July 6

Abdulla Qahhor. Dumli odamlar (hikoya)

| Кирилл ёзувидаги матн пастроқда

Respublikamizga chet eldan keladigan ba’zi turistlarga tushunib bo‘lmaydi.Meliboy aka, pensioner, partizan

Jiyanim turistlar idorasida ishlaydi, o‘tgan shanba kuni uyga kelib: “Bu yil turist ko‘p, odam yetishmayapti, shahrimizda ikki kun to‘xtaydigan bir mehmon bor, qarashib yuboring”, – deb qoldi.

Pensiyaga chiqqanimga endi sakkiz oy bo‘lgan, hali pensiyaxo‘rlikka o‘rganganim yo‘q, zerikkanimdan kampirimning ishlariga aralashaverib uni ham, o‘zimni ham xunob qilib yurgan edim, jiyanimning iltimosiga darrov ko‘ndim. Men o‘n bir yil shu idorada kichik bir lavozimda turib, pensiyaga shu yerdan chiqqanman.
Shu o‘n bir yil davomida qulog‘imga kirgan kalimalar o‘rnashib, undan bir so‘z, bundan bir so‘z cho‘qib, tilga havas paydo qilganimda esa idora xizmatchilarining yordami bilan kitob tatalab ingliz tilini uncha-muncha bilib oldim. Ingliz tiliga moyil bo‘lganim, albatta, tasodifiy emas, bolaligimda Amerikaning ta’rifini ko‘p eshitganman: ana osmonteshar imoratlaru, ana osma ko‘chalaru…
Dushanba kuni yangi banoras avra to‘n va yashil baxmal do‘ppimni kiyib idoraga bordim. Jiyanimning kabinetida ozg‘in, tepakal, ko‘zlari och odamning ko‘ziday yaltirab turgan qirq besh yoshlardagi bir kimsa o‘tirgan ekan. Men taxminan “mehmon shu bo‘lsa kerak” deb inglizcha salom berdim. Mehmon qayrilib qaradi, birdn, xuddi ko‘z ko‘rmagan va quloq eshitmagan bir jonivorni ko‘rgandek, hayron bo‘lib sekin o‘rnidan turdi, salomimga alik olishni ham esidan chiqarib, menga boshdan-oyoq razm soldi; men o‘zbekmi ekanimni, inglizchani qayerda o‘rganganimni so‘radi; savollariga javob berganimdan keyin to‘nimni, do‘ppimni ushlab, soch-soqolimni tortqilab ko‘rdi. Jiyanim menga ko‘z qisib “qo‘yavering” degandek ishora qildi.
Jiyanim meni tanishtirgandan keyin mehmonni mehmonxonaga olib bordim. Unga ikki xonalik juda yaxshi nomer olib qo‘yilgan ekan. Mehmon nomerni ko‘zdan kechirdi, yarqirab ko‘zni qamashtirayotgan jihozlarni birma-bir ushlab, silkitib, tirnoqlab, hidlab ko‘rdi. Men bunga chandon e’tibor qilmadim, chunki boya idorada inglizcha gapirgan o‘zbekning o‘zbekligiga ishonmay uning libosini ushlab, soch-soqolini tortqilab ko‘rgan kimsa, hozir o‘zbek mehmonxonasidagi yaxshi jihozni qalbaki gumon qilsa ne ajab! Chet elda hozir ham O‘zbekistonni mutlaqo bilmaydigan, o‘zbeklarni hanuz ketiga po‘stak bog‘lab, imo ishora bilan gaplashadigan qabila deb o‘ylaydigan odamlar bor-ku!
Mehmon o‘rnashdi. Tushlikdan keyin ko‘chaga chiqdik. Mehmon mehmonxonaning peshtoqiga soya solib turgan qari chinorni ko‘rsatib:
– Juda yaxshi daraxt ekan, inqilobdan keyin ekilgan bo‘lsa kerak? – dedi.
Chinorning biron yuz ellik yil umr ko‘rganligi ko‘rinib turgani holda mehmonning bu gapi menga malol keldi. Bu odam idorada nima uchun soch-soqolimni torqilab ko‘rgan bo‘lsa, hozir ayni shu maqsadda,. Ya’ni qanchalik rost gapirishimni bilmoq uchun dilimni titkilab ko‘rmoqda edi. Jinim qo‘zg‘adi-yu, men ham uni cho‘pga ilib o‘ynagim keldi.
– Ha, inqilobdan keyin ekilgan, – dedim va bir oz turib, mehmon meni “aravacha” qilganiga o‘zida yo‘q xursand bo‘lib gerdayib turganida ilova qildim, – birinchi inqilobdan ancha keyin ekilgan, – dedim.
Mehmon tushunolmadi.
– Sizlarda ikki marta inqilob bo‘lganmi? – dedi shoshib. – Birinchisi qachon bo‘lgan? Qanaqa inqilob?
– Bundan yuz yilcha burun, – dedim. – Men ruslarning kelishini birinchi inqilob deb bilaman.
Mehmon boshqa gap so‘ramadi, fotoapparatini g‘ilofidan olib, yo‘l-yo‘lakay unga-bunga to‘g‘riladi, lekin bironta ham surat olmadi. Birdan ko‘chaning o‘rtasida chimmatsiz paranji yopingan bir kampir paydo bo‘lib qoldi. Kampir xuddi shaharning hokimiday hech kimni, hatto militsiyaning hushtagini ham pisand qilmay hassasini katta-katta tashlab kelmoqda edi. Mehmon yugurib ko‘chaning o‘rtasiga chiqdi, kampirni qarshilab cho‘kkaladi, uni ro‘paradan, yonboshdan, orqadan bir necha marta suratga oldi: suratkashlikda o‘ta jon kuydirganidan o‘pkasi og‘ziga tiqilib, o‘tirgani joy izlab qoldi. Parkka boshladim. Qahvaxonaga kirdik. Bir payola qahvadan keyin mehmon o‘ziga kelib, qo‘yin daftarini oldi, undagi planga uzoq qaraganidan keyin:
– Shahringizning boshqa diqqatga sazovor joylarini ertaga ko‘ramiz, bugun menga Reksullohi Ansoriyning maqbarasini ko‘rsatsangiz bas. Maqbara shu atrofda bo‘lishi kerak, – dedi.
