Keyt Shopen. O‘kinch (hikoya)
| Кирилл ёзувидаги матн пастроқда
Mamzele Aureliya basavlatdan kelgan, yonoqlari qip-qizil, sochlari endi-endi oqara boshlagan, ko‘zlari atrofga hammavaqt sinchkovlik bilan boqadigan o‘rta yoshlardagi erkakshoda bir ayol edi. U odatda, boshiga ferma erkaklari kiyadigan shlyapa kiyib yurar, sovuq kunlari egniga uniqib ketgan moviy yomg‘irpo‘sh bilan oyoqlariga zil-zambil kirza etiklarini ilib olardi.
Mamzele Aureliya umri bino bo‘lib, turmushga chiqish borasida sira bosh qotirib ko‘rmagan edi. Bu ayol butun hayoti mobaynida hatto sevib ham qolmagandi. Bir paytlar, yigirma yoshlik avji durkun chog‘larida uning ham qo‘lini so‘rab kelishgan, ammolekin Aureliya o‘sha zahotiyoq bu taklifni keskin rad etgandi, shunday bo‘lsa-da, mana hozir yoshi ellikka yaqinlashib qolgan bo‘lsa-da, Mamzele Aureliya bir o‘zi yolg‘iz yashab kelayotganidan zig‘ircha ham afsuslanmas edi.
Peshonani qarangki, bu g‘aroyib ayol shunday keng-katta olamda yoppa-yolg‘iz yashab kelayotgandi, albatta, Mamzele Aureliyaning sodiq iti Ponto va ekinzorlarida mehnat qiladigan negrlaru bir-ikki dona sigir, bir juft xachir, turli-tuman darrandayu parrandalar hamda ayolning qo‘shotar miltig‘ini (bu qurolni u jo‘jalariga xavf soluvchi qirg‘iylar uchun ishlatar edi) hisobga olmaganda, Aureliya butunlay so‘qqabosh edi, balkim shu yolg‘izligi sababdanmi ayol Xudoga qattiq bog‘lanib qolgandi, tunu kun ibodatini hech kanda qilmasdi.
Bir kuni ertalab osmonda to‘satdan paydo bo‘lib qolgan qora bulutlar kabi bir to‘p bolalarning uyi tomon yopirilib kelayotganiga Mamzele Aureliyaning ko‘zi tushib qoldi. Chaqirilmagan bu mehmonlaridan ayolning ko‘ngli biroz xijil tortdi. Bolalar Aureliyaning yon qo‘shnisi Odeliyaga tegishli edi, lekin, ochig‘ini aytganda, bu so‘qqabosh ayol shu paytgacha qo‘shnilarining hatto birontasi bilan ham u qadar apoq-chapoq bo‘lib ketmagan edi.
Oradan besh daqiqa o‘tar-o‘tmas, bolalari ortidan yosh juvon Odeliyaning o‘zi ham ko‘rindi. U bir qo‘lida jajji qizalog‘i Elodiyani ko‘tarib olgan, bir qo‘li bilan esa endigina etak-chechak qila boshlagan TiNommini bazo‘r yetaklab olgancha qoqilib-suqilib kelar, uning orqasidan katta qizlari Marselina bilan Marseletta ham shoshilgancha ergashib kelishardi.
Odeliyaning yuzlari xadeb yig‘layverganidan qizarib, shishib ketgandi. Gap shundaki, juvonning olis shaharda yashovchi onasi og‘ir xastalanib qolib, qizini huzuriga chaqirtirgandi, baxtga qarshi juvonning eri ham yonida emas – Texasga ketib qolgandi, Texas esa Odeliyaga dunyoning bir tupkasiday juda uzoq joy bo‘lib ko‘rinardi, ustiga-ustak ayni chog‘da yollangan haydovchi Valsin ham stantsiyada ayolning yo‘liga ko‘z tutib o‘tirar edi.
“Bilaman, Mamzele Aureliya, ishingiz bir dunyo, boshingizdan oshib yotibdi, biroq bu zumrashalarni sizdan boshqa kimga ham ishonib topshira olardim, o‘tinaman, yo‘q demang, to men qaytib kelgunimcha bolalarimga ko‘z-quloq bo‘lib tursangiz. Yo‘q-yo‘q, o‘tirmayman, ovora bo‘lmang, meni stantsiyada kutishyapti, Mamzele Aureliya, tushuning, boshqa choram yo‘q! Men uchun bir savob ish qiling, iltimos, kelib sizni albatta, rozi qilaman. Bir o‘zim shuncha bolalarni yo‘lda eplab olib ketolmayman, axir uzoq yo‘lda bu bolalar odamni aqldan ozdirishi turgan gap, aksiga olib erimning ham uyda emasligini ko‘rmaysizmi, Xudo ko‘rsatmasin, ishqilib, men uymalanib yetib borgunimcha onaizorim uzilib qolmasinlar-da, iloyim!” – chindanam favqulodda mushkul vaziyat Odeliyaning aqlini shoshirib qo‘ygan, juvonning toza boshi qotib qolgandi, u hatto nima deb, nima qilayotganini ham tuzukroq idrok etolmas edi.
