Stiven King. Jang (hikoya)
Кирилл ёзувидаги матн пастроқда
Bino xizmatchisining ovozi Renshoni liftga yetay deganida toʻxtatdi. U ortiga oʻgirildi va qoʻlidagi sumkani narigi qoʻliga oldi. Pidjagining ichki choʻntagida yigirma va ellik dollarlik pullar solingan ogʻir xatjild shitirladi. U ishini aʼlo darajada bajargan va Tashkilot uning haqidan yigirma foiz olib qolgan boʻlsa-da yaxshigina pul toʻlagandi. Rensho xonasiga kirib uxlamoqchi edi.
- Sizga joʻnatma kelibdi. Marhamat, imzo cheking.
Rensho uf tortdi va qutiga oʻychan qaradi. Qutiga uning ism-sharifi va manzili yozilgan qogʻoz parchasi yopishtirilgandi. U qutini olib silkitib koʻrdi, nimadir shiqirladi.
- Xonangizga olib kirib beraylikmi, janob Rensho?
Uzunligi yarim metrga yaqin boʻlgan qutini qoʻltigʻi ostida koʻtarish noqulay edi. U qutini lift poliga qoʻydi va bir nechta tugmalar joylashgan quticha tirqishiga kalit solib buradi. Rensho binoning eng yuqori qavatidagi hashamatli xonadonda istiqomat qilardi. Lift asta yuqoriga koʻtarildi. U koʻzlarini yumdi va oxirgi ishini xayolidan oʻtkazdi.
Avvaliga har doimgidek Kel Beyts qoʻngʻiroq qildi:
Rensho yaxshi va ishonchli mutaxassis, u bir yilda bor-yoʻgʻi ikki marta boʻsh boʻladi, xizmati uchun kamida oʻn ming dollar oladi, mijozlar uning bexato yirtqichlik faoliyati uchun haq toʻlashadi. Jon Rensho odam oʻldirishga ixtisoslashgan YIRTQICH.
Beytsning qoʻngʻirogʻidan soʻng Rensho pochta qutisidan ichiga kimningdir ism-sharifi hamda manzili yozilgan qogʻoz va fotosurat solingan xatjildni oldi. U qogʻozdagi yozuvlarni eslab qoldi, xatjildni esa ichidagilari bilan yondirib tashladi.
Fotosuratdagi shaxs Mayamidagi “Morris oʻyinchoq ishlab chiqarish kompaniyasi” egasi va asoschisi Gans Morris edi. Bu nusxa kimgadir xalaqit bergan, u xalaqit bergan kishi Tashkilotga murojaat qilgan va Kel Beyts Jon Rensho bilan gaplashgandi…
Lift eshiklari ochildi, u qutini qoʻltigʻi ostiga qistirdi, yoʻlakka chiqdi va xonasiga kirdi. Keng xona aprel quyoshining nurlaridan yorishib ketgandi. Rensho bir necha soniya oʻzini nurga solib turdi, qutini eshik yonidagi stol ustiga qoʻydi, pul solingan xatjildni tashladi, boʻyinbogʻini boʻshatdi va ayvonga chiqdi.
Tashqari sovuq edi, shamol uning yupqa paltosidan oʻtib etini junjiktirdi. Ammo Rensho bir daqiqacha xuddi butun mamlakatni zabt etgan sarkardadek shaharni kuzatdi. Koʻchalardan mashinalar xuddi qoʻngʻizlardek gʻizillab oʻtib turardi. Sharq tomonda, osmonoʻpar binolar ustida teleantennalar xuddi oʻrmondek koʻzga tashlanardi.
U ichkariga qaytdi, ayvon eshigini yopdi va vannaxonaga kirib ketdi.
Qirq daqiqadan keyin Jon Rensho vannaxonadan chiqdi va qutini sinchkovlik bilan koʻzdan kechira boshladi.
Qutida bomba yoʻq, lekin qutida bomba bor deb tasavvur qilish kerak. U doim shunday qiladi va aynan shuning uchun boshqalar allaqachon narigi dunyoga ravona boʻlishgan bir paytda u xotirjam umrguzaronlik qilib kelmoqda.
Agar bu bomba boʻlsa, unda soat mexanizmi yoʻq-quti ichidan hech qanday chiqillagan ovoz kelmayapti. Ammo hozirda plastik portlatgichdan foydalanishyapti.
Rensho pochta muhriga qaradi: Mayami, 15-aprel. Besh kun burun joʻnatilgan. Soat mexanizmi bilan ishlaydigan bomba allaqachon portlab ketgan boʻlardi.