Reksullohi Ansoriy… Bolaligimda Reksbuva degan nom qulog‘imga kirgan, o‘sha vaqtda parkning mana shu o‘ng qanotidagi tepalik – hozirgi teatr binosi tushgan joy – go‘riston bo‘lib, uning qoq o‘rtasida Reksbuva degan mozor – dahma bo‘lar edi. Bir oz tashvishga tushdim: bordi-yu, Reksullohi Ansoriy degani biron mo‘tabar zot bo‘lsa, buni uzoq yurtdan kelgan bir sayyoh bilsa-yu, biz bilmasdan maqbarani buzib tashlagan bo‘lsak… Bundan xunugi bormi! Biron nayrang ishlatib bu noqulay ahvoldan chiqish yo‘lini ko‘zladim, lekin o‘ylab-o‘ylab “eng yaxshi hiyla – to‘g‘rilik” degan qarorga keldim-da, Ansoriy to‘g‘risida bilganlarimni aytib:
– U kishi shahrimiz tarixida qanday o‘rin tutgan ekanlar? – dedim.
Mehmon savolimga javob bera olmadi. Shundan keyin o‘lkamizda jahonga mashhur bo‘lib o‘tgan bir qancha kishilarning nomini aytib, mehmonni “chaqmoqlab” ko‘rdim. Yo‘q, mehmon bu odamlardan birontasini, hatto Ibn Sinoni ham eshitmagan ekan.
Reksullohi Ansoriy kim, uning nima fazilati yo kasrati borligini bilmagan holda bu odam nega uning nomini ko‘tarib yuribdi, nega uning maqbarasi kerak bo‘lib qolibdi – shunga qiziqdim. Mehmon bu haqda bergan savollarimga javob bermasdan iljayib turib-turib, to‘satdan:
– Dumli odamlarni ko‘rganmisiz? – dedi.
Mehmon gapning sarxonasini yangilamoqchi degan o‘yda kulib qo‘ya qoldim.
Biroq qahvaxonadan chiqib, teatr binosining atrofini aylanib yurganimizda mehmon butkul jiddiy bir tarzda yana dumli odamlar haqida so‘z ochdi. Uzun so‘zidan xulosa chiqarib, yer yuzidagi xalqlar taraqqiyot zinasining turli bosqichida, biron bosqichda turgan xalq orasida o‘tgan bosqich kishilari ko‘rinib qolsa, bunga tabiiy bir hol deb qarash kerak, degan fikrni aytdim. Mehmon bu gapning tub ma’nosiga tushunib yetmadi.
Ko‘chaga chiqdik. Mehmon yana Ansoriydan gap ochdi. Shunda ko‘nglimga bir gap keldi: bu odam o‘sha Ansoriyni dumli odamlar toifasidan deb o‘ylamasmikan?
Xuddi aytganim chiqdi. Mehmonning otasi ilgari o‘rtacharoq bir shirkatning boshlig‘i bo‘lib, shirkat singandan keyin umrining oxirini antropologiyaga bag‘ishlagan, undan ko‘p qo‘lyozmalar, jumladan mana shu qo‘yin daftari qolgan, shu daftar va boshqa hujjatlarda aytilishiga qaraganda, Reksullohi Ansoriy dumli odamlar toifasidan ekan. Yana bir mo‘tabar kimsa Reksullohi Ansoriy maqbarasi atrofida hozir ham dumli odamlar yashamog‘i ehtimoldan xoli emas, degan ekan.
Jonim xalqumimga keldi. Lekin o‘zimni bosdim. Shu atrofdagi hamma ko‘cha va tor ko‘chalarni kezib chiqdik. Men qayoqqa boshlasam mehmon yurmaydi, teskari tomonga yo‘l oladi: tez-tez to‘xtab hammaga, xususan atlas ko‘ylak kiygan xotinlarga orqadan zehn soladi, aftidan, dumli odam qidiradi. Mehmon bilan gaplashish emas, uning aftiga qaragim kelmas edi.
Kayfiyatimni bilintirib qo‘ymaslik uchun noiloj so‘z qotdim:
– Janoblari ota kasbini ushlabdilar-da? – dedim.
– Yo‘q, mutlaqo, – dedi mehmon. – Men jurnalistman!
– Antropologiyaga qiziqmasangiz, sizga dumli odamning nima keragi bor?
– Mening gazetamga kerak! – dedi mehmon. – Hech bo‘lmasa bironta dumli odamning suratini olib borsam deyman. Juda shov-shuv bo‘lar edi… Yordam va’da qilolmaysizmi?
Men o‘ylab ko‘rmoqchi bo‘ldim. Mehmon juda quvonib ketdi. Ovqatdan keyin mehmon dam olgani yotog‘iga kirdi. Men butun zahrimni jiyanimga to‘kkani idoraga bordim. Jiyanim voqeani eshitib kuldi, meni jahldan tushirdi. “Yuragingizni keng qiling, tog‘a, yo‘lovchi har bir hurgan itning ketidan quva bersa, manzilga qachon yetadi, degan bor, sizning vazifangiz mehmonni istagan odami bilan gaplashtirish, istagan yeriga olib boorish. Bundan tashqai bu odam sizga omonat, omonatga xiyonat qilmasdan, qo‘limga sog‘-salomat topshirishingiz kerak”, – dedi. Jahlimdan tushdim.
Kechqurun mehmonni konsertga olib bordim. Mehmon zalga kirishi bilan yana o‘sha muddaoda odamlarga har tomondan razm sola boshladi, beqasam to‘n kiygan bir mo‘ysafidning ketiga tushdi. Xayriyat, chiroq o‘cha qoldi-yu, borib joyimizga o‘tirdik.
Mehmonga konsertga qiziqmadi, mudrab o‘tirdi, alomat bir o‘yin bo‘layotganda hatto xurrak otib yubordi. Shuning uchun konsertning ikkinchi bo‘limiga qolmadik, ertaga uchrashadigab bo‘lib, mehmonxona oldida xayrlashdik. Ertasiga kelishim bilanoq mehmon: “Kechagi gapimiz nima bo‘ldi, yordam berasizmi?” deb so‘radi. Men bu haqda hech bir qarorqa kelmaganligimni aytdim. Shundoq bo‘lsa ham mehmon yordam berishimga amin ekanligini bildirib, oldindan tashakkur ma’nosida yelkamga qoqib qo‘ydi va teatr atrofidagi xonadonlardan birontasini ko‘rishga orzumand ekanini bildirdi.
