Oskar Uayld. Xudbin Pahlavon (rivoyat)
Har kuni peshindan so‘ng maktabdan qaytgan bolalar Pahlavonning bog‘iga kelib o‘ynashni odat qilib olishgan edi.
Bu bog‘ juda keng, yam-yashil maysa bilan qoplangan, maysalar orasida esa, charaqlab turgan yulduzlardek, gullar ochilib turishardi, tag‘in bog‘da o‘n ikki tup shaftoli daraxti bo‘lib, ular ko‘klam chog‘i marvaridsimon gullarga berkinishar, kuzda esa g‘arq pishgan mevalari og‘irligidan pastga egilishardi. Daraxtlarga qo‘ngan qushchalar shunday yoqimli sayrashardiki, bolalar ko‘pincha beixtiyor o‘yinlaridan to‘xtab qushchalar ovoziga mahliyolarcha quloq solishardi. “Qanday mazza-ya bu yerda!”, chug‘urlashishardi ular bir-birlarini quvlashib.
Kunlardan bir kun Pahlavon uyiga qaytib keldi. U o‘rtog‘i, odamxo‘r Korniuelnikida yetti yil mehmon bo‘lib, yetti yil suhbatlasha-suhbatlasha, oxiri, gapi tamom bo‘lgach, o‘z qo‘rg‘oniga qaytgan edi. Kelishi bilanoq uning ko‘zi, bog‘da o‘ynayotgan bolalarga tushdi.
“Nima qilyapsizlar bu yerda?”, deya o‘shqirdi u xirqiroq ovozda. Bolalar esa duch kelgan tomonga to‘zg‘ib, qochib ketishdi.
“Bu mening va faqat mening bog‘im, – dedi Pahlavon. – Hamma bilsinki, o‘zimdan boshqa hech kimga bu yerda o‘ynashga ruxsat yo‘q”.
Shundan keyin u bog‘ atrofini baland devor bilan o‘rab olib, ogohlantiruvchi taxtacha osib qo‘ydi:
RUXSATSIZ KIRGANLAR QONUNAN JAZOLANISHADI
Bechora bolalar endi qayerda o‘ynashni bilishmasdi. Ular bir-ikki katta yo‘l bo‘ylarida o‘ynab ko‘rishdi, lekin yo‘llar juda chang va mayda toshlar bilan qoplangani uchun ularning ko‘ngliga yoqmas edi. Ko‘pincha ular darslardan keyin baland devor tagida yurishib, ichkaridagi ajoyib bog‘ni qo‘msashardi. “Qanday mazza qilardik-a u yerda”, deya eslashardi.
Bahor kelib o‘lkaning hamma joylarida daraxtlar gul bilan qoplandi, qushlar uchib kelishdi. Faqat Xudbin Pahlavon bog‘ida hali ham Qish edi. Qushchalar sayrog‘idan darak ham yo‘q, chunki bolalardan darak yo‘q edi-da; daraxtlar esa go‘yo gullashni esidan chiqargandek. O‘sha haligi go‘zal gullar maysalar orasidan mo‘ralashib ogohlantirish taxtachasini ko‘rib qolishdi va shunchalar xafa bo‘lib ketishdiki, boshlarini yana o‘tlar orasiga olib, uyquga ketishdi. Bog‘da faqatgina Qor bilan Ayozni e’zozlaydigan o‘simligu jonzotlar qolishdi. “Bahor bu bog‘ni esidan ham chiqarib yubordi, – deb tantana qilishardi ular, – biz endi butun yil davomida shu yerda yashayveramiz”. Qor o‘zining oppoq choponi bilan maysazorlarni yopardi, Ayoz esa daraxtlarni kumush rangga bo‘yardi. Keyin ular Shimol Shamolini o‘zlariga sheriklikka chaqirishdi. U o‘zining momiq choponiga o‘ralib kelib, kun bo‘yi bog‘ ustida aylanar, kamin mo‘rilarining ichigacha kirib chiyillardi. “Bu ajoyib dargoh, – dedi u, – biz bu yerga do‘lni ham chaqirishimiz kerak”. Shunday qilib Do‘l ham bu yerda hozir bo‘ldi. U, kuniga uch soatlab, qo‘rg‘on tomi sopolini sindirguncha gumburlatar, keyin qo‘rg‘on va bog‘ ustida chir aylana boshlardi.
