February 23

Maqsud Qoriyev. Qaldirg‘ochlar bahorda keladi

| Кирилл ёзувидаги матн пастроқда

Bu voqea Toshkentda yer qimirlagan o'sha dahshatli unutilmas yilda bo'lib o'tgandi. Biz, yer qimirlashning qoq markazida, mashhur Qashqar mahallasida istiqomat qilardik. Yuz bergan tabiiy ofat tufayli uyimizning hamma yog'i buzilib-yorilib ketib, bunday qaraganda xonalar but-butun turgan bo'lsa-da, lekin yashash uchun mutlaqo yaroqsiz holga kelib qolgandi. Yaxshiyam, baxtimizga o'sha kezlari iliq-issiq kunlar boshlanib ketdi, chodir tikib hovliga chiqa qoldik.

Albatta, odatdan tashqari bunday yashash sharoiti romantikaga ishqiboz bolalarga juda qo'l keldi. Ayniqsa, ko'ch-ko'ronlarimizni yig'ib hovliga chiqib olganimiz qizimiz Nodirada alohida qiziqish uyg'otdi. Lekin qizig'i shundaki, endigina oltinchi sinfga o'tgan, har turli sarguzasht hikoyalarga qiziquvchi, biror gap bo'lsa tagiga yetmasdan tinchimaydigan bu sersavol qiz avvaliga hazil-huzul qilib yurdi-yu, keyin el boshiga chinakamiga katta tashvish tushganligini tushunib, o'zini xuddi kattalardek jiddiy tutadigan bo'lib qoldi. Buning boshqa sabablari ham bor ekanki, unisi bizga keyin ma'lum bo'ldi.
Esimda, uyimizning o'rtadagi katta xonasining shiftiga qaldirg'ochlar uya qo'yishgandi. Bu ajoyib qushchalar har yili bahor faslining ma'lum kunlarida biznikiga uchib kelishar, o'zlari qurgan inlarining u yoq-bu yog'ini «tuzatib», keyin o'sha uyada yoz bo'yi bemalol «istiqomat» qilishardi. Biz butun oilamiz bilan qaldirg'ochlarga judayam o'rganib qolgandik, ayniqsa, yakka-yu yagona qizimiz Nodira ularni juda sevar, bahor boshlandi deguncha qaldirg'ochlar kelishini orziqib kutardi. Ba'zan qish cho'zilib ketsa, kechikib qolayotgan vafodor do'stlarini qo'msab, havoning tezroq yurishib ketishini o'zicha iltijo qilardi. Yer qimirlab, hamma narsa hovlida ochiq-sochiq yotgan, oilada besaranjomlik hukm surgan bir sharoitda Nodira o'z qaldirg'ochlarining taqdiri haqida o'ylayotgan bo'lsa ham ajab emas.
Mana, hamma narsani qish uyqusidan uyg'otib, elga olam-olam gul, chechak, go'zallik hadya etib ko'klam boshlandi. Bahor uchun turli tabiiy ofatlar, yer qimirlash degan narsalar baribir, aloqasizdek...
Bir kuni tong bilan to'satdan bahor jarchilari — qaldirg'ochlar ham paydo bo'lib qolishdi, go'yo xonadonimiz to'lib ketgandek, boshimizdagi tashvish biroz bo'lsa ham kamaygandek tuyuldi bizga. Nodiraning esa quvonchi cheksiz edi.
Qaldirg'ochlar kela solib shoshilgancha o'z xonalariga kirib ketishdi, keyin tezda qaytib chiqib nimalardir deb chug'urlasha boshladi. Goho eshikdan, goh ochiq derazadan kirib, butun xonada girdikapalak bo'lib aylanishar, nima uchundir bezovta bo'lib vijirlashardi. Xullas, o'zaro «muhokama» bir necha daqiqa davom etdi-da, keyin qaldirg'ochlar birpasda qayergadir g'oyib bo'lishdi, xonadonga jimlik cho'kib, hamma yoq suv quygandek huvillab qoldi.
