March 21

Stiven King. Chekishni tashlang korporatsiyasi (hikoya)

| Кирилл ёзувидаги матн пастроқда

O‘sha kuni Morrison Kennedi aeroportida o‘tirganicha bir kishini kutardi. U barda tanishini ko‘rib qoldi.

– Jimmi? Jimmi Makkenn?

Ularning Atlantadagi ko‘rgazmada uchrashuvlaridan buyon Makkenn sal semirgan bo‘lsa-da, ko‘rinishi juda yaxshi edi. Morrison uning kollejda o‘qigan paytida qanday ashaddiy kashanda, oriq va rangpar bo‘lganligini esladi. Ko‘zlari katta-katta ko‘zoynagi uning yuzini to‘sib qo‘yardi. Endi esa, aftidan Makkenn, kontakt linza taqardi.

– Dik Morrison?

– Ha, menman. Ko‘rinishing zo‘r. – Ular ko‘rishishdi.

– Sening ham, – dedi Makkenn, lekin Morrison buning yolg‘on ekanligini bilardi. U juda ko‘p ishlar, yer, ichardi.

– Nima ichasan?

– Burbon, – dedi Morrison va qulayroq joylashib o‘tirib sigaret tutashtirdi. – Birortasini kutib olgani chiqdingmi?

– Yo‘q. Mayamiga ketyapman. Olti million dollarlik shartnoma tuzgani.

– Hali ham «Kreger va Barton» firmasida ishlayapsanmi?

– Endi men uning vitse-prezidentiman.

– Buni qara! Tabriklayman! Qachondan beri? – Morrison ichi hasaddan emas, jig‘ildoni qaynayotganidan kuyayotganiga o‘zini ishontirishga urinardi. U dori olib og‘ziga soldi.

– Avgustdan beri. Bungacha esa hayotimni o‘zgartirib yuborgan voqealar sodir bo‘ldi. – U Morrisonga diqqat bilan qaradi. – Bu seni qiziqtirishi mumkin.

– Albatta, – javob berdi Morrison stakandagi ichkilikdan ho‘plarkan.

– Ishlarim orqaga ketgandi, – hikoyasini boshladi Makkenn. – Sheron bilan kelisholmay qoldim, otam infarktdan vafot etdi, o‘zim esa tinmay yo‘talardim. Bir kuni xonamga Bobbi Kreger kirdi va tarbiyaviy suhbat olib bordi. Esingdami shunday suhbatlar?

– Bo‘lmasa-chi! – Morrison «Kreger va Barton» firmasida bir yarim yil ishlagan, so‘ngra «Morton» agentligiga ishga o‘tib ketgandi. – «Aqlingni ishlat… yoki jo‘nab qol».

Makkenn kulib yubordi.

– Shunaqa. Shifokor esa «Oshqozon yarasi boshlanyapti, chekishni to‘xtating», dedi. Bu «Nafas olishni to‘xtating», degan bilan baravar.

Morrison bosh irg‘adi. U qo‘lidagi sigaretga qaradi va hoziroq yangisini tutatishini bila turib uni o‘chirdi.

– Shundan so‘ng chekishni tashladingmi?

– Tashladim. Dastlab eplolmayman, deb o‘yladim. Keyin esa bir yigitni uchratib qoldim. U menga Qirq oltinchi ko‘chadagi korporatsiya haqida gapirib berdi. Ular haqiqiy mutaxassislar. Men ularga borishga qaror qildim. O‘shandan buyon chekmayapman.

Morrisonning ko‘zlari kattarib ketdi.

– Ular senga dori berishdimi?

– Yo‘q, – Makkenn cho‘ntagidagi hamyonini olib kovlay boshladi. – Mana. – U stol ustiga tashrif varaqasini qo‘ydi.

«Chekishni tashlang» korporatsiyasi

To‘xtang! Sog‘ligingiz tutun bilan birga uchib ketmoqda!

237 Ist, Qirq oltinchi ko‘cha.

Oldindan shartnoma tuzish asosida davolash

– Istasang, o‘zingda olib qol, – dedi Makkenn. – Ular seni davolashadi. Bunga kafolat beraman.

– Qanaqasiga?

– Buni aytishga haqqim yo‘q.

– Nega? Nima uchun?

– Shartnomada shunday modda bor.

– Sen shartnoma tuzganmisan?

Makkenn bosh irg‘adi.

– Va shu asosda…

– Xuddi shunday… – U Morrisonga jilmaydi.

– Agar ular shunchalik zo‘r ishlaydigan bo‘lishsa, bunday choraning nima keragi bor? Nima uchun ularning reklamasini ko‘rmayman, gazetaga e’lon berishmaydi?

– Ularning mijozlari reklama vazifasini o‘tashadi.

– Sen ham reklama bo‘yicha mutaxassissan, Jimmi. Bunga qanday ishonish mumkin?

– Men ishonaman, – javob qaytardi Makkenn. – Ularning to‘qson sakkiz foiz mijozlari chekishni tashlashadi.

– Bir daqiqaga, – dedi Morrison sigaret tutashtirarkan. – Ular seni bog‘lab qo‘yib, ko‘ngling ayniguncha chekishga majbur qilishadimi?

– Yo‘q.

– Chekishing bilan o‘zingni yomon his qiladigan biror narsa…

– Yo‘q. O‘zing borib ko‘r. – U Morrisonning sigaretiga ishora qildi.

– Shuni chekib maza topasanmi?

– Yo‘q, lekin…

– Men chekishni tashladim va hayotimda ko‘p narsalar o‘zgardi, – dedi Makkenn. – Kuchimga kuch qo‘shildi, Sheron bilan munosabatlarim yaxshilandi, ishlarim yurishib ketdi.

– Sen meni qiziqtirib qo‘yding. Biror narsa ayta ola…

– Kechir, Dik, haqqim yo‘q, – dedi Makkenn qat’iy ohangda.

– Chekishni tashlaganingdan beri semirib qolibsanmi? – so‘radi Morrison va unga Jimmining avzoyi buzilgandek tuyuldi.

– Ortig‘i bilan. Lekin ortiqcha vazndan qutuldim. Hozir vaznim me’yorida.

– Ikki yuz oltinchi reysga to‘qqizinchi seksiyada ro‘yxatga olish boshlandi, – e’lon qilindi ovoz kuchaytirgich orqali.

– Bo‘pti, – dedi Makkenn o‘rnidan turarkan. – Istasang, yana ich. Dik, mening aytganlarimni yaxshilab o‘ylab ko‘r. – U shu so‘zlarni aytib eskalator tomon ketdi. Morrison tashrif varaqasini olib hamyoniga solib qo‘ydi.

Bir oydan so‘ng Morrison barlardan birida pul to‘lamoqchi bo‘lib hamyonini ochganida tashrif varaqasi tushib qoldi. U ishdan ertaroq qaytgan va kunni ichish bilan o‘tkazmoqchi edi. Ishi tobora orqaga ketayotgandi. Morrison pulni to‘lagach, varaqani qo‘liga olib o‘qidi. 237 Ist, Qirq oltinchi ko‘cha – uncha uzoq emas, ikki kvartal narida. Oktyabrning quyoshli kuni edi: balki bir borib ko‘rsamikin…

«Chekishni tashlang» korporatsiyasi yangi binoda joylashgan bo‘lib, bu yerda bitta xonaning ijara haqi, ehtimol Morrisonning bir yillik maoshiga teng edi. Korporatsiya butun bir qavatni egallagan, demak puli ko‘p.

U liftda yuqoriga ko‘tarildi va gilam to‘shalgan yo‘lakdan o‘tib, katta stol qo‘yilgan keng qabulxonaga kirdi. Bu yerda uch erkak va bir ayol jurnal o‘qib o‘tirishardi. Ko‘rinishidan ular biznesmen edilar. Morrison kotibaga tashrif varaqasini uzatdi.

– Buni menga do‘stim bergandi.

Kotiba jilmaydi va yozuv mashinkasiga qog‘oz soldi:

– Ismi-sharifingiz, janob?

– Richard Morrison.

– Manzilingiz?

– 29 Meyn-leyn, Klinton, Nyu-York.

– Uylanganmisiz?

– Ha.

– Farzandlaringiz bormi?

– Bitta o‘g‘lim bor. – U Elvinni o‘ylab qovog‘ini uydi: «bitta» emas, «yarimta» desa to‘g‘riroq bo‘lardi. Uning o‘g‘li aqlan noqis bo‘lib, Nyu-Jersidagi maxsus internatda yashardi.

– Bu yerga kelishni sizga kim tavsiya qildi, janob Morrison?

– Jeyms Makkenn, do‘stim.

– Yaxshi. Marhamat, o‘tiring. Bugun bu yerda odam ko‘p.

– Bo‘pti.

U moviy rang kostyum kiygan ayol va tivit pidjakli yigit o‘rtasiga o‘tirib cho‘ntagidan sigaret chiqardi, lekin atrofda kuldon yo‘qligini ko‘rib qaytarib cho‘ntagiga soldi.

Hechqisi yo‘q, ularning o‘yinini biladi, tashqariga chiqqach, maza qilib chekadi. Agar bu yerda uzoqroq kutadigan bo‘lsa, sigaret kulini oyog‘i ostidagi jigarrang gilam ustiga tashlaydi. Morrison «Taym» jurnalini olib varaqlay boshladi.

Uning badaniga yig‘ilib qolgan nikotin yana qo‘shimchasini talab qilardi. Morrisondan keyin kelgan bir kishi cho‘ntagidan portsigar chiqardi, lekin kul tashlagani idish yo‘qligini ko‘rgach, cho‘ntagiga solib qo‘ydi. Buni ko‘rib Morrison o‘zini yengil his qildi.

Nihoyat kotiba jilmayganicha uni ichkariga taklif etdi. Morrison o‘zini xira yoritilgan yo‘lakda ko‘rdi. Sochlari oppoq bir kishi uning qo‘lini qisdi va do‘stona jilmaydi:

– Ortimdan yuring, janob Morrison.

Ular qator eshiklar yonidan o‘tishdi. Yo‘lak o‘rtasiga yetishganida oq sochli kishi eshiklardan birini ochdi. Ular devorlari oppoq kichkinagina xonaga kirishdi. Xonada bitta stol va ikkita stul bor edi, xolos. Stol ortidagi devorda kichkinagina tuynuk bo‘lib, uni ensiz yashil parda yopib turardi. Morrisonning chap tomonidagi devorda qo‘lida qog‘oz tutgan kishining surati osig‘liq edi.

– Mening ismim Vik Donatti, – o‘zini tanishtirdi haligi kishi. – Agar davolash kursiga rozi bo‘lsangiz, siz bilan men shug‘ullanaman.

– Tanishganimdan xursandman. – Morrisonning judayam chekkisi kelayotgandi.

– O‘tiring.

Donatti kotiba to‘ldirgan qog‘ozni stol ustiga qo‘ydi, g‘aladondan yana bitta qog‘oz oldi va Morrisonga qaradi:

– Rostdan ham chekishni tashlamoqchimisiz?

Morrison yo‘taldi, oyog‘ini chalishtirdi, so‘ng javob qaytardi:

– Ha.

