Valentina Yegorova. “Sag‘ir bola” (hikoya)
Кирилл ёзувидаги матн пастроқда
Bugun Kolya uchun muhim kun edi. Kallai saharlabdan kelgan bolalar uyi murabbiylari unga nimalardir deyishdi, egni-boshini to‘g‘rilashdi. Halitdan bola bechoraning butun vujudini hayajon qamrab olganidan u birorta ham so‘zni eshitmas, hatto yon-verida kimlar borligini ham payqamasdi. U tez-tez deraza oldiga borib, oyoq uchida turgan ko‘yi tashqariga, qor bosgan yo‘lakka qarar, amaki va xola kelmadimikan deb umidlanardi. Cho‘pday mo‘rt va ozg‘in oyoqlari uning nozik jismini zo‘rg‘a ko‘tarib turardi. Bu dam dilbar yuzlariga mahzunlik toshib chiqar, katta moviy ko‘zlari kattalarniki kabi jiddiy tortib qolar, rangparligi esa bechoraligini oshkor etardi-qo‘yardi. Kolya vazmin va ziyrak bola edi, yana bir xususiyati odamlar yuzlaridagi maʼnoni tez ilg‘ab olardi. U yolg‘izlikni yoqtirar, shundanmi, hech kimga xalaqit bermay burchakdagi tashlandiq javonga kirib olgancha yo kitob o‘qir, rasmlar tomosha qilar, yo o‘yinchoqlari bilan andarmon bo‘lar, ishqilib o‘zi bilan o‘zi mashg‘ul bo‘lardi. Kolya singarilar muammo chiqarmasdi. Shu bois tarbiyachilar uni va u kabilarni yaxshi ko‘rishardi. Axir ovoragarchilikka qo‘yib, jonni qaqshatadigan shum va yig‘loqi boladan ko‘ra ozor nimaligini bilmaydigan mitti xoksorlar ming karra avlo edi-da ular uchun. Ammo baʼzan Kolyani yoshi katta bolalar qitiq patagiga tegib, ranjitishardi. Shunda ham u bu haqida hech kimga churq etmas, arz-dod qilmas, darrov xafagarchiliklarni unutib yuborardi.
Bolalar uyiga ahyon-ahyonda oilali yo befarzand kishilar kelib, o‘zlariga bola asrab olish uchun mitti sag‘irlar ichidan yoqqanini tanlab olishardi. Kunlardan birida bolalar uyidagilar Kolya uchun ham mana shunday xayrli ish qilishni rejalashtirishdi-yu, ammo kutilmaganda bola paqir og‘rib qolib, uzoq vaqt to‘shakda yotdi. Kasallik forig‘ bo‘lganda esa uning bir-ikki kishiga ko‘rsatgulik holi qolmagandi. Negaki kasallik bola bechorani holdan toydirib, bor shirasini so‘rab olgandi. U zaif, eti ustixoniga yopishib qolgandi. Mana hozir uning miyasiga o‘rnashib qolgan o‘ydan yuragi orqasiga tortib ketdi: «Ular kelmasidan tag‘in tobim qochib qolsa– ya? Yana bolalar uyida qolamanmi?»
