Shoyim Boʻtayev. Qarz (hikoya)
Кирилл ёзувидаги матн пастроқда
Talaba yozgi taʼtilga chiqqach, tugʻilgan qishlogʻiga joʻnamoqchi boʻldi.
Shahar doʻkonlariga bir-bir kirib, katta boyvachchalardek koʻziga koʻringan narsalarning narx-navosini soʻrab-surishtirdi, ammo hech narsa xarid qilmadi. U oladiganini qishloq doʻkonidan olishni oʻyladi. Shunisi maʼqul ekan. Qishlogʻiga moʻljalidan yarim soat barvaqt yetib borib, doʻkon oldida avtobusdan tushdi. Uch-toʻrt bekorchixoʻja oftobshuvoqda nimalarnidir valaqlashib oʻtirishardi.
— Ha-a, ogʻayni, kelyapsanmi? – deb soʻradi oʻtirganlardan biri talabani har kuni koʻrib yurgandek. — Oʻrischani ham oʻrganyapsanmi?
Talaba ular bilan koʻrishib-soʻrashmoqchi edi. Bu sovuq gap tufayli tuyqusdan toʻnini teskari kiydi.
— Nimani oʻrganyapman, nimani oʻrganmayapman, aytganim bilan baribir foydasi yoʻq, — dedi boʻsh kelmay dabdurustdan tigʻli savol tashlaganni oʻyib olish qasdida. – Sen baribir tushunmaysan.
— O-ho, tushunadigan boʻlib qoptilar-da, — dedi oftobshuvoqda kuch yigʻib miyasini toʻldirayotgandek koʻringan haligi shovvoz talaba bilan hoziroq janjal boshlab yuboradigandek bir alpozda. — Xoʻp, ana endi koʻramiz, qancha oʻqiganingni, oʻqigan boʻlsang anavi bilan gaplash-chi…
Oʻzi tomonga ishora qilinganini payqagan notanish yigitsergaklanib, goh oʻtirganlarga, goh talabaga qaradi.
— Tolik, — talabani qoʻyib, endi yon tomoniga oʻgirilganicha notanish yigitga murojaat qildi u. — Vot student… Ruskiy gaplash, ruskiy biladi…
Notanish yigit oʻrnidan turdi. Uning boʻyi baland, qoʻllari uzun-uzun edi. U talabaga dadil yaqinlashdi. Uning sap-sariq ot yuzining iyagi ingichka, qoʻy koʻzlarining muloyim boqishi talabaga kimnidir eslatib turgandek edi. U qoʻl uzatib:
— Anatoliy, — deb oʻzini tanishtirdi.
Talaba uning kurakdek kaftiga qoʻlini qoʻyib ismini aytdi.
— Juda xursandman, — dedi Anatoliy notanish joylarda oftobda qatiq yalashgan eski tanishini uchratib qolgandek behad suyunib.
Shu choqda rus tilidan hamisha qiynalib, sinov va imtihonlarini amal-taqal yopib yuradigan talaba doʻkon oldini ishgʻol etgan hamqishloqlari nazdida bir zumda donishmandga aylandi-qoldi.
Ular uch-toʻrt daqiqa gurung qilishdi. Tamom. Boshqa gap-soʻz boʻlgani yoʻq. Talaba Tolik bilan xayrlashgan boʻlib, bosh irgʻadi-da doʻkon tomon yurdi.
Tolik bir lahza xayollanib qoldi, keyin xayrlashgan odamiga nimanidir aytish yodidan koʻtarilgandek talabaning ortidan ergashdi.
Peshtaxta ortida kuymalanib turgan sotuvchidan boʻlak doʻkonda hech kim yoʻq edi. Talaba tomoq qirib qoʻygancha, unga salom berdi.
— Vaalaykum… — deya bosh koʻtargan sotuvchi odam bolasini ham koʻrar kun bor ekan-ku, degandek mahtallik bilan:
Gʻoʻlabirdan kelgan, oltmish yoshlardagi tepakal sotuvchi juda seriltifot, ostonadan kim qadam bossayam uning mavqeini bilib, kasb-koridan kelib chiqib gap-soʻzni doʻndiradiganlar xilidan edi.
— Oʻqish, oʻqish va yana oʻqish! – dedi u talaba bilan koʻrisharkan.
— Xoʻsh, nima beray? — deb soʻradi sotuvchi uning qoʻlidagi pulni koʻrgan zahotiyoq chap qoʻliga olgan qogʻozni oʻng qoʻli bilan karnayday oʻray boshlab, talabaning ortidan kirib kelgan Tolikka koʻz qirini tashlab qoʻyarkan.
Talaba oqqand, pechenye, novvot soʻradi.
— Ofarin aqlingga! — deb maqtadi uni sotuvchi. — Bir kilodanmi?
Talaba bosh irgʻadi. U talabaning aytganlarini bir zumda alohida-alohida qogʻozga solib, tarozida tortdi-da, ularni qogʻoz paketga joylab, qoʻliga tutqazdi. Talaba ortiga burilib, endi doʻkondan chiqayotganida peshtaxta yonida uymalashib, negadir hadeb choʻntagini kavlayotgan Tolik dabdurustdan:
— Ming soʻm qarz berib tur, — dedi.
