Kanbayasi Gyo. Atirgul o‘g‘risi
Кирилл ёзувидаги матн пастроқда
Maktab darvozasining shundoqqina oldida ochilgan gulbargi qirmizrang yagona atirgul bir oqshomda yo‘qoldi-qoldi. Gulni pichoq bilan ehtiyotlab qirqib olishmagandi, yo‘q, uni allakimningdir beshafqat qo‘li shart uzgan. Nozik shoxchadagi o‘sha yer allaqachon qoraya boshlagan, bir necha chumolilargina bandning tepa-pastiga behalovat yugurishardi.
Subhi kozibdan maktabda qattiq shovqin ko‘tarildi. Direktor o‘quvchilarni to‘pladi, juda iztirobda edi u: axir mana shu bolalar gulgun chechakni tunu kun astoyidil parvarishlari lozim edi-da. Qanday qilib o‘g‘irlatib qo‘ydilar-a?! Jonli tabiatni suymasliklari yetmagandek, jonajon maktablariga ham loqayd ekanlar-ku…
Deyarli yigirma daqiqa davom etgan nasihatlaridan so‘ng direktor atirgulni o‘g‘irlagan o‘sha nobakorni chorladi – xo‘sh, endi atirgulni o‘rniga qo‘yib bo‘larmidi – kelib sinf rahbariga aybini tan olsin, vassalom.
Rostini aytganda, shahar chetidagi bu maktab o‘zining olcha bog‘i bilan dong‘i ketgandi. Maktab binosi atrofini ellikka yaqin og‘och qoplagan. Har yil navbatdagi qaldirg‘ochlarga bag‘ishlangan tadbirga taklif etilgan mehmonlar qorday o‘ynab to‘kilayotgan oppoq olcha gullariga tikilib, maktab devorlarini tark etayotgan o‘spirinlarga oq yo‘l tilashardi. Bu vaqtda hamma daraxtlar, yosh navnihollar ham, qari og‘ochlar ham, shukuhli bahor libosida bo‘lardi. Keyin alvon mevalar bog‘ga to‘shama bo‘lar, chirs-chirs etib oyoq ostiga to‘kilardi. Biroq maktab atrofida olchadan bo‘lak og‘och yo‘q, shu bois darvoza oldiga shu navnihol atirgulni o‘tkazishga qaror qilib edilar. U o‘zining ilk, yagona g‘unchasini ochganda esa hamma uni eʼzozlab, zavqlanib tomosha qiladigan bo‘ldi. Mana, to‘satdan atirgul yo‘qoldi – bu og‘ir, qaytarib bo‘lmas yo‘qotish edi.
Kun bo‘yi muallimlar xonasida bo‘lib o‘tgan voqea muhokama qilindi. O‘quvchilar ham turli-tuman gumonlar to‘qib-bichishardi. Ammo ularning birortasi muallimi oldiga kelib: «Ustoz, atirgulni men o‘zgandim», – demadi.
Kechagina gulgun atirgul porlab turgan butoq, xuddi go‘dak kattalarga boshini orqaga tashlab qaragandek, olamga hayron nazar tashlar, endi uni qurt-qumursqa ham tark etgandi.
O‘quvchiyu muallimlar maktabga kirar ekanlar, o‘zlarini so‘roqqa tutar edilar: «Qayerga ketishi mumkin-a? Mana, ertaga tag‘in oftob nur sochadi, gulbarglarida shabnam qatralari yarqiragan atirgul esa endi yo‘q…»
Ushbu atirgul Seniti degan o‘quvchining uyida, aniqrog‘i, uning kichik singlisi Yumiening ko‘ksida so‘lib yotardi. Besh yashar qizaloq otasining yo‘l-yo‘l kimonosiga o‘ralib, yirtiq-sirtiq bo‘yra ustida uxlardi. Otasining kiyimiga shunaqangi o‘ralvolgandiki, qo‘l va oyoqlari ham o‘sha yo‘l-yo‘l mato qatlarida ko‘rinmay ketgandi. Rosti, kimano allaqachon qandaydir noaniq kirchimol rangga kirib qolgan, taramlari ham bilinar-bilinmas edi.
Xonadonda tunlari na kerosin chiroq, na shag‘am yonar, elektr haqida-ku so‘z bo‘lishi mumkin emas. Hozir kun bo‘lishiga qaramay, kulba ichi qorong‘u – omonat g‘ira-shirada atirgul yorqin, bayramona jilvalanardi. Ammo so‘liy boshlagani tufayli jilvasi ham asta-sekin zaiflashib bormoqda edi.
Beshinchi sinf o‘quvchisi Seniti uyiga yugurdi. Muallim va o‘rtoqlari qiyofasi ko‘ngliga hadik solib, kela-kelguncha taʼqib qilgan, shu bois oyog‘ini qo‘liga olib chopgandi. Uyga kirganida singlisi ko‘ksida yotgan gul bir lahzaga yorishib ketgandek tuyildi. Senitining boshi zirqirab ketdi. O‘g‘irlangan atirgulga yovqarash qilib, Yumiening tepasiga bordi. Qizaloq ko‘zlarini katta-katta ochdi. Uning shishib ketgan, qip-qizil yuzi, ko‘zmunchoq ko‘zlari g‘adir-budur batat tugunagini eslatardi. Bir kuni qo‘shni qishloqda sayyor tomosha uchun bola yig‘ishayotgan ekan, Yumie har qancha o‘zini ko‘rsatishga harakat qilmasin, uni olishmadi. Yuzi shunaqa tomoshalarga ham to‘g‘ri kelmasdi.
Akasi yoniga o‘tganda uxlamas, shunchaki ko‘zini yumib yotgandi. Ko‘zlarini doim ochib yurishga quvvati yetmasdi uning.
– Bermayman! Bermayman! – dedi Yumie ulkan kimono ichiga kirib ketarkan.
