Ҳикоялар
March 22, 2020

Said Ahmad. Bir siqim xandon pista (hajviya)

Кирилл ёзувидаги матн пастроқда берилган

Iskameyka uzra o‘ltirsa nechalar rohat qilib, Kavshimiz loyi bilan biz ustida yotmog‘imiz. Tavallo

Erkakdir, ayoldir, yoshi bir joyga borganda boladan chiqib qolarkan. Qimizxon bilan Usmonjon ham xuddi shunaqalardan edi. Ularning bolalari uyli-joyli bo‘lib ketishgan. Kelinlari bilan til topisholmay ro‘zg‘orini bo‘lak qilib qo‘yishgan.

"Mikrofon ko'targan ayol" YouTube kanalidagi audiohikoya

Qimizxon har dam olish kuni nevaralarini qanchalik orziqib kutsa, ketishlarini ham shundoq besabrlik bilan kutardi.

Bola degan u-buga tegmasa, idish sindirmasa, bola bo‘ladimi! Ular shkaf tepasiga chiqib polga sakrashganda javondagi idish-tovoqlar jarang-jurung kilib ketadi. Ostonaga tashlab qo‘yilgan ho‘l lattaga oyoq surtmay uyga kirishadi. Kechgacha ko‘chaning yarim tuprog‘i uyga kiradi.

Nevaralar eslarini tanib olgunlaricha ana shunaqa edilar. Endi ularning ovozlari do‘rillab, yuzlariga husnbuzar toshgan, kaftlariga tuflab toshoyna oldida sochlarini silashadi.

Qimizxonning eri Usmonjon qo‘ydek yovvosh odam. Gap so‘ramasang, kechgacha undan sado chiqmaydi. Qimizxonni ozoda deyish ham kam, juda ozoda deyish ham to‘g‘ri kelmaydi. Uni “sapsem” ozoda, yaʼni g‘irt ozoda, desa to‘g‘ri bo‘ladi. Uning uylari yog‘ tushsa yalagudek. Yostiq jildlari, ko‘rpa g‘iloflari ohorlab dazmollangan. Usmonjonning taʼbiri bilan aytganda, bu uy-joy emas, balnisa.

Usmonjon otpuskaga chiqqan. Ishxonadagi “otliqlar” yozda otpuska olib, Usmonjonga o‘xshagan “piyodalar”ning otpuskasi qish chillasiga qolgan. Bir hisobda shunisi ham durust. Tashqarida sovuq qaqshatib turipti. Og‘zingdan chiqqan hovurdan oldingdagi odam ko‘rinmaydi. Bozordagi olma-anorlar toshdek qotgan. Dehqonlar o‘ralarini ochmay sovuq qaytishini kutishyapti. Bir kilo sabzi odamning bahosi. Ko‘chaga chiqqan erkaklarning mo‘ylovlari qirov boylab, morjga o‘xshab uyga qaytishyapti. Tuflasang, tupuging yerga qarsillab tushadi. Eshiklarning tashqari tomonidagi tutqichini ushlasang, qo‘lingni chippa oladi. Bunday paytda kimga qiyin, postdagi melisaga qiyin. Shundoq sovuqda qaysi esini yegan ko‘chaga chiqadi?

Qimizxon bugun ishdan erta qaytdi. Ishxonasidagi issiq suv quvuri yorilib, xonalar sovub ketibdi.

Er-xotin aptekadek top-toza uyda huzur qilib o‘tirishardi. Eshik tepasidagi qo‘ng‘iroq shitob bilan jiringladi. Usmonjon shu sovuqda qaysi befahm odam keldi ekan, deb eshikni ochdi. Ostonada shopmo‘ylovli, semiz bir kishi hansirab turipti. Orqasida ellik yoshlardagi qora duxoba qo‘lbola kamzul kiygan, ikki labi bichilgan xotin, xuddi diagrammaga o‘xshash bo‘yi biri-biridan baland uch o‘g‘il bola, sochining uchiga pilik taqilgan besh yoshlardagi qizcha turardi. Ularning oyoqlari ostida ikki chamadon, ikki-uchta sumka, ichiga nimadir solingan qop. Mo‘ylovli kishi ikki og‘ir chamadonni uchinchi qavatga ko‘tarib chiqquncha terga pishib ketgan. Burnidan, iyagidan chak-chak ter tomardi. U hozirgina peshona terini artgan qo‘lini uzatib, Usmonjonning panjalarini pilchiratib ko‘rishdi. Undan gup etib oftobda qolgan xom teri hidi keldi.

— Parpivoy akam sizga ko‘pdan-ko‘p duo dedilar.

