May 26

Arkadiy Averchenko. So’qirlar

| Кирилл ёзувидаги матн пастроқда

Kunlardan bir kuni peshin chog‘i yosh yozuvchi Abe qirollik bog‘iga sayrga keldi. Biroz atrofni kuzatgandan so‘ng, o‘rindiqda o‘tirdi. O‘rindiqda xush siymoli muloyim bir choy o‘tirardi. Mehribon yuzli chol yosh Abe tarafga yuzlandi va biroz taraddudlanib, “siz kimsiz?”, deya so‘radi.

- Menmi? Men yosh yozuvchi Abeman, — deb javob qaytardi yosh yozuvchi.

- Yaxshi san’at, — deya tirjaydi chol. -qiziqarli va hurmatga sazovor.

Abe ham unga boshdan oyoq nazar solib, “xo‘sh, o‘zingiz kim bo‘lasiz?”, deya so‘radi.

- Menmi? Men qirolman.

- Bu mamlakatningmi?

- Albatta, boshqa qaysi ham bo‘lardi.

Yosh yozuvchi o‘zini xotirjam ko‘rsatib, so‘z juftladi:

- Sizning ish ham yaxshi san’at. Maroqli va sharafga sazovor.

- Oh, yaramni yangilamang, — deya oh chekdi qirol.

- Sharaflilikka-yu, mayli, biroq bu ishda birorta qiziqarli narsa yo‘q. Sizga aytib bera qolay, mayli, hukmronlik qilish ko‘plar o‘ylaganidek huzurbaxsh ish emas.

Abe qo‘llarini paxsa qildi va taajublanib:

- Qanaqasiga?, — dedi.

- Men shu paytgacha qismatidan rozi birorta odamni uchratmadim, to‘g‘risi. Xo‘sh, aytingchi, siz rozimisiz?, — qirol kinoyali tarzda ko‘zlarini o‘ynatdi.

- Ochig‘i, unchalikmas. Xo‘sh, o‘zingiz-chi?

- Ba’zida bir tanqidchi sizni shunday ahvolga soladiki, o‘tirib, yig‘lagisi keladi odam.

- Ana, ko‘rdingizmi. Siz 10-15 tanqidchining e’tirozidan to‘ygansiz. Menda esa shunday tanqidchilar millionlab topiladi. Men sizning o‘rningizda bo‘lsam, tanqidchilardan umuman qo‘rqmasdim.

Abe xayol surgan holda “yo‘q” deya boshini chayqatdi, so‘ngra dono qirollardek turib, so‘z boshladi.

- Hamma muammo ham shunda. Yaxshi qarorlar qabul qilish kerak.

Qirol qo‘lini paxsa qildi.

- Gapingizga qo‘shilmayman. Sariq chaqalik foydasi yo‘q.

- Shundaymi?

- Xuddi shunday.

- Men sizning o‘rningizda bo‘lsam…

Qirol g‘azab otiga minib:

-Mening o‘rnimda?, — dedi. -Men shu paytgacha ko‘p qirollar ko‘rganman, yaxshi yozuvchi bo‘lishgan. Biroq biror martayam yozuvchi uchinchi, boringki oxirgi darajada bo‘lsa ham qirol bo‘lganini ko‘rmaganman. Mening o‘rnimdami? Mayli, sizni o‘z o‘rnimga biror hafta qo‘yaman. Qani ko‘ramiz, sizdan nima chiqarkan?

- Qayerga qo‘yasiz?, — deya so‘radi Abe.

- Albatta, o‘z o‘rnimga.

- O‘z o‘rnimga deysizmi? Buning iloji bormi?

- Nega bo‘lmas ekan? Biz qirollarga ham rahm ko‘rsatib, bunday qilish adolatdan bo‘lardi, albatta. Zora siz kabi tanqidchilarimiz biz qirollarni tushungan bo‘larmidi?

Abe ta’voze bilan:

- Nima ham derdim. Zarra qarshiligim yo‘q. Biroq bir narsani hisobga oling, men birinchi marta bunday ishga qo‘l uryapman. Agar mening tajribasizligim tufayli, nima desam ekan, sizga chetdan qaraganda kulguli tuyulsam, Aybga buyurmaysiz.

- Hech qisi yo‘q, — qirol mehribonlik bilan tabassum qildi. -O‘ylaymanki, siz bir hafta ichida ko‘p ahmoqliklar qilishga ulgurmaysiz.

