Ҳикоялар
February 20, 2022

Sharof Boshbekov. Mening yozuvchi boʻlganim (biografik hajviya)

Taniqli yozuvchi, dramaturg va ssenarist Sharof Boshbekov 2022-yil 26-yanvar kuni 71 yoshida olamdan oʻtdi.
Kirill yozuvidagi matn pastroqda

Men jiddiy oilada tarbiyalanganman. Uyimizda kulgi ovozi kamdan-kam eshitilardi. Ota-onamiz: “Jiddiy bola boʻlgin, shunda sendan jiddiy odam chiqishi mumkin. Boʻlar-boʻlmasga hiringlayversang, goʻr ham boʻlmaysan” deb oʻrgatishgan. Ana shu gap hamon qulogʻimda. Mendan durust odam chiqdimi-yoʻqmi bilmadim-u, lekin shunaqa qovogʻi soliq odam boʻp qolganim aniq.

Tabiatimda yoshligimdan bir xudbinlik bor: men gapirsamu boshqalar eshitsa! Shu, deng, ich-ichimda aytadigan gaplarim koʻpga oʻxshardi. Qanaqa gapligi esimda yoʻgʻ-u, ammo gapirishga kuchli ehtiyoj sezaveraman. Vaqti-soati kelib biron kasbning boshini tutish masalasi koʻndalang boʻlganida, nima hunar qilsam ekan, deb oʻylay boshladim. Avvaliga diktor, oʻzbekchasiga – suxandon boʻlsammikan, dedim. Maza-da! Radiodami, televizordami gapiraverasiz, gapiraverasiz. Millionlab odam istasa-istamasa eshitaveradi. Radiosini oʻchirib qoʻysa ham sen gapiraverasan-da. Keyinchalik bir-ikki urinib ham koʻrdim, lekin radioga ovozim yoqmadi, televizorga – basharam. Xullas, boʻlmadi.

"Madnifique | Audiokitoblar" YouTube kanali o'qigan audiovarianti

Aktyorlik eng zoʻr kasb boʻlib tuyulib qoldi bir mahal deng. Tasavvur qiling, zal liq toʻla odam! Buyam yetmaganday, oxirida chapak chalib, gullar ham berishadi! Artistlar tayyorlaydigan oliy oʻquv yurtini bitirganimdan keyin biron oʻn yil teatrda ishlab, bu kasbdan ham koʻnglim qoldi. Aktyor degani birov yozgan gaplarni gapirarkan, oʻzining gaplari ichida qolib ketaverarkan shoʻrlikning. Toʻlib-toʻlib dardingni aytolmaganingdan keyin, shuyam hunar boʻldi-yu. Qisqasi, buniyam yigʻishtirdim.

Yoshligimda, deng, Brejnevga juda-juda havas qilardim. Dunyoda shu bandadan baxtli odam boʻlmasa kerak, deb oʻylardim. Yoʻq, mansabiga emas, gapirish imkoniyatiga havas qilardim. Syezdlardagi nutqlarini eslang. Oʻziyam jagʻi tushib ketgunicha gapirishga haqqi bor edi-da! Keyin bilsam ungayam birov yozib berarkan. Oʻylab-oʻylab Brejnev boʻlishdan ham voz kechib yubordim.

Kunlardan bir kun Boshbekovning boshiga bir zoʻr fikr keldi: hamma birov yozgan gaplarni gapirsa, oʻsha “birov” oʻzim boʻp qoʻyaqolsam-chi? Yaxshi-da, oʻzim yozaman – oʻzim gapiraman! Shu-shu, desangiz, oʻzim yozadigan boʻp ketdim. Maqtanish boʻlmasin-u, hozir siz oʻqib turgan satrlarni ham oʻzim yozganman. Shunaqa yozadigan odamlarni yozuvchi deyisharkan. Yozuvchilar ham ikkiga boʻlinarkan. Birinchisi, bolaligida kam kulganlar (“durust odam boʻlish” ilinji-da). Ular kulgiga toʻymay oʻsgani sabab, nuqul kulgili asarlar yozadi. Ikkinchisi – hamma kulgisini bolaligida kulib boʻlganlar. Ular nuqul jiddiy asarlar yozishadi. Biron muallif asarini “komediya” deb daʼvo qilsa-yu, lekin kulgili chiqmasa, “bu yozuvchi bolaligida kulib qoʻygan ekan-ku” deb qoʻyaman.