Men uning muddaosini fahmladimu, o‘sha tomonlarga olib bordim va orqa ko‘chadagi ro‘para kelgan hovliga boshladim. Mehmon apparatini bo‘ynidan oldi va hayajon ichida ostonadan hatladi. Kirgan eshigimiz hozir uchastka deb ataladigan oddiy, lekin mevazor, gulzor, nihoyatda didli, havasli odamlarning hovlisi ekan. O‘rta yoshlardagi bir xotin sariq luchchak shaftoli terayotgan ekan, bizni ko‘rib shotidan tushdi, so‘rashdi, yelib-yugurib supaga joy qildi, dasturxon yozdi. Bir necha xil shaftoli keltirib qo‘ydi. Mehmon goh menga, goh xotinga qarar, goh uning orqa etagiga razm solar edi. Xotinning o‘g‘li vrach, kelini o‘qituvchi, hozir ikkovi ham ishda ekan. Mehmon hafsalasi sovib, fotoapparatini bo‘yniga osdi-yu, alamini shaftolidan oldi, umrida bunaqa shaftolini ko‘rmagan bo‘lsa kerak, rosa yedi. Shu choq uning ko‘zi devorning tagida qunishib turgan kasal jo‘jaxo‘rozga tushdi. Uning oyoqlari uzun, bo‘ynining pati to‘kilib qip-qizil go‘sht bo‘lib qolgan, o‘zi nihoyatda oriq edi. Mehmon darrov qo‘lini artdi, fotoapparatini bo‘ynidan oldi, jo‘jaxo‘rozga juda yaqin borib cho‘kkaladi: jo‘jaxo‘roz boshini ko‘tarib hayron bo‘lib turganda bir necha marta suratga oldi. Choy ko‘tarib kelayotgan xotin “voy, suratga olaman desalar yaxshi tovuqlarimiz bor, bu kasal edi-ku” deganicha qolaverdi.
Achchig‘im keldi, lekin mumkin qadar muloyimlik bilan:
– Jo‘jaxo‘rozning surati ham gazetaga kerakmi? – deb so‘radim.
Mehmon javob bermadi, “ketdik” deb ishora qildi. Xotinga tashakkur izhor qildim.
Ko‘chaga chiqdik.
Mehmon bu hovliga, xotinning mehmondo‘stligiga shubha bilan qaradi shekilli, xotinning mehmondo‘stligiga shubha bilan qaradi shekilli, bir necha hovliga o‘zi bosh tiqdi. Men ham qo‘yib berdim, orqasidan kirmadim, chunki unga tarjimon kerakmas, odamlarning orqa etagiga razm solishdan boshqa ishi yo‘q…
Samovarda o‘tirib, birpas dam oldik. Mehmon ko‘zimga xunuk ko‘rina boshladi: kim aytadi, buni osmonteshar imoratlarni ko‘rgan, osma ko‘chalarda yurgan odam deb! Diqqat bo‘ldim. Papirosni allaqachonlar tashlab yuborgan edim, shu topda bitta so‘rgim keldi-yu, papiros olgan magazinga kirdim. Bilmadim, magazinda qancha turib qoldim ekan, qaytib chiqsam mehmon yo‘q. Birpas kutdim, keyin yuragim hovliqib, u yoq bu yoqqa qaradim. Qidirdim. Yigirma-yigirma besh minutning har biri bittadan so‘g‘ tishimni sug‘urib olgandek bo‘lib o‘tdi. Bu kasofat biron hovli yoki biron ko‘chaga kirib, gumonsiragan odamiga “dumingni ko‘rsat” desa, bunaqa hazilni birov ko‘taradi, birov ko‘tarmaydi… Bir soatdan ortiq qidirganimdan keyin avtomatdan jiyanimga telefon qildim, voqeani aytdim. Jiyanim tovushidan tashvishda qolgani sezilib tursa ham, menga tasalli berdi va “yo‘qotgan joyingizdan uzoqqa ketmang”, – dedi. Samovarda yana bir necha minut o‘tirdim. Narigi ko‘chadagi machitning yarmi qulagan mezanasiga ko‘zim tushdi. Bu kasofat shuning suratini olgani bormadimikin? O‘sha yoqqa bordim. Machitning ichini, atrofini qaradim, odamlardan so‘roqladim – yo‘q. Samovarga qaytay deb turganimda yon ko‘chadan karnay-surnay, qiyqiriq bilan ikki mashina kuyov-navkar chiqib qoldi. Oldindagi mashinada lunjini shishirib sunray chalayotgan surnaychining yonida turib, beo‘xshov o‘yinga tushayotgan olabayroq to‘n kiygan bir kishiga ko‘zim tushdi, sinchiklab qarasam – mehmon! Suyunib ketdim. Yugurib borib mashinaning oldini to‘sdim. Mehmonga harchand “tush” deb ishora qilaman, qani endi ko‘nsa – menga qarab nuqul muqom qiladi. Kayfi baland. Mashinada tanish odamlar bor ekan, qo‘ymasdan meni mashinaga tortib olishdi. Mehmonning mashinadan tushish niyati bo‘lmagani uchun mashinani to‘xtatib jiyanimga telefon qildim.
Tanish odamlarning aytishiga qaraganda mehmon nima bo‘lib to‘yxonaga kirib qolibdi. Odamlar uning chet eldan kelgan mehmon ekanini bilib to‘rga o‘tqazishibdi, to‘n kiyg‘izishibdi, o‘yinchilar uni o‘yinga tortishibdi.