Usmonjon bu, Parpivoy degani kim bo‘ldiykin, deb o‘ylab qoldi. Bundan bir yarim oylarcha oldin vodiydagi shahar maishiy xizmat kombinati chiqargan mahsulotlarning sifatsizligi to‘g‘risida tushgan arizalarni tekshirgani borgandi. Kombinat idorasi to‘g‘risidagi hovlida to‘y bo‘layotgan ekan. Uni ham qo‘yarda-qo‘ymay olib kirishdi. Qimizxonning ovqatiga o‘rgangan Usmonjon dasturxonga qo‘l urmadi. Sochiq bilan pashshalarni qo‘rib o‘tirdi. To‘y egasining ko‘ngliga kelmasin, deb, taqsimchadan bir siqim xandon pista olib chaqib yedi. Butun boshli to‘ydan yegani shu bo‘ldi.

To‘y egasi hukumatning do‘konida sotiladigan bodringga o‘xshash uzun, shu bodringdek gavdasi egilgan kishi ekan. Suhbat asnosida u kishining ismi Parpivoy ekani, olis bir rayondagi bo‘rdoqichilik bazasida qatnab ishlaydigan bosh axraynik ekani maʼlum bo‘ldi. Ular chiqib ketishayotganda Parpivoy Usmonjonga ana endi qadrdon bo‘lib qoldik. Bir dasturxondan nasiba yedik. Bundan buyon bir-birimiznikiga bordi-keldi qilaylik, deb uning adresini yozib olgandi.

Usmonjon o‘yini o‘ylab bo‘lguncha mehmonlar yo‘lakka kirib bo‘lishgan edi.

Mo‘ylov chamadonlarni burchakka qo‘yarkan, Parpivoy aka, Usmonjonnikida bir-ikki kun turib, suhbatini olinglar, juda bamaʼni odam deb tayinlaganlar, hayriyat uyda ekansiz, dedi.

— O‘sha siz to‘yda chaqib yegan handon pistadan bozorga boshqa kelmay qo‘ydi. Usmonjonga bir-ikki kilo yuboray deb Parpivoy aka ikki-uch marta bozorga tushib chiqdilar. Unaqasidan kelmapti. O‘sha to‘yda ikki cho‘ntagini to‘ldirib solib bersam bo‘larkan, deb ko‘p afsuslandilar.

O‘zbekchilik, kelgan odamni ket deb bo‘lmaydi. U garang bir alpozda mehmonlarni xonaga boshlab kirdi. Oshxonadan chiqqan Qimizxon nimalar bo‘layotganiga aqli yetmay hayron bo‘lib turardi. Mo‘ylov unga, “yaxshimisan, kelin” deya ichkariga kirib ketdi. Ular qor kechib kelishgan edi. Etiklariga ilashgan qor issiq uyda erib polda ko‘lmakchalar paydo bo‘ldi.

Usmonjon xotiniga nima deyishni bilmay serrayib turardi.

— Xotin, — dedi Usmonjon, — yemoqning qusmog‘i ham bor, deb bekorga aytishmagan. Yemay ham o‘lay, bir qism xandon pista chaqib yegandim.

Qimizxon choy olib kirdi. Mo‘ylov choynak qopqog‘ini ochib, iya, pamil ekan-ku, kelin, to‘qson beshdan damla, dedi. Qimizxon choy olib kirayotganda dimog‘iga allaqanday qo‘lansa hid urildi. U xuddi o‘rada achib qolgan selitrali sabzi hidiga o‘xshardi. Qimizxon qaytishda burnini kafti bilan to‘sib o‘tdi. Burchakda beli bukchayib yotgan etik qo‘njidan qatirma bo‘lib ketgan paytava osilib yotganini ko‘rmadi.

Mo‘ylov choy ustida Toshkentga kelishdan maqsadini aytdi.

— Shu desangiz, Usmonjon ukaginam, bir jiyanimiz chaquvdan qamalib qolgan. Bazadan o‘n bitta novvosni sotgan, deydimi-ye, semiz novvoslar o‘rniga ozg‘in, qari sigirlarni almashtirib qo‘ygan deydimi-ye, ish qilib, bola bechora tuhmat balosiga yo‘liqib, qamalib yotibdi. Shunga peredacha berishga keldik. Ovqatni shu yerda pishirib oboramiz-da. Go‘sht ola ketay, desam, Parpivoy aka, unday qilmang, Usmonjon xafa bo‘ladi, dedilar. Keyin Usmonjonga aytgin, prokurormi, sudmi, melisa boshlig‘imi, ishqilib, shular bilan gaplashsin, deb tayinladilar.

Kecha ishxonada ro‘yxat bilan go‘sht berishgan. Usmonjonga ham ikki kilo tekkandi. Qimizxon go‘sht bilan kartoshka qovurib olib kirdi. Mo‘ylov go‘shtni og‘ziga solarkan: “Iya, muzlagan go‘shtmidi”, — dedi. Keyin hay, mayli, dedi-yu stoldagi araqni piyolaga to‘ldirib, ichib yubordi. U ichdimi, ichiga quydimi, Usmonjon bilolmay qoldi.