– Unda imzo cheking.

U qog‘ozni Morrisonga uzatdi. Morrison ko‘z yugurtirdi: quyida imzo chekuvchi davolash usullarini oshkor etmaslikka majbur va hokazo va hokazo.

– Bo‘pti.

Donatti unga ruchka uzatdi, Morrison imzo qo‘ydi. So‘ngra qog‘oz stol g‘aladoniga solindi. Xo‘sh, o‘yladi Morrison kinoya bilan, qasam ichdim. Oldin ham shunday hol bo‘lgandi. U hattoki, ikki kun chekmagandi ham.

– Yaxshi, – dedi Donatti. – Biz bu yerda targ‘ibot bilan shug‘ullanmaymiz, janob Morrison. Salomatlik, sarf-xarajat, ijtimoiy muruvvat masalalari va sizning nima uchun chekishni tashlamoqchi ekanligingiz bizni qiziqtirmaydi. Biz amaliyotchilarmiz.

– Zo‘r, – dedi Morrison e’tiborsizlik bilan.

– Hech qanday dori bermaymiz, ma’ruza o‘qimaymiz, pul talab qil-maymiz. Bir yil davomida chekmaganingizdan keyingina pul to‘laysiz.

– E, Xudo, – dedi Morrison.

– Janob Makkenn bu haqda aytmaganmidi?

– Yo‘q.

– Darvoqe, uning ishlari qalay? Yaxshimi?

– Zo‘r! Qoyilmaqom!

– Hozir esa… bir nechta shaxsiy savollarim bor, janob Morrison. Javoblaringiz sir saqlanadi.

– Shundaymi? – dedi Morrison.

– Xotiningizning ismi?

– Lyusinda Morrison. Qizlik familiyasi – Remzi.

– Uni sevasizmi?

Morrison darhol Donattiga qaradi, lekin u muloyimlik bilan tikilib turardi.

– Shunaqa.

– U bilan janjallashganmisiz?

– Chekishni tashlashimga buning qanday aloqasi bor? – Morrison yumshoqroq gapirmoqchi edi, lekin iloji bo‘lmadi – uning o‘lgudek chekkisi kelayya otgandi.

– Bevosita aloqasi bor. Savollarimga javob bering.

– Yo‘q. – Aslida keyingi paytda ularning munosabati haqiqatan ham keskinlashib borayotgandi.

– Farzandingiz bormi?

– Ha. Ismi Elvin, u xususiy maktabda o‘qiydi.

– Qaysi maktabda?

– Buni aytmayman, – Morrison g‘amgin javob qaytardi.

– Mayli, – dedi Donatti va jilmaydi. – Ertaga davolash kursimizning birinchi seansida barcha savollaringizga javob bera olaman.

– Juda yaxshi, – dedi Morrison va o‘rnidan turdi.

– Va so‘nggi savolim: siz bir soat davomida chekmadingiz. O‘zingizni qanday his qilyapsiz?

– Yaxshi, – aldadi Morrison, – juda yaxshi.

– Barakalla, – dedi Donatti va stolni aylanib o‘tib eshikni ochdi. – Buguncha chekishingiz mumkin. Ertadan boshlab esa bitta ham sigaret chekmaysiz.

– Bo‘lishi mumkin emas!

– Bunga kafolat beramiz.

Ertasiga roppa-rosa soat uchda Morrison «Chekishni tashlang» korporatsiyasi qabulxonasida o‘tirardi. U ertalab rosa ikkilandi: borish kerakmi yoki yo‘qmi.

Nihoyat, Jimmi Makkenn aytgan birgina ibora uni borishga majbur qildi:

Hayotimda ko‘p narsa o‘zgardi.

Liftga kirishdan oldin u sigaretni filtrigacha chekdi. Ming afsus, agar u oxirgi marta sigaret chekayotgan bo‘lsa.

Bu safar uzoq kutishga to‘g‘ri kelmadi. Kotiba uni ichkariga taklif qilganida, Donatti allaqachon kutib o‘tirardi. U Morrisonga qo‘l uzatdi va iljaydi. Morrison o‘zini noqulay his qildi va chekkisi keldi.

– Yuring, – taklif qildi Donatti va ular xonaga kirishdi. Donatti stol ortiga, Morrison uning qarshisiga o‘tirdi.

– Kelganingizdan xursandman, – dedi Donatti. – Aksariyat mijozlarimiz birinchi suhbatdan so‘ng qaytib kelmaydilar. Ular chekishni tashlashni istamayotganliklarini tushunib qolishadi. Men jon deb siz bilan ishlayman.

– Davolash kursi qachon boshlanadi? – Gipnoz, o‘yladi Morrison, gipnoz bo‘lsa kerak.

– Ikkalamiz yo‘lakda ko‘rishganimizdan boshlangan. Sigaretingiz bormi, janob Morrison?

– Ha.

– Menga bera olasizmi?

Morrison yelkasini qisib qo‘yib, qutini Donattiga uzatdi. Unda baribir, ikki yoki uch dona sigaret qolgandi.

Donatti qutini stol ustiga qo‘ydi, Morrisonga jilmaydi, o‘ng qo‘lini musht qilib qutini majaqlay ketdi. Quti ichidan singan sigaret uchib chiqdi, tamaki sochildi. Donatti jilmayishda davom etdi – Morrisonning badanida chumoli o‘rmalagandek bo‘ldi. Ehtimol, ular shu yo‘l bilan ta’sir o‘tkazishar, o‘yladi u.

Nihoyat, Donatti majaqlangan qutini axlat chelakka uloqtirdi:

– Uch yildan beri shu ish bilan shug‘ullanib rohat qilaman.

– Bunday davolash kursi naf berarmikan, – dedi Morrison yumshoqlik bilan. – Tashqaridagi do‘kondan sigaret sotib olish mumkin.

– Mutlaqo to‘g‘ri, – ma’qulladi Donatti va qo‘lini ko‘ksiga chalishtirdi. – O‘g‘lingiz Elvin Dous Morrison Peterson aqli noqis bolalar maktabida. Tug‘ma jarohati tufayli u hech qachon tuzalmaydi. Uning aqliy qobiliyati koeffitsiyenti – 46. Xotiningiz…

– Buni qayerdan bildingiz? – qichqirdi Morrison. U g‘azabga mingandi. – Bunga qanday haqqingiz bor?

– Biz siz haqingizda ko‘p narsani bilamiz. – dedi Donatti, – lekin ilgari aytganimdek, bu sir saqlanadi.

– Men ketaman, – dedi Morrison va o‘rnidan turdi.

– Yana ozgina o‘tiring.

Morrison Donattiga diqqat bilan qaradi – u xotirjam edi. Hattoki, bu suhbatdan u zavq olayotgandek edi. Uning yuz qiyofasidan Donatti bunday holatlarni yuz martalab ko‘rganini bilish mumkin edi.

– Yaxshi, qolaman. Ishga o‘taylik.

– Albatta. – Donatti stulga suyandi. – Men sizga aytuvdim – biz amaliyotchimiz. Shuning uchun ham biz boshidayoq chekishga bo‘lgan ishtiyoqni davolash qanchalik qiyinligini tushunib olishimiz kerak edi. Chekishni tashlaganlarning sakson besh foizi qaytadan chekishni boshlab yuborishadi. Giyohvandlar orasida esa bu ko‘rsatkich pastroq. Muammo juda jiddiy.

Morrison axlat chelakka qaradi. Bitta sigaret bukilib ketgan, lekin cheksa bo‘lardi. Donatti yozilib kuldi, chelakdagi sigaretni sindirib tashladi.

– Ayrim shtatlarning qonun chiqaruvchilari ba’zan qamoqxonalarda chekishni man qilishni taklif qilishadi. Ovoz berish paytida bu taklif butunlay yo‘qqa chiqadi. Ba’zan bu taklif qabul qilingan, lekin qamoqxonalarda g‘alayon ko‘tarilgan, haqiqiy g‘alayon, janob Morrison. Tasavvur qilasizmi?

– Buning menga qizig‘i yo‘q.

– Yaxshilab e’tibor bering! Biror kishini qamoqqa tashlashganida uni jinsiy aloqa, spirtli ichimlik ichish, siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanish, sayohat qilish imkoniyatlaridan mahrum qilishadi. Va hech qanday isyon ko‘tarilmaydi. Lekin mahbuslarga sigaret chekishni taqiqlasangiz – ba-bax! – Donatti o‘z fikrini bayon etish maqsadida stolga musht urdi.

– Keling, davolashni boshlaylik.

– Bir daqiqa. Iltimos, bu yog‘ga yuring. – Donatti o‘rnidan turib yashil pardani surdi. Tuynuk ortida bo‘m-bo‘sh xona bor edi. Yo‘q, bo‘sh emas ekan. Burchakda bir quyon tovoqqa solingan sabzavotni kavshardi.

– Chiroyli quyon ekan, – dedi Morrison.

– Fikringizga qo‘shilaman. Uni kuzatib turing. – Donatti tokchadagi tugmani bosdi – quyon ovqatlanishdan to‘xtadi va sakrab tushdi. U oyoqlari yerga teggach, yanada balandroq sakradi va xona bo‘ylab yugura boshladi.

– Bas qiling! Uni tok urib o‘ldiradi-ku!

Donatti tugmani qo‘yib yubordi:

– Nima deyapsiz, bu juda kuchsiz tok. Quyonga qarang, janob Morrison.

U tovoqdan uch metr narida turardi.

– Agar u ovqatlanayotganda tok uraversa, jonivor bir narsani tushunib yetadi: ovqatlanish – og‘riq. Demak, quyon ovqat yemay qo‘yadi. Uni bir necha marta tok ursa, quyon ovqat to‘la tovoq yonida ochlikdan jon beradi. Bu voz kechdirish yo‘li bilan tarbiyalash deb ataladi.

Morrisonning rangi oqarib ketdi, u eshik tomon yo‘l oldi.

– Bo‘ldi, kerak emas, katta rahmat.

– To‘xtang, janob Morrison.

Morrison eshik tutqichidan tortdi… eshik qulflog‘liq edi.

– Oching.

– Janob Morrison! Iltimos, o‘tiring!

– Eshikni oching, aks holda politsiya chaqiraman.

– O‘tiring, – dedi Donatti sovuq ohangda.

Morrison Donattining qo‘rqinchli ko‘zlariga qaradi va o‘yladi: «Yo, Xudoyim, men telba kishi bilan bir xonada qoldim». U lablarini yaladi. Umrida uning bunchalik chekkisi kelmagandi.

– Men sizga davolash kursi haqida batafsil gapirib beraman, – dedi Donatti.

– Tushunmadingiz, – e’tiroz bildirdi Morrison soxta xotirjamlik bilan. – Menga kursingiz kerak emas. Men undan voz kechaman.

– Yo‘q, janob Morrison, siz tushunmadingiz. Endi boshqa ilojingiz yo‘q. Davolash kursi boshlandi, deganimda sizni aldamagandim. Hammasini tushunganga o‘xshagandingiz.

– Siz aqldan ozgansiz, – dedi Morrison.

– Yo‘q, men amaliyotchi odamman.

