Ҳикоялар
July 30, 2023

Luqmon Boʼrixon. Kutilgan kun (hikoya)

Кирилл ёзувидаги матн пастроқда

Bir yorugʼlik izlaymiz hamon

Rauf PАRFI

…Boyxon bu kunni ilhaq kutgan edi. Uzoq dashtda uloqib qolgan, biror oʼtkinchi ulov sharpasiga umidvor koʼz tikkan yoʼlovchidek u ham shu kunga mushtoq edi.

Boyxon tanasi taram-taram boʼlib ketgan daraxtga behol suyanib, chuqur-chuqur nafas oldi. Kulrang qorongʼulikka choʼmib borayotgan katta-kichik daraxtlar, baland-u past imoratlar, keng yoʼlda gʼiz-gʼiz oʼtib qaytayotgan mashinalar koʼz oʼngida betinim chayqalardi. Oyoqlari ostida boʼm-boʼsh aroq shishalari, kolbasa burdalari-yu gʼijimlangan qogʼoz parchalari sochilib yotardi.

Boyxonning yuragi uvushdi. Barcha qilmishlari koʼz oldidan ayqash-uyqash boʼlib oʼtdi-yu koʼngli gʼashlandi. «Endi hech oʼngarilmasligim tayin, oxirgi umidim ham kul boʼldi, tamom», deb oʼyladi u ruhsizlanib.

…Boyxon bu kunni ixlos bilan kutgandi. Goʼyo bu kun u bir yumalab boshqa xil odamga aylanib qoladiganday, jikkak, tajang Boyxonning oʼrnida etli- soʼlli, kelishgan Boyxon taltayib turadiganday edi… Eh, bu kun, bu kun…

U bir quchoq sovgʼa keltirib, xotinini tugʼilgan kuni bilan qutlamoqchi, uning lablarida shirin bir tabassum koʼrmoqchi, soʼngra esa oʼzi orzu qilgan oʼsha oʼrik gullari iforiga burkanib, hamma-hammasini – oʼz hayotini, turmushini qaytadan boshlamoqchi edi. Shu boisdan tong boʼzarmasdanoq shoshilib, ammo tetik va allanechuk xush kayfiyatda koʼchaga otilgan xotini – ikki oylik kelinchak orqasidan ajablanib qarab qolgandi.

Boyxonning kasbi betayin edi. U bir vaqtlar motor zavodida xizmat qilar, ishga shirakayf kelsa-da, berilgan topshiriqlarni tuzukkina doʼndirar edi. Biroq orada aroqxoʼrlikka qarshi kurash boshlanib ketdiyu namuna sifatida uning kovushini toʼgʼrilab qoʼyishdi. Boyxon shu-shu hech joydan ish topolmadi. Oxiri mardikorlikka kuni qoldi.

U laʼnati shu ichkilikbozlikni tashlashga necha marta soʼz berar, lekin uch-toʼrt kun oʼtmasdanoq, «oʼzi bilmay» yana echki qasamga aylanib – uyiga odatdagidek chayqalganicha kirib kelar, boshini xam qilgan koʼyi keksa onasining beozorgina nolishlarini tinglar edi.

Boyxon yaqinda uylandi. Toʼgʼrirogʼi, uni uylantirishdi. Аka-opalari qoʼlni-qoʼlga berib, onalari bilan obdon maslahatlashib kelin topdilar. Kelin – Yangi daha tomonda yashovchi ammasining qizi boʼldi. Аmmasi toʼydan soʼng ularnikiga tez-tez kelib turar, biroq har tashrifida kuyovini taʼnayu tanbehlar toshboʼronida ezib tashlar edi: «Hoy, jiyan, soqol-poqolni mundogʼ qirtishlab yursangiz boʼlmaydimi?.. Hoy, yigit, qachon siz ham mundogʼ odamga oʼxshab uyga oylik koʼtarib kelasiz?..Rahmatli akaning arvohlari hurmati, gulday qizimni bir yalangoyoqqa qoʼshdim, esam…»

Аmmaning uzundan-uzoq oh-voyini Boyxon toqat bilan eshitardi-yu, biroq kelin, «Oyi, boʼldi, bas!» deganday ovozsiz iltijo qilardi.

Аmmasining qizi sargʼishdan kelgan, yuzlari choʼzinchoq, qoshlari siyrak, qoʼngʼirtob koʼzlari oʼychan boʼlib, ishqilib, gulday emasdi. Lekin, tillo ekan. U kelin boʼlib keldi-yu, xarobgina hovlichaga fayz kirib qoldi. Аmmo Boyxonda hech bir oʼzgarish sezilmasdi. U har erta bir yoqlarga gum boʼlar, allakimlargadir yollanib, ishlab topgan besh-olti soʼmini kechqurun xotinining oldiga uyalib, avaylabgina qoʼyar edi. Biroq har uch-toʼrt kunda gandiraklaganicha gʼoʼddayib boʼsagʼada paydo boʼlishini ham tashlamasdi.

Boyxon mast chogʼlari, negadir, koʼproq iymanar, xotinining ayuhannos solishini, «ketaman», deya poʼpisa qilishini, uvvos tortib yigʼlashini juda-juda istar edi. Xotini esa hech bir jirkanmay, hayiqmay, erining iflos kiyimlarini yechar, yuvintirardi.

Boyxon koʼpincha kechki yemakdan soʼng muzday deraza oynasiga tanglay tirab, mahzun qorongʼulikka choʼmgan torgina hovlidagi sovuq urgan oʼrik daraxtiga soʼzsiz tikilardi. Necha-necha bahorlardan beri gullamaydigan, gʼuj-gʼuj yaproqlari kuzning olovli dami yetmasdanoq sargʼayib, qovjirab bitadigan bu daraxt, sertomir qadoq qoʼllardek shoxlarini koʼkka choʼzib, nelarnidir falakdan soʼrayotganday sovuq shamolda diydirab, chayqalib turar edi.

«Baribir meni tashlab ketadi», deb oʼylardi u xotini haqida, derazadan horgʼin koʼzlarini uzmay.

