July 4

Nataniel Hotorn. Soyabon ostida (hikoya)

| Кирилл ёзувидаги матн пастроқда

Qishning yomg‘irli kunida issiq uyda o‘tirish qanchalar rohat! Bunday farahbaxsh kunda eng yaxshi ermak – yo kitob o‘qish – aytaylik, u turli sarguzashtlar to‘g‘risidagi biron-bir qiziq asar bo‘la qolsin; yoki shundoqqina derazang yoniga chordona qurgancha tashqarini tomosha qilib o‘tirish. Men buni necha martalab o‘zimda sinab ko‘rganman, go‘yoki yozuv­chi bir parcha oq qog‘ozini oldiga yoyadiyu, qahrabodek so‘zlarning billur tomchilari kabi sahifa betiga sehrlangandek birma-bir tomib tushishini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, hadsiz huzurlanadi.

Sizga qadrdon xonaning tanish devorlari bo‘ylab g‘alati sharpalar izg‘iy boshlaydi, ular negadir issiqqina pechning peshonasiga urilgudek bo‘lib tentiydilar, bu biram g‘alatiki! Xos­xonamning sahni tor bo‘lsada, lekin bag‘ri judayam keng, hatto butun boshli ummonni, butun bir Arab sahrosini o‘ziga jo etib yuborgudek, ana, sahroning uzun karvonlaridan qolgan, chuqur-chuqur iz tushgan shamolli qumlari, holdan toygan safarchi tuyalarning oftob tig‘ida abjirona lo‘killashlari kino tasmalaridek ko‘z oldimdan bir-bir o‘tadi. Qolaversa, bo‘linmam­ning shifti ham unchalik baland emas, biroq u Markaziy Osiyo tog‘larining cho‘qqilari bilan bo‘ylashgudek doim mag‘rurona ko‘krak kerib turadi. Qisqasi, turar jo­yimdan noligulik yerim yo‘q. Bozor ham bir qadam. Hadesa, qo‘limni oyog‘imga olib, u avtobusdan bunisiga yuguravermayman, bu tomondan xotirim jam. Ammo Yangi Angliya shaharchasining shunday osoyish ko‘chalaridan birida ham hamisha transport ot-ulovlari­ning ovozi aks-sado berib turadi, har yoqdan ularning guvillagan va chinqirgan tovushlari quloqni qomatga keltiradi. Oradan biroz vaqt o‘tgach, bu lavhalar birin-ketin g‘oyib bo‘ladi, shaharchaga tun cho‘kadi. Keyin mening ham botinimda xuddi tun singari tushkun, qorong‘i, o‘ksik bir kechinma qanotlana boshlaydi, u uchib-uchib bor ruhiyatimni o‘z domiga tortadi, shunda men ko‘ksimda potirlagan qushcham – qalbimni xotirjam qilish uchun, soat millari yotar mahalga zang chalishidan avval kun bo‘yi xayolimni parmalagan ko‘lankali tasavvurlarimni yoritib olish umidida ko‘cha tomon yo‘rg‘alab ketaman. Xayolparast o‘z xayollari ichida juda uzoq yashashi mumkindir, biroq butun qismatni sarobga boy berib qo‘yish ham adolatdan bo‘lmaydi.
Ketish oldidan, hurpaygan yomg‘irpo‘shim tugmalarini mahkam qilib qadarkanman, gumbazdek keng yoyiluvchi soyabonimni ham unutmadim, uni ko‘tarishim hamon yomg‘ir tomchilarining og‘ir xo‘rsiniqlarini eshitgandek bo‘ldim. Nochorgina bo‘sag‘am ustida bir nafasga to‘xta­dim, o‘sha yerdan xonam ichidagi eng qadrli joyim – otashnafas pech va uning biqinidagi oromijon kursimga mehr bilan nazar tashladim, bu kursi qanchadan-qancha shodlik va dardlarimni men bilan birgalikda baham ko‘rgandi. Hozir negadir son-sanoqsiz tomchilar qurshoviga tushishim bilan qo‘rqinchli tasvirlar hadiksiragan tasavvurimni zumda o‘z qa’riga tortib ketdi. Yo‘q, men erkak kishiman, bunaqa ikir-chikirlar ta’sirida si­rayam o‘zimni yo‘qotib qo‘ymayman, hoziroq yana ortimga qaytib, sevikli kursichamga tirsakla­rimni tiragancha, yaxshi ko‘rgan kitoblarimdan birini varaqla­gancha kunni kech qi­lish menga cho‘t emas. Ammo kurrayi zaminni bearmon kezib chiqqan jahongashtaning ham o‘zi hali to‘kis ishonmagan, hamon unga sirli-sehrli bo‘lib ko‘rinadigan nimalaridir, albatta, mavjud bo‘ladi. Hatto kulbasi tomon eltuvchi so‘qmoqchada qolgan so‘nggi izlaridayam qandaydir qonmagan ishtiyoq, ajib olamga tashnalik hislari ufurib yotadi.
