Ҳикоялар
January 7

Xayriddin Sultonov. Bunchalar shirinsan, ey achchiq hayot! (hikoya)  

“Oloy malikasi” — Qurbonjon dodxoh 1865-yildan to 1880-yilgacha Pomirda bir sarkarda sifatida xalqni oʻz atrofiga toʻplab, qoʻlida yalang qilich bilan fon Kaufmanga qarshi kurashdi. U shu darajada jasoratli bir xotin ediki, oʻgʻli Qamchibek Kaufman tomonidan asir qilinib, dorga osilayotganda, dor tagiga kelib, oʻgʻliga xitoban:
— Xayr, oʻgʻlim, ota-bobolaring ham dushman qoʻlida halok boʻldi. Shahid oʻlmoq bizga meros. Senga bergan sutim oq boʻlsin! — deya olgan va otining jilovini ters burib, oʻgʻlining tortayotgan azob uqubatlaridan shartta yuz oʻgirib keta olgan xotindir”.
Gʻafur Gʻulom

* * *

Ming sakkiz yuz yetmish oltinchi yil, yigirma oltinchi fevral. Margʻilon.

Qahraton qahridagi rutubatli, hazin bu kun qishning odatiy kunlaridan deyarli farq qilmay nihoyasiga yetmoqda edi. Bu kun ham shahar odatdagidek tong qorongʻisida muazzinlarning ovozi bilan uygʻondi. Azonni eshitgan ahli muslim bu kun ham shosha-pisha tahorat olib, yaxlagan yoʻlaklardagi qor-qirovlarni gʻijirlatgancha ertalabki izgʻirinda junjika-junjika masjid sari shoshildi; bu kun ham past-baland tomlar ustida har doimgidek zaif, beqaror koʻkish tutun xiyla vaqt muallaq osilib turdi; bu kun ham quyosh xuddi sovqotayotgandek osmonda bir muddat siyqa tanga kabi xira yaltirab, soʻng pagʻa-pagʻa kulrang bulutlar ostiga kirib koʻzdan yoʻqoldi, tirikchilik gʻamida yaydoq koʻchalarda sarson suringan turfa odamlar bu kun ham shaharning ruhsiz qiyofasiga maʼyus bir jonlanish bergandek boʻldilar…

Xullas, qahraton qishning befayz, jimjit bu kuni shu choqqacha bu koʻhna shahar oʻz boshidan kechirgan minglab kunlar singari yoʻqlik sari botib, bir palla, tuyqusdan misli koʻrilmagan ola-toʻpolon boshlandi. Bozor maydoni toʻrt tomondan guras-guras oqib kelayotgan odamlar bilan toʻldi.

Maydon shahar bunyod boʻlgandan buyon hali bu qadar tumonatni koʻrmagan edi. Achchiq izgʻirin yuz-koʻzga ignadek sanchiladi, suyak-suyaklarni zirqiratadi, boʻgʻotlardagi, tomlar boshidagi sumalaklarni qamchisi bilan savalaydi, bor tirik jonni in-iniga haydaydi, ammo molbozorga tutash yalang sahnda chumolidek gʻujgʻon oʻynagan olomon tinimsiz qaynab-toshadi. Shop-moʻylov, koʻzlari chaqchaygan kazaklarning vajohatidan quti oʻchib doʻkonlarini apil-tapil taqa-taq yopib chiqqan baqqol va hunarmandlar, bozillagan tanchalari oldidan haydab keltirilgan, nima gapligini anglayolmay garang boʻlib, chimmat ostidan sarosima va qoʻrquv bilan moʻralab turgan xotin-xalaj, “La havla…”ni bir lahza tilidan qoʻymagan kampirlar, xoʻmraygan, yalangtoʻsh chollar, burnining suvi oqib yigʻlamsiragan bola-baqralar…

Hammaning ogʻzida bir gap, hammaning yuragida bir vahima: “Qamchibek osilarmish!»

Maydonni otliq kazaklar halqa shaklida qurshagan. Minbarga oʻxshatib taxtadan yasalgan toʻrdagi omonat shohsupadan Turkiston oʻlkasi general-gubernatori fon Kaufman, Fargʻona jazo ekspeditsiyasining boshligʻi, sochlari oppoq, qosh-koʻzlari qop-qora general mayor Trotskiy, xushqomat, xushfeʼl fligel-adyutant knyaz Boyarskiy, pakana, oqsoq polkovnik Lusarov, Fargʻona harbiy gubernatorligining amaldorlari, tulki tumoq kiygan Abdurahmon oftobachi va sovuqdanmi, qoʻrquvdanmi qunishgan bir necha mahalliy ayonlar birin-ketin joy oldilar.

Shamol tobora kuchliroq esa boshladi.

Maydonga yana ikkita piyoda askarlar rotasi kirib keldida, saf boshidagi yagʻrindor ofitserning komandasiga binoan toʻrtburchak hosil qilib toʻxtadi.

Yagʻrindor ofitser — Lyaxov familiyali mayor shohsupaga yaqinlashib, Kaufmanga chest berdi:

— Hamma narsa tayyor, zoti oliylari. Boshlashga ijozat etadilarmi?

Kaufman soatiga qaradi:

— Bir minutga, mayor. Mening rafiqam ham kelmoqchi edi. Bir oz kutsak. A, ana, oʻzi ham kelyapti shekilli.

Ikkita yoʻrgʻa toʻriq qoʻshilgan zangori kareta shaldiragancha maydonga kirib keldi. Shohsupa yonida turgan adyutantlardan biri shosha-pisha borib kareta eshigini ochdi. Barra qunduz moʻynali poʻstinlari ostidagi moviy koʻylaklarning burma etaklarini avaylab koʻtargancha ikkita xonim oldinma-keyin karetadan tushdi. Yoshi oʻtinqirabroq qolgan, lekin hali raso qaddi-qomati buni yashirib turgan birinchi ayol sherigiga nimanidir uqtira-uqtira, shohsupa sari yurarkan, Kaufman uning istiqboliga ikki-uch qadam peshvoz chiqdi. Gubernatorni qurshagan ayonlar tabassum bilan unga ergashdilar.

— Ah, azizim, afv etasan, xiyol ushlanib qoldik. Achchigʻing chiqmasin, bilasan-ku biz ayollarni: koʻzgu degan narsa shunday ohanraboki… — Oldinda kelayotgan xonim Kaufmanga shunday deya, ofitserlarga navozish ila jilmaydi. — Salom, janoblar!

Troskiy, Lusarov, Lyaxov va fligel-adyutant Boyarskiy bir-bir kelib, uning qordek oq, nozik barmoqlaridan oʻpdilar.

— Oh, knyaz, knyaz! — deya bosh chayqadi Kaufman xonim Boyarskiyga qarab istigʻno bilan lablarini burarkan. — Bizni butunlay unutib yubordingiz. Yaxshi emas, xudo haqqi, yaxshi emas. Axir, bizning safarimiz ham oxirlab qoldi, hademay… Tanishing, bu xonim polkovnik Shcherbakovning rafiqasi grafinya Anna Ippolitovna, “Biz tanishmiz”, deysizmi? Oh, knyaz, knyaz!

Fligel-adyutant xiyol qizarib, kulimsirab turardi.

— Men bunday qoʻrqinchli tomoshalarga aslo ishtiyoqmand emasman, — dedi gubernator xonim Lusarovga murojaat qilib. — Kecha erimdan: “Bu isyonchilar qanday odamlar?» deb soʻrasam. “Ertaga maydonga borsang, oʻz koʻzing bilan koʻrasan”, dedi. Aytingchi, polkovnik, ular rostdan ham shu qadar dahshatlimi?

