Ҳикоялар
April 30, 2023

Abdulhamid Ismoil. Sangin mehmon (hikoya)

Кирилл ёзувидаги пастроқда

Suhrob Surʼataliyevni doʻstlari hazillashib Zurab Sereteli deb atashardi. Suhrob chindan ham haykaltarosh esa-da, ammo Zurab Sereteli kabi it-u bitga tanish emas, balki Moskva sanʼat davralarida oʻziga xos “zodagonlar dahosi” sharafiga ega edi. Uning Moskvaga kelganiga ham biror 40-45 yil boʻlib qolgan, shuning uchun oʻzini baʼzan “Anjanning qaysidir arigʻidan” emas, balki mana shu poytaxtda tugʻilib, loyi shu yerdan olingan haykalga oʻxshatardi.

Nozik sanʼatlarning bari qoʻshib-chatish, toʻqish haqida emasmi, faqat haykaltaroshlik buyuk Mikelandjeloning taʼbiricha ayrish-ajratishga qurilgan: haykal yasash – bu shaklsiz bir boʻlak moddadan keraksiz qismini ayrib-ajratib tashlashdir. Bora-bora ushbu odat-tabiat ich-ichingga singib ketar ekan: hayotga xuddi oʻsha ayirish-ajratish, saralash koʻzi bilan qaray boshlar ekansan. Puch, zoe, behuda narsalarni koʻngling sigʻdirmay qolar ekan, hamma narsaning oʻzagi, danagi, magʻziga yetmoqchi boʻlib qolarkansan. Mayli, bunisi ham bir feʼl-da...

Shundan boʻlsa kerak, Suhrobni uncha-muncha taniganlar uni takabburdan olib qoʻpolga qadar taʼriflashar, va faqat uning siyrak mahramlari boyagi taʼrif biroz yuzaki ekanligini bilishardi. Lekin, keling, biz ham jilla qursa shu hikoyamiz koʻlamida Mikelanjelo qoidasiga sodiq boʻlib, puchanak yoʻllarga kirmaylik-da, gapning indallosiga yopishaylik.

Soʻnggi paytlar Moskvaga boshqa kelgindilar qatori qashshoqlashgan oʻzbeklar-u tojiklar, qirgʻizlar-u ozariylar, xullasi bizning nochor-u miskin elat oʻrda-oʻrda boʻlib bosib kelishmadimi... Bir paytlar, Shoʻrolar davrida bularni uchratish uchun atayin yo Qozon vokzaliga, yo VDNXga borishga toʻgʻri kelardi. Bir kuni esa Kreml saroyida balet tomoshasining tanaffusida tomoshabinlar orasida Denov-penovdan adashib kelib qolgan bir nojoʻya kolxozchini qoʻrib qolib, Suhrob-haykaltarosh allamahalgacha oʻziga kelolmay, allaqanday hislar tugʻyonida oʻzining mashhur “Pieta” – “Girʼya”sini yasagan emasmidi... U haykalda xochdan olingan Iso-paygʻambar ustida uning onasi Bibi-Maryamu, maʼshuqasi Mariya Magdalinalar yigʻlab turishar, biroq bularning shakli qishloqi ayollarni eslatib, modda esa oqqan xamirdek chakkilabmi, sim-sim yigʻlabmi yotgan joydan biroz chekada boyagi kolxozchisimon bir kuzatuvchi turardi...

Endi esa hamqishloqlar toʻda-toʻda yopirilib, moʻr-u malax omborning har bir burchagini bosganidek, Moskvaning har bir hovlisiyu uyidan shumshayib moʻralab oʻtirishar ekan, Suhrob-haykaltarosh bir tur oʻzini yoʻqotgan edi. Gʻalati bir qizgʻonchmi uygʻonardi uning koʻnglida, avvaliga oʻzini kimsan-kim Chingizxon-u Amir Temurlarning kamnamo-yu antiqa avlodidan deb bilgan Suhrob endi kasodga uchragan chaqa tangadek seza boshladi oʻzini. Endi oʻz-oʻzini “oʻzbek” deb atashmi, yo onda-sonda bazmu-ziyofatlarga gul doʻppisini kiyib borish bir hol uyatli boʻlib qoldi.

Unday desak, Suhrobning inju-yu daqiyq joʻralari maishiy yumushlardan nolib suhbatlarida albatta “shaharni bedarvoza qilib yuborgan kelgindilardan” shikoyat etishar ekan, Suhrobga yuzlana: “sen oʻzimiznikisanu” degandek, undan ham hamdardlig-u hamrozlik kutishar edi. Shunday mahallari Suhrob vaqti-bevaqt qizishib ham ketardi, rost, uning achchigʻi koʻpincha oʻsha gashtaklarda emas, ulardan qaytgach, koʻlkadek yuvvosh rus xotini Mashenkaga nasib etardi.

“Qara, — derdi tutaqib Suhrob, — axir bular yaxshi kunidan kelishmagan-ku bu yerga! Agar uylarida hayot farovon boʻlsaydi, oilalarini tashlab, issiq yurtlariyu, meva-chevalarini tashlab, bu qahraton sovuqlarga kelishu, it yotib mirza turishlariga balo bormi?! Anavi kuni “Trud”da oʻqidim, uylarning podvallarida kartondan yotoq yasab, yuz-yuzlab yashashar emish... Yana bir joyda hovli-joyini sotgan bir oʻris oʻsha hovli-joyi bilan birga toʻrtta tovuq, ikkita gʻoz, eski-tuski uy anjomiga qoʻshib bir qarol oʻzbegini ham sotib ketibdi... Tasavvur qilgina! Yigirma birinchi asr boshida-ya!..”

Bechora Mashenka faqat boshini chayqab oʻtirar, biroq durustki, qizishganida haykaltaroshning qoni miyasiga emas, qoʻliga urar ekan, bu gaplar ustida Suhrob qoʻliga bir boʻlak ganchmi, juda boʻlmaganida yaxshi pishmagan nonning xamirsimon magʻzini olib, butun jon-jahdi bilan ularni ezgʻilashgayu, oʻzigayu, oʻz qahriga ayon allaqanday shakllarni yasashga tushardi...

Suhrob-haykaltarosh ishga kirishdi deguncha, esimga boyagi qoida tushib: illo, toʻqishu-chatishga borib, bu soʻzlardan Suhrob bir navʼ el qaygʻusidagi millatchi ekan degan farazga bora koʻrmang, demoqchiman. Uning oʻzbekligi boya aytganimdek gul doʻppisini yilda bir kiyishdanu, ustaxonasida kelgan-ketgan mehmon oldiga yozgan bir parcha atlas dasturxonida bir siqim qora mayiz solingan sopol piyolasidan ortiqcha emasdi. Agarda bundan-da keskirroq isbot kerak ekan, uning onda-sonda menga “oʻzbekcha” yozgan xatmi yo nomachalaridan biror koʻchirma keltirishimning oʻzi kifoya.

“Assalom aleykum dustim! Men Toirnig loixa xakida Menda tallangan xudojniklar masalʼasi shubxam bor edi. Bazi ulardan Rashidov rejim bilan aralashgan. Xozirgina vafo etgan Konchalovskiyning soʻzi xaelimga kolyapti: xudojniklar katta yelgonga katnashishi mumkin emas. Boishka tomondan ularning ibadiy sifati nixotanam ulug mi?”

Xudo haqqi, buni kulish yo mazax etish uchun emas, joʻngina dalil sifatida keltirdim xolos. Yaʼni, Suhrobning oʻzbekligi qariyb yarim asrlik Moskva hayotida ishqalana-ishqalana, hatto soʻnggi nuqta — ismu-sharifining, boya aytmish, salkam Zurab Sereteliga evrilishi qadar borib qolgan ahvolda edi.

Ana endi bu qisqa debochadan soʻng hikoyaning oʻzini eshiting.

Qish kunlarining birida Suhrobning Kievskaya Naberejnayadagi ustaxonasida telefon jiringlab qoldi. Xayriyat, xotini Mashenka ekan. “Tinchlikmi?” – deb soʻrasa, “Hozirgina ona qishlogʻingdan birov telefon qildi, seni qidiryapti. Kechqurun keladi deyishimga qoʻymasdan, qoʻlida telefoni yoʻqmi, oʻta zarur ishim bor, — deb qistayapti. Yana besh minutdan keyin telefon qiladi, unga nima deyin deb qoʻngʻiroq qilyapman”, — deydi. Gapning ochigʻi, uncha-muncha yirik ish qilayotgani yoʻq edi oʻsha payt Suhrob, biroq uni, neki boʻlmasin, ishdan qoʻyishayotgani, odatdagidek, yoqmadi unga. “Kim ekan oʻzi, telefon qilgan, ismini soʻramadingmi?” – desa, Mashenka tabiiy iltifoti ila: “Yoʻq, xayolimga kelmapti. Biroq u hozir qayta telefon qiladi, shunda soʻrab olarman. Tinchlikmikan oʻzi u yerda?” – deb soʻraydi eridan yana. “Ha, qiziqmisan, ular bilan men emas, oʻzing gaplashgan boʻlsang, u yerda tinchlik-notinchlikni men bilamanmi, yo senmi?” – deb qizishib berdi Suhrob. “Yoʻq, shunchaki, kuyukyapman-da...” – deb javob berar ekan Mashenka, shunda Suhrob: “Telefon qilishsa, mayli ustaxona nomerini berginu, bu nomer ustaxonamning nomeri ekanini aytma. Hozir muvaqqat bir joyda edi, telefoni mana shu, deb bergin”, — deb tayinladi.

Boyada gʻimirsilanib qilayotgan mayda-chuyda ishi ham ketdi qoʻlidan bu suhbatdan keyin. Yarim yoziq qiyiq dastarxonchasidagi sopol idishchadan bir chimdim qora mayiz olganicha oʻyga toldi Suhrob. Kim boʻldi ekan, telefon qilgan kishi? Kimi qolgan edi oʻzi qishloqda? Onasi uning bolaligida oʻlgach, otasi qamalishidan oldin boshqa bir xotinga uylanib, undan ikkitami-uchta bola koʻrgandi. Suhrob voyaga yetib harbiy xizmatu, undan soʻng umrbod Moskvaga oʻqishu yashash uchun ketgach, otasi qamalib ketganiniyu, qamoqlarda yoʻq boʻlib ketganini oʻgay onasining xatlaridan bilgan edi. Biroq oʻgay onasini onayu, oʻgay uka-singillarini qardosh bilib ulardan xabar olgani yoʻq. Yozlari choʻl ariqlarida suv quriganidek, oradagi xatlar ham uzildi, Suhrob oʻz qishlogʻiga qaytmagach, qishloqdan uni soʻrab kelganlar ham boʻlmadi.

Mana endi esa bu qoʻngʻiroq...