Biz, qaldirg'ochlar tezda qaytib kelar, deb o'yladik, ammo bir necha daqiqa o'tgan bo'lsa-da, ulardan darak bo'lmadi. Nodiraning ruhi tushib ketdi, quvonchi tugab, ko'ngli buzildi. Axir, shuncha yillardan beri bir xonadonda turib, bir-birovlariga o'rganishib qolgan vafodor «do'stlari» ketib qolgandi-da. Qiz qalbi ezilib, ginaxonlik qilgandek ham bo'ldi: «Nahotki, boshimizga tashvish tushib, uylarimiz buzilib yotgan sharoitda qaldirg'ochlar bizni tashlab ketishsa», o'yladi Nodira. Oshxonada ovqat tayyorlayotgan onasining yoniga borib, arz-dodini ayta ketdi:
— Oyijon, menga qarang, axir endi nima qilamiz-a, qaldirg'ochlar ketib qolishdi-ku...
— Voy qizim-ey, qayerga ham ketishardi, hozir qaytib kelishadi, — dedi onasi beparvo.
— Yo'q, kelishmaydi, so'zlashganlarini o'zim eshitdim... — qizming gapiga onasi birdan xandon tashlab kulib yubordi:
— Voy qizim tushmagur-ey, gapiga qarang-a, qaldirg'ochlar so'zlashgan emish. Xo'sh, ularning gaplarini qanday tushunding?
— Tushundim-da, o'zim bilaman, ilgarigi yillardagidan ancha boshqacharoq chug'urlashdi. Bilasizmi, oyijon, ular juda bezovta bo'lishdi, ha, ishonavering...
— Uylarimiz ahvolini ko'rib achinishgandir, qushlar juda ham sezgir bo'lishadi.
— Balki shundaydir...
Shu vaqt qaldirg'ochlar qaytib kelib qolishdi. Endi ular uyga kirmay, ayvonda aylana boshlashdi. Keyin bilsak, ular o'z rejalarini o'zgartirib, uy masalasini boshqacharoq hal etishgan ekan. Katta tashlab, birdaniga ayvonnirig shiftiga in qurishga kirishib ketishgandi. Qarabsizki, «qurilish» ishlari tez sur'atlar bilan boshlanib ketdi, mohir «quruvchilar» charchash nimaligini bilmay, tong sahardan to kech qorong'isigacha tinimsiz ishlashardi, arxitektor ham, quruvchi ham, shuvoqchi ham o'zlari... Qaldirg'ochlarning shunchalik jafokash, mehnatkashligiga tahsinlar o'qiysan, kishi. Xullas, jafokash qushlarning igna bilan quduq qazigandek, o'z uylari poydevorini asta-sekin qurayotganliklarini doimiy kuzatib borayotgan Nodira tabiiy ofatdan chetda qolmagan qushlarga rahmi kelar, «imorat»ning tezroq bita qolishini orziqib kutardi.
Shu orada shahar markazida moskvaliklar barpo etgan ko'p qavatli yangi uy binosi bitdi-yu, bizga undan uch xonali kvartira berishdi. Nima ham qilardik, blr necha yillardan beri yashagan, yoshlik yillarimiz o'tgan qadrdon xonadonimizni tashlab ketishga to'g'ri keldi. Yangi uyga ko'chib ketayotgan bo'lsak ham, harholda, yuragimiz uyushdi, ayniqsa, Nodira judayam bo'shashib qoldi. Hamma-hamma bilan-ku, qiz tushmagur: «Qaldirg'ochlar nima bo'ladi», — deb turib oldi.
— Jon adajon, qaldirg'ochlarni yangi uyga olib ketaylik, — deb ko'ziga yosh oldi.
— O'zing ko'rib turibsan. Ular uy qurishyapti, shu yerda yashashlari kerak, — dedim uni yupatib.
— Axir biz ketsak, quruvchilar uyni buzishadi-yu, unda sho'rliklar nima qilishadi?
Nodirantng savollariga javob bera olmaymiz, keyin yana uni yupatishga harakat qilamiz:
— Uy hali-beri buzilmaydi, ungacha qaldirg'ochlar bemalol bola ochib, ularni katta qilib olishadi.
— Hammasidan xabarim bor, qo'shnimizning qizi aytdi, bu yerlarga katta imoratlar tusharmish, qishga qadar bitar emish!..
— Unday emas, harholda, kuzga qadar buzilmaydi.
— Mayli, kuzgacha buzilmasin deylik, xo'sh, yanagi yil bahorda qaldirg'ochlar qayerga kelishadi?