- Albatta, aql bilan ish ko‘rishga harakat qilaman. Xo‘sh, anchadan beri xayolimda aylanib yurgan kichik, ammo ko‘pchilik uchun foydali bir qaror bor. Uni bugunoq qabul qilamiz.

- Xudo yordamchingiz bo‘lsin, — qirol bosh chayqab yosh yozuvchining so‘zini tasdiqladi. -Qani yuring, ketdik saroyga. Bu menga bir hafta davomida mazza qilib dam olish uchun yaxshi imkoniyat. Xo‘sh, sir bo‘lmasa aytingchi, nima ekan o‘sha qabul qilmochi bo‘lgan qaroringiz?

- Bugun yo‘ldan o‘tayotganda keksa so‘qir odamga ko‘zim tushdi. U qo‘lidagi hassasi bilan uylar, ko‘chalardagi narsalardan mo‘ljal olib, bazo‘r yurib borardi. Foytunlar orasida qolib ketmasmikan deb yurak hovuchlab turdim. Eng qizig‘i, yo‘ldagi birorta odam unga e’tibor bermasdi. Men shunday so‘qirlarga shahardagi zobitlar ko‘mak berishi haqida qaror qabul qilishni xohlayman. Ya’ni, yo‘lda yolg‘iz ketayotgan so‘qirni zobitlar qo‘lidan tutib, uyigacha kuzatib qo‘ysin. Qanday? Bo‘ladimi? Ma’qulmi sizga mening qarorim?

- Siz juda mehribon insonsiz, — qirol mahzun va charchagan alpozda javob qaytardi hamda qariyalarga xos jilmaydi. -Xudo qo‘llasin sizni. Menga endi ruxsat, boraqolay. Men ham odamlarga o‘xshab dam olay.

Qirol ketayotib, ortiga qayrildi va dedi:

- Bechora ko‘rlar.

Mana uch kundirki, mehribon yozuvchi Abe qirollik qilardi. Adolatli bo‘lish darkor edi. U o‘z qirolligi, kuchidan o‘z foydasi uchun foydalanmadi. Agar uning o‘rnida boshqa birov bo‘lsa, aniq mamlakatdagi barcha tanqidchilarni, yozuvchilarni yig‘ib, qamoqqa tashlar, xalqni faqatgina o‘zining asarlarini o‘qishga majbur qilardi. Hatto, tonggi nonushta o‘rniga har kimdan biror kitobini mutolaa qilishni amr qilardi. Abe o‘z nafsidan ustun kelgan dono qirollardek yurtni boshqarardi. U qirolga aytganidek, so‘qirlarni yolg‘iz qoldirmaslik, ularni ko‘chada foytunlar, yamalar, turli xil balolardan saqlashga zobitlarning ishtiroki qarori bilan ish boshladi.

Kunlarning birida, ya’ni, o‘z qirolligining to‘rtinchi tongida Abe o‘z xonasi derazasidan o‘y surgancha, ko‘chani kuzatib turardi. To‘satdan, bir dahshatli manzara uning e’tiborini tortdi. Ikki zobit bir odamning bo‘ynidan bo‘yinturuq solib, sudrar, yana bitta zobit esa “yur qani, tez yur” deya orqasidan tepardi. Abe abjirlik bilan xonasidan yugurib chiqdi va zinalardan tushib, tashqariga otildi. Zobitlardan xalloslab, “uni qayerga olib ketyapsizlar, nega tepyapsizlar, nima gunoh qilibdi, kimni o‘ldiribdi?”, deya so‘radi.

- Hech qanday aybi yo‘q, — deya xotirjam javob qildi zobitlardan biri.

-Xo‘sh, unda nega bunchalik ozor beryapsizlar bu bechoraga? Qayerga olib ketyapsizlar?

- A’lo hazrat, bu odam so‘qir. Biz ham so‘nggi qarorga binoan uni hibsxonaga olib ketyapmiz.

- Qarorga ko‘ra? Tavba. Shunday qaror ham bormi?

- Albatta, 3 kun bo‘ldi e’lon qilinganiga.

Abe chuqur xo‘rsinib, boshini changalladi va ingradi:

- Mening qarorim?

Olomon ichidan bir odam darg‘azab bilan:

- Chiqarilayotgan qarorlarga bir qarang. Ular nima haqda o‘zi. Biz oddiy odamlardan nima istashadi tepadagilar, — deya baqirdi.

