May 12

Xoliyor Safarov. Birov bilmasin… (hikoya)

Кирилл ёзувидаги матн пастроқда

Shahar chekkasida qu­rilayotgan namunali uylarda ustachilik qilib, tom yopib yurgan aka-uka oylik maoshlarini olgach, qishlog‘iga borib kelmoqchi bo‘lib yo‘lga otlanishdi. To ishboshidan ruxsat olib, kiyim-kechagini taxlab yo‘lga chiqqunlaricha qorong‘i tushdi.

– Kech bo‘lib qoldi. Endi qishloqqa taksi bo‘lishi qiyin, – dedi katta. – Undan ko‘ra shaharga kirib, Abdulladan bir xabar olib, ertalab chiqib ketsak bo‘lmaydimi?
– Yaxshi aytdingiz, – dedi uka ham gardanini qashlab. – Xotinning oldiga bir kun keyin borsak, osmon uzilib yerga tushmaydi. Yozi bilan ish­da bo‘lib, Abdulladan xabar ham olmadik. Shu kunlarda u haligi… nimanidir himoya qilishi kerak edi…
– Ha, gapni olasanda, – kuldi aka. – Doktorlik­ni himoya qilyapti. Shunga tayyorgarlik ko‘rib yuribdi.
– Ha, ishqilibda, – kulib qo‘ydi uka. – Men tushunmasam…
Aka-uka taksi bilan shahar markaziga kelishdi. Ayni xufton vaqti bo‘lsa ham, hali ko‘chalar tirband, odam gavjum.
– Abdullaning uyiga qay­si avtobus borardi? – so‘radi aka.
– Aka, kallamda mix bilan bolg‘a bo‘lsa, avtobusni qayerdan bilaman? – kuldi uka. – Yu­ring-e, haligiga… taksiga o‘tiramiz.
Mashina to‘xtatishdi. Aytilgan manzilga yetib kelishgach, aka ukani turtdi.
– Yur, do‘konga kirib, bolalariga ul-bul olaylik.
– Mayli, haligidan ham bitta olaylik, mayda­lab o‘tiramizda, – ko‘z qisib qo‘ydi uka. – Gurung ham qiziydi.
– Ishdan chiqdingmi, boshlaysanda! – Aka o‘zicha tanbeh bergan bo‘ldi. – Ol, mayli. Quruq qo‘l bilan kirmaylik.
Aka-uka ikkita yelimxaltani to‘ldirib, do‘kondan chiqishdi va kenja ukasining uyiga qarab keta boshlashdi.
– Abdulla o‘qib yaxshi qildida, – dedi uka o‘zi­ga-o‘zi gapirib, – bo‘l­masa bizga o‘xshab mix qolib, bolg‘a bilan barmoqlarini urib yurardi.
– Ha, Xudo ziyoda qilsin. Otam rahmatli hammamizning o‘qimishli bo‘­lishimizni orzu qilardi, ammo taqdir ekanda. Sen bilan menga nasib qilmadi.
– Aka, o‘qish deysizu, buning ham o‘zi bo‘lmaydida. Menga o‘xshaganlar kitobga qarasa, boshi aylanib, ko‘zi tinib ketadi. Shularning jo­niga balli!
Shu payt ularning yonidan bir ayol ikkita maktab yoshidagi bolasi bilan mast erini qarg‘ab o‘tib ketdi.
– Bu yerdayam senga o‘xshaganlar bor ekan, – kuldi aka.
– E, qo‘ysangizchi! – Uka xijolat tortdi. – Men, men… bilasizku!
– Bilamiz, kelinni ko‘rishing bilan «smirno» bo‘lasan.
– So‘ljaymay, haligi… erkak bo‘lib, tik tura­mizda, aka!
– Ha, senga gap yo‘q. Lekin manavinday xotin tushganida ko‘rarding, – aka hozirgina o‘tib ketgan ayolga ishora qildi. – Oldiga solib, zirillatardi!
– Shuning uchun peshonamdan aylanay, deymanda, aka!