O‘z-o‘zimning o‘ylashimcha, chorasiz inson tabiatida goho xavotirlar to‘lqinida mavjla­nib turadi. Boshimni ko‘tarib, ko‘kka qaradim, ko‘zim hech qanday osmonni ilg‘amadi, uning o‘rnida bo‘g‘ilgan, yorib bo‘lsayam ich-ichiga kirib bo‘lmaydigan zim-ziyolik dengizini payqadim. U shunday zimistonlik ediki, bamisoli jumlai jahon cheksiz motam qo‘ynida azador, to‘p-to‘p bulutlar o‘sha qazoga jafo chekib yum-yum yosh to‘kayotgan qiyofadek edilar. Ularning ko‘z yoshlari mening yonog‘imga ham tomdi, nigohimni yerga qadadim, biroq tuproqda ham dardimga taskin berguvchi hech nimani topolmadim. Uzoqroq muyulishda xira chiroq miltillab turibdi, ammo uning ojiz shu’lasi ko‘cha yuzini yoritishga yetib boryapti, xolos, hartugul oldimdagi yo‘lakda qadamlarimni qanday xavf-xatar kutayotganidan ogoh etib tu­rishga qurbi yetyapti bechora­ning. Yo‘lim chetida loy aralash, isqirtlangan qor uyumi do‘ppa­yib yotibdi, lekin ular martning so‘nggi kunlarigacha yashashga qodir, chog‘i. Uning ortida dilxastalik so‘ziga o‘xshab ketadigan, balchiq aralash qalin chang-to‘zon qoplagan yana nimadir yoyilib ketgan. Aftidan, u rosayam chuqur, avvaliga to‘pig‘ing, keyin oyoqlaring, asta-sekin bo‘yning botib boraveradi bu balchiq ichiga, o‘shanda bu halokatni muyulishdagi ojiz chiroq ham namoyish etolmaydi, ammo ko‘zlarim bilan uning bor dahshatini xayolan kuzatyapman. Bordiyu, shunday ofat yuz berib qolsa, jonni o‘pqon og‘ziga shartta qurbon qilish yoki Yer tomon qo‘l cho‘zib, kurashish kerakmikin? Oh, Xudoyim! Tobora xira­lashayotgan muyu­lish chirog‘i kabi bu qadar aljirab ketma­sam! Mana, qarshimdan yomg‘ir ko‘lob qilgan halqob chiqib qoldi. Sel shunchalik shiddat bilan quyganmikan, shunchalik ham ulkan ko‘lmak bo‘ladimi?! Shu payt xuddi bolalik chog‘la­rimdagidek oyog‘im ostidagi ko‘lmak ustidan shartta bosib o‘tgim, botinkamni shalabbo qilib, shimimning pochasini shilta ho‘l qilgim keldi.
Bo‘rondek betizgin o‘ylarim domida qancha ko‘p qolsam, o‘shancha ko‘p ular bilan yoqalashyapman go‘yo. Qani, endi hayot manzaralari tomon olg‘a bosamiz! Buning yorqin isboti sifatida yomg‘ir tomchisini kaftingda tut, ko‘lmak suv sachratgan loyni shiming etagida asrab qol, chap botin­kangga ilashgan muz parchasini esa yulib tashlamay tur, aynan shu alpozda ko‘chaning oxirigacha yurib boraver! Chorasiz chiroq bor kuchini to‘plab, atrofiga nurli doira hosil qildi hamda u burchakdan bu burchakka ko‘z qisgancha g‘alati yarqiray boshladi, men uni xuddi yo‘limni yoritguvchi ajib mayoq­qa o‘xshatdim, biroq bu savobgo‘y baribir bulutli qish oqshomida mayus tortgan ko‘nglimni yoritolmasdi. Hatto ko‘zlaringizni qattiq yumib, izg‘irin shiddatiga qarshi boraman desangiz ham, qahraton ayozi vujud-vujudingizni ayamay tilkalay boshlaydi. To‘xtovsiz yomg‘ir tomchilari naq sizning boshingiz ustidan qamchilab savalayotganga o‘xshaydi. Shamolning siy­rak tutuni ko‘cha­ning har tarafidan menga tomon hamla qilishga shay bo‘lib turgandek, nazarimda. Shuni payqadimki, ko‘cha burchaklari bunday daydi shamollar uchun baayni mos, ular shunday yerlarni o‘zlari uchun ermak qilib oladi. Ular bunda o‘zlarining bor to‘polonu sho‘xliklarini qilishga tayyor. Qarang, u yo‘l yoqasidan qunishib o‘tib borayotgan faqirgina bir ayolga qanday hamla qildi, bir changali bilan ayolning soyabonini tortib olishga chiransa, boshqasi bilan boyoqishning namiqqan paltosini yulib olishga jahd qilganday! Bir daqiqayam ko‘z ochirgani qo‘ymaydiya. Yaxshiyamki, xonimning sabr kosasi kattaroq ekan, har qancha jafolarini ko‘tardi sho‘rlik, shamol zo‘ravonlari uni naq uchirib yuborgudek rosa jahl qilishdida.