Kelinning uyiga keldik, ziyofat zo‘r bo‘ldi, o‘yin-kulgi juda qizidi. Mehmon bu yerda ham ancha ichib qo‘ydi. Shu yerdagi doctor bolalar mening tashvishda qolganimni payqab, mehmonni hushiga keltirib berishdi. Mehmon hushiga kelganidan keyin yana aynidi: yana dumli odam qidirib hammaga zehn sola boshladi. Shundan keyin “siz ovora bo‘lmang, janob, dumli odamni ertaga o‘zim topib beraman” deyishga majbur bo‘ldim. Mehmon meni o‘pdi, salomatligimga ustma-ust ikki ryumka otdi…
Ertalab mehmonxonaga kelsam mehmon lanj bo‘lib yotibdi, lanjki, hech aytgulik emas. Shundoq bo‘lsa ham, la’nati, ko‘zini ochishi bilan kechagi va’damni so‘radi. Men uni pastga olib tushib, achchiq choy ichirdim, nordon narsalar yegizdim, ichkilik zahri biroz sinib ta’bi ochilganidan keyin dumli odam deb bekor ovora bo‘lib yurganligini tushuntirishga harakat qildim. Mehmon xafa bo‘ldi.
– Sening hukumating butun mamlakat ustiga temir parda tortgan! – dedi.
Bunga gap uqtirish, qorong‘u uyga kesak otgandek gap edi. Shuning uchun yon bergan bo‘lib, yolg‘ondan o‘ylab qoldim-da, chuqur xo‘rsinib:
– Shuni bilar ekansiz, nima qilasiz meni qiynab? – dedim.
Mehmon chehrasi ochilib yana yolvordi:
– Men sizga bitta dumli odamni qafasga solib ber, olib ketaman deyayotganim yo‘q.
Uzoqdan qorasini ko‘rsatsangiz bas, mening apparatim ikki kilometrdan oladi!
U desam u dedi, bu desam bu dedi – hech bo‘lmadi, nihoyat “seni dumli odamlarga yo‘latish qo‘limdan kelmaydi, xatarli, hohlasang apparatingni ber, biladigan, udda qiladigan ishonchli kishiga aytib, bironta dumli odamning suratini oldirib beraman” deyishdan boshqa chora qolmadi. Mehmon xursand bo‘lib, apparatini qo‘limga tutqazdi. O‘zi lanj bo‘lgani uchun tushgacha yotib dam olmoqchi ekanini aytdi. Men tushdan keyin keladigan bo‘lib qaytdim. Tushdan keyin kelsam, mehmon hanuz lanj, yotgan ekan, lekin apparatini tegishli odamga topshirganimni, u kishi butun lentani dumli odamga to‘ldirib berishni va’da qilganini eshitib o‘rnidan turib ketdi.
– Lekin sharti bor, – dedim, – omonatingizni faqat ketadigan vaqtingizda, samolyotga chiqayotganingizda beradi.
– Ertaga, ertagayoq jo‘nayman! – dedi mehmon.
Kelishuvga muvofiq shaharning diqqatga sazovor joylarini ko‘rgani chiqdik. Kun qaytguncha yurib, ko‘p tarixiy yodgorliklarni ko‘rdik, to‘g‘on-ko‘lga bordik, shahrimizning ko‘rki bo‘lgan yangi ko‘chalar, maydonlar, xiyobonlarni kezdik, muzeylarga kirdik. Mehmonning biron narsaga qiziqqanini, biron joyda to‘xtab, biron narsaga qaraganini ko‘rmadim. Hamma narsaga o‘shshayib qarar, qayoqqa v anima uchun ketayorganini, nima qilib yurganini o‘zi ham bilmas, aftidan, kunni kech qilishdan bo‘lak muddaosi yo‘q edi.
Madaniyat va istirohat bog‘iga kirdik. Mehmon hech bo‘lmasa shu boqqa, xususan gulu gulzorga qiziqar deb o‘yladim, chunki shahrimiz bu boqqa juda bino qo‘ygan. Yo‘q, gulzorga mehmon qayrilib ham qaramadi, uning diqqatini jalb qilgan birdan-bir narsa bog‘ning bir chekkasidan oqayotgan anhor bo‘ldi. Buning nimasiga qiziqdi ekan deb qarasam, loy suv qirg‘oqdan toshgudek bo‘lib, shox-xashak va yana allanima balolar oqib kelayotibdi. Birov sug‘orish maqsadida to‘g‘on solgan, suv to‘g‘onni urib ketgan bo‘lsa kerak. Mehmon iflos suvga xuddi sichqonni ko‘rib qolgan mushukdek butun vujudi bilan qarar, chamamda fotoapparati yonida bo‘lmaganidan afsuslanar edi; bog‘dan chiqib mehmonxonaga tomon ketayotganimizda eski-tuski yig‘ib yurgan eshak aravani ko‘rganida ham xuddi shu holga tushdi.
Mehmonxona ko‘chasiga qayrilganimizda mehmonning gazetasiga qo‘l keladigan yana bir hodisa ro‘y berdi: shu ko‘chadan g‘izillab chiqqan “Moskvich” kattakon bir sariq itni urib o‘tdi. It vangillab ikki-uch yumaladi, turishga intilib turolmadi, yotib tipirchiladi. Mehmon goh boshini ko‘tarishga urinib, goh oyoqlarini silkib jon berayotgan itga yaqin borib, beixtiyor cho‘kka tushdi va apparat izlab yonini paypasladi.
Mehmon ertasiga jo‘naydigan bo‘ldi. Dumli odamlar surati olingan fotoapparatni qora qog‘ozga o‘rab ayeroportga olib chiqdim va qo‘ynimdan bir chekkasini chiqarib ko‘rsatdim. Mehmonning ko‘zlari yonib ketdi. Xilvatga bordik. Mehmon apparatini olib katak sumkasiga joyladi-yu, chontagidan bir dasta pul chiqardi.
– Sizning haqingizni o‘zim bilib beraman, – dedi, – u kishi bilan necha pulga gaplashgansiz?
– Pul to‘g‘risida hozir gaplashmaymiz, – dedim, – avval suratlarni chiqarib ko‘ring, ana undan keyin o‘zingiz narx bichib yuborarsiz.
