Abdulla Qahhor. Kartina (hikoya)
| Кирилл ёзувидаги матн пастроқда
Qiyom paytida «Paxtakor» kolxozining pravleniesi oldiga qo‘ng‘iznusxa bir avtomobil kelib to‘xtadi. Bu avtomobil rayondan, shahardan tez-tez kelib turadigan avtomobillarga sira o‘xshamagani uchun oqsoq qorovul undan ko‘zini olmay, qo‘ltiqtayog‘ini to‘qillatganicha zinadan tushdiyu, unga yaqin borishini ham, bormasligini ham bilmay anhor ko‘prigidan berida to‘xtab qoldi. Avtomobilning ketidan ergashgan chang uning ustidan, yon-veridan yelib-buralib o‘tib bosilgach, eshik ochilib undan ikki kishi tushdi: biri — novcha, ozg‘in, katak ko‘ylak va pochasi bo‘g‘ma jigar rang shim kiygan o‘rta yoshlardagi bir kishi; ikkinchisi — qora sochi quloq va bo‘yinlarini bosib ketgan, jujuncha kitel va amirkon tufli kiygan pakana bir yigit edi. Yigit ko‘prikka tomon bir-ikki qadam bosdiyu, barmog‘i bilan imlab, qorovulni chaqirdi.
— Mumkinmi?.. Rais qaerda?
— Salom, kelsinlar... Majid akam daladalar.
Yigit, gap so‘rashdan oldin salom bermaganidan xijolat tortdi shekilli, o‘ng‘aysizlanib, qansharini qashladi.
— Partiya tashkilotchisi qaerda?
— O’rtoq Hatamovami? U kishi ham dalada.
— Telefon yo‘qmi?
— Yo‘q hisobi, yaxshi yurmaydi... Qani, bu yoqqa... Kim kerak bo‘lsa, hozir xabar qilamiz. Paxtachilik institutdanmisizlar?
— Yo‘q.
Mehmonlar ko‘prikdan o‘tishdi, lekin qorovulning qistashiga qaramay, ichkariga kirishmadi. Qorovul ko‘chaning u yuziga o‘tib qaergadir kirib chiqdi, kimnidir chaqirdi, kim bilandir gaplashdi. U qaytib kelganda novcha kishi imoratga uzoqdan ko‘zini goh qisib, goh katta ochib qarar: pakana yigit uning kolonna va devorlariga chertib, deraza va eshiklarining bo‘yog‘ini tirnab hidlab ko‘rar; ikkovi bir-biriga qarab dam-badam «Tipik, tipik!» deb qo‘yar edi.
— Bu imorat qachon solingan? - dedi pakana yigit.
— Urush boshlangan yili poydevor qo‘ygan edik, urush davrida bitirishibdi.
— Siz yo‘qmidingiz? Urushdamidingiz? Oyoqni qaerga qo‘yib keldingiz?
— Oyoqni Qrimga qo‘yib keldik.
Xayal o‘tmay partiya tashkilotchisi Hatamova keldi. U, o‘zi yosh bo‘lsa ham, sochiga oq oralagan, oddiy kolxozchi xotinlardan edi; mehmonlarni xotinlarga xos mulozamat va shirin so‘zlik bilan kabinetiga taklif qildi. Mehmonlarni u ham paxtachilik institutidan deb o‘ylagan edi, biroq novcha kishining pochasi bo‘g‘ma shimini ko‘rib ikkilandi shekilli, nima deyishini bilmay qoldi.
Mehmonlar bir-birini tanishtirdi.
— Yosh shoirlarimizdan Quvvatbek, — dedi novcha kishi.
— Yosh rejissyorlarimizdan G’aniev, — dedi pakana yigit.
Hatamova mamnuniyatdan qizarib, ta’zim qildi.
— Qadamlaringizga hasanot! Shoirlarimiz, san’atchilarimiz mana shundoq yo‘qlab kelishsa, qandoqyaxshi! Kitobga, san’atga kolxozchilarimizning havasi zo‘r. O’zimizdan chiqqan shoirlar ham bor. Milliy muzika to‘garagimiz yana ishga tushdi. Urush davrida yotib qolgan edi. Lekin hammasi ham hali usta ko‘rmagan shogird. Ikkita shoirimiz bor, lekin rayon gazetasi ikkovini ham tan olmaydi: she’r yuborishsa, nuqul «xabar yozing» deb javob keladi. Yanagi yilga kichikroq bo‘lsa ham sahna qurish niyatimiz bor. Klubimiz torlik qiladi... Zab kelibsizlar-da! Rahmat!
Hosilot, undan keyin rais keldi. Bir necha kishi eshikdan boshini tiqib qaradi. Yo‘lakda kimdir «Akademiyadan», dedi.
— Bizning bu yerga kelishimizdan maqsadimiz, — dedi rejissyor bir lahza jimlikdan keyin, — biz o‘z oldimizga juda muhim bir vazifa qo‘yganmiz. Bu vazifani bajarishda sizlarning yordamlaringizga muhtojmiz. Avvalo shuni aytish kerakki,«Paxtakor» kolxozi rayonda har jihatdan tipik kolxoz. Biz mana shu kolxoz hayotidan nafis film, ya’ni kartina yaratmoqchimiz.
Rais o‘tirgan yerida qomatini ko‘tardi, uzun mo‘ylovini burab, iljaydi.
— Kolxozimiz kartinaga arziydigan bo‘lsa xursandmiz...
— Biz hozir sizlarning vaqtlaringizni olmaymiz, — dedi shoir. — Sizlar bilan gaplashadigan gapimizni kechqurunga qo‘yamiz. Kechgacha biz kolxozning u yoq-bu yog‘ini ko‘rib, tanishib chiqishimiz kerak. Bizga hozir bitta yetakchi bersalaring, bas.
Yetakchilikka boyagi oqsoq qorovul muvofiq ko‘rildi.
Pravleniedan chiqishdi. Qorovul mehmonlarni pravleniening kun yurish tomonidagi ko‘chaga boshladi. Bu ko‘chada qulagan va qulay deb turgan devorlar, past-baland va qiyshiq uylar orasida reja bilan solingan chiroyli oq imoratlar uchrar edi.
— Yangi qishloq endi ko‘karib kelayotgan edi, — dedi qorovul mehmonlarni oldiga o‘tkazib, — urush chatoq qildi. Urush bo‘lmaganda, mana bu qaldirg‘ochning uyasiga o‘xshagan
uylardan, mana bu bo‘yinchaga o‘xshagan eshiklardan nom-nishon qolmas edi. Kartinaning biron joyiga shuni ham qistirib o‘tinglar.
