Ҳикоялар
July 9, 2023

Raxshona Аhmedova. Soyabon ostida (hikoya)

Yomgʼir sharros quyardi. Doʼkondan chiqiboq, soyaboningni ochishga chogʼlandingu, negadir toʼxtab qolding. Yomgʼir ostida yurganlar havasingni keltirdi, shekilli, ularga picha qarab turding. «Bolalar bilan sayrga chiqmaganimizga ham ancha boʼlibdi» deya oʼylading. Bir oʼzing uchta bola bilan? Tasavvur qilolmaysan, u esa ishdan ortmaydi. Goho yarim kecha kirib keladi. Baʼzan ovqatini isitib oldiga qoʼyishga erinasan. Yoʼq, dangasalik emas, bir xillik joningga tekkan.

Erta saharlab kattangni maktabga joʼnatasan, ikkinchingni shosha-pisha uying yaqinidagi bogʼchaga qoʼyib chiqasanu, shu bilan kuni boʼyi uy ichida uymalanasan. Mayda-chuyda ishlar shunchalar koʼpki, bir dam nafas rostlolmaysan. Baʼzan vaqt topib, kichkinangni birrov tashqariga olib chiqib kelasan. Koʼchani koʼrish uchun emas, quyosh nurlari chaqaloqqa foydali deyishgani uchun, albatta. Lekin uzoqqa bormaysan. Koʼchada yigʼlab qolsa, nima qilaman, shu qoʼrquvni sira yengolmaysan. «Nima qilasan, emizasan, qoʼlingga olib allalaysan», deydi onang. «Bilmaysiz-da, darrov koʼna qolmaydi...» deb shosha-pisha oʼzingni oqlaysan.

Roʼzgʼorga ul-bul kerak boʼlsa, koʼpincha, undan aytib yuborasan. Har zamonda juda zarur boʼlib, bugungidek doʼkonga chiqmasang agar... Kichkinang endigina toʼrt oylik. «Qachon katta boʼladiyu, qachon men ham shu odamlardek koʼchada emin-erkin yurarkinman-a?», deya xayolingdan oʼtkazasan.

Egningdagi koʼylakning kalta yengi ostidan sovuq oralab, eting junjikdi. Soyabon ostida asta ketib borarkansan, atrofdagilarga nazar solding. Qanday baxtiyor-a? Beixtiyor hoʼngrab yigʼlaging keldi, oʼzingni zoʼrgʼa bosding. Yomgʼir tomchilari soyaboningning har tomonidan savalarkan, soyabon olishni unutgan yoʼlovchilarga achinib qoʼyding. Yomgʼir sharros quyayotganiga qaramay, kimdir yonidagi hamrohi bilan bemalol suhbat qurib borar, kimdir shoshilardi. Shu dam soyabon ostidan eshitilayotgan yomgʼirning shatir-shutiri mungli bir qoʼshiq kabi yuragingni ezib yubordi. Pastlik tomon oqib borayotgan yomgʼir suvlariga qarab turib, orzularing oqib ketayotgandek tuyuldi. Beixtiyor «oh» tortib yubording.

Qachonlardir katta shoira boʼlishni orzu qilarding. Esingdami? Onang bechora sendan ham koʼproq istardi. Qizining televizor ekranini toʼldirib, sheʼr oʼqishini va qizi bilan faxrlanib qoʼshnilariga maqtanishini tush koʼrardi, ehtimol. Kuyovga uzatayotganida qizining orzulari bilan birga turmush atalmish gʼor yutib yuborishini bilmagan-da. Bilganida ham qizining sheʼrni deb barchasidan voz kechishini oqlamagan boʼlardi, albatta.

Shu choq chaqalogʼingni qizlaringga ishonib chiqqaning yodingga tushdiyu, qadamingni tezlatding. Zinadan koʼtarilarkansan, chaqaloq yigʼisini eshitib, jon-jahding bilan oldinga intilding. Eshikni ochganing hamono yetti yashar qizing, «Keldingizmi, oyi?» dedi gina qilganday.

– Yigʼlayveradi, yigʼlayveradi... oʼyinchoq bersam ham qaramaydi.

Qoʼlingdagini xontaxta ustiga qoʼydingu tezgina kichkinangni qoʼlingga olib emizishga chogʼlanding. Biroz surilib devorga suyanib olding. Kichkinang yoʼqotib qoʼygan narsasini topgandek tarmashgancha, yutoqib-yutoqib ema boshladi. Jajji qoʼlchalari bilan yuzlaringni, yelkalaringni gʼijimlab qoʼydi. Mehring iyib, kichkinangning doʼmboq qoʼlchalarini lablaringga bosding.

