April 3

Nodar Dumbadze. Ko‘ppak (hikoya)

Bu voqea qirq birinchi yilning avgustida boshlanib, ikki yil o‘tgach yakuniga yetgandi.

…Urushning suronli damlari edi. Otam urushda, bobom Spiridon ota bilan amal-taqal kun kechirardik. Bobom keksayib qolgani uchunmi, ro‘zg‘or tashvishlari asosan mening zimmamda edi.

O‘sha kuni u qo‘limga tutqazgan o‘n litrlik shisha idishdagi aroqni pullab, bir pud jo‘xori olib qaytish maqsadida bozorga yo‘l oldim. Ovim baroridan keldi. Uzoq xaridor kutmadim. Xaridor molimni bir pud jo‘xoriga almashgani yetmagandek, kamiga cho‘ntagimga bitta qizil o‘ttiztalik pulni ham solib qo‘ydi.

Bozordan qaytishda oshxonaga kirib, uch porsiya kotlet va limonadga buyurtma berdim. Bufetchi avval pulim borligiga ishonch hosil qilgach, buyurtmani stol ustiga keltirib qo‘ydi.

Shu payt oshxonaga uzun junlari loyga belangan, qop-qora, ozg‘in ko‘ppak kirib keldi. U avval xonani bir aylanib chiqdi, keyin menga qarab, dumini likillata boshladi. Men idishdagi kotletlardan birini uning oldiga tashladim. Ko‘ppak kotletni bir yamlab yutdi va hech narsa bo‘lmagandek yana menga termildi.

Shu payt bufetchi kelib, ko‘ppakni hayday boshladi:

– Bor yo‘qol, itdan tarqagan!

Ko‘ppak shu zahoti tashqariga intildi. Bu paytda men ham ovqatimni yeb bitirgandim. Tashqariga chiqqanimda boyagi ko‘ppak hamon ostonada mo‘ltirab turardi. Yo‘limda davom etarkanman, ortimda boyagi ko‘ppakning jon holatda angillagani eshitildi. Bir payt qarasam, ko‘ppak o‘qdek oldinga uchib bordi-da, o‘zini ko‘prik ostiga suvga urdi.

Darrov ortimga o‘girilib qaradim. Bufetchi qo‘lida bug‘ burqsiyotgan bo‘sh qozonni changallab turardi.

– Bu nima qilganingiz? – dedim bo‘g‘ilib.

– Hechqisi yo‘q, bechora sovqotib turgan ekan, qizib olsin dedim.

– Eshshak, – deb baqirdim ovozim boricha.

Bufetchi avvaliga qotib qoldi. Keyin men tarafga halloslab chopishga tushdi. Shu zahoti yerda yotgan kattakon toshni qo‘limga oldim. Avzoyimni ko‘rib, bufetchining ham shashti so‘ndimi, indamay ortiga burildi.

Ko‘ppak ko‘prik tagida dir-dir titragancha ingrab yotardi. Uning tumshug‘i, old oyoqlari qaynoq suvda kuyib qolgandi. Ko‘zlaridan esa duvullab yosh oqar, chamasi, nima sababdan uni bu taxlit ayovsiz jazolashganini tushunolmay hayron edi. Uning ahvolini ko‘rib men ham ko‘z-yoshlarimni tutib tura olmadi. Ko‘ylagimni yechib, o‘rtasidan ikkiga bo‘ldim-da, ko‘ppakning bir ko‘zini, bir oyog‘ini avaylab bog‘ladim. Keyin uni o‘zim bilan uyga olib keldim.

– Bu nima? – so‘radi bobom savatdagi jonivorni ko‘rib.

– Ko‘ppak, – javob qaytardim.

– Shuyam ko‘ppak bo‘ptimi? – burun jiyirdi bobom. – Qayoqdan topding?

– Bufetchi ustidan qaynoq suv to‘kvordi.

– O‘g‘rining jazosi shu-da.

– Uning qorni och, – dedim ko‘ppakning boshini silab.

– Anavilarini yechib tashla.

Darhol bog‘ichlarni yechdim.

– Boplapti-ku, – dedi bobom itning kuygan joylarini ko‘zdan kechirarkan. – Bu issiqda yaralar qiyin bitadi. Borib moy opke, yaralariga suramiz. Oyog‘ini-ku, o‘zi tuzatadi. Biroq ko‘zi…

Ertasi kunidan bizning uyimizda ham it hura boshladi. Biz uni Jek, Yo‘lbars, Bo‘ynoq, Murka singari nomlar bilan chaqirib ko‘rdik. Birortasiga parvo ham qilmadi. Shunda uni oddiygina qilib Ko‘ppak deb atay qoldik.

Bir oy o‘tib, oyog‘i tuzaldi. Tumshug‘ining kuygan qismidan ham yangi tuklar o‘sib chiqdi. Shu tariqa u quvnoq, chiroyli itga aylandi. Qishloqda bunaqasi hech kimda yo‘q.

U ayollar va bolalarga tegmas, qishloqdagi hamma parrandalar orasidan o‘zimizning tovuqni ajrata olar, hatto unga qo‘riqchilik ham qilar, erkaklarni esa uyga yaqinlashtirmasdi. Ba’zan qo‘shnilarimiz “Endi sizlarnikiga chiqolmaydigan bo‘lib qoldik”, deb yozg‘irishardi. Bobom esa bunga javoban kulib qo‘ya qolardi.U mening eng yaqin hamrohim bo‘lib qoldi. Qayerga borsam, ortimdan ergashadi.

Ko‘ppak bobom bilan ham yaxshi kelishib qoldi. Ba’zan bobom uni yoniga chaqirgancha, boshidan o‘tganlarni hikoya qila boshlaydi. Ko‘ppak ham boshini quyi solib, diqqat bilan bobomni eshitadi. Xuddi hamma gapni tushunayotgandek har zamonda bosh chayqab qo‘yadi.

