Knut Hamsun. Ishq gadolari
Кирилл ёзувидаги матн пастроқда
Bularning barini men yozdim, yuragimdagilarni qogʻozga toʻkib, yengil tortish uchun, shu bugun ertalab yozdim. Qahvaxonadagi ishimdan ayrildim, ishim bilan birga hayotimning quvonchli damlari ham boy berildi. Qahvaxonaning nomi “Maksimillian” edi.
Har oqshom egniga kulrang kiyim kiygan yosh, kelishgan janob ikki doʻsti bilan men xizmat koʻrsatadigan stollardan biriga kelib oʻtirardi. Toʻgʻri, unga oʻxshagan janoblarning juda koʻpi qahvaxonaga kelib-ketishar, ularning bari men bilan yaxshi munosabatda boʻlar, hurmat doirasida muomala qilardi. Faqat u… Uning boʻyi baland, qaddi-qomati kelishgan, sochlari tim qora, muloyim, koʻzlari moviy – baʼzan bu koʻzlar menga nigoh tashlagan koʻyi bir oz qotib qolardi – lablari uzra sabza urgan moʻylablari ham oʻziga yarashgan.
Avvaliga bu janob meni nimagadir xushlamadi.
U hafta davomida har kuni muntazam kelardi. Unga shu qadar oʻrganib qoldim, ammo bir kuni u negadir kelmay qoldi. Oʻsha kuni bir nimamni yoʻqotgandek gʻussaga botdim. Qahvaxonaning hamma burchaklarini aylanib, uni qidirdim; nihoyat muhtasham qahvaxonaning narigi burchagidan topdim. Katta ustun yonida joylashgan stolda sirkda ishlaydigan chavandoz ayol bilan birga oʻtirardi. Ayol egniga sariq rangli koʻylak, qoʻllariga esa yelkalarigacha yetadigan qoʻlqop kiygandi. Xonim yosh edi, koʻzlari chiroyli, tim qora. Mening koʻzlarim esa – moviy rangda.
Ular oʻtirgan stol yaqinidagi panaroq joyda bir daqiqacha turib, gaplariga quloq tutdim: ayol unga norozi ohangda gapirar, joniga tegib ketganini takrorlar, uni tinch qoʻyishini, bezovta qilmasligini soʻrardi. “Ey, Parvardigor, bu ayol uni oʻzidan nari qilayotgan ekan, nega u mening yonimga kela qolmaydi!” – deya hayqirardi yuragim.
Ertasiga u yana doʻstlari bilan kirib keldi va tasarrufimdagi stollardan biriga oʻtirdi. Yoniga har doimgidek darrov yugurib bormadim. Yuzlarim lovullab qizarganini his qildim, biroq oʻzimni uni koʻrmagandek tutdim. Meni chaqirganida esa, yoniga yaqinlasharkanman:
– Kecha koʻrinmadingiz, janob? – dedim. U esa doʻstlariga murojaat qilganday:
– Bizning kelner xonimimiz bagʻoyat xushbichim-a! – dedi.
– Pivo keltiraymi? – soʻradim.
Oradan bir necha kun oʻtdi. U qoʻlimga buklangan bir qogʻoz tutqazdi.
– Buni olib borib bering… – xatni uning qoʻlidan oldimu, gapini tugatmasidan nari ketdim. Sal nariroqda oʻtirgan sariq koʻylakli xonimga eltib berishga shoshildim. Yoʻl-yoʻlakay xatga nari-beri koʻz yugurtirdim, biroq maktub oxiridagi “Vladimir T.” degan yozuvni eslab qoldim xolos.
Qaytib kelganimda, u menga savol nazari bilan qarab turardi.
– Xatni yetkazdim, – dedim hozirjavoblik bilan.
U menga bir krona uzatdi va kulimsirab:
– Buni soʻzsiz ham tushunish mumkin – dedi.
Vladimir (uning ismini bilib olgandim!) butun oqshom davomida oʻsha sariq libosli xonim hamda uning hamrohlariga tikilgancha oʻtirdi. Soat oʻn birlar chamasi edi. Oʻrnidan turib, ular tomon yaqinlashdi. Sariq libosli xonim uni sovuq qarshi oldi. Yonidagi ikki ishqibozi esa Vladimirga qarata kesatiq gaplar otishar, ustidan kulib, hazil-mazax qilishardi. Ularning davrasida bir necha daqiqagina oʻtirgach , u qaytib keldi. Diqqat bilan qaradim; paltosining choʻntagi hoʻl edi. Anavilar pivo toʻkib yuborishganini angladim. Paltosini yecharkan, oʻgirilib cha-vandoz ayol oʻtirgan stol tarafga qaradi. Paltosini arta boshladim. U menga qarab jilmaydi va:
– Rahmat, kanizak xonim! – dedi.
Ustki kiyimini kiyishga yordamlashib yubordim. Shu asnoda uning yelkasiga barmoqlarim uchi bilan ohista tegindim.
U ojiz holda kursiga choʻkdi. Doʻstlaridan biri pivo keltirishni buyurdi. Uning ham krujkasini olmoqchi boʻlgandim, “Yoʻq”, degancha idish dastasiga uzatilgan qoʻllarim ustiga qoʻllarini qoʻydi. Uning taftini sezgan qoʻllarim majolsiz boʻshashdi. Yigit ham buni sezdi, tezda qoʻllarini tortib oldi.
Kechqurun yotogʻim yonida tiz choʻkkan koʻyi uning uchun ikki marta ibodat qildim. Qoʻllari tekkan oʻng qoʻlimni qayta-qayta oʻpdim. Juda baxtli edim.
