Abdulla Qahhor. Mahalla (hikoya)
Rohat buvi kattakon qora pechkaning eshigini ochib oyog‘ini tovlayotgan edi, deraza ostida ko‘zoynak taqib nevarasining yirtilgan kitobini yelimlayotgan choli urishib berdi:
— Seni pechkaga o‘rgatib bo‘lmadi-bo‘lmadi… Nima, polni o‘yib, sandal qilib beraymi? Pechka deganning eshigini ochdingmi, ko‘mir osmonni isitadi deyaver!..
Rohat buvi pechkaning eshigini yopdi, borib divanga cho‘zildi. Uy sovuq bo‘lmasa ham, bir necha kundan beri uning eti uchar, oyog‘i sovqotar, og‘rir edi.
Kampir shu yotganicha ertasiga ham turgisi kelmadi, indiniga turolmadi, uchinchi kuni yuragi birpas qattiq urib turdi-yu, birdan bo‘shashib, o‘ldi-qoldi.
Hikmat buva nima bo‘lganini bilolmay, ko‘zi bilan ko‘rib turganini aqliga sig‘dirolmay, garang bir ahvolda turib qoldi; o‘g‘li, kelini, uch nevarasi kirib yig‘i boshlagandagina o‘ziga kelib, titroqli nafas bilan shivirladi: “E, xudo, nima qilib qo‘yding, bisotingda menga atagan yana qanaqa kulfatlaring bor, to‘k, boshimga hammasini birdan to‘ka qol!”
Ellik uch yil! Ellik uch yildan beri bir dasturxondan tuz tatigan, bir ko‘rpani bosgan, birga kulgan, birga yig‘lagan; ellik uch yildan beri mushukchaday bir-biriga suykanib, bir-birini yalab, og‘ritmay tishlab, yiqitib, yiqi-lib berib, piypalashib o‘ynagan; ellik uch yildan beri mehr atalmish ulkan tuyg‘u rishtasini pilla qurtiday bir maromda asta-sekin chuvib, bir-birining qalbini o‘rab-chulg‘ab kelgan…
Hamma rasm-rusm joyiga yetkazilgandan keyin odamlar tobutni ko‘targanda shu rishta birdan tortildi-yu, go‘yo Hikmat buvaning yurak-bag‘rini sug‘urib oldi. Chol o‘kirib yubordi.
Kampirni birpasda yerga topshirib qaytishdi. Ko‘ngil so‘ragani yana butun mahalla kirdi. Hikmat buva kasal musichaday bir chekkada qunishib o‘tirar, aftvdan, endi uning uchun olamda hech kim, hech narsa qolmagan edi.
Shundoq Hikmat buva hafta o‘tar-o‘tmas bir hovuch suyak bo‘ldi-qoldi. Chol cho‘zilib yotganda uning o‘likmi-tirikmi ekanini bilish qiyin, lekin kampiri oyog‘ini pechkaning o‘tiga tovlayotganda urishib bergani esiga tushsa arslonday o‘kirar, o‘zini u yoqdan-bu yoqqa otar edi.
Uyda uni yolg‘iz qo‘ymaslikka harakat qilishar edi. Kichkina nevarasi hamma o‘yinchoqlarini uning uyiga kirgizib qo‘ydi, bog‘chadan kelganidan keyin shu yerga kirib o‘ynaydigan bo‘ldi. Katta nevarasi har kuni uni necha marta xilma-xil qilib suratga ola berdi. O‘g‘li uni avtomobilga solib bir necha marta shaharni aylantirdi. Chol xursand bo‘lish o‘rniga: “Onang borida shu ishnn qilmading”, deb do‘ng‘illadi. Kelini unga magnitofon keltirib berdi. Chol magnitofon bilan birpas ovundi-yu, keyin ko‘ziga yosh olib: “Kizim, shu narsani ilgariroq topib kelganingda kampirni gapirtirib yozib olar ekanman”, dedi…
Bir kuni qattiq yomg‘ir yog‘ib, qishdan qolgan qorni eri-tib yubordi. Ayvonda ustunga suyanib yomg‘ir suvining vaqirlashini tomosha qilib turgan cholning ko‘zi tandirdan narida yotgan bir poy eski kalishga tushib qoldi. Kampir bir oyog‘i og‘rib shishganda shu kalishning jag‘ini kesib kiygan edi. Chol borib kalishni oldi, avaylab artdi, uyga olib kirdi. Chol uchun kampir go‘yo qaytadan o‘ldi. U kechgacha yig‘ladi, kechqurun o‘g‘li bilan kelini ishdan kelganda “kampir bechorani shifokorga durustroq ko‘rsatmadilaring”, deb xarxasha qildi.