Nihoyat, palata eshigi ochildi-yu, Kolya o‘zi tomon qorindor, qora, yaltillagan tufli kiygan kishi yaqinlashganiga guvoh bo‘ldi. Bolakay qo‘rqa-pisa goh qora tufli, goh katta qoringa boqdi-yu, ammo bu nusxaning basharasiga qarashga yuragi dov bermadi. Baxtni qarang, Kolya beso‘naqay erkak deb o‘ylagan odam uncha daroz bo‘lmagan ayol bo‘lib chiqdi. Xotin unga yoqdi. Axir bu zaifaning yuzlari oftobday yarqirab, tabassum qilib tursa, istarali bo‘lsa, yana ko‘zlarida umidmi, ishonchmi barq ursa… yoqtirmay bo‘ladimi? Kolyaga eng manzur bo‘lgani ayol juda muloyim ekan. Eslab ko‘rdi, bolaga hali hech kim shu paytga dovur bunday yumshoqlik va xushmuomalalik bilan murojaat qilmagan ekan. Tag‘in ovozi ham mayin, yoqimliligini aytmaysizmi? Bolaning nazarida ayol go‘yoki maroq bilan kuylayotgan edi-yu, so‘zlar kuyga monand qanot qoqib chiqayotgandi. Biroq hayajondanmi, bolakayning rangi oqarib ketdi, qo‘llari xiyol sovqotdi, changalga tushgan qushday yuragi pitir-pitir ura boshladi. Ayol bola bechoraning hayajonlanganini sezdi va mayinlik bilan uning yorqin sochlari, qoq yelkalarini silay ketdi. Kolya uning kaftidagi iliq haroratdan erib, bo‘shashdi va biroz tinchlandi.
Kolyadan biror nima to‘g‘rida so‘rashganida, tabiatan tortinchoq va bosiqligi uchun bo‘lsa kerak u yon-veridagilariga olazarak nigoh tashlar, og‘iz ochmoqqa esa iymanardi. Shu bois uning o‘rniga murabbiyasi javob berardi. Bir galda qadam ranjida qilgan o‘rtaroq yoshdagi erkak tabassum ulasharkan, bolakayga mashina o‘yinchoq va konfetlar uzatdi, ammo u har galgidek yovsiradi. Garchand u sag‘irning oldiga yana kelishga bot-bot vaʼda bersa-da, Kolya «aftidan men bu amakiga yoqmadim», deya ich– etini yeya boshladi. Nafsilambirini aytganda, bolakay “amaki”ga maʼqul kelgandi. Kolya ichikib qolmasligi uchun tez-tez kelib, bola paqirning ko‘nglini shodlantirar, sovg‘alar tuhfa etar, ishqilib aloqani uzib qo‘ymagandi. Bu diydor sag‘ir bolaga bir olam quvonch shu bilan birga bezovtalik ham bag‘ishlardi: yangi taassurotlar va his-tuyg‘ular, to‘lqinlar uni jonsarak qilib qo‘yardi. Kolya o‘zgardi, uning jajji yuragi avval his qilmagan tuyg‘ular bilan to‘lib toshdi. U bo‘lajak ota-onasi paydo bo‘lishi bilan moʻjiza yuzaga kelishini angladi. Endi tunlari ajoyibu g‘aroyib tushlar ko‘rardi: allaqaysi kitobdan o‘qib bilib olgani – uzoq o‘lkalarda yovvoyi qushlar bilan birga parvoz qilar, poni otda sayr etar, ertak qahramonlari bilan uchrashar, oqko‘ngil sehrgarlar bilan diydorlashardi. Quvonchu baxt bilan sug‘orilgan mana shu tushlarning barini ko‘rganida u bo‘lajak onasi yonida ekanini his etar, onasi eng xush va yoqimli so‘zlar bilan erkalab, o‘pib qo‘yar, quchar, qo‘lida ko‘tarar, «sevimli o‘g‘lim» deb suyardi. Bundan bola paqir terisiga sig‘may quvonar, kular, hali hayotda his etmagani – ulkan baxtni dil-dildan tuyardi.
Uyg‘ongach esa darrov ko‘zlarini yumib, xayrli tushning davomini o‘ylab topardi: onasi bilan hayvonot bog‘igami, sirkkami borar, arg‘imchoqda uchardi. U onasiga ro‘para kelsa, uning qo‘lidan mahkam tutib, hech qachon qo‘yib yubormaslikni orzu qilardi. Ana shunday kezlarda Kolya o‘zini dunyodagi eng baxtli bola kabi his etar, doim mahzun va o‘ychan ko‘zlari quvnoq rang olar, jiddiy va bo‘zargan yuzlari alvonlashar, tabassum toshib ketardi.