Yonidagi boshqa odam:

- Shuni ayting, — deya uning gapini tasdiqladi.

- Juda dono qaror. Ko‘chadagi so‘qirlarni kishanlab, hibsga olmoq. Yo‘ldagi odamlarga yengillik yaratadi bu, albatta. Ularga pishirib qo‘yibdimi ko‘chada odamlarga xalaqit berib.

Shundan so‘ng xalq o‘rtasida talashish boshlandi. Kimdir qarorni yoqlasa, kimdir qarg‘ardi. Abe shamoldek o‘z xonasiga qaytdi va xizmatkoriga baqirdi:

- Boring, tez nozirni topib keling. Shaxsan o‘zim nimalar bo‘layotganini aniqlashim lozim.

Nozir bilan bo‘lgan suhbatda so‘qirlarni atrof-muhit ta’sirlaridan asrash qaroriga oydinlik kiritildi. Abe qirollikning birinchi kunida nozirni yoniga chaqirib, shunday degandi:

- Zobitlarning ko‘chada yolg‘iz ketayotgan so‘qirlarga yordam berishi, ularni foytunlar, yamalar va boshqa turli balolardan himoyalab, sog‘-omon uyiga kuzatib qo‘yishi haqida qaror qabul qilinsin.

Nozir qirolga ta’zim qiladi va xonasidan chiqadi. Shu ondayoq ishga kirishadi. Shahar hokimini yoniga chaqirib, shunday deydi:

- So‘qirlar ko‘chalarda yurishmasin. Agar ularning yonida hech kim yo‘q bo‘lsa, zobitlar ishga kirishsin. Ular darhol so‘qirlarni kerakli joyga kuzatib qo‘yishsin. Nozirning qabulidan chiqqan shahar hokimi zobitlar boshlig‘ini yoniga chaqirtiradi va shunday deydi:

- Shahar ko‘chalaridagi so‘qirlar yolg‘iz yurishibdi. Ortiq bunga chek qo‘yilsin. Qo‘l ostingizdagi zobitlar ularning qo‘lidan tutib, kerakli joyga yetkazishsin. Tushundingizmi?

Zobitlar boshlig‘i o‘sha kuniyoq bo‘lim boshliqlarini yoniga chorlaydi va buyuradi:

- Xo‘sh, gap bunday, muhtaram do‘stlar, bizga yangi qaror haqida xabar keldi. Unga binoan shahar ko‘chalarida yolg‘iz yurgan so‘qirlar zobitlar tomonidan tutilsin va kerakli joyga olib borilsin. Hammaga tushunarlimi?

Bo‘lim boshliqlari ish joylariga qaytishgach, o‘z qo‘l ostidagi zobitlarni yig‘ib, shunday deyishadi:

- Hurmatli janoblar, hammaga bu qaror yetib borsin. Ko‘chalarda o‘zicha yurgan, shu tufayli foytunlar, odamlar harakatiga xalaqit berayotgan barcha so‘qirlarni hibsga olib, kerakli joyga tiqinglar.

Zobitlar kerakli joy qayer o‘zi deb, bir-biriga angrayishdi va boshliqdan so‘rashdi. Boshliq esa:

- Albatta, hibsxonaga. Boshqa qayer ham bo‘lishi mumkin?, — deya javob qaytaradi.

Zobitlar esa qolganlarga ham bu qarorni yetkazishadi.

- Birodarlar, agar sizga ko‘chada yolg‘iz yurgan so‘qirlar duch kelib qolsa, bo‘yniga bo‘yinturuq, qo‘liga kishan solib, hibsxonaga keltiring. Agar qarshilik qilguday bo‘lsa, bir-ikki orqasidan teping, o‘zi uchib kelishadi.

So‘qirlarga yordam berish qarorining taqdirini bilgach, yosh yozuvchi Abe birdan ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Kimdir mehr bilan qo‘lini uning boshiga qo‘ydi.

- Nima bo‘ldi, o‘g‘lim? Men birinchi marta bu qaroringizni eshitganimda bekorga “bechora so‘qirlar” demadim. Ko‘ryapsizmi, bu holatda faqatgina so‘qirlar yutqazishdi. Men esa yutdim.

- Siz? Siz nimani yutdingiz?, — dedi Abe shlyapasini axtararkan.

- Mening tanqidchilarim bir nafarga kamaydi. Xayr, aziz birodarim. Agar yana birorta qaror chiqargingiz, islohot qilgingiz kelsa, albatta, tashrif buyuring.