Bu yerdan to‘g‘ri shaharcha markazi tomon boshlovchi yo‘lak ustiga o‘tdim. Endi mutlaqo o‘zga manzara istiqbolimga chiqardi. Butun yo‘l bo‘ylab oynasi naq yerga tekkudek qilib qurilgan qator do‘konlar rastasi qad rost­lab borar, ular yonma-yon qo‘l ushlashib turgan aka-ukalardek mamnun kulib sizni oldinga kuzatib qo‘yardi. Oqshomgi yog‘dular shu’lasida silliq asfalt yo‘lak yanayam yarqiroq jilo sochar, yomg‘ir yoqqanidan so‘ng u yanayam silliqla­shib, tozarib ketgan kabi ko‘rinar edi. Go‘yokim osmondan butun zaminga faqat nur yog‘ilardi. Shunday manzaralar oqimida yana xayollarim pardek uchib-to‘zg‘irkan, o‘z-o‘zidan miyamga odamzod – o‘lajak foniy, bir kunmas bir kun, albatta, dorilbaqoga rihlat etadi, ammo mana bu lahzalar – qor, nur, tomchilar, izg‘irin, ho‘l yomg‘irpo‘shu ivigan oyoq kiyim – bular ham oniy ehsonlar emasmikin, degan hush­yorlik keldi. Hammadan ham bu lazzatni faqatina darbadarlar his eta olsalar kerak, deb o‘yla­dim, ular o‘zlari bilan tanho yashovchi jonlar, g‘amgin qish kechalarida yanayam o‘z siyratlariga mahv bo‘ladilar…
Ro‘paramdan chehrasi va ovoziyam nihoyatda tanish bir kishi chiqib qoladi, bir-birimizni aniq eslay olmasak ham, do‘stona salomlashdik:
– Qalaysan, og‘ayni? Bekorchilikmi, deyman?
E-haa, bu anavi iste’fodagi dengiz kapitani ediku, sal bo‘lmasa, xayolimdan faromush bo‘lay debdi. Bir paytlar dengizning qaysar shiddatiga qarshi bor quvvatini ishga solib bo‘lsayam o‘z maqsadlariga erishgan matonatli zobit edi u. O‘ziga o‘xshagan jasur dengiz itlari ekipaji har safar unga hamroh bo‘lardi. Navbatdagi ta­nishim yomg‘irpo‘shini shoshilgancha yelkalari osha o‘rab-chirmab olgan, goh shamol ta’qibidan qochib, goh yana jala ostida yugurgilab borayotgan o‘rta yoshlardagi bir janob bo‘ldi. U bilan gaplasholmadik. Boyoqish xuddi isitma ichida alahlagancha shafqatli birorta doktorni qidirib, yelib ketayotgan holi tang bemorga o‘xshardi. Ba’zan yomg‘ir zabtidan qochib, do‘kon derazasi pinjiga kelib tiqilar, aftidan uni­ng tabiatida bunaqa romantik ob-havoga sirayam hafsalasi yo‘qdek edi.
Mana bu yerda esa endi juda ajoyib, ko‘zni quvontiradigan go‘zal manzara yuzaga chiqadi. Yosh yigit chiroyli qiz bilan birga, issiq paltolariga o‘rangancha, ixcham soyabon bag‘riga berkinib, yengil qadam tashlab bo­rishadi. Qiz jajjigina, rezina etik kiyib olgan, yigitchaning oyog‘ida bo‘lsa rosmana kirza etik, ko‘rib hava­sing ketadi. Shashtlaridan ayonki, ular aniq biron-bir ziyofat yoki tantanadan qaytishmoq­da, yengil taom bilan salqin ichimlik hidlari havoda anqib yuribdi. Birgina shu ikki yoshga izg‘irin nafasi kor qilmay turibdi, ular hali-hamon bayram shukuhi ichida, yuz­lari baxtdan gul-gul ochilgancha, shodon ketib borishmoqda.
Ammo…Eh! Shu payt kutilmagan ko‘ngilsizlik sodir bo‘ldi. Ko‘zlarini quvonchu masrurlik pardasi qoplagan yoshlarning yo‘lidan naq ko‘ldek keladigan halqob ulkan to‘g‘ondek bo‘lib chiqib qoldi. Bu shundoqqina ikki ko‘cha orasidagi chorrahada – yo‘l­ning ayni qoq o‘rtasida hosil bo‘lgan suvli jarlik edi. Sho‘rlik sevishganlar! Shugina xavfdan ogoh bo‘lganimda edi, darhol sizni boshqa ko‘chaga jo‘natib yuborgan bo‘lardima! Hikoyamning yurakni eng ezadigan lavhasi shu bo‘ldimi, deyman. Lekin yoshlar o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishmadi, dadil harakat qilib ketishdi, ular bir-birlarining qo‘llaridan mahkam tutdilarda, tobora kattayib borayotgan ko‘lmak ustidan bir zarbada sakrab o‘tdilar. Muhabbatdek isyonkor olov ko‘ngilni yondirib turgan bunday chog‘da, ishq­Wdan o‘t bo‘lib turgan bu ikki qalbga qahratonning keskir ayozi nima degan gap axir? Izg‘irin endi ularning yuz va quloqlarini ko‘kishtob qilib yuborgan, qizartirib, sovuqdan achishtirganu biroq ular xuddi kuchli g‘animni yenggan qahramonlardek behad xursand va yanada baxtiyor edilar, ikkovlon o‘z uylari tomon misoli qushdek yengil uchib borishar edi.
Men ham yo‘limda asta davom etarkanman, nur tushib turgan derazalar yonidan qalbim sururga, umidga to‘lib o‘tsa, nogoh darpardalari zich yopilib, qoraygan darichalar oldida g‘amga botgancha turib qoldim. Shunday turfa ruhiyat va kayfiyat ichida darbadarona kezib bora­yapman. Endi qarshimdan eng og‘ir ko‘chalardan – boylar va g‘ariblar istiqomat qiladigan go‘shalar chiqib keladi. Bir-biriga mutlaqo qarama-qarshi, ziddiyatli, yurakni bo‘laklab-bo‘laklab tashlaydigan achinarli lavhalar jonlanadi. Boylik va qash­shoqlik aralashgan bu makonda fikrla­rim avj bilan g‘ujg‘on o‘ynay boshlaydi. Mana, ko‘rimsiz deraza ortidan oddiy bir oila davrasi­ning kechki dasturxoni namoyon bo‘ladi, hammasi juda oddiy, odamlari oddiy, so‘zlari, qarashlari oddiy. Ota-ona, bolalar, shamdondagi shamning omonatgina pirillab yonishi, pechdagi o‘tinning qarsillagan tovushi, hatto bo‘g‘otga asta urilayotgan yomg‘ir tomchilarigacha hammasi judayam oddiy. Axir bunday qishki yomg‘irda issiqqina uyda o‘tirish qanchalar rohat!
Uzoq vaqt adashgan qismatim kaftida aldangan yosh boladek giryon aylanaman, har devorga bosh urib o‘zimni topib olgim, so‘qqabosh va darveshona hayotimga tezroq xotima yasagim keladi. Yo Tangrim, noshukrlik qilmay, o‘zing kechir! Shubha yo‘qki, menga o‘xshash daydilar yer yuzida anchagina bo‘lsa kerak, axir odamlar bir-birlariga benihoya o‘xshaydilarku! Ana, bema’ni raqobat jar solgan ko‘chaning eng salobatli saroylaridan biri ro‘paramda sollonib turibdi, yuzlab chiroq­lardan koshonaning ko‘zlari qamashadi, xuddi osmondagi jami yulduzlarni shu yerga joylab, bitta-bittalab qadab chiqqandek ko‘rinadi. Eng ajablanarlisi, uning yon qo‘shnisi omadi yurishmagan, qo‘li yupqa bir xonadon sohiblari. Bular mutlaqo bir-biriga nomutanosib bo‘lgan, pastu baland jamiyat bo‘g‘inlari, bular yuqori, ular esa, albatta, quyi tabaqa vakillari, biroq Ajal va Qayg‘u nayzalari bu ikki tafovutni farqiga borib o‘tirarmidi yoki mana bu mahobatli koshona ostonasidan ular uchib o‘tolmaydigan bironta qonun-qoida yaratib qo‘yilganmi? Aslo, qazo va qayg‘u hamma uchun barobar, ular hech kimga bo‘yinsunmaydilar. Qiziq, bunday xayol ayni kezlarda dilimni ham qay­g‘ulantirar, ham qanoatlantirar edi. Boshiga og‘ir ko‘rgulik tushgan boyvachcha baxtdan shodumon va oso­yish kambag‘al hamsoyasiga xolis ko‘yda bor dardini to‘kib sololmaydimi?.. Albatta, to‘kib soladi, chunki Dard insonlarni birlashtiradi!..
Yuzlarimni qor aralash yomg‘ir ivitgan ho‘l devor ustiga indamay bosib turdimu, yu­ragimdagi dard torlarini tomchilar navosiga hamohang ravishda unsiz chalaverdim.
Bordiyu, hozir yana yo‘l yursam, ehtimol, tag‘in yo‘limdan adashib ketarman, yoki behalovat tun qo‘ynida yo‘q bo‘lib ketarman. Olis-olisdagi mitti bir yulduz menga tomon sirli-sirli jilmayadi, qo‘limni uzatib uni uzib olgim keladi. Butun tevaragim asroru antiqa, hayratu hasratdan iboratdek bo‘lib tuyuladi, go‘yo har nafasimda hayotning eng go‘zal lahzasini qo‘llarimda ushlab turgandek bo‘laveraman. Har yoqqa odamlar shoshib o‘tadi, yo‘lovchilar sovuqdan diydiragan, joniqqan, ko‘zlari uyquga tashna bo‘lgan vaqt asrovchilari.
Birgina men hanuz shirin boda ichgan sar­hushdek mast tentirayman. Nigohimga tanish kulbamning bo‘sag‘asida aybdordek bo‘yin qisa­man, horib-charchab ichkari kiraman. O‘zimni parqu ko‘rpam ustiga tappa tashlaymanu yana devor uzra izg‘iyotgan soyalar o‘yiniga mubtalo bo‘laman. Ana, bitta soya men tarafga judayam yaqin keladi, yuzini yu­zimga ancha payt bosib turadiyu, qo‘liga fonus tutgancha darhol qayoqlargadir ketib qoladi. Bilmadim, ehtimol, o‘sha soya mening o‘zimdirman. Lekin u juda g‘alati, xuddi ichini og‘u o‘rtayotgandek jonsarak ahvolda meni tark etib qoladi. Balki u qorong‘ilikda, qahratonda muztar bo‘lib yurganlarga odil charog‘bon bo‘lish niyatida shahd qilib ketib qolgandir…
Ana shunday. Biz – bo‘ronli va mudhish olam oralab, beorom tunda sarkash tentirovchilar, sadoqatimiz ziyosining quvvati yetguniga qadar, qayerda Nurlar makoni bo‘lsa, o‘sha tomon, albatta, yo‘l topib borishdan hech qachon charchamaymiz. Qo‘limizga soyabonimizni olamizu qorong‘i tun og‘ushiga qo‘rqmay singib ketamiz.

Inglizchadan Qandilat Yusupova tarjimasi


Натаниэл Ҳоторн. Соябон остида (ҳикоя)

Қишнинг ёмғирли кунида иссиқ уйда ўтириш қанчалар роҳат! Бундай фараҳбахш кунда энг яхши эрмак – ё китоб ўқиш – айтайлик, у турли саргузаштлар тўғрисидаги бирон-бир қизиқ асар бўла қолсин; ёки шундоққина деразанг ёнига чордона қурганча ташқарини томоша қилиб ўтириш. Мен буни неча марталаб ўзимда синаб кўрганман, гўёки ёзув­чи бир парча оқ қоғозини олдига ёядию, қаҳрабодек сўзларнинг биллур томчилари каби саҳифа бетига сеҳрлангандек бирма-бир томиб тушишини ўз кўзлари билан кўриб, ҳадсиз ҳузурланади.

Сизга қадрдон хонанинг таниш деворлари бўйлаб ғалати шарпалар изғий бошлайди, улар негадир иссиққина печнинг пешонасига урилгудек бўлиб тентийдилар, бу бирам ғалатики! Хос­хонамнинг саҳни тор бўлсада, лекин бағри жудаям кенг, ҳатто бутун бошли уммонни, бутун бир Араб саҳросини ўзига жо этиб юборгудек, ана, саҳронинг узун карвонларидан қолган, чуқур-чуқур из тушган шамолли қумлари, ҳолдан тойган сафарчи туяларнинг офтоб тиғида абжирона лўкиллашлари кино тасмаларидек кўз олдимдан бир-бир ўтади. Қолаверса, бўлинмам­нинг шифти ҳам унчалик баланд эмас, бироқ у Марказий Осиё тоғларининг чўққилари билан бўйлашгудек доим мағрурона кўкрак кериб туради. Қисқаси, турар жо­йимдан нолигулик ерим йўқ. Бозор ҳам бир қадам. Ҳадеса, қўлимни оёғимга олиб, у автобусдан бунисига югуравермайман, бу томондан хотирим жам. Аммо Янги Англия шаҳарчасининг шундай осойиш кўчаларидан бирида ҳам ҳамиша транспорт от-уловлари­нинг овози акс-садо бериб туради, ҳар ёқдан уларнинг гувиллаган ва чинқирган товушлари қулоқни қоматга келтиради. Орадан бироз вақт ўтгач, бу лавҳалар бирин-кетин ғойиб бўлади, шаҳарчага тун чўкади. Кейин менинг ҳам ботинимда худди тун сингари тушкун, қоронғи, ўксик бир кечинма қанотлана бошлайди, у учиб-учиб бор руҳиятимни ўз домига тортади, шунда мен кўксимда потирлаган қушчам – қалбимни хотиржам қилиш учун, соат миллари ётар маҳалга занг чалишидан аввал кун бўйи хаёлимни пармалаган кўланкали тасаввурларимни ёритиб олиш умидида кўча томон йўрғалаб кетаман. Хаёлпараст ўз хаёллари ичида жуда узоқ яшаши мумкиндир, бироқ бутун қисматни саробга бой бериб қўйиш ҳам адолатдан бўлмайди.
Кетиш олдидан, ҳурпайган ёмғирпўшим тугмаларини маҳкам қилиб қадарканман, гумбаздек кенг ёйилувчи соябонимни ҳам унутмадим, уни кўтаришим ҳамон ёмғир томчиларининг оғир хўрсиниқларини эшитгандек бўлдим. Ночоргина бўсағам устида бир нафасга тўхта­дим, ўша ердан хонам ичидаги энг қадрли жойим – оташнафас печь ва унинг биқинидаги оромижон курсимга меҳр билан назар ташладим, бу курси қанчадан-қанча шодлик ва дардларимни мен билан биргаликда баҳам кўрганди. Ҳозир негадир сон-саноқсиз томчилар қуршовига тушишим билан қўрқинчли тасвирлар ҳадиксираган тасаввуримни зумда ўз қаърига тортиб кетди. Йўқ, мен эркак кишиман, бунақа икир-чикирлар таъсирида си­раям ўзимни йўқотиб қўймайман, ҳозироқ яна ортимга қайтиб, севикли курсичамга тирсакла­римни тираганча, яхши кўрган китобларимдан бирини варақла­ганча кунни кеч қи­лиш менга чўт эмас. Аммо куррайи заминни беармон кезиб чиққан жаҳонгаштанинг ҳам ўзи ҳали тўкис ишонмаган, ҳамон унга сирли-сеҳрли бўлиб кўринадиган нималаридир, албатта, мавжуд бўлади. Ҳатто кулбаси томон элтувчи сўқмоқчада қолган сўнгги изларидаям қандайдир қонмаган иштиёқ, ажиб оламга ташналик ҳислари уфуриб ётади.
Ўз-ўзимнинг ўйлашимча, чорасиз инсон табиатида гоҳо хавотирлар тўлқинида мавжла­ниб туради. Бошимни кўтариб, кўкка қарадим, кўзим ҳеч қандай осмонни илғамади, унинг ўрнида бўғилган, ёриб бўлсаям ич-ичига кириб бўлмайдиган зим-зиёлик денгизини пайқадим. У шундай зимистонлик эдики, бамисоли жумлаи жаҳон чексиз мотам қўйнида азадор, тўп-тўп булутлар ўша қазога жафо чекиб юм-юм ёш тўкаётган қиёфадек эдилар. Уларнинг кўз ёшлари менинг ёноғимга ҳам томди, нигоҳимни ерга қададим, бироқ тупроқда ҳам дардимга таскин бергувчи ҳеч нимани тополмадим. Узоқроқ муюлишда хира чироқ милтиллаб турибди, аммо унинг ожиз шуъласи кўча юзини ёритишга етиб боряпти, холос, ҳартугул олдимдаги йўлакда қадамларимни қандай хавф-хатар кутаётганидан огоҳ этиб ту­ришга қурби етяпти бечора­нинг. Йўлим четида лой аралаш, исқиртланган қор уюми дўппа­йиб ётибди, лекин улар мартнинг сўнгги кунларигача яшашга қодир, чоғи. Унинг ортида дилхасталик сўзига ўхшаб кетадиган, балчиқ аралаш қалин чанг-тўзон қоплаган яна нимадир ёйилиб кетган. Афтидан, у росаям чуқур, аввалига тўпиғинг, кейин оёқларинг, аста-секин бўйнинг ботиб бораверади бу балчиқ ичига, ўшанда бу ҳалокатни муюлишдаги ожиз чироқ ҳам намойиш этолмайди, аммо кўзларим билан унинг бор даҳшатини хаёлан кузатяпман. Бордию, шундай офат юз бериб қолса, жонни ўпқон оғзига шартта қурбон қилиш ёки Ер томон қўл чўзиб, курашиш керакмикин? Оҳ, Худойим! Тобора хира­лашаётган мую­лиш чироғи каби бу қадар алжираб кетма­сам! Мана, қаршимдан ёмғир кўлоб қилган ҳалқоб чиқиб қолди. Сел шунчалик шиддат билан қуйганмикан, шунчалик ҳам улкан кўлмак бўладими?! Шу пайт худди болалик чоғла­римдагидек оёғим остидаги кўлмак устидан шартта босиб ўтгим, ботинкамни шалаббо қилиб, шимимнинг почасини шилта ҳўл қилгим келди.
Бўрондек бетизгин ўйларим домида қанча кўп қолсам, ўшанча кўп улар билан ёқалашяпман гўё. Қани, энди ҳаёт манзаралари томон олға босамиз! Бунинг ёрқин исботи сифатида ёмғир томчисини кафтингда тут, кўлмак сув сачратган лойни шиминг этагида асраб қол, чап ботин­кангга илашган муз парчасини эса юлиб ташламай тур, айнан шу алпозда кўчанинг охиригача юриб боравер! Чорасиз чироқ бор кучини тўплаб, атрофига нурли доира ҳосил қилди ҳамда у бурчакдан бу бурчакка кўз қисганча ғалати ярқирай бошлади, мен уни худди йўлимни ёритгувчи ажиб маёқ­қа ўхшатдим, бироқ бу савобгўй барибир булутли қиш оқшомида маюс тортган кўнглимни ёритолмасди. Ҳатто кўзларингизни қаттиқ юмиб, изғирин шиддатига қарши бораман десангиз ҳам, қаҳратон аёзи вужуд-вужудингизни аямай тилкалай бошлайди. Тўхтовсиз ёмғир томчилари нақ сизнинг бошингиз устидан қамчилаб савалаётганга ўхшайди. Шамолнинг сий­рак тутуни кўча­нинг ҳар тарафидан менга томон ҳамла қилишга шай бўлиб тургандек, назаримда. Шуни пайқадимки, кўча бурчаклари бундай дайди шамоллар учун баайни мос, улар шундай ерларни ўзлари учун эрмак қилиб олади. Улар бунда ўзларининг бор тўполону шўхликларини қилишга тайёр. Қаранг, у йўл ёқасидан қунишиб ўтиб бораётган фақиргина бир аёлга қандай ҳамла қилди, бир чангали билан аёлнинг соябонини тортиб олишга чиранса, бошқаси билан боёқишнинг намиққан пальтосини юлиб олишга жаҳд қилгандай! Бир дақиқаям кўз очиргани қўймайдия. Яхшиямки, хонимнинг сабр косаси каттароқ экан, ҳар қанча жафоларини кўтарди шўрлик, шамол зўравонлари уни нақ учириб юборгудек роса жаҳл қилишдида.