Bolalar uyida hamma Kolyani tez orada bir oila asrab olishi haqida gapirardi. Bundan tarbiyachi opalar sevinishar, bolalar havas cho‘g‘ida yonishardi. Ayrim bolalar esa bir-birlariga Kolyaning endi turli tuman o‘yinchog‘u shirinliklarga to‘la o‘z uyi bo‘lishi haqida bidirlashardi. Ayniqsa, ilgari asrab olinib, so‘ng qanaqadir sabab bilan qaytarilgan sag‘irchalar bu haqida shunday guvranishardi-ki, ishonmaslikka ortiq hojat qolmasdi. Kolyaning faqat o‘zigagina daxl etadigan yangi xabar har qanday xabardan qimmatli edi. U bir chekkaga o‘tirib olgancha amaki va xolasi suvrati qabatiga o‘z suvratini ham chizarkan, agar onasi bu chizmani ko‘rganida naqadar quvonishini tasavvur qilib, to‘lqinlanib ketardi.
Kolya o‘z o‘yinchoqlariga ega bo‘lishni, farzandlikka asrab oladigan xolani “oyi” deb atashni va hamma onalar singari oyisi har kech uyquga ketish oldidan unga ertak aytib, o‘pib qo‘yishini orzu qilardi. Biroq qish arib, bahor kelib, ariqlarda suv shovullab oqqach, hovli yana bola-baqraga to‘lib, jonlandi. Bolalar o‘zlari bilan o‘zlari andarmon bo‘lib, Kolya haqidagi qayg‘u-hasratlarni unutishdi. Faqat tarbiyachi opalargina bola bechoraga xavotiromuz va xijolatomuz boqishdan o‘zlarini tiyolmasdilar. Yoshini yashab qo‘ygan bir enaga bechora sag‘irni ko‘rdi deguncha tutaqib ketardi:
– Bu nima degan gap-a? Odamlar insoflarini yeb qo‘yishganmi? Buncha bemehr, shafqatsiz bo‘lishmasa? Kelishdi, ketishdi, qop-qop vaʼdalar berishdi. Mana endi g‘oyib bo‘lishdi qolishdi! Bola bechora ichikdi-ku!?
Baʼzan u o‘ziga o‘zi to‘ng‘illab qo‘yardi:
– Bu zamonda hech kimga ishonish kerak emas. Yo‘q, ishonish kerakmas! Rang-ro‘yini ko‘rib tupa-tuzuk, hushli, esli odamlar deysan. Mug‘ombir boyvachchalar-ey! Nima yetishmaydi o‘zi ularga, xo‘p: yigitcha bosiq, ziyrak, xo‘sh biroz tobi qochsa qochibdi-da? Sen bor, Kolyajon, bor, o‘rtoqlaring bilan o‘yna, bunday xafagezak bo‘lib yolg‘iz o‘tirma!
Bolakay keksa enaganing o‘zi to‘g‘risida qayg‘urganiyu bola asrab olish umidida kelib vaʼdalarni berib, kelmay ketgan vaʼdaboz odamlardan jahli chiqqani va endi ularning soxta tabassumiyu xayr niqobidagi makkorliklariga ortiq inonmaslik kerakligini murg‘ak ongi bilan angladi.
«Yo‘q, – dedi Kolya, – yo‘q. Axir meni olib ketmoqchi bo‘lgan xola o‘z oyim bo‘lishini naqadar orzu qilganimni his etyotgandir, bilgandir. U albatta keladi!»
Kolya deraza oldiga kelib, polga oyoq uchida tirg‘alib, zo‘r umid bilan tag‘in tashqariga, yo‘lga mo‘raladi. Uzoq turib qolganidanmi, toliqdi chog‘i ozg‘in jussasi xuddi shamolda tebrangan dala guliday chayqalib ketdi.
