O‘tkir Hoshimov. Nega? Nega-a-a?! (hikoya)
Кирилл ёзувидаги матн пастроқда берилган
(Sho‘rolar boshlagan bemaqsad afg‘on urushi qurbonlariga bag‘ishlanadi.)
Trolleybus silkinib qo‘zg‘aldi.
— Keyingisi — Beshinchi mavze! Pattalarni chekichlashni unutmanglar. Yo‘lda nazoratchi bor.
Hamidulla o‘rta qatordagi o‘rindiqda o‘tiribdi. Deraza oldida.
«Qo‘rqadi nazoratchilaringdan! Student anoyi ekan-da, tutqich beradigan. Yarmi sambochi, yarmi karatechi! Shunaqa deydi-ku, keyingi paytda nazoratchilar ham kooperativ tuzgan. Pattasiz odamni ushlasa naqd uch so‘mni qurtdek sanab oladi. Bir so‘mi davlatga, ikki so‘mi o‘ziga. Bir gal o‘zi ham qo‘lga tushdi. Kap-katta odam. Uyat-e! Palakat bosib, pattasi tugagan ekan… Bir emas, to‘rtta hirsday yigit atrofingni o‘rab turgandan keyin ilojing qancha! To‘laysan! Ularniyam bilgani-bilgan. Bir kunda ellik kishini ushlasa, cho‘ntagiga yuz so‘m tushib turibdi. Har bittasiga yigirma besh so‘mdan. Qornini og‘ritadimi?»
— Eslataman, yo‘lda nazoratchi bor.
«Quloq soladi gapingga! Ichida so‘kayotgandir hammasi».
Bunaqa paytda markaz tomonga odam kam bo‘ladi.
Trolleybus tiqilinch emas. Har kuni bitta yo‘ldan yuraverganingdan keyin o‘rganib ketarkansan. Sakkiz yildan beri shu. (Qamoqdan qaytganidan buyon.) Qoraqamish «ikki-bir»dan (topgan nomini qarang: «ikki-bir»mish, o‘lsin agar, odamning tili kelishsa) sekin yo‘lga tushadi. Bitta-bitta yur-e-eb Studentlar shaharchasiga keladi. Trolleybusga o‘tirib, (ertalab joy bemalol-da) O‘rdagacha boradi. Ishiga.
Oshxonaga. Kechqurun shu yo‘ldan orqaga qaytadi. Qoraqamishga. Uyiga. «Shef» — insofli odam, Oxun aka. Ishga undan oldin borib turadi. «Chaqqon-chaqqon qimirlaydu, Hamidullaxon! Hali zamon lag‘monxo‘rlar klido‘».
«Kontrolyor ko‘rinmaydimi? Daf bo‘lsin. Bolalarga achinadi-da, odam. Studentga uch so‘m kichkina pulmi? Shunaqa-ku, yelkasiga magnitofon osib, chiroyli-chiroyli qizlarni qo‘ltiqlab yuradigani qancha. Magnitofonga yetgan pul pattaga yetmaydimi? Yo‘-o‘q, olmaydi. Yuradi otasining soyai davlatida magnitofon varanglatib!
Ota sho‘rlik o‘g‘lim Toshkentdek shahri azimda o‘qiyapti, olim bo‘lib keladi, deydi. Oftobda yelkasi yag‘ir bo‘lib ketmon uradi. Nasibasidan qiyib jaraq-jaraq pul jo‘natadi. Bular bo‘lsa… — O‘rgildim obberadigan shaharingdan! Xudoga shukr, Rahmatillasi yaxshi bola chiqdi. Ichmaydi, chekmaydi, yomon yo‘lga yurmaydi. Uyam shu yerda o‘qirdi. Biofakda. Birinchi kursni bitirib armiyaga ketdi. Nasib etsa, keladi erta-indin». Obbo! Yomg‘ir boshlandi-ku… Qamalishiga yomg‘ir sababchi bo‘lgan. Yog‘irmas-ku, xo‘jayini. «Volga» haydardi. TNO. Ministrni olib yurardi. O‘sha kecha xo‘jayin idorada ancha o‘tirib qoldi. Keyin tag‘in «bir joyga» bordi. «Severo-Vostok»dagi to‘qqiz qavatli uy tagida Hamidulla motorni o‘chirib, uzoq o‘tirdi. O‘rganib qolgan. Avval ham ko‘p kelishgan, «Severo-Vostok»ka… Keyin xo‘jayinini uyiga oborib qo‘ydi. Yarim kechadan oshgan edi. Yomg‘ir yog‘ib turuvdi. Hamidulla shoshilardi. Rahmatillaning tug‘ilgan kuni edi. O‘n yoshga chiqqan kuni. Palakatni qarang: plash kiygan odam ko‘chani kesib o‘tayotganini kech payqabdi… Ertasiga xo‘jayini uni yupatdi… «O‘zi stovosmoy, piyonista ekan. Oyog‘i sinibdi. Baloyam urmaydi. Kasalxonaga oborib yaxshi qipsiz. Sizga hech nima qilmaydi. Men borman. Faqat, bitta iltimos, birov so‘rasa «anovi yoqqa» borganimizni aytmaysiz. Uchta bolam bor, tirikchilik ekan, jinday kirakashlik qilayotgandim, deb qo‘yaqolasiz». Hamidulla xo‘jayin aytganini qildi… Ikki yilga kesishdi. Bir begunoh fuqaroga og‘ir tan jarohati yetkazgani uchun, davlat mashinasidan o‘z shaxsiy manfaati yo‘lida foydalangani uchun. Axloq tuzatish koloniyasiga hukm qilishdi. Axloq tuzatarmish! Nachora, peshanada bor ekan. Xotini qon-qon yig‘ladi, xo‘jayinning oldiga borsa, sekretari kirgizmabdi. Bunaqa paytda odam chodirxayol bo‘lib qolarkanmi, suddan keyin xotiniga aytdi. «Yoshsan, mabodo ko‘ngling bo‘linsa… boshqa birovga… mayli…» (Kerakmidi shu gap?) Xotinining ko‘zi g‘azabdan yonib ketdi. «Undan ko‘ra o‘ldirib ketaqoling!» Keyin o‘g‘li bilan gaplashdi. Rahmatilla uchinchi sinfda o‘qirdi. Esini tanib qolgandi. Boshiga ish tushganda odam aqlli bo‘lib ketarkanmi, Hamidulla xo‘p dono gaplar aytdi. «Sen endi katta yigitsan, o‘g‘lim. Oilada sendan boshqa erkak yo‘q. Opangga yordam ber, singillaringni boshini sila». O‘n yashar bola onasiga qanday yordam beradi-yu, singillarini boshini silash uchun nima qilishi kerak?.. Nima desin? Bir nima deyish kerakmidi, axir? O‘ylab turdi-da, qo‘shib qo‘ydi. «Ikki yil nima? G‘iz etadi, o‘tadi-ketadi. San o‘g‘lim, xapa bo‘ma». O‘g‘lining yig‘lab yuborishidan qo‘rqar edi. Agar Rahmatilla yig‘lasa o‘ziyam… Yo‘q, o‘g‘li yig‘lamadiyam, gapirmadiyam. Yerga qarab turaverdi.
