Abdulla Qahhor. Jonfig‘on (hikoya)
Кирилл ёзувидаги матн пастроқда
Jonfig‘onni tanisangiz kerak — o‘sha, o‘tgan yil bahorda mast bo‘lib, ko‘chadan o‘tgan odamga “hozir aytasan: boshimni qaysi devorga urib yoray”, deb yopishgan, keyin soqoliga o‘zi o‘t qo‘yib, gugurt chiqarganni so‘kkan kishi.
Kecha shuning uyidan xotin kishining achchiq-achchiq yig‘lagan tovushi eshitildi. Jonfig‘on bu yaqin yillarda xotinini urgan emas, hatto bir kuni samovarda o‘zi: “Xotin kishini nomard uradi, qo‘ling qichisa, o‘zingga o‘xshagan qo‘li qichiganni topib mushtlash, men seni mard bilay”, degan edi.
— Uch-to‘rt kishi bo‘lib asta kirsak, hovlining o‘rtasida katta gulxan, xotini Malohatxon uning atrofida dodlab yuribdi. To‘xtatdik.
— Sho‘rginam qursin… ko‘rmaysizlarmi… Besh-olti yildan beri bitta paypoq olib bergani yo‘q-ku, ishlab-ishlab topgan pulimga qilgan hamma kiyimlarimga kerosin sepib o‘t qo‘ydi… Shu ustimdagi ish kiyimim bilan qoldim…
Jonfig‘on derazadan boshini chiqarib baqirdi:
— Gapir, ha, gapir!.. Sening gaping gapu bizniki gap emasmi!..
Jonfig‘on katta bir haqiqatni ochishga shoshilganday, uydan yugurib chiqdi, bizga zo‘r haqsizlikdan shikoyat qilayotgan qiyofada turib, allaqayerda o‘tgan bir avliyoning o‘z o‘gliga «xotinlar bevafo» deb qilgan nasihati, jinoyat qonunlari majmuasining allanechanchi moddasi to‘g‘risida gapirdi va bexosdan yig‘lab yubordi. Keyin bilsak, kecha er-xotin urishgan, xotin: “Qo‘y endi, men sen bilan umr qilmayman, ertaga xatimizni olamiz”, degan ekan.
Urish, qo‘ydi-chiqdi ham har xil bo‘ladi. Ba’zi urishlar shunday arzimagan narsadan chiqadiki, orada qancha sovuq gaplar o‘tib “hordiq chiqqandan keyin”urush nimadan chiqqanini na er eslay oladi, na xotin. Bularning ham janjali shu xilda bo‘lsa yarashtiraylik, ikkovi ZAGSning o‘sha «O‘lim va taloq» bo‘lmasiga qadam bosmasin deb, gap so‘radik. Er-xotin ayta bersa, bu janjalning tarixi biron yozuvchining qo‘liga tushsa kattakon bir kitob bo‘ladigan.
Jonfig‘on bundan besh-olti yil burun qaysi bir idoraning izvoshini minar ekan, kirakashlik qilib qo‘lga tushib ishdan haydashibdi; keyin sabzavot do‘koniga mudir bo‘lgan ekan, “juda arzon mollar, bularning ustiga so‘m qo‘yib bo‘lmasa, tiyin qo‘yish bilan qachon boy bo‘ladi kishi” deb o‘zi tashlab ketibdi; tanish-bilishlari zavodga ishga joylab qo‘ygan ekan, “oyligidan bo‘lak daromadi yo‘q”deb bormay qo‘yibdi, shundan keyin qilmagan ishi qolmabdi desa bo‘ladi: gulfurushlik deysizmi, tomshuvoq deysizmi, qassobchilik deysizmi… bir-ikki hafta bozorda qovun tilib ham sotibdi.
Malohatxon, Jonfig‘on izvozchilikdan haydalgan yili, mahalladagi aktiv ayollarning himoyasi ostida, erining qarshiligiga qaramay, rayon Kengashiga uborshitsa bo‘lib kirgan ekan; o‘qibdi, hademay savodi chiqibdi, bir yil-bir yarim yildan keyin hatto majlislarda dokladchiga: «O‘rtoq, sizga savolim bor», deydigan bo‘libdi. Rayon Kengashining shofyori Tishchenko degan ayol uning sog‘lomligiga, kuchiga, abjirligiga, ayniqsa, zehniga qoyil bo‘lib yurar ekan, bir kuni uyga chaqirib, «sen shofyor bo‘lgin, nima yordam kerak bo‘lsa beraman», debdi. Malohat ham shunday bir narsani orzu qilib yurar ekan, darrov ko‘nibdi. Shundan keyin Tishchenko uni birmuncha vaqt shofyorlar kursiga tayyorlabdi, oqibat kirgizib ham qo‘yibdi.