Juvon yalina-yalina baribir bolalarini Mamzele Aureliyaning uyi ostonasida qoldirgancha shoshib jo‘nab ketdi; bolalar esa quyosh kuydirayotgan, jajji jo‘jalar oyoqlari bilan o‘t-maysalarni bemalol titkilab yurishgan hovli o‘rtasida egasiz bir o‘zlari shumshayib qolishdi, lekin xayal o‘tmay biri tortina-tortina, biri bo‘lsa behadik, zipillagancha zina bo‘ylab orqama-ketin ko‘tarila boshlashdi. Shu damda havoda moychechaklarning ajib ifori bo‘y taratar, uzoq-uzoqlardagi paxta dalalari osha ishchi negrlarning quvnoq kulgulari sadosi o‘tkir jaranglab kelmoqda edi.
Mamzele Aureliya bolakaylarga o‘zining norozi va sinchkov ko‘zlarini qadagancha serrayib turib qoldi. U bo‘mbaloq Elodiyanining og‘irligidan enkayib olgancha gandiraklab qadam bosayotgan Marselinaga xushlamaygina ko‘z qirini tashlab qo‘ydi. Shu onning o‘zida onasini so‘rayverib xarxasha qilayotgan TiNommini tinchlantirishga urinayotgan Marselitani ham bu sovuq nigohidan bebahra qo‘ymadi. Ikki-uch lahzalik shunday do‘q-po‘pisalaridan keyin Mamzele Aureliya biroz ko‘nglini bo‘shatib oldi-da, noiloj o‘zini qo‘lga olib, endi qilishi majburiy bo‘lgan ishlari rejasini o‘zicha tuzib chiqdi. Ayol dastlabki ishini to‘polonchilarning qornini to‘yg‘azishdan boshladi.
Basharti bu bolalar Mamzele Aureliyaning qo‘l ostida ishhaqi olib, mehnat qilayotgan negrlar qabilida bo‘lishganda bormidi, ayol o‘sha vaqtning o‘zidayoq bu shumtakalarni bir zumda haydab yuborgan bo‘lar edi, ammo sho‘rlik Odeliyaning ohu zorlari uning bu qarorini qat’iy cheklab turardi. Biroq baribir, bola boqish hazil ish emas-da, axir bolalar kichkina cho‘chqa bolalari emas-ku, ular hammavaqt e’tibor talab qilib, odamdan astoydil mehr kutishadi; bu murakkab vazifa esa bu kabi yumushlarga butkul noshud bo‘lgan Mamzele Aureliyaning aslo qo‘lidan kelmas edi, umrida shunday qaltis vaziyatga tushib qolishini esa ayol hatto tushida ham ko‘rmagandi.
Shuning uchun birinchi kunlari Odeliyaning polaponlariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishda, rosti, Mamzele Aureliya anchagina adabini yedi. Axir u jonsarak Marselettani baland va buyruqomuz ohangda gap eshitishi bilan darrov yig‘lab yuborishini qayerdan ham bilsin? Yosh Marselettaning tabiati shunaqa ekan-da! Mamzele Aureliya kichkintoy TiNommining ham gullarga ishqi baland ekanligin aniqlab oldi, kichkina bezori to gullarni bandidan uzib, bog‘dagi jami sara chechaklarni payhon qilmagunicha ko‘ngli hech joyiga tushmas ekan.
“Unga hech qaysi tanbehingiz kor qilmaydi, Mamzele Aureliya”, – deya ayolga yo‘l ko‘rsatdi Marselina, – yaxshisi, siz uni stulga bog‘lab qo‘ying. Oyim hamisha TiNommining aqlini shu tarzda kiritib qo‘yardilar”. Mamzele Aureliya bezori TiNommini bog‘lab qo‘ygan stul kenggina va qulaygina ekan chog‘i kichkintoy unda bir zumda pinakka ketib qoldi, nihoyat Mamzele Aureliya to‘polonchilardan birini shu yo‘sinda tinchitdi.