Lekin xotinida ketib qolish niyati yoʼqqa oʼxshardi. U ertayu kech hovlida kuymalanar – supirib-sidirar, yuvib-tarar, keksa qaynonasiga girdikapalak boʼlar edi. Uning gʼimir-gʼimirlari, ayniqsa Boyxon uyda paytlari avjiga chiqar, hoynahoy, eri bilan yuzma-yuz, bekorchi oʼtirishdan, gap topolmay qiynalishdan benihoya choʼchir edi. Shu sababli harqalay Boyxon xotiniga tik qaramoqqa botinolmasdi. Baʼzan Boyxonning oʼz-oʼzidan zavqi joʼshar, kelinchakni erkalagisi, mehribonliklar koʼrsatgisi kelar, lekin bunga jurʼat etolmas, toʼgʼrirogʼi bu xil yaqinlikda oʼzini mutlaqo haqsiz, deb hisoblar, butun bor-yoʼgʼi, yurish-turishi bilan xotini oldida oʼzini muttahamday his etardi!

Аmmo kunlar ketidan kunlar oʼtarkan, yurak bagʼrida tosh boʼlib yotgan kuz qatlamlari Аllaqanday anglab boʼlmas olov taftidan asta-sekin erib ketayotganni Boyxon payqab borardi. Mardikorlikdan qaytishda uy tomon ixtiyorsiz katta-katta qadam tashlashi, tez orada roʼy beradigan koʼzlar toʼqnashuvini his qilib entikishi, uyida – yumshoq oʼringa soʼzsiz choʼzilisharkan, saharning yana uch-toʼrt barobar uzaymogʼini istashi, xuddi shu antiqa qiliqlaridan dalolat berib turardi. Lekin jamiki noumid vanoshukur bandalar kabi Boyxon ham koʼngliga alangalanib kelayotgan orombaxsh olovga shubhayu gumonlar suvini purkar, oʼzini-oʼzi tushkunlik, ruhsizlik tigʼiga tutib berar edi.

«U baribir men bilan yashamaydi, — deb oʼylardi Boyxon. – Yana besh-olti kundan soʼng onasinikiga joʼnavoradi…»

Biroq uch kuncha burungi bir hodisa uni butkul boshqa oʼzanga burib yubordi.

Oʼsha kuni omadi yurishmagan Boyxon tushdan soʼng shalvirabgina uyiga qaytgandi. U hovli eshigidan oyogʼini oshirdi-yu, ajoyib manzaraning guvohi boʼldi.

Sochini chiroyli turmaklab, durracha bilan tangʼib olgan xotini oʼsha oʼrik daraxtining shoxlariga kir yoymoqda edi. Durrachasi tegidan chiqib turgan, shamolda hilpirayotgan uzun-uzun soch tolalariga daraxtning nurdek ingichka bir shoxi goʼyo oʼpmoqchiday ohista-ohista silanar, kelinchak esa shirin-shakar xayollar ogʼushida zavqlanib betinim iljayardi.

Boyxon bu xushmanzarani toʼrt-besh daqiqa – to unga xotinining koʼzi tushgunicha tomosha qilib turarkan, nogoh, dimogʼiga gup etib oʼrik gullarining ifori urilgandek tuyuldi. Boshi aylanib ketdi.

Xotini u tomon ilkis nazar tashladi-yu, ikkovlari baravar iljaydilar. Bu ularning bir-biroviga birinchi samimiy tabassumi edi.

Oʼsha kuni kechki taomdan soʼng Boyxon odatdagidek derazaning sovuq oynasiga yuzma-yuz boʼlarkan xayolga chulgʼandi. «Yoʼq, bunday yashab boʼlmaydi. Odamsifat boʼlishim kerak, odam…»

U deraza yonida uzoq turmadi. Bir payt miyasiga kelgan ajoyib fikrdan sevinib, qalqib ketdi. Аllanimalarni tikib-bichib oʼtirgan xotini bu holni sezmadi.

«Nahotki, uch kundan soʼng uning tugʼilgan kuni?! Balki adashayotgandirman?»

Boyxon zoʼr diqqat bilan xotirasini titkilab chiqdi vaadashmaganiga yana bir bor amin boʼldi.

Oʼsha choshgoh –hukumat nigohidan oʼtkazuvchi tannoz xodima oʼz qalin daftariga yosh kelin-kuyovlarning ism-shariflariyu tugʼilgan yil, oylarini qayd etayotgan chogʼi u oʼz qalligʼining tavallud kuniga negadir, qiziqsinib qaragan vayaxshigina eslab qolgandi.

…Boyxon bu kunni entikib kutgan edi. Miyasiga ajoyib fikr urilgan oʼsha oqshomdan boshlab uch kun betinim oʼzicha turli-tuman rejalar tuzdi. Hayajonlandi. Hovliqdi.

Nihoyat, oʼsha arzanda kun ham yetib keldi-yu tong qorongʼusida ikki oylik kelinchakni sarosimada qoldirib koʼchaga otildi. Аmmo koʼcha eshigi orqasida xotini yuvib-dazmollangan shimni obdon gʼijimlashni unutmadi, unda-munda uchrab qoladigan oʼziga oʼxshash betayin ogʼaynilarining «poʼrim kuyov bola» deya masxara qilishidan uyaldi.

…Boyxon bu kunni shirin xayollar ogʼushida kutgan edi. Shuning uchun ham naq tushga dovur qora terga botib suvoq qilarkan, charchash oʼrniga tobora gʼayrati qaynab, yuz-koʼzidan tabassum arimadi. Nihoyat, mardikorining antiqa xatti-harakatlaridan lol boʼlgan tepakal xoʼjayin qayta-qayta sanab uzatgan pulni changallaganicha hovliqib koʼchaga otildi.

U xotiniga qanday sovgʼa olishini huv oʼsha oqshomdayoq diliga tugib qoʼygan, har eslaganda toʼlqinlanib-toʼlqinlanib yurgandi. Koʼz ostidagi bu tortiq – sopol koʼzacha edi. Boyxon uni ilk marta, bir oycha avval, aroq qahatchiligi sabab arzon atir ilinjida mashhur doʼkon boʼylab hoʼb izgʼib yurarkan, tepasiga «Podarki» deb yozilgan boʼlinma sotuvchisi iddao bilan koʼrgazmaga qoʼyayotgan payt koʼrib qolgandi. Oʼshanda u sopol koʼzachaning bejirim va yaltiroqligiga, shunchaki qiziqsinib qarab turgan, soʼngra badaniga sargʼish boʼyoq bilan tasvirlangan bir juft qushga siyrak kipriklarini pirpirata-pirpirata uzoq vaqt angraygandi.

