Otabek Hasanov. Nima uchun badiiy kitob oʻqishimiz kerak?
Кирилл ёзувидаги матн пастроқда
Bugungi mavzuimiz “Nima uchun badiiy kitob oʻqishimiz kerak?” degan savolga javob topish haqida.
Yoshligimda uyimizda eng koʻp eshitgan soʻzlarimdan biri “badiiy kitob oʻqi”, degan daʼvat boʻlardi. Menda esa doim bir savol tugʻilardi, “nima uchun men badiiy kitob oʻqishim kerak?”
Biroq bu savolga oʻzim kutgan javobni hech kimdan ololmaganman. Lekin baribir badiiy kitoblarni oʻqirdim. Yillar oʻtib, bu savolga javob topdim.
2012 yili AQSHda xorijiy stajirovkada boʻldim. Kaliforniya shtatida boʻlgan bir uchrashuv umrbod yodimda qoldi. Bir kuni eʼlon oʻqib qoldim. Unda taniqli bir rejissyor bilan “Eng yaxshi kinoteatr va kino” mavzusida ijodiy uchrashuv boʻlishi va unda barcha xohlovchilar ishtirok etishi mumkinligi yozilgandi. Bunday imkoniyatdan foydalanish maqsadida, men ham ushbu uchrashuvga bordim. Binoda 100 ga yaqin men kabi qiziquvchan yoshlar toʻplanishgan. Barchamiz rejissyorning kelishini kutmoqdamiz. Undan qandaydir falsafiy yoki professional mazmundagi maʼruza tinglasak kerak, degan xayoldamiz.
Nihoyat, biz kutgan rejissyor kirib keldi. Oddiy va kamtarona kiyimda. Tashrif buyurganlarning koʻpligini koʻrib hayron ham qoldi. Salom-alikdan soʻng bir qiziq savol bilan barchamizga murojaat qildi. “Dunyodagi eng sifatli va qulay kinoteatr qayerda joylashgan?”. Koʻpchilik kutilmagan savoldan hayron qoldi.
Shunda birinchi qatorda oʻtirgan qiz San-Fransiskoda joylashgan “The Castro Theatre” kinoteatri, deb javob berdi, sababi u AQSHdagi eng qadimiy kinoteatrlardan biridir. Javob notoʻgʻri.
Ikkinchi qatorda oʻtirgan koreyalik yigit “Seul shahridagi “Ciné de Chef” kinoteatri boʻlib, unda siz kino vaqtida bemalol ovqat buyurtma qilishingiz mumkin. Bir vaqtning oʻzida ham kinodan, ham ovqatdan zavqlanishingiz mumkin. Shunisi bilan ham qulay hisoblanadi”, dedi. Javob yana xato
Teparoqda oʻtirgan qiz qoʻlini koʻtarib, men dunyoning koʻp mamlakatlarida sayohatda boʻlganman va albatta, koʻp kinoteatrlarga ham borganman. Sizning savolingizga javob bu – Afinadagi “Cine Thisio” kinoteatridir. Ushbu kinoteatr ochiq osmon tagida joylashgan. Shundoqqina Akropolya va Panteona yonida joylashgan siz oʻzingizni antik davrga sayohat qilganday his qilasiz, dedi.
Shundan soʻng auditoriyadagilar yana Londondagi, Moskvadagi, Berlindagi, Tokiodagi oʻnga yaqin kinoteatrlarning nomlari va u yerdagi qulayliklar haqida aytishdi. Barchasiga rejissyor tomonidan rad javobi berildi. Soʻng barcha tashrif buyuruvchilar bir ovozdan topa olmadik, oʻzingiz ayting, deyishdi.
Rejissyor tomonidan berilgan javob meni butunlay oʻylantirib qoʻydi. U oʻng qoʻli bilan peshonasiga urib “mana eng zoʻr va sifatli kinoteatr”, dedi. Butun zal bir ovozdan kulib yubordi. Shunda u shoshilmay, ushbu fikrini asoslashga oʻtdi. “Toʻgʻri, bu javobim sizlarga gʻalati tuyulayotgandir yoki meni qarib qoldi, deb oʻylayotgandirsizlar. Yoʻq! Fikrimni sizlarga isbotlab bersam. Har bir inson badiiy kitob oʻqiganida miyasi ishga tushadi va oʻqiyotgan voqeani syujet shaklida koʻrishni boshlaydi. Kino – bu rejissyor tasavvuridagi holatni tasmaga tushgan shakli. Shuning uchun avval kitob oʻqib, soʻng ushbu asarga ishlangan kinoni koʻrsangiz, birinchi beradigan savolingiz “men voqeani yoki aktyorlarni boshqacha tasavvur qilgan edim. Oʻxshamabdi, mening Julyettam boshqacharoq, sal boʻyi uzunroq edi. Kinoda esa pastroq” deyish boʻladi, yaʼni siz kitobni oʻqish jarayonida “kinoteatr”ingiz ishga tushadi va ushbu kinoni rejissyori oʻzingiz boʻlasiz.