Hikmat buva kechalari uxlamas, dori ichib uxlasa ham yarim kechasi uyg‘onib, tong otguncha o‘tirib chiqar, uydagi hamma narsa unga kampirini, yolg‘iz qolganini eslatar, har bir tovush o‘lim bo‘lib uning miya qopqog‘ini chertar edi.
Chol tugab borayotganini ko‘rib o‘g‘li bilan kelini tash-vishga tushib qolishdi.
Bir kuni ertalab chol yo‘qolib qoldi. Kidirilmagan joy qolmadi: yor-do‘st, tanish-bilish, qarindosh-urug‘, hatto tez yordam kasalxonasidan ham xabar olindi, militsiyaga murojaat qilindi. Xammayoq qidiriliptiyu, qabristondan xabar olinmapti, chol qabristonda ekan. Hikmat buva qabristonga tez-tez borib, kampirning boshida bir soat-yarim soat o‘tirib kelar, lekin bunaqa qolib ketadigan odati yo‘q edi. Chol bu safar borganida kampirning qabrini ziyorat qilish u yoqda qolib, uning yonidan o‘ziga go‘r qazitdi, mudir va go‘rkovlar harchand unashmasa ham qo‘ymadi, janjallashdi.
Chol kun oqqanda adoyi tamom bo‘lib qaytdi. Kimdir uni avtobusdan tushirib yo‘lkaga chiqarib qo‘ydi. Cholning zo‘rg‘a qadam bosib kelayotganini ko‘rgan muyulishdagi cho‘tkachi yugurib borib uni olib keldi va qo‘liga bir piyola choy berdi.
— Xafa bo‘lmay yuribsizmi, otaxon… Kampir onam alomat ayol edilar… Siz o‘sha kuni o‘zingiz bilan o‘zingiz ovora bo‘lib ta’ziyaga kelgan odamlarni payqamadingiz… Ana odamu…Mahallaga sig‘may ketdi! Mahallamizning ko‘chasi bir metr cho‘kdi!.. Kampir onam dunyoga kelib odam ekkan ekanlar.
Dunyoga kelgan odam avvalboshi odam ekishi kerak ekan. Men ibrat oldim…
Issiq choymi yo cho‘tkachining gaplarimi cholga ancha mador bo‘ldi.
— Ha, — dedi chol bir oz g‘urur bilan, — haligacha odam keladi… Ishxonasi ham shuncha yildan beri esidan chiqarmagan ekan.
Cholning paydo bo‘lganidan xabar topgan uy ichi, qo‘ni-qo‘shni chuvillashib kelib uni o‘rtaga olishdi. Birov dashnom bergan, birov bo‘g‘ilgan, birov suyungan…
Bular cholni o‘rtaga olib chuvillashib ketayotganda yo‘l bo‘yida turgan shu mahallalik shifokor voqeani eshitib choldan o‘pka-lagan bo‘ldi, keyin unga razm soldiyu, kampirdan gap ochdi:
— Onaxonimiz ta’rifga sig‘maydigan ayol edilar, shuncha odam bekorga kelgani yo‘q! Lekin, otaxon, mahallamizga biron sakkiz chelakli bitta samovar kerak ekan, o‘sha kuni juda-juda bilindi. Mahalladan pul yig‘sak, xonadonga necha puldan tushadi?
Cholning hamiyati qo‘zg‘ab ketdi.
— Ug‘lim bilan kelinimning bitta samovarga kuchi yetib qolar, – dedi.