Ko‘pdan beri shikast-rexti tuzatilmagan maktab binosining oldidagi bog‘chani kesib o‘tib, tosh yo‘lga chiqishdi. Yo‘lning ikki tomonidagi qator teraklar orasidan unda-bunda taxlanib yotgan yog‘och, xom va pishiq g‘isht, bo‘yra va boshqa binokorlik materiallari ko‘rinar, bularning orasida odamlar ivirsib yurar, allaqaerda arra tovushi eshitilar edi.
— Binokorlik brigadamiz, — dedi qorovul, so‘ngra mehmonlarni yo‘lning oxiridagi yashil darvozaga boshlab kirdi, — bu kolxozning bog‘i.
Darvozaning ro‘parasidagi xiyobonning u boshi ko‘rinmas edi. Yonbosh xiyobonlarning biridan oqxalat kiygan nozikkina, ikki beti qip-qizil bir juvon chiqib qoldi. Qorovul uni mehmonlarga tanishtirdi. Juvon bolalar bog‘chasining murabbiyasi ekan.
— Bog‘changizni ko‘rsak mumkinmi? — dedi shoir shoshib.
Xuddi shu savolni, xuddi shunday shoshib, rejissyor ham berdi.
Juvon boshini bir tomonga kiyshaytirib jilmaydi; qop-qora va ingichka qoshlari bilinar-bilinmas chimirildi-da, erkalab-o‘pkalab turgan labi qimirlab, mayin tovush eshitildi:
— Kechirasizlar, bolalar hozir uyquda, u tomonga hech kimni o‘tkazishmaydi... — dedi.
Yo‘lda davom etishdi. Rejissyor, negadir, jadallaganicha ilgarilab ketdi. Shoir qoqinib yiqilayozdi va qoqinganiga sabab es-hushi bog‘chada ekanini ko‘rsatish uchun engashib qayta-qayta o‘sha tomonga qaradi. Xiyobonning u boshida naqshdor havo rang baland ayvonning bir chekkasi ko‘rinib turar edi.
— G’aniev, — dedi shoir, — bog‘chani ko‘ring! Bizning bolaligimiz ota-onamizga xo‘p ham arzon tushgan-da!
Rejissyor javob bermadi.
Qaerdandir paydo bo‘lib qolgan mo‘ysafid bog‘bon mehmonlar bilan so‘rashib, ularni kattakon hovuz bo‘yidagi ba-land, o‘zining aytishicha, Moskvadagi Qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasida O’zbekiston pavilonini ishlagan ustalardan biri solgan shiyponga olib chiqdi. Shiyponni haqiqatan juda didlik odam zo‘r havas bilan solganligi ko‘rinib turar edi. Uning atrofidagi gulzorda rang-barang kapalaklar, ninachilar qanot qoqar, asalarilar g‘o‘ng‘illar, allaqaerda g‘urrak g‘urillar edi. Chol shogirdi bo‘lmish yoshgina, ozg‘in, juda sertavoze yigitning qo‘liga qoshiqdon-savatni berib, meva-chevaga yubordi-da, o‘zi poygahga cho‘kka tushib, mehmonlar kimlar va nima uchun kelganliklari bilan ishi bo‘lmay, bog‘ning tarixi, bunda qandoq mevalar borligi, bularning ko‘chatlari qaerlardan keltirilganligi, bog‘ni qanday kolxozlarning raislari ko‘rganligiyu, nimalar deganligi to‘g‘risida so‘zlab ketdi. Oblastning har qaeridan keltirilgan turli-tuman ko‘chatlar ichida uning uchun eng mo‘‘tabari allaqaerdan samolyotda keltirilgan yigirma tup anor bo‘lib, uning o‘sha yer anori ekanligidan ko‘ra samolyotda keltirilganligini ko‘proq pisanda qilar edi.
— Raisimiz juda hafsalali yigit, — dedi chol meva to‘la savatni shogirdining qo‘lidan olayotib, — hamma ishga ham shundoq jon-dili bilan kirishadi. Mana, mana shu anjirning ko‘chatini Oqqo‘rg‘ondan oldirib keldi; avtomobil berdi, uch kun ovora bo‘lib, o‘zim olib keldim.
— Bog‘ kolxozga qancha daromad beradi? - dedi rejissyor hil-hil bo‘lib pishgan shaftolining po‘stini archayotib.
— O’tgan yili bir yuz o‘n ikki ming daromad berdi. Gap daromadda emas, o‘g‘lim, har qancha daromad bo‘lsa paxta bera-di, o‘tgan yil paxtadan bir million uch yuz ming daromad oldik. Bog‘ yaxshi-da! Meva-cheva... kolxozning ko‘rki. Urush yillari askar bolalarni yo‘qlab turdik. Askarlardan, komandirlardan qancha xat keldi-yu! Hammasini rais temir sandiqqa solib qo‘ygan. Ko‘rsalaring bo‘ladi. Leningraddan mening nomimga ham bir xat keldi. Juda alomat. Sovg‘ani To‘paniso olib borgan edi, xatni shundan berib yuborishibdi. Aslida, Leningradga men boradigan edim. To‘paniso «men boraman» degandan keyin indamadim. Uning eri o‘sha tomonlarda shahid bo‘lgan edi. Bechora juda yaxshi xotin. Hozir partiya tashkilotchimiz... Bormaganim ko‘ngilga armon bo‘ldi. Borsam, jiyanimni ko‘rib qolarmidim.
— Jiyaningiz Leningraddami?
— Ha, o‘sha yerda edi, paroxodda xizmat qilar edi, shahid bo‘ldi.
— Jiyaningiz dengizchimidi?
— Ha, Moskvaga o‘qigani borgan edi, keyin Leningradga ketdim, deb xat qildi-yu, ikki yildan keyin kokilli shapka kiyib keldi. Qaytishida meni Moskvaga olib borgan edi.
— Moskvaga borganmisiz? — dedi shoir va shoshib yonidan qo‘yin daftari bilan qalam chiqardi. — Qani, bir boshdan aytib bering-chi.
— Mening Moskvaga borishim qiziq bo‘ldi. Ertalab borib tushdigu, kechqurun jiyanim poezdga chiqarib qo‘ydi, nimaga desangiz, urush boshlanib qoldi. Urush bo‘lmaganda ko‘p joylarni ko‘rar edik. Qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasini tomosha qilar edim. Yana ko‘rgazma ochilar. Lekin endigi ko‘rgazmaga tomosha qilgani emas, hunarimni ko‘rsatgani boraman. G’alati payvandlar qilganman.