Aka-uka gangir-gungur suhbatlashib, Abdulla­ning uyiga kelib qolganini sezishmadi. Eshik ochgan kelin – Zarnigor ochiq chehra bilan ularni kutib oldi va mehmonxonaga boshladi.
– Yo‘q, yo‘q, mana shu yerda o‘tiraveramiz, – dedi katta aka oshxonadagi xontaxtaga ishora qilib. – Ishdan kelyapmiz. Kiyimlarimiz ham rasvo.
– Unday demang, aka. Kiringlar.
– Yo‘q. Bo‘ladi shu yer.
Aka-uka Abdullaning ozg‘ingina, xuddi qattiqroq shamol bo‘lsa yiqilib tushadigandek qiltiriq, ammo rang-ro‘yi sutga chayilgandek oppoq bo‘lgani uchunmi, nima kiysa yarashib keta­veradigan qizi va o‘ta odamovi, uyatchan, xo‘mrayib turadigan badqovoq o‘g‘li bilan salomlashib, ularga olib kelgan narsalarini bergach, ah­vol­la­shish barobarida kelindan Abdullani so‘rashdi.
– Ukangiz ikki-uch kundan beri domlanikida. Doktorskiysini yakunlayapti. Kelasi hafta chorshanba kuniga himoyasi. Shunga, ozgina ish qolgan, tugatishim kerak, degandi.
– Haaa… – bosh chayqab qo‘ydi katta aka. – Ammo yaxshi qilibdi. Xudoga shukr. Bizning avloddan ham fan doktori chiqsinda! – U shunday deya cho‘ntagidan bir bog‘lam pul olib, kelinga uzatdi. – Buni olib qo‘ygin. Lekin men berganimni birov bilmasin. Abdulla kam-ko‘stiga ishlatadi.
– Rahmat, aka… – kelin shunday dediyu, pulni oldi. – Doim shunday qi­lasizlar.
– Bu yog‘i bilan ishing bo‘lmasin. Bu otamning orzusi edi. Biz o‘qiy olmadik, endi qo‘limizdan kelgancha Abdullaga yordam beramizda.
– Shu, ukam haligi bo‘l­sa, doim undan faxrla­nib yuramizda! – dedi o‘rtancha aka ham. Ke­yin o‘z gapidan o‘zi nash’a qilib, kulib yubordi. – Aka, nimaydi?
– Fan doktori!
– Ha, ukam fan do‘xtiri bo‘lsa, mening ham armonim yo‘q! O‘zim changga botib ishlasam ham u bilan g‘ururlanaman! Kelin, ma­na buni ham olib qo‘y­gin… – U ham cho‘ntagidan bir bog‘lam pul chiqarib, Zarnigorga uzatdi. – Abdulla bilmasin, keyin yangang ham bilmasin!
– Rahmat, aka. Borlaringizga shukr. Shu kunlarda ukangiz xarajat ustida yuribdi. Kecha dadam ham kelib ozroq pul berib ketgandi. Nasib bo‘lsa, yaxshi kunlaringizda qay­taraylik.
– Aka-ukaniki bir-birida qolib ketmaydi. Mana, Abdulla mening o‘g‘limni tayyorlab o‘qishga kiritdi. Endi buning qizi kelaman deb yuribdi. Shundayda…
– Kelin, Abdulla bugun keladimi? – so‘radi uka.
– Anig‘ini bilmayman, aka. Kelmasligiyam mumkin. Chunki ertalabgacha bo‘lsayam ishlarni tugatishim kerak degandi. Qani, dasturxonga qaranglar. Hozir ovqat suzib kelaman.
– Shoshma. – Katta aka kelinni to‘xtatdida, ukasiga qaradi. – Abdullaning oldiga boramizmi? Domlasi ikkalasini biror joyga ovqatlanishga olib kiramiz.
– Zo‘r bo‘lardi, – ma’­qulladi uka. – Telefon qilib qo‘yaymi?
– Yo‘q. Syurpriz qilamiz. – Aka shunday deya Zarnigorga yuzlandi. – Domlaning uyi o‘shami, biz borib, vannaxonasini remont qilib bergandik.