Ko‘ppak tunda hovlida yotadi. Hamma itlar qatori kechasi bilan hurib chiqadi. Xo‘roz qichqirig‘i, mushukning miyovlashiga, shoqolning ulishiga javoban akillashni burchi deb biladi. Qishloqda eridan, o‘g‘lidan yoki aka-ukasidan qoraxat olib uvvos solayotgan ayollarning faryodiga ham befarq qaramaydi, tumshug‘ini ko‘tarib, shikoyatomuz uv tortib qo‘yadi.

1943-yilning 22-avgustida, yarim tunda butun qishloq itlarining biri olib-bir qo‘yib akillashidan uyg‘onib ketdim. Ayni it zoti kuyukkan bunaqa paytda kim ham itlarning g‘avg‘osiga quloq solardi. Hamma ko‘rpaga boshini burkab, yana uyquga ketdi.

Ertalab Aslan Tavberidze buloq boshida allaqanday itning g‘ajib tashlangan loshini ko‘ribdi. Itlarning iliqish mavsumida bunaqa holatlar tez-tez uchraydi. Bu holga uncha e’tibor qaratishmadi. Uni darhol ko‘mib tashladik.

Choshgohda qishloqqa bir notanish kimsa itini izlab kelib qoldi. Uni Aslanning yoniga jo‘natishdi. Men ham ortidan bordim.

– Kirill Mamaladze, Xevidanman, – dedi notanish kimsa. – Itim yo‘qolib qoldi. Bugun qanaqadir itni ko‘mgan ekansiz.

– Ha, – dedi Aslan. – Manavi yigit bilan birga ko‘mdik. Nima edi?

– Menga o‘sha joyini ko‘rsata olasizmi?

Uni haligi it ko‘milgan joyga olib bordik. Kirill itni bir ko‘rishda tanidi.

– Ha, u mening itim, – dedi u qazib olingan loshga tikilib. – Kecha u o‘g‘limni tishlab qochgan ekan. Pasterov stansiyasiga olib borganimda, itning miyasini tekshirib ko‘rish uchun kallasini op keling degandi. Xudo ko‘rsatmasin, agar it quturgan bo‘lsa, bolaga qirqta ukol qilisharkan. Qirqta! Bechora bolamning holi nima kechadi?

Mamaladze xo‘rsingancha, qopidan bolta chiqardi. Men esa shart burilib, uyga chopdim. Bobom gaplarimni eshitib, peshonasini tirishtirdi.

– Yaxshi ish bo‘lmabdi, – dedi oyoqlari ostida cho‘zilib yotgan Ko‘ppakka qarab.

Kechqurun qo‘shnimiz Badria chiqib bobomdan miltig‘ini so‘radi.

– Nima qilasan? – so‘radi bobom.

– Itimni otib tashlayman.

– U senga nima gunoh qildi?

– Eshitmadingizmi? Kecha kimningdir ko‘ppagi bizning itlarimiz bilan g‘ajishibdi. Ha, aytgancha, boyagi odamning gapini sen ham eshitding-ku? – u shunday deya menga yuzlandi. – Bolasini qopib olgan ekan.

– Lekin u itni quturgan demadi-ku? – so‘radim undan.

– Tentak, sog‘ it o‘z xo‘jayinining bolasini qopadimi? – yelka qisdi Badria. Men indamadim.

– Unaqada senga miltig‘imni berolmayman, – bosh chayqadi bobom.

– Unda itni nima bilan o‘ldiraman?

– Qoziq bilan.

– Nimalar deyapsiz? Men bunchalik vahshiymasman.

– Unda bilganingni qil.

Badria ketgach, bobom menga Ko‘ppakni o‘tinxonaga qamashni buyurdi.

Zum o‘tmay qishloq bo‘ylab avval o‘q ovozlari, keyin itlarning jon halpidagi chayillashi, erkaklarning shovqini eshitildi. Qo‘shnimiz Badrianing uyida ham o‘q varangladi, keyin Alistrax, Makarianing uyida ham shunaqa qiyomat qo‘pdi. Itlarning faryodidan qulog‘im bitayozdi. Bobom ham quloqlarini berkitgancha bir nuqtaga tikilib o‘tirardi.

Bu aql bovar qilmas it qirg‘ini bir soatcha davom etdi. Bir soat qishloqda shovqin-suron tinmadi. Bir soat o‘tinxonaga qamalgan Ko‘ppak ham eshikni timdalab, ulidi. Keyin hammasi jimib qoldi. Borliqqa o‘lik sukunat cho‘kdi.

Tong otdi. Xo‘rozlar qichqirdi. Sigirlar mo‘radi. Echkilar ma’radi. Tovuqlar qaqaqladi. Konsxouli uzra quyosh charaqladi. Lekin qishloqda nimadir yetishmasdi. U allaqanday qadrdon, odatiy, ko‘z ilg‘amas jihatidan mahrum bo‘lgandi. Qishloqning tor so‘qmog‘i bo‘ylab yelkasiga boltasini osiltirib kelayotgan Aslan Tavberidze ko‘rindi. Uning izidan qolmaydigan shalpangquloq Tuzik ko‘rinmasdi. Ha, qishloqning qon-qoniga singib ketgan, endilikda yetishmayotgan bu narsa it edi. Oddiy it.

1943-yil 24-avgust tongini qishlog‘imiz itlarsiz qarshi oldi.

