Qo‘chqor Norqobil. Atirgul tabassumi (hikoya)
| Кирилл ёзувидаги матн пастроқда
Yaxshi jihati – bir-birini tushunishadi.
Yomoni ham shu – bir-birini tushunadilar.
Albatta, ular bitta uyda yashashadi.
Biroq, har qaysining xayolida o‘z adabiy qo‘rg‘oni bo‘ladi; bir-birini kiritmasliklari ham mumkin.
Keyingi paytlar adibning omadi chopdi. Rus va ingliz tiliga o‘girilgan asarlarini ayolining maslahati bilan horijiy davlatlar nashriyotlariga jo‘natib ko‘rdi; birato‘la uchta kitobiga xaridor bo‘lishdi.
Adib xursand. Adiba shod. Ikkita dramasi qardosh o‘lkalar teatri sahnasiga chiqdi.
Keyin… Keyin allaqayerdan Qudrat Imkon degan muhibu muxlis paydo bo‘ldi-da, adib ijodining ashaddiy targ‘ibotchisiga aylandi.
– U sizni mendan tortib oldi. Tinimsiz bong uryapti, sizni maqtayapti.
Chindan shunday; internetda ham adib ijodi haqida ketma-ket maqolalar e’lon qildi;
Qudrat Imkon… Qudrat Imkon… Kim u?
Ixcham, aniq-tiniq bu chiqishlarning izi uzilmadi. Hatto chet ellar adabiy saytlarida ham Qudrat Imkon imzosi qanot qoqdi – adib kitoblaridan keltirilgan iqtiboslar parvoz qila boshladi. Rusiyaning yana bir mashhur nashri Qudrat Imkon so‘zboshisi bilan adib hikoyalarini chop etdi.
Adib xonasida edi. Qo‘ltelefoni jiringladi.
– Tabriklayman. Ijoding haqida tahririyatga zo‘r maqola kelib tushdi, navbatdagi sonimizga joyladik. Yaxshi tahlil. Temirni jizg‘anak etar darajada yozibdi.
Xalqaro badiiy jurnalda ishlaydigan shoir do‘stining “suyunchi”sidan ko‘ngli charog‘on tortdi.
Yozuv stolida jimirlab turgan kompyuter qoshiga kelib o‘tirdi. Chala qolgan hikoyasi davomini yozishga kirishdi. Jumlalar shamolday shiddatli tus olib, so‘zlar yomg‘irday to‘kilib turgan avji-zarb payti urib qolish kerak. Shunda o‘quvchi ham bir nafasda o‘qiydi.
U hikoya qa’riga singib ketdi. Asar o‘zi ham kutmagan, xayoliga kelmagan yechim bilan yakun topdi. U ba’zida hikoyaning ham o‘z ruhi bo‘lishi, yozuvchini shu ruh gohida ergashtirib ketishini ich-ichidan his qilgan. Bu gal ham shunday bo‘ldi – hikoya “boshqa yo‘ldan yurdi”. Nihoyasi esa go‘zal!
Kayfiyati yorug‘ holda deraza raxiga suyandi.
Osmon tund. Ko‘z yoray deb turibdi. Qilt etgan yaproq sukunati titratib, bulutlarni to‘zg‘itadiganday… Kech kuzak havosidan yomg‘ir hidi keladi. Tuyqus shamol turdi. Qunishgan kuzgi bog‘ yomg‘ir hamlasi ichra qoldi. Xazonlar yer so‘qqanday bo‘ldi. Bu manzarani kuzatgan adib: “Tabiatning o‘zi buyuk ijodkor, ulug‘ musavvir… Bizlar undan ko‘chiramiz…”, degan xayolga bordi.
Kechqurun xotini ishdan keldi.
– Ta’til payti juda yaxshi ijod qilayapsiz, – dedi u jilmayib. – Havasim kelayapti. Aytmoqchi, sizning asaringiz haqida yana o‘sha Qudrat Imkon deganlari zo‘r maqola e’lon qilayaptiykin. Gazetada ishlaydigan dugonam qo‘ng‘iroq qildi.