Jonfig‘on avvallari uning niyatiga, o‘qishiga “notavon ko‘ngil… orzuga ayb yo‘q”degan nazar bilan qarab yurar ekan, bir vaqt qarasaki, Malohat kursni bitirib, gruzovoy minib yuribdi! Jonfig‘on bunga ham ko‘nikibdi: “Ha endi, minsa minibdi-da, shu ham martabami, mashinani o‘zi o‘ylab chiqariptimi”, deb o‘ziga tasalli beribdi. Biroq Malohat ikki yilda uch marta mukofotlanibdi. Jonfig‘on mukofotni o‘z gazi bilan o‘lchagani uchun bunga ham uncha parvo qilmabdi: “Olgan mukofotiga ot bilan tuya berarmidi”, debdi. Jonfig‘on o‘tgan yil bahor kechalarining birida (o‘sha kuni ertasiga boshini yormoqchi bo‘lgan, soqoliga o‘t qo‘ygan) istirohat bog‘iga kirgan ekan, qarasa, shaharning manman degan staxanovchilari qatorida xotinining ham kattakon portreti turibdi! Sevinch, qo‘rquv, baxillik — hammasi aralash-quralash bo‘lib, Jonfig‘onning boshi g‘ovlab ketibdi. U darrov uyiga kelib, har qalay, xotinini suyibdi, o‘pibdi, lekin suhbat janjal bilan tugabdi. Bu kungacha bo‘lib o‘tgan uchta yirik janjalning biri shu ekan.
— Shunda janjal nimadan chiqdi? — dedi sheriklarimizdan biri.
Jonfig‘on javob bermoqchi edi, Malohat gapini og‘zidan oldi.
— Tuppa-tuzuk o‘tirgan odam birdan aynib, endi undoq bo‘lasan, bundoq bo‘lasan, jazman chiqib qoladi deb, jahlimni chiqardilar. Xayolimda yo‘q gaplar…
— Xayolingda yo‘q-a, xayolingda yo‘q! — dedi Jonfig‘on kesatib.
— Ha, xayolimda bo‘lib nima qildim?
— Xayolingda bo‘lmasa nima uchun buqog‘ingni kestirding? Xo‘sh? Qani mana shu to‘rtta odamning oldida javob ber-chi?
Malohatning ko‘k piyoladan ko‘ra kichikroq buqog‘i bo‘lib, shuni o‘tgan yil kuzda kestirgan ekan. Ikkinchi yirik janjal shunda bo‘lib, yaqin bir haftaga cho‘zilibdi.
— Kestirsam yomon bo‘liptimi?— dedi Malohat.— Axir… xotiningizman…
— Nima, menga yoqish uchun kestiribsanmi? Hech-da! Menga buqog‘ing bilan ham yoqa berar eding. Boshqaga yoqaman deb kestirgansan!..
— Uyaling! Ilgarilar, buqog‘ing bor deb, ko‘z ochirgani qo‘ymas edingiz-ku! Necha marta yig‘latgansiz?
Jonfig‘on, nima deyishini bilmay yerga qaradi va do‘ng‘illadi:
— Men yig‘latgan emasman… o‘zing yig‘lagansan…
Biz kulgidan o‘zimizni tiyolmadik, ammo baralla kulish to‘g‘ri kelmagani uchun birimiz mo‘ylovimizni silab, birimiz yo‘talib, deganday kulgimizni yashirdik. Jonfig‘on:
“Malohat endi meni tashlab ketadi” deb hadiksirab yursa, Malohat erining bu yurish-turishidan xijolat tortib yurar ekan. Shuning uchun Malohat ko‘zgako‘ringan sayin erini el qatori ishlashga undar, yalinar, ba’zan qattiq gapirar, hatto yig‘lar ekan. Jonfig‘on oxiri insofga kelib, shu bu yil qishda non zavodiga ishga kiribdi, ammo bir oy ishlamasdan progulchi tarzida ishdan haydalibdi. Jonfig‘on buni, albatta, talay vaqtgacha xotinidan yashirib yuribdi; bu ma’lum bo‘libqolgandan keyin xotiniga necha-necha tavba-tazarrular qilib, endi biron joyga kirib ishlashga, astoydil ishlashga so‘z beribdi. Malohat ishonibdi va o‘zi ish topib, o‘tgan oyning o‘n birinchi chislosida joylab qo‘yibdi. O‘tgan kuni qarasa, mulla Jonfig‘on yana bekorlar! Malohat surishtirgani korxonaga boribdi; surishtirib qarasa, Jonfig‘on faqat o‘n yetti kun ishlabdi, xolos; byulleten olgani doktorning oldiga chilimning suvini ichib lohas bo‘lib kirgan ekan, doktor ichini chayqabdi va “ko‘r bo‘ldingmi, nega tamaki yeysan” debdi. Bu gap korxonaga ovoza bo‘lib, Jonfig‘onni o‘sha zamoniyoq ishdan haydashibdi. Mana, uchinchi yirik janjal mana shundan chiqibdi.