Shifokor undan shu gapni kutgan ekanmi, jilmayib qo‘ydi.
Chol go‘rini qazitib qo‘yib, endi bu yerga samovar olgani emas, yotib o‘lgani kelgan bo‘lsa ham, o‘g‘li bilan kelini nomidan mahallaga kattalik qilib qo‘yganidan keyin bu tug‘rida o‘ylashga majbur bo‘ldi — o‘g‘lidan pul oldi, samovar qidirishga kirishdi. Biroq o‘shanaqa samovarni topishdan ko‘ra kondan mis qazib, samovar yasash osonroq ekan: cholning bormagan magazini, yalinmagan magazin mudiri qolmadi. O‘g‘li bilan kelini uning yelib-yugurishiga, unda shuncha kuch qayoqdan paydo bo‘lganiga hayron edi.
Nihoyat, mahalladagi mansabdorlar yordami bilan samovar topildi, mahalla aktivlari akt bilan qabul qilib oldi, umumiy majlisda rais Hikmat buvaga rahmatlar aytdi, hamma chapak chaldi.
Shu majlisda yana bir masala ko‘tarildi: mahallada har kuni bo‘lmasa ham, haftada ikki-uch marta to‘y-ma’raka, tug‘ilgan kun va boshqa marosimlar bo‘lib turadi, kim marosim o‘tkazadigan bo‘lsa uyma-uy yurib idish-tovoq, dasturxon va boshqa narsalar tilaydi, aktivlar mahalladan pul yig‘ib biron yuz ellik kishilik mahalla ro‘zg‘ori tashkil qilsa bo‘lmaydimi?
Bu taklifni hamma olqishladi, buning mutasaddisi kim bo‘ladi, degan savolga hamma qiy-chuv ko‘tarib yana Hikmat buvani ko‘rsatdi. Hikmat buva unamasdan qarshi so‘z aytgani o‘rnidan turgan edi, shuncha odam chapak chalib, ko‘ziga qarab turganini ko‘rib indayolmadi.
Mahalla necha xonadon? Bularning hammasi cholni ovora qilmay pulni keltirib bera qolsa ekan! Bu xonadonlardan ko‘piga kirish kerak, koshki bir kirganda pulni bera qolsa ekan: biri ertaga keling deydi, biri falonchi muncha berganda men nega shuncha berar ekanman, deb xarxasha qiladi, biri majlisda angrayib o‘tirib gapga yaxshi tushunmagan, unga tushuntirish kerak bo‘ladi…
Chol har kuni ertalabdan xonadondan xonadonga, bor pulga bir nima olib qolish uchun magazindan magazinga, arz-dod qilgani idoradan idoraga yugurar, shu orada fursat topib ba’zan kampirining mozoriga ham borib kelar edi.
Chol, nihoyat, mahalla ro‘zg‘orini to‘la-to‘kis qilib, maktab omboriga qamab oldi. Biroq ro‘zg‘orni but qilishdan ham ko‘ra uni asrash qiyinroq bo‘ldi: ba’zi odamlar narsani olib
vaqtida qaytarishmaydi; ba’zilar, masalan, jo‘mragi uchgan choynak, papirosdan kuygan dasturxon, lattasiga allanima balo to‘kilgan kursi, sanchjg‘i qayrilgan vilka va hokazo qaytarishadi, yana “o‘zi shunaqa edi”, deb janjal qilishadi. Yo‘q, xayriyat, sal kunda odamlar insofga kelishdi, cholning ishi yengil bo‘lib qoldi.