Bu yerda savol tugʻiladi, yaʼni nimaga baʼzi kinolar zerikarli boʻladi yoki kinoteatrlar huvillab qolgan? Buning javobini sizlarga tushuntirishga harakat qilaman. Demak, keling, avval har birimiz oʻzimizning kinoteatrni qanday qurishimiz mumkinligi haqida gaplashsak.
Agar siz koʻp badiiy kitob oʻqimagan boʻlsangiz, demak, sizning ongingizda 1925 yillardagi, yaʼni Charli Chaplinning oq va qora tasvirli holatdagi kinoteatr ishlamoqda. Shuning uchun sizning kinoteatringiz juda zerikarli va sifatsiz.
Bunday holatda kitob oʻqiganingizda koʻngil aynishi, bosh ogʻrigʻi va uyqu kabi holatlarga duch kelasiz hamda kitob boshlanmasdan yopiladi. Tasavvur qiling, hozirgi eng kassabop kinoni olaylik, “Avatar” kinosini ham oq-qora tasvirda sizga hozir qoʻyib bersam, oʻn daqiqadan soʻng zalda deyarli hech kim qolmaydi. Xuddi shunday badiiy kitobni ham zamonaviy 3D koʻzoynagida voqealarni koʻrib oʻqish lozim”.
Shunda zaldan savol boʻldi, qanday qilib oʻz kinoteatrimizni zamonaviy 3D holatiga keltirishimiz mumkin?
“Bunga siz koʻproq kitob oʻqish bilan erishasiz”, deb javob berdi. “Siz dastlabki beshta badiiy kitobni oʻqish jarayoningizda syujetlarni oq va qora holatda koʻrasiz. Shuning uchun dastlabki jarayonda juda ham qiziqarli va hajmi katta boʻlmagan kitobni oʻqishni tavsiya etaman. Sababi kitob oʻqib yurmagan odam boshida biroz qiynaladi, oʻzini noxush his qiladi, uyqusi keladi. Lekin diqqatingizni jamlab, oʻqishdan toʻxtamasangiz, asta-sekin kitob oʻqishni sevimli mashgʻulot va odatga aylantira olasiz. Va besh-oʻnta badiiy kitobni oʻqiganingizda siz rangli tasmaga oʻtasiz. Misol uchun, “Graf Monte Kristo”ni oʻqiyotganingizda Marselning hatto labini va koʻz rangini koʻrishni boshlaysiz. Oʻn-oʻn beshinchi badiiy kitobni oʻqiganingizdan soʻng kinoteatringizda barcha syujetlarni va qahramonlarni Full HD formatida koʻrishga tushasiz. Bunda muallif tomonidan taʼriflangan barcha voqealarni ipidan-ignasigacha aniq-ravshan koʻrina boshlaydi. Hatto sizni yarim kechasi uygʻotib oʻqigan kitobingiz haqida soʻrashsa, hech ikkilanmay har bir betini aytib berish holatiga borasiz”.
Auditoriyada qiziqqon talabalar tomonidan yana savol boʻldi “Oʻn beshinchi kitobdan keyin qanday kinoteatr boʻladi?”
“Mutlaqo zoʻr boʻladi. Siz 3D tasvirdagi kinoni koʻrishni boshlaysiz. Siz endi tizimli fikrlashga oʻtasiz. Tasavvur qiling, ming betli kitobni oʻqiyapsiz. Bunda siz 1-betdagi syujet bilan 875-betdagi syujet oʻrtasidagi voqealarni bogʻlay olasiz. Siz muallif yozmagan, biroq aytmoqchi boʻlgan gapini ham tushunishni boshlaysiz. Shuningdek, siz mutolaa qilishni boshlaysiz. Siz savol berishni boshlaysiz, nimaga bunday boʻldi, nima uchun yozuvchi qahramonni oʻldirdi, boshqacha yoʻl tutsa ham boʻlardi-ku? Mana shu holatga yetgan insonlardagina fikrlash paydo boʻladi, fikr mukammallashsa, u gʻoyaga aylanadi, gʻoya noodatiy holatni talab qilsa, bu kreativlik boʻladi. Agar siz kreativlikni hayotga tatbiq etsangiz, bu innovatsiya boʻladi”.
