Ҳикоялар
March 30, 2023

Aziz Nesin. Nazokat-u nafosat (hikoya)

Kirill yozuvidagi matn pastroqda

Stol tagidan muqovasi koʻk, moʻjazgina, usti zarhal yon daftarcha topib oldim. Kimniki boʻldi ekan, degan xayolda ichini ochdim. Iya, bu nimasi? Daftarchaning birinchi betiga baobroʻ bir kishining, juda ham baobroʻ kishining turar joyi, telefon nomeri yozib qoʻyilgan. Qani, bu yogʻini koʻray-chi! Voyboʻy, ikkinchi betida bir emas, naq uchta shunaqa odamning nomi bor-a. Daftarni betma-bet varaqlaganim sari hayratim oshaverdi.

Nega desangiz, mamlakatimizda siyosat va davlat tepasida turgan nufuzli odamlarning hammasi daftarga birma-bir yozib chiqilgan ekan. Bundoq qarasam, bularning ichida eng kichigi bosh direktorlik lavozimida. Qizigʻi shundaki, nomi daftarga tushgan siyosat arboblarining hammasi hozir hokimiyat tepasida.

"Mikrofon ko‘targan ayol" YouTube kanali o‘qigan audiovarianti

Shu topda oʻrnimda boshqa odam boʻlganida ham baribir boshi qotib garang boʻlishi turgan gap edi. Rost-da, kazo-kazolarimizning turar joyi aniq koʻrsatilgan bu daftarcha xuddi biror falokatni boshlab beradigan bombaga oʻxshaydi. Buni mening payimga tushgan biror odam ataylab tashlab ketgan boʻlsa kerak. Ulugʻlarimizning ism-u shariflari bitilgan bu roʻyxat hali boshimga qanday kulfatlar solishini aniq bilmasam ham shunisiga aminmanki, uni uyimdagi stol tagiga xolis niyat bilan tashlab ketishmagan. Meni vahima bosdi. Nazarimda, shu topda hozir eshik dukullaydi-yu, uyga beforma politsiyachilar bostirib kirib: «Qani, daftarni choʻz!» deya menga doʻq uradi. Dir-dir qaltirab: «Qanaqa daftar?» deb soʻraydigan boʻlsam, uyda tintuv boshlashadi, keyin xuddi oʻzlari ilgari yashirib qoʻyganday birpasda stol tagidagi daftarni topib olishadi.

Shunday boʻlishiga imonim komil. Mening uyimga daftarni tashlab ketgan oʻsha razil odam, albatta politsiyaga shipshitib qoʻygan. Kattakon fitnaga men ham aralashib qolganga oʻxshayman.

«Qani, sayra endi! — deydi menga daftarni topib olgan politsiyachilar. — Sen nima uchun kattadan-kichik hamma ulugʻlarimizning turar joylarini bu daftarga yozib olgansan? Xoʻsh, sen ularga maxsus daftar ochganmisan? Yoki tovlamachilik hunaring bormi? Toʻgʻrisini ayt, yoki ularning joniga qasd qilganmisan?

Xudoyo mushkulimni oʻzing oson qil. Rost, agar shunaqa deb qolishsa, qoʻlimdan nima keladi? Hoziroq daftarga oʻt qoʻyib, kulini koʻkka sovurishim kerak!

Meni domiga ilintirmoqchi boʻlgan pastkashning oʻzi kim boʻldi ekan? Kecha kechqurun uchta oshnam uyimga kelgan edi. Ularning qoʻlidan bunaqa ish kelmasligiga aminman. Sababi, biri dotsent, ikkinchisi universitet kutubxonasida xizmatchi, uchinchisi esa adabiyot oʻqituvchisi.

Vannaxonaga kirib, daftarni endi oʻtxonaga tashlayman deb turgan edim, toʻsatdan eshik dukullab qoldi. Yurak oʻynogʻida borib eshikni ochgan edim, qarasam, kechagi ulfatlardan biri, universitet kutubxonasida ishlaydigani kelgan ekan.

Xolid — yigirma yillik qadrdon doʻstim. Menga oʻxshab u ham juda sertashvish koʻrinadi.

— Nima gap, nega ranging quv oʻchgan? — deb soʻradi u.

— Oʻzing-chi? Oʻzingga nima boʻldi?