U qoʻllarini koʻksiga chalishtirgancha qutiga astoydil nazar tashladi. Morrisning yaqinlari Renshoning manzilini qayerdan bilishgani uni hozir qiziqtirmasdi. Bu savolni u keyinroq Beytsga beradi. Hozir bu muhimmas.
U hamyonidan plastik kalendar chiqardi va qutini oʻrab turgan yopishqoq tasmani kesdi. Engashib, qutini hidlab koʻrdi. Qogʻozdan boshqa narsaning hidi kelmadi. U qutini ozgina teshib, quti ichiga moʻraladi: yashil quticha koʻrindi. Rensho oʻtirdi va pichoq bilan qutichani oʻrab turgan tasmani kesdi.
Qutichaga “Amerikalik veteran Joning vyetnamcha sandigʻi” deb yozilgandi. Bu yozuv ostidan quyidagi soʻzlar bitilgandi: “Yigirmata piyoda askar, oʻnta vertolyot, ikkita pulemyotchi, ikkita shifokor, ikkita granatomyot, toʻrtta «jip”. Eng pastda, burchakda “Morris oʻyinchoq ishlab chiqarish kompaniyasi” degan yozuv bor edi.
Rensho sandiqcha qopqogʻini koʻtardi. Sandiqcha ichida nimadir harakatlandi.
Jon xona chirogʻini yoqish uchun oʻrnidan turdi.
“Vyetnamcha sandiq” qimirladi. Kutilmaganda u yonboshiga agʻdarildi va gilam ustiga tushdi. Sandiqcha qopqogʻi ochilib ketdi.
Har birining boʻyi toʻrt santimetrdan boʻlgan kichkina askarchalar sandiqcha ichidan oʻrmalab chiqa boshlashdi. Rensho ulardan koʻz uzmay qarab turardi. Rensho bunday voqea boʻlishi mumkin emasligini oʻylamas, butun fikr-zikri qanday xavfga duch kelgani va tirik qolish uchun nima qilish kerakligida edi.
Askarchalar jangovar kiyimda, yelkalariga xalta va mitti miltiqlar osib olishgandi. Ikkitasi Renshoga tikilib turishardi.
Besh, oʻn, oʻn ikki va nihoyat yigirma. Ulardan biri boshqalariga imo-ishora bilan buyruq berdi. Qolgan askarchalar bir tekis safga tizilishdi.
Rensho divanda turgan katta yostiqni qoʻliga oldi va sandiqchaga yaqinlashdi. Komandir oʻgirildi va qoʻlini silkitdi. Piyoda askarlar miltiqlarini qoʻllariga olishdi, paqillagan tovushlar yangradi va Rensho xuddi ari chaqqandek ogʻriqni tuydi.
U yostiqni irgʻitdi, askarchalar yiqilib tushishdi. Shu payt sandiqcha ichidan xuddi ninachiga oʻxshab yashil rangli vertolyotlar gʻuvillab havoga koʻtarildi.
Renshoning qulogʻiga eshitilar-eshitilmas “paq-puq” etgan tovushlar yetib keldi. U vertolyotlar eshiklarida pulemyotlarning miltillayotgan uchqunlarini koʻrdi va xuddi kimdir uning qorni, qoʻli, boʻyniga igna sanchayotgandek tuyuldi. U shahd bilan qoʻlini uzatib vertolyotlardan birini ushladi va barmoqlarida dahshatli ogʻriqni his qildi-vertolyot parraklari uning barmogʻini sindirib tashlagandi. Qolgan vertolyotlar undan uzoqroqqa ketishdi va aylana hosil qilib uchishda davom etishdi. Unga jarohat yetkazgan vertolyot gilamga quladi.
Rensho oyogʻidagi kutilmagan ogʻriqdan baqirib yubordi. Askarchalardan biri uning poyabzali ustida turgancha oyogʻiga xanjar sanchardi.
Rensho oyogʻini silkitib askarchani uloqtirdi.
Yoʻtal ovoziga oʻxshagan tovush yangradi - Renshoning soni jizillab achishdi. Sandiqcha ichidan granatomyot koʻtargan askarcha chiqib keldi-granatomyot ogʻzidan tutun koʻtarilayotgandi. Rensho soniga qaradi va shimining tangachalik joyi teshilib qolganini koʻrdi. Sonida kuyish izi bor edi.
U ortiga oʻgirildi va yotoqxona tomon qochdi. Uning boshi tepasida vertolyot gʻingʻilladi, qisqagina oʻt ochgach, ortiga qaytdi.