– Qani boshlang, – dedi Morrison. – Faqat bilib qo‘ying, bu yerdan chiqishim bilanoq besh quti sigaret sotib olaman va ularni politsiya mahkamasiga borgunimcha chekib tugataman.

– O‘zingiz bilasiz. Lekin sizga hammasini tushuntirganimdan so‘ng fikringizni o‘zgartirasiz, deb o‘ylayman.

Morrison jim bo‘lib qoldi, stulga o‘tirib qo‘llarini chalishtirdi.

– Davolash kursining dastlabki oyida odamlarimiz doimiy ravishda sizni kuzatib yurishadi, – tushuntirdi Donatti. – Siz ularning ayrimlarini sezasiz, lekin hammasini emas. Sizni to‘xtovsiz kuzatib turishadi. Doimiy ravishda. Agar chekkaningizni ko‘rib qolishsa, bu yerga qo‘ng‘iroq qilishadi.

– Meni bu yerga olib kelib quyonning o‘rniga o‘tqazishadi. – Morrison piching qildi, lekin qo‘rquvga tushdi. Bu xuddi dahshatli tushga o‘xshardi.

– Yo‘q, – javob qaytardi Donatti. – Quyonning o‘rniga sizni emas, xotiningizni o‘tqazishadi.

Morrison unga angrayib qaradi.

Donatti iljaydi.

– Siz esa tuynukdan qarab turasiz.

Suhbat tugagach, Morrison qanday qilib yo‘l bosganini bilmadi. Havo juda yaxshi edi; lekin u buni sezmasdi. Donattining iljaygan qiyofasi uning ko‘z oldini to‘sib qo‘ygandi.

– Tushuning, – degandi u, – amaliy ish amaliy qarorni talab qiladi, biz faqat sizning manfaatingizni o‘ylaymiz.

Donattining aytishicha, «Chekishni tashlang» korporatsiyasiga (xayriya tashkilotiga o‘xshagan) suratda tasvirlangan kishi asos solgan ekan. U avtomat o‘yinlar, massaj xonalari, yashirin lotereyalar bilan shug‘ullangan. Bu kishi, Uch barmoq laqabli Mort Minelli ashaddiy kashanda bo‘lgan – kuniga uch quti sigaret chekkan. Uning qo‘lidagi qog‘oz – shifokorlarning so‘nggi xulosasi: o‘pka raki. Mort barcha boyligini «Chekishni tashlang» korporatsiyasiga vasiyat qilib, 1970-yilda vafot etgan.

– Moliyaviy ishlarni iloji boricha silliq olib borishga harakat qilamiz. – degandi Donatti, – lekin biz odamlarga yordam berishdan ko‘proq manfaatdormiz. Albatta, bu xayrli ishimiz soliq to‘lashda bizga qo‘l keladi.

Davolash kursi dahshatli darajada oddiy edi. Birinchi marta qoida buzilsa – Sindini Donatti aytgan «quyonxona»ga olib kelishadi. Ikkinchi marta bo‘lsa – Morrisonning o‘zi ham jazolanadi. Uchinchisida – ularning ikkalasi birgalikda tok ostiga qo‘yilishadi. To‘rtinchi marta qoida buzilishi yanada qattiqroq jazoga olib keladi. Elvin o‘qiyotgan maktabga bir kishi borib uni do‘pposlaydi.

– Tasavvur qiling, – dedi jilmayib Donatti, – o‘g‘lingiz qay ahvolga tushadi. U nima bo‘layotganini tushunmaydi. Faqat, dadasi yomonligi uchun kaltaklanayotganini biladi, xolos.

– Ablah, – dedi Morrison, u yig‘lab yuborishga tayyor edi, – la’nati ablah.

– Meni to‘g‘ri tushuning, – dedi Donatti. – Bunday bo‘lmasligiga ishonaman. Mijozlarimizning qirq foiziga jazo qo‘llamaymiz va faqat o‘n foiz mijozlarimiz qoidani uch martadan ortiq buzadilar. Bu raqamlar sizni tinchlantirsa kerak?

Morrison bunda o‘zini tinchlantiradigan hech narsa ko‘rmadi. U dahshatga tushgandi.

– Agar besh marta qoida buzsangiz…

– Nima demoqchisiz?

Donatti iljaydi:

– Siz bilan xotiningiz quyonxonaga, o‘g‘lingiz ikkinchi marta, xotiningiz esa birinchi marta kaltaklanadi.

Fazabdan aqlini yo‘qotgan Morrison stol ustidan Donattiga tashlandi.

Donatti esa stuli bilan orqaga surildi va ikkala oyog‘i bilan Morrisonning qorniga tepdi. Morrison ortiga uchib ketdi.

– O‘tiring, janob Morrison, – dedi Donatti, – keling, aqlli odamlardek gaplashib olaylik.

Morrison hansiraganicha unga bo‘ysundi. Bu qo‘rqinchli tush qachondir tugar, axir?

«Chekishni tashlang» korporatsiyasida o‘n bosqichli jazo turi bor, degandi Donatti. Olti, yetti, sakkiz marta qoida buzilsa – tok kuchi oshadi, do‘pposlashlar tobora dahshatli tus oladi. Agar Morrison to‘qqizinchi marta cheksa, uning o‘g‘lining qo‘llarini sindirishadi.

– O‘ninchi marta bo‘lsa-chi? – so‘radi Morrison. Uning tomog‘i qurib qolgandi.

Donatti ma’yus bosh chayqadi:

– U holda biz taslim bo‘lamiz. Siz ikki foiz tuzalmaydigan mijozlar ro‘yxatiga kirasiz.

– Rostdan taslim bo‘lasizlarmi?

– Shunaqa desa ham bo‘ladi. – Donatti g‘aladonni ochdi va stol ustiga 45-kalibrli «kolt» to‘pponchasini qo‘ydi. – Lekin ana shu ikki foiz tuzalmaslar ham qaytib hech qachon chekishmaydi. Bunga kafolat beramiz.

Kechqurun televizorda Sindi yoqtiradigan «Bulmat» filmi bo‘layotgandi. Morrison bir soat davomida ming‘irlab, tipirchilab o‘tirdi.

Sindi kinoni bemalol ko‘ra olmadi.

– Senga nima bo‘lyapti? – so‘radi u.

– Hech narsa… – dedi Morrison. – Men chekishni tashladim.

Sindi kuldi:

– Qachon? Besh daqiqa oldinmi?

– Soat uchdan beri.

– O‘shandan beri chekkaning yo‘qmi?

– Yo‘q.

– Zo‘r-ku. Chekishni tashlashingga nima majbur qildi?

– Men seni o‘yladim… Elvinni.

Sindining ko‘zlari katta-katta ochildi. Dik o‘g‘li haqida kamdan kam gapirardi. U bo‘m-bo‘sh kuldonga qaradi.

– Rostdan ham chekishni tashlamoqchimisan, Dik?

– Rostdan. Agar politsiyaga murojaat qilsam, bezorilar seni do‘pposlashadi, Sindi.

– Agar cheksang, ham baribir biz Elvin bilan g‘amxo‘rligingdan minnatdor bo‘lamiz.

– Qaytib chekmayman, deb o‘ylayman, – dedi Morrison va uning qorniga tepayotgan Donattining-qotilning xira ko‘zlarini o‘yladi.

U kechqurun uxlay olmadi, kechasi uchda esa turib oldi. Morrisonning chekkisi kelayotgandi. U pastga tushib, xonasiga kirdi. Bu xonaning derazalari yo‘q edi. Morrison stoli g‘aladonini ochib, sigaret qutisini oldi, atrofga alanglab, lablarini yaladi.

Birinchi oy davomida doimiy kuzatuvda bo‘lasiz, degandi Donatti. Keyin esa ikki oy davomida uni kuniga o‘n sakkiz soatdan kuzatishadi. To‘rtinchi oyda (aynan o‘shanda aksariyat mijozlar yana cheka boshlashadi) yana kuniga yigirma to‘rt soat davomida kuzatuv olib boriladi. Keyin yilning oxirigacha kuniga o‘n ikki soatlik kuzatuv. Keyin-chi? Umrining oxirigacha har qanday paytda kuzatuv boshlanishi mumkin.

Umrining oxirigacha.

– Sizni har ikki oyda tekshirishimiz mumkin, – degandi Donatti. – Yoki kun ora. Yo bo‘lmasa, har ikki yilda bir haftalik kuzatuv tashkil qilamiz. Hamma gap shundaki, Siz buni bilmaysiz. Agar cheksangiz, biz bilan o‘ynashayotgan bo‘lasiz. Ular kuzatyaptimi yoki yo‘qmi? Xotinimni olib ketishdimi yoki o‘g‘limni do‘pposlagani odam jo‘natishdimi? Zo‘r-a, to‘g‘rimi? Yashirincha sigaret cheksangiz ham undan o‘g‘lingizning qoni ta’mi kelib turadi.

Lekin hozir tun qorong‘isida, ular uni bu xonada kuzata olishmaydi. Uy xuddi qabristondek jimjit edi.

U ikki daqiqacha sigaret qutisidan ko‘z uzolmay turdi, so‘ng eshik oldiga borib bo‘m-bo‘sh yo‘lakka qaradi, ortiga qaytib, yana sigaretga tikildi. U qaytib sigaret chekmasligini tasavvur qildi. Endi u qanday qilib mijozlar bilan qo‘lida sigaretsiz gaplashadi? Sindining gullariga sigaret chekmasdan qanday chidaydi? Qanday qilib kunni erta tongda sigaret chekmasdan boshlaydi?

Morrison bu narsaga aralashib qolgani uchun o‘zini, Donattini la’natladi, eng dahshatli la’nat o‘qlari esa Jimmi Makkennga qaratilgandi. U nima uchun bunday qildi! Itvachcha, hammasini bilar ekan-ku! Xoin Makkennning tomog‘idan bo‘g‘ish istagidan Morrisonning qo‘llari qaltirab ketdi.

U yana xona ichiga alangladi, sigaretni qo‘liga olib uni siladi, labiga qistirdi va qotib qoldi.

Shkaf ichida qandaydir shitirlagan tovush eshitildimi? Yo‘q, shekilli. Lekin…

Uning ko‘z oldida yana bir manzara namoyon bo‘ldi: elektr toki zarbidan sakrayotgan quyon. Bu xonada uning o‘rnida Sindi bo‘lishi mumkin…

Uning butun vujudi quloqqa aylandi. Morrison shkafni ochmoqchi bo‘ldi, lekin uning ichida birortasi bo‘lishi mumkinligini o‘ylab qo‘rqdi. U joyiga kirib yotdi, lekin anchagacha uxlay olmadi.

Ertalab o‘zini yomon his qilishiga qaramasdan, nonushta Morrisonga juda yoqdi. Bir oz o‘ylangach, u yana bitta qovurilgan tuxumni paqqos tushirdi. Sindi pastga tushganida, u tovani yuvayotgandi.

– Richard Morrison! Oxirgi marta itimiz kuchuklik paytida nonushtada tuxum yeganding.

Morrison nimadir deb to‘ng‘illadi.

– Chekib bo‘lgandirsan? – so‘radi xotini.

– Yo‘q.