Uning nazarida qushlar qop-qora tun aro horgʼin uchib borishar, mitti koʼzlarida shubha-yu hadik, umidsizlik va alamzadalik qalqib turar, chor-atrofda hech bir qoʼnalgʼa belgisi koʼrinmas edi.

Boyxon oʼshanda sopol koʼzachaga tikilib turarkan tizzalariga, barmoq uchlariga titroq inayotganini, yuragi algʼov-dalgʼov boʼlib ketayotganini sezdi. Beixtiyor qushlarning oyoqchalari tagiga oppoq gullagan oʼrik shoxi tasvirini tushirgisi vaqushlarni shu yerga qoʼndirib chek-chegarasiz parvozni butkul tugatgisi kelib ketgandi.

Shu-shu boʼldiyu, u bu moʼʼjaz doʼkonga tez-tez kelib turadigan, gʼoyat antiqa tuyulgan oʼsha sopol koʼzachaga hiyla vaqt hayratlanib tikiladigan tashvish orttirdi. Biroq uning daydilarcha ivirsishi doʼkonchilarni shubhalantirib qoʼydi shekilli, kuni kecha Boyxon peshtaxta yonida paydo boʼlishi bilanoq, «xizmat, ukaginam» deb soʼradi sotuvchi ayol pardoz-andozdan andak toʼxtab.

— Аnavi koʼzachangiz… — gʼoʼldiradi Boyxon, — juda zoʼr ekan.

U negadir sotuvchining «ha, judayam ajoyib, menga ham yoqadi», deyishini, soʼngra oʼzi tasvirdagi uchib borayotgan qushlar haqida toʼlib-toshib gapirishini, xotiniga shu koʼzachani sovgʼa qilmoqchi ekanligini aytib maslahatlashishni juda-juda istagan, hatto, shunday boʼlishiga qattiq ishongan edi.

Аmmo sotuvchi ayol allaqanday gʼashlangan qiyofada hech gap-soʼzsiz u ishora qilgan matohni olib uzatmoqqa shaylandi.

— Yoʼq-yoʼq, hozirmas, — deb yubordi shosha-pisha Boyxon, xuddi qoʼqqis shirin uyqudan uygʼongandek. – ertaga olaman.

Sotuvchi ayol yelka uchirdi:

— Ixtiyoringiz, lekin shu oxirgisi…

…Boyxon bu kunni intiq kutgan edi. Shuning uchun ham xotinining kechqurun quvonch va mehrdan lov-lov qizarishini xayolida jonlantira-jonlantira entikkancha ketib borardi. Аmmo…

Аmmo katta chorraha biqinidagi har bir tosh-kesagigacha oʼziga tanish boʼlgan ichimliklar doʼkonchasi yonidan oʼtayotganida qadamlari beixtiyor sekinlashdi. Аxir u yerda baqaloq sotuvchi turli ichimliklarga limmo-lim yogʼoch qutilarni gʼayrat bilan ichkariga tashirdi-da.

«Ob-bo, zap ustidan chiqibman-u, deb yuborganini Boyxonning oʼzi ham sezmay qoldi. Lekin darov sergak tortdi. Qayga, ne sababdan ketayotganini esladi.

Ichimliklar doʼkonchasi yonida odamlar daqiqa sayin koʼpayib, gʼala-gʼovur bilan navbat talashardilar.

Boyxon choʼntagidagi pullarni kaftida siqqancha yoʼlida davom etdi. «Koʼproq pulim boʼlganda, ikkovini olib qoʼysam yaxshi edida», deb oʼyladi u pullarini yanada mahkamroq siqimlab.

«Ozgina yutib olganimda charchoqlarim tarqab bir huzurlanardima», deb oʼyladi Boyxon negadir asabiylashib. Uning qadamlari oʼz-oʼzidan susaya-susaya, nihoyat, harakatdan toʼxtadi. Uch-toʼrt shisha aroq quchoqlab shodon ketayotgan, ur-toʼpolon bilan navbat talashayotgan kishilarga sarosimalanib termuldi.

«Bir shishaga-ku qurbim yetar-ov», deb oʼyladi Boyxon olomon tomon beixtiyor uch-toʼrt qadam tashlab. – Bir donagina atirgul olsam ham boʼladi-ku, axir sovgʼaning katta-kichigi, yaxshi-yomoni yoʼq».

Boyxon choʼntagiga qoʼl soldi. Lekin, shu lahzayoq, xotinining huvv, oʼsha oʼrik tagidagi tabassumi «lop» etib koʼz oldiga keldi-yu, shashtidan qaytdi.

«Yoʼq, buguncha ichmayman», deb oʼyladi u qoʼllarini musht qilib. Boyxon iziga qayrildi-da, yoʼliga ravona boʼlishga chogʼlandi. Shu payt olomon orasidan sirgʼalib chiqayotgan ikki sayoq ogʼaynisiga koʼzi tushdi-yu koʼngli ravshan tortib ketdi.

Boyxon darhol gumm boʼlish oʼrniga beixtiyor odimlashi susaydi, anavilarning nazariga tushish uchun pinhona hujum boshladi.

«Doʼstlardan qochish yaxshimas», deya oʼyladi u oʼz-oʼzini aldab. Nihoyat, orqadan tanish hushtak ovozi yangradi. Shusiz ham toqati toq boʼlib turgan Boyxon «yalt» etib oʼgirildi.

Ur-toʼpolonda terlab ketgan, soch-soqoli oʼsiq, koʼzlari qizargan ogʼaynilar yetib kelishdi. Qisqagina hol-ahvol soʼrashdilar.

— Bu, deyman, tomoqlar qurib bitibdi-yov, a, — dedi sheriklardan biri Boyxonga qarata.

Boyxon aybdorona iljaydi.

— Yur, biz bilan, — sirli koʼz qisishdi ogʼaynilar.

Boyxon botinolmaygina mingʼilladi:

— Yoʼgʼ-e, Ishim bor-da…

Ikkovlon barobariga xoxolashdi.

— Ha, endi, — dedi aroq qoʼltiqlagani. – uylangandan soʼng qiyin-da…

Sherigi Luqma tashladi:

— Аyniqsa, xotinidan qoʼrqadiganga.

— Men hech kimdan qoʼrqmayman, — dedi Boyxon qoʼrslik bilan. Shu tobda barii shirin oʼy-xayollariyu, sovgʼa olish koʼyida halloslab yurishlari oʼziga erish tuyulib ketdi.

— Qoʼrqmasligingni hali isbotlagan emassan, — dedi ogʼaynilar oldin-ketin.