Lusarov ogʻzini ochmasdan kuldi, koʻzlarini qisgancha jiddiy qiyofada allanimani soʻzlay ketdi. Gubernator xonim quloq solayotgandek koʻrinsa-da, xayoli parishon ekani sezilib turardi.

— Boshlang! — dedi Kaufman Lyaxovga qarab. — Olib chiqing!

Maydon oʻrtasida ivirsib yurgan qizil etikli, patak soqol, qari soldat shinelini yechdi, dor tagidagi toʻnkalarni qimirlatib koʻrdi, sirtmoqning tugunini sinchiklab tekshirdi-da, qoʻnjiga yopishgan qorni qoqib, maydonning narigi boshiga qarab ketdi.

Olomon orasida birdan shovur-shuvur koʻtarildi: toʻrt azamat kazak odamlar halqasini yorib, koʻk shohi toʻnining paxtasi oqib yotgan, kulcha yuzlari momataloq, qoʻllari kishanband bir yigitni haydab kelardi.

— Shumi? — deb soʻradi grafinya Shcherbakova chiroyli moviy koʻzlarini hayrat ichra katta-katta ochib.

— Ha, grafinya, — dedi Boyarskiy.

— Bechora!

— Oh, monsier*, men chidayolmayman shekilli, — dedi gubernator xonim uh tortib. — Kun ham sovib ketdimi?

— Azizam, yaxshisi uyga qaytaqol, — dedi Kaufman. — Senga shamol qattiq taʼsir qilishi mumkin. Kecha “Boshim ogʻriyapti”, degan eding. Har qalay, bu yer Sankt-Peterburg emas.

— Mayli, hechqisi yoʻq, bir oz turay-chi, — deya ohista shivirladi gubernator xonim.

Polkovnik Lusarov qoʻlidagi qogʻozni shohsupaga chiqib kelgan Lyaxovga uzatdi. Mayor oldinga oʻtib qogʻozni ochdi, baland, tiniq ovoz bilan dona-dona qilib hukmni oʻqiy boshladi:

—“…Fargʻona gubernatorligi harbiy-dala sudi ayblanuvchi — sartiya millatiga mansub, mahalliy Oloy beklaridan Qamchibek Olimbek oʻgʻlining imperator aʼlo hazratlari saltanatiga qarshi qaratilgan fitnakorlik xatti-harakatlaridan iborat jinoiy faoliyatini koʻrib chiqdi. Koʻpdan-koʻp ashyoviy dalillar va bevosita guvohlarning shohidliklari asosida, chunonchi, mahalliy nufuzli boyonlardan Abdurahmon oftobachining sidqidildan bergan koʻrsatmalari oqibatida, ayblanuvchi Qamchibek Olimbek oʻgʻlining chindan ham imperator aʼzamga, uning saltanatiga, harbiy gubernatorlik vakillari oʻrnatgan tartibotlarga katta shikast yetkazuvchi yirik zararkunanda shaxs ekanligi aniqlandi. Ayblanuvchi Qamchibek Olimbek oʻgʻli aka-ukalari — qurolli toʻdalarning boshliqlari boʻlmish Abdullabek, Mahmudbek va Hasanbek bilan birgalikda Oloy vohasida bir qancha buzgʻunchilik va qoʻporuvchilik ishlarini amalga oshirgan, mahalliy aholi gubernatorlik tomonidan qaror topdirilgan turgʻun tartibotlarga qarshi oyoqlantirilgan. Uning qoʻl ostida boʻlgan, davlat jinoyatchilaridan iborat kallakesarlar shaykasi keyingi uch yil ichida ayniqsa faollasha borib, harakatdagi armiya otryadlariga, ularning jonli kuchlari va oziq-ovqat manbalariga sezilarli zarar yetkazgan. Harbiy gubernatorlikning Qamchibek Olimbek oʻgʻliga yoʻllagan bir qancha ogohlantirishlari bepisandlik bilan rad etilgan. Bu yovuz shaykalarning sakkiz yildan ortiq davom etgan bosqinchilik, xunrezlikdan iborat faoliyati natijasida…”

Orqa tomondan past boʻyli bir ofitser shohsupaga yaqinlashib, polkovnik Lusarovning qulogʻiga nimadir deb shivirladi. Polkovnikning rangi oqardi, shosha-pisha Kaufmanga yuzlandi:

— Zoti oliylari… — deb pichirladi u.— Zoti oliylari, Qurbonjon dodxoh kelayotgan emish!

Kaufman unga yalt etib qaradi:

— Yaʼni, qanday qilib? Yoʻllarga soqchi qoʻyilmaganmidi?

— Qoʻyilgan, zoti oliylari. Knyaz Boyarskiyning oʻqchi divizioni bilan uchinchi dragun polki barcha darvoza va asosiy yoʻllarni qoʻriqlamoqda. Biroq… dodxoh yolgʻiz oʻzi kelayotgan emish!

— Nimaa?

— Shunday, zoti oliylari.

Kaufman lablarini chimirdi:

— Demak, u shaharda ekan-da. Tushunolmay qoldim. Nima, bu xotin aqldan ozganmi? Boshi uchun oʻn besh ming soʻm assignatsiya tikilganini bilmaydi, shekilli?

— Yaxshi, polkovnik, — dedi Kaufman oʻzini bosib. — Davom etavering. Qani, voqealar rivojini koʻraylik-chi.

— Demak, tutishga buyruq beraymi?

— Nega? Qurolsiz, yarogʻsiz, ojiz bir ayolni kuppa-kunduzi, shahar maydonida, olomon oldida… Yoʻq, polkovnik, faqat kuzatib turishga buyruq bering. U ehtimol, oʻgʻli bilan vidolashmoqchidir. Nega endi uni bundan mahrum etmoq kerak? Gumanist boʻling, polkovnik!

— Xoʻp boʻladi, zoti oliylari!

— “…sartiya millatiga mansub, mahalliy Oloy beklaridan Qamchibek Olimbek oʻgʻlining imperator aʼlo hazratlari saltanatiga qarshi qaratilgan jinoiy faoliyatini koʻrib chiqib, Fargʻona gubernatorligi harbiy-dala sudi uni oʻlim jazosiga — osib oʻldirishga hukm qiladi. Hukm qatʼiy, shikoyat qabul etilmaydi.

Harbiy-dala sudining raisi general-gubernator fon Kaufman. Yangi Margʻilon, 1876-yil, 26-fevral”.

Mayor Lyaxov hukmni oʻqib tugatdida, Kaufman xomonga oʻgirilib, bosh silkib qoʻydi.

Soqchi kazaklar Qamchibekni dor ostiga olib keldilar. Kaufman poruchik formasidagi tilmoch Sibgatullinni chaqirib, buyurdi:

— Soʻrangchi, mahkumning soʻnggi istagi bormikan?

Tilmoch soʻrashga ulgurmadi — pang tovushi birdan koʻtarilgan olagʻovur ichida koʻmilib ketdi: koʻk baxmal peshmat kiyib, oq dakana oʻragan Qurbonjon dodxoh roʻparadan shitob bilan ot oʻynatib kelar edi!

Orada oʻttiz odim chamasi masofa, barchaning yuzida hayrat, taajjub, taraddud. Qoʻrquv…

— Polkovnik! — Kaufman oq qoʻlqopli qoʻli bilan Lusarovni imladi. — Mana, qarang-a, dodxoh tap tortmay kelyapti. Sizning koʻpgina ofitserlaringiz jasorat bobida shu ayoldan ibrat olsalar chakki boʻlmas edi. Biror burchakdan daydi oʻq otilib, uni halok qilishi mumkin-a, toʻgʻri emasmi?

Lusarov unga tikilib qoldi.

— Qarang-a, mutlaqo qoʻrqmayotganga oʻxshaydi-ya! — deya Kaufman miyigʻida kulib qoʻydi. — Vaholanki, daydi oʻq — daydi-da. Nima deysiz, Lusarov?

