Anton Chexov. Vanka (hikoya)
| Кирилл ёзувидаги матн пастроқда
Uch oy avval Alyoxin degan etikdo‘zga shogirdlikka berilgan to‘qqiz yashar bola Vanka Jukov rojdestvoga o‘tar kuni kechasi yotmadi. Xo‘jayinlari va boshqa shogirdlar ertalabki ibodatga ketishgandan keyin u, xo‘jayinining jovonidan siyohdon bilan zang bosib ketgan ruchka oldi-da, g‘ijimlangan bir varaq qog‘ozni oldiga yozib, xat bitishga kirishdi. Xatni boshlashdan oldin eshikka va derazalarga bir necha marta qo‘rqa-pusa qarab qo‘ydi, ikki tomoniga etik qoliplari tizib qo‘yilgan sanamga ham ko‘z qirini tashlab qo‘ydi, keyin bir, uf tortdi. Qog‘ozni skameyka ustiga yozib, uning oldiga tiz cho‘kib o‘tirdi.
«Bobojonim Konstantin Makarich! — deb yoza boshladi u xatni. — Men sizga duoyi salom yozmoqdaman. Sizni rojdestvo hayiti bilan qutlab, u tomonlarda omon-eson yurishingizni xudodan tilab qolaman. Mening otam ham, onam ham yo‘q. Sizdan boshqa hech kimim yo‘q».
Vanka sham shu’lasi aks etib turgan qorong‘i derazaga qaradi, Jivarev degan boynikida kechasi qorovullik qiladigan bobosi Konstantin Makarich darrov ko‘z oldiga keldi. Bobosi oltmish besh yoshlar chamasida, kichkinagina, qotmadan kelgan, ammo nihoyatda epchil va serharakat, yuzlari doim kulib turadigan, ko‘zlari suzuk bir chol edi. Kunduz kunlari u, xizmatkorlar turadigan uyda uxlaydi, yoki oshpaz xotinlarga tegishib o‘tiradi, kechalari esa keng po‘stinini kiyib, qo‘rg‘on atrofida shaqildog‘ini chalib yuradi. Uning ketidan Kashtanka degan qari it va uzun bo‘yi, qora juni uchun Vyun deb atalgan yana bir it boshlarini osiltirib ergashib yuradi. Vyun juda itoatkor va yuvosh it, o‘z odamlarini ham, begonani ham baravar hurmat qiladi, ammo unga hech kim ishonmaydi. Uning itoatkorligi va yuvoshligida ayyorlik bor. Bildirmasdan kelib turib oyoqni uzib olishda, muzxonaga kirib, u yerdagi go‘sht-yog‘larni urishda, dehqonning tozug‘ini qiyratishda undan o‘tkiri yo‘q. Odamlar bir-necha marta uning keyingi oyog‘ini urib mayib qilishgan, ikki marta dorga ham osishgan, chala o‘lik qilib ham urishgan, biroq har safar omon qolgan.
Bobosi shu topda darvoza oldida qishloq butxonasining charog‘on derazalariga ko‘zini suzib qarab turgandir, yo bo‘lmasa sovuqqa qotganidan piymasi bilan yer tepinib, qarollar bilan o‘ynashayotgandir. Shaqildog‘ini belbog‘iga osib olgani aniq. Qo‘llarini bir-biriga ishqab, sovuqdan seskana-seskana, hiringlaydi va yo beka oqsochining, yo oshpaz xotinning biqinini chimchilaydi.
— Qani, tamakidan hidlaylik, tamakidan, — deydi-da, xotinlarga tamaki tutadi.
Xotinlar tamaki hidlab, chuchkurishadi. Chol bunda» iihoyatda xursand bo‘lib ketadi-da, qah-qah urib kuladi va:
— Burningni art, yaxlab qopti! — deb qichqiradi.