— Kecha shu yerda daftarim tushib qolmabdimi?

— Manavimi? — qoʻlimdagi daftarchani unga koʻrsatdim.

— Ha, ha, xuddi shuning oʻzi, — dedi u daftarga chang solib. — Shuning oʻzi. Yoʻqolib qoldimi deb oʻtakam yorildi. Shunaqayam qoʻrqib ketdimki, asti qoʻyaver.

Qoʻlidan tutib uni ishxonamga olib kirdim.

— Meni oʻldirayozding-ku, — dedim unga qarab. — Toʻgʻrisini ayt, bunaqa baobroʻ kishilarning turar joyi senga nimaga kerak boʻlib qoldi?

Bu gal u hayron boʻldi:

— Iya, hali sen bunaqa daftarcha tutmaganmisan?

— Yoʻq.

— Ana xolos, shu ham ish boʻldimi. Meni doʻstim desang, sen ham shunaqa qil. Bunaqa adreslar nimaga kerakligini men senga hozir tushuntirib beraman. Mana, quloq sol:

— Bir vaqtlari men avtoruchka jinnisi boʻlib qolgan edim. Goh oʻzim doʻkondan sotib olaman, goh oʻrtoqlarim menga sovgʻa qilishadi. Bir payt yonimda oʻn beshtacha ruchka yigʻilib qolibdi. Oʻsha kezlari Germaniyadan bir shoir oshnam kelgan edi, shuni yoʻqlab mehmonxonaga bordim. U ham ruchka jinnisi ekanligimni bilib, ketar chogʻimda bir dona avtoruchka taqdim qildi.

Mehmonxonadan chiqib muyulishga burilgan edim, chidab turolmadim, ruchkasini bir koʻray dedim. Oʻzing yaxshi bilasan, men hamisha yonimda lupa olib yuraman. Peroni shu lupaga solib koʻrgan edim, koʻzimga qalinroq yozadiganga oʻxshadi. Yon daftarchamni oldim-da, peroni sinab koʻrish uchun dastlab miyamga kelgan soʻzlarni yozdim. «Nazokat-u nafosat». Ha, mayli, sal qalinroq yozar ekan, uyga kelib qum qogʻoz bilan ishqalasam uchi ingichka boʻlar, deb oʻyladim. Yana bir koʻrmoqchi boʻlib qoʻlimga lupa olganimni bilaman — ikki yelkamga ikki qoʻl tushdi:

— Nima qilyapsan?

— Menmi? Oʻzim, shunday, avtoruchkani koʻrayotgan edim.

— Shunaqami? Ruchka koʻryapman degin. Qani, oʻzing qayerda ishlaysan?

— Men universitetda… — gapim boʻgʻzimda qoldi.

— O, professorman deng. Hali siz professor boʻldingizmi? Hoʻv oʻsha professor boʻlgan seni! Mana senga professor…

Bittasi chap biqinimga bir musht tushirdi:

— Qani yur, talmovsirama!

— Bu qanaqa gap, janoblar… Biron anglashilmovchilik boʻlganga oʻxshaydi!

Oʻng biqinimga yana bir musht tushgan edi, yurishga majbur boʻldim. Qani yurmay ham koʻr-chi!

Politsiya uchastkasiga olib kelishdi. Keyin tepib-surib bir xonaga qamab qoʻyishdi. Toza kutib oʻtirdim, oldimga hech kim kirmadi. Bir payt allakim eshikni ochib:

— Yerga oʻtir! — deb doʻq urdi.

— Oʻtirolmayman, taqsir!

— Ha, ha, hali oʻtirolmaysanmi? Voy professor boʻlgan seni… Qani agʻdar choʻntaklaringni!

Choʻntakdagi bor narsani chiqarib stolga qoʻydim: oʻn toʻrt dona avtoruchka, ikkita kitobcha, bitta yon daftar, bir dona lupa bilan ikkita qum qogʻoz chiqdi.

— Bu nima? — soʻradi u avtoruchkalarga ishora qilib.

— Bumi? Avtoruchka!

— Hm, avtoruchka degin! Voy professor boʻlgan seni…

Men professor emasman, universitet kutubxonasida oddiy xizmatchi boʻlib ishlayman, degim keldi-yu, qani endi ogʻiz ochirsa. Stoldan lupani oldi:

— Xoʻsh, manavi nima?