— Tushundim, zoti oliylari, — dedi Lusarov shivirlab. — Mening polkimda bir mohir mergan bor. Uryadnik Yepifanov.

— Yaxshi, polkovnik. Faqat, dodxoh maydondan sogʻ-salomat chiqib ketishi kerak. Daydi oʻq unga istagan muyulishda ham tegishi mumkin, uqdingizmi?

— Tushunarli, zoti oliylari.

Tilmoch mingʻillab, savolni uchinchi bor takrorladi. Qamchibek javob bermadi, koʻzlarini — hasrat, alam va sogʻinchdan qovjirab yongan koʻzlarini onasining yoʻliga oʻrtanib tikdi, jismi jahonni oʻrtab:

— Ena-ey-y! — deb hayqirdi. — Jonim enam!..

Olomon yalpisiga guvlab yubordi.

Suvori esa oʻktam matonat bilan tobora yaqinlashib kelar, toʻriq bedov bir tekis yoʻrgʻalar, dodxohning yuzlarida, mahkam qimtilgan lablarida sokin, xotirjam, hatto ulugʻvor bir ifoda aks etar edi. Goʻyo u oʻlim changalidagi oʻgʻlini koʻrmayotgandek, uning sitamkor nolasini eshitmayotgandek, oppoq sochlari toʻzgʻigan boshini baland koʻtargancha magʻrur ot yoʻrttirib kelardi.

Xaloyiq toʻlqin urib dengizdek chayqaldi, gʻazabnok guvilladi. Soldatu ofitserlar ham tosh qotgan. Biror kimsa nima qilarini, nima deyarini bilmas edi. Hatto Kaufman ham sarosima aralash vahshat bilan qovoq uyib turgan haykalga oʻxshardi.

Dodxoh soldatlar halqasiga yaqinlashdi, besh qadamlar narida jilovni tortdi. Toshdek ogʻir, toshdek qattiq sukunat choʻkdi.

— Bolam! — dedi dodxoh. Ovozi bir lahza titrab ketdiyu, shu ondayoq mardona, qahrli tus oldi. — Bolam! Shahid oʻlmoq bizga meros! Ota-bobolaring ham dushman qoʻlida oʻlgan! Alvido, bolam! Bergan sutim oq boʻlsin! — U shunday deya oyogʻini uzangiga tirab, otning sagʻrisiga zarb bilan qamchi urdi. Bedov osmonga sanchib, suvorini koʻtara ketdi.

— Rozi boʻling, ena! — Qamchibek oʻpkasi toʻlib xirqirab qoldi. — Rozi boʻling!

— Mingdan-ming roziman! — Dodxoh qoʻlini fotihaga ochdi. — Diydor qiyomatga qoldi, bolam! — Soʻng ilkis orqasiga qayrilib, kunchiqar tomon ot qoʻydi.

Ot yoliga ikki tomchi qaynoq yosh tomdi. Ikki tomchi yosh arabi bedovning vujud-vujudini kuydirib yuborgandek boʻldi.

Olomon hamon gʻalayon solib guvillar, toʻlgʻanib-toshar edi.

— Ha… Qiziq, — Kaufman oʻyga tolgan edi.

— “Oloy malikasi” deganlari shumi? — deb soʻradi xotini. — Axir, uni juda keksa deyishardi-ku? Bu esa bemalol ot choptirib yuribdi. Ayt-chi, nega uni tutishmadi?

— Hojati yoʻq edi, azizam, — deya kulimsiradi Kaufman. — U… oʻzi taslim boʻlib keladi! Men uni shunga majbur etaman!

— Menga qara, monsier, bilaman, ishlaringga aralashishlarini yoqtirmaysan, lekin shu yigitni oʻldirmay qoʻya qolishning iloji yoʻqmi? — dedi Kaufman xonim poʻstinning yoqasini tuzatayotib. — Judayam yosh ekan, odam achinadi. Albatta, men uni jazosiz qoldirish kerak, demoqchi emasman. Lekin boshqacha chora koʻrilsa boʻlmaydimi? Masalan, surgun yoki katorgaga…

— Yoʻq! — dedi Kaufman va qatʼiy ohangda taʼkidladi. — Yoʻq! Hukmni eshitding-ku. Dushmanga hech qachon shafqat yoʻq. Lusarov!

— Eshitaman, zoti oliylari!

— Tezlating!

— Xoʻp boʻladi!

— Uryadnik kim… Yepifanovmidi?

— Xuddi shunday, zoti oliylari, Yepifanov!

— Yaxshi.

Lusarov Lyaxovga qarab imo qildi. Lyaxov qoʻlidagi roʻmolchasini silkib orqaga chetlandi.

Barabanlar gumburladi. Ikki norgʻul, devqomat kazak Qamchibekning boʻyniga sirtmoq soldi. Yuz-koʻzini qora niqob bilan toʻsib olgan shinelsiz qari soldat tiz choʻkib choʻqindi-da, oʻrnidan turib arqonga qoʻl choʻzdi…

— Yo rabbiy! — Grafinya Shcherbakova rangi boʻzdek oqarib, knyaz Boyarskiyning qoʻlini muzdek barmoqlari bilan mahkam siqdi. — Yo rabbiy! Naqadar dahshat!

— Qoʻrqmang, grafinya, qoʻrqmang. Bu faqat bir lahza, xolos, — dedi Boyarskiy uning tirsagidan tutib.

— Ach, mein Gott, das ist schlecht! Ach, mein Gott!* — deya shivirladi quti oʻchgan gubernator xonim va koʻzlarini chirt yumib oldi.

Qamchibek, oyogʻi yerdan uzilib borarkan, koʻksidan armon toʻla xoʻrsiniq otilib chiqdi:

— …bandam degaysan!

Olomon birdan junbushga keldi. Kimdir oʻkrab yubordi.

Niqobdor soldat dor tagidagi toʻnkani zarb bilan tepdi…

Navqiron, bahodir vujud bir lahza dorda tebrandi, soʻng shu tebrangan boʻyi gursillab yerga quladi.

Lyaxov oniy hayrat bilan dovdiradi, keyin qilich yalangʻochlagancha dor tagiga yugurib bordida, mahkumning tepasida haykaldek qotdi. Kaufman koʻzlari chaqchayib, Lusarovga oʻqraydi. Olomon suroni olamni buzdi:

— Yo qudratingdan!

— Nima boʻldi? Matkarim, nima boʻldi?!

— Ollohga xush kelmagach…

— Xaloyiq, nega qarab turibsiz?

— E, hoy, kallangni ol-e!

— Oʻzing qoch, xumsa!

Shovqin-suron orasidan Troskiyning guldiragan yoʻgʻon ovozi yangradi:

— Jim! Jim boʻllaring, deyman! Hammangni toʻpga tuttiraman, jim!

Toʻpchilar bu gapni tasdiqlagandek, zambaraklarning ogʻzini olomonga qarab toʻgʻrilab qoʻydilar.

Koʻzlari shilpiq bir yigitning ingichka, asabiy qichqirigʻi Troskiyning tovushini bosib ketdi:

— E, belida belbogʻi bor erkak bormi oʻzi bu yerda?

Kaufman bejo koʻzlarini Lusarovga qahr bilan qadadi:

— Lusarov! Bu qanday gap?!

— Zoti oliylari…

— Bu qanday gap deyapman?!

— Ijozat eting, zoti oliylari…

— Bas! Sharmandalik! Xiyonat!

— Zoti oliylari, afv etsinlar, tasodif…

— Tasodif! Tasodif emish! Bu dorga hozir oʻzingiz osilishingiz mumkin! Lekin unda tasodif yuz bermaydi! Sharmandalik! Muttahamlik! Boring!