Biroq Seniti atirgulni changallab oldi. Birin-ketin hamma gulbarglarni uzib, g‘ijimlab qorong‘i dahlizga uloqtirdi. Yumie akasining qilmishini mayus kuzatib turdi. Keyin allaqanday tez ovunib ko‘zini yumdi. Kecha oqshom Seniti atirgulni keltirganda quvonchdan qovoqlari pir-pir uchgandi. Bugun o‘sha shodlik yo‘qolib, qovoqlar tag‘in ko‘zlar ustiga toshdek bosildi. Xona to‘ridagi devor tagida uvada odeyal ichidan Kixati – bolalarning otasi yo‘taldi. U bo‘g‘riqib yo‘talar, og‘zidan tupuk sachrardi. Kixati o‘g‘liga nari-beridan ko‘z tashladi-yu, indamadi. Seniti xatjildini burchakka itqitdi-da, Yumie va Tosiening o‘rtasidagi o‘ringa o‘zini otdi. Tosie yetti yashar. Ikkala qizaloq ham doim och-nahor yurishadi. Yumie kartoshkaga o‘xshab shishib ketdi, Tosie esa cho‘pdek bo‘lib qoldi. Bu faqat ochligidan emasdi, Tosie doim itlardan hadiksirab yurardi. Mabodo ko‘chaga chiqqudek bo‘lsa, atrofga alang-jalang qarar, itlar tashlanib qolmasin deb ko‘ngli alag‘da edi. Tunlari qo‘rqib o‘rnidan sakrab turar, «It, it kelyapti» deb qalt-qalt titrardi.
Ikkalasi daryoga borganlarida, Seniti odatda qarmoq va xo‘rak solingan bonkani ko‘tarar, Tosie esa baliq uchun kajava olvolardi. Keyin Seniti o‘zidan katta so‘qa bilan yerdan chuvalchang kavlar, Tosie uning yonida bonka tutib, cho‘kkalab o‘tiradi.
Tosie ham uvadaga o‘ralib uxlayotgandi. Seniti uning ustidagi odeyalni tortib, o‘zi yopinib oldi. Hali kun botishiga ancha vaqt bo‘lishiga qaramay, uxlagisi keldi. Ochlikdan ko‘ngli ozurda bo‘lib ketgandi. Bugun tushlik qilmadi, kechkilik ham bo‘lmaydigan ko‘rinadi.
Oqshom cho‘kdi. Bolalar qunishib yotishibdi. Nihoyat Kixati to‘shagidan o‘rmalab turib, shirin kartoshka qaynatdi. Uyda bir kaftgina ham guruch qolmagan.
Kixati ashaddiy ishyoqmas sifatida nom chiqargan – zarracha mubolag‘a emasdi bu, hatto Kixatining o‘zi ham rad qilmasdi. Ayniqsa hozir. O‘tgan yil yozda ayoli – mehnatkash Oyufu o‘lib qoldi. O‘shandan so‘ng Kixati ikkisi uchun ham o‘zini ishga urishi lozim edi, biroq u butkul qobig‘iga o‘ralib oldi.
Baribir odamlar allaqanday adolatsiz-da. Axir Kixatining chap qo‘lida bir barmog‘i yetishmaydi – o‘rtanchasi yo‘q. G‘o‘labirday, chorpaxil bu kishining qonida jununvashlik bor. Kallasida doim allaqanday og‘ir xayol bo‘ladi. Hamisha qorni og‘riydi. Shuning uchun doim ham qo‘li ishga boravermaydi. Kixati o‘ttiz yoshigacha o‘sha mahallar o‘zlariga tegishli bo‘lgan tomorqada ishlardi. Hozir yoshi qirqqa borib qoldi, yerni esa boshqalarga ijaraga berib yuborgan. Ayolining o‘limidan so‘ng u kunlarini uxlab o‘tkazadigan bo‘ldi. Oxir-oqibat mana, to‘rttalasi – o‘zi bilan uch bolasi ochlikdan o‘lar ahvolga kelib qolishdi. Batatdan bo‘lak yemishlari yo‘q. Baʼzida qarindoshlaridan birortasi ozgina guruch keltirar, qo‘shnilari ipak qurti g‘umbagi chiqarib turar, ularni soyada qaynatib yeyishardi. Yana tuxum beradigan tovuqlari bor. Har kuni Seniti tuxum yig‘ib, qandolat do‘koniga eltardi. Qandolatchiga shirinlik tayyorlash uchun tuxum kerak. Tuxumning o‘rniga bolaga “Kavarasembey” va “Makimoti” berishardi. Yemish uyda hammaga birdek bo‘linardi. Kixotining yana bir kirim manbai bor: to‘qimachilik fabrikasida ishlaydigan o‘n besh yashar qizi Fudzie oyiga besh marta kam-kamdan pul jo‘natib turadi. Qizining o‘sha sariq chaqalari to‘rtovlonni hayotga bog‘lab turgan yagona rishta edi.
Baʼzida, Kixati, to‘shagida o‘ralib yotarkan, yigitligini eslaydi. Juda xushchaqchaq yigit bo‘lgan. Uchiga pushtirang marjon tikilgan qirmizi shoyi belbog‘ bog‘lar, belbog‘ ustida esa tovus patidan ishlangan jevak osilib turardi. Yomg‘irli kunlar “Ilonko‘z” – soyabonini olvolar, oyog‘iga tok bargi suvrati tushirilgan charm paypoq ustidan ayollar getasini ilib ko‘chaga chiqardi. Doim qo‘ynida «Goro Masamunening o‘g‘illik burchi» degan ajabtovur hikoyatlar kitobi bo‘lardi. Chindan juda xushchaqchaq edi. Ammo o‘sha xushchaqchaqlikda ham allaqanday noxushlik yashirin edi. Chinakamiga shodumon umrguzaronlik qilishi uchun nimadir yetishmasligini his etardi. Shunday paytlarda u jo‘rttaki oliftagarchilik ortida jismoniy qusurini berkitishga urinardi. Bu g‘ayrat, kayfiyat shunaqangi yasama ko‘rinardiki, buni Kixatining barmog‘i o‘rnidagi g‘o‘lachaga zarhallangan uzuk taqishidan payqasa bo‘lardi.
Kixati bug‘i chiqib turgan kartoshkalarni bir-bir idishga soldi-da, bolalarni turtkiladi. Bolalar sudrala-sudrala ovqatga yaqin kelishdi, ota esa yana to‘shagiga kirib ketdi.
