Alfons Dode. So‘nggi saboq (hikoya)
Кирилл ёзувидаги матн пастроқда
O‘sha kuni ertalab maktabga juda ham kech qolayotgan edim; muallimdan tanbeh eshitishimni o‘ylasam, yuragim orqaga tortib ketardi. Ustiga ustak, mosye Amel bizdan avvalgi dars mavzusini – sifatdoshlarni so‘ramoqchi edi. Men esa yarimta so‘z ham yodlamaganman. Bir zum xayolimga darsga kirmasdan sayr qilib yurish fikri keldi.
O‘rmon chetida sayroqi qorayaloqlarning kuylayotgani, taxta yo‘nish zavodi ortidagi River o‘tlog‘ida nemislarning safda yurish mashg‘ulotlarini bajarayotgani eshitilib turardi. Bularning bari meni darsdagi sifatdosh qoidalaridan ko‘ra ko‘proq o‘ziga jalb qilardi, lekin o‘zimni qo‘lga olib, maktabga yugurdim.
Meriya1 yonidan o‘tayotib eʼlonlar taxtasi oldida to‘planib turgan odamlarga ko‘zim tushdi. So‘nggi ikki yil ichida biz u yerda faqat ko‘ngilsizlikdan xabardor bo‘lar edik: boy berilgan janglar, rekvizitsiyalar, kommendant buyruqlari; o‘ylanib qoldim: yana qanday noxushlik bo‘lishi mumkin?
Shu payt shogirdi bilan eʼlonlarni o‘qib turgan temirchi Vaxter meni chaqirib qoldi:
– Shoshma, bolakay, ulgurasan o‘sha maktabingga.
U ustimdan kulyapti deb o‘yladim va halloslagancha mosye Amelning uyi oldidagi gulzor tomonga yugurdim.
Odatda dars boshida ko‘chaga eshitilarli darajada shovqin ko‘tarilardi – bolalar quloqlarini qo‘llari bilan yopgancha o‘tilgan mavzularni g‘o‘ng‘illab takrorlashar, partani childirma qilib chalishar, muallimimiz esa chizg‘ichi bilan tinchlantirishga urinardi:
– Sekinroq, sekinroq, bolalar!
Men mana shu shovqin-suron ostida joyimga sezdirmasdan o‘tirishni mo‘ljallagandim, ammo shu bugun yakshanba tongidek jimjit edi.
Ochiq oynadan o‘rtoqlarim allaqachon joy-joylarida o‘tirganini, mosye Amel esa vahimali chizg‘ichini qo‘ltiqlagancha u yoqdan bu yoqqa borib kelayotganini ko‘rdim. Qanday qilib bu jimjitlikda eshikni ochib kirsam ekan? Qo‘rquvdan qanchalik qizarib, qaltirayotganimni tasavvur qilib ko‘ring.
Xavotirim o‘rinsiz ekan: mosye Amel menga muloyim qaradi va erkalab dedi:
– Qani, Frans o‘g‘lim, kiraqol. Biz sensiz darsni boshlamoqchi bo‘lib turgandik.
Men stulni hatlab o‘tib, o‘z joyimni egalladim. Shundagina, qo‘rquvim bosilganidan keyin muallimning egnidagi dabdabali yashil syurtuk, burama galstuk va boshidagi qora ipak taqyani ko‘rdim; u faqat inspektor tashrif buyurganda yoki mukofotlar taqdim etilayotganda shunday kiyinardi. Butun sinf ko‘zimga ajib va dabdabali bo‘lib ko‘rindi. Ammo meni boshqa holat hayron qoldirdi: ko‘pincha bo‘sh turadigan orqa o‘rindiqlarda qo‘lida uchburchak musiqa asbobi bilan qariya Xauzer, uning yonida sobiq mer, pochtachi va boshqa qishloq kishilari o‘tirardi. Ularning yuzi g‘amgin; Xauzerning tizzasida chetlari titilgan eski alifbe, uning ustida esa katta ko‘zoynak turardi.
Mosye Amel avvalgiday muloyim, lekin jiddiy ohangda hammamizga murojaat qildi:
– Bolalar, bugun sizlar bilan so‘nggi bor dars o‘tishimiz. Berlindan Elzas va Lotaringiya maktablarida faqat nemis tili o‘qitilishi haqida buyruq berildi… Yangi o‘qituvchi ertaga keladi. Bugun fransuz tilidan oxirgi mashg‘ulotimiz. Iltimos, eʼtiborliroq bo‘linglar!