— Nima boʻldi? Oh, aytsalaringiz-chi, nima boʻldi? Menga qarang, knyaz, nima boʻldi, axir? — dedi gubernator xonim atrofga olazarak alanglab.

Boyarskiyning ensasi qotdi, nazokatni yigʻishtirib:

— Nima boʻlardi, arqon uzilib ketdi! — dedi.

— Oh, ana, men aytmadimmi axir! Koʻrdingizmi, uning oʻlimi hatto xudoga ham yoqmayapti! — deya gubernator xonim eriga qaradi.

— Charchagan koʻrinasan, azizam, — dedi Kaufman ijirgʻanib. — Yaxshisi, uyga boraqol. Knyaz, iltimos, xonimlarni kuzatib qoʻysangiz.

— Yoʻq, yoʻq! Biz endi oxirigacha koʻrmasdan ketmaymiz, toʻgʻrimi, Anna Ippolitovna?

Rangi boʻzdek oqarib ketgan grafinya dastroʻmoli bilan yuz-koʻzi, peshonasini artdi.

Qamchibek dor tagida hanuz behush yotardi. Soldatlardan biri uning yuzini qor bilan ishqay boshladi. U koʻzlarini ochdi, atrofiga javdirab, bir zum garangsib turdida, qaddini rostlashga urinarkan, koʻkarib ketgan lablarining burchidan silqib tushayotgan; qonni kafti bilan artib:

— Chirib ketgan ekan, — deb shivirladi. Soʻng yagʻrinini ilkis koʻtarib oʻrnidan turarkan, intihosiz bir gʻurur bilan hayqirdi. — Chirib ketgan ekan!

Aft-basharasi qoʻrquv va gʻazabdan burishib, mudhish tusga kirgan qari soldat qalt-qalt qaltiragancha uning momataloq boʻyniga yana sirtmoq tashladi…

Barabanlar yeru koʻkni zirillatib gumburladi.

Qamchibek qult etib yutindi, entikib-entikib nafas oldi. Peshonasida marvariddek reza ter tomchilari paydo boʻldi. Soʻnggi nafas!

Soʻnggi lahza!

Soʻnggi azob!

Bunchalar shirinsan, achchiq hayot!..

Osmonda oppoq bulutlar koʻpirib toshar, Aravon togʻlari tomondan esayotgan pokiza nasim ona yurtning armon toʻla soʻnggi boʻylarini olib kelar edi.

Keyin na bulutlar, na shamol, na osmon qoldi.

Kaufman shohsupadan tushib, xotinini kuzatib qoʻyish uchun bir zum toʻxtadi. Baronessa tirsagigacha chiqadigan qoʻlqopini kiyarkan, tinmay soʻzlab borar edi: — Oh, naqadar achinarli! Axir, bari bir odam-ku! Odam-a! — Keyin Boyarskiyga oʻgirilib, davom etdi. — Xoʻp, hozircha xayr, knyaz. Darvoqe, ayting-chi, kechqurun biznikiga preferans oʻynagani kelasiz-a? Albatta keling, kutamiz. Aybga buyurmaysiz, knyaz, yagona koʻngilochar ermagimiz shu. Bu yovvoyi oʻlkada biz ham hademay butkul yovvoyi boʻlib ketamiz shekilli. Na muzika, na teatr… Loaqal, tezroq Toshkentga qaytsak ham mayli edi. Oh, knyaz, nimasini aytasiz! Xoʻp, dyemak, sizni kutamiz, albatta keling. Grafinya Shcherbakova bilan yaqindan tanishib olasizlar. O, siz juda ham ucharsiz, knyaz! Xoʻp, mayli! Orevoir, monsier!

Kareta joʻnadi. Kaufman ofitserlar hamrohligida bozor darvozasi tomon yurdi. Yoshgina adyutant qora turkman otni roʻpara qilgan edi, bosh chayqab: “Yoʻq!» dedida, maydon etagidan tor koʻchaga qarab burildi.

Hech kimdan sado chiqmas, Lusarov ham yerga tikilgan koʻyi churq etmay borar edi.

Oʻttiz odimlar shu taxlit yurilgach, Kaufman polkovnikka savol nazari bilan qaradi:

— Polkovnik Lusarov?

— Eshitaman, zoti oliylari?

— Uryadnik?..

— Hozir, zoti oliylari. Mana shu muyulishdan keyin, hozir…

Oʻn besh qadam naridagi jinkoʻcha muyulishida xomush sudralib kelayotgan uryadnik Yepifanovning daroz gavdasi koʻrindi. U boshliqlarga koʻzi tushdiyu joyida tek qotdi.

— Xoʻsh, Yepifanov? — dedi Lusarov unga yaqinlashib.

Yepifanovning qop-qora soqolli uzun iyagi titrab ketgandek boʻldiyu, churq etmay turaverdi.

— Nega indamaysan, Yepifanov? — deya muloyim, homiy ohangda soʻradi Kaufman uryadnikning keng yelkasiga kaftini qoʻyib.

— Zoti oliylari… — Yepifanov tili ogʻziga sigʻmayotgandek gʻoʻldiradi. — Zoti oliylari…

— Tegizolmadingmi?! — Lusarovning koʻzlariga qon toʻldi.

Yepifanov miltiq qoʻndogʻini shu qadar mahkam siqdiki, tirnoqlarining ostiga zirqirab ogʻriq kirdi.

— Otolmadim, zoti oliylari… — U qalin, doʻrdoq lablarini arang qimirlatib, eshitilar-eshitilmas shivirladi. — Otolmadim…

— Nega otolmading, Yepifanov?— Kaufmanning ovozi hamon boyagidek muruvvat toʻla ohangda yangrar edi.

— Zoti oliylari… Xudo haqqi, afv eting, zoti oliylari… — Yepifanov chagʻir koʻzlarini katta ochgancha gubernatorga yolvorib qaradi. — Oʻzim ham bilmay qoldim, zoti oliylari. Anavi tomdan hammasini koʻrib turgan edim… Qoʻlim bormadi, zoti oliylari… Onam esimga tushib ketdi…

Bir lahza ogʻir, asabiy jimlik choʻkdi, soʻngra Lusarovning vahshatli baqirigʻi eshitildi.

— E, oʻsha onangni… — U mislsiz qahrdan koʻkarib soʻkingancha vahshat bilan uryadnikka tashlangan edi,

Kaufman koʻrsatkich barmogʻini koʻtarib, polkovnikni toʻxtatdi, soʻng Yepifanovga yaqinlashib, unga boshdan sinchiklab razm soldi.

— Yepifanov, — dedi u nihoyat baland tovush bilan, — barakalla! Sen haqiqiy soldatning ishini qilgansan, barakalla! — Angrayib qolgan uryadnikning yelkasiga yana bir bor qoqib qoʻydi-da, orqasiga oʻgirilib, adyutant jilovidan tutib turgan otga ildam mindi. Otliqlar Yepifanovni qor toʻzoni ichra qoldirib joʻnadilar.

— Lusarov! — dedi Kaufman garnizon kazarmasi oldida otdan tushayotib. — Uryadnik Yepifanovning bu xizmatlarini taqdirlash lozim, deb hisoblayman. Uqdingizmi? — U maʼnodor chimirilib qoʻydi. — Albatta, taqdirlash kerak!

— Tushunarli, zoti oliylari! — Lusarov itoatkorona bosh egdi.

Oradan ikki oy oʻtgach, pochta aravasida chayqalib oʻtirgan mast yamshchik Orlov guberniyasiga qarashli jimjit, mudroq Gribovo qishlogʻidagi kulbalardan birining eshigini qoqib, minglab chaqirimlar osha adashib-uloqib yetib kelgan bir parcha qogʻozni qora roʻmol oʻragan, koʻzlari nursiz kampirga topshirdi.

