February 13

Deymon Ranon. Hazilkash (hikoya)

| Кирилл ёзувидаги матн пастроқда

Chap oyog‘imda kutilmaganda dahshatli og‘riqni his qilgan paytimda Brodveydagi Mindi restoranida edim. Og‘riqqa chidolmay o‘rnimdan sakrab turdim va boloxonador qilib so‘kindim.
Menga «parovozcha» o‘rnatishganini va shu atrofda hazilkash Jo-turli hazillar ustasi turganligini sezdim.

«Parovozcha» nimaligini bilmoqchimisiz? Restoranga kirgan odamning poyabzali ustiga gugurt chaqib qo‘yasiz. Shu zahoti hammani kuldiradigan voqea boshlanadi.
Hazilkash Jo bu borada ustasi farang bo‘lib ketgan. U «qurboni» yoniga shunday sezdirmasdan keladiki, qasam ichib aytishim mumkin: Jo hatto sichqonning oyog‘iga ham «parovozcha» qo‘ya oladi, albatta sichqonning poyabzali bo‘lsa. Agar birortasi ortiqcha jahlga minsa ham u vaziyatdan chiqib keta oladi. Qimmatbaho poyabzal kiyganlar esa tez-tez u bilan jiqillashib turishadi.
Ammo Joga kimning qanaqa poyabzalda kirganligining farqi yo‘q. Bir kuni u shaxsan qaysar Frenkiga «parovozcha» qo‘yganida ko‘pchilikning ko‘nglidan bir fikr o‘tdi: bu yaxshilikka olib kelmaydi.
…Qaysar Frenki Bruklinda yashaydi, u bu yerda anchagina hurmatli odam. Har qalay unga bunaqa hazillarni qilish to‘g‘ri kelmaydi. Buning ustiga Frenkida hazil tuyg‘usidan asar ham yo‘q, uning kulganini hali hech kim eshitmagan. Frenki Brodveyda bronkslik allaqanday kishilar bilan gaplashib turganida Jo unga «parovozcha» uyushtirdi. Albatta u kulgani yo‘q, aksincha, Joga qahr bilan tikildi va italyanchalab nimadir dedi.
Qaysar Frenkining haqiqiy familiyasi italyancha, Ferochcho deganga o‘xshash bo‘lib, uni asli sitsiliyalik deb eshitgandim. U Bruklinda anchadan buyon yashaydi. Frenki ishni mayda sotuvchilikdan boshlagan bo‘lib, hozir yirik savdogarga aylangandi. Uning yoshi o‘ttizdan o‘tgan, sochlari qop-qora, nigohi kishiga o‘tkir boqardi.
Hech kim u haqda bundan ortiq narsa bilmaydi.
Jo unga hazil qilganida men g‘alati bo‘lib ketdim. Nazarimda, Frenki bu hazilni haqorat deb tushungan va butun Garlemdagilarga o‘chakishib qolgandi.
Joga haddidan oshib ketganligini aytishganida esa u kulib qo‘ygandi, xolos. Frenkida hazil tuyg‘usining yo‘qligi Joning aybi emas ekan. U qulay payt kelsa bu hazilini yana takrorlashini ham qistirib o‘tgandi…
Men haq bo‘lib chiqdim: yonimda hazilkash Jo turar va qornini changallagancha kulardi. Eng yomoni, unga qo‘shilib bir guruh bekorchilar ham kulishar, Jo atrofda hech kim yo‘qligida hazil qilmasdi.
U bilan ko‘rishgani qo‘l uzatdim. Shu zahoti yana gumburlagan kulgi ovozlari yangradi, Joning men bilan so‘rashgan qo‘lida yumshoq va yopishqoq pishloq bo‘lagi bor ekan.
O‘lganimning kunidan iljaydim. Jo qo‘lidagi pishloq qoldig‘ini restoran burchagida turgan mashina oynasiga artganida esa chin ko‘ngildan xoxoladim.
Jodan akasi ikkoviga tegishli pivoxonada ishlar qanday ketayotganligini so‘radim. U ishlar joyida ekanligini aytdi. Keyin esa uning xotini va mening eski tanishim Roza haqida so‘radim: uni «Xot Boks» barida qo‘shiq aytgan paytidan beri bilardim.
Roza haqidagi savolimni eshitgan Jo xitob qildi:
-Bergan savolingni qara-yu! Eshitmadingmi? U meni tashlab qaysar Frenki bilan topishib olganiga ikki oy bo‘ldi. Hozir u Bruklinda, Frenkiga yaqin joyda yashayapti.
Shu payt u qornini changallagancha kula boshladi. Nihoyat u kulgidan to‘xtadi va men undan buning nimasi kulgili ekanini so‘radim.
-Nega kulgili bo‘lmasin,-dedi Jo.-Bu makaronchi Rozaga qancha pul sarflashi kerakligini bilganida qanaqa ahvolga tushishini tasavvur qilyapman. To‘g‘ri, Frenkining Bruklinda biznesi bor, ammo Roza uni tashlab ketmasligi uchun ancha pul sarflashiga to‘g‘ri keladi.
U shunday vaziyatda ham hazil tuyg‘usini yo‘qotmaganligi meni hayron qoldirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, qaysar Frenki Rozani u erga tegishidan oldin ham yaxshi tanigan. U tez-tez «Xot Boks» bariga kelib turgan va hatto Roza erga tekkanidan keyin ham u bilan ba’zan uchrashib turgan. Frenkining biznesdagi ishlari yurishib ketgach esa ular kunora ko‘risha boshlashgan. Jo albatta bu haqda bilmagan. Uning o‘sha paytlarda ishi orqaga ketgan va xotiniga u xohlagan hamma narsani sotib olib berishga qurbi yetmagan. Roza esa o‘zi istagan narsani olib bermagan erkaklarga toqat qilolmaydi.
Jo qaysar Frenkiga qo‘pol hazil qiladi, Frenki esa Rozani Bruklinga olib ketadi.
-Nima ham derdim,-dedim uning hikoyasini eshitib bo‘lgach,-bunaqa gaplarni eshitish yoqimsiz. Senga achinaman…
-Yaxshisi, qaysar Frenkiga achin,-quvnoqlik bilan javob qaytardi Jo.-Agar bu senga kamlik qilsa, Rozaga ham achin.
Nihoyat Jo uyiga ketishga taraddudlandi, ammo avval tamaki do‘konidagi telefondan Mindi restoraniga qo‘ng‘iroq qildi. U ayollar ovozi bilan Peggi Joys ekanligini, qaysidir bir manzilga to‘y marosimi uchun olti yuz dona buterbrodga buyurtma bermoqchiligini aytdi. Albatta, unday manzilning o‘zi yo‘q, bo‘lgan taqdirda ham hech kim uncha buterbrodga pul to‘lashni istamaydi.
Keyin Jo mashinasiga o‘tirdi va uyiga jo‘nadi.
Bir necha kundan keyin Bruklinda Joning pivoxonasida ishlaydigan ikki yigitning qopga solingan jasadi topilganini gazetada o‘qib qoldim. Politsiyadagilar ular qaysar Frenkining biznesiga xalaqit berishga urinishganini aytishardi. Ammo birorta ham politsiyachi ularni Frenki o‘ldirganini ta’kidlay olmasdi. Chunki bunga hech qanday dalil yo‘q edi.
Qop bilan bog‘liq voqea shunchaki ish emas, bunga mahorat kerak. Odamni qopga tiqish uchun avval uni uxlatish kerak, axir qaysi ahmoq qopga o‘zi tushadi. Buning uchun uyqu dori berish kerak deyishadi, ammo haqiqiy mutaxassislarning fikricha, qopga solmoqchi bo‘lgan odamingning boshiga to‘qmoq bilan yaxshilab tushirish kifoya.
Xullas, odamning bo‘yniga sirtmoq solishadi va arqonning bir uchini tizzalari orqasidan o‘tkazib bog‘lashadi. Uni shu holatda qopga tiqishadi va biror joyga tashlab ketishadi. Bechora o‘ziga kelgach, qopdan chiqishga urinadi. U bukilgan tizzalarini to‘g‘rilamoqchi bo‘ladi va bo‘ynidagi sirtmoq tortilib, bir ozdan keyin bo‘g‘ilib o‘ladi.
Ikki kundan keyin Klinton-stritda sayr qilib yurgan ikki bruklinlikni noma’lum shaxslar bo‘g‘ib o‘ldirishganini eshitdim. Aytishlaricha, o‘lganlar qaysar Frenkining do‘stlari, ularni o‘ldirganlar esa garlemliklar ekan.
Tez orada Bruklinda g‘alati voqealar yuz berayotganini tushundim. Bir haftadan keyin u yerda qopga solingan yana bir jasad topildi. Bu safargi qurbon hazilkash Joning akasi Freddi edi.
Ish shunga borib yetdiki, bruklinliklar kartoshka solingan qopni o‘zlari ochgani qo‘rqib qolishdi va buning uchun politsiya chaqiradigan bo‘lishdi.
Bir kuni kechqurun hazilkash Joni ko‘rib qoldim. Bu safar u yolg‘iz o‘zi o‘tirardi va uning nimadandir tashvishda ekanligini ko‘rib xalaqit bergim kelmadi. Uning yonidan o‘tib ketmoqchi edim, qo‘limdan tutib to‘xtatdi. Unga akasining o‘limi sababli ta’ziya bildirdim.
-Nima deyishmasin, Freddi ahmoqlik qildi,-dedi Jo.-Roza uni Bruklinga taklif qilgan. U Freddidan meni Roza bilan rasman ajrashishga unatishni so‘ramoqchi bo‘lgan. Bechora akam Roza ikkimizni yarashtirmoqchi bo‘lgandi, buning o‘rniga qopga solindi. Uni Rozanikidan qaytayotganida ushlashgan. Bunda Rozaning ham qo‘li bor deyolmayman, ammo akam uning aybi bilan o‘ldi.
Jo kuldi, ammo uning kulgisi menga g‘alati tuyuldi. Jo gapini davom ettirdi:
-Men qaysar Frenkiga zo‘r hazil qilmoqchiman.
-Yo‘q, Jo,-dedim men.-Yaxshisi, uni unut. Unda hazil tuyg‘usi yo‘q.
-E yo‘q,-e’tiroz bildirdi Jo,-mendan Rozani tortib olishga hazil tuyg‘usi bo‘ldi-yu. Eshitishimcha, u Rozani qattiq sevarkan. Men zo‘r hazil tayyorlab qo‘yganman-Frenkining oldiga qopda o‘zim boraman.
Uning nimani mo‘ljallaganini tushunmadim.
-Sent-luislik og‘aynim qaysar Frenkining qoplar bilan bog‘liq buyurtmalarini bajaradi. Uning ismi Roups Makgonigl. U Freddi mening akam ekanligini eshitib g‘azabga mindi va Frenkiga hazil qilishimda yordam bermoqchi. Kecha Frenki Roupsni uyiga chaqirgan va meni qopga solib uning oldiga olib kelishini so‘ragan. U Rozadan akamning nima deganini eshitgan. Men akamga u bilan hech qachon ajrashmasligimni aytgandim. Xullas, Roups menga hamma gapni aytib berdi va men uni yana Frenkining oldiga jo‘natib yubordim. Men ertaga kechqurun Bruklinda bo‘laman va Roups meni qiynalmasdan qopga joylaydi.
-Qaysar Frenkining oldiga qopda borishdan xavfliroq narsa bo‘lmasa kerak,-dedim.-Bu qanaqa hazil ekanligiga tushunmadim.
-Nimasini tushunmaysan!-xitob qildi Jo.-Hazilim shuki, men qopda qo‘l-oyog‘im bog‘liq holda bo‘lmayman va ikkala qo‘limda to‘pponcha bo‘ladi. Qopni ochganida ro‘parasida to‘pponcha bilan men paydo bo‘lsam Frenki qanday ahvolga tushishini ko‘z oldingga keltirib ko‘r.
Haqiqatan ham Jo ikkita to‘pponcha ushlab qaysar Frenkining oldida paydo bo‘lganida uning qanday taajjubga tushishini tasavvur qilsa bo‘ladi.
-Aytgancha,-dedi Jo,-Roups Makgonigl ham har ehtimolga qarshi o‘sha yerda bo‘ladi.
Jo ketdi, men bo‘lsam uning qop ichidan to‘pponcha bilan chiqishini tasavvur qilib iljaydim.
Shundan keyin Jo bilan uchrashmadim, ammo bu voqea nima bilan tugaganini aytib berishdi.
Roups keltirgan qopni qaysar Frenkining o‘zi yerto‘laga olib tushibdi. U yonidan to‘pponcha olib Jo yotgan qopni ochib o‘tirmasdan unga qarata oltita o‘q uzibdi.
Aytishlaricha, yerto‘laga politsiyachilar bostirib kirib uni qotillikda ayblashganida Frenkining ko‘zi chanog‘idan chiqib ketay debdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Roupsdan Joning rejasi haqida ma’lumot olgan qaysar Frenki qopdagi qurbonini bir yoqli qilmoqchi bo‘lgan. Tabiiyki, Roups bu haqda Joga aytgan va u o‘zining hech kimda yo‘q hazilkashlik mahoratini ishga solgan.
Qaysar Frenkiga olib borilgan qopga esa albatta Jo emas, balki oyoq-qo‘li bog‘langan, og‘ziga latta tiqilgan Roza solingan ekan.

Rus tilidan Dilshodbek Asqarov tarjimasi


Деймон Раньон. Ҳазилкаш (ҳикоя)

Чап оёғимда кутилмаганда даҳшатли оғриқни ҳис қилган пайтимда Бродвейдаги Минди ресторанида эдим. Оғриққа чидолмай ўрнимдан сакраб турдим ва болохонадор қилиб сўкиндим.
Менга «паровозча» ўрнатишганини ва шу атрофда ҳазилкаш Жо-турли ҳазиллар устаси турганлигини сездим.

«Паровозча» нималигини билмоқчимисиз? Ресторанга кирган одамнинг поябзали устига гугурт чақиб қўясиз. Шу заҳоти ҳаммани кулдирадиган воқеа бошланади.
Ҳазилкаш Жо бу борада устаси фаранг бўлиб кетган. У «қурбони» ёнига шундай сездирмасдан келадики, қасам ичиб айтишим мумкин: Жо ҳатто сичқоннинг оёғига ҳам «паровозча» қўя олади, албатта сичқоннинг поябзали бўлса. Агар бирортаси ортиқча жаҳлга минса ҳам у вазиятдан чиқиб кета олади. Қимматбаҳо поябзал кийганлар эса тез-тез у билан жиқиллашиб туришади.
Аммо Жога кимнинг қанақа поябзалда кирганлигининг фарқи йўқ. Бир куни у шахсан қайсар Френкига «паровозча» қўйганида кўпчиликнинг кўнглидан бир фикр ўтди: бу яхшиликка олиб келмайди.
…Қайсар Френки Бруклинда яшайди, у бу ерда анчагина ҳурматли одам. Ҳар қалай унга бунақа ҳазилларни қилиш тўғри келмайди. Бунинг устига Френкида ҳазил туйғусидан асар ҳам йўқ, унинг кулганини ҳали ҳеч ким эшитмаган. Френки Бродвейда бронкслик аллақандай кишилар билан гаплашиб турганида Жо унга «паровозча» уюштирди. Албатта у кулгани йўқ, аксинча, Жога қаҳр билан тикилди ва италянчалаб нимадир деди.
Қайсар Френкининг ҳақиқий фамилияси италянча, Фероччо деганга ўхшаш бўлиб, уни асли ситсилиялик деб эшитгандим. У Бруклинда анчадан буён яшайди. Френки ишни майда сотувчиликдан бошлаган бўлиб, ҳозир йирик савдогарга айланганди. Унинг ёши ўттиздан ўтган, сочлари қоп-қора, нигоҳи кишига ўткир боқарди.
Ҳеч ким у ҳақда бундан ортиқ нарса билмайди.
Жо унга ҳазил қилганида мен ғалати бўлиб кетдим. Назаримда, Френки бу ҳазилни ҳақорат деб тушунган ва бутун Гарлемдагиларга ўчакишиб қолганди.
Жога ҳаддидан ошиб кетганлигини айтишганида эса у кулиб қўйганди, холос. Френкида ҳазил туйғусининг йўқлиги Жонинг айби эмас экан. У қулай пайт келса бу ҳазилини яна такрорлашини ҳам қистириб ўтганди…
Мен ҳақ бўлиб чиқдим: ёнимда ҳазилкаш Жо турар ва қорнини чангаллаганча куларди. Энг ёмони, унга қўшилиб бир гуруҳ бекорчилар ҳам кулишар, Жо атрофда ҳеч ким йўқлигида ҳазил қилмасди.
У билан кўришгани қўл узатдим. Шу заҳоти яна гумбурлаган кулги овозлари янгради, Жонинг мен билан сўрашган қўлида юмшоқ ва ёпишқоқ пишлоқ бўлаги бор экан.
Ўлганимнинг кунидан илжайдим. Жо қўлидаги пишлоқ қолдиғини ресторан бурчагида турган машина ойнасига артганида эса чин кўнгилдан хохоладим.
Жодан акаси икковига тегишли пивохонада ишлар қандай кетаётганлигини сўрадим. У ишлар жойида эканлигини айтди. Кейин эса унинг хотини ва менинг эски танишим Роза ҳақида сўрадим: уни «Хот Бокс» барида қўшиқ айтган пайтидан бери билардим.
Роза ҳақидаги саволимни эшитган Жо хитоб қилди:
-Берган саволингни қара-ю! Эшитмадингми? У мени ташлаб қайсар Френки билан топишиб олганига икки ой бўлди. Ҳозир у Бруклинда, Френкига яқин жойда яшаяпти.
Шу пайт у қорнини чангаллаганча кула бошлади. Ниҳоят у кулгидан тўхтади ва мен ундан бунинг нимаси кулгили эканини сўрадим.
-Нега кулгили бўлмасин,-деди Жо.-Бу макарончи Розага қанча пул сарфлаши кераклигини билганида қанақа аҳволга тушишини тасаввур қиляпман. Тўғри, Френкининг Бруклинда бизнеси бор, аммо Роза уни ташлаб кетмаслиги учун анча пул сарфлашига тўғри келади.
У шундай вазиятда ҳам ҳазил туйғусини йўқотмаганлиги мени ҳайрон қолдирди.
Маълум бўлишича, қайсар Френки Розани у эрга тегишидан олдин ҳам яхши таниган. У тез-тез «Хот Бокс» барига келиб турган ва ҳатто Роза эрга текканидан кейин ҳам у билан баъзан учрашиб турган. Френкининг бизнесдаги ишлари юришиб кетгач эса улар кунора кўриша бошлашган. Жо албатта бу ҳақда билмаган. Унинг ўша пайтларда иши орқага кетган ва хотинига у хоҳлаган ҳамма нарсани сотиб олиб беришга қурби етмаган. Роза эса ўзи истаган нарсани олиб бермаган эркакларга тоқат қилолмайди.
Жо қайсар Френкига қўпол ҳазил қилади, Френки эса Розани Бруклинга олиб кетади.
-Нима ҳам дердим,-дедим унинг ҳикоясини эшитиб бўлгач,-бунақа гапларни эшитиш ёқимсиз. Сенга ачинаман…
-Яхшиси, қайсар Френкига ачин,-қувноқлик билан жавоб қайтарди Жо.-Агар бу сенга камлик қилса, Розага ҳам ачин.
Ниҳоят Жо уйига кетишга тараддудланди, аммо аввал тамаки дўконидаги телефондан Минди ресторанига қўнғироқ қилди. У аёллар овози билан Пегги Жойс эканлигини, қайсидир бир манзилга тўй маросими учун олти юз дона бутербродга буюртма бермоқчилигини айтди. Албатта, ундай манзилнинг ўзи йўқ, бўлган тақдирда ҳам ҳеч ким унча бутербродга пул тўлашни истамайди.
Кейин Жо машинасига ўтирди ва уйига жўнади.
Бир неча кундан кейин Бруклинда Жонинг пивохонасида ишлайдиган икки йигитнинг қопга солинган жасади топилганини газетада ўқиб қолдим. Полициядагилар улар қайсар Френкининг бизнесига халақит беришга уринишганини айтишарди. Аммо бирорта ҳам полициячи уларни Френки ўлдирганини таъкидлай олмасди. Чунки бунга ҳеч қандай далил йўқ эди.
Қоп билан боғлиқ воқеа шунчаки иш эмас, бунга маҳорат керак. Одамни қопга тиқиш учун аввал уни ухлатиш керак, ахир қайси аҳмоқ қопга ўзи тушади. Бунинг учун уйқу дори бериш керак дейишади, аммо ҳақиқий мутахассисларнинг фикрича, қопга солмоқчи бўлган одамингнинг бошига тўқмоқ билан яхшилаб тушириш кифоя.
Хуллас, одамнинг бўйнига сиртмоқ солишади ва арқоннинг бир учини тиззалари орқасидан ўтказиб боғлашади. Уни шу ҳолатда қопга тиқишади ва бирор жойга ташлаб кетишади. Бечора ўзига келгач, қопдан чиқишга уринади. У букилган тиззаларини тўғриламоқчи бўлади ва бўйнидаги сиртмоқ тортилиб, бир оздан кейин бўғилиб ўлади.
Икки кундан кейин Клинтон-стритда сайр қилиб юрган икки бруклинликни номаълум шахслар бўғиб ўлдиришганини эшитдим. Айтишларича, ўлганлар қайсар Френкининг дўстлари, уларни ўлдирганлар эса гарлемликлар экан.
Тез орада Бруклинда ғалати воқеалар юз бераётганини тушундим. Бир ҳафтадан кейин у ерда қопга солинган яна бир жасад топилди. Бу сафарги қурбон ҳазилкаш Жонинг акаси Фредди эди.
Иш шунга бориб етдики, бруклинликлар картошка солинган қопни ўзлари очгани қўрқиб қолишди ва бунинг учун полиция чақирадиган бўлишди.
Бир куни кечқурун ҳазилкаш Жони кўриб қолдим. Бу сафар у ёлғиз ўзи ўтирарди ва унинг нимадандир ташвишда эканлигини кўриб халақит бергим келмади. Унинг ёнидан ўтиб кетмоқчи эдим, қўлимдан тутиб тўхтатди. Унга акасининг ўлими сабабли таъзия билдирдим.
-Нима дейишмасин, Фредди аҳмоқлик қилди,-деди Жо.-Роза уни Бруклинга таклиф қилган. У Фреддидан мени Роза билан расман ажрашишга унатишни сўрамоқчи бўлган. Бечора акам Роза иккимизни яраштирмоқчи бўлганди, бунинг ўрнига қопга солинди. Уни Розаникидан қайтаётганида ушлашган. Бунда Розанинг ҳам қўли бор деёлмайман, аммо акам унинг айби билан ўлди.
Жо кулди, аммо унинг кулгиси менга ғалати туюлди. Жо гапини давом эттирди:
-Мен қайсар Френкига зўр ҳазил қилмоқчиман.
-Йўқ, Жо,-дедим мен.-Яхшиси, уни унут. Унда ҳазил туйғуси йўқ.
-Э йўқ,-эътироз билдирди Жо,-мендан Розани тортиб олишга ҳазил туйғуси бўлди-ю. Эшитишимча, у Розани қаттиқ севаркан. Мен зўр ҳазил тайёрлаб қўйганман-Френкининг олдига қопда ўзим бораман.
Унинг нимани мўлжаллаганини тушунмадим.
-Цент-луислик оғайним қайсар Френкининг қоплар билан боғлиқ буюртмаларини бажаради. Унинг исми Роупс Макгонигл. У Фредди менинг акам эканлигини эшитиб ғазабга минди ва Френкига ҳазил қилишимда ёрдам бермоқчи. Кеча Френки Роупсни уйига чақирган ва мени қопга солиб унинг олдига олиб келишини сўраган. У Розадан акамнинг нима деганини эшитган. Мен акамга у билан ҳеч қачон ажрашмаслигимни айтгандим. Хуллас, Роупс менга ҳамма гапни айтиб берди ва мен уни яна Френкининг олдига жўнатиб юбордим. Мен эртага кечқурун Бруклинда бўламан ва Роупс мени қийналмасдан қопга жойлайди.
-Қайсар Френкининг олдига қопда боришдан хавфлироқ нарса бўлмаса керак,-дедим.-Бу қанақа ҳазил эканлигига тушунмадим.
-Нимасини тушунмайсан!-хитоб қилди Жо.-Ҳазилим шуки, мен қопда қўл-оёғим боғлиқ ҳолда бўлмайман ва иккала қўлимда тўппонча бўлади. Қопни очганида рўпарасида тўппонча билан мен пайдо бўлсам Френки қандай аҳволга тушишини кўз олдингга келтириб кўр.
Ҳақиқатан ҳам Жо иккита тўппонча ушлаб қайсар Френкининг олдида пайдо бўлганида унинг қандай таажжубга тушишини тасаввур қилса бўлади.
-Айтганча,-деди Жо,-Роупс Макгонигл ҳам ҳар эҳтимолга қарши ўша ерда бўлади.
Жо кетди, мен бўлсам унинг қоп ичидан тўппонча билан чиқишини тасаввур қилиб илжайдим.
Шундан кейин Жо билан учрашмадим, аммо бу воқеа нима билан тугаганини айтиб беришди.
Роупс келтирган қопни қайсар Френкининг ўзи ертўлага олиб тушибди. У ёнидан тўппонча олиб Жо ётган қопни очиб ўтирмасдан унга қарата олтита ўқ узибди.
Айтишларича, ертўлага полициячилар бостириб кириб уни қотилликда айблашганида Френкининг кўзи чаноғидан чиқиб кетай дебди.
Маълум бўлишича, Роупсдан Жонинг режаси ҳақида маълумот олган қайсар Френки қопдаги қурбонини бир ёқли қилмоқчи бўлган. Табиийки, Роупс бу ҳақда Жога айтган ва у ўзининг ҳеч кимда йўқ ҳазилкашлик маҳоратини ишга солган.
Қайсар Френкига олиб борилган қопга эса албатта Жо эмас, балки оёқ-қўли боғланган, оғзига латта тиқилган Роза солинган экан.

Рус тилидан Дилшодбек Асқаров таржимаси