Mana shu ikki og‘izgina so‘z meni larzaga soldi. Ah, razillar! Meriya devoriga ilingan eʼlon nima haqida ekanligiga endi tushundim.
Men bo‘lsam zo‘rg‘a yoza olardim! Demak, endi yozishni yaxshi o‘rganolmayman! Butun umr savodsiz bo‘lib qolaman! Darsga kirish o‘rniga qush uyasini axtarib yurganim, muzlagan Saara ko‘li ustida sirpanchiq uchib yo‘qotgan vaqtimga shunchalar achinib ketdimki! Biroz oldin zerikarli bo‘lgan kitoblar endi men uchun qadrdon do‘stlardek bo‘lib tuyuldi. Ulardan ajralish men uchun og‘ir edi. Mosye Amel-chi?! Xayolimda uni boshqa ko‘rolmaydigandek edim; uning tanbehlari, chizg‘ich bilan jazolashlarini ham bir lahzada unutdim.
Bechora! U oxirgi dars sharafiga o‘zining bayramona liboslarini kiygandi; orqa o‘rindiqlardagi qishloq odamlarining nima uchun bu yerga to‘planishganini endi tushundim. Ular maktabga tez-tez kelib turmaganliklaridan afsusda edilar. Yuz-ko‘zlaridan muallimning qirq yillik halol xizmati uchun minnatdorlik bildirayotganga o‘xshab ko‘rinishardi…
Ism-familiyam yangraganini eshitib, xayolim bo‘lindi. Javob berish navbati meniki edi. Qaniydi, sifatdosh qoidalarini baland ovozda, tutilmasdan, dona-dona qilib gapirib bera olsam. Biroq men hammasini chalkashtirib yubordim, og‘irligimni u oyog‘imdan bu oyog‘imga tashlab, ko‘zimni yerdan uzolmay turaverdim. Mosye Amel menga tikilgancha so‘zlay boshladi:
– Men seni koyimayman, Frans o‘g‘lim, shundoq ham jazolanganingni bilsang kerak… Har safar, qayoqqa ham shoshildim, ertaga yodlayman, deb o‘ylaysan. Oqibati nima bo‘ldi? Biz elzasliklar o‘qishni doimo ortga suramiz – fojiamiz ham ana shunda. Sizlar o‘zingizni fransuz deb bilasiz, vaholanki, o‘z ona tilingizda to‘g‘ri gapirishni ham, yozishni ham eplay olmaysiz. Bunda sening aybing boshqalarnikidan kam emas, Frans o‘g‘lim. Biz o‘zimizdan o‘pkalashimiz kerak. Ota-onalarimiz o‘qishlarimiz haqida ko‘p ham qayg‘uravermaydi. Maktabga jo‘natish o‘rniga qo‘shimcha aqcha maqsadida sizlarni dalaga yoki fabrikaga ishlash uchun yuborishadi. Men o‘zim-chi? Men emasmi sizlarga bilim berish o‘rniga bog‘dagi gullarni parvarishlashni zimmangizga yuklagan?! Men emasmi baliq ovlagim kelib qolganda sizlarni darsdan ozod qilgan?!
Shundan so‘ng mosye Amel fransuz tili dunyodagi eng ajoyib til ekanligini, bu tilni asrashimiz lozimligini, chunki mustamlaka xalq o‘z ona tili yordamidagina yorug‘likka chiqa olishini uqtirdi… So‘ngra muallim grammatikadan maʼruza o‘qidi. Darsni yaxshi tushunayotganimdan o‘zim ham hayratda edim. Mosye Amel mavzuni juda ravon tushuntirardi. Avvallari, darsni bunchalik diqqat bilan tinglamagandim. Muallimimiz ketish oldidan bor bilimini bizga qoldirmoqchidek edi, go‘yo.
Grammatikadan so‘ng yozuvga o‘tdik. Mosye Amel namuna sifatida doskaga chiroyli husnixat bilan quyidagi so‘zlarni yozib qo‘ydi: “Fransiya, Elzas. Fransiya, Elzas”.