– Tush paytiga borib chekasan, – dedi Sindi quvnoqlik bilan.

– Zo‘r yordamchi ekansan, – o‘shqirdi Morrison xotiniga. – Siz chekmaydiganlar o‘ylaysizlarki… ha, mayli.

– Sen rostdan ham chekishni tashlamoqchimisan?

– Albatta. Buning qanchalik jiddiy ekanligini hech qachon bilmaysan, deb umid qilaman.

– Bechora, – dedi xotini. – Sen tirik murdaga o‘xshab qolding.

Morrison uni bag‘riga mahkam bosdi.

Richard Morrison hayotidan lavhalar; oktyabr-noyabr: Morrison «Larkin studios»da ishlaydigan og‘aynisi bilan Jek Dempsining barida. Og‘aynisi Morrisonga sigaret uzatadi, u rad etadi:

– Men chekishni tashladim.

Og‘aynisi kuladi:

– Ko‘pi bilan bir hafta chidaysan.

Morrison avtobus kutayotib ko‘k kostyum kiygan yigitga ko‘zi tushadi. U bu yigitni deyarli har kuni va turli joylarda ko‘radi: Ondi barida, Sem Gudining musiqa do‘konida. Bir kuni Dik uni o‘zi golf o‘ynayotgan maydonda ham ko‘rib qoldi.

Morrison mehmondorchiliklarda ichadi – judayam chekkisi keladi! – lekin bunga qo‘l uradigan darajada mast bo‘lmaydi.

U o‘g‘lini ko‘rgani boradi, unga koptok sovg‘a qiladi. Elvin og‘zidan suvi oqib uni o‘pganida u ilgarigidek jirkanmaydi. Morrison o‘g‘lini quchoqlaydi va Donattilar kompaniyasi bir narsani juda yaxshi anglaganini tushunadi: sevgi – eng kuchli afyun. Xayolparastlar uning bor-yo‘qligi haqida bahslashaverishsin. Amaliyotchi odamlar undan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanishadi.

Morrison asta-sekin tamakiga bo‘lgan jismoniy ehtiyojidan qutuladi, lekin ruhiy ehtiyojidan qutula olmaydi. Shuning uchun doim og‘ziga yo‘talga qarshi dori, qand yoki sigaret o‘rnini bosuvchi biror narsa solib yuradi.

Bir kuni Morrison «Midtaun» tunnelida avtomobil tiqiniga duch keldi. Qorong‘ilik. Mashinalar to‘xtovsiz signal chalishar, atrof tutun hidiga to‘lib ketgandi. Morrison qo‘qqisdan mashina ichidagi qutichani ochib, uning ichida turgan sigaret qutisini ko‘rib qoldi. Sigaret qutisiga birpas qarab turib, ichidan sigaret oldi-da tutashtirdi. Agar biror narsa bo‘lsa, bunga Sindining o‘zi sababchi, dedi u o‘ziga o‘zi. Jin urgur, unga hamma sigaretlarni tashlab yubor, degandim-ku.

Sigaretni ichiga bir tortgandi – qattiq yo‘tal tutdi. Ikkinchi tortishda ko‘zidan yosh chiqib ketdi, uchinchisida – boshi aylandi. Namuncha achchiq, o‘yladi Morrison.

Birdan uning miyasiga boshqa fikr keldi: E, Xudoyim, nima qilyapman?

Orqada to‘xtovsiz signal chalinardi. Oldindagi mashinalar yura boshladi. Morrison sigaretni o‘chirib, mashina oynalarini ochdi va qo‘llari bilan tutunni hayday boshladi.

U tiqindan zo‘rg‘a chiqib uyiga keldi.

– Sindi, men keldim, – dedi u.

Jimjitlik.

– Sindi? Azizam, qayerdasan?

Telefon jiringladi, Morrison shoshib go‘shakni ko‘tardi:

– Sindi? Qayerdasan?

– Salom, janob Morrison, – dedi Donatti yoqimli, tetik ovozda. – Biz bir masalani ko‘rib chiqishimiz kerakka o‘xshaydi. Soat beshda oldimga kela olasizmi?

– Xotinim sizlardami?

– Shunaqa, – javob qaytardi Donatti.

– Uni qo‘yib yuboringlar, – bidirladi Morrison, – boshqa bunday qilmayman. O‘zimni tutolmay qoldim. Bor-yo‘g‘i uch marta tortdim. Xudo haqqi, hattoki chekish menga yoqmadi.

– Ming afsus. Demak, soat beshda kelasiz?

– Iltimos, – dedi Morrison. U yig‘lab yuboray dedi, – o‘tinaman…

Lekin Donatti go‘shakni qo‘yib qo‘ygandi.

Soat beshda qabulxonada Morrisonning devordek oqarib ketganiga e’tibor bermay unga jilmaygan kotibadan boshqa hech kim yo‘q edi.

– Janob Donatti? – dedi u tugmani bosib. – Janob Morrison keldi. – U Morrisonga bosh irg‘adi. – Kiravering.

Donatti uni eshik oldida «jilmaying» degan yozuvli mayka kiygan va qo‘liga 38-kalibrli revolver tutgan bir barzangi bilan kutib turardi.

– Menga qarang, – dedi Morrison, – kelishishimiz mumkin. Sizlarga pul to‘layman. Men…

– Ovozingni o‘chir, – dedi maykali kishi.

– Sizni ko‘rganimdan xursandman, – dedi Donatti. – Uchrashuvimiz shunday qayg‘uli holatda kechayotganidan afsusdaman. Men bilan yuring. Tezroq tugatamiz. Xotirjam bo‘ling: xotiningizga hech narsa qilmaydi… bu safarcha.

Morrison Donattiga tashlanmoqchi bo‘ldi.

– Xayolingizga ham keltirmang, – dedi u. – Agar shunday qilsangiz, mana bu kishi revolver bilan boshingizga soladi, xotiningizni esa baribir tok bilan urishadi. Bundan sizga nima foyda?

– Til tortmay o‘lgin, – dedi Morrison Donattiga qarab.

– Agar mana shunday tilaklar uchun besh sentdan olganimda edi, allaqachon nafaqaga chiqsam bo‘lardi. Bu sizga saboq bo‘ladi, janob Morrison. Yuring.

Barzangi uni revolver bilan niqtadi.

Xonaga birinchi bo‘lib Morrison kirdi va haykaldek qotib qoldi. Yashil parda surib qo‘yilgandi. Barzangi uni revolver bilan turtdi. Morrison tuynukdan mo‘raladi va talmovsirab turgan Sindini ko‘rdi.

– Sindi, – dedi u, – Sindi, ular…

– U sizni ko‘rmaydiyam, eshitmaydiyam, – dedi Donatti. – Keling, tezroq tugataylik. Gunohingiz uncha og‘ir emas – o‘ttiz soniya yetadi, deb o‘ylayman.

Barzangi bir qo‘li bilan tugmani bosdi, ikkinchi qo‘lidagi revolverni Morrisonning biqiniga tiradi.

Bu uning hayotidagi eng uzoq o‘ttiz soniya edi. Jazolash tugagach, Donatti Morrisonning yelkasiga qo‘lini qo‘ydi va so‘radi:

– Ko‘nglingiz aynimayaptimi?

– Yo‘q, – dedi Morrison zo‘rg‘a va devorga suyanib qoldi – uning oyoqlari qaltirardi.

– Men bilan yuring, – dedi Donatti.

– Qayoqqa? – so‘radi Morrison.

– Xotiningizga biron narsa dersiz?

– Uning ko‘ziga qanday qarayman. Unga qanday aytaman?

Xonada divandan boshqa hech narsa yo‘q edi. Unda Sindi yig‘lab yotardi.

– Sindi, – dedi Morrison.

Xotini yig‘idan qizarib ketgan ko‘zlarini unga tikdi.

– Dik, – pichirladi Sindi, – Dik? E, Xudoyim… Ikki kishi… Uyimizda… Ularni o‘g‘ri deb o‘ylabman, ular esa ko‘zimni bog‘lab bu yerga olib kelishdi.

– O‘zingni bos.

– Lekin nima uchun? – so‘radi xotini. – Ular nima uchun..

– Hammasi meni deb bo‘ldi. Senga bir narsani aytishim kerak.

U hikoyasini tugatib, birpas jim bo‘lib qoldi va dedi:

– Sen mendan nafratlanayotgan bo‘lsang kerak?

Morrison yerga qaradi. Sindi uning yuziga kaftini qo‘ydi va o‘ziga qaratdi:

– Yo‘q. Ketdik uyga.

Bir haftadan keyin kechki payt telefon jiringladi va Donattining ovozini tanigan Morrison dedi:

– Odamlaringiz adashishibdi. Men qo‘limga sigaret ushlaganim yo‘q.

– Buni bilamiz. So‘nggi masalani kelishib olishimiz lozim. Ertaga kechki payt kela olasizmi?

– Bu…

– Qo‘rqmang. Aytgancha, lavozimingiz ko‘tarilgani bilan tabriklayman.

– Buni qayerdan bilasiz?

– Hisob-kitob ishlarini yuritamiz, – dedi Donatti va go‘shakni qo‘ydi.

Ular xonaga kirishgach, Donatti dedi:

– Nega asabiylashyapsiz? Sizni hech kim tishlab olmaydi. Bu yog‘ga keling.

Morrison yaqin keldi va yerda oddiy tarozini ko‘rdi.

– Men sal semirdim…

– Ha, ha, ha. Yetmish uch foiz mijozlarimizda bu holat ham kuzatiladi. Marhamat, taroziga chiqing.

Tarozi yetmish to‘qqiz kiloni ko‘rsatdi.

– Yaxshi, tarozidan tushishingiz mumkin. Bo‘yingiz qancha, janob Morrison?

– Bir metru yetmish to‘qqiz santimetr.

– Qani, – Donatti cho‘ntagidan qog‘oz chiqardi. – Juda zo‘r. hozir sizga semirishga qarshi dorilar ro‘yxatini yozib beraman. Ularni kamdan kam iching. Sizning og‘irligingiz ko‘pi bilan… – U yana bir marta qog‘ozga qaradi. – Sakson uch kilo bo‘ladi. Bugun birinchi dekabr, demak, har oyning birinchi kunida vazningizni tortib ko‘ramiz.

– Agar sakson uch kilodan og‘ir bo‘lsam nima bo‘ladi?

Donatti jilmaydi:

– Odamlarimizdan biri uyingizga borib xotiningizning jimjiloq barmog‘ini qirqib keladi. Salomat bo‘ling, janob Morrison.

Oradan sakkiz oy o‘tdi.

Morrison Jek Dempsi barida «Larkin studios»da ishlaydigan og‘aynisini ko‘rib qoldi. Morrison sport bilan shug‘ullanayotgan, ko‘rinishi zo‘r edi.

– Qanday qilib chekishni tashlading? – so‘radi og‘aynisi.

Morrison unga ma’noli qaradi, cho‘ntagidan tashrif varaqasini chiqardi.

– Bilasanmi, – dedi u, – mana shu kompaniya hayotimni o‘zgartirib yubordi.

Oradan bir yil o‘tdi.