Chol o‘sha payvandlarini ko‘rsatgani va umuman, bog‘ni tomosha qildirgani mehmonlarni boshlab ketdi. Boqqa mana shu xilda mehmonlar kelganda chol ularga bog‘ning ta’rifini qilmasdan, uning hammayog‘ini ko‘rsatmasdan va bog‘ to‘g‘risida ularning fikr-mulohazalarini eshitmasdan qo‘ymas edi. Qorovul shuni yaxshi bilganligi uchun biron ikki soatdan keyin qaytib kelmoqchi bo‘lib, postiga ketdi. U ikki soatdan keyin qaytib kelganda chol mehmonlarga tutning tanasini parmalab o‘tkazilgan uzum novdasini ko‘rsatib izoh berar edi. Uning so‘ziga qaraganda, uzumning har boshi to‘rvadek va g‘ujumlari tutning donasidek zich bo‘lishi kerak edi. Qorovul yana bir aylanib kelganda mehmonlarni yetti yillik maktab o‘quvchilarining tajriba uchastkasida ko‘rdi. Chol kulib-kulib gap ma’qullar, shoir daftarchasini tizzasiga qo‘yib, tez-tez yozar edi.
— Mulla akalar, bu yerdan chiqib qaerga boramiz? – dedi qorovul.
Rejissyor kulib javob berdi:
— Darmonimiz yetsa, elektrostantsiyaga boramiz-da.
— Otam sizlarni charchatib qo‘ymadilarmi? Bu kishi shunaqa, qo‘llariga tushgan odam bog‘dan devorlarni ushlab chiqib ketmasa hisob emas... Elektrostantsiya yopiq-ku. Texnik stantsiyani qulflab hammomga ketibdi!
— Biz borguncha kelib qolar.
— Yo‘q, kelmaydi. Rostini aytsam, sizlar shu yerda bo‘lsalaring bugun chiroqsiz qolamiz. Stantsiya objuvozning o‘rniga solingan-da, juda kichkina, ko‘rimsiz. Shuning uchun texnik «buning nimasini kartinaga oladi, kartina masxarami, elektrostantsiya masxarami» deb stantsiyani qulflab ketib qoldi. Bugun kelmas emish. Bir hisobda ko‘rmaganlaring ham ma’qul. Kolxozimizning yangi besh yillik planida katta gidrostantsiya qurishni mo‘ljal qilganmiz. Ana unda tandirni ham elektrda qizitamiz. Kartinaga o‘shanda olinsa... Bu yerdan chi-qib fermaga bora qolaylik. Hafiza opam kartinabop to‘qqizta sigirni sog‘masdan sizlarga ko‘z tutib o‘tirgan emish.
Bog‘bon mehmonlarni kechki payt bo‘shatdi va o‘shanda ham «attang, fursatlaring bo‘lganda hameshabahorni ko‘rsatar edim» deb qoldi. U «hameshabahor» deb parnikni aytar edi.
Mehmonlar juda charchagan edi. Bu horg‘inlik bog‘dan chiqilgandan keyin ayniqsa bilindi, shuning uchun boshqa joylarni ko‘rishni bo‘lak mavrutga qoldirib, to‘g‘ri pravleniega qarab ketishdi.
Ularni rais qarshi olib, pravleniening orqasidagi mehmonxonaga boshladi. Stol turli noz-ne’matlar bilan bezatilgan, uning bir chetidagi kichkina sariq samovar ustida turgan qizil choynakning qopqog‘i shiriqlar edi.
— E, ovora bo‘lishning hojati yo‘q edi-ku, — dedi shoir xijolat bo‘lib.
— Ovoragarchiligi bormi!.. — dedi rais. — Qani, marhamat... Bog‘dan bo‘lak joyni ko‘rolmabsizlar-da.
— Albatta, yarim kunda hammayoqni ko‘rib bo‘lmaydi, — dedi shoir, — bog‘ning o‘zini ko‘rishga ham rosa bir kun kerak ekan. Ajoyib!
Mehmonlar kolxozning tarixi, xo‘jaligi, daromadi, dongdor kishilari, yangi besh yilliqda qiladigan asosiy ishlari to‘g‘risida savollar berib, raisdan batafsil javoblar olishdi. Qorong‘i tushgandan keyin, Hatamova, o‘rta yoshlardagi barvasta bir kishi va qop-qora bir qiz bilan kirib keldi.
— Tanishib qo‘yinglar, mehmonlar, — dedi Hatamova, — dongdor zveno boshlig‘i Qunduzxon Hayitova... Bu kishi brigadir Davron aka. Shartnoma yigirma ikkiga. Davron akam oltmish uchun kurashayotibdilar.
Suhbat yana davom etdi. Mehmonlar zveno boshlig‘i bilan brigadirga ham son-sanoqsiz savollar berishdi, berilgan javoblarni shoshilmay, batafsil yozib olishdi.
Nihoyat, rejissyor daftarchasini yopdi, peshonasini silab o‘ychan gap boshladi:
— Biz kolxoz to‘g‘risida asosiy ma’lumotlarni oldik, lekin bularning hammasini ko‘zimiz bilan ko‘rishimiz kerak, toki ilhomlanaylik. Ko‘rish yaxshi! Mana, bitta bog‘ni ko‘rishimizning o‘zi bizning «Paxtakor» to‘g‘risidagi tasavvurimizni bugkul o‘zgartirib yubordi. Endi gap bunday: kolxozni haqiqiy kolxoz qilishda mexanizatsiyaning roli o‘zlaringga ma’lum. Biz kartinamizning asosiy masalasi qilib mexanizatsiya masalasini olmoqchimiz. «Paxtakor» mexanizatsiya jihatidan ham tipik. Shundoq emasmi?
Bu gap yoqdi shekilli, rais iljaydi.
— Lekin, — dedi, — biz hali mexanizatsiyani to‘la amalga oshirdik, deyolmaymiz. Bu gapni shunda aytamiz, qachonki kolxoz bo‘yicha bir tsentner paxta hech bo‘lmasa uch-to‘rt mehnat kuniga tushsa. Mana bu yil Qunduzxon yetti mehnat kuniga tushirishni ko‘zlab turibdi.