Yosh yozuvchi:

- Kelib bo‘pman, ikki dunyoda ham. Kelib bo‘pman, ikki dunyoda ham, — deya shivirladi va zinalardan hovliqib tushgancha, saroyni tark etdi.

Rus tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi.


Аркадий Аверченко. Сўқирлар

Кунлардан бир куни пешин чоғи ёш ёзувчи Абе қироллик боғига сайрга келди. Бироз атрофни кузатгандан сўнг, ўриндиқда ўтирди. Ўриндиқда хуш сиймоли мулойим бир чой ўтирарди. Меҳрибон юзли чол ёш Абе тарафга юзланди ва бироз тараддудланиб, “сиз кимсиз?”, дея сўради.

- Менми? Мен ёш ёзувчи Абеман, — деб жавоб қайтарди ёш ёзувчи.

- Яхши санъат, — дея тиржайди чол. - қизиқарли ва ҳурматга сазовор.

Абе ҳам унга бошдан оёқ назар солиб, “хўш, ўзингиз ким бўласиз?”, дея сўради.

- Менми? Мен қиролман.

- Бу мамлакатнингми?

- Албатта, бошқа қайси ҳам бўларди.

Ёш ёзувчи ўзини хотиржам кўрсатиб, сўз жуфтлади:

- Сизнинг иш ҳам яхши санъат. Мароқли ва шарафга сазовор.

- Оҳ, ярамни янгиламанг, — дея оҳ чекди қирол.

- Шарафлиликка-ю, майли, бироқ бу ишда бирорта қизиқарли нарса йўқ. Сизга айтиб бера қолай, майли, ҳукмронлик қилиш кўплар ўйлаганидек ҳузурбахш иш эмас.

Абе қўлларини пахса қилди ва таажубланиб:

- Қанақасига?, — деди.

- Мен шу пайтгача қисматидан рози бирорта одамни учратмадим, тўғриси. Хўш, айтингчи, сиз розимисиз, — қирол кинояли тарзда кўзларини ўйнатди.

- Очиғи, унчаликмас. Хўш, ўзингиз-чи?

- Баъзида бир танқидчи сизни шундай аҳволга соладики, ўтириб, йиғлагиси келади одам.

- Ана, кўрдингизми. Сиз 10-15 танқидчининг эътирозидан тўйгансиз. Менда эса шундай танқидчилар миллионлаб топилади. Мен сизнинг ўрнингизда бўлсам, танқидчилардан умуман қўрқмасдим.

Абе хаёл сурган ҳолда “йўқ” дея бошини чайқатди, сўнгра доно қироллардек туриб, сўз бошлади.

- Ҳамма муаммо ҳам шунда. Яхши қарорлар қабул қилиш керак.

Қирол қўлини пахса қилди.

- Гапингизга қўшилмайман. Сариқ чақалик фойдаси йўқ.

- Шундайми?

- Худди шундай.

- Мен сизнинг ўрнингизда бўлсам…

Қирол ғазаб отига миниб:

- Менинг ўрнимда?, — деди. - Мен шу пайтгача кўп қироллар кўрганман, яхши ёзувчи бўлишган. Бироқ бирор мартаям ёзувчи учинчи, борингки охирги даражада бўлса ҳам қирол бўлганини кўрмаганман. Менинг ўрнимдами? Майли, сизни ўз ўрнимга бирор ҳафта қўяман. Қани кўрамиз, сиздан нима чиқаркан?

- Қайерга қўясиз?, — дея сўради Абе.

- Албатта, ўз ўрнимга.

- Ўз ўрнимга дейсизми? Бунинг иложи борми?

- Нега бўлмас экан? Биз қиролларга ҳам раҳм кўрсатиб, бундай қилиш адолатдан бўларди, албатта. Зора сиз каби танқидчиларимиз биз қиролларни тушунган бўлармиди?

Абе таъвозе билан:

- Нима ҳам дердим. Зарра қаршилигим йўқ. Бироқ бир нарсани ҳисобга олинг, мен биринчи марта бундай ишга қўл уряпман. Агар менинг тажрибасизлигим туфайли, нима десам экан, сизга четдан қараганда кулгули туюлсам, Айбга буюрмайсиз.

- Ҳеч қиси йўқ, — қирол меҳрибонлик билан табассум қилди. -Ўйлайманки, сиз бир ҳафта ичида кўп аҳмоқликлар қилишга улгурмайсиз.