…Bizning Ko‘ppagimiz ham kun bo‘yi darchadan tashqari chiqmadi. Hech narsa yemadi, hurmadi. U bobomning oyoqlari ostida horg‘in cho‘zilib yotardi. Ko‘tarilib tushib turgan qornini aytmasa, uni o‘lgan deb o‘ylash ham mumkin edi.

Kechga yaqin yana Badria paydo bo‘ldi.

– Salom, Spiridon ota! – so‘rashgan bo‘ldi u. – Odamlar sizdan xafa. Kecha uyingizda o‘q otilmaganmish.

– Nega uyimda o‘q otilarkan? – o‘zini bilmaganga oldi bobom.

– Spiridon ota, bitta itni deb odamlarning ko‘nglini qoldirmang. Itingizni o‘ldiring. Bizning itlarimiz ham siznikidan yaxshiroq edi, voz kechdik-ku? Odamlardan ajralib qolmoqchimisiz?

– Yo‘q, Badria, o‘lsam tobutimning ustida hatto it ham uvillamaydigan ahvolda qolmay deyapman-da.

– Menga qarang, – dedi daf’atan Badria tutaqib. – Agar itingiz quturib, bolalarimdan birovini tishlaydigan bo‘lsa, uyingizni yer bilan yakson qilib ketaman.

Garchi olaqorong‘i bo‘lsa-da, bobomning rangi qanchalik oqarib ketganini ilg‘adim.

– Menga qara, mishiqi, – dedi u ovozi titrab. – Tilingni tiy, bo‘lmasa, quruqshagan suyaklarimni uyingning gulxanida isitishga majbur bo‘laman.

Badriya indamay uyiga ketdi. U nima deb o‘ylaganini bilmadim-u, uning o‘rnidan men bo‘lganimda, kechasi bilan mijja qoqmagan bo‘lardim. Chunki bobom shu paytgacha aytganini qilmasdan qolmagan.

…Yarim kechasi hovlimizning narigi burchagidan ikkita o‘q ovozi va itning akillashi eshitildi. O‘rnimdan sapchib turdim-u, miltiqni olib, o‘q otilgan tarafga oshiqdim. Kimdir o‘zini butalar panasiga oldi. Keyin qochib borayotgan odamning qadam tovushlari quloqqa chalindi.

Ko‘ppak chetan devor tagida yotgancha, zaifgina g‘ingshirdi. Uni asta ko‘tarib uyga kirdim. Bobom moychiroqni yoqqan, echki po‘stagi ustida o‘tirardi. U Ko‘ppakning yarasini spirt bilan artib, tamaki qo‘yib bog‘ladi

– Uncha qo‘rqinchli emas, – dedi bobom. – O‘q suyakka tegmabdi. – Keyin itga o‘girildi. – Kim seni bu ahvolga soldi, jonivor?

It boshini quyi soldi.

– Biladi, – dedi bobom. – Lekin gapirolmaydi, bechora.

Keyin u itni balkonga olib chiqishimni buyurdi. Bizning uyimiz tepalikda joylashgandi. Bobom ayni paytda balkondan xuddi qishloqni ilk bor ko‘rayotgandek ser solardi. U ancha payt jim turgach, menga o‘girildi.

– Bolam, chindan ham, bitta itni deb qishloqdoshlarni ranjitish yaramaydi. Miltiqni ol, Ko‘ppakni ham qishloqdan tashqariga olib chiq. Faqat o‘q ovozini eshitmasam bo‘ldi.

Titrab ketdim. Ammo shu paytgacha bobomning gapini ikki qilmagandim. Miltiqni yelkamga ildim. Ko‘ppakning zanjiridan yetak­ladim. Ko‘ppak najot kutgandek bobomga qarab mo‘ltiradi. Bobom esa yig‘lab yubormaslik uchun yuzini ters o‘girdi.

Biz qishloqni kesib o‘tib, katta yo‘ldan daryo qirg‘og‘iga olib tushuvchi so‘qmoqqa qayrildik. Ko‘ppak itoatkorlik bilan boshini eggancha ortimdan lo‘killab kelardi.

Daryo bo‘yiga yetganimizda, Ko‘ppakning bo‘ynidagi arqonni yechib, kattakon tosh ustiga o‘tirdim. Yuzimdan sovuq ter quyilar, yuragim gurs-gurs tepardi. Biroz tinchlangach, yelkamdagi miltiqni qo‘lga oldim. Shu paytda Ko‘ppakning ma’sum, mute nigohlari bilan to‘qnashdim. Beixtiyor ko‘zlarimni olib qochdim va miltiqdan gilzalarni chiqarib, suvga uloqtirdim.

Yelkamdan tog‘ ag‘darildi go‘yo. Shu payt Ko‘ppak yugurib oldimga keldi va qo‘llarimni yaladi. Keyin esa o‘zini suvga tashlab, shataloq otgancha, atrofga suv sachrata boshladi. So‘ngra qirg‘oqqa chiqib, qum ustida yastandi. Uning oyog‘idagi yarasi qontalash bo‘lib turar, ko‘zlari yoshlangan, biroq… u kulardi. Ha, ishonavering, Ko‘ppak quvonchdan xandon otayotgandi.

– Menga qara, Ko‘ppak, – dedim unga qarab. – Endi bor! Umuman ovozingni ham chiqarmaslikka harakat qil. Odamlarni quvma, ularga tashlanma, qopma, umuman ulardan nari yur! Bo‘lmasa, ular seni o‘ldirishadi. Qishloqqa qayta ko‘rma. Bizdan rozi bo‘l, Ko‘ppakjon!

U meni tushundimi-yo‘qmi, bilmadim. Lekin men ortimga burilganimda, u hamon joyida turardi.