Surxondaryo tomonda «axloqini tuzatishdi». Temir yo‘l yaqinida. Qora paxtalik kiygan aristonlar… Kechalari og‘ir g‘o‘ng‘illagan samolyotlar, muttasil taraqa-turuq qilib o‘tadigan yuk poyezdlari… Avvaliga yarmi ochiq vagonlarga ortilgan yuklarning usti brezent bilan o‘rab qo‘yilgani uchun hech balo ko‘rinmasdi. Keyin brezent qoplamasiz tashiydigan bo‘lishdi. Tanklar, zambaraklar, BTRlar. Koloniyada siyosiy axborot bo‘ldi. Imperializm malaylari Afg‘oniston demokratik respublikasidagi Savr inqilobini bo‘g‘ib tashlamoqchi bo‘pti. Shonli sovet jangchilari o‘zining internatsional burchini sharaf bilan bajarishga kirishibdi.
…O‘shanda Hamidulla hech nimani o‘ylamadi. O‘ylab nima qiladi? Shu padaringga qusur ikki yilni omon-eson o‘tkazsa, uyiga, xotinining, ikkita norasida qizalog‘ining oldiga borsa, o‘g‘lini ko‘rsa bas. Mashina degan palakatning rulini ushlagan nomard! Duch kelgan yumushni qilaveradi. Zo‘r kelsa, Eski shahardagi mardikor bozoriga borib, g‘isht quyadi, hammolchilik qiladi. Ammo lekin bolalarini birovga zor qilib qo‘ymaydi. Qarang, bir narsa yetti uxlab tushiga kirmabdi. Oy o‘tadi, yil o‘tadi, payti kelib sening o‘g‘ling ham Afg‘onistonga boradi, internatsional burchini bajaradi…
«Boshi toshdan bo‘lsin ishqilib. Ko‘pi ketib, ozi qoldi».
— Chekichlamaganlar o‘zidan ko‘rsin. Uch so‘m jarima to‘lasa xotiniga paypoq ololmaydi, uyida janjal bo‘ladi.
«Obbo! Shang‘illaverarkan-da, bu xotin, qo‘limga mikrofon tegdi deb!»
«G‘uncha». Nominiyam topganmi? Mayli, buyam bolalarga bir ermak-da. «Nu, pogodi» desa, jonini beradi. Bo‘rini aytmaysizmi, bo‘rini! Voy, qistaloq!»
Ota hovlisi shu yerda edi. Suv bo‘yida. Zilziladan unchayam shikast yetmadi. Bolaxonaning sinch devoridagi guvalalar to‘kilganini aytmasa… Hamidulla o‘shanda hali uylanmagandi. Shofyorlik kursini endi bitirgandi. Aslida-ku, tarixchi bo‘lmoqchiydi. Universitetga kirishni orzu qilardi. «Kitob o‘qigin, ha-a, o‘qiyver, yog‘i chiqadi! Otangni bekitib qo‘ygan g‘aznasi bor! Qaynab chiqyapti. Seni uylantiradi, bola-chaqang bilan qo‘shib boqadi! Tur o‘rningdan, qulupnayni chopiq qil! Ertaga bozorga opchiqib sotsang, kuningga shu yaraydi!» (Otasining asabi chatoq edi.) Zilzila bahonasi bilan «buzdi-buzdi» boshlandi. Bu yerda ko‘p qavatli muhtasham binolar qad ko‘tarar emish. Osmono‘par qasrlar… Urushda bir oyog‘ini tashlab kelgan otasi qo‘ltiqtayog‘ini do‘qillatib, e, yugurdi-ya! Raykom, rayispolkom, gor-ispolkom…
Hamidulla otasining cho‘ltoq oyog‘ini ko‘p ko‘rgan. Chap oyog‘ini… Tizzadan yuqorisi saqlanib qolgan oyoq allaqanday ingichka tortib ketgan. Uchi to‘mtoq, ko‘kimtir qizg‘ish rangda. Shimining pochasini qayirib, oqarib ketgan eski qayishiga qistirib oladi-da, hakkalab borib devorga tirab qo‘yilgan qo‘ltiqtayog‘iga yopishadi. «Rezinkasi yeyilib ketibdi, — deydi to‘ng‘illab. — Bu onangni… aptekada topilsa ekan!» Hassasini do‘qillatib, hovliga tushadi. «Kerak bo‘lsa Moskvagacha boraman», — deydi allakimga dag‘dag‘a qilib. — Ko‘kcha mozorida otam yotibdi, onam yotibdi! Ota-buvamdan qolgan uyni buzadiganning boshi o‘nta. Ana, qo‘lidan kelsa remont qib bersin! O‘ligim shu yerdan chiqadi. — Ikkala hassatayog‘ini yerga baravar uradi — shu yerdan! Ispolkomdagi jipiriqqa gapirsam, bezrayadi. «Mayli, buzadigan yerdan joy oling, uch yildan keyin shu mahalladan dom beramiz», deydi. Uch yilgacha onangni chorbog‘ida turamanmi? «Bo‘lmasa, Qurbaqaoboddan uchastka oling»mish. Qurbaqaobodi yerning kindigida bo‘lsa, tilladan tog‘im bormi, bir chetidan ushatib imorat quradigan. Yo‘q, Moskvaga boraman. Uchinchi Ukraina frontining jangchisi, Vatan uchun qon to‘kkan «Shuhrat» ordeni kavaleri xor bo‘ldi, deyman. Uyim bosib tushgani yo‘q, remontiyam boshida qolsin, buzmasin, deyman. Domini pishirib yesin, deyman».
Otasining yelib-yugurishlari shu bo‘ldiki, uylarida chiroq o‘chib qoldi. Gaz kelmay qo‘ydi. Mahalladagi o‘ttiz ikki xonadon «dom»ga ko‘chishga rozi bo‘pti. Yigirma bitta oilaga Qurbaqaoboddan yer berilibdi. Sakkiz xonadon «buziladigan yer»ga rozi bo‘lib, qarindoshlarinikiga ko‘chib ketibdi. Uylarga buldozer qo‘yildi.
— O‘lsin-ey! Muncha imillaydi bu! Aksiga oladi o‘zi. Soatingiz nechchi bo‘ldi, amaki?