Oqshom cho‘kishi bilan ayol xuddi jo‘jalarni iniga haydab kirayotgan kabi bolakaylarning barini birma-bir joy-joylariga yotishlarini buyurdi, biroq kichkintoylar Mamzele Aureliyaning qarshisida kalovlangancha turib qolishdi. Axir ularning momiqqina yostiqlari ustiga har kech taxt qilib qo‘yiladigan tungi ko‘ylaklari qayerda qoldi, buning o‘rniga ular nima uchun xuddi xo‘kiz qamchisiday og‘ir qo‘l bilan ketlariga niqtalganlaricha yotoqlariga haydalishlari kerak? Har kech polning o‘rtasiga ularning toliqqan, quyoshda toblanib chang-chung bo‘lib ketgan oyoqlarini yuvib olishlari uchun keltirib qo‘yiladigan suv to‘la tos-chi, u qayerda qoldi? Shu tobda qizaloqlar Marselina bilan Marselettaning kulgusini qistatgan narsa, Mamzele Aureliyaning shumtaka TiNommini uxlata olmay toza xunob bo‘lib qiynalgani bo‘ldi, axir ayol bu yosh qaroqchiga Krok-mitan yoki bo‘lmasam Lup-garu to‘g‘risidagi ertaklar aytilmagunicha uxlay ololmasligini qayoqdan ham bilsin, yana kenjatoy Elodiya ham alla eshitib, tebranishsiz ko‘z yumishi o‘lguday qiyin ekanligini ayol bechora nihoyat arang tushunib yetdi.
“Yaxshigina tavbamga tayanib qoldim, Rubi xola”, – deya iqror bo‘ldi Mamzele Aureliya o‘z oshpaziga yorilib, “men uchun bu bolalarga qarashdan ko‘ra o‘nlab plantatsiyalarni boshqarish osonroq ekan. Axir bu dahshat-ku! Jonim hiqildog‘imga keldi! Endi menga hech qachon bola to‘g‘risida og‘iz ocha ko‘rmang!”
“Oh, Mamzele Aureliya-ey, bu olamda bolalardan-da beg‘uborroq zot topa olsangiz koshki edi. Axir bolalar bilan birga maza qilib o‘ynash kattalar bilan muomala qilishdan ko‘ra yoqimliroq emasmi? Menimcha, sizga ularning tilini topib olish mushkullik qilyapti. Bora-bora bolalar bilan qanday chiqishib ketganingizni o‘zingiz ham sezmay qolasiz”.
Shubhasiz, Mamzele Aureliya Rubi xolaning gaplariga o‘sha zahotiyoq qo‘shila qolmadi, buni qarang-a, to‘rtta-beshta to‘polonchi bilan ikki kunda til topishib bo‘larmidi – bu axir Mamzele Aureliyaday ayol uchun benihoyat murakkab vazifa-ku! Atiga zarurat tufayligina onalarning ikki-uch nayrangini o‘zlashtirib olganiga ham Mamzele Aureliya Xudoga behisob shukronalar keltirardi.
Lekin baribir Rubi xola haq bo‘lib chiqdi: Mamzele Aureliya asta-sekin bariga ko‘nikib qoldi; u kichkina bezori TiNommining hammavaqt shira yuradigan qo‘llari uchun umrida hech tutmaydigan oppoq peshbandini tutib oladigan bo‘ldi, hattoki to‘polonchining mehr va tashakkur ifodasi sifatida chopqillab kelib cho‘lp-cho‘lp qilib o‘pishlariga-da o‘rganib qoldi. Ne-ne zamonlardan beri shkaf tepasida qo‘l tegmay, chang bosib yotgan igna-ip solingan savatcha ham joyidan qo‘zg‘aldi, endi Mamzele Aureliya yirtilgan kiyimlaru tugmasiz kamzullarni butlab qo‘yish uchun qo‘liga hattoki igna olishgacha majbur bo‘ldi. Ammo ayolning eng qiynalgan joyi butun kun mobaynida bir nafas ham tinmaydigan qattiq baqirig‘u chinqiriqlar, uyning u burchagidan-bu burchagigacha aks-sado berib, to qora kechgacha tugamaydigan shovqin-suronlar bo‘ldi. Lekin kechalari ham Mamzele Aureliya bahuzur uxlay ololmas edi, negaki kichkina Elodiyaning issiqqina bo‘mbaloq tanasi ayolga mahkam yopishib yotar, kenjatoyning o‘tday nafasi Mamzele Aureliyaning yonoqlariga go‘yo jajji qushning qanotlariday mayin urib turardi.
