January 7, 2024

Abdulhamid Choʻlpon. Qor qoʻynida lola (hikoya)

| Кирилл ёзувидаги матн пастроқда

I

Bir, ikki, uch, toʻrt… besh; besh… olti! Yetti, sakkiz, toʻqqiz, oʻn...

Kichkina, qizil ipdan bezalgan toʻp (kaptov) aljib qochib ketib, yertoʻla ogʻilning devoriga yondoshib oʻskan yosh qantak oʻrikka borib tegdi-da, sakrab hovuzgʻa “shoʻp” etib tushib ham ketdi…

Qizlar barchasi birdan:

– Voy, oʻlaqolay, hovuzgʻa tushib ketdi! – deb qichqirishib yubordilar. Toʻpni tutish uchun quvalab borayotgʻon Sharofatxon ham hovuz yonida qotib qoldi…

Barcha qizlar suv yuzida erkalanib suzib yurgan toʻpga biroz qarashib turdilar-da, bu orada bir-birlariga boqishib, yumshoqqina kulishib ham oldilar.

Toji qassobning kichik qizi Turgʻunbush yugurib borib ogʻilning tomigʻa chiqdi-da, bir chekkaga bosib qoʻyilgʻon tut oʻtinidan bitta uzun butoqni sindirib olib, hovuz boʻyiga keldi va haligi butoq bilan suvni oʻz tomonigʻa torta boshladi; qizlar uning tegrasiga duv yigʻilib, toʻpning suvdan chiqishini kuta boshladilar.

Suv yasama oqish bilan qizlar tomongʻa oqa boshlagʻondan soʻng, yarim belidan suvga koʻmilgan toʻp dam botib, dam chiqib sekingina qirgʻoqqa keldi. Qizlar qiy-chuv bilan ushlab ham oldilar.

Suv bilan shalabbo boʻlgʻon toʻpni Sharofatxon oldi-da, “Hu, qochmay oʻlgin, tutulding-ku!” deb yerga urdi. Uning bu ishiga Abdulla jallobning qizi Toʻtixonning achchigʻi keldi, darrov borib yerdan toʻpni oldi va:

– Hoy, bunda nima yoziq? Buning joni boʻlmasa… oʻzingiz tushirib, bu boyaqishni tagʻin qargʻaysizmi?– deb toʻpni suvda chayqab olgʻondan soʻng, labini tishlab, bor kuchi bilan siqmoqqa boshladi.

Sharofatxon qizlarga qarab:

– Baribir, qancha siqib quritmoqchi boʻlsak-da, hoʻl toʻp chiqmaydur, endi boshqa kimning toʻpi bor?

– Voy, oʻla qolay, hech qaysinglarniki yoʻqmi? Saltanat, seniki bor edi-yu?

– Meniki bor edi-yu, tunov kun Gulnor oʻlgur, yoʻqotib kelibdir…

– Boʻlmasa, oʻyin tugabdir-da?

– Yoʻq, boshqa oʻyin qilamiz!

– Hu, oʻlaqolsun, toʻp oʻyinidan ham yaxshisi bormi?

– Hay, Sharofatxon, siz oʻzingiz kira qolingiz, oʻrus toʻpingizni olib chiqasiz!

– Oʻrus toʻpim yorilib edi-ku…

– Voy, essizgina, qachon?

– Qachonlari-yu…

Shu vaqtda bogʻning kichkina eshikchasidan. hovruqqancha yugurib bir kichkina qiz kela boshladi.

Turgʻunbush birdan:

– Ha, ana mening singlim chiqib qoldi, uyga toʻpga yuboraman! – dedi. Barcha qizlar:

– Ha, ha, Fazilatni yuboramiz! – dedilar.

Kichkina qiz – Fazilat yugurib kelib opasining boʻynigʻa osildi.

– Bir chekkaga chiqing, opa, sizga qiziq gapim bor.

Barcha qizlar birdan:

– Qizigʻi oʻlsin, qizigʻi, aytaber barchamizgʻa!

– Yoʻq, opamning oʻziga aytaman.