Yostiq ostida Renshoning toʻpponchasi bor edi. U toʻpponchani ikki qoʻllab ushladi, oʻgirildi va elektr chirogʻidan kichikroq uchar nishonga otishi kerakligini tushundi.
Ichkariga ikkita vertolyot kirdi. Rensho oʻq uzdi va vertolyotlardan biri parcha-parcha boʻlib ketdi. “Bittasi yoʻq boʻldi”, oʻyladi u, ikkinchisini moʻljalga oldi… tepkini bosdi…
Vertolyot kutilmaganda keskin burildi. Rensho oʻq uzayotgan pulemyotchini zoʻrgʻa sezdi va oʻzini polga tashladi.
Rensho toʻpponchasini koʻtardi, ammo vertolyot undan uzoqlashib boʻlgandi. Vertolyot bir oz havoda muallaq turdi, soʻng mehmonxona tomon uchib gʻoyib boʻldi.
Rensho oʻrnidan turdi, jarohatlangan oyogʻi azob berib afti bujmaydi. “Granatomyot zarbasidan soʻng omon qolganlar bormikin”, deb oʻyladi u.
Yostiqjildni sugʻurib olib oyogʻini bogʻladi, soqol olish uchun moʻljallangan koʻzguchani qoʻliga olib eshik tomon yaqinlashdi va uni gilamga qoʻyib koʻzguga qaradi…
Ular sandiqcha yonida lager oʻrnatishgandi. Askarchalar u yoqdan bu yoqqa yurishar, chodir tikishar, “jip”da atrofni aylanishardi. Rensho tepib yuborgan askarcha ustida shifokor engashgancha muolaja qilardi. Qolgan sakkizta vertolyot lagerni qoʻriqlab atrofda parvoz qilayotgandi.
Ular kutilmaganda koʻzguni sezib qolishdi. Uch nafar piyoda askar tiz choʻkkancha oʻq uzishdi. Bir necha soniyadan soʻng koʻzgu parcha-parcha boʻlib ketdi.
Rensho qizil daraxtdan yasalgan ogʻir qutichani oldi va xuddi beysbolchilardek uloqtirdi. Quticha askarlarni yiqitdi. “Jiplar”dan biri agʻanab ketdi. Rensho oʻq otib askarlardan birini yoʻq qildi.
Ammo qolgan askarlar oʻzlariga kelgan va oʻq uzishni boshlab yuborishgandi.
Rensho yana bir marta oʻq uzdi-tegmadi. Ular judayam kichkina edi! Ammo keyingi otishida yana bitta askarni yoʻq qildi.
Vertolyotlar unga qarata oʻq uzishdi, oʻqlar uning yuziga tegdi. Renshoning otgan oʻqlari ikkita vertolyotga tegdi.
Qolgan oltita vertolyot ikkita guruhga boʻlindi va ortga chekindi. Rensho yuzidan oqayotgan qonni artdi va oʻq uzishga tayyorlandi, ammo toʻxtab qoldi. Piyoda askarlar sandiqcha ichidan nimanidir tortib chiqarishayotgandi. Aftidan…
Sariq uchqun sachradi va Renshoning chap tomonidagi devor suvogʻi koʻchib tushdi.
U oʻq uzdi, nishonga tegmadi, vannaxonaga yugurib kirib oldi. Koʻzguga qarab, jangda aqldan ozayozgan hinduning aftiga koʻzi tushdi. Koʻzgudagi hinduning yuzi qondan qizil rangga boʻyalgandi. Yuzidagi teri koʻchib tushgan, boʻyin terisini xuddi kimdir shilib olgandek edi.
U qaltiroq qoʻllari bilan sochlarini taradi. Chiqish yoʻli berk. Telefonga yetib borishning imkoni yoʻq. Raketa uskunasi boshini uzib tashlashga tayyor holda turibdi.
“U HAQDA HATTO YOZILMAGANDI HAM!”
Eshikning mushtdek parchasi koʻchib tushdi. Alanga tillari eshikning hozirgina paydo boʻlgan yorigʻidan oʻrmalay boshladi. Vannaxonaga yonayotgan yogʻoch parchalari uchib tushdi. Paydo boʻlgan tuynukdan ikkita vertolyot uchib kirdi va Renshoning koʻkragiga qarata oʻq uzdi.
U vertolyotlardan birini qoʻli bilan urib tushirdi. Ikkinchi vertolyotni sochiq bilan qulatdi va ezgʻilab tashladi.
“MANA SENGA! MANA SENGA! ENDI OʻYLAB ISH QILASANLAR!”