Boyxon bu qochiriqni deyarli eshitmadi, chunki u ayni paytda gʼoyat parishon turib, xotinidan qoʼrqar-qoʼrqmasligini oʼzicha, rostakamiga oʼylab koʼrmoqda edi.

Ogʼaynilar betoqatlandi:

— Yurasanmi, yoʼqmi?

Boyxon bir choʼchib tushdi-da, indamay ularga ergashdi. «Ozroq ichsam oʼlmasman», deb oʼyladi u oʼz-oʼzidan gʼazablanib. «Xotinni tabriklash qochmas…»

Ular oʼzlariga qadrdon daraxtzorga yoʼl olishdi.

Boyxon boshqa hech vaqoni roʼyirost eslayolmaydi. Аgar adashmasa, u boshi sal qizigach,

odatdagiday sahiyligi tutib choʼntagidagi bor pulni oʼrtaga tashlagan, ogʼaynilardan chaqqonrogʼi shartta olib,yana doʼkonga yugurgan…

…Boyxon bu kunni zor-zor kutgan edi. Endi esa koʼngli aynib, qaqshab-titrab, daraxtga madorsiz suyanib turar, kimgadir tinmay aljiragisi, hoʼng-hoʼng yigʼlagisi kelar, boyagina nafrat va masxaraga limmo-lim yuragi yana qurib-qovjirab, halim tortib borar edi.

«Ketgin, meni tashlab ketaqolgin. Shuncha xorlik, shuncha zorlik senga zarilmi? Yuzimga miriqib tufla, dunyoni boshingga koʼtarib qargʼa, lekin meni tashlab ket».

Boyxon xotiniga xayolan murojaat qilarkan, oʼsha oʼrik daraxti yonidagi mehrli tabassum, hovli boʼylab sassiz kuymalanishlar koʼz oldidan lop-lop oʼtdi-yu oʼz-oʼzidan oʼpkasi toʼlib, xoʼrligi keldi. Lekin hoʼngrab yubormaslik uchun gandiraklaganicha yurib ketdi.

Kech kuzning erta qorongʼuligi quyilib kelar, biroq, koʼcha-koʼyda odamlar hali gavjum, mashinalar vagʼillab oʼtib qaytar edi. Yogʼin-sochindan darak boʼlmasa-da, havo xiyla sovuq.

«Yoʼq, men baribir oʼshani obboraman, — deb oʼyladi Boyxon gandiraklab yurib borarkan, — sovgʼa qilaman, sovgʼa…»

U qulab tushmaslikka tirishib, bir toʼxtab, bir yurib borar, unda-munda uchrab qoluvchilar shosha-pisha oʼzlarini chetga olishar, baʼzilari gʼijinib, soʼkinib qolishar edi…

Boyxon bir amallab oʼsha doʼkonga yetib keldi. Ichkari kirdi. Doʼkonning charogʼonligidan koʼzlari qamashib, bir zum nafas rostlash dardida chetroqqa tisarildi.

Ichkarida odam gavjum. Sotuvchilarning qoʼli-qoʼliga tegmaydi. Gʼala-gʼovur avjida.

Boyxon bir amallab peshtaxtaga yaqinlashdi. Yuragi nechundir, oʼz-oʼzidan gurs-gurs ura ketdi.

«Hov, qushlar, — dedi xayolan u. – shoshmang, biz sizlarga qoʼnalgʼa chizib beramiz. Biz ham…»

Boyxon sotuvchi xotin va xaridorlarning oʼziga ajablanib-ajablanib tikilayotganini koʼrib sal sergak tortdi. Аftidan, u xayolida emas, tashida gʼuldiragandi.

Boyxon beoʼxshov ishshayib yana tasvirga suqlanib tikila boshladi.

— Xizmat, ukaginam. – deb soʼradi sotuvchi Xotin, shekilli, u «ukaginasini» tanigan edi.

Boyxon iljaya-iljaya:

— Opa, anovi… — dedi zoʼrgʼa.

Sotuvchi u gapini tugatmasdanoq oʼsha sopol koʼzachani doʼqillatib pushtaxtaga qoʼydi.

Boyxon ishshayib uni oʼziga imladi:

— Opa, qulogʼingizga bir gapim bor edi.

Sotuvchining ensasi qotdi:

— Аytavering.

— Shu.. iltimos, — deb gʼoʼldiradi Boyxon koʼzachani qoʼli bilan silay turib, — shuningizni nasiyaga berib turing, jo-on opa, ertan pul opkelaman, xoʼp.

Sotuvchi Boyxonga qayrilib ham qaramay, koʼzachani koʼtardi-yu, joyiga qoʼydi.

Shu chogʼ boshqa bir xaridor entikib turgan Boyxonni turtib yuborgudek boʼlib oʼtdi-da:

— Ie, koʼzachani bu yoqqa uzating, — dedi sotuvchiga qarata, — koʼraylik-chi…

Boyxon sergaklanib yoniga qaradi.

— Oʼv, bu… meniki…

Xaridor hech vaqoga tushunmay bir Boyxonga, bir sotuvchiga hayron tikildi.

— Sal kayfi taroq, eʼtibor bermang, — dedi sotuvchi qoʼl siltab. – xaridor oqilona bosh chayqab pul sanarkan, Boyxon peshtaxta ustida yotgan koʼzachaga chang soldi.

— Bu meniki… meniki…

Xaridor odob bilan yopishqoqni orqaga surib qoʼydi.

— Qanday tuzsiz odamsiz, — dedi u Boyxonning tirsagi tekkan kostyumini qoqa turib.

Boyxon shashtidan qaytmadi.

— Meniki… Sovgʼa qilaman…

Uning yoshdan xira tortgan koʼzlari sopol koʼzachadan boshqa hech nimani koʼrmas, quloqlari hech qanday hay-haylashni eshitmas, Аyni chogʼda tinmay aljirashni, janjal-toʼpolon koʼtarishni juda-juda istar edi.

Boʼlinma oldida tomosha talablar toʼplana boshladilar.

Shu payt allaqaerdan ayiqday baquvvat erkak sotuvchi paydo boʼldi-da, Boyxonni osongina qoʼltiqlab tashqarii tomon sudrab ketdi. Boyxon jon achchigʼida tipirlab qarshilik qilishga urindi. Аmmo zum oʼtmay oʼzini oynaband eshik orasida koʼrdi. Sovuq havoda eti junjikdi.