Бу ердан тўғри шаҳарча маркази томон бошловчи йўлак устига ўтдим. Энди мутлақо ўзга манзара истиқболимга чиқарди. Бутун йўл бўйлаб ойнаси нақ ерга теккудек қилиб қурилган қатор дўконлар растаси қад рост­лаб борар, улар ёнма-ён қўл ушлашиб турган ака-укалардек мамнун кулиб сизни олдинга кузатиб қўярди. Оқшомги ёғдулар шуъласида силлиқ асфальт йўлак янаям ярқироқ жило сочар, ёмғир ёққанидан сўнг у янаям силлиқла­шиб, тозариб кетган каби кўринар эди. Гўёким осмондан бутун заминга фақат нур ёғиларди. Шундай манзаралар оқимида яна хаёлларим пардек учиб-тўзғиркан, ўз-ўзидан миямга одамзод – ўлажак фоний, бир кунмас бир кун, албатта, дорилбақога риҳлат этади, аммо мана бу лаҳзалар – қор, нур, томчилар, изғирин, ҳўл ёмғирпўшу ивиган оёқ кийим – булар ҳам оний эҳсонлар эмасмикин, деган ҳуш­ёрлик келди. Ҳаммадан ҳам бу лаззатни фақатина дарбадарлар ҳис эта олсалар керак, деб ўйла­дим, улар ўзлари билан танҳо яшовчи жонлар, ғамгин қиш кечаларида янаям ўз сийратларига маҳв бўладилар…
Рўпарамдан чеҳраси ва овозиям ниҳоятда таниш бир киши чиқиб қолади, бир-биримизни аниқ эслай олмасак ҳам, дўстона саломлашдик:
– Қалайсан, оғайни? Бекорчиликми, дейман?
Э-ҳаа, бу анави истеъфодаги денгиз капитани эдику, сал бўлмаса, хаёлимдан фаромуш бўлай дебди. Бир пайтлар денгизнинг қайсар шиддатига қарши бор қувватини ишга солиб бўлсаям ўз мақсадларига эришган матонатли зобит эди у. Ўзига ўхшаган жасур денгиз итлари экипажи ҳар сафар унга ҳамроҳ бўларди. Навбатдаги та­нишим ёмғирпўшини шошилганча елкалари оша ўраб-чирмаб олган, гоҳ шамол таъқибидан қочиб, гоҳ яна жала остида югургилаб бораётган ўрта ёшлардаги бир жаноб бўлди. У билан гаплашолмадик. Боёқиш худди иситма ичида алаҳлаганча шафқатли бирорта докторни қидириб, елиб кетаётган ҳоли танг беморга ўхшарди. Баъзан ёмғир забтидан қочиб, дўкон деразаси пинжига келиб тиқилар, афтидан уни­нг табиатида бунақа романтик об-ҳавога сираям ҳафсаласи йўқдек эди.
Мана бу ерда эса энди жуда ажойиб, кўзни қувонтирадиган гўзал манзара юзага чиқади. Ёш йигит чиройли қиз билан бирга, иссиқ пальтоларига ўранганча, ихчам соябон бағрига беркиниб, енгил қадам ташлаб бо­ришади. Қиз жажжигина, резина этик кийиб олган, йигитчанинг оёғида бўлса росмана кирза этик, кўриб ҳава­синг кетади. Шаштларидан аёнки, улар аниқ бирон-бир зиёфат ёки тантанадан қайтишмоқ­да, енгил таом билан салқин ичимлик ҳидлари ҳавода анқиб юрибди. Биргина шу икки ёшга изғирин нафаси кор қилмай турибди, улар ҳали-ҳамон байрам шукуҳи ичида, юз­лари бахтдан гул-гул очилганча, шодон кетиб боришмоқда.
Аммо…Эҳ! Шу пайт кутилмаган кўнгилсизлик содир бўлди. Кўзларини қувончу масрурлик пардаси қоплаган ёшларнинг йўлидан нақ кўлдек келадиган ҳалқоб улкан тўғондек бўлиб чиқиб қолди. Бу шундоққина икки кўча орасидаги чорраҳада – йўл­нинг айни қоқ ўртасида ҳосил бўлган сувли жарлик эди. Шўрлик севишганлар! Шугина хавфдан огоҳ бўлганимда эди, дарҳол сизни бошқа кўчага жўнатиб юборган бўлардима! Ҳикоямнинг юракни энг эзадиган лавҳаси шу бўлдими, дейман. Лекин ёшлар ўзларини йўқотиб қўйишмади, дадил ҳаракат қилиб кетишди, улар бир-бирларининг қўлларидан маҳкам тутдиларда, тобора каттайиб бораётган кўлмак устидан бир зарбада сакраб ўтдилар. Муҳаббатдек исёнкор олов кўнгилни ёндириб турган бундай чоғда, ишқ­Wдан ўт бўлиб турган бу икки қалбга қаҳратоннинг кескир аёзи нима деган гап ахир? Изғирин энди уларнинг юз ва қулоқларини кўкиштоб қилиб юборган, қизартириб, совуқдан ачиштиргану бироқ улар худди кучли ғанимни енгган қаҳрамонлардек беҳад хурсанд ва янада бахтиёр эдилар, икковлон ўз уйлари томон мисоли қушдек енгил учиб боришар эди.