Ertasi kuni Senitini darsdan keyin olib qolishdi. Qarshisida sinf rahbari Matsubaru turardi. Atirgulni kim o‘marganini bilib qolishibdi. Muallim xakamada yurar, yiringlab ketgani bois qulog‘iga paxta tiqib olgandi. Seniti bir muallimiga, bir devorga osib qo‘yilgan rus-yapon urushidan o‘lja – zanglagan to‘pga tikildi. Birinchi marta o‘qituvchilar xonasiga chaqirilishi emas. Bir marta qo‘lida tuxum solingan kajava ko‘tarvolgan Sukesanni itarib yuborganida chaqirishgandi, o‘shanda o‘ttiztacha tuxum yer bilan bitta bo‘lgan. Sirasini aytganda, Sukesan deganlari imillagan, beo‘xshov edi, bolalar uni tentak deyishardi ham. Xullasi, o‘sha lanj shikoyat qilibdi… Boshqa safar mana bunday bo‘lgandi: yo‘l yoqasiga yuvilgan turpni quritgani terib qo‘yishgan ekan. Senitining havasi kep ketti, hozirgina husnixat darsidan chiqib kelayotgandi – turplardan bir necha iyeroglif yasadi: «Erkak, ayol, erkak, ayol…»
Senitining qarshisidagi peshonasi tirishgan muallim Matsubaru dafʼatan uning boshiga gavron bilan tushirib qoldi. Bola gandiraklab ketdi. Ko‘zida yosh o‘ynadi.
– Atirgulni sen o‘g‘riladingmi?
– Ha, – dedi bola darhol bo‘yniga olib.
O‘sha kecha Seniti qarmoqqa bambuk kesgani borgandi. Qaytayotib maktab oldidan o‘tdi, shunda atirgulni o‘zi bilan olib ketgisi keldi. O‘zi uchun emas. Gulni uyda yotgan kasal Yumiega berishni istagandi. Ayanchli kulbalari uning ko‘nglida yorqin ranglarga nisbatan qondirib bo‘lmas ehtiyoj uyg‘otgan, shuning uchun atirgulni olgan. Seniti titrab-qaqshab gulni uzdi. Ammo kimdir uning o‘g‘rincha maktabdan chiqqanini, shoshib-pishib uyiga yugurganini ko‘rib qolibdi.
– Guruchli sharchami, qovirilgan guruchmi keltirsam, ko‘proq shodlanardi.
Endi Matsubaruning ko‘z o‘ngida atirgul o‘g‘risi – shumtaka Seniti emas, och-nahor Seniti gavdalandi.
– Qo‘shni ayol bir ozgina qovirilgan guruch bergandi.
– Qorning ochgan bo‘lsa kerak?
Kirtayib ketgan ko‘zlari ustidagi do‘ng peshonasi odatda Senitining yuziga qaysarona ifoda berar, ammo hozir yanayam mayus ko‘rinardi. Agar ustidagi kiyim-kechagi yechib tashlansa, botiq ko‘kragi va shishgan qursog‘i ko‘zga tashlanadi. Ertalabki yo‘qlama mahali ko‘p bora hushidan ketib qolgan, axir kuni bo‘yi qorni to‘yib ovqat yemasdi ham. «Seniti, biron nima yevoldingmi?» deya och-nahor, g‘amgin ahvolda maktabga shoshilayotgan bolani qarshilashardi qo‘shni ayollar.
– Yo‘q, – derdi Seniti mayus boqib.
Keyin ayollar uni uylariga chaqirib olib, piyolachada guruch berishardi. To‘g‘ri, faqat bir martagina bu savolga u shosha-pisha: «Ha, yedim» – deb javob bergandi. Ammo so‘nggi paytlarda odamlar unga biron nima bermaydigan bo‘lib qolishdi. Matsubaru boladan ko‘zini uzmaskan, uning yana o‘zidan ketib yiqilishidan qo‘rqdi. Bunchaligam qattiq koyishi shartmidi?!
– Esingda tut, atirgulni o‘g‘rilash mumkin emas, tushundingmi?
– Agar gul uzging kelib qolsa, ana, qara ularning ko‘pligini, – u shunday deb oyna ortidagi dalani qo‘li bilan ko‘rsatdi.
Oyna ortida sap-sariq chechaklarga burkangan dala yastanib yotardi. Dala o‘rtasidan soy o‘tgan, o‘shaning ikki yoqasida tyorn butalari o‘sgandi. So‘qmoq boshlangan yerda tyorn butoqlari o‘rlab ketib pistoqi gumbaz hosil qilgandi. Maktabga borish-kelishda bolalar o‘sha gumbaz ostidan o‘tar, gulning o‘tkir isidan bo‘g‘ilib ketishardi. Atrofda esa kapalak, asalari va so‘na kabilar uchib-qo‘nib yurardi.
– Axir tyorn gullarini yulsang bo‘lardi-ku.
Seniti butun dalani egallab olgan bu gullarni yoqtirmasdi, chiroyli deb ham bilmasdi ularni. Hozir uning yodiga o‘sha qip-qizil atirgul keldi, xayolida avvalgidan ham kattaroq, yorqinroq tuyuldi. Endi uni ustiga och pushtirang yevropacha keng ko‘ylak kiyib olgan, o‘ttiz yosh atrofidagi ayolda ko‘rdi. Ayolning terisi xunuk edi, shuning uchun haddan ortiq bo‘yanib olgandi. Ayol allanimasi bilan Senitiga yoqib qolgandi. O‘shanda shaharga Kumamotodan eʼlonmoshin kelgan. Shahar ahliga meʼda og‘riganda ichiladigan “seytotan” degan mo‘jizakor dorining taʼsiri haqida xabar berishdi. Avval-boshda chorrahada musiqa sadosi yangradi, keyin dudog‘i bo‘yalgan o‘sha ayol oyoq uchida yurib, maftunkor ovoz bilan dorining taʼsirini tushuntirib berdi. Uning ko‘kragida qip-qizil atirgul yal-yal tovlanardi. Senitining yodiga o‘sha ayol va atirgul tushgandi. Shundoq bo‘lsa ham u muallimining gapini maʼqulladi:
– Xo‘sh, mayli, endi uyingga boraqol.
Seniti hurmat bilan bosh egdi, ipi uzilgan paxol shippagini yelkasiga tashlab maktabdan uchib chiqib ketdi.
Oradan ikkimi yo uch kun o‘tib, o‘g‘rilik haqidagi gap otasiga yetib bordi.
– Seniti, atirgulni sen o‘g‘riladingmi?
– Gapirasanmi, yo‘qmi? – qichqirdi Kixati.
Kixati o‘rnidan uchib turib uning yuziga urdi. Keyin gandiraklab yiqilib tushdi. Ko‘zlaridan yosh oqib ketdi.
– Yo‘qol ko‘zimdan! O‘g‘ri bolam yo‘q mening!
Kixati uni qorong‘i dahlizga itarib yubordi. Seniti boshini polga qo‘yib xo‘ngray boshladi, qo‘rqib ketgan singillari ham to‘shaklaridan turib yig‘lay ketdilar.
– Senga nima dedim – yo‘qol ko‘zimdan!