— Lupa…

— Lupa degin… Voy professor boʻlgan seni…

Yana uch kishi ichkari kirdi. Toʻrtovi bir boʻlib stoldagi narsalarni sinchiklab koʻzdan kechiryapti. Ulardan biri qum qogʻozni qoʻliga olib soʻradi:

— Bu nima?

— Qum qogʻoz.

— Bu qanaqa qum qogʻoz oʻzi? Sip-silliq-ku… Bizni laqillatmoqchimisan?

— Oʻzi shunaqa, maxsus silliq ishlangan.

— Hih, hih… Silliq qogʻoz degin! Voy professor boʻlgan seni…

Yelkamga bir musht tushdi. Bundoq qarasam, ahvol tobora chatoqlashib ketyapti.

— Janoblar, — dedim ularga qarab, — bu yerda biror anglashilmovchilik borga oʻxshaydi… Meni bu yerga nima sababdan olib kelganingizni bilmaymanu, lekin butun universitet, hamma jurnalistlar qanday odamligimni yaxshi bilishadi. Menga bunday muomala qilishingiz yaxshi emas.

Yon daftarimni titkilab turgan odam baqirib berdi:

— Oʻchir ovozingni!

Keyin toʻsatdan koʻzi chaqnab ketdi:

— Manavi nima?

U avtoruchkani sinab koʻrish uchun yozilgan boyagi «Nazokat-u nafosat» degan soʻzlarga ishora qilayotgan edi.

— Nima boʻlardi, «nazokat-u nafosat».

— Nazokatu nafosat?

— Ha, «nazokat-u nafosat!»

— Buning maʼnosi nima?

— Hech nima…

— Hech nima boʻlsa nega yozding?

— Peroni sinab koʻrmoqchi boʻlgan edim…

— Shunaqami hali! Xoʻsh, unaqa boʻlsa nima uchun kelib-kelib shu soʻzlarni yozasan? Gapir!

Toʻgʻrisini aytsam, bu haqda oʻylamagan edim.

— Bilmadim, kallamga shu keluvdi, yozdim-qoʻydim.

— Xoʻsh! Nazokat-u nafosat-a! Voy professor boʻlgan seni… Nazokat-u nafosat nimaligini koʻrsatib qoʻyamiz senga! Hali kallangizga shu keldimi? Boshqasi topilmabdi-da, a?

Biri mashinistkaning yoniga kelib protokol yozdira boshladi. Meni dahshat bosdi. «Nazokat-u nafosat» degani biror josuslar tashkilotining shartli belgisi boʻlib chiqsa-ya? Oʻn toʻrt dona avtoruchka, yon daftar, lupa, ikkita kitob, qum qogʻoz, buning ustiga «nazokat-u nafosat» degan yozuv. Bularni koʻrgan har qanaqa odam ham shubhaga tushishi mumkin. Endi nima qilsamikin? Protokol boʻlsa shigʻillab yozilyapti, yon daftarim hali titkilab boʻlingani yoʻq. Shu payt daftarni kovlashtirib oʻtirgan odam taqqa toʻxtadi. Soʻngra oʻzi koʻrayotgan varaqni yonidagi sheriklariga tutdi. Oʻrtalarida pichir-pichir gap boshlanib, bir nimani kelishib olishdi. Hech kutilmaganda birpasda vaziyat oʻzgardi. Haligi odam yon daftarchaga yozilgan bir adresni menga koʻrsata turib soʻradi:

— Aybga buyurmaysiz, beyafandim, bu kishi sizga kim boʻladilar?

— Sinfdosh oʻrtogʻim boʻladi, — dedim. — Tunov kuni uchrashib qolgan edik, qoʻyarda-qoʻymay meni restoranga olib bordi. Keta turib uy adresini bergan edi, shu daftarga yozib oldim.

Toʻgʻrisi ham shu. Koʻpdan koʻrmagan oʻrtogʻim bilan uchrashib qolganim rost. Hattoki men uning bosh direktor boʻlib ishlashidan ham bexabar edim.

U istihola aralash kulgan boʻldi:

— Buni qarang-a, demak, bosh direktor oʻzlarining yaqin oʻrtoqlari boʻlarkan-da.