Bir safar u menga gul tuhfa qildi, bir dasta gul… Gullarni qahvaxonaga kiraverishda savdo qiladigan gulchi xotindan sotib olgandi. Savat toʻla gullar – yangi uzilgan, lov-lov yonib turgandek alvon rangda. Savatni oʻzi oʻtirgan stol ustiga qoʻydi. Bu gal u yolgʻiz kelgandi , doimiy hamrohlari – doʻstlari yoʻq edi yonida. Boʻsh qoldim deguncha ustun orqasida turib uni kuzatardim, xayolimda uning ismi charx uraverardi: “Uning ismi Vladimir T.”.
Oradan bir soatga yaqin vaqt oʻtdi. U soatiga tez-tez qarab qoʻyardi. Undan:
– Kimnidir kutyapsizmi? – deya soʻradim.
Parishon holda men tomon nigoh tashladi, soʻng keskin javob berdi:
– Yoʻq, hech kimni kutmayapman. Kimniyam kutardim?
– Men… shunchaki, ehtimol siz kimnidir kutayotgandirsiz, deb oʻyladim…
– Beriroq keling, – imladi u, – bu gullar sizga!
Gullar toʻla savatni menga tutdi.
“Tashakkur”, dedim mamnun holda. Ammo hayajondan ovozim yoʻqoldi shekilli, “tashakkur” soʻzini pichirlab aytdim. Shu onda miyamga qon quyulgandek qizib, qizarib ketdim, baxtdan masrur boʻlgancha odimlab borarkanman, buyurtmalar peshtaxtasi oldida toʻxtadim. Buyurtma qabul qiladigan ayolga roʻyxatni uzatar ekanman, ayol soʻradi:
– Nima deb oʻylaysiz, menga nima kerak ekan-a! – savolga savol bilan javob berdim quvlik qilib.
– Nima deb oʻylayman!? – ayol jahl bilan keskin javob berdi. – Nima, aqldan ozdingizmi!
Men esa oʻsha koʻtarinki kayfiyat bilan soʻzlashda davom etardim:
– Qani, toping-chi, bu gullarni menga kim sovgʻa qildi?
Shu payt ober-kelner paydo boʻldi. Menga qarab:
– Anavi yogʻoch oyoqli janobga pivo olib bormabsiz-ku! – deya soʻz qotdi.
– Gullarni menga Vladimir sovgʻa qildi! – oʻz topishmogʻimga oʻzim javob berdim-da, quvonchdan uchayotganday mijozga xizmat qilishga shoshildim.
T. hali ham ketmagandi. Bir ozdan keyin u oʻrnidan qoʻzgʻolib, ketishga chogʻlanganida, yoniga chopib bordim-da, yana bir bor unga tashakkur bildirmoqchi boʻldim.
U hayron boʻldi va jiddiy ohangda:
– Bilasizmi, toʻgʻrisi, gullarni boshqa birov uchun olgandim! – dedi. Mayli, mayli, ehtimol, u gullarni boshqa birov uchun sotib olgandir.
Ammo ularni menga tuhfa qildi! Oʻsha ayolga emas, aynan menga! Va yana gullar uchun tashakkurimni izhor etishga izn berdi! Xayrli tun, Vladimir!
Ertasi kuni ertalab yomgʻir yogʻayotgan edi. “Qaysi koʻylagimni kiysam ekan, qorasinimi yoki yashilini? – Bir oz boshim qotdi, soʻng bir qarorga keldim. – Albatta yashilini-da, axir u yangiroq!” Quvonchim ichimga sigʻmas edi.
Tramvay bekatiga yaqinlashar ekanman, bir xonimning jala ostida shamsiyasiz ivib turganini koʻrdim. Unga shamsiyam ostiga kirishni taklif etdim, ammo u tashakkur bildirgancha, taklifimni negadir rad etdi. Shunda men ham shamsiyamni yopdimu, yomgʻirda ivigan xonimga sherik boʻldim. “Nega endi u yolgʻiz oʻzi ivishi kerak ekan!” degan xayol bilan shunday qildim.
Kechqurun Vladimir yana qahvaxonamizga keldi. Uni qarshi olar ekanman:
– Gullar uchun yana bir bor tashakkur! – dedim jilmayib.
– Qaysi gullar uchun? – soʻradi u, soʻng: – Boshqa oʻsha gullar haqida gapirmang! – dedi.
– Men shunchaki sizga gullar uchun tashakkurimni aytmoqchi edim.
– Men sizni sevmayman, – dedi.
Bilaman, u meni sevmaydi, uning sevgani emasligimni yaxshi bilaman. Undan oʻzimga nisbatan bunday hislarni sira kutmaganman. Uning soʻzlaridan hafsalam pir boʻlgani ham yoʻq. Mayli, sevmasa, sevmasin. Biroq men uni har kuni koʻrish baxtiga muyassarman, har oqshom u keladi va mening tasarrufimdagi stollardan biriga oʻtiradi, men unga xizmat koʻrsataman. Yana keling, Vladimir.
Kelasi oqshom u odatdagidan ancha kechikib keldi.
– Pulingiz bormi? – deb soʻradi.
– Afsus, men bir gʻarib qiz boʻlsam…
U nigohini koʻzlarimga qadab turdi-da, jilmayib qoʻydi.
– Siz meni notoʻgʻri tushundingiz, menga ozroq pul kerak edi… ertagacha…
– Ha, ozmuncha jamgʻarmam bor, uyda, bir yuz oʻttiz kronam bor!
– Oʻn besh daqiqa kutib tura olasizmi, oʻn besh daqiqadan keyin qahvaxona yopiladi, ishimiz tugaydi, keyin birga uyimga boramiz, sizga pullarni uydan olib beraman…
U oʻn besh daqiqa kutib turdi. Biz birga qahvaxonadan chiqib, uyim tomon yoʻl oldik.