Bahor keldi. Shaharda daraxt o‘tqazish mavsumi boshlanib ketdi. Shu munosabat bilan gazeta maqola berib, o‘tgan yil bahorda qaysi mahallalar planni to‘ldirmay qolganini, qaysi mahallalar bu ishda namuna ko‘rsatganini aytib, ilg‘or mahallalar qatoriga “Yangi Mahalla”ni ham qo‘shibdi. Buni cholga nevarasi ko‘rsatib kuldi, chunki o‘tqazilgan daraxtlarning ko‘pgina qismi tutmagan edi. Chol chiqib mahallani aylandi, daraxtlarni ko‘zdan kechirdi. O‘tgan yil bahorda jami bir ming yetti yuz oltmish besh tup ko‘chat o‘tqazilgan bo‘lib, bundan faqat sakkiz yuz oltitasi tutgan, tutgan daraxtlardan yigirma ikki tupi singan, sakkiz tupi sassiq, mo‘rt va umri qisqa daraxtlar ekan. Chol bu ma’lumotni olib to‘g‘ri redaktsiyaga bordi, avval tortinibroq gapirdi, gapi o‘tganini payqagach, shovqin soddi. Gazeta ertagi sonida “Yangi Mahalla” haqida noto‘g‘ri ma’lumot bergan muxbiriga jazo berganini aytdi va muxbirni aldagan mahalla aktivlarining kotibiga dashnom berdi va shu bilan birga gazetaning xatosini ko‘rsatgan Hikmat buva Normatovga tashakkur bildirdi.
Hikmat buva shu kuni burchakdagi cho‘tkachiga mahsisini yog‘latib, “mahallamiz sharmanda bo‘lgani” haqida uning in-tihosiz javrashiga quloq solib o‘tirgan edi, shu asnoda o‘sha yolgonchi kotib o‘tib qoldi va cholni ko‘rib o‘shqirdi:
— Hu o‘sha… O‘zimiz to‘g‘rilar edik-ku, senga nima, bir oyog‘ing go‘rda-yu…
Chol sekin burilib qaradi.
— Mening bir oyog‘im go‘rda, sening ikkala oyog‘ing to‘rdami? Unaqa demagin, bolam, kim oldin o‘lishini bilib bo‘lmaydi…
Chol yana bir nima demoqchi edi, o‘ziga go‘r qazitib qo‘yganini eslab dami ichiga tushib ketdi. Kotib jahl bilan qo‘l siltab jo‘nadi. Chol qo‘llarini orqasiga qilib boshini quyi solib uyiga tomon bitta-bitta qadam tashlab borar ekan, o‘ylar edi: “Bu bola go‘r qazdirib qo‘yganimni eshitganmikan? Yo‘q, eshitgan emas, lekin eshitishi mumkin…”
Chol jadallab uyga keldi va o‘tirib xat yozdi: “Qabriston mudiri va go‘rkovlariga yozib ma’lum qilamanki, qari baqaterak ostidagi mening nomimga qazilgan go‘rni qabriston idorasiga topshiraman, azbaroyi foydalanish uchun”.
Hikmat buva xatni nevarasidan berib yubordi.
Абдулла Қаҳҳор. Маҳалла (ҳикоя)
Роҳат буви каттакон қора печканинг эшигини очиб оёғини товлаётган эди, дераза остида кўзойнак тақиб неварасининг йиртилган китобини елимлаётган чоли уришиб берди:
— Сени печкага ўргатиб бўлмади-бўлмади… Нима, полни ўйиб, сандал қилиб берайми? Печка деганнинг эшигини очдингми, кўмир осмонни иситади деявер!..
Роҳат буви печканинг эшигини ёпди, бориб диванга чўзилди. Уй совуқ бўлмаса ҳам, бир неча кундан бери унинг эти учар, оёғи совқотар, оғрир эди.
Кампир шу ётганича эртасига ҳам тургиси келмади, индинига туролмади, учинчи куни юраги бирпас қаттиқ уриб турди-ю, бирдан бўшашиб, ўлди-қолди.
Ҳикмат бува нима бўлганини билолмай, кўзи билан кўриб турганини ақлига сиғдиролмай, гаранг бир аҳволда туриб қолди; ўғли, келини, уч невараси кириб йиғи бошлагандагина ўзига келиб, титроқли нафас билан шивирлади: “E, худо, нима қилиб қўйдинг, бисотингда менга атаган яна қанақа кулфатларинг бор, тўк, бошимга ҳаммасини бирдан тўка қол!”