Keyin itlarga ham tamaki hidlatishadi. Kashtanka chuchkuradi, xafa bo‘lganidan boshini chayqay-chayqay chetga chiqib o‘tiradi. Vyun odob saqlab, chuchkurmaydi, dumini silkitib turadi. Havo shinam, jimjit, musaffo. Tun qorong‘i, ammo butun qishloq, uning oppoq tomlari, mo‘rilardan buralib-buralib chiqqan tutunlari, kumushday qirov bosgan daraxtlar, qor bosgan tepaliklar ravshan ko‘rinib turadi. Osmon jilvali charaqlab turgan yulduzlar bilan to‘la, somon yo‘li ham oydindek yorug‘, arafada uni yuvib, qor bilan ishqalaganday…
Vanka bir uh tortdi-da, peroni siyohga botirib, yana xatni yozaverdi:
«Kecha bo‘lsa meni o‘lgudek qiynashdi. Xo‘jayinlarning belanchakdagi bolasini tebratib o‘tirib, bilmasdan uxlab qolibman. Xo‘jayin sochimdan sudrab, hovliga olib chiqib, qayish bilan rosa savaladi. O‘tgan hafta xo‘jayin beka meni selyodka tozalashga buyurdi, men uni dumidan tozalay boshlagan edim, beka baliqni qo‘limdan tortib olib, uning kallasini basharamga ishqadi. Xalfalar meni masxara qilishadi, qovoqxonaga araqqa yuborishadi, xo‘jayinnikidan bodring o‘g‘irlattirishadi, xo‘jayin bo‘lsa qo‘liga tushgan narsa bilan uradi. Ovqatdan hech narsa yo‘q. Erta bilan non beriladi, tushda bo‘tqa, kechqurun ham quruq nonning o‘zi: choyni, karam sho‘rvalarni nuqul o‘zlari tushirishadi. Kechasi yotadigan joyim — yo‘lak, xo‘jayinning bolasi yig‘lasa mijja qoqmay kechasi bilan belanchak tebratib chiqaman. Jon bobo, xudo xayir bersin, meni bu yerdan uyga, qishloqqa olib keting, hech toqatim qolmadi… Oyoqlaringizga boshimni qo‘yib yalinaman, o‘lgunimcha duo qilay, meni bu yerdan olib keting, bo‘lmasa o‘lib qolaman…».
Vankaning lablari burishdi, qop-qora mushti bilan ko‘zlarini artdi-da, piqilladi.
«Men sizga tamakilaringizni maydalab beraman, — deb davom etdi bola, — ibodat qilaman, biron ayb qilsam itday savalang. Agar menga ish topilmaydi desangiz, yalinib-yolvorib gumashtaga etik tozalovchi bo‘lib kiraman, yo bo‘lmasa Fedkaning o‘rniga podachiga shogird bo‘laman. Bobojon, sira toqatim qolmadi, jonimdan to‘ydim. Qishloqqa piyoda jo‘nay desam etigim yo‘q, sovuqdan qo‘rqaman. Bu qilgan yaxshiligingizga katta bo‘lganimda sizni boqaman, hech kimga xo‘rlatmayman, o‘lganingizda onam Pelageyaga qilinganday, sizga ham duoyi fotiha qilaman.
Moskva katta shahar. Hamma uylar boylarga qaraydi, ot ko‘p, qo‘ydan sira yo‘q, itlari yuvosh. Bu yerning bolalari barat oyi qo‘shig‘ini aytishmas ekan. Butxonalarda ham hech kimga qo‘shiq ayttirishmaydi, bir kuni bir do‘konda ipi va yog‘ochi bilan sotiladigan qarmoq ko‘rdim, bunaqa qarmoqqa har qanaqa baliq ilinadi, hatto bir pud keladigan laqqa baliq ilinadigan qarmoq ham bor. Shunaqangi do‘konlar ham borki, u yerda badavlat kishilarning kuchi yetadigan miltiqlar bor, har bittasi yuz so‘mdan turar deyman… Go‘sht do‘konlarida esa qirg‘ovillar, kakliklar, quyonlar to‘lib yotipti, ularni qayerda otilganini qassoblar sira aytishmaydi.