– Roppa-rosa yuz krona kerak! – dedi u.
U yoʻl boʻyi mening yonimda bordi. Ilgarilab ham ketmadi, ortda ham qolmadi. Zodagon olifta janoblar oddiy odamlar yonida yurishni maʼqul koʻrmay, odatda shunday qilishardi.
– Uyim oddiy bir hujra, – dedim xijolat boʻlib uyimga yaqinlashganimizda.
– Shu yerda kutib turaman, – keskin ohangda javob berdi u, – siz bilan bormayman.
U pastda kutib turdi. Pullarni unga tutqazganimda, erinmay hammasini sanab chiqdi:
– Bu yerda yuz kronadan koʻproq pul bor ekan. Oʻn kronasi sizga choy haqi! Eshityapsizmi, oʻn kronasi sizga! Choy haqi!
U mayda pullarni menga uzatdi. Xayrli tun tiladi-da, ketdi. Muyulishga yetganida yoʻl chetidagi tilanchi kampirga ehson uzatayotganiga koʻzim tushdi.
Keyingi oqshom qarzni toʻlay olmasligini afsus-nadomat bilan aytib, uzr soʻradi. Men esa qarzni toʻlay olmagani uchun ham unga minnatdorchilik bildirdim. Pullarni ishlatib yuborganini tan oldi.
– Nimayam qilardim, shunday boʻlib qoldi, oʻzingizga maʼlum: sariq koʻylakli xonim!
– Nega sen bunaqa ahvolga tushib qolding-a, ogʻayni, – soʻz qotdi doʻstlaridan biri. – Ishq gadosiga aylanib boʻlibsan-ku!
– Biron nima buyurasizlarmi? – ularning gapini boʻldim.
Bu orada qahvaxonaga oʻsha sariq libosli xonim kirib keldi. Vladi-mir oʻrnidan turdi-da, aslzodalarga xos taʼzim bajo etdi. Ikki bukilib taʼzim qilganidan chakkalaridagi sochlari yuzlarini yopdi. Xonim esa beparvo holda uning yonidan oʻtdi-da, boshqa bir stolga borib joylashdi. Vladimir ham darhol oʻsha stol atrofidagi oʻrindiqlardan biriga borib oʻtirdi. Oradan ikki daqiqa oʻtar-oʻtmas uning tik turgan holda baland ovoz bilan gapirayotganini eshitdim.
– Juda yaxshi, ketaman. Boshqa qaytmaganim boʻlsin!
– Minnatdorman, – xotirjam holda javob qaytardi xonim.
Bu suhbatni eshitdimu, xursandligimdan goʻyoki osmonlarda parvoz qilardim. Shu holda buyurtma qabul qilinadigan boʻlmaga borib, buyurtma oluvchi ayolga bir nimalar deya gapira boshladim. Ehtimol, uning sariq libosli xonimning yoniga hech qachon qaytmasligini soʻzlagan boʻlsam kerak. Xizmat koʻrsatish boʻlimining boshligʻi yonimizdan oʻtib ketarkan, menga yana qattiq ogohlantirish berdi. Ammo endi menga baribir edi!
Soat oʻn ikkiga bong urdi, qahvaxonamizning ish vaqti tamom boʻldi. Hamma birin-sirin chiqib ketarkan, u meni kuzatib qoʻymoqchi ekanligini aytdi.
– Kecha sizga bergandim-ku, oʻn krona! Shundan besh kronasini berib tura olasizmi menga? – soʻradi u.
Unga kechagi kronalarning hammasini uzatgandim, faqat beshtasinigina oldi. Qolganlarini esa, har qancha qarshiligimga qaramay, qaytarib berdi.
– Bilasizmi, bugun juda baxtiyorman, – dedim iymanib. – Qani endi sizni uyimga taklif qila olsam… Uyim oddiygina bir hujrada!
– Xijolat boʻlmang. Uyingizga kirmoqchi emasman. Xayrli tun.
U ketdi. Muyulishdagi tilanchi kampir oldidan oʻtib ketarkan, kampirning ehtirom ila qilgan taʼzimiga qaramay, sadaqa berishni unutdi. Shu zahotiyoq kampirning oldiga chopib bordim, unga tanga uzatdim:
– Oling, buvijon. Bu hozirgina shu yerdan oʻtib ketgan janobdan. Hozirgina oʻtib ketdi-ku, anavi kulrang kiyimdagi janob… Oling, olavering!
– Kulrang kiyimdagi? – behol soʻradi kampir.
– Ha, sochlari tim qora… Uning ismi Vladimir.
– Siz uning xotinimisiz, qizim?
– Yoʻq, buvijon, – javob berdim masrur holda. – Oʻsha janobning ishqida oʻrtanayotgan bir gadoman.
Bir necha oqshomdan beri u takror va takror pullarimni qaytara olmayotganidan afsusda ekanini aytardi. Men esa bundan aslo xijolat boʻlmasligini taʼkidlar, agar hadeb shunaqa deyaversa, meni ranjitishi mumkinligini eslatardim. U shunchalik baralla gapirardiki, atrofdagilar ham gaplarini bemalol eshita olardilar, ayrimlar esa uning ustidan kulishardi.
– Men yaramas odamman, firibgarman, – derdi u. – Sizdan qarzga pul ketdi, oʻzining sirki va sirkchilari bilan birga ketdi. Albatta, men uni tamoman unutib yubordim. Uni biror marta ham oʻylaganim yoʻq, rost aytyapman. Unutdim…
– Ammo baribir bugun unga yana xat yuborishga jazm qilding! – gapini boʻldi doʻstlaridan biri.