– Ha, o‘sha uy.
Aka-uka, Abdullaning ustozi yashaydigan ko‘p qavatli uyni topib borishdi. To‘rtinchi qavatga chiqib, eshikni taqillatishdi. Ichkaridan «Dom­la, sizmi? Eshik ochiq», degan javob keldi. Bu Abdullaning ovozi edi. Katta aka sekin eshikni ochdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, Abdulla eski, bo‘yoqqa botgan ki­yimda, boshiga ro‘mol bog‘lab, usto­zining uyini ta’mirlayotgan, devorlarni pardoz qilayotgan ekan.
– Abdulla? – Ukasining ahvolini ko‘rib, akalar dami chiqqan sharday bo‘­shashib ketdi. – Nima qil­yapsan?
Abdullaning tizzasidan mador ketdi. Boshiga bog‘langan ro‘molni yechib, toza joylari bilan yuz-ko‘zlarini artgan bo‘ldi.
– Assalomu alaykum… Kelinglar…
Akalar salomga alik oldilarmi-yo‘qmi, ovozlari chiqmadi. Bir qur uyga nazar soldi. To‘rt xonali uyning uch xonasi pardozdan chiqqan, yaltirab turibdi. Bir xonasida ish qurollari, bo‘yoq idishlari, qoplar, chiqindilar aralashib yotibdi.
– Seni haligi… – kichik aka asabiylashib, nima deyishni bilmay qoldi. – Kelin seni domlasinikida fan do‘xtirligi qilyapti, dediku?!
– Otam rahmatli orzu qilgan ishing shumi, Abdulla? – katta akaning fig‘oni falakka chiqdi. – Seni biz katta domla bo‘lyapti, fan doktori bo‘lyapti deb kerilib yuribmizku?!
– Ilmiy ish ham bo‘lyapti… – Abdulla ko‘zlarini olib qochdi.
– Qanaqasiga? – akalarning battar hayrati osh­di.
– Domla yozyaptilar…
– Domlang yozayotgan bo‘lsa, sen bu yerda nima qilyapsan? Bu domlaning uyi emasmi?
– Ha, domlaning uylari. Birov bilmasin, shunday kelishganmiz… – Abdulla yana boshini ko‘tarolmadi. – Men uyini ta’mirlab beraman, domla ilmiy ishimni yozadilar…
– O‘l-e, bu kuningdan!.. – Katta akaning qo‘llari musht bo‘lib tugildi. – Yana birov bilmasin, deysan…
– Aka, fan do‘xtirlikni himoya qilish shun­day bo‘l­sa, – kichik aka ularga bir qarab oldi, – ikkalamiz ham bir haligi qilib ko‘r­sak bo‘larkan… Bu­naqa ishlarni qiyib yuboramanku! Menga birdan propessirlik berishsa kerak…
– O‘chir sen ham! Undan ko‘ra, yur, bularning ilmiy ishlariga xalal bermaylikda, tinchgina uyga ketaylik. O‘zimizning aqlimiz yetgan ishlarni qilaylik…
Katta aka shunday deya eshikka qarab yurdi. Izidan kichigi ergashdi.
– Aka?
Abdullaning nidosi javobsiz qoldi. Aka-uka zinadan bir-bir qadam bosib tushar ekan, go‘yo juda pastlashib, allaqanday tubanlashib, yelkasidan bir yuk bosib ketayotgandek tuyuldi. Tashqariga chiqishgach, qorong‘i tunda shahar ko‘chalari chirog‘ining yorug‘ida ketib borishar ekan, aka qattiq o‘ksinar, uka esa hozir ko‘rganlaridan lolu hayron edi.
– Qayerga boramiz? – so‘radi akasidan.
– Sen Abdullaning uyi­ga kirginda, sumkalarni olib chiq. Qishloqqa qaytamiz. Lekin hozir ko‘rgan narsangni Zarnigorga aslo ayta ko‘rma. Birov bilmasin.