— Ha, shunaqa. Birga oʻqiganmiz, maktabda biz uni Riza tirtiq deb chaqirardik.

— Juda xursandman, beyafandim. Iya, iya, nega tikka turib qoldingiz? Qani, marhamat, oʻtirsinlar!

Keyin sheriklaridan soʻradi:

— Beyafandimni bu yerga nega olib keldilaring?

U soʻrogʻiga javob kutmay, yana menga murojaat qildi:

— Qani, marhamat qiling, beyafandim!

Yaxshilab jihozlangan xonaga oʻtdik. Eshikdan oldin men, ketimdan ular kirishdi.

— Bugun havo judayam dim boʻldi-ya, — dedi ulardan biri menga koʻz qirini tashlab. — Janoblariga gazli suv buyuraylikmi?

— Yoʻgʻ-e…

Gazli suv olib kelindi. Xonada ikki kishi qoldik.

Yolgʻiz qolgach, u mendan soʻradi:

— Afandim, biz tomonga tashrif buyurganlarining boisi nima? Biror amri farmonlari bormi bizga?

Yo tavba! Amri farmon degani nimasi? Meni bu yerga urib-soʻkib sudrab kelgan shularning oʻzi emasmi?

Bu tomonga musht va tepki zarbi bilan kelganligimni aytsam, hozir koʻrsatilayotgan iltifot oldida hurmatsizlik boʻladi. Shuning uchun boshqacha javob berdim:

— Oʻzlarining hol-ahvollarini bir soʻrab oʻtay degan edim.

— O, minnatdorman, afandim, gʻoyat minnatdorman. Boshim osmonga yetdi. Biz uchun katta baxt bu.

Vaziyat yaxshilandi. Yana biror ishkal chiqishini kutmay, issigʻida joʻnab qolganim maʼqul. Shuni oʻylab, ketishga ruxsat soʻradim:

— Beyafandim, endi menga ruxsat bersangiz.

U oʻrnidan turib, meni eshikkacha kuzatib qoʻydi. Shu joydan tezroq chiqib ketay degan maqsadda qadamni tezlatdim. Avtoruchkalarni, daftarcha bilan lupani soʻray desam, boyagi anglashilmovchilikni eslatgan boʻlaman. Ayb boʻladi!

— Beyafandim! Beyafandim! Professor hazratlari! Buyumlaringizni esdan chiqaribsiz!

Boyagilardan biri ruchka, qum qogʻoz, lupa va yon daftarchani koʻtarib orqamdan yugurib keldi.

— Bir narsani soʻramoqchi edim, bosh direktor chindan ham janoblariga oʻrtoq boʻladimi?

— Ha, albatta! — javob berdim, — Nega surishtirib qoldingiz?

— Shunchaki… Hozir, bilasizmi, bir odat paydo boʻlgan. Har xil boʻlmagʻur odamlar ulugʻlarimizning ismi bilan turar joyini yon daftarga yozib qoʻyishadi, keyin ishkal chiqib qolsa, «bu mening oʻrtogʻim boʻladi» deb suvdan quruq chiqib ketishadi. Tushundingizmi? Biz boʻlsak bu gap toʻgʻri yo notoʻgʻri ekanligini bilmaymiz. Demak, siz u kishi bilan chindan oʻrtoqsiz-a?

— Ha, u mening chindan oʻrtogʻim boʻladi.

U menga bir parcha qogʻoz uzatdi…

— Beyafandim, oʻzim haqimda ikki ogʻiz soʻz qoralab qoʻyuvdim. Agar bosh direktor janoblarini yana bir uchratib qolsangiz…

Xolid voqeani gapirib boʻlgach, qoʻshib qoʻydi:

— Oʻsha kundan buyon men ulugʻlarimizdan qaysi birining turar joyini eshitib qolsam, shu daftarga yozib qoʻyadigan boʻldim. Kecha daftarni yoʻqotib qoʻydimmi, deb rosa qoʻrqib ketdim. Bu yerdagi adreslar mol-mulkni, hayotni sugʻurta qilish bilan teng. Birodar, sen ham albatta shunaqa daftar tutib ol. Lekin bir narsaga ehtiyot boʻl: daftarga yozilgan odamlardan birortasi isteʼfoga chiqib ketsa, darrov uning nomini oʻchirib tashla. Aks holda, boshing baloga qoladi. Demak, sen ulugʻ odamlarimizni daftarga yozib yurish odatidan bexabar ekansan-da…

— Hech eshitmagan edim.