Aftidan, ular rostdan ham oʻylanib qolishdi. Oʻn besh daqiqa davomida sukunat hukm surdi. Rensho vanna chetiga oʻtirdi va oʻyga choʻmdi: bu muammoning yechimi boʻlishi kerak. Albatta. Ularni aylanib oʻtish kerak.
U keskin oʻgirildi va vanna tepasidagi tuynukka qaradi. Bu qopqondan chiqish yoʻli bor.
Uning nigohi yondirgichlarni toʻldirish uchun moʻljallangan gazli ballonga tushdi. Rensho unga qoʻlini choʻzdi va shitirlagan tovushni eshitdi. U darhol oʻgirildi, toʻpponchasini toʻgʻriladi, ammo eshik tirqishidan qogʻoz parchasi tushdi.
Qogʻoz parchasida kichkina harflar bilan “TASLIM BOʻL!” degan yozuv yozilgandi.
Rensho iljaydi, gaz ballonchasini koʻkrak choʻntagiga soldi, dori qutichasidan qalam boʻlagini oldi va yozib, eshik tirqishidan tashqariga surdi: “aslo!” Raketalar eshikdagi tuynukdan kirib devorga urilib portladi. Rensho qoʻllari bilan koʻzlarini berkitdi-devor suvoqlari koʻchib tushdi.
Bir ozdan soʻng Rensho vannadan chiqdi va derazani ochdi. Osmonda yulduzlar sovuq nur sochardi. Deraza ostida torgina karniz bor edi, ammo hozir u haqda oʻylashga vaqt yoʻq edi.
U derazadan osilib pastga tushdi. Yuziga sovuq havo urildi. Rensho pastga qaradi: qirq qavat. Bunday balandlikdan koʻcha xuddi bolalarning oʻyinchoq temir yoʻlidek koʻrinardi.
Rensho romga osilib, karnizga oyogʻini qoʻydi. Agar hozir birorta vertolyot vannaxonaning yoriq eshigidan ichkariga kirib oʻq uzishni boshlasa bormi, u chinqirgancha pastga qulashi tayin.
Ammo hech narsa sodir boʻlmadi.
Oyogʻi ostidagi boʻshliq haqida oʻylamaslikka harakat qilayotgan Rensho asta-sekin bino burchagi tomon surila boshladi.
Toʻrt metr qoldi… uch… Mana, nihoyat yetib keldi. U koʻksini devorga tiragancha toʻyib-toʻyib nafas oldi.
Endi burchakni aylanib oʻtish kerak…
Toʻqqiz metrdan keyin ayvonga yetib oladi…
Nihoyat u ayvonning temir toʻsiqlariga osildi.
Rensho ovoz chiqarmasdan ayvonga tushdi, oynavand eshikdan asta mehmonxonaga moʻraladi. Askarchalar uni sezishmadi.
Toʻrt askarcha va bir vertolyot sandiqni qoʻriqlashardi. Qolganlar esa vannaxona roʻparasiga oʻrnatilgan raketa uskunasi yonida edi.
“Xoʻsh. Mehmonxonaga yugurib kirib, sandiq yonidagilarni yoʻq qilaman, uydan qochib chiqib, taksiga oʻtirib aeroportga yoʻl olaman”.
U koʻylagi yengidan bir parchani ensiz tasma qilib yirtib oldi, bir uchini gaz ballon ichidagi suyuqlik bilan hoʻlladi, ikkinchi uchini esa ballon ichiga suqdi, yondirgich olib matoni yoqdi, oynavand eshikni shahd bilan ochdi va ichkariga tashlandi.
Vertolyot shu zahoti unga hujum qildi. Rensho uni qoʻli bilan urib tushirdi.
Qolgan voqealar soniyalar ichida yuz berdi.
Rensho ballonni uloqtirdi va tashqari eshik tomon yugurdi.
U nima boʻlganini anglashga ulgurmadi.
Xuddi poʻlat seyf baland binodan yerga tushgandek gumburlagan ovoz keldi. Butun bino silkindi…
Bir erkak bilan ayol koʻchada ketishayotgandi. Ular choʻchib yuqoriga qarashdi va binoning eng yuqori qavatida oppoq tutun aralash alanga koʻtarilganini koʻrishdi.
Yuqoridan ularning ustiga qandaydir mato tusha boshladi. Erkak uni havodayoq tutib oldi:
- Yo Xudoyim, koʻylak parchasi, hammayogʻi qon, teshilib ketibdi.
- Raf, taksi chaqir,-dedi ayol.-Tezroq ketaylik.