– Tushundim… Lekin qishloqqacha mashina bo‘­larmikin?
– Ey, galvars. Yigirma birinchi asrda yasha­yapmiz! Ukang qanday qilib fan doktori bo‘layotganini ko‘r­dingku. Nahotki, biz yarim kecha bitta mashina topib, qishloqqa yetib ololmasak?..


Холиёр Сафаров. Биров билмасин… (ҳикоя)

Шаҳар чеккасида қу­рилаётган намунали уйларда устачилик қилиб, том ёпиб юрган ака-ука ойлик маошларини олгач, қишлоғига бориб келмоқчи бўлиб йўлга отланишди. То ишбошидан рухсат олиб, кийим-кечагини тахлаб йўлга чиққунларича қоронғи тушди.

– Кеч бўлиб қолди. Энди қишлоққа такси бўлиши қийин, – деди катта. – Ундан кўра шаҳарга кириб, Абдулладан бир хабар олиб, эрталаб чиқиб кетсак бўлмайдими?
– Яхши айтдингиз, – деди ука ҳам гарданини қашлаб. – Хотиннинг олдига бир кун кейин борсак, осмон узилиб ерга тушмайди. Ёзи билан иш­да бўлиб, Абдулладан хабар ҳам олмадик. Шу кунларда у ҳалиги… ниманидир ҳимоя қилиши керак эди…
– Ҳа, гапни оласанда, – кулди ака. – Докторлик­ни ҳимоя қиляпти. Шунга тайёргарлик кўриб юрибди.
– Ҳа, ишқилибда, – кулиб қўйди ука. – Мен тушунмасам…
Ака-ука такси билан шаҳар марказига келишди. Айни хуфтон вақти бўлса ҳам, ҳали кўчалар тирбанд, одам гавжум.
– Абдулланинг уйига қай­си автобус борарди? – сўради ака.
– Ака, калламда мих билан болға бўлса, автобусни қаердан биламан? – кулди ука. – Ю­ринг-э, ҳалигига… таксига ўтирамиз.
Машина тўхтатишди. Айтилган манзилга етиб келишгач, ака укани туртди.
– Юр, дўконга кириб, болаларига ул-бул олайлик.
– Майли, ҳалигидан ҳам битта олайлик, майда­лаб ўтирамизда, – кўз қисиб қўйди ука. – Гурунг ҳам қизийди.
– Ишдан чиқдингми, бошлайсанда! – Ака ўзича танбеҳ берган бўлди. – Ол, майли. Қуруқ қўл билан кирмайлик.
Ака-ука иккита елимхалтани тўлдириб, дўкондан чиқишди ва кенжа укасининг уйига қараб кета бошлашди.
– Абдулла ўқиб яхши қилдида, – деди ука ўзи­га-ўзи гапириб, – бўл­маса бизга ўхшаб мих қолиб, болға билан бармоқларини уриб юрарди.
– Ҳа, Худо зиёда қилсин. Отам раҳматли ҳаммамизнинг ўқимишли бў­лишимизни орзу қиларди, аммо тақдир эканда. Сен билан менга насиб қилмади.
– Ака, ўқиш дейсизу, бунинг ҳам ўзи бўлмайдида. Менга ўхшаганлар китобга қараса, боши айланиб, кўзи тиниб кетади. Шуларнинг жо­нига балли!
Шу пайт уларнинг ёнидан бир аёл иккита мактаб ёшидаги боласи билан маст эрини қарғаб ўтиб кетди.
– Бу ердаям сенга ўхшаганлар бор экан, – кулди ака.
– Э, қўйсангизчи! – Ука хижолат тортди. – Мен, мен… биласизку!
– Биламиз, келинни кўришинг билан «смирно» бўласан.
– Сўлжаймай, ҳалиги… эркак бўлиб, тик тура­мизда, ака!
– Ҳа, сенга гап йўқ. Лекин манавиндай хотин тушганида кўрардинг, – ака ҳозиргина ўтиб кетган аёлга ишора қилди. – Олдига солиб, зириллатарди!