— Lekin koʻp narsani boy beribsan, oshnam. Hozir shunaqa zamon. Har bir kishi har ehtimolga qarshi yonida mana shunaqa daftarcha olib yurishi kerak. Ostona hatlab koʻchaga chiqqaningda boshingga qanaqa balo tushishini oldindan bilib boʻladimi? Qadimda odamlar kasaldan, yomon koʻzdan saqlasin deb yonlarida duo bitilgan tumor olib yurishardi… Hozir esa buning oʻrniga mana shu adresli daftarchalar chiqqan. Daftar boʻlganda ham nafasi oʻtkir daftar!

Turkchadan Miad Hakimov tarjimasi


Азиз Несин. Назокату нафосат (ҳикоя)

Шу топда ўрнимда бошқа одам бўлганида ҳам барибир боши қотиб гаранг бўлиши турган гап эди. Рост-да, казо-казоларимизнинг турар жойи аниқ кўрсатилган бу дафтарча худди бирор фалокатни бошлаб берадиган бомбага ўхшайди. Буни менинг пайимга тушган бирор одам атайлаб ташлаб кетган бўлса керак. Улуғларимизнинг исму шарифлари битилган бу рўйхат ҳали бошимга қандай кулфатлар солишини аниқ билмасам ҳам шунисига аминманки, уни уйимдаги стол тагига холис ният билан ташлаб кетишмаган. Мени ваҳима босди. Назаримда, шу топда ҳозир эшик дукуллайдию, уйга беформа полициячилар бостириб кириб: «Қани, дафтарни чўз!» дея менга дўқ уради. Дир-дир қалтираб: «Қанақа дафтар?» деб сўрайдиган бўлсам, уйда тинтув бошлашади, кейин худди ўзлари илгари яшириб қўйгандай бирпасда стол тагидаги дафтарни топиб олишади.

Шундай бўлишига имоним комил. Менинг уйимга дафтарни ташлаб кетган ўша разил одам, албатта полицияга шипшитиб қўйган. Каттакон фитнага мен ҳам аралашиб қолганга ўхшайман.

«Қани, сайра энди! — дейди менга дафтарни топиб олган полициячилар. — Сен нима учун каттадан-кичик ҳамма улуғларимизнинг турар жойларини бу дафтарга ёзиб олгансан? Хўш, сен уларга махсус дафтар очганмисан? Ёки товламачилик ҳунаринг борми? Тўғрисини айт, ёки уларнинг жонига қасд қилганмисан?

Худоё мушкулимни ўзинг осон қил. Рост, агар шунақа деб қолишса, қўлимдан нима келади? Ҳозироқ дафтарга ўт қўйиб, кулини кўкка совуришим керак!

Мени домига илинтирмоқчи бўлган пасткашнинг ўзи ким бўлди экан? Кеча кечқурун учта ошнам уйимга келган эди. Уларнинг қўлидан бунақа иш келмаслигига аминман. Сабаби, бири доцент, иккинчиси университет кутубхонасида хизматчи, учинчиси эса адабиёт ўқитувчиси.

Ваннахонага кириб, дафтарни энди ўтхонага ташлайман деб турган эдим, тўсатдан эшик дукуллаб қолди. Юрак ўйноғида бориб эшикни очган эдим, қарасам, кечаги улфатлардан бири, университет кутубхонасида ишлайдигани келган экан.

Холид — йигирма йиллик қадрдон дўстим. Менга ўхшаб у ҳам жуда серташвиш кўринади.

— Нима гап, нега рангинг қув ўчган? — деб сўради у.

— Ўзинг-чи? Ўзингга нима бўлди?

— Кеча шу ерда дафтарим тушиб қолмабдими?

— Манавими? — қўлимдаги дафтарчани унга кўрсатдим.

— Ҳа, ҳа, худди шунинг ўзи, — деди у дафтарга чанг солиб. — Шунинг ўзи. Йўқолиб қолдими деб ўтакам ёрилди. Шунақаям қўрқиб кетдимки, асти қўявер.