Kolya tez-tez og‘rib qolardi. Xastaxonaga o‘z bolalari oldiga onalari kelishganida palatada naq bayram bo‘lib ketardi. Mitti xastalar o‘yinga tushib ketishar, irg‘ishlashar, sevinchlari ichiga sig‘masdi. Onalar bolalarini qo‘llarida olib yurishar, uyquga yotishdan avval ularni shiringina o‘pib qo‘yishar, ertaklar hikoya qilib berishar, eng yoqimli va shirin so‘zlarni aytib erkalashardi. Bechora sag‘ir bolani esa hech kim erkalamas, shirin so‘z aytmas va uyqu oldidan ham hech kim o‘pib qo‘ymasdi. Ana shu palla Kolya yopinchiqqa bosh-oyoq burkanib olar, o‘ziga tamoman begona hamxonalarining baxtdan lazzatlanayotganini ko‘rishga toqat qila olmay, o‘ta mahzunlik bilan o‘z onasi qachon kelishini kutardi. Kolya yig‘lamasdi, biroq bu kez uning jajji yuragi qattiq terib, sanchiq urar, rangpargina qo‘llari sovib ketardi. U bu yerdan imkon qadar tezroq o‘z go‘shasiga – o‘zi kabi yolg‘iz bolalar oldiga qaytishni istab qolardi.
Yozning eng qizg‘in pallasi. Oftob nurlari deraza osha xonaga taralayotgandi. Kolya hamon moʻjiza kutayotgandi; mana hozir palata eshigi ochiladi-yu, ostona hatlab ichkariga onasi kirib keladi, so‘ng hamma oyisining bolakayni qo‘liga ko‘tarib erkalashiga, uni “o‘g‘lim” deb atashiga, eng shirin suxanlarni aytishiga va uni bu yerdan butkul olib ketishiga shohid bo‘ladi. U onasining samimiy tabassumi va qo‘llarining iliq haroratini hech qachon unutmaydi.
Murabbiyalar sag‘ir bolakay bilan gapirib olishga chunonam urinishardi-yu, ammo uddalay olishmasdi. Kolya hamishagidek jim va “soqov”, o‘z xayoli dunyosiga g‘arq edi.
Ertalab keksa enaga bir nimalar deb ming‘irlab bolakayning choyshabini yangiladi (Kolya tunlari to‘shagini ho‘llab qo‘yadigan odat chiqargandi). Bola bechora bu aybim uchun boshqalarni koyigandek meni ham koyib bersa kerak deb uni ko‘rgan sayin qo‘rquvga tushar, ammo keksa enaga Kolyaning g‘amgin ko‘zlariga ko‘zlari tushgan on damini chiqarmay qo‘yardi. Bundan sag‘ir bolakay xursand bo‘lardi. Unga mana shu qartaygan enaga yoqardi. Chunki shu qartaygan xolagina unda kulgi uyg‘otar, ruhini ko‘tarar, boshqa mahallar esa Kolya o‘z yog‘iga qovrilib yurardi.
Kolya harorati ko‘tarilgan palla mudom alahsirardi. Alahsiragan ko‘yi onasini chorlar va hamisha bir xil tush ko‘rardi: o‘zi kutayotgan xola kelib, mayin kaftini olov bo‘lib yonayotgan manglayiga qo‘yib, tabassum ulashardi-da, so‘ng allaqayoqqa g‘oyib bo‘lardi qolardi, Kolya tobora uzoqlashib boryotgan xola tomon talpinar, ammo minbaʼd unga yeta olmasdi. U terga g‘arq pishgan ko‘yi uyg‘onib ketar va ko‘zlari yoshlanib qichqirardi:
– Oyi, oyijon, ketma, axir seni uzoq vaqt kutdim-a? Meni bu yerdan olib ket!