— Nega bundoq qilasiz, axir? — dedik. Jonfig‘on yer chizib o‘tirar ekan.
— Bekor aytibsiz! — dedi Malohat jahli chiqib,— chilimning suvini ichib doktorga kirishni shayton sizdan o‘rgangandir!..
Hammamiz jim qoldik, Jonfig‘on birpasdan keyin boshini ko‘tarib:
— Bo‘ladigan gap shu,— dedi,— mening qo‘yadigan xotinim yo‘q. Agar zo‘rlik bilan xat topshirsang, tovonimga qolasan. Mana shu yigitlar guvoh. Aytdim-qo‘ydim, ikki quloch arqon…
U, o‘pkasini tutolmay yig‘lab yubordi. U, yig‘lar ekan, yana xotiniga so‘z berdi. Malohat uni hech qachon bu ahvolda ko‘rmagan bo‘lsa kerak, yumshadi.
— Men sizga aytayin,— dedi,— pulingizning keragi yo‘q, ishlasangiz bo‘lgani! Men sizni hozir erim degani nomus qilaman!
Jonfig‘on qasamning har xilidan ichdi, keyin bizning kafil bo‘lishimizni so‘radi. Biz oxirgi sinoq bo‘lishi sharti bilan kafil bo‘ldik, ammo har qaysimizning dilimizda: “Bu xotindan uyalib qolmasmikanmiz”, degan bir andisha bor edi. Malohat ko‘ngandan keyin biz chiqib ketdik. Samovarda o‘tirgan edik, birpasdan keyin Jonfig‘on chiqdi va yonimizga kelib:
— Shu gap gap bo‘ldimi, yo tag‘in jinniligi tutarmikin? — dedi.
Biz hali javob bermasdan Malohat eshikni ochib qaragan edi, Jonfig‘on yugurganicha bordi, ikkovi kirib ketdi.
Ertasiga eshitsak, Jonfig‘on yo‘qlab kelgan takasaltang og‘aynilarini uyiga kirgizmabdi.
Manba: https://www.ziyouz.com/portal-haqida/xarita/uzbek-nasri/abdulla-qahhor-1907-1968/abdulla-qahhor-jonfig-on-hikoya
Абдулла Қаҳҳор. Жонфиғон (ҳикоя)
Жонфиғонни танисангиз керак — ўша, ўтган йил баҳорда маст бўлиб, кўчадан ўтган одамга «ҳозир айтасан: бошимни қайси деворга уриб ёрай», деб ёпишган, кейин соқолига ўзи ўт қўйиб, гугурт чиқарганни сўккан киши.
Кеча шунинг уйидан хотин кишининг аччиқ-аччиқ йиғлаган товушиэшитилди. Жонфиғон бу яқин йилларда хотинини урган эмас, ҳатто бир кунисамоварда ўзи: «Хотин кишини номард уради, қўлинг қичиса, ўзинггаўхшаган қўли қичиганни топиб муштлаш, мен сени мард билай», деган эди.
— Уч-тўрт киши бўлиб аста кирсак, ҳовлининг ўртасида катта гулхан, хотиниМалоҳатхон унинг атрофида додлаб юрибди. Тўхтатдик.
— Шўргинам қурсин… кўрмайсизларми… Беш-олти йилдан бери биттапайпоқ олиб бергани йўқ-ку, ишлаб-ишлаб топган пулимга қилган ҳаммакийимларимга керосин сепиб ўт қўйди… Шу устимдаги иш кийимим биланқолдим…
Жонфиғон деразадан бошини чиқариб бақирди:
— Гапир, ҳа, гапир!.. Сенинг гапинг гапу бизники гап эмасми!..
Жонфиғон катта бир ҳақиқатни очишга шошилгандай, уйдан югуриб чиқди, бизга зўр ҳақсизликдан шикоят қилаётган қиёфада туриб, аллақаерда ўтганбир авлиёнинг ўз ўғлига «хотинлар бевафо» деб қилган насиҳати, жиноятқонунлари мажмуасининг алланечанчи моддаси тўғрисида гапирди вабехосдан йиғлаб юборди. Кейин билсак, кеча эр-хотин уришган, хотин: «Қўйэнди, мен сен билан умр қилмайман, эртага хатимизни оламиз», деган экан.