Erkak atrofga alanglab taksi chaqirdi. Mashina toʻxtadi va ular taksi tomon yugurisharkan, hozirgina ular turgan joyga bir parcha qogʻoz tushganini koʻrishmadi. Unda quyidagi soʻzlar yozilgandi:
“Ayrim vyetnamcha sandiqlar ichida quyidagilar ham bor: bitta raketa uskunasi, yigirmata «yer-havo” raketasi, bitta termoyadroli bomba».
Rus tilidan Dilshodbek Asqarov tarjimasi.
Стивен Кинг. Жанг (ҳикоя)
Бино хизматчисининг овози Реншони лифтга етай деганида тўхтатди. У ортига ўгирилди ва қўлидаги сумкани нариги қўлига олди. Пиджагининг ички чўнтагида йигирма ва эллик долларлик пуллар солинган оғир хатжилд шитирлади. У ишини аъло даражада бажарган ва Ташкилот унинг ҳақидан йигирма фоиз олиб қолган бўлса-да яхшигина пул тўлаганди. Реншо хонасига кириб ухламоқчи эди.
- Сизга жўнатма келибди. Марҳамат, имзо чекинг.
Реншо уф тортди ва қутига ўйчан қаради. Қутига унинг исм-шарифи ва манзили ёзилган қоғоз парчаси ёпиштирилганди. У қутини олиб силкитиб кўрди, нимадир шиқирлади.
-Хонангизга олиб кириб берайликми, жаноб Реншо?
Узунлиги ярим метрга яқин бўлган қутини қўлтиғи остида кўтариш ноқулай эди. У қутини лифт полига қўйди ва бир нечта тугмалар жойлашган қутича тирқишига калит солиб буради. Реншо бинонинг энг юқори қаватидаги ҳашаматли хонадонда истиқомат қиларди. Лифт аста юқорига кўтарилди. У кўзларини юмди ва охирги ишини хаёлидан ўтказди.
Аввалига ҳар доимгидек Кел Бейтс қўнғироқ қилди:
Реншо яхши ва ишончли мутахассис, у бир йилда бор-йўғи икки марта бўш бўлади, хизмати учун камида ўн минг доллар олади, мижозлар унинг бехато йиртқичлик фаолияти учун ҳақ тўлашади. Жон Реншо одам ўлдиришга ихтисослашган ЙИРТҚИЧ.
Бейтснинг қўнғироғидан сўнг Реншо почта қутисидан ичига кимнингдир исм-шарифи ҳамда манзили ёзилган қоғоз ва фотосурат солинган хатжилдни олди. У қоғоздаги ёзувларни эслаб қолди, хатжилдни эса ичидагилари билан ёндириб ташлади.
Фотосуратдаги шахс Маямидаги «Моррис ўйинчоқ ишлаб чиқариш компанияси» эгаси ва асосчиси Ганс Моррис эди. Бу нусха кимгадир халақит берган, у халақит берган киши Ташкилотга мурожаат қилган ва Кел Бейтс Жон Реншо билан гаплашганди…
Лифт эшиклари очилди, у қутини қўлтиғи остига қистирди, йўлакка чиқди ва хонасига кирди. Кенг хона апрел қуёшининг нурларидан ёришиб кетганди. Реншо бир неча сония ўзини нурга солиб турди, қутини эшик ёнидаги стол устига қўйди, пул солинган хатжилдни ташлади, бўйинбоғини бўшатди ва айвонга чиқди.
Ташқари совуқ эди, шамол унинг юпқа палтосидан ўтиб этини жунжиктирди. Аммо Реншо бир дақиқача худди бутун мамлакатни забт этган саркардадек шаҳарни кузатди. Кўчалардан машиналар худди қўнғизлардек ғизиллаб ўтиб турарди. Шарқ томонда, осмонўпар бинолар устида телеантенналар худди ўрмондек кўзга ташланарди.
У ичкарига қайтди, айвон эшигини ёпди ва ваннахонага кириб кетди.
Қирқ дақиқадан кейин Жон Реншо ваннахонадан чиқди ва қутини синчковлик билан кўздан кечира бошлади.
Қутида бомба йўқ, лекин қутида бомба бор деб тасаввур қилиш керак. У доим шундай қилади ва айнан шунинг учун бошқалар аллақачон нариги дунёга равона бўлишган бир пайтда у хотиржам умргузаронлик қилиб келмоқда.
Агар бу бомба бўлса, унда соат механизми йўқ-қути ичидан ҳеч қандай чиқиллаган овоз келмаяпти. Аммо ҳозирда пластик портлатгичдан фойдаланишяпти.