– Boʻlmasa, opang bizga aytib beradir…

Egachi-singil hovuz boʻyigʻa ketdilar… Eshmat qorovulning mahmadana, qiziq gaplarni bilaturgʻon qizi Tillaxon turib:

– Qiziq gapi nima boʻlar edi, aytmasa ham bilaman.

– Ayt-chi, bilsang?

– Nima boʻlar edi, Turgʻunbushga kuyov kelgandir! – Barchalari kulishdilar.

Turgʻunbush qaytib keldi-da:

– Oʻla qolsun, Tilla, menga kuyov emas, Sharofatxonga sovchi kelibdir! – dedi. Qizlar bir-birlariga qarashib oldilar. Sharofatxon qip-qizil qizarib, turgʻon yerida qotib qolgʻon edi.

II

Sharofatxonning otasi Samandar aka ilgaridan ot chiqargʻon bir savdogar edi. Shuncha ogʻirchilik yillar-da, qiymat-kasod vaqtlarida ishini taraqlatib kelib, oxiri oʻzgʻon yili erta bahorda singʻon. Bor-yoʻgʻini qarzigʻa sotib berganidan soʻng, juda soʻfi boʻlib eshonlarnikida chuvalashib qolgʻon edi.

Erta bilan saharlab eshonnikiga ketar, zikr boʻlsa-boʻlmasa eshonning ishini qilib, kechqurun shomlatib uyiga kelar edi. Uyga kelgandan soʻng ham bir qoshiq quyuq-suyugʻi boʻlsa totinib, malla joynamozning ustiga chiqib oʻlturib, qahrabo tasbehni necha davr aylantirib “vazifa”larini oʻqur, soʻngra to yarim kecha-sahargacha hoʻngur-hoʻngur yigʻlar edi…

Bir kun eshonnikida katta va qizgʻin bir zikr boʻldi. Zikrga boshqa shaharlardan ham oʻtli-nafas bilan oʻqiyturgʻon hofizlar keldilar. Xonaqohning ichi zich toʻldi. Erta bilan bomdoddan soʻng boshlangʻon “zikr” xuftongʻa yaqin zoʻrgʻa tugadi. Bir necha kishi oʻzidan ketib u yer-bu yerda yumalanib qoldilar, yongʻon soʻfilardan bir-ikkitasi “jazava”ning ortigʻligʻidan borib oʻzlarini hovuzgʻa tashladilar. Qisqasi, bu kun qiyomat boʻldi.

Ertasi kuni erta bilan xonaqohning mehrobi oldida hazrat eshon oʻlturganlar, ikki yonlarida uchtadan olti hofiz, bir oʻn besh chamasi muridlar…

Eshon qutlugʻ boshlarini quyi solib “sukut”ga ketkanlar.

Tashqarida toʻpolon, shovqin, biri qoʻy yetaklagan» biri non koʻtargan, biri kiyim sarpo…

Samandar aka xonaqohdan chiqdi, haligi nazrlarning barchasini koʻrdi, koʻzdan oʻtkazdi.

– Ha balli, barakalla, Sulton Orifning jamollarini koʻring!– deb javrab, hazrat eshonning quchogʻ-quchogʻ duolarini xonaqohdan chiqarib berib turgʻon soʻfi kulib, oʻynab Samandar akaga qaradi-da:

– Ha, boy aka, nazrdan darak bormi? – dedi. Samandar aka darvozadan chiqar ekan:

– Boʻlib qolar, soʻfi! – dedi.

Samandar aka uyga kelguncha koʻnglidagi tuygʻular bilan tortishib keldi. Oʻzining piri va ustoziga tuzukkina, kattagina, iloji boʻlsa boshqa muridlar bera olmagʻon bir narsa bermakchi edi. Biroq uyda arzigudek bir narsa yoʻq. Arziyturgʻon narsalari boʻlsa, barchasi qarzgʻa ketkan… Koʻp oʻyladi, biroq hech bir narsaga koʻngli qaror topmadi.