Eллик уч йил! Эллик уч йилдан бери бир дастурхондан туз татиган, бир кўрпани босган, бирга кулган, бирга йиғлаган; эллик уч йилдан бери мушукчадай бир-бирига суйканиб, бир-бирини ялаб, оғритмай тишлаб, йиқитиб, йиқи-либ бериб, пийпалашиб ўйнаган; эллик уч йилдан бери меҳр аталмиш улкан туйғу риштасини пилла қуртидай бир маромда аста-секин чувиб, бир-бирининг қалбини ўраб-чулғаб келган…
Ҳамма расм-русм жойига етказилгандан кейин одамлар тобутни кўтарганда шу ришта бирдан тортилди-ю, гўё Ҳикмат буванинг юрак-бағрини суғуриб олди. Чол ўкириб юборди.
Кампирни бирпасда ерга топшириб қайтишди. Кўнгил сўрагани яна бутун маҳалла кирди. Ҳикмат бува касал мусичадай бир чеккада қунишиб ўтирар, афтвдан, энди унинг учун оламда ҳеч ким, ҳеч нарса қолмаган эди.
Шундоқ Ҳикмат бува ҳафта ўтар-ўтмас бир ҳовуч суяк бўлди-қолди. Чол чўзилиб ётганда унинг ўликми-тирикми эканини билиш қийин, лекин кампири оёғини печканинг ўтига товлаётганда уришиб бергани эсига тушса арслондай ўкирар, ўзини у ёқдан-бу ёққа отар эди.
Уйда уни ёлғиз қўймасликка ҳаракат қилишар эди. Кичкина невараси ҳамма ўйинчоқларини унинг уйига киргизиб қўйди, боғчадан келганидан кейин шу ерга кириб ўйнайдиган бўлди. Катта невараси ҳар куни уни неча марта хилма-хил қилиб суратга ола берди. Ўғли уни автомобилга солиб бир неча марта шаҳарни айлантирди. Чол хурсанд бўлиш ўрнига: “Онанг борида шу ишнн қилмадинг”, деб дўнғиллади. Келини унга магнитофон келтириб берди. Чол магнитофон билан бирпас овунди-ю, кейин кўзига ёш олиб: “Кизим, шу нарсани илгарироқ топиб келганингда кампирни гапиртириб ёзиб олар эканман”, деди…
Бир куни қаттиқ ёмғир ёғиб, қишдан қолган қорни эри-тиб юборди. Айвонда устунга суяниб ёмғир сувининг вақирлашини томоша қилиб турган чолнинг кўзи тандирдан нарида ётган бир пой эски калишга тушиб қолди. Кампир бир оёғи оғриб шишганда шу калишнинг жағини кесиб кийган эди. Чол бориб калишни олди, авайлаб артди, уйга олиб кирди. Чол учун кампир гўё қайтадан ўлди. У кечгача йиғлади, кечқурун ўғли билан келини ишдан келганда “кампир бечорани шифокорга дурустроқ кўрсатмадиларинг”, деб хархаша қилди.
Ҳикмат бува кечалари ухламас, дори ичиб ухласа ҳам ярим кечаси уйғониб, тонг отгунча ўтириб чиқар, уйдаги ҳамма нарса унга кампирини, ёлғиз қолганини эслатар, ҳар бир товуш ўлим бўлиб унинг мия қопқоғини чертар эди.
Чол тугаб бораётганини кўриб ўғли билан келини таш-вишга тушиб қолишди.
Бир куни эрталаб чол йўқолиб қолди. Кидирилмаган жой қолмади: ёр-дўст, таниш-билиш, қариндош-уруғ, ҳатто тез ёрдам касалхонасидан ҳам хабар олинди, милитсияга мурожаат қилинди. Хаммаёқ қидирилиптию, қабристондан хабар олинмапти, чол қабристонда экан. Ҳикмат бува қабристонга тез-тез бориб, кампирнинг бошида бир соат-ярим соат ўтириб келар, лекин бунақа қолиб кетадиган одати йўқ эди. Чол бу сафар борганида кампирнинг қабрини зиёрат қилиш у ёқда қолиб, унинг ёнидан ўзига гўр қазитди, мудир ва гўрковлар ҳарчанд унашмаса ҳам қўймади, жанжаллашди.