Kixati shunday deb depsingandi, oyog‘i ostida chirik pol g‘irchillab ketdi. Hiqillab g‘ujanak bo‘lib yotgan Seniti odamlar ko‘ppakka olkishlagan daydi mushukdek uydan otilib chiqdi. Bambukzor ustida ulkan oy osilib turardi. Xuddi bambuk uchlari unga tegib turgandek edi go‘yo. Seniti oyga tikila-tikila yig‘idan to‘xtadi.
Seniti yo‘l-cho‘lga qaramay, o‘zidan biroz oldinda sirg‘alib ketib borayotgan ko‘lankasini bosib ketardi. U otasi atirgulni o‘g‘rilaganini qayerdan bilganini xayoliga ham keltirmadi. O‘sha qip-qizil atirgulni ham o‘ylamadi. Qorong‘i tunda daydib yurgan uning yolg‘iz sharpasi biram g‘amboda ko‘rinar ediki. Va to‘satdan Seniti mushakbozlik, qars-qurs ustidan chiqib qoldi. Narigi qishloqdagi tomoshaxonada bo‘layotgandi bu.
U Mitioning uyiga bordi. Mitio oppoq devorni eshak qilib minib olgan, tomorqadan uzilgan bodringni tishlab oyga tikilib o‘tirardi. Uchinchi sinf o‘quvchisi bo‘lmish bu bola mahalliy zumrashalar to‘daboshisi Senitining do‘sti edi.
– Hoy, Miti-tyan! – Senitining mayus ovozi eshitildi.
– Nima deysan? – dedi Mitio pastga qarab.
– Miti-tyan, anavi yerda nima bo‘lyapti?
Seniti birpas turib yana so‘z qotdi:
– Miti-tyan, yur, tomoshaxonaga boramiz.
– Bolalarni shundog‘am qo‘yvorishadi. Tekinga.
– Unda ketdik. – Mitio devordan sakrab tushdi.
Bolalar oy nuridan yorishib ketgan yo‘l bo‘ylab jo‘nadilar. Oldilarida ham, ortlarida ham tomoshaga shoshilayotgan kishilar yurib borardi.
– Miti-tyan, bodringingni yeb qo‘ymadingmi? – Senitining och ko‘zlari unga tikildi.
– Bir bo‘lak qolgandi, yeysanmi?
«Mana, kechkilik ham bo‘ldi», – o‘yladi Seniti bodringni yeb bo‘larkan.
Ular tomoshaxonaga yaqinlashdilar. Kiraverishdagi supachada nazoratchi o‘tirar, kishilar to‘da-to‘da bo‘lib ilklarida bo‘yra tutgancha kirib ketishardi. Bahorgi ipak qurti mavsumi tugagan, shu boismi tomoshabinlar odatdagidan ancha ko‘paygan edi. Sahnada qattiq-qattiq baraban chalindi. Seniti va Mitio olomonga qo‘shilib lip etib tomoshaxonaga o‘tib ketmoqchi bo‘lishdi.
– Shoshma, shoshma! – nazoratchi ularning boshi uzra tartarakni shaqillatdi. – Siz ikkingiz chipta oldingizmi?
Ular churq etmasdan nazoratchiga qaradilar.
– Chiptasiz o‘tkazmayman! – bo‘kirdi u.
Bolalar unga o‘qrayib ortga qayrildilar.
Usti ochiq yog‘och tomoshagoh odamga liq to‘la edi. Dam-badam barabanning betoqat urilgani eshitilar, bu, ehtimol, hademay tomoshaning boshlanishidan darak bermoqda edi. Hamma ichkariga kirib bo‘lgach, tomoshagoh eshigi taqa-taq berkildi. Kiraverishda esa kechki salqinda dag‘-dag‘ titragan ikki bolagina qoldi xolos. Ular taxtalar orasidagi tirqishdan qarashga urinib ko‘rishdi-yu, ammo hech nima ko‘rinmadi. Faqat ichkaridagilarning shodumon qiyqirishlarinigina eshitib turdilar.
– Seniti, ketdik, orqaga qaytamiz, – dedi Mitio qalt-qalt titrarkan.
Ular churq etmay tomoshagohdan uzoqlashishdi. Uzoqdan tartarakning tovushi eshitildi – tomosha boshlandi. Bu ovoz bolalar ko‘nglida akslandi, ammo ikkisi ham ortga qaramay ketaverdi. Ularning sharpalari tun qo‘ynida singib, bitta qora soyaga aylandi.
– Miti-tyan, yur, Sudzidodan o‘tib boramiz, – dedi Seniti.
O‘tmishda Sudzido butxona bo‘lgan, endi bu joylar dala va bog‘lar o‘rtasidagi qabristonga aylangan. U orqali qishloqqa yo‘l o‘tgandi.
– Yo‘l bilan ketganimiz yaxshi.
– Qabriston uncha qo‘rqinchlimas.
– Qo‘rqinchlimas-u, yo‘li yomon. – Mitioning ovozida vahima sezildi.
Seniti shunday deb qabriston tomon dadil ketaverdi. Mitio qo‘rquvdan titrab uning ortidan ergashdi. Buddaviy monaxlarning kallasiga kelbat beradigan qabr toshlari sovuq qorong‘ida serrayib turardi. Oyoq tagidagi qum oy nurida oppoq ko‘rinar, xuddi orqadan birov kelayotgandek qattiq g‘archillardi. Qabristonning o‘rtasiga kelganda Seniti to‘xtab, ro‘parasidagi qabrni ko‘rsatdi.
Mitio qo‘rqa-pisa qabr tomon ko‘z tashladi. Kichikroq do‘ngalak ustida darz ketgan toshtaxta bor. Atrofda supurgi o‘t o‘rlab ketgan, gortenziya tuplari gurros-gurros ochilgandi.
Seniti Mitioga onasining qabrini ko‘rsatishni istagandi xolos. Shuning uchun Sudzidodan yuraylik devdi. Onasi o‘tgan yili jazirama yoz kunlarining birida uzilgan. O‘shanda Seniti Tosie bilan daryoga baliq tutgani ketgandi. Ular allaqanday ajabtovur baliq tutishgan, o‘ljalaridan ichlariga sig‘may qaytishuvdi. Xuddi o‘sha mahal onasini keltirishdi. Shahar shifoxonasida jon bergan ekan.
Bolalar Mitioning uyi qarshisida to‘xtashganida qishloq allaqachon uyquga cho‘mgandi. Kechki shudringdan usti-boshlari shalabbo bo‘lgan, xuddi ancha payt daryoda suzgandek ikkalasi ham holdan toygandi.