Oradan ikki hafta o‘tar-o‘tmay Mamzele Aureliya axiyri bu g‘alvalarning bariga ko‘nikib qoldi, endi u ortiq nolimay ham qo‘ydi.
Bir oqshom ayvonga qandaydir yumush bilan chiqqan Mamzele Aureliya ko‘cha muyulishida uyi tomonga qayrilayotgan Valsinning tanish ko‘k mashinasini ko‘rib qoldi. Haydovchining yonida ko‘zlari sog‘inchdan porlagan Odeliyaning intizor chehrasi aks etdi. Ular uyga tobora yaqinlashganlari sari Mamzele Aureliya yosh juvonning quvonchdan yorishib ketgan yuzlaridan uning uyga qaytib kelganidan behad xushbaxt ekanligini yurak-yuragidan his etdi.
Shundayku-ya, biroq bu aytilmagan va kutilmagan tashrif Mamzele Aureliyaning qalbiga ulkan qayg‘u toshini-da bir onning o‘zida bostirib qo‘ydi. U darhol bolalarni to‘plab berishi lozim edi. Ax, bu zumrasha TiNommi qayoqda qoldiykin-a? E-ha, bu shumtaka bo‘lsa-bo‘lmasa, og‘ilxonada pichoq o‘ynab o‘tirgan bo‘lishi kerak. Xo‘sh, qizaloqlar Marselina bilan Marselleta-chi, ular qayerda qolishdi? Uyning biror burchagida qo‘g‘irchoqlariga ko‘ylak bichib, ularni yasantirish bilan mashg‘ul bo‘lsalar kerak-da. Birgina kenjatoy Elodiyadangina tashvish qilmasa bo‘lardi, negaki go‘dak Mamzele Aureliyaning qo‘llarida hech narsa bilan ishi yo‘q, o‘zi bilan o‘zi o‘ynab yotardi, ammo u onasini olib ketgan haydovchi Valsinning qadrdon mashinasi chiroqlarini ko‘rib qolishi bilan sevinganidan birdan qattiq qichqirib yubordi.
Nihoyat, hamma to‘s-to‘polon tinchiydigan bo‘ldi, ana endi bolakaylar o‘z uylariga butunlay qaytib ketishadi. E-voh, ular buncha tez ketib qolishmasa! Axir kelganlariga uncha ko‘p bo‘lgani yo‘q-ku! Mamzele Aureliya peshayvon o‘rtasida turgancha negadir ich-ichidan yopirilib kelayotgan o‘kinch to‘la nidoga arang dosh bergancha jimgina turib qoldi. U hatto mashinaning qanday kelib, bolalarni qanday olib ketganini ham sezmay qoldi. Butun atrof-javonibdagi dalalar uzra qip-qizil shafaq shu’lalari ila g‘ira-shira shom ko‘lankasi cho‘kib borar, go‘yo mana shu tevarak olam ham bu qorong‘ulik ichiga tamomila qorishib ketayotganday bo‘lardi. Jami borliq uzra yoyilib borayotgan qirmizi tuman ichida ayolning nigohi ortiq hech narsani ilg‘amay qoldi. Uning quloqlari hattoki mashina g‘ildiraklarining quloqni qomatga keltirguday o‘tkir chirqirashini-da eshitmadi. Uning quloqlariga kichkintoy bezorilarning shodon, yangroq ovozlari qattiq o‘rnashib qolgandi.
Mamzele Aureliya ohista xo‘rsingancha uyga kirib ketdi. Ichkarida uni bir dunyo yumush kutib turardi, bolakaylar butun uyni ostin-ustin qilib yuborishgan, hammayoq parokanda bo‘lib to‘zg‘ib yotardi, ammo xonalarni tartibga solishga ayolning qo‘li darrov bormadi. U stol oldiga xomush cho‘kdi. Yana bir o‘zi yolg‘iz qolgan jussasini qurshagancha tashqaridan o‘rmalab kirib kelayotgan tun rutubati chulg‘agan sovuq xonasi ichiga ma’yus bir nigoh tashladi. So‘qqabosh ayol boshini qo‘llari ustiga qo‘ydi-da, ich-ichidan otilib kelayotgan so‘zsiz faryodlarga ortiq bardosh berolmay oxiri yig‘lab yubordi. Ha, Mamzele Aureliya yig‘layotgan edi! Lekin uning yig‘isi hamma ayollarnikiday yumshoq, mayin yig‘iga o‘xshamasdi. Mamzele Aureliya xuddi erkak kishiday, butun yuragini pora-pora qilib yuborguday nola bilan o‘kirib-o‘kirib yig‘lardi. U hatto iti Ponto kelib, qo‘llarini yalayotganini ham sezmas edi.
