January 7, 2024

Rey Bredberi. Ertaga qiyomat (hikoya)

| Кирилл ёзувидаги матн пастроқда

– Ertaga qiyomat boʻlishini bilsang nima qilarding?

– Nima qilar edim?.. Hazillashyapsanmi?

– Yoʻq.

– Bilmadim… hech oʻylamagan ekanman.

– Oʻylab koʻradigan vaqt keldi, chamamda, – dedi u.

– Jiddiy aytyapsanmi?

U bosh irgʻadi.

– Urush boshlandimi?

U boshi bilan “yoʻq” ishorasini qildi.

– Atommi yoki vodorod bombasimi?

– Yoʻq.

– Bakteriologik urushmi?

– Ey, yoʻq, bunaqa narsalar emas, – dedi u qoshiq bilan qahvani aralashtirar ekan. – Shunchaki, nima desa boʻladi, oxirgi nuqtani qoʻyadigan vaqt yetdi.

– Nima demoqchi boʻlayotganingni tushuna olmayapman.

– Toʻgʻrisini aytsam, oʻzim ham tushunganim yoʻq. Hozir shuni his qilyapmanki, bir qattiq qoʻrquv bosadi, birozdan soʻng qoʻrquv chekinib, koʻnglim xotirjam tortib qoladi. – u qizlari tomonga qaradi, ularning tillarang sochlari chiroq shuʼlasida yaltirar edi. – Men boshida senga aytmagan edim. Bu toʻrt kun burun boshlangan edi.

– Nima?

– Men bir tush koʻrdim. Tushimda “Yaqinda hammasi tugaydi” dedi bir ovoz eshitdim. Butunlay notanish, boshqacha ovoz. U aytdiki, bizning Yer sharimizda hayot nihoyasiga yetibdi. Ertalab bu haqda deyarli unutib, ishga joʻnadim, ishxonada Sten Uillis deraza rafida oʻyga botib oʻtirganiga toʻsatdan koʻzim tushib qoldi. “Nimalarni orzu qilib qolding, Sten?” dedim unga. U javob berib aytdiki, “Mening tushimda…”, oʻsha zahoti qanday tush ekanini fahmladim. Unga tushida nima koʻrganini aytib berishim mumkin edi, ammo Sten tushini birinchi boʻlib gapirib berdi, men tingladim.

– Oʻsha tushmi?

– Xuddi oʻsha. Stenga men ham shunday tush koʻrganimni aytdim. U hayron boʻlmaganga oʻxshadi, hatto biroz xotirjam tortdi. Keyin biz qiziquvchanlik qilib butun idorani aylanib chiqdik. Bu oʻz-oʻzidan yuz berdi. Biz: “Yur, bir qarab kelaylik, nima gap, nima soʻz”, deganimiz yoʻq. Shunchaki borib koʻrdik, birov stoliga, birov qoʻllariga, yana birov derazaga boqib jim oʻtiribdi. Biri bilan men, boshqasi bilan Sten gaplashdi.

– Hamma shu tushni koʻribdimi?

– Hamma-hamma, nuqta, verguligacha oʻsha tushning oʻzginasi.

– Sen bunga ishonasanmi?

– Ishonaman. Tugʻilganimdan beri biror narsaga bunchalik ishonmagan edim.

– Qachon bu hodisa yuz beradi? Qachon hammasi tugaydi?

– Biz uchun – bugun tunda, soat nechada boʻlishini bilmayman, keyin esa qaysi joyda, kechaning qay vaqtda kirishiga qarab – yer aylanadi-ku. Bir kecha-kunduzda hammasi tugaydi.

Ular qahvaga qoʻl tekkizmasdan biroz oʻtirishdi. Keyin bir-biriga qarab shoshmasdan qahva hoʻplashdi.

– Qaysi gunohimiz uchun? – dedi ayol.

– Gunoh qildikmi, yoʻqmi, gap unda emas, faqat hech narsa chiqmadi. Sen bahslashmading ham, nima uchun?

– Buning sababi bor, albatta.

– Bizning ishxonamizdagining oʻzginasimi?

Ayol tasdiq maʼnosida bosh irgʻadi. Keyin:

– Men senga aytmoqchi emas edim. Butun kun davomida dahamizdagi ayollar shuni muhokama qildi. Ular ham aynan shu tushni koʻrishgan. Men bu shunchaki oʻxshashlik boʻlsa kerak deb oʻylagan edim, – deya stoldan kechagi gazetani oldi.