Bu talaba uchun kutilmagan hol edi: negaki, bu qishloqda qoqqani qozigʻi, osgani xurmachasi boʻlmaganlar ham qarz-havola qilishni xayollariga keltirishmasdi. Tolikning bu qiligʻi sotuvchining ham ogʻzini ochib qoʻygandi.
Talaba Tolikka aytgan pulini tutqazdi. Tolik darhol choʻntagidan chiqargan pullarni unga qoʻshdi-da, sotuvchidan bir shisha vino soʻradi.
Sotuvchi pulni olishga oshiqmadi.
— Qarzga vino olib ichganingni otang bilsa meni jonimni sugʻurib oladi, — dedi.
Tolik bu gapni maʼqullab, bosh irgʻadi. Lekin, pulni uzatib turaverdi. Sotuvchi oʻylanib qoldi.
— Aslida bermasdim-kuya… — dedi yon berayotganini bildirib.
Tolik hamon pulni uzatgancha unga tik qarab turardi. Axiyri, sotuvchi uning qoʻlidagi pulni xuddi tortib olayotgandek shartta oldi-da:
— Faqat bir sharti bor, — dedi sotuvchi ogohlantirayotgandek talabaga va Tolikka bir-bir jiddiy qarash qilib.
— Qanaqa shart ekan? — deb soʻradi talaba pul berib baloni sotib olayotgandek koʻngli gʻashlanib.
— Buni uchovimizdan boʻlak hech kim bilmasligi kerak, — dedi sotuvchi qatʼiy qilib.
Tolik shosha-pisha bosh irgʻadi.
Sotuvchi bir shisha vinoni qogʻozga qand oʻragandek oʻrab, uning qoʻliga tutqazdi. Tolikning ogʻzi qulogʻiga yetib, avval sotuvchiga, keyin talabaga minnatdorlik bildirdi-da, doʻkonni tark etdi.
— Ishqilib, oxiri baxayr boʻlsin, — deya mingʻirlab qoʻydi sotuvchi oʻziga-oʻzi gapirayotgandek.
Talabaning koʻngliga shubha oraladi.
— Nega bunaqa deyapsiz? – deb soʻradi u sotuvchiga qattiq tikilib.
— Bu yerda or-nomus masalasi bor-da, odam shundan xavotir oladi, yoʻqsa nima, bir shisha emas, ikki shishani ham oʻzim berib yuboraverardim… Bu zormondani qishloqda birov ogʻziga olmasa…
— Qanaqa or-nomus? – deb soʻradi talaba uning keyingi soʻzlariga eʼtibor bermay.
— Anavi… fermadagi molboqar bor-ku…nahotki, tanimasang?
— Nega tanimay, hamisha yerga qarab, bir nimalarni oʻylab yuradigan Usmonali amaki-da.
Sotuvchi doʻkonda hech kim yoʻqligiga ishonchi komil boʻlsa-da, tevarak-atrofga olazarak nazar tashlab olib, peshtaxta ustiga engashdi.
— Shu-u Usmonali aka askarlikda boʻlgan… — dedi shipshiyotgandek. — Haligi yigit Usmonali akaning oʻgʻli, — deb maʼlum qildi sotuvchi.
— Anatoliy Usmonaliyevich, — ishshaydi sotuvchi talabaning soʻzini oʻzicha toʻgʻrilagan boʻlib. — U kishi askarlikda oʻsha yerda uylanib, bir oʻgʻil, bir qiz orttirgan deyishardi. Askarlikdan keyin ham qolib ketib, besh-olti yilcha oʻsha yoqlarda yashagan. Keyin-keyin yurt sogʻinchi ustun kelib, ularni bu yerga olib kelmoqchi boʻlgan, koʻndirolmagan, keyin shartta bariga etak siltab kelavergan…
— Oilasini tashlab kelganmi? — deb soʻradi talaba sotuvchi hamma narsani biladigandek.
Sotuvchi, shuyam savol boʻldimi, degandek gʻalati tarzda labini burdi. Keyin talabani ogohlantirayotgandek boʻlib:
— Ammo-lekin,uning oʻgʻli sendan qarz olganini hech kimga ogʻzingdan chiqara koʻrma, — dedi. — Usmonali aka koʻra-bila turib bu ishga jim qarab turganim uchun avval kelib meni yeydi, keyin seni yeydi…
Talaba tarvuzi qoʻltigʻidan tushgancha tashqariga chiqdi.
Doʻkon oldida oʻtirganlar biroz koʻpaygan, ammo Tolik koʻrinmasdi.
U tashqariga chiqishi bilanoq:
— Senga Tolik nima dedi? – deya kimdir qichqirdi.
U katta yoʻlni endigina kesib oʻtgan ediki, yonboshdagi tor koʻchadan yoʻtala-yoʻtala Tilla bobo chiqib qoldi.
— Ie, iye, Tojivoymisan? – deb soʻradi.
— Ha, Tojivoyman, — bosh irgʻadi talaba.
— Buni qara-ya…oʻqishdan kelyapsanmi?
Talaba yana bosh irgʻash bilan uni tasdiqladi.
— Durust, durust, — Tilla bobo oʻz yoʻlida davom etmoqchi edi, qandaydir muhim narsa yodiga tushib qolgandek toʻxtadi. — Usmonalining oʻris xotinidan boʻlgan oʻgʻlini koʻrmadingmi mabodo? — deb soʻradi.
Tilla bobo unga sinovchan tikila turib:
— Shu bola biron falokatni boshlab qoʻyib, bu yoqlarga qochib kelgan-ov! – dedi tomoq qirib qoʻygancha.
— Bilmadim, — dedi talaba kift qisib, oʻzini bu gaplarga aloqasiz koʻrsatib.
— Yoʻqsa, oʻz-oʻzidan nima qiladi kelib? – dedi Tilla bobo oʻz mulohazasini asosli dalillar bilan tasdiqlayotgandek. – Usmonalini otam deganda, shuncha vaqt kutib yurarmidi, avvalroq kelardi-da. Tinchgina yuruvdig-a.
Tilla bobo karaxtlanib turgan talabaga sarosof nazar tashlab qoʻydi-da:
— Yo, ovlo, oʻzing asra, — deganicha yoʻlida davom etdi.
Talabaning ichidagi nomaʼlum hadik battar kuchaydi…
Talaba keyingi safar kelishida qishloqqa yetmayoq avtobusdan tushdi. Bu choqda uzumlar gʻarq pishgan, talaba qishloq chetidagi oʻzlarining tokzor bogʻlarini oralab, keyin uylariga borishni xayol qilgandi.
Shunday qildi ham. Kechqurun uylariga kirib borib otasi bilan koʻrishib-soʻrashib boʻluvdi hamki, izidan akasi keldi.
Endi oʻttizga toʻlgan akasining qop-qora yonoqlari ichiga botgan, oʻz yoshidan oʻn-oʻn besh yoshlar katta koʻrinardi. U ustachilik qilar, poyteshayu toʻngʻizarra ishlatardi, kasbiga yarasha jahli ham burnining uchida turardi.
— Qalaysan? — dedi akasi qoʻlini uzatib, u har gal quchoqlashib koʻrishardi.
— Durust, — dedi talaba ham qoʻl uzatib.
— Qishloqqa kelganingda ehtiyot boʻlib yur.
— Nimani tushunmaysan? Usmonali akaning anovi oʻgʻli bilan nimalarni gaplashdilaring?
– Menga qara, uning nima ishlar qilib kelganini kim biladi? Balki, birovni oʻldirib bu yerlarda qochib yurgandir, balki, oʻgʻirlik qilgandir…
— Kulasan-da, kulasan, — dedi akasi bu kulgining yigʻisi ham bor, degan maʼnoda. — U seni soʻrayverib holi jonimga qoʻymayapti.
Akasi talabani katta xavf-xatardan qutqarib qolmoqchi boʻlayotgandek:
— Kallang ishlamaydi-da, endi shu yetmay turuvdi, — dedi. — Sen, yaxshisi, uning koʻziga koʻrinmay yur.
Talabaning otasi oʻmroviga bolishni tortgancha peshayvonda yonboshlab yotgandi. Aka-ukaning tik turgancha nimalarnidir muhokama qilishayotganidan toqati toq boʻlib:
— Ha-a, nima gap ekan? — deya baqirib soʻradi.
Aka peshayvon tomonga uch-toʻrt odim bosib, ortga oʻgirildi-da:
— Bu Usmonali akaning haligi oʻgʻli bilan nimalarnidir gaplashibdi, — dedi.
— Gaplashsa gaplashar, — dedi ota parvo qilmay. — Usmonalining oʻzi kim-u, oʻgʻli boʻlsa?..
— U buni mendan soʻragani-soʻragan.
— Biron ish-yumushi boʻlsa soʻraydi-da, — dedi ota, shungayam ota goʻri qozixonami, degan ohangda.
— Siz koʻchaga chiqmay yotasiz, qishloqda odamlar qanaqa boʻlib ketishganini bilmaysiz-da,— dediendi otasini ham ayab oʻtirmay nimalargadir ishora qilganicha. — Qarab tursam, koʻcha-kuydami, toʻy-maʼrakadami ular pisir-pisir gap qoʻzgʻashyapti.
— E! — ota yotgan joyida qandaydir hafsalasizlik bilan qoʻl siltadi.
— Nima, siz uni bu yoqlarga behuda kelgan deb oʻylayapsizmi? — dedi aka.
— Men hech nima deb oʻylaganim yoʻq, — dedi ota. — Boyoqish Usmonalining oʻgʻli ekan, hamqishlogʻimiz ekan, qondoshimiz ekan, qora tortib kelibdimi, oʻshangga balli…
— E, qoʻying-e, siz ham oʻsha kasofatning yonini olmang.
Ota nimadir demoqchi boʻldi-yu, oʻgʻli bilan gap talashib oʻtirishni oʻziga lozim koʻrmay, narigi yonboshiga agʻdarilib oldi.
Aka shundayam oʻz fikrida sobit qolganini bildirib:
— Koʻziga qarasin-da, — dedi-yu,tilining ostiga bir otim nosvoy tashlab, indamay chiqib ketdi.
Ertasi kuni talaba akasining nasihatiga koʻra Tolikka duch kelmaslik uchun doʻkon oldidagi bekatga tushmay, uzumzor oralab kelgan yoʻli bilan iziga qaytdi. Biroz olisligini aytmasa, talabaning oʻziga ham shu maʼqul tushdi, doʻkon oldidagilarning har xil pichingli savollariga javob berish dahmazasidan qutiladi,Tilla boboga ham toʻqnash kelmaydi.
Talaba endi qishloqqa yetmay avtobusdan tushadigan, shu yerdan avtobusga chiqadigan boʻldi.
Uning baribir qulogʻi tinchimadi. U uyga kelgan zahotiyoq akasi ham paydo boʻlar, gʻoyat tashvishli qiyofada:
— U seni yana soʻradi, — derdi.
Akasi bu gapni har gal har xil tarzda aytardi: bir gal, u falonchi-pistonchining janozasida otasining yonida turgan ekan, butun qishloq ahli yigʻilgan edi, u esa janoza-panoza deb oʻtirmay menga yaqinlashdi-da, seni soʻradi, desa, boshqa gal, men falonchi-pistonchining uyini qurayotganimda hashar bahonasida uyam keldi, oʻziyam rosa loy tashidi-yu, endi tushlikka chiqayotganimizda yana yonimga kelib seni soʻradi, derdi. Keyin sen u bilan nimalarni gaplashganding, ishqilib, oʻshanda unga qandaydir vaʼdalar bermaganmiding, agar shunaqa boʻlgan boʻlsa ochigʻini ayt, ochiq-oydin hal qilib olaylik, degan soʻrab-surishtirishlar boshlanardi.Uni koʻrishga meniyam yuragim bezillab qoldi, shunaqa qilaversa, men ham endi bu qishloqda ishlamay, boshqa joylardan ish izlashimga toʻgʻri kelib qoladi, derdi akasi.
Bir tomoni talabaning akasiga rahmi ham keldi. Namuncha u meni soʻrab-surishtirmasa, degan jumboq hamon talabaning boshini qotirardi. Tikka borib, nima gap, mana men keldim, desa boʻladi-ku, ammo akasi uning bunday harakat qilishiga mutlaqo qarshi, tinch yur, u qandaydir kasofatni boshlab kelgan – hamma shunday deyapti, buni oʻzimning ham koʻnglim sezib turipti, sen yaxshisi u bilan uchrashma, gaplashib ham yurma, deydi.
Bu gaplarni eshitib, talabaning gumonsirashi battar ortadi.
“Balki, Tolikning yana vino ichkisi kelib pul topolmaganidan meni izlab-qidirib yurgandir?” degan fikr ham miyasiga bot-bot kelib qolar, bu dardisarning dahmazasidan qanday qutilsam ekan, deb oʻylardi.
Oradan oylar oʻtib, talaba yangi yilni kutib olish uchun qishloqqa keldi. Shaharda qor uchqunlab turardi,qishloqda esa qalin yoqqan ekan.
U avtobusdan odatdagidek qishloq chetida tushib qoldi.
Hammayoq oppoq, koʻz qamashadi. Talaba tizzadan qor kechib, tepaliklar oralab ketdi. Qachonlardir yogʻishni boshlagan laylakqor hamon gupillab urib turardi. Tuyqusdan talaba ortidan kimningdir baqirib-chaqirayotganini eshitib qoldi.
U oʻgirildi. Uzoqda uzun qora choponli kimdir birov u tomonga shoshib kelar, qoʻllarini tepaga koʻtargancha, toʻxta, ishorasini qilib toʻlgʻar, oshiqib-shoshiqqanidan oʻqtin-oʻqtin yiqilib ham qolardi.
“Kim boʻlsaykin?”, deb oʻylagan talaba biroz toʻxtab kutishga qaror qildi. U yaqinlashaverdi. Orada ozgina masofa qolganda talaba uning Tolik ekanligini bildiyu, noiloj qoldi. Endi kech edi.
Tolik boshidagi telpakni yulqib yechdi. Shunda uning qora terga botgani maʼlum boʻldi. Telpagi bilan yuz-koʻzini artarkan:
— Uf-f!.. – deganicha oʻzini shartta qor ustiga tashladi.
U nafas rostlay boshladi. Keyin choponining barini qayirib tashlab, shimining choʻntagiga qoʻlini suqdi va undan pul chiqazib oʻtirgan joyida talabaga uzatarkan:
— Nega boʻlardi? — dedi hamon harsillab koʻksi koʻtarilib tushayotgan Tolik. — Bu sendan olgan qarzim. Oʻshandan keyin seni hech uchratolmadim, pulingni oʻshandayoq qaytarmoqchi edim… Kimga berishimni bilmayman. Soʻrab-surishtirib akangni topdim, sendan olgan qarz pulni unga tayinlab berib yubormoqchi boʻldim-u anavi sotuvchi uchovimizdan boʻlak hech kim bilmasin degani uchun bunday qilmadim. Akangdan seni soʻrasam biron aniq javob bermaydi, tovba, qiziq odamlar-a bular…
Talaba ham negadir shu choqda holdan toyganini payqab, uning yoniga oʻtirdi. Koʻngli xotirjam boʻlganiga qanoat hosil qilgandek, Tolik koʻksini toʻldirgancha chuqur nafas oldi.
— Keragi yoʻq edi, — gʻoʻldiradi talaba.
Tolik jilmaydi. Uning jilmayishida oʻzini ketma-ket kunlar, ketma-ket haftalar, ketma-ket oylar mobaynida qiynab kelgan mushkulotdan forigʻ boʻlganining quvonchi mujassam edi.
Talaba yuzini boshqa tomonga burdi.
Uning koʻzlari jiqqa yosh edi.
Шойим Бўтаев. Қарз (ҳикоя)
Талаба ёзги таътилга чиққач, туғилган қишлоғига жўнамоқчи бўлди.
Шаҳар дўконларига бир-бир кириб, катта бойваччалардек кўзига кўринган нарсаларнинг нарх-навосини сўраб-суриштирди, аммо ҳеч нарса харид қилмади. У оладиганини қишлоқ дўконидан олишни ўйлади. Шуниси маъқул экан. Қишлоғига мўлжалидан ярим соат барвақт етиб бориб, дўкон олдида автобусдан тушди. Уч-тўрт бекорчихўжа офтобшувоқда нималарнидир валақлашиб ўтиришарди.
— Ҳа-а, оғайни, келяпсанми? – деб сўради ўтирганлардан бири талабани ҳар куни кўриб юргандек. — Ўрисчани ҳам ўрганяпсанми?
Талаба улар билан кўришиб-сўрашмоқчи эди. Бу совуқ гап туфайли туйқусдан тўнини тескари кийди.
— Нимани ўрганяпман, нимани ўрганмаяпман, айтганим билан барибир фойдаси йўқ, — деди бўш келмай дабдурустдан тиғли савол ташлаганни ўйиб олиш қасдида. – Сен барибир тушунмайсан.
— О-ҳо, тушунадиган бўлиб қоптилар-да, — деди офтобшувоқда куч йиғиб миясини тўлдираётгандек кўринган ҳалиги шоввоз талаба билан ҳозироқ жанжал бошлаб юборадигандек бир алпозда. — Хўп, ана энди кўрамиз, қанча ўқиганингни, ўқиган бўлсанг анави билан гаплаш-чи…
Ўзи томонга ишора қилинганини пайқаган нотаниш йигитсергакланиб, гоҳ ўтирганларга, гоҳ талабага қаради.
— Толик, — талабани қўйиб, энди ён томонига ўгирилганича нотаниш йигитга мурожаат қилди у. — Вот студент… Руский гаплаш, руский билади…
Нотаниш йигит ўрнидан турди. Унинг бўйи баланд, қўллари узун-узун эди. У талабага дадил яқинлашди. Унинг сап-сариқ от юзининг ияги ингичка, қўй кўзларининг мулойим боқиши талабага кимнидир эслатиб тургандек эди. У қўл узатиб:
— Анатолий, — деб ўзини таништирди.
Талаба унинг куракдек кафтига қўлини қўйиб исмини айтди.
— Жуда хурсандман, — деди Анатолий нотаниш жойларда офтобда қатиқ ялашган эски танишини учратиб қолгандек беҳад суюниб.
Шу чоқда рус тилидан ҳамиша қийналиб, синов ва имтиҳонларини амал-тақал ёпиб юрадиган талаба дўкон олдини ишғол этган ҳамқишлоқлари наздида бир зумда донишмандга айланди-қолди.
Улар уч-тўрт дақиқа гурунг қилишди. Тамом. Бошқа гап-сўз бўлгани йўқ. Талаба Толик билан хайрлашган бўлиб, бош ирғади-да дўкон томон юрди.
Толик бир лаҳза хаёлланиб қолди, кейин хайрлашган одамига ниманидир айтиш ёдидан кўтарилгандек талабанинг ортидан эргашди.
Пештахта ортида куймаланиб турган сотувчидан бўлак дўконда ҳеч ким йўқ эди. Талаба томоқ қириб қўйганча, унга салом берди.
— Ваалайкум… — дея бош кўтарган сотувчи одам боласини ҳам кўрар кун бор экан-ку, дегандек маҳталлик билан:
Ғўлабирдан келган, олтмиш ёшлардаги тепакал сотувчи жуда серилтифот, остонадан ким қадам боссаям унинг мавқеини билиб, касб-коридан келиб чиқиб гап-сўзни дўндирадиганлар хилидан эди.
— Ўқиш, ўқиш ва яна ўқиш! – деди у талаба билан кўришаркан.
— Хўш, нима берай? — деб сўради сотувчи унинг қўлидаги пулни кўрган заҳотиёқ чап қўлига олган қоғозни ўнг қўли билан карнайдай ўрай бошлаб, талабанинг ортидан кириб келган Толикка кўз қирини ташлаб қўяркан.
Талаба оққанд, печенье, новвот сўради.
— Офарин ақлингга! — деб мақтади уни сотувчи. — Бир килоданми?
Талаба бош ирғади. У талабанинг айтганларини бир зумда алоҳида-алоҳида қоғозга солиб, тарозида тортди-да, уларни қоғоз пакетга жойлаб, қўлига тутқазди. Талаба ортига бурилиб, энди дўкондан чиқаётганида пештахта ёнида уймалашиб, негадир ҳадеб чўнтагини кавлаётган Толик дабдурустдан:
— Минг сўм қарз бериб тур, — деди.
Бу талаба учун кутилмаган ҳол эди: негаки, бу қишлоқда қоққани қозиғи, осгани хурмачаси бўлмаганлар ҳам қарз-ҳавола қилишни хаёлларига келтиришмасди. Толикнинг бу қилиғи сотувчининг ҳам оғзини очиб қўйганди.
Талаба Толикка айтган пулини тутқазди. Толик дарҳол чўнтагидан чиқарган пулларни унга қўшди-да, сотувчидан бир шиша вино сўради.
Сотувчи пулни олишга ошиқмади.
— Қарзга вино олиб ичганингни отанг билса мени жонимни суғуриб олади, — деди.
Толик бу гапни маъқуллаб, бош ирғади. Лекин, пулни узатиб тураверди. Сотувчи ўйланиб қолди.
— Аслида бермасдим-куя… — деди ён бераётганини билдириб.
Толик ҳамон пулни узатганча унга тик қараб турарди. Ахийри, сотувчи унинг қўлидаги пулни худди тортиб олаётгандек шартта олди-да:
— Фақат бир шарти бор, — деди сотувчи огоҳлантираётгандек талабага ва Толикка бир-бир жиддий қараш қилиб.
— Қанақа шарт экан? — деб сўради талаба пул бериб балони сотиб олаётгандек кўнгли ғашланиб.
— Буни учовимиздан бўлак ҳеч ким билмаслиги керак, — деди сотувчи қатъий қилиб.
Сотувчи бир шиша винони қоғозга қанд ўрагандек ўраб, унинг қўлига тутқазди. Толикнинг оғзи қулоғига етиб, аввал сотувчига, кейин талабага миннатдорлик билдирди-да, дўконни тарк этди.
— Ишқилиб, охири бахайр бўлсин, — дея минғирлаб қўйди сотувчи ўзига-ўзи гапираётгандек.
Талабанинг кўнглига шубҳа оралади.
— Нега бунақа деяпсиз? – деб сўради у сотувчига қаттиқ тикилиб.
— Бу ерда ор-номус масаласи бор-да, одам шундан хавотир олади, йўқса нима, бир шиша эмас, икки шишани ҳам ўзим бериб юбораверардим… Бу зормондани қишлоқда биров оғзига олмаса…
— Қанақа ор-номус? – деб сўради талаба унинг кейинги сўзларига эътибор бермай.
— Анави… фермадаги молбоқар бор-ку…наҳотки, танимасанг?
— Нега танимай, ҳамиша ерга қараб, бир нималарни ўйлаб юрадиган Усмонали амаки-да.
Сотувчи дўконда ҳеч ким йўқлигига ишончи комил бўлса-да, теварак-атрофга олазарак назар ташлаб олиб, пештахта устига энгашди.
— Шу-у Усмонали ака аскарликда бўлган… — деди шипшиётгандек. — Ҳалиги йигит Усмонали аканинг ўғли, — деб маълум қилди сотувчи.
— Анатолий Усмоналиевич, — ишшайди сотувчи талабанинг сўзини ўзича тўғрилаган бўлиб. — У киши аскарликда ўша ерда уйланиб, бир ўғил, бир қиз орттирган дейишарди. Аскарликдан кейин ҳам қолиб кетиб, беш-олти йилча ўша ёқларда яшаган. Кейин-кейин юрт соғинчи устун келиб, уларни бу ерга олиб келмоқчи бўлган, кўндиролмаган, кейин шартта барига этак силтаб келаверган…
— Оиласини ташлаб келганми? — деб сўради талаба сотувчи ҳамма нарсани биладигандек.
Сотувчи, шуям савол бўлдими, дегандек ғалати тарзда лабини бурди. Кейин талабани огоҳлантираётгандек бўлиб:
— Аммо-лекин,унинг ўғли сендан қарз олганини ҳеч кимга оғзингдан чиқара кўрма, — деди. — Усмонали ака кўра-била туриб бу ишга жим қараб турганим учун аввал келиб мени ейди, кейин сени ейди…
Талаба тарвузи қўлтиғидан тушганча ташқарига чиқди.
Дўкон олдида ўтирганлар бироз кўпайган, аммо Толик кўринмасди.
— Сенга Толик нима деди? – дея кимдир қичқирди.
У катта йўлни эндигина кесиб ўтган эдики, ёнбошдаги тор кўчадан йўтала-йўтала Тилла бобо чиқиб қолди.
— Ие, ие, Тоживоймисан? – деб сўради.
— Ҳа, Тоживойман, — бош ирғади талаба.
— Буни қара-я…ўқишдан келяпсанми?
Талаба яна бош ирғаш билан уни тасдиқлади.
— Дуруст, дуруст, — Тилла бобо ўз йўлида давом этмоқчи эди, қандайдир муҳим нарса ёдига тушиб қолгандек тўхтади. — Усмоналининг ўрис хотинидан бўлган ўғлини кўрмадингми мабодо? — деб сўради.
Тилла бобо унга синовчан тикила туриб:
— Шу бола бирон фалокатни бошлаб қўйиб, бу ёқларга қочиб келган-ов! – деди томоқ қириб қўйганча.
— Билмадим, — деди талаба кифт қисиб, ўзини бу гапларга алоқасиз кўрсатиб.
— Йўқса, ўз-ўзидан нима қилади келиб? – деди Тилла бобо ўз мулоҳазасини асосли далиллар билан тасдиқлаётгандек. – Усмоналини отам деганда, шунча вақт кутиб юрармиди, аввалроқ келарди-да. Тинчгина юрувдиг-а.
Тилла бобо карахтланиб турган талабага сарософ назар ташлаб қўйди-да:
— Ё, овло, ўзинг асра, — деганича йўлида давом этди.
Талабанинг ичидаги номаълум ҳадик баттар кучайди…
Талаба кейинги сафар келишида қишлоққа етмаёқ автобусдан тушди. Бу чоқда узумлар ғарқ пишган, талаба қишлоқ четидаги ўзларининг токзор боғларини оралаб, кейин уйларига боришни хаёл қилганди.
Шундай қилди ҳам. Кечқурун уйларига кириб бориб отаси билан кўришиб-сўрашиб бўлувди ҳамки, изидан акаси келди.
Энди ўттизга тўлган акасининг қоп-қора ёноқлари ичига ботган, ўз ёшидан ўн-ўн беш ёшлар катта кўринарди. У устачилик қилар, пойтешаю тўнғизарра ишлатарди, касбига яраша жаҳли ҳам бурнининг учида турарди.
— Қалайсан? — деди акаси қўлини узатиб, у ҳар гал қучоқлашиб кўришарди.
— Дуруст, — деди талаба ҳам қўл узатиб.
— Қишлоққа келганингда эҳтиёт бўлиб юр.
— Нимани тушунмайсан? Усмонали аканинг анови ўғли билан нималарни гаплашдиларинг?
– Менга қара, унинг нима ишлар қилиб келганини ким билади? Балки, бировни ўлдириб бу ерларда қочиб юргандир, балки, ўғирлик қилгандир…
— Куласан-да, куласан, — деди акаси бу кулгининг йиғиси ҳам бор, деган маънода. — У сени сўрайвериб ҳоли жонимга қўймаяпти.
Акаси талабани катта хавф-хатардан қутқариб қолмоқчи бўлаётгандек:
— Калланг ишламайди-да, энди шу етмай турувди, — деди. — Сен, яхшиси, унинг кўзига кўринмай юр.
Талабанинг отаси ўмровига болишни тортганча пешайвонда ёнбошлаб ётганди. Ака-уканинг тик турганча нималарнидир муҳокама қилишаётганидан тоқати тоқ бўлиб:
— Ҳа-а, нима гап экан? — дея бақириб сўради.
Ака пешайвон томонга уч-тўрт одим босиб, ортга ўгирилди-да:
— Бу Усмонали аканинг ҳалиги ўғли билан нималарнидир гаплашибди, — деди.
— Гаплашса гаплашар, — деди ота парво қилмай. — Усмоналининг ўзи ким-у, ўғли бўлса?..
— У буни мендан сўрагани-сўраган.
— Бирон иш-юмуши бўлса сўрайди-да, — деди ота, шунгаям ота гўри қозихонами, деган оҳангда.
— Сиз кўчага чиқмай ётасиз, қишлоқда одамлар қанақа бўлиб кетишганини билмайсиз-да,— дедиэнди отасини ҳам аяб ўтирмай нималаргадир ишора қилганича. — Қараб турсам, кўча-куйдами, тўй-маъракадами улар писир-писир гап қўзғашяпти.
— Э! — ота ётган жойида қандайдир ҳафсаласизлик билан қўл силтади.
— Нима, сиз уни бу ёқларга беҳуда келган деб ўйлаяпсизми? — деди ака.
— Мен ҳеч нима деб ўйлаганим йўқ, — деди ота. — Боёқиш Усмоналининг ўғли экан, ҳамқишлоғимиз экан, қондошимиз экан, қора тортиб келибдими, ўшангга балли…
— Э, қўйинг-э, сиз ҳам ўша касофатнинг ёнини олманг.
Ота нимадир демоқчи бўлди-ю, ўғли билан гап талашиб ўтиришни ўзига лозим кўрмай, нариги ёнбошига ағдарилиб олди.
Ака шундаям ўз фикрида собит қолганини билдириб:
— Кўзига қарасин-да, — деди-ю,тилининг остига бир отим носвой ташлаб, индамай чиқиб кетди.
Эртаси куни талаба акасининг насиҳатига кўра Толикка дуч келмаслик учун дўкон олдидаги бекатга тушмай, узумзор оралаб келган йўли билан изига қайтди. Бироз олислигини айтмаса, талабанинг ўзига ҳам шу маъқул тушди, дўкон олдидагиларнинг ҳар хил пичингли саволларига жавоб бериш даҳмазасидан қутилади,Тилла бобога ҳам тўқнаш келмайди.
Талаба энди қишлоққа етмай автобусдан тушадиган, шу ердан автобусга чиқадиган бўлди.
Унинг барибир қулоғи тинчимади. У уйга келган заҳотиёқ акаси ҳам пайдо бўлар, ғоят ташвишли қиёфада:
Акаси бу гапни ҳар гал ҳар хил тарзда айтарди: бир гал, у фалончи-пистончининг жанозасида отасининг ёнида турган экан, бутун қишлоқ аҳли йиғилган эди, у эса жаноза-паноза деб ўтирмай менга яқинлашди-да, сени сўради, деса, бошқа гал, мен фалончи-пистончининг уйини қураётганимда ҳашар баҳонасида уям келди, ўзиям роса лой ташиди-ю, энди тушликка чиқаётганимизда яна ёнимга келиб сени сўради, дерди. Кейин сен у билан нималарни гаплашгандинг, ишқилиб, ўшанда унга қандайдир ваъдалар бермаганмидинг, агар шунақа бўлган бўлса очиғини айт, очиқ-ойдин ҳал қилиб олайлик, деган сўраб-суриштиришлар бошланарди.Уни кўришга мениям юрагим безиллаб қолди, шунақа қилаверса, мен ҳам энди бу қишлоқда ишламай, бошқа жойлардан иш излашимга тўғри келиб қолади, дерди акаси.
Бир томони талабанинг акасига раҳми ҳам келди. Намунча у мени сўраб-суриштирмаса, деган жумбоқ ҳамон талабанинг бошини қотирарди. Тикка бориб, нима гап, мана мен келдим, деса бўлади-ку, аммо акаси унинг бундай ҳаракат қилишига мутлақо қарши, тинч юр, у қандайдир касофатни бошлаб келган – ҳамма шундай деяпти, буни ўзимнинг ҳам кўнглим сезиб турипти, сен яхшиси у билан учрашма, гаплашиб ҳам юрма, дейди.
Бу гапларни эшитиб, талабанинг гумонсираши баттар ортади.
“Балки, Толикнинг яна вино ичкиси келиб пул тополмаганидан мени излаб-қидириб юргандир?” деган фикр ҳам миясига бот-бот келиб қолар, бу дардисарнинг даҳмазасидан қандай қутилсам экан, деб ўйларди.
Орадан ойлар ўтиб, талаба янги йилни кутиб олиш учун қишлоққа келди. Шаҳарда қор учқунлаб турарди,қишлоқда эса қалин ёққан экан.
У автобусдан одатдагидек қишлоқ четида тушиб қолди.
Ҳаммаёқ оппоқ, кўз қамашади. Талаба тиззадан қор кечиб, тепаликлар оралаб кетди. Қачонлардир ёғишни бошлаган лайлакқор ҳамон гупиллаб уриб турарди. Туйқусдан талаба ортидан кимнингдир бақириб-чақираётганини эшитиб қолди.
У ўгирилди. Узоқда узун қора чопонли кимдир биров у томонга шошиб келар, қўлларини тепага кўтарганча, тўхта, ишорасини қилиб тўлғар, ошиқиб-шошиққанидан ўқтин-ўқтин йиқилиб ҳам қоларди.
“Ким бўлсайкин?”, деб ўйлаган талаба бироз тўхтаб кутишга қарор қилди. У яқинлашаверди. Орада озгина масофа қолганда талаба унинг Толик эканлигини билдию, ноилож қолди. Энди кеч эди.
Толик бошидаги телпакни юлқиб ечди. Шунда унинг қора терга ботгани маълум бўлди. Телпаги билан юз-кўзини артаркан:
— Уф-ф!.. – деганича ўзини шартта қор устига ташлади.
У нафас ростлай бошлади. Кейин чопонининг барини қайириб ташлаб, шимининг чўнтагига қўлини суқди ва ундан пул чиқазиб ўтирган жойида талабага узатаркан:
— Нега бўларди? — деди ҳамон ҳарсиллаб кўкси кўтарилиб тушаётган Толик. — Бу сендан олган қарзим. Ўшандан кейин сени ҳеч учратолмадим, пулингни ўшандаёқ қайтармоқчи эдим… Кимга беришимни билмайман. Сўраб-суриштириб акангни топдим, сендан олган қарз пулни унга тайинлаб бериб юбормоқчи бўлдим-у анави сотувчи учовимиздан бўлак ҳеч ким билмасин дегани учун бундай қилмадим. Акангдан сени сўрасам бирон аниқ жавоб бермайди, товба, қизиқ одамлар-а булар…
Талаба ҳам негадир шу чоқда ҳолдан тойганини пайқаб, унинг ёнига ўтирди. Кўнгли хотиржам бўлганига қаноат ҳосил қилгандек, Толик кўксини тўлдирганча чуқур нафас олди.
— Кераги йўқ эди, — ғўлдиради талаба.
Толик жилмайди. Унинг жилмайишида ўзини кетма-кет кунлар, кетма-кет ҳафталар, кетма-кет ойлар мобайнида қийнаб келган мушкулотдан фориғ бўлганининг қувончи мужассам эди.