“Vo ajab, nega Bahor kelmayapti, – derdi Xudbin Pahlavon deraza yonida o‘tirib oppoq va sovuq bog‘iga tikilarkan. – Lekin ob-havo o‘zgarib qolishidan umidim bor”.
Ammo bog‘ga na Bahor va na Yoz keldi. Boshqa bog‘larga Kuz ko‘pdan ko‘p shirin-shakar mevalarni to‘kib soldi, lekin Pahlavonga hech nima bermadi. “U o‘ta xudbin-ku”, derdi Kuz. Shunday, uning bog‘idan Qish arimadi va Shimol Shamoli, Do‘l, Ayoz va Qor daraxtlar atrofini aylanib raqsga tushaverishdi.
Bir kuni ertalab Pahlavon, endigina uyqudan uyg‘onib to‘shagida yotganida, nafis bir musiqani eshitib qoldi. U shunday yoqimli ediki, bunday kuylarni faqatgina shu atrofdan o‘tib ketayotgan Qirol sozandalarigina chalishi mumkin edi. Haqiqatda esa, bu, tashqaridagi mitti urug‘xo‘r qushchaning sayrog‘i edi. Lekin Xudbin o‘z bog‘ida qush ovozini shunchalik ko‘pdan beri eshitmagan ediki, bu unga dunyodagi eng dilrabo kuydek eshitilardi. Shu topda uning tepasida raqsga tushayotgan Do‘l to‘xtadi, Shimol Shamoli esa o‘kirishni bas qildi va ochiq derazadan xushbo‘y hid taratib kirib keldi. “Shubhasiz, nihoyat Bahor keldi”, dedi Pahlavon va o‘rnidan irg‘ib tashqariga qaradi.
Uning ko‘zi tashqaridagi g‘aroyib bir manzaraga tushdi. Bog‘ devoridagi kichkina bir tirqishdan biqinib bolalar kirib kelishar va bog‘dagi daraxt shoxlariga tirmashib chiqib olishardi. Uning ko‘z o‘ngidagi har bir daraxt shohida bittadan bolakay o‘tirardi. Daraxtlar esa, bolalar qaytishganidan shunchalik xursand bo‘lishgandiki, ularning shoxlari bolalarning boshlari ustida mehribon qo‘llar misoli mayin tebranishardi. Qushchalar atrofda aylanib quvnoq sayrashar, gullar esa o‘tlar orasidan yuqoriga qarab xursand bo‘lishardi. Bu o‘ta orombaxsh manzara edi, lekin bog‘ning uzoqdagi bir chekkasida hali ham qish hukm surardi. U yerdagi daraxt ostida bir bolakay yurardi. U shunday kichkina ediki, daraxtning shoxlariga bo‘yi yetmasdan uning atrofida aylanib, achchiq-achchiq yig‘lardi. Bechora daraxt esa haligacha Ayoz va Qorning zabtida bo‘lib, Shimol Shamoli uning ustida aylanib esardi. “Ustimga chiqib olaqol, bolakay”, derdi daraxt va shoxlarini imkoni boricha egib unga uzatardi, lekin bola juda mitti edi.
Bu holni ko‘rdi-yu Pahlavonning yuragi ezilib ketdi. “Qanchalar ablah ekanman-a! Bu yerga nega Bahor kelmaganini endi tushundim. Hozir anavi bolakayni ko‘tarib anavi daraxtning baland shoxiga o‘tkazamanu, keyin la’nati devorni buzib-buzib tashlayman, bundan buyon bog‘im bolalar uchun o‘yin maydonchasi bo‘ladi”.
U qilmishidan astoydil pushaymon tortdi.