– Agar ilgarigi vaqtim boʻlsa, ola qashqani tutar edim…

Koʻngli ogʻridi, bir zamongʻi boyliqlari, davlatlari esiga tushdi: ola qashqasi, toʻruq yoʻrgʻasi, boʻyi tevadek Maskov zovud oti… uch faytoʻn, yer-suvi…

Uncha-munchani berishni oʻziga ep bilmadi. Boshqa nazrlarni bosib ketgundek bir narsa berishga oʻylar edi.

Birdan Yoʻldosh boyvachcha esiga tushib ketdi.

– Yoʻldosh boyvachcha oʻn botmon guruch, bitta yaxshi uloqchi ot, bosh-oyoq kiyim berdi…

Shunday xayollar bilan havlisiga yetib, ichkari uyga kirmakchi boʻlgʻon edi, xotini toʻxtatdi:

– Ichkarida xotinlar bor, siz tashqari uyga kirib turing, qoʻnoqlarga osh-suv qilgʻon edim, men sizga osh olib chiqay!

Samandar aka kichkina tovoqdagʻi oshni yolgʻiz ultirib yemakka tutindi. Oshni yarimlatgʻon ham edi, oldiga xotini chiqib qarshisiga oʻltirdi:

– Yaxshi ham kelib qoldingiz, otasi, qizingizga sovchilar kelib, men nima deyishni bilmay turib edim!

– Kim ekan ular, qayerdan ekan?

– Anovi Aziza otin bilan Rustam akaning xotini… oʻzingizning eshoningiznikidan sovchi boʻlib kelishibdirlar… Endi eshonning oʻzlari ham “qarib quyilmagʻon, achib suyilmagʻon”lar, deya ikkita xotinlari ustiga tagʻin bu…

Bu soʻzni eshitishi bilanoq Samandar akaning koʻzlari chaqchayib ketdi:

– Toʻgʻrimi, eshonnikidanmi, toʻgʻrimi? Eshon nega oʻzimga mazmun qilmadilar ekan?

– Endi katta odam, men sovchilarga hali qizim yosh, endi 17 ga chiqdi, dedim. Shunday deb javob bera qolaymi?

Bu vaqt kimdir, tashqaridan bir xotin tovushi eshitildi:

– Qumribush, qoʻnoqlar turishdilar! –

Qumribush oʻrnidan turdi, eriga bir nima degandek qaradi.

Samandarboy bir yosh qizini, bir eshonni, boyagi nazr-niyoz masalasini, eng soʻng kimsan hazrat eshonning kuyovliklarini oʻylab turdi-da:

– “Bitta qizimiz boʻlsa, hazrat eshonimizgʻa tutdik, sadagʻalari ketsun!” degil!– dedi.

Qumribush kutilmagan bu gapdan oqardi, koʻkardi, suvratdek qotib devorga suyalib qoldi…

III

Sharofatxon Samandar akaning bitta-yu bitta qizi edi. Bu qiz shu tegraning koʻrklilikda, chevarlikda, shoʻxlik va oʻynoqilikda bitta-yu bittasi edi. Mahalla-koʻyning oʻspurunlaridan ikkita-uchtasi bir yerga yigʻilsalar, topgʻon-tutgʻonlari shul Sharofatxon masalasi boʻlur. “Bu qiz qaysi xudo yarlaqagʻonniki boʻlur ekan? Kimning uyini obod qilar ekan?” deb bosh ogʻritarlar edi.

Sharofatxonning eshonga berilish xabari chiqqondan soʻng, butun mahalla-koʻy yana bir necha kun shuning dovrigʻini qilishdilar.

Koʻchada qator-qator aravalar chopishib, bir-birlaridan oʻzishadirlar.

Oʻn-oʻn besh aravaga toʻlgʻon xotinlarning tartibsiz “yor-yor”lari dunyoni buzib, koʻkni koʻtarib borar edi.

Sandiq, koʻrpa, gilam, tugun va boshqa narsalar yuklagan va yuklar ustiga yana bitta-ikkita kampir oʻtqizgan aravakashlar ilgarigilardek bir-birlari bilan basma-baslashib chopishar edilar.