— Ko'rib turibsanki, qaldirg'ochlar judayam aqlli qushlar, mana ular o'zaro maslahatlashib, nurab turgan uyga kirmay bizni hovlida yashayotganimizni ko'rib o'z inlarini ayvonga qurishdi, bas, shunday bo'lgach, yanagi yil bahorda yana qaytib kelishsa, albatta, o'zlariga yarasha joy topib olishadi.
— Qayerdan topisharkin-a? — taajjublandi Nodira.
— Balki bizning ko'p qavatli uylarimizga borishar.
— Rostdanmi-a, adajon, qani endi shunday bo'lsaydi... — sevinib dedi Nodira.
Shunday qilib, oradan bir hafta o'tgach, ko'chlarimizni ortib yangi uyga ko'chib ketdik. Eson-omon yangi uyga joylashib oldik. Keng, shinam qilib qurilgan, barcha sharoitlari, qulayliklari bo'lgan qutlug' xonadonimiz hammamizga judayam yoqib tushdi. Hayotimiz o'z iziga tushib ketdi.
Kunlardan bir kuni Nodira bilan birgalikda ba'zi bir zarur mayda-chuydalarni olib kelish uchun Qashqar mahallasidagi eski uyimizga yo'l oldik. Hovliga kirishimiz bilan men ham, Nodira ham ayvondagi qaldirg'ochlar qurayotgan uyaga qaradik. Qaldirg'ochlar yo'q edi, biz avvaliga hovli o'rtasida turgancha, qaldirg'ochlar «qurilish materiallari» tashiyotgan bo'lsa kerak, hozir kelib qolishar, deb biroz kutdik. Lekin qushlardan darak bo'lmadi, aftidan, ular «yangi uy» qurilishini chala qoldirib, allaqachon uchib ketishgandi...
Nodiraga qaradim, ko'zlarini yerga tikkancha sukut saqlab turardi. Nodira ham qarab turganimni bildi-yu, ko'zlaridagi namni bildirmaslik uchun yuzini chetga burdi. Ota-bola indamasdan huvillab yotgan bo'sh hovlidan tezda orqamizga qaytib chiqib ketdik. Nima uchundir yuragim uzilib ketgandek tuyuldi, ko'chib ketayotganda ham bunchalik xafa bo'lmagan edim...


Мақсуд Қориев. Қалдирғочлар баҳорда келади

Бу воқеа Тошкентда ер қимирлаган ўша даҳшатли унутилмас йилда бўлиб ўтганди. Биз, ер қимирлашнинг қоқ марказида, машҳур Қашқар маҳалласида истиқомат қилардик. Юз берган табиий офат туфайли уйимизнинг ҳамма ёғи бузилиб-ёрилиб кетиб, бундай қараганда хоналар бут-бутун турган бўлса-да, лекин яшаш учун мутлақо яроқсиз ҳолга келиб қолганди. Яхшиям, бахтимизга ўша кезлари илиқ-иссиқ кунлар бошланиб кетди, чодир тикиб ҳовлига чиқа қолдик.
Албатта, одатдан ташқари бундай яшаш шароити романтикага ишқибоз болаларга жуда қўл келди.

Айниқса, кўч-кўронларимизни йиғиб ҳовлига чиқиб олганимиз қизимиз Нодирада алоҳида қизиқиш уйғотди. Лекин қизиғи шундаки, эндигина олтинчи синфга ўтган, ҳар турли саргузашт ҳикояларга қизиқувчи, бирор гап бўлса тагига етмасдан тинчимайдиган бу серсавол қиз аввалига ҳазил-ҳузул қилиб юрди-ю, кейин эл бошига чинакамига катта ташвиш тушганлигини тушуниб, ўзини худди катталардек жиддий тутадиган бўлиб қолди. Бунинг бошқа сабаблари ҳам бор эканки, униси бизга кейин маълум бўлди.