Alqissa Pahlavon zinadan tushib, tashqi eshikni ohista ochib bog‘ga chiqdi. Lekin uni ko‘rgan bolalar qo‘rqib har tomonga to‘zg‘ib ketishdi va shu zahoti bog‘ga yana Qish kirib keldi. Faqat mitti bolakaygina ko‘zlari yoshga to‘la bo‘lgani uchun Pahlavonni ko‘rmadi va qochib ketmadi. Pahlavon uning orqasidan ohista yaqinlashib, uni avaylab qo‘liga oldi va daraxtga o‘tkazib qo‘ydi. Va shu zahotiyoq daraxt gul bilan qoplandi, bolakay qo‘llarini cho‘zib Pahlavonning bo‘ynidan quchoqlab olib o‘pib qo‘ydi. Boshqa bolalar Pahlavonning darg‘azabmasligini ko‘rib chopqillashib qaytib kelishdi va ular bilan Bahor ham qaytib keldi. “Bu endi sizlarning bog‘ingiz, bolakaylar”, dedi Pahlavon va o‘zining ulkan boltasini olib devorni parchalab yiqitdi. Va shu kunning choshgohida, bozorga ketayotganlar, odam aqlini lol qoldiradigan bu ko‘rkam bog‘da, bolalar bilan o‘ynayotgan Pahlavonni ko‘rishar edi.
Ular kun bo‘yi, to‘yguncha o‘ynab, kechqurun xayrlashish uchun Pahlavonning yoniga kelishdi.
“Iya, anavi kichkina o‘rtog‘ingiz qani? – so‘radi u. – Men uni daraxtga o‘tqazib qo‘ygandim”. Pahlavon o‘zini o‘pib qo‘ygani uchun uni juda yaxshi ko‘rib qolgan edi.
“Biz bilmaymiz, – javob berishdi bolalar. – U bu yerdan ketib qoldi”.
“Siz uni topib aytib qo‘ying, u ertaga albatta kelsin”, – dedi Pahlavon. Lekin bolalar, uning qayerda yashashini bilmasliklarini va uni ilgari hech qachon ko‘rmaganliklarini aytib qasamga tayanishdi.
Har kuni bolalar maktabdan kelib Pahlavon bilan o‘ynashardi. Lekin u, mehri tushib qolgan o‘sha kichkina bolakayni boshqa ko‘rmadi. Pahlavon bolalarni ko‘rganidan xursand bo‘lardi, lekin shunga qaramasdan o‘zining birinchi o‘rtog‘i mittivoyni kutar va uni juda ko‘p eslardi. “Uni ko‘rishni istardim”, – derdi u entikib.
Yillar o‘tdi. Pahlavon qarib, darmonsizlandi. U boshqa deyarli o‘ynay olmas, o‘zining chayqaluvchi kursisida o‘tirgancha, bolalar o‘yinini tomosha qilib, bog‘ining ko‘rinishidan lazzatlanardi. “Mening gullarim benihoya chiroyli, derdi u, – lekin bolalar ularning hammasidan ham go‘zalroq”.
Qish tonglaridan birida, o‘ o‘z derazasidan, bu faslning libosini kuzatar edi. U endi Qishni ko‘rgani ko‘zi yo‘q, uning uchun bu, uxlayotgan Bahor bo‘lib, gullar esa dam olishayotgandek edi.
Birdan u hayronlikdan ko‘zlarini ishqab-surtib tashqariga tikilib qoldi. Bu chindan ham g‘aroyib bir ko‘rinish edi. Bog‘ning uzoq bir chekkasidan oppoq nafis gul bilan qoplangan daraxt ko‘rinardi. Uning shoxlari oltindan bo‘lib, ulardan kumush mevalar to‘kilib turar, pastda esa o‘sha, Pahlavonning mehri tushib qolgan mitti bolakay yurardi.
Quvonchini ichiga sig‘dirolmagan Pahlavon yugurib zinadan bog‘ga tushdi. U shunday shoshardiki, maysazorlarni bosib-yanchib bolaga yaqinlashdi. Uning tepasiga kelganida esa, shu ondayoq g‘azabdan qizarib ketgan yuzini unga yaqinlashtirib so‘radi: “Qaysi manfur seni jarohatlashga jur’at qildi?” Bolakayning kaftchalarida ikkita mixdan qolgan jarohat izlari bo‘lib, yana boshqa Ikkita mixdan qolgan izlar uning oyoqchalarida ko‘rinardi.
“Qaysi manfur seni jarohatlashga jur’at qildi? – deb hayqirdi Pahlavon. – Ayt menga, toki men uni katta qilichim bilan chopib tashlay!”
“Kerakmas, – javob berdi bola, – bular, axir, Mehr jarohatlari-ku”.
“Aslida kimsan o‘zing?” – dedi Pahlavon va g‘alati bir iltifot bilan bolakay qarshisida tiz cho‘kdi.