— To‘g‘ri, — dedi rejissyor, — shundoq bo‘lishi kerak. Mexanizatsiya masalasini olganimizda, bizga nima kerak? Bizga voqea kerak. Voqea bo‘lishi uchun nima kerak? Qarama-qarshilik kerak. Mana, masala shunda, qarama-qarshilikda. Biz bilamizki, har bir yangilik qarshilikka uchraydi. Demak, mexanizatsiya ham qarshilikka uchrashi kerak. Bizga manna shuni aytib bersalaring kifoya. Mexanizatsiyaga qarshi chiqishlar bo‘lib turadimi, bo‘lsa qarshi chiqqan odamlarning dalil va isbotlari nimalardan iborat?
Hatamova labidagi tabassumni yashirish uchun tez-tez choy ho‘plar ekan:
— Qani, Davron aka, nima deysiz? — dedi.
Davron aka avval Hatamovaga, keyin raisga, so‘ngra rejissyorga qaradi-da, bo‘ynini qashlar ekan, iljayib:
— O’ttizinchi yillarda qayoqda edingiz, mulla aka! - dedi.
Noqulay jimlik cho‘kdi.
— Bizning qishloqlarda hozir mexanizatsiyani qarshilikka uchraydigan, odamlar cho‘chiydigan yangilik deb bo‘larmikin? — dedi rais xiyol tabassum qilib. — Respublikamizda hozir ikki yuzdan ortiq MTS bor. Qani, sen nima deysan, Qunduzxon?
Qunduzxon, gapirgisi kelib turgan bo‘lsa ham, nimadandir istihola qilib turgan bo‘lsa kerak, darrov gap boshladi:
— Men dalamizga birinchi traktor chiqqan yili tug‘il-gan ekanman. Hali Davron akam o‘ttizinchi yillar dedilar. O’sha yillari mexanizatsiyaga qarshi chiqqan odamlar bo‘lsa bo‘lgandir, nimaga desangiz, mexanizatsiyaning nimaligini bilishmagan. Lekin hozirgi vaqtda, mexanizatsiya kolxoz-ning joni ekanini har bir kolxozchi ko‘rib, bilib turganda mexanizatsiyaga qarshi odam bo‘lishi... bilmadim.
— Masalan, chollar bo‘lishi mumkin, — dedi shoir.
— Chollar? Men yerni qo‘sh ho‘kiz bilan haydab ko‘rgan emasman. Uning azobini bilmayman, chollar bilishadi. U vaqtlarda eng mo‘l hosil o‘n tsentner ekan, men buni eshitganman, lekin chollar o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishgan. Kartinaga olinadigan bo‘lsa haqiqatni olish kerak.
Yana o‘ng‘aysiz jimlik cho‘kdi.
— Albatga, mehmonlar ham buni bilishadi, — dedi Hatamova, - lekin, o‘zlari aytganday, bir voqea kerak. Bular soxta bo‘lsa ham bir voqea yaratib shu bahona bilan kolxozni, mexanizatsiyaning kuchini ko‘rsatmoqchi bo‘lishadi-da. Shundoqmi?
— Ha, barakalla! — dedi rejissyor. — Gap mana shunda!
— To‘g‘ri, lekin kolxozda hech bo‘lmasa besh-o‘n kun tursalaring, kolxoz bilan durustroq tanishsalaring haqiqatga mos keladigan, juda qiziq kartinabop voqea o‘zi chiqib qoladi. Agar turamiz, o‘rganmiz, odamlar bilan yaxshiroq tanishamiz desalaring, marhamat! Nima dedingiz, rais?
— Mayli, bir oy turasizlarmi, ikki oy turasizlarmi, qancha tursalaring biz xizmatda.
— Hozir kelayotsam qorovul Safaralini so‘kayotibdi, — dedi Hatamova avval raisga, so‘ngra mehmonlarga qarab. — Safarali bizning tegirmonchimiz. Juda qiziq yigit. Shu kelib qorovuldan sizlarni so‘rabdi. Qorovul: «Nima qilasan?» desa, «Bizning tegirmon ham kartinaga tushib qolarmikin?» debdi. Shunga qorovul bo‘g‘ilayotibdi. «Hay, insofing bormi, odamlar elektrostanniyani ko‘rsatgani uyalib qochib ketdi-yu, sen tegirmoningni suqasan», deydi. Safarali ham bo‘sh kelmaydi: «Mening tegirmonim rayonda birinchi, sen tegirmonning fahmiga yetmaysan», deydi. Rost, tegirmonni juda boplagan. Bu yigit boshqa hech ishda o‘zini ko‘rsatolmagan edi, shu ishga qo‘ydik, bunda o‘zini ko‘rsatdi. Tegirmonchilik unga ota meros, ertayu kech tegirmon atrofida aylangani aylangan. Tegirmon buning qo‘liga o‘tgandan beri yaxshi daromad beradigan bo‘ldi. Men buni aytmoqchi emas edim, hali texnikning qochib ketganligini aytmoqchiman. Mening bilishimcha, o‘zi kichkinaku, lekin shu ham bir voqea. Durustroq o‘ylab ko‘rilsa, qiziq voqea! Bu stantsiyani solganimizga o‘n bir yil bo‘ldi. O’sha vaqtda bu to‘g‘rida qancha shov-shuv bo‘lgan edi. Mana endi, ko‘rib turibsizlar, birovga ko‘rsatgani uyalishadi. Buni, albatta, misol uchun aytayotibman, kichkina voqea.
Rejissyor yana daftarini ochib bir nimalarni yozib qo‘ydi. Qunduzxon bir nima demoqchi bo‘lib ikki-uch og‘iz rostlaganidan keyin sekin:
— Mulla akalar, — dedi, — beadabchilik bo‘lsa ham mening bir taklifim bor edi: kolxozni ko‘rsatishga voqea kerak bo‘lsa, shu kelishlaring o‘zi bir voqea emasmi?
Hamma kulib yubordi. Qunduzxon, juda ham behuda gap aytdim shekilli deb, qip-qizarib ketdi va yuzini yashirdi.
— To‘g‘ri, singlim, juda to‘tri aytdingiz! — dedi shoir zavq qilib, — eng yaxshi, eng qiziq voqea mana shu kelishimizning o‘zi! Bir shoir bilan bir rejissyor kolxoz hayotidan kartina yaratmoqchi bo‘lishadi, kolxozga kelib bir yarim oymi, ikki oymi turishadi.