Ingliz tilidan Qandilat Yusupova tarjimasi
Кейт Шопен. Ўкинч (ҳикоя)
Мамзеле Аурелия басавлатдан келган, ёноқлари қип-қизил, сочлари энди-энди оқара бошлаган, кўзлари атрофга ҳаммавақт синчковлик билан боқадиган ўрта ёшлардаги эркакшода бир аёл эди. У одатда, бошига ферма эркаклари киядиган шляпа кийиб юрар, совуқ кунлари эгнига униқиб кетган мовий ёмғирпўш билан оёқларига зил-замбил кирза этикларини илиб оларди.
Мамзеле Аурелия умри бино бўлиб, турмушга чиқиш борасида сира бош қотириб кўрмаган эди. Бу аёл бутун ҳаёти мобайнида ҳатто севиб ҳам қолмаганди. Бир пайтлар, йигирма ёшлик авжи дуркун чоғларида унинг ҳам қўлини сўраб келишган, аммолекин Аурелия ўша заҳотиёқ бу таклифни кескин рад этганди, шундай бўлса-да, мана ҳозир ёши элликка яқинлашиб қолган бўлса-да, Мамзеле Аурелия бир ўзи ёлғиз яшаб келаётганидан зиғирча ҳам афсусланмас эди.
Пешонани қарангки, бу ғаройиб аёл шундай кенг-катта оламда ёппа-ёлғиз яшаб келаётганди, албатта, Мамзеле Аурелиянинг содиқ ити Понто ва экинзорларида меҳнат қиладиган негрлару бир-икки дона сигир, бир жуфт хачир, турли-туман даррандаю паррандалар ҳамда аёлнинг қўшотар милтиғини (бу қуролни у жўжаларига хавф солувчи қирғийлар учун ишлатар эди) ҳисобга олмаганда, Аурелия бутунлай сўққабош эди, балким шу ёлғизлиги сабабданми аёл Худога қаттиқ боғланиб қолганди, туну кун ибодатини ҳеч канда қилмасди.
Бир куни эрталаб осмонда тўсатдан пайдо бўлиб қолган қора булутлар каби бир тўп болаларнинг уйи томон ёпирилиб келаётганига Мамзеле Аурелиянинг кўзи тушиб қолди. Чақирилмаган бу меҳмонларидан аёлнинг кўнгли бироз хижил тортди. Болалар Аурелиянинг ён қўшниси Оделияга тегишли эди, лекин, очиғини айтганда, бу сўққабош аёл шу пайтгача қўшниларининг ҳатто биронтаси билан ҳам у қадар апоқ-чапоқ бўлиб кетмаган эди.
Орадан беш дақиқа ўтар-ўтмас, болалари ортидан ёш жувон Оделиянинг ўзи ҳам кўринди. У бир қўлида жажжи қизалоғи Элодияни кўтариб олган, бир қўли билан эса эндигина этак-чечак қила бошлаган ТиНоммини базўр етаклаб олганча қоқилиб-суқилиб келар, унинг орқасидан катта қизлари Марселина билан Марселетта ҳам шошилганча эргашиб келишарди.
Оделиянинг юзлари хадеб йиғлайверганидан қизариб, шишиб кетганди. Гап шундаки, жувоннинг олис шаҳарда яшовчи онаси оғир хасталаниб қолиб, қизини ҳузурига чақиртирганди, бахтга қарши жувоннинг эри ҳам ёнида эмас – Техасга кетиб қолганди, Техас эса Оделияга дунёнинг бир тупкасидай жуда узоқ жой бўлиб кўринарди, устига-устак айни чоғда ёлланган ҳайдовчи Валсин ҳам станцияда аёлнинг йўлига кўз тутиб ўтирар эди.