– Ha, oxirgi marta… bu oxirgisi! – javob berdi bir oz sarxush holda Vladimir.
Eshik oldidagi gulchi ayoldan bir dona atirgul sotib oldim. Atirgulni uning chap yoqasidagi ilgakka toʻgʻnagʻich bilan qadab qoʻydim. Gulni taqar ekanman, unga juda yaqin turardim, uning nafasi qoʻllarimga kelib uri-layotganini his qilib turar, hayajon ichida gulni toʻgʻnagʻichga ildirolmay qiynalardim.
Nihoyat, gulni taqib boʻlganimdan keyin, u menga mamnun ohangda:
– Sizdan minnatdorman, – dedi.
Kassaga borib, oʻzimga tegishli uch-toʻrt kronani olib keldim va unga uzatdim. Bu juda oz edi.
– Mana bularni oling, bor-yoʻgʻim shu!
Oʻsha oqshom men juda baxtli edim. Oradan bir oz vaqt oʻtgach, Vladimir birdaniga:
– Bergan pullaringiz menga juda zarur edi. Bir joyga borib kelishim kerak, safarga… – deb qoldi. – Pullarni qaytganimdan keyin, albatta, qaytaraman.
Bezovtalana boshlaganimni sezib, qoʻshimcha qildi:
– Xavotirlanmang, men faqat sizni sevaman, – dedi qoʻlimdan tutib. Ahvolim yomon edi. U qayergadir joʻnab ketyapti, qancha soʻrab-surishtirmay, qayerga ketayotganini aytishni istamayapti. Shu onda koʻz oldim qorongʻilashib, tevaragimdagi hamma narsa: qahvaxona, shiftdagi qandillar, oʻtirgan-yurgan mijozlar, xizmatchilar gir aylanardi. Oʻzimni tutib turolmadim. Uning ikkala qoʻlini mahkam ushlab oldim.
– Aytdim-ku, bir haftadan keyin qaytaman, koʻrishamiz! U shunday deb oʻrnidan turdi.
Quloqlarim ostida ober-kelnerning yoqimsiz tovushi jarangladi. “Marhamat! Bemalol! – xayolimdan kechardi bu soʻzlar. – “Nima qipti? Boʻshasam boʻshabman-da! Bir haftadan keyin Vladimir yonimga qaytib keladi. Hammasi yaxshi boʻladi, hammasi! U bor-ku! Unga rahmat, borligi uchun unga rahmat aytib qoʻyishim kerak!” Ana shu fikr bilan ortimga oʻgirildim. Ammo u allaqachon ketib boʻlgandi.
Oradan bir hafta oʻtdi. Kechqurun uyga kirib kelarkanman, uning maktubiga koʻzim tushdi. U oʻzining juda chorasiz ahvolda qolganini yozardi. Oʻsha sariq libosli xonimning ortidan borganiga iqror boʻlgan. Mendan olgan pullarni – qarzlarni hech qachon qaytara olmasligini taʼkidlab, uzr soʻragan. Ayni paytda muhtojlik balosi uni qattiq ezib tashlaganini aytgan. Shu qadar tubanlashib ketgani uchun oʻzini oʻzi laʼnatlayotganini bildirgan. Maktub oxiriga esa: “Sariq xonimning gadosi”, deya imzo qoʻygan.
Tunu kun iztirob chekardim, ammo qoʻlimdan hech narsa kelmasdi. Bir hafta burun qahvaxonadagi ish joyimdan ayrilgan va boshqa ish axtarishga kirishgan edim. Kunduz kunlari shahardagi turli qahvaxonalar va mehmonxonalarga bosh suqib ish soʻrardim, yana shaxsiy xonadon egalariga oʻz xizmatlarimni taklif etardim. Birok hamma urinishlarim behuda ketardi. Vakt allamahal boʻlganida, sotilmay qolib ketgan gazetalarni yarim bahosiga sotib olar, uyga keliboq, ularni diqqat bilan koʻzdan kechirardim. “Oʻzimni va Vladimirni ogʻir vaziyatdan qutqara oladigan nimadir toparman”, degan umidli xayollarga berilardim.
Kecha kechqurun gazetalarning birida uning nomiga koʻzim tushdi va men u haqsa bitilganlarni boshdan-oxirigacha qayta-qayta oʻqib chiqsim. Shu ondayoq koʻchaga otildim, tentirab-tentirab shu koʻyi bugun ertalab uyga qaytdim. Ehtimol, qayerdadir tunagandirman, balki ortiq yurishga majolim qolmagach, birovlarning koʻcha eshiklari zinasida oʻtirib tong ottirgandirman, hozir buni eslolmayapman.
Bugun oʻsha maqolani yana oʻqib chikdim. Uni birinchi marta kecha uyga qaytganimda oʻqigandim. Avvaliga hayrat ichra kaftimni kaftimga urdim, keyin kursiga choʻkkaladim. Bir ozdan soʻng yerga oʻtirib, kursiga suyanib qoldim. Qoʻllarim bilan yerni urgancha, oʻyga toldim. Balki oʻyga tolmagan- dirman, ehtimol, miyamda kandaydir gʻala-gʻovurlar sodir boʻlayotgandir. Keyin… men ehtimol, oʻrnimdan turib tashqariga chiqqandirman. Esladim, burchakda muyulishda oʻtiradigan tilanchi kampirga bir tanga uzatdim, soʻng:
— Bu sizga oʻsha kulrang kiyimdagi janobdan, eslaysizmi uni? — dedim.