Қўлидан тутиб уни ишхонамга олиб кирдим.

— Мени ўлдираёздинг-ку, — дедим унга қараб. — Тўғрисини айт, бунақа баобрў кишиларнинг турар жойи сенга нимага керак бўлиб қолди?

Бу гал у ҳайрон бўлди:

— Ия, ҳали сен бунақа дафтарча тутмаганмисан?

— Йўқ.

— Ана холос, шу ҳам иш бўлдими. Мени дўстим десанг, сен ҳам шунақа қил. Бунақа адреслар нимага кераклигини мен сенга ҳозир тушунтириб бераман. Мана, қулоқ сол:

— Бир вақтлари мен авторучка жинниси бўлиб қолган эдим. Гоҳ ўзим дўкондан сотиб оламан, гоҳ ўртоқларим менга совға қилишади. Бир пайт ёнимда ўн бештача ручка йиғилиб қолибди. Ўша кезлари Германиядан бир шоир ошнам келган эди, шуни йўқлаб меҳмонхонага бордим. У ҳам ручка жинниси эканлигимни билиб, кетар чоғимда бир дона авторучка тақдим қилди.

Меҳмонхонадан чиқиб муюлишга бурилган эдим, чидаб туролмадим, ручкасини бир кўрай дедим. Ўзинг яхши биласан, мен ҳамиша ёнимда лупа олиб юраман. Перони шу лупага солиб кўрган эдим, кўзимга қалинроқ ёзадиганга ўхшади. Ён дафтарчамни олдимда, перони синаб кўриш учун дастлаб миямга келган сўзларни ёздим. «Назокату нафосат». Ҳа, майли, сал қалинроқ ёзар экан, уйга келиб қум қоғоз билан ишқаласам учи ингичка бўлар, деб ўйладим. Яна бир кўрмоқчи бўлиб қўлимга лупа олганимни биламан — икки елкамга икки қўл тушди:

— Нима қиляпсан?

— Менми? Ўзим, шундай, авторучкани кўраётган эдим.

— Шунақами? Ручка кўряпман дегин. Қани, ўзинг қаерда ишлайсан?

— Мен университетда… — гапим бўғзимда қолди.

— О, профессорман денг. Ҳали сиз профессор бўлдингизми? Ҳўв ўша профессор бўлган сени! Мана сенга профессор…

Биттаси чап биқинимга бир мушт туширди:

— Қани юр, талмовсирама!

— Бу қанақа гап, жаноблар… Бирон англашилмовчилик бўлганга ўхшайди!

Ўнг биқинимга яна бир мушт тушган эди, юришга мажбур бўлдим. Қани юрмай ҳам кўр-чи!

Полиция участкасига олиб келишди. Кейин тепиб-суриб бир хонага қамаб қўйишди. Тоза кутиб ўтирдим, олдимга ҳеч ким кирмади. Бир пайт аллаким эшикни очиб:

— Ерга ўтир! — деб дўқ урди.

— Ўтиролмайман, тақсир!

— Ҳа, ҳа, ҳали ўтиролмайсанми? Вой профессор бўлган сени… Қани ағдар чўнтакларингни!

Чўнтакдаги бор нарсани чиқариб столга қўйдим: ўн тўрт дона авторучка, иккита китобча, битта ён дафтар, бир дона лупа билан иккита қум қоғоз чиқди.

— Бу нима? — сўради у авторучкаларга ишора қилиб.

— Буми? Авторучка!

— Ҳм, авторучка дегин! Вой профессор бўлган сени…

Мен профессор эмасман, университет кутубхонасида оддий хизматчи бўлиб ишлайман, дегим келдию, қани энди оғиз очирса. Столдан лупани олди:

— Хўш, манави нима?

— Лупа…

— Лупа дегин… Вой профессор бўлган сени…

Яна уч киши ичкари кирди. Тўртови бир бўлиб столдаги нарсаларни синчиклаб кўздан кечиряпти. Улардан бири қум қоғозни қўлига олиб сўради:

— Бу нима?

— Қум қоғоз.

— Бу қанақа қум қоғоз ўзи? Сип-силлиқ-ку… Бизни лақиллатмоқчимисан?

— Ўзи шунақа, махсус силлиқ ишланган.