Эсимда, уйимизнинг ўртадаги катта хонасининг шифтига қалдирғочлар уя қўйишганди. Бу ажойиб қушчалар ҳар йили баҳор фаслининг маълум кунларида бизникига учиб келишар, ўзлари қурган инларининг у ёқ-бу ёғини «тузатиб», кейин ўша уяда ёз бўйи бемалол «истиқомат» қилишарди. Биз бутун оиламиз билан қалдирғочларга жудаям ўрганиб қолгандик, айниқса, якка-ю ягона қизимиз Нодира уларни жуда севар, баҳор бошланди дегунча қалдирғочлар келишини орзиқиб кутарди. Баъзан қиш чўзилиб кетса, кечикиб қолаётган вафодор дўстларини қўмсаб, ҳавонинг тезроқ юришиб кетишини ўзича илтижо қиларди. Ер қимирлаб, ҳамма нарса ҳовлида очиқ-сочиқ ётган, оилада бесаранжомлик ҳукм сурган бир шароитда Нодира ўз қалдирғочларининг тақдири ҳақида ўйлаётган бўлса ҳам ажаб эмас.
Мана, ҳамма нарсани қиш уйқусидан уйғотиб, элга олам-олам гул, чечак, гўзаллик ҳадя этиб кўклам бошланди. Баҳор учун турли табиий офатлар, ер қимирлаш деган нарсалар барибир, алоқасиздек…
Бир куни тонг билан тўсатдан баҳор жарчилари — қалдирғочлар ҳам пайдо бўлиб қолишди, гўё хонадонимиз тўлиб кетгандек, бошимиздаги ташвиш бироз бўлса ҳам камайгандек туюлди бизга. Нодиранинг эса қувончи чексиз эди.
Қалдирғочлар кела солиб шошилганча ўз хоналарига кириб кетишди, кейин тезда қайтиб чиқиб нималардир деб чуғурлаша бошлади. Гоҳо эшикдан, гоҳ очиқ деразадан кириб, бутун хонада гирдикапалак бўлиб айланишар, нима учундир безовта бўлиб вижирлашарди. Хуллас, ўзаро «муҳокама» бир неча дақиқа давом этди-да, кейин қалдирғочлар бирпасда қаергадир ғойиб бўлишди, хонадонга жимлик чўкиб, ҳамма ёқ сув қуйгандек ҳувиллаб қолди.
Биз, қалдирғочлар тезда қайтиб келар, деб ўйладик, аммо бир неча дақиқа ўтган бўлса-да, улардан дарак бўлмади. Нодиранинг руҳи тушиб кетди, қувончи тугаб, кўнгли бузилди. Ахир, шунча йиллардан бери бир хонадонда туриб, бир-бировларига ўрганишиб қолган вафодор «дўстлари» кетиб қолганди-да. Қиз қалби эзилиб, гинахонлик қилгандек ҳам бўлди: «Наҳотки, бошимизга ташвиш тушиб, уйларимиз бузилиб ётган шароитда қалдирғочлар бизни ташлаб кетишса», ўйлади Нодира. Ошхонада овқат тайёрлаётган онасининг ёнига бориб, арз-додини айта кетди:
— Ойижон, менга қаранг, ахир энди нима қиламиз-а, қалдирғочлар кетиб қолишди-ку…
— Вой қизим-эй, қаерга ҳам кетишарди, ҳозир қайтиб келишади, — деди онаси бепарво.
— Йўқ, келишмайди, сўзлашганларини ўзим эшитдим… — қизминг гапига онаси бирдан хандон ташлаб кулиб юборди:
— Вой қизим тушмагур-эй, гапига қаранг-а, қалдирғочлар сўзлашган эмиш. Хўш, уларнинг гапларини қандай тушундинг?
— Тушундим-да, ўзим биламан, илгариги йиллардагидан анча бошқачароқ чуғурлашди. Биласизми, ойижон, улар жуда безовта бўлишди, ҳа, ишонаверинг…
— Уйларимиз аҳволини кўриб ачинишгандир, қушлар жуда ҳам сезгир бўлишади.
— Балки шундайдир…
Шу вақт қалдирғочлар қайтиб келиб қолишди. Энди улар уйга кирмай, айвонда айлана бошлашди. Кейин билсак, улар ўз режаларини ўзгартириб, уй масаласини бошқачароқ ҳал этишган экан. Катта ташлаб, бирданига айвоннириг шифтига ин қуришга киришиб кетишганди. Қарабсизки, «қурилиш» ишлари тез суръатлар билан бошланиб кетди, моҳир «қурувчилар» чарчаш нималигини билмай, тонг саҳардан то кеч қоронғисигача тинимсиз ишлашарди, архитектор ҳам, қурувчи ҳам, шувоқчи ҳам ўзлари… Қалдирғочларнинг шунчалик жафокаш, меҳнаткашлигига таҳсинлар ўқийсан, киши. Хуллас, жафокаш қушларнинг игна билан қудуқ қазигандек, ўз уйлари пойдеворини аста-секин қураётганликларини доимий кузатиб бораётган Нодира табиий офатдан четда қолмаган қушларга раҳми келар, «иморат»нинг тезроқ бита қолишини орзиқиб кутарди.