“Ha” deganday bosh irgʻadi kampir, soʻng:
— Siz balki uning qayligʻidirsiz, a? — deb soʻradi talmovsirab.
Shunday qilib, tongga qadar koʻcha-koʻyda tentirab yurdim. Ayni damda oʻsha mashʼum xabarni yana bir karra oʻqiyapman:
Кнут Ҳамсун. Ишқ гадолари
Буларнинг барини мен ёздим, юрагимдагиларни қоғозга тўкиб, енгил тортиш учун, шу бугун эрталаб ёздим. Қаҳвахонадаги ишимдан айрилдим, ишим билан бирга ҳаётимнинг қувончли дамлари ҳам бой берилди. Қаҳвахонанинг номи “Максимиллиан” эди.
Ҳар оқшом эгнига кулранг кийим кийган ёш, келишган жаноб икки дўсти билан мен хизмат кўрсатадиган столлардан бирига келиб ўтирарди. Тўғри, унга ўхшаган жанобларнинг жуда кўпи қаҳвахонага келиб-кетишар, уларнинг бари мен билан яхши муносабатда бўлар, ҳурмат доирасида муомала қиларди. Фақат у… Унинг бўйи баланд, қадди-қомати келишган, сочлари тим қора, мулойим, кўзлари мовий – баъзан бу кўзлар менга нигоҳ ташлаган кўйи бир оз қотиб қоларди – лаблари узра сабза урган мўйлаблари ҳам ўзига ярашган.
Аввалига бу жаноб мени нимагадир хушламади.
У ҳафта давомида ҳар куни мунтазам келарди. Унга шу қадар ўрганиб қолдим, аммо бир куни у негадир келмай қолди. Ўша куни бир нимамни йўқотгандек ғуссага ботдим. Қаҳвахонанинг ҳамма бурчакларини айланиб, уни қидирдим; ниҳоят муҳташам қаҳвахонанинг нариги бурчагидан топдим. Катта устун ёнида жойлашган столда циркда ишлайдиган чавандоз аёл билан бирга ўтирарди. Аёл эгнига сариқ рангли кўйлак, қўлларига эса елкаларигача етадиган қўлқоп кийганди. Хоним ёш эди, кўзлари чиройли, тим қора. Менинг кўзларим эса – мовий рангда.
Улар ўтирган стол яқинидаги панароқ жойда бир дақиқача туриб, гапларига қулоқ тутдим: аёл унга норози оҳангда гапирар, жонига тегиб кетганини такрорлар, уни тинч қўйишини, безовта қилмаслигини сўрарди. “Эй, Парвардигор, бу аёл уни ўзидан нари қилаётган экан, нега у менинг ёнимга кела қолмайди!” – дея ҳайқирарди юрагим.
Эртасига у яна дўстлари билан кириб келди ва тасарруфимдаги столлардан бирига ўтирди. Ёнига ҳар доимгидек дарров югуриб бормадим. Юзларим ловуллаб қизарганини ҳис қилдим, бироқ ўзимни уни кўрмагандек тутдим. Мени чақирганида эса, ёнига яқинлашарканман:
– Кеча кўринмадингиз, жаноб? – дедим. У эса дўстларига мурожаат қилгандай:
– Бизнинг кельнер хонимимиз бағоят хушбичим-а! – деди.
Орадан бир неча кун ўтди. У қўлимга букланган бир қоғоз тутқазди.
– Буни олиб бориб беринг… – хатни унинг қўлидан олдиму, гапини тугатмасидан нари кетдим. Сал нарироқда ўтирган сариқ кўйлакли хонимга элтиб беришга шошилдим. Йўл-йўлакай хатга нари-бери кўз югуртирдим, бироқ мактуб охиридаги “Владимир Т.” деган ёзувни эслаб қолдим холос.
Қайтиб келганимда, у менга савол назари билан қараб турарди.
– Хатни етказдим, – дедим ҳозиржавоблик билан.
У менга бир крона узатди ва кулимсираб:
– Буни сўзсиз ҳам тушуниш мумкин – деди.
Владимир (унинг исмини билиб олгандим!) бутун оқшом давомида ўша сариқ либосли хоним ҳамда унинг ҳамроҳларига тикилганча ўтирди. Соат ўн бирлар чамаси эди. Ўрнидан туриб, улар томон яқинлашди. Сариқ либосли хоним уни совуқ қарши олди. Ёнидаги икки ишқибози эса Владимирга қарата кесатиқ гаплар отишар, устидан кулиб, ҳазил-мазах қилишарди. Уларнинг даврасида бир неча дақиқагина ўтиргач , у қайтиб келди. Диққат билан қарадим; пальтосининг чўнтаги ҳўл эди. Анавилар пиво тўкиб юборишганини англадим. Пальтосини ечаркан, ўгирилиб ча-вандоз аёл ўтирган стол тарафга қаради. Пальтосини арта бошладим. У менга қараб жилмайди ва:
– Раҳмат, канизак хоним! – деди.
Устки кийимини кийишга ёрдамлашиб юбордим. Шу аснода унинг елкасига бармоқларим учи билан оҳиста тегиндим.
У ожиз ҳолда курсига чўкди. Дўстларидан бири пиво келтиришни буюрди. Унинг ҳам кружкасини олмоқчи бўлгандим, “Йўқ”, деганча идиш дастасига узатилган қўлларим устига қўлларини қўйди. Унинг тафтини сезган қўлларим мажолсиз бўшашди. Йигит ҳам буни сезди, тезда қўлларини тортиб олди.
Кечқурун ётоғим ёнида тиз чўккан кўйи унинг учун икки марта ибодат қилдим. Қўллари теккан ўнг қўлимни қайта-қайта ўпдим. Жуда бахтли эдим.
