Ҳикоялар
April 12, 2023

Sergey Dovlatov. Bobom (“Biznikilar” toʻplamidan)

Кирилл ёзувидаги матн пастда берилган

Katta bobomiz Muso Suxovo qishlogʻilik dehqon edi. Taʼkidlash lozimki, “yahudiy-dehqon” — juda noyob soʻz birikmasi. Uzoq Sharqda bunday holatlar avvallari uchragan.

Katta bobomning oʻgʻli Isʼhoq shaharga koʻchib ketgan. Yaʼni, hodisalarning tabiiy ketma-ketligini tiklagan.

Avvaliga bobom mening otam tugʻilgan joy boʻlmish Xarbinda yashagan. Soʻngra, Vladivostokning markaziy koʻchalaridan biriga koʻchib kelgan.

"Madnifique | Audiokitoblar" YouTube kanali o'qigan audiovarianti

Boshida bobom soat va turli xil uy anjomlarini taʼmirlash bilan shugʻullangan. Keyin, nashriyot sohasiga oʻtib, musahhih boʻlib ishlagan. Ikki yil oʻtgach esa, Svetlankada tamaddixona ochgan.

Tamaddixonaning biqinida Zamarayevning “Nektar, balzam” vino doʻkonchasi joylashgan boʻlgan. Bobom Zamarayevnikiga tez-tez borib turardi. Oshnalar qittak-qittak qilishar va falsafiy mavzularda suhbatlashishardi. Keyin, bobomnikiga tamaddi qilishga yoʻl olishardi.

Keyin yana Zamarayevnikiga qaytishardi…

— Yahudiy boʻlsang ham, — taʼkidlardi Zamarayev, — dilbar koʻngilli odamsan.

— Faqat ota tarafdan yahudiyman, — derdi bobom, — onam tarafdan esa — niderlan!

— Qoyil-e! — maʼqullardi Zamarayev. Bir yildan keyin ular doʻkonchani ichib, tamaddixonani yeb tugatishdi.

Qarib qolgan Zamarayev Yekaterinburgdagi oʻgʻillarining oldiga joʻnadi. Bobom esa urushga ketdi. Yapon kampaniyasi boshlandi.

Armiya koʻruvlaridan birida u hukmdorning diqqatiga tushdi. Bobomning boʻyi ikki metru oʻn santimetrcha edi. Ogʻziga bemalol but-butun olmani sigʻdirsa boʻlardi. Moʻylovi pogonlarigacha yetardi.

Hukmdor bobomga yaqinlashdi. Soʻngra, jilmaygancha, barmogʻi bilan unga ishora qildi. Bobomni darhol gvardiyaga oʻtkazishdi. U yerda bobom deyarli yagona semit edi. Uni artilleriya batareyasiga safiga olishdi.

Agarda otlar holdan toyib yiqilsa, bobom aslahani botqoqdan sudrab oʻtardi. Kunlarning birida batareya ishgʻolda ishtirok etadi. Bobom hujumga tashlanadi. Reja boʻyicha oʻq otuvchilar hujumchilarga yordam berishi kerak boʻlsa-da, merganlar jim turardi. Keyinchalik maʼlum boʻlishicha, bobom gavdasi bilan dushman tarafni toʻsib qoʻygan ekan.

Frontdan bobom uch liniyali miltiq va bir nechta medal olib keladi. Adashmasam, unga Georgiy kresti ham berishgan.

Bir hafta davomida boʻkib bayram qilgach, bobom “Edem” restoraniga bosh mezbon (metrdotel) boʻlib joylashdi. Qandaydir ofitsiant bilan janjallashib qolgan vaqtda oʻkirishni boshladi. Stolga musht tushirdi. Musht stolni teshib, tortmaga tushdi.

Bobom tartibsizlikni yoqtirmasdi. Shu sababli ham revolyutsiyaga salbiy munosabat bildirdi. Nafaqat salbiy munosabat bildirdi, balki revolyutsiyani sekinlashtirdi ham. Bu quyidagicha sodir boʻlgan edi:

Olomon chet joylardan shahar markazi tomon tashlandi. Bobom esa yahudiylarga qarshi pogromlar boshlandi, deb oʻyladi. U miltigʻini olib, tomga chiqdi. Olomon yaqinlashganda, bobom oʻq otishni boshladi. U Vladivostokning revolyutsiyaga qarshilik koʻrsatgan yagona yashovchisi edi.

Lekin, revolyutsiya baribir gʻalaba qozondi. Olomon tor koʻchalar boʻylab shahar markazi tomon yoʻlni davom ettirdi. Bundan keyin bobom tinchlanib, oddiygina hunarmandga aylandi. Garchi, baʼzi-baʼzida oʻzi haqida eslatib turardi. Masalan, amerikalik firma "Merxer, Merxer va Ko" ning obroʻsiga putur yetkazgan paytini olaylik.

Ushbu amerikalik firma Yaponiya orqali Uzoq Sharqqa yigʻma karavot, yaʼni raskladushkalar olib keldi. Aslida, ular bu nom bilan ancha keyinroq atala boshladi. U paytda esa bu yigʻma karavotlar shov-shuvga sabab boʻlgan yangi matoh edi. Uni "Medjik bed" deb atashardi.

Raskladushkalar xuddi hozirgidek koʻrinishga ega edi. Rangli brezent mato, prujinalar, chetlari alyumindan…

Mening zamonaviy bobom savdo markaziga yoʻl oladi. Karavot maxsus supachaga joylashtirilgan edi.

– Amerikalik firmadan yangilik! – jar solardi sotuvchi. – Boʻydoqlar orzusi! Sayohatlar uchun nodir topilma! Qulaylik va rohat! Sinab koʻrishni xohlaysizmi?!

— Xohlayman, — deydi bobom va oyoq kiyimini ham yechmay, karavotga yotadi.

Qasir-qusur ovozi eshitiladi. Bobom yerga qulaydi.

Sotuvchi jilmaygancha yangi raskladushkani ochadi.

Yana birnimalar qarsillaydi. Bobom qattiq soʻkingancha, belini silaydi.

Sotuvchi keyingi karavotni oʻrnatadi.

Bu safar prujinalar bardosh berdi. Lekin, alyumin oyoqlar sassiz qiyshayib bukila boshlaydi. Bobom bu safar astaroq yerga qoʻnadi. Bir zumda atrof moʻjizaviy karavotning boʻlaklariga toʻlib ketadi.

Qiyshaygan temir boʻlaklari xira nur sochar, yorqin rangli brezentning qiytimlari har yerda sochilib yotardi.

Bobom savdolashib, buterbrod sotib oladi-da, joʻnab qoladi.

Amerikalik firmaning obroʻsiga putur yetgandi. "Merxer, Merxer va Ko" billur qandillar savdosi bilan shugʻullana boshlaydi…

Isʼhoq bobom juda koʻp ovqat yerdi. Baton nonni oddiy boʻlaklab emas, boʻyiga oʻrtasidan kesardi. Mehmonga borganda Raya buvim har doim bobom sabab uyalardi. Mehmonga borishdan avval bobom ovqatlanardi. Bu yordam bermasdi. U mehmonda boʻlganida non boʻlaklarini oʻrtasidan ikkiga buklab yerdi. Aroqni krem-sodaga moʻljallangan bokalda ichardi. Shirinlik paytida sardakli taomlarni dasturxondan olib ketmaslikni soʻrardi. Mehmondan uyga kelib, bemalol toʻyib ovqatlanardi…

Bobomning uch nafar oʻgʻli bor edi. Eng kichigi, Leopold, oʻsmirlik chogʻida Xitoyga joʻnab ketgan. U yerdan – Belgiyaga. U haqida hali alohida aytib beraman.

Toʻngʻich oʻgʻillar Mixail va Donat sanʼatga intilishgani sababli ovloq Vladivostokni tashlab ketishadi va Leningradda joylashishadi. Ularning ketidan bobom va buvim ham yoʻl olishadi.

Oʻgʻillar uylanishadi. Ular bobom bilan solishtirganda nimjon va bemajol koʻrinishardi. Ikkala kelin bobomga eʼtiborsiz edi.

Bobom uy-joy idorasining boshligʻi sifatida ishlashni boshlagan, kechqurunlari esa soat va elektrisitgichlarni tuzatardi. U avvalgidek gʻayrioddiy tarzda kuchga toʻla edi.

Kunlardan birida Щerbakov tor koʻchasida unga yuk avtomobili haydovchisi qoʻpollik qilib, uni “jugut bashara” deb ataydi.

Bobom haydovchini yoqasidan changallaydi. Harakatlanayotgan bir yarim tonnalik yuk mashinasini toʻxtatadi. Mashinadan sapchib chiqqan haydovchini chetga uloqtirib yuboradi. Yuk mashinasini bamperidan ushlab koʻtaradi va yoʻlga koʻndalang qilib agʻdaradi.

Yuk mashinasining old chiroqlari hammom binosiga, orqa tarafi – Щerbakov xiyoboniga tiralib qoladi.

Nima boʻlganini anglagan haydovchi hoʻngrab yuboradi. U goh yigʻlar, goh tahdid qilardi.

— Domkrat bilan tushiraman! — derdi u.

— Qoʻlingdan kelsa — bemalol... — javob berardi bobom.

Yuk mashinasi tor koʻchada ikki kun yotadi. Soʻngra, yuk koʻtaruvchi kran chaqiriladi.

— Tumshugʻiga aylantirib tushirsangiz boʻlmasmidi? – soʻrardi otam.

Bobom oʻylanib turib javob berardi:

— Berilib ketishdan qoʻrqdim…

Bobomning kichik oʻgʻli Leopold Belgiyaga ketgani haqida yozgandim. Bir safar undan odam keladi. Ismi Monya ekan. Monya bobomga smoking va katta puflangan jirafa sovgʻa qiladi. Maʼlum boʻlishicha, jirafa smokingni osish uchun tirgak ekan.

Monya kapitalizmining goʻriga gʻisht qalaydi, sotsialistik sanoatni maqtaydi va joʻnab ketadi. Koʻp oʻtmay, bobomni belgiyalik josus sifatida hibsga olishadi. Oʻn yil berishadi. Xat yozish huquqisiz oʻn yil. Bu esa otib tashlash maʼnosini bildirardi. Bobom baribir u yerdan tirik ham chiqmasdi. Gavdali sogʻlom erkaklarning ochlikka chidami yoʻq. Zoʻravonlik va bezbetlikka esa – ikki barobar…

Yigirma yillarcha oʻtgach, otam bobomni oqlash uchun harakat qila boshladi. Bobomni jinoyat tarkibi boʻlmagani sababli oqlashdi. Menda esa savol tugʻiladi: unda nimaning tarkibi bor edi? Nima uchun ushbu besoʻnaqay va alomat umrni uzib qoʻyishdi?…

Men bobomni, garchi bir-birimizni tanimagan boʻlsak-da, koʻp eslayman.

Masalan, doʻstlarimdan baʼzilari hayron boʻladi:

— Qayday qilib piyolada rom ichasan?

Men darrov bobomni eslayman.

Yoki xotinim menga deydi:

— Bugun Dombrovskiylarnikiga mehmonga chaqirilganmiz. Oldindan ovqatlanib olishing kerak.

Shunda men yana bobomni eslayman.

Men bobomni qamoqda boʻlganimda ham eslaganman.

Bobomning bir nechta fotosuratlari menda saqlanib qolgan. Bilaman, nabiralarim fotoalbom varaqlaganda, bizni hatto adashtirib yuborishlari mumkin…

Madina Musayeva tarjimasi, 2021


Сергей Довлатов. Бобом (“Бизникилар” тўпламидан)

Катта бобомиз Мусо Сухово қишлоғилик деҳқон эди. Таъкидлаш лозимки, “яҳудий-деҳқон” — жуда ноёб сўз бирикмаси. Узоқ Шарқда бундай ҳолатлар авваллари учраган.

Катта бобомнинг ўғли Исҳоқ шаҳарга кўчиб кетган. Яъни, ҳодисаларнинг табиий кетма-кетлигини тиклаган.

Аввалига бобом менинг отам туғилган жой бўлмиш Харбинда яшаган. Сўнгра, Владивостокнинг марказий кўчаларидан бирига кўчиб келган.

Бошида бобом соат ва турли хил уй анжомларини таъмирлаш билан шуғулланган. Кейин, нашриёт соҳасига ўтиб, мусаҳҳиҳ бўлиб ишлаган. Икки йил ўтгач эса, Светланкада тамаддихона очган.

Тамаддихонанинг биқинида Замараевнинг “Нектар, бальзам” вино дўкончаси жойлашган бўлган. Бобом Замараевникига тез-тез бориб турарди. Ошналар қиттак-қиттак қилишар ва фалсафий мавзуларда суҳбатлашишарди. Кейин, бобомникига тамадди қилишга йўл олишарди.

Кейин яна Замараевникига қайтишарди…

— Яҳудий бўлсанг ҳам, — таъкидларди Замараев, — дилбар кўнгилли одамсан.

— Фақат ота тарафдан яҳудийман, — дерди бобом, — онам тарафдан эса — нидерлан!

— Қойил-э! — маъқулларди Замараев. Бир йилдан кейин улар дўкончани ичиб, тамаддихонани еб тугатишди.

Қариб қолган Замараев Екатеринбургдаги ўғилларининг олдига жўнади. Бобом эса урушга кетди. Япон кампанияси бошланди.

Армия кўрувларидан бирида у ҳукмдорнинг диққатига тушди. Бобомнинг бўйи икки метру ўн сантиметрча эди. Оғзига бемалол бут-бутун олмани сиғдирса бўларди. Мўйлови погонларигача етарди.

Ҳукмдор бобомга яқинлашди. Сўнгра, жилмайганча, бармоғи билан унга ишора қилди. Бобомни дарҳол гвардияга ўтказишди. У ерда бобом деярли ягона семит эди. Уни артиллерия батареясига сафига олишди.

Агарда отлар ҳолдан тойиб йиқилса, бобом аслаҳани ботқоқдан судраб ўтарди. Кунларнинг бирида батарея ишғолда иштирок этади. Бобом ҳужумга ташланади. Режа бўйича ўқ отувчилар ҳужумчиларга ёрдам бериши керак бўлсада, мерганлар жим турарди. Кейинчалик маълум бўлишича, бобом гавдаси билан душман тарафни тўсиб қўйган экан.

Фронтдан бобом уч линияли милтиқ ва бир нечта медаль олиб келади. Адашмасам, унга Георгий крести ҳам беришган.

Бир ҳафта давомида бўкиб байрам қилгач, бобом “Эдем” ресторанига бош мезбон (метрдотель) бўлиб жойлашди. Қандайдир официант билан жанжаллашиб қолган вақтда ўкиришни бошлади. Столга мушт туширди. Мушт столни тешиб, тортмага тушди.

Бобом тартибсизликни ёқтирмасди. Шу сабабли ҳам революцияга салбий муносабат билдирди. Нафақат салбий муносабат билдирди, балки революцияни секинлаштирди ҳам. Бу қуйидагича содир бўлган эди:

Оломон чет жойлардан шаҳар маркази томон ташланди. Бобом эса яҳудийларга қарши погромлар бошланди, деб ўйлади. У милтиғини олиб, томга чиқди. Оломон яқинлашганда, бобом ўқ отишни бошлади. У Владивостокнинг революцияга қаршилик кўрсатган ягона яшовчиси эди.

Лекин, революция барибир ғалаба қозонди. Оломон тор кўчалар бўйлаб шаҳар маркази томон йўлни давом эттирди. Бундан кейин бобом тинчланиб, оддийгина ҳунармандга айланди. Гарчи, баъзи-баъзида ўзи ҳақида эслатиб турарди. Масалан, америкалик фирма "Мерхер, Мерхер ва Ко" нинг обрўсига путур етказган пайтини олайлик.

Ушбу америкалик фирма Япония орқали Узоқ Шарққа йиғма каравот, яъни раскладушкалар олиб келди. Аслида, улар бу ном билан анча кейинроқ атала бошлади. У пайтда эса бу йиғма каравотлар шов-шувга сабаб бўлган янги матоҳ эди. Уни "Мэджик бэд" деб аташарди.

Раскладушкалар худди ҳозиргидек кўринишга эга эди. Рангли брезент мато, пружиналар, четлари алюминдан…

Менинг замонавий бобом савдо марказига йўл олади. Каравот махсус супачага жойлаштирилган эди.

– Америкалик фирмадан янгилик! – жар соларди сотувчи. – Бўйдоқлар орзуси! Саёҳатлар учун нодир топилма! Қулайлик ва роҳат! Синаб кўришни хоҳлайсизми?!

— Хоҳлайман, — дейди бобом ва оёқ кийимини ҳам ечмай, каравотга ётади.

Қасир-қусур овози эшитилади. Бобом ерга қулайди.

Сотувчи жилмайганча янги раскладушкани очади.

Яна бирнималар қарсиллайди. Бобом қаттиқ сўкинганча, белини силайди.

Сотувчи кейинги каравотни ўрнатади.

Бу сафар пружиналар бардош берди. Лекин, алюминь оёқлар сассиз қийшайиб букила бошлайди. Бобом бу сафар астароқ ерга қўнади. Бир зумда атроф мўъжизавий каравотнинг бўлакларига тўлиб кетади.

Қийшайган темир бўлаклари хира нур сочар, ёрқин рангли брезентнинг қийтимлари ҳар ерда сочилиб ётарди.

Бобом савдолашиб, бутерброд сотиб оладида, жўнаб қолади.

Америкалик фирманинг обрўсига путур етганди. "Мерхер, Мерхер ва Ко" биллур қандиллар савдоси билан шуғуллана бошлайди…

Исҳоқ бобом жуда кўп овқат ерди. Батон нонни оддий бўлаклаб эмас, бўйига ўртасидан кесарди. Меҳмонга борганда Рая бувим ҳар доим бобом сабаб уяларди. Меҳмонга боришдан аввал бобом овқатланарди. Бу ёрдам бермасди. У меҳмонда бўлганида нон бўлакларини ўртасидан иккига буклаб ерди. Ароқни крем-содага мўлжалланган бокалда ичарди. Ширинлик пайтида сардакли таомларни дастурхондан олиб кетмасликни сўрарди. Меҳмондан уйга келиб, бемалол тўйиб овқатланарди…

Бобомнинг уч нафар ўғли бор эди. Энг кичиги, Леопольд, ўсмирлик чоғида Хитойга жўнаб кетган. У ердан – Бельгияга. У ҳақида ҳали алоҳида айтиб бераман.

Тўнғич ўғиллар Михаил ва Донат санъатга интилишгани сабабли овлоқ Владивостокни ташлаб кетишади ва Ленинградда жойлашишади. Уларнинг кетидан бобом ва бувим ҳам йўл олишади.

Ўғиллар уйланишади. Улар бобом билан солиштирганда нимжон ва бемажол кўринишарди. Иккала келин бобомга эътиборсиз эди.

Бобом уй-жой идорасининг бошлиғи сифатида ишлашни бошлаган, кечқурунлари эса соат ва электриситгичларни тузатарди. У аввалгидек ғайриоддий тарзда кучга тўла эди.

Кунлардан бирида Щербаков тор кўчасида унга юк автомобили ҳайдовчиси қўполлик қилиб, уни “жугут башара” деб атайди.

Бобом ҳайдовчини ёқасидан чангаллайди. Ҳаракатланаётган бир ярим тонналик юк машинасини тўхтатади. Машинадан сапчиб чиққан ҳайдовчини четга улоқтириб юборади. Юк машинасини бамперидан ушлаб кўтаради ва йўлга кўндаланг қилиб ағдаради.

Юк машинасининг олд чироқлари ҳаммом биносига, орқа тарафи – Щербаков хиёбонига тиралиб қолади.

Нима бўлганини англаган ҳайдовчи ҳўнграб юборади. У гоҳ йиғлар, гоҳ таҳдид қиларди.

— Домкрат билан тушираман! — дерди у.

— Қўлингдан келса — бемалол... — жавоб берарди бобом.

Юк машинаси тор кўчада икки кун ётади. Сўнгра, юк кўтарувчи кран чақирилади.

— Тумшуғига айлантириб туширсангиз бўлмасмиди? – cўрарди отам.

Бобом ўйланиб туриб жавоб берарди:

— Берилиб кетишдан қўрқдим…

Бобомнинг кичик ўғли Леопольд Бельгияга кетгани ҳақида ёзгандим. Бир сафар ундан одам келади. Исми Моня экан. Моня бобомга смокинг ва катта пуфланган жирафа совға қилади. Маълум бўлишича, жирафа смокингни осиш учун тиргак экан.

Моня капитализмининг гўрига ғишт қалайди, социалистик саноатни мақтайди ва жўнаб кетади. Кўп ўтмай, бобомни бельгиялик жосус сифатида ҳибсга олишади. Ўн йил беришади. Хат ёзиш ҳуқуқисиз ўн йил. Бу эса отиб ташлаш маъносини билдирарди. Бобом барибир у ердан тирик ҳам чиқмасди. Гавдали соғлом эркакларнинг очликка чидами йўқ. Зўравонлик ва безбетликка эса – икки баробар…

Йигирма йилларча ўтгач, отам бобомни оқлаш учун ҳаракат қила бошлади. Бобомни жиноят таркиби бўлмагани сабабли оқлашди. Менда эса савол туғилади: унда ниманинг таркиби бор эди? Нима учун ушбу бесўнақай ва аломат умрни узиб қўйишди?…

Мен бобомни, гарчи бир-биримизни танимаган бўлсакда, кўп эслайман.

Масалан, дўстларимдан баъзилари ҳайрон бўлади:

— Қайдай қилиб пиёлада ром ичасан?

Мен дарров бобомни эслайман.

Ëки хотиним менга дейди:

— Бугун Домбровскийларникига меҳмонга чақирилганмиз. Олдиндан овқатланиб олишинг керак.

Шунда мен яна бобомни эслайман.

Мен бобомни қамоқда бўлганимда ҳам эслаганман.

Бобомнинг бир нечта фотосуратлари менда сақланиб қолган. Биламан, набираларим фотоальбом варақлаганда, бизни ҳатто адаштириб юборишлари мумкин…

Мадина Мусаева таржимаси, 2021