Bobojon, xo‘jayiningiznikida archa bayrami bo‘lganda menga usti yaltiroq yong‘oqdan olib, ko‘k sandiqqa solib, yashirib qo‘ying. Vankaga desangiz oyimqiz Olga Ignatevna beradi».
Vanka yana bir xo‘rsindi-da, derazaga tikilib, xayolga botdi. Xo‘jayinga archa olib kelish uchun bobosining o‘rmonga borishini va o‘zi bilan birga Vankani ham olib borganlarini esladi. Qanday yaxshi zamonlar ekan!
Bobosi zo‘r berardi, sovuq, ham zo‘r berardi, ularga qarab Vanka ham zo‘r berardi. Bobosi ba’zan archa kesishdan oldin trubka chekib olardi, tamaki hidlardi, sovqotgan Vankani masxara qilardi. Qirovga o‘ralgan yosh archalar qaysi birlarining kuni bitganini bilmasdan tik turardi. Bir yoqdan lip etib quyon chiqib qolar va qor uyumlari ustidan o‘qday uchib o‘tib ketardi… Bobosi esa:
— Ushla! Ushla uni! Ha, shayton! — deb ketidan qichqirib qolardi.
Kesilgan archani bobosi xo‘jayinlar uyiga sudrab olib kelardi, keyin uni bezatishardi. Vankani yaxshi ko‘rgan oyimqiz Olga Ignatevna hammadan ko‘p jon kuydirardi. Vankaning onasi Pelageya tirikligida xo‘jayinlarnikida oqsoch edi, Vankaga Olga Ignatevna popuklar berardi, zerikkanidan uni o‘qishga, yozishga, yuzgacha sanashga va hatto tantsa tushishga o‘rgatgan edi. Pelageya o‘lgandan keyin yetim qolgan Vankani qarollar turadigan oshxonaga chiqarib, bobosiga qo‘shib qo‘yishdi, u yerda Moskvaga, Alyoxin etikdo‘znikiga jo‘natishdi.
«Tezroq keling, bobojon, — deb xatini davom ettirdi Vanka, — xudo xayir bersin, meni bu yerdan olib keting. Mendek bechora yetimga rahmingiz kelsin, bu yerda meni uzzukun savalaydilar, o‘lardek och yuraman. Shunday zerikdimki, yig‘laganim yig‘lagan. Qaysi kuni xo‘jayin qolip bilan boshimga shunday urdiki, yiqilib tushdim, zo‘rg‘a o‘zimga keldim. Turmushim har qanday itnikidan ham battar… Alyonaga ham salom ayting, g‘ilay Yegorkaga ham, kucherga ham, mening garmonimni hech kimga bermang, deb nevarangiz Ivan Jukov, jon bobo, tezroq keling».
Vanka xatni to‘rt bukladi-da, bir kun oldin bir tiyinga sotib olgan konvertga soldi… Biroz o‘ylab turib keyin peroni siyohga botirdi-da:
Bobom qishlog‘iga deb adres yozdi.
Keyin yelkasini qashib, biroz o‘ylanib, «Konstantin Makarichga tegsin» deb qo‘shib qo‘ydi. Hech kim xalaqit bermasdan xat yozganidan xursand bo‘lib, boshiga shapkasini kiydi va ko‘ylakchan yugurganicha ko‘chaga chiqib ketdi…
Kunduz kuni so‘raganida qassoblar «xat pochta qutisiga solinadi, qutilardan olinib, mast yamshchiklar mingan, uch otli qo‘ng‘iroqlar osilgan aravalarda butun yer yuziga tarqatiladi» deb aytishgan edi. Vanka eng yaqin pochta qutisiga chopib bordi-da, qimmatbaho xatni qutiga soldi.