Shu guldir-sholdir, shovqin-suron, qiy-chuv bilan ketayotqon koʻch eng soʻng eshonning eshigiga yaqinlashdi. Koʻchaning oʻrtasigʻa gurullatib yoqilgʻon, alangasi osmongʻa chiqqon oʻtning tegrasiga toʻplangʻon bir toʻp erkaklar tovushlarining boricha “yor-yor”ni choʻzgʻon; ularning berigi biqinida boshiga paranji yopingʻon, chopon tashlagʻon, roʻmol tutgʻon xotinlar, kelinlar, qizchalar… oʻz oldilarigʻa katta toʻp boʻlib, ular ham “yor-yor”ni qoʻyib yuborgʻon edilar.

Taxta-taxta koʻpuruk taxting boʻlsin, yor-yor,

Paygʻambarning qizidek baxting boʻlsin, yor-yor!

Uzun-uzun argʻamchi halunchakka yor-yor,

Chakan koʻnglak yarashar kelinchakka yor-yor.

Oʻtning tegrasiga toʻplangʻon er-xotin barchasi birdan: “Kelin keldi, kelin keldi!” deb yuborishdilar. Bir necha yigit quchoq-quchoq gʻoʻzapoya olib chiqib, oʻtning oʻrtasigʻa tashladilar, oʻt yana kuchaydi, yana alanga berdi.

Har kim pitirlab qimirlab qoldi. Bolalar qiz kelayotgʻon tomongʻa qarab chopishib ketdilar.

Shovqin, toʻpolon orasida aravalar yetdilar. Xalq orasida:

– Ana kelin, ana qiz tushgan arava! – degan gaplar boshlandi.

Aravakash kelinli aravani “namoyishkorona” bir suratda oʻtning oʻrtasidan otni qamchilagʻoncha olib oʻtib, eshikka yaqin bir yerda toʻxtadi.

– Kuyov pochcha, kuyov pochcha! Taqsirim qanilar? Qoch, qoch,– degan tovushlar koʻtarildi.

Bir vaqt oppoq soqolli, qari, boʻshashgʻon bir chol (kuyov toʻra) ustiga zarbof toʻn kiyib, katta oʻrama belboq bogʻlagʻoni holda birmuncha oqsoqol muridlari oʻrtasida sekingina sudralib aravaga yaqinlashdi. Yana xalq oʻrtasida:

– Koʻtaring-a, kuyov pochcha, koʻtaring-a!

– Oʻzingizni tetik tuting, taqsir!

– Ha, taqsir, koʻtaring!

Chol titrak qoʻllarini aravaga uzatib, qizni koʻtardi va bir-ikki odum bosgʻondan soʻng yerga qoʻydi.

Yana xalq chuvirlashib ketdi:

– Barakalla, taqsir, barakalla!

– Boʻsh kelmadilar taqsirim!

– Hali bellari baquvvat ekan taqsirimning!

Bu shovqin, qiy-chuv, toʻpolon yarim kechaga borib toʻxtadi. Haligi tomosha oʻrni boʻlgʻon koʻchada kishilar arib, qop-qorongʻi, jimjit bir goʻristonga aylandi.

IV

Bu vaqt eshonning eshigidan ikki yosh yigit chiqdilar.

– Hoʻx-hoʻ, koʻcha juda qorongʻi-ku!

– Shuni aytgil-a, osmonda dorigʻa ham bitta yulduz topilmaydur!

– Yuraber. Bu kecha xuddi eshonbobongning koʻnglidek boʻlibdir.

– Toʻgʻri-ya, men qizgʻa achinaman, boyaqish kelib-kelib kimniki boʻldi-ya!..

– Nimasini aytasan, otasining uyi kuysun, odam emas ekan!

– Soqolini oppoq tutadek qilib, nevarasidek bir qizni aravadan olishini qara, kishi chidamas ekan. Shuni bir narsaga oʻxshatgʻum keldi-yu, oʻxshata olmadim-da!