Shamoyilsiz bu oʻylardan koʻngli gʻulgʻulaga toʻlib borar ekan, bir mahal telefon jingʻirlab qoldi. “Allo!” – dedi, odatdagidan yoʻgʻonroq ovozda Suhrob. “Suhropokamlani chaqirivoriyng!” – deb, betakalluf buyruq bergandek boʻldi tallafuzi norus boʻlgan bu ovoz. Suhrob bir daqiqa sukut saqlar ekan, xuddi birov uni chaqirayotgandek oʻyin qildi emas, balki bu qoʻpol ovozdan esankirab qoldi chamasi. Baharhol u: “Ha, eshitaman”, — dedi-da, qaysarligi tutib: “kim bilan gaplashyapman oʻzi?” – deya, qoʻrslikka qoʻrslik qildi. Telefondagi ovoz birdaniga mayinlashib: “Somalaykim, togʻajoʻn, ma jiyaniyz Sangiyn boʻlaman. Siyniz Farahhi kenja oʻgʻillari-chi...” – “Singlim Farrah?” – deb bexosdan besoʻnaqay oʻzbekchaga koʻchdi Suhrob, — “qanaqa...” – “Bolaluvda realno Faya dirkansizu, oʻshani oʻgʻli-te...” – “Ha, Faya... bilaman. Siz qayerda?” – “Ma shuding Maskavaga ishka keluvduv, efemesi ushavoldi, zakonniy naezjat qilishvotti, dakimentiyn yoʻgʻ divotti, shunga oʻziyiz bulaga etip qoʻyasizmi, dakazayt qilish keray-te, jiyan diganini...” – “Siz qayerda hozir?” – “Mana mambu loʻxlaga trupkani beriy…”

Shukurki, naryogʻda bir kapitan ruschaga koʻchdi.. Suhrob surishtirib bilsa, boyagi jiyani Sangin yana bir hamyurti bilan Altufevodagi Federal migratsiya xizmati boʻlimi tarafidan bozorda xujjatsiz tutilib, jarimaga puli yoʻqligi tufayli avvaliga maʼmuriy qamoqqa, keyin esa oʻz yurtiga haydalish taraddudida ekan. “Ma boʻtga avtoritetniy qarindoshimmikiga kegamman!” – deb, Suhrobning telefoni bilan nomini tumoridan chiqarib tutqazganidan, kapitan har ehtimolga qarshi bunisini ham tekshirib boqmoqchi boʻlgan ekan. “Agar bu daydilar chindan ham siznikiga kelishgan boʻlsa, biz ularni qoʻyib yuborishga tayyormiz, biroq oʻzingiz boʻlimga kelib tilxat yozib ketishingiz lozim” – dedi soʻngida kapitan, va nedandir bu buyruqqa boʻysunibmi, yo boshqa junbushdanmi, umrida koʻrmaganu bilmagan jiyanini qamoqdan qutqarish uchun, Suhrob oʻn daqiqa soʻngra “Kievskaya” metrosiga tushib borib, Moskvaning qoq chekasidagi Altufevo tomon yoʻl oldi...

Suhrob metroda ayniqsa Moskvaning yobonlariga chiqishni koʻpam xush koʻrmasdi. Soʻnggi paytlar metroda yurish xavfli boʻlib qoldi. Yoʻq, qalangʻi-qasangʻi taqirboshlar moʻysafed Suhrobni tutib urishmas ediyu, biroq uni namat qalpogʻidanu qalin soqolidan bir gurji, bir chechen bilib, yo toʻrt atrofni mensimay boʻralab soʻkishardi, yo yoshroq boʻlganlari “Bin-Lodin” deb mazax qilishardi.

Rost, bu safar Moskva qahratonimi bois, u siyraklashgan metroda eson-omongina Altufevogacha yetib bordi, hatto stantsiyaning oʻzida sandiraqlagan uchta-toʻrtta mast-alast yosh-yalang ham oʻzlari bilan oʻzlari ovora boʻlib, unga qarab ham boqishmadi. Tepaga, yer ustiga chiqib borsa, qor biram pagʻa-pagʻa yogʻyaptiki, xuddi eng buyuk haykaltarosh yer ustidagi mayda-chuyda borliqni oʻzining belgisiz ganchi bilan qayta bosib tashlagudek...

Qor oralab yoʻlovchi bir kampirdan yoʻl soʻragan Suhrob militsiya boʻlimidagi FMS xonasiga kirib borsa, siyqasi chiqib ketgan bir kapitan oʻngida burchakka tiqilib qish chillasida yengilgina triko kiygan ikki mitti yigitcha oʻtiribdi. Bularga oʻtkir koʻzi tushishi bilanoq Suhrob birida darrov oʻz otasining shaklu-shamoyilini tanidi. Koʻzlari nogahon chaqnadi shu on, biroq soʻlib oʻtirgan bu oʻspirinlardan biri birdaniga oʻrnidan sapchib, oʻzini Suhrobning quchogʻiga otdi: “Togʻajoʻn, jon togʻajoʻn, qarang mambu jala nma qvotti?! Borakansizu, oka!”

Yana mayda-chuyda zoe qogʻozbozligu kompyuterlarga kiritilgan tilxatlarni itqitayligu, biror soatdan keyin bu ikki junjukkan yurtdoshiyu qondoshini Suhrob oʻz uyiga boshlab kelganiga koʻchaylik. Xotini Mashenka bularni qish qahratonidan trikolarda kirib kelishganini koʻrib sarosimaga tushdi, bir tomondan ona emasmi, ustilariga poʻstinlar berdi, yugurib-elib choy tashidi, biroq yigitchalarning oylab suvu-sovun koʻrmagan muz etlari eriy boshlagach, xona boʻylab shu qadar qoʻlansa hid tarqala boshladi-ki, Mashenkaning nozik didi gʻuluvlandi. Buni Suhrob ham sezdi. Aytmoqchi boʻlganim – Mashenka koʻnglidagi bulgʻanishni-da, qazi hidini eslatadigan otdek bu yigitlarning ter boʻyini ham shu topla ilgʻadi Suhrob.

Tosh bilan ishlayverganidan yuragi qotadimi haykaltaroshlarning, yo mayin iltifotga roʻyxushi qolmaydimi, ne esa-da Suhrob: “Choylarni ichib boʻldinglarmi? Bu poʻstinlarni oʻstingizga tashlang-da, otlaning – bir joyga oborib qoʻyaman, oʻsha yerda yotasiz. Maslahatni esa ertalab qilamiz!” – deb yigitchalarni qistay boshladi.

Oʻsha kechasi Suhrob oʻz jiyaniyu uning joʻrasini oʻz ustaxonasiga oborib, yotoq oʻrniga ikkita kursiyu, koʻrpasiga – yerda yotgan serka terisini tashlab, oʻzi uyiga eng soʻnggi metro bilan tun soat birlarda qaytib keldi. Mashenka hali ham uxlamay, unining kelishini poylab oʻtirardi.

Boshqa payt ular orasida kechgan taxir suhbatu, kechasi bilan yonboshdan yonboshga agʻdarilgan Suhrobning bedor oʻylarini erinmay yozgan boʻlar edim, biroq boʻynimga tuzoqdek tashlangan qoida – haykaltaroshlik uslubi meni mayda-chuyda oʻnqir-choʻnqirlarga chalgʻimaslikka chorlaydi.

Ertalab uyqusizlikdan lanj Suhrob qishki havoda biroz oʻziga kelib, ustaxonasiga aniq qaror bilan kirib bordi. Kirib bordiyu, oʻz qarori toʻgʻriligiga iqror boʻldi: bu ikki bedov toy hamma yoqni agʻdar-toʻntar qilib tashlashgan – kechasi koʻrpa qidirishganmi, yo saharda samovarmi, ne ahamiyat, kitoblar haykallarning qoʻllariga tashlangan, haykal boshlar kitob jovonlariga qoʻndirilgan, bu ham kam esa, qiyiq dasturxonning oʻrtasida toʻrtga boʻlinib sopol idishchaning chil-parchil boʻlaklari qora mayizi aralash agʻdarilib yotardi. Bunisi hali Suhrob koʻzi bilan qarab faqat shakllarni aytyapman, anqigan hidu, bepisand xurrakdan gap yuritganimcha yoʻq...

Shunda Suhrobning miyasigami, tiliga tuyqusdan oʻsmirligidan beri qoʻllamagan soʻkinchlar otildi: “He, oneyni...” – deb hayqirgisi keldi, biroq burchakda dong qotgan bu ikki jussachaning ustiga bostirib borarkan, “kusfurush” bilan “qiztaloq” farqida dovdirab, axir: “He, qistalogʻla, tur!” – deb oʻshqirishga oʻshqirdiyu, hayajonidan ovozi boʻgʻilib, qisilib, oʻz qulogʻiga allaqanday shallaqi chiyillashdey tuyuldi. “Shaltogʻingga bulanib yoturasanmi?!” – bolaligidan keldi sado.

Anavi ikki dayus istar-istamas yondan yonga agʻdarilishdi-da, biri: “Chvo  arosh, chimo?!” – deb gʻudrandi-da, yana uyquga ketdi. Shunda Suhrob ikki qoʻli bilan ikkisining ustidan ikki poʻstinni yulib tashladi-da: “Tur-e, sani!” – deb qichqirdi. Sovuqdan seskanib uygʻongan ikkisi uyqu arimagan koʻzlarini mushtlari bilan uqalab: “E, sizmuvdiyz, oka, shunnogʻ dimiysizmi?” – deya, turishdi. “Mana seniki ikki ming pul, Kazanskiy vokzal borasiz, uyga ketasiz!” Pulni koʻrgach ikkala yigitcha muloyimlashdi: “Xoʻp didivu, kiyinsov boʻladimi, oka?!” – “Davay, tez!”

Xullasi, bular bilan choy-poy ham qilgani yoʻq Suhrob, puliga ilovan qoʻllariga ikki shotland sviterini topshirgach, eshikkacha bularni kuzatib bordi-da, eshikni ketlaridan yopgach, jim-jit yolgʻizlikda: “Toʻgʻri qildimmikan?” – degan gumonga bordi. Kim bilsin, boʻlari boʻldi. Har holda hamqishloqlariga sovgʻa-salom, tortiq-taragʻay berib yuborsa boʻlarmidi...

Kun boshidan buzulgan edi. Shu tufayli qolgani ham bebaraka oʻta boshladi: timirskilanib Suhrob bulardan qolgan ola-gastonni yigʻishtirgandek boʻldi, ustaxonasini saranjomladi bir navʼ, kitoblarni qayta jovonga tizdi, haykalchalarning changini artdi, boyagi toʻrtta sopolni chegalashga urundi, oʻrniga toʻrt sopol beshga boʻlindi. Unday desa, bu yoqda yuragi chil-parchil boʻlib yotibdiyu...