Uyga yaqinlasharkan, Seniti eshikni asta ochib qaradi. Xona yorug‘ edi. «Otam hali uxlamabdi» deb o‘yladi va hadiksirab ichkari kirdi. Mum sham alangasi o‘ynar, bo‘yra ustida Kixati o‘tirardi. Senitiga otasining sharpasidan nur yog‘ilib turgandek tuyildi. Otasi shippak to‘qib o‘tirardi. Shu shippakda Seniti maktabga qatnaydi.
– Bo‘tqani yeb, o‘rningga yot, – dedi Kixati po‘ng‘illab.
Seniti xonaga kirib apil-tapil ovqatlandi, so‘ng Tosie va Yumiening o‘rtasidagi to‘shakka o‘zini tashladi. U is bosgan devorda o‘ynayotgan otasining ulkan soyasiga tikilgan ko‘yi yotaverdi…
Rus tilidan Alisher FAYZULLAYEV tarjimasi
Канбаяси ГЁ. Атиргул ўғриси
Мактаб дарвозасининг шундоққина олдида очилган гулбарги қирмизранг ягона атиргул бир оқшомда йўқолди-қолди. Гулни пичоқ билан эҳтиётлаб қирқиб олишмаганди, йўқ, уни аллакимнингдир бешафқат қўли шарт узган. Нозик шохчадаги ўша ер аллақачон қорая бошлаган, бир неча чумолиларгина банднинг тепа-пастига беҳаловат югуришарди.
Субҳи козибдан мактабда қаттиқ шовқин кўтарилди. Директор ўқувчиларни тўплади, жуда изтиробда эди у: ахир мана шу болалар гулгун чечакни туну кун астойидил парваришлари лозим эди-да. Қандай қилиб ўғирлатиб қўйдилар-а?! Жонли табиатни суймасликлари етмагандек, жонажон мактабларига ҳам лоқайд эканлар-ку…
Деярли йигирма дақиқа давом этган насиҳатларидан сўнг директор атиргулни ўғирлаган ўша нобакорни чорлади – хўш, энди атиргулни ўрнига қўйиб бўлармиди – келиб синф раҳбарига айбини тан олсин, вассалом.
Ростини айтганда, шаҳар четидаги бу мактаб ўзининг олча боғи билан донғи кетганди. Мактаб биноси атрофини элликка яқин оғоч қоплаган. Ҳар йил навбатдаги қалдирғочларга бағишланган тадбирга таклиф этилган меҳмонлар қордай ўйнаб тўкилаётган оппоқ олча гулларига тикилиб, мактаб деворларини тарк этаётган ўспиринларга оқ йўл тилашарди. Бу вақтда ҳамма дарахтлар, ёш навниҳоллар ҳам, қари оғочлар ҳам, шукуҳли баҳор либосида бўларди. Кейин алвон мевалар боғга тўшама бўлар, чирс-чирс этиб оёқ остига тўкиларди. Бироқ мактаб атрофида олчадан бўлак оғоч йўқ, шу боис дарвоза олдига шу навниҳол атиргулни ўтказишга қарор қилиб эдилар. У ўзининг илк, ягона ғунчасини очганда эса ҳамма уни эъзозлаб, завқланиб томоша қиладиган бўлди. Мана, тўсатдан атиргул йўқолди – бу оғир, қайтариб бўлмас йўқотиш эди.
Кун бўйи муаллимлар хонасида бўлиб ўтган воқеа муҳокама қилинди. Ўқувчилар ҳам турли-туман гумонлар тўқиб-бичишарди. Аммо уларнинг бирортаси муаллими олдига келиб: «Устоз, атиргулни мен ўзгандим», – демади.
Кечагина гулгун атиргул порлаб турган бутоқ, худди гўдак катталарга бошини орқага ташлаб қарагандек, оламга ҳайрон назар ташлар, энди уни қурт-қумурсқа ҳам тарк этганди.
Ўқувчию муаллимлар мактабга кирар эканлар, ўзларини сўроққа тутар эдилар: «Қаерга кетиши мумкин-а? Мана, эртага тағин офтоб нур сочади, гулбаргларида шабнам қатралари ярқираган атиргул эса энди йўқ…»
Ушбу атиргул Сэнити деган ўқувчининг уйида, аниқроғи, унинг кичик синглиси Юмиэнинг кўксида сўлиб ётарди. Беш яшар қизалоқ отасининг йўл-йўл кимоносига ўралиб, йиртиқ-сиртиқ бўйра устида ухларди. Отасининг кийимига шунақанги ўралволгандики, қўл ва оёқлари ҳам ўша йўл-йўл мато қатларида кўринмай кетганди. Рости, кимано аллақачон қандайдир ноаниқ кирчимол рангга кириб қолган, тарамлари ҳам билинар-билинмас эди.
Хонадонда тунлари на керосин чироқ, на шағам ёнар, электр ҳақида-ку сўз бўлиши мумкин эмас. Ҳозир кун бўлишига қарамай, кулба ичи қоронғу – омонат ғира-ширада атиргул ёрқин, байрамона жилваланарди. Аммо сўлий бошлагани туфайли жилваси ҳам аста-секин заифлашиб бормоқда эди.
Бешинчи синф ўқувчиси Сэнити уйига югурди. Муаллим ва ўртоқлари қиёфаси кўнглига ҳадик солиб, кела-келгунча таъқиб қилган, шу боис оёғини қўлига олиб чопганди. Уйга кирганида синглиси кўксида ётган гул бир лаҳзага ёришиб кетгандек туйилди. Сэнитининг боши зирқираб кетди. Ўғирланган атиргулга ёвқараш қилиб, Юмиэнинг тепасига борди. Қизалоқ кўзларини катта-катта очди. Унинг шишиб кетган, қип-қизил юзи, кўзмунчоқ кўзлари ғадир-будур батат тугунагини эслатарди. Бир куни қўшни қишлоқда сайёр томоша учун бола йиғишаётган экан, Юмиэ ҳар қанча ўзини кўрсатишга ҳаракат қилмасин, уни олишмади. Юзи шунақа томошаларга ҳам тўғри келмасди.
Акаси ёнига ўтганда ухламас, шунчаки кўзини юмиб ётганди. Кўзларини доим очиб юришга қуввати етмасди унинг.
– Бермайман! Бермайман! – деди Юмиэ улкан кимоно ичига кириб кетаркан.