“Биламан, Мамзеле Аурелия, ишингиз бир дунё, бошингиздан ошиб ётибди, бироқ бу зумрашаларни сиздан бошқа кимга ҳам ишониб топшира олардим, ўтинаман, йўқ деманг, то мен қайтиб келгунимча болаларимга кўз-қулоқ бўлиб турсангиз. Йўқ-йўқ, ўтирмайман, овора бўлманг, мени станцияда кутишяпти, Мамзеле Аурелия, тушунинг, бошқа чорам йўқ! Мен учун бир савоб иш қилинг, илтимос, келиб сизни албатта, рози қиламан. Бир ўзим шунча болаларни йўлда эплаб олиб кетолмайман, ахир узоқ йўлда бу болалар одамни ақлдан оздириши турган гап, аксига олиб эримнинг ҳам уйда эмаслигини кўрмайсизми, Худо кўрсатмасин, ишқилиб, мен уймаланиб етиб боргунимча онаизорим узилиб қолмасинлар-да, илойим!” – чинданам фавқулодда мушкул вазият Оделиянинг ақлини шошириб қўйган, жувоннинг тоза боши қотиб қолганди, у ҳатто нима деб, нима қилаётганини ҳам тузукроқ идрок этолмас эди.
Жувон ялина-ялина барибир болаларини Мамзеле Аурелиянинг уйи остонасида қолдирганча шошиб жўнаб кетди; болалар эса қуёш куйдираётган, жажжи жўжалар оёқлари билан ўт-майсаларни бемалол титкилаб юришган ҳовли ўртасида эгасиз бир ўзлари шумшайиб қолишди, лекин хаял ўтмай бири тортина-тортина, бири бўлса беҳадик, зипиллаганча зина бўйлаб орқама-кетин кўтарила бошлашди. Шу дамда ҳавода мойчечакларнинг ажиб ифори бўй таратар, узоқ-узоқлардаги пахта далалари оша ишчи негрларнинг қувноқ кулгулари садоси ўткир жаранглаб келмоқда эди.
Мамзеле Аурелия болакайларга ўзининг норози ва синчков кўзларини қадаганча серрайиб туриб қолди. У бўмбалоқ Элодиянининг оғирлигидан энкайиб олганча гандираклаб қадам босаётган Марселинага хушламайгина кўз қирини ташлаб қўйди. Шу оннинг ўзида онасини сўрайвериб хархаша қилаётган ТиНоммини тинчлантиришга уринаётган Марселитани ҳам бу совуқ нигоҳидан бебаҳра қўймади. Икки-уч лаҳзалик шундай дўқ-пўписаларидан кейин Мамзеле Аурелия бироз кўнглини бўшатиб олди-да, ноилож ўзини қўлга олиб, энди қилиши мажбурий бўлган ишлари режасини ўзича тузиб чиқди. Аёл дастлабки ишини тўполончиларнинг қорнини тўйғазишдан бошлади.
Башарти бу болалар Мамзеле Аурелиянинг қўл остида ишҳақи олиб, меҳнат қилаётган негрлар қабилида бўлишганда бормиди, аёл ўша вақтнинг ўзидаёқ бу шумтакаларни бир зумда ҳайдаб юборган бўлар эди, аммо шўрлик Оделиянинг оҳу зорлари унинг бу қарорини қатъий чеклаб турарди. Бироқ барибир, бола боқиш ҳазил иш эмас-да, ахир болалар кичкина чўчқа болалари эмас-ку, улар ҳаммавақт эътибор талаб қилиб, одамдан астойдил меҳр кутишади; бу мураккаб вазифа эса бу каби юмушларга буткул ношуд бўлган Мамзеле Аурелиянинг асло қўлидан келмас эди, умрида шундай қалтис вазиятга тушиб қолишини эса аёл ҳатто тушида ҳам кўрмаганди.
Шунинг учун биринчи кунлари Оделиянинг полапонларига ғамхўрлик кўрсатишда, рости, Мамзеле Аурелия анчагина адабини еди. Ахир у жонсарак Марселеттани баланд ва буйруқомуз оҳангда гап эшитиши билан дарров йиғлаб юборишини қаердан ҳам билсин? Ёш Марселеттанинг табиати шунақа экан-да! Мамзеле Аурелия кичкинтой ТиНоммининг ҳам гулларга ишқи баланд эканлигин аниқлаб олди, кичкина безори то гулларни бандидан узиб, боғдаги жами сара чечакларни пайҳон қилмагунича кўнгли ҳеч жойига тушмас экан.
“Унга ҳеч қайси танбеҳингиз кор қилмайди, Мамзеле Аурелия”, – дея аёлга йўл кўрсатди Марселина, – яхшиси, сиз уни стулга боғлаб қўйинг. Ойим ҳамиша ТиНоммининг ақлини шу тарзда киритиб қўярдилар”. Мамзеле Аурелия безори ТиНоммини боғлаб қўйган стул кенггина ва қулайгина экан чоғи кичкинтой унда бир зумда пинакка кетиб қолди, ниҳоят Мамзеле Аурелия тўполончилардан бирини шу йўсинда тинчитди.