— Ukam, boshqa yo‘qmi?

Usmonjon hijolatlik bilan “yo‘q” dedi. Shundan keyin Mo‘ylov chamadondan bir shisha olib ichdi.

— Tanishib olganimiz yaxshi bo‘ldi. Uch-to‘rt kun otamlashamiz. Usmonjon ukam, biz Parpivoyga kuyov bo‘lishdan tashqari, shogird hisobdamiz. Bazada men u kishiga smenshikman. Uyda o‘n bitta novvos, yigirma oltita qo‘y, to‘rtta biya bor. Yemdan qiynalmaymiz. Bazadan bari bor. Yem deysizmi, serobgarchilik. “Jiguli”ning yukxonasida kuniga ikki marta shahar hovliga yem opkelishimiz bor. Buni qarang, mustaqillik sharofati bilan biz bechoralarning ham yelkamizga oftob tegib qoldi. Shu, deyman, hukumat melisalarni ham yo‘q qilsa edi, ishlari yurishib ketardi.

Suhbatdan maʼlum bo‘ldiki, Mo‘ylov Parpivoyga kuyov hisobida ekan. Nima balo, kech uylanganmi, bolalari hali yosh. Kech farzand ko‘rgan ekan bechora, deb o‘yladi. Uning bu o‘yini Mo‘ylov sezib turgan ekan, tushuntira ketdi:

— Ukaginam, bu kennoyingizga zagsda patta kesilmagan. Birinchisidan to‘qqizta bola bor. Bechora giroy bo‘laman deb rosa tug‘di. To‘qqizinchisini tug‘diyu o‘zimizning tilda aytganda brakka chiqib qoldi. Shunga karashib turar, deb buni olganman. Parpivoyning o‘gay singlisi. Baxtimni qarang. Hasan-Husan tug‘ib bersa bo‘ladimi! Kundoshlar bir-biriga dushman bo‘ladi, degan gap bekor ekan. Opa-singildek yashashyapti. Biri molga qarasa, biri menga qaraydi. Bilasizmi, Usmonjon, xudo sevgan bandasiga Hasan-Husan beradi. Hasan-Husanlarni urib bo‘lmaydi, so‘kib bo‘lmaydi. Shundoq qilsangiz, xudo qahriga oladi. Sizga ham egam Hasan-Husan nevaralar bersin.

Kech kirib qoldi. Bolalar bir-biriga mayiz otib o‘ynay boshlashdi. Bossang, mayiz gilamga saqichdek yopishadi. Na ota hay, dedi, na ona. Mo‘ylov ust-ustiga uch marta esnadi. Bolalar multfilm ko‘ramiz deyishsa ham, bo‘ldi, yotish, dedi. U yechinib yotarkan, Usmonjonga nimadir dedi.

Usmonjon oshxonaga kirdi. Xotini iyagiga kaftini tirab, qoshlari chimirilgancha o‘tirardi. Usmonjon qo‘rqa-pisa:

— Kelin paytavamni yuvib qo‘ysin deyapti, — dedi.

— Belini uqalab qo‘yish kerak emasmikin? Bir kamim bijg‘ib ketgan paytavani yuvishmidi. E, mehmoningizdan o‘rgildim.

U shunday dediyu, yotoqxonaga kirib bir metr surp olib chiqdi. Qoq o‘rtasidan tarillatib yirtdi. Eski paytavani cho‘pga ilib axlat chelagiga tashladi.

Mehmon yomonam xurrak tortarkan. Derazalar zirillaydi. Xotini tinimsiz kekiradi. Qizi qirt-qirt qilib boshini qashlaydi.

Usmonjon ertalab hojatga kirsa, mehmon suvini tushirmay chiqib ketgan ekan. Derazalarni ochib, xonalarni shamollatdi. Hammayoqqa anor donalari sochilgan, bilmay bosib olsang, pirt-pirt qilib, qizil suv sachratadi. Mo‘ylov kechasi bilan yo‘lak burchiga nos tuflab chiqqan ekan. Usmonjon ho‘l lattani oyog‘i bilan surib, artib qo‘ydi. Bir aylanib kelsa yana tuflabdi. Bu gal tuflamabdi, purkapti. Devorlar sepkil bo‘lib ketibdi.

Qimizxon barvaqt ishga ketib qopti. Usmonjon inqillab-sinqillab sabzi to‘g‘radi, osh damlab, tog‘oraga solib berdi. Mehmonlar oshni ko‘tarib turmaga ketishdi. Usmonjon uylarni yana shamollatdi. Gilamga yopishgan saqichdek qora mayizlarni emaklab yurib tirnog‘i bilan ko‘chirdi. Yostiq jildlarini, ko‘rpa g‘iloflarini chiqazib, tugib qo‘ydi.