Oʻz-oʻzini muruvvatsizlikda pinhona ayblab, oʻz-oʻzini yeb yotganida, telefon jiringladi. Olsa – jiyani Sangin. “Oka, — deydi, — szziyam xet qvordiyu, toka boʻtta bilet zakonniy yoʻgʻaka. Bratanla samoloʻtka chqarvoriyluv diyishvotti. Atvechat qlovuza diyishvotti... Toka jchcha kapista soqqada kerov boʻvotti... Nma qiliynu, oka?” Haykaltaroshlarning qoʻliyam, aqliyam keskir boʻladi emasmi, Suhrob ortiqcha mijgʻovlanmasdan: “Kiev vokzali sogʻati bilasiz, ke, pul tayyor!” – deb buyurdi. Pul ketsa ketsin, ruh tinchligi ketmasin ekan. Xotinidan har oilaviy ehtimolga qarshi yashirib qoʻygan roppa-rosa ming dollar ichidan toʻrt yuzini olib, Suhrob yana qor koʻchaga chiqdi.

Kiev vokzalining minorasi tagida yarim soatcha kutib, ikki yigitchaga xufyona toʻrtyuz dollar (“uch yuzi biletga, yuziga qishloqqa u-bu narsa olasan” -deya)  topshirdi-da, koʻngli toʻlsa-da, orqasiga qayta-qayta alanglab, yana ustaxonasiga qaytdi. Qiziq, yoʻlida uchraganlarning biri uning koʻziga oʻzbek boʻlib koʻrinar, yo chindan ham shundaymidi oʻzi? Ustaxonasiga qaytgachoq, Suhrob oʻzining soat ostidagi besoʻnaqay xatti-harakatlarini eslar ekan, koʻz oldida yana oʻsha ikki boʻz bola gavdalandi-da, Suhrob birdaniga labini tishladi. Jiyanining egnida ertalab berilgan shotland sviteri bor esa-da, panaroqda turgan joʻrasi allaqanday juldur kastimda edi. Kastim tagida esa oʻsha-oʻsha yagʻir triko...

Bularning baridan alahsish uchun Suhrob loy qordi, ox deganda oʻzining bugungi beqarorligidan bir narsa undirmoqchi boʻldi, qayda deysiz, qoʻli biron shaklga bormadi, loy qoʻlida qotib, uni ham oqibat chil-parchil uvalashga toʻgʻri keldi.

Piyoz archganingda birinchi qat poʻchoqdan chuqurroq olsangoq, koʻzingdan yosh sirqiraganidek, allaqanday yigʻloqi kayfiyatda edi Suhrob. Toʻgʻri qildimi boshidan, yo yigitchalarni kelgan yeriga haydashdan koʻra ularga el qatori ish-pish topib berish kerakmidi? Axir doʻstlari boʻlsa bor, istagan yeriga qoʻli yetadi, jilla qursa Sanʼat uyiga qorovul-porovulmi, yo elektrik-pelektrik qilib joylashtirib qoʻysa ham boʻlardiyu... Moskvada oʻzbek qorovuli kammi, yana bitta-ikkita qoʻshilsa...

Qiziq, haykaltarosh xalqi odatda armonu-pushaymnlardan yiroq boʻladi: toshning bir parchasi uchdimi – uni joyiga qaytarolmaysan, shaklni yangidan moslash qoladi xolos. Lekin nega u bir yoshga yetganida kundalik odatlariga xilof qayta-qayta kalovlanib oʻtiribdi? Axir oʻlimga yo doʻzaxga joʻnatgani yoʻq-ku jiyanini – oʻz ona yurtiga, vataniga joʻnatdi! Baribir koʻnglidagi bu loyqalik tarqagani yoʻq, baribir koʻngil sopolini ham bir-biriga  chegalolmay qoldi Suhrob... “E, shoir boʻlib ket-a!” – deb, soʻnggi xayoliga kulib qoʻydi u qv birdaniga boyagi qotgan burda-surda loylardan nima yasashini anglagandek boʻldi...

Qishning erta kechi ham kira boshladi. Boyagi boʻlaklarni ulashga nihoyat yangi loy qorimoqchi boʻlib turganida yana telefon jiringladi. “Somalaykim oka, ayrapoʻttan tlpon qvomman. Boʻtta bittasi atvichat etvotti bu soqqanga diydi indiniga belat bo, blya, bugun zakonniy ketmoxchi boʻsang, diydi, oʻzim chqarvorama, yana kapustaynda iikiyuz tasha, dvotti... Nma qlovuza, oka? Bratanimi sogʻat teyiga joʻnaturiymi? Paashrat qvoriyn, oka, sovop boʻlyadi...”

Suhrob javob bermasdan goʻshakni tashladi-da, qoʻllari hanuz loy, oʻylanib qoldi. Qoʻllari mayliya, goʻshakka ham loy tegib, u endi tinimsiz chiyillar edi. Goʻshakni yana olib, zarda bilan telefonga urgan edi, loylari har tarafga sochilib, darz ketgan goʻshak ham jimidi.

Qoʻlini apil-tapil yuvib, yana boyagi xazinasidan ikki yuz dollar oldi-da, bir zumga oʻylanib unga yana ikki yuz qoʻshdiyu, ustiga poʻstinini tashlaganicha, qayta qorburon koʻchaga chiqdi. Qiziq, bu safar kutgani ham yoʻq, soat tagida pisibroq, bir oʻzbek turardi. Bunising ham turqi Suhrobga koʻpam yoqqani yoʻq. Yaqinroq kelsa – qish havosi emasmi, undan arzon pivo hidi anqib turibdi. Teri kurtkasining ostidan esa Suhrobning ertalabki shotland sviteri koʻringandek...

“San kim?” – deb, na salom, na alik qilib soʻradi Suhrob. “Somalaykim, oka, jiyaniyz yuvoruvdi. Babloʻdan jichcha beradi, duvdi...” – “Ey, bala, buni qayerga olding?” – Suhrob qoʻlini kurtka ostidai sviterga uzatgan edi, yigitcha chap berib, Suhrobning qattiq panjalari uning teri kurtkasiga yopishdi. – “Oʻ, blya, oka nma qvossiz oʻzi? Buni kojinkya diydi, yirtvorasizu, nma bespredelmi sizga? Munga koʻp pul chochkammiz...”  — Bir zumga Suhrob, poʻchogʻ archgandek, uning kurtkasini yulib tashlashga hozir edi, kasbiy odatlari junbushidan qat ostidan qat qidirib bu yigitchaning yalangʻoch magʻziga yetmoqchidek edi. Biroq shu payt panada turgan melisaning gulduros ovozi ishga aralashdi: “V? chto eto, zdes besporyadok razvodite?! Ponaexali tut, cherniye!»

Suhrob umrida melisa bilan yuzma-yuz bunqangi holatda yoʻliqmagan edi, shuning uchun ham u oʻzini yoʻqotib qoʻydi. “Ya vot tut, tovari? serjant, rodstvennikam xotel dengi peredat…» — «Tovari? starshiy serjant!» — deb toʻgʻirladi uning xatosini melisa. “Dengi govorish, kakie dengi?!” – “Da vot, bratishka uletaet v Tashkent, xotel peredat...” – deb, Suhrob choʻntagidan toʻrt yuz dollarini chiqazdi. – «Ax, t?, tak t? tut ye?yo kontrabandoy promishlyaesh?! Nebos za nashu platish?!» — deb, katta serjant oʻdagʻaylab ketganida, Suhrob qay ahvolga tushganini anglab yetdi Hozir hoynahoy mana bu shumshoq oʻzbekning choʻntagidan nasha-pasha topiladigan boʻlsa bormi, rasvosi chiqdi Suhrobning. “Oka, loʻx boʻmayn, yuztasini qstriyn...” – deb imladi oʻzbekchasiga anovi isqirt. Umrida birovga pora bermagan Suhrob bir zumga boʻkib, allambalo behushlikda qoʻlidagi puldan yuzini melisaga uzatdi. — “Ti chto, pravooxranitelnie organi na vzyatku… pri ispolnenii slujebnix obyazannostey… Da ti znaesh, chto tebe za eto budet?!» — deb, melisa jazavasiga tushganida, anavi oʻzbek Suhrobning qoʻlidan bor pulini olib, melisani qoʻltigʻidan ushladi-da: “Ticho nachaynik, davay baklanim kak svoy-svoy” – deb, chekkaga tortdi. Melisa gʻudurlab-gʻudurlab, uning ketidan devor orqasiga tisarildi.

Shu top Suhrob qiziq ahvolda qoldi. Tuyqus tuygʻu unga: “Ket!” – dedi, biroq u qochishdan uyaldi. Undan keyin pul masalasi hal boʻldimikan? Unday desa, barining shaltogʻi chiqib boʻldi. Anavi oʻzbek ham melisa bilan bir boʻlsa-ya?! Yaxshisi ketgani maʼqul. Bu fikrda Suhrob soat tagidan jila boshladi. Gʻira-shira quyuqlasha boshlagan, chiroqlar esa hanuz yoqilmagan, yana yigirma-oʻttiz qadamdan keyin yoʻlovchilarga aralashib ketadi. Endigina shunday deb, qadamlarini tezlashtirgan edi, ketidan: “Oʻoʻv, oka, qaqqa ketvossiz?” – degan oʻzbekcha hayqiriq uzaldi. Suhrob taqqa toʻxtadi. Nazdida endi melisa tugul, Kiev vokzali atrofidagi moʻl oʻzbeklar u tomon yopirilishib keladigandek... Yoʻq, boyagi chalamast yigitchaning oʻzi unga yaqinlashdi xolos: “Oka, unaqamaste, sizam atvichat qliyn, anuv musarga ikkiyuzzi berduv, ukayz yana bazar qbyurmasi...” Suhrob bosh irgʻitdi-da, xayr-maʼzursiz oʻzini koʻm-koʻk qorgayu, qor oralab tushayotgan qorongʻuga urdi...

Ustaxonaga qaytgach ancha paytgacha uning qoʻllariyu yuragi titradi, muzlatqichdan negadir yarimtalab qolgan aroqni olib temir krujkaga quydi-da, ikki hoʻplamda gazzakisiz otdi. Ichi qiziy boshladi. Shu payt uni seskantirib yana jingʻiroq jiringladi. Telefon emas, badtari — eshik jingʻirogʻi. “Melisamikan?!” – deb choʻchidi avvaliga Suhrob, birov melisa odatda eshikka qoqadi emasmi, — dedi unga shoshqin ongi. “Yana pulga kelishdimi?” – deb havotirlandi u ketin. Biroq ikkinchi jingʻiroq tarabchan emas, baroz uzrnok yangraganidan: “Nima boʻlsa boʻldi!” – deya, u qoʻlida temir krujkasini-yu yarim shisha arogʻini tutganicha, eshikka yuzlandi.

Ochsa – ikki notanish inson. Bir erkagu, bir ayol. Erkagi: “Mister Suhrab?” – deb soʻragachoq, Suhrobning esankiragan esiga bu soatga Nyu-Yorkning Metropoliten muzeyidan aziz mehmon kelishi kerakligi tushdi. Esiga tushdiyu, qoʻlida temir krujkayu yarim shisha aroq, Suhrob ushbu muhtaram juftga na kiring deyishini bilmay, na salom uchun qoʻl uzatolmay, dovdirab qoldi. Anavilar esa amerikaliklar emasmi, sharaqlab kulishdi-da, Suhrobning yelkasiga qoqqanicha, inglizchasiga: “Ilhom parisini ushlabsanmi?” – qabilida bir narsani chugʻurlashib, ortiqcha takallufsiz ichkariga kirib kelaverishdi...

Chogʻimda yana adabiy yoʻllarga chalgʻib ketdim. Aytmabmidim -haykaltaroshlardan oʻrnak olib, hodisalarning poʻstu-poʻchogʻiga alahsimasdan, magʻzini chaqaman deb. Shu bois Suhrob anchadan beri kutib yurgan oʻsha ardoqli juft bilan boʻlgan uzun suhbatning jimjimalarini aytib oʻtirmay-da, faqat Suhrob ustaxonasidagi aroq hidi-yu anavi ikki sayoqdan qolgan besaranjomlikni qanchalik xaspoʻshlashga harakat qilmasin, amerikaliklar shunchalik uni yupatisharu, “rus ruhining unga ham yuqqanligini” allaqanday gʻarbona takabburlik bilan kechirishgandek boʻlishganini aytay... Yoki, mayli-da, kechasi soat oʻn birlarda bularni kuzatib, Suhrob oʻz uyiga, moʻmina Mashenkaning oldiga qaytib kelganiga toʻgʻri oʻta qolay.

Mashenkaga kun davomida boshidan oʻtganlarini gapirib oʻtirgani yoʻq, joʻngina: “Jiyaningni joʻnatdingmi?” savoliga: “Joʻnatdim”, — deb qoʻyaqoldi-da, koʻproq amerikalik mehmonlar hikoyasini qildi. Ular bilan boʻlgan uzun suhbatning jimjimalarini soʻzlar ekan, Suhrob bexosdan oʻzining ham anavilardek bir navʼ “gastarbayterligi-yu”, tilanchiligini sezgandek boʻldi. Axir bu juftga yoqib, oʻz mehnatini qimmatroq bahoda sotishga tirishmadimi u? Ular hozirgi kunda sanʼatga pul ajratilmayotganiga gapni burishsa, Suhrob oʻzining noyobligini pesh qilmadimi? Bu pinhoniy tilanchilikda anavi oʻzbeklardan qayeri ortiq ekan uning?! Xaridorining oʻris emas, amerikalik boʻlganimi xolos?!

Bu oʻylarda yana allamahalgacha uxlamay, koʻrpayu choyshabini doʻk-doʻk tepib yotdi Suhrob. Lekin bunisi ham bir sira adabiyot...

Ertasi... ertasi hech narsa boʻlgani yoʻq. Telefon ham jiringlamadi, melisa ham qidirib kelgani yoʻq. Amerikaliklar ham ortiq qorasini koʻrsatmadi. Indinisiga ham kun boʻm-boʻsh oʻtdi. Uchinchi kunga borib ustaxona endi yigʻishtirilgan, sopol siniqlariyu boʻsh aroq shishalari axlatga tashlangan, qiyiq atlas dasturxoncha ustida bir hovuch mayiz toʻntarilgan gul doʻppi ichida qorayib turardi. Suhrob esa xazinasidagi qolgan ikki yuz dollarini olib, uni shu kecha Mashenkaga sovgʻa-salom uchun topshirishga shaylangan, hozircha esa oʻzining tinchlana boshlagan koʻngliga quloq tutib, yangi haykal loyihasini xayolida pishitar edi. Balki-da “Gastarbayter” deb nomlaydimi uni... Har nechuk...

Oʻsha kuni kechqurun uyiga qaytib, Mashenkaga dabdurustdan ikki yuz dollarni hadya etgach, ikkisi bir shisha arzanda frantsuz sharobini ermak qilib, televizorga tikilib oʻtirishar ekan, yangiliklarda shahar melisasi markazda buzilishga rejalangan bir eski uyni oʻzlariga mehmonxonayu yotoqxona qilib olgan 68 oʻrtaosiyolik noqonuniy migrantni tappa bosganini koʻrsatishdi. Yoʻq, bularning orasida – Suhrob qancha tikilmasin – Sangin jiyani chiqib qolgani yoʻq, biroq bu oltmish sakkiz insonning it yotib mirza turishini koʻrgan Suhrobning koʻngli yana gʻashlikka toʻldi. Kechasi yana uxlayolgani yoʻq. Bedorligini oʻtkir sharobdan koʻrdi, boyagi suratlardan koʻrdi, Mashenkaga qilgan riyokorligidan koʻrdi – fikri bularning orasida chuvalanib, baribir uyqu bermadi.

Bir paytlar yoshligida, Moskvaga endigina kelgach, oʻzi ham it yotmagan yerlarda tunab qolganlarini, biroq kunlari bir inson anatomiyasini, bir rasmkashlikni, bir tosh yoʻnishu, loy qorish sanʼatlarini mukkasidan tushib oʻrganganlarini esladi u. Oʻylab boqsa, boyagi aziyatlari bugungi martabaga erishish uchun chekilgan ekan, ammo Suhrob-haykaltaroshning bugungi  martabasi uni tosh haykal kabi oʻtu-choʻgʻdan asrashga qodirmi?! Qayda?! Oʻzi beqarorlikda oʻtu-choʻgʻ boʻlib yonib yotibdiyu! Yoshligidan hayotning maʼnosini ish ustiga ulugʻvor ish bilan oʻlchagan Suhrob endi mayda-chuyda yumushlarga yem boʻlmayaptimi?! Yo bu mayda-chuyda yumushlarda oʻziga oro topyaptimi?!

Gap kelib-kelib, bir insonning shisha qalbini  sindirmaslik haqida ketyapti emasmi?! Farishta Mashenkasini esladi ilk on Suhrob. Tanimagan singli Farrahni esladi, uning avbosh oʻgʻli Sanginni... Nima qilsa bularning barini baxtli qila olarkin? Oʻylab-oʻylab bir jihoz kashf etdi. Zambaraksimon bu jihozni dengiz sohiliga joyladi. Ichiga singlini kirgʻazib, choʻzma otgandek uni uzoq dengizga otdi. Singli ozod parvozda dengizga shoʻngʻidiyu, dengiz koʻpigidan mukammal haykal boʻlib chiqdi, ilohiy Afrodita boʻlib chiqdi... Amerikaliklarga sotsammi bu jihozni? Pulga koʻmadi-ku bu jihoz uni...

Ertalab qishki tarqamas gʻira-shirada uygʻonsa, tun boʻyi alahsirabdi anavi jihoz kuyida: tush boʻlinsayam, jihozni qurish ishtiyoqi tun boʻyi davom etgan ekan... Kulishini ham bilmadi oʻsha tong Suhrob, yigʻlashini ham... Ustaxonasiga yetib borgach ham tush qaygʻusi tarqagani yoʻq: qoʻlu xayolining biror ishga borgisi kelmadi. Yana oʻziyu, oʻz xayoti haqidagi oʻylarga toldi Suhrob. Shunday esa-da, biz boʻsh kelmaylik, bergan ahdimizda mustahkam turaylik: haykaltaroshlik dedikmi, uning yoʻriqlariga sodiq qolaylik.

Soat oʻn ikkilarmi edi, telefon jiringladi. Notanish rasmiy ovoz: “Bu Falonchi Falonchievning telefonimi?” – deb soʻradi. – “Ha, Suhrob Surʼataliev men boʻlaman”, — deb javob berdi Suhrob. – “Sizning qaramogʻingizda Sangin Surʼataliev degan odam boʻlganmi?” – deb soʻradi ovoz. – “Kechirasiz, men... nimaydi...” ¬– deb, mijgʻovlandi allaqanday ehtiyotkorlikmi, raddibalolikda Suhrob. Naryogʻdagi ovoz qogʻozlarga koʻmilgandek boʻldi. Goʻshakni tashlab, boshqa koʻtarmasamikan – degan oniy xayolga bordi Suhrob. Yana bir baloga giriftor qiladi-yoʻv bu bezori kelgindi... Biroq bu sukunatga chidolmay, u: “Kechirasiz, tinchlikmi oʻzi?” – deb soʻradi. – “Yoʻq, gap ayni shundaki, tinchlik emas-da!” – deb javob berdi iltifotsiz ovoz va zugʻumida davom etdi: “Bu qanaqasi oʻzi? Axir mening hamkasblarimga nima deb vaʼda bergan edingiz? Oʻzim qarayman, oʻzim adabini beraman demaganmidingiz?!” – “Kechirasiz, nima boʻldi oʻzi?!” – deb toqatsizlandi Suhrob. – “Aeroportdagi kazinoda oʻynashga siz pul berganmidingiz? Yutqazib, janjal koʻtarib ur-toʻpolon qilganida sizni otingizni...” – “Nima deyapsiz?! Qanaqa pullar?!” – “Siz nima, meni soʻroqqa tutyapsizmi? Aksincha, azizim, men sizni soʻroqqa tutishim kerak!”

Shu yerda ichi shuv etib boʻshadi Suhrobning. Tizzalari titradi. Majolsizlikdan u ganch haykalning tizzasiga oʻtirgan edi, haykal chirs etib sindi... Tonishdan endi foyda yoʻq... “Kechirasiz, oʻrtoq katta... ismi-sharifini nima dedingiz... Ha, ha, oʻsha Sanginga bu pulni men uyiga qaytib ketishi uchun bergan edim... U... yaramas... ablah esa...” Shunda soʻnggi kunlari gazak tortib yurgan qahru-alami ochildi Suhrobning. Joʻshib-toshib koʻnglini yordi bu notanish ovozga. Dastlabki qutqarishi ham qolmadi, ustaxonasidagi agʻdar-toʻntaru, ularga bergan qimmatbaho shotland sviterlari, xotinidan berkitgan eng soʻnggi pullariyu, bularning hech qanday qarindosh emasligi – barini agʻdardi Suhrob qizigan goʻshakka.

“Mening bunday qarindoshim yoʻq, nima qilsangiz qilavering uni!” – deb yakunladi u oʻz taloshu-shikoyatini...

Qiziq, odatda rasmiylar chidamsizroq boʻlishadi, biroq bunisi Suhrobning gapini boʻlmasdan boshdan oyoq tinglab turdi. Hatto Suhrob xunibiyronligini tugatgach ham, biroz tavozeʼlik ila sukut saqlab turdi-da, keyin: “Kechirasiz, ammo qiladigan narsamiz qolgani yoʻq. Qamoqxonamizda uni bir telba taqirbosh pichoqlab qoʻydi. Jasadini olib ketasizmi, — deb telefon qilayotgan edim” – dedi.

Dekabrning oʻsha qorsiz kechasi Suhrob Mashenka bilan Domodedovo aeroporti tomon yoʻlga chiqishgan ekan, misliki osmon haykaltaroshi sepayotgan ganchini yigʻishtirib, ishidan qoʻl uzgan chogʻi, men ham oʻz ahdu-shashtimdan qaytdim. Qoʻy, — dedim oʻzimga oʻzim, — oʻz adabiyotimdan qolmay. Shafqatsiz ekan bularning kasbu-kori: toshni yoʻnibmi, yogʻochning  qat ketidan qat poʻstlogʻini ajratibmi, oʻzakmi, magʻziga yetaman degani shu boʻlsa, haykaltarosh Suhrob Surʼataliev Moskvaning qahraton tunida oʻzining bebosh jiyanining muzdek qotgan jasadini sangin haykaldek qamoqdan oʻlik tashuvchi mashinaga olib chiqayotganini koʻrmayinam-kuymayin. Shumidi umrini-yu koʻnglini timdalagan oʻsha eng mutlaq haykal?! Shumidi uning intilishlari-yu junbushlarining oʻzagi-yu magʻzi?! Yalangʻoch, keskir haqiqat shu ekan, — deyman oʻzimga oʻzim, — mening ham oʻzimga noxos ishdagi mardikorchiligimdan chiqishim maʼqulu, oʻz iliq va pahmoq toʻqimalarimga oʻralganim tuzukroq emasmi?

Keling, oʻz yoʻlimda qaytadan boshlay: Suhrob Surʼatalievni doʻstlari hazillashib Zurab Sereteli deb atashardi...

Manba: https://ziyouz.uz/ozbek-nasri/abdulhamid-ismoil/abdulhamid-ismoil-sangin-mehmon-hikoya/


Абдулҳамид Исмоил. Сангин меҳмон (ҳикоя)

Суҳроб Суръаталиевни дўстлари ҳазиллашиб Зураб Церетели деб аташарди. Суҳроб чиндан ҳам ҳайкалтарош эса-да, аммо Зураб Церетели каби иту-битга таниш эмас, балки Москва санъат давраларида ўзига хос “зодагонлар даҳоси” шарафига эга эди. Унинг Москвага келганига ҳам бирор 40-45 йил бўлиб қолган, шунинг учун ўзини баъзан “Анжаннинг қайсидир ариғидан” эмас, балки мана шу пойтахтда туғилиб, лойи шу ердан олинган ҳайкалга ўхшатарди.

Нозик санъатларнинг бари қўшиб-чатиш, тўқиш ҳақида эмасми, фақат ҳайкалтарошлик буюк Микеланжелонинг таъбирича айриш-ажратишга қурилган: ҳайкал ясаш – бу шаклсиз бир бўлак моддадан кераксиз қисмини айриб-ажратиб ташлашдир. Бора-бора ушбу одат-табиат ич-ичингга сингиб кетар экан: ҳаётга худди ўша айириш-ажратиш, саралаш кўзи билан қарай бошлар экансан. Пуч, зое, беҳуда нарсаларни кўнглинг сиғдирмай қолар экан, ҳамма нарсанинг ўзаги, данаги, мағзига етмоқчи бўлиб қоларкансан. Майли, буниси ҳам бир феъл-да…

Шундан бўлса керак, Суҳробни унча-мунча таниганлар уни такаббурдан олиб қўполга қадар таърифлашар, ва фақат унинг сийрак маҳрамлари бояги таъриф бироз юзаки эканлигини билишарди. Лекин, келинг, биз ҳам жилла қурса шу ҳикоямиз кўламида Микеланджело қоидасига содиқ бўлиб, пучанак йўлларга кирмайлик-да, гапнинг индаллосига ёпишайлик.

Сўнгги пайтлар Москвага бошқа келгиндилар қатори қашшоқлашган ўзбеклару тожиклар, қирғизлару озарийлар, хулласи бизнинг ночору мискин элат ўрда-ўрда бўлиб босиб келишмадими… Бир пайтлар, Шўролар даврида буларни учратиш учун атайин ё Қозон вокзалига, ё ВДНХга боришга тўғри келарди. Бир куни эса Кремл саройида балет томошасининг танаффусида томошабинлар орасида Денов-пеновдан адашиб келиб қолган бир ножўя колхозчини қўриб қолиб, Суҳроб-ҳайкалтарош алламаҳалгача ўзига келолмай, аллақандай ҳислар туғёнида ўзининг машҳур “Пиета” – “Гиръя”сини ясаган эмасмиди… У ҳайкалда хочдан олинган Исо-пайғамбар устида унинг онаси Биби-Маряму, маъшуқаси Мария Магдалиналар йиғлаб туришар, бироқ буларнинг шакли қишлоқи аёлларни эслатиб, модда эса оққан хамирдек чаккилабми, сим-сим йиғлабми ётган жойдан бироз чекада бояги колхозчисимон бир кузатувчи турарди…

Энди эса ҳамқишлоқлар тўда-тўда ёпирилиб, мўру-малах омборнинг ҳар бир бурчагини босганидек, Москванинг ҳар бир ҳовлисию уйидан шумшайиб мўралаб ўтиришар экан, Суҳроб-ҳайкалтарош бир тур ўзини йўқотган эди. Ғалати бир қизғончми уйғонарди унинг кўнглида, аввалига ўзини кимсан-ким Чингизхону Амир Темурларнинг камнамою антиқа авлодидан деб билган Суҳроб энди касодга учраган чақа тангадек сеза бошлади ўзини. Энди ўз-ўзини “ўзбек” деб аташми, ё онда-сонда базму-зиёфатларга гул дўпписини кийиб бориш бир ҳол уятли бўлиб қолди.

Ундай десак, Суҳробнинг инжую дақийқ жўралари маиший юмушлардан нолиб суҳбатларида албатта “шаҳарни бедарвоза қилиб юборган келгиндилардан” шикоят этишар экан, Суҳробга юзлана: “сен ўзимизникисану” дегандек, ундан ҳам ҳамдардлигу ҳамрозлик кутишар эди. Шундай маҳаллари Суҳроб вақти-бевақт қизишиб ҳам кетарди, рост, унинг аччиғи кўпинча ўша гаштакларда эмас, улардан қайтгач, кўлкадек юввош рус хотини Машенкага насиб этарди.

“Қара, — дерди тутақиб Суҳроб, — ахир булар яхши кунидан келишмаган-ку бу ерга! Агар уйларида ҳаёт фаровон бўлсайди, оилаларини ташлаб, иссиқ юртларию, мева-чеваларини ташлаб, бу қаҳратон совуқларга келишу, ит ётиб мирза туришларига бало борми?! Анави куни “Труд”да ўқидим, уйларнинг подвалларида картондан ётоқ ясаб, юз-юзлаб яшашар эмиш… Яна бир жойда ҳовли-жойини сотган бир ўрис ўша ҳовли-жойи билан бирга тўртта товуқ, иккита ғоз, эски-туски уй анжомига қўшиб бир қарол ўзбегини ҳам сотиб кетибди… Тасаввур қилгина! Йигирма биринчи аср бошида-я!..”

Бечора Машенка фақат бошини чайқаб ўтирар, бироқ дурустки, қизишганида ҳайкалтарошнинг қони миясига эмас, қўлига урар экан, бу гаплар устида Суҳроб қўлига бир бўлак ганчми, жуда бўлмаганида яхши пишмаган ноннинг хамирсимон мағзини олиб, бутун жон-жаҳди билан уларни эзғилашгаю, ўзигаю, ўз қаҳрига аён аллақандай шаклларни ясашга тушарди…

Суҳроб-ҳайкалтарош ишга киришди дегунча, эсимга бояги қоида тушиб: илло, тўқишу-чатишга бориб, бу сўзлардан Суҳроб бир навъ эл қайғусидаги миллатчи экан деган фаразга бора кўрманг, демоқчиман. Унинг ўзбеклиги боя айтганимдек гул дўпписини йилда бир кийишдану, устахонасида келган-кетган меҳмон олдига ёзган бир парча атлас дастурхонида бир сиқим қора майиз солинган сопол пиёласидан ортиқча эмасди. Агарда бундан-да кескирроқ исбот керак экан, унинг онда-сонда менга “ўзбекча” ёзган хатми ё номачаларидан бирор кўчирма келтиришимнинг ўзи кифоя.

“Ассалом алейкум дустим! Мен Тоирниг лоиха хакида Менда талланган художниклар масалъаси шубхам бор эди. Бази улардан Рашидов режим билан аралашган. Хозиргина вафо этган Кончаловскийнинг сўзи хаелимга коляпти: художниклар катта елгонга катнашиши мумкин эмас. Боишка томондан уларнинг ибадий сифати нихотанам улуг ми?”

Худо ҳаққи, буни кулиш ё мазах этиш учун эмас, жўнгина далил сифатида келтирдим холос. Яъни, Суҳробнинг ўзбеклиги қарийб ярим асрлик Москва ҳаётида ишқалана-ишқалана, ҳатто сўнгги нуқта — исму-шарифининг, боя айтмиш, салкам Зураб Церетелига эврилиши қадар бориб қолган аҳволда эди.

Ана энди бу қисқа дебочадан сўнг ҳикоянинг ўзини эшитинг.

Қиш кунларининг бирида Суҳробнинг Киевская Набережнаядаги устахонасида телефон жиринглаб қолди. Хайрият, хотини Машенка экан. “Тинчликми?” – деб сўраса, “Ҳозиргина она қишлоғингдан биров телефон қилди, сени қидиряпти. Кечқурун келади дейишимга қўймасдан, қўлида телефони йўқми, ўта зарур ишим бор, — деб қистаяпти. Яна беш минутдан кейин телефон қилади, унга нима дейин деб қўнғироқ қиляпман”, — дейди. Гапнинг очиғи, унча-мунча йирик иш қилаётгани йўқ эди ўша пайт Суҳроб, бироқ уни, неки бўлмасин, ишдан қўйишаётгани, одатдагидек, ёқмади унга. “Ким экан ўзи, телефон қилган, исмини сўрамадингми?” – деса, Машенка табиий илтифоти ила: “Йўқ, хаёлимга келмапти. Бироқ у ҳозир қайта телефон қилади, шунда сўраб оларман. Тинчликмикан ўзи у ерда?” – деб сўрайди эридан яна. “Ҳа, қизиқмисан, улар билан мен эмас, ўзинг гаплашган бўлсанг, у ерда тинчлик-нотинчликни мен биламанми, ё сенми?” – деб қизишиб берди Суҳроб. “Йўқ, шунчаки, куюкяпман-да…” – деб жавоб берар экан Машенка, шунда Суҳроб: “Телефон қилишса, майли устахона номерини бергину, бу номер устахонамнинг номери эканини айтма. Ҳозир муваққат бир жойда эди, телефони мана шу, деб бергин”, — деб тайинлади.

Бояда ғимирсиланиб қилаётган майда-чуйда иши ҳам кетди қўлидан бу суҳбатдан кейин. Ярим ёзиқ қийиқ дастархончасидаги сопол идишчадан бир чимдим қора майиз олганича ўйга толди Суҳроб. Ким бўлди экан, телефон қилган киши? Кими қолган эди ўзи қишлоқда? Онаси унинг болалигида ўлгач, отаси қамалишидан олдин бошқа бир хотинга уйланиб, ундан иккитами-учта бола кўрганди. Суҳроб вояга етиб ҳарбий хизмату, ундан сўнг умрбод Москвага ўқишу яшаш учун кетгач, отаси қамалиб кетганинию, қамоқларда йўқ бўлиб кетганини ўгай онасининг хатларидан билган эди. Бироқ ўгай онасини онаю, ўгай ука-сингилларини қардош билиб улардан хабар олгани йўқ. Ёзлари чўл ариқларида сув қуриганидек, орадаги хатлар ҳам узилди, Суҳроб ўз қишлоғига қайтмагач, қишлоқдан уни сўраб келганлар ҳам бўлмади.

Мана энди эса бу қўнғироқ…

Шамойилсиз бу ўйлардан кўнгли ғулғулага тўлиб борар экан, бир маҳал телефон жинғирлаб қолди. “Алло!” – деди, одатдагидан йўғонроқ овозда Суҳроб. “Суҳропокамлани чақириворийнг!” – деб, бетакаллуф буйруқ бергандек бўлди таллафузи норус бўлган бу овоз. Суҳроб бир дақиқа сукут сақлар экан, худди биров уни чақираётгандек ўйин қилди эмас, балки бу қўпол овоздан эсанкираб қолди чамаси. Баҳарҳол у: “Ҳа, эшитаман”, — деди-да, қайсарлиги тутиб: “ким билан гаплашяпман ўзи?” – дея, қўрсликка қўрслик қилди. Телефондаги овоз бирданига майинлашиб: “Сомалайким, тоғажўн, ма жиянийз Сангийн бўламан. Сийниз Фараҳҳи кенжа ўғиллари-чи…” – “Синглим Фарраҳ?” – деб бехосдан бесўнақай ўзбекчага кўчди Суҳроб, — “қанақа…” – “Болалувда реално Фая диркансизу, ўшани ўғли-те…” – “Ҳа, Фая… биламан. Сиз қаерда?” – “Ма шудинг Маскавага ишка келувдув, эфемеси ушаволди, законний наезжат қилишвотти, дакиментийн йўғ дивотти, шунга ўзийиз булага этип қўясизми, даказайт қилиш керай-те, жиян диганини…” – “Сиз қаерда ҳозир?” – “Мана мамбу лўхлага трупкани берий…”

Шукрки, нарёғда бир капитан русчага кўчди.. Суҳроб суриштириб билса, бояги жияни Сангин яна бир ҳамюрти билан Алтуфеводаги Федерал миграция хизмати бўлими тарафидан бозорда хужжатсиз тутилиб, жаримага пули йўқлиги туфайли аввалига маъмурий қамоққа, кейин эса ўз юртига ҳайдалиш тараддудида экан. “Ма бўтга авторитетний қариндошиммикига кегамман!” – деб, Суҳробнинг телефони билан номини туморидан чиқариб тутқазганидан, капитан ҳар эҳтимолга қарши бунисини ҳам текшириб боқмоқчи бўлган экан. “Агар бу дайдилар чиндан ҳам сизникига келишган бўлса, биз уларни қўйиб юборишга тайёрмиз, бироқ ўзингиз бўлимга келиб тилхат ёзиб кетишингиз лозим” – деди сўнгида капитан, ва недандир бу буйруққа бўйсунибми, ё бошқа жунбушданми, умрида кўрмагану билмаган жиянини қамоқдан қутқариш учун, Суҳроб ўн дақиқа сўнгра “Киевская” метросига тушиб бориб, Москванинг қоқ чекасидаги Алтуфево томон йўл олди…

Суҳроб метрода айниқса Москванинг ёбонларига чиқишни кўпам хуш кўрмасди. Сўнгги пайтлар метрода юриш хавфли бўлиб қолди. Йўқ, қаланғи-қасанғи тақирбошлар мўйсафед Суҳробни тутиб уришмас эдию, бироқ уни намат қалпоғидану қалин соқолидан бир гуржи, бир чечен билиб, ё тўрт атрофни менсимай бўралаб сўкишарди, ё ёшроқ бўлганлари “Бин-Лодин” деб мазах қилишарди.

Рост, бу сафар Москва қаҳратоними боис, у сийраклашган метрода эсон-омонгина Алтуфевогача етиб борди, ҳатто станциянинг ўзида сандирақлаган учта-тўртта маст-аласт ёш-яланг ҳам ўзлари билан ўзлари овора бўлиб, унга қараб ҳам боқишмади. Тепага, ер устига чиқиб борса, қор бирам паға-паға ёғяптики, худди энг буюк ҳайкалтарош ер устидаги майда-чуйда борлиқни ўзининг белгисиз ганчи билан қайта босиб ташлагудек…

Қор оралаб йўловчи бир кампирдан йўл сўраган Суҳроб милиция бўлимидаги ФМС хонасига кириб борса, сийқаси чиқиб кетган бир капитан ўнгида бурчакка тиқилиб қиш чилласида енгилгина трико кийган икки митти йигитча ўтирибди. Буларга ўткир кўзи тушиши биланоқ Суҳроб бирида дарров ўз отасининг шаклу-шамойилини таниди. Кўзлари ногаҳон чақнади шу он, бироқ сўлиб ўтирган бу ўспиринлардан бири бирданига ўрнидан сапчиб, ўзини Суҳробнинг қучоғига отди: “Тоғажўн, жон тоғажўн, қаранг мамбу жала нма қвотти?! Боракансизу, ока!”

Яна майда-чуйда зое қоғозбозлигу компютерларга киритилган тилхатларни итқитайлигу, бирор соатдан кейин бу икки жунжуккан юртдошию қондошини Суҳроб ўз уйига бошлаб келганига кўчайлик. Хотини Машенка буларни қиш қаҳратонидан триколарда кириб келишганини кўриб саросимага тушди, бир томондан она эмасми, устиларига пўстинлар берди, югуриб-элиб чой ташиди, бироқ йигитчаларнинг ойлаб суву-совун кўрмаган муз этлари эрий бошлагач, хона бўйлаб шу қадар қўланса ҳид тарқала бошлади-ки, Машенканинг нозик диди ғулувланди. Буни Суҳроб ҳам сезди. Айтмоқчи бўлганим – Машенка кўнглидаги булғанишни-да, қази ҳидини эслатадиган отдек бу йигитларнинг тер бўйини ҳам шу топла илғади Суҳроб.

Тош билан ишлайверганидан юраги қотадими ҳайкалтарошларнинг, ё майин илтифотга рўйи-хуши қолмайдими, не эса-да Суҳроб: “Чойларни ичиб бўлдингларми? Бу пўстинларни ўстингизга ташланг-да, отланинг – бир жойга обориб қўяман, ўша ерда ётасиз. Маслаҳатни эса эрталаб қиламиз!” – деб йигитчаларни қистай бошлади.

Ўша кечаси Суҳроб ўз жиянию унинг жўрасини ўз устахонасига обориб, ётоқ ўрнига иккита курсию, кўрпасига – ерда ётган серка терисини ташлаб, ўзи уйига энг сўнгги метро билан тун соат бирларда қайтиб келди. Машенка ҳали ҳам ухламай, унининг келишини пойлаб ўтирарди.

Бошқа пайт улар орасида кечган тахир суҳбату, кечаси билан ёнбошдан ёнбошга ағдарилган Суҳробнинг бедор ўйларини эринмай ёзган бўлар эдим, бироқ бўйнимга тузоқдек ташланган қоида – ҳайкалтарошлик услуби мени майда-чуйда ўнқир-чўнқирларга чалғимасликка чорлайди.

Эрталаб уйқусизликдан ланж Суҳроб қишки ҳавода бироз ўзига келиб, устахонасига аниқ қарор билан кириб борди. Кириб бордию, ўз қарори тўғрилигига иқрор бўлди: бу икки бедов той ҳамма ёқни ағдар-тўнтар қилиб ташлашган – кечаси кўрпа қидиришганми, ё саҳарда самоварми, не аҳамият, китоблар ҳайкалларнинг қўлларига ташланган, ҳайкал бошлар китоб жовонларига қўндирилган, бу ҳам кам эса, қийиқ дастурхоннинг ўртасида тўртга бўлиниб сопол идишчанинг чил-парчил бўлаклари қора майизи аралаш ағдарилиб ётарди. Буниси ҳали Суҳроб кўзи билан қараб фақат шаклларни айтяпман, анқиган ҳиду, беписанд хурракдан гап юритганимча йўқ…

Шунда Суҳробнинг миясигами, тилига туйқусдан ўсмирлигидан бери қўлламаган сўкинчлар отилди: “Ҳе, онейни…” – деб ҳайқиргиси келди, бироқ бурчакда донг қотган бу икки жуссачанинг устига бостириб бораркан, “кусфуруш” билан “қизталоқ” фарқида довдираб, ахир: “Ҳе, қисталоғла, тур!” – деб ўшқиришга ўшқирдию, ҳаяжонидан овози бўғилиб, қисилиб, ўз қулоғига аллақандай шаллақи чийиллашдей туюлди. “Шалтоғингга буланиб ётурасанми?!” – болалигидан келди садо.

Анави икки даюс истар-истамас ёндан ёнга ағдарилишди-да, бири: “Чво  арош, чимо?!” – деб ғудранди-да, яна уйқуга кетди. Шунда Суҳроб икки қўли билан иккисининг устидан икки пўстинни юлиб ташлади-да: “Тур-э, сани!” – деб қичқирди. Совуқдан сесканиб уйғонган иккиси уйқу аримаган кўзларини муштлари билан уқалаб: “Э, сизмувдийз, ока, шунноғ димийсизми?” – дея, туришди. “Мана сеники икки минг пул, Казанский вокзал борасиз, уйга кетасиз!” Пулни кўргач иккала йигитча мулойимлашди: “Хўп дидиву, кийинсов бўладими, ока?!” – “Давай, тез!”

Хулласи, булар билан чой-пой ҳам қилгани йўқ Суҳроб, пулига илован қўлларига икки шотланд свитерини топширгач, эшиккача буларни кузатиб борди-да, эшикни кетларидан ёпгач, жим-жит ёлғизликда: “Тўғри қилдиммикан?” – деган гумонга борди. Ким билсин, бўлари бўлди. Ҳар ҳолда ҳамқишлоқларига совға-салом, тортиқ-тарағай бериб юборса бўлармиди…

Кун бошидан бузулган эди. Шу туфайли қолгани ҳам бебарака ўта бошлади: тимирскиланиб Суҳроб булардан қолган ола-гастонни йиғиштиргандек бўлди, устахонасини саранжомлади бир навъ, китобларни қайта жовонга тизди, ҳайкалчаларнинг чангини артди, бояги тўртта сополни чегалашга урунди, ўрнига тўрт сопол бешга бўлинди. Ундай деса, бу ёқда юраги чил-парчил бўлиб ётибдию…

Ўз-ўзини мурувватсизликда пинҳона айблаб, ўз-ўзини еб ётганида, телефон жиринглади. Олса – жияни Сангин. “Ока, — дейди, — сззиям хет қвордию, тока бўтта билет законний йўғака. Братанла самолўтка чқарворийлув дийишвотти. Атвечат қловуза дийишвотти… Тока жчча каписта соққада керов бўвотти… Нма қилийну, ока?” Ҳайкалтарошларнинг қўлиям, ақлиям кескир бўлади эмасми, Суҳроб ортиқча мижғовланмасдан: “Киев вокзали соғати биласиз, ке, пул тайёр!” – деб буюрди. Пул кетса кетсин, руҳ тинчлиги кетмасин экан. Хотинидан ҳар оилавий эҳтимолга қарши яшириб қўйган роппа-роса минг доллар ичидан тўрт юзини олиб, Суҳроб яна қор кўчага чиқди.

Киев вокзалининг минораси тагида ярим соатча кутиб, икки йигитчага хуфёна тўртюз доллар (“уч юзи билетга, юзига қишлоққа у-бу нарса оласан” -дея)  топширди-да, кўнгли тўлса-да, орқасига қайта-қайта аланглаб, яна устахонасига қайтди. Қизиқ, йўлида учраганларнинг бври унинг кўзига ўзбек бўлиб кўринар, ё чиндан ҳам шундаймиди ўзи? Устахонасига қайтгачоқ, Суҳроб ўзининг соат остидаги бесўнақай хатти-ҳаракатларини эслар экан, кўз олдида яна ўша икки бўз бола гавдаланди-да, Суҳроб бирданига лабини тишлади. Жиянининг эгнида эрталаб берилган шотланд свитери бор эса-да, панароқда турган жўраси аллақандай жулдур кастимда эди. Кастим тагида эса ўша-ўша яғир трико…

Буларнинг баридан алаҳсиш учун Суҳроб лой қорди, ох деганда ўзининг бугунги беқарорлигидан бир нарса ундирмоқчи бўлди, қайда дейсиз, қўли бирон шаклга бормади, лой қўлида қотиб, уни ҳам оқибат чил-парчил увалашга тўғри келди.

Пиёз арчганингда биринчи қат пўчоқдан чуқурроқ олсангоқ, кўзингдан ёш сирқираганидек, аллақандай йиғлоқи кайфиятда эди Суҳроб. Тўғри қилдими бошидан, ё йигитчаларни келган ерига ҳайдашдан кўра уларга эл қатори иш-пиш топиб бериш керакмиди? Ахир дўстлари бўлса бор, истаган ерига қўли етади, жилла қурса Санъат уйига қоровул-поровулми, ё электрик-пелектрик қилиб жойлаштириб қўйса ҳам бўлардию… Москвада ўзбек қоровули камми, яна битта-иккита қўшилса…

Қизиқ, ҳайкалтарош халқи одатда армону-пушаймнлардан йироқ бўлади: тошнинг бир парчаси учдими – уни жойига қайтаролмайсан, шаклни янгидан мослаш қолади холос. Лекин нега у бир ёшга етганида кундалик одатларига хилоф қайта-қайта каловланиб ўтирибди? Ахир ўлимга ё дўзаҳга жўнатгани йўқ-ку жиянини – ўз она юртига, ватанига жўнатди! Барибир кўнглидаги бу лойқалик тарқагани йўқ, барибир кўнгил сополини ҳам бир-бирига  чегалолмай қолди Суҳроб… “Э, шоир бўлиб кет-а!” – деб, сўнгги хаёлига кулиб қўйди у ва бирданига бояги қотган бурда-сурда лойлардан нима ясашини англагандек бўлди…

Қишнинг эрта кечи ҳам кира бошлади. Бояги бўлакларни улашга ниҳоят янги лой қоримоқчи бўлиб турганида яна телефон жиринглади. “Сомалайким ока, айрапўттан тлпон қвомман. Бўтта биттаси атвичат этвотти бу соққанга дийди индинига белат бо, бля, бугун законний кетмохчи бўсанг, дийди, ўзим чқарворама, яна капустайнда иикиюз таша, двотти… Нма қловуза, ока? Братаними соғат тейига жўнатурийми?

Паашрат қворийн, ока, совоп бўляди…”

Суҳроб жавоб бермасдан гўшакни ташлади-да, қўллари ҳануз лой, ўйланиб қолди. Қўллари майлия, гўшакка ҳам лой тегиб, у энди тинимсиз чийиллар эди. Гўшакни яна олиб, зарда билан телефонга урган эди, лойлари ҳар тарафга сочилиб, дарз кетган гўшак ҳам жимиди.

Қўлини апил-тапил ювиб, яна бояги хазинасидан икки юз доллар олди-да, бир зумга ўйланиб унга яна икки юз қўшдию, устига пўстинини ташлаганича, қайта қорбурон кўчага чиқди. Қизиқ, бу сафар кутгани ҳам йўқ, соат тагида писиброқ, бир ўзбек турарди. Бунисинг ҳам турқи Суҳробга кўпам ёққани йўқ. Яқинроқ келса – қиш ҳавоси эмасми, ундан арзон пиво ҳиди анқиб турибди. Тери курткасининг остидан эса Суҳробнинг эрталабки шотланд свитери кўрингандек…

“Сан ким?” – деб, на салом, на алик қилиб сўради Суҳроб. “Сомалайким, ока, жиянийз юворувди. Баблўдан жичча беради, дувди…” – “Эй, бала, буни қаерга олдинг?” – Суҳроб қўлини куртка остидаи свитерга узатган эди, йигитча чап бериб, Суҳробнинг қаттиқ панжалари унинг тери курткасига ёпишди. – “Ў, бля, ока нма қвоссиз ўзи? Буни кожинкя дийди, йиртворасизу, нма беспределми сизга? Мунга кўп пул чочкаммиз…”  — Бир зумга Суҳроб, пўчоғ арчгандек, унинг курткасини юлиб ташлашга ҳозир эди, касбий одатлари жунбушидан қат остидан қат қидириб бу йигитчанинг яланғоч мағзига етмоқчидек эди. Бироқ шу пайт панада турган мелисанинг гулдурос овози ишга аралашди: “Вы что это, здес беспорядок разводите?! Понаехали тут, черные!»

Суҳроб умрида мелиса билан юзма-юз бунқанги ҳолатда йўлиқмаган эди, шунинг учун ҳам у ўзини йўқотиб қўйди. “Я вот тут, товарищ сержант, родственникам хотел денги передат…» — «Товарищ старший сержант!» — деб тўғирлади унинг хатосини мелиса. “Денги говориш, какие денги?!” – “Да вот, братишка улетает в Ташкент, хотел передат…” – деб, Суҳроб чўнтагидан тўрт юз долларини чиқазди. – «Ах, ты, так ты тут ещё контрабандой промышляеш?! Небос за анашу платиш?!» — деб, катта сержант ўдағайлаб кетганида, Суҳроб қай аҳволга тушганини англаб етди Ҳозир ҳойнаҳой мана бу шумшоқ ўзбекнинг чўнтагидан наша-паша топиладиган бўлса борми, расвоси чиқди Суҳробнинг. “Ока, лўх бўмайн, юзтасини қстрийн…” – деб имлади ўзбекчасига анови исқирт. Умрида бировга пора бермаган Суҳроб бир зумга бўкиб, алламбало бехушликда қўлидаги пулдан юзини мелисага узатди. —  “Ты что, правоохранителныэ органы на взятку… при исполнении служебных обязанностей… Да ты знаеш, что тебе за это будет?!» —деб, мелиса жазавасига тушганида, анави ўзбек Суҳробнинг қўлидан бор пулини олиб, мелисани қўлтиғидан ушлади-да: “Тичо начайник, давай бакланим как свой-свой” – деб, чекага тортди. Мелиса ғудурлаб-ғудурлаб, унинг кетидан девор орқасига тисарилди.

Шу топ Суҳроб қизиқ аҳволда қолди. Туйқус туйғу унга: “Кет!” – деди, бироқ у қочишдан уялди. Ундан кейин пул масаласи ҳал бўлдимикан? Ундай деса, барининг шалтоғи чиқиб бўлди. Анави ўзбек ҳам мелиса билан бир бўлса-я?! Яхшиси кетгани маъқул. Бу фикрда Суҳроб соат тагидан жила бошлади. Ғира-шира қуюқлаша бошлаган, чироқлар эса ҳануз ёқилмаган, яна йигирма-ўттиз қадамдан кейин йўловчиларга аралашиб кетади. Эндигина шундай деб, қадамларини тезлаштирган эди, кетидан: “Ўўв, ока, қаққа кетвоссиз?” – деган ўзбекча ҳайқириқ узалди. Суҳроб таққа тўхтади. Наздида энди мелиса тугул, Киев вокзали атрофидаги мўл ўзбеклар у томон ёпирилишиб келадигандек… Йўқ, бояги чаламаст йигитчанинг ўзи унга яқинлашди холос: “Ока, унақамасте, сизам атвичат қлийн, анув мусарга иккиюззи бердув, укайз яна базар қбюрмаси…” Суҳроб бош ирғитди-да, хайр-маъзурсиз ўзини кўм-кўк қоргаю, қор оралаб тушаётган қоронғуга урди…

Устахонага қайтгач анча пайтгача унинг қўлларию юраги титради, музлатқичдан негадир яримталаб қолган ароқни олиб темир кружкага қуйди-да, икки ҳўпламда газзакисиз отди. Ичи қизий бошлади. Шу пайт уни сескантириб яна жинғироқ жиринглади. Телефон эмас, бадтари — эшик жинғироғи. “Мелисамикан?!” – деб чўчиди аввалига Суҳроб, биров мелиса одатда эшикка қоқади эмасми, — деди унга шошқин онги. “Яна пулга келишдими?” – деб ҳавотирланди у кетин. Бироқ иккинчи жинғироқ тарабчан эмас, бароз узрнок янграганидан: “Нима бўлса бўлди!” – дея, у қўлида темир кружкасинию ярим шиша ароғини тутганича, эшикка юзланди.

Очса – икки нотаниш инсон. Бир эркагу, бир аёл. Эркаги: “Мистер Суҳраб?” – деб сўрагачоқ, Суҳробнинг эсанкираган эсига бу соатга Ню-Йоркнинг Метрополитен музейидан азиз меҳмон келиши кераклиги тушди. Эсига тушдию, қўлида темир кружкаю ярим шиша ароқ, Суҳроб ушбу муҳтарам жуфтга на киринг дейишини билмай, на салом учун қўл узатолмай, довдираб қолди. Анавилар эса америкаликлар эмасми, шарақлаб кулишди-да, Суҳробнинг елкасига қоққанича, инглизчасига: “Илҳом парисини ушлабсанми?” – қабилида бир нарсани чуғурлашиб, ортиқча такаллуфсиз ичкарига кириб келаверишди…

Чоғимда яна адабий йўлларга чалғиб кетдим. Айтмабмидим – ҳайкалтарошлардан ўрнак олиб, ҳодисаларнинг пўсту-пўчоғига алаҳсимасдан, мағзини чақаман деб. Шу боис Суҳроб анчадан бери кутиб юрган ўша ардоқли жуфт билан бўлган узун суҳбатнинг жимжималарини айтиб ўтирмай-да, фақат Суҳроб устахонасидаги ароқ ҳидию анави икки саёқдан қолган бесаранжомликни қанчалик хаспўшлашга ҳаракат қилмасин, америкаликлар шунчалик уни юпатишару, “рус руҳининг унга ҳам юққанлигини” аллақандай ғарбона такаббурлик билан кечиришгандек бўлишганини айтай… Ёки, майли-да, кечаси соат ўн бирларда буларни кузатиб, Суҳроб ўз уйига, мўмина Машенканинг олдига қайтиб келганига тўғри ўта қолай.

Машенкага кун давомида бошидан ўтганларини гапириб ўтиргани йўқ, жўнгина: “Жиянингни жўнатдингми?” саволига: “Жўнатдим”, — деб қўяқолди-да, кўпроқ америкалик меҳмонлар ҳикоясини қилди. Улар билан бўлган узун суҳбатнинг жимжималарини сўзлар экан, Суҳроб бехосдан ўзининг ҳам анавилардек бир навъ “гастарбайтерлигию”, тиланчилигини сезгандек бўлди. Ахир бу жуфтга ёқиб, ўз меҳнатини қимматроқ баҳода сотишга тиришмадими у? Улар ҳозирги кунда санъатга пул ажратилмаётганига гапни буришса, Суҳроб ўзининг ноёблигини пеш қилмадими? Бу пинҳоний тиланчиликда анави ўзбеклардан қаери ортиқ экан унинг?! Харидорининг ўрис эмас, америкалик бўлганими холос?!

Бу ўйларда яна алламаҳалгача ухламай, кўрпаю чойшабини дўк-дўк тепиб ётди Суҳроб. Лекин буниси ҳам бир сира адабиёт…

Эртаси… эртаси ҳеч нарса бўлгани йўқ. Телефон ҳам жирингламади, мелиса ҳам қидириб келгани йўқ. Америкаликлар ҳам ортиқ қорасини кўрсатмади. Индинисига ҳам кун бўм-бўш ўтди. Учинчи кунга бориб устахона энди йиғиштирилган, сопол синиқларию бўш ароқ шишалари ахлатга ташланган, қийиқ атлас дастурхонча устида бир ҳовуч майиз тўнтарилган гул дўппи ичида қорайиб турарди. Суҳроб эса хазинасидаги қолган икки юз долларини олиб, уни шу кеча Машенкага совға-салом учун топширишга шайланган, ҳозирча эса ўзининг тинчлана бошлаган кўнглига қулоқ тутиб, янги ҳайкал лойиҳасини хаёлида пишитар эди. Балки-да “Гастарбайтер” деб номлайдими уни… Ҳар нечук…

Ўша куни кечқурун уйига қайтиб, Машенкага дабдурустдан икки юз долларни ҳадя этгач, иккиси бир шиша арзанда франтсуз шаробини эрмак қилиб, телевизорга тикилиб ўтиришар экан, янгиликларда шаҳар мелисаси марказда бузилишга режаланган бир эски уйни ўзларига меҳмонхонаю ётоқхона қилиб олган 68 ўртаосиёлик ноқонуний мигрантни таппа босганини кўрсатишди. Йўқ, буларнинг орасида – Суҳроб қанча тикилмасин – Сангин жияни чиқиб қолгани йўқ, бироқ бу олтмиш саккиз инсоннинг ит ётиб мирза туришини кўрган Суҳробнинг кўнгли яна ғашликка тўлди. Кечаси яна ухлаёлгани йўқ. Бедорлигини ўткир шаробдан кўрди, бояги суратлардан кўрди, Машенкага қилган риёкорлигидан кўрди – фикри буларнинг орасида чуваланиб, барибир уйқу бермади.

Бир пайтлар ёшлигида, Москвага эндигина келгач, ўзи ҳам ит ётмаган ерларда тунаб қолганларини, бироқ кунлари бир инсон анатомиясини, бир расмкашликни, бир тош йўнишу, лой қориш санъатларини муккасидан тушиб ўрганганларини эслади у. Ўйлаб боқса, бояги азиятлари бугунги мартабага эришиш учун чекилган экан, аммо Суҳроб-ҳайкалтарошнинг бугунги  мартабаси уни тош ҳайкал каби ўту-чўғдан асрашга қодирми?! Қайда?! Ўзи беқарорликда ўту-чўғ бўлиб ёниб ётибдию! Ёшлигидан ҳаётнинг маъносини иш устига улуғвор иш билан ўлчаган Суҳроб энди майда-чуйда юмушларга ем бўлмаяптими?! Ё бу майда-чуйда юмушларда ўзига оро топяптими?!

Гап келиб-келиб, бир инсоннинг шиша қалбини  синдирмаслик ҳақида кетяпти эмасми?! Фаришта Машенкасини эслади илк он Суҳроб. Танимаган сингли Фарраҳни эслади, унинг авбош ўғли Сангинни… Нима қилса буларнинг барини бахтли қила оларкин? Ўйлаб-ўйлаб бир жиҳоз кашф этди. Замбараксимон бу жиҳозни денгиз соҳилига жойлади. Ичига синглини кирғазиб, чўзма отгандек уни узоқ денгизга отди. Сингли озод парвозда денгизга шўнғидию, денгиз кўпигидан мукаммал ҳайкал бўлиб чиқди, илоҳий Афродита бўлиб чиқди… Америкаликларга сотсамми бу жиҳозни? Пулга кўмади-ку бу жиҳоз уни…

Эрталаб қишки тарқамас ғира-ширада уйғонса, тун бўйи алаҳсирабди анави жиҳоз куйида: туш бўлинсаям, жиҳозни қуриш иштиёқи тун бўйи давом этган экан… Кулишини ҳам билмади ўша тонг Суҳроб, йиғлашини ҳам… Устахонасига етиб боргач ҳам туш қайғуси тарқагани йўқ: қўлу хаёлининг бирор ишга боргиси келмади. Яна ўзию, ўз хаёти ҳақидаги ўйларга толди Суҳроб. Шундай эса-да, биз бўш келмайлик, берган аҳдимизда мустаҳкам турайлик: ҳайкалтарошлик дедикми, унинг йўриқларига содиқ қолайлик.

Соат ўн иккиларми эди, телефон жиринглади. Нотаниш расмий овоз: “Бу Фалончи Фалончиевнинг телефоними?” – деб сўради. – “Ҳа, Суҳроб Суръаталиев мен бўламан”, — деб жавоб берди Суҳроб. – “Сизнинг қарамоғингизда Сангин Суръаталиев деган одам бўлганми?” – деб сўради овоз. – “Кечирасиз, мен… нимайди…” ¬– деб, мижғовланди аллақандай эҳтиёткорликми, раддибалоликда Суҳроб. Нарёғдаги овоз қоғозларга кўмилгандек бўлди. Гўшакни ташлаб, бошқа кўтармасамикан – деган оний хаёлга борди Суҳроб. Яна бир балога гирифтор қилади-йўв бу безори келгинди… Бироқ бу сукунатга чидолмай, у: “Кечирасиз, тинчликми ўзи?” – деб сўради. – “Йўқ, гап айни шундаки, тинчлик эмас-да!” – деб жавоб берди илтифотсиз овоз ва зуғумида давом этди: “Бу қанақаси ўзи? Ахир менинг ҳамкасбларимга нима деб ваъда берган эдингиз? Ўзим қарайман, ўзим адабини бераман демаганмидингиз?!” – “Кечирасиз, нима бўлди ўзи?!” – деб тоқатсизланди Суҳроб. – “Аеропортдаги казинода ўйнашга сиз пул берганмидингиз? Ютқазиб, жан
жал кўтариб ур-тўполон қилганида сизни отингизни…” – “Нима деяпсиз?! Қанақа пуллар?!” – “Сиз нима, мени сўроққа тутяпсизми? Аксинча, азизим, мен сизни сўроққа тутишим керак!”

Шу ерда ичи шув этиб бўшади Суҳробнинг. Тиззалари титради. Мажолсизликдан у ганч ҳайкалнинг тиззасига ўтирган эди, ҳайкал чирс этиб синди… Тонишдан энди фойда йўқ… “Кечирасиз, ўртоқ катта… исми-шарифини нима дедингиз… Ҳа, ҳа, ўша Сангинга бу пулни мен уйига қайтиб кетиши учун берган эдим… У… ярамас… аблаҳ эса…” Шунда сўнгги кунлари газак тортиб юрган қаҳру-алами очилди Суҳробнинг. Жўшиб-тошиб кўнглини ёрди бу нотаниш овозга. Дастлабки қутқариши ҳам қолмади, устахонасидаги ағдар-тўнтару, уларга берган қимматбаҳо шотланд свитерлари, хотинидан беркитган энг сўнгги пулларию, буларнинг ҳеч қандай қариндош эмаслиги – барини ағдарди Суҳроб қизиган гўшакка.

“Менинг бундай қариндошим йўқ, нима қилсангиз қилаверинг уни!” – деб якунлади у ўз талошу-шикоятини…

Қизиқ, одатда расмийлар чидамсизроқ бўлишади, бироқ буниси Суҳробнинг гапини бўлмасдан бошдан оёқ тинглаб турди. Ҳатто Суҳроб хунибийронлигини тугатгач ҳам, бироз тавозеълик ила сукут сақлаб турди-да, кейин: “Кечирасиз, аммо қиладиган нарсамиз қолгани йўқ. Қамоқхонамизда уни бир телба тақирбош пичоқлаб қўйди. Жасадини олиб кетасизми, — деб телефон қилаётган эдим” – деди.

Декабрнинг ўша қорсиз кечаси Суҳроб Машенка билан Домодедово аеропорти томон йўлга чиқишган экан, мислики осмон ҳайкалтароши сепаётган ганчини йиғиштириб, ишидан қўл узган чоғи, мен ҳам ўз аҳду-шаштимдан қайтдим. Қўй, — дедим ўзимга ўзим, — ўз адабиётимдан қолмай. Шафқатсиз экан буларнинг касбу-кори: тошни йўнибми, ёғочнинг  қат кетидан қат пўстлоғини ажратибми, ўзакми, мағзига етаман дегани шу бўлса, ҳайкалтарош Суҳроб Суръаталиев Москванинг қаҳратон тунида ўзининг бебош жиянининг муздек қотган жасадини сангин ҳайкалдек қамоқдан ўлик ташувчи машинага олиб чиқаётганини кўрмайинам-куймайин. Шумиди умринию кўнглини тимдалаган ўша энг мутлақ ҳайкал?! Шумиди унинг интилишларию жунбушларининг ўзагию мағзи?! Яланғоч, кескир ҳақиқат шу экан, — дейман ўзимга ўзим, — менинг ҳам ўзимга нохос ишдаги мардикорчилигимдан чиқишим маъқулу, ўз илиқ ва паҳмоқ тўқималаримга ўралганим тузукроқ эмасми?

Келинг, ўз йўлимда қайтадан бошлай: Суҳроб Суръаталиевни дўстлари ҳазиллашиб Зураб Церетели деб аташарди…