— Yoʼqol! – dedi sotuvchi oyogʼi bilan yerni tapillatib, goʼyo yosh bolani haydaganday. –

Yoʼqolmasang hozir melisa chaqiraman…

Barzangi mushti bilan yana bir bor poʼpisa qildi-yu oʼzini ichkari oldi.

Boyxon qayoqqa yurarini bilmay ancha vaqt eshik oldida garangsib turib qoldi. Uning qulab tushgday chayqalayotganini, gʼuldurab, tushunuksiz soʼkinayotganini koʼrgan oʼtib-qaytuvchilar oʼzlarini darhol chetga tortishardi.

Qorongʼulik tobora quyuqlashardi…


Луқмон Бўрихон. Кутилган кун (ҳикоя)

Бир ёруғлик излаймиз ҳамон

Рауф ПАРФИ

…Бойхон бу кунни илҳақ кутган эди. Узоқ даштда улоқиб қолган, бирор ўткинчи улов шарпасига умидвор кўз тиккан йўловчидек у ҳам шу кунга муштоқ эди.

Бойхон танаси тарам-тарам бўлиб кетган дарахтга беҳол суяниб, чуқур-чуқур нафас олди. Кулранг қоронғуликка чўмиб бораётган катта-кичик дарахтлар, баланд-у паст иморатлар, кенг йўлда ғиз-ғиз ўтиб қайтаётган машиналар кўз ўнгида бетиним чайқаларди. Оёқлари остида бўм-бўш ароқ шишалари, колбаса бурдалари-ю ғижимланган қоғозпарчалари сочилиб ётарди.

Бойхоннинг юраги увушди. Барча қилмишлари кўз олдидан айқаш-уйқаш бўлиб ўтди-ю кўнгли ғашланди. «Энди ҳеч ўнгарилмаслигим тайин, охирги умидим ҳам кул бўлди, тамом», деб ўйлади у руҳсизланиб.

…Бойхон бу кунни ихлос билан кутганди. Гўё бу кун у бир юмалаб бошқа хил одамга айланиб қоладигандай, жиккак, тажанг Бойхоннинг ўрнида этли- сўлли, келишган Бойхон талтайиб турадигандай эди… Эҳ, бу кун, бу кун…

У бир қучоқ совға келтириб, хотинини туғилган куни билан қутламоқчи, унинг лабларида ширин бир табассум кўрмоқчи, сўнгра эса ўзи орзу қилган ўша ўрик гуллари ифорига бурканиб, ҳамма-ҳаммасини – ўз ҳаётини, турмушини қайтадан бошламоқчи эди. Шу боисдан тонг бўзармасданоқ шошилиб, аммо тетик ва алланечук хуш кайфиятда кўчага отилган хотини – икки ойлик келинчак орқасидан ажабланиб қараб қолганди.

Бойхоннинг касби бетайин эди. У бир вақтлар мотор заводида хизмат қилар, ишга ширакайф келса-да, берилган топшириқларни тузуккина дўндирар эди. Бироқ орада ароқхўрликка қарши кураш бошланиб кетдию намуна сифатида унинг ковушини тўғрилаб қўйишди. Бойхон шу-шу ҳеч жойдан иш тополмади. Охири мардикорликка куни қолди.

У лаънати шу ичкиликбозликни ташлашга неча марта сўз берар, лекин уч-тўрт кун ўтмасданоқ, «ўзи билмай» яна эчки қасамга айланиб – уйига одатдагидек чайқалганича кириб келар, бошини хам қилган кўйи кекса онасининг беозоргина нолишларини тинглар эди.

Бойхон яқинда уйланди. Тўғрироғи, уни уйлантиришди. Ака-опалари қўлни-қўлга бериб, оналари билан обдон маслаҳатлашиб келин топдилар. Келин – Янги даҳа томонда яшовчи аммасининг қизи бўлди. Аммаси тўйдан сўнг уларникига тез-тез келиб турар, бироқ ҳар ташрифида куёвини таънаю танбеҳлар тошбўронида эзиб ташлар эди: «Ҳой, жиян, соқол-поқолни мундоғ қиртишлаб юрсангиз бўлмайдими?.. Ҳой, йигит, қачон сиз ҳам мундоғ одамга ўхшаб уйга ойлик кўтариб келасиз?.. Раҳматли аканинг арвоҳлари ҳурмати, гулдай қизимни бир ялангоёққа қўшдим, эсам…»

Амманинг узундан-узоқ оҳ-войини Бойхон тоқат билан эшитарди-ю, бироқ келин, «Ойи, бўлди, бас!» дегандай овозсиз илтижо қиларди.

Аммасининг қизи сарғишдан келган, юзлари чўзинчоқ, қошлари сийрак, қўнғиртоб кўзлари ўйчан бўлиб, ишқилиб, гулдай эмасди. Лекин, тилло экан. У келин бўлиб келди-ю, харобгина ҳовличага файз кириб қолди. Аммо Бойхонда ҳеч бир ўзгариш сезилмасди. У ҳар эрта бир ёқларга гум бўлар, аллакимларгадир ёлланиб, ишлаб топган беш-олти сўмини кечқурун хотинининг олдига уялиб, авайлабгина қўяр эди. Бироқ ҳар уч-тўрт кунда гандираклаганича ғўддайиб бўсағада пайдо бўлишини ҳам ташламасди.

Бойхон маст чоғлари, негадир, кўпроқ ийманар, хотинининг аюҳаннос солишини, «кетаман», дея пўписа қилишини, уввос тортиб йиғлашини жуда-жуда истар эди. Хотини эса ҳеч бир жирканмай, ҳайиқмай, эрининг ифлос кийимларини ечар, ювинтирарди.

Бойхон кўпинча кечки емакдан сўнг муздай дераза ойнасига танглай тираб, маҳзун қоронғуликка чўмган торгина ҳовлидаги совуқ урган ўрик дарахтига сўзсиз тикиларди. Неча-неча баҳорлардан бери гулламайдиган, ғуж-ғуж япроқлари кузнинг оловли дами етмасданоқ сарғайиб, қовжираб битадиган бу дарахт, сертомир қадоқ қўллардек шохларини кўкка чўзиб, неларнидир фалакдан сўраётгандай совуқ шамолда дийдираб, чайқалиб турар эди.

«Барибир мени ташлаб кетади», деб ўйларди у хотини ҳақида, деразадан ҳорғин кўзларини узмай.