Чол кун оққанда адойи тамом бўлиб қайтди. Кимдир уни автобусдан тушириб йўлкага чиқариб қўйди. Чолнинг зўрға қадам босиб келаётганини кўрган муюлишдаги чўткачи югуриб бориб уни олиб келди ва қўлига бир пиёла чой берди.
— Хафа бўлмай юрибсизми, отахон… Кампир онам аломат аёл эдилар… Сиз ўша куни ўзингиз билан ўзингиз овора бўлиб таъзияга келган одамларни пайқамадингиз… Ана одаму…Маҳаллага сиғмай кетди! Маҳалламизнинг кўчаси бир метр чўкди!.. Кампир онам дунёга келиб одам эккан эканлар.
Дунёга келган одам аввалбоши одам экиши керак экан. Мен ибрат олдим…
Иссиқ чойми ё чўткачининг гапларими чолга анча мадор бўлди.
— Ҳа, — деди чол бир оз ғурур билан, — ҳалигача одам келади… Ишхонаси ҳам шунча йилдан бери эсидан чиқармаган экан.
Чолнинг пайдо бўлганидан хабар топган уй ичи, қўни-қўшни чувиллашиб келиб уни ўртага олишди. Биров дашном берган, биров бўғилган, биров суюнган…
Булар чолни ўртага олиб чувиллашиб кетаётганда йўл бўйида турган шу маҳаллалик шифокор воқеани эшитиб чолдан ўпка-лаган бўлди, кейин унга разм солдию, кампирдан гап очди:
— Онахонимиз таърифга сиғмайдиган аёл эдилар, шунча одам бекорга келгани йўқ! Лекин, отахон, маҳалламизга бирон саккиз челакли битта самовар керак экан, ўша куни жуда-жуда билинди. Маҳалладан пул йиғсак, хонадонга неча пулдан тушади?
Чолнинг ҳамияти қўзғаб кетди.
— Уғлим билан келинимнинг битта самоварга кучи етиб қолар, – деди.
Шифокор ундан шу гапни кутган эканми, жилмайиб қўйди.
Чол гўрини қазитиб қўйиб, энди бу ерга самовар олгани эмас, ётиб ўлгани келган бўлса ҳам, ўғли билан келини номидан маҳаллага катталик қилиб қўйганидан кейин бу туғрида ўйлашга мажбур бўлди — ўғлидан пул олди, самовар қидиришга киришди. Бироқ ўшанақа самоварни топишдан кўра кондан мис қазиб, самовар ясаш осонроқ экан: чолнинг бормаган магазини, ялинмаган магазин мудири қолмади. Ўғли билан келини унинг елиб-югуришига, унда шунча куч қаёқдан пайдо бўлганига ҳайрон эди.
Ниҳоят, маҳалладаги мансабдорлар ёрдами билан самовар топилди, маҳалла активлари акт билан қабул қилиб олди, умумий мажлисда раис Ҳикмат бувага раҳматлар айтди, ҳамма чапак чалди.
Шу мажлисда яна бир масала кўтарилди: маҳаллада ҳар куни бўлмаса ҳам, ҳафтада икки-уч марта тўй-маърака, туғилган кун ва бошқа маросимлар бўлиб туради, ким маросим ўтказадиган бўлса уйма-уй юриб идиш-товоқ, дастурхон ва бошқа нарсалар тилайди, активлар маҳалладан пул йиғиб бирон юз эллик кишилик маҳалла рўзғори ташкил қилса бўлмайдими?
Бу таклифни ҳамма олқишлади, бунинг мутасаддиси ким бўлади, деган саволга ҳамма қий-чув кўтариб яна Ҳикмат бувани кўрсатди. Ҳикмат бува унамасдан қарши сўз айтгани ўрнидан турган эди, шунча одам чапак чалиб, кўзига қараб турганини кўриб индаёлмади.