Kampir xatni oʻqib, shilq etib yiqildi. Kulba ostonasini izillab yalayotgan izgʻirin shamol maktubni varaqladi:

“…chuqur qaygʻu bilan maʼlum qilamizki, oʻgʻlingiz — Yefim Yepifanov podsho va vatan xizmatida qahramonlarcha halok boʻldi.

Polk komandiri polkovnik Lusarov”.

Shamol uv tortib yubordi.

1979

________________

* Monsier — Azizim (fransuzcha).

* Ach, mein Gott, das ist schlecht! Ach, mein Gott! — Oh, xudoyim, naqadar yomon! Oh, xudoyim! (nemischa)

* Orevoir, monsier! — Xayr, janoblar! (fransuzcha).


Хайриддин Султонов. Бунчалар ширинсан, эй аччиқ ҳаёт! (ҳикоя)

“Олой маликаси” — Қурбонжон додхоҳ 1865 йилдан то 1880 йилгача Помирда бир саркарда сифатида халқни ўз атрофига тўплаб, қўлида яланг қилич билан фон Кауфманга қарши курашди. У шу даражада жасоратли бир хотин эдики, ўғли Қамчибек Кауфман томонидан асир қилиниб, дорга осилаётганда, дор тагига келиб, ўғлига хитобан:
— Хайр, ўғлим, ота-боболаринг ҳам душман қўлида ҳалок бўлди. Шаҳид ўлмоқ бизга мерос. Сенга берган сутим оқ бўлсин! — дея олган ва отининг жиловини терс буриб, ўғлининг тортаётган азоб уқубатларидан шартта юз ўгириб кета олган хотиндир”.
Ғафур Ғулом

* * *

Минг саккиз юз етмиш олтинчи йил, йигирма олтинчи февраль. Марғилон.

Қаҳратон қаҳридаги рутубатли, ҳазин бу кун қишнинг одатий кунларидан деярли фарқ қилмай ниҳоясига етмоқда эди. Бу кун ҳам шаҳар одатдагидек тонг қоронғисида муаззинларнинг овози билан уйғонди. Азонни эшитган аҳли муслим бу кун ҳам шоша-пиша таҳорат олиб, яхлаган йўлаклардаги қор-қировларни ғижирлатганча эрталабки изғиринда жунжика-жунжика масжид сари шошилди; бу кун ҳам паст-баланд томлар устида ҳар доимгидек заиф, беқарор кўкиш тутун хийла вақт муаллақ осилиб турди; бу кун ҳам қуёш худди совқотаётгандек осмонда бир муддат сийқа танга каби хира ялтираб, сўнг паға-паға кулранг булутлар остига кириб кўздан йўқолди, тирикчилик ғамида яйдоқ кўчаларда сарсон суринган турфа одамлар бу кун ҳам шаҳарнинг руҳсиз қиёфасига маъюс бир жонланиш бергандек бўлдилар…

Хуллас, қаҳратон қишнинг бефайз, жимжит бу куни шу чоққача бу кўҳна шаҳар ўз бошидан кечирган минглаб кунлар сингари йўқлик сари ботиб, бир палла, туйқусдан мисли кўрилмаган ола-тўполон бошланди. Бозор майдони тўрт томондан гурас-гурас оқиб келаётган одамлар билан тўлди.

Майдон шаҳар бунёд бўлгандан буён ҳали бу қадар тумонатни кўрмаган эди. Аччиқ изғирин юз-кўзга игнадек санчилади, суяк-суякларни зирқиратади, бўғотлардаги, томлар бошидаги сумалакларни қамчиси билан савалайди, бор тирик жонни ин-инига ҳайдайди, аммо молбозорга туташ яланг саҳнда чумолидек ғужғон ўйнаган оломон тинимсиз қайнаб-тошади. Шоп-мўйлов, кўзлари чақчайган казакларнинг важоҳатидан қути ўчиб дўконларини апил-тапил тақа-тақ ёпиб чиққан баққол ва ҳунармандлар, бозиллаган танчалари олдидан ҳайдаб келтирилган, нима гаплигини англаёлмай гаранг бўлиб, чиммат остидан саросима ва қўрқув билан мўралаб турган хотин-халаж, “Ла ҳавла…”ни бир лаҳза тилидан қўймаган кампирлар, хўмрайган, ялангтўш чоллар, бурнининг суви оқиб йиғламсираган бола-бақралар…

Ҳамманинг оғзида бир гап, ҳамманинг юрагида бир ваҳима: “Қамчибек осилармиш!»

Майдонни отлиқ казаклар ҳалқа шаклида қуршаган. Минбарга ўхшатиб тахтадан ясалган тўрдаги омонат шоҳсупадан Туркистон ўлкаси генерал-губернатори фон Кауфман, Фарғона жазо экспедициясининг бошлиғи, сочлари оппоқ, қош-кўзлари қоп-қора генерал майор Тротский, хушқомат, хушфеъл флигел-адъютант князь Боярский, пакана, оқсоқ полковник Лусаров, Фарғона ҳарбий губернаторлигининг амалдорлари, тулки тумоқ кийган Абдураҳмон офтобачи ва совуқданми, қўрқувданми қунишган бир неча маҳаллий аёнлар бирин-кетин жой олдилар.

Шамол тобора кучлироқ эса бошлади.

Майдонга яна иккита пиёда аскарлар ротаси кириб келдида, саф бошидаги яғриндор офицернинг командасига биноан тўртбурчак ҳосил қилиб тўхтади.

Яғриндор офицер — Ляхов фамилияли майор шоҳсупага яқинлашиб, Кауфманга чест берди:

— Ҳамма нарса тайёр, зоти олийлари. Бошлашга ижозат этадиларми?

Кауфман соатига қаради:

— Бир минутга, майор. Менинг рафиқам ҳам келмоқчи эди. Бир оз кутсак. А, ана, ўзи ҳам келяпти шекилли.

Иккита йўрға тўриқ қўшилган зангори карета шалдираганча майдонга кириб келди. Шоҳсупа ёнида турган адъютантлардан бири шоша-пиша бориб карета эшигини очди. Барра қундуз мўйнали пўстинлари остидаги мовий кўйлакларнинг бурма этакларини авайлаб кўтарганча иккита хоним олдинма-кейин каретадан тушди. Ёши ўтинқираброқ қолган, лекин ҳали расо қадди-қомати буни яшириб турган биринчи аёл шеригига ниманидир уқтира-уқтира, шоҳсупа сари юраркан, Кауфман унинг истиқболига икки-уч қадам пешвоз чиқди. Губернаторни қуршаган аёнлар табассум билан унга эргашдилар.

— Аҳ, азизим, афв этасан, хиёл ушланиб қолдик. Аччиғинг чиқмасин, биласан-ку биз аёлларни: кўзгу деган нарса шундай оҳанрабоки… — Олдинда келаётган хоним Кауфманга шундай дея, офицерларга навозиш ила жилмайди. — Салом, жаноблар!

Троский, Лусаров, Ляхов ва флигел-адъютант Боярский бир-бир келиб, унинг қордек оқ, нозик бармоқларидан ўпдилар.

— Оҳ, князь, князь! — дея бош чайқади Кауфман хоним Боярскийга қараб истиғно билан лабларини бураркан. — Бизни бутунлай унутиб юбордингиз. Яхши эмас, худо ҳаққи, яхши эмас. Ахир, бизнинг сафаримиз ҳам охирлаб қолди, ҳадемай… Танишинг, бу хоним полковник Шчербаковнинг рафиқаси графиня Анна Ипполитовна, “Биз танишмиз”, дейсизми? Оҳ, князь, князь!

Флигел-адъютант хиёл қизариб, кулимсираб турарди.