Бироқ Сэнити атиргулни чангаллаб олди. Бирин-кетин ҳамма гулбаргларни узиб, ғижимлаб қоронғи даҳлизга улоқтирди. Юмиэ акасининг қилмишини маъюс кузатиб турди. Кейин аллақандай тез овуниб кўзини юмди. Кеча оқшом Сэнити атиргулни келтирганда қувончдан қовоқлари пир-пир учганди. Бугун ўша шодлик йўқолиб, қовоқлар тағин кўзлар устига тошдек босилди. Хона тўридаги девор тагида увада одеял ичидан Кихати – болаларнинг отаси йўталди. У бўғриқиб йўталар, оғзидан тупук сачрарди. Кихати ўғлига нари-беридан кўз ташлади-ю, индамади. Сэнити хатжилдини бурчакка итқитди-да, Юмиэ ва Тосиэнинг ўртасидаги ўринга ўзини отди. Тосиэ етти яшар. Иккала қизалоқ ҳам доим оч-наҳор юришади. Юмиэ картошкага ўхшаб шишиб кетди, Тосиэ эса чўпдек бўлиб қолди. Бу фақат очлигидан эмасди, Тосиэ доим итлардан ҳадиксираб юрарди. Мабодо кўчага чиққудек бўлса, атрофга аланг-жаланг қарар, итлар ташланиб қолмасин деб кўнгли алағда эди. Тунлари қўрқиб ўрнидан сакраб турар, «Ит, ит келяпти» деб қалт-қалт титрарди.
Иккаласи дарёга борганларида, Сэнити одатда қармоқ ва хўрак солинган бонкани кўтарар, Тосиэ эса балиқ учун кажава олволарди. Кейин Сэнити ўзидан катта сўқа билан ердан чувалчанг кавлар, Тосиэ унинг ёнида бонка тутиб, чўккалаб ўтиради.
Тосиэ ҳам увадага ўралиб ухлаётганди. Сэнити унинг устидаги одеялни тортиб, ўзи ёпиниб олди. Ҳали кун ботишига анча вақт бўлишига қарамай, ухлагиси келди. Очликдан кўнгли озурда бўлиб кетганди. Бугун тушлик қилмади, кечкилик ҳам бўлмайдиган кўринади.
Оқшом чўкди. Болалар қунишиб ётишибди. Ниҳоят Кихати тўшагидан ўрмалаб туриб, ширин картошка қайнатди. Уйда бир кафтгина ҳам гуруч қолмаган.
Кихати ашаддий ишёқмас сифатида ном чиқарган – заррача муболаға эмасди бу, ҳатто Кихатининг ўзи ҳам рад қилмасди. Айниқса ҳозир. Ўтган йил ёзда аёли – меҳнаткаш Оюфу ўлиб қолди. Ўшандан сўнг Кихати иккиси учун ҳам ўзини ишга уриши лозим эди, бироқ у буткул қобиғига ўралиб олди.
Барибир одамлар аллақандай адолатсиз-да. Ахир Кихатининг чап қўлида бир бармоғи етишмайди – ўртанчаси йўқ. Ғўлабирдай, чорпахил бу кишининг қонида жунунвашлик бор. Калласида доим аллақандай оғир хаёл бўлади. Ҳамиша қорни оғрийди. Шунинг учун доим ҳам қўли ишга боравермайди. Кихати ўттиз ёшигача ўша маҳаллар ўзларига тегишли бўлган томорқада ишларди. Ҳозир ёши қирққа бориб қолди, ерни эса бошқаларга ижарага бериб юборган. Аёлининг ўлимидан сўнг у кунларини ухлаб ўтказадиган бўлди. Охир-оқибат мана, тўртталаси – ўзи билан уч боласи очликдан ўлар аҳволга келиб қолишди. Бататдан бўлак емишлари йўқ. Баъзида қариндошларидан бирортаси озгина гуруч келтирар, қўшнилари ипак қурти ғумбаги чиқариб турар, уларни сояда қайнатиб ейишарди. Яна тухум берадиган товуқлари бор. Ҳар куни Сэнити тухум йиғиб, қандолат дўконига элтарди. Қандолатчига ширинлик тайёрлаш учун тухум керак. Тухумнинг ўрнига болага «Каварасэмбэй» ва «Макимоти» беришарди. Емиш уйда ҳаммага бирдек бўлинарди. Кихотининг яна бир кирим манбаи бор: тўқимачилик фабрикасида ишлайдиган ўн беш яшар қизи Фудзиэ ойига беш марта кам-камдан пул жўнатиб туради. Қизининг ўша сариқ чақалари тўртовлонни ҳаётга боғлаб турган ягона ришта эди.
Баъзида, Кихати, тўшагида ўралиб ётаркан, йигитлигини эслайди. Жуда хушчақчақ йигит бўлган. Учига пуштиранг маржон тикилган қирмизи шойи белбоғ боғлар, белбоғ устида эса товус патидан ишланган жевак осилиб турарди. Ёмғирли кунлар «Илонкўз» – соябонини олволар, оёғига ток барги суврати туширилган чарм пайпоқ устидан аёллар гэтасини илиб кўчага чиқарди. Доим қўйнида «Горо Масамуненинг ўғиллик бурчи» деган ажабтовур ҳикоятлар китоби бўларди. Чиндан жуда хушчақчақ эди. Аммо ўша хушчақчақликда ҳам аллақандай нохушлик яширин эди. Чинакамига шодумон умргузаронлик қилиши учун нимадир етишмаслигини ҳис этарди. Шундай пайтларда у жўрттаки олифтагарчилик ортида жисмоний қусурини беркитишга уринарди. Бу ғайрат, кайфият шунақанги ясама кўринардики, буни Кихатининг бармоғи ўрнидаги ғўлачага зарҳалланган узук тақишидан пайқаса бўларди.
Кихати буғи чиқиб турган картошкаларни бир-бир идишга солди-да, болаларни турткилади. Болалар судрала-судрала овқатга яқин келишди, ота эса яна тўшагига кириб кетди.