Уруш, қўйди-чиқди ҳам ҳар хил бўлади. Баъзи урушлар шундай арзимаганнарсадан чиқадики, орада қанча совуқ гаплар ўтиб «ҳордиқ чиққанданкейин» уриш нимадан чиққанини на эр эслай олади, на хотин. Буларнинг ҳамжанжали шу хилда бўлса яраштирайлик, иккови ЗАГСнинг ўша «Ўлим ваталоқ» бўлмасига қадам босмасин деб, гап сўрадик. Эр-хотин айта берса, бужанжалнинг тарихи бирон ёзувчининг қўлига тушса каттакон бир китоббўладиган.
Жонфиғон бундан беш-олти йил бурун қайси бир идоранинг извошини минарэкан, киракашлик қилиб қўлга тушиб ишдан ҳайдашибди; кейин сабзавотдўконига мудир бўлган экан, «жуда арзон моллар, буларнинг устига сўмқўйиб бўлмаса, тийин қўйиш билан қачон бой бўлади киши» деб ўзи ташлабкетибди; таниш-билишлари заводга ишга жойлаб қўйган экан, «ойлигиданбўлак даромади йўқ» деб бормай қўйибди, шундан кейин қилмаган ишиқолмабди деса бўлади: гулфурушлик дейсизми, томшувоқ дейсизми, қассобчилик дейсизми… бир-икки ҳафта бозорда қовун тилиб ҳам сотибди.
Малоҳатхон, Жонфиғон извозчиликдан ҳайдалган йили, маҳалладаги актив аёлларнинг ҳимояси остида, эрининг қаршилигига қарамай, раён Кенгашигауборшитса бўлиб кирган экан; ўқибди, ҳадемай саводи чиқибди, бир йил-бирярим йилдан кейин ҳатто мажлисларда докладчига: «Ўртоқ, сизга саволимбор», дейдиган бўлибди. Раён Кенгашининг шофёри Тишченко деган аёлунинг соғломлигига, кучига, абжирлигига, айниқса, зеҳнига қойил бўлибюрар экан, бир куни уйга чақириб, «сен шофёр бўлгин, нима ёрдам керакбўлса бераман», дебди. Малоҳат ҳам шундай бир нарсани орзу қилиб юрарэкан, дарров кўнибди. Шундан кейин Тишченко уни бирмунча вақт шофёрларкурсига тайёрлабди, оқибат киргизиб ҳам қўйибди.
Жонфиғон авваллари унинг ниятига, ўқишига «нотавон кўнгил… орзуга айбйўқ» деган назар билан қараб юрар экан, бир вақт қарасаки, Малоҳат курснибитириб, грузовой миниб юрибди! Жонфиғон бунга ҳам кўникибди: «Ҳаэнди, минса минибди-да, шу ҳам мартабами, машинани ўзи ўйлабчиқариптими», деб ўзига тасалли берибди. Бироқ Малоҳат икки йилда учмарта мукофотланибди. Жонфиғон мукофотни ўз гази билан ўлчагани учунбунга ҳам унча парво қилмабди: «Олган мукофотига от билан туя берармиди», дебди. Жонфиғон ўтган йил баҳор кечаларининг бирида (ўшакуни эртасига бошини ёрмоқчи бўлган, соқолига ўт қўйган) истироҳат боғигакирган экан, қараса, шаҳарнинг манман деган стахановчилари қаторидахотинининг ҳам каттакон портрети турибди! Севинч, қўрқув, бахиллик — ҳаммаси аралаш-қуралаш бўлиб, Жонфиғоннинг боши ғовлаб кетибди. У дарров уйига келиб, ҳар қалай, хотинини суйибди, ўпибди, лекин суҳбатжанжал билан тугабди. Бу кунгача бўлиб ўтган учта йирик жанжалнинг биришу экан.
— Шунда жанжал нимадан чиқди? — деди шерикларимиздан бири.
Жонфиғон жавоб бермоқчи эди, Малоҳат гапини оғзидан олди.
— Туппа-тузук ўтирган одам бирдан айниб, энди ундоқ бўласан, бундоқбўласан, жазман чиқиб қолади деб, жаҳлимни чиқардилар. Хаёлимда йўқгаплар…
— Хаёлингда йўқ-а, хаёлингда йўқ! — деди Жонфиғон кесатиб.
— Ҳа, хаёлимда бўлиб нима қилдим?
— Хаёлингда бўлмаса нима учун буқоғингни кестирдинг? Хўш? Қани манашу тўртта одамнинг олдида жавоб бер-чи?