Rejissyor uning so‘zini bo‘ldi:
— Voqea izlashadi, topisholmaydi, keyin Qunduzxon voqea topib beradi. Haqiqatan, o‘rtoq shoir, juda qiziq kinokomediya qilish mumkin!
Yana kulgi ko‘tarildi.
Mehmonlar shunga qaror qilishdi.
Bo‘lajak kinokomediya haqidagi xushchaqchaq suhbat yarim kechagacha davom etdi.
Mehmonlar ketib, bir haftadan keyin qaytib kelishdi.
Uch oydan keyin kinokomediyaning s’yomkasi boshlandi:
«Paxtakor» kolxozining pravleniesi oldiga qo‘ng‘iznusxa bir avtomobil kelib to‘xtaydi. Undan ikki kishi tushadi va hokazo...
Абдулла Қаҳҳор. Картина (ҳикоя)
Қиём пайтида «Пахтакор» колхозининг правлениеси олдига қўнғизнусха бир автомобил келиб тўхтади. Бу автомобил раёндан, шаҳардан тез-тез келиб турадиган автомобилларга сира ўхшамагани учун оқсоқ қоровул ундан кўзини олмай, қўлтиқтаёғини тўқиллатганича зинадан тушдию, унга яқин боришини ҳам, бормаслигини ҳам билмай анҳор кўпригидан берида тўхтаб қолди. Автомобилнинг кетидан эргашган чанг унинг устидан, ён-веридан елиб-буралиб ўтиб босилгач, эшик очилиб ундан икки киши тушди: бири — новча, озғин, катак кўйлак ва почаси бўғма жигар ранг шим кийган ўрта ёшлардаги бир киши; иккинчиси — қора сочи қулоқ ва бўйинларини босиб кетган, жужунча кител ва амиркон туфли кийган пакана бир йигит эди. Йигит кўприкка томон бир-икки қадам босдию, бармоғи билан имлаб, қоровулни чақирди.
— Мумкинми?.. Раис қаерда?
— Салом, келсинлар… Мажид акам даладалар.
Йигит, гап сўрашдан олдин салом бермаганидан хижолат тортди шекилли, ўнғайсизланиб, қаншарини қашлади.
— Партия ташкилотчиси қаерда?
— Ўртоқ Ҳатамовами? У киши ҳам далада.
— Телефон йўқми?
— Йўқ ҳисоби, яхши юрмайди… Қани, бу ёққа… Ким керак бўлса, ҳозир хабар қиламиз. Пахтачилик институтданмисизлар?
— Йўқ.
Меҳмонлар кўприкдан ўтишди, лекин қоровулнинг қисташига қарамай, ичкарига киришмади. Қоровул кўчанинг у юзига ўтиб қаергадир кириб чиқди, кимнидир чақирди, ким биландир гаплашди. У қайтиб келганда новча киши иморатга узоқдан кўзини гоҳ қисиб, гоҳ катта очиб қарар: пакана йигит унинг колонна ва деворларига чертиб, дераза ва эшикларининг бўёғини тирнаб ҳидлаб кўрар; иккови бир-бирига қараб дам-бадам «Типик, типик!» деб қўяр эди.
— Бу иморат қачон солинган? – деди пакана йигит.
— Уруш бошланган йили пойдевор қўйган эдик, уруш даврида битиришибди.
— Сиз йўқмидингиз? Урушдамидингиз? Оёқни қаерга қўйиб келдингиз?
— Оёқни Қримга қўйиб келдик.
Хаял ўтмай партия ташкилотчиси Ҳатамова келди. У, ўзи ёш бўлса ҳам, сочига оқ оралаган, оддий колхозчи хотинлардан эди; меҳмонларни хотинларга хос мулозамат ва ширин сўзлик билан кабинетига таклиф қилди. Меҳмонларни у ҳам пахтачилик институтидан деб ўйлаган эди, бироқ новча кишининг почаси бўғма шимини кўриб иккиланди шекилли, нима дейишини билмай қолди.
Меҳмонлар бир-бирини таништирди.
— Ёш шоирларимиздан Қувватбек, — деди новча киши.
— Ёш режиссёрларимиздан Ғаниев, — деди пакана йигит.
Ҳатамова мамнуниятдан қизариб, таъзим қилди.
— Қадамларингизга ҳасанот! Шоирларимиз, санъатчиларимиз мана шундоқ йўқлаб келишса, қандоқяхши! Китобга, санъатга колхозчиларимизнинг ҳаваси зўр. Ўзимиздан чиққан шоирлар ҳам бор. Миллий музика тўгарагимиз яна ишга тушди. Уруш даврида ётиб қолган эди. Лекин ҳаммаси ҳам ҳали уста кўрмаган шогирд. Иккита шоиримиз бор, лекин раён газетаси икковини ҳам тан олмайди: шеър юборишса, нуқул «хабар ёзинг» деб жавоб келади. Янаги йилга кичикроқ бўлса ҳам саҳна қуриш ниятимиз бор. Клубимиз торлик қилади… Заб келибсизлар-да! Раҳмат!
Ҳосилот, ундан кейин раис келди. Бир неча киши эшикдан бошини тиқиб қаради. Йўлакда кимдир «Академиядан», деди.
— Бизнинг бу ерга келишимиздан мақсадимиз, — деди режиссёр бир лаҳза жимликдан кейин, — биз ўз олдимизга жуда муҳим бир вазифа қўйганмиз. Бу вазифани бажаришда сизларнинг ёрдамларингизга муҳтожмиз. Аввало шуни айтиш керакки,«Пахтакор» колхози раёнда ҳар жиҳатдан типик колхоз. Биз мана шу колхоз ҳаётидан нафис филм, яъни картина яратмоқчимиз.
Раис ўтирган ерида қоматини кўтарди, узун мўйловини бураб, илжайди.
— Колхозимиз картинага арзийдиган бўлса хурсандмиз…
— Биз ҳозир сизларнинг вақтларингизни олмаймиз, — деди шоир. — Сизлар билан гаплашадиган гапимизни кечқурунга қўямиз. Кечгача биз колхознинг у ёқ-бу ёғини кўриб, танишиб чиқишимиз керак. Бизга ҳозир битта етакчи берсаларинг, бас.
Етакчиликка бояги оқсоқ қоровул мувофиқ кўрилди.
Правлениедан чиқишди. Қоровул меҳмонларни правлениенинг кун юриш томонидаги кўчага бошлади. Бу кўчада қулаган ва қулай деб турган деворлар, паст-баланд ва қийшиқ уйлар орасида режа билан солинган чиройли оқ иморатлар учрар эди.