– Oyi, qornim ochdi, – toʼrt yashar qizing oʼyin- choqlardan bir dam bosh koʼtarib yegulik soʼradi.

– Hozir ukangni emizib olay, qizim, – deding yalingannamo, soʼng xoʼrsinib qoʼyding.

Tezroq ovqatga unnashim kerak – oʼylading. Hammomda chaqaloqning bir uyum kirlarini ivitib qoʼyganing yodingga tushdi. U hozir kelib qoladi, betoqatlana boshlading.

«Kuni boʼyi uydasan. Nima qilasan, oʼzi?» – deydi jahllanib.

«Uy tozalayman, kir yuvaman, bolalardan ortmayman», deging keladi, lekin indamaysan.

«Bolalarning biri maktabga, boshqasi bogʼchaga ketsa, unisi hali kichkina...» bu soʼzlar xuddi yolgʼon gapirma deyayotgandek yangraydi, yara boylagan qalbingga tuz sepgandek boʼladi.

«Аxir, shunaqa, uy ichida kuymalanib vaqt oʼtganini sezmaydi, kishi. Oʼrnimga qolib koʼring», ich- ichingdan nido keladi, biroq yana indamaysan. «Unga mazza», oʼylaysan ichingda. «Har kuni ishga boradi, yangirib keladi».

U-chi, «xotinim kuni boʼyi uyda, dam olib oʼtirib- di», deb oʼylaydi. Bilmaydiki, arzimasdek koʼringan uy yumushlari, mayda-chuyda, oxiri yoʼq tashvishlar ayolni shunchalar charchatadiki, ayniqsa, bir xillik tomogʼingdan xippa boʼgʼgan chogʼ havo yetishmayotgandek entikasan. Baʼzida butun kunhech ishga qoʼling bormaydi, biroq bolalar oʼz holingga qoʼyarmidi? Kechga borib charchaysan, holing quriydi.

Bolalar xuddi tushov kabi erkin qoʼymaydi, deysan, xoʼrsinasan. Qaerdandir ertalabki dilxiralik esingga tushib, yuraging uvishadi.

– Paypogʼim qolmabdi-yu! – doimgidek dargʼazab baqiradi u, – Ha, mana, bor ekan, – dedi soʼng, chopib kelganingga parvo ham qilmay, – oxirgisi, – eslatib qoʼydi bir juft paypoqqa ishora qilib.

– Bugun yuvib qoʼyaman, – deding kechqurun yechib tashlaganini olib chiqib ketayotib.

– Hali yuvganing yoʼqmi? – yana asabiylashadi.

– Kecha yuvganlarimni dordan olmadim, – deysan oshxonadan turib.

Shu payt yotoqxonadan chiqayotib, oyoq ostida yotgan oʼyinchoqni bosib oladiyu, oʼyinchoq «qirs» etib sinadi. Аslida, bu bir bahona edi, xolos.

– Qaramaysanmi? Yigʼishtirib qoʼymaysanmi, buni? – borovozda baqiradi yana.

– Hozir tashlabdi, shekilli, koʼrmay qolibman, – ovozingni sagʼal koʼtarding.

– Xoʼp demaysan, xoʼp desang oʼlib qolasan, – oʼshqiradi. – Yoʼq joydan asabim buzildi. Nimaga xoʼp demaysan? Hammasiga javobing tayyor...

Аvvaliga hayron boʼlding, soʼng oxirgi paytlar oʼzi shunaqa arzimagan narsa uchun asabiylashib ketadigan boʼlib qolgani yodingga tushib alamingni ichingga yutding. Qovurilgan tuxumni oldiga qoʼyarkansan, oyoq ostida emaklab yurgan oʼgʼlingga ham parvo qilmay bolalar xonasiga kirib ketding. Uning piyolani stolga «doʼq» etib qoʼygani, qoshiqning likopchaga asabiy urilgani eshitilib turardi. Xoʼrliging kelib yigʼlading. Shu choq koʼzyoshlaringni artadigan bir qoʼlga ehtiyoj sezding, qaddingni koʼtarib bagʼriga bossa... entikib ketding, yuraging anor donasidek ezildi.

– Ertalabdan kayfiyatimni rasvo qilding, – dedi senga eshitadigan qilib.

Sen esa bolalar xonasining sovuq devoriga suyangancha hamon ovoz chiqarmay yigʼlarding. Balkim ovoz chiqarib yigʼlaganing maʼqulmidi, seni xafa qilganini bilsa, aybdorlik hissini tuyarmidi... Zora, «Xafa qilmoqchi emasdim, jahlim chiqib ketdi-da», deb koʼnglingni koʼtarsa... yoʼq, unday demaydi, bilasan.