Mehmon yaba minnatdorchilik birdirdi. Samolyotga chiqdi, samolyot Tojikistonga qarab yo‘l oldi. Kim biladi, mehmon yurtiga borguncha sabri chidarmikin. Tojikistondayoq lentani chigarar, chiqarsa dumli odamlar o‘rnida o‘zini ko‘radi: men apparatni maktab to‘garagiga qatnab, foto ishida mashqini rosa qilgan kichik o‘g‘limga berib, “mehmon ikkovimiz shahar aylanamiz, sen ketimizdan yurgin, qayerda chap oyog‘imni ko‘tarsam, mehmonning yakka o‘zini suratga olaverasan”, degan edim. Bir qancha joyda, jumladan, mehmon anhor bo‘yida, eski-tuski yig‘ib yurgan eshak arava yonida va jon berayotgan itning ustida turganida chap oyog‘imni ko‘targan edim. O‘g‘limning o‘zi hushyor bola, g‘alati-g‘alati paytlarni topgan bo‘lsa kerak. Men bu narsani jiyanimga aytmadim, aytsam ham urishmasa kerak, chunki mehmonga ozor berganim yo‘q, nihoyati yuziga oyna tutdim.


Абдулла Қаҳҳор. Думли одамлар (ҳикоя)

Республикамизга чет элдан келадиган баъзи туристларга тушуниб бўлмайди.Мелибой ака, пенсионер, партизан

Жияним туристлар идорасида ишлайди, ўтган шанба куни уйга келиб: “Бу йил турист кўп, одам етишмаяпти, шаҳримизда икки кун тўхтайдиган бир меҳмон бор, қарашиб юборинг”, – деб қолди.

Пенсияга чиққанимга энди саккиз ой бўлган, ҳали пенсияхўрликка ўрганганим йўқ, зерикканимдан кампиримнинг ишларига аралашавериб уни ҳам, ўзимни ҳам хуноб қилиб юрган эдим, жиянимнинг илтимосига дарров кўндим. Мен ўн бир йил шу идорада кичик бир лавозимда туриб, пенсияга шу ердан чиққанман.
Шу ўн бир йил давомида қулоғимга кирган калималар ўрнашиб, ундан бир сўз, бундан бир сўз чўқиб, тилга ҳавас пайдо қилганимда эса идора хизматчиларининг ёрдами билан китоб таталаб инглиз тилини унча-мунча билиб олдим. Инглиз тилига мойил бўлганим, албатта, тасодифий эмас, болалигимда Американинг таърифини кўп эшитганман: ана осмонтешар иморатлару, ана осма кўчалару…
Душанба куни янги банорас авра тўн ва яшил бахмал дўппимни кийиб идорага бордим. Жиянимнинг кабинетида озғин, тепакал, кўзлари оч одамнинг кўзидай ялтираб турган қирқ беш ёшлардаги бир кимса ўтирган экан. Мен тахминан “меҳмон шу бўлса керак” деб инглизча салом бердим. Меҳмон қайрилиб қаради, бирдн, худди кўз кўрмаган ва қулоқ эшитмаган бир жониворни кўргандек, ҳайрон бўлиб секин ўрнидан турди, саломимга алик олишни ҳам эсидан чиқариб, менга бошдан-оёқ разм солди; мен ўзбекми эканимни, инглизчани қаерда ўрганганимни сўради; саволларига жавоб берганимдан кейин тўнимни, дўппимни ушлаб, соч-соқолимни тортқилаб кўрди. Жияним менга кўз қисиб “қўяверинг” дегандек ишора қилди.
Жияним мени таништиргандан кейин меҳмонни меҳмонхонага олиб бордим. Унга икки хоналик жуда яхши номер олиб қўйилган экан. Меҳмон номерни кўздан кечирди, ярқираб кўзни қамаштираётган жиҳозларни бирма-бир ушлаб, силкитиб, тирноқлаб, ҳидлаб кўрди. Мен бунга чандон эътибор қилмадим, чунки боя идорада инглизча гапирган ўзбекнинг ўзбеклигига ишонмай унинг либосини ушлаб, соч-соқолини тортқилаб кўрган кимса, ҳозир ўзбек меҳмонхонасидаги яхши жиҳозни қалбаки гумон қилса не ажаб! Чет элда ҳозир ҳам Ўзбекистонни мутлақо билмайдиган, ўзбекларни ҳануз кетига пўстак боғлаб, имо ишора билан гаплашадиган қабила деб ўйлайдиган одамлар бор-ку!
Меҳмон ўрнашди. Тушликдан кейин кўчага чиқдик. Меҳмон меҳмонхонанинг пештоқига соя солиб турган қари чинорни кўрсатиб:
– Жуда яхши дарахт экан, инқилобдан кейин экилган бўлса керак? – деди.
Чинорнинг бирон юз эллик йил умр кўрганлиги кўриниб тургани ҳолда меҳмоннинг бу гапи менга малол келди. Бу одам идорада нима учун соч-соқолимни торқилаб кўрган бўлса, ҳозир айни шу мақсадда,. Яъни қанчалик рост гапиришимни билмоқ учун дилимни титкилаб кўрмоқда эди. Жиним қўзғади-ю, мен ҳам уни чўпга илиб ўйнагим келди.
– Ҳа, инқилобдан кейин экилган, – дедим ва бир оз туриб, меҳмон мени “аравача” қилганига ўзида йўқ хурсанд бўлиб гердайиб турганида илова қилдим, – биринчи инқилобдан анча кейин экилган, – дедим.
Меҳмон тушунолмади.
– Сизларда икки марта инқилоб бўлганми? – деди шошиб. – Биринчиси қачон бўлган? Қанақа инқилоб?
– Бундан юз йилча бурун, – дедим. – Мен русларнинг келишини биринчи инқилоб деб биламан.
Меҳмон бошқа гап сўрамади, фотоаппаратини ғилофидан олиб, йўл-йўлакай унга-бунга тўғрилади, лекин биронта ҳам сурат олмади. Бирдан кўчанинг ўртасида чимматсиз паранжи ёпинган бир кампир пайдо бўлиб қолди. Кампир худди шаҳарнинг ҳокимидай ҳеч кимни, ҳатто милитсиянинг ҳуштагини ҳам писанд қилмай ҳассасини катта-катта ташлаб келмоқда эди. Меҳмон югуриб кўчанинг ўртасига чиқди, кампирни қаршилаб чўккалади, уни рўпарадан, ёнбошдан, орқадан бир неча марта суратга олди: сураткашликда ўта жон куйдирганидан ўпкаси оғзига тиқилиб, ўтиргани жой излаб қолди. Паркка бошладим. Қаҳвахонага кирдик. Бир паёла қаҳвадан кейин меҳмон ўзига келиб, қўйин дафтарини олди, ундаги планга узоқ қараганидан кейин:
– Шаҳрингизнинг бошқа диққатга сазовор жойларини эртага кўрамиз, бугун менга Рексуллоҳи Ансорийнинг мақбарасини кўрсатсангиз бас. Мақбара шу атрофда бўлиши керак, – деди.