«Amaki-ya! O‘zining yuzi tegirmonchining mahsisiga o‘xshaydi-ku, amaki deydi. Upaniyam bearmon chaplabdimi? Qarilikni bo‘yniga olsa o‘ladi bu xotinlar! Ming so‘mlik palto kiyib, gul ko‘tarib yurgandan ko‘ra ikki so‘mning bahridan o‘tsang, joniqib kutayotganingning oldiga o‘n minutda borasan. Ana, ko‘cha to‘la kooperativ taksi».
— Soatim yo‘q, xola! Manda soat nima qilsin. Po‘ristoy odam bo‘lsam.
«E, o‘l-a! O‘zing ham ja tajangsan-da! Yosh bo‘lgisi kelsa nima qilsin bu sho‘rlik …Qo‘ndoqda tekkanda. Go‘ring nurga to‘lgur otang ham shunaqa kajbahs edi… Qiziq, bugun otang tushingga kiribdimi? Qamoqda yotganingda o‘lib ketgan otang? «Qo‘ltiqtayog‘im qani, nega yo‘qotding», deb baqiribdimi?»
Tavba, otasi mayka-tursida emish. Kesilgan chap oyog‘i nuqul dikillarmish. «Top! Hozir topasan tayog‘imni, bo‘lmasa o‘rtoq Brejnevga boraman, men frontovikman, deyman! Sen ham arzimga quloq solmasang, lichna Oliy Bosh qo‘mondonning o‘ziga arz qilaman, dermish. «E odamning tushiga nimalar kirmaydi?»
«Hamza teatrimi? Afishani qarang, afishani! «Xalqlar jallodi». «Ertaga premera!» Qoyil! Ertaga odamlar yangi tomosha ko‘radi. Stalinni so‘kib-so‘kib chiqadi. Yashavor, shovvoz. Tirikligida dohiy yasaysan, o‘lganidan keyin go‘rdan olib, go‘rga tiqasan…
Ana, telestudiyadan ham o‘tdik. Shu… televizorni o‘ylab topganniyam otasiga ming rahmat-e! Uyingda indiyskiy choyni ichib yonboshlab yot-e-eb, dunyoni tomosha qilasan. Oynai jahon-da! «Otalar so‘zi»ni ayting. Dilingdagi gapni topadi-ya. Baraka toping-e, otaxon! O‘rtadan andisha ko‘tarildi, odamlarda insof yo‘q… Qarang, televizor degan narsani Toshkentda yasashgan ekan-u, mushuk anovisini bekitganidek shuniyam ovoza qilishmaydi. Ha, endi, Toshkent qoloq bo‘lgan, savodsiz bo‘lgan».
— O‘rdada tushmaysizmi, singlim? «Ko‘rdingmi, darrov chehrasi yorishdi. Nari borsa o‘zing tengi xotin kishiga «xola» demasang asakang ketarmidi? Shunaqa-ku, pardoz-andoz qilgan xotinni ko‘rsa… O‘zingning xotining boshqacha-da! Yigirma bir yil turmush qilib, bir marta labiga bo‘yoq surmadi-ya. Ikki gapning birida: «Rahmatim kelsa, hafta o‘tmay to‘y qilamiz», deydi. Ko‘rpa-ko‘rpachalar tayyor, kelin sarpolar tappa-taxt. Shu kunlarga yetkazsin. Mayli, hafta, o‘tibmas-ku, bahorda… Umr savdosida bu. Kelinniyam tag-taxtini surishtirish kerak. Ota-onasi kim, avlod-ajdodi kim. Rahmatilla kelishgan bola. Ichmaydi, chekmaydi, yomon yo‘lga yurmaydi. Shundoq bo‘lgandan keyin kelin ham… chiroyli bo‘ladi, esli-hushli, uyim-joyim deydigan bo‘ladi…
Ertalab ishga otlanganida, «adajon, choyingiz tayyor, quymoq pishirib beraymi», deydi. E, umringdan baraka top, bolam! Qo‘shganing bilan qo‘sha-qarigin, baxtli bo‘l, qizim! Keyin… Nevarali bo‘ladi. To‘ng‘ich nevarasi o‘g‘il bo‘ladi. (Rahmatilla azamat yigit.) Uxlab yotganida qo‘yniga kirib oladi. Uyg‘onsaki… haligidaqa. «Iye, polvon biz tomonga choptirib yuboribdilar-ku», desa, buvisi yupatadi: «Nevarangiz halitdan buyon tortqilaydi, uyg‘onmaganingizdan keyin jahli chiqdi-da, dadajonisi!» Nevarasi «dadajonisi»ga qarab qiqir-qiqir kuladi…
— Kechirasiz, singlim, o‘tib ketsam… Rahmat… «Voy-bu-u! Atirga cho‘milganmi bu xotin, nima balo, dimog‘ni yoradi-ya! Bola-chaqadan vaqt orttirib pardoz ko‘ngliga siqqani… E, bizni xotinlarni boshidan suv o‘girib ichsang arziydi. Uyim-joyim deydi, bola-chaqam deydi… Xudodan ham o‘rgildim, yaxshi ko‘rgan bandasidan dardini ayamas ekan-da! Bugun tag‘in nolidi: nafasim qisyapti, adasi, yomg‘ir yog‘adi shekilli. Yoqqani yaxshi bo‘ldi, shoyad nafasi qisgani o‘tib ketsa. Shoshma, tag‘in nima dedi? «Rahmatingiz tushimga kiribdi, oyog‘im sovqotib ketyapti, adamga ayting, menga etik olib bersinlar, deyapti. Bolamning joni sog‘mikan?» Xotin kishining tushi teskari bo‘ladi. «Anavi yoqda» yurganida «tushimda o‘lib qopsiz, o‘zingizni ehtiyot qiling», deb sakkiz marta xat yozgan. Rahmatillaga nima bo‘lardi. Baquvvat, esli-hushli bola… Shunaqa deydi-ku bu — Afg‘oniston…» Rahmatillani aeroportda kuzatayotganida qattiq tayinlagan. «O‘g‘lim, sen aqlli yigitsan, opangni holi o‘zingga ma’lum… Mabodo Afg‘onistonga tushib qolsang, xatni Termizdan deb yozaver.
Mana, ikki yilki, «Termiz»dan xat keladi. Xotini xursand.