Morrison pochta orqali to‘lov qog‘ozi oldi:

«Chekishni tashlang» korporatsiyasi

237 Ist, Qirq oltinchi ko‘cha,

Nyu York, Nyu York shtati, 10017

Davolash kursi – 2500 dollar

Mutaxassis xizmati (doktor Donatti) – 2500 dollar.

Elektr xarajati – 50 sent.

Jami – 5000 dollar 50 sent.

– Itvachchalar! – baqirdi u. – Seni qiynashgan elektrni ham hisobga kiritishibdi.

– To‘lay qol, – dedi xotini.

Oradan yana sakkiz oy o‘tdi.

Morrison va Sindi «Xelen Xeys» teatrida Jimmi Makkenni xotini bilan ko‘rib qolishdi. Ular so‘rashishdi. Jimmining ko‘rinishi ilgarigidan ham yaxshi edi. Morrison uning xotinini endi ko‘rayotgandi. Morrison u bilan qo‘l berib so‘rashdi. Ayolning qo‘l qisishi g‘alati edi. Faqat bir ozdan keyin Morrison buning sababini tushundi. Makkenning xotinining o‘ng qo‘lidagi jimjiloq barmog‘i yo‘q edi…

Ruschadan Dilshodbek Asqarov tarjimasi


Стивен Кинг. Чекишни ташланг корпорацияси (ҳикоя)

Ўша куни Моррисон Кеннеди аэропортида ўтирганича бир кишини кутарди. У барда танишини кўриб қолди.

– Жимми? Жимми Маккенн?

Уларнинг Атлантадаги кўргазмада учрашувларидан буён Маккенн сал семирган бўлса-да, кўриниши жуда яхши эди. Моррисон унинг коллежда ўқиган пайтида қандай ашаддий кашанда, ориқ ва рангпар бўлганлигини эслади. Кўзлари катта-катта кўзойнаги унинг юзини тўсиб қўярди. Энди эса, афтидан Маккенн, контакт линза тақарди.

– Дик Моррисон?

– Ҳа, менман. Кўринишинг зўр. – Улар кўришишди.

– Сенинг ҳам, – деди Маккенн, лекин Моррисон бунинг ёлғон эканлигини биларди. У жуда кўп ишлар, ер, ичарди.

– Нима ичасан?

– Бурбон, – деди Моррисон ва қулайроқ жойлашиб ўтириб сигарет туташтирди. – Бирортасини кутиб олгани чиқдингми?

– Йўқ. Маямига кетяпман. Олти миллион долларлик шартнома тузгани.

– Ҳали ҳам «Крегер ва Бартон» фирмасида ишлаяпсанми?

– Энди мен унинг вице-президентиман.

– Буни қара! Табриклайман! Қачондан бери? – Моррисон ичи ҳасаддан эмас, жиғилдони қайнаётганидан куяётганига ўзини ишонтиришга уринарди. У дори олиб оғзига солди.

– Августдан бери. Бунгача эса ҳаётимни ўзгартириб юборган воқеалар содир бўлди. – У Моррисонга диққат билан қаради. – Бу сени қизиқтириши мумкин.

– Албатта, – жавоб берди Моррисон стакандаги ичкиликдан ҳўпларкан.

– Ишларим орқага кетганди, – ҳикоясини бошлади Маккенн. – Шерон билан келишолмай қолдим, отам инфарктдан вафот этди, ўзим эса тинмай йўталардим. Бир куни хонамга Бобби Крегер кирди ва тарбиявий суҳбат олиб борди. Эсингдами шундай суҳбатлар?

– Бўлмаса-чи! – Моррисон «Крегер ва Бартон» фирмасида бир ярим йил ишлаган, сўнгра «Мортон» агентлигига ишга ўтиб кетганди. – «Ақлингни ишлат… ёки жўнаб қол».

Маккенн кулиб юборди.

– Шунақа. Шифокор эса «Ошқозон яраси бошланяпти, чекишни тўхтатинг», деди. Бу «Нафас олишни тўхтатинг», деган билан баравар.

Моррисон бош ирғади. У қўлидаги сигаретга қаради ва ҳозироқ янгисини тутатишини била туриб уни ўчирди.

– Шундан сўнг чекишни ташладингми?

– Ташладим. Дастлаб эплолмайман, деб ўйладим. Кейин эса бир йигитни учратиб қолдим. У менга Қирқ олтинчи кўчадаги корпорация ҳақида гапириб берди. Улар ҳақиқий мутахассислар. Мен уларга боришга қарор қилдим. Ўшандан буён чекмаяпман.

Моррисоннинг кўзлари каттариб кетди.

– Улар сенга дори беришдими?

– Йўқ, – Маккенн чўнтагидаги ҳамёнини олиб ковлай бошлади. – Мана. – У стол устига ташриф варақасини қўйди.

«Чекишни ташланг» корпорацияси

Тўхтанг! Соғлигингиз тутун билан бирга учиб кетмоқда!

237 Ист, Қирқ олтинчи кўча.

Олдиндан шартнома тузиш асосида даволаш

– Истасанг, ўзингда олиб қол, – деди Маккенн. – Улар сени даволашади. Бунга кафолат бераман.

– Қанақасига?

– Буни айтишга ҳаққим йўқ.

– Нега? Нима учун?

– Шартномада шундай модда бор.

– Сен шартнома тузганмисан?

Маккенн бош ирғади.

– Ва шу асосда…

– Худди шундай… – У Моррисонга жилмайди.

– Агар улар шунчалик зўр ишлайдиган бўлишса, бундай чоранинг нима кераги бор? Нима учун уларнинг рекламасини кўрмайман, газетага эълон беришмайди?

– Уларнинг мижозлари реклама вазифасини ўташади.

– Сен ҳам реклама бўйича мутахассиссан, Жимми. Бунга қандай ишониш мумкин?

– Мен ишонаман, – жавоб қайтарди Маккенн. – Уларнинг тўқсон саккиз фоиз мижозлари чекишни ташлашади.

– Бир дақиқага, – деди Моррисон сигарет туташтираркан. – Улар сени боғлаб қўйиб, кўнглинг айнигунча чекишга мажбур қилишадими?

– Йўқ.

– Чекишинг билан ўзингни ёмон ҳис қиладиган бирор нарса…

– Йўқ. Ўзинг бориб кўр. – У Моррисоннинг сигаретига ишора қилди.

– Шуни чекиб маза топасанми?

– Йўқ, лекин…

– Мен чекишни ташладим ва ҳаётимда кўп нарсалар ўзгарди, – деди Маккенн. – Кучимга куч қўшилди, Шерон билан муносабатларим яхшиланди, ишларим юришиб кетди.

– Сен мени қизиқтириб қўйдинг. Бирор нарса айта ола…

– Кечир, Дик, ҳаққим йўқ, – деди Маккенн қатъий оҳангда.

– Чекишни ташлаганингдан бери семириб қолибсанми? – сўради Моррисон ва унга Жиммининг авзойи бузилгандек туюлди.

– Ортиғи билан. Лекин ортиқча вазндан қутулдим. Ҳозир вазним меъёрида.

– Икки юз олтинчи рейсга тўққизинчи секцияда рўйхатга олиш бошланди, – эълон қилинди овоз кучайтиргич орқали.

– Бўпти, – деди Маккенн ўрнидан тураркан. – Истасанг, яна ич. Дик, менинг айтганларимни яхшилаб ўйлаб кўр. – У шу сўзларни айтиб эскалатор томон кетди. Моррисон ташриф варақасини олиб ҳамёнига солиб қўйди.

Бир ойдан сўнг Моррисон барлардан бирида пул тўламоқчи бўлиб ҳамёнини очганида ташриф варақаси тушиб қолди. У ишдан эртароқ қайтган ва кунни ичиш билан ўтказмоқчи эди. Иши тобора орқага кетаётганди. Моррисон пулни тўлагач, варақани қўлига олиб ўқиди. 237 Ист, Қирқ олтинчи кўча – унча узоқ эмас, икки квартал нарида. Октябрнинг қуёшли куни эди: балки бир бориб кўрсамикин…

«Чекишни ташланг» корпорацияси янги бинода жойлашган бўлиб, бу ерда битта хонанинг ижара ҳақи, эҳтимол Моррисоннинг бир йиллик маошига тенг эди. Корпорация бутун бир қаватни эгаллаган, демак пули кўп.

У лифтда юқорига кўтарилди ва гилам тўшалган йўлакдан ўтиб, катта стол қўйилган кенг қабулхонага кирди. Бу ерда уч эркак ва бир аёл журнал ўқиб ўтиришарди. Кўринишидан улар бизнесмен эдилар. Моррисон котибага ташриф варақасини узатди.

– Буни менга дўстим берганди.

Котиба жилмайди ва ёзув машинкасига қоғоз солди:

– Исми-шарифингиз, жаноб?

– Ричард Моррисон.

– Манзилингиз?

– 29 Мейн-лейн, Клинтон, Нью-Йорк.

– Уйланганмисиз?

– Ҳа.

– Фарзандларингиз борми?

– Битта ўғлим бор. – У Элвинни ўйлаб қовоғини уйди: «битта» эмас, «яримта» деса тўғрироқ бўларди. Унинг ўғли ақлан ноқис бўлиб, Нью-Жерсидаги махсус интернатда яшарди.

– Бу ерга келишни сизга ким тавсия қилди, жаноб Моррисон?

– Жеймс Маккенн, дўстим.

– Яхши. Марҳамат, ўтиринг. Бугун бу ерда одам кўп.

– Бўпти.

У мовий ранг костюм кийган аёл ва тивит пиджакли йигит ўртасига ўтириб чўнтагидан сигарет чиқарди, лекин атрофда кулдон йўқлигини кўриб қайтариб чўнтагига солди.

Ҳечқиси йўқ, уларнинг ўйинини билади, ташқарига чиққач, маза қилиб чекади. Агар бу ерда узоқроқ кутадиган бўлса, сигарет кулини оёғи остидаги жигарранг гилам устига ташлайди. Моррисон «Тайм» журналини олиб варақлай бошлади.

Унинг баданига йиғилиб қолган никотин яна қўшимчасини талаб қиларди. Моррисондан кейин келган бир киши чўнтагидан портсигар чиқарди, лекин кул ташлагани идиш йўқлигини кўргач, чўнтагига солиб қўйди. Буни кўриб Моррисон ўзини енгил ҳис қилди.

Ниҳоят котиба жилмайганича уни ичкарига таклиф этди. Моррисон ўзини хира ёритилган йўлакда кўрди. Сочлари оппоқ бир киши унинг қўлини қисди ва дўстона жилмайди:

– Ортимдан юринг, жаноб Моррисон.

Улар қатор эшиклар ёнидан ўтишди. Йўлак ўртасига етишганида оқ сочли киши эшиклардан бирини очди. Улар деворлари оппоқ кичкинагина хонага киришди. Хонада битта стол ва иккита стул бор эди, холос. Стол ортидаги деворда кичкинагина туйнук бўлиб, уни энсиз яшил парда ёпиб турарди. Моррисоннинг чап томонидаги деворда қўлида қоғоз тутган кишининг сурати осиғлиқ эди.