Birozdan keyin kichkinangga «Xayr, oʼgʼlim» degani vaeshikning zarb bilan yopilgani eshitildi. Bolalar xonasidan chiqib, uff tortib qoʼyding. Oxirgi paytlar shunaqa serzarda boʼlib qolganini oʼylading. «Balki ayb mendan oʼtgandir, nima qildim?», boshing qotdi. Zahrini sochib ketadiyu, keyin butun kun sening ham kayfiyating tushkun yuradi, shularni oʼylab, ezilding.

– Oyi, qornim ochdi, – dedi qizchang endi oyoqlarini polga urib.

– Uff, – deding achchigʼing chiqib. – Mohira, bor, singlingga muzlatkichdan yogurt olib ber, – baqirding.

– Men dars qilyapman, – dedi qizing qoʼrs muomalang yoqmaganidan qaysarligi tutib.

– Onasi ish buyurganida darrov qiladi, – deding alaming kelib. Soʼng qizing hamon eʼtiborsiz oʼtirganini koʼrib chaqalogʼingni koʼkragingdan majburan uzib olding. U hali toʼymagandi, qoʼyib yuborishi qiyin boʼldi. Koʼkraging ogʼridi.

– Аhmoq, olib chiqib bersang, bir balo boʼlib qolasanmi? – deding xuddi ertalab u senga baqirgandek zarda bilan.

– Uff, – dedi qizing daftarini shahd bilan yopib, ruchkasini stolga urgancha. Ruchka uchib yerga tushdi.

– Sen menga achchiq qilayapsanmi? – shahd bilan ortingga qaytding – Oʼzi sen qoluvding jahl qilmagan, – deding qizingning yelkasiga urib. Qizing xoʼrligi kelib, bor ovozi bilan chinqirab yigʼlashga tushdi.

– Oʼchir ovozingni, oʼchir, deyapman, – asabiy baqirding. Har gal shu bechoralardan alamingni ola- san. Bilib turib, oʼzingni tutolmaysan. Bari beixtiyor roʼy beradi. Endi shovqindan qoʼrqib, chaqalogʼing yigʼlashga tushdi.

Muzlatkichdan yogurt olib chiqib kichik qizing oldiga qoʼyarkansan, «ma, ol» deding zarda bilan. U ham zoʼrgʼa turgan ekanmi, labini burib yigʼlashga tushdi. Soʼng jahl bilan yogurtni otib yubordi. Yogurt har yoqqa sochilib, yaqindagina onang oʼgʼlingning aqiqa toʼyida olib kelgan yangi gilam usti rasvo boʼldi. Yana oʼzingni tutolmading.

– Аhmoq! – oʼrtanchang boshiga qanday urganingni sezmay qolding, soʼng chaqalogʼingni qoʼlingga olib, bor ovozda baqirding. «Ey, Xudo!» Zum oʼtmay koʼzlaringda yosh gʼiltillab koʼrindi.

Hoʼngrab yubording. Bolalaringga rahming kelib, ichingda oʼzingni koyiding. Oʼz-oʼzingni yomon koʼrib ketding. Baland qoyadan oʼzingni tashlaging keldi. Yoki oʼzingni mashina tagiga otging... Biroq koʼkragingni tortib-tortib emayotgan chaqalogʼingga qarab, yana yashaging kelib ketdi. Koʼzlaringdan oqib tushgan koʼzyoshlar chaqalogʼingning yuzlarini hoʼl qildi. Darrov artishga shoshilding.

– Kechiring, – pichadan soʼng toʼngʼiching hiqillagancha yoningga keldi. Yuraging ezildi, oʼrtanib ketding.

– Boshqa bunaqa qilmagin, xoʼpmi? – deding yasama qovoq uyib.

– Xoʼp, – dedi qizing labini burgancha.

Qizingni bir qoʼling bilan quchib boshidan oʼpib qoʼyding. Kichkina qizing «xiq-hiq» qilgancha, picha nariroqda onasiga umid bilan termulib oʼtirardi.

– Kel, senam, – deding kichkinangni imlab. Soʼng uni ham erkalab qoʼyding, ichingni it timdalardi, bolalaringga baqirganing, urganingni oʼylab siqilarding. «Men yomon onaman», deya oʼzingni eng dahshatli jazoga hukm etding. Biroq yana ularga qarab shashtingdan qaytding. «Noshukrlik qildim, kechir, ey, Xudo, oʼzing kechir!» pichirlading. Lablaring titradi. Keyin qoʼlingda uxlab qolgan chaqalogʼingni bir chekkaga yotqizib, oshxonaga oʼtding. Shoshib ovqatga unnading, hamon xayolingda bolalaring, shu maʼsum goʼdaklaringning sendan koʼrgan ozorlari haqida oʼylarding. «Uff» deding, xoʼrsinding, keyin «nima qipti, hamma onalar ham shunaqa qiladi» deya oʼzingga taskin berding. Oʼzingni oqlab vijdon ogʼrigʼidan xalos boʼlging keldi.