Televizorda Afg‘onistonni ko‘rsatsa, tavallo qiladi: «Adajonisi, peshanamiz yaraqlagan ekan, yaxshiyam Rahmatillangiz Termizda xizmat qilyapti»… Televizorni shartta o‘chirib qo‘ysang, xotining, qizlaringni ko‘ngliga gap kelsa… Ko‘raveray desang… Xayriyat, uch kun avval xat keldi. «Termizdan sog‘inchli salom. Adajon, opajon, shirin singillarim — Mahfuza, Feruza… Men sog‘-salomat yuribman, hech nimadan kamchilik yo‘q. Xizmatlar oson. Opa! Mendan xavotir olmang. Dekabrning o‘rtalarida uyga boraman».
Bugun nechanchi? O‘n ikkinchi noyabrmi? Bundan chiqdi, uzog‘i bilan bir oydan keyin.
— Keldinizmo‘, Hamidullaxon. Chaqqon-chaqqon qmirlaydo‘…
Xalat qayokda edi? Ha, mana… E, o‘l-a, piyoz ivib qolibdi-ku. Bu shogird bolalar g‘irt ahmoq-da! Arzimagan to‘rtta qopni panaroqqa olib qo‘yishga eringan. Po‘konidan yel
— Hamidillaxon uka, buyoqqa qarang, siznu bir odam chaqrvatido‘. Vayenni odam…
Voyenniysi kim bo‘ldi? Iye, mayor-ku! Savlatidan arava hurkadi. Nima gunohi bor ekan? Qiziq, quchoqlashga balo bormi?
— Kechirasiz, o‘rtoq nachaynik. Men sizni…
«O‘rgildim! Shapka kiyganlarga ko‘zing uchib turuvdi! Axloq tuzatish koloniyasida ko‘p ko‘rgansan!»
— Qarasang-chi, yaxshilabroq, «tajang!» «Nima, «tajang» dedimi? Axir bu…»
— Maktab esingdami, tajang? Men — Muhammadminorman.
— Tanidingmi? Muhammadminor… Men — Muhammadminorman.
— Iye, voy, sen-ey! Voy «voyenniy-ey!» Shoshma bitta o‘piy! E, shapkangni yechib turgin-da, mundoq Minorka! Mana bu boshqa gap!
Axir, bu Muhammadminor-ku. Burni tovuqnikiga o‘xshagani uchun «Minorka» degan laqab orttirgan, maktabni bitirib harbiy bilim yurtiga kirgan, endi senlar bilan yigirma besh yil diydor ko‘risholmayman, deb yig‘lagan Minor…
— Oxun aka! Piyozni bolalar to‘g‘rasin. Biz… bir piyola choy…
— Shoshma, do‘stim, choy-poying kerakmas. Yur bu yoqqa! Vaqt ziq.
«O‘h-ho‘! Armiyadagi starshinaga o‘xshab prikaz qiladi-ya, shovvoz! Pogon bor — zakon bor…»
— Gapimni diqqat bilan eshit. Seni zo‘rg‘a topdim. Mayli, gap bundamas. Diqqat bilan eshit. Hozir bir joyga boramiz. G‘ing deb ovoz chiqarmaysan. Yomon bo‘ladi, tushundingmi, menga yomon bo‘ladi. Voyenvrach sifatida.. Bo‘l tez!
«Nega yomon bo‘ladi? Qanaqa voyenvrach? Shoshma, Minor… Muhammadminorning mayorlik pogonida ilon rasmi bormi? Bundan chiqdi…»
— Vaqt ziq! Bugun gospital bo‘yicha men dejurman. …G‘ishtin devor. Panjara darvoza. Devor chetidagi qo‘ng‘iroq. Muhammadminorga chest berib, g‘oz qotgan serjant…
Hamidulla xalatni ming mashaqqat bilan yelkasiga ildi. Yomg‘ir yog‘yapti. Serdaraxt hovli. Dilni g‘ash qiluvchi pastak g‘ishtin binolar… Ming la’nat, qarg‘a muncha ko‘p! Muncha nolish qiladi, bu maraz mahluqlar!
— Minor! Muhammadminor! Jon do‘stim! Nima gap? Nima bo‘ldi?
— Jim! O‘n birinchi blokka boramiz. Kelishdik, ovozingni chiqarmaysan. Qo‘rqma, hammasi joyida. O‘g‘ling…
«O‘g‘lim?» «Oyog‘i nega chalishadi? Nega mador yo‘q?» «Tezroq! Tezroq!»
Barakka o‘xshash uzun palata… Ikki qator temir karavotlar. To‘shaklar… Oq choyshablar… Kulrang adyollar. Bir-biriga o‘xshash qiyofalar… Hammasi yosh, hammasi rangpar… Dori isi… «Bannisa» isi… Pastak derazadan tushayotgan xira nur…
— Ana! Sekin… Iltimos, shovqin solma…
Nahot! Nahot shu o‘g‘li bo‘lsa! Aeroportda xayrlashayotganida «mendan xavotir olmanglar» degan, avval onasini, keyin uni quchoqlagan, quchoqlaganida belini qisirlatib yuborgan… Har safar «Termizdan sog‘inchli salom» deb xat boshlagan, «opamga ayting, xavotir olmasinlar» degan, uch kun ilgari «uzog‘i bilan bir oydan keyin boraman», deb xati kelgan… Qani, qani o‘sha o‘g‘li? O‘n yasharligida «onangni ehtiyot qil» deganida yig‘lamay yerga qarab turgan, xizmatga ketish oldida devdek yigit bo‘lib yetilgan… Tamom bo‘pti-ku! Rangi dokadek oppoq… Soqol-mo‘ylovi o‘sgan…
Rahmatilla adyol tagidan qo‘lini chiqarib, uning boshini siladi.
Qiziq, nega soqol-mo‘ylovi muncha dag‘al? Nega oqargan? Yo Xudo! O‘g‘li o‘zidan qarib ketibdimi?
— Bolam! Nima qildi? Nima bo‘ldi senga?
— Hamidulla yelkasiga kimdir ohista qo‘l bosganini his etdi. Ammo qayrilib qaramadi.
Ajab, o‘g‘lining qo‘llari nega muncha ojiz? Nega qaltiraydi?
— Opamga aytmang, ada! Opamga aytmang… Sizni ko‘rdim… Doktorga rahmat…
— Kordiamin! Sestra, kordiamin! Rahmatillaning yuziga qon yugurgandek bo‘ldi. Hatto… hatto kulimsiradi ham. Otasi buni ko‘rdi. Aniq ko‘rdi!
— Sestra! O‘lib qoldingmi? Kordiamin!
— O‘g‘lim! Ko‘zingni och! O‘g‘lim!
— Yo‘q! Bermayman! Bolamni senlarga bermayman! Rahmatilla!
U jinni bo‘lib qolganga o‘xshardi. (Balki chindan ham esdan og‘gandir.)
Shitob bilan adyolni yulqib chetga uloqtirdi.
— Tur bolam! Tur o‘rningdan! Ketamiz! Uyga ketamiz!