– Bu yerda esa hech narsa yozilmabdi.

– Shunday ham hamma biladi. – U xotiniga yuzlanib, unga sinovchan nigoh bilan qaradi.

– Qoʻrqyapsanmi?

– Yoʻq. Har doim juda qoʻrqinchli boʻlsa kerak deb oʻylar edim, lekin qoʻrqmayapman.

– Bizga mudom oʻz jonini saqlashga intilish tuygʻusini uqtirishar edi – nega oʻsha tuygʻu jim turibdi?

– Bilmadim. Hammasi toʻgʻri ekanini bilgandan soʻng oʻzingni yoʻqotmaysan chogʻi. Bu yerda hammasi toʻgʻri. Agar bizning qanday yashaganimizni oʻylasak, shunday tugashi kerak edi.

– Biz shunchalik yomonmidik?

– Yoʻq. Lekin juda yaxshi ham emas edik. Ehtimol, asosiy fojia shundadir – bizda koʻzga tashlanadigan hech narsa yoʻq edi. Biz shunchaki oʻzimiz bilan oʻzimiz ovora boʻlib qolgan edik, ammo dunyodagi juda koʻpchilik odamlar quturib ketgan edi. Kim biladi ular nimalarni oʻylab topishmagan.

Mehmonxonadan qizlarning kulgisi eshitildi.

– Men mudom ana shu fursat kelganda hamma koʻchaga chopib chiqadi deb oʻylar edim.

– Menimcha, yoʻq. Chunki hech narsani oʻzgartirib boʻlmagandan keyin baqir-chaqirning nima keragi bor?!

– Bilasanmi, men faqat sendan va qizlarimdan ajralayotganimga achinaman. Men hech qachon shahar hayotini va kasbimni yaxshi koʻrmaganman, umuman, siz uchalangizdan boshqa hech narsani sevmaganman. Men hech narsaga achinmayman, ammo issiq havoda bir qultum suv ichib, soʻng biroz mizgʻib oladigan shunga oʻxshagan yana bir kunni koʻrsak yomon boʻlmas edi. Qiziq, qanday qilib biz shu holatda bu mavzuda bemalol gaplashib oʻtiribmiz?

– Qoʻlimizdan boshqa nima ham kelardi.

– Ha, toʻgʻri aytasan, agar qilish mumkin boʻlganda biz nimadir qilar edik-da. Menimcha, bu tarixda bugun har bir odam ertaga oʻziga nima boʻlishini biladigan birinchi hodisa boʻlsa kerak.

– Ajabo, hozir, kechqurun, yaqin soatlarda odamlar nima qilar ekan.

– Odatdagidek, kinoga boradi, radio eshitadi, televizor koʻradi, bolalarini uxlatadi va oʻzlari ham uxlagani yotadi.

– Bundan gʻururlanish kerak, shekilli – hamma, hamma vaqtdagidek.

Ular bir daqiqa jim qolishdi, keyin erkak oʻziga yana qahva qoʻydi.

– Sen nima deb oʻylaysan, nima uchun aynan bugun?

– Shuning uchun.

– Nega boshqa biror kun, oʻtgan asrda yoki besh yuz, ming yil burun emas?

– Ehtimol, shu vaqtgacha bunday kun – bir ming toʻqqiz yuz oltmish toʻqqizinchi yilning oʻn toʻqqizinchi oktyabri boʻlmagandir. Endi esa oʻsha kun keldi, ana shu bilan tamom. Bugun alohida kun, chunki bu yil dunyoda vaziyat shu qadar tarangki, boshqacha boʻlishi mumkin emas – shuning uchun oxirzamon keldi.

– Bugun ummonning ikki tomonida bombardimonchi samolyotlar uchishga tayyorlanmoqda, ular endi hech qachon yerga qoʻna olmaydi.

– Ana shularning ham “hissasi” bor.

– Nachora, – dedi u oʻrnidan turar ekan. – Nima qilamiz? Idish-tovoq yuvamizmi?

Ular idishlarni yuvib, oshxonani odatdagidek batartib qilib qoʻydi. Sakkiz yarimda bolalarini uxlagani yotqizdi, ularni oʻpib qoʻydi, krovati tepasidagi tungi chiroqchalarni yoqib, xona eshigini qiya ochiq qoldirdi.

– Bilmadim… – dedi chiqayotib, qoʻlini eshik dastagidan olmay erkak.