- Албатта, ақл билан иш кўришга ҳаракат қиламан. Хўш, анчадан бери хаёлимда айланиб юрган кичик, аммо кўпчилик учун фойдали бир қарор бор. Уни бугуноқ қабул қиламиз.

- Худо ёрдамчингиз бўлсин, — қирол бош чайқаб ёш ёзувчининг сўзини тасдиқлади. -Қани юринг, кетдик саройга. Бу менга бир ҳафта давомида мазза қилиб дам олиш учун яхши имконият. Хўш, сир бўлмаса айтингчи, нима экан ўша қабул қилмочи бўлган қарорингиз?

- Бугун йўлдан ўтаётганда кекса сўқир одамга кўзим тушди. У қўлидаги ҳассаси билан уйлар, кўчалардаги нарсалардан мўлжал олиб, базўр юриб борарди. Фойтунлар орасида қолиб кетмасмикан деб юрак ҳовучлаб турдим. Энг қизиғи, йўлдаги бирорта одам унга эътибор бермасди. Мен шундай сўқирларга шаҳардаги зобитлар кўмак бериши ҳақида қарор қабул қилишни хоҳлайман. Яъни, йўлда ёлғиз кетаётган сўқирни зобитлар қўлидан тутиб, уйигача кузатиб қўйсин. Қандай? Бўладими? Маъқулми сизга менинг қарорим?

- Сиз жуда меҳрибон инсонсиз, — қирол маҳзун ва чарчаган алпозда жавоб қайтарди ҳамда қарияларга хос жилмайди. - Худо қўлласин сизни. Менга энди рухсат, борақолай. Мен ҳам одамларга ўхшаб дам олай.

Қирол кетаётиб, ортига қайрилди ва деди:

-Бечора кўрлар.

Мана уч кундирки, меҳрибон ёзувчи Абе қироллик қиларди. Адолатли бўлиш даркор эди. У ўз қироллиги, кучидан ўз фойдаси учун фойдаланмади. Агар унинг ўрнида бошқа биров бўлса, аниқ мамлакатдаги барча танқидчиларни, ёзувчиларни йиғиб, қамоққа ташлар, халқни фақатгина ўзининг асарларини ўқишга мажбур қиларди. Ҳатто, тонгги нонушта ўрнига ҳар кимдан бирор китобини мутолаа қилишни амр қиларди. Абе ўз нафсидан устун келган доно қироллардек юртни бошқарарди. У қиролга айтганидек, сўқирларни ёлғиз қолдирмаслик, уларни кўчада фойтунлар, ямалар, турли хил балолардан сақлашга зобитларнинг иштироки қарори билан иш бошлади.

Кунларнинг бирида, яъни, ўз қироллигининг тўртинчи тонгида Абе ўз хонаси деразасидан ўй сурганча, кўчани кузатиб турарди. Тўсатдан, бир даҳшатли манзара унинг эътиборини тортди. Икки зобит бир одамнинг бўйнидан бўйинтуруқ солиб, судрар, яна битта зобит эса “юр қани, тез юр” дея орқасидан тепарди. Абе абжирлик билан хонасидан югуриб чиқди ва зиналардан тушиб, ташқарига отилди. Зобитлардан халлослаб, “уни қаерга олиб кетяпсизлар, нега тепяпсизлар, нима гуноҳ қилибди, кимни ўлдирибди?”, дея сўради.

- Ҳеч қандай айби йўқ, — дея хотиржам жавоб қилди зобитлардан бири.

- Хўш, унда нега бунчалик озор беряпсизлар бу бечорага? Қаерга олиб кетяпсизлар?

- Аъло ҳазрат, бу одам сўқир. Биз ҳам сўнгги қарорга биноан уни ҳибсхонага олиб кетяпмиз.

- Қарорга кўра? Тавба. Шундай қарор ҳам борми?

- Албатта, 3 кун бўлди эълон қилинганига.

Абе чуқур хўрсиниб, бошини чангаллади ва ингради:

- Менинг қарорим?

Оломон ичидан бир одам дарғазаб билан:

- Чиқарилаётган қарорларга бир қаранг. Улар нима ҳақда ўзи. Биз оддий одамлардан нима исташади тепадагилар, — дея бақирди.

Ёнидаги бошқа одам:

-Шуни айтинг, — дея унинг гапини тасдиқлади.