Shunda bola Pahlavonga jilmayib javob berdi: “Bir kuni, sen menga o‘z bog‘ingda o‘ynashga ruxsat bermaganding, bugun esa sen men bilan mening Jannatdagi bog‘imga ketasan”.
Tushlikdan keyin bog‘ga kelgan bolalar Pahlavonning oppoq gullab turgan daraxt tagida o‘lib yotganini ko‘rishdi.
Inglizchadan Eldor Fozilov tarjimasi
Оскар Уайлд. Худбин Паҳлавон (ривоят)
Ҳар куни пешиндан сўнг мактабдан қайтган болалар Паҳлавоннинг боғига келиб ўйнашни одат қилиб олишган эди.
Бу боғ жуда кенг, ям-яшил майса билан қопланган, майсалар орасида эса, чарақлаб турган юлдузлардек, гуллар очилиб туришарди, тағин боғда ўн икки туп шафтоли дарахти бўлиб, улар кўклам чоғи марваридсимон гулларга беркинишар, кузда эса ғарқ пишган мевалари оғирлигидан пастга эгилишарди. Дарахтларга қўнган қушчалар шундай ёқимли сайрашардики, болалар кўпинча беихтиёр ўйинларидан тўхтаб қушчалар овозига маҳлиёларча қулоқ солишарди. “Қандай мазза-я бу ерда!”, чуғурлашишарди улар бир-бирларини қувлашиб.
Кунлардан бир кун Паҳлавон уйига қайтиб келди. У ўртоғи, одамхўр Корниуэлникида етти йил меҳмон бўлиб, етти йил суҳбатлаша-суҳбатлаша, охири, гапи тамом бўлгач, ўз қўрғонига қайтган эди. Келиши биланоқ унинг кўзи, боғда ўйнаётган болаларга тушди.
“Нима қиляпсизлар бу ерда?”, дея ўшқирди у хирқироқ овозда. Болалар эса дуч келган томонга тўзғиб, қочиб кетишди.
“Бу менинг ва фақат менинг боғим, – деди Паҳлавон. – Ҳамма билсинки, ўзимдан бошқа ҳеч кимга бу ерда ўйнашга рухсат йўқ”.
Шундан кейин у боғ атрофини баланд девор билан ўраб олиб, огоҳлантирувчи тахтача осиб қўйди:
РУХСАТСИЗ КИРГАНЛАР ҚОНУНАН ЖАЗОЛАНИШАДИ
Бечора болалар энди қаерда ўйнашни билишмасди. Улар бир-икки катта йўл бўйларида ўйнаб кўришди, лекин йўллар жуда чанг ва майда тошлар билан қоплангани учун уларнинг кўнглига ёқмас эди. Кўпинча улар дарслардан кейин баланд девор тагида юришиб, ичкаридаги ажойиб боғни қўмсашарди. “Қандай мазза қилардик-а у ерда”, дея эслашарди.
Баҳор келиб ўлканинг ҳамма жойларида дарахтлар гул билан қопланди, қушлар учиб келишди. Фақат Худбин Паҳлавон боғида ҳали ҳам Қиш эди. Қушчалар сайроғидан дарак ҳам йўқ, чунки болалардан дарак йўқ эди-да; дарахтлар эса гўё гуллашни эсидан чиқаргандек. Ўша ҳалиги гўзал гуллар майсалар орасидан мўралашиб огоҳлантириш тахтачасини кўриб қолишди ва шунчалар хафа бўлиб кетишдики, бошларини яна ўтлар орасига олиб, уйқуга кетишди. Боғда фақатгина Қор билан Аёзни эъзозлайдиган ўсимлигу жонзотлар қолишди. “Баҳор бу боғни эсидан ҳам чиқариб юборди, – деб тантана қилишарди улар, – биз энди бутун йил давомида шу ерда яшайверамиз”. Қор ўзининг оппоқ чопони билан майсазорларни ёпарди, Аёз эса дарахтларни кумуш рангга бўярди. Кейин улар Шимол Шамолини ўзларига шерикликка чақиришди. У ўзининг момиқ чопонига ўралиб келиб, кун бўйи боғ устида айланар, камин мўриларининг ичигача кириб чийилларди. “Бу ажойиб даргоҳ, – деди у, – биз бу ерга дўлни ҳам чақиришимиз керак”. Шундай қилиб Дўл ҳам бу ерда ҳозир бўлди. У, кунига уч соатлаб, қўрғон томи сополини синдиргунча гумбурлатар, кейин қўрғон ва боғ устида чир айлана бошларди.