Kolya shuni anglab yetdi: tez-tez xastalanib qolyotgani uchun ham uni bolalar uyidan olib ketishmaydi. Shundan so‘ng uning murg‘ak yuragida tezda ulg‘ayib, bolalar do‘xtiri bo‘lish va hamma o‘g‘il-qizaloqlarni sog‘aytirish niyati tug‘ildi. Shundagina sag‘ir bolalarning onalari topiladi va yer kurrasida boshqa birorta ham yetim qolmaydi deya o‘yladi. Bunday yorug‘ o‘ylar murg‘ak ongida jonlangan on uning oqaringan yuzlariga rang kirar, o‘ychan va jiddiy ko‘zlarida ishonch, katta jasorat uyg‘onardi.
Rus tilidan Umid ALI tarjimasi
Валентина Егорова. "Сағир бола" (ҳикоя)
Бугун Коля учун муҳим кун эди. Каллаи саҳарлабдан келган болалар уйи мураббийлари унга нималардир дейишди, эгни-бошини тўғрилашди. Ҳалитдан бола бечоранинг бутун вужудини ҳаяжон қамраб олганидан у бирорта ҳам сўзни эшитмас, ҳатто ён-верида кимлар борлигини ҳам пайқамасди. У тез-тез дераза олдига бориб, оёқ учида турган кўйи ташқарига, қор босган йўлакка қарар, амаки ва хола келмадимикан деб умидланарди. Чўпдай мўрт ва озғин оёқлари унинг нозик жисмини зўрға кўтариб турарди. Бу дам дилбар юзларига маҳзунлик тошиб чиқар, катта мовий кўзлари катталарники каби жиддий тортиб қолар, рангпарлиги эса бечоралигини ошкор этарди-қўярди. Коля вазмин ва зийрак бола эди, яна бир хусусияти одамлар юзларидаги маънони тез илғаб оларди. У ёлғизликни ёқтирар, шунданми, ҳеч кимга халақит бермай бурчакдаги ташландиқ жавонга кириб олганча ё китоб ўқир, расмлар томоша қилар, ё ўйинчоқлари билан андармон бўлар, ишқилиб ўзи билан ўзи машғул бўларди. Коля сингарилар муаммо чиқармасди. Шу боис тарбиячилар уни ва у кабиларни яхши кўришарди. Ахир оворагарчиликка қўйиб, жонни қақшатадиган шум ва йиғлоқи боладан кўра озор нималигини билмайдиган митти хоксорлар минг карра авло эди-да улар учун. Аммо баъзан Коляни ёши катта болалар қитиқ патагига тегиб, ранжитишарди. Шунда ҳам у бу ҳақида ҳеч кимга чурқ этмас, арз-дод қилмас, дарров хафагарчиликларни унутиб юборарди.
Болалар уйига аҳён-аҳёнда оилали ё бефарзанд кишилар келиб, ўзларига бола асраб олиш учун митти сағирлар ичидан ёққанини танлаб олишарди. Кунлардан бирида болалар уйидагилар Коля учун ҳам мана шундай хайрли иш қилишни режалаштиришди-ю, аммо кутилмаганда бола пақир оғриб қолиб, узоқ вақт тўшакда ётди. Касаллик фориғ бўлганда эса унинг бир-икки кишига кўрсатгулик ҳоли қолмаганди. Негаки касаллик бола бечорани ҳолдан тойдириб, бор ширасини сўраб олганди. У заиф, эти устихонига ёпишиб қолганди. Мана ҳозир унинг миясига ўрнашиб қолган ўйдан юраги орқасига тортиб кетди: «Улар келмасидан тағин тобим қочиб қолса– я? Яна болалар уйида қоламанми?»