Shunda… Shunda, to‘shakning yarmi bo‘sh ekanini payqadi. O‘g‘lining ikkala oyog‘i yo‘q edi. Tizzadan emas, undan ham yuqoriroqdan. Ko‘kragidan buyog‘i doka bilan o‘rab tashlangan. Har joy-har joyda qizg‘ishtob dog‘lar. Qotib qolgan qon dog‘lari.
— Qoching, grajdanin. Xalaqit beryapsiz.
— Hamid ket! Tushunsang-chi, do‘stim, menga gap tegadi!
— Yo‘q! — U avval temir karavot qirrasini mushtladi. — Yo‘q! Yo‘q! — Keyin o‘g‘lining soqoli tikandek o‘sib ketgan yuzlaridan o‘pa boshladi.
— Bolam, ko‘zingni och, Rahmat!
O‘sha zahoti shilq etib yerga o‘tirib qoldi.
— Nega? — dedi ingrab. — Nega? Insoflaring bormi? Aytinglar, bolam nima gunoh qiluvdi? — Yerga muk tushdi-da, namiqqan taxta polni qo‘shqo‘llab ojiz mushtlay boshladi.
Manba: ziyouz.uz
Ўткир Ҳошимов. Нега? Нега-а-а?! (ҳикоя)
(Шўролар бошлаган бемақсад афғон уруши қурбонларига бағишланади.)
— Кейингиси — Бешинчи мавзе! Патталарни чекичлашни унутманглар. Йўлда назоратчи бор.
Ҳамидулла ўрта қатордаги ўриндиқда ўтирибди. Дераза олдида.
«Қўрқади назоратчиларингдан! Студент анойи экан-да, тутқич берадиган. Ярми самбочи, ярми каратэчи! Шунақа дейди-ку, кейинги пайтда назоратчилар ҳам кооператив тузган. Паттасиз одамни ушласа нақд уч сўмни қуртдек санаб олади. Бир сўми давлатга, икки сўми ўзига. Бир гал ўзи ҳам қўлга тушди. Кап-катта одам. Уят-е! Палакат босиб, паттаси тугаган экан… Бир эмас, тўртта ҳирсдай йигит атрофингни ўраб тургандан кейин иложинг қанча! Тўлайсан! Уларниям билгани-билган. Бир кунда эллик кишини ушласа, чўнтагига юз сўм тушиб турибди. Ҳар биттасига йигирма беш сўмдан. Қорнини оғритадими?»
— Эслатаман, йўлда назоратчи бор.
«Қулоқ солади гапингга! Ичида сўкаётгандир ҳаммаси».
Бунақа пайтда марказ томонга одам кам бўлади.
Троллейбус тиқилинч эмас. Ҳар куни битта йўлдан юраверганингдан кейин ўрганиб кетаркансан. Саккиз йилдан бери шу. (Қамоқдан қайтганидан буён.) Қорақамиш «икки-бир»дан (топган номини қаранг: «икки-бир»миш, ўлсин агар, одамнинг тили келишса) секин йўлга тушади. Битта-битта юр-е-еб Студентлар шаҳарчасига келади. Троллейбусга ўтириб, (эрталаб жой бемалол-да) Ўрдагача боради. Ишига. Ошхонага. Кечқурун шу йўлдан орқага қайтади. Қорақамишга. Уйига. «Шеф» — инсофли одам, Охун ака. Ишга ундан олдин бориб туради. «Чаққон-чаққон қимирлайду, Ҳамидуллахон! Ҳали замон лағмонхўрлар клидў».
«Контролёр кўринмайдими? Даф бўлсин. Болаларга ачинади-да, одам. Студентга уч сўм кичкина пулми? Шунақа-ку, елкасига магнитофон осиб, чиройли-чиройли қизларни қўлтиқлаб юрадигани қанча. Магнитофонга етган пул паттага етмайдими? Йў-ўқ, олмайди. Юради отасининг сояи давлатида магнитофон варанглатиб! Ота шўрлик ўғлим Тошкентдек шаҳри азимда ўқияпти, олим бўлиб келади, дейди. Офтобда елкаси яғир бўлиб кетмон уради. Насибасидан қийиб жарақ-жарақ пул жўнатади. Булар бўлса… — Ўргилдим обберадиган шаҳарингдан! Худога шукр, Раҳматилласи яхши бола чиқди. Ичмайди, чекмайди, ёмон йўлга юрмайди. Уям шу ерда ўқирди. Биофакда. Биринчи курсни битириб армияга кетди. Насиб этса, келади эрта-индин». Оббо! Ёмғир бошланди-ку… Қамалишига ёмғир сабабчи бўлган. Ёғирмас-ку, хўжайини. «Волга» ҳайдарди. ТНО. Министрни олиб юрарди. Ўша кеча хўжайин идорада анча ўтириб қолди. Кейин тағин «бир жойга» борди. «Северо-Восток»даги тўққиз қаватли уй тагида Ҳамидулла моторни ўчириб, узоқ ўтирди. Ўрганиб қолган. Аввал ҳам кўп келишган, «Северо-Восток»ка… Кейин хўжайинини уйига обориб қўйди. Ярим кечадан ошган эди. Ёмғир ёғиб турувди. Ҳамидулла шошиларди. Раҳматилланинг туғилган куни эди. Ўн ёшга чиққан куни. Палакатни қаранг: плаш кийган одам кўчани кесиб ўтаётганини кеч пайқабди… Эртасига хўжайини уни юпатди… «Ўзи стовосьмой, пиёниста экан. Оёғи синибди. Балоям урмайди. Касалхонага обориб яхши қипсиз. Сизга ҳеч нима қилмайди. Мен борман. Фақат, битта илтимос, биров сўраса «анови ёққа» борганимизни айтмайсиз. Учта болам бор, тирикчилик экан, жиндай киракашлик қилаётгандим, деб қўяқоласиз». Ҳамидулла хўжайин айтганини қилди… Икки йилга кесишди. Бир бегуноҳ фуқарога оғир тан жароҳати етказгани учун, давлат машинасидан ўз шахсий манфаати йўлида фойдалангани учун. Ахлоқ тузатиш колониясига ҳукм қилишди. Ахлоқ тузатармиш! Начора, пешанада бор экан. Хотини қон-қон йиғлади, хўжайиннинг олдига борса, секретари киргизмабди. Бунақа пайтда одам чодирхаёл бўлиб қоларканми, суддан кейин хотинига айтди. «Ёшсан, мабодо кўнглинг бўлинса… бошқа бировга… майли…» (Керакмиди шу гап?) Хотинининг кўзи ғазабдан ёниб кетди. «Ундан кўра ўлдириб кетақолинг!» Кейин ўғли билан гаплашди. Раҳматилла учинчи синфда ўқирди. Эсини таниб қолганди. Бошига иш тушганда одам ақлли бўлиб кетарканми, Ҳамидулла хўп доно гаплар айтди. «Сен энди катта йигитсан, ўғлим. Оилада сендан бошқа эркак йўқ. Опангга ёрдам бер, сингилларингни бошини сила». Ўн яшар бола онасига қандай ёрдам беради-ю, сингилларини бошини силаш учун нима қилиши керак?.. Нима десин? Бир нима дейиш керакмиди, ахир? Ўйлаб турди-да, қўшиб қўйди. «Икки йил нима? Ғиз этади, ўтади-кетади. Сан ўғлим, хапа бўма». Ўғлининг йиғлаб юборишидан қўрқар эди. Агар Раҳматилла йиғласа ўзиям… Йўқ, ўғли йиғламадиям, гапирмадиям. Ерга қараб тураверди.