Шу орада шаҳар марказида москваликлар барпо этган кўп қаватли янги уй биноси битди-ю, бизга ундан уч хонали квартира беришди. Нима ҳам қилардик, блр неча йиллардан бери яшаган, ёшлик йилларимиз ўтган қадрдон хонадонимизни ташлаб кетишга тўғри келди. Янги уйга кўчиб кетаётган бўлсак ҳам, ҳарҳолда, юрагимиз уюшди, айниқса, Нодира жудаям бўшашиб қолди. Ҳамма-ҳамма билан-ку, қиз тушмагур: «Қалдирғочлар нима бўлади», — деб туриб олди.
— Жон адажон, қалдирғочларни янги уйга олиб кетайлик, — деб кўзига ёш олди.
— Ўзинг кўриб турибсан. Улар уй қуришяпти, шу ерда яшашлари керак, — дедим уни юпатиб.
— Ахир биз кетсак, қурувчилар уйни бузишади-ю, унда шўрликлар нима қилишади?
Нодирантнг саволларига жавоб бера олмаймиз, кейин яна уни юпатишга ҳаракат қиламиз:
— Уй ҳали-бери бузилмайди, унгача қалдирғочлар бемалол бола очиб, уларни катта қилиб олишади.
— Ҳаммасидан хабарим бор, қўшнимизнинг қизи айтди, бу ерларга катта иморатлар тушармиш, қишга қадар битар эмиш!..
— Ундай эмас, ҳарҳолда, кузга қадар бузилмайди.
— Майли, кузгача бузилмасин дейлик, хўш, янаги йил баҳорда қалдирғочлар қаерга келишади?
— Кўриб турибсанки, қалдирғочлар жудаям ақлли қушлар, мана улар ўзаро маслаҳатлашиб, нураб турган уйга кирмай бизни ҳовлида яшаётганимизни кўриб ўз инларини айвонга қуришди, бас, шундай бўлгач, янаги йил баҳорда яна қайтиб келишса, албатта, ўзларига яраша жой топиб олишади.
— Қаердан топишаркин-а? — таажжубланди Нодира.
— Балки бизнинг кўп қаватли уйларимизга боришар.
— Ростданми-а, адажон, қани энди шундай бўлсайди… — севиниб деди Нодира.
Шундай қилиб, орадан бир ҳафта ўтгач, кўчларимизни ортиб янги уйга кўчиб кетдик. Эсон-омон янги уйга жойлашиб олдик. Кенг, шинам қилиб қурилган, барча шароитлари, қулайликлари бўлган қутлуғ хонадонимиз ҳаммамизга жудаям ёқиб тушди. Ҳаётимиз ўз изига тушиб кетди.
Кунлардан бир куни Нодира билан биргаликда баъзи бир зарур майда-чуйдаларни олиб келиш учун Қашқар маҳалласидаги эски уйимизга йўл олдик. Ҳовлига киришимиз билан мен ҳам, Нодира ҳам айвондаги қалдирғочлар қураётган уяга қарадик. Қалдирғочлар йўқ эди, биз аввалига ҳовли ўртасида турганча, қалдирғочлар «қурилиш материаллари» ташиётган бўлса керак, ҳозир келиб қолишар, деб бироз кутдик. Лекин қушлардан дарак бўлмади, афтидан, улар «янги уй» қурилишини чала қолдириб, аллақачон учиб кетишганди…
Нодирага қарадим, кўзларини ерга тикканча сукут сақлаб турарди. Нодира ҳам қараб турганимни билди-ю, кўзларидаги намни билдирмаслик учун юзини четга бурди. Ота-бола индамасдан ҳувиллаб ётган бўш ҳовлидан тезда орқамизга қайтиб чиқиб кетдик. Нима учундир юрагим узилиб кетгандек туюлди, кўчиб кетаётганда ҳам бунчалик хафа бўлмаган эдим…