— Янги қишлоқ энди кўкариб келаётган эди, — деди қоровул меҳмонларни олдига ўтказиб, — уруш чатоқ қилди. Уруш бўлмаганда, мана бу қалдирғочнинг уясига ўхшаган
уйлардан, мана бу бўйинчага ўхшаган эшиклардан ном-нишон қолмас эди. Картинанинг бирон жойига шуни ҳам қистириб ўтинглар.
Кўпдан бери шикаст-рехти тузатилмаган мактаб биносининг олдидаги боғчани кесиб ўтиб, тош йўлга чиқишди. Йўлнинг икки томонидаги қатор тераклар орасидан унда-бунда тахланиб ётган ёғоч, хом ва пишиқ ғишт, бўйра ва бошқа бинокорлик материаллари кўринар, буларнинг орасида одамлар ивирсиб юрар, аллақаерда арра товуши эшитилар эди.
— Бинокорлик бригадамиз, — деди қоровул, сўнгра меҳмонларни йўлнинг охиридаги яшил дарвозага бошлаб кирди, — бу колхознинг боғи.
Дарвозанинг рўпарасидаги хиёбоннинг у боши кўринмас эди. Ёнбош хиёбонларнинг биридан оқхалат кийган нозиккина, икки бети қип-қизил бир жувон чиқиб қолди. Қоровул уни меҳмонларга таништирди. Жувон болалар боғчасининг мураббияси экан.
— Боғчангизни кўрсак мумкинми? — деди шоир шошиб.
Худди шу саволни, худди шундай шошиб, режиссёр ҳам берди.
Жувон бошини бир томонга кийшайтириб жилмайди; қоп-қора ва ингичка қошлари билинар-билинмас чимирилди-да, эркалаб-ўпкалаб турган лаби қимирлаб, майин товуш эшитилди:
— Кечирасизлар, болалар ҳозир уйқуда, у томонга ҳеч кимни ўтказишмайди… — деди.
Йўлда давом этишди. Режиссёр, негадир, жадаллаганича илгарилаб кетди. Шоир қоқиниб йиқилаёзди ва қоқинганига сабаб эс-ҳуши боғчада эканини кўрсатиш учун энгашиб қайта-қайта ўша томонга қаради. Хиёбоннинг у бошида нақшдор ҳаво ранг баланд айвоннинг бир чеккаси кўриниб турар эди.
— Ғаниев, — деди шоир, — боғчани кўринг! Бизнинг болалигимиз ота-онамизга хўп ҳам арзон тушган-да!
Режиссёр жавоб бермади.
Қаердандир пайдо бўлиб қолган мўйсафид боғбон меҳмонлар билан сўрашиб, уларни каттакон ҳовуз бўйидаги ба-ланд, ўзининг айтишича, Москвадаги Қишлоқ хўжалиги кўргазмасида Ўзбекистон павилонини ишлаган усталардан бири солган шийпонга олиб чиқди. Шийпонни ҳақиқатан жуда дидлик одам зўр ҳавас билан солганлиги кўриниб турар эди. Унинг атрофидаги гулзорда ранг-баранг капалаклар, ниначилар қанот қоқар, асаларилар ғўнғиллар, аллақаерда ғуррак ғуриллар эди. Чол шогирди бўлмиш ёшгина, озғин, жуда сертавозе йигитнинг қўлига қошиқдон-саватни бериб, мева-чевага юборди-да, ўзи пойгаҳга чўкка тушиб, меҳмонлар кимлар ва нима учун келганликлари билан иши бўлмай, боғнинг тарихи, бунда қандоқ мевалар борлиги, буларнинг кўчатлари қаерлардан келтирилганлиги, боғни қандай колхозларнинг раислари кўрганлигию, нималар деганлиги тўғрисида сўзлаб кетди. Областнинг ҳар қаеридан келтирилган турли-туман кўчатлар ичида унинг учун энг мўътабари аллақаердан самолётда келтирилган йигирма туп анор бўлиб, унинг ўша ер анори эканлигидан кўра самолётда келтирилганлигини кўпроқ писанда қилар эди.
— Раисимиз жуда ҳафсалали йигит, — деди чол мева тўла саватни шогирдининг қўлидан олаётиб, — ҳамма ишга ҳам шундоқ жон-дили билан киришади. Мана, мана шу анжирнинг кўчатини Оққўрғондан олдириб келди; автомобил берди, уч кун овора бўлиб, ўзим олиб келдим.
— Боғ колхозга қанча даромад беради? – деди режиссёр ҳил-ҳил бўлиб пишган шафтолининг пўстини арчаётиб.
— Ўтган йили бир юз ўн икки минг даромад берди. Гап даромадда эмас, ўғлим, ҳар қанча даромад бўлса пахта бера-ди, ўтган йил пахтадан бир миллион уч юз минг даромад олдик. Боғ яхши-да! Мева-чева… колхознинг кўрки. Уруш йиллари аскар болаларни йўқлаб турдик. Аскарлардан, командирлардан қанча хат келди-ю! Ҳаммасини раис темир сандиққа солиб қўйган. Кўрсаларинг бўлади. Ленинграддан менинг номимга ҳам бир хат келди. Жуда аломат. Совғани Тўпанисо олиб борган эди, хатни шундан бериб юборишибди. Аслида, Ленинградга мен борадиган эдим. Тўпанисо «мен бораман» дегандан кейин индамадим. Унинг эри ўша томонларда шаҳид бўлган эди. Бечора жуда яхши хотин. Ҳозир партия ташкилотчимиз… Бормаганим кўнгилга армон бўлди. Борсам, жиянимни кўриб қолармидим.
— Жиянингиз Ленинграддами?
— Ҳа, ўша ерда эди, пароходда хизмат қилар эди, шаҳид бўлди.
— Жиянингиз денгизчимиди?
— Ҳа, Москвага ўқигани борган эди, кейин Ленинградга кетдим, деб хат қилди-ю, икки йилдан кейин кокилли шапка кийиб келди. Қайтишида мени Москвага олиб борган эди.
— Москвага борганмисиз? — деди шоир ва шошиб ёнидан қўйин дафтари билан қалам чиқарди. — Қани, бир бошдан айтиб беринг-чи.
— Менинг Москвага боришим қизиқ бўлди. Эрталаб бориб тушдигу, кечқурун жияним поездга чиқариб қўйди, нимага десангиз, уруш бошланиб қолди. Уруш бўлмаганда кўп жойларни кўрар эдик. Қишлоқ хўжалиги кўргазмасини томоша қилар эдим. Яна кўргазма очилар. Лекин эндиги кўргазмага томоша қилгани эмас, ҳунаримни кўрсатгани бораман. Ғалати пайвандлар қилганман.