– Менинг исмим Вик Донатти, – ўзини таништирди ҳалиги киши. – Агар даволаш курсига рози бўлсангиз, сиз билан мен шуғулланаман.

– Танишганимдан хурсандман. – Моррисоннинг жудаям чеккиси келаётганди.

– Ўтиринг.

Донатти котиба тўлдирган қоғозни стол устига қўйди, ғаладондан яна битта қоғоз олди ва Моррисонга қаради:

– Ростдан ҳам чекишни ташламоқчимисиз?

Моррисон йўталди, оёғини чалиштирди, сўнг жавоб қайтарди:

– Ҳа.

– Унда имзо чекинг.

У қоғозни Моррисонга узатди. Моррисон кўз югуртирди: қуйида имзо чекувчи даволаш усулларини ошкор этмасликка мажбур ва ҳоказо ва ҳоказо.

– Бўпти.

Донатти унга ручка узатди, Моррисон имзо қўйди. Сўнгра қоғоз стол ғаладонига солинди. Хўш, ўйлади Моррисон киноя билан, қасам ичдим. Олдин ҳам шундай ҳол бўлганди. У ҳаттоки, икки кун чекмаганди ҳам.

– Яхши, – деди Донатти. – Биз бу ерда тарғибот билан шуғулланмаймиз, жаноб Моррисон. Саломатлик, сарф-харажат, ижтимоий мурувват масалалари ва сизнинг нима учун чекишни ташламоқчи эканлигингиз бизни қизиқтирмайди. Биз амалиётчилармиз.

– Зўр, – деди Моррисон эътиборсизлик билан.

– Ҳеч қандай дори бермаймиз, маъруза ўқимаймиз, пул талаб қил-маймиз. Бир йил давомида чекмаганингиздан кейингина пул тўлайсиз.

– Э, Худо, – деди Моррисон.

– Жаноб Маккенн бу ҳақда айтмаганмиди?

– Йўқ.

– Дарвоқе, унинг ишлари қалай? Яхшими?

– Зўр! Қойилмақом!

– Ҳозир эса… бир нечта шахсий саволларим бор, жаноб Моррисон. Жавобларингиз сир сақланади.

– Шундайми? – деди Моррисон.

– Хотинингизнинг исми?

– Люсинда Моррисон. Қизлик фамилияси – Ремзи.

– Уни севасизми?

Моррисон дарҳол Донаттига қаради, лекин у мулойимлик билан тикилиб турарди.

– Шунақа.

– У билан жанжаллашганмисиз?

– Чекишни ташлашимга бунинг қандай алоқаси бор? – Моррисон юмшоқроқ гапирмоқчи эди, лекин иложи бўлмади – унинг ўлгудек чеккиси келаётганди.

– Бевосита алоқаси бор. Саволларимга жавоб беринг.

– Йўқ. – Аслида кейинги пайтда уларнинг муносабати ҳақиқатан ҳам кескинлашиб бораётганди.

– Фарзандингиз борми?

– Ҳа. Исми Элвин, у хусусий мактабда ўқийди.

– Қайси мактабда?

– Буни айтмайман, – Моррисон ғамгин жавоб қайтарди.

– Майли, – деди Донатти ва жилмайди. – Эртага даволаш курсимизнинг биринчи сеансида барча саволларингизга жавоб бера оламан.

– Жуда яхши, – деди Моррисон ва ўрнидан турди.

– Ва сўнгги саволим: сиз бир соат давомида чекмадингиз. Ўзингизни қандай ҳис қиляпсиз?

– Яхши, – алдади Моррисон, – жуда яхши.

– Баракалла, – деди Донатти ва столни айланиб ўтиб эшикни очди. – Бугунча чекишингиз мумкин. Эртадан бошлаб эса битта ҳам сигарет чекмайсиз.

– Бўлиши мумкин эмас!

– Бунга кафолат берамиз.

Эртасига роппа-роса соат учда Моррисон «Чекишни ташланг» корпорацияси қабулхонасида ўтирарди. У эрталаб роса иккиланди: бориш керакми ёки йўқми.

Ниҳоят, Жимми Маккенн айтган биргина ибора уни боришга мажбур қилди:

Ҳаётимда кўп нарса ўзгарди.

Лифтга киришдан олдин у сигаретни филтригача чекди. Минг афсус, агар у охирги марта сигарет чекаётган бўлса.

Бу сафар узоқ кутишга тўғри келмади. Котиба уни ичкарига таклиф қилганида, Донатти аллақачон кутиб ўтирарди. У Моррисонга қўл узатди ва илжайди. Моррисон ўзини ноқулай ҳис қилди ва чеккиси келди.

– Юринг, – таклиф қилди Донатти ва улар хонага киришди. Донатти стол ортига, Моррисон унинг қаршисига ўтирди.

– Келганингиздан хурсандман, – деди Донатти. – Аксарият мижозларимиз биринчи суҳбатдан сўнг қайтиб келмайдилар. Улар чекишни ташлашни истамаётганликларини тушуниб қолишади. Мен жон деб сиз билан ишлайман.

– Даволаш курси қачон бошланади? – Гипноз, ўйлади Моррисон, гипноз бўлса керак.

– Иккаламиз йўлакда кўришганимиздан бошланган. Сигаретингиз борми, жаноб Моррисон?

– Ҳа.

– Менга бера оласизми?

Моррисон елкасини қисиб қўйиб, қутини Донаттига узатди. Унда барибир, икки ёки уч дона сигарет қолганди.

Донатти қутини стол устига қўйди, Моррисонга жилмайди, ўнг қўлини мушт қилиб қутини мажақлай кетди. Қути ичидан синган сигарет учиб чиқди, тамаки сочилди. Донатти жилмайишда давом этди – Моррисоннинг баданида чумоли ўрмалагандек бўлди. Эҳтимол, улар шу йўл билан таъсир ўтказишар, ўйлади у.

Ниҳоят, Донатти мажақланган қутини ахлат челакка улоқтирди:

– Уч йилдан бери шу иш билан шуғулланиб роҳат қиламан.

– Бундай даволаш курси наф берармикан, – деди Моррисон юмшоқлик билан. – Ташқаридаги дўкондан сигарет сотиб олиш мумкин.

– Мутлақо тўғри, – маъқуллади Донатти ва қўлини кўксига чалиштирди. – Ўғлингиз Элвин Доус Моррисон Петерсон ақли ноқис болалар мактабида. Туғма жароҳати туфайли у ҳеч қачон тузалмайди. Унинг ақлий қобилияти коэффициенти – 46. Хотинингиз…

– Буни қаердан билдингиз? – қичқирди Моррисон. У ғазабга минганди. – Бунга қандай ҳаққингиз бор?

– Биз сиз ҳақингизда кўп нарсани биламиз. – деди Донатти, – лекин илгари айтганимдек, бу сир сақланади.

– Мен кетаман, – деди Моррисон ва ўрнидан турди.

– Яна озгина ўтиринг.

Моррисон Донаттига диққат билан қаради – у хотиржам эди. Ҳаттоки, бу суҳбатдан у завқ олаётгандек эди. Унинг юз қиёфасидан Донатти бундай ҳолатларни юз марталаб кўрганини билиш мумкин эди.

– Яхши, қоламан. Ишга ўтайлик.

– Албатта. – Донатти стулга суянди. – Мен сизга айтувдим – биз амалиётчимиз. Шунинг учун ҳам биз бошидаёқ чекишга бўлган иштиёқни даволаш қанчалик қийинлигини тушуниб олишимиз керак эди. Чекишни ташлаганларнинг саксон беш фоизи қайтадан чекишни бошлаб юборишади. Гиёҳвандлар орасида эса бу кўрсаткич пастроқ. Муаммо жуда жиддий.

Моррисон ахлат челакка қаради. Битта сигарет букилиб кетган, лекин чекса бўларди. Донатти ёзилиб кулди, челакдаги сигаретни синдириб ташлади.

– Айрим штатларнинг қонун чиқарувчилари баъзан қамоқхоналарда чекишни ман қилишни таклиф қилишади. Овоз бериш пайтида бу таклиф бутунлай йўққа чиқади. Баъзан бу таклиф қабул қилинган, лекин қамоқхоналарда ғалаён кўтарилган, ҳақиқий ғалаён, жаноб Моррисон. Тасаввур қиласизми?

– Бунинг менга қизиғи йўқ.

– Яхшилаб эътибор беринг! Бирор кишини қамоққа ташлашганида уни жинсий алоқа, спиртли ичимлик ичиш, сиёсий фаолият билан шуғулланиш, саёҳат қилиш имкониятларидан маҳрум қилишади. Ва ҳеч қандай исён кўтарилмайди. Лекин маҳбусларга сигарет чекишни тақиқласангиз – ба-бах! – Донатти ўз фикрини баён этиш мақсадида столга мушт урди.

– Келинг, даволашни бошлайлик.

– Бир дақиқа. Илтимос, бу ёққа юринг. – Донатти ўрнидан туриб яшил пардани сурди. Туйнук ортида бўм-бўш хона бор эди. Йўқ, бўш эмас экан. Бурчакда бир қуён товоққа солинган сабзавотни кавшарди.

– Чиройли қуён экан, – деди Моррисон.

– Фикрингизга қўшиламан. Уни кузатиб туринг. – Донатти токчадаги тугмани босди – қуён овқатланишдан тўхтади ва сакраб тушди. У оёқлари ерга теккач, янада баландроқ сакради ва хона бўйлаб югура бошлади.

– Бас қилинг! Уни ток уриб ўлдиради-ку!

Донатти тугмани қўйиб юборди:

– Нима деяпсиз, бу жуда кучсиз ток. Қуёнга қаранг, жаноб Моррисон.

У товоқдан уч метр нарида турарди.

– Агар у овқатланаётганда ток ураверса, жонивор бир нарсани тушуниб етади: овқатланиш – оғриқ. Демак, қуён овқат емай қўяди. Уни бир неча марта ток урса, қуён овқат тўла товоқ ёнида очликдан жон беради. Бу воз кечдириш йўли билан тарбиялаш деб аталади.

Моррисоннинг ранги оқариб кетди, у эшик томон йўл олди.

– Бўлди, керак эмас, катта раҳмат.

– Тўхтанг, жаноб Моррисон.

Моррисон эшик тутқичидан тортди… эшик қулфлоғлиқ эди.

– Очинг.

– Жаноб Моррисон! Илтимос, ўтиринг!

– Эшикни очинг, акс ҳолда полиция чақираман.

– Ўтиринг, – деди Донатти совуқ оҳангда.

Моррисон Донаттининг қўрқинчли кўзларига қаради ва ўйлади: «Ё, Худойим, мен телба киши билан бир хонада қолдим». У лабларини ялади. Умрида унинг бунчалик чеккиси келмаганди.

– Мен сизга даволаш курси ҳақида батафсил гапириб бераман, – деди Донатти.

– Тушунмадингиз, – эътироз билдирди Моррисон сохта хотиржамлик билан. – Менга курсингиз керак эмас. Мен ундан воз кечаман.

– Йўқ, жаноб Моррисон, сиз тушунмадингиз. Энди бошқа иложингиз йўқ. Даволаш курси бошланди, деганимда сизни алдамагандим. Ҳаммасини тушунганга ўхшагандингиз.