Sinf suv quygandek jimjit, faqat qog‘oz ustida yugurayotgan qalamlarning qitirlashigina eshitilardi…
Maktab tomida kaptarlarning g‘uv-g‘uvlagani qulog‘imga chalindi. O‘ylanib qoldim: “Hali ularni ham nemischa kuylashga majburlash kerakdir?”
Ko‘zimni daftardan uzganimda mosye Amelning maktab bilan qayta ko‘risholmaydigandek har bir narsaga sinchiklab qarayotganini payqadim. O‘ylab ko‘ring-a, u qirq yillik umrini shu maktabga baxshida etdi. Eski stul va partalar kirlanib yaltirar, hovlidagi kashtan daraxtlari osmon qadar bo‘y cho‘zgan, ularning tagiga ekilgan xmel butun derazani to‘sib turardi. Uning uchun bularning hammasi bilan xayrlashish og‘ir edi. Axir, u ertaga bu yerlarni butunlay tark etadi.
Mosye Amel darsni oxirigacha yetkazishga o‘zida kuch topa oldi.
Yozuv-chizuvdan so‘ng tarix darsiga o‘tdik; keyin barchamiz jo‘rovoz bo‘lib harflarni qaytardik: ba, be, bi, bo, bu. Orqa o‘rindiqdagi qariya Xauzar ham ko‘zoynagini taqib, alifbeni qo‘lida tutgancha bizga qo‘shildi: ovozi hayajondan titrab chiqardi; uni eshitib yig‘lashni ham, kulishni ham bilmasdik. O, yo‘q! Bu dars sira ham yodimdan ko‘tarilmaydi…
To‘satdan cherkov soati kun yarim bo‘lganini, ibodatga shoshilish kerakligini eslatgandek bong ura boshladi. Shu onda deraza tagidan mashg‘ulotdan qaytayotgan pruss askarlarining trubalari jarangladi. Mosye Amelning rangi bo‘zdek oqardi va o‘rnidan turdi.
– Do‘stlarim, – dedi u, – do‘stlarim, men, men…
Uning bo‘g‘ziga nimadir tiqilganday bo‘ldi. Qo‘liga bo‘rni olib, katta harflar bilan kuchining boricha quyidagi so‘zlarni yozdi:
Keyin boshini eggancha stulga o‘tirib qotib qoldi va qo‘li bilan bizga ishora qildi:
Saidjalol Saidmurodov tarjimasi
Альфонс Доде. Сўнгги сабоқ (ҳикоя)
Ўша куни эрталаб мактабга жуда ҳам кеч қолаётган эдим; муаллимдан танбеҳ эшитишимни ўйласам, юрагим орқага тортиб кетарди. Устига устак, мосъе Амел биздан аввалги дарс мавзусини – сифатдошларни сўрамоқчи эди. Мен эса яримта сўз ҳам ёдламаганман. Бир зум хаёлимга дарсга кирмасдан сайр қилиб юриш фикри келди.
Ўрмон четида сайроқи қораялоқларнинг куйлаётгани, тахта йўниш заводи ортидаги Ривер ўтлоғида немисларнинг сафда юриш машғулотларини бажараётгани эшитилиб турарди. Буларнинг бари мени дарсдаги сифатдош қоидаларидан кўра кўпроқ ўзига жалб қиларди, лекин ўзимни қўлга олиб, мактабга югурдим.
Мэрия1 ёнидан ўтаётиб эълонлар тахтаси олдида тўпланиб турган одамларга кўзим тушди. Сўнгги икки йил ичида биз у ерда фақат кўнгилсизликдан хабардор бўлар эдик: бой берилган жанглар, реквизициялар, коммендант буйруқлари; ўйланиб қолдим: яна қандай нохушлик бўлиши мумкин?
Шу пайт шогирди билан эълонларни ўқиб турган темирчи Вахтер мени чақириб қолди:
– Шошма, болакай, улгурасан ўша мактабингга.
У устимдан куляпти деб ўйладим ва ҳаллослаганча мосъе Амелнинг уйи олдидаги гулзор томонга югурдим.
Одатда дарс бошида кўчага эшитиларли даражада шовқин кўтариларди – болалар қулоқларини қўллари билан ёпганча ўтилган мавзуларни ғўнғиллаб такрорлашар, партани чилдирма қилиб чалишар, муаллимимиз эса чизғичи билан тинчлантиришга уринарди:
– Секинроқ, секинроқ, болалар!