Shu choq bir burchakda koʻcha poylab yotgʻon Mamat qorovul yigʻlagʻonday qilib hushtagini chalib oldi-da:

– Nimasini aytasiz, yigitlar, dunyo oʻzi shunday teskari dunyo ekan… Lolaning ustiga qor yogʻdi!.. – dedi.

Yigitlar javob bermadilar va qorongʻiliq quchogʻigʻa kirib yoʻq boʻldilar…


АбдулҳамидЧўлпон. Қор қўйнида лола (ҳикоя)

I

Бир, икки, уч, тўрт… беш; беш… олти! Етти, саккиз, тўққиз, ўн...

Кичкина, қизил ипдан безалган тўп (каптов) алжиб қочиб кетиб, ертўла оғилнинг деворига ёндошиб ўскан ёш қантак ўрикка бориб тегди-да, сакраб ҳовузға «шўп» этиб тушиб ҳам кетди…

Қизлар барчаси бирдан:

– Вой, ўлақолай, ҳовузға тушиб кетди! – деб қичқиришиб юбордилар. Тўпни тутиш учун қувалаб бораётғон Шарофатхон ҳам ҳовуз ёнида қотиб қолди…

Тўп сувга шўнғиб кетиб ҳовузнинг ўртасидан чиқди ва қизларнинг ҳавасли, ўйноқи кўзлари олдида гердайиб, секингина суза бошлади.

Барча қизлар сув юзида эркаланиб сузиб юрган тўпга бироз қарашиб турдилар-да, бу орада бир-бирларига боқишиб, юмшоққина кулишиб ҳам олдилар.

Тожи қассобнинг кичик қизи Турғунбуш югуриб бориб оғилнинг томиға чиқди-да, бир чеккага босиб қўйилғон тут ўтинидан битта узун бутоқни синдириб олиб, ҳовуз бўйига келди ва ҳалиги бутоқ билан сувни ўз томониға торта бошлади; қизлар унинг теграсига дув йиғилиб, тўпнинг сувдан чиқишини кута бошладилар.

Сув ясама оқиш билан қизлар томонға оқа бошлағондан сўнг, ярим белидан сувга кўмилган тўп дам ботиб, дам чиқиб секингина қирғоққа келди. Қизлар қий-чув билан ушлаб ҳам олдилар.

Сув билан шалаббо бўлғон тўпни Шарофатхон олди-да, «Ҳу, қочмай ўлгин, тутулдинг-ку!» деб ерга урди. Унинг бу ишига Абдулла жаллобнинг қизи Тўтихоннинг аччиғи келди, дарров бориб ердан тўпни олди ва:

– Ҳой, бунда нима ёзиқ? Бунинг жони бўлмаса… ўзингиз тушириб, бу бояқишни тағин қарғайсизми?– деб тўпни сувда чайқаб олғондан сўнг, лабини тишлаб, бор кучи билан сиқмоққа бошлади.

Шарофатхон қизларга қараб:

– Барибир, қанча сиқиб қуритмоқчи бўлсак-да, ҳўл тўп чиқмайдур, энди бошқа кимнинг тўпи бор?

– Вой, ўла қолай, ҳеч қайсингларники йўқми? Салтанат, сеники бор эди-ю?

– Меники бор эди-ю, тунов кун Гулнор ўлгур, йўқотиб келибдир…

– Бўлмаса, ўйин тугабдир-да?

– Йўқ, бошқа ўйин қиламиз!

– Ҳу, ўлақолсун, тўп ўйинидан ҳам яхшиси борми?

– Ҳай, Шарофатхон, сиз ўзингиз кира қолингиз, ўрус тўпингизни олиб чиқасиз!

– Ўрус тўпим ёрилиб эди-ку…

– Вой, эссизгина, қачон?

– Қачонлари-ю…

Шу вақтда боғнинг кичкина эшикчасидан. ҳовруққанча югуриб бир кичкина қиз кела бошлади.

Турғунбуш бирдан:

– Ҳа, ана менинг синглим чиқиб қолди, уйга тўпга юбораман! – деди. Барча қизлар:

– Ҳа, ҳа, Фазилатни юборамиз! – дедилар.