Mehmonlar kechga tomon kaytib kelishdi. Eshik berk. Qo‘ng‘iroq tugmasini qancha bosishmasin, ichkaridan sado chiqmadi. To‘g‘ridagi eshikdan pijama kiygan bir kishi chiqdi.

— Keldinglarmi? Usmonjonning yaqin odamini avtobus urib ketibdi. Xotini bilan janozaga ketishdi.

— Qachon qaytisharkan? — deb so‘radi Mo‘ylov.

— Birato‘lasiga yettisini o‘tqazib qaytishar-ov. Yuklaringiz biznikida. Hozir opchiqib beraman.

— Kalitni tashlab ketishmadimi?

— Shoshib qolishgandi, bunday paytda kalit esiga keladimi.

Qo‘shni shunday deb ikkita chamadon bilan qopni opchiqib berdi. Mehmonlar turib-turib pastga tushib ketishdi.

Usmonjon ikki kungacha qaynotasinikida yotib qoldi. Zamira degan qaynsinglisi kelib uylarni, idishlarni qatron qildi. Pochchasi tugib qo‘ygan ko‘rpa g‘iloflarnnn endi ko‘taraman deb turgandi. Qo‘ng‘iroq chalindi. Eshikni ochishi bilan assalomu alaykum, deb o‘rta yashar er-xotin ikki o‘g‘lini ergashtirib kirdi. Bolalardan biri yaqinda ko‘zini ochgan qop-qora kuchuk bolasini ko‘tarib turardi.

— Usmonjonning qadrdonlari bo‘lamiz. Uzoqdan yo‘qlab keldik.

Zamira nima qilishini, nima deyishini bilmay serrayib turib qoldi.

— Yo‘qmilar? — dedi erkak mehmon. — Bizlarni Parpivoy degan qadrdonlari yubordilar.

— Pochcham bilan opam Yangiyo‘lga ketishgan, — dedi Zamira.

— Pochchangiz bilan opangiz bo‘lmasalar, mana siz borsiz-ku. Ikki kungina turamizu ketamiz. Axir, xolodilnikda u-bu bordir. Qurib-qaqshab yotmagandir?

Ikki bola balkonga chiqib pastga qarab kim o‘zarga choptirish qilishdi. Pastdan xotinlarning chuvillashgani eshitildi. Bu sho‘r suv qaysi qavat boloxonasidan tushayotganini bilmay shovqin solishardi.

— Kechirasizlar, men ketishim kerak, — dedi Zamira.

— Bemalol ketavering. Usmonjon kelguncha shu yerda kutamiz.

— Hali-beri kelishmaydi.

— Unday bo‘lsa, yana yaxshi. Shaharda ishlarimizni xotirjam bajarib olamiz. Chayqov bozoridan bo‘lmish kelinga ponbarxat, parcha, yaponcha jemper, o‘zimga komsostav etik olishim kerak. Manavu bolakaylarimni hayvonot bog‘iga oborib, maymunlarni ko‘rsataman.

Zamira nima qilishini bilmay qoldi. Oxiri qo‘shni uydan opasiga telefon qildi. Qimizxonning tili gapga kelmas, faqat hiqillardi. Trubkani Usmonjon oldi.

— Pochcha, to‘rt kishi. Parpivoy degan kishi yuboripti. Bitta kuchuk bola bilan ikki yuz grammcha xandon pista olib kelishipti.

Qaynsinglisi mehmonlar kuchuk bola olib kelishibdi, deganidan keyin uni tanigandek bo‘ldi. Parpivoy aka uni shahardagi daydi itlarni aravaga bosib olib ketadigan brigadaning “starshiy it tutuvchisi” deb tanishtirgan edi. O‘shanda starshiy it tutuvchi, unga zotli bir it topib beraman, degani esiga tushdi.

Usmonjon uzoq jimib ketgandan keyin tilga kirdi.

— Qo‘shnilarni chaqirib, ularni uydan chiqarib yuboring.

Boyatdan beri telefon oldida Zamiraning gaplarini eshitib o‘tirgan qo‘shni shatta o‘rnidan turib, to‘nini yelkasiga tashladi. Zamiraga ergashib Usmonjonning uyiga kirdi. Mehmonlar divanda yalpayib o‘tirishar, ikki bolaning biri kiyim shkafi ustiga chiqib olgan, yana biri oyog‘idagi tapochkasini yechib pianino klavishlariga urardi.

— Qani, marsh! — dedi qo‘shni. — Bir marta salom bergan odamning uyiga ko‘ch-ko‘roningni orqalab, bostirib kirib kelaverasanmi! — E, sendaqa izzatini bilmagan mehmondan o‘rgildim. Ko‘tar jiyda xaltangni!