“Во ажаб, нега Баҳор келмаяпти, – дерди Худбин Паҳлавон дераза ёнида ўтириб оппоқ ва совуқ боғига тикиларкан. – Лекин об-ҳаво ўзгариб қолишидан умидим бор”.
Аммо боққа на Баҳор ва на Ёз келди. Бошқа боғларга Куз кўпдан-кўп ширин-шакар меваларни тўкиб солди, лекин Паҳлавонга ҳеч нима бермади. “У ўта худбин-ку”, дерди Куз. Шундай, унинг боғидан Қиш аримади ва Шимол Шамоли, Дўл, Аёз ва Қор дарахтлар атрофини айланиб рақсга тушаверишди.
Бир куни эрталаб Паҳлавон, эндигина уйқудан уйғониб тўшагида ётганида, нафис бир мусиқани эшитиб қолди. У шундай ёқимли эдики, бундай куйларни фақатгина шу атрофдан ўтиб кетаётган Қирол созандаларигина чалиши мумкин эди. Ҳақиқатда эса, бу, ташқаридаги митти уруғхўр қушчанинг сайроғи эди. Лекин Худбин ўз боғида қуш овозини шунчалик кўпдан бери эшитмаган эдики, бу унга дунёдаги энг дилрабо куйдек эшитиларди. Шу топда унинг тепасида рақсга тушаётган Дўл тўхтади, Шимол Шамоли эса ўкиришни бас қилди ва очиқ деразадан хушбўй ҳид таратиб кириб келди. “Шубҳасиз, ниҳоят Баҳор келди”, деди Паҳлавон ва ўрнидан ирғиб ташқарига қаради.
Унинг кўзи ташқаридаги ғаройиб бир манзарага тушди. Боғ деворидаги кичкина бир тирқишдан биқиниб болалар кириб келишар ва боғдаги дарахт шохларига тирмашиб чиқиб олишарди. Унинг кўз ўнгидаги ҳар бир дарахт шоҳида биттадан болакай ўтирарди. Дарахтлар эса, болалар қайтишганидан шунчалик хурсанд бўлишгандики, уларнинг шохлари болаларнинг бошлари устида меҳрибон қўллар мисоли майин тебранишарди. Қушчалар атрофда айланиб қувноқ сайрашар, гуллар эса ўтлар орасидан юқорига қараб хурсанд бўлишарди. Бу ўта оромбахш манзара эди, лекин боғнинг узоқдаги бир чеккасида ҳали ҳам қиш ҳукм сурарди. У ердаги дарахт остида бир болакай юрарди. У шундай кичкина эдики, дарахтнинг шохларига бўйи етмасдан унинг атрофида айланиб, аччиқ-аччиқ йиғларди. Бечора дарахт эса ҳалигача Аёз ва Қорнинг забтида бўлиб, Шимол Шамоли унинг устида айланиб эсарди. “Устимга чиқиб олақол, болакай”, дерди дарахт ва шохларини имкони борича эгиб унга узатарди, лекин бола жуда митти эди.
Бу ҳолни кўрди-ю Паҳлавоннинг юраги эзилиб кетди. “Қанчалар аблаҳ эканман-а! Бу ерга нега Баҳор келмаганини энди тушундим. Ҳозир анави болакайни кўтариб анави дарахтнинг баланд шохига ўтказаману, кейин лаънати деворни бузиб-бузиб ташлайман, бундан буён боғим болалар учун ўйин майдончаси бўлади”.
У қилмишидан астойдил пушаймон тортди.
Алқисса Паҳлавон зинадан тушиб, ташқи эшикни оҳиста очиб боққа чиқди. Лекин уни кўрган болалар қўрқиб ҳар томонга тўзғиб кетишди ва шу заҳоти боққа яна Қиш кириб келди. Фақат митти болакайгина кўзлари ёшга тўла бўлгани учун Паҳлавонни кўрмади ва қочиб кетмади. Паҳлавон унинг орқасидан оҳиста яқинлашиб, уни авайлаб қўлига олди ва дарахтга ўтказиб қўйди. Ва шу заҳотиёқ дарахт гул билан қопланди, болакай қўлларини чўзиб Паҳлавоннинг бўйнидан қучоқлаб олиб ўпиб қўйди. Бошқа болалар Паҳлавоннинг дарғазабмаслигини кўриб чопқиллашиб қайтиб келишди ва улар билан Баҳор ҳам қайтиб келди. “Бу энди сизларнинг боғингиз, болакайлар”, деди Паҳлавон ва ўзининг улкан болтасини олиб деворни парчалаб йиқитди. Ва шу куннинг чошгоҳида, бозорга кетаётганлар, одам ақлини лол қолдирадиган бу кўркам боғда, болалар билан ўйнаётган Паҳлавонни кўришар эди.