– Nimani aytyapsan?

– Eshikni zich yopsammikan yoki yorugʻlik tushib tursin uchun qiyaroq ochiq tursinmi…

– Balki bolalar bilishar?

– Yoʻq, albatta, yoʻq.

Ular oʻtirib gazeta oʻqidi, suhbatlashdi, radio tingladi, soʻng esa jimgina kamin*da koʻmirdan paydo boʻlgan qip-qizil choʻg‘ga tikilib oʻtirdi. Soat millari oʻn yarimni koʻrsatdi, oʻn bir boʻldi, keyin oʻn bir yarim boʻldi. Ular dunyodagi odamlar haqida oʻylashdi, bu tunni kim qanday oʻtkazadi – har biri oʻz holicha.

– Nima boʻlsa, peshonadan, – dedi u nihoyat. Oʻrnidan turib xotinini uzoq vaqt oʻpdi.

– Birgalikda yomon yashamadik, har holda.

– Yigʻlaging kelyaptimi? – soʻradi u.

– Yoʻq, albatta.

Ular hamma xonalarni aylanib chiqdi va chiroqlarni oʻchirdi, yotoqxonaga kirib ustki kiyimlarini yechdi, xona salqin boʻlsa ham pechkani yoqishmadi, koʻrpani ham olib tashlashdi.

– Qanday ajoyib, choyshab biram bahri dilni ochadigan…

– Men charchadim.

– Hammamiz charchadik.

Ular yotdi.

– Bir daqiqa, – dedi ayol.

Oʻrnidan turib oshxonaga chiqib ketdi. Bir zumda ortiga qaytdi.

– Joʻmrakni burab qoʻyishni unutibman, – dedi ayol.

Bu erkakning kulgisini qistadi va beixtiyor kulib yubordi.

Ayol ham kuldi, – rostdan ham kulgili edi! Keyin ular kulishdan toʻxtadi va bir-birining qoʻllarini tutib, yuzini yuziga bosib sovuq choyshabda yonma-yon yotishdi.

– Xayrli tun, – dedi u bir necha daqiqadan soʻng.

– Xayrli tun.

Abdumalik Joʻraqul tarjimasi

____________________________

*uy pechkasi


Рей Бредбери. Эртага қиёмат

– Эртага қиёмат бўлишини билсанг нима қилардинг?

– Нима қилар эдим?.. Ҳазиллашяпсaнми?

– Йўқ.

– Билмадим… ҳеч ўйламаган эканман.

У ўзига қаҳва қуйди. Бир четдаги гилам устида, ёруғ яшилтоб чироқ ёғдусида иккала қизи кубиклардан нимадир ясаб ўтирибди. Меҳмонхонада ҳозиргина қайнаган қаҳванинг ёқимли ҳиди таралмоқда.

– Ўйлаб кўрадиган вақт келди, чамамда, – деди у.

– Жиддий айтяпсанми?

У бош ирғади.

– Уруш бошландими?

У боши билан “йўқ” ишорасини қилди.

– Атомми ёки водород бомбасими?

– Йўқ.

– Бактериологик урушми?

– Эй, йўқ, бунақа нарсалар эмас, – деди у қошиқ билан қаҳвани аралаштирар экан. – Шунчаки, нима деса бўлади, охирги нуқтани қўядиган вақт етди.

– Нима демоқчи бўлаётганингни тушуна олмаяпман.

– Тўғрисини айтсам, ўзим ҳам тушунганим йўқ. Ҳозир шуни ҳис қиляпманки, бир қаттиқ қўрқув босади, бироздан сўнг қўрқув чекиниб, кўнглим хотиржам тортиб қолади. – у қизлари томонга қаради, уларнинг тилларанг сочлари чироқ шуъласида ялтирар эди. – Мен бошида сенга айтмаган эдим. Бу тўрт кун бурун бошланган эди.

– Нима?

– Мен бир туш кўрдим. Тушимда “Яқинда ҳаммаси тугайди” деди бир овоз эшитдим. Бутунлай нотаниш, бошқача овоз. У айтдики, бизнинг Ер шаримизда ҳаёт ниҳоясига етибди. Эрталаб бу ҳақда деярли унутиб, ишга жўнадим, ишхонада Стэн Уиллис дераза рафида ўйга ботиб ўтирганига тўсатдан кўзим тушиб қолди. “Нималарни орзу қилиб қолдинг, Стэн?” дедим унга. У жавоб бериб айтдики, “Менинг тушимда…”, ўша заҳоти қандай туш эканини фаҳмладим. Унга тушида нима кўрганини айтиб беришим мумкин эди, аммо Стэн тушини биринчи бўлиб гапириб берди, мен тингладим.