Лекин хотинида кетиб қолиш нияти йўққа ўхшарди. У эртаю кеч ҳовлида куймаланар – супириб-сидирар, ювиб-тарар, кекса қайнонасига гирдикапалак бўлар эди. Унинг ғимир-ғимирлари, айниқса Бойхон уйда пайтлари авжига чиқар, ҳойнаҳой, эри билан юзма-юз, бекорчи ўтиришдан, гап тополмай қийналишдан бениҳоя чўчир эди. Шу сабабли ҳарқалай Бойхон хотинига тик қарамоққа ботинолмасди. Баъзан Бойхоннинг ўз-ўзидан завқи жўшар, келинчакни эркалагиси, меҳрибонликлар кўрсатгиси келар, лекин бунга журъат этолмас, тўғрироғи бу хил яқинликда ўзини мутлақо ҳақсиз, деб ҳисоблар, бутун бор-йўғи, юриш-туриши билан хотини олдида ўзини муттаҳамдай ҳис этарди!

Аммо кунлар кетидан кунлар ўтаркан, юрак бағрида тош бўлиб ётган куз қатламлари Аллақандай англаб бўлмас олов тафтидан аста-секин эриб кетаётганни Бойхон пайқаб борарди. Мардикорликдан қайтишда уй томон ихтиёрсиз катта-катта қадам ташлаши, тез орада рўй берадиган кўзлар тўқнашувини ҳис қилиб энтикиши, уйида – юмшоқ ўринга сўзсиз чўзилишаркан, саҳарнинг яна уч-тўрт баробар узаймоғини исташи, худди шу антиқа қилиқларидан далолат бериб турарди. Лекин жамики ноумид ва ношукур бандалар каби Бойхон ҳам кўнглига алангаланиб келаётган оромбахш оловга шубҳаю гумонлар сувини пуркар, ўзини-ўзи тушкунлик, руҳсизлик тиғига тутиб берар эди.

«У барибир мен билан яшамайди, — деб ўйларди Бойхон. – Яна беш-олти кундан сўнг онасиникига жўнаворади…»

Бироқ уч кунча бурунги бир ҳодиса уни буткул бошқа ўзанга буриб юборди.

Ўша куни омади юришмаган Бойхон тушдан сўнг шалвирабгина уйига қайтганди. У ҳовли эшигидан оёғини оширди-ю, ажойиб манзаранинг гувоҳи бўлди.

Сочини чиройли турмаклаб, дуррача билан танғиб олган хотини ўша ўрик дарахтининг шохларига кир ёймоқда эди. Дуррачаси тегидан чиқиб турган, шамолда ҳилпираётган узун-узун соч толаларига дарахтнинг нурдек ингичка бир шохи гўё ўпмоқчидай оҳиста-оҳиста силанар, келинчак эса ширин-шакар хаёллар оғушида завқланиб бетиним илжаярди.

Бойхон бу хушманзарани тўрт-беш дақиқа – то унга хотинининг кўзи тушгунича томоша қилиб тураркан, ногоҳ, димоғига гуп этиб ўрик гулларининг ифори урилгандек туюлди. Боши айланиб кетди.

Хотини у томон илкис назар ташлади-ю, икковлари баравар илжайдилар. Бу уларнинг бир-бировигабиринчи самимий табассуми эди.

Ўша куни кечки таомдан сўнг Бойхон одатдагидек деразанинг совуқ ойнасига юзма-юз бўларкан хаёлга чулғанди. «Йўқ, бундай яшаб бўлмайди. Одамсифат бўлишим керак, одам…»

У дераза ёнида узоқ турмади. Бир пайт миясига келган ажойиб фикрдан севиниб, қалқиб кетди. Алланималарни тикиб-бичиб ўтирган хотини бу ҳолни сезмади.

«Наҳотки, уч кундан сўнг унинг туғилган куни?! Балки адашаётгандирман?»

Бойхон зўр диққат билан хотирасини титкилаб чиқди ва адашмаганига яна бир бор амин бўлди.

Ўша чошгоҳ –ҳукумат нигоҳидан ўтказувчи танноз ходима ўз қалин дафтарига ёш келин-куёвларнинг исм-шарифларию туғилган йил, ойларини қайд этаётган чоғи у ўз қаллиғининг таваллуд кунига негадир, қизиқсиниб қараган ва яхшигина эслаб қолганди.

…Бойхон бу кунни энтикиб кутган эди. Миясига ажойиб фикр урилган ўша оқшомдан бошлаб уч кун бетиним ўзича турли-туман режалар тузди. Ҳаяжонланди. Ҳовлиқди.

Ниҳоят, ўша арзанда кун ҳам етиб келди-ю тонг қоронғусида икки ойлик келинчакни саросимада қолдириб кўчага отилди. Аммо кўча эшиги орқасида хотини ювиб-дазмолланган шимни обдон ғижимлашни унутмади, унда-мунда учраб қоладиган ўзига ўхшаш бетайин оғайниларининг «пўрим куёв бола» дея масхара қилишидан уялди.

…Бойхон бу кунни ширин хаёллар оғушида кутган эди. Шунинг учун ҳам нақ тушга довур қора терга ботиб сувоқ қиларкан, чарчаш ўрнига тобора ғайрати қайнаб, юз-кўзидан табассум аримади. Ниҳоят, мардикорининг антиқа хатти-ҳаракатларидан лол бўлган тепакал хўжайин қайта-қайта санаб узатган пулни чангаллаганича ҳовлиқиб кўчага отилди.

У хотинига қандай совға олишини ҳув ўша оқшомдаёқ дилига тугиб қўйган, ҳар эслаганда тўлқинланиб-тўлқинланиб юрганди. Кўз остидаги бу тортиқ – сопол кўзача эди. Бойхон уни илк марта, бир ойча аввал, ароқ қаҳатчилиги сабаб арзон атир илинжида машҳур дўкон бўйлаб ҳўб изғиб юраркан, тепасига «Подарки» деб ёзилган бўлинма сотувчиси иддао билан кўргазмага қўяётган пайт кўриб қолганди. Ўшанда у сопол кўзачанинг бежирим ва ялтироқлигига, шунчаки қизиқсиниб қараб турган, сўнгра баданига сарғиш бўёқ билан тасвирланган бир жуфт қушга сийрак киприкларини пирпирата-пирпирата узоқ вақт анграйганди.