Сурхондарё томонда «ахлоқини тузатишди». Темир йўл яқинида. Қора пахталик кийган аристонлар… Кечалари оғир ғўнғиллаган самолётлар, муттасил тарақа-туруқ қилиб ўтадиган юк поездлари… Аввалига ярми очиқ вагонларга ортилган юкларнинг усти брезент билан ўраб қўйилгани учун ҳеч бало кўринмасди. Кейин брезент қопламасиз ташийдиган бўлишди. Танклар, замбараклар, БТРлар. Колонияда сиёсий ахборот бўлди. Империализм малайлари Афғонистон демократик республикасидаги Савр инқилобини бўғиб ташламоқчи бўпти. Шонли совет жангчилари ўзининг интернационал бурчини шараф билан бажаришга киришибди.
…Ўшанда Ҳамидулла ҳеч нимани ўйламади. Ўйлаб нима қилади? Шу падарингга қусур икки йилни омон-эсон ўтказса, уйига, хотинининг, иккита норасида қизалоғининг олдига борса, ўғлини кўрса бас. Машина деган палакатнинг рулини ушлаган номард! Дуч келган юмушни қилаверади. Зўр келса, Эски шаҳардаги мардикор бозорига бориб, ғишт қуяди, ҳаммолчилик қилади. Аммо лекин болаларини бировга зор қилиб қўймайди. Қаранг, бир нарса етти ухлаб тушига кирмабди. Ой ўтади, йил ўтади, пайти келиб сенинг ўғлинг ҳам Афғонистонга боради, интернационал бурчини бажаради…
«Боши тошдан бўлсин ишқилиб. Кўпи кетиб, ози қолди».
— Чекичламаганлар ўзидан кўрсин. Уч сўм жарима тўласа хотинига пайпоқ ололмайди, уйида жанжал бўлади.
«Оббо! Шанғиллавераркан-да, бу хотин, қўлимга микрофон тегди деб!»
«Ғунча». Номиниям топганми? Майли, буям болаларга бир эрмак-да. «Ну, погоди» деса, жонини беради. Бўрини айтмайсизми, бўрини! Вой, қисталоқ!»
Ота ҳовлиси шу ерда эди. Сув бўйида. Зилзиладан унчаям шикаст етмади. Болахонанинг синч деворидаги гувалалар тўкилганини айтмаса… Ҳамидулла ўшанда ҳали уйланмаганди. Шофёрлик курсини энди битирганди. Аслида-ку, тарихчи бўлмоқчийди. Университетга киришни орзу қиларди. «Китоб ўқигин, ҳа-а, ўқийвер, ёғи чиқади! Отангни бекитиб қўйган ғазнаси бор! Қайнаб чиқяпти. Сени уйлантиради, бола-чақанг билан қўшиб боқади! Тур ўрнингдан, қулупнайни чопиқ қил! Эртага бозорга опчиқиб сотсанг, кунингга шу ярайди!» (Отасининг асаби чатоқ эди.) Зилзила баҳонаси билан «бузди-бузди» бошланди. Бу ерда кўп қаватли муҳташам бинолар қад кўтарар эмиш. Осмонўпар қасрлар… Урушда бир оёғини ташлаб келган отаси қўлтиқтаёғини дўқиллатиб, э, югурди-я! Райком, райисполком, гор-исполком…
Ҳамидулла отасининг чўлтоқ оёғини кўп кўрган. Чап оёғини… Тиззадан юқориси сақланиб қолган оёқ аллақандай ингичка тортиб кетган. Учи тўмтоқ, кўкимтир қизғиш рангда. Шимининг почасини қайириб, оқариб кетган эски қайишига қистириб олади-да, ҳаккалаб бориб деворга тираб қўйилган қўлтиқтаёғига ёпишади. «Резинкаси ейилиб кетибди, — дейди тўнғиллаб. — Бу онангни… аптекада топилса экан!» Ҳассасини дўқиллатиб, ҳовлига тушади. «Керак бўлса Москвагача бораман», — дейди аллакимга дағдаға қилиб. — Кўкча мозорида отам ётибди, онам ётибди! Ота-бувамдан қолган уйни бузадиганнинг боши ўнта. Ана, қўлидан келса ремонт қиб берсин! Ўлигим шу ердан чиқади. — Иккала ҳассатаёғини ерга баравар уради — шу ердан! Исполкомдаги жипириққа гапирсам, безраяди. «Майли, бузадиган ердан жой олинг, уч йилдан кейин шу маҳалладан дом берамиз», дейди. Уч йилгача онангни чорбоғида тураманми? «Бўлмаса, Қурбақаободдан участка олинг»миш. Қурбақаободи ернинг киндигида бўлса, тилладан тоғим борми, бир четидан ушатиб иморат қурадиган. Йўқ, Москвага бораман. Учинчи Украина фронтининг жангчиси, Ватан учун қон тўккан «Шуҳрат» ордени кавалери хор бўлди, дейман. Уйим босиб тушгани йўқ, ремонтиям бошида қолсин, бузмасин, дейман. Домини пишириб есин, дейман».
Отасининг елиб-югуришлари шу бўлдики, уйларида чироқ ўчиб қолди. Газ келмай қўйди. Маҳалладаги ўттиз икки хонадон «дом»га кўчишга рози бўпти. Йигирма битта оилага Қурбақаободдан ер берилибди. Саккиз хонадон «бузиладиган ер»га рози бўлиб, қариндошлариникига кўчиб кетибди. Уйларга бульдозер қўйилди.
— Ўлсин-ей! Мунча имиллайди бу! Аксига олади ўзи. Соатингиз неччи бўлди, амаки?