Bir soatlardan keyin umidlar allasi ostida qattiq uyquga ketdi… Tushiga pech kirdi. Pechda bobosi yalang oyoqlarini pastga osiltirib, oshpaz xotinlarga xat o‘qib berayotgan emish… Pech yoiida Vyun dumini likillatib aylanib yurganmish…
Антон Чехов. Ванька (ҳикоя)
Уч ой аввал Алёхин деган этикдўзга шогирдликка берилган тўққиз яшар бола Ванька Жуков рождествога ўтар куни кечаси ётмади. Хўжайинлари ва бошқа шогирдлар эрталабки ибодатга кетишгандан кейин у, хўжайинининг жовонидан сиёҳдон билан занг босиб кетган ручка олди-да, ғижимланган бир варақ қоғозни олдига ёзиб, хат битишга киришди. Хатни бошлашдан олдин эшикка ва деразаларга бир неча марта қўрқа-пуса қараб қўйди, икки томонига этик қолиплари тизиб қўйилган санамга ҳам кўз қирини ташлаб қўйди, кейин бир, уф тортди. Қоғозни скамейка устига ёзиб, унинг олдига тиз чўкиб ўтирди.
«Бобожоним Константин Макарич! — деб ёза бошлади у хатни. — Мен сизга дуойи салом ёзмоқдаман. Сизни рождество ҳайити билан қутлаб, у томонларда омон-эсон юришингизни худодан тилаб қоламан. Менинг отам ҳам, онам ҳам йўқ. Сиздан бошқа ҳеч кимим йўқ».
Ванька шам шуъласи акс этиб турган қоронғи деразага қаради, Живарев деган бойникида кечаси қоровуллик қиладиган бобоси Константин Макарич дарров кўз олдига келди. Бобоси олтмиш беш ёшлар чамасида, кичкинагина, қотмадан келган, аммо ниҳоятда эпчил ва серҳаракат, юзлари доим кулиб турадиган, кўзлари сузук бир чол эди. Кундуз кунлари у, хизматкорлар турадиган уйда ухлайди, ёки ошпаз хотинларга тегишиб ўтиради, кечалари эса кенг пўстинини кийиб, қўрғон атрофида шақилдоғини чалиб юради. Унинг кетидан Каштанка деган қари ит ва узун бўйи, қора жуни учун Вьюн деб аталган яна бир ит бошларини осилтириб эргашиб юради. Вьюн жуда итоаткор ва ювош ит, ўз одамларини ҳам, бегонани ҳам баравар ҳурмат қилади, аммо унга ҳеч ким ишонмайди. Унинг итоаткорлиги ва ювошлигида айёрлик бор. Билдирмасдан келиб туриб оёқни узиб олишда, музхонага кириб, у ердаги гўшт-ёғларни уришда, деҳқоннинг тозуғини қийратишда ундан ўткири йўқ. Одамлар бир-неча марта унинг кейинги оёғини уриб майиб қилишган, икки марта дорга ҳам осишган, чала ўлик қилиб ҳам уришган, бироқ ҳар сафар омон қолган.
Бобоси шу топда дарвоза олдида қишлоқ бутхонасининг чароғон деразаларига кўзини сузиб қараб тургандир, ё бўлмаса совуққа қотганидан пиймаси билан ер тепиниб, қароллар билан ўйнашаётгандир. Шақилдоғини белбоғига осиб олгани аниқ. Қўлларини бир-бирига ишқаб, совуқдан сескана-сескана, ҳиринглайди ва ё бека оқсочининг, ё ошпаз хотиннинг биқинини чимчилайди.
— Қани, тамакидан ҳидлайлик, тамакидан, — дейди-да, хотинларга тамаки тутади.
Хотинлар тамаки ҳидлаб, чучкуришади. Чол бунда» ииҳоятда хурсанд бўлиб кетади-да, қаҳ-қаҳ уриб кулади ва:
— Бурнингни арт, яхлаб қопти! — деб қичқиради.