Эртаси куни Сэнитини дарсдан кейин олиб қолишди. Қаршисида синф раҳбари Мацубару турарди. Атиргулни ким ўмарганини билиб қолишибди. Муаллим хакамада юрар, йиринглаб кетгани боис қулоғига пахта тиқиб олганди. Сэнити бир муаллимига, бир деворга осиб қўйилган рус-япон урушидан ўлжа – занглаган тўпга тикилди. Биринчи марта ўқитувчилар хонасига чақирилиши эмас. Бир марта қўлида тухум солинган кажава кўтарволган Сукэсанни итариб юборганида чақиришганди, ўшанда ўттизтача тухум ер билан битта бўлган. Сирасини айтганда, Сукэсан деганлари имиллаган, беўхшов эди, болалар уни тентак дейишарди ҳам. Хулласи, ўша ланж шикоят қилибди… Бошқа сафар мана бундай бўлганди: йўл ёқасига ювилган турпни қуритгани териб қўйишган экан. Сэнитининг ҳаваси кеп кетти, ҳозиргина ҳуснихат дарсидан чиқиб келаётганди – турплардан бир неча иероглиф ясади: «Эркак, аёл, эркак, аёл…»
Сэнитининг қаршисидаги пешонаси тиришган муаллим Мацубару дафъатан унинг бошига гаврон билан тушириб қолди. Бола гандираклаб кетди. Кўзида ёш ўйнади.
– Ҳа, – деди бола дарҳол бўйнига олиб.
Ўша кеча Сэнити қармоққа бамбук кесгани борганди. Қайтаётиб мактаб олдидан ўтди, шунда атиргулни ўзи билан олиб кетгиси келди. Ўзи учун эмас. Гулни уйда ётган касал Юмиэга беришни истаганди. Аянчли кулбалари унинг кўнглида ёрқин рангларга нисбатан қондириб бўлмас эҳтиёж уйғотган, шунинг учун атиргулни олган. Сэнити титраб-қақшаб гулни узди. Аммо кимдир унинг ўғринча мактабдан чиққанини, шошиб-пишиб уйига югурганини кўриб қолибди.
– Гуручли шарчами, қовирилган гуручми келтирсам, кўпроқ шодланарди.
Энди Мацубарунинг кўз ўнгида атиргул ўғриси – шумтака Сэнити эмас, оч-наҳор Сэнити гавдаланди.
– Қўшни аёл бир озгина қовирилган гуруч берганди.
Киртайиб кетган кўзлари устидаги дўнг пешонаси одатда Сэнитининг юзига қайсарона ифода берар, аммо ҳозир янаям маъюс кўринарди. Агар устидаги кийим-кечаги ечиб ташланса, ботиқ кўкраги ва шишган қурсоғи кўзга ташланади. Эрталабки йўқлама маҳали кўп бора ҳушидан кетиб қолган, ахир куни бўйи қорни тўйиб овқат емасди ҳам. «Сэнити, бирон нима еволдингми?» дея оч-наҳор, ғамгин аҳволда мактабга шошилаётган болани қаршилашарди қўшни аёллар.
– Йўқ, – дерди Сэнити маъюс боқиб.
Кейин аёллар уни уйларига чақириб олиб, пиёлачада гуруч беришарди. Тўғри, фақат бир мартагина бу саволга у шоша-пиша: «Ҳа, едим» – деб жавоб берганди. Аммо сўнгги пайтларда одамлар унга бирон нима бермайдиган бўлиб қолишди. Мацубару боладан кўзини узмаскан, унинг яна ўзидан кетиб йиқилишидан қўрқди. Бунчалигам қаттиқ койиши шартмиди?!
– Эсингда тут, атиргулни ўғрилаш мумкин эмас, тушундингми?
– Агар гул узгинг келиб қолса, ана, қара уларнинг кўплигини, – у шундай деб ойна ортидаги далани қўли билан кўрсатди.
Ойна ортида сап-сариқ чечакларга бурканган дала ястаниб ётарди. Дала ўртасидан сой ўтган, ўшанинг икки ёқасида тёрн буталари ўсганди. Сўқмоқ бошланган ерда тёрн бутоқлари ўрлаб кетиб пистоқи гумбаз ҳосил қилганди. Мактабга бориш-келишда болалар ўша гумбаз остидан ўтар, гулнинг ўткир исидан бўғилиб кетишарди. Атрофда эса капалак, асалари ва сўна кабилар учиб-қўниб юрарди.
– Ахир тёрн гулларини юлсанг бўларди-ку.
Сэнити бутун далани эгаллаб олган бу гулларни ёқтирмасди, чиройли деб ҳам билмасди уларни. Ҳозир унинг ёдига ўша қип-қизил атиргул келди, хаёлида аввалгидан ҳам каттароқ, ёрқинроқ туюлди. Энди уни устига оч пуштиранг европача кенг кўйлак кийиб олган, ўттиз ёш атрофидаги аёлда кўрди. Аёлнинг териси хунук эди, шунинг учун ҳаддан ортиқ бўяниб олганди. Аёл алланимаси билан Сэнитига ёқиб қолганди. Ўшанда шаҳарга Кумамотодан эълонмошин келган. Шаҳар аҳлига меъда оғриганда ичиладиган “сэйтотан” деган мўжизакор дорининг таъсири ҳақида хабар беришди. Аввал-бошда чорраҳада мусиқа садоси янгради, кейин дудоғи бўялган ўша аёл оёқ учида юриб, мафтункор овоз билан дорининг таъсирини тушунтириб берди. Унинг кўкрагида қип-қизил атиргул ял-ял товланарди. Сэнитининг ёдига ўша аёл ва атиргул тушганди. Шундоқ бўлса ҳам у муаллимининг гапини маъқуллади:
– Хўш, майли, энди уйингга борақол.
Сэнити ҳурмат билан бош эгди, ипи узилган пахол шиппагини елкасига ташлаб мактабдан учиб чиқиб кетди.
Орадан иккими ё уч кун ўтиб, ўғрилик ҳақидаги гап отасига етиб борди.
– Сэнити, атиргулни сен ўғриладингми?
– Гапирасанми, йўқми? – қичқирди Кихати.
Кихати ўрнидан учиб туриб унинг юзига урди. Кейин гандираклаб йиқилиб тушди. Кўзларидан ёш оқиб кетди.
– Йўқол кўзимдан! Ўғри болам йўқ менинг!
Кихати уни қоронғи даҳлизга итариб юборди. Сэнити бошини полга қўйиб хўнграй бошлади, қўрқиб кетган сингиллари ҳам тўшакларидан туриб йиғлай кетдилар.
– Сенга нима дедим – йўқол кўзимдан!
Кихати шундай деб депсинганди, оёғи остида чирик пол ғирчиллаб кетди. Ҳиқиллаб ғужанак бўлиб ётган Сэнити одамлар кўппакка олкишлаган дайди мушукдек уйдан отилиб чиқди. Бамбукзор устида улкан ой осилиб турарди. Худди бамбук учлари унга тегиб тургандек эди гўё. Сэнити ойга тикила-тикила йиғидан тўхтади.