– Ўша тушми?

– Худди ўша. Стэнга мен ҳам шундай туш кўрганимни айтдим. У ҳайрон бўлмаганга ўхшади, ҳатто бироз хотиржам тортди. Кейин биз қизиқувчанлик қилиб бутун идорани айланиб чиқдик. Бу ўз-ўзидан юз берди. Биз: “Юр, бир қараб келайлик, нима гап, нима сўз”, деганимиз йўқ. Шунчаки бориб кўрдик, биров столига, биров қўлларига, яна биров деразага боқиб жим ўтирибди. Бири билан мен, бошқаси билан Стэн гаплашди.

– Ҳамма шу тушни кўрибдими?

– Ҳамма-ҳамма, нуқта, вергулигача ўша тушнинг ўзгинаси.

– Сен бунга ишонасанми?

– Ишонаман. Туғилганимдан бери бирор нарсага бунчалик ишонмаган эдим.

– Қачон бу ҳодиса юз беради? Қачон ҳаммаси тугайди?

– Биз учун – бугун тунда, соат нечада бўлишини билмайман, кейин эса қайси жойда, кечанинг қай вақтда киришига қараб – ер айланади-ку. Бир кеча-кундузда ҳаммаси тугайди.

Улар қаҳвага қўл теккизмасдан бироз ўтиришди. Кейин бир-бирига қараб шошмасдан қаҳва ҳўплашди.

– Қайси гуноҳимиз учун? – деди аёл.

– Гуноҳ қилдикми, йўқми, гап унда эмас, фақат ҳеч нарса чиқмади. Сен баҳслашмадинг ҳам, нима учун?

– Бунинг сабаби бор, албатта.

– Бизнинг ишхонамиздагининг ўзгинасими?

Аёл тасдиқ маъносида бош ирғади. Кейин:

– Мен сенга айтмоқчи эмас эдим. Бутун кун давомида даҳамиздаги аёллар шуни муҳокама қилди. Улар ҳам айнан шу тушни кўришган. Мен бу шунчаки ўхшашлик бўлса керак деб ўйлаган эдим, – дея столдан кечаги газетани олди.

– Бу ерда эса ҳеч нарса ёзилмабди.

– Шундай ҳам ҳамма билади. – У хотинига юзланиб, унга синовчан нигоҳ билан қаради.

– Қўрқяпсанми?

– Йўқ. Ҳар доим жуда қўрқинчли бўлса керак деб ўйлар эдим, лекин қўрқмаяпман.

– Бизга мудом ўз жонини сақлашга интилиш туйғусини уқтиришар эди – нега ўша туйғу жим турибди?

– Билмадим. Ҳаммаси тўғри эканини билгандан сўнг ўзингни йўқотмайсан чоғи. Бу ерда ҳаммаси тўғри. Агар бизнинг қандай яшаганимизни ўйласак, шундай тугаши керак эди.

– Биз шунчалик ёмонмидик?

– Йўқ. Лекин жуда яхши ҳам эмас эдик. Эҳтимол, асосий фожиа шундадир – бизда кўзга ташланадиган ҳеч нарса йўқ эди. Биз шунчаки ўзимиз билан ўзимиз овора бўлиб қолган эдик, аммо дунёдаги жуда кўпчилик одамлар қутуриб кетган эди. Ким билади улар нималарни ўйлаб топишмаган.

Меҳмонхонадан қизларнинг кулгиси эшитилди.

– Мен мудом ана шу фурсат келганда ҳамма кўчага чопиб чиқади деб ўйлар эдим.

– Менимча, йўқ. Чунки ҳеч нарсани ўзгартириб бўлмагандан кейин бақир-чақирнинг нима кераги бор?!

– Биласанми, мен фақат сендан ва қизларимдан ажралаётганимга ачинаман. Мен ҳеч қачон шаҳар ҳаётини ва касбимни яхши кўрмаганман, умуман, сиз учалангиздан бошқа ҳеч нарсани севмаганман. Мен ҳеч нарсага ачинмайман, аммо иссиқ ҳавода бир қултум сув ичиб, сўнг бироз мизғиб оладиган шунга ўхшаган яна бир кунни кўрсак ёмон бўлмас эди. Қизиқ, қандай қилиб биз шу ҳолатда бу мавзуда бемалол гаплашиб ўтирибмиз?