Ниҳоят, палата эшиги очилди-ю, Коля ўзи томон қориндор, қора, ялтиллаган туфли кийган киши яқинлашганига гувоҳ бўлди. Болакай қўрқа-писа гоҳ қора туфли, гоҳ катта қоринга боқди-ю, аммо бу нусханинг башарасига қарашга юраги дов бермади. Бахтни қаранг, Коля бесўнақай эркак деб ўйлаган одам унча дароз бўлмаган аёл бўлиб чиқди. Хотин унга ёқди. Ахир бу заифанинг юзлари офтобдай ярқираб, табассум қилиб турса, истарали бўлса, яна кўзларида умидми, ишончми барқ урса… ёқтирмай бўладими? Коляга энг манзур бўлгани аёл жуда мулойим экан. Эслаб кўрди, болага ҳали ҳеч ким шу пайтга довур бундай юмшоқлик ва хушмуомалалик билан мурожаат қилмаган экан. Тағин овози ҳам майин, ёқимлилигини айтмайсизми? Боланинг назарида аёл гўёки мароқ билан куйлаётган эди-ю, сўзлар куйга монанд қанот қоқиб чиқаётганди. Бироқ ҳаяжонданми, болакайнинг ранги оқариб кетди, қўллари хиёл совқотди, чангалга тушган қушдай юраги питир-питир ура бошлади. Аёл бола бечоранинг ҳаяжонланганини сезди ва майинлик билан унинг ёрқин сочлари, қоқ елкаларини силай кетди. Коля унинг кафтидаги илиқ ҳароратдан эриб, бўшашди ва бироз тинчланди.
Колядан бирор нима тўғрида сўрашганида, табиатан тортинчоқ ва босиқлиги учун бўлса керак у ён-веридагиларига олазарак нигоҳ ташлар, оғиз очмоққа эса ийманарди. Шу боис унинг ўрнига мураббияси жавоб берарди. Бир галда қадам ранжида қилган ўртароқ ёшдаги эркак табассум улашаркан, болакайга машина ўйинчоқ ва конфетлар узатди, аммо у ҳар галгидек ёвсиради. Гарчанд у сағирнинг олдига яна келишга бот-бот ваъда берса-да, Коля «афтидан мен бу амакига ёқмадим», дея ич– этини ея бошлади. Нафсиламбирини айтганда, болакай «амаки»га маъқул келганди. Коля ичикиб қолмаслиги учун тез-тез келиб, бола пақирнинг кўнглини шодлантирар, совғалар туҳфа этар, ишқилиб алоқани узиб қўймаганди. Бу дийдор сағир болага бир олам қувонч шу билан бирга безовталик ҳам бағишларди: янги таассуротлар ва ҳис-туйғулар, тўлқинлар уни жонсарак қилиб қўярди. Коля ўзгарди, унинг жажжи юраги аввал ҳис қилмаган туйғулар билан тўлиб тошди. У бўлажак ота-онаси пайдо бўлиши билан мўъжиза юзага келишини англади. Энди тунлари ажойибу ғаройиб тушлар кўрарди: аллақайси китобдан ўқиб билиб олгани – узоқ ўлкаларда ёввойи қушлар билан бирга парвоз қилар, пони отда сайр этар, эртак қаҳрамонлари билан учрашар, оқкўнгил сеҳргарлар билан дийдорлашарди. Қувончу бахт билан суғорилган мана шу тушларнинг барини кўрганида у бўлажак онаси ёнида эканини ҳис этар, онаси энг хуш ва ёқимли сўзлар билан эркалаб, ўпиб қўяр, қучар, қўлида кўтарар, «севимли ўғлим» деб суярди. Бундан бола пақир терисига сиғмай қувонар, кулар, ҳали ҳаётда ҳис этмагани – улкан бахтни дил-дилдан туярди.
Уйғонгач эса дарров кўзларини юмиб, хайрли тушнинг давомини ўйлаб топарди: онаси билан ҳайвонот боғигами, циркками борар, арғимчоқда учарди. У онасига рўпара келса, унинг қўлидан маҳкам тутиб, ҳеч қачон қўйиб юбормасликни орзу қиларди. Ана шундай кезларда Коля ўзини дунёдаги энг бахтли бола каби ҳис этар, доим маҳзун ва ўйчан кўзлари қувноқ ранг олар, жиддий ва бўзарган юзлари алвонлашар, табассум тошиб кетарди.