— Ҳиҳ, ҳиҳ… Силлиқ қоғоз дегин! Вой профессор бўлган сени…

Елкамга бир мушт тушди. Бундоқ қарасам, аҳвол тобора чатоқлашиб кетяпти.

— Жаноблар, — дедим уларга қараб, — бу ерда бирор англашилмовчилик борга ўхшайди… Мени бу ерга нима сабабдан олиб келганингизни билмайман-у, лекин бутун университет, ҳамма журналистлар қандай одамлигимни яхши билишади. Менга бундай муомала қилишингиз яхши эмас.

Ён дафтаримни титкилаб турган одам бақириб берди:

— Ўчир овозингни!

Кейин тўсатдан кўзи чақнаб кетди:

— Манави нима?

У авторучкани синаб кўриш учун ёзилган бояги «Назокату нафосат» деган сўзларга ишора қилаётган эди.

— Нима бўларди, «назокату нафосат».

— Назокату нафосат?

— Ҳа, «назокату нафосат!»

— Бунинг маъноси нима?

— Ҳеч нима…

— Ҳеч нима бўлса нега ёздинг?

— Перони синаб кўрмоқчи бўлган эдим…

— Шунақами ҳали! Хўш, унақа бўлса нима учун келиб-келиб шу сўзларни ёзасан? Гапир!

Тўғрисини айтсам, бу ҳақда ўйламаган эдим.

— Билмадим, калламга шу келувди, ёздим-қўйдим.

— Хўш! Назокату нафосат-а! Вой профессор бўлган сени… Назокату нафосат нималигини кўрсатиб қўямиз сенга! Ҳали каллангизга шу келдими? Бошқаси топилмабди-да, а?

Бири машинистканинг ёнига келиб протокол ёздира бошлади. Мени даҳшат босди. «Назокату нафосат» дегани бирор жосуслар ташкилотининг шартли белгиси бўлиб чиқса-я? Ўн тўрт дона авторучка, ён дафтар, лупа, иккита китоб, қум қоғоз, бунинг устига «назокату нафосат» деган ёзув. Буларни кўрган ҳар қанақа одам ҳам шубҳага тушиши мумкин. Энди нима қилсамикин? Протокол бўлса шиғиллаб ёзиляпти, ён дафтарим ҳали титкилаб бўлингани йўқ. Шу пайт дафтарни ковлаштириб ўтирган одам таққа тўхтади. Сўнгра ўзи кўраётган варақни ёнидаги шерикларига тутди. Ўрталарида пичир-пичир гап бошланиб, бир нимани келишиб олишди. Ҳеч кутилмаганда бирпасда вазият ўзгарди. Ҳалиги одам ён дафтарчага ёзилган бир адресни менга кўрсата туриб сўради:

— Айбга буюрмайсиз, бейафандим, бу киши сизга ким бўладилар?

— Синфдош ўртоғим бўлади, — дедим. — Тунов куни учрашиб қолган эдик, қўярда-қўймай мени ресторанга олиб борди. Кета туриб уй адресини берган эди, шу дафтарга ёзиб олдим.

Тўғриси ҳам шу. Кўпдан кўрмаган ўртоғим билан учрашиб қолганим рост. Ҳаттоки мен унинг бош директор бўлиб ишлашидан ҳам бехабар эдим.

У истиҳола аралаш кулган бўлди:

— Буни қаранг-а, демак, бош директор ўзларининг яқин ўртоқлари бўларкан-да.

— Ҳа, шунақа. Бирга ўқиганмиз, мактабда биз уни Риза тиртиқ деб чақирардик.

— Жуда хурсандман, бейафандим. Ия, ия, нега тикка туриб қолдингиз? Қани, марҳамат, ўтирсинлар!

Кейин шерикларидан сўради:

— Бейафандимни бу ерга нега олиб келдиларинг?

У сўроғига жавоб кутмай, яна менга мурожаат қилди:

— Қани, марҳамат қилинг, бейафандим!

Яхшилаб жиҳозланган хонага ўтдик. Эшикдан олдин мен, кетимдан улар киришди.

— Бугун ҳаво жудаям дим бўлди-я, — деди улардан бири менга кўз қирини ташлаб. — Жанобларига газли сув буюрайликми?

— Йўқ-е…

Газли сув олиб келинди. Хонада икки киши қолдик.