– Шунинг учун пешонамдан айланай, дейманда, ака!
Ака-ука гангир-гунгур суҳбатлашиб, Абдулла­нинг уйига келиб қолганини сезишмади. Эшик очган келин – Зарнигор очиқ чеҳра билан уларни кутиб олди ва меҳмонхонага бошлади.
– Йўқ, йўқ, мана шу ерда ўтираверамиз, – деди катта ака ошхонадаги хонтахтага ишора қилиб. – Ишдан келяпмиз. Кийимларимиз ҳам расво.
– Ундай деманг, ака. Киринглар.
– Йўқ. Бўлади шу ер.
Ака-ука Абдулланинг озғингина, худди қаттиқроқ шамол бўлса йиқилиб тушадигандек қилтириқ, аммо ранг-рўйи сутга чайилгандек оппоқ бўлгани учунми, нима кийса ярашиб кета­верадиган қизи ва ўта одамови, уятчан, хўмрайиб турадиган бадқовоқ ўғли билан саломлашиб, уларга олиб келган нарсаларини бергач, аҳ­вол­ла­шиш баробарида келиндан Абдуллани сўрашди.
– Укангиз икки-уч кундан бери домланикида. Докторскийсини якунлаяпти. Келаси ҳафта чоршанба кунига ҳимояси. Шунга, озгина иш қолган, тугатишим керак, деганди.
– Ҳааа… – бош чайқаб қўйди катта ака. – Аммо яхши қилибди. Худога шукр. Бизнинг авлоддан ҳам фан доктори чиқсинда! – У шундай дея чўнтагидан бир боғлам пул олиб, келинга узатди. – Буни олиб қўйгин. Лекин мен берганимни биров билмасин. Абдулла кам-кўстига ишлатади.
– Раҳмат, ака… – келин шундай дедию, пулни олди. – Доим шундай қи­ласизлар.
– Бу ёғи билан ишинг бўлмасин. Бу отамнинг орзуси эди. Биз ўқий олмадик, энди қўлимиздан келганча Абдуллага ёрдам берамизда.
– Шу, укам ҳалиги бўл­са, доим ундан фахрла­ниб юрамизда! – деди ўртанча ака ҳам. Ке­йин ўз гапидан ўзи нашъа қилиб, кулиб юборди. – Ака, нимайди?
– Фан доктори!
– Ҳа, укам фан дўхтири бўлса, менинг ҳам армоним йўқ! Ўзим чангга ботиб ишласам ҳам у билан ғурурланаман! Келин, ма­на буни ҳам олиб қўй­гин… – У ҳам чўнтагидан бир боғлам пул чиқариб, Зарнигорга узатди. – Абдулла билмасин, кейин янганг ҳам билмасин!
– Раҳмат, ака. Борларингизга шукр. Шу кунларда укангиз харажат устида юрибди. Кеча дадам ҳам келиб озроқ пул бериб кетганди. Насиб бўлса, яхши кунларингизда қай­тарайлик.
– Ака-уканики бир-бирида қолиб кетмайди. Мана, Абдулла менинг ўғлимни тайёрлаб ўқишга киритди. Энди бунинг қизи келаман деб юрибди. Шундайда…
– Келин, Абдулла бугун келадими? – сўради ука.
– Аниғини билмайман, ака. Келмаслигиям мумкин. Чунки эрталабгача бўлсаям ишларни тугатишим керак деганди. Қани, дастурхонга қаранглар. Ҳозир овқат сузиб келаман.
– Шошма. – Катта ака келинни тўхтатдида, укасига қаради. – Абдулланинг олдига борамизми? Домласи иккаласини бирор жойга овқатланишга олиб кирамиз.
– Зўр бўларди, – маъ­қуллади ука. – Телефон қилиб қўяйми?
– Йўқ. Сюрприз қиламиз. – Ака шундай дея Зарнигорга юзланди. – Домланинг уйи ўшами, биз бориб, ваннахонасини ремонт қилиб бергандик.
– Ҳа, ўша уй.