– Сиз ақлдан озгансиз, – деди Моррисон.

– Йўқ, мен амалиётчи одамман.

– Қани бошланг, – деди Моррисон. – Фақат билиб қўйинг, бу ердан чиқишим биланоқ беш қути сигарет сотиб оламан ва уларни полиция маҳкамасига боргунимча чекиб тугатаман.

– Ўзингиз биласиз. Лекин сизга ҳаммасини тушунтирганимдан сўнг фикрингизни ўзгартирасиз, деб ўйлайман.

Моррисон жим бўлиб қолди, стулга ўтириб қўлларини чалиштирди.

– Даволаш курсининг дастлабки ойида одамларимиз доимий равишда сизни кузатиб юришади, – тушунтирди Донатти. – Сиз уларнинг айримларини сезасиз, лекин ҳаммасини эмас. Сизни тўхтовсиз кузатиб туришади. Доимий равишда. Агар чекканингизни кўриб қолишса, бу ерга қўнғироқ қилишади.

– Мени бу ерга олиб келиб қуённинг ўрнига ўтқазишади. – Моррисон пичинг қилди, лекин қўрқувга тушди. Бу худди даҳшатли тушга ўхшарди.

– Йўқ, – жавоб қайтарди Донатти. – Қуённинг ўрнига сизни эмас, хотинингизни ўтқазишади.

Моррисон унга анграйиб қаради.

Донатти илжайди.

– Сиз эса туйнукдан қараб турасиз.

Суҳбат тугагач, Моррисон қандай қилиб йўл босганини билмади. Ҳаво жуда яхши эди; лекин у буни сезмасди. Донаттининг илжайган қиёфаси унинг кўз олдини тўсиб қўйганди.

– Тушунинг, – деганди у, – амалий иш амалий қарорни талаб қилади, биз фақат сизнинг манфаатингизни ўйлаймиз.

Донаттининг айтишича, «Чекишни ташланг» корпорациясига (хайрия ташкилотига ўхшаган) суратда тасвирланган киши асос солган экан. У автомат ўйинлар, массаж хоналари, яширин лотереялар билан шуғулланган. Бу киши, Уч бармоқ лақабли Морт Минелли ашаддий кашанда бўлган – кунига уч қути сигарет чеккан. Унинг қўлидаги қоғоз – шифокорларнинг сўнгги хулосаси: ўпка раки. Морт барча бойлигини «Чекишни ташланг» корпорациясига васият қилиб, 1970 йилда вафот этган.

– Молиявий ишларни иложи борича силлиқ олиб боришга ҳаракат қиламиз. – деганди Донатти, – лекин биз одамларга ёрдам беришдан кўпроқ манфаатдормиз. Албатта, бу хайрли ишимиз солиқ тўлашда бизга қўл келади.

Даволаш курси даҳшатли даражада оддий эди. Биринчи марта қоида бузилса – Синдини Донатти айтган «қуёнхона»га олиб келишади. Иккинчи марта бўлса – Моррисоннинг ўзи ҳам жазоланади. Учинчисида – уларнинг иккаласи биргаликда ток остига қўйилишади. Тўртинчи марта қоида бузилиши янада қаттиқроқ жазога олиб келади. Элвин ўқиётган мактабга бир киши бориб уни дўппослайди.

– Тасаввур қилинг, – деди жилмайиб Донатти, – ўғлингиз қай аҳволга тушади. У нима бўлаётганини тушунмайди. Фақат, дадаси ёмонлиги учун калтакланаётганини билади, холос.

– Аблаҳ, – деди Моррисон, у йиғлаб юборишга тайёр эди, – лаънати аблаҳ.

– Мени тўғри тушунинг, – деди Донатти. – Бундай бўлмаслигига ишонаман. Мижозларимизнинг қирқ фоизига жазо қўлламаймиз ва фақат ўн фоиз мижозларимиз қоидани уч мартадан ортиқ бузадилар. Бу рақамлар сизни тинчлантирса керак?

Моррисон бунда ўзини тинчлантирадиган ҳеч нарса кўрмади. У даҳшатга тушганди.

– Агар беш марта қоида бузсангиз…

– Нима демоқчисиз?

Донатти илжайди:

– Сиз билан хотинингиз қуёнхонага, ўғлингиз иккинчи марта, хотинингиз эса биринчи марта калтакланади.

Фазабдан ақлини йўқотган Моррисон стол устидан Донаттига ташланди.

Донатти эса стули билан орқага сурилди ва иккала оёғи билан Моррисоннинг қорнига тепди. Моррисон ортига учиб кетди.

– Ўтиринг, жаноб Моррисон, – деди Донатти, – келинг, ақлли одамлардек гаплашиб олайлик.

Моррисон ҳансираганича унга бўйсунди. Бу қўрқинчли туш қачондир тугар, ахир?

«Чекишни ташланг» корпорациясида ўн босқичли жазо тури бор, деганди Донатти. Олти, етти, саккиз марта қоида бузилса – ток кучи ошади, дўппослашлар тобора даҳшатли тус олади. Агар Моррисон тўққизинчи марта чекса, унинг ўғлининг қўлларини синдиришади.

– Ўнинчи марта бўлса-чи? – сўради Моррисон. Унинг томоғи қуриб қолганди.

Донатти маъюс бош чайқади:

– У ҳолда биз таслим бўламиз. Сиз икки фоиз тузалмайдиган мижозлар рўйхатига кирасиз.

– Ростдан таслим бўласизларми?

– Шунақа деса ҳам бўлади. – Донатти ғаладонни очди ва стол устига 45-калибрли «колт» тўппончасини қўйди. – Лекин ана шу икки фоиз тузалмаслар ҳам қайтиб ҳеч қачон чекишмайди. Бунга кафолат берамиз.

Кечқурун телевизорда Синди ёқтирадиган «Булмат» филми бўлаётганди. Моррисон бир соат давомида минғирлаб, типирчилаб ўтирди.

Синди кинони бемалол кўра олмади.

– Сенга нима бўляпти? – сўради у.

– Ҳеч нарса… – деди Моррисон. – Мен чекишни ташладим.

Синди кулди:

– Қачон? Беш дақиқа олдинми?

– Соат учдан бери.

– Ўшандан бери чекканинг йўқми?

– Йўқ.

– Зўр-ку. Чекишни ташлашингга нима мажбур қилди?

– Мен сени ўйладим… Элвинни.

Синдининг кўзлари катта-катта очилди. Дик ўғли ҳақида камдан-кам гапирарди. У бўм-бўш кулдонга қаради.

– Ростдан ҳам чекишни ташламоқчимисан, Дик?

– Ростдан. Агар полицияга мурожаат қилсам, безорилар сени дўппослашади, Синди.

– Агар чексанг, ҳам барибир биз Элвин билан ғамхўрлигингдан миннатдор бўламиз.

– Қайтиб чекмайман, деб ўйлайман, – деди Моррисон ва унинг қорнига тепаётган Донаттининг-қотилнинг хира кўзларини ўйлади.

У кечқурун ухлай олмади, кечаси учда эса туриб олди. Моррисоннинг чеккиси келаётганди. У пастга тушиб, хонасига кирди. Бу хонанинг деразалари йўқ эди. Моррисон столи ғаладонини очиб, сигарет қутисини олди, атрофга аланглаб, лабларини ялади.

Биринчи ой давомида доимий кузатувда бўласиз, деганди Донатти. Кейин эса икки ой давомида уни кунига ўн саккиз соатдан кузатишади. Тўртинчи ойда (айнан ўшанда аксарият мижозлар яна чека бошлашади) яна кунига йигирма тўрт соат давомида кузатув олиб борилади. Кейин йилнинг охиригача кунига ўн икки соатлик кузатув. Кейин-чи? Умрининг охиригача ҳар қандай пайтда кузатув бошланиши мумкин.

Умрининг охиригача.

– Сизни ҳар икки ойда текширишимиз мумкин, – деганди Донатти. – Ёки кун ора. Ё бўлмаса, ҳар икки йилда бир ҳафталик кузатув ташкил қиламиз. Ҳамма гап шундаки, Сиз буни билмайсиз. Агар чексангиз, биз билан ўйнашаётган бўласиз. Улар кузатяптими ёки йўқми? Хотинимни олиб кетишдими ёки ўғлимни дўппослагани одам жўнатишдими? Зўр-а, тўғрими? Яширинча сигарет чексангиз ҳам ундан ўғлингизнинг қони таъми келиб туради.

Лекин ҳозир тун қоронғисида, улар уни бу хонада кузата олишмайди. Уй худди қабристондек жимжит эди.

У икки дақиқача сигарет қутисидан кўз узолмай турди, сўнг эшик олдига бориб бўм-бўш йўлакка қаради, ортига қайтиб, яна сигаретга тикилди. У қайтиб сигарет чекмаслигини тасаввур қилди. Энди у қандай қилиб мижозлар билан қўлида сигаретсиз гаплашади? Синдининг гулларига сигарет чекмасдан қандай чидайди? Қандай қилиб кунни эрта тонгда сигарет чекмасдан бошлайди?

Моррисон бу нарсага аралашиб қолгани учун ўзини, Донаттини лаънатлади, энг даҳшатли лаънат ўқлари эса Жимми Маккеннга қаратилганди. У нима учун бундай қилди! Итвачча, ҳаммасини билар экан-ку! Хоин Маккенннинг томоғидан бўғиш истагидан Моррисоннинг қўллари қалтираб кетди.

У яна хона ичига аланглади, сигаретни қўлига олиб уни силади, лабига қистирди ва қотиб қолди.

Шкаф ичида қандайдир шитирлаган товуш эшитилдими? Йўқ, шекилли. Лекин…

Унинг кўз олдида яна бир манзара намоён бўлди: электр токи зарбидан сакраётган қуён. Бу хонада унинг ўрнида Синди бўлиши мумкин…

Унинг бутун вужуди қулоққа айланди. Моррисон шкафни очмоқчи бўлди, лекин унинг ичида бирортаси бўлиши мумкинлигини ўйлаб қўрқди. У жойига кириб ётди, лекин анчагача ухлай олмади.

Эрталаб ўзини ёмон ҳис қилишига қарамасдан, нонушта Моррисонга жуда ёқди. Бир оз ўйлангач, у яна битта қовурилган тухумни паққос туширди. Синди пастга тушганида, у товани юваётганди.

– Ричард Моррисон! Охирги марта итимиз кучуклик пайтида нонуштада тухум егандинг.

Моррисон нимадир деб тўнғиллади.

– Чекиб бўлгандирсан? – сўради хотини.

– Йўқ.

– Туш пайтига бориб чекасан, – деди Синди қувноқлик билан.

– Зўр ёрдамчи экансан, – ўшқирди Моррисон хотинига. – Сиз чекмайдиганлар ўйлайсизларки… ҳа, майли.

– Сен ростдан ҳам чекишни ташламоқчимисан?

– Албатта. Бунинг қанчалик жиддий эканлигини ҳеч қачон билмайсан, деб умид қиламан.

– Бечора, – деди хотини. – Сен тирик мурдага ўхшаб қолдинг.

Моррисон уни бағрига маҳкам босди.