Болалар уйида ҳамма Коляни тез орада бир оила асраб олиши ҳақида гапирарди. Бундан тарбиячи опалар севинишар, болалар ҳавас чўғида ёнишарди. Айрим болалар эса бир-бирларига Колянинг энди турли туман ўйинчоғу ширинликларга тўла ўз уйи бўлиши ҳақида бидирлашарди. Айниқса, илгари асраб олиниб, сўнг қанақадир сабаб билан қайтарилган сағирчалар бу ҳақида шундай гувранишарди-ки, ишонмасликка ортиқ ҳожат қолмасди. Колянинг фақат ўзигагина дахл этадиган янги хабар ҳар қандай хабардан қимматли эди. У бир чеккага ўтириб олганча амаки ва холаси суврати қабатига ўз сувратини ҳам чизаркан, агар онаси бу чизмани кўрганида нақадар қувонишини тасаввур қилиб, тўлқинланиб кетарди.
Коля ўз ўйинчоқларига эга бўлишни, фарзандликка асраб оладиган холани «ойи» деб аташни ва ҳамма оналар сингари ойиси ҳар кеч уйқуга кетиш олдидан унга эртак айтиб, ўпиб қўйишини орзу қиларди. Бироқ қиш ариб, баҳор келиб, ариқларда сув шовуллаб оққач, ҳовли яна бола-бақрага тўлиб, жонланди. Болалар ўзлари билан ўзлари андармон бўлиб, Коля ҳақидаги қайғу-ҳасратларни унутишди. Фақат тарбиячи опаларгина бола бечорага хавотиромуз ва хижолатомуз боқишдан ўзларини тиёлмасдилар. Ёшини яшаб қўйган бир энага бечора сағирни кўрди дегунча тутақиб кетарди:
– Бу нима деган гап-а? Одамлар инсофларини еб қўйишганми? Бунча бемеҳр, шафқатсиз бўлишмаса? Келишди, кетишди, қоп-қоп ваъдалар беришди. Мана энди ғойиб бўлишди қолишди! Бола бечора ичикди-ку!?
Баъзан у ўзига ўзи тўнғиллаб қўярди:
– Бу замонда ҳеч кимга ишониш керак эмас. Йўқ, ишониш керакмас! Ранг-рўйини кўриб тупа-тузук, ҳушли, эсли одамлар дейсан. Муғомбир бойваччалар-эй! Нима етишмайди ўзи уларга, хўп: йигитча босиқ, зийрак, хўш бироз тоби қочса қочибди-да? Сен бор, Коляжон, бор, ўртоқларинг билан ўйна, бундай хафагезак бўлиб ёлғиз ўтирма!
Болакай кекса энаганинг ўзи тўғрисида қайғурганию бола асраб олиш умидида келиб ваъдаларни бериб, келмай кетган ваъдабоз одамлардан жаҳли чиққани ва энди уларнинг сохта табассумию хайр ниқобидаги маккорликларига ортиқ инонмаслик кераклигини мурғак онги билан англади.
«Йўқ, – деди Коля, – йўқ. Ахир мени олиб кетмоқчи бўлган хола ўз ойим бўлишини нақадар орзу қилганимни ҳис этётгандир, билгандир. У албатта келади!»
Коля дераза олдига келиб, полга оёқ учида тирғалиб, зўр умид билан тағин ташқарига, йўлга мўралади. Узоқ туриб қолганиданми, толиқди чоғи озғин жуссаси худди шамолда тебранган дала гулидай чайқалиб кетди.