Реншо почта муҳрига қаради: Маями, 15 апрел. Беш кун бурун жўнатилган. Соат механизми билан ишлайдиган бомба аллақачон портлаб кетган бўларди.
У қўлларини кўксига чалиштирганча қутига астойдил назар ташлади. Морриснинг яқинлари Реншонинг манзилини қаердан билишгани уни ҳозир қизиқтирмасди. Бу саволни у кейинроқ Бейтсга беради. Ҳозир бу муҳиммас.
У ҳамёнидан пластик календар чиқарди ва қутини ўраб турган ёпишқоқ тасмани кесди. Энгашиб, қутини ҳидлаб кўрди. Қоғоздан бошқа нарсанинг ҳиди келмади. У қутини озгина тешиб, қути ичига мўралади: яшил қутича кўринди. Реншо ўтирди ва пичоқ билан қутичани ўраб турган тасмани кесди.
Қутичага «Америкалик ветеран Жонинг вьетнамча сандиғи» деб ёзилганди. Бу ёзув остидан қуйидаги сўзлар битилганди: «Йигирмата пиёда аскар, ўнта вертолёт, иккита пулемётчи, иккита шифокор, иккита гранатомёт, тўртта «жип». Энг пастда, бурчакда «Моррис ўйинчоқ ишлаб чиқариш компанияси» деган ёзув бор эди.
Реншо сандиқча қопқоғини кўтарди. Сандиқча ичида нимадир ҳаракатланди.
Жон хона чироғини ёқиш учун ўрнидан турди.
«Вьетнамча сандиқ» қимирлади. Кутилмаганда у ёнбошига ағдарилди ва гилам устига тушди. Сандиқча қопқоғи очилиб кетди.
Ҳар бирининг бўйи тўрт сантиметрдан бўлган кичкина аскарчалар сандиқча ичидан ўрмалаб чиқа бошлашди. Реншо улардан кўз узмай қараб турарди. Реншо бундай воқеа бўлиши мумкин эмаслигини ўйламас, бутун фикр-зикри қандай хавфга дуч келгани ва тирик қолиш учун нима қилиш кераклигида эди.
Аскарчалар жанговар кийимда, елкаларига халта ва митти милтиқлар осиб олишганди. Иккитаси Реншога тикилиб туришарди.
Беш, ўн, ўн икки ва ниҳоят йигирма. Улардан бири бошқаларига имо-ишора билан буйруқ берди. Қолган аскарчалар бир текис сафга тизилишди.
Реншо диванда турган катта ёстиқни қўлига олди ва сандиқчага яқинлашди. Командир ўгирилди ва қўлини силкитди. Пиёда аскарлар милтиқларини қўлларига олишди, пақиллаган товушлар янгради ва Реншо худди ари чаққандек оғриқни туйди.
У ёстиқни ирғитди, аскарчалар йиқилиб тушишди. Шу пайт сандиқча ичидан худди ниначига ўхшаб яшил рангли вертолётлар ғувиллаб ҳавога кўтарилди.
Реншонинг қулоғига эшитилар-эшитилмас «пақ-пуқ» этган товушлар етиб келди. У вертолётлар эшикларида пулемётларнинг милтиллаётган учқунларини кўрди ва худди кимдир унинг қорни, қўли, бўйнига игна санчаётгандек туюлди. У шаҳд билан қўлини узатиб вертолётлардан бирини ушлади ва бармоқларида даҳшатли оғриқни ҳис қилди-вертолёт парраклари унинг бармоғини синдириб ташлаганди. Қолган вертолётлар ундан узоқроққа кетишди ва айлана ҳосил қилиб учишда давом этишди. Унга жароҳат етказган вертолёт гиламга қулади.
Реншо оёғидаги кутилмаган оғриқдан бақириб юборди. Аскарчалардан бири унинг поябзали устида турганча оёғига ханжар санчарди.
Реншо оёғини силкитиб аскарчани улоқтирди.
Йўтал овозига ўхшаган товуш янгради - Реншонинг сони жизиллаб ачишди. Сандиқча ичидан гранатомёт кўтарган аскарча чиқиб келди-гранатомёт оғзидан тутун кўтарилаётганди. Реншо сонига қаради ва шимининг тангачалик жойи тешилиб қолганини кўрди. Сонида куйиш изи бор эди.
У ортига ўгирилди ва ётоқхона томон қочди. Унинг боши тепасида вертолёт ғинғиллади, қисқагина ўт очгач, ортига қайтди.