— Iya, iya, — dedi starshiy it tutuvchi. — Toshketliklar shunaqa bo‘lishadimi?

— Shunaqa bo‘lishadi, tanimagan odamini uyga kiritishmaydi.

Ana shu voqeadan keyin Usmonjon to‘rt xonali uyini shahar chetidagi uch xonali uyga ayirbosh qilib ko‘chib ketdi. Bu yangi uyni, Usmonjonning tili bilan aytganda, mehmon ekan-ku, hatto OBXSSning iti ham topolmasmish.

Yo‘q, u yanglishgan edi. Parpivoy akaning odamlari bu uyni ham topib borishdi…


Саид Аҳмад. Бир сиқим хандон писта (ҳажвия)

Искамейка узра ўлтирса нечалар роҳат қилиб, Кавшимиз лойи билан биз устида ётмоғимиз. Тавалло

Эркакдир, аёлдир, ёши бир жойга борганда боладан чиқиб қоларкан. Қимизхон билан Усмонжон ҳам худди шунақалардан эди. Уларнинг болалари уйли-жойли бўлиб кетишган. Келинлари билан тил топишолмай рўзғорини бўлак қилиб қўйишган.

Қимизхон ҳар дам олиш куни невараларини қанчалик орзиқиб кутса, кетишларини ҳам шундоқ бесабрлик билан кутарди.

Бола деган у-буга тегмаса, идиш синдирмаса, бола бўладими! Улар шкаф тепасига чиқиб полга сакрашганда жавондаги идиш-товоқлар жаранг-журунг килиб кетади. Остонага ташлаб қўйилган ҳўл латтага оёқ суртмай уйга киришади. Кечгача кўчанинг ярим тупроғи уйга киради.

Неваралар эсларини таниб олгунларича ана шунақа эдилар. Энди уларнинг овозлари дўриллаб, юзларига ҳуснбузар тошган, кафтларига туфлаб тошойна олдида сочларини силашади.

Қимизхоннинг эри Усмонжон қўйдек ёввош одам. Гап сўрамасанг, кечгача ундан садо чиқмайди. Қимизхонни озода дейиш ҳам кам, жуда озода дейиш ҳам тўғри келмайди. Уни «сапсем» озода, яъни ғирт озода, деса тўғри бўлади. Унинг уйлари ёғ тушса ялагудек. Ёстиқ жилдлари, кўрпа ғилофлари оҳорлаб дазмолланган. Усмонжоннинг таъбири билан айтганда, бу уй-жой эмас, балниса.

Усмонжон отпускага чиққан. Ишхонадаги «отлиқлар» ёзда отпуска олиб, Усмонжонга ўхшаган «пиёдалар»нинг отпускаси қиш чилласига қолган. Бир ҳисобда шуниси ҳам дуруст. Ташқарида совуқ қақшатиб турипти. Оғзингдан чиққан ҳовурдан олдингдаги одам кўринмайди. Бозордаги олма-анорлар тошдек қотган. Деҳқонлар ўраларини очмай совуқ қайтишини кутишяпти. Бир кило сабзи одамнинг баҳоси. Кўчага чиққан эркакларнинг мўйловлари қиров бойлаб, моржга ўхшаб уйга қайтишяпти. Туфласанг, тупугинг ерга қарсиллаб тушади. Эшикларнинг ташқари томонидаги тутқичини ушласанг, қўлингни чиппа олади. Бундай пайтда кимга қийин, постдаги мелисага қийин. Шундоқ совуқда қайси эсини еган кўчага чиқади?

Қимизхон бугун ишдан эрта қайтди. Ишхонасидаги иссиқ сув қувури ёрилиб, хоналар совуб кетибди.

Эр-хотин аптекадек топ-тоза уйда ҳузур қилиб ўтиришарди. Эшик тепасидаги қўнғироқ шитоб билан жиринглади. Усмонжон шу совуқда қайси бефаҳм одам келди экан, деб эшикни очди. Остонада шопмўйловли, семиз бир киши ҳансираб турипти. Орқасида эллик ёшлардаги қора духоба қўлбола камзул кийган, икки лаби бичилган хотин, худди диаграммага ўхшаш бўйи бири-биридан баланд уч ўғил бола, сочининг учига пилик тақилган беш ёшлардаги қизча турарди. Уларнинг оёқлари остида икки чамадон, икки-учта сумка, ичига нимадир солинган қоп. Мўйловли киши икки оғир чамадонни учинчи қаватга кўтариб чиққунча терга пишиб кетган. Бурнидан, иягидан чак-чак тер томарди. У ҳозиргина пешона терини артган қўлини узатиб, Усмонжоннинг панжаларини пилчиратиб кўришди. Ундан гуп этиб офтобда қолган хом тери ҳиди келди.