Мен мана шу шовқин-сурон остида жойимга сездирмасдан ўтиришни мўлжаллагандим, аммо шу бугун якшанба тонгидек жимжит эди.
Очиқ ойнадан ўртоқларим аллақачон жой-жойларида ўтирганини, мосъе Амел эса ваҳимали чизғичини қўлтиқлаганча у ёқдан бу ёққа бориб келаётганини кўрдим. Қандай қилиб бу жимжитликда эшикни очиб кирсам экан? Қўрқувдан қанчалик қизариб, қалтираётганимни тасаввур қилиб кўринг.
Хавотирим ўринсиз экан: мосъе Амел менга мулойим қаради ва эркалаб деди:
– Қани, Франц ўғлим, кирақол. Биз сенсиз дарсни бошламоқчи бўлиб тургандик.
Мен стулни ҳатлаб ўтиб, ўз жойимни эгалладим. Шундагина, қўрқувим босилганидан кейин муаллимнинг эгнидаги дабдабали яшил сюртук, бурама галстук ва бошидаги қора ипак тақяни кўрдим; у фақат инспектор ташриф буюрганда ёки мукофотлар тақдим этилаётганда шундай кийинарди. Бутун синф кўзимга ажиб ва дабдабали бўлиб кўринди. Аммо мени бошқа ҳолат ҳайрон қолдирди: кўпинча бўш турадиган орқа ўриндиқларда қўлида учбурчак мусиқа асбоби билан қария Хаузер, унинг ёнида собиқ мэр, почтачи ва бошқа қишлоқ кишилари ўтирарди. Уларнинг юзи ғамгин; Хаузернинг тиззасида четлари титилган эски алифбе, унинг устида эса катта кўзойнак турарди.
Мосъе Амел аввалгидай мулойим, лекин жиддий оҳангда ҳаммамизга мурожаат қилди:
– Болалар, бугун сизлар билан сўнгги бор дарс ўтишимиз. Берлиндан Элзас ва Лотарингия мактабларида фақат немис тили ўқитилиши ҳақида буйруқ берилди… Янги ўқитувчи эртага келади. Бугун француз тилидан охирги машғулотимиз. Илтимос, эътиборлироқ бўлинглар!
Мана шу икки оғизгина сўз мени ларзага солди. Аҳ, разиллар! Мэрия деворига илинган эълон нима ҳақида эканлигига энди тушундим.
Мен бўлсам зўрға ёза олардим! Демак, энди ёзишни яхши ўрганолмайман! Бутун умр саводсиз бўлиб қоламан! Дарсга кириш ўрнига қуш уясини ахтариб юрганим, музлаган Саара кўли устида сирпанчиқ учиб йўқотган вақтимга шунчалар ачиниб кетдимки! Бироз олдин зерикарли бўлган китоблар энди мен учун қадрдон дўстлардек бўлиб туюлди. Улардан ажралиш мен учун оғир эди. Мосъе Амел-чи?! Хаёлимда уни бошқа кўролмайдигандек эдим; унинг танбеҳлари, чизғич билан жазолашларини ҳам бир лаҳзада унутдим.