Mana, hurmatli Liderlar, innovatsiya qanday va qayerdan paydo boʻlishi mumkin?!
Ushbu voqeani kuni kecha Prezidentimizning “Har bir rahbar kuniga kamida ellik bet kitob oʻqishi kerak”, degan soʻzlaridan soʻng yozishga kirishdim.
Sababi bugun davlat boshqaruvida, OAV va jamiyatimizda eng koʻp ishlatilayotgan soʻzlardan biri bu innovatsiyadir. Lekin kuniga ming martalab ushbu soʻzni ishlatganimiz bilan biror sohaga innovatsiya oʻz-oʻzidan kirib qolmaydi. Agar biz davlat va jamiyat boshqaruvida innovatsiyani qoʻllamoqchi ekanmiz, avvalo, kinoteatrimiz qay ahvolda ekaniga nazar solaylik. Oq-qora tasvirli kinoteatr bilan hech qanday innovatsiya qilib boʻlmaydi.
Agar har birimizning kinoteatrimiz qaysi holatdaligini aniqlaydigan uskuna boʻlganda bormi, koʻpchilik 21-asrda haliyam oq va qora “Chayka” televizorlarda yashab kelayotganiga guvoh boʻlarmidik?!
Balki, shuning uchun ham innovatsiya juda qiyinchilik bilan jamiyatimizga kirib kelayotgandir. Koʻpgina davlat xizmatida faoliyat yuritayotganlarga oxirgi oʻqigan badiiy kitob nomini aytib bering, desam, javoblari oddiy – ish koʻp, kitob oʻqishga vaqt yoʻq. Xoʻsh, shu yerda savol tugʻiladi: Nima uchun baʼzi davlat xodimlari berilgan topshiriqlarni toʻliq tushunmaydi yoki oʻz sohasiga yangilik kirita olmaydi? Bugun 7 yoshdan 70 yoshgacha kitob mutolaa qilishni boshlashimiz kerak. Balki 1 yilga favqulodda holat eʼlon qilib (albatta yaxshi maʼnoda) barcha davlat xodimlari uchun kuniga bir soat ish vaqtida “kitobxonlik soati”ni tashkil qilishimiz lozimdir, shunda barchamiz jamiyatdagi muammolarga yangicha, kreativlik bilan qarashga, ularni innovatsiyani qoʻllagan holda yechishga kirisharmidik?! Nima uchun vaqtlari judayam tigʻiz, ishlari koʻp boʻlishiga qaramay, Bill Geyts, Barak Obama yoki Ilon Mask har yili oʻzlari oʻqigan oʻnta kitob roʻyxatini eʼlon qilishadi? Bill Geytsning bir intervyusida, jurnalist unga savol bilan murojaat qildi: “Janob Geyts, doim sizning yangilik qilishingizga koʻnikib bormoqdamiz. Faqat savol, ushbu yangiliklarni qayerdan olasiz?” Javob juda oddiy boʻlgandi: “Men har kuni oz boʻlsa ham, kitob mutolaa qilaman. Bu mening har doim fikrlarim tiniqligiga va yangilik qilishga kuch beradi. Agar men kitob mutolaa qilmasam, demak yangilik qilishdan toʻxtayman. Bu – kompaniyamda innovatsiya toʻxtaydi, degani”.
Har yili dunyo mamlakatlarining kitobxonlik reytingi eʼlon qilinadi. 2017 yil yakunlariga koʻra, Xitoy, Ispaniya va Rossiya davlatlari fuqarolari haftasiga 7-9 soat kitob mutolaa qilishar ekan.
Shuningdek, ushbu tadqiqotda aholi soniga nisbatan kitoblar savdosi soni taqqoslanar ekan. Alam qiladigani, biz hatto yuztalikda ham yoʻqligimizdir. Kuchli yigirmatalikdagi davlatlar bilan davlat boshqaruvida innovatsiyani aniqlaydigan reytingni solishtirsak, aksariyat davlatlar mos keladi. Bundan shunday xulosaga kelish mumkinki, aynan kitobxonlik madaniyati yuksak darajada shakllangan mamlakatlarda innovatsion faollik ham yuqori bosqichda.
Kitob oʻqimaslikka mingta bahonamiz bor, biroq kitob oʻqish uchun bitta boʻlsa ham bahona topaylik, bu – Insoniylikni saqlab qolish boʻlsin.
Отабек Ҳасанов. Нима учун бадиий китоб ўқишимиз керак?
(Отабек Ҳасановнинг "Лидерлар китоби"дан парча)
Бугунги мавзуимиз “Нима учун бадиий китоб ўқишимиз керак?” деган саволга жавоб топиш ҳақида.
Ёшлигимда уйимизда энг кўп эшитган сўзларимдан бири “бадиий китоб ўқи”, деган даъват бўларди. Менда эса доим бир савол туғиларди, “нима учун мен бадиий китоб ўқишим керак?”
Бироқ бу саволга ўзим кутган жавобни ҳеч кимдан ололмаганман. Лекин барибир бадиий китобларни ўқирдим. Йиллар ўтиб, бу саволга жавоб топдим.
2012 йили АҚШда хорижий стажировкада бўлдим. Калифорния штатида бўлган бир учрашув умрбод ёдимда қолди. Бир куни эълон ўқиб қолдим. Унда таниқли бир режиссёр билан “Энг яхши кинотеатр ва кино” мавзусида ижодий учрашув бўлиши ва унда барча хоҳловчилар иштирок этиши мумкинлиги ёзилганди. Бундай имкониятдан фойдаланиш мақсадида, мен ҳам ушбу учрашувга бордим. Бинода 100 га яқин мен каби қизиқувчан ёшлар тўпланишган. Барчамиз режиссёрнинг келишини кутмоқдамиз. Ундан қандайдир фалсафий ёки профессионал мазмундаги маъруза тингласак керак, деган хаёлдамиз.
Ниҳоят, биз кутган режиссёр кириб келди. Оддий ва камтарона кийимда. Ташриф буюрганларнинг кўплигини кўриб ҳайрон ҳам қолди. Салом-аликдан сўнг бир қизиқ савол билан барчамизга мурожаат қилди. “Дунёдаги энг сифатли ва қулай кинотеатр қаерда жойлашган?”. Кўпчилик кутилмаган саволдан ҳайрон қолди.
Шунда биринчи қаторда ўтирган қиз Сан-Францискода жойлашган “The Castro Theatre” кинотеатри, деб жавоб берди, сабаби у АҚШдаги энг қадимий кинотеатрлардан биридир. Жавоб нотўғри.
Иккинчи қаторда ўтирган кореялик йигит “Сеул шаҳридаги “Ciné de Chef” кинотеатри бўлиб, унда сиз кино вақтида бемалол овқат буюртма қилишингиз мумкин. Бир вақтнинг ўзида ҳам кинодан, ҳам овқатдан завқланишингиз мумкин. Шуниси билан ҳам қулай ҳисобланади”, деди. Жавоб яна хато.
Тепароқда ўтирган қиз қўлини кўтариб, мен дунёнинг кўп мамлакатларида саёҳатда бўлганман ва албатта, кўп кинотеатрларга ҳам борганман. Сизнинг саволингизга жавоб бу – Афинадаги “Cine Thisio” кинотеатридир. Ушбу кинотеатр очиқ осмон тагида жойлашган. Шундоққина Акрополя ва Пантеона ёнида жойлашган сиз ўзингизни антик даврга саёҳат қилгандай ҳис қиласиз, деди.
Шундан сўнг аудиториядагилар яна Лондондаги, Москвадаги, Берлиндаги, Токиодаги ўнга яқин кинотеатрларнинг номлари ва у ердаги қулайликлар ҳақида айтишди. Барчасига режиссёр томонидан рад жавоби берилди. Сўнг барча ташриф буюрувчилар бир овоздан топа олмадик, ўзингиз айтинг, дейишди.
Режиссёр томонидан берилган жавоб мени бутунлай ўйлантириб қўйди. У ўнг қўли билан пешонасига уриб “мана энг зўр ва сифатли кинотеатр”, деди. Бутун зал бир овоздан кулиб юборди. Шунда у шошилмай, ушбу фикрини асослашга ўтди. “Тўғри, бу жавобим сизларга ғалати туюлаётгандир ёки мени қариб қолди, деб ўйлаётгандирсизлар. Йўқ! Фикримни сизларга исботлаб берсам. Ҳар бир инсон бадиий китоб ўқиганида мияси ишга тушади ва ўқиётган воқеани сюжет шаклида кўришни бошлайди. Кино – бу режиссёр тасаввуридаги ҳолатни тасмага тушган шакли. Шунинг учун аввал китоб ўқиб, сўнг ушбу асарга ишланган кинони кўрсангиз, биринчи берадиган саволингиз “мен воқеани ёки актёрларни бошқача тасаввур қилган эдим. Ўхшамабди, менинг Жульеттам бошқачароқ, сал бўйи узунроқ эди. Кинода эса пастроқ” дейиш бўлади, яъни сиз китобни ўқиш жараёнида “кинотеатр”ингиз ишга тушади ва ушбу кинони режиссёри ўзингиз бўласиз.
Бу ерда савол туғилади, яъни нимага баъзи кинолар зерикарли бўлади ёки кинотеатрлар ҳувиллаб қолган? Бунинг жавобини сизларга тушунтиришга ҳаракат қиламан. Демак, келинг, аввал ҳар биримиз ўзимизнинг кинотеатрни қандай қуришимиз мумкинлиги ҳақида гаплашсак.
Агар сиз кўп бадиий китоб ўқимаган бўлсангиз, демак, сизнинг онгингизда 1925 йиллардаги, яъни Чарли Чаплиннинг оқ ва қора тасвирли ҳолатдаги кинотеатр ишламоқда. Шунинг учун сизнинг кинотеатрингиз жуда зерикарли ва сифатсиз.
Бундай ҳолатда китоб ўқиганингизда кўнгил айниши, бош оғриғи ва уйқу каби ҳолатларга дуч келасиз ҳамда китоб бошланмасдан ёпилади. Тасаввур қилинг, ҳозирги энг кассабоп кинони олайлик, “Аватар” киносини ҳам оқ-қора тасвирда сизга ҳозир қўйиб берсам, ўн дақиқадан сўнг залда деярли ҳеч ким қолмайди. Худди шундай бадиий китобни ҳам замонавий 3D кўзойнагида воқеаларни кўриб ўқиш лозим”.
Шунда залдан савол бўлди, қандай қилиб ўз кинотеатримизни замонавий 3D ҳолатига келтиришимиз мумкин?
“Бунга сиз кўпроқ китоб ўқиш билан эришасиз”, деб жавоб берди. “Сиз дастлабки бешта бадиий китобни ўқиш жараёнингизда сюжетларни оқ ва қора ҳолатда кўрасиз. Шунинг учун дастлабки жараёнда жуда ҳам қизиқарли ва ҳажми катта бўлмаган китобни ўқишни тавсия этаман. Сабаби китоб ўқиб юрмаган одам бошида бироз қийналади, ўзини нохуш ҳис қилади, уйқуси келади. Лекин диққатингизни жамлаб, ўқишдан тўхтамасангиз, аста-секин китоб ўқишни севимли машғулот ва одатга айлантира оласиз. Ва беш-ўнта бадиий китобни ўқиганингизда сиз рангли тасмага ўтасиз. Мисол учун, “Граф Монте Кристо”ни ўқиётганингизда Марселнинг ҳатто лабини ва кўз рангини кўришни бошлайсиз. Ўн-ўн бешинчи бадиий китобни ўқиганингиздан сўнг кинотеатрингизда барча сюжетларни ва қаҳрамонларни Full HD форматида кўришга тушасиз. Бунда муаллиф томонидан таърифланган барча воқеаларни ипидан-игнасигача аниқ-равшан кўрина бошлайди. Ҳатто сизни ярим кечаси уйғотиб ўқиган китобингиз ҳақида сўрашса, ҳеч иккиланмай ҳар бир бетини айтиб бериш ҳолатига борасиз”.
Аудиторияда қизиққон талабалар томонидан яна савол бўлди “Ўн бешинчи китобдан кейин қандай кинотеатр бўлади?”
“Мутлақо зўр бўлади. Сиз 3D тасвирдаги кинони кўришни бошлайсиз. Сиз энди тизимли фикрлашга ўтасиз. Тасаввур қилинг, минг бетли китобни ўқияпсиз. Бунда сиз 1-бетдаги сюжет билан 875-бетдаги сюжет ўртасидаги воқеаларни боғлай оласиз. Сиз муаллиф ёзмаган, бироқ айтмоқчи бўлган гапини ҳам тушунишни бошлайсиз. Шунингдек, сиз мутолаа қилишни бошлайсиз. Сиз савол беришни бошлайсиз, нимага бундай бўлди, нима учун ёзувчи қаҳрамонни ўлдирди, бошқача йўл тутса ҳам бўларди-ку? Мана шу ҳолатга етган инсонлардагина фикрлаш пайдо бўлади, фикр мукаммаллашса, у ғояга айланади, ғоя ноодатий ҳолатни талаб қилса, бу креативлик бўлади. Агар сиз креативликни ҳаётга татбиқ этсангиз, бу инновация бўлади”.
Мана, ҳурматли Лидерлар, инновация қандай ва қаердан пайдо бўлиши мумкин?!
Ушбу воқеани куни кеча Президентимизнинг “Ҳар бир раҳбар кунига камида эллик бет китоб ўқиши керак”, деган сўзларидан сўнг ёзишга киришдим.
Сабаби бугун давлат бошқарувида, ОАВ ва жамиятимизда энг кўп ишлатилаётган сўзлардан бири бу инновациядир. Лекин кунига минг марталаб ушбу сўзни ишлатганимиз билан бирор соҳага инновация ўз-ўзидан кириб қолмайди. Агар биз давлат ва жамият бошқарувида инновацияни қўлламоқчи эканмиз, аввало, кинотеатримиз қай аҳволда эканига назар солайлик. Оқ-қора тасвирли кинотеатр билан ҳеч қандай инновация қилиб бўлмайди.
Агар ҳар биримизнинг кинотеатримиз қайси ҳолатдалигини аниқлайдиган ускуна бўлганда борми, кўпчилик 21-асрда ҳалиям оқ ва қора “Чайка” телевизорларда яшаб келаётганига гувоҳ бўлармидик?!
Балки, шунинг учун ҳам инновация жуда қийинчилик билан жамиятимизга кириб келаётгандир. Кўпгина давлат хизматида фаолият юритаётганларга охирги ўқиган бадиий китоб номини айтиб беринг, десам, жавоблари оддий – иш кўп, китоб ўқишга вақт йўқ. Хўш, шу ерда савол туғилади: Нима учун баъзи давлат ходимлари берилган топшириқларни тўлиқ тушунмайди ёки ўз соҳасига янгилик кирита олмайди? Бугун 7 ёшдан 70 ёшгача китоб мутолаа қилишни бошлашимиз керак. Балки 1 йилга фавқулодда ҳолат эълон қилиб (албатта яхши маънода) барча давлат ходимлари учун кунига бир соат иш вақтида “китобхонлик соати”ни ташкил қилишимиз лозимдир, шунда барчамиз жамиятдаги муаммоларга янгича, креативлик билан қарашга, уларни инновацияни қўллаган ҳолда ечишга киришармидик?! Нима учун вақтлари жудаям тиғиз, ишлари кўп бўлишига қарамай, Билл Гейтс, Барак Обама ёки Илон Маск ҳар йили ўзлари ўқиган ўнта китоб рўйхатини эълон қилишади? Билл Гейтснинг бир интервьюсида, журналист унга савол билан мурожаат қилди: “Жаноб Гейтс, доим сизнинг янгилик қилишингизга кўникиб бормоқдамиз. Фақат савол, ушбу янгиликларни қаердан оласиз?” Жавоб жуда оддий бўлганди: “Мен ҳар куни оз бўлса ҳам, китоб мутолаа қиламан. Бу менинг ҳар доим фикрларим тиниқлигига ва янгилик қилишга куч беради. Агар мен китоб мутолаа қилмасам, демак янгилик қилишдан тўхтайман. Бу – компаниямда инновация тўхтайди, дегани”.
Ҳар йили дунё мамлакатларининг китобхонлик рейтинги эълон қилинади. 2017 йил якунларига кўра, Хитой, Испания ва Россия давлатлари фуқаролари ҳафтасига 7-9 соат китоб мутолаа қилишар экан.
Шунингдек, ушбу тадқиқотда аҳоли сонига нисбатан китоблар савдоси сони таққосланар экан. Алам қиладигани, биз ҳатто юзталикда ҳам йўқлигимиздир. Кучли йигирматаликдаги давлатлар билан давлат бошқарувида инновацияни аниқлайдиган рейтингни солиштирсак, аксарият давлатлар мос келади. Бундан шундай хулосага келиш мумкинки, айнан китобхонлик маданияти юксак даражада шаклланган мамлакатларда инновацион фаоллик ҳам юқори босқичда.
Китоб ўқимасликка мингта баҳонамиз бор, бироқ китоб ўқиш учун битта бўлса ҳам баҳона топайлик, бу – Инсонийликни сақлаб қолиш бўлсин.