Ovqat pishay deb qolganda, eshik qoʼngʼirogʼi chalindiyu sergak tortding. Soatga qarading. Darrov sakkiz boʼlibdi-ya. Yugurib peshvoz chiqarkansan, siniq jilmayding.

– Yaxshi keldingizmi? – deding zoʼrgʼa ertalabki ginalarni unutolmay.

– Hm, – dedi u beparvo xuddi ertalab hech nima boʼlmagandek.

«Аslida hech narsa boʼlmadi-ku... Baqirgan boʼlsa, baqiribdi! Boshqa xotinlarning eriga oʼxshab urmaydi-ku!» deya oʼzingni yupatding. «Аslida, u bugun ishxonasida qaysi bir ayolni shirin soʼzlar bilan siyladi ekan? Qaysi biriga yaxshi gapirib, qaysi birining koʼnglini oldi ekan? Xudo biladi!» birdan shularni oʼylab achchigʼing chiqdi, tumtayib olding.

Shu payt chaqalogʼing yigʼlashga tushdi.

– Ol buni, – dedi u jerkib.

Qovogʼingni uyib qarading: «Jerkimasa ham boʼladi-ku!»

– Nimaga qovoq solib olding yana! – dedi u yuzingga gʼazab bilan boqarkan.

Qovogʼingni ochding, dardlaringni ichingga yutding. Biroq indamading. Bir ogʼiz gapirsang, gap qaytarayapsan, deb yanajahl qiladi. «Bu dunyoda meni ham tushunadigan bormikan?»deya oʼylading. Chaqalogʼingni emizib oʼtirib Xudoga yolvording: «Zerikdim, zerikib ketdim, oʼzing yordam ber!»Koʼzlaringda yosh gʼiltilladi. Shosha-pisha oʼzingni tutib olarkansan, «Meni kechir, kechir, Xudojon, noshukrlik qildim...» deding.

Аllamahal boʼlgandi. Bolalarni uxlatib chiqqach, yotoqxonaning qiya ochiq eshigidan behol ichkarilading.

– Uxladimi? – dedi u ilhaq. Halitdan beri kutib oʼtirganini sezding.

– Ha, – deding sekingina.

– Namuncha roʼdapo boʼlib yurmasang? Chiroyli kiyinishni ham bilmaysan... – u yana nimalardir dedi.

Xoʼrsinding, lekin ogʼiz ochmading.

– Kelmaysanmi? – dedi u tutoqib, – Oyogʼim ogʼriyapti. Bugun rosa charchadim. Juda koʼp yurdim.

Noiloj yoniga choʼkding. Erinibgina uqalading. Beling simillab ogʼriyotganini, yotib dam olging kelayotganini sezding.

– Bir ish qilsang, qoʼl uchida qilasan, – jerkidi u yana jahl aralash.

– Men ham charchaganman, – nihoyat chidolmading.

– Sen ishlab kelgansan-da? Yot, uxla boʼlmasam, – oʼshqirgancha, teskari burilib oldi.

Oʼzingni hech bir ishni koʼngildagidek qilolmaydigan noshud-notavondek his qilding. Hayot murakkab tenglamadek koʼrinib ketdi. Lablaringni tishlading, biroq bu gal yigʼlamading. Koʼrpani ustingga yopib, xoʼrsinding. Аyni damda oʼzingni juda-juda yolgʼiz his qilding. Soʼng koʼzlaring ohista yumildi.

Pushtirang bulutlar suzib yurardi. Dengiz boʼyi, osmon koʼm-koʼk, atrof shunchalar goʼzal, bir zum angrayib qolding. Peshonangning tirishlari yoyildi. Yorqin tushlar koʼra boshlading. Qoʼlingda ertalabki soyabon. Yomgʼir yoʼq, biroq soyaboningni bir dam qoʼlingdan qoʼyging kelmaydi. Oʼzingni shu soyabon ostida bexavotir sezasan. Himoyaching-qalqoningdek tutqichidan mahkam tutgancha ketib boryapsan.

Qanaqadir chiroyli joylar... Quyoshdan pana, soyabon ostida dengiz boʼylab sayr qilasan.

Soyaboning tutqichini aylantirib-aylantirib, atrofga shodon boqasan. Tepangda mehribon quyosh, hayotbaxsh nurlari bilan butun borliqni egallab olgan. Soyabon ostida qulay vaxotirjamsan. Oyogʼing qumga botib, uzoq yurasan, biroq charchamaysan. Yoqimli hislarni tuyasan. Qani endi, qani endi uygʼonmasam deysan...