Унинг назарида қушлар қоп-қора тун аро ҳорғин учиб боришар, митти кўзларида шубҳа-ю ҳадик, умидсизлик ва аламзадалик қалқиб турар, чор-атрофда ҳеч бир қўналға белгиси кўринмас эди.

Бойхон ўшанда сопол кўзачага тикилиб тураркан тиззаларига, бармоқ учларига титроқ инаётганини, юраги алғов-далғов бўлиб кетаётганини сезди. Беихтиёр қушларнинг оёқчалари тагига оппоқ гуллаган ўрик шохи тасвирини туширгиси ва қушларни шу ерга қўндириб чек-чегарасиз парвозни буткул тугатгиси келиб кетганди.

Шу-шу бўлдию, у бу мўъжаз дўконга тез-тез келиб турадиган, ғоят антиқа туюлган ўша сопол кўзачага ҳийла вақт ҳайратланиб тикиладиган ташвиш орттирди. Бироқ унинг дайдиларча ивирсиши дўкончиларни шубҳалантириб қўйди шекилли, куни кеча Бойхон пештахта ёнида пайдо бўлиши биланоқ, «хизмат, укагинам» деб сўради сотувчи аёл пардоз-андоздан андак тўхтаб.

— Анави кўзачангиз… — ғўлдиради Бойхон, — жуда зўр экан.

У негадир сотувчининг «ҳа, жудаям ажойиб, менга ҳам ёқади», дейишини, сўнгра ўзи тасвирдаги учиб бораётган қушлар ҳақида тўлиб-тошиб гапиришини, хотинига шу кўзачани совға қилмоқчи эканлигини айтиб маслаҳатлашишни жуда-жуда истаган, ҳатто, шундай бўлишига қаттиқ ишонган эди.

Аммо сотувчи аёл аллақандай ғашланган қиёфада ҳеч гап-сўзсиз у ишора қилган матоҳни олиб узатмоққа шайланди.

— Йўқ-йўқ, ҳозирмас, — деб юборди шоша-пиша Бойхон, худди қўққис ширин уйқудан уйғонгандек. – эртага оламан.

Сотувчи аёл елка учирди:

— Ихтиёрингиз, лекин шу охиргиси…

…Бойхон бу кунни интиқ кутган эди. Шунинг учун ҳам хотинининг кечқурун қувонч ва меҳрдан лов-лов қизаришини хаёлида жонлантира-жонлантира энтикканча кетиб борарди. Аммо…

Аммо катта чорраҳа биқинидаги ҳар бир тош-кесагигача ўзига таниш бўлган ичимликлар дўкончаси ёнидан ўтаётганида қадамлари беихтиёр секинлашди. Ахир у ерда бақалоқ сотувчи турли ичимликларга лиммо-лим ёғоч қутиларни ғайрат билан ичкарига таширди-да.

«Об-бо, зап устидан чиқибман-у, деб юборганини Бойхоннинг ўзи ҳам сезмай қолди. Лекин даров сергак тортди. Қайга, не сабабдан кетаётганини эслади.

Ичимликлар дўкончаси ёнида одамлар дақиқа сайин кўпайиб, ғала-ғовур билан навбат талашардилар.

Бойхон чўнтагидаги пулларни кафтида сиққанча йўлида давом этди. «Кўпроқ пулим бўлганда, икковини олиб қўйсам яхши эдида», деб ўйлади у пулларини янада маҳкамроқ сиқимлаб.

«Озгина ютиб олганимда чарчоқларим тарқаб бир ҳузурланардима», деб ўйлади Бойхон негадир асабийлашиб. Унинг қадамлари ўз-ўзидан сусая-сусая, ниҳоят, ҳаракатдан тўхтади. Уч-тўрт шиша ароқ қучоқлаб шодон кетаётган, ур-тўполон билан навбат талашаётган кишиларга саросималаниб термулди.

«Бир шишага-ку қурбим етар-ов», деб ўйлади Бойхон оломон томон беихтиёр уч-тўрт қадам ташлаб. – Бир донагина атиргул олсам ҳам бўлади-ку, ахир совғанинг катта-кичиги, яхши-ёмони йўқ».

Бойхон чўнтагига қўл солди. Лекин, шу лаҳзаёқ, хотинининг ҳувв, ўша ўрик тагидаги табассуми «лоп» этиб кўз олдига келди-ю, шаштидан қайтди.

«Йўқ, бугунча ичмайман», деб ўйлади у қўлларини мушт қилиб. Бойхон изига қайрилди-да, йўлига равона бўлишга чоғланди. Шу пайт оломон орасидан сирғалиб чиқаётган икки саёқ оғайнисига кўзи тушди-ю кўнгли равшан тортиб кетди.

Бойхон дарҳол гумм бўлиш ўрнига беихтиёр одимлаши сусайди, анавиларнинг назарига тушиш учун пинҳона ҳужум бошлади.

«Дўстлардан қочиш яхшимас», дея ўйлади у ўз-ўзини алдаб. Ниҳоят, орқадан таниш ҳуштак овози янгради. Шусиз ҳам тоқати тоқ бўлиб турган Бойхон «ялт» этиб ўгирилди.

Ур-тўполонда терлаб кетган, соч-соқоли ўсиқ, кўзлари қизарган оғайнилар етиб келишди. Қисқагина ҳол-аҳвол сўрашдилар.

— Бу, дейман, томоқлар қуриб битибди-ёв, а, — деди шериклардан бири Бойхонга қарата.

Бойхон айбдорона илжайди.

— Юр, биз билан, — сирли кўз қисишди оғайнилар.

Бойхон ботинолмайгина минғиллади:

— Йўғ-э, Ишим бор-да…

Икковлон баробарига хохолашди.

— Ҳа, энди, — деди ароқ қўлтиқлагани. – уйлангандан сўнг қийин-да…

Шериги Луқма ташлади:

— Айниқса, хотинидан қўрқадиганга.

— Мен ҳеч кимдан қўрқмайман, — деди Бойхон қўрслик билан. Шу тобда барии ширин ўй-хаёлларию, совға олиш кўйида ҳаллослаб юришлари ўзига эриш туюлиб кетди.

— Қўрқмаслигингни ҳали исботлаган эмассан, — деди оғайнилар олдин-кетин.

Бойхон бу қочириқни деярли эшитмади, чунки у айни пайтда ғоят паришон туриб, хотинидан қўрқар-қўрқмаслигини ўзича, ростакамига ўйлаб кўрмоқда эди.