Ёстиқ остида Реншонинг тўппончаси бор эди. У тўппончани икки қўллаб ушлади, ўгирилди ва электр чироғидан кичикроқ учар нишонга отиши кераклигини тушунди.
Ичкарига иккита вертолёт кирди. Реншо ўқ узди ва вертолётлардан бири парча-парча бўлиб кетди. «Биттаси йўқ бўлди», ўйлади у, иккинчисини мўлжалга олди… тепкини босди…
Вертолёт кутилмаганда кескин бурилди. Реншо ўқ узаётган пулемётчини зўрға сезди ва ўзини полга ташлади.
Реншо тўппончасини кўтарди, аммо вертолёт ундан узоқлашиб бўлганди. Вертолёт бир оз ҳавода муаллақ турди, сўнг меҳмонхона томон учиб ғойиб бўлди.
Реншо ўрнидан турди, жароҳатланган оёғи азоб бериб афти бужмайди. «Гранатомёт зарбасидан сўнг омон қолганлар бормикин», деб ўйлади у.
Ёстиқжилдни суғуриб олиб оёғини боғлади, соқол олиш учун мўлжалланган кўзгучани қўлига олиб эшик томон яқинлашди ва уни гиламга қўйиб кўзгуга қаради…
Улар сандиқча ёнида лагер ўрнатишганди. Аскарчалар у ёқдан бу ёққа юришар, чодир тикишар, «жип»да атрофни айланишарди. Реншо тепиб юборган аскарча устида шифокор энгашганча муолажа қиларди. Қолган саккизта вертолёт лагерни қўриқлаб атрофда парвоз қилаётганди.
Улар кутилмаганда кўзгуни сезиб қолишди. Уч нафар пиёда аскар тиз чўкканча ўқ узишди. Бир неча сониядан сўнг кўзгу парча-парча бўлиб кетди.
Реншо қизил дарахтдан ясалган оғир қутичани олди ва худди бейсболчилардек улоқтирди. Қутича аскарларни йиқитди. «Жиплар»дан бири ағанаб кетди. Реншо ўқ отиб аскарлардан бирини йўқ қилди.
Аммо қолган аскарлар ўзларига келган ва ўқ узишни бошлаб юборишганди.
Реншо яна бир марта ўқ узди-тегмади. Улар жудаям кичкина эди! Аммо кейинги отишида яна битта аскарни йўқ қилди.
Вертолётлар унга қарата ўқ узишди, ўқлар унинг юзига тегди. Реншонинг отган ўқлари иккита вертолётга тегди.
Қолган олтита вертолёт иккита гуруҳга бўлинди ва ортга чекинди. Реншо юзидан оқаётган қонни артди ва ўқ узишга тайёрланди, аммо тўхтаб қолди. Пиёда аскарлар сандиқча ичидан ниманидир тортиб чиқаришаётганди. Афтидан…
Сариқ учқун сачради ва Реншонинг чап томонидаги девор сувоғи кўчиб тушди.
У ўқ узди, нишонга тегмади, ваннахонага югуриб кириб олди. Кўзгуга қараб, жангда ақлдан озаёзган ҳиндунинг афтига кўзи тушди. Кўзгудаги ҳиндунинг юзи қондан қизил рангга бўялганди. Юзидаги тери кўчиб тушган, бўйин терисини худди кимдир шилиб олгандек эди.
У қалтироқ қўллари билан сочларини таради. Чиқиш йўли берк. Телефонга етиб боришнинг имкони йўқ. Ракета ускунаси бошини узиб ташлашга тайёр ҳолда турибди.
«У ҲАҚДА ҲАТТО ЁЗИЛМАГАНДИ ҲАМ!»
Эшикнинг муштдек парчаси кўчиб тушди. Аланга тиллари эшикнинг ҳозиргина пайдо бўлган ёриғидан ўрмалай бошлади. Ваннахонага ёнаётган ёғоч парчалари учиб тушди. Пайдо бўлган туйнукдан иккита вертолёт учиб кирди ва Реншонинг кўкрагига қарата ўқ узди.
У вертолётлардан бирини қўли билан уриб туширди. Иккинчи вертолётни сочиқ билан қулатди ва эзғилаб ташлади.
«МАНА СEНГА! МАНА СEНГА! ЭНДИ ЎЙЛАБ ИШ ҚИЛАСАНЛАР!»
Афтидан, улар ростдан ҳам ўйланиб қолишди. Ўн беш дақиқа давомида сукунат ҳукм сурди. Реншо ванна четига ўтирди ва ўйга чўмди: бу муаммонинг ечими бўлиши керак. Албатта. Уларни айланиб ўтиш керак.