— Мен бундай қўрқинчли томошаларга асло иштиёқманд эмасман, — деди губернатор хоним Лусаровга мурожаат қилиб. — Кеча эримдан: “Бу исёнчилар қандай одамлар?» деб сўрасам. “Эртага майдонга борсанг, ўз кўзинг билан кўрасан”, деди. Айтингчи, полковник, улар ростдан ҳам шу қадар даҳшатлими?

Лусаров оғзини очмасдан кулди, кўзларини қисганча жиддий қиёфада алланимани сўзлай кетди. Губернатор хоним қулоқ солаётгандек кўринса-да, хаёли паришон экани сезилиб турарди.

— Бошланг! — деди Кауфман Ляховга қараб. — Олиб чиқинг!

Майдон ўртасида ивирсиб юрган қизил этикли, патак соқол, қари солдат шинелини ечди, дор тагидаги тўнкаларни қимирлатиб кўрди, сиртмоқнинг тугунини синчиклаб текширди-да, қўнжига ёпишган қорни қоқиб, майдоннинг нариги бошига қараб кетди.

Оломон орасида бирдан шовур-шувур кўтарилди: тўрт азамат казак одамлар ҳалқасини ёриб, кўк шоҳи тўнининг пахтаси оқиб ётган, кулча юзлари моматалоқ, қўллари кишанбанд бир йигитни ҳайдаб келарди.

— Шуми? — деб сўради графиня Шчербакова чиройли мовий кўзларини ҳайрат ичра катта-катта очиб.

— Ҳа, графиня, — деди Боярский.

— Бечора!

— Оҳ, monsier*, мен чидаёлмайман шекилли, — деди губернатор хоним уҳ тортиб. — Кун ҳам совиб кетдими?

— Азизам, яхшиси уйга қайтақол, — деди Кауфман. — Сенга шамол қаттиқ таъсир қилиши мумкин. Кеча “Бошим оғрияпти”, деган эдинг. Ҳар қалай, бу ер Санкт-Петербург эмас.

— Майли, ҳечқиси йўқ, бир оз турай-чи, — дея оҳиста шивирлади губернатор хоним.

Полковник Лусаров қўлидаги қоғозни шоҳсупага чиқиб келган Ляховга узатди. Майор олдинга ўтиб қоғозни очди, баланд, тиниқ овоз билан дона-дона қилиб ҳукмни ўқий бошлади:

—“…Фарғона губернаторлиги ҳарбий-дала суди айбланувчи — сартия миллатига мансуб, маҳаллий Олой бекларидан Қамчибек Олимбек ўғлининг император аъло ҳазратлари салтанатига қарши қаратилган фитнакорлик хатти-ҳаракатларидан иборат жиноий фаолиятини кўриб чиқди. Кўпдан-кўп ашёвий далиллар ва бевосита гувоҳларнинг шоҳидликлари асосида, чунончи, маҳаллий нуфузли боёнлардан Абдураҳмон офтобачининг сидқидилдан берган кўрсатмалари оқибатида, айбланувчи Қамчибек Олимбек ўғлининг чиндан ҳам император аъзамга, унинг салтанатига, ҳарбий губернаторлик вакиллари ўрнатган тартиботларга катта шикаст етказувчи йирик зараркунанда шахс эканлиги аниқланди. Айбланувчи Қамчибек Олимбек ўғли ака-укалари — қуролли тўдаларнинг бошлиқлари бўлмиш Абдуллабек, Маҳмудбек ва Ҳасанбек билан биргаликда Олой воҳасида бир қанча бузғунчилик ва қўпорувчилик ишларини амалга оширган, маҳаллий аҳоли губернаторлик томонидан қарор топдирилган турғун тартиботларга қарши оёқлантирилган. Унинг қўл остида бўлган, давлат жиноятчиларидан иборат каллакесарлар шайкаси кейинги уч йил ичида айниқса фаоллаша бориб, ҳаракатдаги армия отрядларига, уларнинг жонли кучлари ва озиқ-овқат манбаларига сезиларли зарар етказган. Ҳарбий губернаторликнинг Қамчибек Олимбек ўғлига йўллаган бир қанча огоҳлантиришлари беписандлик билан рад этилган. Бу ёвуз шайкаларнинг саккиз йилдан ортиқ давом этган босқинчилик, хунрезликдан иборат фаолияти натижасида…”

Орқа томондан паст бўйли бир офицер шоҳсупага яқинлашиб, полковник Лусаровнинг қулоғига нимадир деб шивирлади. Полковникнинг ранги оқарди, шоша-пиша Кауфманга юзланди:

— Зоти олийлари… — деб пичирлади у.— Зоти олийлари, Қурбонжон додхоҳ келаётган эмиш!

Кауфман унга ялт этиб қаради:

— Яъни, қандай қилиб? Йўлларга соқчи қўйилмаганмиди?

— Қўйилган, зоти олийлари. Князь Боярскийнинг ўқчи дивизиони билан учинчи драгун полки барча дарвоза ва асосий йўлларни қўриқламоқда. Бироқ… додхоҳ ёлғиз ўзи келаётган эмиш!

— Нимаа?

— Шундай, зоти олийлари.

Кауфман лабларини чимирди:

— Демак, у шаҳарда экан-да. Тушунолмай қолдим. Нима, бу хотин ақлдан озганми? Боши учун ўн беш минг сўм ассигнация тикилганини билмайди, шекилли?

— Яхши, полковник, — деди Кауфман ўзини босиб. — Давом этаверинг. Қани, воқеалар ривожини кўрайлик-чи.

— Демак, тутишга буйруқ берайми?

— Нега? Қуролсиз, яроғсиз, ожиз бир аёлни куппа-кундузи, шаҳар майдонида, оломон олдида… Йўқ, полковник, фақат кузатиб туришга буйруқ беринг. У эҳтимол, ўғли билан видолашмоқчидир. Нега энди уни бундан маҳрум этмоқ керак? Гуманист бўлинг, полковник!

— Хўп бўлади, зоти олийлари!

— “…сартия миллатига мансуб, маҳаллий Олой бекларидан Қамчибек Олимбек ўғлининг император аъло ҳазратлари салтанатига қарши қаратилган жиноий фаолиятини кўриб чиқиб, Фарғона губернаторлиги ҳарбий-дала суди уни ўлим жазосига — осиб ўлдиришга ҳукм қилади. Ҳукм қатъий, шикоят қабул этилмайди.

Ҳарбий-дала судининг раиси генерал-губернатор фон Кауфман. Янги Марғилон, 1876 йил, 26 февраль”.

Майор Ляхов ҳукмни ўқиб тугатдида, Кауфман хомонга ўгирилиб, бош силкиб қўйди.

Соқчи казаклар Қамчибекни дор остига олиб келдилар. Кауфман поручик формасидаги тилмоч Сибгатуллинни чақириб, буюрди:

— Сўрангчи, маҳкумнинг сўнгги истаги бормикан?

Тилмоч сўрашга улгурмади — панг товуши бирдан кўтарилган олағовур ичида кўмилиб кетди: кўк бахмал пешмат кийиб, оқ дакана ўраган Қурбонжон додхоҳ рўпарадан шитоб билан от ўйнатиб келар эди!

Орада ўттиз одим чамаси масофа, барчанинг юзида ҳайрат, таажжуб, тараддуд. Қўрқув…

— Полковник! — Кауфман оқ қўлқопли қўли билан Лусаровни имлади. — Мана, қаранг-а, додхоҳ тап тортмай келяпти. Сизнинг кўпгина офицерларингиз жасорат бобида шу аёлдан ибрат олсалар чакки бўлмас эди. Бирор бурчакдан дайди ўқ отилиб, уни ҳалок қилиши мумкин-а, тўғри эмасми?

Лусаров унга тикилиб қолди.

— Қаранг-а, мутлақо қўрқмаётганга ўхшайди-я! — дея Кауфман мийиғида кулиб қўйди. — Ваҳоланки, дайди ўқ — дайди-да. Нима дейсиз, Лусаров?