Yozuvchilik gʻalati kasb ekan. Butun umring “Hoʻ, birodarlar, meniyam qoʻlimdan yozish keladi” deyishga sarf boʻlarkan. Avval teatr jamoatchiligiga, keyin adabiy jamoatchilikka, soʻng tomoshabinga. Ungacha oʻzingiz ham qirqni urib qoʻyasiz.

Xoʻp, isbotladingiz ham deylik. Keyin xotiningiz boshlab qoladi:

— Hoy, dadasi, biron jiddiyroq ish qilsangiz boʻlmaydimi? Kap-katta, sogʻ-salomat erkakka sekretar-mashinistkalarga oʻxshab mashinka chiqillatib oʻtirish ham ishmi? Mayli, ishdan boʻsh vaqtingiz-da asar yozasizmi, qush boqasizmi, it boqasizmi – ixtiyoringiz!

Xotiningizga to it boqish bilan yozuvchilikning farqini tushuntirguningizgacha yoshingiz ham ellikka borib qolar ekan. Buyogʻi endi nima boʻladi, bilmayman.

Hali aytganimday, bolaligimda kulgiga toʻymay oʻsganman, endi oʻshaning hissasini chiqarish uchun hajviy asarlar yozadigan yozuvchi boʻlishga ahd qildim. Kulgining oʻzi nima, rangi qanaqa, qanday materialdan yasalgan – xullas, shu masalada qattiq bosh qotirdim. Vale, shunday xulosaga keldim: kulgiyam ikki xil boʻlarkan – bamaʼni kulgi, bemaʼni kulgi. Shunday bir asar yozishni orzu qilib kelaman – uni koʻrgan tomoshabin qah-qah urib kulmasa, biroz havas, bir qadar maʼyuslik bilan jilmaysa va jilmayib oʻtirganini oʻzi ham sezmasa. Bilasizmi, bu tabassumda taʼma yoʻq. Bu nihoyatda shirin, huzurbaxsh, iliq va yoqimli kulgi. Tomoshabinni kuldirish oson, jilmaytirish qiyin. Tarvuz koʻtarib ketayotgan bir semiz amaki gup etib yiqilib tushsayam kulaveramiz-da. Bamaʼni kulgi esa boshqacha boʻladi.

Bir kuni kichkina qizchamni yetaklab bozorga tushdim. Uzum olmoqchi boʻldik. Bir badjahl, qoʻrs odam uzum sotyapti. Qovogʻi menikidan ham battar osilib ketgan. Yaqinlashib narxini soʻradim.

— Koʻrmayapsizmi, yozib qoʻyibmiz-ku! – deb jerkib berdi u.

— Ha endi, bu bozor, xaridor degani savdolashadi, tortishadi.

— Siz bilan tortishib oʻtirishga vaqtim yoʻq! Olsangiz oling, boʻlmasa tovarni toʻsmang!

Baribir savdolasha boshladik. Men u dedim, u bu dedi, xullas, oʻn soʻmlik uzumni sakkiz yarim soʻmga kelishdik. Qarab turibman, haligi amaki tarozining pallasini taraqlatib jahl bilan uzum tortyapti. Bir payt qizchamga koʻzi tushib, butunlay boshqa ohangda soʻradi:

— Iye, bu yaxshi qizaloq ekan-ku! Isming nima? Ma, manovi senga, – deb salkam yarim kilo keladigan uzum boshini qizimga uzatdi. Hayron boʻlaman, men bilan shuncha tortishgani nima-yu, shuncha uzumni tekinga berib yuborgani nima? Berishga berdi-yu, lekin ogohlantirib qoʻyishniyam unutmadi:

– Buni oʻzing yegin, xoʻpmi? Dadangga berma, shundoq ham meni qaroqchiday qaqshatib ketyapti!..

