Ҳикоялар
April 20, 2023

Nazar Eshonqul. Qo‘l (hikoya)

Кирилл ёзувидаги матн пастроқда

Salom tegirmonchi qoʻlni hammadan oldin payqadi. Agar uning oilasi joʻjabirday jon, ustiga ustak, oz-moz xasisligi boʻlmaganda, har bir tiyinni xuddi jonini olishayotganday baxillik bilan ishlatmaganda, ehtimol, qoʻlni sezmagan ham boʻlardi: lekin uning oilasi katta boʻlib, tegirmondan tushgani oila boqishga yetmagani uchun otasidan qolgan kasbni ham qilardi: u bola-chaqasi bilan tandir yasab sotar, shu sababli uni goh “Salom tegirmonchi”, goh “Salom tandirchi” deb chaqirishardi. Baʼzi tersotaliklar “Salomboyni bitta laqab bilan chaqiraylik, odam chalgʻib ketayapti!” deganda Panji muallim “Ikkala laqab ham bir-biriga bogʻliq, tegirmon aylanib tursa, tandirdan non uziladi, un boʻlmasa, tandirni kim oladi?!” degan ekan.

."Mikrofon ko‘targan ayol" YouTube kanali o‘qigan audiovarianti

Ana shu ikki laqabli Salom bir kuni doʻppisini olib, bundoq xomchoʻt qilsa, keyingi haftada uyida oziq-ovqatga odatdagi haftalardan koʻproq xarajat qilinganday tuyuldi. Xaltadagi un ham oldingi oyga qaraganda ancha oldin boʻshadi. Yogʻ, piyoz, kartoshka ham moʻljaldan oldin tugab qoldi. Bundan tashqari, u bolalarining qorni toʻymay qolayotganini sezardi: ovqatdan soʻng yana non va shakarga ruju qoʻya boshlashdi. Shunda buning sababini aniqlashga kirishdi. Xotini yeguliklarni hamishagidan kam miqdorda qilmayotganini aytdi. Balkim bolalari katta boʻlib qolib, oshqozonlari koʻproq ovqat talab qilayotgandir? Balkim birontasi boshqalarining haqini ham bildirmasdan ikki hissa paqqos tushirayotgandir? Ana shu shubhada tandirchi ovqat mahali oiladagi har bir ogʻizni birma-bir kuzata boshladi. Bolalari ham keyingi paytda qorinlari ovqatga toʻymayotgani uchunmi, oldiga qoʻyilgan taomdan bosh koʻtarmay paqqos tushirishga oʻtishgandi.

Tandirchi kuzata turib, koʻzlariga ishonmadi – oilada oltita jon, ammo ovqatda yettinchi qoʻl ham bor edi – anovilar toʻngʻich, oʻrtancha bolalarining qoʻllari, bunisi xotininiki, kenja oʻgʻlinikini hali qoʻl ham deb boʻlmaydi – katta qoshiqqa oʻxshaydi. Lekin anovi qoʻl kimniki? U birdan hushyor tortdi: koʻzlarini yumib-ochdi. Nazarida bolalarining va ayolining qoʻlidan tashqari yana bir begona qoʻl ovqatga sherik boʻlayotgan edi. U qoʻlni aniq koʻrib turardi: eng qizigʻi, qoʻl bor edi, ammo egasi koʻrinmasdi. Qoʻl ham ovqat olayotganda paydo boʻlib, keyin gʻoyib boʻlardi. Salom tandirchi qoʻlni koʻrgach, dastlab, aqldan ozmayapmanmi, deb oʻyladi. Ammo boshqa kunlari ham u xotinining, oʻzining qoʻliga oʻxshamaydigan begona qoʻlni aniq koʻrdi. Qoʻl bolalari bilan qoʻshilib, kaftini toʻldirib ovqat olar, boʻgʻiz barobar koʻtarilganda taom xuddi havoga singib ketgandek gʻoyib boʻlardi. Ovqat bilan ovora boʻlgan na bolalari, na xotini buni sezardi. Dastlab tandirchi bu shubhasini oshkor qilib, bola-chaqasi oldida kulgiga qolgisi kelmadi. U bir necha kun obdon kuzatdi. Yoʻq. Begona qoʻl rostdan ham mavjud edi. Ular bilan qoʻshilib ovqat yer, sindirilgan nonni olar, goʻshtga sherik boʻlar, hatto mevalardan ham tatib koʻrar, dasturxonda yegulik qolmasa, gʻoyib boʻlardi. Salom tandirchi mening koʻzimga koʻrinayapti deb oʻylab, xotiniga bildirmay oʻzini mulla Abzalga oʻqitib ham keldi. Ammo oʻqish taʼsir qilmadi: qoʻl baribir unga xuddi koʻzga chiqqan chipqondek koʻrinaverdi. Salom tandirchi bir kuni axiyri jazm qildi: u payt poylab turib, bolalarining qoʻllari orasida turgan, qovoq mantidan olib havo barobar koʻtarilayotgan qoʻlni shartta ushlab oldi.

– Bu kimning qoʻli? – deb soʻradi u qoʻrquv va hayajon bilan.

Uy sohibining qahrli ovozidan hamma bir sapchib tushdi va shoshib oʻz qoʻllariga, keyin, hech narsa tushunmay, ovoz egasiga qarashdi va otalari ushlab turgan qoʻlga koʻzlari tushdi.

Tandirchi uzun, nozik, ayni paytda shapoloqday qoʻlni ushlab turar, loy qoriyverib, muskullari pishib ketgan baquvvat panjalar orasida qoʻl xuddi qamchi kabi bilonglardi.

Ana shunda butun oila egasi yoʻq qoʻlni koʻrdi va qoʻrqqanlaridan baqirib yuborishdi. Salom tandirchi ichida yengil tortdi: demak, qoʻl hammaga koʻrinayapti, gap oʻzida emas. Qoʻlning bilakdan pasti koʻrinib turar, goʻyo kesib tashlangan qoʻlga oʻxshardi. Ammo qoʻl kesilgan emasdi, shunchaki tirsakdan naryogʻi havoda koʻrinmay turardi. Egasi esa umuman koʻrinmasdi. Bu hol avval bolalarni vahimaga soldi: kenja oʻgʻil bir oʻzining qoʻliga, bir egasiz qoʻlga qarab turib, yigʻlab yubordi: u yaqinlaridan birining qoʻli uzilib tushgan degan xayolga bordi, chogʻi. Xotinining esa tili kalimaga kelmasdi. Hamma dasturxondan u-bu yegulik olib, koʻtarilayotgan qoʻlga vahima va qoʻrquv bilan tikilib turardi. Salom tandirchining umri ogʻir mehnatda oʻtgani bois ziqna boʻlsa ham jasur odam edi. U bu yerda qoʻrqadigan sir yoki biron vahima koʻrmadi: qoʻlni ushlab oldi-da, loyni yerga urib pishitadigan muskuldor qoʻli bilan qattiq qisdi. Qoʻl ilojsiz bilongladi, soʻng bu baquvvat panjalarga kuchi yetmasligini angladi, chamasi, xuddi erib ketgandek havoda gʻoyib boʻldi. Hamma ogʻzi ochilgancha qoldi. Salom shu bilan qoʻldan qutuldim deb oʻylagandi. Ammo kechki ovqatda qoʻl yana paydo boʻldi: xuddi hech narsa boʻlmagandek, boshqa qoʻllar bilan taomga uzaldi. U ovqatni olar, boʻgʻiz barobar koʻtarar, xuddi koʻzga koʻrinmas yuhodek havoning oʻzidayoq ovqat gʻoyib boʻlar, keyin qoʻl pastga tushib, yana taomga uzalardi.

Butun oila endi ovqatlariga begona qoʻl sherik boʻlayotganiga guvoh boʻlib turardi. Salom bir necha marta begona qoʻlni ushlab oldi, uni jazolash uchun har xil usullarni sinab koʻrdi: bir qoʻlida ushlagancha ikkinchi qoʻli bilan musht qilib tugganda yoki oldindan yoniga keltirib qoʻygan bolta, pichoq, qamchiga qoʻl uzalganda yoxud yonib turgan pechkaning ichiga tiqmoqchi boʻlganda qoʻl oʻz-oʻzidan gʻoyib boʻlar, keyingi ovqat payti esa hech narsa koʻrmaganday yana dasturxonda paydo boʻlardi. U bilan kurashishning natijasi shu boʻldiki, qoʻl tezda oila aʼzolaridan biriga aylandi: endi hatto kenja oʻgʻil ham uni koʻrsa vahimaga tushmas, aksincha, qoʻlni hammaga koʻrsatib, uning harakatlaridan qiqirlab kular, qoʻl esa oʻzini mehribon koʻrsatib, baʼzida bolalarning boshini mehr bilan silab qolardi: bolalar ham asta-sekin uning boshlarini silashlariga oʻrganib borayotgan edi. Uning yebtoʻymasligi, bir oʻzi uch kishining ovqatni yeyotganini, oilaning moliyasiga, tirikchilikning yoʻrigʻiga zarar yetkazayotganini aytmasa, u beozor qoʻl edi.

U sal boʻlmasa, begonalar oldida ham oʻzini fosh qilib qoʻyayozdi: hamisha bir yangilik qilib, oʻzining mahalla raisligini eslatib turadigan Azim oqsoqol ota-ona bolalarga dars qilishga qanday sharoit yaratganini tekshirish uchun mahalla nomidan keldi-da, oshxonani hisobga olmasa, ham yotoq, ham mehmonxona, ham darsxona, ham bolalar xonasi vazifasini oʻtayotgan ikki xonaning birida sandalga oyoqlarini tiqqancha kitobdan bosh koʻtarmay oʻtirgan (mahalla raisi kelishini boshqa xonadonlardan eshitishgani uchun darsliklar va daftarlar bir haftadan beri sandal ustidan olinmas, hammasi maktab va mahalla hamkorligi talab­lariga moslashtirilib, taxt qilib qoʻyilgan, tandirchi ham goʻyo har kuni bolalar shunday sergoʻsht taom yeyishayotganday qassobdan sersuyak boʻlsa ham goʻsht olib, tushdan soʻng pilik-pirmosga osdirib qoʻygan, darvoza taqillab, Boʻynoq hurishi bilan hammasi oldindan kelishilgandek sandal atrofiga kelib oʻtirilgandi) bolalarga koʻzi tushib, qoniqish hosil qilgan boʻldi va odatiga koʻra dars qilinayotgan xonani birrov koʻzdan kechirdi-da, tandirchining “Bir piyola choy ichib keting” degan taklifiga “odamgarchilik yuzasidan” yoʻq demadi. Uy bekasi yagona suyakni biratoʻla suzib kela qoldi. Goʻsht hil-hil pishgan ekan. Azim rais ortiqcha manziratni kutmasdan ovqatga qoʻl choʻzdi: tandirchi goʻsht qozondan endi olingani, shuning uchun sal sovitib yeyilsa mazasi boshqacha boʻlishi haqida ogohlantirishga ham ulgurmadi – rais katta suyakni ikki qoʻllab olib, tishini botirdi – oʻqib yurgan yillarida besh yil yotoqxonada yashagan, shuning uchun har qanday taomni koʻz ochib-yumguncha oshqozoniga joylashning xoʻb hadisini olgan, bu odatning afzalligini bilgani uchun haligacha tark etgisi kelmas, mahallaga rais qilib saylangach esa, bu qobiliyatining yangi qirralarini namoyon boʻla boshlagan edi. Salom tandirchi uning goʻsht yeyishiga qarab, labini yalab turganda, lip etib paydo boʻlgan qoʻlni koʻrdi va aytadigan gapi esidan chiqib, birpas esankirab qoldi. Yaramas qoʻl hechqursa mehmonlar bor payti istihola qilsa kerak deb oʻylagandi: yoʻq, unga, aftidan, mehmonmi, boshqasimi, farqi yoʻq edi, dasturxon yozilishi bilan oʻzining ulushini undirish uchun shiraga aylangan pashshaday paydo boʻlardi. Qoʻl Azim raisning bolalarga shapaloq tushiraverib, yildan yilga kattalashib ketgan yirik panjalari orasida turgan ilik tomon intildi. Qoʻl toki yetib borguncha ilikning toʻpiqlari katta tishlar orasida soʻrila boshladi. Bu kutilmagan chaqqonlikdan qoʻl ham birpas havoda muallaq turib qoldi: u oʻzidan ham abjir qoʻl, toshni ham hazm qilib yuboradigan oshqozon borligidan ajablanib, havoda garangsib turib qolgandi. Tandirchi paytdan foydalanib qoʻlni ushlab oldi-da, tagiga bosib oʻtirib oldi: ammo qoʻlni tagida ushlab turolmadi – u tandirchining tagida havoga aylanib, gʻoyib boʻlib, yana dasturxon boshida paydo boʻldi. Bu orada rais kosadagi shoʻrvani ham koʻtarasiga ichib, boʻshatib ulgurgan, endi huzur qilib, koʻzini dasturxondan uzmagan holatda qoʻlini bir-biriga ishqab turardi. Yaxshiyam, ikki koʻzi dasturxonda boʻlgani uchun boshida osilib turgan qoʻlni koʻrmadi.

– Ha, mayli, – dedi nihoyat Azim rais dasturxonda yeyishi mumkin boʻlgan boshqa tansiqroq narsaga koʻzi tushmagach, – endi bizga ruxsat.

Keyin har doimgiday nasihatgoʻylik qilishni esdan chiqarmadi:

– Bolalarni hamisha shunday taomlar bilan ovqatlantiring, iligi toʻq, miyasi toʻliq boʻladi. Miyasi toʻliq boʻlsa, maktabda yaxshi oʻqiydi, maktabda yaxshi oʻqisa, oliy oʻquv yurtlariga kirib, mahallaning obroʻsini oshiradi.

Tandirchi soxta jilmayib, bosh irgʻagan boʻldi, ammo ichida zil ketdi: u rais paqqos tushirgan kattagina ustuxonni ham mehmon, ham butun oila uchun moʻljallab turgandi. Endi esa dasturxonda toʻpigʻigacha soʻrib tashlangan ilik kiyimi shir yechib olingan yalangʻoch boladay boʻlib yotar, hatto kekirdak joyi ham chaynab tashlangandi. Har qalay, chuldirak boʻlsayam shoʻrvasi qoldi-ku, shunisiga ham shukr, deb oʻyladi tandirchi.

Azim rais yuziga fotiha qilgan boʻldi-da, oʻrnidan turib, narigi xonada dars qilayotgan bolalarga yana bir koʻz tashladi. Keyin mamnun jilmaydi.

– Mayli, dars qilaverishsin, xalaqit bermay chiqib ketaman.

Tandirchining baxtiga rais dasturxonga qaramasdan chiqib keta boshladi: agar qaraganda “Bu ochofatdan biron yegulik qolganmikin?” degan umidda dasturxon ustida timirskilanayotgan egasiz qoʻlni koʻrishi mumkin edi.

Shundan soʻng tandirchi uyiga mehmon ham aytmaydigan boʻldi: u qoʻldan tashvishda edi. Agar birontasi koʻrib qolsa, qishloqda qancha gap-soʻz paydo boʻlishini tasavvur ham qilolmasdi: hamma tandirchining uyidan jin chiqqanday oʻzini olib qochadi, yana qancha gʻiybatlar koʻpayadi, yana qancha malomatlar yogʻiladi.

Tandirchi bolalariga ham, xotiniga ham qoʻl haqida birovga gʻing demaslikni tayinladi: eshitgan odam tandirchining xonadoni ustidan ketini ushlab kulishlari aniq edi. Qolaversa, qoʻl qanday paydo boʻlgan boʻlsa, shunday gʻoyib boʻlar, degan umid ham yoʻq emasdi. Biroq oradan ikki hafta oʻtsa ham qoʻl gʻoyib boʻlmadi: u oʻrtaga taomga uzalgan oltita qoʻlning yettinchisi boʻlib, xuddi oʻz uyida taomlanayotganday gʻoyibdagi qorniga ovqatni paqqos tashlayverardi, “tushirardi” emas, aynan tashlardi: qoʻl panjalari yoki kaftini toʻldirib olgan taom bir odamning ogʻzi barobar koʻtarilardi-da, xuddi yutib yuborilgandek gʻoyib boʻlardi. Baʼzida tandirchi gʻira-shira, xuddi xira tumandek bijirlab turgan bahaybat, meshday qorinni koʻrib qolgandek boʻlar, “Bu qorinni toʻydurguncha, men adoi tamom boʻlaman-ku” degan vahima bosardi. Qoʻlning paydo boʻlishi oilaviy xarajatlarni bir hissaga koʻpaytirgan boʻlsa-da, biroq tandirchining sabr qilishdan boshqa iloji yoʻq edi. Aslini olganda, u bu baloni birovga qanday gapirib berishni bilmasdi: tabiiyki, eshitgan har bir odam tandirchining sogʻligiga shubha bilan qaray boshlaydi.

Tandirchi qoʻl bilan kurashib oxiri charchadi. Endi u birinchi marta boʻlganidek qoʻlni ushlab, jazolashga urinmasdi, zero, buning foydasi yoʻqligini ham bilardi.

Salom tandirchi va xotini bu ins-jinslarning ishi deb, uyda qilmagan irim-sirimi qolmadi. Xotini folbinni ham, qoʻshnochni ham, avval isitib, keyin sovituvchini ham yoki soviganni isituvchini ham boshlab kelishdi.

Folbin keksa ayol edi: u shapkoʻr boʻlsa ham oʻrtaga tashlangan qand-qurslarni mazza qilib terayotgan panjalarni koʻrib qoldi va qoʻlga xuddi tanishini koʻrganday bir zum ajablanmasdan qarab turdi-da, “Yo piray, bu otangning qoʻli-ku!” deb yubordi toʻsatdan. Avvaliga er-xotin sirlari fosh boʻlganidan dovdirab qolishdi, keyin, bu esi kirdi-chiqdi boʻlib qolgan kampirning gapiga baribir hech kim ishonmaydi, degan oʻyda unga qoʻl haqidagi bor gapni aytib berishdi. Folbin tezda xoʻroz soʻyib, mushkulkushod qilishni, yettita kampirni chaqirib, is chiqarishni maslahat berdi. “Bu aniq otangning qoʻli. Arvohi chirqillab qolibdi. Ochga oʻxshaydi. Is chiqarsang, kelmay qoladi!” dedi. Salom tandirchi kampirga otasining chap qoʻl oʻrta barmogʻining yarmi boʻlmaganini, yoshligida oʻroq yulib ketganini, bu qoʻlning oʻrta barmogʻi esa boshqa barmoqlardan bir en uzun boʻlib, koʻzga xunuk koʻrinib chiqib turganini aytib oʻtirmadi: otasining qoʻli boʻlmasa, biron avlod-­ajdodining qoʻlidir, hozir buning nima farqi bor?! Tegirmonchi otasining qoʻlini kampir qanday taniganini surishtirib oʻtirmadi, kampir aytgan irimni ham qilib koʻrishga qaror qildi. Bir oyogʻi goʻrda turgan yettita kampir, ularni yetaklab kelgan yana yettita kelinchak, is chiqishini eshitib, bexabar qolishsa, xafa boʻlishini hisobga olib qoʻshimcha chaqirilgan oʻntacha xotin-xalaj, jami oʻttizga yaqin ayolning is kuni yeb-ichgani tandirchining yarim yillik asrab-avaylaganini havoga uchirdi. Kampirlarning nafasi ham, ularning qoʻlidagi yonayotgan paxta ham surbet qoʻlni choʻchita olmadi, lekin kampirlar yoqqan paxtalarni deb uyi sal boʻlmasa yonib ketayozdi – olov pardaga tutashganda tandirchi kirib qoldi va pardani uzib olib, oshxonadagi suv toʻla paqirga tiqdi, oqibatda is chiqarishning asorati boʻlib, uy devorining yarmi qorayib qoldi.

Shundan soʻng maʼlum boʻldiki, qoʻlning arvohlarga aloqasi yoʻq, u boshqa bir narsaning alomati edi: unga hech narsa, hatto bodi qoʻzib, oʻrnidan turolmay yotgan Mulla Ablazning bir kosa suv orqali yuborgan duoyu nafasi – “dam”i ham kor qilmadi, zero, bu qoʻl gʻoyibning hukmiga oʻxshar, xuddi tandirchining oilaviy tutumini, barakasini yoʻqqa chiqarish, uni kafangado qilish uchun roʻzgʻoriga qargʻishdek kirib kelgandi.

Salom bu tang vaziyatdan qanday chiqib ketishni bilmasdi: qoʻlni har koʻrganda bu balo oʻziga qayerdan yopishgani, xudoga yoqmaydigan nima gunoh qilgani haqida ogʻir oʻyga choʻmar, butun umrini taftish qilar, keyin bir paytlar otasiga qattiq gapirib, choʻlga ketib qolganini, oʻzining aybini tushunib qaytib kelganda otasi bu dunyo bilan xayr-xoʻsh qilib boʻlganini, otasining koʻnglini olish qiyomatga qolganini esladi. Balkim, aynan shuning uchun xudo unga mana shunday jazo joʻnatgandir? Ammo tandirchi ichidagini tashiga chiqarolmas, zero, otasi haqidagi xotirani oʻzidan va otasidan boshqa hech kim bilmasdi: tandirchi oʻz yogʻiga oʻzi qovrilib yotardi.

Oradan ikki oy oʻtib, boʻshab qolgan unxaltayu yogʻ idishlarni koʻrgach, tandirchining sabri chidamadi. “Bu qanday adolatsizlik! – deb oʻyladi u jahl bilan. – Men bolalarim bilan kun uzogʻi loy tepib, bir tishlam nonni zoʻrgʻa topsam-da, bir tekinxoʻr teng sherik boʻlib oʻtirsa…” Oxiri u kirib kelgan toʻngʻiz yilining xosiyatsizligi haqida bashorat qilib, Rajab choʻponning ola qoʻzisi junida “Alloh” degan yozuv alomatini anglagan mulla Keldiyorga bor gapni aytadigan boʻldi.

Tandirchi Rajab choʻponning uyiga buriladigan muyulishdagi toʻnkaga oʻtirvolib, qishloqqa kelayotgan har bir mashinani tasbehga tashlab oʻgirib oʻtirgan mullani muborak chorshanba kuniga tushlikka – xudoyi oshga taklif qildi. Osh kechagi qizil tayoqli Keldiyor “gai”ning – bugungi mullaning jonu dili edi: bir paytlar Keldiyor Qiziltepa postida turganda baʼzida jarimaga “choyxona oshi jazosi”ni ham qoʻllardi: shu sababli osh boʻlgan joydan boʻyin tovlamas, buni butun qishloq ahli yaxshi bilardi. Salomning azza-bazza taklifidan soʻng mulla naq tush payti borishini bildirdi.

Chorshanba kuni belgilangan vaqtda mulla yetib keldi. Oʻrtaga sergoʻsht osh tortildi. Oshni koʻrib, mullaning koʻzlari yonib ketdi va yeng shimarib, oshga tashlandi. U uch-toʻrt kaft oshni koʻzlarini yumgancha, mazasini totib, chaynab boʻlgandi hamki, kuttirib qoʻymay qoʻl ham paydo boʻldi. Dastavval mulla uchinchi qoʻlga eʼtibor bermadi: har kaft ogʻziga borganda huzur qilib, koʻzlarini yumib, chaynagancha, mazasini olar, keyin ogʻzidagini yutib yuborib, koʻzlarini ochar, oshning eng sergoʻsht joylariga kaftini botirardi. U qoʻlni anchadan keyin koʻrib qoldi: xuddi oʻzidek eng sergoʻsht joylariga kaft botirayotgan, mullalik hurmatini qilmayotgan surbet qoʻlni koʻrib, bunaqa beadab­likdan jahllanib boshini koʻtardi. Afsuski, kutgandek, zahrini sochish yoki biron diniy naql aytib, odobga chaqirish uchun qoʻl egasiga koʻzi tushmadi. Bir qoʻlga, bir tandirchiga qarab ogʻzi ochilib qoldi va hayajonlanganidanmi yo qoʻrqqanidanmi, ogʻzidagini chaynamay yutib yubordi va tuyulib qoldi. Yoʻtalib, nafasi tiqilayozdi. Tandirchi oʻrnidan turib, yelkasiga urdi. Shundan soʻng mulla sal oʻziga keldi. Qoʻl esa ularga eʼtibor bermay oshni paqqos tushirar, yaʼni xuddi mulla kabi kaftiga sergoʻsht oshni joylab, ogʻiz barobar koʻtarar, kaftda turgan bir uyum osh koʻrinmayotgan “ogʻiz”da gʻoyib boʻlardi. Qizarib-boʻzarib ketgan, amri-maʼrufida qiyomat belgilarini bashorat qilganda ham bunchalik alomatni koʻraman deb oʻylamagan mulla chamasi oʻn martalar “astagʻfurulloh” dedi. Koʻzlarini yumib-ochdi. “Menga shunday koʻrinayapti!” deb oʻyladi, chogʻi, tandirchiga ilinj bilan qaradi, lekin obroʻsi tushib ketmasligi uchun ogʻiz ochmadi. Yana uch marta “astagʻfurulloh” dedi.

– Sizga ham koʻrinyaptimi?! – dedi tandirchi uni xijolatdan qutqarish uchun.

– Koʻrinayaptimi, deysizmi? – mulla tandirchiga sir boy bermay qaradi. – Nima koʻrinayapti?

– Qoʻl! – dedi tandirchi. – Egasi koʻrinmaydigan qoʻl…

Mulla shundagina biroz oʻziga keldi. Koʻzlarini loʻq qilib hali ham osh yeyishda davom etayotgan qoʻlga baqrayib qarab turdi.

– Ha, koʻrinayapti… Bu kimning qoʻli?

– Bilmadim… Lekin ovqat yeyishda bizning oila bir tomon, bu qoʻl bir tomon. Har qanday taomni olib shunday havoga koʻtarsa boʻldi, gʻoyib boʻladi…

– Rostdanam egasi yoʻqmi? Umuman koʻrinmaydimi?

Tandirchi bosh irgʻadi.

– Aslida sizni shuning uchun chaqirgandim, mulla aka, – dedi tandirchi ilojsiz ohangda. – Uyimizda shunday balo paydo boʻldi. Ikki oydan beri ketmaydi. Bizni kasod qilyapti bu ochofat.

Mulla bir tandirchiga, bir qoʻlga qarab uzoq turib qoldi.

– Shunga bir oʻqib qoʻysangiz… Zora, yoʻqolsa… Mulla Abzal dam solgan suvning kuchi yetmadi. Sizni unga qaraganda nafasi oʻtkir deyishdi.

– Shaytonning qoʻli bu! Astagʻfurulloh! – dedi Keldiyor nihoyat oʻzining mullaligi esiga tushgandek. – Qarang, odamning qoʻliga oʻxshamaydi. Shaytoni layinniki… Bu aniq…

– Yoʻgʻ-ye, – dedi tandirchi. – Oddiy qoʻl-ku…

– Odiy qoʻl emas! – dedi qatʼiy qilib mulla. – Bu shaytonning qoʻli. Taomingizga shayton sherik boʻlayapti… Goʻshti halolmidi?

– Ha, – dedi Salom. – Absalim qassobdan olganman…

Mulla baribir bosh chayqadi.

– Oxirzamonni shunaqa alomatlari bor deb eshitgan edim… Egasi yoʻq qoʻllar, egasi yoʻq boshlar, egasi yoʻq koʻzlar, egasi yoʻq oyoqlar egasini qidirib, osmonda uchib yurarkan. Bu qoʻl ham egasini qidirib kelgani aniq. Salombek, oxirzamon yaqinga oʻxshaydi.

Mullaning bu qatʼiy xulosasi qoʻlga yoqmadi, chogʻi, u laganga kaft bosishdan toʻxtab, zabt bilan havoga koʻtarildi va avval koʻrsatkich barmogʻi bilan oʻrta barmogʻi orasiga bosh barmogʻini yaxshilab joylashtirib oldi, keyin mullaning naq burni tagiga olib kelib koʻrsatdi. Mulla shundoq koʻziga tegay deb turgan ikki barmoq orasidagi bosh barmoqni koʻrib, qoʻrqib ketdi, gavdasini orqaga oldi.

– Ie, – dedi u koʻzlari ola-kula boʻlib ketib. – Bu hali tarbiyasiz ham ekan-ku!

Qoʻl ikki barmoq orasida turgan bosh barmoqni koʻrsatgancha mullaning burni tagida ancha turdi. Keyin yana laganga qarab shoʻngʻidi, hech narsa boʻlmagandek oshni “havoga koʻtarishda” davom etdi.

– Biron kechirilmas gunohingiz evaziga bu! – dedi mulla nihoyat.

– Bir tandirchi boʻlsam, – tandirchi nolidi, – esimni taniganimdan beri tegirmon toshini aylantiraman, oyogʻim loydan chiqmaydi. Mening qanday kechirilmas gunohim boʻlishi mumkin?!

– Bandasi qilgan gunohini bilmaydi, ammo Tepaga hammasi ayon! – dedi mulla xuddi amri maʼruf qilayotgan ohangda. – Hammasini hisob­lab oʻtiruvchi va bunday ofatlarni yuboruvchi Robbimiz bor. Tovba qiling, shunda qutulasiz.

– Ikki oydan beri tovba qilib yotibman, – alamli ohangda dedi tandirchi. – Aziz avliyo­larga ham bordim, yetim-yesirga sadaqa ham berdim. Foydasi boʻlmadi.

Tandirchining bu gapi mullani hushyor torttirdi. Hozir unchalik mavridi boʻlmasa-da, lekin ham kelajakni, ham choʻntakni oʻylab, joyida tanbeh bermoqni va bu adashgan bandaga toʻgʻri yoʻl koʻrsatishni oʻzining burchi deb hisob­ladi.

– Sadaqani avvalo ogʻzida ilmi bor odamga berish kerak.

Tandirchi sodda edi. Mullaning tagdor gapini toʻgʻri tushundi.

– Qishlogʻimizdagi qiynalayotgan talabalarga ham sadaqa oʻrnida yoʻlkira berdim…

Tandirchining soddaligidan mullaning ensasi qotdi.

– Talabalar ogʻzida ilmi borlarga qoʻshilmaydi. Ular har xil nopok ishlarga ham aralashib yurishadi. Shuning uchun ularga berilgan sadaqa oʻtmaydi. Sadaqani toat-ibodatli, ilmli kishilarga bermak joyizdur…

Tandirchi bu gapdan ancha izza tortdi.

– Buni bilmas ekanman, – tan oldi u. – Mulla Ablaz musofirchilikda yurgan talabalarga bergan sadaqalaringiz oʻtadi, degandi.

Mullaning bu gapdan ham ensasi qotdi.

– Mulla Ablaz madrasa talabalarini nazarda tutgan, chogʻi, siz tushunmagansiz.

– Qishlogʻimizda unaqalar yoʻq-da.

Mulla Keldiyor endi bu goʻl bandasiga ochiqroq ishora qilishiga toʻgʻri keldi.

– Unaqa talabalar boʻlmasa ham, ertayu kech ibodat bilan mashgʻul kishilar bor, – dedi biroz zarda bilan.

Bu orada laganda osh tugagan, qoʻl endi oʻrtaga qoʻyilgan mevalardan totinardi. Mullaning esa ishtahasi boʻgʻilgandi. Shu sababli ham qoʻlning bezbetligidan hamda oʻziga atalgan mevalarga daxl qilayotganidan jahli chiqdi.

– Bu rostdanam ochofatning oʻzi ekan, – dedi u. – Hammasini yamlamay yutyapti. Xoʻsh, bunday qilamiz… Andak chiqimdorrogʻ-u, ammo ish berishi aniq… Men qirq kun kechasi bilan qaytarma qilib oʻqiyman. Shu bilan tinchib ketasiz, xonadoningizga orom kiradi…

Salom xursand boʻlib ketdi: zora, qaytarma ish berib, qoʻldan qutulsa… Tandirchiga qaytarma qilish bir toʻqliga tushgan boʻlsa-da (uniyam qaynisidan qarz olishga toʻgʻri keldi), mulla Keldiyor vaʼdasida turdi: qirq kunda qaytarma qilib oʻqib berdi. Tandirchi endi “shayton qoʻli”ning uydan gʻoyib boʻlishini sabrsizlik va intiqlik bilan kuta boshladi. Zero, qoʻl paydo boʻlganidan beri roʻzgʻor sekin qarzga kira boshlagandi. Bu holat tandirchining koʻnglini gʻash qilib turgani uchun qaytarmadan umidi katta edi. Ammo qoʻl mulla Keldiyor aytgandek, qaytarma qilingandan soʻng bir hafta emas, uch hafta oʻtsa ham yoʻqolmadi. Toʻrtinchi haftada roʻzgʻorni eplab turish uchun yana qarz olishga toʻgʻri keldi.

Beshinchi haftaga kelganda u oʻzini mulla Keldiyor bir toʻqliga chuv tushirganiga, qaytarmasi ish bermaganiga amin boʻldi. Shuning uchun dardini yorish uchun ishonchliroq odam izlay boshladi. Bu paytda baraka ketib, faqat qarzga kun koʻrayotgan boʻlsa-da, Panji muallimdan maslahat olishga qaror qildi: qoʻpol, qoʻrs boʻlsa ham toʻgʻrisoʻz odam, bir tomoni ayoliga qarindoshligi bor. Panji muallim ham atoyi xudoyining daragini eshitib, mahtal qilmasdan yetib keldi. U ham xuddi Azim raisday ilikni oʻz oldiga qoʻyib yeyishga chogʻlangan ham ediki, qoʻl oʻtgan gal uchun ham undan alamini oldi: ilikni uning oldidan tortib oldi-da, havoga koʻtarildi va xuddi oʻtgan gal Azim rais paqqos tushirganday ilikdagi etni yamlamay “yuta” boshladi.
Buni koʻrgan Panji muallim esi ogʻganday havodagi qoʻlga qarab turar, etga qoʻshib yeyish uchun tishlagan noni ham ogʻzidan tushib ketgandi. Saldan soʻng u tandirchiga garangsib qaradi.

– Bu nima?! – deb soʻradi zoʻrgʻa tili aylanib.

– Qoʻl! – dedi tandirchi bamaylixotir.

– Qoʻlligini koʻrayapman, – zarda qildi muallim. – Kimning qoʻli? Egasi nega koʻrinmayapti?

– Sizni shunga chaqirdim. Egasi kimligini aniqlab, haydab yubormasak, meni xonavayron qilayapti, domla…

Bu gaplarni aytayotganda tandirchining koʻzlaridan yosh chiqib ketdi: uning sabr kosasi ham, koʻngli ham toʻlib boʻlgandi. Suyagi qora mehnatda qotgan, qishloqda ziqna va qahri qattiq deb nom chiqargan kap-katta odamning koʻzida yosh koʻrib, Panji muallimning ham yigʻlagisi kelib ketdi.

– Anchadan beri bormi?

– Anchadan beri… Ikki oydan oshdi, – tan oldi tandirchi boladay piqillarkan.

– Yigʻlamang. – taskin berdi muallim. – Hammasi yaxshi boʻladi.

U eti tobora shilinib borayotgan havodagi ilikka alam bilan qarab turar, agar shu qoʻl boʻlmaganda bu ilik ham, undagi et ham hozir oʻziniki boʻlishini ichdan his qilib turardi. Muallim bidʼatchi emasdi va har bir masalaga ilm koʻzi bilan qarardi. Bu gal ham shunday qildi: oʻzicha chamalab koʻrdi. Soʻng oʻrnidan turdi – qoʻl ilikdan etni ajratib olish bilan ovora edi – tandirchini hayron qoldirib, qoʻlning orqa tarafiga oʻtdi va, aftidan, qoʻl egasining ketini moʻljallab, xuddi oʻn bir metrdan toʻp tepayotgan futbolchiday, bor kuchi bilan tepdi: tepki shunchalik kuchli ediki, unda ilik alami ham mujassam boʻlgandi – ammo Panji muallim kutganidek oyogʻi qoʻl egasining koʻrinmayotgan ketiga tegmadi, aksincha, uning zarb bilan tepilgan oyogʻi havoni vizillab kesib oʻtdi, ochiq havoda naq shiftgacha koʻtarildi: muallim oʻzini tutolmay shundoq qoʻlning tagiga gursillab dustaman yiqildi. U birpas oʻziga nima boʻlganini bilmay yotdi. Tandirchi ham qoʻrqib ketdi: hozir diydiyo qilib oʻtiradigan payt emasligini anglab, koʻzidagi yoshni artdi-da, yerda murdaday choʻzilib yotgan muallimning yelkasidan koʻtara boshladi.

– Buning keti qani?! – dedi yotgan yerida muallim oʻzining harakatiga izoh bergandek, xuddi muhabbati rad etilgan oʻn sakkiz yashar yigitdek ozurdalik bilan. – Boplab tepmoqchi edim-da, oʻziyam. Agar tekkanda naq doʻzaxga borib tushardi…

Dasturxonga ilik tap etib tushdi: unda bir tishlam ham et qolmagandi. Qoʻl choʻzilib yotgan muallimning ustiga keldi va kaftlarini yopib olib, musht qildi, soʻng muallimning savoliga javob oʻrnida naq boshiga kelib, uch-toʻrt marta baland-past boʻldi, natijada muallim ham, tandirchi ham qoʻl nima demoqchiligini darrov tushundi: agar qoʻlning qolgan qismlari ham, egasi ham koʻringanda, unda u chap qoʻlining tirsagidan ushlab, muallimga koʻpchilik biladigan chapani ishorani koʻrsatayotganini anglamaslikning iloji yoʻq edi.

Muallim oʻrnidan turganda qoʻl gʻoyib boʻlgandi. Aftidan u qari, shangʻi va injiq odam bilan talashib, obroʻsini ketkizgisi kelmay, havoga singib ketgandi.
Shunday boʻlsa ham muallim tandirchiga eng oqilona, bepul maslahat berdi: qoʻl haqida rasmiy idoralar bilan, dastlab, mahalla raisi bilan gaplashish kerak. “Mahallaning baland-pastiga masʼulmi, u nimalar boʻlayotganini, fuqarolarni qanday oʻmarishayotganini bilsin va yordam bersin. Shusiz ham yordamga muhtoj oilalarga ajratilgan pulni oʻzi “gum” qilib, semirib yotibdi”. Salom tandirchiga bu maslahat maʼqul keldi: u oʻtgan yili oʻttiz yil maktabda ishlab, direktor boʻlolmagach, raislikka nomzodini qoʻygan Azimning xufya iltimosi bilan qarindoshlarini unga ovoz berishga koʻndirgan edi. Shu sababli oqsoqol oʻzini qarzdor his qilib, zora, yordam qoʻlini choʻzsa…

Salom umid bilan mahalla idorasiga yoʻl oldi. Uning gaplarini batafsil eshitgan Azim rais tandirchini mahallaning aksar tirikchilikka oʻralashib qolgan odamlari kabi ruhan charchagan, deb oʻyladi. Ammo oraga mulla Keldiyor ham aralashgani va qoʻlni koʻrganini eshitgach, oʻylanib qoldi.

– Uka, – dedi u nihoyat oʻylab boʻlgach. – Men bunaqa choʻpchaklarga ishonmayman. Lekin bilishimcha, sizning uyingizda jinoyat sodir boʻlayapti. Kimdir uyingizda xuddi kinolardagidek koʻrinmas qiyofaga kirib, hozirgi texnikada buning iloji koʻp, oʻgʻirlik bilan shugʻullanayapti. Shundaymi?

Tandirchi oʻylab koʻrsa, masalani rais tushuntirganday izohlasa ham boʻlarkan. Shuning uchun bosh irgʻadi:

– Umuman, shunday… Uyimdan oʻgʻirlik sodir boʻlayapti…

– Oʻgʻirlik haqidagi shikoyat bilan menga emas, huquqni himoya qilish muassasalariga murojaat qilishingiz kerak.

Tandirchi umrida biron marta ham huquqni himoya qilish muassasalariga shikoyat qilmagandi, ular ham “Nima shikoyatingiz bor, mana biz huquqingizga masʼulmiz!” deb oldiga kelmagan. Shuning uchun raisning taklifiga tushunmadi. Rais mahallaga yordam soʻrab kelgan har qanday muhtojga yordam qoʻlini choʻzish uchun adolatli tarzda saylanmaganmi, tandirchiga oʻzi aytib turib, ariza yozdirdi.

– Qani, shunday deb ariza yozing. Menkim, Salom tandirchi… uyimda shunday – shunday… nomaʼlum shaxslar tomonidan…

– Shaxs degani nimasi? – soʻradi tandirchi egri-bugri yozishdan toʻxtab.

– Shaxs bu – kimsa degani.

– Men hech qanday shaxsni, yaʼni kimsani koʻrganim yoʻq. Biznikiga faqat egasiz qoʻl keladi…

– Rusumi shunaqa… “Shas” emas, “shaxs”, dumsiz qilib yozing… xoʻsh… davom etamiz… oʻgʻirlik sodir etilmoqdakim, yordam berishingizni soʻrayman… Ana boʻldi… Endi mahalla nozirining oldiga boramiz…

Salom tandirchi bilan rais aji-buji qilib yozilgan arizani koʻtarib, shundoq mahalla idorasida joylashgan nozirning xonasiga kirishdi.

Arizani oʻqib koʻrgan nozir hech narsa tushunmadi, tandirchining oʻzidan soʻray boshladi, u soddalik qilib yana qoʻl haqida gapirib berdi. Nozir oʻrnidan turib, Salom tandirchining oldiga keldi-da, uning koʻzlariga uzoq qarab turdi. Keyin kompyuterga oʻtirib, uni uzoq titdi. Izlaganini topolmadi, hafsalasi pir boʻlib, yana Salom tandirchiga oʻgirildi.

– Qiziq, – dedi u stolni chertar ekan. – Xoʻsh, bu ariza bilan nima demoqchisiz?

– Shu… uyimda qandaydir qoʻl paydo boʻlgan. U meni kasodga uchratayapti, baraka ketdi… ortiqcha xarajat deganday… Xullas, uni deb roʻzgʻorni butlay olmayapman. Tirikchilik ogʻir boʻlib qoldi.

Nozir oʻrnidan turib ketdi…

Xavotirga tushgan rais hovliqqancha nozirga tushuntira boshladi.

– Bu kishi uyimda nomaʼlum oʻgʻri paydo boʻldi deb keldi. Men esa bu gaplarni menga emas, nozirga yozing deb oldingizga olib keldim… – dedi oqsoqol tandirchi yana bir narsa deb qoʻymasin deb.

– Unda nega qanaqadir egasi koʻrinmagan qoʻl deyapti… Toʻgʻridan toʻgʻri oʻgʻri paydo boʻldi desa oʻladimi?

– Arizaga rasamadi qilib yozilgan… Endi bu kishi yettinchi sinfgacha oʻqigan. Savod andak chatoqroq… Qolgani xalq ogʻzaki ijodi… Xalqimiz baxshilarni yaxshi koʻrishi shundan… Shunga sizdan bu holatni oʻrganib chiqsangiz deb kelgan edik.

Nozir endi yengil tortdi. Arizani olib, uni yana bir oʻqib chiqdi-da, koʻngli toʻldi, chogʻi, stolda yotgan papkaning ichiga solarkan, oqsoqolga hurmat ohangda gapirdi:

– Siz mahalliy hukumatsiz. Tekshir desa­ngiz, tekshiramiz. Bizni bu kursiga shuning uchun oʻtirgʻizib qoʻyishgan.

Xullas, ertasiga mahalla raisi bilan nozir “shaxsi nomaʼlum kimsa tomonidan oʻgʻirlik sodir etilayotgan obyekt”ni oʻz koʻzlari bilan koʻrishga boradigan boʻlishdi.
Salom tandirchi qarz-havola qilib, bozorlik qildi, uyiga oqsoqol aytganidek, nozir xush koʻradigan qovurdoq ostirdi, oqsoqol “nozirning tomogʻidan ovqat oʻtishi andak qiyin, shuning uchun oʻrus shishasini suvga tashlab qoʻying”, degandi, bir emas, uchtasini tashlab qoʻydi.

Tushdan keyin oqsoqol bilan nozir qoʻltigʻida bir talay qogʻozlar koʻtarib kirib kelishdi.

– Qani, oʻsha oʻgʻri qoʻlni koʻrsating-chi! – dedi nozir xuddi jinoyatni hozir fosh etadigan shasht bilan.

Oqsoqol “Avval taom, bad az kalom!” deya nozirni taomga taklif qilib, tandirchini turtdi. Aslida tandirchiga ham shu kerak edi. Mana endi toʻkin dasturxon ustida oʻgʻrini oʻzlari koʻzlari bilan koʻrishsin. Shunda hammasini oʻzlari bilib oladi.

Kutilgandek bazm boshlanib, nozir ustma-ust ikki piyola boʻshatgach, kutilgandek qoʻl paydo boʻldi. Nozir ozroq kayf qilganidan qovurdoq bilan ovora edi. Tandirchi oqosoqolni turtib, qoʻlga ishora qildi: qoʻlga koʻzi tushgan oqsoqolning koʻzlari chiqib, Panji muallimning “Yetimlarning haqini yeganlar qoʻrqqan payti oqarmaydi, rais ham yetimlarning pulini yeb yotibdi” degan gʻiybatida jon bor, chogʻi, rangi koʻkarib ketdi. Oqsoqolning dasturxonning chap burchagiga qarab bezrayib qolganini koʻrgan nozir ham u qarab turgan tomonga koʻz tashladi va u keyingi gal olib maza qilib chaynayman deb moʻljallab turgan tuyurni egasi koʻrinmayotgan qoʻl olib, havoga koʻtarganini koʻrdi: nozirning ogʻzini lang ochdirib, tuyur shundoq havoda gʻoyib boʻldi. Qoʻl endi boshqa bir tuyurni kartoshkaga qoʻshib koʻtara boshladi. Nozirning ogʻzi ancha paytgacha ochilib turdi – u koʻplab oʻgʻirliklarga shaxsan guvoh boʻlgandi, ammo oʻgʻirlangan ashyoviy dalilning havoga aylanib ketishini birinchi marta koʻrib turishi edi – uning gezargan lunji atrofida bir-ikkita pashsha ham aylana boshladi. Hayajon payti tomogʻi ham qiltillab qoladi, shekilli, nozir oʻzini bosish uchun yana ikki piyolani boʻshatdi.

– Mana shu… oʻgʻri, – dedi tandirchi paytdan foydalanib. – Siz menga ishomagandingiz…

Nozir uning gapini deyarli eshitmadi. U hali ham qoʻlga qarab turar, qoʻl esa birpasda yarim lagan goʻshtni havoga koʻtarib, changini ham chiqarmay yoʻq qilib boʻlgandi.
Nihoyat nozir oʻziga keldi va kasbi esiga tushib, poylab turib, qoʻlni ushlab oldi. Qoʻl uning qoʻlida baliqday tipirchilay boshladi. Nozir yonidan toʻpponchasini chiqarib, uni qoʻlning kaftiga toʻgʻirladi va har qanday dushmanni yer tishlatadigan qatʼiyat bilan soʻradi:

– Kimsan? Hozir otib, dabdalangni chiqaraman!

Nozir bu gaplarni qanchalik vajohat bilan mardonovar aytgan boʻlsa, qoʻl pinagini ham buzmay, tandirchi va oqsoqolni hayratga solgancha, havoga singib gʻoyib boʻldi. Nozir atrofga alanglab, qoʻlida toʻpponcha bilan uni izlay boshladi. Yoʻq, u gʻoyib boʻlgandi. Keyin u tandirchiga gʻazab bilan boqdi.

– Bu nima oʻyin? Bu fokusni kim qilayapti? Kim qilgan boʻlsa ham pushaymon boʻladi.

Unga bu fokus ham, koʻzboylogʻichning oʻyini ham emasligini tushuntirish uchun ancha vaqt ketdi. Faqat ikkinchi shisha boʻshagandan soʻng­gina nozir ularning gapiga ishondi. Uchinchi shishada esa nozir tandirchining yuzidan oʻpib, “Buning-ku qoʻli koʻrinib turibdi, umuman, oʻzi yoʻq jinoyatchilarni ham tovbasiga tayantiradiganlar bor”ligini aytib maqtana boshladi. Oʻsha payti bu gaplarni aroq taʼsirida aljirash deb tushunishgandi. Ikki kundan soʻng iskovuch it bilan bir toʻda qurollangan odamlar kelishganda nozir rost gapirganiga amin boʻlishdi. Guruh, haqiqatan ham, qilni qirq yoradigan, izlaganini topmasa qoʻymaydigan barzangi va taptortmas yigitlardan iborat edi: hovlida ham, molxona-qoʻralarda ham bironta irga, bironta burchak qolmadi: arining uyasigacha, hovli devorining tagidagi sichqon inigacha maxsus asbob-uskunalar bilan titib chiqildi, xullas, sichqonning inini ming tanga qilishdiki, kovlab koʻrilmagan joy qolmadi – tandirchining hovlisi birpasda gʻalvirday titib tashlandi – u endi naq bomba tushganday xaroba manzilga aylangandi. Kamini itga qoʻyib berishdi: it, aftidan, ularning ishonchini qozongan yoki rostdanam kuchli iskabtopar edi: u qayerni hidlay boshlasa, guruh oʻsha yerni kovlashga tushardi. Tandirchining otasidan qolgan devorlarning tagida nimadir bormidi yoki rostdanam qoʻl oʻsha poydevor yoriqlarini oʻziga makon qilganmidi, har qalay, it uyning har ikki qadamini xuddi xazina topganday hidlab qolar, izidan kelayotganlar darrov kovlashga tushishar, bir xandaqcha chuqurlik kovlashgandan soʻng u yerdan soʻnggi bir asrdan ortiq davr mobaynida vaqt tuprogʻi yutib yuborgan turli roʻzgʻor buyumlari: sopol idishlarning siniqlari, choynak qopqoqlari, arqon yoki kigiz qoldiqlariga oʻxshagan lash-lushlar chiqardi – hovli bunday noyob asori atiqalar bilan deyarli toʻlib boʻldi: uyning ichida ham, tashqarisida ham, devor tagida ham kovlab koʻrilmagan bir qarich joy qolmadi, ammo qoʻl oʻta ayyor yoki rostdanam makkor Shaytonga tegishli edi, chogʻi, tutqich bermadi. Kechga borib, guruh ham, it ham holdan toydi.

– Bu yerda hech qanday oʻgʻri ham, biz qiladigan ish ham yoʻq, – dedi nihoyat ularning ichidagi norgʻuli, chamasi, u boshliq edi. – Menimcha, uy egalarini shifokorga koʻrsatish kerak.

Uning shu gapini kutib turishgandek, butun guruh hovli boʻylab yoyib tashlashgan asbob-­uskunalarini yigʻishtirib, haydovchisi toqati toq boʻlib kutib oʻtirgan mashinaga soldi-da, joʻnab qolishdi: mashina joyidan qoʻzgʻalib, muyulishiga yetmasdan paxsadan qurilgan uyning poydevori titilib ketib, batamom qulab tushdi va undan koʻtarilgan chang Langarotadan ham koʻrinib turdi.

Boshpanasiz qolgan tandirchi vayronaga aylangan uyi ustida boshini ushlagancha oʻtirar, koʻrinishi aftodahol, yuz-koʻzida umidsizlik, nochorlik, tushkunlik bilan birga afsus-nadomat aks etar edi. Bolalar esa tashlab ketilgan jang maydonini eslatadigan uy ustida allaqachon “urush-urush” oʻyinini boshlab yuborishgan, tandirchining ayoli tizzasini quchoqlagancha uy qulab tushayotganda devordan otilib tushib, yoniga dumalab kelgan teshik elagiga karaxt holda qarab turardi.
Mahalla idorasi oʻziga yuklatilgan vazifani uddaladi: tandirchining oilasini tang paytda oʻz holiga tashlab qoʻymadi: toki uyni tiklab olguncha amallab yashab tursa boʻladigan chodir berishdi.

Tandirchi qancha harakat qilmasin, oyni etak bilan yopib boʻlmadi: egasi yoʻq oʻgʻri qoʻl haqidagi qoʻshib chatilgan mish-mishlar butun viloyatga tarqab ketdi.

Endi turli joylardan, gazetlaru nashrlardan, televideniye va radiodan muxbirlar, har xil ilmiy tekshirish dargohlaridan olimlar, hatto bu sirli hodisadan oʻzlariga naf chiqarishni oʻylagan siyosatchilar kelishar, bu gʻaroyib voqeani turli usullar bilan tadqiq va tahlil qilishar, sharhlashar, qishloq ahlidan intervyular olishardi. Mahalliy aholi oʻzi hech qachon koʻrmagan qoʻl toʻgʻrisida toʻqib-bichib, qoʻshib-chatib gapirib berardi: dastlabki intervyularda oddiy odamlarnikiga oʻxshash boʻlgan qoʻl oxirgi intervyularda koʻzga koʻrinmas ulkan devning naq chinorday keladigan qoʻliga aylanib ulgurgandi. Faqat ular tandirchining uyiga yaqinlasholmasdi. Tandirchi endi taqdirga tan bergandi: u tobora darmoni qurib, kuchdan qolayotgan boʻlsa-da, egasi yoʻq qoʻl uchun ham ishlashga, uning yebtoʻymas qornini bir iloj qilib toʻydirishga, undan ortganini bolalari bilan baham koʻrishga alaloqibat rozi boʻlgan, u endi qoʻl haqida hech kimga gapirmas, intervyu ham bermas, kelganlarni hovliga kiritmasdi ham. Chetdan kelganlar ham, qishloqdoshlari ham endi darvozadan narida turib, hovli oʻrtasida, vayronaga aylangan uy yoniga qurilgan chodir oldida turmush va tirikchilik bilan kuymalanib yurgan tandirchining oilasiga koʻzlari tushardi…

Tamom.

Qissadan hissa yoxud yakunga qoʻshimcha yakun

Idoraning majlislar zali tersotaliklar bilan liq toʻlgan, gʻala-gʻovur, odam odamni tanimas, qandaydir baqir-chaqir, toʻs-toʻpolon hukmron edi.
Mulla Keldiyor zalga kirishi bilan odamlar birdan tinchidi: hamma unga xuddi xaloskorini koʻrgandek najot bilan tikilib turardi.
– Keldingizmi, mulla, – dedi mahalla noziri bilan minbarda oʻtirgan Azim rais oʻrnidan turib unga peshvoz chiqarkan. – Odamlar kutib qolishdi.
– Nima gap, oqsoqol? – dedi mulla ovoziga biroz bepisandlik qoʻshib. – Bizni bunaqa majlislarga chaqirmasdingiz-ku!
– Bizga yordam bermasangiz boʻlmaydi. Siz koʻpni koʻrgan odamsiz… Yana ogʻzingizda ilmi­ngiz bor… Qolaversa, siz bularni oldindan bilgansiz…
Mulla Keldiyor bu eʼtirofdan bir qop shishgan boʻlsa-da, lekin butun qishloq nega oʻzini kutib, toʻplanib turganidan xavotir olib, oʻziga tikilib turgan zal toʻla odamga yuzlandi.
– Egasi yoʻq qoʻl endi hammaning uyida paydo boʻlibdi! – dedi oqsoqol mullani masaladan tezroq xabardor qilish uchun.
Bu xabardan soʻng butun zalga oʻlik sukunat choʻkdi: hamma mulla Keldiyorning ogʻzini poylab turardi…

Endi tamom.

“Yoshlik” jurnali, 2017-yil, 11-son


Назар Эшонқул. Қўл (ҳикоя)

Салом тегирмончи қўлни ҳаммадан олдин пайқади. Агар унинг оиласи жўжабирдай жон, устига устак, оз-моз хасислиги бўлмаганда, ҳар бир тийинни худди жонини олишаётгандай бахиллик билан ишлатмаганда, эҳтимол, қўлни сезмаган ҳам бўларди: лекин унинг оиласи катта бўлиб, тегирмондан тушгани оила боқишга етмагани учун отасидан қолган касбни ҳам қиларди: у бола-чақаси билан тандир ясаб сотар, шу сабабли уни гоҳ “Салом тегирмончи”, гоҳ “Салом тандирчи” деб чақиришарди. Баъзи терсоталиклар “Саломбойни битта лақаб билан чақирайлик, одам чалғиб кетаяпти!” деганда Панжи муаллим “Иккала лақаб ҳам бир-бирига боғлиқ, тегирмон айланиб турса, тандирдан нон узилади, ун бўлмаса, тандирни ким олади?!” деган экан.
Ана шу икки лақабли Салом бир куни дўпписини олиб, бундоқ хомчўт қилса, кейинги ҳафтада уйида озиқ-овқатга одатдаги ҳафталардан кўпроқ харажат қилингандай туюлди. Халтадаги ун ҳам олдинги ойга қараганда анча олдин бўшади. Ёғ, пиёз, картошка ҳам мўлжалдан олдин тугаб қолди. Бундан ташқари, у болаларининг қорни тўймай қолаётганини сезарди: овқатдан сўнг яна нон ва шакарга ружу қўя бошлашди. Шунда бунинг сабабини аниқлашга киришди. Хотини егуликларни ҳамишагидан кам миқдорда қилмаётганини айтди. Балким болалари катта бўлиб қолиб, ошқозонлари кўпроқ овқат талаб қилаётгандир? Балким биронтаси бошқаларининг ҳақини ҳам билдирмасдан икки ҳисса паққос тушираётгандир? Ана шу шубҳада тандирчи овқат маҳали оиладаги ҳар бир оғизни бирма-бир кузата бошлади. Болалари ҳам кейинги пайтда қоринлари овқатга тўймаётгани учунми, олдига қўйилган таомдан бош кўтармай паққос туширишга ўтишганди.
Тандирчи кузата туриб, кўзларига ишонмади – оилада олтита жон, аммо овқатда еттинчи қўл ҳам бор эди – ановилар тўнғич, ўртанча болаларининг қўллари, буниси хотининики, кенжа ўғлиникини ҳали қўл ҳам деб бўлмайди – катта қошиққа ўхшайди. Лекин анови қўл кимники? У бирдан ҳушёр тортди: кўзларини юмиб-очди. Назарида болаларининг ва аёлининг қўлидан ташқари яна бир бегона қўл овқатга шерик бўлаётган эди. У қўлни аниқ кўриб турарди: энг қизиғи, қўл бор эди, аммо эгаси кўринмасди. Қўл ҳам овқат олаётганда пайдо бўлиб, кейин ғойиб бўларди. Салом тандирчи қўлни кўргач, дастлаб, ақлдан озмаяпманми, деб ўйлади. Аммо бошқа кунлари ҳам у хотинининг, ўзининг қўлига ўхшамайдиган бегона қўлни аниқ кўрди. Қўл болалари билан қўшилиб, кафтини тўлдириб овқат олар, бўғиз баробар кўтарилганда таом худди ҳавога сингиб кетгандек ғойиб бўларди. Овқат билан овора бўлган на болалари, на хотини буни сезарди. Дастлаб тандирчи бу шубҳасини ошкор қилиб, бола-чақаси олдида кулгига қолгиси келмади. У бир неча кун обдон кузатди. Йўқ. Бегона қўл ростдан ҳам мавжуд эди. Улар билан қўшилиб овқат ер, синдирилган нонни олар, гўштга шерик бўлар, ҳатто мевалардан ҳам татиб кўрар, дастурхонда егулик қолмаса, ғойиб бўларди. Салом тандирчи менинг кўзимга кўринаяпти деб ўйлаб, хотинига билдирмай ўзини мулла Абзалга ўқитиб ҳам келди. Аммо ўқиш таъсир қилмади: қўл барибир унга худди кўзга чиққан чипқондек кўринаверди. Салом тандирчи бир куни ахийри жазм қилди: у пайт пойлаб туриб, болаларининг қўллари орасида турган, қовоқ мантидан олиб ҳаво баробар кўтарилаётган қўлни шартта ушлаб олди.
– Бу кимнинг қўли? – деб сўради у қўрқув ва ҳаяжон билан.
Уй соҳибининг қаҳрли овозидан ҳамма бир сапчиб тушди ва шошиб ўз қўлларига, кейин, ҳеч нарса тушунмай, овоз эгасига қарашди ва оталари ушлаб турган қўлга кўзлари тушди.
Тандирчи узун, нозик, айни пайтда шаполоқдай қўлни ушлаб турар, лой қорийвериб, мускуллари пишиб кетган бақувват панжалар орасида қўл худди қамчи каби билонгларди.
Ана шунда бутун оила эгаси йўқ қўлни кўрди ва қўрққанларидан бақириб юборишди. Салом тандирчи ичида енгил тортди: демак, қўл ҳаммага кўринаяпти, гап ўзида эмас. Қўлнинг билакдан пасти кўриниб турар, гўё кесиб ташланган қўлга ўхшарди. Аммо қўл кесилган эмасди, шунчаки тирсакдан нарёғи ҳавода кўринмай турарди. Эгаси эса умуман кўринмасди. Бу ҳол аввал болаларни ваҳимага солди: кенжа ўғил бир ўзининг қўлига, бир эгасиз қўлга қараб туриб, йиғлаб юборди: у яқинларидан бирининг қўли узилиб тушган деган хаёлга борди, чоғи. Хотинининг эса тили калимага келмасди. Ҳамма дастурхондан у-бу егулик олиб, кўтарилаётган қўлга ваҳима ва қўрқув билан тикилиб турарди. Салом тандирчининг умри оғир меҳнатда ўтгани боис зиқна бўлса ҳам жасур одам эди. У бу ерда қўрқадиган сир ёки бирон ваҳима кўрмади: қўлни ушлаб олди-да, лойни ерга уриб пишитадиган мускулдор қўли билан қаттиқ қисди. Қўл иложсиз билонглади, сўнг бу бақувват панжаларга кучи етмаслигини англади, чамаси, худди эриб кетгандек ҳавода ғойиб бўлди. Ҳамма оғзи очилганча қолди. Салом шу билан қўлдан қутулдим деб ўйлаганди. Аммо кечки овқатда қўл яна пайдо бўлди: худди ҳеч нарса бўлмагандек, бошқа қўллар билан таомга узалди. У овқатни олар, бўғиз баробар кўтарар, худди кўзга кўринмас юҳодек ҳавонинг ўзидаёқ овқат ғойиб бўлар, кейин қўл пастга тушиб, яна таомга узаларди.
Бутун оила энди овқатларига бегона қўл шерик бўлаётганига гувоҳ бўлиб турарди. Салом бир неча марта бегона қўлни ушлаб олди, уни жазолаш учун ҳар хил усулларни синаб кўрди: бир қўлида ушлаганча иккинчи қўли билан мушт қилиб тугганда ёки олдиндан ёнига келтириб қўйган болта, пичоқ, қамчига қўл узалганда ёхуд ёниб турган печканинг ичига тиқмоқчи бўлганда қўл ўз-ўзидан ғойиб бўлар, кейинги овқат пайти эса ҳеч нарса кўрмагандай яна дастурхонда пайдо бўларди. У билан курашишнинг натижаси шу бўлдики, қўл тезда оила аъзоларидан бирига айланди: энди ҳатто кенжа ўғил ҳам уни кўрса ваҳимага тушмас, аксинча, қўлни ҳаммага кўрсатиб, унинг ҳаракатларидан қиқирлаб кулар, қўл эса ўзини меҳрибон кўрсатиб, баъзида болаларнинг бошини меҳр билан силаб қоларди: болалар ҳам аста-секин унинг бошларини силашларига ўрганиб бораётган эди. Унинг ебтўймаслиги, бир ўзи уч кишининг овқатни еётганини, оиланинг молиясига, тирикчиликнинг йўриғига зарар етказаётганини айтмаса, у беозор қўл эди.
У сал бўлмаса, бегоналар олдида ҳам ўзини фош қилиб қўяёзди: ҳамиша бир янгилик қилиб, ўзининг маҳалла раислигини эслатиб турадиган Азим оқсоқол ота-она болаларга дарс қилишга қандай шароит яратганини текшириш учун маҳалла номидан келди-да, ошхонани ҳисобга олмаса, ҳам ётоқ, ҳам меҳмонхона, ҳам дарсхона, ҳам болалар хонаси вазифасини ўтаётган икки хонанинг бирида сандалга оёқларини тиққанча китобдан бош кўтармай ўтирган (маҳалла раиси келишини бошқа хонадонлардан эшитишгани учун дарсликлар ва дафтарлар бир ҳафтадан бери сандал устидан олинмас, ҳаммаси мактаб ва маҳалла ҳамкорлиги талаб­ларига мослаштирилиб, тахт қилиб қўйилган, тандирчи ҳам гўё ҳар куни болалар шундай сергўшт таом ейишаётгандай қассобдан серсуяк бўлса ҳам гўшт олиб, тушдан сўнг пилик-пирмосга осдириб қўйган, дарвоза тақиллаб, Бўйноқ ҳуриши билан ҳаммаси олдиндан келишилгандек сандал атрофига келиб ўтирилганди) болаларга кўзи тушиб, қониқиш ҳосил қилган бўлди ва одатига кўра дарс қилинаётган хонани бирров кўздан кечирди-да, тандирчининг “Бир пиёла чой ичиб кетинг” деган таклифига “одамгарчилик юзасидан” йўқ демади. Уй бекаси ягона суякни биратўла сузиб кела қолди. Гўшт ҳил-ҳил пишган экан. Азим раис ортиқча манзиратни кутмасдан овқатга қўл чўзди: тандирчи гўшт қозондан энди олингани, шунинг учун сал совитиб ейилса мазаси бошқача бўлиши ҳақида огоҳлантиришга ҳам улгурмади – раис катта суякни икки қўллаб олиб, тишини ботирди – ўқиб юрган йилларида беш йил ётоқхонада яшаган, шунинг учун ҳар қандай таомни кўз очиб-юмгунча ошқозонига жойлашнинг хўб ҳадисини олган, бу одатнинг афзаллигини билгани учун ҳалигача тарк этгиси келмас, маҳаллага раис қилиб сайлангач эса, бу қобилиятининг янги қирраларини намоён бўла бошлаган эди. Салом тандирчи унинг гўшт ейишига қараб, лабини ялаб турганда, лип этиб пайдо бўлган қўлни кўрди ва айтадиган гапи эсидан чиқиб, бирпас эсанкираб қолди. Ярамас қўл ҳечқурса меҳмонлар бор пайти истиҳола қилса керак деб ўйлаганди: йўқ, унга, афтидан, меҳмонми, бошқасими, фарқи йўқ эди, дастурхон ёзилиши билан ўзининг улушини ундириш учун ширага айланган пашшадай пайдо бўларди. Қўл Азим раиснинг болаларга шаполоқ туширавериб, йилдан йилга катталашиб кетган йирик панжалари орасида турган илик томон интилди. Қўл токи етиб боргунча иликнинг тўпиқлари катта тишлар орасида сўрила бошлади. Бу кутилмаган чаққонликдан қўл ҳам бирпас ҳавода муаллақ туриб қолди: у ўзидан ҳам абжир қўл, тошни ҳам ҳазм қилиб юборадиган ошқозон борлигидан ажабланиб, ҳавода гарангсиб туриб қолганди. Тандирчи пайтдан фойдаланиб қўлни ушлаб олди-да, тагига босиб ўтириб олди: аммо қўлни тагида ушлаб туролмади – у тандирчининг тагида ҳавога айланиб, ғойиб бўлиб, яна дастурхон бошида пайдо бўлди. Бу орада раис косадаги шўрвани ҳам кўтарасига ичиб, бўшатиб улгурган, энди ҳузур қилиб, кўзини дастурхондан узмаган ҳолатда қўлини бир-бирига ишқаб турарди. Яхшиям, икки кўзи дастурхонда бўлгани учун бошида осилиб турган қўлни кўрмади.
– Ҳа, майли, – деди ниҳоят Азим раис дастурхонда ейиши мумкин бўлган бошқа тансиқроқ нарсага кўзи тушмагач, – энди бизга рухсат.
Кейин ҳар доимгидай насиҳатгўйлик қилишни эсдан чиқармади:
– Болаларни ҳамиша шундай таомлар билан овқатлантиринг, илиги тўқ, мияси тўлиқ бўлади. Мияси тўлиқ бўлса, мактабда яхши ўқийди, мактабда яхши ўқиса, олий ўқув юртларига кириб, маҳалланинг обрўсини оширади.
Тандирчи сохта жилмайиб, бош ирғаган бўлди, аммо ичида зил кетди: у раис паққос туширган каттагина устихонни ҳам меҳмон, ҳам бутун оила учун мўлжаллаб турганди. Энди эса дастурхонда тўпиғигача сўриб ташланган илик кийими шир ечиб олинган ялонғоч боладай бўлиб ётар, ҳатто кекирдак жойи ҳам чайнаб ташланганди. Ҳар қалай, чулдирак бўлсаям шўрваси қолди-ку, шунисига ҳам шукр, деб ўйлади тандирчи.
Азим раис юзига фотиҳа қилган бўлди-да, ўрнидан туриб, нариги хонада дарс қилаётган болаларга яна бир кўз ташлади. Кейин мамнун жилмайди.
– Майли, дарс қилаверишсин, халақит бермай чиқиб кетаман.
Тандирчининг бахтига раис дастурхонга қарамасдан чиқиб кета бошлади: агар қараганда “Бу очофатдан бирон егулик қолганмикин?” деган умидда дастурхон устида тимирскиланаётган эгасиз қўлни кўриши мумкин эди.
Шундан сўнг тандирчи уйига меҳмон ҳам айтмайдиган бўлди: у қўлдан ташвишда эди. Агар биронтаси кўриб қолса, қишлоқда қанча гап-сўз пайдо бўлишини тасаввур ҳам қилолмасди: ҳамма тандирчининг уйидан жин чиққандай ўзини олиб қочади, яна қанча ғийбатлар кўпаяди, яна қанча маломатлар ёғилади.
Тандирчи болаларига ҳам, хотинига ҳам қўл ҳақида бировга ғинг демасликни тайинлади: эшитган одам тандирчининг хонадони устидан кетини ушлаб кулишлари аниқ эди. Қолаверса, қўл қандай пайдо бўлган бўлса, шундай ғойиб бўлар, деган умид ҳам йўқ эмасди. Бироқ орадан икки ҳафта ўтса ҳам қўл ғойиб бўлмади: у ўртага таомга узалган олтита қўлнинг еттинчиси бўлиб, худди ўз уйида таомланаётгандай ғо­­йибдаги қорнига овқатни паққос ташлайверарди, “туширарди” эмас, айнан ташларди: қўл панжалари ёки кафтини тўлдириб олган таом бир одамнинг оғзи баробар кўтариларди-да, худди ютиб юборилгандек ғойиб бўларди. Баъзида тандирчи ғира-шира, худди хира тумандек бижирлаб турган баҳайбат, мешдай қоринни кўриб қолгандек бўлар, “Бу қоринни тўйдургунча, мен адои тамом бўламан-ку” деган ваҳима босарди. Қўлнинг пайдо бўлиши оилавий харажатларни бир ҳиссага кўпайтирган бўлса-да, бироқ тандирчининг сабр қилишдан бошқа иложи йўқ эди. Аслини олганда, у бу балони бировга қандай гапириб беришни билмасди: табиийки, эшитган ҳар бир одам тандирчининг соғлигига шубҳа билан қарай бошлайди.
Тандирчи қўл билан курашиб охири чарчади. Энди у биринчи марта бўлганидек қўлни ушлаб, жазолашга уринмасди, зеро, бунинг фойдаси йўқлигини ҳам биларди.
Салом тандирчи ва хотини бу инс-жинсларнинг иши деб, уйда қилмаган ирим-сирими қолмади. Хотини фолбинни ҳам, қўшночни ҳам, аввал иситиб, кейин совитувчини ҳам ёки совиганни иситувчини ҳам бошлаб келишди.
Фолбин кекса аёл эди: у шапкўр бўлса ҳам ўртага ташланган қанд-қурсларни мазза қилиб тераётган панжаларни кўриб қолди ва қўлга худди танишини кўргандай бир зум ажабланмасдан қараб турди-да, “Ё пирай, бу отангнинг қўли-ку!” деб юборди тўсатдан. Аввалига эр-хотин сирлари фош бўлганидан довдираб қолишди, кейин, бу эси кирди-чиқди бўлиб қолган кампирнинг гапига барибир ҳеч ким ишонмайди, деган ўйда унга қўл ҳақидаги бор гапни айтиб беришди. Фолбин тезда хўроз сўйиб, мушкулкушод қилишни, еттита кампирни чақириб, ис чиқаришни маслаҳат берди. “Бу аниқ отангнинг қўли. Арвоҳи чирқиллаб қолибди. Очга ўхшайди. Ис чиқарсанг, келмай қолади!” деди. Салом тандирчи кампирга отасининг чап қўл ўрта бармоғининг ярми бўлмаганини, ёшлигида ўроқ юлиб кетганини, бу қўлнинг ўрта бармоғи эса бошқа бармоқлардан бир эн узун бўлиб, кўзга хунук кўриниб чиқиб турганини айтиб ўтирмади: отасининг қўли бўлмаса, бирон авлод-­аждодининг қўлидир, ҳозир бунинг нима фарқи бор?! Тегирмончи отасининг қўлини кампир қандай таниганини суриштириб ўтирмади, кампир айтган иримни ҳам қилиб кўришга қарор қилди. Бир оёғи гўрда турган еттита кампир, уларни етаклаб келган яна еттита келинчак, ис чиқишини эшитиб, бехабар қолишса, хафа бўлишини ҳисобга олиб қўшимча чақирилган ўнтача хотин-халаж, жами ўттизга яқин аёлнинг ис куни еб-ичгани тандирчининг ярим йиллик асраб-авайлаганини ҳавога учирди. Кампирларнинг нафаси ҳам, уларнинг қўлидаги ёнаётган пахта ҳам сурбет қўлни чўчита олмади, лекин кампирлар ёққан пахталарни деб уйи сал бўлмаса ёниб кетаёзди – олов пардага туташганда тандирчи кириб қолди ва пардани узиб олиб, ошхонадаги сув тўла пақирга тиқди, оқибатда ис чиқаришнинг асорати бўлиб, уй деворининг ярми қорайиб қолди.
Шундан сўнг маълум бўлдики, қўлнинг арвоҳларга алоқаси йўқ, у бошқа бир нарсанинг аломати эди: унга ҳеч нарса, ҳатто боди қўзиб, ўрнидан туролмай ётган Мулла Аблазнинг бир коса сув орқали юборган дуою нафаси – “дам”и ҳам кор қилмади, зеро, бу қўл ғойибнинг ҳукмига ўхшар, худди тандирчининг оилавий тутумини, баракасини йўққа чиқариш, уни кафангадо қилиш учун рўзғорига қарғишдек кириб келганди.
Салом бу танг вазиятдан қандай чиқиб кетишни билмасди: қўлни ҳар кўрганда бу бало ўзига қаердан ёпишгани, худога ёқмайдиган нима гуноҳ қилгани ҳақида оғир ўйга чўмар, бутун умрини тафтиш қилар, кейин бир пайтлар отасига қаттиқ гапириб, чўлга кетиб қолганини, ўзининг айбини тушуниб қайтиб келганда отаси бу дунё билан хайр-хўш қилиб бўлганини, отасининг кўнглини олиш қиёматга қолганини эслади. Балким, айнан шунинг учун худо унга мана шундай жазо жўнатгандир? Аммо тандирчи ичидагини ташига чиқаролмас, зеро, отаси ҳақидаги хотирани ўзидан ва отасидан бошқа ҳеч ким билмасди: тандирчи ўз ёғига ўзи қоврилиб ётарди.
Орадан икки ой ўтиб, бўшаб қолган унхалтаю ёғ идишларни кўргач, тандирчининг сабри чидамади. “Бу қандай адолатсизлик! – деб ўйлади у жаҳл билан. – Мен болаларим билан кун узоғи лой тепиб, бир тишлам нонни зўрға топсам-да, бир текинхўр тенг шерик бўлиб ўтирса…” Охири у кириб келган тўнғиз йилининг хосиятсизлиги ҳақида башорат қилиб, Ражаб чўпоннинг ола қўзиси жунида “Аллоҳ” деган ёзув аломатини англаган мулла Келдиёрга бор гапни айтадиган бўлди.
Тандирчи Ражаб чўпоннинг уйига буриладиган муюлишдаги тўнкага ўтирволиб, қишлоққа келаётган ҳар бир машинани тасбеҳга ташлаб ўгириб ўтирган муллани муборак чоршанба кунига тушликка – худойи ошга таклиф қилди. Ош кечаги қизил таёқли Келдиёр «гаи»нинг – бугунги мулланинг жону дили эди: бир пайтлар Келдиёр Қизилтепа постида турганда баъзида жаримага “чойхона оши жазоси”ни ҳам қўлларди: шу сабабли ош бўлган жойдан бўйин товламас, буни бутун қишлоқ аҳли яхши биларди. Саломнинг азза-базза таклифидан сўнг мулла нақ туш пайти боришини билдирди.
Чоршанба куни белгиланган вақтда мулла етиб келди. Ўртага сергўшт ош тортилди. Ошни кўриб, мулланинг кўзлари ёниб кетди ва енг шимариб, ошга ташланди. У уч-тўрт кафт ошни кўзларини юмганча, мазасини тотиб, чайнаб бўлганди ҳамки, куттириб қўймай қўл ҳам пайдо бўлди. Даставвал мулла учинчи қўлга эътибор бермади: ҳар кафт оғзига борганда ҳузур қилиб, кўзларини юмиб, чайнаганча, мазасини олар, кейин оғзидагини ютиб юбориб, кўзларини очар, ошнинг энг сергўшт жойларига кафтини ботирарди. У қўлни анчадан кейин кўриб қолди: худди ўзидек энг сергўшт жойларига кафт ботираётган, муллалик ҳурматини қилмаётган сурбет қўлни кўриб, бунақа беадаб­ликдан жаҳлланиб бошини кўтарди. Афсуски, кутгандек, заҳрини сочиш ёки бирон диний нақл айтиб, одобга чақириш учун қўл эгасига кўзи тушмади. Бир қўлга, бир тандирчига қараб оғзи очилиб қолди ва ҳаяжонланганиданми ё қўрққаниданми, оғзидагини чайнамай ютиб юборди ва туюлиб қолди. Йўталиб, нафаси тиқилаёзди. Тандирчи ўрнидан туриб, елкасига урди. Шундан сўнг мулла сал ўзига келди. Қўл эса уларга эътибор бермай ошни паққос туширар, яъни худди мулла каби кафтига сергўшт ошни жойлаб, оғиз баробар кўтарар, кафтда турган бир уюм ош кўринмаётган “оғиз”да ғойиб бўларди. Қизариб-бўзариб кетган, амри-маъруфида қиёмат белгиларини башорат қилганда ҳам бунчалик аломатни кўраман деб ўйламаган мулла чамаси ўн марталар “астағфуруллоҳ” деди. Кўзларини юмиб-очди. “Менга шундай кўринаяпти!” деб ўйлади, чоғи, тандирчига илинж билан қаради, лекин обрўси тушиб кетмаслиги учун оғиз очмади. Яна уч марта “астағфуруллоҳ” деди.
– Сизга ҳам кўриняптими?! – деди тандирчи уни хижолатдан қутқариш учун.
– Кўринаяптими, дейсизми? – мулла тандирчига сир бой бермай қаради. – Нима кўринаяпти?
– Қўл! – деди тандирчи. – Эгаси кўринмайдиган қўл…
Мулла шундагина бироз ўзига келди. Кўзларини лўқ қилиб ҳали ҳам ош ейишда давом этаётган қўлга бақрайиб қараб турди.
– Ҳа, кўринаяпти… Бу кимнинг қўли?
– Билмадим… Лекин овқат ейишда бизнинг оила бир томон, бу қўл бир томон. Ҳар қандай таомни олиб шундай ҳавога кўтарса бўлди, ғойиб бўлади…
– Ростданам эгаси йўқми? Умуман кўринмайдими?
Тандирчи бош ирғади.
– Аслида сизни шунинг учун чақиргандим, мулла ака, – деди тандирчи иложсиз оҳангда. – Уйимизда шундай бало пайдо бўлди. Икки ойдан бери кетмайди. Бизни касод қиляпти бу очофат.
Мулла бир тандирчига, бир қўлга қараб узоқ туриб қолди.
– Шунга бир ўқиб қўйсангиз… Зора, йўқолса… Мулла Абзал дам солган сувнинг кучи етмади. Сизни унга қараганда нафаси ўткир дейишди.
– Шайтоннинг қўли бу! Астағфуруллоҳ! – деди Келдиёр ниҳоят ўзининг муллалиги эсига тушгандек. – Қаранг, одамнинг қўлига ўхшамайди. Шайтони лайинники… Бу аниқ…
– Йўғ-е, – деди тандирчи. – Оддий қўл-ку…
– Одий қўл эмас! – деди қатъий қилиб мулла. – Бу шайтоннинг қўли. Таомингизга шайтон шерик бўлаяпти… Гўшти ҳалолмиди?
– Ҳа, – деди Салом. – Абсалим қассобдан олганман…
Мулла барибир бош чайқади.
– Охирзамонни шунақа аломатлари бор деб эшитган эдим… Эгаси йўқ қўллар, эгаси йўқ бошлар, эгаси йўқ кўзлар, эгаси йўқ оёқлар эгасини қидириб, осмонда учиб юраркан. Бу қўл ҳам эгасини қидириб келгани аниқ. Саломбек, охирзамон яқинга ўхшайди.
Мулланинг бу қатъий хулосаси қўлга ёқмади, чоғи, у лаганга кафт босишдан тўхтаб, забт билан ҳавога кўтарилди ва аввал кўрсаткич бармоғи билан ўрта бармоғи орасига бош бармоғини яхшилаб жойлаштириб олди, кейин мулланинг нақ бурни тагига олиб келиб кўрсатди. Мулла шундоқ кўзига тегай деб турган икки бармоқ орасидаги бош бармоқни кўриб, қўрқиб кетди, гавдасини орқага олди.
– Ие, – деди у кўзлари ола-кула бўлиб кетиб. – Бу ҳали тарбиясиз ҳам экан-ку!
Қўл икки бармоқ орасида турган бош бармоқни кўрсатганча мулланинг бурни тагида анча турди. Кейин яна лаганга қараб шўнғиди, ҳеч нарса бўлмагандек ошни “ҳавога кўтаришда” давом этди.
– Бирон кечирилмас гуноҳингиз эвазига бу! – деди мулла ниҳоят.
– Бир тандирчи бўлсам, – тандирчи нолинди, – эсимни таниганимдан бери тегирмон тошини айлантираман, оёғим лойдан чиқмайди. Менинг қандай кечирилмас гуноҳим бўлиши мумкин?!
– Бандаси қилган гуноҳини билмайди, аммо Тепага ҳаммаси аён! – деди мулла худди амри маъруф қилаётган оҳангда. – Ҳаммасини ҳисоб­лаб ўтирувчи ва бундай офатларни юборувчи Роббимиз бор. Товба қилинг, шунда қутуласиз.
– Икки ойдан бери товба қилиб ётибман, – аламли оҳангда деди тандирчи. – Азиз авлиё­ларга ҳам бордим, етим-есирга садақа ҳам бердим. Фойдаси бўлмади.
Тандирчининг бу гапи муллани ҳушёр торттирди. Ҳозир унчалик мавриди бўлмаса-да, лекин ҳам келажакни, ҳам чўнтакни ўйлаб, жойида танбеҳ бермоқни ва бу адашган бандага тўғри йўл кўрсатишни ўзининг бурчи деб ҳисоб­лади.
– Садақани аввало оғзида илми бор одамга бериш керак.
Тандирчи содда эди. Мулланинг тагдор гапини тўғри тушунди.
– Қишлоғимиздаги қийналаётган талабаларга ҳам садақа ўрнида йўлкира бердим…
Тандирчининг соддалигидан мулланинг энсаси қотди.
– Талабалар оғзида илми борларга қўшилмайди. Улар ҳар хил нопок ишларга ҳам аралашиб юришади. Шунинг учун уларга берилган садақа ўтмайди. Садақани тоат-ибодатли, илмли кишиларга бермак жойиздур…
Тандирчи бу гапдан анча изза тортди.
– Буни билмас эканман, – тан олди у. – Мулла Аблаз мусофирчиликда юрган талабаларга берган садақаларингиз ўтади, деганди.
Мулланинг бу гапдан ҳам энсаси қотди.
– Мулла Аблаз мадраса талабаларини назарда тутган, чоғи, сиз тушунмагансиз.
– Қишлоғимизда унақалар йўқ-да.
Мулла Келдиёр энди бу гўл бандасига очиқроқ ишора қилишига тўғри келди.
– Унақа талабалар бўлмаса ҳам, эртаю кеч ибодат билан машғул кишилар бор, – деди бироз зарда билан.
Бу орада лаганда ош тугаган, қўл энди ўртага қўйилган мевалардан тотинарди. Мулланинг эса иштаҳаси бўғилганди. Шу сабабли ҳам қўлнинг безбетлигидан ҳамда ўзига аталган меваларга дахл қилаётганидан жаҳли чиқди.
– Бу ростданам очофатнинг ўзи экан, – деди у. – Ҳаммасини ямламай ютяпти. Хўш, бундай қиламиз… Андак чиқимдорроғ-у, аммо иш бериши аниқ… Мен қирқ кун кечаси билан қайтарма қилиб ўқийман. Шу билан тинчиб кетасиз, хонадонингизга ором киради…
Салом хурсанд бўлиб кетди: зора, қайтарма иш бериб, қўлдан қутулса… Тандирчига қайтарма қилиш бир тўқлига тушган бўлса-да (униям қайнисидан қарз олишга тўғри келди), мулла Келдиёр ваъдасида турди: қирқ кунда қайтарма қилиб ўқиб берди. Тандирчи энди “шайтон қўли”нинг уйдан ғойиб бўлишини сабрсизлик ва интиқлик билан кута бошлади. Зеро, қўл пайдо бўлганидан бери рўзғор секин қарзга кира бошлаганди. Бу ҳолат тандирчининг кўнглини ғаш қилиб тургани учун қайтармадан умиди катта эди. Аммо қўл мулла Келдиёр айтгандек, қайтарма қилингандан сўнг бир ҳафта эмас, уч ҳафта ўтса ҳам йўқолмади. Тўртинчи ҳафтада рўзғорни эплаб туриш учун яна қарз олишга тўғри келди.
Бешинчи ҳафтага келганда у ўзини мулла Келдиёр бир тўқлига чув туширганига, қайтармаси иш бермаганига амин бўлди. Шунинг учун дардини ёриш учун ишончлироқ одам излай бошлади. Бу пайтда барака кетиб, фақат қарзга кун кўраётган бўлса-да, Панжи муаллимдан маслаҳат олишга қарор қилди: қўпол, қўрс бўлса ҳам тўғрисўз одам, бир томони аёлига қариндошлиги бор. Панжи муаллим ҳам атойи худойининг дарагини эшитиб, маҳтал қилмасдан етиб келди. У ҳам худди Азим раисдай иликни ўз олдига қўйиб ейишга чоғланган ҳам эдики, қўл ўтган гал учун ҳам ундан аламини олди: иликни унинг олдидан тортиб олди-да, ҳавога кўтарилди ва худди ўтган гал Азим раис паққос туширгандай иликдаги этни ямламай “юта” бошлади.
Буни кўрган Панжи муаллим эси оғгандай ҳаводаги қўлга қараб турар, этга қўшиб ейиш учун тишлаган нони ҳам оғзидан тушиб кетганди. Салдан сўнг у тандирчига гарангсиб қаради.
– Бу нима?! – деб сўради зўрға тили айланиб.
– Қўл! – деди тандирчи бамайлихотир.
– Қўллигини кўраяпман, – зарда қилди муаллим. – Кимнинг қўли? Эгаси нега кўринмаяпти?
– Сизни шунга чақирдим. Эгаси кимлигини аниқлаб, ҳайдаб юбормасак, мени хонавайрон қилаяпти, домла…
Бу гапларни айтаётганда тандирчининг кўзларидан ёш чиқиб кетди: унинг сабр косаси ҳам, кўнгли ҳам тўлиб бўлганди. Суяги қора меҳнатда қотган, қишлоқда зиқна ва қаҳри қаттиқ деб ном чиқарган кап-катта одамнинг кўзида ёш кўриб, Панжи муаллимнинг ҳам йиғлагиси келиб кетди.
– Анчадан бери борми?
– Анчадан бери… Икки ойдан ошди, – тан олди тандирчи боладай пиқилларкан.
– Йиғламанг. – таскин берди муаллим. – Ҳаммаси яхши бўлади.
У эти тобора шилиниб бораётган ҳаводаги иликка алам билан қараб турар, агар шу қўл бўлмаганда бу илик ҳам, ундаги эт ҳам ҳозир ўзиники бўлишини ичдан ҳис қилиб турарди. Муаллим бидъатчи эмасди ва ҳар бир масалага илм кўзи билан қарарди. Бу гал ҳам шундай қилди: ўзича чамалаб кўрди. Сўнг ўрнидан турди – қўл иликдан этни ажратиб олиш билан овора эди – тандирчини ҳайрон қолдириб, қўлнинг орқа тарафига ўтди ва, афтидан, қўл эгасининг кетини мўлжаллаб, худди ўн бир метрдан тўп тепаётган футболчидай, бор кучи билан тепди: тепки шунчалик кучли эдики, унда илик алами ҳам мужассам бўлганди – аммо Панжи муаллим кутганидек оёғи қўл эгасининг кўринмаётган кетига тегмади, аксинча, унинг зарб билан тепилган оёғи ҳавони визиллаб кесиб ўтди, очиқ ҳавода нақ шифтгача кўтарилди: муаллим ўзини тутолмай шундоқ қўлнинг тагига гурсиллаб дустаман йиқилди. У бирпас ўзига нима бўлганини билмай ётди. Тандирчи ҳам қўрқиб кетди: ҳозир дийдиё қилиб ўтирадиган пайт эмаслигини англаб, кўзидаги ёшни артди-да, ерда мурдадай чўзилиб ётган муаллимнинг елкасидан кўтара бошлади.
– Бунинг кети қани?! – деди ётган ерида муаллим ўзининг ҳаракатига изоҳ бергандек, худди муҳаббати рад этилган ўн саккиз яшар йигитдек озурдалик билан. – Боплаб тепмоқчи эдим-да, ўзиям. Агар текканда нақ дўзахга бориб тушарди…
Дастурхонга илик тап этиб тушди: унда бир тишлам ҳам эт қолмаганди. Қўл чўзилиб ётган муаллимнинг устига келди ва кафтларини ёпиб олиб, мушт қилди, сўнг муаллимнинг саволига жавоб ўрнида нақ бошига келиб, уч-тўрт марта баланд-паст бўлди, натижада муаллим ҳам, тандирчи ҳам қўл нима демоқчилигини дарров тушунди: агар қўлнинг қолган қисмлари ҳам, эгаси ҳам кўринганда, унда у чап қўлининг тирсагидан ушлаб, муаллимга кўпчилик биладиган чапани ишорани кўрсатаётганини англамасликнинг иложи йўқ эди.
Муаллим ўрнидан турганда қўл ғойиб бўлганди. Афтидан у қари, шанғи ва инжиқ одам билан талашиб, обрўсини кеткизгиси келмай, ҳавога сингиб кетганди.
Шундай бўлса ҳам муаллим тандирчига энг оқилона, бепул маслаҳат берди: қўл ҳақида расмий идоралар билан, дастлаб, маҳалла раиси билан гаплашиш керак. “Маҳалланинг баланд-пастига масъулми, у нималар бўлаётганини, фуқароларни қандай ўмаришаётганини билсин ва ёрдам берсин. Шусиз ҳам ёрдамга муҳтож оилаларга ажратилган пулни ўзи “гум” қилиб, семириб ётибди”. Салом тандирчига бу маслаҳат маъқул келди: у ўтган йили ўттиз йил мактабда ишлаб, директор бўлолмагач, раисликка номзодини қўйган Азимнинг хуфя илтимоси билан қариндошларини унга овоз беришга кўндирган эди. Шу сабабли оқсоқол ўзини қарздор ҳис қилиб, зора, ёрдам қўлини чўзса…
Салом умид билан маҳалла идорасига йўл олди. Унинг гапларини батафсил эшитган Азим раис тандирчини маҳалланинг аксар тирикчиликка ўралашиб қолган одамлари каби руҳан чарчаган, деб ўйлади. Аммо орага мулла Келдиёр ҳам аралашгани ва қўлни кўрганини эшитгач, ўйланиб қолди.
– Ука, – деди у ниҳоят ўйлаб бўлгач. – Мен бунақа чўпчакларга ишонмайман. Лекин билишимча, сизнинг уйингизда жиноят содир бўлаяпти. Кимдир уйингизда худди кинолардагидек кўринмас қиёфага кириб, ҳозирги техникада бунинг иложи кўп, ўғирлик билан шуғулланаяпти. Шундайми?
Тандирчи ўйлаб кўрса, масалани раис тушунтиргандай изоҳласа ҳам бўларкан. Шунинг учун бош ирғади:
– Умуман, шундай… Уйимдан ўғирлик содир бўлаяпти…
– Ўғирлик ҳақидаги шикоят билан менга эмас, ҳуқуқни ҳимоя қилиш муассасаларига мурожаат қилишингиз керак.
Тандирчи умрида бирон марта ҳам ҳуқуқни ҳимоя қилиш муассасаларига шикоят қилмаганди, улар ҳам “Нима шикоятингиз бор, мана биз ҳуқуқингизга масъулмиз!” деб олдига келмаган. Шунинг учун раиснинг таклифига тушунмади. Раис маҳаллага ёрдам сўраб келган ҳар қандай муҳтожга ёрдам қўлини чўзиш учун адолатли тарзда сайланмаганми, тандирчига ўзи айтиб туриб, ариза ёздирди.
– Қани, шундай деб ариза ёзинг. Менким, Салом тандирчи… уйимда шундай – шундай… номаълум шахслар томонидан…
– Шахс дегани нимаси? – сўради тандирчи эгри-бугри ёзишдан тўхтаб.
– Шахс бу – кимса дегани.
– Мен ҳеч қандай шахсни, яъни кимсани кўрганим йўқ. Бизникига фақат эгасиз қўл келади…
– Русуми шунақа… “Шас” эмас, “шахс”, думсиз қилиб ёзинг… хўш… давом этамиз… ўғирлик содир этилмоқдаким, ёрдам беришингизни сўрайман… Ана бўлди… Энди маҳалла нозирининг олдига борамиз…
Салом тандирчи билан раис ажи-бужи қилиб ёзилган аризани кўтариб, шундоқ маҳалла идорасида жойлашган нозирнинг хонасига киришди.
Аризани ўқиб кўрган нозир ҳеч нарса тушунмади, тандирчининг ўзидан сўрай бошлади, у соддалик қилиб яна қўл ҳақида гапириб берди. Нозир ўрнидан туриб, Салом тандирчининг олдига келди-да, унинг кўзларига узоқ қараб турди. Кейин компьютерга ўтириб, уни узоқ титди. Излаганини тополмади, ҳафсаласи пир бўлиб, яна Салом тандирчига ўгирилди.
– Қизиқ, – деди у столни чертар экан. – Хўш, бу ариза билан нима демоқчисиз?
– Шу… уйимда қандайдир қўл пайдо бўлган. У мени касодга учратаяпти, барака кетди… ортиқча харажат дегандай… Хуллас, уни деб рўзғорни бутлай олмаяпман. Тирикчилик оғир бўлиб қолди.
Нозир ўрнидан туриб кетди…
Хавотирга тушган раис ҳовлиққанча нозирга тушунтира бошлади.
– Бу киши уйимда номаълум ўғри пайдо бўлди деб келди. Мен эса бу гапларни менга эмас, нозирга ёзинг деб олдингизга олиб келдим… – деди оқсоқол тандирчи яна бир нарса деб қўймасин деб.
– Унда нега қанақадир эгаси кўринмаган қўл деяпти… Тўғридан тўғри ўғри пайдо бўлди деса ўладими?
– Аризага расамади қилиб ёзилган… Энди бу киши еттинчи синфгача ўқиган. Савод андак чатоқроқ… Қолгани халқ оғзаки ижоди… Халқимиз бахшиларни яхши кўриши шундан… Шунга сиздан бу ҳолатни ўрганиб чиқсангиз деб келган эдик.
Нозир энди енгил тортди. Аризани олиб, уни яна бир ўқиб чиқди-да, кўнгли тўлди, чоғи, столда ётган папканинг ичига соларкан, оқсоқолга ҳурмат оҳангда гапирди:
– Сиз маҳаллий ҳукуматсиз. Текшир деса­нгиз, текширамиз. Бизни бу курсига шунинг учун ўтирғизиб қўйишган.
Хуллас, эртасига маҳалла раиси билан нозир “шахси номаълум кимса томонидан ўғирлик содир этилаётган объект”ни ўз кўзлари билан кўришга борадиган бўлишди.
Салом тандирчи қарз-ҳавола қилиб, бозорлик қилди, уйига оқсоқол айтганидек, нозир хуш кўрадиган қовурдоқ остирди, оқсоқол “нозирнинг томоғидан овқат ўтиши андак қийин, шунинг учун ўрус шишасини сувга ташлаб қўйинг”, деганди, бир эмас, учтасини ташлаб қўйди.
Тушдан кейин оқсоқол билан нозир қўлтиғида бир талай қоғозлар кўтариб кириб келишди.
– Қани, ўша ўғри қўлни кўрсатинг-чи! – деди нозир худди жиноятни ҳозир фош этадиган шашт билан.
Оқсоқол “Аввал таом, бад аз калом!” дея нозирни таомга таклиф қилиб, тандирчини туртди. Аслида тандирчига ҳам шу керак эди. Мана энди тўкин дастурхон устида ўғрини ўзлари кўзлари билан кўришсин. Шунда ҳаммасини ўзлари билиб олади.
Кутилгандек базм бошланиб, нозир устма-уст икки пиёла бўшатгач, кутилгандек қўл пайдо бўлди. Нозир озроқ кайф қилганидан қовурдоқ билан овора эди. Тандирчи оқосоқолни туртиб, қўлга ишора қилди: қўлга кўзи тушган оқсоқолнинг кўзлари чиқиб, Панжи муаллимнинг “Етимларнинг ҳақини еганлар қўрққан пайти оқармайди, раис ҳам етимларнинг пулини еб ётибди” деган ғийбатида жон бор, чоғи, ранги кўкариб кетди. Оқсоқолнинг дастурхоннинг чап бурчагига қараб безрайиб қолганини кўрган нозир ҳам у қараб турган томонга кўз ташлади ва у кейинги гал олиб маза қилиб чайнайман деб мўлжаллаб турган туюрни эгаси кўринмаётган қўл олиб, ҳавога кўтарганини кўрди: нозирнинг оғзини ланг очдириб, туюр шундоқ ҳавода ғойиб бўлди. Қўл энди бошқа бир туюрни картошкага қўшиб кўтара бошлади. Нозирнинг оғзи анча пайтгача очилиб турди – у кўплаб ўғирликларга шахсан гувоҳ бўлганди, аммо ўғирланган ашёвий далилнинг ҳавога айланиб кетишини биринчи марта кўриб туриши эди – унинг гезарган лунжи атрофида бир-иккита пашша ҳам айлана бошлади. Ҳаяжон пайти томоғи ҳам қилтиллаб қолади, шекилли, нозир ўзини босиш учун яна икки пиёлани бўшатди.

– Мана шу… ўғри, – деди тандирчи пайтдан фойдаланиб. – Сиз менга ишомагандингиз…

Нозир унинг гапини деярли эшитмади. У ҳали ҳам қўлга қараб турар, қўл эса бирпасда ярим лаган гўштни ҳавога кўтариб, чангини ҳам чиқармай йўқ қилиб бўлганди.

Ниҳоят нозир ўзига келди ва касби эсига тушиб, пойлаб туриб, қўлни ушлаб олди. Қўл унинг қўлида балиқдай типирчилай бошлади. Нозир ёнидан тўппончасини чиқариб, уни қўлнинг кафтига тўғирлади ва ҳар қандай душманни ер тишлатадиган қатъият билан сўради:
– Кимсан? Ҳозир отиб, дабдалангни чиқараман!
Нозир бу гапларни қанчалик важоҳат билан мардоновар айтган бўлса, қўл пинагини ҳам бузмай, тандирчи ва оқсоқолни ҳайратга солганча, ҳавога сингиб ғойиб бўлди. Нозир атрофга аланглаб, қўлида тўппонча билан уни излай бошлади. Йўқ, у ғойиб бўлганди. Кейин у тандирчига ғазаб билан боқди.
– Бу нима ўйин? Бу фокусни ким қилаяпти? Ким қилган бўлса ҳам пушаймон бўлади.

Унга бу фокус ҳам, кўзбойлоғичнинг ўйини ҳам эмаслигини тушунтириш учун анча вақт кетди. Фақат иккинчи шиша бўшагандан сўнг­гина нозир уларнинг гапига ишонди. Учинчи шишада эса нозир тандирчининг юзидан ўпиб, “Бунинг-ку қўли кўриниб турибди, умуман, ўзи йўқ жиноятчиларни ҳам товбасига таянтирадиганлар бор”лигини айтиб мақтана бошлади. Ўша пайти бу гапларни ароқ таъсирида алжираш деб тушунишганди. Икки кундан сўнг исковуч ит билан бир тўда қуролланган одамлар келишганда нозир рост гапирганига амин бўлишди. Гуруҳ, ҳақиқатан ҳам, қилни қирқ ёрадиган, излаганини топмаса қўймайдиган барзанги ва таптортмас йигитлардан иборат эди: ҳовлида ҳам, молхона-қўраларда ҳам биронта ирга, биронта бурчак қолмади: арининг уясигача, ҳовли деворининг тагидаги сичқон инигача махсус асбоб-ускуналар билан титиб чиқилди, хуллас, сичқоннинг инини минг танга қилишдики, ковлаб кўрилмаган жой қолмади – тандирчининг ҳовлиси бирпасда ғалвирдай титиб ташланди – у энди нақ бомба тушгандай хароба манзилга айланганди. Камини итга қўйиб беришди: ит, афтидан, уларнинг ишончини қозонган ёки ростданам кучли искабтопар эди: у қаерни ҳидлай бошласа, гуруҳ ўша ерни ковлашга тушарди. Тандирчининг отасидан қолган деворларнинг тагида нимадир бормиди ёки ростданам қўл ўша пойдевор ёриқларини ўзига макон қилганмиди, ҳар қалай, ит уйнинг ҳар икки қадамини худди хазина топгандай ҳидлаб қолар, изидан келаётганлар дарров ковлашга тушишар, бир хандақча чуқурлик ковлашгандан сўнг у ердан сўнгги бир асрдан ортиқ давр мобайнида вақт тупроғи ютиб юборган турли рўзғор буюмлари: сопол идишларнинг синиқлари, чойнак қопқоқлари, арқон ёки кигиз қолдиқларига ўхшаган лаш-лушлар чиқарди – ҳовли бундай ноёб асори атиқалар билан деярли тўлиб бўлди: уйнинг ичида ҳам, ташқарисида ҳам, девор тагида ҳам ковлаб кўрилмаган бир қарич жой қолмади, аммо қўл ўта айёр ёки ростданам маккор Шайтонга тегишли эди, чоғи, тутқич бермади. Кечга бориб, гуруҳ ҳам, ит ҳам ҳолдан тойди.
– Бу ерда ҳеч қандай ўғри ҳам, биз қиладиган иш ҳам йўқ, – деди ниҳоят уларнинг ичидаги норғули, чамаси, у бошлиқ эди. – Менимча, уй эгаларини шифокорга кўрсатиш керак.
Унинг шу гапини кутиб туришгандек, бутун гуруҳ ҳовли бўйлаб ёйиб ташлашган асбоб-­ускуналарини йиғиштириб, ҳайдовчиси тоқати тоқ бўлиб кутиб ўтирган машинага солди-да, жўнаб қолишди: машина жойидан қўзғалиб, муюлишига етмасдан пахсадан қурилган уйнинг пойдевори титилиб кетиб, батамом қулаб тушди ва ундан кўтарилган чанг Лангаротадан ҳам кўриниб турди.
Бошпанасиз қолган тандирчи вайронага айланган уйи устида бошини ушлаганча ўтирар, кўриниши афтодаҳол, юз-кўзида умидсизлик, ночорлик, тушкунлик билан бирга афсус-надомат акс этар эди. Болалар эса ташлаб кетилган жанг майдонини эслатадиган уй устида аллақачон “уруш-уруш” ўйинини бошлаб юборишган, тандирчининг аёли тиззасини қучоқлаганча уй қулаб тушаётганда девордан отилиб тушиб, ёнига думалаб келган тешик элагига карахт ҳолда қараб турарди.
Маҳалла идораси ўзига юклатилган вазифани уддалади: тандирчининг оиласини танг пайтда ўз ҳолига ташлаб қўймади: токи уйни тиклаб олгунча амаллаб яшаб турса бўладиган чодир беришди.
Тандирчи қанча ҳаракат қилмасин, ойни этак билан ёпиб бўлмади: эгаси йўқ ўғри қўл ҳақидаги қўшиб чатилган миш-мишлар бутун вилоятга тарқаб кетди.
Энди турли жойлардан, газетлару нашрлардан, телевидение ва радиодан мухбирлар, ҳар хил илмий текшириш даргоҳларидан олимлар, ҳатто бу сирли ҳодисадан ўзларига наф чиқаришни ўйлаган сиёсатчилар келишар, бу ғаройиб воқеани турли усуллар билан тадқиқ ва таҳлил қилишар, шарҳлашар, қишлоқ аҳлидан интервьюлар олишарди. Маҳаллий аҳоли ўзи ҳеч қачон кўрмаган қўл тўғрисида тўқиб-бичиб, қўшиб-чатиб гапириб берарди: дастлабки интервьюларда оддий одамларникига ўхшаш бўлган қўл охирги интервьюларда кўзга кўринмас улкан девнинг нақ чинордай келадиган қўлига айланиб улгурганди. Фақат улар тандирчининг уйига яқинлашолмасди. Тандирчи энди тақдирга тан берганди: у тобора дармони қуриб, кучдан қолаётган бўлса-да, эгаси йўқ қўл учун ҳам ишлашга, унинг ебтўймас қорнини бир илож қилиб тўйдиришга, ундан ортганини болалари билан баҳам кўришга алалоқибат рози бўлган, у энди қўл ҳақида ҳеч кимга гапирмас, интервью ҳам бермас, келганларни ҳовлига киритмасди ҳам. Четдан келганлар ҳам, қишлоқдошлари ҳам энди дарвозадан нарида туриб, ҳовли ўртасида, вайронага айланган уй ёнига қурилган чодир олдида турмуш ва тирикчилик билан куймаланиб юрган тандирчининг оиласига кўзлари тушарди…

Тамом.

Қиссадан ҳисса ёхуд якунга қўшимча якун

Идоранинг мажлислар зали терсоталиклар билан лиқ тўлган, ғала-ғовур, одам одамни танимас, қандайдир бақир-чақир, тўс-тўполон ҳукмрон эди.
Мулла Келдиёр залга кириши билан одамлар бирдан тинчиди: ҳамма унга худди халоскорини кўргандек нажот билан тикилиб турарди.
– Келдингизми, мулла, – деди маҳалла нозири билан минбарда ўтирган Азим раис ўрнидан туриб унга пешвоз чиқаркан. – Одамлар кутиб қолишди.
– Нима гап, оқсоқол? – деди мулла овозига бироз беписандлик қўшиб. – Бизни бунақа мажлисларга чақирмасдингиз-ку!
– Бизга ёрдам бермасангиз бўлмайди. Сиз кўпни кўрган одамсиз… Яна оғзингизда илми­нгиз бор… Қолаверса, сиз буларни олдиндан билгансиз…
Мулла Келдиёр бу эътирофдан бир қоп шишган бўлса-да, лекин бутун қишлоқ нега ўзини кутиб, тўпланиб турганидан хавотир олиб, ўзига тикилиб турган зал тўла одамга юзланди.
– Эгаси йўқ қўл энди ҳамманинг уйида пайдо бўлибди! – деди оқсоқол муллани масаладан тезроқ хабардор қилиш учун.
Бу хабардан сўнг бутун залга ўлик сукунат чўкди: ҳамма мулла Келдиёрнинг оғзини пойлаб турарди…

Энди тамом.

«Ёшлик» журнали, 2017 йил, 11-сон

Манба: https://ziyouz.uz/ozbek-nasri/nazar-eshonqul/nazar-eshonqul-qol-hikoya/