– Xo‘sh? – so‘radi bobom. Men indamay, miltiqni olib bobomga uzatdim. Bobom miltiq magazinini ochib ko‘rdi. Keyin menga qarab, ma’yus kulimsiradi:

– O‘g‘lim, bunaqa fe’ling bilan hayotda ko‘p qiynalasan!..

…Bir hafta o‘tib, shoqol Ekvtime Siradzening echkisini bo‘g‘izlab ketdi. Keyin kimdir Aslan Tavberidzening omboridan o‘n pud donni o‘maribdi. Yana bir kuni Berdzenishvilining sigiri hovlimizga kirib, yangi o‘tqazilgan ko‘chatlarni sindirib ketdi. Uning ketidan Nina xolaning sigiri bilan Sipito amakining novvosi izsiz yo‘qoldi…

Odamlar sarosimaga tushib qoldi. Hamma bir-biridan norozi. Hatto bir-birini bo‘ralab so‘kkanlar ham bo‘ldi.

15-oktyabr kuni rosa kuchli jala quydi. Sel daryo qirg‘og‘idagi tegirmonlarni oqizib ketdi. Faqat Goraberejoulidagi bitta tegirmon omon qoldi. Ertasi kuni bobom meni o‘sha tomonga jo‘xori tortib kelgani jo‘natdi. Kechga yaqin tegirmondan chiqqan bir qop jo‘xori unini orqalab ketmoqchi bo‘lganimda, bo‘sag‘ada Kirill Mamaladze paydo bo‘ldi. U tegirmonchi bilan salomlashdi. Menga esa uncha e’tibor ham qilmadi.

– O‘g‘lingiz tuzalib qoldimi? – deb so‘radim Mamaladzedan.

– O‘g‘limga nima qipti? – ajablandi u.

– It tishlab oldi degandingiz-ku?

– H-a-a-a! Tuzalib ketdi. It quturmagan ekan. Doktorlar tekshirib ko‘rib aytishdi.

– Quturmagan ekan?! – turgan yerimda qotib qoldim. – Siz… Ular… Siz odam emas ekansiz! – shunday deya uning javobini kutmay, ortimga qayrildim.

Ertasiga bu haqda bobomga aytsammikin, deb kun bo‘yi o‘yladim. Keyin bu fikrimdan qaytdim. Nima foydasi bor? Qopni yerga tashladim.

18-oktyabrda bobom yotog‘idan chiqmadi.

20-oktyabrda mendan uyda qolishni iltimos qildi.

25-oktyabrda bobomning qo‘l-oyoqlari shishdi.

27-oktyabrda u meni chaqirib, qo‘limga omborning kalitini tutqazdi.

28-oktyabrda meni oldiga o‘tqazib, vasiyat qildi.

– Bolam, vaqti-soatim yetgan ko‘rinadi. Sen qo‘rqma. Men hamisha sening yoningda bo‘laman. Faqat uyimizni tashlab ketmasang, chirog‘imizni yoqib o‘tirsang, bo‘lgani. Hali urush tugaydi. Otang qaytib keladi. Aniq bilaman – u tirik. Ertaga omonatimni topshiraman. Faqat sen qo‘rqma. Hamma ishni qo‘shnilar qilishadi. Faqat uyimizda ayol kishi yo‘qligi chatoq-da! Ortimda dod solib yig‘laydiganim yo‘q.

Tongga yaqin bobomning joni uzildi. Mening mehribon bobojonim! U meni tashlab ketdi. Oyoqyalang ko‘chaga yugurdim. Sovuq etni junjiktirardi. To‘g‘ri qarshimizdagi hovlining eshigini qoqdim.

– Margarita!

Avvaliga hech kim javob bermadi. Ikki-uch chaqirganimdan so‘ng ichkaridan ayol kishining uyqusiragan ovozi keldi. Biroz o‘tib, qo‘shnimizning katta qizi Margarita ko‘zini uqalab chiqdi.

– Tinchlikmi? – so‘radi menga qarab.

– Haligi… bobom o‘lib qoldi. Uyimizda dod solib yig‘laydigan ayol kishi yo‘q. Iltimos…

Margarita indamay, ortimdan ergashdi…

Bobomni 1943-yil 4-noyabr kuni dafn qilishdi. Marosimda atrof-javonibdan odamlar yopirilib keldi. Har bir qishloqdan bittadan ayol go‘yanda kelib, rosa chuvvos ko‘tarishdi. Qo‘shni xotinlar ham chapak chalib, dod solib yig‘lashdi:

– Voy, parixatgina nabirangizni kimlarga tashlab ketdingiz, otaginam-m-m!

Balkon ham, hovli ham, hatto ko‘chamiz ham odamlarga to‘lib-tosh­gandi. Shunda kutilmagan hodisa yuz berdi. Daf’atan tumonat odam ikkiga ajralib, o‘rtada kichik yo‘lak hosil bo‘ldi. Undan junlari loyga belangan Ko‘ppak og‘ir qadamlar bilan bobomning tobuti turgan xonaga yo‘l oldi… U old oyoqlarini tobut ustiga qo‘ydi-da, shu taxlit qotib qoldi. Tobutda yuzida nim tabassum bilan yotgan bobomning yuzlariga tikilib, xuddi yosh bolaning yig‘isiga o‘xshash ohangda g‘ingshidi.

Olomon orasidan kimdir “Xudoga shukur-yey” deb yubordi. Men ham o‘zimni tutolmay yig‘ladim.

Shu payt yana bir mo‘jiza yuz berdi. Xonaga Badria kirib keldi. U itni ko‘rib rangi oqardi. Biroq tezda o‘zini qo‘lga olib, men tarafga yurdi. Hamdardlik bildirish uchun yelkamga qo‘lini bosgan paytda it unga qarab irilladi. Keyin ko‘zlari yonib, akillashga tushdi. Badria o‘zini mening orqamga oldi.