Улар кун бўйи, тўйгунча ўйнаб, кечқурун хайрлашиш учун Паҳлавоннинг ёнига келишди.
“Ия, анави кичкина ўртоғингиз қани? – сўради у. – Мен уни дарахтга ўтқазиб қўйгандим”. Паҳлавон ўзини ўпиб қўйгани учун уни жуда яхши кўриб қолган эди.
“Биз билмаймиз, – жавоб беришди болалар. – У бу ердан кетиб қолди”.
“Сиз уни топиб айтиб қўйинг, у эртага албатта келсин”, – деди Паҳлавон. Лекин болалар, унинг қаерда яшашини билмасликларини ва уни илгари ҳеч қачон кўрмаганликларини айтиб қасамга таянишди.
Ҳар куни болалар мактабдан келиб Паҳлавон билан ўйнашарди. Лекин у, меҳри тушиб қолган ўша кичкина болакайни бошқа кўрмади. Паҳлавон болаларни кўрганидан хурсанд бўларди, лекин шунга қарамасдан ўзининг биринчи ўртоғи миттивойни кутар ва уни жуда кўп эсларди. “Уни кўришни истардим”, – дерди у энтикиб.
Йиллар ўтди. Паҳлавон қариб, дармонсизланди. У бошқа деярли ўйнай олмас, ўзининг чайқалувчи курсисида ўтирганча, болалар ўйинини томоша қилиб, боғининг кўринишидан лаззатланарди. “Менинг гулларим бениҳоя чиройли, дерди у, – лекин болалар уларнинг ҳаммасидан ҳам гўзалроқ”.
Қиш тонгларидан бирида, ў ўз деразасидан, бу фаслнинг либосини кузатар эди. У энди Қишни кўргани кўзи йўқ, унинг учун бу, ухлаётган Баҳор бўлиб, гуллар эса дам олишаётгандек эди.
Бирдан у ҳайронликдан кўзларини ишқаб-суртиб ташқарига тикилиб қолди. Бу чиндан ҳам ғаройиб бир кўриниш эди. Боғнинг узоқ бир чеккасидан оппоқ нафис гул билан қопланган дарахт кўринарди. Унинг шохлари олтиндан бўлиб, улардан кумуш мевалар тўкилиб турар, пастда эса ўша, Паҳлавоннинг меҳри тушиб қолган митти болакай юрарди.
Қувончини ичига сиғдиролмаган Паҳлавон югуриб зинадан боққа тушди. У шундай шошардики, майсазорларни босиб-янчиб болага яқинлашди. Унинг тепасига келганида эса, шу ондаёқ ғазабдан қизариб кетган юзини унга яқинлаштириб сўради: “Қайси манфур сени жароҳатлашга журъат қилди?” Болакайнинг кафтчаларида иккита михдан қолган жароҳат излари бўлиб, яна бошқа Иккита михдан қолган излар унинг оёқчаларида кўринарди.
“Қайси манфур сени жароҳатлашга журъат қилди? – деб ҳайқирди Паҳлавон. – Айт менга, токи мен уни катта қиличим билан чопиб ташлай!”
“Керакмас, – жавоб берди бола, – булар, ахир, Меҳр жароҳатлари-ку”.
“Аслида кимсан ўзинг?” – деди Паҳлавон ва ғалати бир илтифот билан болакай қаршисида тиз чўкди.
Шунда бола Паҳлавонга жилмайиб жавоб берди: “Бир куни, сен менга ўз боғингда ўйнашга рухсат бермагандинг, бугун эса сен мен билан менинг Жаннатдаги боғимга кетасан”.
Тушликдан кейин боққа келган болалар Паҳлавоннинг оппоқ гуллаб турган дарахт тагида ўлиб ётганини кўришди.