— Тушундим, зоти олийлари, — деди Лусаров шивирлаб. — Менинг полкимда бир моҳир мерган бор. Урядник Епифанов.

— Яхши, полковник. Фақат, додхоҳ майдондан соғ-саломат чиқиб кетиши керак. Дайди ўқ унга истаган муюлишда ҳам тегиши мумкин, уқдингизми?

— Тушунарли, зоти олийлари.

Тилмоч минғиллаб, саволни учинчи бор такрорлади. Қамчибек жавоб бермади, кўзларини — ҳасрат, алам ва соғинчдан қовжираб ёнган кўзларини онасининг йўлига ўртаниб тикди, жисми жаҳонни ўртаб:

— Эна-эй-й! — деб ҳайқирди. — Жоним энам!..

Оломон ялписига гувлаб юборди.

Сувори эса ўктам матонат билан тобора яқинлашиб келар, тўриқ бедов бир текис йўрғалар, додхоҳнинг юзларида, маҳкам қимтилган лабларида сокин, хотиржам, ҳатто улуғвор бир ифода акс этар эди. Гўё у ўлим чангалидаги ўғлини кўрмаётгандек, унинг ситамкор ноласини эшитмаётгандек, оппоқ сочлари тўзғиган бошини баланд кўтарганча мағрур от йўрттириб келарди.

Халойиқ тўлқин уриб денгиздек чайқалди, ғазабнок гувиллади. Солдату офицерлар ҳам тош қотган. Бирор кимса нима қиларини, нима деярини билмас эди. Ҳатто Кауфман ҳам саросима аралаш ваҳшат билан қовоқ уйиб турган ҳайкалга ўхшарди.

Додхоҳ солдатлар ҳалқасига яқинлашди, беш қадамлар нарида жиловни тортди. Тошдек оғир, тошдек қаттиқ сукунат чўкди.

— Болам! — деди додхоҳ. Овози бир лаҳза титраб кетдию, шу ондаёқ мардона, қаҳрли тус олди. — Болам! Шаҳид ўлмоқ бизга мерос! Ота-боболаринг ҳам душман қўлида ўлган! Алвидо, болам! Берган сутим оқ бўлсин! — У шундай дея оёғини узангига тираб, отнинг сағрисига зарб билан қамчи урди. Бедов осмонга санчиб, суворини кўтара кетди.

— Рози бўлинг, эна! — Қамчибек ўпкаси тўлиб хирқираб қолди. — Рози бўлинг!

— Мингдан-минг розиман! — Додхоҳ қўлини фотиҳага очди. — Дийдор қиёматга қолди, болам! — Сўнг илкис орқасига қайрилиб, кунчиқар томон от қўйди.

От ёлига икки томчи қайноқ ёш томди. Икки томчи ёш араби бедовнинг вужуд-вужудини куйдириб юборгандек бўлди.

Оломон ҳамон ғалаён солиб гувиллар, тўлғаниб-тошар эди.

— Ҳа… Қизиқ, — Кауфман ўйга толган эди.

— “Олой маликаси” деганлари шуми? — деб сўради хотини. — Ахир, уни жуда кекса дейишарди-ку? Бу эса бемалол от чоптириб юрибди. Айт-чи, нега уни тутишмади?

— Ҳожати йўқ эди, азизам, — дея кулимсиради Кауфман. — У… ўзи таслим бўлиб келади! Мен уни шунга мажбур этаман!

— Менга қара, monsier, биламан, ишларингга аралашишларини ёқтирмайсан, лекин шу йигитни ўлдирмай қўя қолишнинг иложи йўқми? — деди Кауфман хоним пўстиннинг ёқасини тузатаётиб. — Жудаям ёш экан, одам ачинади. Албатта, мен уни жазосиз қолдириш керак, демоқчи эмасман. Лекин бошқача чора кўрилса бўлмайдими? Масалан, сургун ёки каторгага…

— Йўқ! — деди Кауфман ва қатъий оҳангда таъкидлади. — Йўқ! Ҳукмни эшитдинг-ку. Душманга ҳеч қачон шафқат йўқ. Лусаров!

— Эшитаман, зоти олийлари!

— Тезлатинг!

— Хўп бўлади!

— Урядник ким… Епифановмиди?

— Худди шундай, зоти олийлари, Епифанов!

— Яхши.

Лусаров Ляховга қараб имо қилди. Ляхов қўлидаги рўмолчасини силкиб орқага четланди.

Барабанлар гумбурлади. Икки норғул, девқомат казак Қамчибекнинг бўйнига сиртмоқ солди. Юз-кўзини қора ниқоб билан тўсиб олган шинелсиз қари солдат тиз чўкиб чўқинди-да, ўрнидан туриб арқонга қўл чўзди…

— Ё раббий! — Графиня Шчербакова ранги бўздек оқариб, князь Боярскийнинг қўлини муздек бармоқлари билан маҳкам сиқди. — Ё раббий! Нақадар даҳшат!

— Қўрқманг, графиня, қўрқманг. Бу фақат бир лаҳза, холос, — деди Боярский унинг тирсагидан тутиб.

— Ach, mein Gott, das ist schlecht! Ach, mein Gott!* — дея шивирлади қути ўчган губернатор хоним ва кўзларини чирт юмиб олди.

Қамчибек, оёғи ердан узилиб бораркан, кўксидан армон тўла хўрсиниқ отилиб чиқди:

— …бандам дегайсан!

Оломон бирдан жунбушга келди. Кимдир ўкраб юборди.

Ниқобдор солдат дор тагидаги тўнкани зарб билан тепди…

Навқирон, баҳодир вужуд бир лаҳза дорда тебранди, сўнг шу тебранган бўйи гурсиллаб ерга қулади.

Ляхов оний ҳайрат билан довдиради, кейин қилич яланғочлаганча дор тагига югуриб бордида, маҳкумнинг тепасида ҳайкалдек қотди. Кауфман кўзлари чақчайиб, Лусаровга ўқрайди. Оломон сурони оламни бузди:

— Ё қудратингдан!

— Нима бўлди? Маткарим, нима бўлди?!

— Оллоҳга хуш келмагач…

— Халойиқ, нега қараб турибсиз?

— Э, ҳой, каллангни ол-э!

— Ўзинг қоч, хумса!

Шовқин-сурон орасидан Троскийнинг гулдираган йўғон овози янгради:

— Жим! Жим бўлларинг, дейман! Ҳаммангни тўпга туттираман, жим!

Тўпчилар бу гапни тасдиқлагандек, замбаракларнинг оғзини оломонга қараб тўғрилаб қўйдилар.

Кўзлари шилпиқ бир йигитнинг ингичка, асабий қичқириғи Троскийнинг товушини босиб кетди:

— Э, белида белбоғи бор эркак борми ўзи бу ерда?

Кауфман бежо кўзларини Лусаровга қаҳр билан қадади:

— Лусаров! Бу қандай гап?!

— Зоти олийлари…

— Бу қандай гап деяпман?!

— Ижозат этинг, зоти олийлари…

— Бас! Шармандалик! Хиёнат!

— Зоти олийлари, афв этсинлар, тасодиф…

— Тасодиф! Тасодиф эмиш! Бу дорга ҳозир ўзингиз осилишингиз мумкин! Лекин унда тасодиф юз бермайди! Шармандалик! Муттаҳамлик! Боринг!

— Нима бўлди? Оҳ, айтсаларингиз-чи, нима бўлди? Менга қаранг, князь, нима бўлди, ахир? — деди губернатор хоним атрофга олазарак аланглаб.

Боярскийнинг энсаси қотди, назокатни йиғиштириб:

— Нима бўларди, арқон узилиб кетди! — деди.