-Жуда доно қарор. Кўчадаги сўқирларни кишанлаб, ҳибсга олмоқ. йўлдаги одамларга енгиллик яратади бу, албатта. Уларга пишириб қўйибдими кўчада одамларга халақит бериб.

Шундан сўнг халқ ўртасида талашиш бошланди. Кимдир қарорни ёқласа, кимдир қарғарди. Абе шамолдек ўз хонасига қайтди ва хизматкорига бақирди:

- Боринг, тез нозирни топиб келинг. Шахсан ўзим нималар бўлаётганини аниқлашим лозим.

Нозир билан бўлган суҳбатда сўқирларни атроф-муҳит таъсирларидан асраш қарорига ойдинлик киритилди. Абе қиролликнинг биринчи кунида нозирни ёнига чақириб, шундай деганди:

- Зобитларнинг кўчада ёлғиз кетаётган сўқирларга ёрдам бериши, уларни фойтунлар, ямалар ва бошқа турли балолардан ҳимоялаб, соғ-омон уйига кузатиб қўйиши ҳақида қарор қабул қилинсин.

Нозир қиролга таъзим қилади ва хонасидан чиқади. Шу ондаёқ ишга киришади. Шаҳар ҳокимини ёнига чақириб, шундай дейди:

- Сўқирлар кўчаларда юришмасин. Агар уларнинг ёнида ҳеч ким йўқ бўлса, зобитлар ишга киришсин. Улар дарҳол сўқирларни керакли жойга кузатиб қўйишсин. Нозирнинг қабулидан чиққан шаҳар ҳокими зобитлар бошлиғини ёнига чақиртиради ва шундай дейди:

- Шаҳар кўчаларидаги сўқирлар ёлғиз юришибди. Ортиқ бунга чек қўйилсин. Қўл остингиздаги зобитлар уларнинг қўлидан тутиб, керакли жойга етказишсин. Тушундингизми?

Зобитлар бошлиғи ўша куниёқ бўлим бошлиқларини ёнига чорлайди ва буюради:

-Хўш, гап бундай, муҳтарам дўстлар, бизга янги қарор ҳақида хабар келди. Унга биноан шаҳар кўчаларида ёлғиз юрган сўқирлар зобитлар томонидан тутилсин ва керакли жойга олиб борилсин. Ҳаммага тушунарлими?

Бўлим бошлиқлари иш жойларига қайтишгач, ўз қўл остидаги зобитларни йиғиб, шундай дейишади:

- Ҳурматли жаноблар, ҳаммага бу қарор етиб борсин. Кўчаларда ўзича юрган, шу туфайли фойтунлар, одамлар ҳаракатига халақит бераётган барча сўқирларни ҳибсга олиб, керакли жойга тиқинглар.

Зобитлар керакли жой қайер ўзи деб, бир-бирига анграйишди ва бошлиқдан сўрашди. Бошлиқ эса:

- Албатта, ҳибсхонага. Бошқа қаер ҳам бўлиши мумкин?, — дея жавоб қайтаради.

Зобитлар эса қолганларга ҳам бу қарорни етказишади.

- Биродарлар, агар сизга кўчада ёлғиз юрган сўқирлар дуч келиб қолса, бўйнига бўйинтуруқ, қўлига кишан солиб, ҳибсхонага келтиринг. Агар қаршилик қилгудай бўлса, бир-икки орқасидан тепинг, ўзи учиб келишади.

Сўқирларга ёрдам бериш қарорининг тақдирини билгач, ёш ёзувчи Абе бирдан ҳўнграб йиғлаб юборди. Кимдир меҳр билан қўлини унинг бошига қўйди.

- Нима бўлди, ўғлим? Мен биринчи марта бу қарорингизни эшитганимда бекорга “бечора сўқирлар” демадим. Кўряпсизми, бу ҳолатда фақатгина сўқирлар ютқазишди. Мен эса ютдим.

- Сиз? Сиз нимани ютдингиз?, — деди Абе шляпасини ахтараркан.

- Менинг танқидчиларим бир нафарга камайди. Хайр, азиз биродарим. Агар яна бирорта қарор чиқаргингиз, ислоҳот қилгингиз келса, албатта, ташриф буюринг.

Ёш ёзувчи:

- Келиб бўпман, икки дунёда ҳам. Келиб бўпман, икки дунёда ҳам, — дея шивирлади ва зиналардан ҳовлиқиб тушганча, саройни тарк этди.

Рус тилидан Раҳмат Бобожон таржимаси.