Ричард Моррисон ҳаётидан лавҳалар; октябрь-ноябрь: Моррисон «Ларкин студиос»да ишлайдиган оғайниси билан Жек Демпсининг барида. Оғайниси Моррисонга сигарет узатади, у рад этади:

– Мен чекишни ташладим.

Оғайниси кулади:

– Кўпи билан бир ҳафта чидайсан.

Моррисон автобус кутаётиб кўк костюм кийган йигитга кўзи тушади. У бу йигитни деярли ҳар куни ва турли жойларда кўради: Онди барида, Сем Гудининг мусиқа дўконида. Бир куни Дик уни ўзи голф ўйнаётган майдонда ҳам кўриб қолди.

Моррисон меҳмондорчиликларда ичади – жудаям чеккиси келади! – лекин бунга қўл урадиган даражада маст бўлмайди.

У ўғлини кўргани боради, унга копток совға қилади. Элвин оғзидан суви оқиб уни ўпганида у илгаригидек жирканмайди. Моррисон ўғлини қучоқлайди ва Донаттилар компанияси бир нарсани жуда яхши англаганини тушунади: севги – энг кучли афюн. Хаёлпарастлар унинг бор-йўқлиги ҳақида баҳслашаверишсин. Амалиётчи одамлар ундан ўз мақсадлари йўлида фойдаланишади.

Моррисон аста-секин тамакига бўлган жисмоний эҳтиёжидан қутулади, лекин руҳий эҳтиёжидан қутула олмайди. Шунинг учун доим оғзига йўталга қарши дори, қанд ёки сигарет ўрнини босувчи бирор нарса солиб юради.

Бир куни Моррисон «Мидтаун» туннелида автомобиль тиқинига дуч келди. Қоронғилик. Машиналар тўхтовсиз сигнал чалишар, атроф тутун ҳидига тўлиб кетганди. Моррисон қўққисдан машина ичидаги қутичани очиб, унинг ичида турган сигарет қутисини кўриб қолди. Сигарет қутисига бирпас қараб туриб, ичидан сигарет олди-да туташтирди. Агар бирор нарса бўлса, бунга Синдининг ўзи сабабчи, деди у ўзига ўзи. Жин ургур, унга ҳамма сигаретларни ташлаб юбор, дегандим-ку.

Сигаретни ичига бир тортганди – қаттиқ йўтал тутди. Иккинчи тортишда кўзидан ёш чиқиб кетди, учинчисида – боши айланди. Намунча аччиқ, ўйлади Моррисон.

Бирдан унинг миясига бошқа фикр келди: Э, Худойим, нима қиляпман?

Орқада тўхтовсиз сигнал чалинарди. Олдиндаги машиналар юра бошлади. Моррисон сигаретни ўчириб, машина ойналарини очди ва қўллари билан тутунни ҳайдай бошлади.

У тиқиндан зўрға чиқиб уйига келди.

– Синди, мен келдим, – деди у.

Жимжитлик.

– Синди? Азизам, қаердасан?

Телефон жиринглади, Моррисон шошиб гўшакни кўтарди:

– Синди? Қаердасан?

– Салом, жаноб Моррисон, – деди Донатти ёқимли, тетик овозда. – Биз бир масалани кўриб чиқишимиз керакка ўхшайди. Соат бешда олдимга кела оласизми?

– Хотиним сизлардами?

– Шунақа, – жавоб қайтарди Донатти.

– Уни қўйиб юборинглар, – бидирлади Моррисон, – бошқа бундай қилмайман. Ўзимни тутолмай қолдим. Бор-йўғи уч марта тортдим. Худо ҳаққи, ҳаттоки чекиш менга ёқмади.

– Минг афсус. Демак, соат бешда келасиз?

– Илтимос, – деди Моррисон. У йиғлаб юборай деди, – ўтинаман…

Лекин Донатти гўшакни қўйиб қўйганди.

Соат бешда қабулхонада Моррисоннинг девордек оқариб кетганига эътибор бермай унга жилмайган котибадан бошқа ҳеч ким йўқ эди.

– Жаноб Донатти? – деди у тугмани босиб. – Жаноб Моррисон келди. – У Моррисонга бош ирғади. – Кираверинг.

Донатти уни эшик олдида «жилмайинг» деган ёзувли майка кийган ва қўлига 38-калибрли револвер тутган бир барзанги билан кутиб турарди.

– Менга қаранг, – деди Моррисон, – келишишимиз мумкин. Сизларга пул тўлайман. Мен…

– Овозингни ўчир, – деди майкали киши.

– Сизни кўрганимдан хурсандман, – деди Донатти. – Учрашувимиз шундай қайғули ҳолатда кечаётганидан афсусдаман. Мен билан юринг. Тезроқ тугатамиз. Хотиржам бўлинг: хотинингизга ҳеч нарса қилмайди… бу сафарча.

Моррисон Донаттига ташланмоқчи бўлди.

– Хаёлингизга ҳам келтирманг, – деди у. – Агар шундай қилсангиз, мана бу киши револьвер билан бошингизга солади, хотинингизни эса барибир ток билан уришади. Бундан сизга нима фойда?

– Тил тортмай ўлгин, – деди Моррисон Донаттига қараб.

– Агар мана шундай тилаклар учун беш центдан олганимда эди, аллақачон нафақага чиқсам бўларди. Бу сизга сабоқ бўлади, жаноб Моррисон. Юринг.

Барзанги уни револьвер билан ниқтади.

Хонага биринчи бўлиб Моррисон кирди ва ҳайкалдек қотиб қолди. Яшил парда суриб қўйилганди. Барзанги уни револьвер билан туртди. Моррисон туйнукдан мўралади ва талмовсираб турган Синдини кўрди.

– Синди, – деди у, – Синди, улар…

– У сизни кўрмайдиям, эшитмайдиям, – деди Донатти. – Келинг, тезроқ тугатайлик. Гуноҳингиз унча оғир эмас – ўттиз сония етади, деб ўйлайман.

Барзанги бир қўли билан тугмани босди, иккинчи қўлидаги револьверни Моррисоннинг биқинига тиради.

Бу унинг ҳаётидаги энг узоқ ўттиз сония эди. Жазолаш тугагач, Донатти Моррисоннинг елкасига қўлини қўйди ва сўради:

– Кўнглингиз айнимаяптими?

– Йўқ, – деди Моррисон зўрға ва деворга суяниб қолди – унинг оёқлари қалтирарди.

– Мен билан юринг, – деди Донатти.

– Қаёққа? – сўради Моррисон.

– Хотинингизга бирон нарса дерсиз?

– Унинг кўзига қандай қарайман. Унга қандай айтаман?

Хонада дивандан бошқа ҳеч нарса йўқ эди. Унда Синди йиғлаб ётарди.

– Синди, – деди Моррисон.

Хотини йиғидан қизариб кетган кўзларини унга тикди.

– Дик, – пичирлади Синди, – Дик? Э, Худойим… Икки киши… Уйимизда… Уларни ўғри деб ўйлабман, улар эса кўзимни боғлаб бу ерга олиб келишди.

– Ўзингни бос.

– Лекин нима учун? – сўради хотини. – Улар нима учун..

– Ҳаммаси мени деб бўлди. Сенга бир нарсани айтишим керак.

У ҳикоясини тугатиб, бирпас жим бўлиб қолди ва деди:

– Сен мендан нафратланаётган бўлсанг керак?

Моррисон ерга қаради. Синди унинг юзига кафтини қўйди ва ўзига қаратди:

– Йўқ. Кетдик уйга.

Бир ҳафтадан кейин кечки пайт телефон жиринглади ва Донаттининг овозини таниган Моррисон деди:

– Одамларингиз адашишибди. Мен қўлимга сигарет ушлаганим йўқ.

– Буни биламиз. Сўнгги масалани келишиб олишимиз лозим. Эртага кечки пайт кела оласизми?

– Бу…

– Қўрқманг. Айтганча, лавозимингиз кўтарилгани билан табриклайман.

– Буни қаердан биласиз?

– Ҳисоб-китоб ишларини юритамиз, – деди Донатти ва гўшакни қўйди.

Улар хонага киришгач, Донатти деди:

– Нега асабийлашяпсиз? Сизни ҳеч ким тишлаб олмайди. Бу ёққа келинг.

Моррисон яқин келди ва ерда оддий тарозини кўрди.

– Мен сал семирдим…

– Ҳа, ҳа, ҳа. Етмиш уч фоиз мижозларимизда бу ҳолат ҳам кузатилади. Марҳамат, тарозига чиқинг.

Тарози етмиш тўққиз килони кўрсатди.

– Яхши, тарозидан тушишингиз мумкин. Бўйингиз қанча, жаноб Моррисон?

– Бир метру етмиш тўққиз сантиметр.

– Қани, – Донатти чўнтагидан қоғоз чиқарди. – Жуда зўр. ҳозир сизга семиришга қарши дорилар рўйхатини ёзиб бераман. Уларни камдан-кам ичинг. Сизнинг оғирлигингиз кўпи билан… – У яна бир марта қоғозга қаради. – Саксон уч кило бўлади. Бугун биринчи декабрь, демак, ҳар ойнинг биринчи кунида вазнингизни тортиб кўрамиз.

– Агар саксон уч килодан оғир бўлсам нима бўлади?

Донатти жилмайди:

– Одамларимиздан бири уйингизга бориб хотинингизнинг жимжилоқ бармоғини қирқиб келади. Саломат бўлинг, жаноб Моррисон.

Орадан саккиз ой ўтди.

Моррисон Жек Демпси барида «Ларкин студиос»да ишлайдиган оғайнисини кўриб қолди. Моррисон спорт билан шуғулланаётган, кўриниши зўр эди.

– Қандай қилиб чекишни ташладинг? – сўради оғайниси.

Моррисон унга маъноли қаради, чўнтагидан ташриф варақасини чиқарди.

– Биласанми, – деди у, – мана шу компания ҳаётимни ўзгартириб юборди.

Орадан бир йил ўтди.

Моррисон почта орқали тўлов қоғози олди:

«Чекишни ташланг» корпорацияси

237 Ист, Қирқ олтинчи кўча,

Нью Йорк, Нью Йорк штати, 10017

Даволаш курси – 2500 доллар

Мутахассис хизмати (доктор Донатти) – 2500 доллар.

Электр харажати – 50 цент.

Жами – 5000 доллар 50 цент.

– Итваччалар! – бақирди у. – Сени қийнашган электрни ҳам ҳисобга киритишибди.

– Тўлай қол, – деди хотини.

Орадан яна саккиз ой ўтди.

Моррисон ва Синди «Хелен Хейс» театрида Жимми Маккенни хотини билан кўриб қолишди. Улар сўрашишди. Жиммининг кўриниши илгаригидан ҳам яхши эди. Моррисон унинг хотинини энди кўраётганди. Моррисон у билан қўл бериб сўрашди. Аёлнинг қўл қисиши ғалати эди. Фақат бир оздан кейин Моррисон бунинг сабабини тушунди. Маккеннинг хотинининг ўнг қўлидаги жимжилоқ бармоғи йўқ эди…

Русчадан Дилшодбек Асқаров таржимаси