«Амаки-я! Ўзининг юзи тегирмончининг маҳсисига ўхшайди-ку, амаки дейди. Упаниям беармон чаплабдими? Қариликни бўйнига олса ўлади бу хотинлар! Минг сўмлик пальто кийиб, гул кўтариб юргандан кўра икки сўмнинг баҳридан ўтсанг, жониқиб кутаётганингнинг олдига ўн минутда борасан. Ана, кўча тўла кооператив такси».
— Соатим йўқ, хола! Манда соат нима қилсин. Пўристой одам бўлсам.
«Э, ўл-а! Ўзинг ҳам жа тажангсан-да! Ёш бўлгиси келса нима қилсин бу шўрлик …Қўндоқда текканда. Гўринг нурга тўлгур отанг ҳам шунақа кажбаҳс эди… Қизиқ, бугун отанг тушингга кирибдими? Қамоқда ётганингда ўлиб кетган отанг? «Қўлтиқтаёғим қани, нега йўқотдинг», деб бақирибдими?»
Тавба, отаси майка-турсида эмиш. Кесилган чап оёғи нуқул дикиллармиш. «Топ! Ҳозир топасан таёғимни, бўлмаса ўртоқ Брежневга бораман, мен фронтовикман, дейман! Сен ҳам арзимга қулоқ солмасанг, лична Олий Бош қўмондоннинг ўзига арз қиламан, дермиш. «Э одамнинг тушига нималар кирмайди?»
«Ҳамза театрими? Афишани қаранг, афишани! «Халқлар жаллоди». «Эртага премьера!» Қойил! Эртага одамлар янги томоша кўради. Сталинни сўкиб-сўкиб чиқади. Яшавор, шоввоз. Тириклигида доҳий ясайсан, ўлганидан кейин гўрдан олиб, гўрга тиқасан…
Ана, телестудиядан ҳам ўтдик. Шу… телевизорни ўйлаб топганниям отасига минг раҳмат-е! Уйингда индийский чойни ичиб ёнбошлаб ёт-е-еб, дунёни томоша қиласан. Ойнаи жаҳон-да! «Оталар сўзи»ни айтинг. Дилингдаги гапни топади-я. Барака топинг-е, отахон! Ўртадан андиша кўтарилди, одамларда инсоф йўқ… Қаранг, телевизор деган нарсани Тошкентда ясашган экан-у, мушук ановисини бекитганидек шуниям овоза қилишмайди. Ҳа, энди, Тошкент қолоқ бўлган, саводсиз бўлган».
— Ўрдада тушмайсизми, синглим? «Кўрдингми, дарров чеҳраси ёришди. Нари борса ўзинг тенги хотин кишига «хола» демасанг асаканг кетармиди? Шунақа-ку, пардоз-андоз қилган хотинни кўрса… Ўзингнинг хотининг бошқача-да! Йигирма бир йил турмуш қилиб, бир марта лабига бўёқ сурмади-я. Икки гапнинг бирида: «Раҳматим келса, ҳафта ўтмай тўй қиламиз», дейди. Кўрпа-кўрпачалар тайёр, келин сарполар таппа-тахт. Шу кунларга етказсин. Майли, ҳафта, ўтибмас-ку, баҳорда… Умр савдосида бу. Келинниям таг-тахтини суриштириш керак. Ота-онаси ким, авлод-аждоди ким. Раҳматилла келишган бола. Ичмайди, чекмайди, ёмон йўлга юрмайди. Шундоқ бўлгандан кейин келин ҳам… чиройли бўлади, эсли-ҳушли, уйим-жойим дейдиган бўлади… Эрталаб ишга отланганида, «адажон, чойингиз тайёр, қуймоқ пишириб берайми», дейди. Э, умрингдан барака топ, болам! Қўшганинг билан қўша-қаригин, бахтли бўл, қизим! Кейин… Неварали бўлади. Тўнғич невараси ўғил бўлади. (Раҳматилла азамат йигит.) Ухлаб ётганида қўйнига кириб олади. Уйғонсаки… ҳалигидақа. «Ие, полвон биз томонга чоптириб юборибдилар-ку», деса, бувиси юпатади: «Неварангиз ҳалитдан буён тортқилайди, уйғонмаганингиздан кейин жаҳли чиқди-да, дадажониси!» Невараси «дадажониси»га қараб қиқир-қиқир кулади…
— Кечирасиз, синглим, ўтиб кетсам… Раҳмат… «Вой-бу-у! Атирга чўмилганми бу хотин, нима бало, димоғни ёради-я! Бола-чақадан вақт орттириб пардоз кўнглига сиққани… Э, бизни хотинларни бошидан сув ўгириб ичсанг арзийди. Уйим-жойим дейди, бола-чақам дейди… Худодан ҳам ўргилдим, яхши кўрган бандасидан дардини аямас экан-да! Бугун тағин нолиди: нафасим қисяпти, адаси, ёмғир ёғади шекилли. Ёққани яхши бўлди, шояд нафаси қисгани ўтиб кетса. Шошма, тағин нима деди? «Раҳматингиз тушимга кирибди, оёғим совқотиб кетяпти, адамга айтинг, менга этик олиб берсинлар, деяпти. Боламнинг жони соғмикан?» Хотин кишининг туши тескари бўлади. «Анави ёқда» юрганида «тушимда ўлиб қопсиз, ўзингизни эҳтиёт қилинг», деб саккиз марта хат ёзган. Раҳматиллага нима бўларди. Бақувват, эсли-ҳушли бола… Шунақа дейди-ку бу — Афғонистон…» Раҳматиллани аэропортда кузатаётганида қаттиқ тайинлаган. «Ўғлим, сен ақлли йигитсан, опангни ҳоли ўзингга маълум… Мабодо Афғонистонга тушиб қолсанг, хатни Термиздан деб ёзавер.
Мана, икки йилки, «Термиз»дан хат келади. Хотини хурсанд. Телевизорда Афғонистонни кўрсатса, тавалло қилади: «Адажониси, пешанамиз ярақлаган экан, яхшиям Раҳматиллангиз Термизда хизмат қиляпти»… Телевизорни шартта ўчириб қўйсанг, хотининг, қизларингни кўнглига гап келса… Кўраверай десанг… Хайрият, уч кун аввал хат келди. «Термиздан соғинчли салом. Адажон, опажон, ширин сингилларим — Маҳфуза, Феруза… Мен соғ-саломат юрибман, ҳеч нимадан камчилик йўқ. Хизматлар осон. Опа! Мендан хавотир олманг. Декабрнинг ўрталарида уйга бораман».
Бугун нечанчи? Ўн иккинчи ноябрми? Бундан чиқди, узоғи билан бир ойдан кейин.
