга уринди. Бироқ доктор бу илтифотни жавобсиз қолдирди. У тозаланган асбоблари орасидан кичкина тосни олиб, иш столига қўйди ва шошмасдан унинг ичидан биржуфт муздек пинцетни чиқарди. Тупукдонни беморнинг оёқлари остига қўйиб, қўлини чайиш учун ўрнидан турди. У барча ишини гўё бу ерда ҳеч ким йўқдек бажарарди. Бироқ Майор ундан кўзларини узмасди.

Майорга азоб бераётган аъзоси- пастки жағдаги ақл тиши эди. Доктор оёқларини мустаҳкам жойлаштириб олгач, иссиқ қисқич билан оғриқ тишни суғуришга киришди. Майор қўллари билан стулга маҳкам ёпишиб, оёқларини бор кучи билан жуфтлаб олган, буйрагида эса қандайдир муздек бўшлиқни ҳис қилаётганди. Бироқ миқ этиб овоз чиқармасди. Доктор эса фақат билакларини қимирлатарди. Сўнг ҳеч қандай ғаразсиз, бежаҳл, қайтанга бироз майинлик билан деди:

- Мана, ҳозир ҳалок бўлган йигирмата йигитимизнинг хунини тўлайсиз...

Майор жағ суягининг ғарч этганини эшитди, азобдан кўзлари шашқатор ёшга тўлди. Тишни ташқарига оғзидан чиқармагунча нафас олмай қотиб турди. Ниҳоят, кўз ёшлари орасидан оғриқ тишини кўрди.

У дардига бегонадек, беш кеча исканжага олганини тан олмагандек турарди. Майор тез-тез нафас олганча тупукдонга туфлаб, кителининг белбоғини бўшатди.

Бўйнидаги рўмолини ечиб, шимининг чўнтагига солди. Доктор унга тоза сочиқ узатди:

- Кўз ёшларингизни артиб олинг.

Майор артинди, унинг азойи бадани дағ-дағ титрарди. Доктор қўлини чаяётганда, Майорнинг кўзи увадаланиб кетган шипда тўр ясаган ўргимчак ва унинг ўлжасига тушди. Доктор қўлини артаркан, унга деди:

- Уйга бориб ётинг. Тузли сувда ғарғара қилишни ҳам унутманг.

Майор ўрнидан турди, докторга ҳарбийларча честь бериб хайрлашди.

- Тўлов қоғозини юборишни унутманг, -деди Майор эшикдан чиқар экан.

- Сизгами ёки шаҳар аҳлига?

Майор унга қарамай, эшик ортидан пичирлади:

- Минг лаънат бўлсин...

Инглиз тилидан Нодирабегим Иброҳимова таржимаси