Кейин итларга ҳам тамаки ҳидлатишади. Каштанка чучкуради, хафа бўлганидан бошини чайқай-чайқай четга чиқиб ўтиради. Вьюн одоб сақлаб, чучкурмайди, думини силкитиб туради. Ҳаво шинам, жимжит, мусаффо. Тун қоронғи, аммо бутун қишлоқ, унинг оппоқ томлари, мўрилардан буралиб-буралиб чиққан тутунлари, кумушдай қиров босган дарахтлар, қор босган тепаликлар равшан кўриниб туради. Осмон жилвали чарақлаб турган юлдузлар билан тўла, сомон йўли ҳам ойдиндек ёруғ, арафада уни ювиб, қор билан ишқалагандай…
Ванька бир уҳ тортди-да, перони сиёҳга ботириб, яна хатни ёзаверди:
«Кеча бўлса мени ўлгудек қийнашди. Хўжайинларнинг беланчакдаги боласини тебратиб ўтириб, билмасдан ухлаб қолибман. Хўжайин сочимдан судраб, ҳовлига олиб чиқиб, қайиш билан роса савалади. Ўтган ҳафта хўжайин бека мени селёдка тозалашга буюрди, мен уни думидан тозалай бошлаган эдим, бека балиқни қўлимдан тортиб олиб, унинг калласини башарамга ишқади. Халфалар мени масхара қилишади, қовоқхонага араққа юборишади, хўжайинникидан бодринг ўғирлаттиришади, хўжайин бўлса қўлига тушган нарса билан уради. Овқатдан ҳеч нарса йўқ. Эрта билан нон берилади, тушда бўтқа, кечқурун ҳам қуруқ ноннинг ўзи: чойни, карам шўрваларни нуқул ўзлари туширишади. Кечаси ётадиган жойим — йўлак, хўжайиннинг боласи йиғласа мижжа қоқмай кечаси билан беланчак тебратиб чиқаман. Жон бобо, худо хайир берсин, мени бу ердан уйга, қишлоққа олиб кетинг, ҳеч тоқатим қолмади… Оёқларингизга бошимни қўйиб ялинаман, ўлгунимча дуо қилай, мени бу ердан олиб кетинг, бўлмаса ўлиб қоламан…».
Ваньканинг лаблари буришди, қоп-қора мушти билан кўзларини артди-да, пиқиллади.
«Мен сизга тамакиларингизни майдалаб бераман, — деб давом этди бола, — ибодат қиламан, бирон айб қилсам итдай саваланг. Агар менга иш топилмайди десангиз, ялиниб-ёлвориб гумаштага этик тозаловчи бўлиб кираман, ё бўлмаса Федьканинг ўрнига подачига шогирд бўламан. Бобожон, сира тоқатим қолмади, жонимдан тўйдим. Қишлоққа пиёда жўнай десам этигим йўқ, совуқдан қўрқаман. Бу қилган яхшилигингизга катта бўлганимда сизни боқаман, ҳеч кимга хўрлатмайман, ўлганингизда онам Пелагеяга қилингандай, сизга ҳам дуойи фотиҳа қиламан.
Москва катта шаҳар. Ҳамма уйлар бойларга қарайди, от кўп, қўйдан сира йўқ, итлари ювош. Бу ернинг болалари барат ойи қўшиғини айтишмас экан. Бутхоналарда ҳам ҳеч кимга қўшиқ айттиришмайди, бир куни бир дўконда ипи ва ёғочи билан сотиладиган қармоқ кўрдим, бунақа қармоққа ҳар қанақа балиқ илинади, ҳатто бир пуд келадиган лаққа балиқ илинадиган қармоқ ҳам бор. Шунақангги дўконлар ҳам борки, у ерда бадавлат кишиларнинг кучи етадиган милтиқлар бор, ҳар биттаси юз сўмдан турар дейман… Гўшт дўконларида эса қирғовиллар, какликлар, қуёнлар тўлиб ётипти, уларни қаерда отилганини қассоблар сира айтишмайди.