Рексуллоҳи Ансорий… Болалигимда Рексбува деган ном қулоғимга кирган, ўша вақтда паркнинг мана шу ўнг қанотидаги тепалик – ҳозирги театр биноси тушган жой – гўристон бўлиб, унинг қоқ ўртасида Рексбува деган мозор – даҳма бўлар эди. Бир оз ташвишга тушдим: борди-ю, Рексуллоҳи Ансорий дегани бирон мўтабар зот бўлса, буни узоқ юртдан келган бир сайёҳ билса-ю, биз билмасдан мақбарани бузиб ташлаган бўлсак… Бундан хунуги борми! Бирон найранг ишлатиб бу ноқулай аҳволдан чиқиш йўлини кўзладим, лекин ўйлаб-ўйлаб “енг яхши ҳийла – тўғрилик” деган қарорга келдим-да, Ансорий тўғрисида билганларимни айтиб:
– У киши шаҳримиз тарихида қандай ўрин тутган эканлар? – дедим.
Меҳмон саволимга жавоб бера олмади. Шундан кейин ўлкамизда жаҳонга машҳур бўлиб ўтган бир қанча кишиларнинг номини айтиб, меҳмонни “чақмоқлаб” кўрдим. Йўқ, меҳмон бу одамлардан биронтасини, ҳатто Ибн Синони ҳам эшитмаган экан.
Рексуллоҳи Ансорий ким, унинг нима фазилати ё касрати борлигини билмаган ҳолда бу одам нега унинг номини кўтариб юрибди, нега унинг мақбараси керак бўлиб қолибди – шунга қизиқдим. Меҳмон бу ҳақда берган саволларимга жавоб бермасдан илжайиб туриб-туриб, тўсатдан:
– Думли одамларни кўрганмисиз? – деди.
Меҳмон гапнинг сархонасини янгиламоқчи деган ўйда кулиб қўя қолдим.
Бироқ қаҳвахонадан чиқиб, театр биносининг атрофини айланиб юрганимизда меҳмон буткул жиддий бир тарзда яна думли одамлар ҳақида сўз очди. Узун сўзидан хулоса чиқариб, ер юзидаги халқлар тараққиёт зинасининг турли босқичида, бирон босқичда турган халқ орасида ўтган босқич кишилари кўриниб қолса, бунга табиий бир ҳол деб қараш керак, деган фикрни айтдим. Меҳмон бу гапнинг туб маъносига тушуниб етмади.
Кўчага чиқдик. Меҳмон яна Ансорийдан гап очди. Шунда кўнглимга бир гап келди: бу одам ўша Ансорийни думли одамлар тоифасидан деб ўйламасмикан?
Худди айтганим чиқди. Меҳмоннинг отаси илгари ўртачароқ бир ширкатнинг бошлиғи бўлиб, ширкат сингандан кейин умрининг охирини антропологияга бағишлаган, ундан кўп қўлёзмалар, жумладан мана шу қўйин дафтари қолган, шу дафтар ва бошқа ҳужжатларда айтилишига қараганда, Рексуллоҳи Ансорий думли одамлар тоифасидан экан. Яна бир мўтабар кимса Рексуллоҳи Ансорий мақбараси атрофида ҳозир ҳам думли одамлар яшамоғи эҳтимолдан холи эмас, деган экан.
Жоним халқумимга келди. Лекин ўзимни босдим. Шу атрофдаги ҳамма кўча ва тор кўчаларни кезиб чиқдик. Мен қаёққа бошласам меҳмон юрмайди, тескари томонга йўл олади: тез-тез тўхтаб ҳаммага, хусусан атлас кўйлак кийган хотинларга орқадан зеҳн солади, афтидан, думли одам қидиради. Меҳмон билан гаплашиш эмас, унинг афтига қарагим келмас эди.
Кайфиятимни билинтириб қўймаслик учун ноилож сўз қотдим:
– Жаноблари ота касбини ушлабдилар-да? – дедим.
– Йўқ, мутлақо, – деди меҳмон. – Мен журналистман!
– Антропологияга қизиқмасангиз, сизга думли одамнинг нима кераги бор?
– Менинг газетамга керак! – деди меҳмон. – Ҳеч бўлмаса биронта думли одамнинг суратини олиб борсам дейман. Жуда шов-шув бўлар эди… Ёрдам ваъда қилолмайсизми?
Мен ўйлаб кўрмоқчи бўлдим. Меҳмон жуда қувониб кетди. Овқатдан кейин меҳмон дам олгани ётоғига кирди. Мен бутун заҳримни жиянимга тўккани идорага бордим. Жияним воқеани эшитиб кулди, мени жаҳлдан туширди. “Юрагингизни кенг қилинг, тоға, йўловчи ҳар бир ҳурган итнинг кетидан қува берса, манзилга қачон етади, деган бор, сизнинг вазифангиз меҳмонни истаган одами билан гаплаштириш, истаган ерига олиб боориш. Бундан ташқаи бу одам сизга омонат, омонатга хиёнат қилмасдан, қўлимга соғ-саломат топширишингиз керак”, – деди. Жаҳлимдан тушдим.
Кечқурун меҳмонни консертга олиб бордим. Меҳмон залга кириши билан яна ўша муддаода одамларга ҳар томондан разм сола бошлади, беқасам тўн кийган бир мўйсафиднинг кетига тушди. Хайрият, чироқ ўча қолди-ю, бориб жойимизга ўтирдик.
Меҳмонга консертга қизиқмади, мудраб ўтирди, аломат бир ўйин бўлаётганда ҳатто хуррак отиб юборди. Шунинг учун консертнинг иккинчи бўлимига қолмадик, эртага учрашадигаб бўлиб, меҳмонхона олдида хайрлашдик. Эртасига келишим биланоқ меҳмон: “Кечаги гапимиз нима бўлди, ёрдам берасизми?” деб сўради. Мен бу ҳақда ҳеч бир қарорқа келмаганлигимни айтдим. Шундоқ бўлса ҳам меҳмон ёрдам беришимга амин эканлигини билдириб, олдиндан ташаккур маъносида елкамга қоқиб қўйди ва театр атрофидаги хонадонлардан биронтасини кўришга орзуманд эканини билдирди.