Qarasam, boshqa sotuvchilar ham unga jilmayib qarab turishibdi. Ular bu odamning sirti qoʻpol, lekin siyrati yorugʻligini bilishar, u savdo qilayotganida doim kuzatib turishar ekan. Uyga qaytayotib eʼtibor qilsam, oʻzim ham jilmayib ketayotgan ekanman. Menga ana shunday kulgi kerak.

Kulgining yana bir turi bor, u “jirafa kulgi” deyiladi. Yoʻq, men hammadan keyin kuladiganlarni aytmayapman. Hayotda shunday voqealar yuz beradiki, aynan oʻsha paytda hech kim kulmaydi. Voqea sodir boʻlib oʻtganidan ancha keyin eslab kulamiz. Aytaylik, it quvlayotgan odam oʻsha paytda kulmaydi-ku, toʻgʻrimi? Keyin, oradan maʼlum vaqt oʻtganidan soʻng oʻsha paytda qanday qochgani, nima deb dodlagani haqida gapirib yoki eslab kuladi. Men ham ana shunday “jirafa kulgi”ning bir marta guvohi boʻlganman.

Eski zamonlarda bir guruh yozuvchilar paxta yigʻim-terim mavsumida dala aylangani viloyatlardan biriga bordik. U vaqtlarda “obkom” degan gaplar boʻlardi. Oʻsha idoradan bir kishini bizga hamroh qilib joʻnatishdi. Haligi odam biram sipo ediki, na gaplashib boʻladi, na hazillashib. Oddiygina hol-ahvol soʻrashishgayam erinayotganday. Bir xoʻjalikka borsak, odmigina mehmonxonaning foyesiga dasturxon qilishibdi. Oʻtirdik. Haligi odam ham. Shlyapasini yechmadi, xuddi birov opqoʻyadigandek. Dasturxon atrofida oʻtirib, biroz qizishib olganimizdan keyin latifagoʻylik boshlandi. Bora-bora siyosiy latifalargayam oʻtib ketibmiz. Vakil miq etmay, hammamizning gʻashimizni keltirib oʻtiribdi. Shu payt rahmatli yozuvchimiz Otayor shipdagi yongʻinga qarshi oʻrnatilgan qurilmani koʻrsatib:

— Oʻrtoqlar, har narsani gapiravermanglar, anovi kim nima desa hammasini yozib olyapti, — deb qoldi.

Bu shunchaki hazil ekanini, u qurilmaning nimaligini hammamiz bilib tursakda, oʻrtaga allanechuk noqulay jimlik choʻkdi. Keyin gap boshqa mavzuga koʻchib, haligi gap esimizdan ham chiqib ketdi. Bir payt, deng, boyagi vakil hech gapdan hech gap yoʻq, oʻrnidan shaxt turib, shipga qarab qichqirib qolsa boʻladimi:

— Bu yerdagi gaplarga mening aloqam yoʻq! Familiyam – Vahobov!

Hammamiz qotib qoldik. Vakil bir ishni qoyillatib qoʻyganday, viqor bilan joyiga oʻtirdi. Birontamiz kulmadik. Aksincha, shoʻrolar jamiyati odamni ne koʻylarga solib qoʻyganidan afsuslanib oʻtirardik. Faqat keyin, Toshkentga qaytganimizdan soʻng oʻsha voqeani eslab, rosa kulishdik. Qarang, familiyasiniyam aytdi-ya.