У кескин ўгирилди ва ванна тепасидаги туйнукка қаради. Бу қопқондан чиқиш йўли бор.
Унинг нигоҳи ёндиргичларни тўлдириш учун мўлжалланган газли баллонга тушди. Реншо унга қўлини чўзди ва шитирлаган товушни эшитди. У дарҳол ўгирилди, тўппончасини тўғрилади, аммо эшик тирқишидан қоғоз парчаси тушди.
Қоғоз парчасида кичкина ҳарфлар билан «ТАСЛИМ БЎЛ!» деган ёзув ёзилганди.
Реншо илжайди, газ баллончасини кўкрак чўнтагига солди, дори қутичасидан қалам бўлагини олди ва ёзиб, эшик тирқишидан ташқарига сурди: «асло!» Ракеталар эшикдаги туйнукдан кириб деворга урилиб портлади. Реншо қўллари билан кўзларини беркитди-девор сувоқлари кўчиб тушди.
Бир оздан сўнг Реншо ваннадан чиқди ва деразани очди. Осмонда юлдузлар совуқ нур сочарди. Дераза остида торгина карниз бор эди, аммо ҳозир у ҳақда ўйлашга вақт йўқ эди.
У деразадан осилиб пастга тушди. Юзига совуқ ҳаво урилди. Реншо пастга қаради: қирқ қават. Бундай баландликдан кўча худди болаларнинг ўйинчоқ темир йўлидек кўринарди.
Реншо ромга осилиб, карнизга оёғини қўйди. Агар ҳозир бирорта вертолёт ваннахонанинг ёриқ эшигидан ичкарига кириб ўқ узишни бошласа борми, у чинқирганча пастга қулаши тайин.
Оёғи остидаги бўшлиқ ҳақида ўйламасликка ҳаракат қилаётган Реншо аста-секин бино бурчаги томон сурила бошлади.
Тўрт метр қолди… уч… Мана, ниҳоят етиб келди. У кўксини деворга тираганча тўйиб-тўйиб нафас олди.
Энди бурчакни айланиб ўтиш керак…
Тўққиз метрдан кейин айвонга етиб олади…
Ниҳоят у айвоннинг темир тўсиқларига осилди.
Реншо овоз чиқармасдан айвонга тушди, ойнаванд эшикдан аста меҳмонхонага мўралади. Аскарчалар уни сезишмади.
Тўрт аскарча ва бир вертолёт сандиқни қўриқлашарди. Қолганлар эса ваннахона рўпарасига ўрнатилган ракета ускунаси ёнида эди.
«Хўш. Меҳмонхонага югуриб кириб, сандиқ ёнидагиларни йўқ қиламан, уйдан қочиб чиқиб, таксига ўтириб аэропортга йўл оламан».
У кўйлаги енгидан бир парчани энсиз тасма қилиб йиртиб олди, бир учини газ баллон ичидаги суюқлик билан ҳўллади, иккинчи учини эса баллон ичига суқди, ёндиргич олиб матони ёқди, ойнаванд эшикни шаҳд билан очди ва ичкарига ташланди.
Вертолёт шу заҳоти унга ҳужум қилди. Реншо уни қўли билан уриб туширди.
Қолган воқеалар сониялар ичида юз берди.
Реншо баллонни улоқтирди ва ташқари эшик томон югурди.
У нима бўлганини англашга улгурмади.
Худди пўлат сейф баланд бинодан ерга тушгандек гумбурлаган овоз келди. Бутун бино силкинди…
Бир эркак билан аёл кўчада кетишаётганди. Улар чўчиб юқорига қарашди ва бинонинг энг юқори қаватида оппоқ тутун аралаш аланга кўтарилганини кўришди.
Юқоридан уларнинг устига қандайдир мато туша бошлади. Эркак уни ҳаводаёқ тутиб олди:
- Ё Худойим, кўйлак парчаси, ҳаммаёғи қон, тешилиб кетибди.
- Раф, такси чақир,-деди аёл.-Тезроқ кетайлик.
Эркак атрофга аланглаб такси чақирди. Машина тўхтади ва улар такси томон югуришаркан, ҳозиргина улар турган жойга бир парча қоғоз тушганини кўришмади. Унда қуйидаги сўзлар ёзилганди:
«Айрим вьетнамча сандиқлар ичида қуйидагилар ҳам бор: битта ракета ускунаси, йигирмата «ер-ҳаво» ракетаси, битта термоядроли бомба».