Мен унинг муддаосини фаҳмладиму, ўша томонларга олиб бордим ва орқа кўчадаги рўпара келган ҳовлига бошладим. Меҳмон аппаратини бўйнидан олди ва ҳаяжон ичида остонадан ҳатлади. Кирган эшигимиз ҳозир участка деб аталадиган оддий, лекин мевазор, гулзор, ниҳоятда дидли, ҳавасли одамларнинг ҳовлиси экан. Ўрта ёшлардаги бир хотин сариқ луччак шафтоли тераётган экан, бизни кўриб шотидан тушди, сўрашди, елиб-югуриб супага жой қилди, дастурхон ёзди. Бир неча хил шафтоли келтириб қўйди. Меҳмон гоҳ менга, гоҳ хотинга қарар, гоҳ унинг орқа этагига разм солар эди. Хотиннинг ўғли врач, келини ўқитувчи, ҳозир иккови ҳам ишда экан. Меҳмон ҳафсаласи совиб, фотоаппаратини бўйнига осди-ю, аламини шафтолидан олди, умрида бунақа шафтолини кўрмаган бўлса керак, роса еди. Шу чоқ унинг кўзи деворнинг тагида қунишиб турган касал жўжахўрозга тушди. Унинг оёқлари узун, бўйнининг пати тўкилиб қип-қизил гўшт бўлиб қолган, ўзи ниҳоятда ориқ эди. Меҳмон дарров қўлини артди, фотоаппаратини бўйнидан олди, жўжахўрозга жуда яқин бориб чўккалади: жўжахўроз бошини кўтариб ҳайрон бўлиб турганда бир неча марта суратга олди. Чой кўтариб келаётган хотин “вой, суратга оламан десалар яхши товуқларимиз бор, бу касал эди-ку” деганича қолаверди.
Аччиғим келди, лекин мумкин қадар мулойимлик билан:
– Жўжахўрознинг сурати ҳам газетага керакми? – деб сўрадим.
Меҳмон жавоб бермади, “кетдик” деб ишора қилди. Хотинга ташаккур изҳор қилдим.
Кўчага чиқдик.
Меҳмон бу ҳовлига, хотиннинг меҳмондўстлигига шубҳа билан қаради шекилли, хотиннинг меҳмондўстлигига шубҳа билан қаради шекилли, бир неча ҳовлига ўзи бош тиқди. Мен ҳам қўйиб бердим, орқасидан кирмадим, чунки унга таржимон керакмас, одамларнинг орқа этагига разм солишдан бошқа иши йўқ…
Самоварда ўтириб, бирпас дам олдик. Меҳмон кўзимга хунук кўрина бошлади: ким айтади, буни осмонтешар иморатларни кўрган, осма кўчаларда юрган одам деб! Диққат бўлдим. Папиросни аллақачонлар ташлаб юборган эдим, шу топда битта сўргим келди-ю, папирос олган магазинга кирдим. Билмадим, магазинда қанча туриб қолдим экан, қайтиб чиқсам меҳмон йўқ. Бирпас кутдим, кейин юрагим ҳовлиқиб, у ёқ бу ёққа қарадим. Қидирдим. Йигирма-йигирма беш минутнинг ҳар бири биттадан сўғ тишимни суғуриб олгандек бўлиб ўтди. Бу касофат бирон ҳовли ёки бирон кўчага кириб, гумонсираган одамига “думингни кўрсат” деса, бунақа ҳазилни биров кўтаради, биров кўтармайди… Бир соатдан ортиқ қидирганимдан кейин автоматдан жиянимга телефон қилдим, воқеани айтдим. Жияним товушидан ташвишда қолгани сезилиб турса ҳам, менга тасалли берди ва “йўқотган жойингиздан узоққа кетманг”, – деди. Самоварда яна бир неча минут ўтирдим. Нариги кўчадаги мачитнинг ярми қулаган мезанасига кўзим тушди. Бу касофат шунинг суратини олгани бормадимикин? Ўша ёққа бордим. Мачитнинг ичини, атрофини қарадим, одамлардан сўроқладим – йўқ. Самоварга қайтай деб турганимда ён кўчадан карнай-сурнай, қийқириқ билан икки машина куёв-навкар чиқиб қолди. Олдиндаги машинада лунжини шишириб сунрай чалаётган сурнайчининг ёнида туриб, беўхшов ўйинга тушаётган олабайроқ тўн кийган бир кишига кўзим тушди, синчиклаб қарасам – меҳмон! Суюниб кетдим. Югуриб бориб машинанинг олдини тўсдим. Меҳмонга ҳарчанд “туш” деб ишора қиламан, қани энди кўнса – менга қараб нуқул муқом қилади. Кайфи баланд. Машинада таниш одамлар бор экан, қўймасдан мени машинага тортиб олишди. Меҳмоннинг машинадан тушиш нияти бўлмагани учун машинани тўхтатиб жиянимга телефон қилдим.
Таниш одамларнинг айтишига қараганда меҳмон нима бўлиб тўйхонага кириб қолибди. Одамлар унинг чет элдан келган меҳмон эканини билиб тўрга ўтқазишибди, тўн кийғизишибди, ўйинчилар уни ўйинга тортишибди.
Келиннинг уйига келдик, зиёфат зўр бўлди, ўйин-кулги жуда қизиди. Меҳмон бу ерда ҳам анча ичиб қўйди. Шу ердаги доcтор болалар менинг ташвишда қолганимни пайқаб, меҳмонни ҳушига келтириб беришди. Меҳмон ҳушига келганидан кейин яна айниди: яна думли одам қидириб ҳаммага зеҳн сола бошлади. Шундан кейин “сиз овора бўлманг, жаноб, думли одамни эртага ўзим топиб бераман” дейишга мажбур бўлдим. Меҳмон мени ўпди, саломатлигимга устма-уст икки рюмка отди…
Eрталаб меҳмонхонага келсам меҳмон ланж бўлиб ётибди, ланжки, ҳеч айтгулик эмас. Шундоқ бўлса ҳам, лаънати, кўзини очиши билан кечаги ваъдамни сўради. Мен уни пастга олиб тушиб, аччиқ чой ичирдим, нордон нарсалар егиздим, ичкилик заҳри бироз синиб таъби очилганидан кейин думли одам деб бекор овора бўлиб юрганлигини тушунтиришга ҳаракат қилдим. Меҳмон хафа бўлди.