– Қўлимиздан бошқа нима ҳам келарди.

– Ҳа, тўғри айтасан, агар қилиш мумкин бўлганда биз нимадир қилар эдик-да. Менимча, бу тарихда бугун ҳар бир одам эртага ўзига нима бўлишини биладиган биринчи ҳодиса бўлса керак.

– Ажабо, ҳозир, кечқурун, яқин соатларда одамлар нима қилар экан.

– Одатдагидек, кинога боради, радио эшитади, телевизор кўради, болаларини ухлатади ва ўзлари ҳам ухлагани ётади.

– Бундан ғурурланиш керак, шекилли – ҳамма, ҳамма вақтдагидек.

Улар бир дақиқа жим қолишди, кейин эркак ўзига яна қаҳва қўйди.

– Сен нима деб ўйлайсан, нима учун айнан бугун?

– Шунинг учун.

– Нега бошқа бирор кун, ўтган асрда ёки беш юз, минг йил бурун эмас?

– Эҳтимол, шу вақтгача бундай кун – бир минг тўққиз юз олтмиш тўққизинчи йилнинг ўн тўққизинчи октябри бўлмагандир. Энди эса ўша кун келди, ана шу билан тамом. Бугун алоҳида кун, чунки бу йил дунёда вазият шу қадар тарангки, бошқача бўлиши мумкин эмас – шунинг учун охирзамон келди.

– Бугун уммоннинг икки томонида бомбардимончи самолётлар учишга тайёрланмоқда, улар энди ҳеч қачон ерга қўна олмайди.

– Ана шуларнинг ҳам “ҳиссаси” бор.

– Начора, – деди у ўрнидан турар экан. – Нима қиламиз? Идиш-товоқ ювамизми?

Улар идишларни ювиб, ошхонани одатдагидек батартиб қилиб қўйди. Саккиз яримда болаларини ухлагани ётқизди, уларни ўпиб қўйди, кровати тепасидаги тунги чироқчаларни ёқиб, хона эшигини қия очиқ қолдирди.

– Билмадим… – деди чиқаётиб, қўлини эшик дастагидан олмай эркак.

– Нимани айтяпсан?

– Эшикни зич ёпсаммикан ёки ёруғлик тушиб турсин учун қияроқ очиқ турсинми…

– Балки болалар билишар?

– Йўқ, албатта, йўқ.

Улар ўтириб газета ўқиди, суҳбатлашди, радио тинглади, сўнг эса жимгина камин*да кўмирдан пайдо бўлган қип-қизил чўққа тикилиб ўтирди. Соат миллари ўн яримни кўрсатди, ўн бир бўлди, кейин ўн бир ярим бўлди. Улар дунёдаги одамлар ҳақида ўйлашди, бу тунни ким қандай ўтказади – ҳар бири ўз ҳолича.

– Нима бўлса, пешонадан, – деди у ниҳоят. Ўрнидан туриб хотинини узоқ вақт ўпди.

– Биргаликда ёмон яшамадик, ҳар ҳолда.

– Йиғлагинг келяптими? – сўради у.

– Йўқ, албатта.

Улар ҳамма хоналарни айланиб чиқди ва чироқларни ўчирди, ётоқхонага кириб устки кийимларини ечди, хона салқин бўлса ҳам печкани ёқишмади, кўрпани ҳам олиб ташлашди.

– Қандай ажойиб, чойшаб бирам баҳри дилни очадиган…

– Мен чарчадим.

– Ҳаммамиз чарчадик.

Улар ётди.

– Бир дақиқа, – деди аёл.

Ўрнидан туриб ошхонага чиқиб кетди. Бир зумда ортига қайтди.

– Жўмракни бураб қўйишни унутибман, – деди аёл.

Бу эркакнинг кулгисини қистади ва беихтиёр кулиб юборди.

Аёл ҳам кулди, – ростдан ҳам кулгили эди! Кейин улар кулишдан тўхтади ва бир-бирининг қўлларини тутиб, юзини юзига босиб совуқ чойшабда ёнма-ён ётишди.

– Хайрли тун, – деди у бир неча дақиқадан сўнг.

– Хайрли тун.

Абдумалик Жўрақул таржимаси

____________________________

*уй печкаси