— Парпивой акам сизга кўпдан-кўп дуо дедилар.

Усмонжон бу, Парпивой дегани ким бўлдийкин, деб ўйлаб қолди. Бундан бир ярим ойларча олдин водийдаги шаҳар маиший хизмат комбинати чиқарган маҳсулотларнинг сифатсизлиги тўғрисида тушган аризаларни текширгани борганди. Комбинат идораси тўғрисидаги ҳовлида тўй бўлаётган экан. Уни ҳам қўярда-қўймай олиб киришди. Қимизхоннинг овқатига ўрганган Усмонжон дастурхонга қўл урмади. Сочиқ билан пашшаларни қўриб ўтирди. Тўй эгасининг кўнглига келмасин, деб, тақсимчадан бир сиқим хандон писта олиб чақиб еди. Бутун бошли тўйдан егани шу бўлди.

Тўй эгаси ҳукуматнинг дўконида сотиладиган бодрингга ўхшаш узун, шу бодрингдек гавдаси эгилган киши экан. Суҳбат асносида у кишининг исми Парпивой экани, олис бир райондаги бўрдоқичилик базасида қатнаб ишлайдиган бош ахрайник экани маълум бўлди. Улар чиқиб кетишаётганда Парпивой Усмонжонга ана энди қадрдон бўлиб қолдик. Бир дастурхондан насиба едик. Бундан буён бир-биримизникига борди-келди қилайлик, деб унинг адресини ёзиб олганди.

Усмонжон ўйини ўйлаб бўлгунча меҳмонлар йўлакка кириб бўлишган эди.
Мўйлов чамадонларни бурчакка қўяркан, Парпивой ака, Усмонжонникида бир-икки кун туриб, суҳбатини олинглар, жуда бамаъни одам деб тайинлаганлар, ҳайрият уйда экансиз, деди.

— Ўша сиз тўйда чақиб еган ҳандон пистадан бозорга бошқа келмай қўйди. Усмонжонга бир-икки кило юборай деб Парпивой ака икки-уч марта бозорга тушиб чиқдилар. Унақасидан келмапти. Ўша тўйда икки чўнтагини тўлдириб солиб берсам бўларкан, деб кўп афсусландилар.

Ўзбекчилик, келган одамни кет деб бўлмайди. У гаранг бир алпозда меҳмонларни хонага бошлаб кирди. Ошхонадан чиққан Қимизхон нималар бўлаётганига ақли етмай ҳайрон бўлиб турарди. Мўйлов унга, «яхшимисан, келин» дея ичкарига кириб кетди. Улар қор кечиб келишган эди. Этикларига илашган қор иссиқ уйда эриб полда кўлмакчалар пайдо бўлди.

Усмонжон хотинига нима дейишни билмай серрайиб турарди.

— Хотин, — деди Усмонжон, — емоқнинг қусмоғи ҳам бор, деб бекорга айтишмаган. Емай ҳам ўлай, бир қисм хандон писта чақиб егандим.

Қимизхон чой олиб кирди. Мўйлов чойнак қопқоғини очиб, ия, памил экан-ку, келин, тўқсон бешдан дамла, деди. Қимизхон чой олиб кираётганда димоғига аллақандай қўланса ҳид урилди. У худди ўрада ачиб қолган селитрали сабзи ҳидига ўхшарди. Қимизхон қайтишда бурнини кафти билан тўсиб ўтди. Бурчакда бели букчайиб ётган этик қўнжидан қатирма бўлиб кетган пайтава осилиб ётганини кўрмади.

Мўйлов чой устида Тошкентга келишдан мақсадини айтди.

— Шу десангиз, Усмонжон укагинам, бир жиянимиз чақувдан қамалиб қолган. Базадан ўн битта новвосни сотган, дейдими-е, семиз новвослар ўрнига озғин, қари сигирларни алмаштириб қўйган дейдими-е, иш қилиб, бола бечора туҳмат балосига йўлиқиб, қамалиб ётибди. Шунга передача беришга келдик. Овқатни шу ерда пишириб оборамиз-да. Гўшт ола кетай, десам, Парпивой ака, ундай қилманг, Усмонжон хафа бўлади, дедилар. Кейин Усмонжонга айтгин, прокурорми, судми, мелиса бошлиғими, ишқилиб, шулар билан гаплашсин, деб тайинладилар.

Кеча ишхонада рўйхат билан гўшт беришган. Усмонжонга ҳам икки кило текканди. Қимизхон гўшт билан картошка қовуриб олиб кирди. Мўйлов гўштни оғзига соларкан: «Ия, музлаган гўштмиди», — деди. Кейин ҳай, майли, деди-ю столдаги арақни пиёлага тўлдириб, ичиб юборди. У ичдими, ичига қуйдими, Усмонжон билолмай қолди.