Коля тез-тез оғриб қоларди. Хастахонага ўз болалари олдига оналари келишганида палатада нақ байрам бўлиб кетарди. Митти хасталар ўйинга тушиб кетишар, ирғишлашар, севинчлари ичига сиғмасди. Оналар болаларини қўлларида олиб юришар, уйқуга ётишдан аввал уларни ширингина ўпиб қўйишар, эртаклар ҳикоя қилиб беришар, энг ёқимли ва ширин сўзларни айтиб эркалашарди. Бечора сағир болани эса ҳеч ким эркаламас, ширин сўз айтмас ва уйқу олдидан ҳам ҳеч ким ўпиб қўймасди. Ана шу палла Коля ёпинчиққа бош-оёқ бурканиб олар, ўзига тамоман бегона ҳамхоналарининг бахтдан лаззатланаётганини кўришга тоқат қила олмай, ўта маҳзунлик билан ўз онаси қачон келишини кутарди. Коля йиғламасди, бироқ бу кез унинг жажжи юраги қаттиқ териб, санчиқ урар, рангпаргина қўллари совиб кетарди. У бу ердан имкон қадар тезроқ ўз гўшасига – ўзи каби ёлғиз болалар олдига қайтишни истаб қоларди.
Ёзнинг энг қизғин палласи. Офтоб нурлари дераза оша хонага таралаётганди. Коля ҳамон мўъжиза кутаётганди; мана ҳозир палата эшиги очилади-ю, остона ҳатлаб ичкарига онаси кириб келади, сўнг ҳамма ойисининг болакайни қўлига кўтариб эркалашига, уни «ўғлим» деб аташига, энг ширин суханларни айтишига ва уни бу ердан буткул олиб кетишига шоҳид бўлади. У онасининг самимий табассуми ва қўлларининг илиқ ҳароратини ҳеч қачон унутмайди.
Мураббиялар сағир болакай билан гапириб олишга чунонам уринишарди-ю, аммо уддалай олишмасди. Коля ҳамишагидек жим ва «соқов», ўз хаёли дунёсига ғарқ эди.
Эрталаб кекса энага бир нималар деб минғирлаб болакайнинг чойшабини янгилади (Коля тунлари тўшагини ҳўллаб қўядиган одат чиқарганди). Бола бечора бу айбим учун бошқаларни койигандек мени ҳам койиб берса керак деб уни кўрган сайин қўрқувга тушар, аммо кекса энага Колянинг ғамгин кўзларига кўзлари тушган он дамини чиқармай қўярди. Бундан сағир болакай хурсанд бўларди. Унга мана шу қартайган энага ёқарди. Чунки шу қартайган холагина унда кулги уйғотар, руҳини кўтарар, бошқа маҳаллар эса Коля ўз ёғига қоврилиб юрарди.
Коля ҳарорати кўтарилган палла мудом алаҳсирарди. Алаҳсираган кўйи онасини чорлар ва ҳамиша бир хил туш кўрарди: ўзи кутаётган хола келиб, майин кафтини олов бўлиб ёнаётган манглайига қўйиб, табассум улашарди-да, сўнг аллақаёққа ғойиб бўларди қоларди, Коля тобора узоқлашиб борётган хола томон талпинар, аммо минбаъд унга ета олмасди. У терга ғарқ пишган кўйи уйғониб кетар ва кўзлари ёшланиб қичқирарди:
– Ойи, ойижон, кетма, ахир сени узоқ вақт кутдим-а? Мени бу ердан олиб кет!
Коля шуни англаб етди: тез-тез хасталаниб қолётгани учун ҳам уни болалар уйидан олиб кетишмайди. Шундан сўнг унинг мурғак юрагида тезда улғайиб, болалар дўхтири бўлиш ва ҳамма ўғил-қизалоқларни соғайтириш нияти туғилди. Шундагина сағир болаларнинг оналари топилади ва ер куррасида бошқа бирорта ҳам етим қолмайди дея ўйлади. Бундай ёруғ ўйлар мурғак онгида жонланган он унинг оқаринган юзларига ранг кирар, ўйчан ва жиддий кўзларида ишонч, катта жасорат уйғонарди.