— Оҳ, ана, мен айтмадимми ахир! Кўрдингизми, унинг ўлими ҳатто худога ҳам ёқмаяпти! — дея губернатор хоним эрига қаради.

— Чарчаган кўринасан, азизам, — деди Кауфман ижирғаниб. — Яхшиси, уйга борақол. Князь, илтимос, хонимларни кузатиб қўйсангиз.

— Йўқ, йўқ! Биз энди охиригача кўрмасдан кетмаймиз, тўғрими, Анна Ипполитовна?

Ранги бўздек оқариб кетган графиня дастрўмоли билан юз-кўзи, пешонасини артди.

Қамчибек дор тагида ҳануз беҳуш ётарди. Солдатлардан бири унинг юзини қор билан ишқай бошлади. У кўзларини очди, атрофига жавдираб, бир зум гарангсиб турдида, қаддини ростлашга уринаркан, кўкариб кетган лабларининг бурчидан силқиб тушаётган; қонни кафти билан артиб:

— Чириб кетган экан, — деб шивирлади. Сўнг яғринини илкис кўтариб ўрнидан тураркан, интиҳосиз бир ғурур билан ҳайқирди. — Чириб кетган экан!

Афт-башараси қўрқув ва ғазабдан буришиб, мудҳиш тусга кирган қари солдат қалт-қалт қалтираганча унинг моматалоқ бўйнига яна сиртмоқ ташлади…

Барабанлар еру кўкни зириллатиб гумбурлади.

Қамчибек қулт этиб ютинди, энтикиб-энтикиб нафас олди. Пешонасида марвариддек реза тер томчилари пайдо бўлди. Сўнгги нафас!

Сўнгги лаҳза!

Сўнгги азоб!

Бунчалар ширинсан, аччиқ ҳаёт!..

Осмонда оппоқ булутлар кўпириб тошар, Аравон тоғлари томондан эсаётган покиза насим она юртнинг армон тўла сўнгги бўйларини олиб келар эди.

Кейин на булутлар, на шамол, на осмон қолди.

Кауфман шоҳсупадан тушиб, хотинини кузатиб қўйиш учун бир зум тўхтади. Баронесса тирсагигача чиқадиган қўлқопини кияркан, тинмай сўзлаб борар эди: — Оҳ, нақадар ачинарли! Ахир, бари бир одам-ку! Одам-а! — Кейин Боярскийга ўгирилиб, давом этди. — Хўп, ҳозирча хайр, князь. Дарвоқе, айтинг-чи, кечқурун бизникига преферанс ўйнагани келасиз-а? Албатта келинг, кутамиз. Айбга буюрмайсиз, князь, ягона кўнгилочар эрмагимиз шу. Бу ёввойи ўлкада биз ҳам ҳадемай буткул ёввойи бўлиб кетамиз шекилли. На музика, на театр… Лоақал, тезроқ Тошкентга қайтсак ҳам майли эди. Оҳ, князь, нимасини айтасиз! Хўп, демак, сизни кутамиз, албатта келинг. Графиня Шчербакова билан яқиндан танишиб оласизлар. О, сиз жуда ҳам учарсиз, князь! Хўп, майли! Orevoir, monsier!

Карета жўнади. Кауфман офицерлар ҳамроҳлигида бозор дарвозаси томон юрди. Ёшгина адъютант қора туркман отни рўпара қилган эди, бош чайқаб: “Йўқ!» дедида, майдон этагидан тор кўчага қараб бурилди.

Ҳеч кимдан садо чиқмас, Лусаров ҳам ерга тикилган кўйи чурқ этмай борар эди.

Ўттиз одимлар шу тахлит юрилгач, Кауфман полковникка савол назари билан қаради:

— Полковник Лусаров?

— Эшитаман, зоти олийлари?

— Урядник?..

— Ҳозир, зоти олийлари. Мана шу муюлишдан кейин, ҳозир…

Ўн беш қадам наридаги жинкўча муюлишида хомуш судралиб келаётган урядник Епифановнинг дароз гавдаси кўринди. У бошлиқларга кўзи тушдию жойида тек қотди.

— Хўш, Епифанов? — деди Лусаров унга яқинлашиб.

Епифановнинг қоп-қора соқолли узун ияги титраб кетгандек бўлдию, чурқ этмай тураверди.

— Нега индамайсан, Епифанов? — дея мулойим, ҳомий оҳангда сўради Кауфман урядникнинг кенг елкасига кафтини қўйиб.

— Зоти олийлари… — Епифанов тили оғзига сиғмаётгандек ғўлдиради. — Зоти олийлари…

— Тегизолмадингми?! — Лусаровнинг кўзларига қон тўлди.

Епифанов милтиқ қўндоғини шу қадар маҳкам сиқдики, тирноқларининг остига зирқираб оғриқ кирди.

— Отолмадим, зоти олийлари… — У қалин, дўрдоқ лабларини аранг қимирлатиб, эшитилар-эшитилмас шивирлади. — Отолмадим…

— Нега отолмадинг, Епифанов?— Кауфманнинг овози ҳамон боягидек мурувват тўла оҳангда янграр эди.

— Зоти олийлари… Худо ҳаққи, афв этинг, зоти олийлари… — Епифанов чағир кўзларини катта очганча губернаторга ёлвориб қаради. — Ўзим ҳам билмай қолдим, зоти олийлари. Анави томдан ҳаммасини кўриб турган эдим… Қўлим бормади, зоти олийлари… Онам эсимга тушиб кетди…

Бир лаҳза оғир, асабий жимлик чўкди, сўнгра Лусаровнинг ваҳшатли бақириғи эшитилди.

— Э, ўша онангни… — У мислсиз қаҳрдан кўкариб сўкинганча ваҳшат билан урядникка ташланган эди,

Кауфман кўрсаткич бармоғини кўтариб, полковникни тўхтатди, сўнг Епифановга яқинлашиб, унга бошдан синчиклаб разм солди.

— Епифанов, — деди у ниҳоят баланд товуш билан, — баракалла! Сен ҳақиқий солдатнинг ишини қилгансан, баракалла! — Анграйиб қолган урядникнинг елкасига яна бир бор қоқиб қўйди-да, орқасига ўгирилиб, адъютант жиловидан тутиб турган отга илдам минди. Отлиқлар Епифановни қор тўзони ичра қолдириб жўнадилар.

— Лусаров! — деди Кауфман гарнизон казармаси олдида отдан тушаётиб. — Урядник Епифановнинг бу хизматларини тақдирлаш лозим, деб ҳисоблайман. Уқдингизми? — У маънодор чимирилиб қўйди. — Албатта, тақдирлаш керак!

— Тушунарли, зоти олийлари! — Лусаров итоаткорона бош эгди.

Орадан икки ой ўтгач, почта аравасида чайқалиб ўтирган маст ямшчик Орлов губерниясига қарашли жимжит, мудроқ Грибово қишлоғидаги кулбалардан бирининг эшигини қоқиб, минглаб чақиримлар оша адашиб-улоқиб етиб келган бир парча қоғозни қора рўмол ўраган, кўзлари нурсиз кампирга топширди.

Кампир хатни ўқиб, шилқ этиб йиқилди. Кулба остонасини изиллаб ялаётган изғирин шамол мактубни варақлади:

“…чуқур қайғу билан маълум қиламизки, ўғлингиз — Ефим Епифанов подшо ва ватан хизматида қаҳрамонларча ҳалок бўлди.

Полк командири полковник Лусаров”.

Шамол ув тортиб юборди.

1979

________________

* Monsier — Азизим (французча).

* Ach, mein Gott, das ist schlecht! Ach, mein Gott! — Оҳ, худойим, нақадар ёмон! Оҳ, худойим! (немисча)

* Orevoir, monsier! — Хайр, жаноблар! (французча).