— Укам, бошқа йўқми?

Усмонжон ҳижолатлик билан «йўқ» деди. Шундан кейин Мўйлов чамадондан бир шиша олиб ичди.

— Танишиб олганимиз яхши бўлди. Уч-тўрт кун отамлашамиз. Усмонжон укам, биз Парпивойга куёв бўлишдан ташқари, шогирд ҳисобдамиз. Базада мен у кишига сменшикман. Уйда ўн битта новвос, йигирма олтита қўй, тўртта бия бор. Емдан қийналмаймиз. Базадан бари бор. Ем дейсизми, серобгарчилик. «Жигули»нинг юкхонасида кунига икки марта шаҳар ҳовлига ем опкелишимиз бор. Буни қаранг, мустақиллик шарофати билан биз бечораларнинг ҳам елкамизга офтоб тегиб қолди. Шу, дейман, ҳукумат мелисаларни ҳам йўқ қилса эди, ишлари юришиб кетарди.

Суҳбатдан маълум бўлдики, Мўйлов Парпивойга куёв ҳисобида экан. Нима бало, кеч уйланганми, болалари ҳали ёш. Кеч фарзанд кўрган экан бечора, деб ўйлади. Унинг бу ўйини Мўйлов сезиб турган экан, тушунтира кетди:

— Укагинам, бу кеннойингизга загсда патта кесилмаган. Биринчисидан тўққизта бола бор. Бечора гирой бўламан деб роса туғди. Тўққизинчисини туғдию ўзимизнинг тилда айтганда бракка чиқиб қолди. Шунга карашиб турар, деб буни олганман. Парпивойнинг ўгай синглиси. Бахтимни қаранг. Ҳасан-Ҳусан туғиб берса бўладими! Кундошлар бир-бирига душман бўлади, деган гап бекор экан. Опа-сингилдек яшашяпти. Бири молга қараса, бири менга қарайди. Биласизми, Усмонжон, худо севган бандасига Ҳасан-Ҳусан беради. Ҳасан-Ҳусанларни уриб бўлмайди, сўкиб бўлмайди. Шундоқ қилсангиз, худо қаҳрига олади. Сизга ҳам эгам Ҳасан-Ҳусан неваралар берсин.

Кеч кириб қолди. Болалар бир-бирига майиз отиб ўйнай бошлашди. Боссанг, майиз гиламга сақичдек ёпишади. На ота ҳай, деди, на она. Мўйлов уст-устига уч марта эснади. Болалар мультфильм кўрамиз дейишса ҳам, бўлди, ётиш, деди. У ечиниб ётаркан, Усмонжонга нимадир деди.

Усмонжон ошхонага кирди. Хотини иягига кафтини тираб, қошлари чимирилганча ўтирарди. Усмонжон қўрқа-писа:

— Келин пайтавамни ювиб қўйсин деяпти, — деди.

— Белини уқалаб қўйиш керак эмасмикин? Бир камим бижғиб кетган пайтавани ювишмиди. Э, меҳмонингиздан ўргилдим.

У шундай дедию, ётоқхонага кириб бир метр сурп олиб чиқди. Қоқ ўртасидан тариллатиб йиртди. Эски пайтавани чўпга илиб ахлат челагига ташлади.

Меҳмон ёмонам хуррак тортаркан. Деразалар зириллайди. Хотини тинимсиз кекиради. Қизи қирт-қирт қилиб бошини қашлайди.

Усмонжон эрталаб ҳожатга кирса, меҳмон сувини туширмай чиқиб кетган экан. Деразаларни очиб, хоналарни шамоллатди. Ҳаммаёққа анор доналари сочилган, билмай босиб олсанг, пирт-пирт қилиб, қизил сув сачратади. Мўйлов кечаси билан йўлак бурчига нос туфлаб чиққан экан. Усмонжон ҳўл латтани оёғи билан суриб, артиб қўйди. Бир айланиб келса яна туфлабди. Бу гал туфламабди, пуркапти. Деворлар сепкил бўлиб кетибди.

Қимизхон барвақт ишга кетиб қопти. Усмонжон инқиллаб-синқиллаб сабзи тўғради, ош дамлаб, тоғорага солиб берди. Меҳмонлар ошни кўтариб турмага кетишди. Усмонжон уйларни яна шамоллатди. Гиламга ёпишган сақичдек қора майизларни эмаклаб юриб тирноғи билан кўчирди. Ёстиқ жилдларини, кўрпа ғилофларини чиқазиб, тугиб қўйди.

Меҳмонлар кечга томон кайтиб келишди. Эшик берк. Қўнғироқ тугмасини қанча босишмасин, ичкаридан садо чиқмади. Тўғридаги эшикдан пижама кийган бир киши чиқди.