Бобожон, хўжайинингизникида арча байрами бўлганда менга усти ялтироқ ёнғоқдан олиб, кўк сандиққа солиб, яшириб қўйинг. Ванькага десангиз ойимқиз Ольга Игнатьевна беради».
Ванька яна бир хўрсинди-да, деразага тикилиб, хаёлга ботди. Хўжайинга арча олиб келиш учун бобосининг ўрмонга боришини ва ўзи билан бирга Ванькани ҳам олиб борганларини эслади. Қандай яхши замонлар экан!
Бобоси зўр берарди, совуқ, ҳам зўр берарди, уларга қараб Ванька ҳам зўр берарди. Бобоси баъзан арча кесишдан олдин трубка чекиб оларди, тамаки ҳидларди, совқотган Ванькани масхара қиларди. Қировга ўралган ёш арчалар қайси бирларининг куни битганини билмасдан тик турарди. Бир ёқдан лип этиб қуён чиқиб қолар ва қор уюмлари устидан ўқдай учиб ўтиб кетарди… Бобоси эса:
— Ушла! Ушла уни! Ҳа, шайтон! — деб кетидан қичқириб қоларди.
Кесилган арчани бобоси хўжайинлар уйига судраб олиб келарди, кейин уни безатишарди. Ванькани яхши кўрган ойимқиз Ольга Игнатьевна ҳаммадан кўп жон куйдирарди. Ваньканинг онаси Пелагея тириклигида хўжайинларникида оқсоч эди, Ванькага Ольга Игнатьевна попуклар берарди, зерикканидан уни ўқишга, ёзишга, юзгача санашга ва ҳатто танца тушишга ўргатган эди. Пелагея ўлгандан кейин етим қолган Ванькани қароллар турадиган ошхонага чиқариб, бобосига қўшиб қўйишди, у ерда Москвага, Алёхин этикдўзникига жўнатишди.
«Тезроқ келинг, бобожон, — деб хатини давом эттирди Ванька, — худо хайир берсин, мени бу ердан олиб кетинг. Мендек бечора етимга раҳмингиз келсин, бу ерда мени уззукун савалайдилар, ўлардек оч юраман. Шундай зерикдимки, йиғлаганим йиғлаган. Қайси куни хўжайин қолип билан бошимга шундай урдики, йиқилиб тушдим, зўрға ўзимга келдим. Турмушим ҳар қандай итникидан ҳам баттар… Алёнага ҳам салом айтинг, ғилай Егоркага ҳам, кучерга ҳам, менинг гармонимни ҳеч кимга берманг, деб неварангиз Иван Жуков, жон бобо, тезроқ келинг».
Ванька хатни тўрт буклади-да, бир кун олдин бир тийинга сотиб олган конвертга солди… Бироз ўйлаб туриб кейин перони сиёҳга ботирди-да:
Бобом қишлоғига деб адрес ёзди.
Кейин елкасини қашиб, бироз ўйланиб, «Константин Макаричга тегсин» деб қўшиб қўйди. Ҳеч ким халақит бермасдан хат ёзганидан хурсанд бўлиб, бошига шапкасини кийди ва кўйлакчан югурганича кўчага чиқиб кетди…
Кундуз куни сўраганида қассоблар «хат почта қутисига солинади, қутилардан олиниб, маст ямшчиклар минган, уч отли қўнғироқлар осилган араваларда бутун ер юзига тарқатилади» деб айтишган эди. Ванька энг яқин почта қутисига чопиб борди-да, қимматбаҳо хатни қутига солди.
Бир соатлардан кейин умидлар алласи остида қаттиқ уйқуга кетди… Тушига печь кирди. Печда бобоси яланг оёқларини пастга осилтириб, ошпаз хотинларга хат ўқиб бераётган эмиш… Печь ёиида Вьюн думини ликиллатиб айланиб юрганмиш…