Кичкина қиз – Фазилат югуриб келиб опасининг бўйниға осилди.

– Бир чеккага чиқинг, опа, сизга қизиқ гапим бор.

Барча қизлар бирдан:

– Қизиғи ўлсин, қизиғи, айтабер барчамизға!

– Йўқ, опамнинг ўзига айтаман.

– Бўлмаса, опанг бизга айтиб берадир…

Эгачи-сингил ҳовуз бўйиға кетдилар… Эшмат қоровулнинг маҳмадана, қизиқ гапларни билатурғон қизи Тиллахон туриб:

– Қизиқ гапи нима бўлар эди, айтмаса ҳам биламан.

– Айт-чи, билсанг?

– Нима бўлар эди, Турғунбушга куёв келгандир! – Барчалари кулишдилар.

Турғунбуш қайтиб келди-да:

– Ўла қолсун, Тилла, менга куёв эмас, Шарофатхонга совчи келибдир! – деди. Қизлар бир-бирларига қарашиб олдилар. Шарофатхон қип-қизил қизариб, турғон ерида қотиб қолғон эди.

II

Шарофатхоннинг отаси Самандар ака илгаридан от чиқарғон бир савдогар эди. Шунча оғирчилик йиллар-да, қиймат-касод вақтларида ишини тарақлатиб келиб, охири ўзғон йили эрта баҳорда синғон. Бор-йўғини қарзиға сотиб берганидан сўнг, жуда сўфи бўлиб эшонларникида чувалашиб қолғон эди.

Эрта билан саҳарлаб эшонникига кетар, зикр бўлса-бўлмаса эшоннинг ишини қилиб, кечқурун шомлатиб уйига келар эди. Уйга келгандан сўнг ҳам бир қошиқ қуюқ-суюғи бўлса тотиниб, малла жойнамознинг устига чиқиб ўлтуриб, қаҳрабо тасбеҳни неча давр айлантириб «вазифа»ларини ўқур, сўнгра то ярим кеча-саҳаргача ҳўнгур-ҳўнгур йиғлар эди…

Бир кун эшонникида катта ва қизғин бир зикр бўлди. Зикрга бошқа шаҳарлардан ҳам ўтли-нафас билан ўқийтурғон ҳофизлар келдилар. Хонақоҳнинг ичи зич тўлди. Эрта билан бомдоддан сўнг бошланғон «зикр» хуфтонға яқин зўрға тугади. Бир неча киши ўзидан кетиб у ер-бу ерда юмаланиб қолдилар, ёнғон сўфилардан бир-иккитаси «жазава»нинг ортиғлиғидан бориб ўзларини ҳовузға ташладилар. Қисқаси, бу кун қиёмат бўлди.

Эртаси куни эрта билан хонақоҳнинг меҳроби олдида ҳазрат эшон ўлтурганлар, икки ёнларида учтадан олти ҳофиз, бир ўн беш чамаси муридлар…

Эшон қутлуғ бошларини қуйи солиб «сукут»га кетканлар.

Ташқарида тўполон, шовқин, бири қўй етаклаган» бири нон кўтарган, бири кийим сарпо…

Самандар ака хонақоҳдан чиқди, ҳалиги назрларнинг барчасини кўрди, кўздан ўтказди.

– Ҳа балли, баракалла, Султон Орифнинг жамолларини кўринг!– деб жавраб, ҳазрат эшоннинг қучоғ-қучоғ дуоларини хонақоҳдан чиқариб бериб турғон сўфи кулиб, ўйнаб Самандар акага қаради-да:

– Ҳа, бой ака, назрдан дарак борми? – деди. Самандар ака дарвозадан чиқар экан:

– Бўлиб қолар, сўфи! – деди.

Самандар ака уйга келгунча кўнглидаги туйғулар билан тортишиб келди. Ўзининг пири ва устозига тузуккина, каттагина, иложи бўлса бошқа муридлар бера олмағон бир нарса бермакчи эди. Бироқ уйда арзигудек бир нарса йўқ. Арзийтурғон нарсалари бўлса, барчаси қарзға кеткан… Кўп ўйлади, бироқ ҳеч бир нарсага кўнгли қарор топмади.