– Сенинг ҳукуматинг бутун мамлакат устига темир парда тортган! – деди.
Бунга гап уқтириш, қоронғу уйга кесак отгандек гап эди. Шунинг учун ён берган бўлиб, ёлғондан ўйлаб қолдим-да, чуқур хўрсиниб:
– Шуни билар экансиз, нима қиласиз мени қийнаб? – дедим.
Меҳмон чеҳраси очилиб яна ёлворди:
– Мен сизга битта думли одамни қафасга солиб бер, олиб кетаман деяётганим йўқ.
Узоқдан қорасини кўрсатсангиз бас, менинг аппаратим икки километрдан олади!
У десам у деди, бу десам бу деди – ҳеч бўлмади, ниҳоят “сени думли одамларга йўлатиш қўлимдан келмайди, хатарли, ҳоҳласанг аппаратингни бер, биладиган, удда қиладиган ишончли кишига айтиб, биронта думли одамнинг суратини олдириб бераман” дейишдан бошқа чора қолмади. Меҳмон хурсанд бўлиб, аппаратини қўлимга тутқазди. Ўзи ланж бўлгани учун тушгача ётиб дам олмоқчи эканини айтди. Мен тушдан кейин келадиган бўлиб қайтдим. Тушдан кейин келсам, меҳмон ҳануз ланж, ётган экан, лекин аппаратини тегишли одамга топширганимни, у киши бутун лентани думли одамга тўлдириб беришни ваъда қилганини эшитиб ўрнидан туриб кетди.
– Лекин шарти бор, – дедим, – омонатингизни фақат кетадиган вақтингизда, самолётга чиқаётганингизда беради.
– Эртага, эртагаёқ жўнайман! – деди меҳмон.
Келишувга мувофиқ шаҳарнинг диққатга сазовор жойларини кўргани чиқдик. Кун қайтгунча юриб, кўп тарихий ёдгорликларни кўрдик, тўғон-кўлга бордик, шаҳримизнинг кўрки бўлган янги кўчалар, майдонлар, хиёбонларни кездик, музейларга кирдик. Меҳмоннинг бирон нарсага қизиққанини, бирон жойда тўхтаб, бирон нарсага қараганини кўрмадим. Ҳамма нарсага ўшшайиб қарар, қаёққа в анима учун кетаёрганини, нима қилиб юрганини ўзи ҳам билмас, афтидан, кунни кеч қилишдан бўлак муддаоси йўқ эди.
Маданият ва истироҳат боғига кирдик. Меҳмон ҳеч бўлмаса шу боққа, хусусан гулу гулзорга қизиқар деб ўйладим, чунки шаҳримиз бу боққа жуда бино қўйган. Йўқ, гулзорга меҳмон қайрилиб ҳам қарамади, унинг диққатини жалб қилган бирдан-бир нарса боғнинг бир чеккасидан оқаётган анҳор бўлди. Бунинг нимасига қизиқди экан деб қарасам, лой сув қирғоқдан тошгудек бўлиб, шох-хашак ва яна алланима балолар оқиб келаётибди. Биров суғориш мақсадида тўғон солган, сув тўғонни уриб кетган бўлса керак. Меҳмон ифлос сувга худди сичқонни кўриб қолган мушукдек бутун вужуди билан қарар, чамамда фотоаппарати ёнида бўлмаганидан афсусланар эди; боғдан чиқиб меҳмонхонага томон кетаётганимизда эски-туски йиғиб юрган эшак аравани кўрганида ҳам худди шу ҳолга тушди.
Меҳмонхона кўчасига қайрилганимизда меҳмоннинг газетасига қўл келадиган яна бир ҳодиса рўй берди: шу кўчадан ғизиллаб чиққан “Москвич” каттакон бир сариқ итни уриб ўтди. Ит вангиллаб икки-уч юмалади, туришга интилиб туролмади, ётиб типирчилади. Меҳмон гоҳ бошини кўтаришга уриниб, гоҳ оёқларини силкиб жон бераётган итга яқин бориб, беихтиёр чўкка тушди ва аппарат излаб ёнини пайпаслади.
Меҳмон эртасига жўнайдиган бўлди. Думли одамлар сурати олинган фотоаппаратни қора қоғозга ўраб аеропортга олиб чиқдим ва қўйнимдан бир чеккасини чиқариб кўрсатдим. Меҳмоннинг кўзлари ёниб кетди. Хилватга бордик. Меҳмон аппаратини олиб катак сумкасига жойлади-ю, чонтагидан бир даста пул чиқарди.
– Сизнинг ҳақингизни ўзим билиб бераман, – деди, – у киши билан неча пулга гаплашгансиз?
– Пул тўғрисида ҳозир гаплашмаймиз, – дедим, – аввал суратларни чиқариб кўринг, ана ундан кейин ўзингиз нарх бичиб юборарсиз.
Меҳмон яба миннатдорчилик бирдирди. Самолётга чиқди, самолёт Тожикистонга қараб йўл олди. Ким билади, меҳмон юртига боргунча сабри чидармикин. Тожикистондаёқ лентани чигарар, чиқарса думли одамлар ўрнида ўзини кўради: мен аппаратни мактаб тўгарагига қатнаб, фото ишида машқини роса қилган кичик ўғлимга бериб, “меҳмон икковимиз шаҳар айланамиз, сен кетимиздан юргин, қаерда чап оёғимни кўтарсам, меҳмоннинг якка ўзини суратга олаверасан”, деган эдим. Бир қанча жойда, жумладан, меҳмон анҳор бўйида, эски-туски йиғиб юрган эшак арава ёнида ва жон бераётган итнинг устида турганида чап оёғимни кўтарган эдим. Ўғлимнинг ўзи ҳушёр бола, ғалати-ғалати пайтларни топган бўлса керак. Мен бу нарсани жиянимга айтмадим, айтсам ҳам уришмаса керак, чунки меҳмонга озор берганим йўқ, ниҳояти юзига ойна тутдим.