Бечора! У охирги дарс шарафига ўзининг байрамона либосларини кийганди; орқа ўриндиқлардаги қишлоқ одамларининг нима учун бу ерга тўпланишганини энди тушундим. Улар мактабга тез-тез келиб турмаганликларидан афсусда эдилар. Юз-кўзларидан муаллимнинг қирқ йиллик ҳалол хизмати учун миннатдорлик билдираётганга ўхшаб кўринишарди…
Исм-фамилиям янграганини эшитиб, хаёлим бўлинди. Жавоб бериш навбати меники эди. Қанийди, сифатдош қоидаларини баланд овозда, тутилмасдан, дона-дона қилиб гапириб бера олсам. Бироқ мен ҳаммасини чалкаштириб юбордим, оғирлигимни у оёғимдан бу оёғимга ташлаб, кўзимни ердан узолмай туравердим. Мосъе Амел менга тикилганча сўзлай бошлади:
– Мен сени койимайман, Франц ўғлим, шундоқ ҳам жазоланганингни билсанг керак… Ҳар сафар, қаёққа ҳам шошилдим, эртага ёдлайман, деб ўйлайсан. Оқибати нима бўлди? Биз элзасликлар ўқишни доимо ортга сурамиз – фожиамиз ҳам ана шунда. Сизлар ўзингизни француз деб биласиз, ваҳоланки, ўз она тилингизда тўғри гапиришни ҳам, ёзишни ҳам эплай олмайсиз. Бунда сенинг айбинг бошқаларникидан кам эмас, Франц ўғлим. Биз ўзимиздан ўпкалашимиз керак. Ота-оналаримиз ўқишларимиз ҳақида кўп ҳам қайғуравермайди. Мактабга жўнатиш ўрнига қўшимча ақча мақсадида сизларни далага ёки фабрикага ишлаш учун юборишади. Мен ўзим-чи? Мен эмасми сизларга билим бериш ўрнига боғдаги гулларни парваришлашни зиммангизга юклаган?! Мен эмасми балиқ овлагим келиб қолганда сизларни дарсдан озод қилган?!
Шундан сўнг мосъе Амел француз тили дунёдаги энг ажойиб тил эканлигини, бу тилни асрашимиз лозимлигини, чунки мустамлака халқ ўз она тили ёрдамидагина ёруғликка чиқа олишини уқтирди… Сўнгра муаллим грамматикадан маъруза ўқиди. Дарсни яхши тушунаётганимдан ўзим ҳам ҳайратда эдим. Мосъе Амел мавзуни жуда равон тушунтирарди. Авваллари, дарсни бунчалик диққат билан тингламагандим. Муаллимимиз кетиш олдидан бор билимини бизга қолдирмоқчидек эди, гўё.
Грамматикадан сўнг ёзувга ўтдик. Мосъе Амел намуна сифатида доскага чиройли ҳуснихат билан қуйидаги сўзларни ёзиб қўйди: “Франция, Элзас. Франция, Элзас”.
Синф сув қуйгандек жимжит, фақат қоғоз устида югураётган қаламларнинг қитирлашигина эшитиларди…
Мактаб томида каптарларнинг ғув-ғувлагани қулоғимга чалинди. Ўйланиб қолдим: “Ҳали уларни ҳам немисча куйлашга мажбурлаш керакдир?”
Кўзимни дафтардан узганимда мосъе Амелнинг мактаб билан қайта кўришолмайдигандек ҳар бир нарсага синчиклаб қараётганини пайқадим. Ўйлаб кўринг-а, у қирқ йиллик умрини шу мактабга бахшида этди. Эски стул ва парталар кирланиб ялтирар, ҳовлидаги каштан дарахтлари осмон қадар бўй чўзган, уларнинг тагига экилган хмел бутун деразани тўсиб турарди. Унинг учун буларнинг ҳаммаси билан хайрлашиш оғир эди. Ахир, у эртага бу ерларни бутунлай тарк этади.
Мосъе Амел дарсни охиригача етказишга ўзида куч топа олди.
Ёзув-чизувдан сўнг тарих дарсига ўтдик; кейин барчамиз жўровоз бўлиб ҳарфларни қайтардик: ба, бе, би, бо, бу. Орқа ўриндиқдаги қария Хаузар ҳам кўзойнагини тақиб, алифбени қўлида тутганча бизга қўшилди: овози ҳаяжондан титраб чиқарди; уни эшитиб йиғлашни ҳам, кулишни ҳам билмасдик. О, йўқ! Бу дарс сира ҳам ёдимдан кўтарилмайди…
Тўсатдан черков соати кун ярим бўлганини, ибодатга шошилиш кераклигини эслатгандек бонг ура бошлади. Шу онда дераза тагидан машғулотдан қайтаётган прусс аскарларининг трубалари жаранглади. Мосъе Амелнинг ранги бўздек оқарди ва ўрнидан турди.
– Дўстларим, – деди у, – дўстларим, мен, мен…
Унинг бўғзига нимадир тиқилгандай бўлди. Қўлига бўрни олиб, катта ҳарфлар билан кучининг борича қуйидаги сўзларни ёзди:
Кейин бошини эгганча стулга ўтириб қотиб қолди ва қўли билан бизга ишора қилди: