Genrik Senkevich. Yanko musiqachi (hikoya)
Кирилл ёзувидаги матн пастроқда
U yorugʻ olamga zaif va nimjon boʻlib kelgandi. Koʻzi yorigan ayol yotgan skameyka yonida hamdardlik ila toʻplangan dugonalar mana shu ona va mana shu bola uzra bosh chayqar edilar. Ular ichida eng aqlli boʻlmish temirchining xotini Shimanixa tasalli soʻzlari bilan bemor xotinga murojaat qiladi.
– Keling, – deydi u, – boshingizga sham yoqib qoʻyay. Sizning endi, –deydi, – toʻringizdan goʻringiz yaqin, oxirat safariga tayyorgarlik koʻrsangiz, Tangri taolodan gunohlaringizni magʻfirat etishini soʻrasangiz yaxshi boʻlardi.
– Ha! – deydi boshqasi – Chaqaloqni hozir choʻqintirgan maʼqul: Ksendzni kutib oʻtiraversak, boyaqish kokilsiz qolib ketishi hech gap emas.
Shu gaplardan keyin ayol shamni yoqdi, keyin bolani qoʻliga olib, unga suv sachratdi, bolakay aftini burishtiradi, ayol esa munojot qila boshladi:
– Ota va oʻgʻil haqqiga, avliyo haqqiga seni choʻqintiraman va senga Yan ismini beraman, endi esa, nasroniy bolajonim, qayoqdan kelgan boʻlsang, oʻsha yoqqa boraver. Omin!
Ammo nasroniy bolajon “qayoqdan kelgan boʻlsa, oʻsha yoqqa borishni” zinhor-bazinhor istamasdi va umuman mushtdekkina jismni tashlab ketishni oʻylamayotgan ham edi, balki shu jismdagi qiltiriq oyoqchalari bilan tepinib past ovozda, achinarli ohangda ingranib yigʻlay boshladi, xotinlar bir-biriga qarab aytdi: “Odam boʻlib odammas, mushuk boʻlib mushukmas, bu qanaqa maxluq boʻldi ekan-a?”
Ksendzga odam yuborildi, Ksendz keldi, oʻzining ishini qildi, keyin ketdi; bemor xotin sal oʻziga keldi. Bir haftadan keyin ishga ham chiqib ketdi. Bola bazoʻr jon saqlab yuribdi, lekin oʻlmay qoldi, toʻrtinchi yil deganda tanasi yerdan uzilib, oyoqqa turdi, sirqovlanib yura-yura, qoqila-suqila oʻn yoshga ham yetib oldi.
U avvalgidek qiltiriq edi-yu, lekin zuvalasi pishiqqina edi, yuzlari ichiga tortib ketgan-u, qorni hoʻppoz. Sochlari oppoq, kanopning oʻzginasi, peshonasidan osilib tushib, chaqchaygan koʻzlarini yashirib turardi, katta-katta ochilgan bu koʻzlar qachon qarasang olis-olislarga, nomaʼlum yoqlarga tikilgan boʻlardi. Qishda bolakay pechka ortida oʻtirardi, sovuqdan tinmay shilq-shilq burnini tortadi, baʼzida onasi hech nima qolmaganidan qozonni suvga tashlab qoʻyganida, bu ham tanama taqdir qoʻyib och-nahor oʻtiraverardi. Yozda bitta koʻylakda yurardi, boshiga titigʻi chiqib ketgan poxol shlyapani qoʻndirib olardi, shlyapaning tagidan u boshini yuqoriga koʻtarib qarab turgan qushchaning oʻzi boʻlardi-qoʻyardi. Mungluq ona boʻlsa yot uyaga tushib qolgan qaldirgʻochday Xudoning bermish kuni yelka qisib yurardi, ha, u oʻgʻlini yomon koʻrardi deyish insofdan emas, ming qilsa ham ichidan chiqqan chayon-da. Ammo uni tez-tez urib turardi va koʻpincha uni “adashib kelib qolgan” deb aytardi. Sakkizga kirganida kichkina Yan podachilik qilib, mol boqqani chiqar yoki uyda yegulik hech narsa qolmaganida oʻrmonga borib, zamburugʻ terib kelardi. U yerda nechuk boʻrilarga yem boʻlib ketmadi – bu yogʻi bir Xudoga maʼlum!
Merovlikda uning oldiga tushadigani yoʻq edi, odatdagi qishloq bolalariga oʻxshab, birovlar bilan gaplashayotganida u koʻrsatgich barmogʻini ogʻziga tiqib olardi. Uning “odam” boʻlishiga hech kimning koʻzi yetmasdi, qiyin-qiyin – onaga qiyin, axir yorugʻ dunyoda suyanadigan shundan boshqa kimi bor? Chunki “bola – boshidan” deganlariday, buning biron-bir kasb-hunarga havas-ragʻbati sezilmas edi! Ammo bir narsaga suyagi yoʻq edi – oʻyin desa oʻzini tomdan tashlardi. Har yoqdan unga qanaqadir tovushlar eshitilardi, esini tanibdiki, ahvol shu: xayoli yot tovushlarda – shundan boshqa hyech narsani oʻylamasdi ham. Oʻrmonga sigir oʻtlatgani yoki tengqurlari bilan zamburugʻ tergani borganda ham ikki qoʻlini burniga tiqib qaytardi, bu ham yetmaganday tili chuchuklanib nima derdi deng:
– Oyi, oyi, biyov oʻymonda nuqul kuy cholodi. Biy eshitmaysizmi boyib?
– Kuyingni chaldirib qoʻyaman sening, shoshmay tur!
Goho onasi boshiga choʻmich bilan solib qolardi. Bolakay chiyillab, “Boshqa unday qilmayman, boshqa unday qilmayman!”, deb vaʼda berardi-yu, xayolida faqat bir narsa boʻlardi: “Oʻymonda biyov nuqul kuy cholodi!”. Oqshomlari qorongʻi tushsa ham tinib-tinchimagan qishloq odamlarining gaplarini jon qulogʻi bilan tinglardi, unga odamlar goʻyo gaplashyapti emas, konsert qoʻyib berayotganday tuyulardi. Hatto ishda ham, dalaga goʻng sochar ekan, u shamolning yogʻoch panshaxa tishlariga urilib chiqargan ovozini berilib tinglardi.
Bir kuni ishboshi uning shamolda sochlari toʻzib, tik turgancha jon qulogʻi bilan panshaxa tishlaridan chiqayotgan ovozni tinglayotganini koʻrib qoldi. Koʻrdi-yu, darhol belidagi kamarini yechib, bolani obdon savaladi – yaxshi kuydan olgan zavqiga “mukofot”. Ammo qayoqda deysiz! Shu-shu, odamlar uni “musiqachi Yanko!” deb chaqiradigan boʻlishdi. Bahor kelishi bilan u tol poʻstlogʻidan nay yasagani anhor boʻyiga chopardi, kechqurun esa koʻldagi baqalar barchasi joʻrlikda tantanali qoʻshiqlarini boshlab yuborganida, oʻtlar orasida tartar qush sayraganda, yirik qoʻngʻizlar gʻoʻngʻillayotganida, devor ustiga joylashib olgan xoʻrozlar qishloqning har joyidan bong ura boshlaganda musiqachi Yankoning koʻzlaridan uyqu qochardi, bu shovqin-suronda u qanaqa musiqa tinglayotganini bir uning oʻziyu Xudo bilardi… Onasi uni kostyolga olib bormay qoʻygandi, borgan vaqtlarida esa argʻanun nola qilishi yoki kishilar joʻrlikda shirin ovoz bilan ilohiy qoʻshiqni kuylay boshlashi bilan bolaning koʻz oldini tuman qoplardi. Xuddi olamni endi koʻrib turganday, atrofga olazarak javdirardi. Tungi qoʻriqchilikda qishloq aylanib yurgan va uyqusini haydash uchun yulduz sanagan yoki itlar bilan suhbatlashgan qorovul oq koʻylakli musiqachining hyech kimga bildirmay qovoqxona tomonga oʻtganini bir emas, bir necha bor payqadi. Biroq bola qovoqxonaga kirmasdi, albatta, – u faqat devor oldiga emaklab borardi-da, yonboshlab va nafasini ichiga yutib, tinglardi. Ichkarida quvnoq kuy yangrardi, ora-sira oʻsmir yigit “Boʻsh kelma!” – deb qichqirib qoʻyardi, ketidan poshnalar ishga tushib ketar, qizlar baravariga javob qaytarar edilar. Skripkalar past ovozda mayingina qilib, “Bu dunyoda yeb-ichib qoling, quvnang, yayrang, koʻngilni oling”, – deb shoʻx-shan qoʻshiq aytsa, kontrabas oʻzining yoʻgʻon ovozida sipolik bilan: “Xudo xohlasa! Xudo xohlasa!” – deb qoʻshimcha qilardi. Derazadan yozgi tun qoʻyniga charaqlagan chiroq nurlari toshib chiqar va qovoqxona polining barcha taxtalari titrar, egilar va gʻichirlab qoʻshiq aytardi… Musiqachi Yanko esa tinglagani sayin tinglagisi kelardi!..
“Bu dunyoda yeb-ichib qoling, quvnang, yayrang, koʻngil oling!” – deya mayin ovozda kuylayotgan mana shu skripka uchun, mana shu jaranglab kuylovchi taxtachalar uchun Yanko nima soʻrasalar berishga tayyor edi. Ha, chinakam moʻjiza – bu taxtachalarni qayerdan olisharkin va bu skripkalarni qayerda yasasharkin?! Eh, unga bir marta, faqat bir martagina shunga oʻxshash cholgʻuni ushlab koʻrishga berishsaydi. Qaydam!.. U faqat tinglay olardi, xolos va tun qorongʻusi ichidagi qoʻriqchining ovozi yangramaguncha tinglayverardi:
– Uyingga bormaysanmi, hoy saharxez!
Bola irgʻib turdi-da, yalang oyoqlari bilan qorongʻilik qoʻynida pildirab yurib ketdi, orqadan esa skripkaning: “Bu dunyoda yeb-ichib qoling, quvnang, yayrang, koʻngilni oling,” – deb, kontrabasning sipolik bilan qoʻshib aytgan: “Xudo xohlasa! Xudo xohlasa!” qoʻshigʻi qulogʻiga kelib urilardi.
Toʻydami yoki hosil bayramidan keyinmi, yaxshi koʻrgan skripkalarining ovozini tinglaganida Yankoning chekiga katta bayram tushardi. Shunday bayramlardan keyin u pechka ortiga berkinib olardi-da, mushuknikiday chaqnoq koʻzlari bilan qorongʻilik ichidan qaragancha kun boʻyi churq etmay oʻtiraverardi. Bir amallab u oʻziga taxtacha va ot qilidan skripkacha yasab oldi, ammo u qovoqxonada chiyillayotganlarga oʻxshatib binoyidek chalishni uddasidan chiqmadi; uning skripkasining ovozi past edi, shunchalik pastki, xuddi pashsha yoki chivin gʻingʻillayotgandek. Biroq u shu skripkani erta tongdan qora kechgacha chalardi, holbuki buning uchun u ozmuncha tepkilar yemadi va oxiri urib-urib poʻla qilib tashlangan gʻoʻra olmaga oʻxshab qoldi. Koʻrib, oʻzingiz tan beraverasiz: bolakay tobora ozib bormoqda edi, faqat qorni xoʻppaygani-xoʻppaygan, oq sochlari badtar quyuqlashib ketgandi, koʻzlari avvalgidan ham kuchliroq chaqchaygan, ularda mudom bolalarcha yosh oʻynab turardi. Yuzi va koʻkraklari tobora ichiga botib borardi…
U boshqa bolalarga sira oʻxshamasdi, koʻproq past, quloqqa bazoʻr chalinuvchi ovoz chiqaradigan chirik taxtachadan yasagan oʻzining skripkasiga oʻxshardi. Qolaversa, har yili bahorga yaqin u ochlikdan butunlay oʻzini oldirib qoʻyardi, chunki bu vaqtda oʻzini xom sabzi bilan qanoatlantirishiga toʻgʻri kelar, hamda haqiqiy qoʻlbola skripkali boʻlish orzusiga berilardi.
Shoʻrlik bolakayga bu orzular yaxshilik keltirmadi!
Boyning hovlisidagi bakovulning bir skripkasi bor edi va u skripkani qosh qorayganda oqsoch panining koʻnglini ogʻdirish istagida gʻiytillatar edi. Cholgʻuni yaqindan miriqib koʻrib olish uchun Yanko goh-goh qalin otquloqlar orasiga emaklab borardi. Skripka esa devorda, eshigining shundoq roʻparasida osigʻliq turardi. Bechora bola butun jonu dilini mana shu har kimga nasib qilavermaydigan, uning qoʻlining uchi ham tegishi mumkin boʻlmagan yombiga qadalgan koʻzlarida jamul-jam etgan edi; shu buyum uning yuragini kuydirib, mehrini joʻshdirib kelardi. Skripka uni oʻziga ohanraboday tortardi. Bir marta, faqat bir martagina uni qoʻliga olsa yoki unga yaqindan turib toʻyib qarasa mayliydi… Shugina fikrdan bolakayning jimitdak yuragi oʻynab, baxtdan qafasdagi qushchaday tipirchilab ketardi.
Bir kuni tunda bakovulning xonasida qimirlagan jon koʻrinmayotgandi. Janoblar allaqachon chet elda yallo qilib yurar edilar, uy huvillab yotar, bakovul esa oqshomni oqsochnikida oʻtkazmoqda edi. Otquloqlar orasiga berkinib olgan Yanko anchadan beri otashin xohishlarining moyasi boʻlmish skripkani lang ochiq eshikdan baralla koʻrib turardi. Osmonda toʻlin oy pirpirardi va uning nuri eshik tirqishiga qiyalab tushib, qarshidagi devorga oppoq, qorongʻilik ichidan yaqqol koʻrinib turuvchi toʻrtburchak shaklini solgandi. Mana shu oppoq toʻrtburchak shakl devor yoqalab siljiy-siljiy skripka osigʻliq turgan joyga tobora yaqinlashib kelardi va oxiri skripka har tomondan nurga chulgʻanib, zulmat qaʼridan suzib chiqdi. Shunda u qop-qorongʻi xonaning toʻrida xuddi kumush yogʻochdek yaraqlab ketdi; barcha boʻrtiqlaru nafis joylari shunaqangi qattiq charaqladiki, Yankoning koʻzlari bu charaqlashga dosh berolmadi. Ushbu sehrli yogʻduda hamma-hammasi: nafis boʻyin, torlar, dastaning egik joyi yaqqol koʻzga tashlanib turar edi, tilchalar oqarib koʻrinar va yaltiroq chuvalchanglarday yilt-yilt qilardi, shu zahoti ingichka kamoncha ham kumush ipday tovlanib ketdi…
Oh, hammasi shunday ajoyib, ertakdagidek jozibador edi! Yankoning nigohi ehtiros avjidan charaqlab ketdi.Otquloq yaproqlari orasida tirsaklarini ozgʻin tizzasiga tirab, ogʻzini ochgancha choʻkkalab oʻtirar ekan, u skripkani tomosha qilib toʻymayotganday. Qoʻrquv uni joyida ushlab turardi, noaniq yengilmas xohish olgʻa undardi. Bu nima, jodu deganlari shumi yo?! Yalt-yalt qilgan, begʻubor skripka, zulmat ichidan oldinga suzib chiqib, bola tomon yaqinlashib keladiganga oʻxshardi… shunda shakllar yana qorayib, qayta va qayta yaqin kelish uchun uzoqlashayotgandek edi. Moʻjiza, koʻz oldida roʻy berayotgan jodu! Shu payt shamol esdi, daraxtlar ohista shovulladi, otquloqning kengbar yaproqlari bir-biriga shap-shap urildi, Yankoning qulogʻi ostida kimdir eshitiladigan qilib ovoz berdi: “Bor, Yanko! U yerda hech kim yoʻq… Borsang-chi, Yanko!..”
Tun sokin, oydin edi. Boyning bogʻidagi koʻl ustida bulbul chah-chahlay va unday boshladi: “Bor, ol!” Dili pok lelek qushi shovqinsiz uning boshi uzra aylanardi: “Yoʻq, yoʻq! Yanko!” Biroq lelek uchib ketdi, bulbul esa qoldi, otquloq u yon-bu yon chayqalgancha oʻzicha mingʻirlar edi: “Hech kim yoʻq, hech kim yoʻq!” Skripka yana oldinga chiqib keldi, yaltiradi…
Choqqina bukri qiyofa ohista olgʻa harakat qildi, bu orada bulbul eshitilar-eshitilmas chah-chahlardi: “Bor, ol uni!”
Qop-qora yaproqlar yashirmagan oq koʻylak lang ochiq eshikdan sal berida qorayadi, kasalvand bolaning nafas olishi tezlashayotgani ostonadanoq quloqqa chalinadi. Yana bir lahza – va ostona ortida faqat bitta yalang bola oyoqchasi koʻrinadi. Hoy lelek, koʻngli pok qush, yana bir karra: “Yoʻq, Yanko, yoʻq!” deb uchib oʻtishing behuda ketdi-ya! Yanko xonaga kirib boʻlgandi.
Boy bogʻining qop-qora daraxt shoxlari tagidagi qoʻshni hovuzda baqalar baravariga sayray ketdi. Bulbul jim boʻldi, otquloq shatirlamayapti, shamol tingan… Bu orada Yanko tobora oldinga emaklab ketmoqda edi, biroq toʻsatdan uni dahshat chulgʻadi. Xuddi changalzorlar ichida tugʻilib oʻsgan yirtqichday. Otquloqlar orasida u oʻzini uydagidek his qilayotgandi, endi esa tuzoqqa tushib qolgan hayvonga oʻxshardi. U toʻxtab-toʻxtab harakat qilar, qisqa-qisqa, hushtakli nafas olardi, buning ustiga u qorongʻilik ichida paydo boʻlib qolgandi. Sharqdan kunbotishgacha osmon boʻylab sermalgan unsiz yoz chaqmogʻi xonani yana bir karra yoritib yubordi va unda Yanko boshini koʻtargancha skripka roʻparasida toʻrt oyoqlab turardi. Biroq chaqmoq oʻchdi, bulut oyni berkitdi va endi hech narsa koʻrinmay ham, eshitilmay ham qoldi…
Faqat bir daqiqadan keyin qorongʻilik ichidan past va mungli tovush otilib chiqdi, xuddi birov tarang torlarga tegib ketgan-u, birdan…
Aftidan xonaning qorongʻi burchagidan dagʻal, uyquli ovoz oʻshqirib dedi:
Yanko nafasini ichiga yutdi, biroq dagʻal ovoz takror yangradi:
Kimdir devorga ishqalab gugurt chaqdi, xona yorishdi, keyin esa… Eh Xudoyim-a! Soʻkish, zarbalar, bola yigʻisi, qichqiriqlar eshitildi: “Xudo haqqi!” It akilladi. Derazalarda chiroqchalar yugura boshladi, qoʻrgʻonda toʻs-toʻpolon, qiy-chuv koʻtarildi…
Ertasiga Yanko voyt huzurida sudda turardi.
Nahotki mushtday bolani oʻgʻrilikda ayblab sud qilishsa?.. Boʻlishi mumkin. Voyt va hakamlar unga qarashdi, bola barmogʻini ogʻziga solib ular oldida tik turardi, katta-katta ochilgan koʻzlarida qoʻrquv toʻla, ushoqqina, ozgʻin, kaltakdan ezilgan, hatto qayerdaligini ham, bu odamlarga undan nima kerakligini ham bilmaydi. Bor-yoʻgʻi oʻnga kirgan, madorsiz oyoqlarida bazoʻr turgan shunday bir jonni qanday sud qilish mumkin? Qamoqqa joʻnatish kerakmi?.. Qaydam! Bunday paytlarda bolalarga ozgina rahmdillik koʻrsatilsa, olam guliston. Uni qorovulning oʻziga topshirish kerak, vassalom, kichikroq darra bilan bir-ikki zarba tushirib jazolasa, bas, boshqa bunaqa nomaʼqulchilikka qoʻl urmaydigan boʻlib ketadi.
– Olib bor buni, esidan chiqmaydigan qilib savala.
Stax yirtqich hayvonga oʻxshash toʻnkanamo boshini irgʻab qoʻydi, xuddi mushuk bolasiday Yankoni qoʻltigʻiga qisib oldi va shiyponga olib ketdi. Bolapaqir yo unga nima boʻlganini bilmaganidan, yo qattiq qoʻrqib ketganidan boʻlsa kerak, churq etib ogʻiz ochmayotgandi, faqat qoʻlga tushgan qushchaday qarab turardi, xolos. Uni nima qilishlarini bilib ham nima qilardi. Faqat Stax shiyponda panjalari bilan uni quchoqlab, yerga choʻziltirib yotqizgan, koʻylagini koʻtargan va yelkasi boʻylab darra tushirgandagina Yanko chinqirib yubordi:
– Oyijon! – Qorovul darra tushiradi, u “oyijon” deydi, qorovul darra tushiradi, u “oyijon” deydi, shu taxlitda darra tushaveradi, oxiri darralar avvalgidek tushaverdi-yu, biroq bolaning qichqirigʻi eshitilmay qoldi. Yanko hushdan ketgan edi.
Sen ham oʻzingga yetgancha nodonsan-da, iflos Stax! Bolani ham shunaqa uradimi? Axir u ona suti ogʻzidan ketmagan, yosh bir bola-ku, oʻzi oyoqda zoʻrgʻa yurgan bir kasalvand jon!
Onasi keldi, bolani oldi, ammo uni uychaga qoʻlda koʻtarib ketmasa boʻlmasdi… Ertasi kuni Yanko oʻrnidan turmadi, uchinchi kuni kechqurun u qalin kanop mato ostida tinchgina joni uzilishini kutib yotardi.
Hovlidagi gilos shoxlarida qaldirgʻochlar vijir-vijir sayraydi, quyosh nuri derazadan tushib, bolaning toʻzgʻin jingalak sochlarini va qondan asar boʻlmagan oppoq yuzini yoritadi. Bu nur bamisoli egasini tark etayotgan bolaning joniga ochilgan yoʻl edi. Shukurki, jilla qurmasa endigina bola qalbiga yorqin nurlardan keng yoʻl ochildi, bu jonning hayot yoʻli haqiqatan ham haddan tashqari oʻydim-chuqurli yoʻl boʻldi. Bu orada suyaklari sanalib yotgan koʻkrak hali ham zaif nafasdan koʻtarilib tushmoqda edi, bolaning yuzidagi ifodadan shu narsa koʻrinib turardiki, u ochiq darchadan otilib kirayotgan qishloqdagi ovozlarni yutoqib tinglayotir.
Oqshom chogʻi edi, pichan oʻrimidan qaytayotgan qizlar qoʻshiq aytishardi: “Yam-yashil oʻtloqzorda!”, anhor tomondan esa nay navolari oqib kelardi. Qishloqning ne taxlit qoʻshiq kuylashini musiqachi Yanko soʻnggi marta tinglamoqda edi… Kanop mato ustida u bilan yonma-yon oʻzining taxta skripkasi yotardi…
Birdan bolaning chehrasi yorishdi va qonsiz lablari pichirlab dedi:
– Nima, bolajonim? – soʻradi onasi tomogʻiga tiqilgan yigʻini bazoʻr toʻxtatib…
– Oyijon! Narigi dunyoda oʻzimning skripkam boʻladimi?
– Boʻladi, bolajonim, boʻladi! – javob berdi onasi, biroq endi ortiq hech nima deya olmas edi, chunki uning koʻksidan achchiq, kuydiruvchi oʻt otilib chiqqandi: “E Xudoyim! Xudoyim!” Shunday deya ona koʻksi bilan sandiq ustiga quladi va telbalarcha yo boʻlmasa muhabbatini oʻlim changalidan tortib ololmagan odam kabi oʻkrab yigʻlab yubordi.
Ha, jigarbandini olib qololmadi, oʻrnidan turib, oʻgʻlining yuziga qaradi, kichkinagina musiqachining koʻzlari ochiq, ammo harakatsiz edi, yuzida esa qandaydir jiddiy va bamisoli mayus ulugʻvorlik muhri qotgandi. Quyosh nuri ham nari ketgandi.
Joying jannatda boʻlsin, Yanko!
Ertasi kuni janoblar Italiyadan oʻz qoʻrgʻonlariga qaytib kelishdi. Yosh bekach ham kuyovi bilan qaytib keldi. Kuyov kelinga dedi:
– Italiya juda goʻzal mamlakat ekanmi!
– Xalqini ayting – hammasi sanʼatkor. Ular ichidan isteʼdodlarini terib yordam berilsa, savob ish boʻlardi, – qoʻshimcha qildi bekach.
Yanko musiqachining qabri uzra qayinlar shovullardi.
Rus tilidan Amir Fayzulla tarjimasi
Генрик Сенкевич.Янко мусиқачи (ҳикоя)
У ёруғ оламга заиф ва нимжон бўлиб келганди. Кўзи ёриган аёл ётган скамейка ёнида ҳамдардлик ила тўпланган дугоналар мана шу она ва мана шу бола узра бош чайқар эдилар. Улар ичида энг ақлли бўлмиш темирчининг хотини Шиманиха тасалли сўзлари билан бемор хотинга мурожаат қилади.
– Келинг, – дейди у, – бошингизга шам ёқиб қўяй. Сизнинг энди, –дейди, – тўрингиздан гўрингиз яқин, охират сафарига тайёргарлик кўрсангиз, Тангри таолодан гуноҳларингизни мағфират этишини сўрасангиз яхши бўларди.
– Ҳа! – дейди бошқаси – Чақалоқни ҳозир чўқинтирган маъқул: Ксендзни кутиб ўтираверсак, бояқиш кокилсиз қолиб кетиши ҳеч гап эмас.
Шу гаплардан кейин аёл шамни ёқди, кейин болани қўлига олиб, унга сув сачратди, болакай афтини буриштиради, аёл эса муножот қила бошлади:
– Ота ва ўғил ҳаққига, авлиё ҳаққига сени чўқинтираман ва сенга Ян исмини бераман, энди эса, насроний болажоним, қаёқдан келган бўлсанг, ўша ёққа боравер. Омин!
Аммо насроний болажон “қаёқдан келган бўлса, ўша ёққа боришни” зинҳор-базинҳор истамасди ва умуман муштдеккина жисмни ташлаб кетишни ўйламаётган ҳам эди, балки шу жисмдаги қилтириқ оёқчалари билан тепиниб паст овозда, ачинарли оҳангда инграниб йиғлай бошлади, хотинлар бир-бирига қараб айтди: “Одам бўлиб одаммас, мушук бўлиб мушукмас, бу қанақа махлуқ бўлди экан-а?”
Ксендзга одам юборилди, Ксендз келди, ўзининг ишини қилди, кейин кетди; бемор хотин сал ўзига келди. Бир ҳафтадан кейин ишга ҳам чиқиб кетди. Бола базўр жон сақлаб юрибди, лекин ўлмай қолди, тўртинчи йил деганда танаси ердан узилиб, оёққа турди, сирқовланиб юра-юра, қоқила-суқила ўн ёшга ҳам етиб олди.
У аввалгидек қилтириқ эди-ю, лекин зуваласи пишиққина эди, юзлари ичига тортиб кетган-у, қорни ҳўппоз. Сочлари оппоқ, канопнинг ўзгинаси, пешонасидан осилиб тушиб, чақчайган кўзларини яшириб турарди, катта-катта очилган бу кўзлар қачон қарасанг олис-олисларга, номаълум ёқларга тикилган бўларди. Қишда болакай печка ортида ўтирарди, совуқдан тинмай шилқ-шилқ бурнини тортади, баъзида онаси ҳеч нима қолмаганидан қозонни сувга ташлаб қўйганида, бу ҳам танама тақдир қўйиб оч-наҳор ўтираверарди. Ёзда битта кўйлакда юрарди, бошига титиғи чиқиб кетган похол шляпани қўндириб оларди, шляпанинг тагидан у бошини юқорига кўтариб қараб турган қушчанинг ўзи бўларди-қўярди. Мунглуқ она бўлса ёт уяга тушиб қолган қалдирғочдай Худонинг бермиш куни елка қисиб юрарди, ҳа, у ўғлини ёмон кўрарди дейиш инсофдан эмас, минг қилса ҳам ичидан чиққан чаён-да. Аммо уни тез-тез уриб турарди ва кўпинча уни “адашиб келиб қолган” деб айтарди. Саккизга кирганида кичкина Ян подачилик қилиб, мол боққани чиқар ёки уйда егулик ҳеч нарса қолмаганида ўрмонга бориб, замбуруғ териб келарди. У ерда нечук бўриларга ем бўлиб кетмади – бу ёғи бир Худога маълум!
Меровликда унинг олдига тушадигани йўқ эди, одатдаги қишлоқ болаларига ўхшаб, бировлар билан гаплашаётганида у кўрсатгич бармоғини оғзига тиқиб оларди. Унинг “одам” бўлишига ҳеч кимнинг кўзи етмасди, қийин-қийин – онага қийин, ахир ёруғ дунёда суянадиган шундан бошқа кими бор? Чунки “бола – бошидан” деганларидай, бунинг бирон-бир касб-ҳунарга ҳавас-рағбати сезилмас эди! Аммо бир нарсага суяги йўқ эди – ўйин деса ўзини томдан ташларди. Ҳар ёқдан унга қанақадир товушлар эшитиларди, эсини танибдики, аҳвол шу: хаёли ёт товушларда – шундан бошқа ҳеч нарсани ўйламасди ҳам. Ўрмонга сигир ўтлатгани ёки тенгқурлари билан замбуруғ тергани борганда ҳам икки қўлини бурнига тиқиб қайтарди, бу ҳам етмагандай тили чучукланиб нима дерди денг:
– Ойи, ойи, биёв ўймонда нуқул куй чолоди. Бий эшитмайсизми бойиб?
– Куйингни чалдириб қўяман сенинг, шошмай тур!
Гоҳо онаси бошига чўмич билан солиб қоларди. Болакай чийиллаб, “Бошқа ундай қилмайман, бошқа ундай қилмайман!”, деб ваъда берарди-ю, хаёлида фақат бир нарса бўларди: “Ўймонда биёв нуқул куй чолоди!”. Оқшомлари қоронғи тушса ҳам тиниб-тинчимаган қишлоқ одамларининг гапларини жон қулоғи билан тингларди, унга одамлар гўё гаплашяпти эмас, концерт қўйиб бераётгандай туюларди. Ҳатто ишда ҳам, далага гўнг сочар экан, у шамолнинг ёғоч паншаха тишларига урилиб чиқарган овозини берилиб тингларди.
Бир куни ишбоши унинг шамолда сочлари тўзиб, тик турганча жон қулоғи билан паншаха тишларидан чиқаётган овозни тинглаётганини кўриб қолди. Кўрди-ю, дарҳол белидаги камарини ечиб, болани обдон савалади – яхши куйдан олган завқига “мукофот”. Аммо қаёқда дейсиз! Шу-шу, одамлар уни “мусиқачи Янко!” деб чақирадиган бўлишди. Баҳор келиши билан у тол пўстлоғидан най ясагани анҳор бўйига чопарди, кечқурун эса кўлдаги бақалар барчаси жўрликда тантанали қўшиқларини бошлаб юборганида, ўтлар орасида тартар қуш сайраганда, йирик қўнғизлар ғўнғиллаётганида, девор устига жойлашиб олган хўрозлар қишлоқнинг ҳар жойидан бонг ура бошлаганда мусиқачи Янконинг кўзларидан уйқу қочарди, бу шовқин-суронда у қанақа мусиқа тинглаётганини бир унинг ўзию Худо биларди… Онаси уни костёлга олиб бормай қўйганди, борган вақтларида эса арғанун нола қилиши ёки кишилар жўрликда ширин овоз билан илоҳий қўшиқни куйлай бошлаши билан боланинг кўз олдини туман қопларди. Худди оламни энди кўриб тургандай, атрофга олазарак жавдирарди. Тунги қўриқчиликда қишлоқ айланиб юрган ва уйқусини ҳайдаш учун юлдуз санаган ёки итлар билан суҳбатлашган қоровул оқ кўйлакли мусиқачининг ҳеч кимга билдирмай қовоқхона томонга ўтганини бир эмас, бир неча бор пайқади. Бироқ бола қовоқхонага кирмасди, албатта, – у фақат девор олдига эмаклаб борарди-да, ёнбошлаб ва нафасини ичига ютиб, тингларди. Ичкарида қувноқ куй янграрди, ора-сира ўсмир йигит “Бўш келма!” – деб қичқириб қўярди, кетидан пошналар ишга тушиб кетар, қизлар бараварига жавоб қайтарар эдилар. Скрипкалар паст овозда майингина қилиб, “Бу дунёда еб-ичиб қолинг, қувнанг, яйранг, кўнгилни олинг”, – деб шўх-шан қўшиқ айтса, контрабас ўзининг йўғон овозида сиполик билан: “Худо хоҳласа! Худо хоҳласа!” – деб қўшимча қиларди. Деразадан ёзги тун қўйнига чарақлаган чироқ нурлари тошиб чиқар ва қовоқхона полининг барча тахталари титрар, эгилар ва ғичирлаб қўшиқ айтарди… Мусиқачи Янко эса тинглагани сайин тинглагиси келарди!..
“Бу дунёда еб-ичиб қолинг, қувнанг, яйранг, кўнгил олинг!” – дея майин овозда куйлаётган мана шу скрипка учун, мана шу жаранглаб куйловчи тахтачалар учун Янко нима сўрасалар беришга тайёр эди. Ҳа, чинакам мўъжиза – бу тахтачаларни қаердан олишаркин ва бу скрипкаларни қаерда ясашаркин?! Эҳ, унга бир марта, фақат бир мартагина шунга ўхшаш чолғуни ушлаб кўришга беришсайди. Қайдам!.. У фақат тинглай оларди, холос ва тун қоронғуси ичидаги қўриқчининг овози янграмагунча тинглайверарди:
– Уйингга бормайсанми, ҳой саҳархез!
Бола ирғиб турди-да, яланг оёқлари билан қоронғилик қўйнида пилдираб юриб кетди, орқадан эса скрипканинг: “Бу дунёда еб-ичиб қолинг, қувнанг, яйранг, кўнгилни олинг,” – деб, контрабаснинг сиполик билан қўшиб айтган: “Худо хоҳласа! Худо хоҳласа!” қўшиғи қулоғига келиб уриларди.
Тўйдами ёки ҳосил байрамидан кейинми, яхши кўрган скрипкаларининг овозини тинглаганида Янконинг чекига катта байрам тушарди. Шундай байрамлардан кейин у печка ортига беркиниб оларди-да, мушукникидай чақноқ кўзлари билан қоронғилик ичидан қараганча кун бўйи чурқ этмай ўтираверарди. Бир амаллаб у ўзига тахтача ва от қилидан скрипкача ясаб олди, аммо у қовоқхонада чийиллаётганларга ўхшатиб бинойидек чалишни уддасидан чиқмади; унинг скрипкасининг овози паст эди, шунчалик пастки, худди пашша ёки чивин ғинғиллаётгандек. Бироқ у шу скрипкани эрта тонгдан қора кечгача чаларди, ҳолбуки бунинг учун у озмунча тепкилар емади ва охири уриб-уриб пўла қилиб ташланган ғўра олмага ўхшаб қолди. Кўриб, ўзингиз тан бераверасиз: болакай тобора озиб бормоқда эди, фақат қорни хўппайгани-хўппайган, оқ сочлари бадтар қуюқлашиб кетганди, кўзлари аввалгидан ҳам кучлироқ чақчайган, уларда мудом болаларча ёш ўйнаб турарди. Юзи ва кўкраклари тобора ичига ботиб борарди…
У бошқа болаларга сира ўхшамасди, кўпроқ паст, қулоққа базўр чалинувчи овоз чиқарадиган чирик тахтачадан ясаган ўзининг скрипкасига ўхшарди. Қолаверса, ҳар йили баҳорга яқин у очликдан бутунлай ўзини олдириб қўярди, чунки бу вақтда ўзини хом сабзи билан қаноатлантиришига тўғри келар, ҳамда ҳақиқий қўлбола скрипкали бўлиш орзусига бериларди.
Шўрлик болакайга бу орзулар яхшилик келтирмади!
Бойнинг ҳовлисидаги баковулнинг бир скрипкаси бор эди ва у скрипкани қош қорайганда оқсоч панининг кўнглини оғдириш истагида ғийтиллатар эди. Чолғуни яқиндан мириқиб кўриб олиш учун Янко гоҳ-гоҳ қалин отқулоқлар орасига эмаклаб борарди. Скрипка эса деворда, эшигининг шундоқ рўпарасида осиғлиқ турарди. Бечора бола бутун жону дилини мана шу ҳар кимга насиб қилавермайдиган, унинг қўлининг учи ҳам тегиши мумкин бўлмаган ёмбига қадалган кўзларида жамул-жам этган эди; шу буюм унинг юрагини куйдириб, меҳрини жўшдириб келарди. Скрипка уни ўзига оҳанрабодай тортарди. Бир марта, фақат бир мартагина уни қўлига олса ёки унга яқиндан туриб тўйиб қараса майлийди… Шугина фикрдан болакайнинг жимитдак юраги ўйнаб, бахтдан қафасдаги қушчадай типирчилаб кетарди.
Бир куни тунда баковулнинг хонасида қимирлаган жон кўринмаётганди. Жаноблар аллақачон чет элда ялло қилиб юрар эдилар, уй ҳувиллаб ётар, баковул эса оқшомни оқсочникида ўтказмоқда эди. Отқулоқлар орасига беркиниб олган Янко анчадан бери оташин хоҳишларининг мояси бўлмиш скрипкани ланг очиқ эшикдан баралла кўриб турарди. Осмонда тўлин ой пирпирарди ва унинг нури эшик тирқишига қиялаб тушиб, қаршидаги деворга оппоқ, қоронғилик ичидан яққол кўриниб турувчи тўртбурчак шаклини солганди. Мана шу оппоқ тўртбурчак шакл девор ёқалаб силжий-силжий скрипка осиғлиқ турган жойга тобора яқинлашиб келарди ва охири скрипка ҳар томондан нурга чулғаниб, зулмат қаъридан сузиб чиқди. Шунда у қоп-қоронғи хонанинг тўрида худди кумуш ёғочдек ярақлаб кетди; барча бўртиқлару нафис жойлари шунақанги қаттиқ чарақладики, Янконинг кўзлари бу чарақлашга дош беролмади. Ушбу сеҳрли ёғдуда ҳамма-ҳаммаси: нафис бўйин, торлар, дастанинг эгик жойи яққол кўзга ташланиб турар эди, тилчалар оқариб кўринар ва ялтироқ чувалчанглардай йилт-йилт қиларди, шу заҳоти ингичка камонча ҳам кумуш ипдай товланиб кетди…
Оҳ, ҳаммаси шундай ажойиб, эртакдагидек жозибадор эди! Янконинг нигоҳи эҳтирос авжидан чарақлаб кетди.Отқулоқ япроқлари орасида тирсакларини озғин тиззасига тираб, оғзини очганча чўккалаб ўтирар экан, у скрипкани томоша қилиб тўймаётгандай. Қўрқув уни жойида ушлаб турарди, ноаниқ енгилмас хоҳиш олға ундарди. Бу нима, жоду деганлари шуми ё?! Ялт-ялт қилган, беғубор скрипка, зулмат ичидан олдинга сузиб чиқиб, бола томон яқинлашиб келадиганга ўхшарди… шунда шакллар яна қорайиб, қайта ва қайта яқин келиш учун узоқлашаётгандек эди. Мўъжиза, кўз олдида рўй бераётган жоду! Шу пайт шамол эсди, дарахтлар оҳиста шовуллади, отқулоқнинг кенгбар япроқлари бир-бирига шап-шап урилди, Янконинг қулоғи остида кимдир эшитиладиган қилиб овоз берди: “Бор, Янко! У ерда ҳеч ким йўқ… Борсанг-чи, Янко!..”
Тун сокин, ойдин эди. Бойнинг боғидаги кўл устида булбул чаҳ-чаҳлай ва ундай бошлади: “Бор, ол!” Дили пок лелек қуши шовқинсиз унинг боши узра айланарди: “Йўқ, йўқ! Янко!” Бироқ лелек учиб кетди, булбул эса қолди, отқулоқ у ён-бу ён чайқалганча ўзича минғирлар эди: “Ҳеч ким йўқ, ҳеч ким йўқ!” Скрипка яна олдинга чиқиб келди, ялтиради…
Чоққина букри қиёфа оҳиста олға ҳаракат қилди, бу орада булбул эшитилар-эшитилмас чаҳ-чаҳларди: “Бор, ол уни!”
Қоп-қора япроқлар яширмаган оқ кўйлак ланг очиқ эшикдан сал берида қораяди, касалванд боланинг нафас олиши тезлашаётгани остонаданоқ қулоққа чалинади. Яна бир лаҳза – ва остона ортида фақат битта яланг бола оёқчаси кўринади. Ҳой лелек, кўнгли пок қуш, яна бир карра: “Йўқ, Янко, йўқ!” деб учиб ўтишинг беҳуда кетди-я! Янко хонага кириб бўлганди.
Бой боғининг қоп-қора дарахт шохлари тагидаги қўшни ҳовузда бақалар бараварига сайрай кетди. Булбул жим бўлди, отқулоқ шатирламаяпти, шамол тинган… Бу орада Янко тобора олдинга эмаклаб кетмоқда эди, бироқ тўсатдан уни даҳшат чулғади. Худди чангалзорлар ичида туғилиб ўсган йиртқичдай. Отқулоқлар орасида у ўзини уйдагидек ҳис қилаётганди, энди эса тузоққа тушиб қолган ҳайвонга ўхшарди. У тўхтаб-тўхтаб ҳаракат қилар, қисқа-қисқа, ҳуштакли нафас оларди, бунинг устига у қоронғилик ичида пайдо бўлиб қолганди. Шарқдан кунботишгача осмон бўйлаб сермалган унсиз ёз чақмоғи хонани яна бир карра ёритиб юборди ва унда Янко бошини кўтарганча скрипка рўпарасида тўрт оёқлаб турарди. Бироқ чақмоқ ўчди, булут ойни беркитди ва энди ҳеч нарса кўринмай ҳам, эшитилмай ҳам қолди…
Фақат бир дақиқадан кейин қоронғилик ичидан паст ва мунгли товуш отилиб чиқди, худди биров таранг торларга тегиб кетган-у, бирдан…
Афтидан хонанинг қоронғи бурчагидан дағал, уйқули овоз ўшқириб деди:
Янко нафасини ичига ютди, бироқ дағал овоз такрор янгради:
Кимдир деворга ишқалаб гугурт чақди, хона ёришди, кейин эса… Эҳ Худойим-а! Сўкиш, зарбалар, бола йиғиси, қичқириқлар эшитилди: “Худо ҳаққи!” Ит акиллади. Деразаларда чироқчалар югура бошлади, қўрғонда тўс-тўполон, қий-чув кўтарилди…
Эртасига Янко войт ҳузурида судда турарди.
Наҳотки муштдай болани ўғриликда айблаб суд қилишса?.. Бўлиши мумкин. Войт ва ҳакамлар унга қарашди, бола бармоғини оғзига солиб улар олдида тик турарди, катта-катта очилган кўзларида қўрқув тўла, ушоққина, озғин, калтакдан эзилган, ҳатто қаердалигини ҳам, бу одамларга ундан нима кераклигини ҳам билмайди. Бор-йўғи ўнга кирган, мадорсиз оёқларида базўр турган шундай бир жонни қандай суд қилиш мумкин? Қамоққа жўнатиш керакми?.. Қайдам! Бундай пайтларда болаларга озгина раҳмдиллик кўрсатилса, олам гулистон. Уни қоровулнинг ўзига топшириш керак, вассалом, кичикроқ дарра билан бир-икки зарба тушириб жазоласа, бас, бошқа бунақа номаъқулчиликка қўл урмайдиган бўлиб кетади.
– Олиб бор буни, эсидан чиқмайдиган қилиб савала.
Стах йиртқич ҳайвонга ўхшаш тўнканамо бошини ирғаб қўйди, худди мушук боласидай Янкони қўлтиғига қисиб олди ва шийпонга олиб кетди. Болапақир ё унга нима бўлганини билмаганидан, ё қаттиқ қўрқиб кетганидан бўлса керак, чурқ этиб оғиз очмаётганди, фақат қўлга тушган қушчадай қараб турарди, холос. Уни нима қилишларини билиб ҳам нима қиларди. Фақат Стах шийпонда панжалари билан уни қучоқлаб, ерга чўзилтириб ётқизган, кўйлагини кўтарган ва елкаси бўйлаб дарра туширгандагина Янко чинқириб юборди:
– Ойижон! – Қоровул дарра туширади, у “ойижон” дейди, қоровул дарра туширади, у “ойижон” дейди, шу тахлитда дарра тушаверади, охири дарралар аввалгидек тушаверди-ю, бироқ боланинг қичқириғи эшитилмай қолди. Янко ҳушдан кетган эди.
Сен ҳам ўзингга етганча нодонсан-да, ифлос Стах! Болани ҳам шунақа урадими? Ахир у она сути оғзидан кетмаган, ёш бир бола-ку, ўзи оёқда зўрға юрган бир касалванд жон!
Онаси келди, болани олди, аммо уни уйчага қўлда кўтариб кетмаса бўлмасди… Эртаси куни Янко ўрнидан турмади, учинчи куни кечқурун у қалин каноп мато остида тинчгина жони узилишини кутиб ётарди.
Ҳовлидаги гилос шохларида қалдирғочлар вижир-вижир сайрайди, қуёш нури деразадан тушиб, боланинг тўзғин жингалак сочларини ва қондан асар бўлмаган оппоқ юзини ёритади. Бу нур бамисоли эгасини тарк этаётган боланинг жонига очилган йўл эди. Шукурки, жилла қурмаса эндигина бола қалбига ёрқин нурлардан кенг йўл очилди, бу жоннинг ҳаёт йўли ҳақиқатан ҳам ҳаддан ташқари ўйдим-чуқурли йўл бўлди. Бу орада суяклари саналиб ётган кўкрак ҳали ҳам заиф нафасдан кўтарилиб тушмоқда эди, боланинг юзидаги ифодадан шу нарса кўриниб турардики, у очиқ дарчадан отилиб кираётган қишлоқдаги овозларни ютоқиб тинглаётир.
Оқшом чоғи эди, пичан ўримидан қайтаётган қизлар қўшиқ айтишарди: “Ям-яшил ўтлоқзорда!”, анҳор томондан эса най наволари оқиб келарди. Қишлоқнинг не тахлит қўшиқ куйлашини мусиқачи Янко сўнгги марта тингламоқда эди… Каноп мато устида у билан ёнма-ён ўзининг тахта скрипкаси ётарди…
Бирдан боланинг чеҳраси ёришди ва қонсиз лаблари пичирлаб деди:
– Нима, болажоним? – сўради онаси томоғига тиқилган йиғини базўр тўхтатиб…
– Ойижон! Нариги дунёда ўзимнинг скрипкам бўладими?
– Бўлади, болажоним, бўлади! – жавоб берди онаси, бироқ энди ортиқ ҳеч нима дея олмас эди, чунки унинг кўксидан аччиқ, куйдирувчи ўт отилиб чиққанди: “Э Худойим! Худойим!” Шундай дея она кўкси билан сандиқ устига қулади ва телбаларча ё бўлмаса муҳаббатини ўлим чангалидан тортиб ололмаган одам каби ўкраб йиғлаб юборди.
Ҳа, жигарбандини олиб қололмади, ўрнидан туриб, ўғлининг юзига қаради, кичкинагина мусиқачининг кўзлари очиқ, аммо ҳаракатсиз эди, юзида эса қандайдир жиддий ва бамисоли маъюс улуғворлик муҳри қотганди. Қуёш нури ҳам нари кетганди.
Эртаси куни жаноблар Италиядан ўз қўрғонларига қайтиб келишди. Ёш бекач ҳам куёви билан қайтиб келди. Куёв келинга деди:
– Италия жуда гўзал мамлакат эканми!
– Халқини айтинг – ҳаммаси санъаткор. Улар ичидан истеъдодларини териб ёрдам берилса, савоб иш бўларди, – қўшимча қилди бекач.