Бир сафар у менга гул туҳфа қилди, бир даста гул… Гулларни қаҳвахонага кираверишда савдо қиладиган гулчи хотиндан сотиб олганди. Сават тўла гуллар – янги узилган, лов-лов ёниб тургандек алвон рангда. Саватни ўзи ўтирган стол устига қўйди. Бу гал у ёлғиз келганди , доимий ҳамроҳлари – дўстлари йўқ эди ёнида. Бўш қолдим дегунча устун орқасида туриб уни кузатардим, хаёлимда унинг исми чарх ураверарди: “Унинг исми Владимир Т.”.
Орадан бир соатга яқин вақт ўтди. У соатига тез-тез қараб қўярди. Ундан:
– Кимнидир кутяпсизми? – дея сўрадим.
Паришон ҳолда мен томон нигоҳ ташлади, сўнг кескин жавоб берди:
– Йўқ, ҳеч кимни кутмаяпман. Кимниям кутардим?
– Мен… шунчаки, эҳтимол сиз кимнидир кутаётгандирсиз, деб ўйладим…
– Берироқ келинг, – имлади у, – бу гуллар сизга!
Гуллар тўла саватни менга тутди.
“Ташаккур”, дедим мамнун ҳолда. Аммо ҳаяжондан овозим йўқолди шекилли, “ташаккур” сўзини пичирлаб айтдим. Шу онда миямга қон қуюлгандек қизиб, қизариб кетдим, бахтдан масрур бўлганча одимлаб борарканман, буюртмалар пештахтаси олдида тўхтадим. Буюртма қабул қиладиган аёлга рўйхатни узатар эканман, аёл сўради:
– Нима деб ўйлайсиз, менга нима керак экан-а! – саволга савол билан жавоб бердим қувлик қилиб.
– Нима деб ўйлайман!? – аёл жаҳл билан кескин жавоб берди. – Нима, ақлдан оздингизми!
Мен эса ўша кўтаринки кайфият билан сўзлашда давом этардим:
– Қани, топинг-чи, бу гулларни менга ким совға қилди?
Шу пайт обер-кельнер пайдо бўлди. Менга қараб:
– Анави ёғоч оёқли жанобга пиво олиб бормабсиз-ку! – дея сўз қотди.
– Гулларни менга Владимир совға қилди! – ўз топишмоғимга ўзим жавоб бердим-да, қувончдан учаётгандай мижозга хизмат қилишга шошилдим.
Т. ҳали ҳам кетмаганди. Бир оздан кейин у ўрнидан қўзғолиб, кетишга чоғланганида, ёнига чопиб бордим-да, яна бир бор унга ташаккур билдирмоқчи бўлдим.
У ҳайрон бўлди ва жиддий оҳангда:
– Биласизми, тўғриси, гулларни бошқа биров учун олгандим! – деди. Майли, майли, эҳтимол, у гулларни бошқа биров учун сотиб олгандир.
Аммо уларни менга туҳфа қилди! Ўша аёлга эмас, айнан менга! Ва яна гуллар учун ташаккуримни изҳор этишга изн берди! Хайрли тун, Владимир!
Эртаси куни эрталаб ёмғир ёғаётган эди. “Қайси кўйлагимни кийсам экан, қорасиними ёки яшилини? – Бир оз бошим қотди, сўнг бир қарорга келдим. – Албатта яшилини-да, ахир у янгироқ!” Қувончим ичимга сиғмас эди.
Трамвай бекатига яқинлашар эканман, бир хонимнинг жала остида шамсиясиз ивиб турганини кўрдим. Унга шамсиям остига киришни таклиф этдим, аммо у ташаккур билдирганча, таклифимни негадир рад этди. Шунда мен ҳам шамсиямни ёпдиму, ёмғирда ивиган хонимга шерик бўлдим. “Нега энди у ёлғиз ўзи ивиши керак экан!” деган хаёл билан шундай қилдим.
Кечқурун Владимир яна қаҳвахонамизга келди. Уни қарши олар эканман:
– Гуллар учун яна бир бор ташаккур! – дедим жилмайиб.
– Қайси гуллар учун? – сўради у, сўнг: – Бошқа ўша гуллар ҳақида гапирманг! – деди.
– Мен шунчаки сизга гуллар учун ташаккуримни айтмоқчи эдим.
– Мен сизни севмайман, – деди.
Биламан, у мени севмайди, унинг севгани эмаслигимни яхши биламан. Ундан ўзимга нисбатан бундай ҳисларни сира кутмаганман. Унинг сўзларидан ҳафсалам пир бўлгани ҳам йўқ. Майли, севмаса, севмасин. Бироқ мен уни ҳар куни кўриш бахтига муяссарман, ҳар оқшом у келади ва менинг тасарруфимдаги столлардан бирига ўтиради, мен унга хизмат кўрсатаман. Яна келинг, Владимир.
Келаси оқшом у одатдагидан анча кечикиб келди.
– Пулингиз борми? – деб сўради.
– Афсус, мен бир ғариб қиз бўлсам…
У нигоҳини кўзларимга қадаб турди-да, жилмайиб қўйди.
– Сиз мени нотўғри тушундингиз, менга озроқ пул керак эди… эртагача…
– Ҳа, озмунча жамғармам бор, уйда, бир юз ўттиз кронам бор!
– Ўн беш дақиқа кутиб тура оласизми, ўн беш дақиқадан кейин қаҳвахона ёпилади, ишимиз тугайди, кейин бирга уйимга борамиз, сизга пулларни уйдан олиб бераман…
У ўн беш дақиқа кутиб турди. Биз бирга қаҳвахонадан чиқиб, уйим томон йўл олдик.