Мен ҳам йўлимда аста давом этарканман, нур тушиб турган деразалар ёнидан қалбим сурурга, умидга тўлиб ўтса, ногоҳ дарпардалари зич ёпилиб, қорайган даричалар олдида ғамга ботганча туриб қолдим. Шундай турфа руҳият ва кайфият ичида дарбадарона кезиб бора­япман. Энди қаршимдан энг оғир кўчалардан – бойлар ва ғариблар истиқомат қиладиган гўшалар чиқиб келади. Бир-бирига мутлақо қарама-қарши, зиддиятли, юракни бўлаклаб-бўлаклаб ташлайдиган ачинарли лавҳалар жонланади. Бойлик ва қаш­шоқлик аралашган бу маконда фикрла­рим авж билан ғужғон ўйнай бошлайди. Мана, кўримсиз дераза ортидан оддий бир оила давраси­нинг кечки дастурхони намоён бўлади, ҳаммаси жуда оддий, одамлари оддий, сўзлари, қарашлари оддий. Ота-она, болалар, шамдондаги шамнинг омонатгина пириллаб ёниши, печдаги ўтиннинг қарсиллаган товуши, ҳатто бўғотга аста урилаётган ёмғир томчиларигача ҳаммаси жудаям оддий. Ахир бундай қишки ёмғирда иссиққина уйда ўтириш қанчалар роҳат!
Узоқ вақт адашган қисматим кафтида алданган ёш боладек гирён айланаман, ҳар деворга бош уриб ўзимни топиб олгим, сўққабош ва дарвешона ҳаётимга тезроқ хотима ясагим келади. Ё Тангрим, ношукрлик қилмай, ўзинг кечир! Шубҳа йўқки, менга ўхшаш дайдилар ер юзида анчагина бўлса керак, ахир одамлар бир-бирларига бениҳоя ўхшайдиларку! Ана, бемаъни рақобат жар солган кўчанинг энг салобатли саройларидан бири рўпарамда соллониб турибди, юзлаб чироқ­лардан кошонанинг кўзлари қамашади, худди осмондаги жами юлдузларни шу ерга жойлаб, битта-битталаб қадаб чиққандек кўринади. Энг ажабланарлиси, унинг ён қўшниси омади юришмаган, қўли юпқа бир хонадон соҳиблари. Булар мутлақо бир-бирига номутаносиб бўлган, пасту баланд жамият бўғинлари, булар юқори, улар эса, албатта, қуйи табақа вакиллари, бироқ Ажал ва Қайғу найзалари бу икки тафовутни фарқига бориб ўтирармиди ёки мана бу маҳобатли кошона остонасидан улар учиб ўтолмайдиган биронта қонун-қоида яратиб қўйилганми? Асло, қазо ва қайғу ҳамма учун баробар, улар ҳеч кимга бўйинсунмайдилар. Қизиқ, бундай хаёл айни кезларда дилимни ҳам қай­ғулантирар, ҳам қаноатлантирар эди. Бошига оғир кўргулик тушган бойвачча бахтдан шодумон ва осо­йиш камбағал ҳамсоясига холис кўйда бор дардини тўкиб сололмайдими?.. Албатта, тўкиб солади, чунки Дард инсонларни бирлаштиради!..
Юзларимни қор аралаш ёмғир ивитган ҳўл девор устига индамай босиб турдиму, ю­рагимдаги дард торларини томчилар навосига ҳамоҳанг равишда унсиз чалавердим.
Бордию, ҳозир яна йўл юрсам, эҳтимол, тағин йўлимдан адашиб кетарман, ёки беҳаловат тун қўйнида йўқ бўлиб кетарман. Олис-олисдаги митти бир юлдуз менга томон сирли-сирли жилмаяди, қўлимни узатиб уни узиб олгим келади. Бутун теварагим асрору антиқа, ҳайрату ҳасратдан иборатдек бўлиб туюлади, гўё ҳар нафасимда ҳаётнинг энг гўзал лаҳзасини қўлларимда ушлаб тургандек бўлавераман. Ҳар ёққа одамлар шошиб ўтади, йўловчилар совуқдан дийдираган, жониққан, кўзлари уйқуга ташна бўлган вақт асровчилари.
Биргина мен ҳануз ширин бода ичган сар­ҳушдек маст тентирайман. Нигоҳимга таниш кулбамнинг бўсағасида айбдордек бўйин қиса­ман, ҳориб-чарчаб ичкари кираман. Ўзимни парқу кўрпам устига таппа ташлайману яна девор узра изғиётган соялар ўйинига мубтало бўламан. Ана, битта соя мен тарафга жудаям яқин келади, юзини ю­зимга анча пайт босиб турадию, қўлига фонус тутганча дарҳол қаёқларгадир кетиб қолади. Билмадим, эҳтимол, ўша соя менинг ўзимдирман. Лекин у жуда ғалати, худди ичини оғу ўртаётгандек жонсарак аҳволда мени тарк этиб қолади. Балки у қоронғиликда, қаҳратонда музтар бўлиб юрганларга одил чароғбон бўлиш ниятида шаҳд қилиб кетиб қолгандир…
Ана шундай. Биз – бўронли ва мудҳиш олам оралаб, беором тунда саркаш тентировчилар, садоқатимиз зиёсининг қуввати етгунига қадар, қаерда Нурлар макони бўлса, ўша томон, албатта, йўл топиб боришдан ҳеч қачон чарчамаймиз. Қўлимизга соябонимизни оламизу қоронғи тун оғушига қўрқмай сингиб кетамиз.

Инглизчадан Қандилат Юсупова таржимаси