Чол ўша пайвандларини кўрсатгани ва умуман, боғни томоша қилдиргани меҳмонларни бошлаб кетди. Боққа мана шу хилда меҳмонлар келганда чол уларга боғнинг таърифини қилмасдан, унинг ҳаммаёғини кўрсатмасдан ва боғ тўғрисида уларнинг фикр-мулоҳазаларини эшитмасдан қўймас эди. Қоровул шуни яхши билганлиги учун бирон икки соатдан кейин қайтиб келмоқчи бўлиб, постига кетди. У икки соатдан кейин қайтиб келганда чол меҳмонларга тутнинг танасини пармалаб ўтказилган узум новдасини кўрсатиб изоҳ берар эди. Унинг сўзига қараганда, узумнинг ҳар боши тўрвадек ва ғужумлари тутнинг донасидек зич бўлиши керак эди. Қоровул яна бир айланиб келганда меҳмонларни етти йиллик мактаб ўқувчиларининг тажриба участкасида кўрди. Чол кулиб-кулиб гап маъқуллар, шоир дафтарчасини тиззасига қўйиб, тез-тез ёзар эди.
— Мулла акалар, бу ердан чиқиб қаерга борамиз? – деди қоровул.
Режиссёр кулиб жавоб берди:
— Дармонимиз етса, электростантсияга борамиз-да.
— Отам сизларни чарчатиб қўймадиларми? Бу киши шунақа, қўлларига тушган одам боғдан деворларни ушлаб чиқиб кетмаса ҳисоб эмас… Электростантсия ёпиқ-ку. Техник стантсияни қулфлаб ҳаммомга кетибди!
— Биз боргунча келиб қолар.
— Йўқ, келмайди. Ростини айтсам, сизлар шу ерда бўлсаларинг бугун чироқсиз қоламиз. Стантсия обжувознинг ўрнига солинган-да, жуда кичкина, кўримсиз. Шунинг учун техник «бунинг нимасини картинага олади, картина масхарами, электростантсия масхарами» деб стантсияни қулфлаб кетиб қолди. Бугун келмас эмиш. Бир ҳисобда кўрмаганларинг ҳам маъқул. Колхозимизнинг янги беш йиллик планида катта гидростантсия қуришни мўлжал қилганмиз. Ана унда тандирни ҳам электрда қизитамиз. Картинага ўшанда олинса… Бу ердан чи-қиб фермага бора қолайлик. Ҳафиза опам картинабоп тўққизта сигирни соғмасдан сизларга кўз тутиб ўтирган эмиш.
Боғбон меҳмонларни кечки пайт бўшатди ва ўшанда ҳам «аттанг, фурсатларинг бўлганда ҳамешабаҳорни кўрсатар эдим» деб қолди. У «ҳамешабаҳор» деб парникни айтар эди.
Меҳмонлар жуда чарчаган эди. Бу ҳорғинлик боғдан чиқилгандан кейин айниқса билинди, шунинг учун бошқа жойларни кўришни бўлак маврутга қолдириб, тўғри правлениега қараб кетишди.
Уларни раис қарши олиб, правлениенинг орқасидаги меҳмонхонага бошлади. Стол турли ноз-неъматлар билан безатилган, унинг бир четидаги кичкина сариқ самовар устида турган қизил чойнакнинг қопқоғи шириқлар эди.
— E, овора бўлишнинг ҳожати йўқ эди-ку, — деди шоир хижолат бўлиб.
— Оворагарчилиги борми!.. — деди раис. — Қани, марҳамат… Боғдан бўлак жойни кўролмабсизлар-да.
— Албатта, ярим кунда ҳаммаёқни кўриб бўлмайди, — деди шоир, — боғнинг ўзини кўришга ҳам роса бир кун керак экан. Ажойиб!
Меҳмонлар колхознинг тарихи, хўжалиги, даромади, донгдор кишилари, янги беш йиллиқда қиладиган асосий ишлари тўғрисида саволлар бериб, раисдан батафсил жавоблар олишди. Қоронғи тушгандан кейин, Ҳатамова, ўрта ёшлардаги барваста бир киши ва қоп-қора бир қиз билан кириб келди.
— Танишиб қўйинглар, меҳмонлар, — деди Ҳатамова, — донгдор звено бошлиғи Қундузхон Ҳайитова… Бу киши бригадир Даврон ака. Шартнома йигирма иккига. Даврон акам олтмиш учун курашаётибдилар.
Суҳбат яна давом этди. Меҳмонлар звено бошлиғи билан бригадирга ҳам сон-саноқсиз саволлар беришди, берилган жавобларни шошилмай, батафсил ёзиб олишди.
Ниҳоят, режиссёр дафтарчасини ёпди, пешонасини силаб ўйчан гап бошлади:
— Биз колхоз тўғрисида асосий маълумотларни олдик, лекин буларнинг ҳаммасини кўзимиз билан кўришимиз керак, токи илҳомланайлик. Кўриш яхши! Мана, битта боғни кўришимизнинг ўзи бизнинг «Пахтакор» тўғрисидаги тасаввуримизни бугкул ўзгартириб юборди. Энди гап бундай: колхозни ҳақиқий колхоз қилишда механизатсиянинг роли ўзларингга маълум. Биз картинамизнинг асосий масаласи қилиб механизатсия масаласини олмоқчимиз. «Пахтакор» механизатсия жиҳатидан ҳам типик. Шундоқ эмасми?
Бу гап ёқди шекилли, раис илжайди.
— Лекин, — деди, — биз ҳали механизатсияни тўла амалга оширдик, деёлмаймиз. Бу гапни шунда айтамиз, қачонки колхоз бўйича бир тсентнер пахта ҳеч бўлмаса уч-тўрт меҳнат кунига тушса. Мана бу йил Қундузхон етти меҳнат кунига туширишни кўзлаб турибди.
— Тўғри, — деди режиссёр, — шундоқ бўлиши керак. Механизатсия масаласини олганимизда, бизга нима керак? Бизга воқеа керак. Воқеа бўлиши учун нима керак? Қарама-қаршилик керак. Мана, масала шунда, қарама-қаршиликда. Биз биламизки, ҳар бир янгилик қаршиликка учрайди. Демак, механизатсия ҳам қаршиликка учраши керак. Бизга манна шуни айтиб берсаларинг кифоя. Механизатсияга қарши чиқишлар бўлиб турадими, бўлса қарши чиққан одамларнинг далил ва исботлари нималардан иборат?