Оқшом чўкиши билан аёл худди жўжаларни инига ҳайдаб кираётган каби болакайларнинг барини бирма-бир жой-жойларига ётишларини буюрди, бироқ кичкинтойлар Мамзеле Аурелиянинг қаршисида каловланганча туриб қолишди. Ахир уларнинг момиққина ёстиқлари устига ҳар кеч тахт қилиб қўйиладиган тунги кўйлаклари қаерда қолди, бунинг ўрнига улар нима учун худди хўкиз қамчисидай оғир қўл билан кетларига ниқталганларича ётоқларига ҳайдалишлари керак? Ҳар кеч полнинг ўртасига уларнинг толиққан, қуёшда тобланиб чанг-чунг бўлиб кетган оёқларини ювиб олишлари учун келтириб қўйиладиган сув тўла тос-чи, у қаерда қолди? Шу тобда қизалоқлар Марселина билан Марселеттанинг кулгусини қистатган нарса, Мамзеле Аурелиянинг шумтака ТиНоммини ухлата олмай тоза хуноб бўлиб қийналгани бўлди, ахир аёл бу ёш қароқчига Крок-митан ёки бўлмасам Луп-гару тўғрисидаги эртаклар айтилмагунича ухлай ололмаслигини қаёқдан ҳам билсин, яна кенжатой Элодия ҳам алла эшитиб, тебранишсиз кўз юмиши ўлгудай қийин эканлигини аёл бечора ниҳоят аранг тушуниб етди.
“Яхшигина тавбамга таяниб қолдим, Руби хола”, – дея иқрор бўлди Мамзеле Аурелия ўз ошпазига ёрилиб, “мен учун бу болаларга қарашдан кўра ўнлаб плантацияларни бошқариш осонроқ экан. Ахир бу даҳшат-ку! Жоним ҳиқилдоғимга келди! Энди менга ҳеч қачон бола тўғрисида оғиз оча кўрманг!”
“Оҳ, Мамзеле Аурелия-ей, бу оламда болалардан-да беғуборроқ зот топа олсангиз кошки эди. Ахир болалар билан бирга маза қилиб ўйнаш катталар билан муомала қилишдан кўра ёқимлироқ эмасми? Менимча, сизга уларнинг тилини топиб олиш мушкуллик қиляпти. Бора-бора болалар билан қандай чиқишиб кетганингизни ўзингиз ҳам сезмай қоласиз”.
Шубҳасиз, Мамзеле Аурелия Руби холанинг гапларига ўша заҳотиёқ қўшила қолмади, буни қаранг-а, тўртта-бешта тўполончи билан икки кунда тил топишиб бўлармиди – бу ахир Мамзеле Аурелиядай аёл учун бениҳоят мураккаб вазифа-ку! Атига зарурат туфайлигина оналарнинг икки-уч найрангини ўзлаштириб олганига ҳам Мамзеле Аурелия Худога беҳисоб шукроналар келтирарди.
Лекин барибир Руби хола ҳақ бўлиб чиқди: Мамзеле Аурелия аста-секин барига кўникиб қолди; у кичкина безори ТиНоммининг ҳаммавақт шира юрадиган қўллари учун умрида ҳеч тутмайдиган оппоқ пешбандини тутиб оладиган бўлди, ҳаттоки тўполончининг меҳр ва ташаккур ифодаси сифатида чопқиллаб келиб чўлп-чўлп қилиб ўпишларига-да ўрганиб қолди. Не-не замонлардан бери шкаф тепасида қўл тегмай, чанг босиб ётган игна-ип солинган саватча ҳам жойидан қўзғалди, энди Мамзеле Аурелия йиртилган кийимлару тугмасиз камзулларни бутлаб қўйиш учун қўлига ҳаттоки игна олишгача мажбур бўлди. Аммо аёлнинг энг қийналган жойи бутун кун мобайнида бир нафас ҳам тинмайдиган қаттиқ бақириғу чинқириқлар, уйнинг у бурчагидан-бу бурчагигача акс-садо бериб, то қора кечгача тугамайдиган шовқин-суронлар бўлди. Лекин кечалари ҳам Мамзеле Аурелия баҳузур ухлай ололмас эди, негаки кичкина Элодиянинг иссиққина бўмбалоқ танаси аёлга маҳкам ёпишиб ётар, кенжатойнинг ўтдай нафаси Мамзеле Аурелиянинг ёноқларига гўё жажжи қушнинг қанотларидай майин уриб турарди.