Сэнити йўл-чўлга қарамай, ўзидан бироз олдинда сирғалиб кетиб бораётган кўланкасини босиб кетарди. У отаси атиргулни ўғрилаганини қаердан билганини хаёлига ҳам келтирмади. Ўша қип-қизил атиргулни ҳам ўйламади. Қоронғи тунда дайдиб юрган унинг ёлғиз шарпаси бирам ғамбода кўринар эдики. Ва тўсатдан Сэнити мушакбозлик, қарс-қурс устидан чиқиб қолди. Нариги қишлоқдаги томошахонада бўлаётганди бу.
У Митионинг уйига борди. Митио оппоқ деворни эшак қилиб миниб олган, томорқадан узилган бодрингни тишлаб ойга тикилиб ўтирарди. Учинчи синф ўқувчиси бўлмиш бу бола маҳаллий зумрашалар тўдабошиси Сэнитининг дўсти эди.
– Ҳой, Мити-тян! – Сэнитининг маъюс овози эшитилди.
– Нима дейсан? – деди Митио пастга қараб.
– Мити-тян, анави ерда нима бўляпти?
Сэнити бирпас туриб яна сўз қотди:
– Мити-тян, юр, томошахонага борамиз.
– Болаларни шундоғам қўйворишади. Текинга.
– Унда кетдик. – Митио девордан сакраб тушди.
Болалар ой нуридан ёришиб кетган йўл бўйлаб жўнадилар. Олдиларида ҳам, ортларида ҳам томошага шошилаётган кишилар юриб борарди.
– Мити-тян, бодрингингни еб қўймадингми? – Сэнитининг оч кўзлари унга тикилди.
– Бир бўлак қолганди, ейсанми?
«Мана, кечкилик ҳам бўлди», – ўйлади Сэнити бодрингни еб бўларкан.
Улар томошахонага яқинлашдилар. Кираверишдаги супачада назоратчи ўтирар, кишилар тўда-тўда бўлиб илкларида бўйра тутганча кириб кетишарди. Баҳорги ипак қурти мавсуми тугаган, шу боисми томошабинлар одатдагидан анча кўпайган эди. Саҳнада қаттиқ-қаттиқ барабан чалинди. Сэнити ва Митио оломонга қўшилиб лип этиб томошахонага ўтиб кетмоқчи бўлишди.
– Шошма, шошма! – назоратчи уларнинг боши узра тартаракни шақиллатди. – Сиз иккингиз чипта олдингизми?
Улар чурқ этмасдан назоратчига қарадилар.
– Чиптасиз ўтказмайман! – бўкирди у.
Болалар унга ўқрайиб ортга қайрилдилар.
Усти очиқ ёғоч томошагоҳ одамга лиқ тўла эди. Дам-бадам барабаннинг бетоқат урилгани эшитилар, бу, эҳтимол, ҳадемай томошанинг бошланишидан дарак бермоқда эди. Ҳамма ичкарига кириб бўлгач, томошагоҳ эшиги тақа-тақ беркилди. Кираверишда эса кечки салқинда дағ-дағ титраган икки болагина қолди холос. Улар тахталар орасидаги тирқишдан қарашга уриниб кўришди-ю, аммо ҳеч нима кўринмади. Фақат ичкаридагиларнинг шодумон қийқиришларинигина эшитиб турдилар.
– Сэнити, кетдик, орқага қайтамиз, – деди Митио қалт-қалт титраркан.
Улар чурқ этмай томошагоҳдан узоқлашишди. Узоқдан тартаракнинг товуши эшитилди – томоша бошланди. Бу овоз болалар кўнглида аксланди, аммо иккиси ҳам ортга қарамай кетаверди. Уларнинг шарпалари тун қўйнида сингиб, битта қора сояга айланди.
– Мити-тян, юр, Цудзидодан ўтиб борамиз, – деди Сэнити.
Ўтмишда Цудзидо бутхона бўлган, энди бу жойлар дала ва боғлар ўртасидаги қабристонга айланган. У орқали қишлоққа йўл ўтганди.
– Қабристон унча қўрқинчлимас.
– Қўрқинчлимас-у, йўли ёмон. – Митионинг овозида ваҳима сезилди.
Сэнити шундай деб қабристон томон дадил кетаверди. Митио қўрқувдан титраб унинг ортидан эргашди. Буддавий монахларнинг калласига келбат берадиган қабр тошлари совуқ қоронғида серрайиб турарди. Оёқ тагидаги қум ой нурида оппоқ кўринар, худди орқадан биров келаётгандек қаттиқ ғарчилларди. Қабристоннинг ўртасига келганда Сэнити тўхтаб, рўпарасидаги қабрни кўрсатди.
Митио қўрқа-писа қабр томон кўз ташлади. Кичикроқ дўнгалак устида дарз кетган тоштахта бор. Атрофда супурги ўт ўрлаб кетган, гортензия туплари гуррос-гуррос очилганди.
Сэнити Митиога онасининг қабрини кўрсатишни истаганди холос. Шунинг учун Цудзидодан юрайлик девди. Онаси ўтган йили жазирама ёз кунларининг бирида узилган. Ўшанда Сэнити Тосиэ билан дарёга балиқ тутгани кетганди. Улар аллақандай ажабтовур балиқ тутишган, ўлжаларидан ичларига сиғмай қайтишувди. Худди ўша маҳал онасини келтиришди. Шаҳар шифохонасида жон берган экан.
Болалар Митионинг уйи қаршисида тўхташганида қишлоқ аллақачон уйқуга чўмганди. Кечки шудрингдан усти-бошлари шалаббо бўлган, худди анча пайт дарёда сузгандек иккаласи ҳам ҳолдан тойганди.
Уйга яқинлашаркан, Сэнити эшикни аста очиб қаради. Хона ёруғ эди. «Отам ҳали ухламабди» деб ўйлади ва ҳадиксираб ичкари кирди. Мум шам алангаси ўйнар, бўйра устида Кихати ўтирарди. Сэнитига отасининг шарпасидан нур ёғилиб тургандек туйилди. Отаси шиппак тўқиб ўтирарди. Шу шиппакда Сэнити мактабга қатнайди.
– Бўтқани еб, ўрнингга ёт, – деди Кихати пўнғиллаб.
Сэнити хонага кириб апил-тапил овқатланди, сўнг Тосиэ ва Юмиэнинг ўртасидаги тўшакка ўзини ташлади. У ис босган деворда ўйнаётган отасининг улкан соясига тикилган кўйи ётаверди…