Ҳатамова лабидаги табассумни яшириш учун тез-тез чой ҳўплар экан:
— Қани, Даврон ака, нима дейсиз? — деди.
Даврон ака аввал Ҳатамовага, кейин раисга, сўнгра режиссёрга қаради-да, бўйнини қашлар экан, илжайиб:
— Ўттизинчи йилларда қаёқда эдингиз, мулла ака! – деди.
Ноқулай жимлик чўкди.
— Бизнинг қишлоқларда ҳозир механизатсияни қаршиликка учрайдиган, одамлар чўчийдиган янгилик деб бўлармикин? — деди раис хиёл табассум қилиб. — Республикамизда ҳозир икки юздан ортиқ МТС бор. Қани, сен нима дейсан, Қундузхон?
Қундузхон, гапиргиси келиб турган бўлса ҳам, нимадандир истиҳола қилиб турган бўлса керак, дарров гап бошлади:
— Мен даламизга биринчи трактор чиққан йили туғил-ган эканман. Ҳали Даврон акам ўттизинчи йиллар дедилар. Ўша йиллари механизатсияга қарши чиққан одамлар бўлса бўлгандир, нимага десангиз, механизатсиянинг нималигини билишмаган. Лекин ҳозирги вақтда, механизатсия колхоз-нинг жони эканини ҳар бир колхозчи кўриб, билиб турганда механизатсияга қарши одам бўлиши… билмадим.
— Масалан, чоллар бўлиши мумкин, — деди шоир.
— Чоллар? Мен ерни қўш ҳўкиз билан ҳайдаб кўрган эмасман. Унинг азобини билмайман, чоллар билишади. У вақтларда энг мўл ҳосил ўн тсентнер экан, мен буни эшитганман, лекин чоллар ўз кўзлари билан кўришган. Картинага олинадиган бўлса ҳақиқатни олиш керак.
Яна ўнғайсиз жимлик чўкди.
— Албатга, меҳмонлар ҳам буни билишади, — деди Ҳатамова, – лекин, ўзлари айтгандай, бир воқеа керак. Булар сохта бўлса ҳам бир воқеа яратиб шу баҳона билан колхозни, механизатсиянинг кучини кўрсатмоқчи бўлишади-да. Шундоқми?
— Ҳа, баракалла! — деди режиссёр. — Гап мана шунда!
— Тўғри, лекин колхозда ҳеч бўлмаса беш-ўн кун турсаларинг, колхоз билан дурустроқ танишсаларинг ҳақиқатга мос келадиган, жуда қизиқ картинабоп воқеа ўзи чиқиб қолади. Агар турамиз, ўрганмиз, одамлар билан яхшироқ танишамиз десаларинг, марҳамат! Нима дедингиз, раис?
— Майли, бир ой турасизларми, икки ой турасизларми, қанча турсаларинг биз хизматда.
— Ҳозир келаётсам қоровул Сафаралини сўкаётибди, — деди Ҳатамова аввал раисга, сўнгра меҳмонларга қараб. — Сафарали бизнинг тегирмончимиз. Жуда қизиқ йигит. Шу келиб қоровулдан сизларни сўрабди. Қоровул: «Нима қиласан?» деса, «Бизнинг тегирмон ҳам картинага тушиб қолармикин?» дебди. Шунга қоровул бўғилаётибди. «Ҳай, инсофинг борми, одамлар электростаннияни кўрсатгани уялиб қочиб кетди-ю, сен тегирмонингни суқасан», дейди. Сафарали ҳам бўш келмайди: «Менинг тегирмоним раёнда биринчи, сен тегирмоннинг фаҳмига етмайсан», дейди. Рост, тегирмонни жуда боплаган. Бу йигит бошқа ҳеч ишда ўзини кўрсатолмаган эди, шу ишга қўйдик, бунда ўзини кўрсатди. Тегирмончилик унга ота мерос, эртаю кеч тегирмон атрофида айлангани айланган. Тегирмон бунинг қўлига ўтгандан бери яхши даромад берадиган бўлди. Мен буни айтмоқчи эмас эдим, ҳали техникнинг қочиб кетганлигини айтмоқчиман. Менинг билишимча, ўзи кичкинаку, лекин шу ҳам бир воқеа. Дурустроқ ўйлаб кўрилса, қизиқ воқеа! Бу стантсияни солганимизга ўн бир йил бўлди. Ўша вақтда бу тўғрида қанча шов-шув бўлган эди. Мана энди, кўриб турибсизлар, бировга кўрсатгани уялишади. Буни, албатта, мисол учун айтаётибман, кичкина воқеа.
Режиссёр яна дафтарини очиб бир нималарни ёзиб қўйди. Қундузхон бир нима демоқчи бўлиб икки-уч оғиз ростлаганидан кейин секин:
— Мулла акалар, — деди, — беадабчилик бўлса ҳам менинг бир таклифим бор эди: колхозни кўрсатишга воқеа керак бўлса, шу келишларинг ўзи бир воқеа эмасми?
Ҳамма кулиб юборди. Қундузхон, жуда ҳам беҳуда гап айтдим шекилли деб, қип-қизариб кетди ва юзини яширди.
— Тўғри, синглим, жуда тўтри айтдингиз! — деди шоир завқ қилиб, — энг яхши, энг қизиқ воқеа мана шу келишимизнинг ўзи! Бир шоир билан бир режиссёр колхоз ҳаётидан картина яратмоқчи бўлишади, колхозга келиб бир ярим ойми, икки ойми туришади.
Режиссёр унинг сўзини бўлди:
— Воқеа излашади, топишолмайди, кейин Қундузхон воқеа топиб беради. Ҳақиқатан, ўртоқ шоир, жуда қизиқ кинокомедия қилиш мумкин!
Яна кулги кўтарилди.
Меҳмонлар шунга қарор қилишди.
Бўлажак кинокомедия ҳақидаги хушчақчақ суҳбат ярим кечагача давом этди.
Меҳмонлар кетиб, бир ҳафтадан кейин қайтиб келишди.
Уч ойдан кейин кинокомедиянинг съёмкаси бошланди:
«Пахтакор» колхозининг правлениеси олдига қўнғизнусха бир автомобил келиб тўхтайди. Ундан икки киши тушади ва ҳоказо…