Ака-ука, Абдулланинг устози яшайдиган кўп қаватли уйни топиб боришди. Тўртинчи қаватга чиқиб, эшикни тақиллатишди. Ичкаридан «Дом­ла, сизми? Эшик очиқ», деган жавоб келди. Бу Абдулланинг овози эди. Катта ака секин эшикни очди. Не кўз билан кўрсинки, Абдулла эски, бўёққа ботган ки­йимда, бошига рўмол боғлаб, усто­зининг уйини таъмирлаётган, деворларни пардоз қилаётган экан.
– Абдулла? – Укасининг аҳволини кўриб, акалар дами чиққан шардай бў­шашиб кетди. – Нима қил­япсан?
Абдулланинг тиззасидан мадор кетди. Бошига боғланган рўмолни ечиб, тоза жойлари билан юз-кўзларини артган бўлди.
– Ассалому алайкум… Келинглар…
Акалар саломга алик олдиларми-йўқми, овозлари чиқмади. Бир қур уйга назар солди. Тўрт хонали уйнинг уч хонаси пардоздан чиққан, ялтираб турибди. Бир хонасида иш қуроллари, бўёқ идишлари, қоплар, чиқиндилар аралашиб ётибди.
– Сени ҳалиги… – кичик ака асабийлашиб, нима дейишни билмай қолди. – Келин сени домласиникида фан дўхтирлиги қиляпти, дедику?!
– Отам раҳматли орзу қилган ишинг шуми, Абдулла? – катта аканинг фиғони фалакка чиқди. – Сени биз катта домла бўляпти, фан доктори бўляпти деб керилиб юрибмизку?!
– Илмий иш ҳам бўляпти… – Абдулла кўзларини олиб қочди.
– Қанақасига? – акаларнинг баттар ҳайрати ош­ди.
– Домла ёзяптилар…
– Домланг ёзаётган бўлса, сен бу ерда нима қиляпсан? Бу домланинг уйи эмасми?
– Ҳа, домланинг уйлари. Биров билмасин, шундай келишганмиз… – Абдулла яна бошини кўтаролмади. – Мен уйини таъмирлаб бераман, домла илмий ишимни ёзадилар…
– Ўл-э, бу кунингдан!.. – Катта аканинг қўллари мушт бўлиб тугилди. – Яна биров билмасин, дейсан…
– Ака, фан дўхтирликни ҳимоя қилиш шун­дай бўл­са, – кичик ака уларга бир қараб олди, – иккаламиз ҳам бир ҳалиги қилиб кўр­сак бўларкан… Бу­нақа ишларни қийиб юбораманку! Менга бирдан пропессирлик беришса керак…
– Ўчир сен ҳам! Ундан кўра, юр, буларнинг илмий ишларига халал бермайликда, тинчгина уйга кетайлик. Ўзимизнинг ақлимиз етган ишларни қилайлик…
Катта ака шундай дея эшикка қараб юрди. Изидан кичиги эргашди.
– Ака?
Абдулланинг нидоси жавобсиз қолди. Ака-ука зинадан бир-бир қадам босиб тушар экан, гўё жуда пастлашиб, аллақандай тубанлашиб, елкасидан бир юк босиб кетаётгандек туюлди. Ташқарига чиқишгач, қоронғи тунда шаҳар кўчалари чироғининг ёруғида кетиб боришар экан, ака қаттиқ ўксинар, ука эса ҳозир кўрганларидан лолу ҳайрон эди.
– Қаерга борамиз? – сўради акасидан.
– Сен Абдулланинг уйи­га киргинда, сумкаларни олиб чиқ. Қишлоққа қайтамиз. Лекин ҳозир кўрган нарсангни Зарнигорга асло айта кўрма. Биров билмасин.
– Тушундим… Лекин қишлоққача машина бў­лармикин?
– Эй, галварс. Йигирма биринчи асрда яша­япмиз! Уканг қандай қилиб фан доктори бўлаётганини кўр­дингку. Наҳотки, биз ярим кеча битта машина топиб, қишлоққа етиб ололмасак?..