– Роппа-роса юз крона керак! – деди у.
У йўл бўйи менинг ёнимда борди. Илгарилаб ҳам кетмади, ортда ҳам қолмади. Зодагон олифта жаноблар оддий одамлар ёнида юришни маъқул кўрмай, одатда шундай қилишарди.
– Уйим оддий бир ҳужра, – дедим хижолат бўлиб уйимга яқинлашганимизда.
– Шу ерда кутиб тураман, – кескин оҳангда жавоб берди у, – сиз билан бормайман.
У пастда кутиб турди. Пулларни унга тутқазганимда, эринмай ҳаммасини санаб чиқди:
– Бу ерда юз кронадан кўпроқ пул бор экан. Ўн кронаси сизга чой ҳақи! Эшитяпсизми, ўн кронаси сизга! Чой ҳақи!
У майда пулларни менга узатди. Хайрли тун тилади-да, кетди. Муюлишга етганида йўл четидаги тиланчи кампирга эҳсон узатаётганига кўзим тушди.
Кейинги оқшом қарзни тўлай олмаслигини афсус-надомат билан айтиб, узр сўради. Мен эса қарзни тўлай олмагани учун ҳам унга миннатдорчилик билдирдим. Пулларни ишлатиб юборганини тан олди.
– Нимаям қилардим, шундай бўлиб қолди, ўзингизга маълум: сариқ кўйлакли хоним!
– Нега сен бунақа аҳволга тушиб қолдинг-а, оғайни, – сўз қотди дўстларидан бири. – Ишқ гадосига айланиб бўлибсан-ку!
– Бирон нима буюрасизларми? – уларнинг гапини бўлдим.
Бу орада қаҳвахонага ўша сариқ либосли хоним кириб келди. Влади-мир ўрнидан турди-да, аслзодаларга хос таъзим бажо этди. Икки букилиб таъзим қилганидан чаккаларидаги сочлари юзларини ёпди. Хоним эса бепарво ҳолда унинг ёнидан ўтди-да, бошқа бир столга бориб жойлашди. Владимир ҳам дарҳол ўша стол атрофидаги ўриндиқлардан бирига бориб ўтирди. Орадан икки дақиқа ўтар-ўтмас унинг тик турган ҳолда баланд овоз билан гапираётганини эшитдим.
– Жуда яхши, кетаман. Бошқа қайтмаганим бўлсин!
– Миннатдорман, – хотиржам ҳолда жавоб қайтарди хоним.
Бу суҳбатни эшитдиму, хурсандлигимдан гўёки осмонларда парвоз қилардим. Шу ҳолда буюртма қабул қилинадиган бўлмага бориб, буюртма олувчи аёлга бир нималар дея гапира бошладим. Эҳтимол, унинг сариқ либосли хонимнинг ёнига ҳеч қачон қайтмаслигини сўзлаган бўлсам керак. Хизмат кўрсатиш бўлимининг бошлиғи ёнимиздан ўтиб кетаркан, менга яна қаттиқ огоҳлантириш берди. Аммо энди менга барибир эди!
Соат ўн иккига бонг урди, қаҳвахонамизнинг иш вақти тамом бўлди. Ҳамма бирин-сирин чиқиб кетаркан, у мени кузатиб қўймоқчи эканлигини айтди.
– Кеча сизга бергандим-ку, ўн крона! Шундан беш кронасини бериб тура оласизми менга? – сўради у.
Унга кечаги кроналарнинг ҳаммасини узатгандим, фақат бештасинигина олди. Қолганларини эса, ҳар қанча қаршилигимга қарамай, қайтариб берди.
– Биласизми, бугун жуда бахтиёрман, – дедим ийманиб. – Қани энди сизни уйимга таклиф қила олсам… Уйим оддийгина бир ҳужрада!
– Хижолат бўлманг. Уйингизга кирмоқчи эмасман. Хайрли тун.
У кетди. Муюлишдаги тиланчи кампир олдидан ўтиб кетаркан, кампирнинг эҳтиром ила қилган таъзимига қарамай, садақа беришни унутди. Шу заҳотиёқ кампирнинг олдига чопиб бордим, унга танга узатдим:
– Олинг, бувижон. Бу ҳозиргина шу ердан ўтиб кетган жанобдан. Ҳозиргина ўтиб кетди-ку, анави кулранг кийимдаги жаноб… Олинг, олаверинг!
– Кулранг кийимдаги? – беҳол сўради кампир.
– Ҳа, сочлари тим қора… Унинг исми Владимир.
– Сиз унинг хотинимисиз, қизим?
– Йўқ, бувижон, – жавоб бердим масрур ҳолда. – Ўша жанобнинг ишқида ўртанаётган бир гадоман.
Бир неча оқшомдан бери у такрор ва такрор пулларимни қайтара олмаётганидан афсусда эканини айтарди. Мен эса бундан асло хижолат бўлмаслигини таъкидлар, агар ҳадеб шунақа деяверса, мени ранжитиши мумкинлигини эслатардим. У шунчалик баралла гапирардики, атрофдагилар ҳам гапларини бемалол эшита олардилар, айримлар эса унинг устидан кулишарди.
– Мен ярамас одамман, фирибгарман, – дерди у. – Сиздан қарзга пул кетди, ўзининг цирки ва циркчилари билан бирга кетди. Албатта, мен уни тамоман унутиб юбордим. Уни бирор марта ҳам ўйлаганим йўқ, рост айтяпман. Унутдим…
– Аммо барибир бугун унга яна хат юборишга жазм қилдинг! – гапини бўлди дўстларидан бири.