– Агар илгариги вақтим бўлса, ола қашқани тутар эдим…

Кўнгли оғриди, бир замонғи бойлиқлари, давлатлари эсига тушди: ола қашқаси, тўруқ йўрғаси, бўйи тевадек Масков зовуд оти… уч файтўн, ер-суви…

Унча-мунчани беришни ўзига эп билмади. Бошқа назрларни босиб кетгундек бир нарса беришга ўйлар эди.

Бирдан Йўлдош бойвачча эсига тушиб кетди.

– Йўлдош бойвачча ўн ботмон гуруч, битта яхши улоқчи от, бош-оёқ кийим берди…

Шундай хаёллар билан ҳавлисига етиб, ичкари уйга кирмакчи бўлғон эди, хотини тўхтатди:

– Ичкарида хотинлар бор, сиз ташқари уйга кириб туринг, қўноқларга ош-сув қилғон эдим, мен сизга ош олиб чиқай!

Самандар ака кичкина товоқдағи ошни ёлғиз ултириб емакка тутинди. Ошни яримлатғон ҳам эди, олдига хотини чиқиб қаршисига ўлтирди:

– Яхши ҳам келиб қолдингиз, отаси, қизингизга совчилар келиб, мен нима дейишни билмай туриб эдим!

– Ким экан улар, қаердан экан?

– Анови Азиза отин билан Рустам аканинг хотини… ўзингизнинг эшонингизникидан совчи бўлиб келишибдирлар… Энди эшоннинг ўзлари ҳам «қариб қуйилмағон, ачиб суйилмағон»лар, дея иккита хотинлари устига тағин бу…

Бу сўзни эшитиши биланоқ Самандар аканинг кўзлари чақчайиб кетди:

– Тўғрими, эшонникиданми, тўғрими? Эшон нега ўзимга мазмун қилмадилар экан?

– Энди катта одам, мен совчиларга ҳали қизим ёш, энди 17 га чиқди, дедим. Шундай деб жавоб бера қолайми?

Бу вақт кимдир, ташқаридан бир хотин товуши эшитилди:

– Қумрибуш, қўноқлар туришдилар! –

Қумрибуш ўрнидан турди, эрига бир нима дегандек қаради.

Самандарбой бир ёш қизини, бир эшонни, бояги назр-ниёз масаласини, энг сўнг кимсан ҳазрат эшоннинг куёвликларини ўйлаб турди-да:

– «Битта қизимиз бўлса, ҳазрат эшонимизға тутдик, садағалари кетсун!» дегил!– деди.

Қумрибуш кутилмаган бу гапдан оқарди, кўкарди, сувратдек қотиб деворга суялиб қолди…

III

Шарофатхон Самандар аканинг битта-ю битта қизи эди. Бу қиз шу тегранинг кўрклиликда, чеварликда, шўхлик ва ўйноқиликда битта-ю биттаси эди. Маҳалла-кўйнинг ўспурунларидан иккита-учтаси бир ерга йиғилсалар, топғон-тутғонлари шул Шарофатхон масаласи бўлур. «Бу қиз қайси худо ярлақағонники бўлур экан? Кимнинг уйини обод қилар экан?» деб бош оғритарлар эди.

Шарофатхоннинг эшонга берилиш хабари чиққондан сўнг, бутун маҳалла-кўй яна бир неча кун шунинг довриғини қилишдилар.

Кўчада қатор-қатор аравалар чопишиб, бир-бирларидан ўзишадирлар.

Ўн-ўн беш аравага тўлғон хотинларнинг тартибсиз «ёр-ёр»лари дунёни бузиб, кўкни кўтариб борар эди.

Сандиқ, кўрпа, гилам, тугун ва бошқа нарсалар юклаган ва юклар устига яна битта-иккита кампир ўтқизган аравакашлар илгаригилардек бир-бирлари билан басма-баслашиб чопишар эдилар.