— Келдингларми? Усмонжоннинг яқин одамини автобус уриб кетибди. Хотини билан жанозага кетишди.

— Қачон қайтишаркан? — деб сўради Мўйлов.

— Биратўласига еттисини ўтқазиб қайтишар-ов. Юкларингиз бизникида. Ҳозир опчиқиб бераман.

— Калитни ташлаб кетишмадими?

— Шошиб қолишганди, бундай пайтда калит эсига келадими.

Қўшни шундай деб иккита чамадон билан қопни опчиқиб берди. Меҳмонлар туриб-туриб пастга тушиб кетишди.

Усмонжон икки кунгача қайнотасиникида ётиб қолди. Замира деган қайнсинглиси келиб уйларни, идишларни қатрон қилди. Поччаси тугиб қўйган кўрпа ғилофларннн энди кўтараман деб турганди. Қўнғироқ чалинди. Эшикни очиши билан ассалому алайкум, деб ўрта яшар эр-хотин икки ўғлини эргаштириб кирди. Болалардан бири яқинда кўзини очган қоп-қора кучук боласини кўтариб турарди.

— Усмонжоннинг қадрдонлари бўламиз. Узоқдан йўқлаб келдик.

Замира нима қилишини, нима дейишини билмай серрайиб туриб қолди.

— Йўқмилар? — деди эркак меҳмон. — Бизларни Парпивой деган қадрдонлари юбордилар.

— Поччам билан опам Янгийўлга кетишган, — деди Замира.

— Поччангиз билан опангиз бўлмасалар, мана сиз борсиз-ку. Икки кунгина турамизу кетамиз. Ахир, холодильникда у-бу бордир. Қуриб-қақшаб ётмагандир?

Икки бола балконга чиқиб пастга қараб ким ўзарга чоптириш қилишди. Пастдан хотинларнинг чувиллашгани эшитилди. Бу шўр сув қайси қават болохонасидан тушаётганини билмай шовқин солишарди.

— Кечирасизлар, мен кетишим керак, — деди Замира.

— Бемалол кетаверинг. Усмонжон келгунча шу ерда кутамиз.

— Ҳали-бери келишмайди.

— Ундай бўлса, яна яхши. Шаҳарда ишларимизни хотиржам бажариб оламиз. Чайқов бозоридан бўлмиш келинга понбархат, парча, японча жемпер, ўзимга комсостав этик олишим керак. Манаву болакайларимни ҳайвонот боғига обориб, маймунларни кўрсатаман.

Замира нима қилишини билмай қолди. Охири қўшни уйдан опасига телефон қилди. Қимизхоннинг тили гапга келмас, фақат ҳиқилларди. Трубкани Усмонжон олди.

— Почча, тўрт киши. Парпивой деган киши юборипти. Битта кучук бола билан икки юз граммча хандон писта олиб келишипти.

Қайнсинглиси меҳмонлар кучук бола олиб келишибди, деганидан кейин уни танигандек бўлди. Парпивой ака уни шаҳардаги дайди итларни аравага босиб олиб кетадиган бригаданинг «старший ит тутувчиси» деб таништирган эди. Ўшанда старший ит тутувчи, унга зотли бир ит топиб бераман, дегани эсига тушди.

Усмонжон узоқ жимиб кетгандан кейин тилга кирди.

— Қўшниларни чақириб, уларни уйдан чиқариб юборинг.

Боятдан бери телефон олдида Замиранинг гапларини эшитиб ўтирган қўшни шатта ўрнидан туриб, тўнини елкасига ташлади. Замирага эргашиб Усмонжоннинг уйига кирди. Меҳмонлар диванда ялпайиб ўтиришар, икки боланинг бири кийим шкафи устига чиқиб олган, яна бири оёғидаги тапочкасини ечиб пианино клавишларига урарди.

— Қани, марш! — деди қўшни. — Бир марта салом берган одамнинг уйига кўч-кўронингни орқалаб, бостириб кириб келаверасанми! — Э, сендақа иззатини билмаган меҳмондан ўргилдим. Кўтар жийда халтангни!

— Ия, ия, — деди старший ит тутувчи. — Тошкетликлар шунақа бўлишадими?

— Шунақа бўлишади, танимаган одамини уйга киритишмайди.

Ана шу воқеадан кейин Усмонжон тўрт хонали уйини шаҳар четидаги уч хонали уйга айирбош қилиб кўчиб кетди. Бу янги уйни, Усмонжоннинг тили билан айтганда, меҳмон экан-ку, ҳатто ОБХССнинг ити ҳам тополмасмиш.

Йўқ, у янглишган эди. Парпивой аканинг одамлари бу уйни ҳам топиб боришди…

Манба