– Ha-ya. Chiqsa o‘qiymiz-da… – negadir xijolat tortdi.
– Elektron pochtamga Londondan xat keldi, – davom etdi ayoli. – Adabiy tanlovda ishtirok etish uchun boshqa yozuvchini tanlashibdi. Har bir mamlakatdan bir nafar shoir yo yozuvchi qatnashishi lozim ekan. Tanlov hay’ati uning asarlariga to‘xtaldi, deyishibdi. Men qoldim. Umid qilib turuvdim-a…
Ertasiga adib Londondan xat oldi. Xalqaro adabiy tanlovda ishtirok etadigan bo‘libdi. U dovdirab qoldi; axir, hech qanaqa London yo undan narisiga asarlarini yubormagan edi.
– Yaxshi bo‘pti, tabriklayman, – dedi xotini yana jilmayib.
Adib xotini qarshisida mulzam tortdi. Xijolat chekdi. Xuddi uni aldaganday, toptaganday his qildi o‘zini.
– Axir, men hech qanday tanlov-panlovga asar yubormaganman. Sening ham o‘sha tanlovda qatnashganingdan bexabar edim. Kecha o‘zing aytding, bildim.
– E-e-ey, qo‘yavering. Qaytamga yaxshi-ku. Sizning yutug‘ingizdan xursand bo‘laman. Xudo xohlasa, g‘olib bo‘lasiz. Men surishtirdim. Asaringizni o‘sha Qudrat Imkon degan shaxsiy munaqqidu mirzongiz jo‘natgan ekan.
Adibga xotinining keyingi gapi og‘ir botdi. U endi Qudrat Imkonni yomon ko‘rib qoldi. Uning “izidan” tushdi; koshki topolsa. Astoydil qidirdi. Ijtimoiy tarmoqlardagi boshqa elektron chiqishlarida ham o‘zi haqda biror ma’lumot qoldirmagan.
Feysbuk tarmog‘ida bor ekan, biroq hech qanday bildirgi yo‘q. Rasmi o‘rnida bir quchoq oq atirgul turibdi. Ha, bir quchoq oq atirgul! Na kimligi, na tug‘ilgan yili-yu shahri, na manzil-makoni-yu yoshi, na kasbi-kori haqida yozilmagan. Faqat o‘sha: bir quchoq oq atirgul suvrati o‘rnida porlab turibdi. Telegram kanalida ham shu. Rasmi joyida o‘sha bir quchoq oq atirgul! Na telefon raqami bor…
Qo‘ltelefonining telegram kanali orqali Qudrat Imkonga oxiri xat yozdi. O‘z ijodiga nisbatan e’tibor va e’tirof uchun tashakkur bildirib, tanishmoqchi ekanligi, kimligini bilishga judayam qiziqayotganini, undan minnatdorligini izhor etdi. Qayoqda, javob yo‘q. Qudrat Imkon jim. Kunlar o‘taverdi, internet tarmoqlarida adib ulug‘langan qisqa tahlillar, uning yutuqlari haqidagi xabarlar Qudrat Imkon tomonidan muntazam e’lon qilinaveradi. Bu do‘stu dastyorlarning beminnat xizmatlari adibga erish tuyular, ayniqsa, feysbuk tarmog‘ining, “Bir quchoq oq atirgul” aks etgan maydon – Qudrat Imkonga tegishli profilda ko‘zi tushishi hamono qalbini negadir xijolat hissi egallardi.
Bir kuni serbiyalik tanish noshirdan xat oldi. Adibning Rossiyada chop etilgan yana bir kitobini ruschadan serb tiliga tarjima qilayaptiykan. “Men internet tarmoqlarini kuzatib borayapman. Sizning ijodingizni keng miqyosda targ‘ib qilishmoqda. Yaqinda “Rus qo‘ng‘irog‘i” nashrida ijodingiz haqida yaxshi maqola e’lon qilinibdi. Kitobga shuni so‘zboshi qilsak, nima deysiz? Muallifdan rozilik olib bering. Asaringizni chindan ham Qudrat Imkon mukammal o‘rgangan. Yaxshi his qiladi. Unga mening nomimdan salom ayting. Siz baxtli adibsiz, shunday targ‘ibchilaringiz bor.
Xayr, omon bo‘ling. Hurmat bilan, L.I…”
Adib “Rus qo‘ng‘irog‘i” gazetasida chop etilgan maqoladan bexabar edi. Qudrat Imkonning bu galgi marhamatidan dilida yoqimli bir xijillik tuydi.
Yil baribir omad va zafarlar og‘ushida o‘tayotgandi. Qudrat Imkonning beminnat adabiy xizmatlari besamar ketmagandi. Xalqaro adabiy maydonda bo‘y ko‘rsatish uchun asar yaxshi bo‘lishi bilan birga, uning targ‘iboti ham juda yuksak darajaga yetishi shart, degan tamoyil zamirida ayni haqiqat mavjudligini adib his qildi.
Surunkali ijodiy ish, yozib chizish baribir insonni toliqtirib qo‘yadi. Kuzning so‘nggi kunlarida tobi qochdi. Adib biroz davolanish va kuch to‘plash uchun shifoxonaga yotdi.
Tushlik mahalidan so‘ng xotini yana ko‘rgani keldi.
– Ertalab ham kelib ketganding-ku. Seni ham rosa tashvishga qo‘ydim, – dedi mehri tovlanib. – Bolalarga ham ayt, ovora bo‘lmanglar. Hamma narsa yetarli. Men faqat dam olayapman.
– Biz sizni sog‘inib qolayapmiz, – jilmaydi xotini. – Kechqurun nevarangiz ham kelmoqchi.
Adib karavoti yonidagi kursiga kelib cho‘kkan ko‘yi qo‘lidagi yelim xaltadagi meva-chevalarni tumba ustiga taxlayotgan mehribon va munis ayolga zavq bilan termildi. Jontomirlari shu xilqat qalbiga bog‘langani, yozig‘iga shunday mushtipar jufti halol bitilganidan Yaratganga shukrona aytdi. Ayni dam qarshisidagi oila chirog‘i, suyangan tog‘i, oqila va ojiza zot, ulkan adiblik rutbalari uyg‘unlashgan go‘zal ayol qoshida tuyqus xijolat torta boshladi va negadir o‘z yelkasida qaytarib bo‘lmas qarz yukini his qildi. Xayoliga kelgan gapni tilga ko‘chirdi:
– Nasibam, o‘zimning adibam! Sen juda ham kuchlisan, men shunday o‘ylayman…
Ayol jilmaydi. O‘rnidan turib xayr-xo‘shlashdi. Xona eshigiga yetkach, nimadir yodiga tushdi chog‘i, to‘xtab eriga yuzlandi:
– Adabiyot institutidan qo‘ng‘iroq qilishdi. Telefoningiz o‘chiq ekan. Men shifoxonadalar dedim. Haligi, ijodingiz haqida ilmiy ish qilayotgan tadqiqotchi qiz Qudrat Imkonning maqolalaridan ham foydalanmoqchi ekan. Uni topolmabdi. Endi siz bilan uchrashmoqchi… Men telefon raqamingizni berdim.
Adib ko‘zlarini yumib bosh irg‘adi. Anchagacha xayol og‘ushida yotdi. U Qudrat Imkon bilan ko‘rishish istagi anchadan beri o‘zining ham qalbida alanga olayotganini, bu xohish tobora og‘riqqa aylanayotganini xotini ham his qilishini bilardi. Shuning uchun Qudrat Imkon haqida gap ketsa ayoli oldida ko‘ngli xijil bo‘lar, o‘zini qo‘yarga joy topolmasdi.
Xotini chiqib ketgach, qo‘ltelefonini yoqdi-da, Qudrat Imkonning telegramdagi manziliga kirdi va unga yoza boshladi.
“Men shifoxonadaman. Siz bilan ko‘rishishim shart”.
Yo qudratingdan! Javob keldi. Ha, undan javob keldi.
Adib shoshib qoldi. O‘rnidan shahd bilan turib ketdi. Hayajon va entikish zo‘ridan vujudga titroq kirdi.
“Menga qilgan barcha yaxshiliklaringiz uchun tashakkur”, deya shoshib yozdi u.
Endi adibning g‘azabi tosha boshladi.
“Biroq ko‘p hollarda erkakning ishini qilmadingiz”, deb yozdi.
“O‘zim bilmagan holda xotinimning yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lib qoldim. Bu siz tufayli… Ha, siz tufayli. Uning ko‘ngli cho‘kdi, lekin menga sezdirmadi…”
“Tushunarli. Mayli, ertaga sizning yoningizga, shifoxonaga o‘taman. Gaplashib olamiz…”
…Ertasiga nonushtadan so‘ng ko‘zi ilindi. Hushimi, tushimi, anglay olmaydi; ulkan daryo bo‘yida turibdi. Daryo sathi oppoq atirgulga liq to‘la. Suv o‘rnida oppoq atirgullar oqayapti. Birpasdan so‘ng osmondan ham oppoq atirgullar yog‘a boshladi. Narigi qirg‘oqda nimadir taraqlagan ovoz berdi, ayoli Nasibaning jilmayib turishini ko‘rdi. Yana nimadir taraqladi. Uyg‘onib ketdi.
Farrosh xonani yig‘ishtirayotgan ekan. Hozirgina ko‘rgan g‘aroyib tush ta’sirida derazaga yuzlandi, osmonga tikildi. Bir uyum oppoq bulut suzib yuribdi, xuddi bir quchoq oppoq atirgulga ham o‘xshab ketadi. Shu mahal adibning qo‘ltelefoni chingillab ovoz berdi – xabar keldi. U telefon ekraniga qaradi. Ko‘zi tinib ketdi, hayajonlandi. Qudrat Imkon xabar yubordi:
“Men keldim. Eshigingiz oldida turibman…”
Adib o‘rnidan shahd bilan turib, xona eshigiga o‘girildi. Ostonada… Ostonada esa eshikka suyangan ko‘yi bir quchoq oppoq atirgul ko‘targan ayoli jilmayib turardi.
Қўчқор Норқобил. Атиргул табассуми (ҳикоя)
Яхши жиҳати – бир-бирини тушунишади.
Ёмони ҳам шу – бир-бирини тушунадилар.
Албатта, улар битта уйда яшашади.
Бироқ, ҳар қайсининг хаёлида ўз адабий қўрғони бўлади; бир-бирини киритмасликлари ҳам мумкин.
Кейинги пайтлар адибнинг омади чопди. Рус ва инглиз тилига ўгирилган асарларини аёлининг маслаҳати билан ҳорижий давлатлар нашриётларига жўнатиб кўрди; биратўла учта китобига харидор бўлишди.
Адиб хурсанд. Адиба шод. Иккита драмаси қардош ўлкалар театри саҳнасига чиқди.
Кейин… Кейин аллақаердан Қудрат Имкон деган муҳибу мухлис пайдо бўлди-да, адиб ижодининг ашаддий тарғиботчисига айланди.
– У сизни мендан тортиб олди. Тинимсиз бонг уряпти, сизни мақтаяпти.
Чиндан шундай; интернетда ҳам адиб ижоди ҳақида кетма-кет мақолалар эълон қилди;
Қудрат Имкон… Қудрат Имкон… Ким у?
Ихчам, аниқ-тиниқ бу чиқишларнинг изи узилмади. Ҳатто чет эллар адабий сайтларида ҳам Қудрат Имкон имзоси қанот қоқди – адиб китобларидан келтирилган иқтибослар парвоз қила бошлади. Русиянинг яна бир машҳур нашри Қудрат Имкон сўзбошиси билан адиб ҳикояларини чоп этди.
Адиб хонасида эди. Қўлтелефони жиринглади.
– Табриклайман. Ижодинг ҳақида таҳририятга зўр мақола келиб тушди, навбатдаги сонимизга жойладик. Яхши таҳлил. Темирни жизғанак этар даражада ёзибди.
Халқаро бадиий журналда ишлайдиган шоир дўстининг “суюнчи”сидан кўнгли чароғон тортди.
Ёзув столида жимирлаб турган компьютер қошига келиб ўтирди. Чала қолган ҳикояси давомини ёзишга киришди. Жумлалар шамолдай шиддатли тус олиб, сўзлар ёмғирдай тўкилиб турган авжи-зарб пайти уриб қолиш керак. Шунда ўқувчи ҳам бир нафасда ўқийди.
У ҳикоя қаърига сингиб кетди. Асар ўзи ҳам кутмаган, хаёлига келмаган ечим билан якун топди. У баъзида ҳикоянинг ҳам ўз руҳи бўлиши, ёзувчини шу руҳ гоҳида эргаштириб кетишини ич-ичидан ҳис қилган. Бу гал ҳам шундай бўлди – ҳикоя “бошқа йўлдан юрди”. Ниҳояси эса гўзал!
Кайфияти ёруғ ҳолда дераза рахига суянди.
Осмон тунд. Кўз ёрай деб турибди. Қилт этган япроқ сукунати титратиб, булутларни тўзғитадигандай… Кеч кузак ҳавосидан ёмғир ҳиди келади. Туйқус шамол турди. Қунишган кузги боғ ёмғир ҳамласи ичра қолди. Хазонлар ер сўққандай бўлди. Бу манзарани кузатган адиб: “Табиатнинг ўзи буюк ижодкор, улуғ мусаввир… Бизлар ундан кўчирамиз…”, деган хаёлга борди.
– Таътил пайти жуда яхши ижод қилаяпсиз, – деди у жилмайиб. – Ҳавасим келаяпти. Айтмоқчи, сизнинг асарингиз ҳақида яна ўша Қудрат Имкон деганлари зўр мақола эълон қилаяптийкин. Газетада ишлайдиган дугонам қўнғироқ қилди.
– Ҳа-я. Чиқса ўқиймиз-да… – негадир хижолат тортди.
– Электрон почтамга Лондондан хат келди, – давом этди аёли. – Адабий танловда иштирок этиш учун бошқа ёзувчини танлашибди. Ҳар бир мамлакатдан бир нафар шоир ё ёзувчи қатнашиши лозим экан. Танлов ҳайъати унинг асарларига тўхталди, дейишибди. Мен қолдим. Умид қилиб турувдим-а…
Эртасига адиб Лондондан хат олди. Халқаро адабий танловда иштирок этадиган бўлибди. У довдираб қолди; ахир, ҳеч қанақа Лондон ё ундан нарисига асарларини юбормаган эди.
– Яхши бўпти, табриклайман, – деди хотини яна жилмайиб.
Адиб хотини қаршисида мулзам тортди. Хижолат чекди. Худди уни алдагандай, топтагандай ҳис қилди ўзини.
– Ахир, мен ҳеч қандай танлов-панловга асар юбормаганман. Сенинг ҳам ўша танловда қатнашганингдан бехабар эдим. Кеча ўзинг айтдинг, билдим.
– Э-э-эй, қўяверинг. Қайтамга яхши-ку. Сизнинг ютуғингиздан хурсанд бўламан. Худо хоҳласа, ғолиб бўласиз. Мен суриштирдим. Асарингизни ўша Қудрат Имкон деган шахсий мунаққиду мирзонгиз жўнатган экан.
Адибга хотинининг кейинги гапи оғир ботди. У энди Қудрат Имконни ёмон кўриб қолди. Унинг “изидан” тушди; кошки тополса. Астойдил қидирди. Ижтимоий тармоқлардаги бошқа электрон чиқишларида ҳам ўзи ҳақда бирор маълумот қолдирмаган.
Фейсбук тармоғида бор экан, бироқ ҳеч қандай билдирги йўқ. Расми ўрнида бир қучоқ оқ атиргул турибди. Ҳа, бир қучоқ оқ атиргул! На кимлиги, на туғилган йили-ю шаҳри, на манзил-макони-ю ёши, на касби-кори ҳақида ёзилмаган. Фақат ўша: бир қучоқ оқ атиргул суврати ўрнида порлаб турибди. Телеграм каналида ҳам шу. Расми жойида ўша бир қучоқ оқ атиргул! На телефон рақами бор…
Қўлтелефонининг телеграм канали орқали Қудрат Имконга охири хат ёзди. Ўз ижодига нисбатан эътибор ва эътироф учун ташаккур билдириб, танишмоқчи эканлиги, кимлигини билишга жудаям қизиқаётганини, ундан миннатдорлигини изҳор этди. Қаёқда, жавоб йўқ. Қудрат Имкон жим. Кунлар ўтаверди, интернет тармоқларида адиб улуғланган қисқа таҳлиллар, унинг ютуқлари ҳақидаги хабарлар Қудрат Имкон томонидан мунтазам эълон қилинаверади. Бу дўсту дастёрларнинг беминнат хизматлари адибга эриш туюлар, айниқса, фейсбук тармоғининг, “Бир қучоқ оқ атиргул” акс этган майдон – Қудрат Имконга тегишли профилда кўзи тушиши ҳамоно қалбини негадир хижолат ҳисси эгалларди.
Бир куни сербиялик таниш ноширдан хат олди. Адибнинг Россияда чоп этилган яна бир китобини русчадан серб тилига таржима қилаяптийкан. “Мен интернет тармоқларини кузатиб бораяпман. Сизнинг ижодингизни кенг миқёсда тарғиб қилишмоқда. Яқинда “Рус қўнғироғи” нашрида ижодингиз ҳақида яхши мақола эълон қилинибди. Китобга шуни сўзбоши қилсак, нима дейсиз? Муаллифдан розилик олиб беринг. Асарингизни чиндан ҳам Қудрат Имкон мукаммал ўрганган. Яхши ҳис қилади. Унга менинг номимдан салом айтинг. Сиз бахтли адибсиз, шундай тарғибчиларингиз бор.
Хайр, омон бўлинг. Ҳурмат билан, Л.И…”
Адиб “Рус қўнғироғи” газетасида чоп этилган мақоладан бехабар эди. Қудрат Имконнинг бу галги марҳаматидан дилида ёқимли бир хижиллик туйди.
Йил барибир омад ва зафарлар оғушида ўтаётганди. Қудрат Имконнинг беминнат адабий хизматлари бесамар кетмаганди. Халқаро адабий майдонда бўй кўрсатиш учун асар яхши бўлиши билан бирга, унинг тарғиботи ҳам жуда юксак даражага етиши шарт, деган тамойил замирида айни ҳақиқат мавжудлигини адиб ҳис қилди.
Сурункали ижодий иш, ёзиб чизиш барибир инсонни толиқтириб қўяди. Кузнинг сўнгги кунларида тоби қочди. Адиб бироз даволаниш ва куч тўплаш учун шифохонага ётди.
Тушлик маҳалидан сўнг хотини яна кўргани келди.
– Эрталаб ҳам келиб кетгандинг-ку. Сени ҳам роса ташвишга қўйдим, – деди меҳри товланиб. – Болаларга ҳам айт, овора бўлманглар. Ҳамма нарса етарли. Мен фақат дам олаяпман.
– Биз сизни соғиниб қолаяпмиз, – жилмайди хотини. – Кечқурун неварангиз ҳам келмоқчи.
Адиб каравоти ёнидаги курсига келиб чўккан кўйи қўлидаги елим халтадаги мева-чеваларни тумба устига тахлаётган меҳрибон ва мунис аёлга завқ билан термилди. Жонтомирлари шу хилқат қалбига боғлангани, ёзиғига шундай муштипар жуфти ҳалол битилганидан Яратганга шукрона айтди. Айни дам қаршисидаги оила чироғи, суянган тоғи, оқила ва ожиза зот, улкан адиблик рутбалари уйғунлашган гўзал аёл қошида туйқус хижолат торта бошлади ва негадир ўз елкасида қайтариб бўлмас қарз юкини ҳис қилди. Хаёлига келган гапни тилга кўчирди:
– Насибам, ўзимнинг адибам! Сен жуда ҳам кучлисан, мен шундай ўйлайман…
Аёл жилмайди. Ўрнидан туриб хайр-хўшлашди. Хона эшигига еткач, нимадир ёдига тушди чоғи, тўхтаб эрига юзланди:
– Адабиёт институтидан қўнғироқ қилишди. Телефонингиз ўчиқ экан. Мен шифохонадалар дедим. Ҳалиги, ижодингиз ҳақида илмий иш қилаётган тадқиқотчи қиз Қудрат Имконнинг мақолаларидан ҳам фойдаланмоқчи экан. Уни тополмабди. Энди сиз билан учрашмоқчи… Мен телефон рақамингизни бердим.
Адиб кўзларини юмиб бош ирғади. Анчагача хаёл оғушида ётди. У Қудрат Имкон билан кўришиш истаги анчадан бери ўзининг ҳам қалбида аланга олаётганини, бу хоҳиш тобора оғриққа айланаётганини хотини ҳам ҳис қилишини биларди. Шунинг учун Қудрат Имкон ҳақида гап кетса аёли олдида кўнгли хижил бўлар, ўзини қўярга жой тополмасди.
Хотини чиқиб кетгач, қўлтелефонини ёқди-да, Қудрат Имконнинг телеграмдаги манзилига кирди ва унга ёза бошлади.
“Мен шифохонадаман. Сиз билан кўришишим шарт”.
Ё қудратингдан! Жавоб келди. Ҳа, ундан жавоб келди.
Адиб шошиб қолди. Ўрнидан шаҳд билан туриб кетди. Ҳаяжон ва энтикиш зўридан вужудга титроқ кирди.
“Менга қилган барча яхшиликларингиз учун ташаккур”, дея шошиб ёзди у.
Энди адибнинг ғазаби тоша бошлади.
“Бироқ кўп ҳолларда эркакнинг ишини қилмадингиз”, деб ёзди.
“Ўзим билмаган ҳолда хотинимнинг йўлига тўғаноқ бўлиб қолдим. Бу сиз туфайли… Ҳа, сиз туфайли. Унинг кўнгли чўкди, лекин менга сездирмади…”
“Тушунарли. Майли, эртага сизнинг ёнингизга, шифохонага ўтаман. Гаплашиб оламиз…”
…Эртасига нонуштадан сўнг кўзи илинди. Ҳушими, тушими, англай олмайди; улкан дарё бўйида турибди. Дарё сатҳи оппоқ атиргулга лиқ тўла. Сув ўрнида оппоқ атиргуллар оқаяпти. Бирпасдан сўнг осмондан ҳам оппоқ атиргуллар ёға бошлади. Нариги қирғоқда нимадир тарақлаган овоз берди, аёли Насибанинг жилмайиб туришини кўрди. Яна нимадир тарақлади. Уйғониб кетди.
Фаррош хонани йиғиштираётган экан. Ҳозиргина кўрган ғаройиб туш таъсирида деразага юзланди, осмонга тикилди. Бир уюм оппоқ булут сузиб юрибди, худди бир қучоқ оппоқ атиргулга ҳам ўхшаб кетади. Шу маҳал адибнинг қўлтелефони чингиллаб овоз берди – хабар келди. У телефон экранига қаради. Кўзи тиниб кетди, ҳаяжонланди. Қудрат Имкон хабар юборди:
“Мен келдим. Эшигингиз олдида турибман…”
Адиб ўрнидан шаҳд билан туриб, хона эшигига ўгирилди. Остонада… Остонада эса эшикка суянган кўйи бир қучоқ оппоқ атиргул кўтарган аёли жилмайиб турарди.