Шу гулдир-шолдир, шовқин-сурон, қий-чув билан кетаётқон кўч энг сўнг эшоннинг эшигига яқинлашди. Кўчанинг ўртасиға гуруллатиб ёқилғон, алангаси осмонға чиққон ўтнинг теграсига тўпланғон бир тўп эркаклар товушларининг борича «ёр-ёр»ни чўзғон; уларнинг бериги биқинида бошига паранжи ёпинғон, чопон ташлағон, рўмол тутғон хотинлар, келинлар, қизчалар… ўз олдилариға катта тўп бўлиб, улар ҳам «ёр-ёр»ни қўйиб юборғон эдилар.

Тахта-тахта кўпурук тахтинг бўлсин, ёр-ёр,

Пайғамбарнинг қизидек бахтинг бўлсин, ёр-ёр!

Узун-узун арғамчи ҳалунчакка ёр-ёр,

Чакан кўнглак ярашар келинчакка ёр-ёр.

Ўтнинг теграсига тўпланғон эр-хотин барчаси бирдан: «Келин келди, келин келди!» деб юборишдилар. Бир неча йигит қучоқ-қучоқ ғўзапоя олиб чиқиб, ўтнинг ўртасиға ташладилар, ўт яна кучайди, яна аланга берди.

Ҳар ким питирлаб қимирлаб қолди. Болалар қиз келаётғон томонға қараб чопишиб кетдилар.

Шовқин, тўполон орасида аравалар етдилар. Халқ орасида:

– Ана келин, ана қиз тушган арава! – деган гаплар бошланди.

Аравакаш келинли аравани «намойишкорона» бир суратда ўтнинг ўртасидан отни қамчилағонча олиб ўтиб, эшикка яқин бир ерда тўхтади.

– Куёв почча, куёв почча! Тақсирим қанилар? Қоч, қоч,– деган товушлар кўтарилди.

Бир вақт оппоқ соқолли, қари, бўшашғон бир чол (куёв тўра) устига зарбоф тўн кийиб, катта ўрама белбоқ боғлағони ҳолда бирмунча оқсоқол муридлари ўртасида секингина судралиб аравага яқинлашди. Яна халқ ўртасида:

– Кўтаринг-а, куёв почча, кўтаринг-а!

– Ўзингизни тетик тутинг, тақсир!

– Ҳа, тақсир, кўтаринг!

Чол титрак қўлларини аравага узатиб, қизни кўтарди ва бир-икки одум босғондан сўнг ерга қўйди.

Яна халқ чувирлашиб кетди:

– Баракалла, тақсир, баракалла!

– Бўш келмадилар тақсирим!

– Ҳали беллари бақувват экан тақсиримнинг!

Бу шовқин, қий-чув, тўполон ярим кечага бориб тўхтади. Ҳалиги томоша ўрни бўлғон кўчада кишилар ариб, қоп-қоронғи, жимжит бир гўристонга айланди.

IV

Бу вақт эшоннинг эшигидан икки ёш йигит чиқдилар.

– Ҳўх-ҳў, кўча жуда қоронғи-ку!

– Шуни айтгил-а, осмонда дориға ҳам битта юлдуз топилмайдур!

– Юрабер. Бу кеча худди эшонбобонгнинг кўнглидек бўлибдир.

– Тўғри-я, мен қизға ачинаман, бояқиш келиб-келиб кимники бўлди-я!..

– Нимасини айтасан, отасининг уйи куйсун, одам эмас экан!

– Соқолини оппоқ тутадек қилиб, неварасидек бир қизни аравадан олишини қара, киши чидамас экан. Шуни бир нарсага ўхшатғум келди-ю, ўхшата олмадим-да!

Шу чоқ бир бурчакда кўча пойлаб ётғон Мамат қоровул йиғлағондай қилиб ҳуштагини чалиб олди-да:

– Нимасини айтасиз, йигитлар, дунё ўзи шундай тескари дунё экан… Лоланинг устига қор ёғди!.. – деди.

Йигитлар жавоб бермадилар ва қоронғилиқ қучоғиға кириб йўқ бўлдилар…