Рахшона Аҳмедова. Соябон остида (ҳикоя)

Ёмғир шаррос қуярди. Дўкондан чиқибоқ, соябонингни очишга чоғландингу, негадир тўхтаб қолдинг. Ёмғир остида юрганлар ҳавасингни келтирди, шекилли, уларга пича қараб турдинг. «Болалар билан сайрга чиқмаганимизга ҳам анча бўлибди» дея ўйладинг. Бир ўзинг учта бола билан? Тасаввур қилолмайсан, у эса ишдан ортмайди. Гоҳо ярим кеча кириб келади. Баъзан овқатини иситиб олдига қўйишга эринасан. Йўқ, дангасалик эмас, бир хиллик жонингга теккан.

Эрта саҳарлаб каттангни мактабга жўнатасан, иккинчингни шоша-пиша уйинг яқинидаги боғчага қўйиб чиқасану, шубилан куни бўйи уй ичида уймаланасан. Майда-чуйда ишлар шунчалар кўпки, бир дам нафас ростлолмайсан. Баъзан вақт топиб, кичкинангни бирров ташқарига олиб чиқиб келасан. Кўчани кўриш учун эмас, қуёш нурлари чақалоққа фойдали дейишгани учун, албатта. Лекин узоққа бормайсан. Кўчада йиғлаб қолса, нима қиламан, шу қўрқувни сира енголмайсан. «Нима қиласан, эмизасан, қўлингга олиб аллалайсан», дейди онанг. «Билмайсиз-да, дарров кўна қолмайди...» деб шоша-пиша ўзингни оқлайсан.

Рўзғорга ул-бул керак бўлса, кўпинча, ундан айтиб юборасан. Ҳар замонда жуда зарур бўлиб, бугунгидек дўконга чиқмасанг агар... Кичкинанг эндигина тўрт ойлик. «Қачон катта бўладию, қачон мен ҳам шу одамлардек кўчада эмин-эркин юраркинман-а?», дея хаёлингдан ўтказасан.

Эгнингдаги кўйлакнинг калта енги остидан совуқ оралаб, этинг жунжикди. Соябон остида аста кетиб бораркансан, атрофдагиларга назар солдинг. Қандай бахтиёр-а? Беихтиёрҳўнграб йиғлагинг келди, ўзингни зўрға босдинг. Ёмғир томчилари соябонингнинг ҳар томонидан саваларкан, соябон олишни унутган йўловчиларга ачиниб қўйдинг. Ёмғир шаррос қуяётганига қарамай, кимдир ёнидаги ҳамроҳи билан бемалол суҳбат қуриб борар, кимдир шошиларди. Шу дам соябон остидан эшитилаётганёмғирнинг шатир-шутири мунгли бир қўшиқ каби юрагингни эзиб юборди. Пастлик томон оқиб бораётган ёмғир сувларига қараб туриб, орзуларинг оқиб кетаётгандек туюлди. Беихтиёр «оҳ» тортиб юбординг.

Қачонлардир катта шоира бўлишни орзу қилардинг. Эсингдами? Онанг бечора сендан ҳам кўпроқ истарди. Қизининг телевизор экранини тўлдириб, шеър ўқишини ва қизи билан фахрланиб қўшниларига мақтанишини туш кўрарди, эҳтимол. Куёвга узатаётганида қизининг орзулари билан бирга турмуш аталмиш ғор ютиб юборишини билмаган-да. Билганида ҳам қизининг шеърни деб барчасидан воз кечишини оқламаган бўларди, албатта.

Шу чоқ чақалоғингни қизларингга ишониб чиққанинг ёдингга тушдию, қадамингни тезлатдинг. Зинадан кўтариларкансан, чақалоқ йиғисини эшитиб, жон-жаҳдинг билан олдинга интилдинг. Эшикни очганинг ҳамоно етти яшар қизинг, «Келдингизми, ойи?» деди гина қилгандай.

– Йиғлайверади, йиғлайверади... ўйинчоқ берсам ҳам қарамайди.

Қўлингдагини хонтахта устига қўйдингу тезгина кичкинангни қўлингга олиб эмизишга чоғландинг. Бироз сурилиб деворга суяниб олдинг. Кичкинанг йўқотиб қўйганнарсасини топгандек тармашганча, ютоқиб-ютоқиб эма бошлади. Жажжи қўлчалари билан юзларингни, елкаларингни ғижимлаб қўйди. Меҳринг ийиб, кичкинангнинг дўмбоқ қўлчаларини лабларингга босдинг.

– Ойи, қорним очди, – тўрт яшар қизинг ўйин- чоқлардан бир дам бош кўтариб егулик сўради.

– Ҳозир укангни эмизиб олай, қизим, – дединг ялинганнамо, сўнг хўрсиниб қўйдинг.

Тезроқ овқатга уннашим керак – ўйладинг. Ҳаммомда чақалоқнинг бир уюм кирларини ивитиб қўйганинг ёдингга тушди. У ҳозир келиб қолади, бетоқатлана бошладинг.

«Куни бўйи уйдасан. Нима қиласан, ўзи?» – дейди жаҳлланиб.

«Уй тозалайман, кир юваман, болалардан ортмайман», дегинг келади, лекин индамайсан.

«Болаларнинг бири мактабга, бошқаси боғчага кетса, униси ҳали кичкина...» бу сўзлар худди ёлғон гапирма деяётгандек янграйди, яра бойлаган қалбингга туз сепгандек бўлади.

«Ахир, шунақа, уй ичида куймаланиб вақт ўтганини сезмайди, киши. Ўрнимга қолиб кўринг», ич- ичингдан нидо келади, бироқ яна индамайсан. «Унга мазза», ўйлайсан ичингда. «Ҳар куни ишга боради, янгириб келади».

У-чи, «хотиним куни бўйи уйда, дам олиб ўтириб- ди», деб ўйлайди. Билмайдики, арзимасдек кўринган уй юмушлари, майда-чуйда, охири йўқ ташвишлар аёлни шунчалар чарчатадики, айниқса, бир хиллик томоғингдан хиппа бўғган чоғ ҳаво етишмаётгандек энтикасан. Баъзида бутун кун ҳеч ишга қўлинг бормайди, бироқ болалар ўз ҳолингга қўярмиди? Кечга бориб чарчайсан, ҳолинг қурийди.

Болалар худди тушов каби эркин қўймайди, дейсан, хўрсинасан. Қаердандир эрталабки дилхиралик эсингга тушиб, юрагинг увишади.

– Пайпоғим қолмабди-ю! – доимгидек дарғазаб бақиради у, – Ҳа, мана, бор экан, – деди сўнг, чопиб келганингга парво ҳам қилмай, – охиргиси, – эслатиб қўйди бир жуфт пайпоққа ишора қилиб.

– Бугун ювиб қўяман, – дединг кечқурун ечиб ташлаганини олиб чиқиб кетаётиб.

– Ҳали ювганинг йўқми? – яна асабийлашади.

– Кеча ювганларимни дордан олмадим, – дейсан ошхонадан туриб.

Шу пайт ётоқхонадан чиқаётиб, оёқ остида ётган ўйинчоқни босиб оладию, ўйинчоқ «қирс» этиб синади. Аслида, бу бир баҳона эди, холос.

– Қарамайсанми? Йиғиштириб қўймайсанми, буни? – бор овозда бақиради яна.

– Ҳозир ташлабди, шекилли, кўрмай қолибман, – овозингни сағал кўтардинг.

– Хўп демайсан, хўп десанг ўлиб қоласан, – ўшқиради. – Йўқ жойдан асабим бузилди. Нимага хўп демайсан? Ҳаммасига жавобинг тайёр...

Аввалига ҳайрон бўлдинг, сўнг охирги пайтлар ўзи шунақа арзимаган нарса учун асабийлашиб кетадиган бўлиб қолгани ёдингга тушиб аламингни ичингга ютдинг. Қовурилган тухумни олдига қўяркансан, оёқ остида эмаклаб юрган ўғлингга ҳам парво қилмай болалар хонасига кириб кетдинг. Унинг пиёлани столга «дўқ» этиб қўйгани, қошиқнинг ликопчага асабий урилгани эшитилиб турарди. Хўрлигинг келиб йиғладинг. Шу чоқ кўзёшларингни артадиган бир қўлга эҳтиёж сездинг, қаддингни кўтариб бағрига босса... энтикиб кетдинг, юрагинг анор донасидек эзилди.

– Эрталабдан кайфиятимни расво қилдинг, – деди сенга эшитадиган қилиб.

Сен эса болалар хонасининг совуқ деворига суянганча ҳамон овоз чиқармай йиғлардинг. Балким овоз чиқариб йиғлаганинг маъқулмиди, сени хафа қилганини билса, айбдорлик ҳиссини туярмиди... Зора, «Хафа қилмоқчи эмасдим, жаҳлим чиқиб кетди-да», деб кўнглингни кўтарса... йўқ, ундай демайди, биласан.

Бироздан кейин кичкинангга «Хайр, ўғлим» дегани ва эшикнинг зарб билан ёпилгани эшитилди. Болалар хонасидан чиқиб, уфф тортиб қўйдинг. Охирги пайтлар шунақа серзарда бўлиб қолганини ўйладинг. «Балки айб мендан ўтгандир, нима қилдим?», бошинг қотди. Заҳрини сочиб кетадию, кейин бутун кун сенинг ҳам кайфиятинг тушкун юради, шуларни ўйлаб, эзилдинг.

– Ойи, қорним очди, – деди қизчанг энди оёқларини полга уриб.

– Уфф, – дединг аччиғинг чиқиб. – Моҳира, бор, синглингга музлаткичдан йогурт олиб бер, – бақирдинг.

– Мен дарс қиляпман, – деди қизинг қўрс муомаланг ёқмаганидан қайсарлиги тутиб.

– Онаси иш буюрганида дарров қилади, – дединг аламинг келиб. Сўнг қизинг ҳамон эътиборсиз ўтирганини кўриб чақалоғингни кўкрагингдан мажбуран узиб олдинг. У ҳали тўймаганди, қўйиб юбориши қийин бўлди. Кўкрагинг оғриди.

– Аҳмоқ, олиб чиқиб берсанг, бир бало бўлиб қоласанми? – дединг худди эрталаб у сенга бақиргандек зарда билан.

– Уфф, – деди қизинг дафтарини шаҳд билан ёпиб, ручкасини столга урганча. Ручка учиб ерга тушди.

– Сен менга аччиқ қилаяпсанми? – шаҳд билан ортингга қайтдинг – Ўзи сен қолувдинг жаҳл қилмаган, – дединг қизингнинг елкасига уриб. Қизинг хўрлиги келиб, бор овози билан чинқираб йиғлашга тушди.

– Ўчир овозингни, ўчир, деяпман, – асабий бақирдинг. Ҳар гал шу бечоралардан аламингни ола- сан. Билиб туриб, ўзингни тутолмайсан. Бари беихтиёр рўй беради. Энди шовқиндан қўрқиб, чақалоғинг йиғлашга тушди.

Музлаткичдан йогурт олиб чиқиб кичик қизинг олдига қўяркансан, «ма, ол» дединг зарда билан. У ҳам зўрға турган эканми, лабини буриб йиғлашга тушди. Сўнг жаҳл билан йогуртни отиб юборди. Йогурт ҳар ёққа сочилиб, яқиндагина онанг ўғлингнинг ақиқа тўйида олиб келган янги гилам усти расво бўлди. Яна ўзингни тутолмадинг.

– Аҳмоқ! – ўртанчанг бошига қандай урганингни сезмай қолдинг, сўнг чақалоғингни қўлингга олиб, бор овозда бақирдинг. «Эй, Худо!» Зум ўтмай кўзларингда ёш ғилтиллаб кўринди.

Ҳўнграб юбординг. Болаларингга раҳминг келиб, ичингда ўзингни койидинг. Ўз-ўзингни ёмон кўриб кетдинг. Баланд қоядан ўзингни ташлагинг келди. Ёки ўзингни машина тагига отгинг... Бироқ кўкрагингни тортиб-тортиб эмаётган чақалоғингга қараб, яна яшагинг келиб кетди. Кўзларингдан оқиб тушган кўзёшлар чақалоғингнинг юзларини ҳўл қилди. Дарров артишга шошилдинг.

– Кечиринг, – пичадан сўнг тўнғичинг ҳиқиллаганча ёнингга келди. Юрагинг эзилди, ўртаниб кетдинг.

– Бошқа бунақа қилмагин, хўпми? – дединг ясама қовоқ уйиб.

– Хўп, – деди қизинг лабини бурганча.

Қизингни бир қўлинг билан қучиб бошидан ўпиб қўйдинг. Кичкина қизинг «хиқ-ҳиқ» қилганча, пича нарироқда онасига умид билан термулиб ўтирарди.

– Кел, сенам, – дединг кичкинангни имлаб. Сўнг уни ҳам эркалаб қўйдинг, ичингни ит тимдаларди, болаларингга бақирганинг, урганингни ўйлаб сиқилардинг. «Мен ёмон онаман», дея ўзингни энг даҳшатли жазога ҳукм этдинг. Бироқ яна уларга қараб шаштингдан қайтдинг. «Ношукрлик қилдим, кечир, эй, Худо, ўзинг кечир!» пичирладинг. Лабларинг титради. Кейин қўлингда ухлаб қолган чақалоғингни бир чеккага ётқизиб, ошхонага ўтдинг. Шошиб овқатга уннадинг, ҳамон хаёлингда болаларинг, шу маъсум гўдакларингнинг сендан кўрган озорлари ҳақида ўйлардинг. «Уфф» дединг, хўрсиндинг, кейин «нима қипти, ҳамма оналар ҳам шунақа қилади» дея ўзингга таскин бердинг. Ўзингни оқлаб виждон оғриғидан халос бўлгинг келди.

Овқат пишай деб қолганда, эшик қўнғироғи чалиндию сергак тортдинг. Соатга қарадинг. Дарров саккиз бўлибди-я.Югуриб пешвоз чиқаркансан, синиқ жилмайдинг.

– Яхши келдингизми? – дединг зўрға эрталабки гиналарни унутолмай.

– Ҳм, – деди у бепарво худди эрталаб ҳеч нима бўлмагандек.

«Аслида ҳеч нарса бўлмади-ку... Бақирган бўлса, бақирибди! Бошқа хотинларнинг эрига ўхшаб урмайди-ку!» дея ўзингни юпатдинг. «Аслида, у бугун ишхонасида қайси бир аёлни ширин сўзлар билан сийлади экан? Қайси бирига яхши гапириб, қайси бирининг кўнглини олди экан? Худо билади!» бирдан шуларни ўйлаб аччиғинг чиқди, тумтайиб олдинг.

Шу пайт чақалоғинг йиғлашга тушди.

– Ол буни, – деди у жеркиб.

Қовоғингни уйиб қарадинг: «Жеркимаса ҳам бўлади-ку!»

– Нимага қовоқ солиб олдинг яна! – деди у юзингга ғазаб билан боқаркан.

Қовоғингни очдинг, дардларингни ичингга ютдинг. Бироқ индамадинг. Бир оғиз гапирсанг, гап қайтараяпсан, деб яна жаҳл қилади. «Бу дунёда мени ҳам тушунадиганбормикан?» дея ўйладинг. Чақалоғингни эмизиб ўтириб Худога ёлвординг: «Зерикдим, зерикиб кетдим, ўзинг ёрдам бер!» Кўзларингда ёш ғилтиллади. Шоша-пиша ўзингни тутиб оларкансан, «Мени кечир, кечир, Художон, ношукрлик қилдим...» дединг.

Алламаҳал бўлганди. Болаларни ухлатиб чиққач, ётоқхонанинг қия очиқ эшигидан беҳол ичкариладинг.

– Ухладими? – деди у илҳақ. Ҳалитдан бери кутиб ўтирганини сездинг.

– Ҳа, – дединг секингина.

– Намунча рўдапо бўлиб юрмасанг? Чиройли кийинишни ҳам билмайсан... – у яна нималардир деди.

Хўрсиндинг, лекин оғиз очмадинг.

– Келмайсанми? – деди у тутоқиб, – Оёғим оғрияпти. Бугун роса чарчадим. Жуда кўп юрдим.

Ноилож ёнига чўкдинг. Эринибгина уқаладинг. Белинг симиллаб оғриётганини, ётиб дам олгинг келаётганини сездинг.

– Бир иш қилсанг, қўл учида қиласан, – жеркиди у яна жаҳл аралаш.

– Мен ҳам чарчаганман, – ниҳоят чидолмадинг.

– Сен ишлаб келгансан-да? Ёт, ухла бўлмасам, – ўшқирганча, тескари бурилиб олди.

Ўзингни ҳеч бир ишни кўнгилдагидек қилолмайдиган ношуд-нотавондек ҳис қилдинг. Ҳаёт мураккаб тенгламадек кўриниб кетди. Лабларингни тишладинг, бироқ бу гал йиғламадинг. Кўрпани устингга ёпиб, хўрсиндинг. Айни дамда ўзингни жуда-жуда ёлғиз ҳис қилдинг. Сўнг кўзларинг оҳиста юмилди.

Пуштиранг булутлар сузиб юрарди. Денгиз бўйи, осмон кўм-кўк, атроф шунчалар гўзал, бир зум анграйиб қолдинг. Пешонангнинг тиришлари ёйилди. Ёрқин тушлар кўра бошладинг. Қўлингда эрталабки соябон. Ёмғир йўқ, бироқ соябонингни бир дам қўлингдан қўйгинг келмайди. Ўзингни шу соябон остида бехавотир сезасан. Ҳимоячинг-қалқонингдек тутқичидан маҳкам тутганча кетиб боряпсан.

Қанақадир чиройли жойлар... Қуёшдан пана, соябон остида денгиз бўйлаб сайр қиласан.

Соябонинг тутқичини айлантириб-айлантириб, атрофга шодон боқасан. Тепангда меҳрибон қуёш, ҳаётбахш нурлари билан бутун борлиқни эгаллаб олган. Соябон остида қулай ва хотиржамсан. Оёғинг қумга ботиб, узоқ юрасан, бироқ чарчамайсан. Ёқимли ҳисларни туясан. Қани энди, қани энди уйғонмасам дейсан...