Малоҳатнинг кўк пиёладан кўра кичикроқ буқоғи бўлиб, шуни ўтган йилкузда кестирган экан. Иккинчи йирик жанжал шунда бўлиб, яқин бир ҳафтагачўзилибди.
— Кестирсам ёмон бўлиптими?— деди Малоҳат.— Ахир… хотинингизман…
— Нима, менга ёқиш учун кестирибсанми? Ҳеч-да! Менга буқоғинг биланҳам ёқа берар эдинг. Бошқага ёқаман деб кестиргансан!..
— Уялинг! Илгарилар, буқоғинг бор деб, кўз очиргани қўймас эдингиз-ку! Неча марта йиғлатгансиз?
Жонфиғон, нима дейишини билмай ерга қаради ва дўнғиллади:
— Мен йиғлатган эмасман… ўзинг йиғлагансан…
Биз кулгидан ўзимизни тиёлмадик, аммо баралла кулиш тўғри келмаганиучун биримиз мўйловимизни силаб, биримиз йўталиб, дегандай кулгимизнияширдик. Жонфиғон:
«Малоҳат энди мени ташлаб кетади» деб ҳадиксираб юрса, Малоҳат эринингбу юриш-туришидан хижолат тортиб юрар экан. Шунинг учун Малоҳат кўзгакўринган сайин эрини эл қатори ишлашга ундар, ялинар, баъзан қаттиқгапирар, ҳатто йиғлар экан. Жонфиғон охири инсофга келиб, шу бу йилқишда нон заводига ишга кирибди, аммо бир ой ишламасдан прогулчитарзида ишдан ҳайдалибди. Жонфиғон буни, албатта, талай вақтгачахотинидан яшириб юрибди; бу маълум бўлиб қолгандан кейин хотинига неча-неча тавба-тазаррулар қилиб, энди бирон жойга кириб ишлашга, астойдилишлашга сўз берибди. Малоҳат ишонибди ва ўзи иш топиб, ўтган ойнинг ўнбиринчи числосида жойлаб қўйибди. Ўтган куни қараса, мулла Жонфиғоняна бекорлар! Малоҳат суриштиргани корхонага борибди; суриштирибқараса, Жонфиғон фақат ўн етти кун ишлабди, холос; бюллетен олганидокторнинг олдига чилимнинг сувини ичиб лоҳас бўлиб кирган экан, доктор ичини чайқабди ва «кўр бўлдингми, нега тамаки ейсан» дебди. Бу гапкорхонага овоза бўлиб, Жонфиғонни ўша замониёқ ишдан ҳайдашибди. Мана, учинчи йирик жанжал мана шундан чиқибди.
— Нега бундоқ қиласиз, ахир? — дедик. Жонфиғон ер чизиб ўтирар экан.
— Бекор айтибсиз! — деди Малоҳат жаҳли чиқиб,— чилимнинг сувини ичибдокторга киришни шайтон сиздан ўргангандир!..
Ҳаммамиз жим қолдик, Жонфиғон бирпасдан кейин бошини кўтариб:
— Бўладиган гап шу,— деди,— менинг қўядиган хотиним йўқ. Агар зўрликбилан хат топширсанг, товонимга қоласан.
Мана шу йигитлар гувоҳ. Айтдим-қўйдим, икки қулоч арқон…
У, ўпкасини тутолмай йиғлаб юборди. У, йиғлар экан, яна хотинига сўз берди. Малоҳат уни ҳеч қачон бу аҳволда кўрмаган бўлса керак, юмшади.
— Мен сизга айтайин,— деди,— пулингизнинг кераги йўқ, ишласангизбўлгани! Мен сизни ҳозир эрим дегани номус қиламан!
Жонфиғон қасамнинг ҳар хилидан ичди, кейин бизнинг кафил бўлишимизнисўради. Биз охирги синоқ бўлиши шарти билан кафил бўлдик, аммо ҳарқайсимизнинг дилимизда: «Бу хотиндан уялиб қолмасмиканмиз», деган бирандиша бор эди. Малоҳат кўнгандан кейин биз чиқиб кетдик. Самовардаўтирган эдик, бирпасдан кейин Жонфиғон чиқди ва ёнимизга келиб:
— Шу гап гап бўлдими, ё тағин жиннилиги тутармикин? — деди.
Биз ҳали жавоб бермасдан Малоҳат эшикни очиб қараган эди, Жонфиғонюгурганича борди, иккови кириб кетди.
Эртасига эшитсак, Жонфиғон йўқлаб келган такасалтанг оғайниларини уйигакиргизмабди.