– Anavinga qarsang-chi? Men… men hol so‘ragani chiqdim, xolos.

Men Ko‘ppakni tinchlantirarkanman, bobomning gaplarini esladim: “Biladi. Faqat gapirolmaydi bechora…”

– Keting, bu yerdan, – dedim Badriaga qarab.

…O‘sha oqshom Ko‘ppakning tanish ovozi qishlog‘imiz bo‘ylab yoyildi.

Rustam Jabborov rus tilidan erkin tarjima qilgan. “Yoshlik” jurnali, 2016-yil, 8-son.


Нодар Думбадзе. Кўппак (ҳикоя)

Бу воқеа қирқ биринчи йилнинг августида бошланиб, икки йил ўтгач якунига етганди.

…Урушнинг суронли дамлари эди. Отам урушда, бобом Спиридон ота билан амал-тақал кун кечирардик. Бобом кексайиб қолгани учунми, рўзғор ташвишлари асосан менинг зиммамда эди.

Ўша куни у қўлимга тутқазган ўн литрлик шиша идишдаги ароқни пуллаб, бир пуд жўхори олиб қайтиш мақсадида бозорга йўл олдим. Овим бароридан келди. Узоқ харидор кутмадим. Харидор молимни бир пуд жўхорига алмашгани етмагандек, камига чўнтагимга битта қизил ўттизталик пулни ҳам солиб қўйди.

Бозордан қайтишда ошхонага кириб, уч порция котлет ва лимонадга буюртма бердим. Буфетчи аввал пулим борлигига ишонч ҳосил қилгач, буюртмани стол устига келтириб қўйди.

Шу пайт ошхонага узун жунлари лойга беланган, қоп-қора, озғин кўппак кириб келди. У аввал хонани бир айланиб чиқди, кейин менга қараб, думини ликиллата бошлади. Мен идишдаги котлетлардан бирини унинг олдига ташладим. Кўппак котлетни бир ямлаб ютди ва ҳеч нарса бўлмагандек яна менга термилди.

Шу пайт буфетчи келиб, кўппакни ҳайдай бошлади:

– Бор йўқол, итдан тарқаган!

Кўппак шу заҳоти ташқарига интилди. Бу пайтда мен ҳам овқатимни еб битиргандим. Ташқарига чиққанимда бояги кўппак ҳамон остонада мўлтираб турарди. Йўлимда давом этарканман, ортимда бояги кўппакнинг жон ҳолатда ангиллагани эшитилди. Бир пайт қарасам, кўппак ўқдек олдинга учиб борди-да, ўзини кўприк остига сувга урди.

Дарров ортимга ўгирилиб қарадим. Буфетчи қўлида буғ бурқсиётган бўш қозонни чангаллаб турарди.

– Бу нима қилганингиз? – дедим бўғилиб.

– Ҳечқиси йўқ, бечора совқотиб турган экан, қизиб олсин дедим.

– Эшшак, – деб бақирдим овозим борича.

Буфетчи аввалига қотиб қолди. Кейин мен тарафга ҳаллослаб чопишга тушди. Шу заҳоти ерда ётган каттакон тошни қўлимга олдим. Авзойимни кўриб, буфетчининг ҳам шашти сўндими, индамай ортига бурилди.

Кўппак кўприк тагида дир-дир титраганча инграб ётарди. Унинг тумшуғи, олд оёқлари қайноқ сувда куйиб қолганди. Кўзларидан эса дувуллаб ёш оқар, чамаси, нима сабабдан уни бу тахлит аёвсиз жазолашганини тушунолмай ҳайрон эди. Унинг аҳволини кўриб мен ҳам кўз-ёшларимни тутиб тура олмади. Кўйлагимни ечиб, ўртасидан иккига бўлдим-да, кўппакнинг бир кўзини, бир оёғини авайлаб боғладим. Кейин уни ўзим билан уйга олиб келдим.

– Бу нима? – сўради бобом саватдаги жониворни кўриб.

– Кўппак, – жавоб қайтардим.

– Шуям кўппак бўптими? – бурун жийирди бобом. – Қаёқдан топдинг?

– Буфетчи устидан қайноқ сув тўкворди.

– Ўғрининг жазоси шу-да.

– Унинг қорни оч, – дедим кўппакнинг бошини силаб.

– Анавиларини ечиб ташла.

Дарҳол боғичларни ечдим.

– Боплапти-ку, – деди бобом итнинг куйган жойларини кўздан кечираркан. – Бу иссиқда яралар қийин битади. Бориб мой опке, яраларига сурамиз. Оёғини-ку, ўзи тузатади. Бироқ кўзи…

Эртаси кунидан бизнинг уйимизда ҳам ит ҳура бошлади. Биз уни Жек, Йўлбарс, Бўйноқ, Мурка сингари номлар билан чақириб кўрдик. Бирортасига парво ҳам қилмади. Шунда уни оддийгина қилиб Кўппак деб атай қолдик.

Бир ой ўтиб, оёғи тузалди. Тумшуғининг куйган қисмидан ҳам янги туклар ўсиб чиқди. Шу тариқа у қувноқ, чиройли итга айланди. Қишлоқда бунақаси ҳеч кимда йўқ.

У аёллар ва болаларга тегмас, қишлоқдаги ҳамма паррандалар орасидан ўзимизнинг товуқни ажрата олар, ҳатто унга қўриқчилик ҳам қилар, эркакларни эса уйга яқинлаштирмасди. Баъзан қўшниларимиз “Энди сизларникига чиқолмайдиган бўлиб қолдик”, деб ёзғиришарди. Бобом эса бунга жавобан кулиб қўя қоларди.У менинг энг яқин ҳамроҳим бўлиб қолди. Қаерга борсам, ортимдан эргашади.