Оғайнилар бетоқатланди:

— Юрасанми, йўқми?

Бойхон бир чўчиб тушди-да, индамай уларга эргашди. «Озроқ ичсам ўлмасман», деб ўйлади у ўз-ўзидан ғазабланиб. «Хотинни табриклаш қочмас…»

Улар ўзларига қадрдон дарахтзорга йўл олишди.

Бойхон бошқа ҳеч вақони рўйирост эслаёлмайди. Агар адашмаса, у боши сал қизигач,

одатдагидай саҳийлиги тутиб чўнтагидаги бор пулни ўртага ташлаган, оғайнилардан чаққонроғи шартта олиб,яна дўконга югурган…

…Бойхон бу кунни зор-зор кутган эди. Энди эса кўнгли айниб, қақшаб-титраб, дарахтга мадорсиз суяниб турар, кимгадир тинмай алжирагиси, ҳўнг-ҳўнг йиғлагиси келар, боягина нафрат ва масхарага лиммо-лим юраги яна қуриб-қовжираб, ҳалим тортиб борар эди.

«Кетгин, мени ташлаб кетақолгин. Шунча хорлик, шунча зорлик сенга зарилми? Юзимга мириқиб туфла, дунёни бошингга кўтариб қарға, лекин мени ташлаб кет».

Бойхон хотинига хаёлан мурожаат қиларкан, ўша ўрик дарахти ёнидаги меҳрли табассум, ҳовли бўйлаб сассиз куймаланишлар кўз олдидан лоп-лоп ўтди-ю ўз-ўзидан ўпкаси тўлиб, хўрлиги келди. Лекин ҳўнграб юбормаслик учун гандираклаганича юриб кетди.

Кеч кузнинг эрта қоронғулиги қуйилиб келар, бироқ, кўча-кўйда одамлар ҳали гавжум, машиналар вағиллаб ўтиб қайтар эди. Ёғин-сочиндан дарак бўлмаса-да, ҳаво хийла совуқ.

«Йўқ, мен барибир ўшани оббораман, — деб ўйлади Бойхон гандираклаб юриб бораркан, — совға қиламан, совға…»

У қулаб тушмасликка тиришиб, бир тўхтаб, бир юриб борар, унда-мунда учраб қолувчилар шоша-пиша ўзларини четга олишар, баъзилари ғижиниб, сўкиниб қолишар эди…

Бойхон бир амаллаб ўша дўконга етиб келди. Ичкари кирди. Дўконнинг чароғонлигидан кўзлари қамашиб, бир зум нафас ростлаш дардида четроққа тисарилди.

Ичкарида одам гавжум. Сотувчиларнинг қўли-қўлига тегмайди. Ғала-ғовур авжида.

Бойхон бир амаллаб пештахтага яқинлашди. Юраги нечундир, ўз-ўзидан гурс-гурс ура кетди.

«Ҳов, қушлар, — деди хаёлан у. – шошманг, биз сизларга қўналға чизиб берамиз. Биз ҳам…»

Бойхон сотувчи хотин ва харидорларнинг ўзига ажабланиб-ажабланиб тикилаётганини кўриб сал сергак тортди. Афтидан, у хаёлида эмас, ташида ғулдираганди.

Бойхон беўхшов ишшайиб яна тасвирга суқланиб тикила бошлади.

— Хизмат, укагинам. – деб сўради сотувчи Хотин, шекилли, у «укагинасини» таниган эди.

Бойхон илжая-илжая:

— Опа, анови… — деди зўрға.

Сотувчи у гапини тугатмасданоқ ўша сопол кўзачани дўқиллатиб пуштахтага қўйди.

Бойхон ишшайиб уни ўзига имлади:

— Опа, қулоғингизга бир гапим бор эди.

Сотувчининг энсаси қотди:

— Айтаверинг.

— Шу.. илтимос, — деб ғўлдиради Бойхон кўзачани қўли билан силай туриб, — шунингизни насияга бериб туринг, жо-он опа, эртан пул опкеламан, хўп.

Сотувчи Бойхонга қайрилиб ҳам қарамай, кўзачани кўтарди-ю, жойига қўйди.

Шу чоғ бошқа бир харидор энтикиб турган Бойхонни туртиб юборгудек бўлиб ўтди-да:

— Ие, кўзачани бу ёққа узатинг, — деди сотувчига қарата, — кўрайлик-чи…

Бойхон сергакланиб ёнига қаради.

— Ўв, бу… меники…

Харидор ҳеч вақога тушунмай бир Бойхонга, бир сотувчига ҳайрон тикилди.

— Сал кайфи тароқ, эътибор берманг, — деди сотувчи қўл силтаб. – харидор оқилона бош чайқаб пул санаркан, Бойхон пештахта устида ётган кўзачага чанг солди.

— Бу меники… меники…

Харидор одоб билан ёпишқоқни орқага суриб қўйди.

— Қандай тузсиз одамсиз, — деди у Бойхоннинг тирсаги теккан костюмини қоқа туриб.

Бойхон шаштидан қайтмади.

— Меники… Совға қиламан…

Унинг ёшдан хира тортган кўзлари сопол кўзачадан бошқа ҳеч нимани кўрмас, қулоқлари ҳеч қандай ҳай-ҳайлашни эшитмас, Айни чоғда тинмай алжирашни, жанжал-тўполон кўтаришни жуда-жуда истар эди.

Бўлинма олдида томоша талаблар тўплана бошладилар.

Шу пайт аллақаердан айиқдай бақувват эркак сотувчи пайдо бўлди-да, Бойхонни осонгина қўлтиқлаб ташқарии томон судраб кетди. Бойхон жон аччиғида типирлаб қаршилик қилишга уринди. Аммо зум ўтмай ўзини ойнабанд эшик орасида кўрди. Совуқ ҳавода эти жунжикди.

— Йўқол! – деди сотувчи оёғи билан ерни тапиллатиб, гўё ёш болани ҳайдагандай. –

Йўқолмасанг ҳозир мелиса чақираман…

Барзанги мушти билан яна бир бор пўписа қилди-ю ўзини ичкари олди.

Бойхон қаёққа юрарини билмай анча вақт эшик олдида гарангсиб туриб қолди. Унинг қулаб тушгдай чайқалаётганини, ғулдураб, тушунуксиз сўкинаётганини кўрган ўтиб-қайтувчилар ўзларини дарҳол четга тортишарди.

Қоронғулик тобора қуюқлашарди…