— Келдинизмў, Ҳамидуллахон. Чаққон-чаққон қмирлайдў…
Халат қаёкда эди? Ҳа, мана… Э, ўл-а, пиёз ивиб қолибди-ку. Бу шогирд болалар ғирт аҳмоқ-да! Арзимаган тўртта қопни панароққа олиб қўйишга эринган. Пўконидан ел ўтмаган.
— Ҳамидиллахон ука, буёққа қаранг, сизну бир одам чақрватидў. Ваенни одам…
Военнийси ким бўлди? Ие, майор-ку! Савлатидан арава ҳуркади. Нима гуноҳи бор экан? Қизиқ, қучоқлашга бало борми?
— Кечирасиз, ўртоқ начайник. Мен сизни…
«Ўргилдим! Шапка кийганларга кўзинг учиб турувди! Ахлоқ тузатиш колониясида кўп кўргансан!»
— Қарасанг-чи, яхшилаброқ, «тажанг!» «Нима, «тажанг» дедими? Ахир бу…»
— Мактаб эсингдами, тажанг? Мен — Муҳаммадминорман.
— Танидингми? Муҳаммадминор… Мен — Муҳаммадминорман.
— Ие, вой, сен-ей! Вой «военний-ей!» Шошма битта ўпий! Э, шапкангни ечиб тургин-да, мундоқ Минорка! Мана бу бошқа гап!
Ахир, бу Муҳаммадминор-ку. бурни товуқникига ўхшагани учун «Минорка» деган лақаб орттирган, мактабни битириб ҳарбий билим юртига кирган, энди сенлар билан йигирма беш йил дийдор кўришолмайман, деб йиғлаган Минор…
— Охун ака! Пиёзни болалар тўғрасин. Биз… бир пиёла чой…
— Шошма, дўстим, чой-пойинг керакмас. Юр бу ёққа! Вақт зиқ.
«Ўҳ-ҳў! Армиядаги старшинага ўхшаб приказ қилади-я, шоввоз! Погон бор — закон бор…»
— Гапимни диққат билан эшит. Сени зўрға топдим. Майли, гап бундамас. Диққат билан эшит. Ҳозир бир жойга борамиз. Ғинг деб овоз чиқармайсан. Ёмон бўлади, тушундингми, менга ёмон бўлади. Военврач сифатида.. Бўл тез!
«Нега ёмон бўлади? Қанақа военврач? Шошма, Минор… Муҳаммадминорнинг майорлик погонида илон расми борми? Бундан чиқди…»
— Вақт зиқ! Бугун госпитал бўйича мен дежурман. …Ғиштин девор. Панжара дарвоза. Девор четидаги қўнғироқ. Муҳаммадминорга честь бериб, ғоз қотган сержант…
Ҳамидулла халатни минг машаққат билан елкасига илди. Ёмғир ёғяпти. Сердарахт ҳовли. Дилни ғаш қилувчи пастак ғиштин бинолар… Минг лаънат, қарға мунча кўп! Мунча нолиш қилади, бу мараз маҳлуқлар!
— Минор! Муҳаммадминор! Жон дўстим! Нима гап? Нима бўлди?
— Жим! Ўн биринчи блокка борамиз. Келишдик, овозингни чиқармайсан. Қўрқма, ҳаммаси жойида. Ўғлинг…
«Ўғлим?» «Оёғи нега чалишади? Нега мадор йўқ?» «Тезроқ! Тезроқ!»
Баракка ўхшаш узун палата… Икки қатор темир каравотлар. Тўшаклар… Оқ чойшаблар… Кулранг адёллар. Бир-бирига ўхшаш қиёфалар… Ҳаммаси ёш, ҳаммаси рангпар… Дори иси… «Банниса» иси… Пастак деразадан тушаётган хира нур…
— Ана! Секин… Илтимос, шовқин солма…
Наҳот! Наҳот шу ўғли бўлса! Аэропортда хайрлашаётганида «мендан хавотир олманглар» деган, аввал онасини, кейин уни қучоқлаган, қучоқлаганида белини қисирлатиб юборган… Ҳар сафар «Термиздан соғинчли салом» деб хат бошлаган, «опамга айтинг, хавотир олмасинлар» деган, уч кун илгари «узоғи билан бир ойдан кейин бораман», деб хати келган… Қани, қани ўша ўғли? Ўн яшарлигида «онангни эҳтиёт қил» деганида йиғламай ерга қараб турган, хизматга кетиш олдида девдек йигит бўлиб етилган… Тамом бўпти-ку! Ранги докадек оппоқ… Соқол-мўйлови ўсган…
Раҳматилла адёл тагидан қўлини чиқариб, унинг бошини силади.
Қизиқ, нега соқол-мўйлови мунча дағал? Нега оқарган? Ё Худо! Ўғли ўзидан қариб кетибдими?
— Болам! Нима қилди? Нима бўлди сенга?
— Секин! — Ҳамидулла елкасига кимдир оҳиста қўл босганини ҳис этди. Аммо қайрилиб қарамади.
Ажаб, ўғлининг қўллари нега мунча ожиз? Нега қалтирайди?
— Опамга айтманг, ада! Опамга айтманг… Сизни кўрдим… Докторга раҳмат…
— Кордиамин! Сестра, кордиамин! Раҳматилланинг юзига қон югургандек бўлди. Ҳатто… ҳатто кулимсиради ҳам. Отаси буни кўрди. Аниқ кўрди!
— Сестра! Ўлиб қолдингми? Кордиамин!
— Йўқ! Бермайман! Боламни сенларга бермайман! Раҳматилла!
У жинни бўлиб қолганга ўхшарди. (Балки чиндан ҳам эсдан оғгандир.) Шитоб билан адёлни юлқиб четга улоқтирди.
— Тур болам! Тур ўрнингдан! Кетамиз! Уйга кетамиз!
Шунда… Шунда, тўшакнинг ярми бўш эканини пайқади. Ўғлининг иккала оёғи йўқ эди. Тиззадан эмас, ундан ҳам юқорироқдан. Кўкрагидан буёғи дока билан ўраб ташланган. Ҳар жой-ҳар жойда қизғиштоб доғлар. Қотиб қолган қон доғлари.
— Қочинг, гражданин. Халақит беряпсиз.
— Ҳамид кет! Тушунсанг-чи, дўстим, менга гап тегади!
— Йўқ! — У аввал темир каравот қиррасини муштлади. — Йўқ! Йўқ! — Кейин ўғлининг соқоли тикандек ўсиб кетган юзларидан ўпа бошлади.
Ўша заҳоти шилқ этиб ерга ўтириб қолди.
— Нега? — деди инграб. — Нега? Инсофларинг борми? Айтинглар, болам нима гуноҳ қилувди? — Ерга мук тушди-да, намиққан тахта полни қўшқўллаб ожиз муштлай бошлади.