Кўппак бобом билан ҳам яхши келишиб қолди. Баъзан бобом уни ёнига чақирганча, бошидан ўтганларни ҳикоя қила бошлайди. Кўппак ҳам бошини қуйи солиб, диққат билан бобомни эшитади. Худди ҳамма гапни тушунаётгандек ҳар замонда бош чайқаб қўяди.

Кўппак тунда ҳовлида ётади. Ҳамма итлар қатори кечаси билан ҳуриб чиқади. Хўроз қичқириғи, мушукнинг миёвлашига, шоқолнинг улишига жавобан акиллашни бурчи деб билади. Қишлоқда эридан, ўғлидан ёки ака-укасидан қорахат олиб уввос солаётган аёлларнинг фарёдига ҳам бефарқ қарамайди, тумшуғини кўтариб, шикоятомуз ув тортиб қўяди.

1943 йилнинг 22 августида, ярим тунда бутун қишлоқ итларининг бири олиб-бир қўйиб акиллашидан уйғониб кетдим. Айни ит зоти куюккан бунақа пайтда ким ҳам итларнинг ғавғосига қулоқ соларди. Ҳамма кўрпага бошини буркаб, яна уйқуга кетди.

Эрталаб Аслан Тавберидзе булоқ бошида аллақандай итнинг ғажиб ташланган лошини кўрибди. Итларнинг илиқиш мавсумида бунақа ҳолатлар тез-тез учрайди. Бу ҳолга унча эътибор қаратишмади. Уни дарҳол кўмиб ташладик.

Чошгоҳда қишлоққа бир нотаниш кимса итини излаб келиб қолди. Уни Асланнинг ёнига жўнатишди. Мен ҳам ортидан бордим.

– Кирилл Мамаладзе, Хевиданман, – деди нотаниш кимса. – Итим йўқолиб қолди. Бугун қанақадир итни кўмган экансиз.

– Ҳа, – деди Аслан. – Манави йигит билан бирга кўмдик. Нима эди?

– Менга ўша жойини кўрсата оласизми?

Уни ҳалиги ит кўмилган жойга олиб бордик. Кирилл итни бир кўришда таниди.

– Ҳа, у менинг итим, – деди у қазиб олинган лошга тикилиб. – Кеча у ўғлимни тишлаб қочган экан. Пастеров станциясига олиб борганимда, итнинг миясини текшириб кўриш учун калласини оп келинг деганди. Худо кўрсатмасин, агар ит қутурган бўлса, болага қирқта укол қилишаркан. Қирқта! Бечора боламнинг ҳоли нима кечади?

Мамаладзе хўрсинганча, қопидан болта чиқарди. Мен эса шарт бурилиб, уйга чопдим. Бобом гапларимни эшитиб, пешонасини тириштирди.

– Яхши иш бўлмабди, – деди оёқлари остида чўзилиб ётган Кўппакка қараб.

Кечқурун қўшнимиз Бадриа чиқиб бобомдан милтиғини сўради.

– Нима қиласан? – сўради бобом.

– Итимни отиб ташлайман.

– У сенга нима гуноҳ қилди?

– Эшитмадингизми? Кеча кимнингдир кўппаги бизнинг итларимиз билан ғажишибди. Ҳа, айтганча, бояги одамнинг гапини сен ҳам эшитдинг-ку? – у шундай дея менга юзланди. – Боласини қопиб олган экан.

– Лекин у итни қутурган демади-ку? – сўрадим ундан.

– Тентак, соғ ит ўз хўжайинининг боласини қопадими? – елка қисди Бадриа. Мен индамадим.

– Унақада сенга милтиғимни беролмайман, – бош чайқади бобом.

– Унда итни нима билан ўлдираман?

– Қозиқ билан.

– Нималар деяпсиз? Мен бунчалик ваҳшиймасман.

– Унда билганингни қил.

Бадриа кетгач, бобом менга Кўппакни ўтинхонага қамашни буюрди.

Зум ўтмай қишлоқ бўйлаб аввал ўқ овозлари, кейин итларнинг жон ҳалпидаги чайиллаши, эркакларнинг шовқини эшитилди. Қўшнимиз Бадрианинг уйида ҳам ўқ варанглади, кейин Алистрах, Макарианинг уйида ҳам шунақа қиёмат қўпди. Итларнинг фарёдидан қулоғим битаёзди. Бобом ҳам қулоқларини беркитганча бир нуқтага тикилиб ўтирарди.

Бу ақл бовар қилмас ит қирғини бир соатча давом этди. Бир соат қишлоқда шовқин-сурон тинмади. Бир соат ўтинхонага қамалган Кўппак ҳам эшикни тимдалаб, улиди. Кейин ҳаммаси жимиб қолди. Борлиққа ўлик сукунат чўкди.

Тонг отди. Хўрозлар қичқирди. Сигирлар мўради. Эчкилар маъради. Товуқлар қақақлади. Концхоули узра қуёш чарақлади. Лекин қишлоқда нимадир етишмасди. У аллақандай қадрдон, одатий, кўз илғамас жиҳатидан маҳрум бўлганди. Қишлоқнинг тор сўқмоғи бўйлаб елкасига болтасини осилтириб келаётган Аслан Тавберидзе кўринди. Унинг изидан қолмайдиган шалпангқулоқ Тузик кўринмасди. Ҳа, қишлоқнинг қон-қонига сингиб кетган, эндиликда етишмаётган бу нарса ит эди. Оддий ит.

1943 йил 24 август тонгини қишлоғимиз итларсиз қарши олди.