Орадан икки ҳафта ўтар-ўтмай Мамзеле Аурелия ахийри бу ғалваларнинг барига кўникиб қолди, энди у ортиқ нолимай ҳам қўйди.
Бир оқшом айвонга қандайдир юмуш билан чиққан Мамзеле Аурелия кўча муюлишида уйи томонга қайрилаётган Валсиннинг таниш кўк машинасини кўриб қолди. Ҳайдовчининг ёнида кўзлари соғинчдан порлаган Оделиянинг интизор чеҳраси акс этди. Улар уйга тобора яқинлашганлари сари Мамзеле Аурелия ёш жувоннинг қувончдан ёришиб кетган юзларидан унинг уйга қайтиб келганидан беҳад хушбахт эканлигини юрак-юрагидан ҳис этди.
Шундайку-я, бироқ бу айтилмаган ва кутилмаган ташриф Мамзеле Аурелиянинг қалбига улкан қайғу тошини-да бир оннинг ўзида бостириб қўйди. У дарҳол болаларни тўплаб бериши лозим эди. Ах, бу зумраша ТиНомми қаёқда қолдийкин-а? Э-ҳа, бу шумтака бўлса-бўлмаса, оғилхонада пичоқ ўйнаб ўтирган бўлиши керак. Хўш, қизалоқлар Марселина билан Марселлета-чи, улар қаерда қолишди? Уйнинг бирор бурчагида қўғирчоқларига кўйлак бичиб, уларни ясантириш билан машғул бўлсалар керак-да. Биргина кенжатой Элодиядангина ташвиш қилмаса бўларди, негаки гўдак Мамзеле Аурелиянинг қўлларида ҳеч нарса билан иши йўқ, ўзи билан ўзи ўйнаб ётарди, аммо у онасини олиб кетган ҳайдовчи Валсиннинг қадрдон машинаси чироқларини кўриб қолиши билан севинганидан бирдан қаттиқ қичқириб юборди.
Ниҳоят, ҳамма тўс-тўполон тинчийдиган бўлди, ана энди болакайлар ўз уйларига бутунлай қайтиб кетишади. Э-воҳ, улар бунча тез кетиб қолишмаса! Ахир келганларига унча кўп бўлгани йўқ-ку! Мамзеле Аурелия пешайвон ўртасида турганча негадир ич-ичидан ёпирилиб келаётган ўкинч тўла нидога аранг дош берганча жимгина туриб қолди. У ҳатто машинанинг қандай келиб, болаларни қандай олиб кетганини ҳам сезмай қолди. Бутун атроф-жавонибдаги далалар узра қип-қизил шафақ шуълалари ила ғира-шира шом кўланкаси чўкиб борар, гўё мана шу теварак олам ҳам бу қоронғулик ичига тамомила қоришиб кетаётгандай бўларди. Жами борлиқ узра ёйилиб бораётган қирмизи туман ичида аёлнинг нигоҳи ортиқ ҳеч нарсани илғамай қолди. Унинг қулоқлари ҳаттоки машина ғилдиракларининг қулоқни қоматга келтиргудай ўткир чирқирашини-да эшитмади. Унинг қулоқларига кичкинтой безориларнинг шодон, янгроқ овозлари қаттиқ ўрнашиб қолганди.
Мамзеле Аурелия оҳиста хўрсинганча уйга кириб кетди. Ичкарида уни бир дунё юмуш кутиб турарди, болакайлар бутун уйни остин-устин қилиб юборишган, ҳаммаёқ пароканда бўлиб тўзғиб ётарди, аммо хоналарни тартибга солишга аёлнинг қўли дарров бормади. У стол олдига хомуш чўкди. Яна бир ўзи ёлғиз қолган жуссасини қуршаганча ташқаридан ўрмалаб кириб келаётган тун рутубати чулғаган совуқ хонаси ичига маъюс бир нигоҳ ташлади. Сўққабош аёл бошини қўллари устига қўйди-да, ич-ичидан отилиб келаётган сўзсиз фарёдларга ортиқ бардош беролмай охири йиғлаб юборди. Ҳа, Мамзеле Аурелия йиғлаётган эди! Лекин унинг йиғиси ҳамма аёлларникидай юмшоқ, майин йиғига ўхшамасди. Мамзеле Аурелия худди эркак кишидай, бутун юрагини пора-пора қилиб юборгудай нола билан ўкириб-ўкириб йиғларди. У ҳатто ити Понто келиб, қўлларини ялаётганини ҳам сезмас эди.
Инглиз тилидан Қандилат Юсупова таржимаси