– Ҳа, охирги марта… бу охиргиси! – жавоб берди бир оз сархуш ҳолда Владимир.
Эшик олдидаги гулчи аёлдан бир дона атиргул сотиб олдим. Атиргулни унинг чап ёқасидаги илгакка тўғнағич билан қадаб қўйдим. Гулни тақар эканман, унга жуда яқин турардим, унинг нафаси қўлларимга келиб ури-лаётганини ҳис қилиб турар, ҳаяжон ичида гулни тўғнағичга илдиролмай қийналардим.
Ниҳоят, гулни тақиб бўлганимдан кейин, у менга мамнун оҳангда:
– Сиздан миннатдорман, – деди.
Кассага бориб, ўзимга тегишли уч-тўрт кронани олиб келдим ва унга узатдим. Бу жуда оз эди.
– Мана буларни олинг, бор-йўғим шу!
Ўша оқшом мен жуда бахтли эдим. Орадан бир оз вақт ўтгач, Владимир бирданига:
– Берган пулларингиз менга жуда зарур эди. Бир жойга бориб келишим керак, сафарга… – деб қолди. – Пулларни қайтганимдан кейин, албатта, қайтараман.
Безовталана бошлаганимни сезиб, қўшимча қилди:
– Хавотирланманг, мен фақат сизни севаман, – деди қўлимдан тутиб. Аҳволим ёмон эди. У қаергадир жўнаб кетяпти, қанча сўраб-суриштирмай, қаерга кетаётганини айтишни истамаяпти. Шу онда кўз олдим қоронғилашиб, теварагимдаги ҳамма нарса: қаҳвахона, шифтдаги қандиллар, ўтирган-юрган мижозлар, хизматчилар гир айланарди. Ўзимни тутиб туролмадим. Унинг иккала қўлини маҳкам ушлаб олдим.
– Айтдим-ку, бир ҳафтадан кейин қайтаман, кўришамиз! У шундай деб ўрнидан турди.
Қулоқларим остида обер-кельнернинг ёқимсиз товуши жаранглади. “Марҳамат! Бемалол! – хаёлимдан кечарди бу сўзлар. – “Нима қипти? Бўшасам бўшабман-да! Бир ҳафтадан кейин Владимир ёнимга қайтиб келади. Ҳаммаси яхши бўлади, ҳаммаси! У бор-ку! Унга раҳмат, борлиги учун унга раҳмат айтиб қўйишим керак!” Ана шу фикр билан ортимга ўгирилдим. Аммо у аллақачон кетиб бўлганди.
Орадан бир ҳафта ўтди. Кечқурун уйга кириб келарканман, унинг мактубига кўзим тушди. У ўзининг жуда чорасиз аҳволда қолганини ёзарди. Ўша сариқ либосли хонимнинг ортидан борганига иқрор бўлган. Мендан олган пулларни – қарзларни ҳеч қачон қайтара олмаслигини таъкидлаб, узр сўраган. Айни пайтда муҳтожлик балоси уни қаттиқ эзиб ташлаганини айтган. Шу қадар тубанлашиб кетгани учун ўзини ўзи лаънатлаётганини билдирган. Мактуб охирига эса: “Сариқ хонимнинг гадоси”, дея имзо қўйган.
Туну кун изтироб чекардим, аммо қўлимдан ҳеч нарса келмасди. Бир ҳафта бурун қаҳвахонадаги иш жойимдан айрилган ва бошқа иш ахтаришга киришган эдим. Кундуз кунлари шаҳардаги турли қаҳвахоналар ва меҳмонхоналарга бош суқиб иш сўрардим, яна шахсий хонадон эгаларига ўз хизматларимни таклиф этардим. Бирок ҳамма уринишларим беҳуда кетарди. Вакт алламаҳал бўлганида, сотилмай қолиб кетган газеталарни ярим баҳосига сотиб олар, уйга келибоқ, уларни диққат билан кўздан кечирардим. “Ўзимни ва Владимирни оғир вазиятдан қутқара оладиган нимадир топарман”, деган умидли хаёлларга берилардим.
Кеча кечқурун газеталарнинг бирида унинг номига кўзим тушди ва мен у ҳақца битилганларни бошдан-охиригача қайта-қайта ўқиб чиқцим. Шу ондаёқ кўчага отилдим, тентираб-тентираб шу кўйи бугун эрталаб уйга қайтдим. Эҳтимол, қаердадир тунагандирман, балки ортиқ юришга мажолим қолмагач, бировларнинг кўча эшиклари зинасида ўтириб тонг оттиргандирман, ҳозир буни эслолмаяпман.
Бугун ўша мақолани яна ўқиб чикдим. Уни биринчи марта кеча уйга қайтганимда ўқигандим. Аввалига ҳайрат ичра кафтимни кафтимга урдим, кейин курсига чўккаладим. Бир оздан сўнг ерга ўтириб, курсига суяниб қолдим. Қўлларим билан ерни урганча, ўйга толдим. Балки ўйга толмаган- дирман, эҳтимол, миямда кандайдир ғала-ғовурлар содир бўлаётгандир. Кейин… мен эҳтимол, ўрнимдан туриб ташқарига чиққандирман. Эсладим, бурчакда муюлишда ўтирадиган тиланчи кампирга бир танга узатдим, сўнг:
— Бу сизга ўша кулранг кийимдаги жанобдан, эслайсизми уни? — дедим.
“Ҳа” дегандай бош ирғади кампир, сўнг:
— Сиз балки унинг қайлиғидирсиз, а? — деб сўради талмовсираб.
Шундай қилиб, тонгга қадар кўча-кўйда тентираб юрдим. Айни дамда ўша машъум хабарни яна бир карра ўқияпман: