March 13

Ramiz Ravshan. Yomg‘irli kunning shomida… (hikoya)

Yomg‘irli kunning shomida qishloq o‘rtasiga bir yuk mashinasi kelib to‘xtadi.
Undan haydovchi tushdi.
Izidan askarlarimiz tushdi, qolganlarni ham tushurdilar.
Ular bu qishloq bag‘ridan poyezd yo‘li o‘tkazish ilinjida tashrif buyurishgandi.
Necha kunlardan buyon qishloqqa nemis plenlarini keltirib ishlatishi haqida xabar tarqalgandi va shundan beri odamlarning tushiga ajoyib narsalar kirardi.

Biroq yuk mashinasidan tushirilgan nemis plenlarini ko‘rganda Mikayl og‘zini to‘ldirib tufladi:
— Eh, ablahlar, odammi shularam… — dedi. — Shularam o‘zini normalniy odam hisoblab yuribdida…
Bu nemis plenlarini albatta ajoyib inson deyish mumkindir, lekin “normalniy” emas, ularning jinoyati ham shunda aslida. Birozdan so‘ng Mikaylning ko‘zi “normalniy” odamlar ichida bir ajoyibini topdi, bu ajoyib nemisning soqoli boru mo‘ylovi yo‘q edi.
Ibrohim o‘sha mo‘ylovsiz odamni ko‘rgan zahoti qahqaha otib kuldi. Ibrohimning onasi esa urushda o‘lgan erining qora, qalin mo‘ylovi esiga tushib xo‘ngray boshladi.
Aksiga olib shu mahalda yomg‘ir yog‘di, odamlar qarashsa onasi yig‘layapti, Ibrohim kulyapti. Ibrohimning onasi ham uning kulayotganini ko‘rdi, g‘azab otiga mindi, Ibrohimning yuz-qulog‘i aralash shapaloq tushirdi va yig‘lab-yig‘lab o‘rnidan turdi, so‘ngra darg‘azab bo‘lib mo‘ylovsiz nemisning ustiga bordi, bir qo‘li bilan soqolidan, birisi bilan esa yoqasidan ushlab, sudradi, peshonasini yerga qarishtirdi, mushtlay-mushtlay, tepa-tepa yig‘ladi.
Nemis deganning joni qattiq emasmi, dod-faryodam qilmadi, ko‘zyosh ham to‘kmadi. Astag‘firulloh!.. Bu ishga guvohlar yoqa ushlashdi.
Agar Mikayl bo‘lmasa, ehtimol bechoraning umri-kuni bitardi.
Mikayl borib zo‘rlik bilan Ibrohimning onasini chekkaga chiqarmoqchi bo‘ldi, rosa urundi, baribir uddalay olmadi, ona esa battar yig‘lashga tushdi. Bir mahal boshqa xotinlar ham qo‘shilishdi Ibrohimning onasiga, yig‘lay boshlashdi.
Sadr Sharif ayollarga yig‘lamaslikni buyurdi.
Avvaliga “Dushman oldida yig‘lamanglar”, deyishni istadi, biroq birdan ko‘zi mo‘ylvosiz nemisga tushdi, u sal nariroqda loyga botgancha tizzalab o‘tirar va Ibrohimning onasiga qo‘rqib boqardi. Sadr Sharif “Bu qanaqasiga dushman bo‘lsin, tizzasigacha loyga botib, jim o‘tirgan bo‘lsa…”, deb o‘yladi. So‘ngra ayollarga “Dushman oldida yig‘lamanglar”, demadi, deyolmadi…
Uning so‘zidan keyin ayollar yig‘lashdan to‘xtashdi. Yig‘lashmaydi deganida ehtimol yana yig‘lashardi. Biroq ular yig‘lamagan ayollarning orqasiga o‘tib, shu yerda sas-sado chiqarishmadi.
Ular jim qolishi bilan mo‘ylovsiz nemis o‘yladiki, bu loyda ko‘p turib bo‘lmaydi, tizzalari zirqirab ketyapti, keyin o‘girilib umid bilan sadr Sharifga yuzlandi. Sadr Sharif uni tushundi va o‘rnidan turishga ijozat berdi. Mo‘ylovsiz nemis ko‘zini ayollardan uzmay sekin-asta o‘rnidan turdi, turayotib qo‘li bilan tizzalarga tekkan loyni qoqmoqchi bo‘ldi, biroq birdan qo‘llari havoda qolib ketdi.
Chunki ayollarning ko‘zida shunday narsani ko‘rdiki, agar u tizzasiga tekkan loyni qoqsa, bu ayollar uni parcha-parcha qilib tashlashadi, hech kim uni ayollarning changalidan qutqara olmaydi. Shu tufayli fikridan qaytdi…
Pirali bobo ayollar orasida turar, voqealarni jim kuzatardi. Mo‘ylovsiz tamomila o‘rnidan turgunicha tomosha qildi, so‘ngra boshqa tarafda turgan nemis plenlariga qaradi. Bechoralar yomg‘ir ostida qolib ketgan jo‘jalarday junjikishar, ayollarning bu ishidan qo‘rqa-qo‘rqa hamrohiga qarab turishardi.
Pirali bobo yurib kelib askarlarning yonida turdi, so‘ngra:
— Ey bola, nemis-nemis deyishardi, shular ekanda-a nemis degani? — dedi.
Askarlarning kattasi:
— Ha, shular, — dedi.
— Mayli, unda bularning qurol-yarog‘i qani?
Askar o‘yladiki, Pirali bobo hazil qilyapti, birdan kulib yubordi.
Pirali bobo kulmadi, chunki u hazil qilmayotgandi, kulgan askarni ham boshqacha tushundi, orqaga aylandi va olomonga yuz tutib:
— Ey odamlar, — dedi. — Ko‘pam qarab ko‘zingizni og‘ritmang. Bu nemislar biz bilgan nemislardan emas ekan. O‘sha nemislarni shunday qirishganki, hatto urug‘likka ham qolmagan birortasi!..
Pirali bobo shunady deyishi bilan Mikayl axtarganini topdi, sevingancha:
— Ey odamlar, — dedi, — men nima degandim, ana?!
Mikayl nima deganidan hech kimning xabari yo‘q edi, g‘alati tuyulishi mumkinu hatto o‘zining ham, bu nemislarning o‘sha nemislardan emasligi ko‘rgan zahoti anglagan edi.
Shundan keyin haqiqatdan bu nemislarning o‘sha nemislardan emasligi ma’lum bo‘ldi, ayollar yana ko‘zyosh qila boshlashdi. Chunki ayollarning bu nemislarga rahmi keldi, bu nemislarni ham bu balolarga solgan o‘sha nemislar ekanini o‘ylashdi.
Sadr Sharif qarasa chigallik yuzaga kelayotir, agar shunday davom etadigan bo‘lsa mahalliy odamlar bu nemislarga qarindosh ham bo‘lib chiqishadi. U odamlarga yuzlanib:
— Ey odamlar, — dedi, — menga quloq soling! Bu nemislar o‘sha nemislardan bo‘lishmasa ham baribir nemislar hamda o‘sha nemislarning avlodidirlar. Bu nemislar o‘sha paytgacha o‘sha nemislardan edilar, o‘sha nemislarni bu nemislarning kuniga solishmagan…
Sadr Sharif juda ko‘p vaz o‘qidi, hattoki o‘zi ham adashib ketdi. Bu nemislar o‘sha nemislardanmi yo o‘sha nemislardan emasmi, hech kim tushunolmadi. Biroq bu nemislar kim bo‘lishidan qat’iy nazar oddiy odam va kamiga juda och edilar. Ularning ochligini odamlar shunda bilishdi, ya’ni bolalar och edilar, ular o‘sha janjal paytida odamlar orasidan ajrab uyga yugurishdi, birozdan so‘ng qo‘llarida bitta-bitta blinchik bilan qaytib kelishdi va uni paqqos tushirayotgan bolakaylarni ko‘rib nemis plenlari yutina boshlashdi.
Sadr Sharif odamlardan biriga:
— Ikkita ayolni olib uyga bor, — dedi. — Ikki qozon qovurdoq qaynatishsin. Askarlar uzoq yo‘l bosishgan, qorinlari ochiqqan… O‘zing ko‘rib turibsan, yaxshi ahvolda emaslar.
Odam joyidan qo‘zg‘olmadi.
Sadr Sharif:
— Eshitmadingmi, nima dedim? — deya so‘radi.
Odam esa yuzini bujmaytirib:
— Eshitishga eshitdim, o‘z askarlarimizga ham qovurdoq pishirdik… Bu nemis bolalariga nima pishirtiray? Bularga ham qovurdoqmi?
Sadr Sharif g‘azablandi:
— Musulmonmisan, nega gapga tushunmaysan? Nima desam shuni bajar! Bor, ikki qozon qovurdoq hozirlashsin.
Odam ketdi.
Ha, qovurdoq hozirlandi, idoraning hovlisiga dasturxon yoyildi.
Idoraning hovlisiga unchalik yomg‘ir o‘tmagandi, avvaliga dasturxonni yerga yozmoqchi bo‘lishdi, maysalar ustiga.
Ammo Pirali bobo sadr Sharifni chekkaga olib chiqib:
— Bizku mayli… — dedi.
Ko‘zi bilan askarlarga imladi va “Bular ham mayli…”, dedi.
Keyin esa boshi bilan nemis plenlariga ishora qildi va:
— Shular qoldi faqat, bular aslida odam emas… Lekin odam bo‘lishmasa ham, bu ko‘ppak bolalari “kulturniy”lar. Nima bo‘lganda ham bizga dushman bular, yerga dasturxon to‘shasak stol-ptoli yo‘q ekan deyishmaydimi axir… O‘zi shusiz ham musulmon nomi yomonga chiqyapti so‘nggi paytlar…
Pirali boboning so‘zi sadr Sharifni ham o‘ylantirdi, dasturxonni yerga emas stolga ustiga to‘shashdi.
To‘rda sadr Sharif o‘tirdi, asklarlarimizdan unvoni kattasi o‘tirdi, so‘ngra birin-ketin qolgan askarlarimiz o‘tirishdi. Adan esa nemis plenlariga nasib etdi. Nemis plenlari va askarlarimiz orasida mahalliy odamlardan, yanayam to‘g‘rirog‘i, kolxozning faollaridan besh-olti nafari ham joy olishdi, Pirali bobo va Mikayl ham o‘sha besh-olti nafarning orasida edi. Dasturxonni juda did bilan bezashgandi, idish-tovoq, qoshiq-sanchqi, xullas shunaqa narsalarning bari go‘zal qilib joylashtirilgandi.
Pirali bobo idish-tovoqlarning, qoshiq-sanchqilarning eng yaxshisini, eng qimmatini nemis plenlari oldiga qo‘ydirdi Chunki bizning askarlar o‘zimizning odamlar… Biroq nemis plenlari “musulmon kalxozchisi” emas, sahrodanam kelishmagan, hamma narsasi bor… Agar ko‘rib qolishsa, ko‘zlari qosasidan chiqib ketardi.
Haqiqatdan, idish-tovoqning, qoshiq-sanchqining yaxshisini ularning oldiga qo‘yishdi, biroq qovurdoqning go‘shtlisini ham ularning oldiga qo‘yishga hech kimning qo‘li bormadi.
Bu qovurdoqni na go‘shtli deb bo‘lardi, na go‘shtsiz. Iligidan suyagi ko‘p.
Hamma miriqib tanovvul qilar, bitgina Mikaylnikini qovurdoq emasdi, u xuddi xadsiz azobu og‘riq edi. Qachondir dunyoning go‘zal kunlarida, ya’ni u zamonlar urush yo‘q edi, Mikaylning rafiqasi bor edi, u qovurdoq pishirar, chuqur tovoqchaga solib erining oldiga qo‘yardi. Mikayl bir patirning o‘zini kosadagi qovurdoqning sho‘rvasiga to‘g‘rab solar, qoshiqi bilan boshqa kosadagi kartoshkani, no‘xotni ezar, lazzatlanib paqqos tushirardi.
Endi dasturxonga o‘tirilganda Mikayl qo‘lini nonga uzatdi, bitta patirni olib o‘sha vaqtlardagi lazzatni his qilmoqchi bo‘ldi. Buni ko‘rgan Pirali bobo tirsagi bilan uni turtdi, ko‘zini olaytirdi va dedi: “Ochko‘z bo‘lma, har holda do‘st bor, dushman bor…”
Mikayl olgan nonidan bir bo‘lak yuldi, qolganini stol ustiga, joyiga qaytardi. Bir tishlam patirdan yeb, bir qoshiq qovurdoq sho‘rvasidan ichdi. Shunday qilib Mikayl bir bo‘lak patirini yeb tugatdi, biroq Pirali bobodan qo‘rqqani uchun yana qo‘l uzatib patirdan olishga yuragi betlamadi, qovurdoq sho‘rvasini to‘g‘ri icha boshladi… Bir qoshiq, ikki qoshiq…
Qovurdoqning sho‘rvasi juda yog‘li edi, Mikayl bilardiki, buning oxiri voy bo‘lishi aniq.
Biroq yana bir jihati borki, Mikaylni bu zulumlar yerga uradi, chunki Pirali bobo unga fikr-zot berib o‘tirmasdi, tushlik boshlanganidan beri nemis plenlaridan ko‘z uzmasdi.
Aslida u bechoralar ham bir ajoyib ishga bosh qo‘shishgandi, jim o‘tirishar, ishtaha bilan qovurdoqni yeyishardi.
Biroq shu joyi g‘alati ediki, nemis plenlari qovurdoqni xuddi musulmon kabi tanovvul qilishardi. Barchasi qovurdoq sho‘rvasiga patir to‘g‘ragan, qoshiqlab kartoshkalarni ezishardi. Suyak kemirayotganlari ham bor edi orasida, ilik qoqayotganlari ham.
Pirali bobo hayron boqar va o‘ylardiki, ey dodi-bedod, agar bular qovurdoq yeyishi bilan musulmonlarnikida farq yo‘q bo‘lsa, nega bu ko‘ppak bolalari dunyoning yarmini qon yig‘latishdi?!
Pirali bobo qancha o‘ylanmasin, bu jumboqning tagiga yetolmadi. Bu mahal xo‘randalar kosa tagiga yetishdi. So‘ngra o‘rnidan turib, ketishga otlanishdi.
Odamlar yig‘ilib ularni kuzatar, mashina ortidan jim boqishardi. Pirali bobo ham ularning orasida va hali hamon xayol qilardi: “Yo Tangri, haqiqatdan ham o‘sha nemis deganlari shularmi?!”
Odamlar juda g‘amgin tortishgan, ayollarning ko‘ngli to‘lib turardi. Bu qishloqda urushda yaqinini yo‘qotmagan odamning o‘zi yo‘q edi, odamlarning yarasi tez-tez qonar. Urush-da, deyishar, urushda o‘lim bo‘ladi deb o‘zini ovutishardi. Kimdir nemislardan so‘z ochsa, tamom, odamlar qo‘rquvga tushardi. Ammo bu nemislarni ko‘rgandan keyin to‘satdan urushning bo‘lishi ham, odamlarning o‘lishi ham juda adolatsiz ko‘rindi… Yo Tangri, haqiqatdan o‘sha nemis deganlari shularmi?!
Barcha sassiz-samarasiz uy-uyga tarqalishdi.
Ayollar yig‘lashga ketishdi.
Yuk mashinasi esa juda olislab ketgandi. Biroq Pirali bobo hali hamon yo‘l qarab turardi.
So‘ng birdan Mikaylga o‘girildi, g‘amgin jilmayib:
— Ko‘rdingmi?! — dedi.
Mikayl tasdiqlab bosh chayqadi.
Pirali bobo to‘satdan qichqirib:
— E, o‘l, — dedi, — bular nemis plenlari emasdilar!
Mikayl qo‘rqib ko‘zlarini pirpiratdi:
— Nemis bo‘lishmasa, unda kim edi ular?
Pirali bobo gapirmadi. Xuddi o‘zing anglab yet deganday ma’noli ko‘zlarini unga qadadi. Ikkalasi ham biroz jim turishdi.
So‘ngra Mikayl hammasini anglab yetdi…

1971 yil.

Ozarboyjonchadan Rahmat Bobojon tarjimasi


Рамиз Равшан. Ёмғирли куннинг шомида… (ҳикоя)

Ёмғирли куннинг шомида қишлоқ ўртасига бир юк машинаси келиб тўхтади.
Ундан ҳайдовчи тушди.
Изидан аскарларимиз тушди, қолганларни ҳам тушурдилар.
Улар бу қишлоқ бағридан поезд йўли ўтказиш илинжида ташриф буюришганди.
Неча кунлардан буён қишлоққа немис пленларини келтириб ишлатиши ҳақида хабар тарқалганди ва шундан бери одамларнинг тушига ажойиб нарсалар кирарди.

Бироқ юк машинасидан туширилган немис пленларини кўрганда Микайл оғзини тўлдириб туфлади:
— Эҳ, аблаҳлар, одамми шуларам… — деди. — Шуларам ўзини нормалний одам ҳисоблаб юрибдида…
Бу немис пленларини албатта ажойиб инсон дейиш мумкиндир, лекин “нормалний” эмас, уларнинг жинояти ҳам шунда аслида. Бироздан сўнг Микайлнинг кўзи “нормалний” одамлар ичида бир ажойибини топди, бу ажойиб немиснинг соқоли бору мўйлови йўқ эди.
Иброҳим ўша мўйловсиз одамни кўрган заҳоти қаҳқаҳа отиб кулди. Иброҳимнинг онаси эса урушда ўлган эрининг қора, қалин мўйлови эсига тушиб хўнграй бошлади.
Аксига олиб шу маҳалда ёмғир ёғди, одамлар қарашса онаси йиғлаяпти, Иброҳим куляпти. Иброҳимнинг онаси ҳам унинг кулаётганини кўрди, ғазаб отига минди, Иброҳимнинг юз-қулоғи аралаш шапалоқ туширди ва йиғлаб-йиғлаб ўрнидан турди, сўнгра дарғазаб бўлиб мўйловсиз немиснинг устига борди, бир қўли билан соқолидан, бириси билан эса ёқасидан ушлаб, судради, пешонасини ерга қариштирди, муштлай-муштлай, тепа-тепа йиғлади.
Немис деганнинг жони қаттиқ эмасми, дод-фарёдам қилмади, кўзёш ҳам тўкмади. Астағфируллоҳ!.. Бу ишга гувоҳлар ёқа ушлашди.
Агар Микайл бўлмаса, эҳтимол бечоранинг умри-куни битарди.
Микайл бориб зўрлик билан Иброҳимнинг онасини чеккага чиқармоқчи бўлди, роса урунди, барибир уддалай олмади, она эса баттар йиғлашга тушди. Бир маҳал бошқа хотинлар ҳам қўшилишди Иброҳимнинг онасига, йиғлай бошлашди.
Садр Шариф аёлларга йиғламасликни буюрди.
Аввалига “Душман олдида йиғламанглар”, дейишни истади, бироқ бирдан кўзи мўйлвосиз немисга тушди, у сал нарироқда лойга ботганча тиззалаб ўтирар ва Иброҳимнинг онасига қўрқиб боқарди. Садр Шариф “Бу қанақасига душман бўлсин, тиззасигача лойга ботиб, жим ўтирган бўлса…”, деб ўйлади. Сўнгра аёлларга “Душман олдида йиғламанглар”, демади, деёлмади…
Унинг сўзидан кейин аёллар йиғлашдан тўхташди. Йиғлашмайди деганида эҳтимол яна йиғлашарди. Бироқ улар йиғламаган аёлларнинг орқасига ўтиб, шу ерда сас-садо чиқаришмади.
Улар жим қолиши билан мўйловсиз немис ўйладики, бу лойда кўп туриб бўлмайди, тиззалари зирқираб кетяпти, кейин ўгирилиб умид билан садр Шарифга юзланди. Садр Шариф уни тушунди ва ўрнидан туришга ижозат берди. Мўйловсиз немис кўзини аёллардан узмай секин-аста ўрнидан турди, тураётиб қўли билан тиззаларга теккан лойни қоқмоқчи бўлди, бироқ бирдан қўллари ҳавода қолиб кетди.
Чунки аёлларнинг кўзида шундай нарсани кўрдики, агар у тиззасига теккан лойни қоқса, бу аёллар уни парча-парча қилиб ташлашади, ҳеч ким уни аёлларнинг чангалидан қутқара олмайди. Шу туфайли фикридан қайтди…
Пирали бобо аёллар орасида турар, воқеаларни жим кузатарди. Мўйловсиз тамомила ўрнидан тургунича томоша қилди, сўнгра бошқа тарафда турган немис пленларига қаради. Бечоралар ёмғир остида қолиб кетган жўжалардай жунжикишар, аёлларнинг бу ишидан қўрқа-қўрқа ҳамроҳига қараб туришарди.
Пирали бобо юриб келиб аскарларнинг ёнида турди, сўнгра:
— Эй бола, немис-немис дейишарди, шулар эканда-а немис дегани? — деди.
Аскарларнинг каттаси:
— Ҳа, шулар, — деди.
— Майли, унда буларнинг қурол-яроғи қани?
Аскар ўйладики, Пирали бобо ҳазил қиляпти, бирдан кулиб юборди.
Пирали бобо кулмади, чунки у ҳазил қилмаётганди, кулган аскарни ҳам бошқача тушунди, орқага айланди ва оломонга юз тутиб:
— Эй одамлар, — деди. — Кўпам қараб кўзингизни оғритманг. Бу немислар биз билган немислардан эмас экан. Ўша немисларни шундай қиришганки, ҳатто уруғликка ҳам қолмаган бирортаси!..
Пирали бобо шунадй дейиши билан Микайл ахтарганини топди, севинганча:
— Эй одамлар, — деди, — мен нима дегандим, ана?!
Микайл нима деганидан ҳеч кимнинг хабари йўқ эди, ғалати туюлиши мумкину ҳатто ўзининг ҳам, бу немисларнинг ўша немислардан эмаслиги кўрган заҳоти англаган эди.
Шундан кейин ҳақиқатдан бу немисларнинг ўша немислардан эмаслиги маълум бўлди, аёллар яна кўзёш қила бошлашди. Чунки аёлларнинг бу немисларга раҳми келди, бу немисларни ҳам бу балоларга солган ўша немислар эканини ўйлашди.
Садр Шариф қараса чигаллик юзага келаётир, агар шундай давом этадиган бўлса маҳаллий одамлар бу немисларга қариндош ҳам бўлиб чиқишади. У одамларга юзланиб:
— Эй одамлар, — деди, — менга қулоқ солинг! Бу немислар ўша немислардан бўлишмаса ҳам барибир немислар ҳамда ўша немисларнинг авлодидирлар. Бу немислар ўша пайтгача ўша немислардан эдилар, ўша немисларни бу немисларнинг кунига солишмаган…
Садр Шариф жуда кўп ваз ўқиди, ҳаттоки ўзи ҳам адашиб кетди. Бу немислар ўша немисларданми ё ўша немислардан эмасми, ҳеч ким тушунолмади. Бироқ бу немислар ким бўлишидан қатъий назар оддий одам ва камига жуда оч эдилар. Уларнинг очлигини одамлар шунда билишди, яъни болалар оч эдилар, улар ўша жанжал пайтида одамлар орасидан ажраб уйга югуришди, бироздан сўнг қўлларида битта-битта блинчик билан қайтиб келишди ва уни паққос тушираётган болакайларни кўриб немис пленлари ютина бошлашди.
Садр Шариф одамлардан бирига:
— Иккита аёлни олиб уйга бор, — деди. — Икки қозон қовурдоқ қайнатишсин. Аскарлар узоқ йўл босишган, қоринлари очиққан… Ўзинг кўриб турибсан, яхши аҳволда эмаслар.
Одам жойидан қўзғолмади.
Садр Шариф:
— Эшитмадингми, нима дедим? — дея сўради.
Одам эса юзини бужмайтириб:
— Эшитишга эшитдим, ўз аскарларимизга ҳам қовурдоқ пиширдик… Бу немис болаларига нима пиширтирай? Буларга ҳам қовурдоқми?
Садр Шариф ғазабланди:
— Мусулмонмисан, нега гапга тушунмайсан? Нима десам шуни бажар! Бор, икки қозон қовурдоқ ҳозирлашсин.
Одам кетди.
Ҳа, қовурдоқ ҳозирланди, идоранинг ҳовлисига дастурхон ёйилди.
Идоранинг ҳовлисига унчалик ёмғир ўтмаганди, аввалига дастурхонни ерга ёзмоқчи бўлишди, майсалар устига.
Аммо Пирали бобо садр Шарифни чеккага олиб чиқиб:
— Бизку майли… — деди.
Кўзи билан аскарларга имлади ва “Булар ҳам майли…”, деди.
Кейин эса боши билан немис пленларига ишора қилди ва:
— Шулар қолди фақат, булар аслида одам эмас… Лекин одам бўлишмаса ҳам, бу кўппак болалари “културний”лар. Нима бўлганда ҳам бизга душман булар, ерга дастурхон тўшасак стол-птоли йўқ экан дейишмайдими ахир… Ўзи шусиз ҳам мусулмон номи ёмонга чиқяпти сўнгги пайтлар…
Пирали бобонинг сўзи садр Шарифни ҳам ўйлантирди, дастурхонни ерга эмас столга устига тўшашди.
Тўрда садр Шариф ўтирди, аскларларимиздан унвони каттаси ўтирди, сўнгра бирин-кетин қолган аскарларимиз ўтиришди. Адан эса немис пленларига насиб этди. Немис пленлари ва аскарларимиз орасида маҳаллий одамлардан, янаям тўғрироғи, колхознинг фаолларидан беш-олти нафари ҳам жой олишди, Пирали бобо ва Микайл ҳам ўша беш-олти нафарнинг орасида эди. Дастурхонни жуда дид билан безашганди, идиш-товоқ, қошиқ-санчқи, хуллас шунақа нарсаларнинг бари гўзал қилиб жойлаштирилганди.
Пирали бобо идиш-товоқларнинг, қошиқ-санчқиларнинг энг яхшисини, энг қимматини немис пленлари олдига қўйдирди Чунки бизнинг аскарлар ўзимизнинг одамлар… Бироқ немис пленлари “мусулмон калхозчиси” эмас, саҳроданам келишмаган, ҳамма нарсаси бор… Агар кўриб қолишса, кўзлари қосасидан чиқиб кетарди.
Ҳақиқатдан, идиш-товоқнинг, қошиқ-санчқининг яхшисини уларнинг олдига қўйишди, бироқ қовурдоқнинг гўштлисини ҳам уларнинг олдига қўйишга ҳеч кимнинг қўли бормади.
Бу қовурдоқни на гўштли деб бўларди, на гўштсиз. Илигидан суяги кўп.
Ҳамма мириқиб тановвул қилар, битгина Микайлникини қовурдоқ эмасди, у худди хадсиз азобу оғриқ эди. Қачондир дунёнинг гўзал кунларида, яъни у замонлар уруш йўқ эди, Микайлнинг рафиқаси бор эди, у қовурдоқ пиширар, чуқур товоқчага солиб эрининг олдига қўярди. Микайл бир патирнинг ўзини косадаги қовурдоқнинг шўрвасига тўғраб солар, қошиқи билан бошқа косадаги картошкани, нўхотни эзар, лаззатланиб паққос туширарди.
Энди дастурхонга ўтирилганда Микайл қўлини нонга узатди, битта патирни олиб ўша вақтлардаги лаззатни ҳис қилмоқчи бўлди. Буни кўрган Пирали бобо тирсаги билан уни туртди, кўзини олайтирди ва деди: “Очкўз бўлма, ҳар ҳолда дўст бор, душман бор…”
Микайл олган нонидан бир бўлак юлди, қолганини стол устига, жойига қайтарди. Бир тишлам патирдан еб, бир қошиқ қовурдоқ шўрвасидан ичди. Шундай қилиб Микайл бир бўлак патирини еб тугатди, бироқ Пирали бободан қўрққани учун яна қўл узатиб патирдан олишга юраги бетламади, қовурдоқ шўрвасини тўғри ича бошлади… Бир қошиқ, икки қошиқ…
Қовурдоқнинг шўрваси жуда ёғли эди, Микайл билардики, бунинг охири вой бўлиши аниқ.
Бироқ яна бир жиҳати борки, Микайлни бу зулумлар ерга уради, чунки Пирали бобо унга фикр-зот бериб ўтирмасди, тушлик бошланганидан бери немис пленларидан кўз узмасди.
Аслида у бечоралар ҳам бир ажойиб ишга бош қўшишганди, жим ўтиришар, иштаҳа билан қовурдоқни ейишарди.
Бироқ шу жойи ғалати эдики, немис пленлари қовурдоқни худди мусулмон каби тановвул қилишарди. Барчаси қовурдоқ шўрвасига патир тўғраган, қошиқлаб картошкаларни эзишарди. Суяк кемираётганлари ҳам бор эди орасида, илик қоқаётганлари ҳам.
Пирали бобо ҳайрон боқар ва ўйлардики, эй доди-бедод, агар булар қовурдоқ ейиши билан мусулмонларникида фарқ йўқ бўлса, нега бу кўппак болалари дунёнинг ярмини қон йиғлатишди?!
Пирали бобо қанча ўйланмасин, бу жумбоқнинг тагига етолмади. Бу маҳал хўрандалар коса тагига етишди. Сўнгра ўрнидан туриб, кетишга отланишди.
Одамлар йиғилиб уларни кузатар, машина ортидан жим боқишарди. Пирали бобо ҳам уларнинг орасида ва ҳали ҳамон хаёл қиларди: “Ё Тангри, ҳақиқатдан ҳам ўша немис деганлари шуларми?!”
Одамлар жуда ғамгин тортишган, аёлларнинг кўнгли тўлиб турарди. Бу қишлоқда урушда яқинини йўқотмаган одамнинг ўзи йўқ эди, одамларнинг яраси тез-тез қонар. Уруш-да, дейишар, урушда ўлим бўлади деб ўзини овутишарди. Кимдир немислардан сўз очса, тамом, одамлар қўрқувга тушарди. Аммо бу немисларни кўргандан кейин тўсатдан урушнинг бўлиши ҳам, одамларнинг ўлиши ҳам жуда адолатсиз кўринди… Ё Тангри, ҳақиқатдан ўша немис деганлари шуларми?!
Барча сассиз-самарасиз уй-уйга тарқалишди.
Аёллар йиғлашга кетишди.
Юк машинаси эса жуда олислаб кетганди. Бироқ Пирали бобо ҳали ҳамон йўл қараб турарди.
Сўнг бирдан Микайлга ўгирилди, ғамгин жилмайиб:
— Кўрдингми?! — деди.
Микайл тасдиқлаб бош чайқади.
Пирали бобо тўсатдан қичқириб:
— Э, ўл, — деди, — булар немис пленлари эмасдилар!
Микайл қўрқиб кўзларини пирпиратди:
— Немис бўлишмаса, унда ким эди улар?
Пирали бобо гапирмади. Худди ўзинг англаб ет дегандай маъноли кўзларини унга қадади. Иккаласи ҳам бироз жим туришди.
Сўнгра Микайл ҳаммасини англаб етди…

1971 йил.

Озарбойжончадан Раҳмат Бобожон таржимаси