…Бизнинг Кўппагимиз ҳам кун бўйи дарчадан ташқари чиқмади. Ҳеч нарса емади, ҳурмади. У бобомнинг оёқлари остида ҳорғин чўзилиб ётарди. Кўтарилиб тушиб турган қорнини айтмаса, уни ўлган деб ўйлаш ҳам мумкин эди.

Кечга яқин яна Бадриа пайдо бўлди.

– Салом, Спиридон ота! – сўрашган бўлди у. – Одамлар сиздан хафа. Кеча уйингизда ўқ отилмаганмиш.

– Нега уйимда ўқ отиларкан? – ўзини билмаганга олди бобом.

– Спиридон ота, битта итни деб одамларнинг кўнглини қолдирманг. Итингизни ўлдиринг. Бизнинг итларимиз ҳам сизникидан яхшироқ эди, воз кечдик-ку? Одамлардан ажралиб қолмоқчимисиз?

– Йўқ, Бадриа, ўлсам тобутимнинг устида ҳатто ит ҳам увилламайдиган аҳволда қолмай деяпман-да.

– Менга қаранг, – деди дафъатан Бадриа тутақиб. – Агар итингиз қутуриб, болаларимдан бировини тишлайдиган бўлса, уйингизни ер билан яксон қилиб кетаман.

Гарчи олақоронғи бўлса-да, бобомнинг ранги қанчалик оқариб кетганини илғадим.

– Менга қара, мишиқи, – деди у овози титраб. – Тилингни тий, бўлмаса, қуруқшаган суякларимни уйингнинг гулханида иситишга мажбур бўламан.

Бадрия индамай уйига кетди. У нима деб ўйлаганини билмадим-у, унинг ўрнидан мен бўлганимда, кечаси билан мижжа қоқмаган бўлардим. Чунки бобом шу пайтгача айтганини қилмасдан қолмаган.

…Ярим кечаси ҳовлимизнинг нариги бурчагидан иккита ўқ овози ва итнинг акиллаши эшитилди. Ўрнимдан сапчиб турдим-у, милтиқни олиб, ўқ отилган тарафга ошиқдим. Кимдир ўзини буталар панасига олди. Кейин қочиб бораётган одамнинг қадам товушлари қулоққа чалинди.

Кўппак четан девор тагида ётганча, заифгина ғингширди. Уни аста кўтариб уйга кирдим. Бобом мойчироқни ёққан, эчки пўстаги устида ўтирарди. У Кўппакнинг ярасини спирт билан артиб, тамаки қўйиб боғлади

– Унча қўрқинчли эмас, – деди бобом. – Ўқ суякка тегмабди. – Кейин итга ўгирилди. – Ким сени бу аҳволга солди, жонивор?

Ит бошини қуйи солди.

– Билади, – деди бобом. – Лекин гапиролмайди, бечора.

Кейин у итни балконга олиб чиқишимни буюрди. Бизнинг уйимиз тепаликда жойлашганди. Бобом айни пайтда балкондан худди қишлоқни илк бор кўраётгандек сер соларди. У анча пайт жим тургач, менга ўгирилди.

– Болам, чиндан ҳам, битта итни деб қишлоқдошларни ранжитиш ярамайди. Милтиқни ол, Кўппакни ҳам қишлоқдан ташқарига олиб чиқ. Фақат ўқ овозини эшитмасам бўлди.

Титраб кетдим. Аммо шу пайтгача бобомнинг гапини икки қилмагандим. Милтиқни елкамга илдим. Кўппакнинг занжиридан етак­ладим. Кўппак нажот кутгандек бобомга қараб мўлтиради. Бобом эса йиғлаб юбормаслик учун юзини терс ўгирди.

Биз қишлоқни кесиб ўтиб, катта йўлдан дарё қирғоғига олиб тушувчи сўқмоққа қайрилдик. Кўппак итоаткорлик билан бошини эгганча ортимдан лўкиллаб келарди.

Дарё бўйига етганимизда, Кўппакнинг бўйнидаги арқонни ечиб, каттакон тош устига ўтирдим. Юзимдан совуқ тер қуйилар, юрагим гурс-гурс тепарди. Бироз тинчлангач, елкамдаги милтиқни қўлга олдим. Шу пайтда Кўппакнинг маъсум, муте нигоҳлари билан тўқнашдим. Беихтиёр кўзларимни олиб қочдим ва милтиқдан гильзаларни чиқариб, сувга улоқтирдим.

Елкамдан тоғ ағдарилди гўё. Шу пайт Кўппак югуриб олдимга келди ва қўлларимни ялади. Кейин эса ўзини сувга ташлаб, шаталоқ отганча, атрофга сув сачрата бошлади. Сўнгра қирғоққа чиқиб, қум устида ястанди. Унинг оёғидаги яраси қонталаш бўлиб турар, кўзлари ёшланган, бироқ… у куларди. Ҳа, ишонаверинг, Кўппак қувончдан хандон отаётганди.

– Менга қара, Кўппак, – дедим унга қараб. – Энди бор! Умуман овозингни ҳам чиқармасликка ҳаракат қил. Одамларни қувма, уларга ташланма, қопма, умуман улардан нари юр! Бўлмаса, улар сени ўлдиришади. Қишлоққа қайта кўрма. Биздан рози бўл, Кўппакжон!

У мени тушундими-йўқми, билмадим. Лекин мен ортимга бурилганимда, у ҳамон жойида турарди.

– Хўш? – сўради бобом. Мен индамай, милтиқни олиб бобомга узатдим. Бобом милтиқ магазинини очиб кўрди. Кейин менга қараб, маъюс кулимсиради:

– Ўғлим, бунақа феълинг билан ҳаётда кўп қийналасан!..