Portlovchi kulgi ham boʻladi. Tomosha zali titrab ketadi. Bu juda keng tarqalgan, ommabop kulgi. Hayotda bunaqa voqealarga juda koʻp duch kelamiz. Oʻzimizning askiyamizni eslang. Eshitgan zahoti kulamiz, u “jirafa kulgi”ning teskarisi.

Bir hamkasb doʻstimizning pyesasi teatrda ilk bor sahnalashtirildi. Bu yozuvchining ijodida katta voqea, albatta. Doʻstimiz ziyofat berdi. Uning shaʼniga koʻpdan-koʻp maqtovlar aytildi. Uyga qaytyapmiz. Koʻchada bir ayol sadaqa soʻrab oʻtiribdi, qoʻlida yosh bolasi ham bor. Bir payt dramaturg doʻstimiz (“dramaturg” deymiz-da endi, pyesasi sahna yuzini koʻrdi, axir) gadoyning qarshisida toʻxtab, birpas tikilib qoldi. Biz sadaqa bersa kerak, deb oʻyladik. U biroz chayqalganicha gadoyga dashnom berdi:

— Sadaqa soʻrab oʻtirgani uyalmaysizmi, hali yosh ekansiz? Undan koʻra biron joyda ishlang!

Ayol noliy ketdi:

— Voy, ukajon, qandoq qilay, biron hunarim boʻlmasa, oʻqimagan boʻlsam, qoʻlimdan nimayam kelardi?

Doʻstimizning dramaturgligi tutib ketdi:

— Nega qoʻlingizdan hech nima kelmas ekan? Masalan, pyesa yozib, teatrda qoʻydiring!..

Hajviy asar yozishning koʻp yaxshi fazilatlari bor. Masalan, asaringizning uncha-muncha kamchiligini yumor bilan “suvab” yuborishingiz mumkin – oʻzingizdan boshqa hech kim sezmay qoladi. Uning yordamida adabiyotning boshqa turlarida ham bemalol qalam tebrataverasiz, hech kim “qarang, falonchi dramaturgiyani qoʻyib, sheʼr yozishga oʻtib ketibdi, tinchgina pyesasini yozib yuravermaydimi” deb taʼna qilolmaydi. Men hech qachon sheʼr yozmaganman, yozish qoʻlimdanam kelmaydi. Mabodo, shayton yoʻldan urib, yozib qoʻysam ham birov bir nima deyolmaydi.

Fargʻona teatrining yetmish yillik toʻyi munosabati bilan uch-toʻrt qator bir nima qoralab, teatr jamoasini tabriklaganim esimda. Yozganimni birov tanqid ham qilgani yoʻq, hech kimning ensasi ham qotmadi, aksincha, olqishlar bilan kutib olishdi. Fargʻona teatri deganda, albatta, “Temir xotin”ni eslamay iloj yoʻq. Hamma mendan qandaydir moʻjiza kutardi. Sharofning sheʼr yozishidan ortiq qanday moʻjiza boʻlishi mumkin?

Birinchi boʻlib Qoʻchqor rolining ijrochisi Muhammadsoli Yusupovni tabrikladim:

Qoʻchqor dedik, qoʻchqor bu deb bogʻlab qoʻydi,
Ne-ne qizlar yuragini dogʻlab qoʻydi.
Koʻz tegmasin dedimi yo qizgʻandimi,
Kelin bola uning oʻzin shoxlab qoʻydi.

Spektakl rejissyori Olimjon Salimov ham benasib qolmadi:

Yomon pyesa kelib qolsa qocholmaysiz,
Yaxshisiga yetvolgudek chopolmaysiz.
Qoʻying oʻsha Said Ahmadu Shukrulloni,
Mendan yaxshi dramaturgni topolmaysiz.

Kamtarlik shunchalik boʻladi-da.

Koʻpincha muxbir ukalarimiz mendan “Adabiyotga qanday kirib kelgansiz?” deb soʻrab qolishadi. Men: “Adabiyotning orqa eshigidan kirganman, shuning uchun ham birov bilib, birov bilmay qolgan” deb javob beraman. Bu gapga gohida oʻzim ham ishonib ketaman.

“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi, 2012-yil, 3-son


Шароф Бошбеков. Менинг ёзувчи бўлганим (биографик ҳажвия)

Мен жиддий оилада тарбияланганман. Уйимизда кулги овози камдан-кам эшитиларди. Ота-онамиз: «Жиддий бола бўлгин, шунда сендан жиддий одам чиқиши мумкин. Бўлар-бўлмасга ҳиринглайверсанг, гўр ҳам бўлмайсан» деб ўргатишган. Ана шу гап ҳамон қулоғимда. Мендан дуруст одам чиқдими-йўқми билмадим-у, лекин шунақа қовоғи солиқ одам бўп қолганим аниқ.

Табиатимда ёшлигимдан бир худбинлик бор: мен гапирсаму бошқалар эшитса! Шу, денг, ич-ичимда айтадиган гапларим кўпга ўхшарди. Қанақа гаплиги эсимда йўғ-у, аммо гапиришга кучли эҳтиёж сезавераман. Вақти-соати келиб бирон касбнинг бошини тутиш масаласи кўндаланг бўлганида, нима ҳунар қилсам экан, деб ўйлай бошладим. Аввалига диктор, ўзбекчасига – сухандон бўлсаммикан, дедим. Маза-да! Радиодами, телевизордами гапираверасиз, гапиравераcиз. Миллионлаб одам иcтаcа-иcтамаcа эшитаверади. Радиоcини ўчириб қўйcа ҳам cен гапиравераcан-да. Кейинчалик бир-икки уриниб ҳам кўрдим, лекин радиога овозим ёқмади, телевизорга – башарам. Хуллас, бўлмади.

Актёрлик энг зўр касб бўлиб туюлиб қолди бир маҳал денг. Тасаввур қилинг, зал лиқ тўла одам! Буям етмагандай, охирида чапак чалиб, гуллар ҳам беришади! Артистлар тайёрлайдиган олий ўқув юртини битирганимдан кейин бирон ўн йил театрда ишлаб, бу касбдан ҳам кўнглим қолди. Актёр дегани биров ёзган гапларни гапираркан, ўзининг гаплари ичида қолиб кетавераркан шўрликнинг. Тўлиб-тўлиб дардингни айтолмаганингдан кейин, шуям ҳунар бўлди-ю. Қисқаси, буниям йиғиштирдим.

Ёшлигимда, денг, Брежневга жуда-жуда ҳавас қилардим. Дунёда шу бандадан бахтли одам бўлмаса керак, деб ўйлардим. Йўқ, мансабига эмас, гапириш имкониятига ҳавас қилардим. Съездлардаги нутқларини эсланг. Ўзиям жағи тушиб кетгунича гапиришга ҳаққи бор эди-да! Кейин билсам унгаям биров ёзиб бераркан. Ўйлаб-ўйлаб Брежнев бўлишдан ҳам воз кечиб юбордим.

Кунлардан бир кун Бошбековнинг бошига бир зўр фикр келди: ҳамма биров ёзган гапларни гапирса, ўша «биров» ўзим бўп қўяқолсам-чи? Яхши-да, ўзим ёзаман – ўзим гапираман! Шу-шу, десангиз, ўзим ёзадиган бўп кетдим. Мақтаниш бўлмасин-у, ҳозир cиз ўқиб турган сатрларни ҳам ўзим ёзганман. Шунақа ёзадиган одамларни ёзувчи дейишаркан. Ёзувчилар ҳам иккига бўлинаркан. Биринчиси, болалигида кам кулганлар («дуруст одам бўлиш» илинжи-да). Улар кулгига тўймай ўсгани сабаб, нуқул кулгили асарлар ёзади. Иккинчиси – ҳамма кулгисини болалигида кулиб бўлганлар. Улар нуқул жиддий асарлар ёзишади. Бирон муаллиф асарини «комедия» деб даъво қилса-ю, лекин кулгили чиқмаса, «бу ёзувчи болалигида кулиб қўйган экан-ку» деб қўяман.

Ёзувчилик ғалати касб экан. Бутун умринг «Ҳў, биродарлар, мениям қўлимдан ёзиш келади» дейишга сарф бўларкан. Аввал театр жамоатчилигига, кейин адабий жамоатчиликка, сўнг томошабинга. Унгача ўзингиз ҳам қирқни уриб қўяcиз.

Хўп, исботладингиз ҳам дейлик. Кейин хотинингиз бошлаб қолади:

— Ҳой, дадаси, бирон жиддийроқ иш қилсангиз бўлмайдими? Кап-катта, соғ-саломат эркакка секретар-машинисткаларга ўхшаб машинка чиқиллатиб ўтириш ҳам ишми? Майли, ишдан бўш вақтингиз-да асар ёзасизми, қуш боқасизми, ит боқасизми – ихтиёрингиз!

Хотинингизга то ит боқиш билан ёзувчиликнинг фарқини тушунтиргунингизгача ёшингиз ҳам элликка бориб қолар экан. Буёғи энди нима бўлади, билмайман.

Ҳали айтганимдай, болалигимда кулгига тўймай ўсганман, энди ўшанинг ҳиссасини чиқариш учун ҳажвий асарлар ёзадиган ёзувчи бўлишга аҳд қилдим. Кулгининг ўзи нима, ранги қанақа, қандай материалдан ясалган – хуллас, шу масалада қаттиқ бош қотирдим. Вале, шундай хулосага келдим: кулгиям икки хил бўларкан – бамаъни кулги, бемаъни кулги. Шундай бир асар ёзишни орзу қилиб келаман – уни кўрган томошабин қаҳ-қаҳ уриб кулмаса, бироз ҳавас, бир қадар маъюслик билан жилмайса ва жилмайиб ўтирганини ўзи ҳам сезмаса. Биласизми, бу табассумда таъма йўқ. Бу ниҳоятда ширин, ҳузурбахш, илиқ ва ёқимли кулги. Томошабинни кулдириш осон, жилмайтириш қийин. Тарвуз кўтариб кетаётган бир семиз амаки гуп этиб йиқилиб тушсаям кулаверамиз-да. Бамаъни кулги эса бошқача бўлади.

Бир куни кичкина қизчамни етаклаб бозорга тушдим. Узум олмоқчи бўлдик. Бир баджаҳл, қўрс одам узум сотяпти. Қовоғи меникидан ҳам баттар осилиб кетган. Яқинлашиб нархини сўрадим.

— Кўрмаяпсизми, ёзиб қўйибмиз-ку! – деб жеркиб берди у.
— Ҳа энди, бу бозор, харидор дегани савдолашади, тортишади.
— Сиз билан тортишиб ўтиришга вақтим йўқ! Олсангиз олинг, бўлмаса товарни тўсманг!

Барибир савдолаша бошладик. Мен у дедим, у бу деди, хуллас, ўн сўмлик узумни саккиз ярим сўмга келишдик. Қараб турибман, ҳалиги амаки тарозининг палласини тарақлатиб жаҳл билан узум тортяпти. Бир пайт қизчамга кўзи тушиб, бутунлай бошқа оҳангда сўради:

— Ие, бу яхши қизалоқ экан-ку! Исминг нима? Ма, манови сенга, – деб салкам ярим кило келадиган узум бошини қизимга узатди. Ҳайрон бўламан, мен билан шунча тортишгани нима-ю, шунча узумни текинга бериб юборгани нима? Беришга берди-ю, лекин огоҳлантириб қўйишниям унутмади:

– Буни ўзинг егин, хўпми? Дадангга берма, шундоқ ҳам мени қароқчидай қақшатиб кетяпти!..

Қарасам, бошқа сотувчилар ҳам унга жилмайиб қараб туришибди. Улар бу одамнинг сирти қўпол, лекин cийрати ёруғлигини билишар, у савдо қилаётганида доим кузатиб туришар экан. Уйга қайтаётиб эътибор қилсам, ўзим ҳам жилмайиб кетаётган эканман. Менга ана шундай кулги керак.

Кулгининг яна бир тури бор, у «жирафа кулги» дейилади. Йўқ, мен ҳаммадан кейин куладиганларни айтмаяпман. Ҳаётда шундай воқеалар юз берадики, айнан ўша пайтда ҳеч ким кулмайди. Воқеа содир бўлиб ўтганидан анча кейин эслаб куламиз. Айтайлик, ит қувлаётган одам ўша пайтда кулмайди-ку, тўғрими? Кейин, орадан маълум вақт ўтганидан сўнг ўша пайтда қандай қочгани, нима деб додлагани ҳақида гапириб ёки эслаб кулади. Мен ҳам ана шундай «жирафа кулги»нинг бир марта гувоҳи бўлганман.

Эcки замонларда бир гуруҳ ёзувчилар пахта йиғим-терим мавсумида дала айлангани вилоятлардан бирига бордик. У вақтларда «обком» деган гаплар бўларди. Ўша идорадан бир кишини бизга ҳамроҳ қилиб жўнатишди. Ҳалиги одам бирам сипо эдики, на гаплашиб бўлади, на ҳазиллашиб. Оддийгина ҳол-аҳвол сўрашишгаям эринаётгандай. Бир хўжаликка борсак, одмигина меҳмонхонанинг фойесига дастурхон қилишибди. Ўтирдик. Ҳалиги одам ҳам. Шляпасини ечмади, худди биров опқўядигандек. Дастурхон атрофида ўтириб, бироз қизишиб олганимиздан кейин латифагўйлик бошланди. Бора-бора сиёсий латифаларгаям ўтиб кетибмиз. Вакил миқ этмай, ҳаммамизнинг ғашимизни келтириб ўтирибди. Шу пайт раҳматли ёзувчимиз Отаёр шипдаги ёнғинга қарши ўрнатилган қурилмани кўрсатиб:

— Ўртоқлар, ҳар нарсани гапираверманглар, анови ким нима деса ҳаммасини ёзиб оляпти, — деб қолди.

Бу шунчаки ҳазил эканини, у қурилманинг нималигини ҳаммамиз билиб турсакда, ўртага алланечук ноқулай жимлик чўкди. Кейин гап бошқа мавзуга кўчиб, ҳалиги гап эсимиздан ҳам чиқиб кетди. Бир пайт, денг, бояги вакил ҳеч гапдан ҳеч гап йўқ, ўрнидан шахт туриб, шипга қараб қичқириб қолса бўладими:

— Бу ердаги гапларга менинг алоқам йўқ! Фамилиям – Ваҳобов!

Ҳаммамиз қотиб қолдик. Вакил бир ишни қойиллатиб қўйгандай, виқор билан жойига ўтирди. Биронтамиз кулмадик. Аксинча, шўролар жамияти одамни не кўйларга солиб қўйганидан афсусланиб ўтирардик. Фақат кейин, Тошкентга қайтганимиздан сўнг ўша воқеани эслаб, роса кулишдик. Қаранг, фамилиясиниям айтди-я.

Портловчи кулги ҳам бўлади. Томоша зали титраб кетади. Бу жуда кенг тарқалган, оммабоп кулги. Ҳаётда бунақа воқеаларга жуда кўп дуч келамиз. Ўзимизнинг аскиямизни эсланг. Эшитган заҳоти куламиз, у «жирафа кулги»нинг тескариси.

Бир ҳамкасб дўстимизнинг пиесаси театрда илк бор саҳналаштирилди. Бу ёзувчининг ижодида катта воқеа, албатта. Дўстимиз зиёфат берди. Унинг шаънига кўпдан-кўп мақтовлар айтилди. Уйга қайтяпмиз. Кўчада бир аёл садақа сўраб ўтирибди, қўлида ёш боласи ҳам бор. Бир пайт драматург дўстимиз («драматург» деймиз-да энди, пиесаси саҳна юзини кўрди, ахир) гадойнинг қаршисида тўхтаб, бирпас тикилиб қолди. Биз садақа берса керак, деб ўйладик. У бироз чайқалганича гадойга дашном берди:

— Садақа сўраб ўтиргани уялмайсизми, ҳали ёш экансиз? Ундан кўра бирон жойда ишланг!

Аёл нолий кетди:
— Вой, укажон, қандоқ қилай, бирон ҳунарим бўлмаса, ўқимаган бўлсам, қўлимдан нимаям келарди?

Дўстимизнинг драматурглиги тутиб кетди:
— Нега қўлингиздан ҳеч нима келмас экан? Масалан, пиеса ёзиб, театрда қўйдиринг!..

Ҳажвий асар ёзишнинг кўп яхши фазилатлари бор. Масалан, асарингизнинг унча-мунча камчилигини юмор билан «суваб» юборишингиз мумкин – ўзингиздан бошқа ҳеч ким сезмай қолади. Унинг ёрдамида адабиётнинг бошқа турларида ҳам бемалол қалам тебратаверасиз, ҳеч ким «қаранг, фалончи драматургияни қўйиб, шеър ёзишга ўтиб кетибди, тинчгина пиесасини ёзиб юравермайдими» деб таъна қилолмайди. Мен ҳеч қачон шеър ёзмаганман, ёзиш қўлимданам келмайди. Мабодо, шайтон йўлдан уриб, ёзиб қўйсам ҳам биров бир нима деёлмайди.

Фарғона театрининг етмиш йиллик тўйи муносабати билан уч-тўрт қатор бир нима қоралаб, театр жамоасини табриклаганим эсимда. Ёзганимни биров танқид ҳам қилгани йўқ, ҳеч кимнинг энсаси ҳам қотмади, аксинча, олқишлар билан кутиб олишди. Фарғона театри деганда, албатта, «Темир хотин»ни эсламай илож йўқ. Ҳамма мендан қандайдир мўъжиза кутарди. Шарофнинг шеър ёзишидан ортиқ қандай мўъжиза бўлиши мумкин?

Биринчи бўлиб Қўчқор ролининг ижрочиси Муҳаммадсоли Юсуповни табрикладим:

Қўчқор дедик, қўчқор бу деб боғлаб қўйди,
Не-не қизлар юрагини доғлаб қўйди.
Кўз тегмасин дедими ё қизғандими,
Келин бола унинг ўзин шохлаб қўйди.

Спектакл режиссёри Олимжон Салимов ҳам бенасиб қолмади:

Ёмон пиеса келиб қолса қочолмайсиз,
Яхшисига етволгудек чополмайсиз.
Қўйинг ўша Саид Аҳмаду Шукруллони,
Мендан яхши драматургни тополмайсиз.

Камтарлик шунчалик бўлади-да.

Кўпинча мухбир укаларимиз мендан «Адабиётга қандай кириб келгансиз?» деб сўраб қолишади. Мен: «Адабиётнинг орқа эшигидан кирганман, шунинг учун ҳам биров билиб, биров билмай қолган» деб жавоб бераман. Бу гапга гоҳида ўзим ҳам ишониб кетаман.

“Ўзбекистон адабиёти ва санъати” газетаси, 2012 йил, 3-сон

Манба: https://ziyouz.uz/ozbek-nasri/sharof-boshbekov/sharof-boshbekov-mening-yozuvchi-bolganim-biografik-hajviya/