Маҳалла неча хонадон? Буларнинг ҳаммаси чолни овора қилмай пулни келтириб бера қолса экан! Бу хонадонлардан кўпига кириш керак, кошки бир кирганда пулни бера қолса экан: бири эртага келинг дейди, бири фалончи мунча берганда мен нега шунча берар эканман, деб хархаша қилади, бири мажлисда анграйиб ўтириб гапга яхши тушунмаган, унга тушунтириш керак бўлади…
Чол ҳар куни эрталабдан хонадондан хонадонга, бор пулга бир нима олиб қолиш учун магазиндан магазинга, арз-дод қилгани идорадан идорага югурар, шу орада фурсат топиб баъзан кампирининг мозорига ҳам бориб келар эди.
Чол, ниҳоят, маҳалла рўзғорини тўла-тўкис қилиб, мактаб омборига қамаб олди. Бироқ рўзғорни бут қилишдан ҳам кўра уни асраш қийинроқ бўлди: баъзи одамлар нарсани олиб
вақтида қайтаришмайди; баъзилар, масалан, жўмраги учган чойнак, папиросдан куйган дастурхон, латтасига алланима бало тўкилган курси, санчжғи қайрилган вилка ва ҳоказо қайтаришади, яна “ўзи шунақа эди”, деб жанжал қилишади. Йўқ, хайрият, сал кунда одамлар инсофга келишди, чолнинг иши енгил бўлиб қолди.
Баҳор келди. Шаҳарда дарахт ўтқазиш мавсуми бошланиб кетди. Шу муносабат билан газета мақола бериб, ўтган йил баҳорда қайси маҳаллалар планни тўлдирмай қолганини, қайси маҳаллалар бу ишда намуна кўрсатганини айтиб, илғор маҳаллалар қаторига “Янги Маҳалла”ни ҳам қўшибди. Буни чолга невараси кўрсатиб кулди, чунки ўтқазилган дарахтларнинг кўпгина қисми тутмаган эди. Чол чиқиб маҳаллани айланди, дарахтларни кўздан кечирди. Ўтган йил баҳорда жами бир минг етти юз олтмиш беш туп кўчат ўтқазилган бўлиб, бундан фақат саккиз юз олтитаси тутган, тутган дарахтлардан йигирма икки тупи синган, саккиз тупи сассиқ, мўрт ва умри қисқа дарахтлар экан. Чол бу маълумотни олиб тўғри редактсияга борди, аввал тортиниброқ гапирди, гапи ўтганини пайқагач, шовқин содди. Газета эртаги сонида “Янги Маҳалла” ҳақида нотўғри маълумот берган мухбирига жазо берганини айтди ва мухбирни алдаган маҳалла активларининг котибига дашном берди ва шу билан бирга газетанинг хатосини кўрсатган Ҳикмат бува Норматовга ташаккур билдирди.
Ҳикмат бува шу куни бурчакдаги чўткачига маҳсисини ёғлатиб, “маҳалламиз шарманда бўлгани” ҳақида унинг ин-тиҳосиз жаврашига қулоқ солиб ўтирган эди, шу аснода ўша ёлгончи котиб ўтиб қолди ва чолни кўриб ўшқирди:
— Ҳу ўша… Ўзимиз тўғрилар эдик-ку, сенга нима, бир оёғинг гўрда-ю…
Чол секин бурилиб қаради.
— Менинг бир оёғим гўрда, сенинг иккала оёғинг тўрдами? Унақа демагин, болам, ким олдин ўлишини билиб бўлмайди…
Чол яна бир нима демоқчи эди, ўзига гўр қазитиб қўйганини эслаб дами ичига тушиб кетди. Котиб жаҳл билан қўл силтаб жўнади. Чол қўлларини орқасига қилиб бошини қуйи солиб уйига томон битта-битта қадам ташлаб борар экан, ўйлар эди: “Бу бола гўр қаздириб қўйганимни эшитганмикан? Йўқ, эшитган эмас, лекин эшитиши мумкин…”
Чол жадаллаб уйга келди ва ўтириб хат ёзди: “Қабристон мудири ва гўрковларига ёзиб маълум қиламанки, қари бақатерак остидаги менинг номимга қазилган гўрни қабристон идорасига топшираман, азбаройи фойдаланиш учун”.
Ҳикмат бува хатни неварасидан бериб юборди.