…Бир ҳафта ўтиб, шоқол Эквтимэ Сирадзенинг эчкисини бўғизлаб кетди. Кейин кимдир Аслан Тавберидзенинг омборидан ўн пуд донни ўмарибди. Яна бир куни Бердзенишвилининг сигири ҳовлимизга кириб, янги ўтқазилган кўчатларни синдириб кетди. Унинг кетидан Нина холанинг сигири билан Сипито амакининг новвоси изсиз йўқолди…

Одамлар саросимага тушиб қолди. Ҳамма бир-биридан норози. Ҳатто бир-бирини бўралаб сўкканлар ҳам бўлди.

15 октябрь куни роса кучли жала қуйди. Сел дарё қирғоғидаги тегирмонларни оқизиб кетди. Фақат Горабережоулидаги битта тегирмон омон қолди. Эртаси куни бобом мени ўша томонга жўхори тортиб келгани жўнатди. Кечга яқин тегирмондан чиққан бир қоп жўхори унини орқалаб кетмоқчи бўлганимда, бўсағада Кирилл Мамаладзе пайдо бўлди. У тегирмончи билан саломлашди. Менга эса унча эътибор ҳам қилмади.

– Ўғлингиз тузалиб қолдими? – деб сўрадим Мамаладзедан.

– Ўғлимга нима қипти? – ажабланди у.

– Ит тишлаб олди дегандингиз-ку?

– Ҳ-а-а-а! Тузалиб кетди. Ит қутурмаган экан. Докторлар текшириб кўриб айтишди.

– Қутурмаган экан?! – турган еримда қотиб қолдим. – Сиз… Улар… Сиз одам эмас экансиз! – шундай дея унинг жавобини кутмай, ортимга қайрилдим.

Эртасига бу ҳақда бобомга айтсаммикин, деб кун бўйи ўйладим. Кейин бу фикримдан қайтдим. Нима фойдаси бор? Қопни ерга ташладим.

18 октябрда бобом ётоғидан чиқмади.

20 октябрда мендан уйда қолишни илтимос қилди.

25 октябрда бобомнинг қўл-оёқлари шишди.

27 октябрда у мени чақириб, қўлимга омборнинг калитини тутқазди.

28 октябрда мени олдига ўтқазиб, васият қилди.

– Болам, вақти-соатим етган кўринади. Сен қўрқма. Мен ҳамиша сенинг ёнингда бўламан. Фақат уйимизни ташлаб кетмасанг, чироғимизни ёқиб ўтирсанг, бўлгани. Ҳали уруш тугайди. Отанг қайтиб келади. Аниқ биламан – у тирик. Эртага омонатимни топшираман. Фақат сен қўрқма. Ҳамма ишни қўшнилар қилишади. Фақат уйимизда аёл киши йўқлиги чатоқ-да! Ортимда дод солиб йиғлайдиганим йўқ.

Тонгга яқин бобомнинг жони узилди. Менинг меҳрибон бобожоним! У мени ташлаб кетди. Оёқяланг кўчага югурдим. Совуқ этни жунжиктирарди. Тўғри қаршимиздаги ҳовлининг эшигини қоқдим.

– Маргарита!

Аввалига ҳеч ким жавоб бермади. Икки-уч чақирганимдан сўнг ичкаридан аёл кишининг уйқусираган овози келди. Бироз ўтиб, қўшнимизнинг катта қизи Маргарита кўзини уқалаб чиқди.

– Тинчликми? – сўради менга қараб.

– Ҳалиги… бобом ўлиб қолди. Уйимизда дод солиб йиғлайдиган аёл киши йўқ. Илтимос…

Маргарита индамай, ортимдан эргашди…

Бобомни 1943 йил 4 ноябрь куни дафн қилишди. Маросимда атроф-жавонибдан одамлар ёпирилиб келди. Ҳар бир қишлоқдан биттадан аёл гўянда келиб, роса чуввос кўтаришди. Қўшни хотинлар ҳам чапак чалиб, дод солиб йиғлашди:

– Вой, парихатгина набирангизни кимларга ташлаб кетдингиз, отагинам-м-м!

Балкон ҳам, ҳовли ҳам, ҳатто кўчамиз ҳам одамларга тўлиб-тош­ганди. Шунда кутилмаган ҳодиса юз берди. Дафъатан тумонат одам иккига ажралиб, ўртада кичик йўлак ҳосил бўлди. Ундан жунлари лойга беланган Кўппак оғир қадамлар билан бобомнинг тобути турган хонага йўл олди… У олд оёқларини тобут устига қўйди-да, шу тахлит қотиб қолди. Тобутда юзида ним табассум билан ётган бобомнинг юзларига тикилиб, худди ёш боланинг йиғисига ўхшаш оҳангда ғингшиди.

Оломон орасидан кимдир “Худога шукур-ей” деб юборди. Мен ҳам ўзимни тутолмай йиғладим.

Шу пайт яна бир мўъжиза юз берди. Хонага Бадриа кириб келди. У итни кўриб ранги оқарди. Бироқ тезда ўзини қўлга олиб, мен тарафга юрди. Ҳамдардлик билдириш учун елкамга қўлини босган пайтда ит унга қараб ириллади. Кейин кўзлари ёниб, акиллашга тушди. Бадриа ўзини менинг орқамга олди.

– Анавинга қарсанг-чи? Мен… мен ҳол сўрагани чиқдим, холос.

Мен Кўппакни тинчлантирарканман, бобомнинг гапларини эсладим: “Билади. Фақат гапиролмайди бечора…”

– Кетинг, бу ердан, – дедим Бадриага қараб.

…Ўша оқшом Кўппакнинг таниш овози қишлоғимиз бўйлаб ёйилди.

Рустам Жабборов рус тилидан эркин таржима қилган. “Ёшлик” журнали, 2016 йил, 8-сон