Ёлғиз қолгач, у мендан сўради:

— Афандим, биз томонга ташриф буюрганларининг боиси нима? Бирор амри фармонлари борми бизга?

Ё тавба! Амри фармон дегани нимаси? Мени бу ерга уриб-сўкиб судраб келган шуларнинг ўзи эмасми?

Бу томонга мушт ва тепки зарби билан келганлигимни айтсам, ҳозир кўрсатилаётган илтифот олдида ҳурматсизлик бўлади. Шунинг учун бошқача жавоб бердим:

— Ўзларининг ҳол-аҳволларини бир сўраб ўтай деган эдим.

— О, миннатдорман, афандим, ғоят миннатдорман. Бошим осмонга етди. Биз учун катта бахт бу.

Вазият яхшиланди. Яна бирор ишкал чиқишини кутмай, иссиғида жўнаб қолганим маъқул. Шуни ўйлаб, кетишга рухсат сўрадим:

— Бейафандим, энди менга рухсат берсангиз.

У ўрнидан туриб, мени эшиккача кузатиб қўйди. Шу жойдан тезроқ чиқиб кетай деган мақсадда қадамни тезлатдим. Авторучкаларни, дафтарча билан лупани сўрай десам, бояги англашилмовчиликни эслатган бўламан. Айб бўлади!

— Бейафандим! Бейафандим! Профессор ҳазратлари! Буюмларингизни эсдан чиқарибсиз!

Боягилардан бири ручка, қум қоғоз, лупа ва ён дафтарчани кўтариб орқамдан югуриб келди.

— Бир нарсани сўрамоқчи эдим, бош директор чиндан ҳам жанобларига ўртоқ бўладими?

— Ҳа, албатта! — жавоб бердим, — Нега суриштириб қолдингиз?

— Шунчаки… Ҳозир, биласизми, бир одат пайдо бўлган. Ҳар хил бўлмағур одамлар улуғларимизнинг исми билан турар жойини ён дафтарга ёзиб қўйишади, кейин ишкал чиқиб қолса, «бу менинг ўртоғим бўлади» деб сувдан қуруқ чиқиб кетишади. Тушундингизми? Биз бўлсак бу гап тўғри ё нотўғри эканлигини билмаймиз. Демак, сиз у киши билан чиндан ўртоқсиз-а?

— Ҳа, у менинг чиндан ўртоғим бўлади.

У менга бир парча қоғоз узатди…

— Бейафандим, ўзим ҳақимда икки оғиз сўз қоралаб қўювдим. Агар бош директор жанобларини яна бир учратиб қолсангиз…

Холид воқеани гапириб бўлгач, қўшиб қўйди:

— Ўша кундан буён мен улуғларимиздан қайси бирининг турар жойини эшитиб қолсам, шу дафтарга ёзиб қўядиган бўлдим. Кеча дафтарни йўқотиб қўйдимми, деб роса қўрқиб кетдим. Бу ердаги адреслар мол-мулкни, ҳаётни суғурта қилиш билан тенг. Биродар, сен ҳам албатта шунақа дафтар тутиб ол. Лекин бир нарсага эҳтиёт бўл: дафтарга ёзилган одамлардан бирортаси истеъфога чиқиб кетса, дарров унинг номини ўчириб ташла. Акс ҳолда, бошинг балога қолади. Демак, сен улуғ одамларимизни дафтарга ёзиб юриш одатидан бехабар экансан-да…

— Ҳеч эшитмаган эдим.

— Лекин кўп нарсани бой берибсан, ошнам. Ҳозир шунақа замон. Ҳар бир киши ҳар эҳтимолга қарши ёнида мана шунақа дафтарча олиб юриши керак. Остона ҳатлаб кўчага чиққанингда бошингга қанақа бало тушишини олдиндан билиб бўладими? Қадимда одамлар касалдан, ёмон кўздан сақласин деб ёнларида дуо битилган тумор олиб юришарди… Ҳозир эса бунинг ўрнига мана шу адресли дафтарчалар чиққан. Дафтар бўлганда ҳам нафаси ўткир дафтар!

Туркчадан Миад Ҳакимов таржимаси

https://ziyouz.uz/jahon-nasri/aziz-nesin/aziz-nesin-nazokatu-nafosat-hikoya/